OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQoʻchqor Norqobil
Asar nomiYangi yil kechasida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Qoʻchqor Norqobil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yangi yil kechasida (hikoya)
Qoʻchqor Norqobil

U oyoq-qoʻli uvishinqirab, lohas boʻlib uygʻondi. Zil-zambil boshini bazoʻr koʻtarib, devorga orqa tiradi. Toʻshakda oʻtirgan koʻyi tashqariga razm soldi. Dala uyning birinchi qavatidagi xona derazasiga qor uchqunlari urilayapti. Anchaga dovur derazadan koʻz uzmadi. Nigohi ilgʻagan hovli sathini, uzun devorning tunuka qalpogʻi, behi, olma, gilosni qor qoplagan. Baribir oqlik yaxshi-da. Koʻngil ravshan tortadi.

U oʻrnidan turayotib yelkasida yana ogʻriq paydo boʻlganini his qildi. Goʻyoki ikki kuragi orasiga kirib qolgan besh-olti dona chaqirtikan tagʻin qoʻzgʻalib, aynan tanasining yelka qismini kuydirib, chimillatib a’zoyi badaniga ogʻriq berardi. La’nati chaqirtikanlar. Yelkasiga kirib olgan ana shu besh-olti dona chaqirtikan oʻttiz yildan oshdiki azobini berib kelayapti. Ahyon-ahyonda qoʻzgʻalib qoladi. Na shifosi bor, na qutulishning boshqa iloji. Oʻz dardi oʻzi bilan. Birovga aytolmaydi. Nima deb aytadi? Men sogʻman, hammasi mana shu, yelkamdagi chaqirtikanlarning azob-uqubati deydimi? Kim ishonadi. Yelkasida chaqirtikan koʻtarib yurgan odamni kim koʻribdi? Aytib boʻlmaydi, aytib boʻlmaydi-ey, eshitgan quloqqa ham gʻalati. A’zoyi-tanangda qilning changiday oshiqcha nimarsa boʻlsa darhol topib koʻrsatadigan va tashxis qoʻya oladigan tibbiyot uskunalari uchun sening yelkangdan (agar bor boʻlsa) doʻlanaday-doʻlanaday keladigan chaqirtikan nima degani. Shuncha yildan (!) beri yelkangda oʻsib chiqmagani-yu, tibbiyot olamida tajriba maydoniga aylanib qolmaganingga shukr qilsang-chi, keyin koʻr edi sharmandalikni.

Nodir yuvinayotib oʻzini oʻzi shunday koyidi, bu bilan xayolidagi bema’ni oʻyni quvmoqchi edi. Yoʻq... Uddasidan chiqolmadi — yelkasi yana chimillab ogʻridi.

Yemakxonaga tund qiyofada kirib keldi. Xotini, bolalari dasturxonga qoʻl urmay, kutib turishibdi. Kursiga horgʻin choʻkdi. Uf tortdi. Dasturxonga qoʻl choʻzgan boʻldi.
— Qani oldik, maktabga kech qolasanlar...

Xotini zimdan razm soldi:
— Tobingiz yoʻqmi?

U xotinining «yana» degan soʻzni qoʻshib aytmaganidan xursand boʻldi.
— Charchabman, shekilli. Buguncha ishga boray, ertadan boshlab ta’tilga chiqaman.

Ziyodaning chehrasi yorishdi:
— Shunday qiling dadajonisi! Dam oling. Bu yogʻi Yangi yil ham kep qoldi.

Bolalarning ham dimogʻi chogʻ, chuvillab qolishdi.
— Dadajon, yangi yilni qaerda kutamiz? «Dom»dami, «Dacha»dami?
— Yangi yilni sizlar xohlagan joyda kutamiz... Xohlagan narsalaringni olib beraman.

Kenja qizi Zumrad onasi yonidagi kursidan tushib pildirab kelib Nodirning boʻyniga osildi.
— Dada... Dadajon, menga, nima oberasiz?
— Senga quyoncha, oppoq quyoncha!
— Yoʻq. Oppoq ayiqcha olib bering...
— Xoʻp.
— Tush, pastga tush qizim, dadang ovqatlanib olsinlar.
— Tushmayman, oyi! Tushmayman.
— Qoʻy, mayli, indama. Ke, tizzamga oʻtirib ol, qizim.
— Dadajon, anov kungiday yelkangizni silab qoʻyaymi?

Zumrad kichik qoʻlchalari bilan Nodirning boʻyniga qoʻl solib yelkasini silay boshladi.
— Dada, dadajon... Yelkangizga kirib olgan yulduzchalarni olib tashlaymi... Mana muncha, qulogʻimdagi sirgʻamning yulduzchalariga oʻxshash yulduzchalarni...

Nodir siniqqina jilmaydi. «Mayli» ishorasida bosh silkidi. Qizaloq nozikkina barmoqchalari bilan chimchilab yulduzcha tera boshladi:
— Mana, mana... Bitta, ikkita, keyin... keyin uchta, toʻrtta, keyin... besh... beshta! Op tashladim...

Katta oʻgʻli bilan qizi kulishdi. Xotini:
— Bolaga gʻalati oʻyinlar oʻrgatasiz-a? — dedi.

Nodir ogʻriq tursa shartta yuztuban yotib olardi-da besh yarim yashar qizi Zumradni yelkasiga chiqarib olardi:
— Qizim, yelkamdagi yulduzchalarni terib ol. Ogʻritayapti.

Oiladagilar buni hazil, shunchaki oʻyin deb oʻylashardi. Nodir ham oʻzini qizchasi bilan oʻyin oʻynayotganday qilib koʻrsatardi. Qizcha yulduzchalarni terardi... Shundan soʻng, yo qudratingdan, Nodir birmuncha ogʻriqni unutardi. Ey-ey, buni birovga aytib boʻladimi, oʻz uyingdagilardan yashirgan dardni oʻzganing tomida togʻora qilib boʻlarmidi? Nima deysan, nima deb aytasan, kimga aytasan. Shu besh yarim yashar norasida anglagan, his qilgan ahvoli ruhingni kap-katta odamlar tushunib yetmaydi, shunisi alam qiladi, yoʻq, bularga buni aytib boʻlmaydi. Bular yozgan kitoblaringni oʻqishadi, qoyil qolishadi, maqtashadi. Sen yozgan sahna asarlarini eng nufuzli teatrlarda hayratu-hayajon bilan tomosha qilishadi, asarlaring asosida yaralgan kinolarni koʻrishadi, tasanno aytishadi, gohida oʻzingda yoʻq sifatu-safsatalar bilan koʻkka koʻtaradilar, soʻngra yerga uradilar, gohida gʻiybatu-gʻurbat bilan yerparchin etadilar, elagiga ermak, kalishiga patak, ayoliga etak qiladiganlar topiladi. Biroq, shu norasida qizaloqning bilganini bilmaydilar, yelkangdagi ogʻriqni tushunmaydilar. Aytma, aytsang shamolning shapalogʻini yeysan!

Dardini bir marta aytgan. Aytganu mulzam tortgan. Shu-shu ogʻzi berk. Ogʻzi mahkam. Itni bogʻlab qoʻysang turmaydigan joyda edi. Harbiy xizmatda, afgʻonda urushida edi. Yaralandi. Gospitalda qornini kesishdi, soʻl sonini kesishdi. Mayda-mayda temir boʻlakchalarini olib tashlashdi. Kuni bor ekan, oʻlmay qoldi. Oyoqqa turdi. Sogʻinchdanmi yoki nimadir yodiga tushsa yelkasiga chaqirtikan qadalganday jizillatib, chidab boʻlmaydigan darajada ogʻriq berardi. Bir kuni palataga kirib kelgan harbiy doʻxtirga, yelkamda mayda-chuyda yulduzchalar (chaqirtikanning oʻrischasini bilmadi) qadalib azoblayapti dedi. Harbiy doʻxtir achinib qaradi:
— Oʻgʻlim, yelkangdagi yulduzchalarni emas, boshingdagi yulduzchalarni olib tashlash kerak. Yulduzchalar boshingda joylashib qolgan. Biz olishimiz lozim narsalarni olib tashladik. Endi... boshingdagi yulduzchalarni faqat oʻzing olib tashlashing kerak.

Harbiy doʻxtir ezgʻin qiyofada bosh chayqadi. Uf tortib chiqib ketdi.

Tashqari sovuq. Qahratonning qahri qoʻzigan. Havodagi qor uchqunlarini uvillagan shamol oʻz koʻyida oʻynatib koʻz ochirmaydi. Nodir hovli eshigi yonidagi xizmat mashinasigacha boʻlgan yoʻlni hansirab bosib oʻtdi. Uydan oʻzini bardam va tetik tutib chiqishiga urinmasin, oyoqlari oʻziga boʻysunmayotgandi, koʻz oldi qorongʻulashib borardi. Qon bosimi koʻtarilganini his qildi. Orqa eshikni bazoʻr ocharkan, oʻzini behol mashina oʻrindigʻiga tashladi. Xavotir aralash hovli darbozasi tomon oʻgirilib qaradi. Boshida ogʻriq turdi.

Uni allaqanday bir kuch zimistonlik qa’riga tortib borardi. U oʻzini tag-tubi yoʻq chohga qulayotganday his qildi. Qovoqlari zil-zambil. Koʻzini ocholmadi.
— Shifoxonaga ... Shifoxonaga boramiz, — dedi haydovchiga zoʻrgʻa.

Mashina oʻrnidan jilgani, dala bogʻning tor yoʻlaklaridan chayqalib borayotganini tusmollab, elas-elas tasavvur qilib bordi. Shamolning guvillashi, allanimalarning qum kabi qaerlargadir charsillab urilishi tubsiz jarlik sari shoʻngʻiyotgan Nodirning tasavvur oynalarida elas-elas namoyon boʻlar, u ayni damda falakdan oʻynab tushayotgan muz qotgan qor uchqunlarini ham koʻrishni istar, tamoman xastalikka tobe boʻlmagan tafakkur yolqinlari qorongʻulik bilan kurashib borardi. Soʻng oʻsha tasavvuri osmonida yulduzday miltillab turgan soʻnggi shu’la ham soʻnib gʻoyib boʻldi. Nodir choh tubiga gursillab kelib tushganini his etdi, boʻgʻziga nimadir kelib tiqilganday boʻldi-da, a’zoyi badani qizib, borliq endi chinakamiga charsillab uchayotgan qip-qizil uchqunlarga toʻlganday boʻldi. U tepasida lovullab yonayotgan osmonni, osmondan bodrab-sachrab tushayotgan olov parchalarini koʻrdi. Guvillagan shamol toʻzgʻitgan olov parchalaridan yerga qip-qizil son-sanoqsiz choʻgʻ toʻkilardi... Shu mahal Nodir choh tepasida qoʻlida tolning uzun novdasini tutib turgan bolakayni koʻrdi. Bola jilmayib, qoʻlidagi yam-yashil tol novdasini choh tubiga tashladi. Koʻkdan yogʻayotgan olov uchqunlari bolaga umuman ta’sir qilmas, uning atrofini zangor va moviy rang nurlar qurshab turardi. Bolaning ust-boshi jiqqa hoʻl edi. Nodir novdaga tirmashdi, bola kuchli, epchil edi, uni choh qa’ridan tortib oldi. Nodir ham bolani qamrab-qurshagan nur ogʻushida qoldi. Bolaning tabassum yugurgan, yoniq chehrasiga boqib, hayratga tushdi. Bu oʻzining bolaligi, oʻsha, oʻn ikki yoshli Nodir edi. Nodir shuni payqagani hamono bolakay gʻoyib boʻldi. Nodir moviy toʻlqinlar ichra tip-tiniq koʻlda qirgʻoq sari intilayotgani, endi oʻzi ham bolaga aylanib qolganini his qildi.

Nodir sohilga qadar suzib keldi-da, holdan toygan koʻyi, qizigan tuproq ustiga chalqancha tushib yotdi. Togʻ ortida botib borayotgan quyosh nurlarida qirmizi tusga kirgan osmonni koʻrdi. Alvon bulutlarni esa iris qandning qip-qizil tilla qogʻoziga oʻxshatdi. Bola yotgan joyida koʻkdagi tilla qogʻozlarga qoʻl choʻzdi. Yonida kimdir qiqirlab kulib yubordi.
— Zumrad... Zumrad, — dedi bola. — Qara, osmonga qara... Osmonga tilla chiqdi, Zumrad. Zumrad hamon qiqirlab kulardi.
— Zumrad... Zumrad...

... Boshida allaqanday gʻala-gʻovur. Elas-elas sharpalar suzib yuribdi. Qovoqlarini bir ogʻir kuch bosib, koʻz ochishga majoli yoʻq. Nimadir taraqladi. Kimdir gʻudrandi. Allanechuk gap-soʻzlarni shamol olis-olislarga olib ketadi.
— Z... Z... Zum...; — dedi u zoʻrgʻa koʻzini ochib.
— Hayriyat-ey, oʻziga keldi, — dedi kimdir.
— Yurak urishi yaxshi. Xudoga shukr oʻtib ketdi, — dedi yana kimdir.
— Nima ketdi?... Kim ketdi? Zumrad qani? — dedi bemor ihrakli tovushda boʻgʻzi quruqshab. Soʻng tepasida turgan notanish qiyofalarni koʻrdi.
— Men qaerdaman?
— Shifoxonadasiz. Tinchlaning. Hammasi ortda qoldi.

Toʻrt kundan soʻng bemorni jonlantirish boʻlimidan alohida nufuzli palataga oʻtqazishdi. Nodir xona derazasidan tashqarida oʻynab uchayotgan qor uchqunlarini kuzatib yotardi. Qalbini qoplagan vahimali qorongʻulik yorishgan, endi hayot bilan yuzma-yuz kelib turganidan koʻnglida taskin va shukrona tuygʻusi toʻlqin urardi. Tepasida osma ukol tayyorlayotgan hamshiraga koʻngli uchun ham iliq gap aytgisi, oʻzining tetikligi bois minnatdorchilik tuygʻusini izhor etgisi keldi:
— Yangi yilga ham oz qolayapti. Xudo xohlasa, Sizga juda chiroyli narsa sovgʻa qilaman.

Hamshira ham ochiq koʻngil, hushchaqchaqqina ekan:
— Nima, masalan?
— Xoʻsh, nimani xohlaysiz?
— Aytaymi?
— Ayting...
— Menga atab bitta she’r yozasiz...
— Bu juda oson, mushkulimni oson qildingiz...

Qiz kuldi.
— Mayli, sogʻ-salomat boʻling. Boshqa dard koʻrmang. Kitoblaringizni oʻqiganman. «Qordagi lola» qissangiz menga yoqadi. Sizga bir savol bersam maylimi?
— Mayli...
— Operatsiya paytida «Zumrad, Zumrad» deb alahladingiz... Zumrad kim?

Nodir tolmovsiradi. Duduqlandi. Tuyqus quvonib, chehrasiga kulgu yoyildi.
— Zumrad, qizim! Kichkina qizimning ismi Zumrad!
— Yaxshi koʻrarkansiz-a?
— Judayam.
— Xoʻsh endi yonboshga oʻgiriling, ana shunday... Yaxshi!

Hamshira osma ukolni ham ulab chiqib ketdi.

Yangi yil kirib kelishiga ham uch kun qoldi. Nodir shifokorlarga oʻzini batamom tuzalib ketganday koʻrsatishga urinardi. Oyoqqa turdi. Palatada, yoʻlakda bemalol yura boshladi. Doʻxtir baribir biladi-da. Bosh shifokor Nilufar Ahmedovna bugun emas, ikki kundan keyin javob berishlarini aytganda, tarvuzi qoʻltigʻidan tushib shalviradi qoldi.
— Yurak bilan hazillashmang, – dedi bosh shifokor, qat’iy. — Qolaversa, siz hali yoshsiz, shu yoshingizda infarktga yoʻl berib oʻtiribsiz... Boʻldi, yana ikki kun nazoratimizda boʻlasiz, tashxislar ma’lum boʻlgach, shunga qarab ish koʻramiz...
— Axir, Yangi yil...
— Hechqisi yoʻq. Hali koʻp Yangi yillarni qarshi olasiz.
— Uyda, bolalarim...
— Aytdim-ku, Nodir Sobirovich, tashxislar ertaga chiqadi. Yaxshi boʻlsa albatta indinga sizga javob beramiz.

Nodir qat’iyati mehrga yoʻgʻrilgan bu ayol qarshisida lom-mim deyolmadi. Labini tishlab, bosh silkib qoʻya qoldi.

Bosh shifokor hamshira keltirgan allaqanday qogʻozlarga sinchiklab nazar tashlarkan, bexosdan Nodirning yuzi burishib ketganini, ihrab yuborganini sezdi. Nodir oʻziga pichirladi:
— La’natilar, kuydirib ogʻritayapti, yana harakatga kep qolishdi...

Bosh shifokor Nodirga yalt etib qaradi.
— Nima bezovta qilayapti. Nima boʻldi? Nima harakatga keldi?

Nodir koʻzini olib qochdi.
— Oʻzim shunchaki. — Kulgiga oldi. — Yelkamni nimadir qitiqlaganday boʻldi.

Bosh shifokor bemorga ajablanib qaradi. Anchagacha yuzidan nigohini uzmadi. Ayol kishining sinovchan nazariga dosh berishdan yomoni yoʻq. Hamshira Nodirning qon bosimini oʻlchadi. Joyida. Yurak harakati ham me’yorida.
— Siz mendan nimanidir yashirayapsiz. Sizni nima bezovta qilayapti?
— Aytdim-ku, soppa-sogʻman. Shunchaki... bu... bolalik, yoshlik bilan bogʻliq xotiralar asorati shekilli.

Bosh shifokor bu gʻalati bemorga, elga taniqli adibga yanayam qiziqsinib qaradi.
— Xoʻsh, yoshlik xotiralari bilan bogʻliq xastalik asoratini biz davolay olmaskanmizmi? Faqat sizga ma’lum boʻlgan bu kasallikka tashxis qoʻyolmaymizmi?
— Nilufar Ahmedovna, vaqti-soati kelganda albatta, bu haqda bir hikoya yozib qoʻlingizga tutqazaman.

Bosh shifokor endi samimiy jilmaydi.
— Yoʻq... yoʻq. Bu yerga qaytib tusha koʻrmang. Biz sizga ruxsat bermaymiz. Hikoyangizni birorta jurnalda chop ettirsangiz oʻzim oʻqib olaman. Nodir Sobirovich, endi biroz uxlang. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi boʻladi.

Nodir palatada oʻzi yolgʻiz qolarsan, toʻshakda chalqancha yotgan koʻyi oʻziga gʻudrandi: «Hikoya emish, qanaqa hikoya?! Dardu doston deb atasa yaxshidir, balki...» Chindan ham u bolalik xotiralari, yoshlik hayajoni-yu, yelkasida manavi la’nati chaqirtikanlar huruji haqida yozib nimaga erishardi?

Xayol baribir aql tizginini uzdi. Xayolida ma’sum oʻsmirlikning tiniq xotiralari tiklana boshladi.

... Nodir Zumradni ilk bor koʻrgan kunni esladi. U hamisha oʻsha kunni qalbi ajib hislar girdobiga xotirlaydi. Mana shuncha yil oʻtibdi hamki, kechagina yuz berganday, yoʻq, shu voqea hozir boʻlayotganday tuyulardi. Sinfga Zumradni oʻqituvchisi boshlab kirdi. Zangor maktab koʻylagi ustidan oq fartuk kiyib boshiga, atirgulday qip-qizil bantik taqqan qizni koʻrib Nodir boshqacha boʻlib ketdi.
— Bolalar, tanishinglar, Zumrad! Bugundan boshlab Zumrad bizning «A» sinfimizda oʻqiydi.

Nodir birinchi sinfga borganiga hali oʻn kun ham boʻlganini yoʻq, lekin, «A» sinf bilan «B» sinfning tafovuti borligini sezganday boʻldi. Zumrad hozircha oʻqituvchining yonidagi stulda oʻtirib turarkan, oʻqituvchi opa unga alohida mehr koʻrsatayotganday tuyuldi. Zumrad chindan ham chiroyli, kiyimlari ham chiroyli, qip-qizil sumkasi ham hech kimda yoʻq — chiroyli edi.

Oʻsha kecha tush koʻrdi. Tushiga Zumrad kirdi. U sinfga qip-qizil maktab kiyim kiyib kelibdi. Keyin uning yoniga kelib oʻtirdi.

Ertasiga maktabga Zumrad kecha Nodir tushida aniq-tiniq koʻrgan qizil forma kiyib keldi. Oʻqituvchi opa uni Nodirning yonimga oʻtqizdi.

Ular bir partada oʻtirishdi. U xursand edi. Shu-shu, Zumrad bilan doʻst boʻldi. Yillar oʻtaverdi. U uy vazifalarini Nodirdan koʻchirar edi. Agar u besh baho olsa, oʻzida yoʻq sevinardi. U Nodirga qarab jilmayardi. Unga shuning oʻzi kifoya edi. Ayniqsa, matematika darsini oʻlguday yomon koʻrsa ham uyga berilgan misol-masalalarni Zumrad uchun ishlardi. Zumrad koʻchirardi, jilmayardi, «besh» baho olardi, yana jilmayardi. Zumradga hammaning havasi kelardi. Hamma hushomad qilardi. Hatto oʻqituvchilar ham Zumradga ovozini balandlatib gapirolmasdi. Zumradning otasi tumandagi eng kattakon odamlardan biri edi. Kimsan falonchi ijroqoʻmmi, ispolkommi, bir balo! Xullas, hamma soyasiga salom beradigan odam!

Kim biladi deysiz, Zumrad ham shuning havosini oldimi yoki qiz bolaning aqli erta «pishishi» chinmi, ishqilib, oʻzini boshqalardan ancha baland qoʻyadigan boʻldi. Biroq, Nodir bilan oʻsha-oʻsha! Matematikami, tarixmi, nima darsdan koʻchirish kerak boʻlsa, dastyor tayyor, Nodir yuragini tutganday qoʻshqoʻllab unga daftarini koʻchirishga beradi. Sinfdagi oʻgʻil bolalarning koʻpi bunga gʻashi kelardi. Nodir faqat Zumrad uchun oʻqiydi, deb mazax qilishardi. Nima deyishsa, deyishmaydimi, gapirganlar gapirib, ichi kuyib qolaverardi. Xullas, ular yetti yil bir partada oʻtirishdi. Yozgi ta’tilda Zumrad Qrimga Artekka ketdi. Nodir uyda qoldi. Otasiga yordamlashdi. Ochigʻi, otasi bilan kishilarning devorini urib, uyini tiklab, ogʻilini butlab, yerini yumshatib mardikorlik qilishdi. Uch oy qora mehnat bilan oʻtdi. Nodir uzun yoz tunlarida oʻzidan olislarda, Artekda dam olayotgan Zumradni eslab yuragi hapqirib, ichi yonib borar, botinidan nimadir uzilib ketganday boʻlardi. Oʻzi bilan Zumrad oʻrtasida ulkan jarlik, oʻtib boʻlmas masofa mavjudligini endi anglayotgandi. Hayotning bu nomutanosibligi bois qalbida endi nish urayotgan balogʻat chechaklari umidsizlik ayozi ostida qolib ketayotganga oʻxshardi.

Nodir otasiga achinardi. Oiladagi toʻqqiz jonni boqaman deb oʻzini oʻtga-choʻqqa urayotgan otasi ancha yillar ilgari oʻqituvchilik qilgan, otasi maktab direktori va ayrim oʻqituvchilarning ba’zi bir qallobliklariga chiday olmay (xullas, bu yogʻi bizga qorongʻu) senlar ishlagan maktabda ishlamayman, deb qoʻl siltab chiqib ketgan deyishadi. Shu-shu maktabga qaytib bormadi, boshqa maktabdan ish izlamadi. Qaysarligi qiyiqni qirq yorib — aytganini qildi. Mardikorlikni oʻziga ravo koʻrdi. Nodirning koʻngli oʻksikligi ham shundan. Biroq, otasining yuziga tik qarab biror gap aytib boʻlarmidi. Harom topishdan, harish yeyishdan xudo asrasin.

Chillaning chillakini yorgan jaziramasi. Quyosh tikdan turib tos manglaydan urgan mahali, boshingga tigʻ sanchilayotganday boʻlardi. Qishloqni qoq ikkiga boʻlgan katta yoʻl yoqasida yangi tushgan tomorqa atrofida ota-bola devor tiklashayapti.

Nodir bir yarim quloch balandlikdagi devor ustida oʻtirib, otasi pastdan belkurakda uzatgan loy bilan devor koʻtarayapti. Oftob atrofni yondiradi. Nafasi qaytadi. Boshidan aft-angoridan shovullab ter oqadi. Jayraning sixiday tip-tikka boʻlib oʻsgan sochlari ham oftobda kuyib, sargʻayib ketgan. Kechgacha yana bir paxsa urib, egasi bilan hisob-kitob qilishlari kerak. Nodir devor ustida turib sarobday jimirlab turgan katta yoʻl adogʻiga qaradi. Olisdan nimadir qorayib koʻrindi. Ota loy uzatdi, Nodir payqamadi, loy yerga qaytib tushdi. Ota gʻudrandi. Nodir tishini-tishiga qoʻydi. Ichida bunday hayotga ming la’nat oʻqidi. Shu payt olisdagi mashina — qop-qora Volga devor yoniga kelib toʻxtadi. Ichidan qotmadan kelgan, daroz, yozgi kostyum-shim kiyib, boʻyinbogʻ taqqan shlyapali kishi tushib ularga yaqinlashib kela boshladi. Otasi turgan joyida qotib qarab turdi, soʻng soʻkindi: «Enagʻar, bu nimaga keldi?». Olifta va savlatdor daroz ularga yaqin keldi. Bir devor ustidagi Nodirga, bir otaga qaradi:
— Ha, arpangni xom oʻrganmidim, salom ham bermaysan?! Oʻzing qolib endi bolangni ham xoru-zor qilyapsanmi?
— Ishing boʻlmasin! Menga yordam berayapti. Sendan hech narsa soʻramayman, — dedi otasi ham ijirgʻanib yerga boqarkan.

Nodir bu holatga hangu-mang boʻlib qarab turardi. Haligi shlyapali kattakon miyigʻida kulib, zaxarxandalik bilan kesatdi:
— Oʻshanda gapimga kirganingda edi, ishlab yurarding. Qaysarligingdan goʻr ham boʻlmaysan, sen ahmoq.

Otasiniki tutib ketdi, battar oʻshqirdi:
— Nima qilishim kerak edi? Kolxozchining bolasiga berilishi kerak boʻlgan oltin medalni anavi, gumashtang, sovxoz direktorining oʻgʻliga berishim kerakmidi?
— Oʻzingni bos! Itning orqangi oyogʻi boʻlib oʻlib ket, menga desa!...

Otasi jahl ustida yerdan bir changal loy olib haligi kattakonning yuziga tushirdi. Kattakon chayqalib yiqilib tushdi. Shlyapasi boshidan uchib yoʻl boʻylab gildirab ketdi. Shu tobda qora oynavand Volganing orqa eshigi ochilib, bir qiz chinqirab yubordi.
— Ota-a-a! Ota-a-a..., — qiz gandiraklab shlyapasini olayotgan kattakon tomon chopib borardi. Bu Zumrad edi.

Devor ustida oʻtirgan Nodirning koʻzi tinib, boshi chirpirak boʻlib aylanib, boʻgʻziga nimadir tiqilib, nafasi qaytdi. Tuyqus muvozanatini yoʻqotib, devor ustidan «shilq» etib chaqirtikan ustiga quladi. Yelkasiga tigʻ sanchilganday, yelkasini nimadir kuydirayotganday, koʻzidan olov chiqib, boshida chaqin chaqqanday boʻldi. U holsizu hushi uchgancha yotgan joyida kattakonning:
— La’nati, men seni yoʻqotaman, turmada chiritaman, — degan doʻq-poʻpisasini eshitdi.

Otasi Nodirning ustidan yarim chelak suv quyib oʻziga keltirdi. Alamidan dagʻ-dagʻ titragan koʻyi oʻgʻlining nam boshini bagʻriga bosib oʻkirib yigʻlab yubordi. Nodir otasining bunday ahvolda ilk bor koʻrishi edi.
— Tur, oʻgʻlim. Tur, uyga ketdik...

Ota oʻgʻlining qoʻltigʻidan suyab turgʻazdi. Uning yelkalarini siladi. Yelkasiga qadalib qolgan chaqir tikanlarni kafti bilan silab tushirib tashladi. Yelkasining chaqir tikan kirgan joylari qontalash boʻlib, chizillab qon sizildi.

Nodir uyda bir hafta alahsib yotdi. Oftob urib, holdan toygan ekan, deyishdi. Dardi bir oʻziga, bir xudoga ma’lum boʻldi. U oyoqqa turgach, otasining qarori bilan oilasi choʻlga koʻchdi. Nodir ikki yil choʻl maktabida oʻqidi. Shu ikki yil ichida Zumradni bir kun ham xayolidan chiqarmadi. Uni eslaganda yelkasida nimadir chimillab ogʻriq berib qoʻyardi.

Choʻldagi maktabni tamomlab Nodir Toshkentga oʻqishga ketdi. Qishki imtihon payti qishloqdan kursdoshi gap topib keldi, Zumrad erga tegdi. Otasi qizini oʻzidan ham kattakon odamning bolasiga uzatibdi. Yoshlikning billur umidlari chilparchin boʻldi.

Oradan koʻp oʻtmadi. Zumradning otasi qamaldi. Nodirning otasi oilasini olib choʻldan qishloqqa qaytdi.

...Nodir bolalik xotiralari ogʻushida taqdirning notanti oʻyinlari mohiyatini xuddi tashqarida aylanayotgan qor zarralariga uzoq termulib uqib olishi mumkinday, ogʻir oʻyga botib derazadan koʻz uzmay yotardi. U ancha paytgacha xona derazasidan koʻz uzmadi. Oqib oʻtayotgan umr daryosi haqida oʻyladi. Oʻlim bilan hayot oraligʻi bir qadamligini anglab yetganday boʻldi. Boru yoʻgʻidan bexabar bu dunyoda zarra boshida ne-ne sinovlar charxi aylanganini koʻz oldiga keltirdi. Keyin... keyin nigohi toliqdi, koʻzlarini yumdi. Zum oʻtmay uyquga ketdi.

...Bugun oʻttiz birinchi dekabr.

Yangi yil kirib kelayapti. Koʻzi eshikda, hamshiraning kirib kelib, sizga javob boʻldi, deyishini kutayapti. Tushdan keyin ikkita osma ukol olsa, bas, agar tashxislar yaxshi chiqsa (yaxshi chiqsin, ishqilib) uyiga ketadi. Xona eshigi ochilib hamshira kirib keldi. Yuzida tabassum. U eshik hatlashi hamono bosh barmogʻini tik qilgan holda «zoʻr» ishorasini qildi:
— Tashxisingiz vo! Mana bunday. Tushdan keyin osma... Soʻng uyga javob!

Nodir oʻzini uzoq yillardan beri shifoxonada yotganday his qila boshlagan edi. Boshidagi tuman tarqadi, ketdi. Shu mahal qoʻl telefoni jiringladi:
— Ha, Nodirvoy, qalaysan? Bayram bilan yoʻqlamaydiyam deb oʻpka-gina qilib tursam, shifoxonaga tushib qolganingni eshitdim... Nima gap, tinchlikmi?... Sogʻliging durustmi? Oʻzim seni koʻrgani bormoqchi boʻp turibman...

Ustoz. Xalqning ardoqli, ulugʻ shoiri qoʻngʻiroq qilib turibdi. Nodir hayajonlanganidan kalimasini topolmay turdi:
— Rahmat, ustoz. Ming rahmat. Mana chiqayapman... Yaxshiman. Javob berishdi. Oʻzim Sizni koʻrib oʻtaman, ustoz. Minnatdorman!

Koʻngli togʻday koʻtarildi. Katta boshini kichik qilib qoʻngʻiroq qilgani uchun Ustozdan minnatdor boʻldi.

Yoʻlning ikki chetida oʻrnatilgan simyogʻochlar chiroqlari nurida tovlanib tushayotgan qor zarralari koʻngilga allanechuk zavq-shavq bagʻishlaydi. Nodir mashina oynasidan nur ogʻushida yarqirab aylanib uchayotgan qor uchqunlariga koʻtarinki kayfiyat bilan qarab borardi. U xuddi hayotini yangidan boshlayotganday, shu fayzli yangi yil tunidagi hamma yaxshi narsalar faqat unga atalganday edi, goʻyo.

Haydovchi mashinani dabdabali koʻp qavatli savdo majmui yonida toʻxtatdi. Odam gavjum. Hamma bayramga Oʻzbekiston Respublikasibu narsa xarid qiladi, hamma uyiga shoshiladi. Nodir kenja qiziga kattakon oʻyinchoq oq ayiq sotib oldi. Xotiniga besh dona qip-qizil atirgul xarid qildi. Ustozinikiga ham quruq qoʻl bilan kirib oʻtishni ep koʻrmadi. Tort va qimmatbaho vino oldi. Oʻz ishidan koʻngli toʻlib mashinaga oʻtirdi.
— Avval Ustozning uyiga hayda. Yarim soat oʻtiramizda, keyin uyga qaytamiz. Qoʻrqma, bayramga ulguramiz!

Eshikni notanish ayol ochdi. Nodir aft-angoridan xizmatkor ekanini angladi. U Nodirga uzoq tikilib turdi. Koʻzlari shunchalar mahzun ediki, tim qora qorachoʻgʻlari qa’rida allanechuk sirli bir joziba yashiringandi. Ayol koʻzini yerga qadadi-da, shart burilib oshxona tomon ketdi.

Bayramona dasturxon. Oila jamuljam. Yemak-ichmakning kami yoʻq. Ustoz bayram tilagini aytdi. Nodir ichmadi. Axir, toʻgʻri shifoxonadan kelyapti. Ahvoli oʻziga ayon.
— Ustoz, men qaytsam...
— Toʻxta, yarim kosa qaynatma shoʻrva ichib ket, — soʻng yangaga qaradi. — Zumrad ham kelsin, oʻtirsin! — Ustozning oʻzi oshxona tomonga ovoz berdi: — Zumrad! qolgan ishni keyin qilaverasan! Dasturxonga kel! — Nodirga qarab qoʻshib qoʻydi — Darvoqe, bu ayol sen tomondan. Yangangning singlisi olib keldi. Qoʻshni turisharkan. Biroz qiynalib qolibdi. Ha, mayli, dasturxonga qara!

Shu mahal qoʻlida likopcha va bir talay sanchqi koʻtarib haligi ayol kelib, chetdagi kursiga omonat choʻkdi. Nodir unga yana diqqat bilan razm soldi. Birdan yuragi gupillab urib ketdi. Koʻz oldi oniy holatda bir qorongʻulashib yorishganday boʻldi. Nafasi tiqildi. Lablari pirpiradi. Oʻziga-oʻzi pichirladi: «Zumrad... Zumrad...» Nodir ogʻir uf tortdi, bazoʻr oʻzini tutib turardi. Tomogʻiga bir oʻkrik tiqilib turardi. Zumrad dasturxon chetidagi omonat kursida omonatgina boʻlib oʻtirardi.
— Ustoz, — dedi Nodir ovozi qaltirab, — Men endi boray...
— Ha, tobing boʻlmayaptimi?
— Shunday...

U zoʻrgʻa oyoqda tik turib hovli eshigiga chiqdi.
— Tezroq hayda, — dedi haydovchiga ovozi xirillab, — old oynani ochib qoʻy!..
— Sovuq-ku, shamollaysiz...
— Och. Ochib qoʻy!

Mashina ichiga shamol qor uchqunlarini haydab kirdi. Dala bogʻ etagiga yetgach, Nodir mashinani toʻxtatishni buyurdi.
— Nima boʻldi, xoʻjayin? Tobingiz qochdimi?
— Bilmadim, a’zoyi badanim yonib borayapti. Yelkam achishayapti.

U mashinadan tushdi. Egnidan paltosini, kostyumini yechdi. Haydovchi angrayib qarab turardi.
— Nima qilyapsiz, xoʻjayin, axir, axir...

Nodir parvo qilmadi. Oppoq qor ustiga yelkasi bilan chalqancha yotib oldi. Yelkasini jizgʻanak boʻlib kuydirayotgan ogʻriq tina boshladi. Qor uchqunlari Nodirning yuzini ohista siypalab qoʻyardi. U anchagacha shu alfozda qor ustida osmonga qarab yotdi.

Keyin ogʻriqdan xalos boʻlgan koʻyi oʻrnidan turdi. Haydovchiga kiyimlarimni ber ishorasini qildi.

Nodir hozirgina oʻzi qor ustida chalqancha yotgan joyga yana bir bor qaradi. Ayniqsa, ikkala kurak oʻrtasidagi yelka chuqurchasi izi uni seskantirib yubordi. Qordagi yelka chuqurchasi izida qon tomchisi koʻzga tashlanardi. Ular beshta edi. Shu beshta qon tomchisi oppoq qorda goʻyo miltillab turardi. Nodir yelkalari yengil tortganini payqadi.
— Qutildimmikan?, — dedi oʻziga oʻzi.

Mashina chirogʻining oʻtkir nurlari quyuq qor uchqunlarini yorib oldga intiladi. Orqa oʻrindiqqa boshini mashina oynasiga tirab olgan Nodirning koʻzlaridan duvillab yosh oqardi.