OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQudrat Doʻstmuhammad
Asar nomiZilzila (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Qudrat Doʻstmuhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zilzila (hikoya)
Qudrat Doʻstmuhammad

Yettinchi qavatda yashab turgan Sadir uyini sotdi-yu toʻqqizinchi qavatdagi Hikmatulla domlaning tinchi buzildi. U uy oldi-sotdisidan bezillab qolgan. Sotib olgan odam albatta ta’mir qiladi. Gulqogʻozlarni koʻchiradimi, devor boʻyoqlarini qiradimi yoki eshikni koʻchirib tashlab, eng soʻnggi, gʻaroyib qulflar oʻrnatilgan va temirdan yasalganini qoʻyadimi, domlaning bular bilan ishi yoʻq. Uning uchun eng xatarlisi — beton devorlarni buzish.

Domla odamlarning koʻnglini tushunadi. Uy olgan odam orzu-havas bilan kelishi tayin. Bunda-ay qaraydi: xonalarning oʻrnashuvi, katta-kichikligi, oshxona, hojatxona deganlari, hammasi koʻngildagidek joylashgan boʻlavermaydi. Baraka topkur loyihalagan me’morlar ham xom sut emgan banda-da, oʻzining aqli yetgancha loyihalaydi, hammaga birdek ma’qul keladigan qilolmaydi-ku.

Hikmatulla domla yashaydigan uy loyihasi, agar eshitgani toʻgʻri boʻlsa, frantsuzlardan olingan emish. Farangilar oʻzbek uchun loyihalamagandir? Oʻz vatani, oʻz sharoiti va oʻzining farangilariga moslab loyihalaganu bizning amaldorlardan kimgadir yoqib qolib, sotib olgan boʻlsa bordir, deb oʻylardi domla.

Tez kunda xavotiri rost boʻlib chiqdi. Tongda ishga ketmoqchi edi, qaerdandir asta «tiq-tiq» etgan tovush keldi. Domla quloq soldi. Yon qoʻshnim bir nimani tuzatayapti, deb oʻyladi. Devorga qulogʻini yaqinlashtirdi. Ha, yon qoʻshnisinikidan eshitilayapti. Narigi xonaga oʻtib, quloq bergandi, u yerda ham shunaqa ahvol. Tiqillagan ovoz goʻyo ikkinchi tomondagi qoʻshnidan chiqayapti. Gilamga yotib, qulogʻini bosgan edi, pastdan kelayotgani bilindi.

Ishga kechikishdan qoʻrqib, domla ovozga ortiqcha e’tibor qilmadi, yettinchi qavatdan kelayotgan boʻlsa ham tahlika uygʻotadigan emasdi.

* * *

Domla ishdan barvaqt qaytayotib, uyiga yaqinlashganda toʻqqiz qavatli sun’iy «togʻ» va uning «gʻor»lariga razm soldi. Yoʻlaklarning oʻrni pastdan tepagacha oppoq, ajralib turibdi. Shulardan oʻziga tegishlisini topdi. Yettinchi qavatning beton panjarali kichkina ravogʻida nimadir qorayib, doʻmbayib koʻrindi. Domlaning yuragi achishdi — yangi qoʻshni nima qilmoqchi ekanini sezdi. Oʻz yoʻlagiga yaqinlashgunicha koʻzi tepada boʻldi. Oʻsha tomondan gursillagan ovoz baralla eshitilardi.

Oʻn daqiqalardan keyin yangi qoʻshni eshigining tugmasini bosdi. Eshikni ust-boshi chang bir oʻris yigit ochdi.
— Вы хозяин квартиры?
— Хозяина нет. Утром придёт.

Domla ruxsat soʻrab oʻtirmay, ichkariga kirdi, xonalarga moʻraladi. Kichik ravoqqa chiqiladigan eshik, deraza, uning ostidagi beton poydevor olib tashlangan, endi panjarani buza boshlashgan.
—!Что вы делаете! — qichqirdi domla, nima qilayotganini koʻrib turgan boʻlsa ham.
— Ломаю, — javob qildi oʻris xotirjamgina, goʻyo domla hech narsani bilmayapti-yu u tushuntirayapti.
— Почему?!
— Хозяин сказал.
— А вы знаете, что ломаете прочность здания? Не дай Бог, если завтра землетрясение, что тогда будет с жильцами?
— Ну, — понимаю... мне платят, я ломаю.
— Нельзя! Прекратите! Я доложу в ЖЕК, милицию!

Oʻrisning rangi oʻchdi, indamadi. Domla ham unga ortiqcha gap bekor ekanligini sezib, ortiga burildi.

Aksiga olib, qoʻshnilardan birontasi topilmadi, toʻgʻri JEKka yoʻl oldi.

* * *

Achchiq ichakdek choʻzilib ketgan toʻrtta toʻqqiz qavatli uyning oxiriga yetguncha domlaning xayoli buzildi, fikrlari toʻzitilgan qushlardek har tomonga uchdi.

«Qayoqdanam shu toʻqqizinchi qavatni olaqoluvdim? Ozgina chiqimidan qochmaganimda pastroqdan, hech boʻlmaganda birinchi qavatdan olgan boʻlardim. Imkonim bor edi. Eh, men qanaqa odamman, oʻzi! Qarigan chogʻimda yana koʻchimni koʻtarib yuramanmi? Qayoqqa boraman, endi?!»

Domla chuvalgan xayollarini idrok qilishga ulgurmayoq, JEKka yetib keldi.

Boshliq chiqib ketgan ekan, navbatchi oʻris xotin domlaning arzini eshitdi-da, «Opyat lomayut!» deya xitob qildi-da, bir parcha qogʻozga manzilini yozib oldi va sim qoqish uchun bir telefon raqamini berdi.

Domlaning ichi yorishib, uyi tomon shahdam odimlay ketdi. Toʻqqizinchi qavatdan uy olganiga ichidan zil ketib yurgani endi arzimas narsadek tuyuldi.

Xonadoniga kelganida, boyagi taraq-turuq ovozlar eshitilmayotgandi. Demak, oʻris yigit panjara buzishni toʻxtatgan. Oʻris-da, gapga tushunadi. Toʻgʻri gapni tan olishadi bular.

Navbatchi oʻris xotin bergan telefon raqami terilganda, kimdir erinibgina javob qildi. Gapning ohangidan oʻzbek kishi ekanligi bilindi, domla faqat «Batalyon» degan soʻzni ilgʻab qoldi, hayron boʻldi.
— Kechirasiz, qayoqqa tushib qoldim?
— Militsiya sanitar batalyoni.
— Menga shu raqamni berishuvdi.
— Nima masalada?
— Beton uyni buzishayotgandi, shunga...
— Unday boʻlsa, JEKka boring, hokimlikka boring.
— Sizlar bunaqa ishga qaramaysizlarmi?
— Yoʻq. Ruxsat etilmagan joyga axlat tashlangan boʻlsa, boramiz.
— Kechirasiz.

Domlaning hafsalasi pir boʻlib, xomush bir alfozda oʻtirgancha qoldi. Koʻz oldiga navbatchi oʻris xotin keldi. Bilib turib shu raqamni berdimi yoki bilmay?..

Bir pas xayol surib oʻtirdi-da, telefonda «09» raqamini terdi, tuman hokimligining telefon raqamini aniqlab, bir necha bor sim qoqdi. Nihoyat, kotiba javob qildi.
— Qizim, odamlar beton uyni buzishayotgan boʻlsa, kimga arz qilish kerak?
— JEKka chiqing.
— Hokimlikdan hech kim shugʻullanmaydimi?
— Qurilish boʻlimiga ayting.
— Telefonini bilmayman-da.

Kotiba aytdi, domla yozib oldi.

Qurilish boʻlimida goʻshakni hech kim koʻtarmadi. Domla uf tortdi, boyagi tushkun ruh yana bostirib kela boshladi. Yelkasidan togʻ bosdi, qaddini rostladi-da, yana kotibaga sim qoqdi.
— Qizim, qurilish boʻlimidagilar javob berishmayapti. Iltimos, arzimni oʻzingiz yozib oling.
— Men yozib ololmayman. Hozir hamma majlisda, bir pasdan keyin chiqib qolishadi, yana qoʻngʻiroq qiling.

Domla yana xayollar ogʻushida. Oʻn besh yil burun uy olaman, deya yugurib yurganlarini esladi. Ezilib-la ketgan edi, oʻshanda. Uy-joy shirkatiga hujjat tayyorlash juda qiyin kechdi.

* * *

Domla yana sim qoqqandi, haytovur, goʻshak koʻtarildi.
— Qurilish boʻlimimi?
— Ha.
— Beton uyimiz devorini buzishayapti.
— Kim?
— Yangi koʻchib kelgan odamlar.
— Mirshabga boring, ayting hammasini. Kelib, qanaqa odamligini tekshiradi.
— Qanaqaligida gap yoʻq. Sotib olgan, endi ta’mir qilayapti.
— JEKka chiqib ayting.
— Sizlar bunaqa ishga aralashmaysizlarmi?
— E, oka, aralashvurib balolarga qoldik-ku.
— Endi nima qildim? Devor buzilsa, uyning zilzilabardoshligi pasayib, erta bir kun yer qimirlab bersa, nima boʻladi? Nahotki, sizlar aralashmaysizlar?
— Yoʻq. JEKka boring.
— Balki, qarab turmassizlar? Bir oʻylab koʻring. Har ehtimolga manzilni yozib oling.
— Xoʻp, aytaqoling.

Domla aytdi, u odam yozdimi, yozmadimi, yozsa ham bu odamning soddaligidan kulib qoʻydimi, telefon orqali koʻrib boʻlmasa!..

* * *

Qosh qoraydi. Domla qoʻshnilar bilan gaplashishga ahd qildi. Bu ishda koʻplashib urinmasa, boʻlmaydi. Koʻpchilikning gapi — gap-da! Ishni oʻz qavatidagi, roʻpara qoʻshnisi Usmondan boshladi. Uning toʻrtta bolasi bor, hammasi maktab yoshida. Eshikni Usmonning oʻzi ochdi.
— E, keling, domla! Kiring.
— Yoʻq. Siz bu yoqqa chiqing.

Qoʻl berib koʻrishdilar.
— Usmonjon, shu uydan koʻchib ketmasam boʻlmaydi, shekilli.
— Nega, domla?
— Koʻrmaysizmi, yana buzishayapti-ku.
— E-e-e...
— Yangi qoʻshniga bir narsa deymizmi?
— Buzsa, buzar, sotib olgan, oʻzining uyi.
— Butun uyning zilzilabardoshligi pasaymaydimi?
— E... buzsa, buzar, — kuldi Usmon. — Butun shahar buzib yotibdi-ku. Bitta bizdami? Odamlar pul bilan nim-ma ishlar qilmayapti! Oʻziz tushunasiz-ku.
— Men ham oʻzimni shunday yupatishim mumkin edi, lekin bu — toʻgʻri ish emas-da.
— Xoʻp. Biz nima qila olamiz? Davlat chiqarib qoʻygan qonun-qoida bormi, oʻzi?
— Bunaqa narsa umuman yoʻq.
— Unda biz nima deya olamiz?
— Uyni buzmaysan, deymiz, sababini tushuntiramiz. Odamlar indamay yuraversa, davlat ham qonun chiqarmaydi.
— Yangi qoʻshni nima qilmoqchiykan, oʻzi?
— Kichik ravoqning beton panjaralarini sindirayapti, eshik-derazasini koʻchirib boʻpti.
— Oʻsha kichkina ravoq nimaga kerak, oʻzi? Bir narsa qoʻyolmasang, bemalol kirib chiqolmasang. Koʻrpa taxlab qoʻymoqchi boʻlsang, sigʻmasa! Nima keragi bor? Ochigʻini aytganda, shu yerda yashab qoladigan boʻlsam, men ham buzmoqchiman. Eshik-derazasini olib tashlab, mundoq, bolalarimning ustol-ustulini bemalol qoʻyadigan joy qilmoqchiman.Frantsuzlar bu ravoqni kashandalik uchun ajratgan boʻlsa kerak. Bizga bunaqasi toʻgʻri kelmaydi.

Domla: «Ravoq siz aytganchalik tor emas, mana biz bemalol koʻrpa taxlaymiz, kirib-chiqaveramiz»,— demoqchiydi, Usmonning gavdasiga qarab: «Ehtimol, bunga torlik qilayotgandir»,— degan fikrga bordi.
— Menga qarang, Usmonjon! Yaxshimi, yomonmi, loyiha riyoziy hisob-kitoblar bilan ishlab chiqilganmi?
— Ha, xuddi shunday.
— Beton panjaralar ichida poʻlat zuvalalar bormi?
— Bor.
— Shu zuvalalar kesib tashlansa, devorga ta’sir etayotgan kuchni nima oʻziga olib, boshqa yoqqa oʻtkazadi-yu tarqatib, soʻndirib yuboradi? Siz riyoziyotchisiz, zuvalaning vazifasi emasmi, bu?
— Aynan, mening soham bunaqa hisoblar. Panjaraning zuvalalariga hech qanaqa kuch tushmaydi.
— Yoʻq! Men bunga ishonmayman. Siz oʻzingizni chetga tortish uchun shunday deyapsiz.
— Ochigʻi, men bunaqa ishga aralasholmayman, vaqtim ham yoʻq.
— Men sizni yugur-yugurga jalb qilmoqchi emasman. Hokimlikka arznoma yozsam, qoʻl qoʻyasizmi?
— Hamma qoʻl qoʻysa, men ham qoʻyaman.

* * *

Qoʻshnilarning bittasi bilan maslahat puchga chiqdi. Ziyolining munosabati shunday boʻlgach, boshqalardan nimani kutish mumkin?

Hikmatulla domla nima qilishini bilmay qoldi. Hamma qavatda yashaydiganlarni bir-bir koʻz oldiga keltirdi. Qay biri jiddiyroq qararkin, qoʻllab-quvvatlarkin? Bizga bari bir deb qolishsa, domla nima degan odam boʻladi. Yuzi shuvut boʻlib, orada «yozgʻuvchi» degan isnod orttirib olmasmikin.

Qoʻshni yoʻlakda yashaydigan Isroil qoʻl qoʻyishi mumkin. U ham domla, ancha yosh, toʻqqizinchi qavatda emas, sakkizinchida istiqomat qiladi.

Hikmatulla domla unga murojaat etishni oʻziga ep koʻrmadi, chunki bu yoʻlakdagi buz-buzlar unga koʻpam tashvish keltirmaydi, qolaversa, oʻzining yoʻlagida oʻn sakkizta oila boʻla turib, qoʻshni yoʻlakdan madad soʻrasinmi?

Domla koʻp oʻyladi, endi bir ilinji sakkizinchi qavatdagi Azizdan.. Devor buzayotgan qoʻshni uning shundoqqina pastida, taraq-turuq, gursillagan ovozlardan u koʻproq aziyat chekadi, uyga bir kori hol boʻlsa, eng avval unga zarar yetadi. Oltinchi qavatdagilar ham Aziz bilan baravar bezovta boʻlishadi, lekin har bir xonadon oʻz ostidagi uydan xavotir qilishi tabiiy, tepadagidan qoʻrqmaydi. Bundan tashqari, Hikmatulla domla eshitishicha, oltinchi qavatdagi qoʻshni panjaraga tegmagan boʻlsa-da, kichik ravoqni ajratib turgan toʻsiqni allaqachon olib tashlabdi...

Novchagina, doim labida tabassum ilinib turadigan, lekin hech qachon kulmaydigan Azizning bolalari koʻp, bir etak norasidalar. Domlani iliqqina qarshi oldi-yu, maslahatga kelganda terslik qildi.
— Nima boʻpti? Buzsa buzvursin, oʻzining uyi.

Hikmatulla domla, bir kun yer silkinib bersa, xatarli ekanini tushuntirmoqchi edi, Aziz qoʻl siltadi:
— E, Xudo saqlasin, deng. Nafasizzi issiqroq qiling.

Boshqa gap ortiqcha edi, domla indamay toʻqqizinchi qavatiga joʻnadi.

* * *

Ertalab domla JEKka yoʻl olgandi, bir narsa xayoliga kelib, ortga qaytdi. Oldin yangi qoʻshni bilan gaplashib koʻray, gapni tushunadigan odam boʻlsa, devorni buzmay qoʻyar, balki. Uning oldidan oʻtmay, JEKdan odam boshlab kelsam, yaxshi boʻlmas, dedi. Yoʻlakka kiraverishda bir pas turib qoldi, nazarida yangi qoʻshni ana-mana kelib qoladigandek. Hali tanimaydi, lekin notanish odam kelsa, qadam bosishiga qarab oʻzidan soʻraydi-da.

Bir yigitcha yoʻlakka kirdi. Yurishi oʻxshamaydi, u emas. Saldan keyin ikki kishi uyning qavatlariga qarab-qarab: «Shumi? Shu yoqdami?» — deb gaplashib kelaverdi. Domla indamay kuzatdi. Yoshi qirqlar atrofida, ikkalasi baravar salom berdi. Yettinchi qavatdagi xonadon raqamini soʻrab, shu yoʻlakdami, deyishdi va domla tasdiqlagach, «Telefon qilishgan ekan», deb kirib ketishdi. Domlaning yuragi bir sira hapriqdi. Nahotki, hokimlikdan kelishgan boʻlsa? Lekin kiyinishidan ishchilarga oʻxshaydi-ku. Borib, bilib kelinglar, deb yuborishdimikin?

Domla ham yettinchi qavatga chiqdi. Eshikni boyagi kishilardan biri ochdi.
— Sizlar hokimlikdanmisizlar?
— Yoʻq, — dedi eshik ochgani. — Chilangarmiz. Uyimizga telefon qilib, ishga chaqirishibdi.
— Xonadon xoʻjayini shu yerdami?
— Hozir kelib qoladi. Gaplashdik.

Uy egasi koʻp kutdirmadi. Eshikdan kirib kelgan gavdali ayolning koʻzi domlaga tushib, allanechuk chaqnab ketdi. Domla ham uni qaerdadir koʻrgandek. Ish izlab kelganlar gap boshlab, domla oʻylab olishiga imkon yaratishdi. Ayol xonadan xonaga oʻtib, qilinadigan ishlarni koʻrsatdi. Nihoyat, domlaga qarab,
— Oʻtirishga taklif qiladigan joy ham yoʻq, — dedi.
— Oʻtirishning mavridi emas. Man toʻqqizinchi qavatdan qoʻshniz boʻlaman.
— E, kecha siz keluvmidiz?
— Ha, avvalo, uy muborak. Buyursin. Toʻylar qiling.
— Rahmat, amaki. Ahil qoʻshni boʻlib yuraylik.
— Koʻzimga issiq koʻrinayapsiz.
— Ha, biror yerda koʻrgandirsiz-de, amaki, — kuldi ayol.
— Qaerdaligini eslolmayapman-de.

Ayol yana kuldi, aftidan, u domlani eshikdan kirib kelgandayoq tanigandi.
— Balki, siz eslatarsiz?
— Bozorga har kuni kirib turasiz-ku, — deb yana kuldi ayol.
— E, ha! Boʻldi, boʻldi! Endi esimdan chiqmaydi. Mana, qoʻshni boʻbmiz. Yaxshi. Endi, muddaoga oʻtsam, sizdan bir iltimos, qancha ta’mir boʻlsa qiling-u, lekin devorni buzdirmang.
— Naga?

«Naga»ligini domla tushuntirdi, birgina oʻzi emas, boshqalar uchun ham xatarli ekanini aytdi. Qaysidir mamlakatlarda kuchli zilzila boʻlib, uylar bosib qolganigacha misol keltirdi.
— Voy, amaki, bundan hecham qoʻrqmang! Hech nima qimiydi. Man quruvchilarni obkeb koʻrsatdim, olib tashlayvering deyishdi.
— Quruvchi oʻziga ish topish uchun aytaveradi,— domla boʻsh kelmadi. — Nima boʻlganda ham loyihachilar hammasini hisob-kitob qilishgan. Oʻzi-ku, quruvchilar uyni ne ahvolda koʻtarishgan, faqat oʻzlari-yu yana Xudoga ayon. Loyihani buzmasdan ishlay olmaydilar, bu — oydek ravshan. Shunisi yetmagandek, har bir oila yana allaqaerlarini buzsa, uyning zilzilabardoshligidan asar qolmaydi-ku.
— Voy, amaki! Endi, sizni deb uyni sotib ketarkanman-de!..
— Qani, bir gaplashib koʻray-chi, gapga tushunadigan odamlardir, deb kelganim. Endi, mandan xafa boʻlmaysiz, JEKka, hokimlikka boraman.

— Qayoqqa borsayiz, borvuring!

Domla pishiriqlar sotiladigan bozorda shangʻillab turadigan ovozni endi tanidi. Oʻz xonadoniga kirgan ham ediki, gursillagan zarbadan hamma yoq titrab ketdi. Zarba ketma-ket tushaverdi. Kampir derazani ochib, tokchasiga qoplangan tunukani taqillatdi.
— Qoʻyaver! Bari bir eshitmaydi.

* * *

JEKdagilar nimagadir yugurgilab qolishgan. Boshliq ayol — Hafiza dimogʻiga zoʻr berib: «Ha, boʻl!» — qilayapti, boshqalar birma-bir tashqariga chiqishayapti. Hafiza domlani koʻrib, iliqqina soʻrashdi, arzni eshitib: «Xabarim bor. Oʻsha xonadonning telefonini bilasizmi? — dedi. Domla, yoʻq, degandi, «Muovinimga aytaman, hozir boradi,» — dedi-da, oʻziyam tashqariga chiqdi.

Domla navbatchi ayolning roʻparasiga oʻtirib, kecha sim qoqib daraklagan odamlarning bu ishga aloqasi yoʻqligini aytdi. Kutaverib toqati toq boʻlgach, nav-batchidan muovinni soʻragandi: «Hamma narigi uyning hovlisida», dedi. Oʻsha tomonga borgandi, rostdanam JEK odamlari hovlidagi xazonlarni supurayotgan ekan. Hafiza qoʻlini beliga tirab kuzatayapti.
— Shu ish uy buzilishidan ham zarurmi? — dedi domla unga yaqinlashib.
— Hokimlikdan odam kelarmish, tozalab qoʻymasak boʻlmaydi, — dedi Hafiza manqalanib va muovinga qarata: — Boʻlganidan keyin san bularning uyiga borib kelasan, — deb qoʻshib qoʻydi-da, oʻzi idorasiga qaytdi. Domla unga ergashdi.
— Oʻziz borsayiz boʻlmaydimi?
— Voy, man bir oʻzim qaysi ishga ulguraman? Hali unisi keladi, hali bunisi! Bir yoqda uylarga issiq suv berish kerak, bir yoqda...
— Uy buzilayapti! Hazilakam ish emas! Erta bir kun zilzila boʻlib qolsa, uy bosib tushmaydimi?
— Xoʻp, amaki, oʻzim boraman, Faqat navbatchi mirshab kelsin, birga boraman. U bayonnoma yozadi. Buzayotgan odamga jarima solamiz, jazolaymiz.
— Jazolamang, kerakmas. Undan nima foyda? Buzishni toʻxtating.
— Xoʻp. Xoʻp. Hozir mirshab idorasini ochadi. Kelib qoladi, soat toʻqqizga yaqinlashdi. Bir pas kuting.

Yana kutish boshlandi. Uzoqdagi gursillagan ovoz bu yerga ham yetib kelayapti. Har gursillaganda, domlaning ichi uzilib ketayotgandek. Soat oʻn boʻldiyamki mirshabdan darak yoʻq. JEK xodimlari ham gʻoyib boʻlishdi, faqat navbatchi bilan gʻaznachi oʻz joyida. Soat oʻn birda mirshab koʻrindi. Boshyalang, qoʻlida kalit oʻynab kelayapti, yonida bir yigit, korjomada. Ular JEK idorasi yonidagi temir eshikka tomon kelishayotgan edi.

U — mayor ekan. Domla kutib turganini tushundi-da, «Keling» deb qoʻydi, eshikni ochayotib yonidagi yigitga aytayotgan gapini davom ettirdi: «Hozir tekshirib koʻramiz-da».

Domla mayorga arzini aytdi.
— Mana, obkeldim. Shu bola buzayaptimi?
— Yoʻq, bu emas, — dedi domla hayron boʻlib.
— Beshinchi qavatdagi derazani koʻchirayotgan ekan.
— Yoʻq. Man aytayotganim yettinchi qavatda, panjarani buzayapti.
— Ha, u boshqa ekan. JEKka aytdizmi?
— Aytdim. Siz bilan birga borisharmish. Bayonnoma yozarkansizlarmi, Hafiza shunday devdi.
— Dalolatnoma tuzish JEKning ishi, biz buzayotgan odamni tekshiramiz. Kim u, qaerdan kelgan, propiskasi bormi, yoʻqmi?
— Hafizaxon oʻzim boraman, deb aytdi, faqat sizni kutib turuvdi. Qayoqqadir obketib qolishdi, shekilli. Birgalashib boringlar, man ishga kechikayapman.
— Xoʻp, amaki, boravering, oʻzimiz tekshiramiz, — dedi mayor.

Domla tashqariga chiqayotganida, mayor yigitga: «Yana bir marta ushlab olsam...» deya gap boshladi.

* * *

Domla kechqurun ishdan qaytayotsa, yettinchi qavatdagi gursillash hamon davom etardi. Xonadoniga kirmasdan toʻppa-toʻgʻri nazoratchi xonasiga yoʻl oldi. Mayor bilan leytenant oʻtirgan ekan.
— Amaki, ertaga bormoqchiydim. Hozir u odamni obkelib, oʻtqazib qoʻyay desam, kech boʻb qoldi, bari bir chiqarib yuborishim kerak.
— Haliyam buzib yotibdi-ku.
— San borib obke, oʻsha odamni, — buyurdi mayor leytenantga. — Boya siz koʻrgan bola prokurorning xonadonida ishlayotgan ekan. Oborib topshirvoruvdim, prokuraturadan telefon qilib: «Nima qivossila?» — deyishdi. Majbur boʻlib, yana joyiga obkeb qoʻydim.

Domla mayor berayotgan «hisobot»dan hayron boʻldi, buning manga nima aloqasi bor, demoqchi ediyu, aytolmadi. Ehtimol, ahamiyati bordir? Shu tariqa bir nimalarni anglatmoqchidir?
— Bu, odamlarga hayronman, — davom etdi mayor. — Uyni toʻqqiz ballga moʻljallab qurishgan boʻlsa, shundan yettitasi qoldimikin?

«Shuni bilib, indamay oʻtirganingga man hayronman», dedi domla ichida.

Domla leytenantni yettinchi qavatda tushirib, oʻzi toʻqqizga koʻtarildi.

* * *

Yettinchi qavatda buz-buz boshlanganiga uch kun boʻldi. Domla ertalabdan JEKka yoʻl oldi. Hafizaga bir-ikki nordongina soʻz aytish niyatida kirib borsa, u navbatchi ayol oldida tik turgancha nimalarnidir muhokama qilayapti, domlani koʻrishi bilanoq oʻzi gap boshladi:
— Kecha borishipti-ku. Prokuraturadan odam kelibdi,— dedi goʻyo hamma ishni bitirib qoʻygan boʻlib. Domlaning kostyumi yengiga chang yuqqan ekan, asta qoqib qoʻydi.
— Prokuraturadagilar oʻz ishi bilan sim qoqishgan. Mirshabni kechqurun man obordim.

Hafiza endi domlaning yelkasida chang koʻrgan boʻlib, qoqib qoʻydi, bu — allaqaysi kinodagi jinnixona bosh hakimining harakatlarini eslatardi. Domlaning gʻashi kelsa ham gapidan chalgʻigisi kelmadi.
— Siz naga bormadiz? Muovinniyam yubormabsiz.
— Nazoratchiga oʻzim kirib aytib qoʻydim, boripti-ku! — Hafizaning nafsoniyati junbushga keldi.
— Man sizni tushunolmayapman, — domlaning avzoyi buzildi.
— Toʻxtang! Oʻsha xonadon telefonini bilasizmi?
— Kechayam soʻragan edingiz, bilmayman, degandim.

Hafiza navbatchi xotinning ustolidagi bir daftarni oldi-da, oʻz xonasiga kirdi. «Bu yoqqa keling, hozir telefon qilamiz», dedi. Oʻz oʻrniga oʻtirib, oʻsha xonadon yozilgan sahifani ochdi. «Mana, borakan raqami», dedi.

Goʻshakni hech kim koʻtarmadi.
— Xoʻjayini hali kelmagan, bir pasdan keyin telefon qilaman, javobini sizga aytaman. Sizning telefoniz nechchi?
— Manga javob berish kerak emas, devor buzayotganni toʻxtatish kerak!
— Xoʻp devotman-ku! Ayting, telefonizni.
— Qoʻying, sipolikni! Anavi daftarizda hammasi bor.

Domla shahd bilan chiqib ketdi.

* * *

Domla tuman hokimligiga ham shahd bilan kirib keldi. Qurilish boʻlimini surishtirib topdi-da, xonaga moʻraladi.

Kattakon xonada odamlar koʻp, chaqchaqlashib oʻtirishibdi. Ichkari kirib, odamlarga bir-bir qarab chiqdi. Hammasi yosh-yalang yigitlar. Bittasi allaqanday hangomani aytib, boshqalarini kuldirayapti. Domla ataylab indamay turaverdi. Domla qarasa, yigitlar insofga keladigan emas.
— Men bilan ham gaplashasizlarmi? — dedi.
— Nima gapiz bor, — dedi hangoma aytayotgan bola.

Domla arzini qisqagina tushuntirdi.
— Arizangizni kotibaga tashlab keting. Ular qayd qilib, keyin bizga yuborishadi.
— Ariza yozmadim. Ogʻzaki aytaman.

Yigitchalar bir-biriga qarab olishdi.
— Unda, toʻrtinchi xonaga kiring, — dedi hangomachi va hikoyasini davom ettirishga chogʻlandi.

Toʻrtinchi xona hokim kotibasining roʻparasida ekan. Eshikka «muovin» deb yozilgan. Domla tortib koʻrmoqchi edi:
— Sizga kim kerak? — dedi kotiba.
— Mani shu xonaga kirasiz, deyishuvdi.

Kotibaning bir yuzi tirishdi. «Kutib turing, muovin hokimning huzurida» deb qoʻya qoldi.

Domla ustulga choʻkib, uh tortdi. Kirib-chiqayotgan xodimlarga, arznoma bilan kelganlarga razm solib oʻtirdi.

Tushundiki, bir oʻzining nomidan boʻlsa ham arznoma bitib kelishi kerak ekan. Endi, kap-katta odam uchragan tirranchaga arz qilib yuribdi. Adolatsizlik qilishdan koʻra «yozgʻuvchi» degan nom dahshatliroq. Qaerda seni eslashsa, shu tamgʻani bosib gapirishadi...

Domlaning xayollarini hokimning ochilgan eshigi tarqatib yubordi. Muovin chiqib keldi-da, eshik tagida oʻtirgan domlaga parvo qilmay, ichkari kirib ketdi. Domla kotibaga savol alomati bilan qaradi, u tushunib boʻlmaydigan imo qildi. Domla eshikni jur’atsizgina ochib, kirishga ruxsat soʻradi. Uch daqiqa oʻtar-oʻtmas tarvuzi qoʻltigʻidan tushib chiqdi-da, kotibaga ham qaramay, tashqariga otildi.

* * *

Hokim muovini dastlab soʻragani arznoma boʻldi. Keyin domlaning vajlarini eshitib, biroz norozi boʻldi, lekin manzilni, buzilayotgan uyni, domlaning ismi-nasabiyu uy telefonigacha yozib oldi: «Boravering , chora koʻramiz», — deb gapni qisqa qildi.

U avtobusga ham tushmay piyoda yurgisi, xayollarini jamlab, ruhini muvozanatlab olgisi keldi. Chorrahani amallab kesib oʻtdi-da, uzun yoʻlakdan ketdi. Uning botinida gʻalayon qoʻpgan edi.

Muovin yomon odamga oʻxshamadi, masalaga jiddiy munosabat bildirdi, biroq «Chora koʻramiz» degani yoqmadi. Nima ekan, chorasi? Devor buzilishini zudlik bilan toʻxtatishni oʻylagan odam oʻsha zahoti JEKka sim qoqib, «Toʻxtating!» deb buyruq qilardi-da, keyin koʻradigan chorasini koʻraverardi.

Domla entikib nafas oldi, uzoq uf tortdi.

«Toʻgʻri gapni tan olishni bilmaymiz-da. Bu — haqiqatning yuziga tik qarolmaslik, degan gap. Hali koʻp oʻrganishimiz kerak ekan, koʻnikkunimizcha juda koʻp qovun pishigʻi oʻtadi, shekilli.»

Xayollari oʻsha paytlar bermagan poraga borib taqalaverdi.

* * *

...Domla pul toʻlab qoʻygan shirkat uy bir oy emas, ikki oyda arang bitdi. Uylarni taqsimlash kunini soʻrab, idoraga kelganida, shirkat raisi uni gapga tutib, qaerda yashab turganini, ish joyini soʻradi va nihoyat:

Sizga ham order yozib qoʻyganman, lekin hokimlikdan, bermay turinglar, deyishdi. Chunki hujjatlaringizda kamchilik bor ekan. Toʻgʻrilashingiz kerak.

Domlaning yuragi shigʻ etdi. Axiri, oʻsha chatoq joyini topibdi-da? Bu juz’iy kamchilik, uni toʻgʻrilab boʻlmasligini, hozirgi kunda ota-onadan qolgan katalakdek hovli-joyda ikkita katta oila yashab turganini, qoʻshimcha uy quradigan joyning oʻzi yoʻqligini, yana ancha-muncha asoslarini aytdi. Har qancha tushuntirmasin, boshliq bez boʻlib, nuqul yuqoridagilarga agʻdaradi, men hech nima qilolmayman, deydi.

Oʻsha kunlari domla devonaga oʻxshab qoldi. Ogʻzi endi oshga yetganda, undan benasib qilmoqchilar. Kimga arzini aytsin? Hokimlik nomiga ikki varaq tushuntirish xati yozib qoʻydi, lekin ijobiy hal boʻlishiga koʻzi yetmadi. Obormadi.

Nogohon, esiga sobiq tolibasi, shirkatda ishlaydigan ayol keldi. Oʻsha zahoti idoraga borib, ayolni topdi, mushkulini aytdi. Ayol indamay eshitdi-da, xoʻp, gaplashaman, dedi va oʻzi ham dilidagi bir gapni aytdi:
— Siz hujjat topshirib chiqqanizdan keyin boshliq xonasiga kirib, «Mani oʻqitgan domla boʻladilar, pastroqdan uy bering», deb iltimos qildim. «Oʻzi soʻradimi?» devdi, man oʻshanda hech nima deyolmabman-a!
— Hechqisi yoʻq. Manga toʻqqizinchi qavat ham boʻlaveradi, — yana eski gapini takrorladi domla.

Deyishga dediyu, ichidan zil ketdi oʻshanda, mana, oʻn besh yildirki oʻsha gaplar yuragini algʻov-dalgʻov qilib, Pora olmaganman, bermayman ham!" degan aqidasidan voz kechishga undaydi.

Sobiq toliba oʻz va’dasida turdi. Order qoʻlga tegadigan qilib, gaplashib berdi. Domla endi shirkatning bosh muhandisiga uchrashishi kerak. Ish vaqti tugashiga yaqin bordi. Mosh yegan xoʻrozdek qizarib yuradigan muhandis qabul qildi. Hol-ahvol soʻrashib boʻlib, shirkat boshligʻi orderni uning qoʻliga topshirganini aytdi va «Qancha bermoqchisiz?» dedi.
— Oʻziz aytaqoling.
— Mani toʻgʻri tushuning, oʻzimga soʻravotganim yoʻq. Domla ekansiz, manga qolsa, shundoq bervorardim.
— Tushunaman, aytavering.
— Uch yuz soʻm beraqoling.

Xayriyat, dedi domla ichida. Choʻntagidan pul chiqarib, muhandisga uzatayotgan edi, u «Toʻxtang» dedi va oʻrnidan turib eshikka yoʻnalarkan, «Yuring» dedi domlaga qarata.

Ikkovlashib yoʻlakning oxirigacha borishdi. Muhandis bir hujrani ochdi, bekor yotadigan xona ekan. Ichi gir aylana yogʻoch taxtalar, hammasi liq-liq qogʻoz. Muhandis bir tokchadagi qogʻoz uyumini koʻtardi-da, domlaga koʻrsatdi.
— Mana shu yerga qoʻyib, keyin xonamga borasiz. Tushundizmi?

Domla muhandis aytgandek qilib, xonasiga bordi.
— Mana, orderiz.

Oʻsha daqiqadan boshlab, domla toʻqqizinchi qavatdagi toʻrt xonali xonadonning qonuniy egasi boʻlib, oʻzini yetti qavat osmonda his etdi. Endi boʻlsa, oʻsha paytda qilib qoʻygan ishlaridan yetti qavat yer ostiga kirib ketgudek boʻlib yuribdi.

* * *

Domla kechqurun uyiga qaytib ne koʻz bilan koʻrsinki, yettinchi qavatning ravogʻi bomba tushgandek oʻpirilib yotardi.

Tushunarli. Na JEK, na hokimlik qaragan! Bittasi kelib koʻrmagan, hoy, nima qilayapsan, demagan. Kelgan, degan boʻlsayam...

Domla ezilib ketdi, lift tugmasini bosgan edi, hech qanaqa ovoz bermadi. Bu yogʻi ham tushunarli: lift ishlamayapti. Har qavatda toʻxtab-toʻxtab, toʻqqizinchiga arang chiqib oldi. Yettinchidan oʻtayotganida bozorchi ayol, uymalashib yurgan ekan, piching qildi:
— Ha, amaki, qoʻlizdan nima ish keldi?

Domlaning nafasi tiqilganidan hech nima deyolmadi, demoqchi ham emas. Bunaqalarga pand-nasihat hayf.

Xonaga kirdi-yu katga tappa tashlab, qimirlamay yotdi. Kampiri gapga solib, chalgʻitib koʻrdi. Charchadim, deb yotaverdi...

Qaerdadir devorga zarb bilan urishdi, hamma yoq larzaga keldi. Yana, yana. Uyning devorlari qisirlay boshladi. Domlaning koʻz oʻngiga oʻpirilib yotgan ravoq keldi, yaxshilab qarasa, toʻqqiz qavatli uyning hamma derazalari-yu ravoqlari shu ahvolda. Odamlar oʻz xonalarida turib, qoʻlidagi gurzi bilan uyining shipiga urayapti. Kampiri boʻlsa, deraza tokchasiga qoplangan tunukani taqillatayapti. Domla yerdan turib, uni toʻxtatmoqchi boʻladi, lekin ovozi chiqmaydi.

Uy shamolda tebrangan daraxtdek borib-kela boshladi. Domla buni oʻz koʻzi bilan koʻrdi, ayni vaqtda oʻz xonadonida — toʻqqizinchi qavatida emish. Beton devorlar agʻanay boshladi. Dod-voy, qiy-chuv! Dunyoni allaqanday, tushunib boʻlmaydigan dahshatli ovozlar tutib ketdi. Qochish kerak! Lekin qayoqqa? Lift ishlamaydi, zinalarni agʻanayotgan devorlar toʻsib tashlayapti. Domla oʻzini boʻshliqqa otdi va... uchib ketdi. Oyoqlarini juft qilib uzatgancha, oʻtirgan koʻyi havoda suzib borayapti. Bir-biriga tiralib qolgan devorlar orasidagi boʻshliqlardan oʻtarkan: «Derazadan sakrasam boʻlarkan»,— deya afsuslandi va kampiri yodiga tushdi, shu zahoti yana oʻz xonadonida paydo boʻlib qoldi. Kampiri dod solib, oʻzini duch kelgan tarafga urayapti. Domla uni dast koʻtardi-yu derazadan pastga otildi.Bu gal uchish qiyinroq kechdi, shunday boʻlsa ham qoʻnish uchun uyning etagidan nariroqni moʻljalladi. Pastdagi odamlar mitti boʻlib koʻrinadi. Domla yerga yaqinlashgani sari uchish qiyinlashaverdi: «Nimjongina kampirim muncha ogʻir boʻlmasa?» deb, bundoq qarasa, koʻtarib uchayotgani bozorchi ayol ekan.

Seskanib, koʻzlarini ochdi.

Ertalab domla nonushta qilayotganida kampiri qoʻshnisinikiga chiqib, yangilik topib keldi: bozorchi xotin xonadonida uymalashib yotgan allanarsaga qoqilib ketib, oyogʻi sinibdi va tundayoq kasalxonaga tushibdi. Bu falokatni eshitib, domlaning eti jimirlab ketdi.

«Axir, man dil-dilimdan ogʻrinmagan edim-ku. ...Uyida odam boʻlsa, koʻngil soʻrab qoʻyish kerak ekan».