OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRabindranat Tagor
Asar nomiMrinmoyi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bengal adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Rabindranat Tagor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm43KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mrinmoyi (hikoya)
Rabindranat Tagor

I

Opurba kolledjni bitirib, Kalkuttadan uyiga qaytib kelmoqda edi.

Mana, kichkina soyga ham yetib keldi. Yomgʻirlar tinganada bu soy juda kamsuv boʻladigan edi, biroq hozir, srabon oyining oxiri boʻlsa ham, uning suvi koʻtarilib, qishloq devorlari va bambukzorlar etagigacha chaypalib yotibdi.

Qanchadan beri qovogʻi osilib yotgan havo bugun ochilib, birinchi marta oftob koʻrindi. Agar biz shu zumda qayiqda oʻtirgan Opurbokrishnaning yuragiga nazar sola olganimizda, unda ham oftob nurlarida charaqlab, shabadada tebranib, toshqin daryo kabi oqqan yoshlik xayollarini payqagan boʻlardik.

Qayiq qishloq pristaniga kelib toʻxtadi. Shu qirgʻoqdan, daraxt yaproqlari orasidan, kindik qoni toʻkilgan uyining tomi koʻrinib turardi. Uning kelishidan uydagilar hali bexabar, shuning uchun pristanda kutuvchilar ham yoʻq. Qayiqchi Opurbaning sakvoyajini koʻtarib olmoqchi boʻlganida, yigit uzr aytib, oʻzi koʻtarib oldi-da, quvonganidan shoshilgancha qayiqdan sakradi. Sohilning xuddi shu yeri toygʻoq loy edi, Opurba sakrab tushgan hamon sirgʻanib ketib, qoʻlida sakvoyaji bilan loyga yiqildi. Shu payt qayoqdandir shunday shoʻx qahqaha yangrab eshitildiki, bu ovozdan hatto yaqin oradagi daraxtlardan qushlar ham hurkib uchib ketdi. Hijolatda qolgan Opurba darhol uyoq-buyogʻini tozalab, atrofga qaradi. Nariroqda savdogar qayigʻi yonida gʻisht uyulib yotardi. Yigit ana shu gʻisht ustida oʻtirib ichagi uzilguday boʻlib kulayotgan bir qizni koʻrib qoldi.

Opurba uni tanidi, u yangi qoʻshnilarining qizi Mrinmoyi edi. Ilgari bu qizning oilasi uzoqda, azim bir daryo sohilida yashardi. Toshqindan soʻng u yerdan koʻchishga majbur boʻldilar. Mana endi ikki-uch yildan buy on shu qishloqda turishadi.

Bu qiz toʻgʻrisida koʻp gʻalati gaplar tarqagan edi. Erkaklar oqkoʻngillik bilan uni, erkatoy boʻlib oʻsgan qiz, desalar, xotinlar uni haddidan oshgan oʻzboshimcha, deb malomat qilardilar. U, qishloqdagi hamma oʻgʻil bolalar bilan inoq, ammo oʻz tengi qizlarni oʻlguday yomon koʻrardi. Mrinmoyi bolalar olamining kichkina zoʻravoni edi.

Otasining erkatoyi boʻlganidanmi yo boshqa biror sababdanmi, ishqilib, Mrinmoyi juda oʻjar edi. Onasi oʻz yaqinlariga, qizimni juda ham erkalatib yubordi, deb eridan tez-tez shikoyat qilib turardi. Ammo otaning qiziga boʻlgan cheksiz muhabbatini, Mrinmoyining koʻzyoshlari unga nechogʻli qattiq ta’sir qilishini bilib, eri yoʻqligida ham qizni uncha xafa qilgisi kelmasdi.

Mrinmoyi kaltagina jingalak sochlari hamisha yelkasiga tushib turadigan qorachagina qiz edi. Uning chehrasi oʻgʻil bolani eslatardi: qora shahlo koʻzlarida na nozu karashma, na tortinish, na qoʻrquv alomati bor; u baland boʻyli, qomati juda kelishgan, sogʻlom va kuchga toʻlgan payti edi. Ammo uning necha yoshga kirganini hech kim oʻylamasdi ham. Bordi-yu, bu haqda gap ochilguday boʻlsa ham, odamlar uning ota-onasini, shu choqqacha qizni erga berishmabdi, deb ayblay boshlashlari turgan gap edi.

Qishloq pristaniga biror notanish zamindorning qayigʻi kelib toʻxtaguday boʻlsa, dehqonlarni vahima bosar, xotinlar esa yuzlarini bekitardilar, Mrinmoyi boʻlsa, toʻzgʻigan sochini ham yigʻishtirmay, bitta-yarimtaning yalangʻoch bolasini koʻtarib olib, daryo sohiliga qarab chopardi. U xavf-xatarsiz joyda oʻsgan yosh kiyikka oʻxshardi, sira xadiksiramay, notanish kelgindiga rosa zehn solib, keyin dugonalariga uning yurish-turish, aft-angorini batafsil tavsiflab berardi.

Opurba kanikul vaqtlarida kelib, bu qizni bir necha bor koʻrgan. Boʻsh vaqtlarida, ba’zan esa mashgʻulot ustida ham shu qizni oʻylagani-oʻylagan edi. Har kun son-sanoqsiz odamlarning chehrasiga koʻzimiz tushadi, ammo shularning ba’zi birlarigina koʻnglimizga soʻzsiz oʻrnashib qoladi. Bu, ularning sohibjamol boʻlgani uchun emas, qandaydir, oʻshalaming oʻzlarigagina xos boʻlgan fazilatlar tufayli yuz beradi. Nazarimda, bu — har shaxsdagi oʻziga xoslikning ifodasi boʻlsa kerak. Koʻpincha odamning xulqini bir qarashda bilib boʻlmaydi. Ammo kishining ichki olamini yoritib turgan chehrani minglab odamlar orasidan ajratish mumkin va u xotiramizda naqsh bogʻlab qoladi. Xuddi kiyikday yovvoyi bu shaddod qizning koʻzlarida, butun qiyofasida cheksiz latofat barq urib turar edi. Binobarin, bu serjilva chehrani bir koʻrgach, esdan chqarish mumkin emas edi.

Mrinmoyining kulgisi qancha yoqimli boʻlmasin, uning Opurbaga malol kelganini oʻquvchilarga uqtirishning hojati boʻlmasa kerak. U shoshilgancha narsalarini qayiqchiga tutqazdi-da, xijolatdan qizargan holda, uyiga qarab tez yurib ketdi.

Bu voqea roʻy bergan joyning manzarasi juda goʻzal edi: daraxtlar soya solgan soy qirgʻogʻi, qushchalarning chagʻir-chugʻuri, asta bosh koʻtarayotgan quyosh va yigirma yashar navqiron! Gʻishtla bu manzaraga bir darajada nuqis boʻlib koʻrinsa ham, unda oʻtirgan jonon bu qattiq, oʻngʻasiz kresloga ajoyib husn boʻlib turardi...

Birov bu goʻzallik olamiga birinchi qadam qoʻyganida nozik hislar kulgiga aylantirilsa — bundan ortiq shafqatsizlik boʻlarmikin?

II

Opurba, kiyimlari loy, daraxtlar soyasiga yashirinib, qoʻlida narsalari va sharfini ushlagancha uyiga yetib kelganida ham quloqlari ostida boyagi quvnoq kulgi eshitilib turardi.

Yolgʻiz onasi oʻgʻlining kutilmaganda kelishidan behad quvonib ketdi. Xizmatchilar oʻsha zahotiyoq sutga, nonga, baliqqa yugurdilar, qoʻshni uylarda ham tashvish, taraddud boshlandi.

Tushki ovqat mahalida onasi toʻydan gap ochdi. Opurba bu xil suhbatga tayyor edi: uni allaqachon bir qiz bilan unashtirib qoʻyishmoqchi edi-yu, lekin davr ruhiga sodiq yigit, san'at bakalavri unvonini olmaguncha uylanmayman, deb turib olgan edi. Onasi bu kunni juda uzoq kutdi, endi har xil bahonalar foydasiz edi.
— Avval kelin topilsin, keyin bir gap boʻlar, — dedi yigit.
— Buning tashvishini qilma, kelin tayyor, — dedi onasi.

Opurba oʻzi ham ish shu darajaga yetganini fahmlab:
— Axir, qizni koʻrmasdan uylanib boʻlmaydi-ku! — dedi.

Ona umrida bunaqa gaplarni sira eshitmaganini koʻnglidan oʻtkazdi-yu, lekin oʻgʻliga e’tiroz qilmadi.

Kechasi Opurba chiroqni oʻchirib, yolgʻiz yotogʻida uzoq vaqtgacha uxlolmadi. Yomgʻirli tun sukunatida uning quloqlariga uzoqdan oʻsha quvnoq kulgi eshitilganday boʻlardi. U, ertalabki voqeaning ogʻir taassurotini bir iloj qilib oʻzgartish payida edi.

«Mening uzoq vaqt Kalkuttada yashagan, koʻp narsani biladigan Opurbakrishna ekanligimni bu qiz bilmasdi-da, axir, — dedi yigit oʻz-oʻziga, — tasodifan toyib ketib loyga yiqilgan boʻlsam ham, bunday masxarali kulgiga loyiq bir qishloqi bola emasligimni bilmagandir-da».

Opurba ertasiga kelin koʻrgani borishi lozim edi. Yoʻl uzoq emas, qiz shu mahallaning oʻzidan. Yigit oʻziga juda oro berib kiyindi. Dxoti va chadorni yechib, ipak kashta tikilgan koʻylagini kiydi, koʻk salla oʻradi, yangi tufli kiyib, qoʻlida shohi soyabon bilan ertalab yoʻlga tushdi.

Boʻlajak qaynota eshigida uni zoʻr tantana bilan kutib oldilar. Nihoyat, kelinni kuyov huzuriga olib chiqish payti ham keldi. Upa-elik, zeb-ziynatlar bilan oro berilgan qiz yimgil, guldor liboslarga oʻralib, iymanibgina chiqib keldi. U burchakda siqilib, boshini tizzasiga egib, sas-sadosiz oʻtaverdi. Uning orqasida yosh xonimga dalda berish uchun keksa xizmatchi xotin tik turardi. Bu orada kelinning oʻsmir ukasi oʻzlariga qarindosh boʻlishni xohlagan janobning sallasiga, soatining zanjiriga va endi sabz urgan moʻyloviga mahliyo boʻlib qarab qolgan edi.

Opurba ancha vaqtgacha moʻylovini silab, oxiri jiddiy ohangda kelindan soʻradi:
— Nimalar oʻqiyapsan?

Qat-qat kiyimlarga burkanib oʻtirgan uyatchan kelin¬dan hech qanday javob boʻlmadi. Biroq savol yana bir necha marta takrorlangach, shuningdek, orqadan ragʻbatlantirish turtkilaridan keyin, qiz biratoʻla sharillatib sanab berdi:
— «Charupatx»ning ikkinchi qismini, grammatikaning birinchi qismini, jugʻrofiyani, hisobni, Hindiston tarixini oʻqiyapman.

Shu payt koʻchada shoshqin, qadam tovushi eshitildi, bir lahzadan soʻng, sochlari toʻzib yelkasiga tushgan, hansiragan Mrinmoyi kirib keldi. U Opurbakrishnaga zarracha ham e’tibor qilmay, kelinning ukasi yoniga borib, uning yengidan tortdi. Kuyovga mahliyo boʻlib oʻtirgan Rakxal oʻrnidan turishga sira koʻnmadi. Choʻri xotin ovozini mumkin qadar muloyimroq qilib Mrinmoyini urishib berdi. Opurbakrishna bor kuchi bilan jid¬diy va sipo boʻlishga urinardi, toʻyona sallasi ostida peshonasining biron joyi qimir etmadi, qoʻllari esa choʻntak soatining zanjirini tortardi. Mrinmoyi sherigini olib chiqishga koʻzi yetmagach, uning yelkasiga qarsillatib bitta tushirdi-yu, kelinning yuzidan pardani shartta tortib olib, uydan dovulday chiqib ketdi. Choʻrilar sarosimada qiy-chuv koʻtardilar. Rakxal boʻlsa, shunday bir vaqtda opasining yuzi ochilib qolgani uchun xandon urib kulib yubordi.

Mrinmoyi yelkasiga qattiq urib qochsa ham, Rakxal xafa boʻlmadi, chunki bu xil erkalatishlar ular orasida odat tusiga kirib qolgan. Chunonchi, Mrinmoyining ham soch oʻrimi uning aybi bilan tez-tez buzilib, sochlari yelkasida toʻzib yurardi. Mana shu bola bir kuni qizning orqasida yashirinib, qaychi bilan uning bir tutam sochini kesib ham tashlagan. Oʻshanda Mrinmoyining qattiq jahli chiqib, uning qoʻlidan qaychini tortib olib, qolgan sochini ham oʻzi qirqib tashlagan, turmaklangan sochlari esa uzilgan uzum boshidek yerda sochilib qolgan edi... ular bu xil hazillarga oʻrganib qolishgan.

Mrinmoyi ketgach, kelin koʻrish marosimi boʻlinib qoldi. Gʻujanak boʻlib oʻtirgan kelinni bir amallab oʻngladilar, keyin u choʻrilar bilan birga ichkariga kirib ketdi.

Opurba favqulodda jiddiy tusga kirib, endigina sabz urgan moʻylovini chimdib-chimdib oʻrnidan turdi-da, eshik tomon yurdi. Biroq eshik oldiga kelib, ipak bahiya tikilgan yangi tuflisini topolmadi. Hamma urinishlar behuda ketdi — tufli yoʻq edi. Mezbonlar gʻoyat oʻngʻaysiz holda qoldilar, faraz etilgan aybdor (Mrin¬moyi) haqorat va ta’nalar ostida qoldi. Uzoq qidirishlardan soʻng Opurbaga uy egasining eski, yirtiq sandalini kiyib ketishdan oʻzga chora qolmadi. Shu ahvolda, ustida qimmatbaho sarpolar, boshida salla, oyogʻiga yirtiq sandal kiyib, qishloqning loy koʻchalaridan ehtiyot bilan yurib, uyiga ravona boʻldi. U kimsasiz tor soʻqmoqdan yurib, hovuz boʻyiga yetganda qattiq masxaraomuz kulgi sadosi eshitildi. Goʻyo daraxt shoxlarida bekinib oʻtirgan oʻrmon parisi bu gʻalati tuflini koʻrib oʻzini tutolmay xandon urmoqda edi.

Opurba beixtiyor toʻxtab qoldi, hadiksirab atrofga qaradi. Shu paytda butalar orasidan haligi shaddod masxaraboz paydo boʻlib, Opurbaning oldiga uning yangi tuflisini qoʻyib, oʻzi qochmoqchi boʻldi. Ammo yigit uning ketidan quvib, qoʻlidan ushlab qoldi. Mrinmoyi qochib qutulaman deb behuda urinardi. Uning kulgidan gul-gul ochilgan, sochlari toʻzgʻib tushgan shoʻx chehrasiga birdan yarq etib quyosh shu'lasi tushdi. Opurba ham qaynab turgan buloqqa tikilib uning tubini koʻrishga intilgan yoʻlovchiday, Mrinmoyining durkun yuziga va tiniq

koʻzlariga tikilar edi. Soʻngra oʻz murodiga yetmaganday istar-istamas qizning qoʻllarini boʻshatib, asirasini qoʻyib yubordi. Bordiyu Opurba jahl ustida uni urganida ham, qiz hech bir taajjublanadigan emasdi. Biroq u, kimsasiz soʻqmoqdagi bu gʻalati — soʻzsiz jazoning mohiyatini tushunolmadi. Yoqimli kulgi raqqosa tabiatning bilaguzuk jarangiday havoni toʻldirdi. Xayollarga choʻmgan Opur-bakrishna esa asta-sekin yurib uyiga ketdi.

III

Opurba onasi bilan uchrashmaslik uchun turli bahonalar topib, kuni bilan ichkariga kirmadi. U hatto kechki ovqatni ham qoʻshnilarinikida yeb, uyga juda kech qaytdi.

Opurbadek oqil, olim bir kimsaga nodon bir qizcha oldida oʻz tabiatidagi olijanoblik va yashirin gʻururni ochish nega bunchalik zarur boʻlib qolganini tushunish ancha qiyin edi. Axir, qandaydir bir qishloqi qiz uni oddiygina odamlardan biri deb oʻylasa nima boʻpti? Mrinmoyi qisqa bir vaqt ichida uni masxaralab, keyin batamom unutgan va Rakxal degan nodon bir bolaga qiziqib qolgan boʻlsa, buning Opurbaga nima daxli bor? Opurbaning «Jahon mash'ali» degan oylik jurnalga uzundan-uzoq taqrizlar yozib turishini yoxud uning chamadonida atir, tufli, rangli qogʻoz va «Fisgarmoniya chalish qoidalari» kitobi bilan birga, yarim kechada tongni kutganday burchakka yashirinib oʻz tantanasini kutayotgan, bir daftarga zich qilib yozilgan asari ham borligini bu qizchaga tushuntirib oʻtirish zarur ekanmi? Biroq koʻn-gilni koʻndirish qiyin, hurmatli san'at bakalavri Opurbakrishna Ray bu shoʻx qizaloq oldidagi magʻlubiyatini sira tan olgisi kelmasdi.

Qosh qorayib, Opurba ichkari kirganda, onasi soʻradi:
— Xoʻsh, qiz qalay ekan, oʻgʻlim? Senga yoqdimi?
— Men bir necha qizni koʻrdim, oyi, — dedi xijolat tortib Opurba, — shulardan biri menga yoqdi.
— Shoshma, sen u yerda yana kimni koʻrding? —hayron boʻlib soʻradi onasi.

Koʻp sha’mayu ishoralardan soʻng ona fahmladiki, oʻgʻliga qoʻshnilari Shorotning qizi Mrinmoyi yoqib qolgan ekan. Oʻqimishli oʻgʻilning didiga balli-e!

Opurba dastavval bir oz hayiqibroq turdi, ammo onasining qat'iy noroziligini koʻrgach, uning tortinchoqligidan asar ham qolmadi. U Mrinmoyidan boshqa hech kimga uylanmayman, deb qattiq turib oldi. Haligi boshqasini, qoʻgʻirchoqdek qimir etmay oʻtiradigan qizni oʻz qalligʻi deb koʻz oldiga keltirgan hamono yuragida umuman nikohga qarshi zoʻr nafrat uygʻonar edi. Ikki-uch kun janjal, aytishish bilan oʻtdi. Yigit bir necha bor ovqatdan voz kechib, kechalari uxlamay, nihoyat, onasini koʻndirdi.

Shundan soʻng ona oʻziga bunday tasalli beraboshladi: Mrinmoyi hali yosh bola, onasi uni oʻqitishga, tarbiya berishga qodir emas, shuning uchun toʻydan keyin qiz erinikiga koʻchib keladi. Ana oʻshanda u qaynonaning qoʻliga tushib, tez kunda xulqi ham oʻzgarib ketadi.

Asta-sekin u Mrinmoyi chiroyli qiz degan fikrga ham oʻzini koʻniktira boshladi. Ammo kelinning paxmoq sochlarini koʻz oldiga keltirganida, yuragi yana qaygʻu-hasratga toʻlardi. Lekin, bu sochlarga yaxshilab yogʻ surkab, tasma bilan mahkam tortib bogʻlansa, borib-borib bu nuq-son ham yoʻqoladi, deb umid qilardi.

Opurbaning bu maylini hamma qoʻshnilar oʻtkinchi havas deb hisoblardilar. Tentak Mrinmoyi koʻplarga ma’qul boʻlsa ham, hech kim oʻz oʻgʻliga munosib qalliq deb oʻylamas edi.

Toʻy toʻgʻrisida Mrinmoyining otasi Ishan Mojumdarga xabar qildilar. U bir paroxodchilik kampaniyasida xizmat qilar, uzoq pristandagi tunuka tomli katalak bir xonada yuk joʻnatish va bilet sotish bilan band edi.

Qizining turmushga chiqishini eshitib Ishan hoʻngrab yigʻlab yubordi. Bu koʻzyoshlari alamdanmi, quvonchdanmi — buni hech kim aniq bilmas edi.

Ishan Mrinmoyining toʻyi munosabati bilan xoʻjayiniga ariza berib otpuska soʻradi. Ammo sohib buni arzimagan vaj ekan deb iltimosni rad etdi. Bu ham boʻlmagach, Ishan, toʻyni Pudja bayramigacha kechiktiringlar, shundagina men borishim mumkin deb uyiga xat yozdi. Biroq Opurbaning onasi, shu oyda xayrlik kun bor, biz toʻyni sira ham kechiktirolmaymiz, deb turib oldi.

Iltimosi ikkinchi marta rad etilgach, Ishan e’tirozni bas qilib, yuragida alam bilan yuk tortish, bilet sotishda davom etdi.

Bu orada Mrinmoyining onasi va qishloqning hamma keksa ayollari qizga bundan soʻng oʻzini qanday tutishi kerakligi haqida ming xil pandu nasihat qila boshladilar: bundan keyin oʻyinni unut, chopib yurma, qattiq kulma, oʻgʻil bolalar bilan laqillashma, shirin tomoqlikni esingdan chiqar, degan maslahatlari bilan unga oilaviy hayotni dahshatli bir narsadek koʻrsatib qoʻydilar. Bu nasihatlardan dovdirab, choʻchib qolgan Mrinmoyiga goʻyo yoshligi zindonga qamalganday, oʻziga esa oʻlim hukmi oʻqilganday boʻlib tuyuldi. U sarkash toychoqday boshini egib, orqaga tisarildi-yu, dadillik bilan.
— Erga tegmayman! — dedi.

IV

Shunga qaramay, uni erga berdilar. Keyin tarbiyasiga kirishdilar. Mrinmoyining nazarida, u yayrab yurgan olam bir kunda qaynonasining ichkarisida tutqun boʻldi-qoldi.

Qaynona kelinini qaytadan tarbiya qilishga astoydil kirishgan edi. U jiddiy qiyofaga kirib, bunday dedi:
— Qizim, esingda tut, sen endi yosh bola emassan. Bizning oilada odobni buzish rasm boʻlgan emas!

Mrinmoyi bu nasihatga boshqacha ma’no berdi. Uning fikricha, erining uyida hamma narsa taqiqlangan boʻlsa-da, boshqa joyda bunga amal qilinmaydi. Kechki paytda u hovlidan gʻoyib boʻldi. Darrov qidira boshladilar: u qaerda, qayoqqa ketdi? Nihoyat, Rakxal sotqinlik qilib, qizni yashiringan joyidan sudrab chiqdi: Radxakanta Txakurning non daraxti soyasida buzilib yotgan aravasi tagiga yashiringan ekan. Bu voqeadan soʻng qaynona, ona va boshqa xayrxoh ayollar Mrinmoyiga nimalar deganini oʻquvchilar oʻzlari ham tasavvur qila oladilar.

Kechga yaqin osmonni bulut qoplab, sel yogʻa boshladi.

Opurba Mrinmoyiga yaqinroq kelib, qulogʻiga ohista shivirladi:
— Sen meni yaxshi koʻrasanmi, Mrinmoyi?
— Yoʻq! — dedi qizishib qiz. — Men seni hech qachon, hech qachon yaxshi koʻrmayman!

U shu vaqtgacha eshitgan hamma ta’nalari uchun butun qahr-gʻazabini Opurbaning boshiga toʻkib soldi.
— Nima uchun, axir? Senga nima gunoh qildim? — deb soʻradi koʻngli ozor topgan yigit.
— Nima uchun menga uylandingiz? — deb qichqirdi Mrinmoyi.

Bunaqa aybnomani rad etish qiyin edi. Biroq Opurba bu qaysar qizni qanday qilib boʻlsa ham oʻziga rom qilish fikriga tushdi.

Ertasiga Mrinmoyining avzoyi buzuq ekanini koʻrib, qaynonasi uni uyga qamab, eshigini qulflab qoʻydi. Qiz avval qafasga rushgan qushdek oʻzini har tomonga urib koʻrdi. Oxiri, qochish mumkin emasligini payqab, gʻazabidan nima qilarini bilmay, joyga yoziqli choyshabni tortib oldi-da, pora-pora qilib yirtib tashladi; soʻngra polga mukka tushib, «dada, dadajon!» deb hoʻngrab yigʻlay boshladi.

Shu payt kimdir sekingina uning yoniga kelib oʻtirdi-da, peshonasiga tushib turgan chang sochlarini asta silab, tuzatmoqchi boʻldi. Ammo Mrinmoyi jahl bilan boshqa yoqqa oʻgirilib, uning qoʻlini siltab tashladi. Shunda Opurba egilib uning qulogʻiga shivirladi:
— Men sekin eshikni ochib qoʻydim. Yur, uy orqasidagi boqqa qochamiz.

Qiz koʻzyoshlarini toʻxtatolmay, bosh silkib:
— Yoʻq! — dedi.
— Sen bir qarab qoʻy, axir, kirn kelib turibdi! — dedi Opurba va uning iyagidan ushlab, boshini koʻtarishga unndi. Eshik oldida Rakxal turardi. U polda oʻtirgan Mrinmoyiga bezovtalik bilan tikilgan edi. Biroq qiz boshi¬ni koʻtarmay, Opurbani turtib yubordi.
— Rakxal seni deb kelibdi, u bilan oʻynagani chiqmaysanmi? — dedi yigit.
— Yoʻq, — dedi qiz yana keskin qilib.

Rakxal ortiq bu yerda turish oʻngʻaysizligini payqab, yoni bilan xonadan chiqdi-yu, yengil nafas oldi. Opurba boʻlsa, gʻiq etmay, Mrinmoyining yonida oʻtirib qoldi. Yigʻlab charchagan qiz mudrab qolganda, u oyoq uchida yurib uydan chiqdi-da, sekingina eshikni yopib qoʻydi.

Ertasiga Mrinmoyi otasidan xat oldi. Ota, aziz qizining toʻyiga kelolmagani uchun taassuf bildirib, kelin bilan kuyovga oq fotiha yoʻllagan edi.

Mrinmoyi xatni oʻqigandan keyin qaynonasiga:
— Men otamning oldiga boraman, — deb qoldi. Ammo qaynona bu kutilmagan iltimosni eshitib, unga tanbeh bera boshladi.
— Gapini qarang-a! — dedi u. — Otasining qaerda ekani ma’lum emas, hatto adresi ham yoʻq! Bu boʻlsa: «Otamning oldiga boraman!», deydi! Juda gʻalati nozu firoq-ku!

Qiz indamay oʻz uyiga kirib, eshikni bekitib oldi.
— Otajon, meni bu yerdan olib keting! Men yolgʻizman, agar bu yerda qolsam — Oʻlaman! — deb yolvorardi Mrinmoyi.

Faqat iztirobga rushgan odamlargina xudoga shu zaylda munojot qiladilar.

Yarim kechada, eri uxlab qolgandan keyin, Mrinmoyi asta eshikni ochib, uydan chiqdi. Osmonda pardadekkina yupqa bulutlar suzib yurar, lekin oy yoʻlni yoritib turardi. Otasining oldiga borish uchun qaysi tarafga yurish kerakligini Mrinmoyi bilmasdi. Ammo u, tez yurar pochtalonlar qatnaydigan yoʻl bilan borilsa, yer yuzidagi har qanday joyni topish mumkin deb qattiq ishonardi. Shuning uchun qiz pochtaga boradigan soʻqmoq bilan yurib ketdi. U uzoq yoʻl yurdi, charchab qolganini payqadi. Tong yaqinlashmoqda edi. Daraxtzorda saharxez qushlar uygʻonib qanot qoqdilar, sayrashga ham taraddud qildilar-u, lekin hali barvaqt ekanini payqab, yana jim boʻldilar...

Mrinmoyi daryo boʻyiga kelib, katta bozor maydoniga oʻxshash bir yalanglikka chiqib qoldi. Endi qayoqqa bo-rish kerak, deb xayol surguncha boʻlmay, tanish oyoq tovushiari eshitildi. Bu — yelkasida xat soladigan ogʻir sumkasi bilan tez yurib hansiragan pochtalon edi.

Mrinmoyi darrov uning oldiga kelib, yolvorgan ohangda zoʻrgʻa gapirdi:
— Men Kushigonjga, otamning oldiga boraman. Meni oʻzing bilan birga olib ketsang-chi.
— Men Kushigonj qaerdaligini bilmayman, — deb javob berdi pochtalon. Soʻngra uxlab qolgan eshkakchini turtib uygʻotdi-yu, shu bilan qayiq sohildan jilib ketdi. Uning qizga achinishga ham, undan xol-ahvol soʻrashga ham vaqti yoʻq edi, chogʻi.

Bu orada pristanda ham, maydonda ham odamlar koʻpaya boshladi. Mrinmoyi sohilga tushib, qayiqchilardan biriga:
— Meni Kushingonjga oborib qoʻymaysizmi? — deb qichqirdi.

Bu odam javob qilishga ulgurmay, yonidagi qayiqdan boshqa birov ovoz berdi:
— Hoy, kim bu? Ie, Minu, sen qanday qilib bu yerga kelib qolding?

Mrinmoyining hayajondan nafasi tiqilib qoldi.
— Menga qara, Bonomali, men Kushigonjga, dadamning oldiga ketyapman. Qayigʻingda meni oʻsha yerga eltib qoʻysangchi.

Bonomali shu qishloqlik eshkakchi edi. Bu oʻzboshimcha qizni juda yaxshi bilgani uchun, u:
— Dadamning oldiga ketyapman degin? Juda soz, unday boʻlsa oʻtir, oborib qoʻya qolay, — dedi.

Mrinmoyi qayiqqa oʻtirdi. Eshkakchi qayiqni suvga tusmrib, yoʻlga ravona boʻldilar. Biroq kutilmaganda osmonni bulut qoplab, haqiqiy sel boshlandi. Daryoning suvi kuzdagi singari toshib, toʻlqinlanib, qayiqni tebrata boshladi. Mrinmoyini mudroq bosdi. U kiyimining peshini ostiga solib, qayiq tubida yonboshlagan edi. Daryoning allalashi bilan tabiatning bu erka, oʻjar qizi birpasda oromijon uyquga toldi.

Bir mahal, qiz koʻchini ochib qarasa, erining uyida yotibdi. Choʻri xotin uning uygʻonganini koʻrib kimnidir chaqirdi. Bu ovozga Opurbaning onasi kirib, Mrinmoyini qargʻay ketdi. Qiz koʻzlarini katta ochib, qaynonasiga jimgina qarab turardi. Kampir kelinini qoʻyib qudasiga yopishganda, uni nodon deb ta’na qila boshlaganda, Mrinmoyi qoʻshni xonaga qochib chiqdi-da, eshikni bekitib oldi.

Shunda Opurba onasining oldiga kelib:
— Oyi, keliningizni bir necha kunga otasining oldiga yuborsak nima qiladi? — deb soʻradi.

Ona oʻgʻlini ham «dardisar» deb atadi va qishloqda shuncha qiz turib, shu tirmizakni xotin qilib olgani uchun uni ham rosa urishdi.

V

Kunboʻyi havoning ham, Mrinmoyining ham qovogʻi ochilmadi. Yarim kechada Opurba Mrinmoyini asta uygʻotib:
— Otangning oldiga borasanmi? — deb soʻradi.
— Boraman, — dedi qiz quvonib va Opurbaning qoʻlidan ushlab, oʻrnidan turib oʻtirdi.
— Unday boʻlsa, tur, sekin qochamiz, — deb shivirladi yigit, — men qayiq topib qoʻyganman.

Shunda Mrinmoyi samimiy minnatdorlik bilan eriga nazar soldi. Soʻngra tez oʻrnidan turib kiyindi. U birpasda tayyor boʻldi. Opurba onasini xotirjam qilish uchun xat yozib qoldirdi, shundan soʻng ikkalasi uydan chiqishdi. Bu sokin kechada, qishloqning boʻm-boʻsh koʻchasida, Mrinmoyi birinchi daf’a erining qoʻliga ishonch bilan suyanib oldi, ana shunda yigit ham mayin qoʻllar haro-ratidan yuragining quvonch bilan urishini sezib borardi.

Ular shu kechasiyoq qayiqda yoʻlga tushdilar. Kayfi chogʻ boʻlishiga qaramay, Mrinmoyi darrov uxlab qoldi. Yangi kun uni erkin va baxtiyor holda kutib oldi. Daryoning ikki sohilida qancha-qancha qishloqlar! Yalangliklar, maysazorlar, yaylovlarning poyoni koʻrinmaydi. Qayiqlarchi, qayiqlar! Ular ham son-sanoqsiz, ban bularning yonidan suzib oʻtmoqda. Har qanday arzimas narsa ham Mrinmoyining koʻnglida yuzlab savol tugʻdirar edi: «Bu qayiqda nima bor? Bu odamlar qaerlik? Bu joyning oti nima?» Albatta, bunday savollarga Opurba ham hech bir kolledjdan javob topolmas, Kalkuttada topgan tajribasi ham bu masalalarni hal qilib berolmasdi. Bu xil soʻroqlardan uning doʻstlari xijolat tortishlari mumkin edi, lekin u, ba’zilari haqiqatga toʻgʻri kelmasa ham, har bir savolga javob berishga urindi. Binobarin, u tortinib oʻtirmay, kunjutni zigʻir, Panchber shaharchasini — Raynogor, sud idorasini zamindoming hovlisi deb tushuntira berdi. Lekin bu xatolar olihimmat suhbatdoshining unga boʻlgan e’tiqodini zarracha kamaytirgani yoʻq.

Ikkinchi kuni kechki paytda qayiq Kushigonjga yetib keldi. Ishanchondro tunuka tomli tovuq katagidek xonada, govrandan toʻqilgan stulda oʻtirgan edi. U chiroq yorugʻida, idora daftarlari qalashib yotgan kichkina stolga engashib, hisob-kitoblarni toʻgʻrilamoqda edi. Shu vaqt ostonada yosh qalliqlar pay do boʻlishdi. — Dada! — deb qichqirdi Mrinmoyi. Bu uychada hech qachon bunday ovoz eshitilgan emas. Ishanning koʻzlaridan tirqirab yosh chiqib, yuzlaridan oqib tushdi. U sarosimada nima qilishini, nima deyishini bilmay qoldi. Unga kuyovi shahzoda-yu, qizi malikaday tuyuldi. Fikrlari chuvalashib, buncha ashqol-dashqol uyulib yotgan xonada ularga ne tariqa taxt qurishni bilmasdi. Soʻngra ovqat masalasi, bu xususda ham oʻylashga toʻgʻri keladi. Shoʻrlik chol oʻzi sholi oqlab, oʻzi pishirib yer edi. Hozir, bu gʻamxonaga quvonch olib kelgan moʻtabar mehmonlarni nima bilan siylash kerak? Chol shu andishada ekan, Mrinmoyi:

-— Bugun hammamiz birgalashib ovqat pishiramiz, — deb qoldi. Opurba bu taklifni mamnuniyat bilan ma’qulladi. Uyda xizmatchilarga oʻrin yetishmasdi. Ammo chashma suvi kichik teshikdan ikki chandon kuch bilan otilib chiqqanidek, bu yerda ham qashshoqlikning xira chehrasida quvonch nuri yana ham ravshanroq koʻrinar edi.

Shu tariqa uch kun oʻtdi. Odatda, har kun soat ikkida paroxod kelar, undagi odamlar uyoqdan-buyoqqa yugurishib bu yerning tinchligini buzardilar. Kechki paytga borib sohil boʻm-boʻsh boʻlib qolardi. Shunda... shunda ular oʻzlarini chinakam erkin his etardilar! Ular uchovlashib masalliq olib kelishar, ovqat pishiramiz deb necha bor buzishar, oxiri amal taqal qilib bir nima pishirishardi. Soʻngra Mrinmoyining bilaguzuklar jaranglagan mehribon qoʻllari bilan suzib keltirilgan ovqatni ota bilan kuyov oʻtirishib yeyishardi. Roʻzgʻorning koʻp nuqsonlaridan hammadan ilgari tadbirkor Mrinmoyi kulardi, ammo undagi bu qadar quvonch va bolalarcha gʻururning sababi ham xuddi shu nuqsonlar edi.

Shu tariqa uch kun oʻtdi. Nihoyat, Opurba, endi ketmasak boʻlmaydi, deb qoldi. Mrinmoyi, hech boʻlmasa yana bir kun turaylik, deb iltijo qildi, ammo otasi, ketganlaringiz ma’qul deb maslahat berdi.

Joʻnash kuni Ishan qizini bagʻriga bosib, boshini silab turib nasihat qildi:
— Qizim, sen, Lakshmidek , qaynonang uyiga baxt olib kirishing kerak. Oʻzingni shunday tutki, hech kim seni ta’na qilolmasin!

Mrinmoyi yigʻlab-siqtab joʻnadi. Ishan boʻlsa, yanada befayz boʻlib qolgan tor kulbasida, ilgarigidek kunlar va oylarni yuk tortish bilan oʻtkazish uchun, yana yolgʻiz qoldi.

VI

Gunohkor eru xotin uyga qaytib kelganda, Opurbaning onasi qovoqlaridan qor yogʻib, ularni xomushlik bilan kutib oldi: u shunday jazo berishini bilardiki, bundan qochib qutulishning sira iloji yoʻq. Bu soʻzsiz ta’na, bu tilsiz jazo butun hovlini zahar-zaqqumga toʻldirdi. Toqati toq boʻlgan Opurba bir kuni:
— Oyi, yaqinda kolledjda oʻqish boshlanadi. Men borib huquq fanini oʻrganishim kerak, — dedi.
— Xotiningni nima qilmoqchisan? — sovuqqina soʻradi onasi.
— Xotinim shu yerda qoladi.
— Yoʻq, janob, bunaqasi ketmaydi. Uni oʻzingiz bilan birga olib keting! — dedi kampir kesatib, Holbuki u oʻgʻliga odatda «sen»lab gapirardi.
— Yaxshi, — dedi ranjigan Opurba.

Kalkuttaga joʻnash tayyorgarligi tugadi. Oxirgi kuni kechasi Opurba oʻrniga kelib qarasa Mrinmoyi yigʻlayap-ti. Uning yuragi shuv etib ketdi.
— Men bilan birga Kalkuttaga borishni xohlaysanmi, Mrinmoyi? — soʻradi yigit xafaxol.
— Yoʻq, — dedi qiz.
— Meni yaxshi koʻrmaysanmi?

Koʻpincha bunday savolga javob berish juda oson boʻladi, biroq, hozirgi vaziyatda bu qiyin edi.
— Rakxaldan ajrash ogʻir tuyulyaptimi? — deb soʻradi yigit.
— Ha, — dedi qiz soddadillik bilan.

Mushtdek bolaga boʻlgan rashk oʻqimishli yosh bakalavrning yuragiga xuddi igna singari sanchildi.
— Men uzoq vaqt uyga kelolmayman, — yana gapirdi Opurba, — ehtimol ikki yilgacha, balki undan ham oshiqroq.
— Uyga qaytganingizda Rakxalga, albatta uch damlik qalamtarosh olib keling, — deb talab qoʻydi Mrinmoyi.

Opurba yotgan joyida bir oz koʻtarilib, xotiniga qaradi:
— Nima qilasan, sen shu uyda qolasanmi?
— Men onamnikida qolaman, — dedi Mrinmoyi.
— Yaxshi, — dedi Opurba xoʻrsinib, — ammo shuni bilib qoʻyki, to keling deb xat yozmaguningcha qaytib kelmayman. Endi mamnunmisan?

Mrinmoyi bunga javob qaytarishni ortiqcha deb bildi shekilli, mudrab qoldi. ammo Opurba uxlolmadi. U uzoq vaqtgacha yostiqqa tirsaklarini tirab oʻtirdi.

Kechasi, allamahal boʻlganda oy chiqib, bexosdan uning yogʻdusi bular yotgan oʻringa tushdi. Opurba Mrinmoyiga uzoq tikilib qoldi. Nazarida, bu qiz — kimningdir kumush tayoqchasi tegib sehrlangan malikaday tuyula boshladi. Endilikda faqat oltin tayoqchasi boʻlgan kimsagina uyqudagi bu jononni uygʻotib, unga nikoh gulambari taqa oladi.

Kumush tayoqcha — kulgi, oltin tayoqcha — koʻz-yoshi.

Subhidamda Opurba Mrinmoyini uygʻotdi.
— Men hozir joʻnashim kerak, — dedi u. — Yur, seni uylaringgacha kuzatib qoʻyay.

Qiz turgandan soʻng Opurba uning qoʻllarini ushlab turib soʻz boshladi:
— Senga bir iltimosim bor. Men bir necha bor seni ogʻir ahvoldan qutqardim, endi xayr-xoʻsh chogʻida sendan kichik bir mukofot soʻrayman.
— Qanday mukofot? — dedi qiz.
— Oʻzing meni oʻp, toki sevganingni his qilib ketay. Bunday gʻalati iltimosni eshitgach, Opurbaning jiddiy qiyofasini koʻrib, qiz xandon urib kuldi. Nihoyat, oʻzini rutib olib, jiddiy tusga kirdi-da, erini oʻpishga harakat qilib, yuzini unga yaqinroq olib bordi, ammo yana oʻzini tutolmay qah-qah urib kulib yubordi. Oxiri, ikki daf’a muvaffaqiyatsiz urinishdan soʻng, hamon kulishda davom etib, choyshabga oʻralib oldi. Yigit uning quloqlaridan tortib jazo bergan boʻldi.

Opurba oʻz oldiga ogʻir vazifa qoʻydi. U majbur etishni, tortib olishni oʻziga munosib koʻrmasdi. Xuddi tangrilarday, hech qanday tashabbus koʻrsatmas, faqat ixtiyoriy qurbgnliknigina talab etib, oʻz qoʻli bilan biror narsa olishni xohlamas edi.

Mrinmoyi kulishdan toʻxtadi.

Opurba azonda jimjit koʻchalar bilan qizni oʻz uyiga kuzatib qoʻydi-da, onasining huzuriga qaytdi.
— Men oʻylaboʻylab shu fikrga keldim: agar xotinimni Kalkuttaga olib borsam qiynalib qolaman, — dedi u — Buning ustiga, u yerda uning tanishlari ham yoʻq. Siz boʻlsa, uning oʻz yonigizda boʻlishini istamaysiz, shuning uchun Mrinmoyni onasining oldiga eltib qoʻydim.

Ona-bola bir-biridan qattiq xafa boʻlib xayirlashdilar.

VII

Mrinmoyi uyiga qaytib keldi, biroq bu yerda uni hech narsa quvontirolmadi. Goʻyo uyda hamma narsa oʻzgargan edi. Vaqt bir joyda toʻxtab qolganday. Qiz nima qilarini, qayerga borarini bilmasdi, hech kimni koʻrishni ista-masdi.

Unga butun uyda, hatto butun qishloqda ham hech kim yoʻqday tuyula boshladi. Oʻziga ham noma’lum sabab bilan, birdan Kalkuttaga ketgisi kelib qoldi. Holbuki oʻtgan kuni kechasi bu fikr uning xayolida ham yoʻq edi! Qandaydir sabab bilan kechagina joniga tekkan hayotga qarshi birdaniga tamomila oʻzgarib qoldi. Oʻtmish, goʻyo kuzgi soʻlgʻin yaproq kabi yengil, sezdirmay uchib ketdi.

Rivoyatlarga qaraganda, shunday mohir ustalar boʻlarmishki, ular yasagan oʻtkir qilich bilan tanani ikki pora qilib tilinsa ham odam sezmasmish, faqat qoʻl bilan tekkandagina jasad ikki boʻlak boʻlib yerga tusharmish. Parvardigorning qilichi ham shunday: u Mrinmoyining bolalik yoshini balogʻat yoshidan ajratgandi, qiz buni oʻzi ham sezmay qoldi. Faqat endi, bu oʻzgarishni oʻz boshidan kechirgach, u nadomat va hayrat bilan koʻrdiki, bola — Mrinmoyi orqada qolib ketibdi. Ota-ona uyidagi yotogʻi ham oʻziga begona tuyuldi, chunki ilgari bu xonada yotib yurgan Mrinmoyi endi yoʻq. Uning yuragiga boshqa uyning, boshqa yotoqning naqshi tushgan, u boshqa oʻrinni qoʻmsardi...

Endi Mrinmoyi uydan tashqariga chiqmaydi, xandon urib kulmaydi. Rakxal oʻz dugonasidan qoʻrqib qoldi, oʻym-kulgi esa qizning xotiriga ham kelmaydi...
— Oyi, oʻgiingizning oldiga borishga ruxsat be. ring, — dedi bir kuni Mrinmoyi.

Bu orada Opurbaning onasi oʻgʻlining xayrlashish chogʻidagi ma’yus chehrasini eslab, yuragi ezilmoqda edi. Ayniqsa, jahl ustida kelinining ketib qolishiga yoʻl qoʻygani unga orom bermasdi.

Qaynona mana shu kayfiyatda ekan, bir kuni Mrinmoyi chodraga oʻralib kirib keldi-da, unga gʻamgin ehtirom bilan ta’zim qildi. Qaynona koʻzlariga yosh olib, shoshgancha kelinini koʻtarib bagʻriga bosdi. Shu zahotiyoq ular yarashib, apoq-chapoq boʻlib ketishdi. Keliniga nazar solib Opurbaning onasi tamom hayratda qoldi: bu ilgarigi Mrinmoyiga sira ham oʻxshamas edi. Oddiy odamning bu zaylda, kishini hayratda qoldiradigan darajada tez oʻzgarishi mumkin emas, axir, oʻz-oʻzingni oʻzgartirish uchun zoʻr iroda kerak.

Qaynona Mrinmoyi xulqidagi nuqsonlarni asta-sekin oʻzgartirmoqchi edi. Biroq qandaydir, koʻzga koʻrinmas murabbiy juda tez ta’sir qiluvchi bir vositani ishga solib, bu qizni goʻyoki qaytadan yaratibdi.

Endi Mrinmoyi ham qaynonaning koʻnglini yaxshi bilar, u ham oʻz navbatida kelinining gaplariga yaxshiroq tushunadigan boʻldi. Butun roʻzgʻor ishlarini ikkovlashib qilishar, xuddi daraxt bilan shoxdek, bir-birlaridan ajralmas boʻlib qoldilar.

Mrinmoyining chehrasida xotinlik latofati bilan salobat barq urib, butun borligʻini qamrab rurardi-yu, biroq, yosh juvon nimadandir iztirob chekkanday tuyulardi. Kishini yigʻlatadigan achchiq bir alam, xuddi asharx oyidagi qora bulutlar singari, uning yuragiga choʻkib qolgandi. Bu alam uning uzun, qora kipriklari soyasini yana ham quyuqlashtirganday edi.

«Men-ku tentak edim, lekin, nega axir sen tushunmading? — deb fikran eriga murojaat qilardi Mrinmoyi. — Nega menga oʻrgatmading? Nega meni quloq solishga majbur etmading? Men yaramas «yoʻq» deganimda, nima uchun zoʻrlab Kalkuttaga olib ketmading? Nega mening gapimga kirding, nima uchun mening nozu erkaliklarimga toqat qilding?»

Soʻngra u oʻsha kuni ertalab koʻl boʻyidagi soʻqmoqda Opurba uni ushlab olganini, bir ogʻiz gapirmay, yuziga tikilganini esladi. Mrinmoyi oʻsha koʻlni, uning yonidagi daraxtni, ertalabki quyosh nurlarini, Opurbaning yurakka qadaluvchi nigohini koʻz oldiga keltirib, bu qarashning ma’nosini endi tushundi.

Mrinmoyi oʻylab ketdi: agar u oʻshanda oʻzini boshqacha tutsa, uning birgina savoliga boshqacha javob qaytarsa, u holda nimalar boʻlardi ekan?

Ilgari Opurba, Mrinmoyi meni sira ham tushunmaydi, deb diqqat boʻlardi. Endi Mrinmoyi yolgʻiz qolib, Opurba mening haqimda nima deb oʻylagan edi. Eri uni otashin boʻsalar bilan muhabbat tashnaligini qondirishga noqobil, tantiq, oʻjar, tuturuqsiz va ahmoq qiz degan fikrda ekanini oʻylaganda, unga qattiq alam qilar, xijolatdan yer yorilsa kirgudek boʻlar edi. Nima qilarini bilmay, Opurbaning yostiqlariga harorat va ehtiros toʻla boʻsalar bagʻishlardi.

Shu tariqa koʻp vaqt oʻtdi.

Opurba Mrinmoyidan xat olmaguncha uyga qaytmay-man degan edi. Mana shuni eslab, u bir kuni eriga xat yozishga kirishdi. Mrinmoyi eri berib ketgan zarhal hoshiyali rangdor qogʻozni olib oʻyga toldi. Soʻngra qunt bilan, lekin elang-bilang qilib qogʻozni chizdi-da, panjasini siyohga botirib, turli hajmdagi harflar bilan, hech qanday murojaatsiz, yozdi: «Nega menga xat yozmaysiz? Ahvolingiz qalay, uyga keling. Yana nimalarni yozish kerakligini bilmayman». U yozmoqchi boʻlgan gap shu bilan tugagan edi, biroq jamiyatda oʻylagan narsangdan tashqari yana nima haqidadir gapirish odati bor. Mrinmoyi buni bilardi. Shuning uchun u bir oz oʻylab, yana bir necha soʻz qoʻshib qoʻydi: «Endi marhamat qilib, siz menga xat yozing. Ahvolingiz qanday, shu haqda yozib uyga qayting. Onam sogʻ-salomat, qishloqdagi qizlar va bolalar nam salomat. Bizning qora sigirimiz kecha tugʻdi». Shu bilan u oʻz maktubini tugatdi. Soʻngra uni konvertga solib, har harfiga koʻz yoshlarini toʻkib, mehr bilan yozdi: «Opurbakrishna Ray janoblariga». Uning muhabbati qan-cha cheksiz boʻlmasin, bari bir harflarni toʻgʻri va chiroyli chiqarolmadi. Konvertga ismdan tashqari yana adres ham yozish zarurligini Mrinmoyi bilmasdi. Xatga qaynonasi yoxud boshqa biror kishining koʻzi tushishidan qoʻrqib, ishonchli choʻridan pochtaga yubordi.

Bu maktubdan hech qanday natija chiqmaganini soʻzlab oʻtirishning hojati yoʻq, chunki u Opurbaga tegmagan edi.

VIII

Onasi koʻrdiki, kanikul oʻtib ketsa ham Opurba uyga qaytmadi. U, oʻgʻlim hali ham xafa, deb oʻylardi. Mrinmoyi esa, u mendan ranjigan deb oʻzi yozgan maktubdan andisha qilib, yer yorilsa kirgudek boʻlib yurardi. Rostdan ham xat juda ayanchli edi. Unda birorta bama’ni soʻz yoʻq, u bu xatda hatto oʻzi oʻylagan soʻzlarni ham ifoda etolmagan edi. Opurba uni oʻqib, Mrinmoyini yana yosh bola deb, yanada nodonroq hisoblaydi, de¬gan fikr shoʻrlik qizning qalbini oʻq tekkandek yaralar edi.
— Sen xatni pochtaga olib borganmiding? — Qayta-qayta soʻrardi Mrinmoyi choʻri xotindan.
— Boʻlmasamchi, men uni oʻz qoʻlim bilan pochta yashigiga tashladim, — deb ishontirardi choʻri. — Ehtimol afandim uni allaqachon olgandirlar.

Bir kun Opurbaning onasi Mrinmoyini chaqirib:
— Ona qizim, Opurba qachondan beri uyga kelmay ketdi, men uni koʻrgani Kalkuttaga bormoqchiman. Sen ham bormaysanmi? — deb soʻradi.

Mrinmoyi ma’qullab bosh silkib qoʻydi. Ma’qulladi-yu, chopgancha uyiga kirib eshikni bekitib oldi, oʻzini karavotga tashlab, yostiqni quchoqladi-da, quvonchi ichiga sigʻmay xandon urib kulib yubordi. Anchadan soʻng kulgidan toʻxtadi-yu, birdan, har xil xavflarni oʻylab, koʻngli toiib yigʻladi.

Oʻzlarining borishlaridan Opurbani xabardor ham qil-may, gunohkor ona-kelin undan uzr soʻrash uchun Kalkuttaga joʻnashdi. Kalkuttada ona oʻz kuyovining uyiga tushdi.

Bu orada Opurba Mrinmoyidan xat kelishini kutmay, oʻz ahdini buzib, bir kun kechasi oʻtirib xat yoza boshladi. Biroq u hech bir munosib ta’bir topolmadi. Yigit ham muhabbat, ham alam aks etadigan murojaat shaklini qidirardi. Ammo muvofiq ifoda topolmaganidan ona tiliga boʻlgan hurmatsizligi yana ham kuchaydi. Shu paytda unga pochchasidan maktub keltirishdi, unda onasi kelgan-ligi xabar qilinib, uni ham tushki ovqatga yetib kelishi soʻralgan edi. Xatning oxirida uyda tinchlik deb aytilgan boʻlsa ham, Opurbaning koʻnglidan har xil xayollar oʻtib, ta’bi xira boʻldi. U darrov singlisinikiga qarab joʻnadi.
— Uylar tinchmi, oyi? — deb soʻradi onasini koʻrgan hamon.
— Uydagilar hammasi sihat-salomat, bolam, — dedi ona, — koʻpdan beri uyda boʻlmaganing, kanikulda ham bormaganing uchun seni olib ketgani keldim.
—Bekorga ovora boʻlibsiz, —dedi Opurba, — men huquqdan imtihon berishga tayyorlanishim lozim... Ovqat ustida singlisi Opurbaga qarab:
— Aka, nega siz xotiningizni birga olib kelmadingiz? — deb soʻradi. Yigit jiddiy qiyofada gap boshladi:
— Huquq fani bilan shugʻullanish...
— Boʻlmagʻur gapni qoʻyib, toʻgʻrisini aytavering, — deb kuldi pochchasi, — uni bizga koʻrsatishga qoʻrqyapsiz.
— Rostdan ham ehtiyot boʻlish kerak, — uning soʻzini boʻldi xotini, — agar yosh bolaning koʻzi sizga tushsa, albatta qoʻrqadi-da.

Suhbat shunday hazilkashlik bilan davom etsa ham, Opurbaning qovogʻi ochilmadi. Hazillar qaytaga uni asabiylashtirardi. Agar istasa Mrinmoyi ham kelardi, deb koʻnglidan kechirdi u. Ehtimol onam uni olib kelishga unmb ham koʻrgandir, lekin u koʻnmagan boʻlsa kerak, deb oʻylardi. Ming xil xayollarga borib turgan boʻlsa ham

onasidan soʻrab-surishtirishga botinmadi. Inson hayoti va butun borliq unga nuqul yolgʻondan iborat boʻlib koʻrinib ketdi.

Kechki ovqat tugay deganda, kuchli shamol qoʻzgʻalib, sel quya boshladi.
— Aka, bugun biznikida qoling, — iltimos qildi singlisi Opurbaga.
— Yoʻq, uyga ketishim kerak, ishim bor, — dedi yigit.
— Kechasi qanday ish boʻlardi? — e’tiroz bildirdi pochchasi,— axir biznikida yotib qolganingiz uchun birovga hisob bermaysiz-ku. Nimaning tashvishini qilyapsiz?

Koʻp munozaradan soʻng, Opurba nochor qolib, shu yerda tunashga rozi boʻldi.
— Juda charchagan koʻrinasiz, aka, borib yotgadingiz ma’qul emasmikan? — dedi singlisi.

Bu taklif Opurbaning koʻnglidagiday boʻldi. U, qorongʻi uyda tanho qolsam tashvishlarim bir daraja kamayar, degan umidda edi... Suhbatga qoʻshilishni istamadi.
— Chiroqni shamol oʻchiribdi, yoqib beraymi? — soʻradi singlisi.
— Yoʻq, kerak emas, — dedi Opurba, — men yorugʻda yotolmayman.

Singlisi ketdi, Opurba astagina oʻrniga yaqinlashdi. Endi yotay deb turganida, birdan bilaguzuklarning jaranglagani eshitildi, ikki nozik qoʻl uni ushlab mahkam bagʻriga bosdi, kimningdir gul barglarini eslatuvchi lablari bexosdan uning yuzlariga tegdi, koʻzyoshlari aralash haroratli boʻsalar yigitga oʻz hayratini bayon qilishga xalaqit berardi.

Opurba dastlab hang-mang boʻlib qoldi keyin fahmlasa: bir vaqt kulgi xalaqit bergan iltimosning bajarilishiga bugun koʻzyoshlari yordam beribdi.

1893