OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQozoqboy Yoʻldoshev
Asar nomiInson tuygʻularining teran talqinlari
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Qozoqboy Yoʻldoshev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 15-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Inson tuygʻularining teran talqinlari
Qozoqboy Yoʻldoshev

Odam davrni yaratgani kabi davr ham insonni shakllantiradi. Yaratiq yaratganning mevasi boʻlgani uchun ham unda yaratuvchining nuqsi qoladi. Ya’ni odam oʻz davriga bir qadar oʻxshaydi. Lekin odam ham, davr ham oʻtkinchidir. Ularga xos xususiyatlarni tutib olish mushkul. Muayyan davrda yashab oʻtgan insonlarning qiyofasi, ruhiy dunyosi oʻsha vaqtda dunyoga kelgan asl badiiy asarlarda namoyon boʻladi. Asarlarida davrga xos belgilarni tashiydigan qahramonlarni tasvirlash ulkan ijodkorlarning nasibasidir. XX asr 20-yillarining romantikasi, 30-yillar talotumlari, urush suronlari, tiklanish azoblari, turgʻunlik havosizligini boshidan kechirgan, oshkoralikning dargʻalaridan boʻlgan, mustaqillikka yorugʻ yuz bilan yetib kelgan va hamisha odamlar orasida boʻlib, el-yurt tashvishi bilan yashayotgan Odil Yoqubov ana shunday adibdir.

O.Yoqubovning romanchiligi zamonaviy oʻzbek nasrining badiiy tasvir imkoniyatini, koʻrku salobatini koʻrsatishi bilan xarakterlidir. «Ulugʻbek xazinasi»da yozuvchi asar qahramonlari boshdan kechirgan voqealarni koʻrsatishga emas, balki ularning ichki dunyosini ochish asnosida Ulugʻbek davrining badiiy manzarasini chizishga e’tibor beradi. Ma’lumki, hayotga faol aralashgan kishilar hamisha ziddiyatlar qurshovida boʻladi. Hukmdorlar oʻz mavqelariga koʻra jamiyat ishlariga faol munosabatda boʻlishga majburlar. Har bir inson oʻz hayotidagi burilish davrlarida, kuchli qarshiliklarga duch kelganda turli-tuman oʻylarni boshidan kechiradi. Romanda bosh qahramon ana shunday oʻylar ogʻushida koʻrsatiladi. Asarda Ulugʻbek ham adolat va insof jilovini mahkam ushlashga uringan podshoh, ham tengsiz olim sifatida koʻrsatiladi. Yozuvchi ulugʻ olim va adolatli shohning hayotini boshdan-oxir tasvirlashni maqsad qilmaydi. Ulugʻbek hayotining ogʻir va fojiali damlarga toʻla soʻnggi pallasini koʻrsatish mobaynida u muloqot va faoliyatda boʻlgan koʻplab kishilarning tabiatini aks ettirgan.

Adib oʻz otasiga qarshi bosh koʻtargan Abdullatifning ruhiy olamini ochishga, tuygʻular tizimini koʻrsatishga e’tibor beradi. Yozuvchi Abdullatif tabiatidagi padarkushlik ildizini uning mutaassib kimsalar ta’sirida tarbiyalangani va Ulugʻbekni islom diniga qarshi, deb yanglish oʻylaganida koʻradi. Bu holat Ulugʻbek Abdullatifga: «Menga hech narsa kerak emas. Bu toju taxt, saltanat, shon-shuhrat — bari oʻzingga buyurgay, faqirga yolgʻiz rasadxonani in’om etsang bas! Azmim qolgan umrimni «Ziji Koʻragoniy»ni tugatib, mutolaa ila kun kechirmoqdir», deganida, oʻgʻilning jazavaga tushib: «Tagʻin rasadxona! Tagʻin «Ziji Koʻragoniy»! Mudarris dastorini oʻragan murtadlarni qanotingiz ostiga olib, din peshvolarini oyoq osti qilmishsiz! Bul uchun Haq taoloning qahriga, paygʻambar alayhissalomning qargʻishiga uchrab, taxtu tojdan, saltanatdan ayrilmishsiz. Ammo istigʻfor aytmoqni tilamay, tavba-tazarru qilmoqni istamay, tagʻin rasadxonani oʻylaydirsiz!.. Ey parvardigori olam! Gunohi azimga botgan bu osiy bandangni oʻzing avf etgaysan...» deganida aks etadi.

Adib Abdullatifni taxt yoʻlida hech narsadan qaytmaydigan qonxoʻr sifatida koʻrsatmaydi. Uni oʻqimishli, sinchkov, iste’dodli, ammo oʻzini otasi tomonidan qadrlanmagan oʻgʻil deb biladigan sershubha shaxs tarzida tasvirlaydi. Bu holat uning Ulugʻbekka aytgan: «Balli Sizday padarga! Sizning yaxshiligingizni bilurmiz. Tarnob jangida jonbozlik koʻrsatgan kim? Men! Ammo muzaffar yorligʻi kimning nomiga bitildi? ...Ixtiyoriddin qal’asidagi bobom Amir Temurdan qolgan tillalarimni tortib olgan kim? Yana siz, valine’mat padarim! Ne chora? Mute farzand indamay bosh egdik va lekin bas! Sohibqiron oltinlarini qayga yashirdingiz, soyaboni marhamat?» soʻzlarida yaqqol koʻzga tashlanadi. Muallif Abdullatifning xatti-harakatlari sababini anglashga, uning sa’jiyasidagi koʻzdan yashirin jihatlarni ochishga e’tibor qaratgan.

Yozuvchi Ulugʻbek shaxsiyatini tasvirlashda ham yolgʻiz yorqin ranglardan foydalanavermay, uni ikkilanayotgan, ogʻir oʻylar girdobida qolgan odam sifatida koʻrsatadi. Unda goh toj-taxtni topshirib, ilmiy ish bilan shugʻullanish istagi, gohida dushmanlarini yakson qilib tashlash tuygʻusi gʻolib chiqayotgani haqqoniy aks ettiriladi. Ali Qushchi bilan suhbatdagi: «Mirzo Ulugʻbekday koinot sirlarini ochmoqni tilagan, fozillikni da’vo etgan mavlono, hayhot, oxir-oqibat... barcha taxt sohiblariday saltanatni deb oʻz pushti kamaridan boʻlgan farzandi ila taxtu toj talashibdi-da, degan nom qoldirishdan qoʻrqamen», degan soʻzlarida uzoqni oʻylaydigan mutafakkir siymosi namoyon boʻladi. Abdullatif bilan bahsda esa: «...soʻnggi nasihatimni eshit, xohla oʻz padaringni qatl et, xohla Movarounnahr sarhadidan haydab, darbadar qil... Lekin yolgʻiz tilagim: ilm yoʻlida otang qilgan ishlarga, uning shogird va ustozlariga tegmagaysen. Tegsang, ...ota qargʻishiga uchrab toabad badnom boʻlursen! Ota rozi — Xudo rozi, yodingda boʻlsin: al qasosil minalhaq! Hech bir yomonlik intiqomsiz qolmaydur! Senga aytadurgʻon boshqa soʻzim yoʻq! Chaqir yasovulingni!» degan soʻzlarida oʻquvchi koʻz oldida bir umr hukmfarmolik qilgan qoʻrqmas va yovqur temuriy gavdalanadi. Yozuvchi bir-birlariga begona ota va oʻgʻil, fozil shoh va taxtparast shahzoda oʻrtasidagi shiddatli toʻqnashuvlarni koʻrsatish asnosida ularning asl tabiatlarini namoyon qiladi. Romanda Ulugʻbek va Abdullatif ham, boshqa timsollar ham ta’rifu tavsif etilmaydi, balki ularning jonli obrazlari tasvirlanadi. Ular hayotdagi tirik odamlarday boʻlgani uchun ham biri achintirsa, boshqasi nafratlantiradi.

Ali Qushchining sadoqati, Mavlono Muhiddinning sotqinligi, shayx Nizomiddin Xomushning insofsizligi, tuzukkina shoir Abdullatifning taxt ilinjida shayx qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlgani ishonarli tasvir etilgan. Yozuvchi har bir qahramon xarakter xususiyatlari, tabiatidagi oʻzgarishlarni badiiy dalillashga erishadi. Ali Qushchi shohga shogird boʻlgani uchungina emas, balki ilm-fanning xalq hayotidagi ahamiyatini tushungani, ilm durdonalari mutaassiblar qoʻlida qolsa, millat rivoji orqaga surilishini bilgani sababli ham Ulugʻbek yoʻlidan yurishi asosli koʻrsatilgan.

«Ulugʻbek xazinasi»da sadoqat va sotqinlik, shogirdlarning ustoz oldidagi burchi Ali Qushchi va Mavlono Muhiddin obrazlari misolida me’yoriga yetkazib ifodalangan. Mavlono Muhiddin Ulugʻbekning mehru muruvvatidan koʻp bahramand boʻlgan. Ammo shoh taxtdan ketgach, undan yuz buradi. Adib katta olim boʻlsa-da, yirik shaxs boʻlmagan Mavlono Muhiddin fe’lidagi bu sifatni mantiqiy va badiiy jihatdan dalillay olgan. Zaif shaxs hamisha oʻzgalar ta’siriga tushishga moyil boʻladi. Qaltis vaziyatda Mavlono ham otasi Salohiddin Zargar ta’siriga berilgani sabab ustozidan yuz oʻgiradi. Ali Qushchining shaxsligi olimligiga muvofiq. U bu oʻtkinchi dunyoda oʻlimni ham yengadigan sobit qadriyatlar borligini teran anglaydi. Ali Qushchi va Mavlono Muhiddinning qamoqxonadagi bahslarida ularning boshqa-boshqa odamlar ekanligi koʻrinadi. Ali Qushchi timsolida imonli kishi har qanday muhitda ham sadoqatini namoyon eta olishi, jaholat va zulmdan ustun tura bilishi koʻrsatilgan.

Adib asar qahramonlari qismati misolida sirtdan shafqatsiz va adolatsizday koʻringan hayotning, aslida, gʻoyat adolatli hamda mehribon ekanligini yaqqol koʻrsatadi. Ulugʻbekning xazinasi faqat u yozgan va yiqqan ilmiy kitoblargina emas, u, avvalo, odamlar orasidagi adolat, imon, e’tiqod, olijanoblik, halollik singari qadriyatlardan iboratligi, odamlar koʻnglidagi bu boylik hech qachon yitmasligi ishonarli aks ettiriladi.

O.Yoqubovning olam hodisalari va odamning mohiyati haqidagi zalvorli oʻylari, salmoqli mulohazalari «Koʻhna dunyo» romanida oʻzgacha bir yoʻsinda aks etgan. Roman adib ijodidagi tamomila oʻzgacha yoʻnalishdagi asardir. Muallif bu asarida inson, uning hayotdagi oʻrni, oʻz taqdirini belgilashdagi ishtiroki, adolat, haqiqat va ularning tantanasi toʻgʻrisidagi qarashlarini turlicha tabiatli shaxslar qismati misolida ifoda etadi. Yozuvchi bu asarida inson hayoti ma’nisini anglamoqchi boʻlgan faylasuf sifatida koʻrinadi.

Yozuvchini bu koʻhna dunyoning chigalligi, tushunarsizligi hayratga soladi. Unda asl qolib, koʻpincha, soxta narsa e’tibor topadi. Yaxshi emas, yomon ezgu va olijanob degan nom chiqaradi. Inson zotiki bor, qilgan ishni ezgulik deb oʻylaydi. Aslida kuchli qudratlimi yoki ojiz qudratlimi ekanini bilib boʻlmaydi.

Yozuvchi talqinidagi dunyo, odamlar bir qatlamli, bir tarkibli emas. Ular gʻoyat murakkab va oʻta chigal toʻqimalardan iborat. Shuning uchun ham qilichidan qon tomgan yovuz sulton tasviri oʻquvchini achintiradi. Umrida biror kishiga yaxshilik qilmagan yovuz Piri Bukriyga kishining rahmi keladi. Muallif Mahmud Gʻaznaviyday dunyoni titratgan hukmdorni goh shafqatsiz jallod, goh ojiz banda, goh koʻngli boʻsh odam sifatida tasvirlaydi va bu tasvirga oʻquvchini ishontiradi. Bu dunyo — koʻhna, sirli va tushunarsiz. Uni oddiy odamlargina emas, balki Beruniy va Ibn Sinoday daholar ham anglay olmagan. Hayot asli shunday gʻalatiligi, toʻla izohlab boʻlmasligi bilan qiziqarli.

Asardan olingan quyidagi parcha e’tiborga loyiq: «Sulton, dilida ajib bir nur, qoqsuyak vujudida favqulodda bir kuch, hamon tasir-tusir ot surib borar, u bilan uloqcha oʻrtasi tobora qisqarmoqda edi. Nihoyat uloqchani quvib yetdi-da, lochinday chang solib koʻtarib oldi. Shu zahotiyoq yiroqlashib qolgan ona kiyik shartta toʻxtadi, bir zum joyida dir-dir titrab turdi-da, asta-sekin orqaga qayta boshladi...

...Sulton hayajon ichida egilib, dir-dir titrayotgan uloqchani yerga qoʻyib yubordi, qoʻyib yuborishi bilan dilida ajib bir chirogʻ «lop» etib yondi-da, vujudida oʻzgacha bir holat, qandaydir sirli, ilohiy bir holat sodir boʻldi. Hatto oʻng biqinidagi ogʻriq ham tappa toʻxtab, koʻziga qorongʻi koʻringan olam birdan yorishib ketdi. ...Togʻlar bilan oʻralgan bu keng sayxonlik boyagidan ham keng, osmon boyagidan ham tiniq, archalar hidi boyagidan ham xushboʻy, qorli choʻqqilar boyagidan ham yuksak, odamlar esa bir-biridan yaxshi, bir-biridan mehribon koʻrinib ketdi sultonning koʻziga». Bu tasvir qancha oʻlkalarni bosib olgan, minglab odamlarni oʻldirishdan qiynalmagan Mahmud Gʻaznaviy holatining ifodasi. Ayni vaziyatda shoh gʻoyat nurli, koʻngli ezguliklarga toʻla qilib tasvirlangan. Endi ayni holatning keyingi ruhiyat tasviriga diqqat qarating: «Navkarlar yordamida aravaga chiqqan sulton birdan holsizlanib boshini yostiqqa qoʻydi, qoʻyarkan, koʻzi yana osmonga tushdi. Lekin boyagi artilgan shishaday tiniq osmon oʻrniga tubsiz chohday zimiston boʻshliqni koʻrdi». Bu tasvirda insonning tasavvuri ham, kayfiyati ham oʻzi singari omonat va oʻtkinchi ekanligi aks etgan. Sultonning bolalik joʻrasi Malikul sharob esa ayni daqiqalarda: «...Ollo taolo oʻz bandasiga shunday aql-zakovat ato qilibdi. Bandasi esa... nechun hamisha aqlga zid ishlar qiladi? Nechun faqat boshiga musibat tushgan chogʻlaridagina yaxshilik va ezgulikni oʻylaydi? Nechun oʻzi choh yoqasiga borib qolgandagina qilgan gunohlarini, boshqalarga oʻtkazgan jabr-sitamlarini eslaydi? Nechun!» deya xayol surardi. Mana shu tasvirlarda asar mohiyati aks etgan, adibning inson, uning hayoti haqidagi nihoyasiz oʻylari ifodalangan.

Romandagi Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Gʻaznaviy, Ibn Shahvoniy, Ali Gʻarib, Abul Hasanak, Amir Mas’ud, Xatlibegim obrazlarining talqini oʻzbek adabiyotida yangilik boʻldi. Asarda turkiy xalqlar tarixida yorqin iz qoldirgan, qudratli imperiya qurgan Mahmud Gʻaznaviy hayotining tahlika va gumonlarga toʻla soʻnggi davri aks ettirilgan. Beruniy va Ibn Sinoning zamondoshi, bedavo dardga yoʻliqqan shoh Mahmud Gʻaznaviy ham ogʻir kasal boʻlgan har qanday kishi singari moʻ‘jiza kutib yashaydi. Odatda, kasal odam yetishish mushkul boʻlgan narsadan ilinj qidiradi. Shoh uchun Ibn Sino oʻshanday ilinj edi. Chunki Ibn Sino shoh hukmi bilan bir paytlar uning qalamravidan haydalgan. Magʻrur va oʻjar tabib ham oʻshandan buyon Gʻaznaviydan qochib yuradi, uning chorlovlariga kelmaydi.

Mahoratli yozuvchi Ibn Sinoning qanchalik zoʻr tabib ekanligini koʻrsatish singari odatiy yoʻldan bormaydi. Chunki uning maqsadi tabibning tengsizligini emas, balki dunyoning oʻyinlari tushunarsizligini tasvirlash edi. Mashhur tabibni topish choʻzilib ketganidan qoʻrqqan vazirlar: Ali Gʻarib va Abu Hasanak olgʻir va shuhratparast Shahvoniyni shohga Ibn Sino deb roʻpara qilishadi va u Gʻaznaviyni «davolay» boshlaydi. Podshohning kasali sababini ham, davolash yoʻllarini ham bilmagan Shahvoniy unga tinmay afyun beradi. Afyun ta’sirida shoh Mahmud ma’lum muddat ogʻriqlarni sezmay qoʻyadi. Adib kasal shoh, ayyor ayonlar va muttaham tabib munosabatlarini koʻrsatish orqali dunyoning azaliy tartibini oʻzgartirib yuboradigan manfaatparastlik, foydaxoʻrlik, yolgʻonchilik, soxtakorlik singari illatlar inson tabiatiga bu qadar chuqur oʻrnashib qolganligi sabablarini tadqiq qilishga urinadi.

Koʻhna dunyoning ishlari, koʻpincha, kutilmagan oʻyinlardan iborat. Shuning uchun ham shohning singlisi Xatlibegim boshchiligida chin Ibn Sino topdirib kelinganda, muttaham Shahvoniy ham, yolgʻonchi vazirlar ham, eng dahshatlisi, buyuk tabibdan najot olishi mumkin boʻlgan sultonning oʻzi tomonidan ham u tan olinmaydi, tovlamachi sifatida saroydan chiqarib yuboriladi. Koʻrinib turgan haqiqatni tiklash mumkin emasligi, oʻzingning oʻzingligini isbotlashning imkonsizligi, tovlamachi va soxtakorlar haq, rostni soʻzlayotgan odam esa yolgʻonchi boʻlib qolishi bu eski dunyoning adolatimi yoki adolatsizligi? Biror marta haq joyida qaror topadimi yoki yoʻqmi? Odamzod bunday nohaqlik va adolatsizlikdan qachondir qutula oladimi yoki qutulolmaydimi? Yozuvchi savollar qoʻyar ekan, ularga javob berishni da’vo qilmaydi. Roman oʻquvchilarni ham shular haqda jiddiy oʻylab koʻrishga undaydi.

Yozuvchi biror obrazni tasvirlaganda, uni har jihatdan koʻrsatishga harakat qiladi. Shuning uchun ham Mahmud Gʻaznaviy goh shafqatsiz hukmdor, goh odamlarga yaxshilik qilishga intilgan ojiz bemor sifatida tasvirlanadi. Asarda yaxshilik bilan yomonlikning orasi qilcha ham kelmasligi Gʻaznaviy xatti-harakatlari orqali koʻrsatiladi. Malikul sharob huzuriga oʻzi borib kechirim soʻragan Mahmud Gʻaznaviy uni achchiq va ochiq gaplari uchun zindonga tashlatadi.

«Koʻhna dunyo» romanida butun insoniyatning ulugʻ farzandlari hisoblangan Beruniy va Ibn Sino obrazlari ham katta mahorat bilan tasvirlangan. Yozuvchi Beruniy siymosini yoritishda bevosita tasvir yoʻlidan borsa, Ibn Sino obrazini yaratishda mistifikatsiya usulini qoʻllab, Ubayd Juzjoniy xotiralaridan foydalanadi. Eng muhimi, adib bu ikki dahoni ham oʻylanadigan, izlanadigan, xatolar qiladigan, qiynaladigan jonli odamlar sifatida tasvirlay olgan. Shuning uchun ham bu timsollar kitobxonda donishmandlik, ezgulik ramzi emas, balki birinchi navbatda, tirik shaxslar sifatida taassurot qoldiradi. Ularning oʻylari, iztirobu quvonchlari oʻquvchilarga ham yuqadi.

«Koʻhna dunyo» adib ijodidagi alohida bosqich boʻldi. Gʻaznaviyni birda qonxoʻr va shafqatsiz shoh, birda mehribon inson, tadbirli siyosatchi sifatida koʻrsatar ekan, yozuvchi uning ruhiy olamini teran ochishga erishadi. Ruhiy holatlar oʻta shiddat bilan oʻzgarib turadigan bu asarda sirlilik, jumboq, tushunarsizlik koʻp. Aslida, inson hayotining oʻzi boshdan-oxir jumboqdan iborat. Shuning uchun ham roman soʻngida Ibn Sino tilidan aytilgan: «Ibn Shahvoniy taqdiri azalning ajab jumbogʻi. Bu jumboqni donolar ham yechishga ojizlik qilur!» degan xulosa romanning bosh pafosini ifodalaydi, deyish mumkin.

Yozuvchi romanida asar gʻoyasini yorqin aks ettiruvchi rivoyat va hikoyatlardan ustalik bilan foydalangan. Asardagi zolim shoh haqidagi rivoyat yoki yetti kunlik yomgʻir suvidan ichib tentak boʻlgan qavmini boshqarish uchun oʻzi ham jinnilik suvidan ichib, aqldan ozishga majbur boʻlgan podsho toʻgʻrisidagi rivoyatlar asar mohiyatini ochish uchun ham, undagi voqealar rivojini ta’minlash uchun ham muhim ahamiyat kasb etgan. Bunda yozuvchi, birinchidan, oʻz davrida ochiq aytish mumkin boʻlmagan, ikkinchidan, ochiq aytilsa, unchalik badiiy effekt bermaydigan haqiqatlarni ifoda etadi. Ya’ni asardagi bu rivoyatlar orqali har bir xalq oʻz hukmdoriga loyiq yoki har bir hukmdor oʻz xalqiga yarashadir, degan xulosa bildirilgan. Uchirilgan qush boshiga qoʻngani uchungina mutlaqo begona yurtdan kelib, podsho boʻlgan yigitning odamlarga zulm qilishi va bunday qilmaslikni oʻtingan oʻrtogʻiga: «Bir ahmoq qushga ishonib oʻzini podsho qilib koʻtargan xalqqa shunday muomala qilish kerak»ligini aytishi tasvirida ulkan dard va achchiq haqiqat yotadi.

Podsho ta’qiqlashiga qaramay qavmning yomgʻir suvidan ichib aqldan ozishi va hukmdorning ularni boshqarolmay qiynalishi, nihoyat, oʻzi ham yomgʻir suvidan ichib telba-teskari buyruqlar bera boshlagach, uning farmonlari fuqaroga ma’qul kelgani toʻgʻrisidagi romanda keltirilgan rivoyat muallifning xalq va uning hukmdori munosabati borasida qarashlarini aks ettiradi. Shoʻrolarning qudrati avj nuqtada boʻlgan bir zamonlarda xalqni faollikka undash, uning oʻziga yarasha hukmdorga ega boʻlajagini tasvirlash ilhomiy bashoratdan tashqari, insoniy jasorat ham edi.

Oʻttiz yillik tanaffusdan soʻng, 90-yillarga kelib, O.Yoqubov Amir Temurning intim hayoti haqida «Fotihi muzaffar yoki bir parivash asiri» nomli sahna asarini yaratdi. Unda jahongirni mutlaqo kutilmagan rakursda aks ettirdi. Dunyoning taqdiriga xoʻjalik qila oladigan sohibqiron, vaqti kelsa, shaxsiy hayotiga xoʻjayin boʻlolmaganligi, oʻz baxtini ta’minlay olmaganligi yetuk badiiylik bilan aks ettirildi. 2000 yilda yozilgan «Bir koshona sirlari» asari yilning eng yaxshi dramasi sifatida «Ofarin» mukofoti bilan taqdirlandi.

Bu dramada inson taqdirining yechib boʻlmas darajada chigal va tushunarsiz ekanligi jonli timsollar asosida koʻrsatilgan. Dramadagi ziddiyat millionerlar xonadonida, tashqaridan qaraganda, toʻkis va muammosiz hashamatli koshonada kechadi. Maxsus soqchilar qoʻriqlaydigan bu koshona egalari betashvish va baxtiyor yashashayotganga oʻxshaydi. Asar voqealari asnosida aslida bunday emasligi ma’lum boʻladi. Dramada yaqindagina oddiy doʻkondor boʻlgan koʻrkam va shaddod Dilora bilan kechagina yukchi boʻlib ishlab yurgan, bugunga kelib hadsiz boyliklar egasiga aylangan eri Sarvar oʻrtasidagi chigal munosabatlar, ularning tushunarsiz dardu armonlari tasvirlangan. Koshonada xotirjamlik bilan baxtdan boshqa hamma narsa bor. Asardagi asosiy konflikt moddiy boylik bilan ma’naviyat, oʻtkinchi mayllar bilan asl tuygʻular, boqiy qadriyatlar orasidagi ziddiyatlardir. Ushbu dramada qalb koshonasini daxlsiz saqlash zarurligi, inson qalbining mantiqqa boʻy beravermaydigan junbushlari ta’sirli koʻrsatilgan.

Dramaturg inson baxti uchun hisobsiz moddiy boylik yetarli boʻlmaganiday, iste’dodu halollikning oʻzi ham kifoya qilmasligini koʻrsatadi. Asar voqealari muhtasham koshona a’zolari va ularga yon qoʻshni boʻlmish oddiy ziyoli oilasida parallel kechganligidan dastlab ikki oila bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilayotganday tuyuladi. Biroq dramaturg tasvirning bunday joʻn yoʻlidan bormaydi. Ziyoli eru xotinning koshonadagilarga munosabati ikki xil: er ular turmushidan hazar qiladi, xotin esa qoʻshnilarini ham el qatori odamlar deb biladi. Asarda ziyolilar oilasining ichki ziddiyatlari ham ayon koʻrsatiladi. Turmush oʻrtogʻi Gulnozani telbalarcha sevadigan jarroh Darveshali unga toʻkis baxt hadya etolmaydi. Ular — tirnoqqa zor. Shifokor Gulnoza ham Darveshalini er va ustoz sifatida har qancha hurmat qilmasin, oʻzida qandaydir ruhiy begonalik his etadi. Dramada bular haqida oshkora aytilmaydi, ammo bu nozik ruhiy holat asar voqealari rivoji davomida ilgʻab olinadi.

Uzoq davom etgan chigal ruhiy zoʻriqish portlashga olib keladi. Sarvar uchun eng ogʻir damlarda ham qoʻshni, ham shifokor sifatida uning yonida turgan Gulnoza bu boyvachcha yigitning samimiy insonligini tuyadi, koʻnglida unga xayrixohlik uygʻonadi. Sarvar va u bilan haj safariga ketmoqchi boʻlgan Gulnozani rashk olovida jizgʻanak boʻlgan Darveshalining haqoratlashi asar yechimini oʻzgartirib yuboradi. Sarvarning xaloskor jarroh tomonidan oʻlim changalidan olib qolingan yuragi ayni Darveshalining haqoratiga chiday olmaydi. Odamlarning bir-birini tushunmasligi, bunga urinmasligi oʻlimga sabab boʻladi. Bu hol Gulnozaning qalb koshonasini ham vayron etadi.

O.Yoqubovning mahorati shundaki, asarda biror timsol joʻn tasvirlanmaydi. Jumladan, Sarvar va Diloraning chigal munosabatlari oq yoki qora tarzida talqin etilmaydi. Sarvarning oʻz xotinini taloq qilib, Gulnozaga mayl koʻrsatishi uning boyvachchaligi oqibati emas. Balki, oʻzini tushunishlarini istagan toza koʻngilning istagidir. Sarvar — boylikka xirs qoʻymagan, insoniyligini yoʻqotmagan, haromdan jirkanadigan shaxs. Yigit andishasizlikni koʻtarolmaydi. Shu bois erkatoy va shaddod Diloraning oʻrinsiz shoʻxliklari, yarashiqsiz tantiqliklariga chidamay, undan ajraladi. Lekin taloq qoʻyilsa-da, undan koʻngil uzolmagan xotini, begunoh farzandlari borligi bu oʻychil yigitni qiynaydi. Shu tariqa, hadsiz boyligi bor, uzatgan joyiga qoʻli yetadigan Sarvar baxtsizligicha oʻlib ketadi.

Asarda tantiq Dilora timsoli ham puxta ishlangan. U eriga xiyonat qilishni xayoliga ham keltirmaydi. Uning Sarvarga: «Erkalik qilsam qilgandirman, yengillik qilgan boʻlsam qilgandirman. Lekin, tepamda Xudo, biror it tekkani yoʻq jismimga. Jismim pok, vijdonim ham», degan soʻzlari kishini ishontiradi. U alam, achchiq ustida erini, farishta ayol Gulnozani haqorat qilgan boʻlsa-da, ularning begunohligini biladi. U Sarvarsiz yashashni tasavvur ham qilolmaydi; dunyoga kelib koʻrgan eng totli, eng goʻzal, eng baxtiyor damlari u bilan oʻtganini anglaydi, ham boylik, ham chiroy, ham aql va ham gʻayrati bor bu ayolning birgina baxtga ega emasligi kishida xayrixohlik uygʻotadi.

Dramadagi barcha yetakchi personajlar, aslida, ma’naviy goʻzal, baxtga, ehtiromga loyiq odamlar. Lekin inson taqdirining chigal va tushunarsizligi sabab ularning hammasi ham baxtsiz. Asar qahramonlari ochiqligi samimiyligi bilan oʻquvchi ehtiromini uygʻotadi. Drama insonning oʻta murakkab yaratiqligini, uni anglab yetish mushkul ekanini aks ettirishi bilan qimmatlidir.

O.Yoqubovning tilga olingan asarlari insonga buyuk muhabbatning samarasi boʻlganligi uchun ham ularda odam teran anglangan, inson gʻoyat chigal hayotiy vaziyatlarda ham chin ma’naviy sifatlarini saqlab qola bilishga qodir ijtimoiy-ruhoniy kuch ekanligi juda ishonarli va ta’sirli koʻrsatib berilgan.