OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Rabindranat Tagor. Daliya (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRabindranat Tagor
Asar nomiDaliya (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bengal adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Rabindranat Tagor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Daliya (hikoya)
Rabindranat Tagor

Urushda qattiq magʻlubiyatga uchragan shoh Shuja, Avrangzeb ta’qibidan qoʻrqib, boshpana izlab Arakan rojasi huzuriga qochib kelishga majbur boʻldi. Uning uch sohibjamol qizi ham oʻzi bilan birga edi. Arakan rojasi ularni oʻz oʻgʻillariga olib bermoqchi boʻldi. Buni eshitib shoh Shuja juda gʻazablandi.

Shundan soʻng, bir kuni Arakan rojasining farmoni bilan Shuja va uning qizlarini aldab qayiqqa oʻtqizdilarda, daryoning oʻrtasiga olib kelib, gʻarq qilmoqchi boʻldilar.

Oʻlim havfidan dahshatga tushgan ota kichik qizi Aminani oʻz qoʻli bilan daryoga otib yubordi. Katta qizi oʻz-oʻzini halok qildi. Oʻrtancha qizi Julikxani Shujaning sodiq mulozimlaridan Rahmat Ali degan yigit qutqazib qoldi. Shoh oʻzi shu kurashda halok boʻldi.

Daryoning asov toʻlqinlarida oqib borayotgan Amina taqdirning marhamati bilan bir baliqchining toʻriga tushib, xalos etildi. Baliqchi uni oʻz kulbasiga olib borib, tarbiyalab oʻstirdi.

Bu orada Arakanning keksa rojasi oʻlib, uning oʻrniga taxtga yosh hokim oʻtirdi.

I

Bir kun ertalab keksa baliqchi Aminaning oldiga kelib poʻngʻilladi:
— Tinni (u oʻzining arakan tilida Aminani shunday atar edi)! Bukun senga nima boʻldi? Sen hozirgacha biror ish qilmabsan-ku! Toʻr yogʻlanmagan, qayiq...
— Bobo, — muloyimlik bilan javob berdi qiz, — bukun mening opam kelganlar; gap bilan ovora boʻlib, ish qilolmadim.
— U qanaqa opa boʻldi tagʻin?
— Mana men, — dedi Julikxa, goʻyo yer ostidan paydo boʻlganday.

Chol hayron qoldi. Soʻngra qizga yaqinlashib, uning yuzlariga tikilgancha:
— Sening qoʻlingdan biror ish keladimi?— deb ohista soʻradi.
— Bobo, opam uchun men ishlayman, — dedi Ami¬na,— u ishlab oʻrganmagan.

Chol andak jimlikdan soʻng Julikxaga qarab:
— Sen qaerda yashaysan? — deb soʻradi.
— Amina bilan.

Chol «bu yana qanday baxtsizlik» deb oʻyladi-da, baland ovoz bilan:
— Nima bilan tirikchilik qilasan? — dedi.
— Bunga mablagʻ topilib qolar, — dedi Julikxa va bir oltin tangani jahl bilan baliqchining yuziga qarab otib yubordi.

Amina yerdan oltinni olib cholga berarkan:
— Bobo, bu haqda ortiq gapirmang, ishingizga boring; vaqt boʻldi, — dedi muloyimlik bilan.

Julikxaning Aminani baliqchi kulbasidan topguncha; erkak kiyimida butun olamni kezib chiqqanini kitobxonga tushuntirish uchun alohida hikoya yozish kerak. Bu orada uning xaloskori Rahmat Ali ham Arakan rojasiga xizmatga kirib olgan edi.

II

Daryo bir maromda toʻlqinlanib, sekin oqib borar, yozning salqin shabadasi ohista esib kayla daraxtining qizgʻich yaproqlarini toʻkardi.

Daraxt tagida Julikxa bilan Amina oʻtirardi.
— Xudo biz opa-singillarni otamizning halokati uchun qasos olsin, deb xalos etdi. Bunga bundan boshqa sabab yoʻq, nazarimda — dedi Julikxa.

Amina boʻlsa qorayib koʻringan oʻrmon tarafiga nazar solib, sekin gapirardi:
— Opa, bu gaplarning nima hojati bor? Men, olam qanday boʻlsa, uni shu turishicha sevaman. Agar odamlar oʻlishni istasa, qoʻying, bir-birlarini oʻldirisha bersin. Menga shu yerning oʻzi ham juda yaxshi.
— Oh, Amina! Axir sen shoh qizisan! Dehli taxti oʻrniga qandaydir arakan baliqchisining kulbasida oʻtiribsan!
— Agar qizga baliqchi kulbasi bilan kayla daraxtining soyasi Dehli taxtidan koʻra ma’qul boʻlsa, bundan toji taxtga hech qanday ziyon yetmaydi, — kulimsirab javob berdi Amina.

Bir oz oʻylagach, Julikxa singlisiga qarab yana gapirdi:
— Seni buning uchun ayblab boʻlmaydi, chunki sen u vaqtda juda yosh eding. Ammo shuni bilib qoʻyki, otam seni juda sevardi, shuning uchun ham u seni oʻzi suvga tashladi. Bunday yashashdan koʻra otaning qoʻlida oʻlish ming marta afzal. Sening hayotingdan murod — otamizning halokati uchun oʻch olish.

Amina hayolga botib uzoqlarga tikildi. Suhbat jiddiy boʻlishiga qaramay, uni hozir koʻproq hayajonlantirgan narsa salqin shabada, daraxtlarning koʻlankasi, oʻz yoshligi va yana allaqanday shirin xotiralar ekanligi ochiq sezilib turardi. Bir oz vaqt oʻtgach, Amina chuqur nafas oldi-da, opasiga dedi:
— Opa! Siz bir oz kutib turing. Men uyning ba’zi yumushlarini qilib qoʻyay. Agar men ovqat pishirmasam, bobom och qoladi.

III

Julikxa tashvishga tushib, singlisining fe’l-atvori haqida oʻylab oʻtirardi. Birdan yoniga birov sakrab tushganday tuyuldi va shu ondayoq kimdir qoʻli bilan uning koʻzlarini berkitdi. Qoʻrqib ketgan Julikxa qichqirib yubordi:
— Kim bu!

Yigit bu ovozni eshitib, qoʻlini tortib oldi-da, qizning roʻparasiga oʻtib turdi. Goʻyo Julikxa oʻzini Tinni qilib koʻrsatishga uringan-u, yigit bu hiylani payqab qolgandek:
— Sen Tinni emassan! — deb qichqirdi qizning yuziga qarab.

Qiz koʻylagini tuzatib, gʻurur bilan qomatini rostlab, yigitga nafrat toʻla nazar solarkan:
— Sen kimsan? — deb soʻradi.
— Sen meni bilmaysan. Tinni biladi. Qani u?

Mojaroni eshitib Amina chopib chiqdi. U opasining dargʻazab boʻlib turganini, yigitning sarosimada va hayratda qolganini koʻrib, qah-qah urib kulib yubordi.
— Opa, uning soʻzlarini koʻnglingizga olmang. Shu ham odammi? Axir u yovvoyi kiyikning oʻzginasi-ku. Agar u sizga nojoʻya muomala qilgan boʻlsa, men adabini berib qoʻyaman. Daliya, nima qilding? — Amina yigitga oʻgirildi.
— Men qoʻlim bilan uning koʻzlarini berkitdim. Tinni deb oʻylagan edim, yanglishibman, — deb javob berdi yigit.
— Ana xolos! Unaqa haddingdan oshma? — zarda qildi Amina. — Qachon sen mening koʻzlarimni berkitib yuruvding? Juda dovyurak boʻlib ketibsanmi?
— Ilgari qilib yurgan bir ishni takrorlash uchun judayam katta jasorat talab qilinmaydi. Rostini aytsam, Tinni, men bukun bir oz qoʻrqdim, —dedi yigit kulimsi¬rab Julikxaga qiya boqarkan.
— Sen rostdan ham yovvoyisan! Podshoh qizi roʻparasida turishga ham loyiq emassan! Senga odobni oʻrgatib qoʻyish kerak ekan. Menga qara, mana munday qilib, salom ber...

Amina sarvqomatini ajib bir nazokat bilan egib Julikxaga ta’zim qildi. Yigit juda qiynalib, noʻnoqlik bilan unga taqlid etdi.
— Uch odim orqaga qayt, — deb buyurdi Amina. Yigit boʻysundi.
— Takrorla.

U yana ta’zim qildi.

Shu tariqa Amina yigitni uch qadamdan orqaga yur-gizib, ta’zim qildira-qildira kulbaning eshigi oldiga olib bordi va:
— Endi uyga kir — dedi.

Yigit uyga kirdi.
— Bir oz ishla, oʻchoqqa oʻt yoq! — dedi qiz va eshikni berkitib opasining oldiga chiqdi.
— Opa, undan xafa boʻlib yurmang. Bu yerning odamlari hammasi shunaqa, oʻlgudek beor.

Ammo Aminaning chehrasi uning gaplariga sira mos kelmasdi, aslida u mahalliy xalqqa haddan ziyoda xayrixoh edi.
— Amina, rostini aytsam, sening qiligʻing meni taajjubda qoldirdi, — dedi jahli chiqqan Julikxa. — Allaqanday yosh bola senga qoʻl tegizishga jur'at qilsa, axir!
— Opajon, bordi-yu biror shahzoda shunday qilganida, shubhasiz men uni jerkib tashlardim, — dedi Amina opasini quchoqlab.

Julikxa oʻzini kulgidan tutib turolmadi.
— Rostini ayt, Amina, oʻzing aytganday, bu dunyoni bor boʻyicha sevishing shu yovvoyi yigitcha tufayli emasmi? — deb soʻradi opasi kulib.
— Yashirib oʻtirmayman, opa, uning menga koʻp yordami tegadi. Gul terib yurganida ham, meva terganida ham, ov qilayotgan chogʻida ham, men bir ogʻiz chaqirdimmi — darrov yetib keladi. Ba’zan uning ta’zirini berib qoʻyay deyman, lekin qilolmayman. Agar juda jahlim chiqib: «Daliya, men sendan juda xafaman», — desam, u menga qarab sekin kulib qoʻyadi, xolos. Nazarimda, bu oʻlkada shunday hazillashadilar, chogʻi. Agar uni turtib qoʻysang, quvonib ketadi. Men buni sinab koʻrdim. Hozir ham uni uyga qamab qoʻyganimdan xursand. Agar shu tobda eshikni ochsak, koʻzlari qizarib, xushnudlik bilan oʻt yoqib turganini koʻrasiz. Opajon, uni nima qilishimni oʻzim ham bilmayman.
— Men biror narsa oʻylab koʻraman, — dedi Julikxa.
— Iltimos, opajon, menga koʻmaklashing. Ammo unga hech narsa demang, — dedi Amina uyalib jilmayarkan.

Amina Daliya toʻgʻrisida, hali yaxshi oʻrgatilmagan, begona odamdan hurkadigan sevimli kiik haqida gapirganday soʻzlardi.

Shu palla opa-singillar oldiga baliqchi chol keldi.
— Tinni, bukun Daliya kelmadimi? — deb soʻradi u Aminadan.
— Keldi.
— Qani?
— Beboshlik qilgani uchun qamab qoʻydim, — dedi qiz.
— Agar u shoʻxlik qilsa, sen sabr qil. Uning yoshida biz hammamiz ham tentak edik. Qattiq jazolama, — dedi chol va bir oz oʻylab: — Kecha Daliya uchta baligʻimga bir tilla berdi, — deb qoʻydi.
— Bobo, xafa boʻlmang, bukun men undan ikki tilla olib, bitta ham baliq bermayman, — dedi Amina.

Keksa baliqchi asrandi qizining ziyraklik va puxtaligiga qoyil qolib, erkalab boshini silab ketdi.

IV

Qizigʻi shuki, Julikxa bora-bora Daliyaning kelib tur-ishiga e’tiroz qilmay qoʻydi. Agar yaxshigina oʻylab qaralganda, buning taajjublanadigan yeri ham yoʻq. Daryoning shiddatli oqimini qirgʻoqlar tutib turganday, ma’ri-fatli kishilar orasida goʻzallarning yurak urishini ham andisha tutib turadi. Ammo madaniyatli kishilardan yiroqda, Arakan oʻrmonida andisha nima qiladi! Bu yerda mavsumning oʻzgarishi bilan daraxtlar kurtak chiqaradi. Koʻk daryo yomgʻir suvidan toʻlib-toshadi, u qishda tinch, yozda esa quriydi. Bu yerda qushlarning yoqimli ovozida ta’na sezilmaydi. Janub shamoli esa narigi qirgʻoqdagi qishloqdan aravalarning taraqlagan ovozinigina olib kela¬di.

Tashlandiq va xaroba saroy oʻrnida tezdan daraxtlar oʻsib chiqqanidek, tabiat ham yashirin hujumida davom etib, odamlar vujudga keltirgan qattiq shartlilik asoslarini tadrijiy ravishda va sezilmas bir yoʻsinda vayron etadi. Xotinlarga hech narsa bir-biriga munosib yigit bilan qizning totuvligiday halovat bagʻishlamaydi. Hech bir narsa ular uchun shu totuvlik kabi sirli va quvonchli boʻlmaydi. Bu yovvoyi kulbada Julikxaning nopisandligi, sipoligi yoʻqolgach, gullab turgan kayla daraxti soyasida Daliya bilan Aminaning uchrashuvlari uni ham boshladi.

Julikxaning yosh qalbida allaqanday orzu uygʻonib, u xushnudlik va alamdan beqaror boʻlib qoldi. Bora-bora shu darajaga yetdiki, agar yigit hayallab qolgudek boʻlsa, opa-singil bir xilda sabrsizlik va hayajon bilan kutar edilar. Rassom endigina tamomlagan suratiga mahliyo boʻlib qaragandek, ular ham yigitga mehr-muhabbat bilan jilmayib nazar solardilar. Ba’zan ular janjallashib qolishar, shunda Julikxa Aminani, Daliya bilan koʻrisholmay qolsin deb, uyga qamab qoʻyardi.

Podshoh bilan oʻrmon orasida bir oʻxshashlik bor: har ikkisi ozod, har ikkisi oʻz saltanatining yagona hukmdori, na unisi, na bunisi hech kimning qonuniga boʻysunmaydi. Har ikkisida allaqanday oʻziga xos tabiiy ulugʻvorlik va poklik bor. Oddiy odamlar boʻlsa jamiyat qonunlariga butunlay boʻysunib yashaydilar, ular mustaqil emaslar: kattalarga — qui, kichiklarga — xoʻjayindirlar. Ular shu oʻrgangan oʻrinlarini yoʻqotib qoʻygan taqdirda oʻzlarini uddalay olmay qoladilar.

Tabiat qoʻynida betashvish oʻsgan yovvoyi Daliyada esa, malikalarga nisbatan zarracha ishonchsizlik yoʻq edi, ular ham buni oʻz oʻrtoqlari deb hisoblardilar. Uning quvnoq, pok, hamisha dadil va ikkilanishni bilmaydigan tabiatiga kambagʻallik va qashshoqlik oʻz muhrini bosmagan edi.

Ammo bu uchrashuvlar vaqtida Julikxaning yuragi tez-tez siqilib: «Nahotki malikaning qismati shu boʻlsa?» deb oʻylardi.

Bir kuni ertalab Daliya kelganda, Julikxa uning qoʻlidan ushlab:
— Daliya, menga shu yerning rojasini koʻrsata olasanmi? — deb soʻradi.
— Koʻrsata olaman, nega siz uni soʻrab qoldingiz?
— Men bir xanjar saqlab yuribman, uni rojaning yuragiga sanchishim kerak, — dedi qiz.

Daliya dastlab bir oz taajjublandi. Keyin Julikxaning nafrat toʻla yuziga boqib, umrida bunday oʻtkir hazilni eshitmagandek jilmaydi. Faqat podshoh qizigina bunday

hazil qilishi mumkin. Daliya Julikxaning bir ogʻiz gap-soʻzsiz, sababini ham aytmay, yurakka xanjar urishidan rojaning naqadar hayron qolishini koʻz oldiga keltirib, qattiq qah-qah kulib yubordi.

V

Ertasiga Rahmat Alidan Julikxaga yashirin maktub keldi. Bunda yosh roja qaysi bir yoʻl bilan opa-singil malikalarni topgani, bir ilojini qilib Aminani koʻrgani va sevib qolgani, hozir saroyda roja bilan Aminaning toʻyga tayyorgarlik boʻlayotgani xabar qilingan edi... «Oʻch olish uchun bundan qulayroq tasodif boʻlmasa kerak,» - deb yozgan edi Rahmat Ali./

Shunda Julikxa singlisining qoʻlini mahkam qisib:
— Xudoning xohishi aniq. Amina, sen oʻz burchingni bajarishing kerak, endi ermak vaqti emas.

Daliya kelganda, Amina razm solib, uning gʻalati tabassum qilayotganini koʻrdi.
— Bilasanmi, — dedi qiz uning kulgisidan ozor topib, — men rojaning xotini boʻlyapman.
— Bu uzoqqa bormaydi, — dedi yigit jilmayib.' «Bu chindan ham oʻrmon kiyigi, — deb oʻyladi oʻksingan va hayratda qolgan Amina, — men jinni boʻlmasamunga odamchasiga gapiramanmi».

Daliyaga masalaning mohiyatini anglatmoq uchun qiz sekin gap boshladi:
— Agar men rojani oʻldirsam, qaytib kelolmayman.
— Albatta, qaytish qiyin, — xayrixohlik bilan javob berdi yigit.

Aminaning yuragi pora-pora boʻlib ketganday tuyuldi. Qiz chuqur nafas olib, Julikxaga qaradi:
— Opa, men tayyorman, — dedi va soʻngra, oʻzini quvnoq koʻrsatishga urinib, Daliyaga murojaat qildi: — Rojaga xotin boʻlganimdan soʻng, birinchi ishim unga suiqasd hozirlashda sherik boʻlganing uchun senga jazo berish boiadi, undan keyin oʻz burchimni bajaraman.

Daliya Aminaning soʻzini eshitib, bu bilan qiz unga qandaydir juda qimmat bir narsani va’da qilganday sevinib ketdi.

VI

Mana, baliqchi kulbasining eshiklari tantanali ravishda ochiladigan payt ham keldi. Kichik uy muzika sadolari, bayroqlaming shitirlashi, otlar, fillar va piyodalaraing qadam tashlashidan larzaga keldi. Shoh saroyidan oltin bilan ziynatlangan ikki taxtiravon olib keldilar.

Amina Julikxaning qoʻlidan xanjarni olib, uning fil suyagidan yasalgan nafis dastasiga uzoq qarab qoldi. Soʻngra xanjarni qoʻyniga yashirdi. Xanjar xuddioʻz qiniga solinganday uning koʻylak burmalari orasiga bekindi-yu, sovuq poʻlat tigʻi qizning badanini kuydirganday tuyuldi.

Qizning birdan-bir xohishi bu tahlikali safar oldida Daliyani yana bir koʻrish edi. Ammo u kechadan beri gʻoyib boʻlib ketdi. Kecha istehzo qilib kulgan Daliyaning gʻururi tugʻyon urmadimikan qizdan?

Taxtiravonga oʻtirishdan oldin Amina, koʻzlari, jiqqa yoshga toʻlgan holda, yoshligida boshpana boʻlgan uyga, daraxtga va uy yonidagi daryoga nazar soldi. U baliqchi cholning qoʻlidan ushlab, yigʻidan qaltirab, koʻksidan uzilib chiqqan ovoz bilan dedi:
— Bobo, mana endi men ketaman, Tinni ketadi, sizga kim ovqat, pishirarkan?

Chol yosh boladay yigʻlab yubordi.
— Bobo, agar Daliya kelsa, mana bu uzukni, Tinni ketayotganda senga qoldirib ketgan edi, deb berib qoʻying.— Soʻngra Amina darhol taxtiravonga kirdi.

Dabdabali yurish boshlanadi. Daryo qirgʻogʻi boʻshab, Aminaning uyi bilan kayla daraxtini zulmat qoplab oldi.

Nihoyat, ulugʻvor yurish katta davoza orqali saroyning ichkari hovlisiga kirdi. Opa-singillar taxtiravondan tushdilar.

Aminaning chehrasi jiddiy, koʻzlari quruq edi. Julikxa esa, oppoq oqarib ketgan. Qasos soati uzoq ekan choqda burchini ado etish istagi zoʻr edi. Hozir esa, uning yuragi qalitrab, sevikli singlisini mahkam quchoqladi.

«Men ilk muhabbatning birinchi novdasidan yulib olingan gulni qonga botirish uchun boryapman»,— deb oʻylardi Julikxa.

Biroq oʻylab oʻtirishning vaqti emasdi. Yangalarning yoʻlboshchiligida opa-singil, goʻyo tushdagidak, yuz minglab porlab turgan chiroqlar yorugʻida yurib borardi.

Nihoyat, nikoh xonasi oldida bir onga toʻxtab, Amina:
— Opa!—dedi.

Julikxa uni mahkam qucholab oʻpdi. Soʻngra ikkala qiz ohista xonaga kirdilar. Nikoh xonasining oʻrtasida, jasmin gulning xush hidlari anqib turgan karavotda, shohona libos kiyib roja oʻtirardi. Amina qat'iyatsizlik bilan eshik oldida taysallab qoldi.

Julikxa yaqinroqqa borib, rojaning sekin va ma’noli kulimsirab turganini koʻrdi.
— Daliya! — deb qichqirdi birdan Julikxa. Amina xushdan ketib yiqildi.

Daliya sakrab oʻrnidan turdi-da, Aminaning ohista koʻtarib, xuddi oʻq tekkan qushday eltib karavotga yotqizdi. Qiz oʻziga keldi-da, xanjarni chiqarib opasiga qaradi. Julikxa Daliyaga qaradi, yigit esa jilmayib, soʻzsiz ularga boqardi. Qindan chiqqan xanjarning poʻlat tigʻi yaltirab, kulganday tuyulardi.

1891