OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRabindranat Tagor
Asar nomiNoyonjorlik babu (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bengal adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Rabindranat Tagor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Noyonjorlik babu (hikoya)
Rabindranat Tagor

I

Bir vaqtlar noyonjorlik zamindorlar oʻz aslzodaliklari bilan mashhur edilar. U vaqtlarda olijanoblik bilan nom chiqarish oson emas edi. Babu nomini olish uchun tasavvufning mushkul rasm-risolasini oʻrniga qoʻyib, juda koʻp riyozat chekishga toʻgʻri kelardi. Bu shunday ogʻir ediki, hozirda raybaxadur unvonini olish uchun tavsiyanoma yigʻish, ziyofat berib, oʻyin-kulgilar tashkil etishdan zarracha qolishmasdi.

Noyonjorlik nozik babular mahalliy matolardan qilingan dagʻal sharflarni yoqtirmay, Dakda toʻqilgan harir sharflarni taqib yurardilar. Ular yaxshi koʻrgan mushuklarini yasantirish uchun necha minglab rupiyani sovurishga tayyor edilar. Aytadilarki, ular qandaydir bir bayram munosabati bilan kunduzga kecha tusini berish uchun son-sanoqsiz chiroqlar yoqishgan ekan. Sun'iy ravishda quyosh nuri hosil qilish uchun sof kumush tolalardan yomgʻir ham yoqdirgan emishlar.

Ma’lumki, buncha isrofgarchilik va dabdabali hayot uzoq davom etolmasdi. Noyonjorlik zamindorlarning davlat va shuhratlari koʻp pilikli chiroq singari yalt etib yondiyu shu zahoti abadiy soʻndi.

Bizning Koylash Ray Choudxuri noyonjorlik aslzodalarning soʻnggi avlodi edi. U tugʻilganda ajdodlarining halovat chirogʻida yogʻ tagigacha yonib bitgan, otasining vafotidan soʻng esa, odatdan tashqari tantanali dafn marosimi boʻlib, oxirgi marta yalt etgan chiroqning soʻnggi uchquni ham soʻndi. Hamma mol-mulk sotilib, qarzga toʻlandi. Qolgan andak narsa esa, ajdodlarning sobiq shuhratini tiklashga yetmasdi.

Shuning uchun Koylash babu Noyonjorni tashlab, oʻgʻli bilan Kalkuttaga koʻchib keldi. Biroq koʻp oʻtmay oʻgʻli ham yolgʻiz qizchasini yetim qoldirib, ajdodlarining gʻoyib boʻlgan shon-shuhrati bilan abadiy xayrlashib, narigi dunyoga sayohatga joʻnadi.

Koylash bilan biz qoʻshni edik. Ammo nasl-nasabimizning tarixi tamomila boshqacha. Mening otam oʻzi urinib yurib mol-dunyo toʻplagan. U hech qachon tizzasidan pastga tushadigan kiyim kiymadi, pulning qadrini bilardi. Babu unvoniga tashnalik unga begona edi, burring uchun men, uning yagona oʻgʻli, undan juda minnatdorman. Men pul boʻlsa hech qanday laqabsiz ham izzat-ikromga sazovor boʻlish mumkin, deb oʻylashga oʻrganib qoldim. Shuhratning qanday nozik narsa ekanini juda yaxshi bilaman. Kampaniyaning temirsandigʻimizdagi qogʻozlari mening uchun babu unvonining boʻsh xazinadagi yaltiroq yorligʻidan koʻra yuz marta qimmat.

Mana shuning uchun men, otdan tushsa ham uzangidan tushgusi kelmay, hadeganda aslzodaligini, puturi ketgan sobiq obroʻsini pesh qilishni yaxshi koʻradigan Koylash babuni jinimdan ham yomon koʻrardim. Nazarimda, ota oʻz kuchi bilan pul topgani uchun Koylash babu bizdan nafratlanib yurganday tuyulardi. Bu mening gʻashimga tegar, bunday nafratga qaysi birimiz loyiqroqmiz, degan savol hayolimdan chiqmasdi. Butun umri ogʻir muhtojliklarga bardosh berib, har qadamda qiyinchiliklarni yengib, hayot jilvalariga mahliyo boʻlishdan oʻzini tiyib, odamzodning sertashvish shuhratidan nafratlanib, kecha-kunduz ishlab, oʻz aqli tufayli, oʻzi yolgʻiz, oʻz qoʻli bilan kichkina kumushdan boylikning baland ehro-mini qurgan odam nafratga munosibmi? Nahotki u tizzasidan pastga tushadigan roʻdapo kiyim kiymagani uchungina hurmatdan mahrum boʻlsa!

Yoshligimda sal narsaga achchigʻim chiqib urishardim. Ulgʻaygach bildimki, bular hammasi behuda gap — mening katta davlatim bor, hech narsaga muhtoj emasman. Mayli, choʻntagida bir chaqasi boʻlmaganlar nasl-nasablarini roʻkach qilib yuraversinlar. Bu ularning birdan-bir va oxirgi tasallisi. Bundan men chorak paysalik ham ziyon koʻrmayman.

Koylash babuni mendan boshqa hech kirn yomon koʻrmasligini payqamagan edim.

Bu olijanob va ojiz odamning tabiati juda qiziq edi. U qoʻshnilarining tashvishlariga hamisha aralashib, quvonch va qaygʻulariga sherik boʻlardi. Katta-kichikka bir xilda muloyim tabassum bilan tikilib, qaerda nima hodisa roʻy bersa hammasiga qiziqib yuradigan bir saxiy mehribon edi. Tanishlaridan biror odamni uchratsa uzundan-uzoq gapga solardi: «Uy ichlaringiz bilan xotirjammisiz? Shoshi salomatmi? Olijanob babumizning ahvoli shariflari qalay? Modxuning oʻgʻli bezgak boʻpti deb eshitdim, qalay, tuzalib ketdimi? Xorichoron babuni koʻpdan beri koʻrmayman, bu orada uning boshidan nelar kechdi? Rakxalingizdan xat-xabar bormi? Uyingizdagi ayollar sihat-salomat bormi?» va hokazo.

Uning kiyim-boshi koʻp boʻlmasa ham, mudom pokiza edi. Chador, eski koʻrpa, yostiq jildlari va gilamchalarni tashqariga olib chiqib shamollatganda barini avaylab arqonga osib, qoqib, choʻtka bilan tozalashlari oʻzi bir tomosha edi.

Bu qariya qaerda paydo boʻlmasin, hamisha yaxshi kiyingandek koʻrinadi.

Ozgina jihozni uyiga shunday joylashtirgan ediki, koʻrgan odam, jihozi koʻp ekan-ku, sigʻmay qolibdi-da, deb oʻylardi. Koʻpincha xizmatkorsiz turardi, shunday kezlarda uyga kirib olib, zoʻr berib dxoti, koʻylak va chadorini tozalar, dazmollar edi.

Ajdodlarning cheksiz mol-mulki sovurilgan boʻlsa ham, chol qashshoqlik komidan atir sepadigan qimmatli kumush buyumni, gulob soladigan idishni, oltin tovoq, kumush trubka, shol roʻmol, eskicha tikilgan ikkita koʻylak va bir sallani saqlab qololgan edi. Agar odatdan tashqari biror hodisa boʻlib qolsa, Koylash babu bu narsalarni sandiqdan chiqarib koʻrsatar va shu tariqa noydnjorlik babularning yuksak shon-sharafini himoya etardi.

Garchi Koylash babu kamtar odam boʻlsa ham, ajdodlarini turli yoʻl bilan maqtashni burchi deb bilardi. Shuni ham aytish zarurki, uning bu ishiga haybarakallachi bo’lishi koʻp qoʻshnilarga ham huzur bagʻishlardi. Qoʻshnilar uni Txakurda-moxashoy deb atashar, uning huzuriga koʻp odam kelardi. Cholning ogʻir ahvolda kun kechirayotganini bilib, mehmonlarning hech biri uning tamakiga chiqimdor boʻlishini istamasdi. Shuning uchun mehmonlar Koylashnikiga kelishdan oldin bir necha serdan tamaki xarid qilardilar.

Odatda ular bunday gaplashardilar:
— Txakurda-moxashoy, mana bu tamakidan chekib koʻring-a, yaxshimikan? Yaqinda qoʻshnimiz Gayidan olgan ekan.

Txakurda-moxashoy bir necha bor tortib koʻrib:
— Yaxshi, inim, yaxshi tamaki ekan,— deb maqtaydi. Soʻngra u oʻzi gap ochib, men odatda bxorisi oltmish oltmish besh rupiyalik tamakidan chekaman, deb mehmonlarga undan bir chekib koʻrishni taklif etadi.

Mehmonlardan birortasi chekib koʻrishni xohlagan taqdirda ham, xoʻjayinning kalitni qidirib topolmasligini hammasi yaxshi bilardi. Koʻp qidirishlardan keyin, yaramas xizmatchi Gonesh kalitni qaerga yashirgani noma’lum boʻlib chiqardi. Gonesh boʻlsa, bu ta’nalarga lom-mim demay qarab turardi. Shunda mehmonlar mezbonga tasalli berishardi:
— Ovora boʻImang, Txakurda-moxashoy, ovora boʻlmang! U tamaki juda kuchli, mana bu esa, oʻrtacha.

Koylash babu qarshilik qilmas, faqat miyigʻida kulib qoʻyardi. Mehmonlar turadigan vaqt yetganda, chol birdan:
— E-ha, aytganday, doʻstlarim, sizlar biznikiga qachon bir kelasizlar, ovqat qilardik? — deb qolardi.
— Qachon boʻlishini bir kun kelishib olarmiz.
— Unday boʻlsa yaxshi, yaqinda yomgʻirlar boshlanib, havo salqinroq boʻladi, ana oʻshanda ovqat qilarmiz.

Yoʻqsa, bunday issiqda kuchli ovqat odamni lohas qilib qoʻyadi.

Yomgʻir davri ham kelardi, ammo hech kim cholga uning taklifini eslatmasdi. Bordiyu ba’zan shu haqda gap ochilgunday boʻlsa doʻstlar:
— E, qoʻysangiz-chi, shunday havoda bu juda oʻngʻaysiz ish... yomgʻirlar toʻxtasin, bir gap bo’lar, — der edilar.

Kichik uyda, oʻngʻaysiz sharoitda yashagani uchun doʻstlari Koylash babuga achinardilar. Ular, Kalkuttada durustroq joy topish juda qiyin, hatto mumkin emas, deb yupatardilar cholni. Ularning koʻpchiligi cholga necha yillardan beri yaxshi uy qidirib yurganday boʻlib koʻrinsalar ham, hech biri munosibroq bir joy topib berolmasdi.
— Shuning oʻzi tuzuk, doʻstlarim, — dedi oxiri Koylash babu, — sizlarga qoʻshni boʻlib yashaganimdan juda baxtiyorman. Noyonjorda mening katta uyim qolib ketdi, biroq u yerda sizlardek odamlar topilarmidi?

Fikrimcha, odamlar unga shunchaki tasalli berib yurganlarini chol oʻzi ham tushunardi. U noyonjorlik babularning bir vaqtlardagi dabdabali hayoti haqida hikoya qilishga kirishganda, qoʻshnilar esa unga ha, ha deb dalda berib turganda, ezgu hislar ta’sirida bir-birini aldashdan boshqa narsa emasligini chol yuragida sezib turardi, albatta.

Shunga qaramay, undan koʻnglim qolgan edi. Yoshlikda oʻzgalaming manmanligini, garchi u beozor boʻlsa ham, yanchib yuborging keladi, bundan tashqari, men odamlarning ahmoqligini sira hazm qilolmasdim. Shunisi ham borki, Koylash babu umuman ahmoq emas, uning yordami va oqilona maslahatlari kishilar uchun ancha foydali edi. Ammo ba’zi hollarda, ayniqsa ajdodlarining shon-shuhratidan gap ochilganda u haddidan oshib ketardi. Uni yaxshi koʻrgan qoʻshnilari esa cholni ranjitishni istamas edilar. Hech kim bir ogʻiz soʻz bilan unga e’tiroz etmas, chol esa, hech qanday chegarani bilmas edi. Biror odam uning oldida kulgili mubolagʻalar bilan noyonjorlik babularning nasl-nasabini maqtab qolsa, u oʻylab-netib turmay, bu uydirmani haqiqat deb qabul qilardi. U hikoyachining soʻziga biror odamning shubha qilishini hayoliga ham keltirmasdi.

Ba’zan menda shuhratparastlik bilan qarilik quchoq-lashib yashiringan bu qal'ani toʻpga tutish xohishi paydo boʻlardi. Ovchi daraxt shoxida bamaylixotir oʻtirgan qushni koʻrganda, unda ham oʻshani otish istagi paydo boʻladi! Oʻsmir bola qoyadan bir tosh parchasi uzilib tushish oldida ekanini sezib qolsa, bu toshni turtib yuborish uchun darrov qoʻliga tayoq oladi. Bunda ovchiga otib tushirilgan qush, bolaga yumalatib yuborilgan tosh koʻp huzur-halovat va qanoat bagʻishlaydi. Koylash babuning yolgʻoni shunchalik sodda, uning asoslari shunchalik omonat ediki, bu yolgʻon haqiqat qilishi oldidagi oʻlim raqsini eslatar va menda bu soxtalikni majaqlash xohishi paydo boʻlardi — faqat oʻta yalqovlik bilan zoʻr odamiylikkina kishilarni unga qarshi qoʻl qoʻtarishdan saqlab turardi.

II

Yoshlikdagi fikr va tuygʻularimni imkon boricha xotiramda tiklab, tahlil qilgandan soʻng, shu xulosaga keldimki, bir vaqtlar Koylash babuga boʻlgan dushmanligimning sababi xiyla chuqur ekan, bu sababni andak izohlasa arziydi.

Otamning boyligi san'at magistri unvonini olishimga xalaqit bermadi, yoshlik esa, isnodga qoldiradigan ulfatlar orasiga olib kirmadi. Hatto homiylarimning oʻlimi ham mening fe’lu atvorimga oʻzgarish kiritmadi. Buning ustiga, men shunchalik xushbichim yigit edimki, agar chiroyli edim desam, odamlar meni kamtar emas ekan, deb ayblashlari mumkin, lekin yolgʻon deya olmas edilar. Shuning uchun men, Bengaliyaning qizlar bozorida yuqori baholanarman, deb qattiq ishonardim. Tasavvurim eng goʻzal qiz siymosini yaratdi, xayolimdagi bu qiz, goʻzalligidan tashqari, bilimdon, nozik, ota-onalari esa — juda badavlat odamlar edi.

Menga qizini bermoqchi boʻlganlarning son-sanogʻi yoʻq edi. Ular oʻn ming rupiyadan qalin ham va’da qilishdi, ammo men oʻz talablarimning sezgir tarozusida qizlarning fazilatlarini sovuqqonlik bilan tortaverdim-u, oʻzimga tengini topmadim.

Oxiri shoir Bxavabxoʻtining fikrlariga qoʻshildim:

Munosib yorni uzoq kuta olaman, koʻngil toʻq, —

Olam quchoqqa sigʻmas, vaqtning chegarasi yoʻq.

Ammo kichkina Bengaliyada menga munosib qizning topilishi ehtimoldan uzoq edi.

Qizlari balogʻatga yetgan ota-onalar, ularning qizlari menga yoqish-yoqmasligidan qat'i nazar, meni maqtay berib eslari ketardi. Maqtashga kelganda ular soʻzni ayamas, mendan yangidan-yangi fazilatlar qidirib topardilar. Shastrlardan ma’lumki, tangrilar bandalariga muruvvat qiladimi, yoʻqmi — bunisiga qaramay, ulardan sigʻinishni talab etadi, agar ular sigʻinmasalar qattiq gʻazabiga oladi. Mening ham, yuragimda ana shunday hislar paydo boʻlgandi.

Koylash babuning qiz nevarasi borligini yuqorida aytib oʻtgan edim. Men uni bir necha bor koʻrganman, ammo uning chiroyi hech qachon mening diqqatimni jalb etmagandi. Binobarin, unga uylanishday ahmoqona fikrning boshimga kelishi ham mumkin emasdi. Ammo chol meni eng munosib yigit deb, xudolarning rizoligi uchun qurbonlik qilganday, bir kunmas-bir kun nevarasini keltirib menga nazr etar, etagimga solib ketar deb qattiq ishonardim. Biroq u bunday qilmadi. Mening doʻstlarimdan biriga, hatto, mana bunday gapirganini ham eshitdim:
— Noyonjorlik babular hech qachon, hech kimdan hech narsa soʻramaganlar. Men nevaramning qiz oʻtishiga rozi boʻlsam boʻlaman, ammo-lekin ajdodlarimizning an'analarini buzishga rozi boʻlmayman.

Mening gʻazabim keldi. Koʻp vaqt yuragimda gʻazab qaynab tursa ham, odobli bola boʻlganim uchun xomush yurdim. Chaqmoq momaqaldiroq bilan almashinib turganday, ba’zan mening gʻazabim ham hazil bilan almashinib turardi. Biroq cholga hazil qilish uchun payt topolmay yurdim. Bir kun boshimga shunday bir fikr keldiki, uni amalga oshirmasdan ilojim yoʻq edi.

Cholning koʻnglini olish uchun doʻstlari uning yolgʻon gaplariga ham «ha, ha» deb turishlarini yuqorida zikr qilgan edim. Bir qoʻshnisi Koylash babuga bunday debdi: gubernator oʻrinbosarini koʻrdim, u mendan noyonjorlik babu janoblari haqida surishtira boshladi, sohib aytdiki, Bengaliyada faqat ikkita olijanob avlod bon Burdxvan rojalariyu noyonjorlik babular.

Chol bu gapdan juda xursand boʻlib, shundan buyon bu qoʻshnisini qachon uchratsa, uni turli-tuman soʻroqlar bilan koʻmib yuborar ekan:
— Gubernator bilan rafiqalarining kayflari qalay? Bolalari sihat-salomatmi?

Shuning bilan birga, chol sohib bilan uchrashishga zoʻr ishtiyoqmand ekanligini ham qayta-qayta izhor etarkan. Ammo noyonjorlik babu bu dargohga qadam qoʻyguncha ne-ne gubernator va oʻrinbosarlar oʻzgarishi mumkin ekanini qoʻshnisi juda yaxshi bilarkan, albatta.

Bir kuni ertalab Koylash babuni bir chetga chaqirib oldim-da:
— Tkaxurda, — dedim shivirlab, — kecha men guber¬nator oʻrinbosarining huzurida boʻldim. Tasodifan noyon¬jorlik babu haqida gap ochildi. Men sohibga, Koylash babu Kalkuttada, dedim. Shu vaqtgacha unikiga bormaganingiz uchun juda ham ranjib qoldi. Soʻngra, bukun qiyom paytida oʻzim u kishini koʻrgani boraman, deb aytdilar.

Boshqa biror kimsa haqida shunday gap boʻlsa, chol ishonmay kulib qoʻya qolardi. Bu gapimga tamom ishonib, terisiga sigʻmay ketdi. Ham quvondi, ham hayajonga tushdi — moʻtabar mehmonni qaerga oʻtqizish kerak, unga qanday taom tayyorlash lozim, ne yoʻsinda tabriklash kerak? Axir, Noyonjorning shuhrati shunga bogʻliq-da! Buning ustiga, Koylash ingliz tilini bilmasdi. Bas shunday ekan, u mehmon bilan qanday suhbat qiladi — masalaning mana shu jihati cholni hammadan koʻp besaranjom etardi.
— Xafa boʻlmang, — deb Koylash babuga tasalli berdim. — U bilan birga tarjimon boʻladi. Gubernator oʻrinbosari uchrashuv chogʻida sizdan boshqa odam boʻlmasligini iltimos qildi.

Qiyomda, qoʻshnilarning aksariyati idoraga ketib, qolganlari eshikni bekitib uxlaydigan paytda, Koylash babuning uyi oldiga ikki ot qoʻshilgan izvosh kelib toʻxtadi.

Yasangan xizmatkorlar gubernator oʻrinbosarining kelganidan xabar berdilar. Chol bobolar davridan qolgan liboslarni kiyib, mehmonni kutardi. Eski xizmatkori Goneshga oʻzining eng yaxshi kiyimlarini kiygizib oro bergandi. Mehmonning kelganini eshitgan hamon chol hansirab, koʻzlariga yosh olib yugurdi. Toʻxtovsiz ta’zim etib, qayta-qayta salom berib, mehmonni uyga olib kirdi. Inglizcha kiyingan, faraz etilgan gubernator oʻrinbosari, mening doʻstim, uning ketidan kirib keldi.

Uydagi kresloga qimmatbaho shol yopib qoʻyilgan edi. Koylash mehmonni kresloga oʻtqizib, unga qarata izzat-hurmat bilan nutq irod qildi. Soʻngra aziz mehmonga oltin tovoqda qadimiy oltin tangalardan tizilgan marjon taqdim etdi. Shu paytda qoʻlida gulob va gul bilan Gonesh paydo boʻldi.

Koylash babu, men Noyonjordagi uyimda boʻlsam xurmatli mehmonni munosib kutib olardim, bu yerda, Kalkuttada begonaman; bu yerda suvdan chiqib qolgan baliqday ojizman, deb takrorlardi, xolos.

Mening oshnam silindrni olmay, jiddiy qiyofada kallasini qimirlatardi. Ingliz odatiga muvofiq, bosh kiyi-mini olib qoʻyish lozim boʻlsa-da, tanilib qolish xavfi uni bosh kiyimda oʻtirishga majbur etdi. Koylash babu va uning gerdaygan eski xizmatkoridan boshqa har kim mehmonni inglizcha kiyingan bengal yigiti ekanini darrov payqashi mumkin edi.

Oz minutli suhbatdan soʻng (mening oshnam suhbat asnosida miq etmay, faqat bosh qimirlatib turdi) mehmon oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Ilgaritdan oʻrgatib qoʻyilgan yugur-daklar kreslodan sholni, oltin tovoq bilan oltin marjonni yigʻishtirib oldilar, Goneshning qoʻlidan atir sepadigan kumush buyumni, gul yogʻi solingan shishani ham yulqib olib, hasham bilan hammasini izvoshga olib chiqdilar. Koylash babu ularning yoʻlini toʻsmadi, u gubernator oʻrinbosarining odati shunaqa boʻlsa kerak, deb oʻyladi chogʻi.

Men qoʻshni xonada yashirinib, tomosha qilarkanman, kulgim qistab, yorilgundek boʻldim. Ortiq jim turishga toqat qilolmay, mehmon va mezbon turgan uydan nari-roqdagi xonaga chopib oʻtdim. U yerda qotib-qotib kulardim, ammo toʻsatdan payqadimki, bu yerda yana kimdir bor ekan. Karavotda bir qiz yotib alam bilan hoʻngrardi. Mening qoʻqqisdan kirib kelishim va telbalarcha quvnoqligimni koʻrib qiz yotgan joyidan turdi. Qizning yosh toʻla qora koʻzlari chaqnab turar, yigʻidan qaltiragan ovozi esa momaqaldiroqday yangrardi.
— Mening bobom sizga nima yomonlik qildi? Nega siz uni bunday kalaka qilasiz? Bu yerga nega keldingiz? — dedi qiz va ortiq gapirolmadi, yuzini roʻmoli bilan oʻrab, yana ham qattiqroq hoʻngrab yubordi.

Mening kulgilarim qayoqqa ketdi! Hozirgacha hamma qilmishlarimni hazildan boshqa narsa emas deb oʻylardim. Hozir, toʻsatdan koʻrdimki, ma’sum bir qalbga qattiq ozor beribman. Qanday qoʻpollik, odobsizlik qilganim birdan ravshan boʻldi-qoldi. Uyalib, ming pushaymon boʻlib, kaltak yegan itday boʻlib xonadan chiqdim. Xoʻsh, bu qariya menga nima gunoh qilgan edi? Axir u oʻzining beozor gʻururi bilan hech qachon, hech kimning dilini ogʻritmagan-ku! Mening manmanligim esa, dilozorlikka aylandi.

Bu voqea mening koʻzimni ochib, boshqa narsalarga qarashimni oʻzgartirdi. Hozirgacha men Koylash babuning nevarasi Kushumga hech qachon hech kim uylan-maydigan, behudaga xaridor kutib turgan bir buyum deb qarardim. Nazarimda, uni men sevmagach, istagan odam olib ketishi mumkinday tuyulardi. Biroq toʻsatdan bildimki, bu eski uyning bir burchida yashab turgan qizcha kattakon insoniy qalb egasi ekan.

Uning quvonchi va alami ham, gʻazabi, marhamati ham, noma’lum oʻtmishi va qorongʻi kelajagi ham menga sirli tuyulib, ixtiyorsiz oʻziga torta boshladi. Nahotki shunday qalb egasining birovga yoqishi uchun pul va shahlo koʻz singari bezaklarga ehtiyoj boʻlsa?

Men tun boʻyi mijja qoqmay chiqdim. Ertasiga, oftob chiqishi bilan, kecha olib ketilgan narsalarni yigʻib, xuddi oʻgʻriday, yashirincha Koylash babuning hovlisiga kirdim. Hech kimga bildirmay, narsalarni cholning xiz-matkoriga topshirib qoʻymoqchi edim.

Uni hech yerdan topolmadim, nima qilishimni bilmay toʻxtab qoldim. Mana shu yerda chol bilan qizning qoʻshni xonada gapirishib turganini eshitdim:
— Bobo, kecha gubernator oʻrinbosari sizga nima dedi? — soʻradi Kushum mayin tovush bilan.

Takabbur Koylash unga Noyonjorning qadimiy aslzodlari haqida goʻyo gubernator oʻrinbosaridan eshitgan gaplarni xayoliy ranglar bilan boʻyab, boʻrttirib gapira boshladi. Kushum cholning gaplariga zoʻr e’tibor bilan quloq solardi.

Bu zaif qizning ona qalbi bilan bobosiga yoqimli yolgʻonni ma’qullab, uning koʻnglini koʻtarishini koʻrib koʻzlarimdan yosh tirqirab chiqdi.

Uzoq vaqt jim turdim. Nihoyat, chol oʻz hikoyasini tugatib chiqib ketdi, shunda men qizga yaqinroq keldim. Unga hech narsa demay, Noyonjor aslzodalarining oilaviy yodgorlarini roʻparasiga qoʻyib chiqib ketdim.

Shu voqeagacha men chol bilan salom-alik qilmasdim, bu kun esa, unga havasim kelib pronam qildim. Koylash babu mening bu kutilmagan ehtiromimning sababini kecha gubernator oʻrinbosarining tashrifidan deb oʻyladi, albatta. Bu unga yoqardi, u Indraday viqor bilan menga sohib haqida soʻzlab ketdi. Men uning soʻzini boʻlmadim. Cholni har xil gaplar bilan ragʻbatlantirib turdim. Kechagi voqeani eshitgan qoʻshnilar ham oʻz navbatida Koylash babudan hikoyani boshdan batafsil soʻzlab berishini soʻray boshladilar.

Nihoyat, hamma ketib boʻlgandan keyin men xijolatdan qizarib, cholning nevarasiga ogʻiz soldim. Men aytdimki, garchi bizning naslu nasabimiz noyonjorlik zodagonlarga baravar kelmasa ham, har holda...

Gapimni tamom qilishim bilan Koylash babu meni oʻziga yaqinroq tortib, kamoli quvonganidan xitob etdi:
— Men kambagʻalman! Taqdir menga bunday baxt ato qilar deb oʻylamagan edim, doʻstim. Mening Kushumim baxt tilab koʻp munojot qilardi, mana siz baxt olib kelibsiz! — cholning koʻzlaridan yosh oqib tushdi.

Bukun u oʻz umrida birinchi marta ulugʻ ajdodlari oldidagi burchini unutib, kambagʻalligiga iqror boidi. Uning aytishicha, mening bu oilaga kirib kelishim noyon¬jorlik aslzodalarning shon-shuhratiga zarracha putur yetkazmas ekan.

Koylash babuning obroʻsini tushirish uchun qilgan harakatlarimning oqibati shu boʻldiki, u meni eng munosib kuyov deb sevib qoldi.

1895