OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQudrat Doʻstmuhammad
Asar nomiOltin tuxum (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Qudrat Doʻstmuhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oltin tuxum (hikoya)
Qudrat Doʻstmuhammad

Osmon yorishib, togʻ choʻqqilari aniq koʻrina boshlaganda tepalik yonbagʻridagi yakkayu yagona uyda hayot kundalik iziga tushib ketdi. Sora xola odatdagidek uyning orqa tomonida yuztacha tovuqqa moʻljallangan katak tomon yoʻl oldi. Erta bilan birinchi qiladigan ishi shu: tovuqlarni katakdan chiqarib yuboradi, u yoq-bu yoqni tozalab, burchak-burchaklardagi chuqurchalarga tashlab ketilgan tuxumlarni terib oladi. Moyak uchun qoʻyilgan oq piyoz kirlanib yoki soʻlib qolib, tovuqlarning gʻashini keltirsa, oʻsha chuqurchaga odatdagidan koʻra kamroq tuxum tashlanadi. Bunday paytda Sora xola oshxonaga kirib, yangi, oppoq piyoz olib chikadi, eskisining oʻrniga almashtirib qoʻyadi.

Kampir bugun odatdagidan sal kechikibroq uygʻondi. Tovuqlar undan norozi boʻlgandek qaqagʻlashib kutib olishdi. Faqat sariq-qizgʻish patlari kamalakdek tovlanib turgan dakang xoʻroz har galgidek xotirjam. Katak boʻshaganda Sora xola ichkariga kirib, tuxumlarni savatga joylay boshladi. Eng chekkadagi chuqurchaga engashganida beixtiyor «Voy!» deb yubordi. Kir, tuxum yoki piyozligini ajratish qiyin boʻlib qolgan moyak yonida bir dona tuxum yotardi: qip-qizil! Chunonam tep-tekis, qizilki, atayin boʻyalsa ham bunday chiqmaydi.

Kampir tuxumni hayajon bilan qoʻlga olib, kaftida aylantirib koʻrdi, hech nima tushunolmadi. Savatini apil-tapil koʻtarib, uyga qarab chopdi. Balki choli bir nima der? U har qalay oʻrmonda koʻp yurgan, kuzatgan — qushlar, hayvonlar.

Karim ota ham oʻrnidan allaqachon turgan, miltigʻi tayyor, safar xaltasiga nimalarnidir joylayotgan edi. Hovliqib kirgan kampirining qoʻlidagi tuxumni koʻrib u ham ajablandi, aylantirib koʻrdi. Qirq yil oʻrmon kezib, hayvonlar, qushlar, parrandayu darrandalarning miridan sirigacha bilibdi-yu, tovuq qizil tuxum tugʻishini birinchi koʻrib turishi! Yoki u haliyam bilmaydigan qush zoti bormikin? Chol qancha bosh qotirmasin, bu ajabtovur tuxumning sirini bilolmadi, keyin: «Qoʻyatur, ertaga qishloqqa borganimda ola ketaman», dedi va charm xaltasi bilan ovora boʻlib ketdi.

Ikkovi choy ustida ham qizil tuxum haqida gaplashib oʻtirishdi. «Voy, tavba-ey, tuxum ham shunaqa boʻladimi?» deb qoʻyardi kampir. Chol koʻp gapirmasdan choyini tez-tez ichdi, tayyorlab qoʻygan narsalarini oldi-da, yolgʻiz oyoq yoʻldan oʻrmonga joʻnadi.

Sora xola uyni yigʻishtirdi, tashqariga chiqib, qizil tuxumni qay biri tugʻdi ekan, deb tovuqlarni bir-bir koʻzdan kechirib keldi. Gʻayrioddiy hech nima sezmagandan keyin doʻppi tikadigan igna-ip va piltakachlarni olib, tashqariga chiqmoqchi ham ediki, «qitir-qitir» etgan tovush keldi. Keyingi paytlarda sichqonlar koʻpayib ketib, tez-tez «mehmondorchilikka» keladigan boʻlib qolishgandi. Kampir: «Xah, yashshamagurlar!» deb tovush kelgan tomonga talpindi. Tokchaning bir burchagida kichkinagina teshik boʻlib, sichqon koʻpincha oʻsha yerdan chiqib, oʻsha joyning oʻziga kirib ketardi. Tokcha oldiga yetganda kampir gʻalati tovush chiqarib, qichqirib yubordi. Yoshlik paytlari oʻrmon aylanib yurib, qoʻqqisdan ayiqqa duch kelib qolganida ham shunchalik qoʻrqqan emasdi. Hozir esa, oyoqlari qaltirab, madori qurib, oʻtirib qoldi. Boyagi qizil tuxum... kattakon qirqma qovundek boʻlib shishib ketgan, usti oʻsha-oʻsha qip-qizil, old tomonida televizornikiga oʻxshagan ekrani ham bor. «Voy tavba! Yo tavba — Gʻoʻldiradi kampir. Ekran yorishib, undan odam koʻrindi. Boshida gʻalati kiyim bor, kosmonavt desang kosmonavt emas, tsirklarda chiqadigan masxaraboz desang, oʻxshamayapti. «Voy, dod!» deya kampir eshikka tomon emaklab ketdi.
— Hoy, kampir, hoy, Sora xola, qoʻrqmang! — dedi ekrandagi odam gʻalati talaffuz bilan.

Oʻz ismini, beozor tovushni eshitib, kampir bir oz sergaklandi, qoʻrquv chekingandek boʻldi. Bitta-yarimta «temir jinnisi»ning qoʻlidan kelayotgan ish boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Emaklab borgan joyida toʻxtab, angrayib qoldi.
— Qoʻrkmang, Sora xola! — takrorladi odam gʻalati jilmayib. — Suvdan xoʻplang.

Kampir kursi ustidagi choynakka qoʻl choʻzdi. Qoʻllari titrab, ilib qolgan choydan qult-qult yutdi. Ekrandagi odam uni yupatmoqchi boʻlardi:
— Sora xola, siz oqkoʻngil odamsiz, dilingizda gʻubor yoʻq. Uzoq umr koʻrasiz, lekin... — U gapida toʻxtab, ekranda koʻrinmayotgan kimsa bilan imlashib oldi. Shunda ham gapirmay taraddudlanib qoldi.
— Nima «lekin»? — deya oldi kampir nihoyat.
— Cholingizni aytmoqchiman... uni oʻrmonga chiqarmang. U yerda tezroq kuni bitib qoladi, keyin... — Kutilmaganda kampir qoʻllari bilan dagʻdagʻa qilgancha turib ketdi:
— Xah, yashshamagur! — U birdan choynakka yopishib, televizorga otdi. Choynak chil-chil boʻldi-yu, «televizor»ga, ekrani sal xiralashib, soʻng yana oʻz holiga qaytganini aytmasa, jin ham urmadi. — Koʻngli sezib turuvdi-ya, bu ish sen muttahamlardan kelyapti, deb. Cholimni uyga qamab qoʻyib, oʻrmonda bilgan ishlaringni qilmoqchimisanlar?
— Oʻzingizni bosib, gaplarimga quloq solmasangiz, hoziroq gʻoyib boʻlamiz, keyin afsuslanib qolasiz.
— Nima? Nima boʻladi cholimga? Uni oʻldirmoqchimi? — deya shalvirab, oʻtirib qoldi kampir.
— Hech kim cholingizni oʻldirmaydi. U oʻz-oʻziga zavol boʻladi.
— Nima deding?
— Barcha jonivorlar uchun tugʻilish, oʻlish bor, lekin hech biri kuni bitganini oʻzi bilmaydi. Toʻgʻrimi? Biz esa buni bilamiz.
— Nega endi, cholimning kuni oʻrmonda tezroq bitib qolarkan?
— Negaki, u oʻz vazifasini oʻtayotganda ortiqcha berilib ketarkan.
— Seningcha, muz-tosh boʻlib yursa umri uzoq boʻlarkan-da? Gaping muncha sovuq?
— Biz olis sayyoradan kelganmiz, — gap boshladi ekrandagi odam.
— Arshi-a’lodan kelgan boʻlsang ham mazax qilgani uyalmaysanmi?! — dedi kampir yigʻlamsirab.
— Sizni mazax qilayotganimiz yoʻq, aksincha, yaxshi koʻrib qoldik.
— Voy, ordona qolgur.
— Cholingiz ham bizga yoqib qoldi, — dedi odam kulgidan oʻzini zoʻrgʻa tutib. — Uni ishi juda xayrli ekan. Tabiatga gʻamxoʻrlik qilib yurish har bir aqlli zotning burchi, biroq oʻrmonni odamlardan muhofaza kilish aqlga sigʻmaydi. Umuman, hali-veri odamlar nimanidir bir-birlaridan qoʻriqlar ekanlar, biz qanday kelgan boʻlsak, shunday imi-jimida qaytib ketganimiz ma’qul. Hozir ham xatardan xoli emasmiz, lekin kimgadir yaxshilik qilmasdan ketolmaymiz, qonunimiz shunday. Atrof qishloqlarni qidirib, siz bilan cholingizni tanladik. Endi tushundingizmi? Siz shu tuxumni avaylab yuring, uning yordamida koʻp odamlarning paymonasini uzaytirib, falokatlardan kutqarib qolasiz. Uni kaftingizga qoʻyib, ikkinchi kaftingizning orqasi bilan dumalatsangiz, televizorga aylanadi. Ayni vaqtda istagan kishingizning nomini ayting...
— Bir kamim folbinlik edi... — Zarda qildi kampir.
— Ekran qizil tusga kirsa... — Ekran lip etib oʻchdi, «televizor» kichrayib, ilgarigidek kip-qizil tuxum boʻlib qoldi. Kampir qancha vaqt anqayib turganini bilmaydi, xayol surgandan koʻra tuxumni sinamaymanmi, dedi. Uni kaftiga olib, boyagi odam aytgandek qildi:
— Karim, Soraning choli, shahardagi katta doʻxtir Zuhraning otasi... — Tuxum asta shishib, kichkina televizorga aylandi. Uning ekranida oʻrmon koʻrindi: togʻ yonbagʻirlari, archalar, bodom, doʻlana, baland-baland oʻsgan oʻt-oʻlanlar. Kampir bu giyohlarning isi uyqu keltirishini yaxshi biladi. Ie! Ekranda odam koʻrinib qoldi. Karim ota?! Sora xolaning choli!
— Hoy! — deb yubordi kampir bexosdan. Chol eshitarmidi, oʻt-oʻlanlar orasida ketaverdi. — Hoy, deyapman! Uyqu oʻtlardan nariroq yuring!

Ekranda hech narsa koʻrinmay qoldi, uning oʻrni sekin-asta qizara boshlaganda oʻchib qoldi. Kampirni vahima bosdi: «Boyagi odam ekran qizarib ketsa, deyayotuvdi-ya, nega oxirigacha eshitmadim? Cholimga nima boʻladi, endi?» Oʻzini qoʻyarga joy topolmay, kampir tashqariga chiqdi, u yoq-bu yoqqa yurib, cholni uzokroq yerga otlanganini esladi, shuvdayam koʻrinib qolmasmikin, degan umidda oʻrmonga kirib chiqdi. Oʻzini bir oz ovutish maqsadida u-buga qaragan boʻldi, tovuqlarni chaqirib don tashladi. Koʻziga xunukroq koʻringan bir-ikkitasini: «Qayoqdan falokat boshlab keldilaring?» — deb kesak bilan tushirib qoldi. — «Sen yashshamagurlarni yetti xazinaning biri deb yursam, nimalarga duchor qilmoqchisanlar, hapi? Oralaringda insu jinslar ham borga oʻxshab qoldi».

Kampir javray-javray ovundi chogʻi, boyagi manzara, qizgʻish rangning tashvishi endi arzimagan tushday tuyula boshladi, dadil qadam tashlab, tikadigan ishlarini olib chiqish uchun uyga kirdi. Qarasa, tokchada tuxum yoʻq! Ikkita sichqon quvlashmachoq oʻynab yurishgan ekan, lip etib teshikka kirib ketishdi. Tokchaning tagida, oyoq ostida ikkiga ajralib ketgan qip-qizil tuxum poʻchogʻi yotardi. Qup-quruq, na sarigʻi koʻrinadi, na oqi! Faqat kaftdek keladigan joy dogʻ boʻlib qolgan, yaltirab turibdi. Kampir poʻchoqlarni qoʻliga olganda, kaftiga noʻxatdek zoldir yumalab tushdi. Unchalik ogʻir ham emas, juda yengil ham emas. Tusi sargʻish, yaltiroq. Kampir uni tashkariga olib chikib, yoruqqa tutib koʻrdi. «Oltinmikin? — xayolidan oʻtdi kampirning. — Oʻxshaydi!»

Qisqa vaqt ichida koʻz koʻrib, kuloq eshitmagan sirli voqealarning guvohi boʻlgan kampir esankirab qolayozganidan ehtiyotkorlikni unutdi. Noʻxatcha kaftidan dumapab yerga tushdi, engashib uni olgunicha, bir chipor tovuq yugurib keldi-da, yutib yubordi. Kampir hay-haylagancha qolaverdi, tovuq esa kochib ketdi.

* * *

Karim ota kun botib, oʻrmonga qorongʻulik choʻka boshlaganda horib-charchab, arang uyiga yetib keldi. Ostonada xomush oʻtirgan kampir quvonib ketganidan yugurib peshvoz chiqdi, cholining qoʻlidan xaltasini oldi, chang-chungini qoqayotib, kiyimlarining yirtilib ketganidan ajablanib: «Sizga nima boʻldi? Qayoqlarda qolib ketdingiz-ey?» — dedi.
— Qaytib kelganimga xursand boʻlaver, onasi, bir oʻlimdan koldim, — dedi chol horgʻin tovush bilan. Sora xola turgan yerida kotib qoldi, «Tuxum... tuxum», dedi-yu, u yogʻiga oʻtolmay, hoʻngrab yigʻlab yubordi. Chol kampirini suyab, uyga olib kirdi, suv ichirib, bir oz oʻziga keltirdi. Qizil tuxum koʻrsatgan karomatlarni eshitgach, oʻrmondagi voqeani gapirib berdi...

Karim ota, oʻrmonning tartibbuzarlar koʻproq izgʻib yuradigan olis bir chetiga yaqinlashib qolganida, qoʻqqisdan ona ayiqqa duch kelib qoldi. Uning yonida toʻrtta bolasi koʻzlarini yiltiratib, gʻuj turishardi. Ayiq bolalarining hech qanday ziyoni yoʻq, lekin onasining avzoyi buzuq, bir hamla bilan cholni tilka-pora qilmoqchi! Chol yelkasidan miltigʻini tushirib, tepkini bosmasidanoq, ayiqning kuchli qoʻllari miltiqni osongina tortib oldi. Chol unga chap berib pichogʻiga yopishdi, lekin shu payt miyasida bir fikr chaqmoqdek yalt etdi, goʻyo uni ilgaridan oʻylab qoʻygandek. Fikr qanchalik tez kelgan boʻlsa, chol shunchalik shiddat bilan yonida tikka oʻsib yotgan oʻtlardan birini yulqib oldi-da, bostirib kelayotgan ayiqning tumshugʻiga chaqqonlik bilan tekkizdi. Ayiq oʻkirgancha shilq etib tushdi, gavdasi bilan cholning belidan bosib qoldi...
— Kiyimlarimni ayiq bolalari yirtib tashlashdi. Oʻzim nima ahvolda yotibmanu toʻrttalasi tashlansa boʻladimi? U yoqqa turtib, bu yoqqa turtib, zoʻrgʻa qutulibman-a!

Karim ota safar xaltasidan koʻrimsizgina oʻt shoxini avaylab chiqarib, nafasiga yaqin keltirmay, kampirga koʻrsatdi:
— Mana, qaragin, onasi, oʻsha oʻt. Oʻylab qarasam oʻsha paytda kimdir qulogʻimga oʻtni yulib ayiqning tumshugʻiga tut, degandek tuyuldi.
— Men sizga doim, shu oʻtdan ehtiyot boʻling, derdim-ku. Tuxumning ichida koʻringaningizda ham aytdim. Demak, oʻsha gapim qulogʻingizga yetib boribdi-da.

Cholu kampir boʻlgan voqealarni uzoq eslashib, nihoyat, bular hammasi qip-qizil noʻchoqli oltin tuxumning karomati, degan xulosaga kelishdi.
— Tuxum sinib qolgani chatoq boʻpti-da, onasi, oʻzga sayyoralik bilan bir gaplashib olardim, — dedi chol.
— Paymonangiz toʻlib qolibdi, endi pensiyaga chiqing, ishlamang, — dedi kampir qat’iy. — Shaharga, qizimiz, nevaralarimiz yoniga boramiz.
— Be-e! — Qoʻl siltadi chol. — Parvo qilma, onasi, chipor tovugʻing yana bitta oltin tuxum tugʻib bersa, sen uyda oʻtirib olib, meni falokatlardan qutqarib qolaverasan.

Chol-kampir baravariga kulib yuborishdi.