OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Rabindranat Tagor. Opa (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRabindranat Tagor
Asar nomiOpa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bengal adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Rabindranat Tagor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Opa (hikoya)
Rabindranat Tagor

I

Tara qishloqdagi dugonalariga qoʻshnisi Joygopalning battolligi, xotiniga sira kun bermasligini batafsil gapirib berib:
— Tiliga chipqon chiqsin uni, — deb qargʻab ham qoʻydi.

Bu gap Joygopalning xotini Shoshiga juda tegib ketdi: «Nima boʻlganda ham, xotin kishining oʻz eriga yomonlikni ravo koʻrishi insofdan emas», deb oʻylab, Taraga e’tiroz bildirdi.

Biroq berahm Tara gapdan qolmadi, hovuri ikki chandon koʻtarilib:
— Shunday erga xotin boʻlgandan koʻra yetti marta tul qolgan yaxshi-yu, — deb baqirgancha uyiga kirib ketdi.

Shoshi esa, uyga qaytib, yana xayolga toldi.

«Oʻylab oʻyimga yetolmayman, erimning qaysi guno-hi uchun undan bunchalar gʻazablanish kerak ekan?» Shunday deb oʻylar ekan, yuragi hozir musofirlikda yurgan eriga mehr-muhabbat bilan toʻlib-toshdi. Eri yotadigan joyiga oʻzini tashlab, yostiqni oʻpib, uning tanish hidi bilan nafas oldi...

Ayol yotoqning eshigini bekitib, yogʻoch qutichadan erining sargʻayib ketgan eski fotosurati bilan hatlarini olib qaray boshladi.

Shoshi butun kunni shu boʻsh xonada oʻtkazdi. Tanholik joniga tekkan ayol oʻtmishni qumsab yigʻladi.

Joygopal bilan Shoshikolaning turmush qurganlariga ancha vaqt boʻldi. Ular juda yoshlikdan uylanishgan, hozir bir necha bolalari bor. Eru xotin hamma vaqt birga, bir maromda tinch kun kechirishar, shuning uchun bir-birlariga ortiqcha tashnalik ham sezmas edilar. Mana endi oʻn olti yil deganda Joygopal toʻsatdan xizmat bilan uzoq safarga ketib qoldi. Erga muhabbat hissi xotin qalbida yangi kuch bilan alanga oldi. Ayriliq erni unga yana ham yaqin qilib, Shoshining yuragida sevgi sirtmogʻi taranglashdi.

Hayot bir maromda oʻtgan choqda bilinmagan xotiralarni qumsab, yuragi siqildi. Bu bahor kunlari yolgʻiz yotib, erga chiqqan chogʻdagi baxtiyor yoshligining shirin xotiralarini koʻz oldiga keltira boshladi. Holbuki Shoshi endi uncha yosh emas, bolalari bor.

Hayot oqimida ohista shildirab turgan muhabbat chashmasi birdan toshib ketdi. Yiroqda dilbar muzika yangrab, sohilda oltin saroylar, afsonaviy oʻrmonlar koʻrindi... Hayhot, endi u bu baxt gulzoriga qadam bosolmaydi.
— Endi erim kelsa — deb shivirlardi ayol, — hayotning, bahorning bunday bema’ni, quvonchsiz oʻtishiga qoʻymayman. Tentak ekanman. Arzimagan narsalar uchun u bilan necha bor aytishib, koʻnglini ranjitardim!

Shunday qattiq pushaymondan soʻng, Shoshi qanoatli, itoatkor xotin boʻlib, erining izmidan chiqmaslikka ahd etdi. Eri xoh yaxshi, xoh yomon ish qilsin — hammasiga bardosh qiladi, er hamma narsa, er — xudo, u yer yuzasidagi odamlarning eng azizi.

Shoshikola ota-onasining yagona qizi edi, uni hamisha erkalatardilar. Shuning uchun Joygopalning maoshi oz boʻlsa ham, eru xotin qishloqda ehtiyoj nimaligini bilmay yashashdi.

Biroq yaqinda yoshlari bir joyga borib qolgan ota-onalar bemahalda oʻgʻil koʻrishdi. Ochigʻini aytish kerakki, qiz ularning bu nomunosib, nohaq ishidan qattiq norozi edi. Eri ham bunga uncha quvongani yoʻq.

Bunday bemahalda dunyoga kelgan goʻdak ota-onaning butun diqqatini oʻziga jalb etdi. Emish va uxlashdan boshqa hech narsani bilmagan chaqaloq jajji, nozik qoilari bilan pochchasi Joygopalning istiqbolga boʻlgan hamma umidlarini barbod etdi. U Assamga borib choy plantatsiyasiga ishga kirishga majbur boʻldi.

Qarindosh va oshnalari Joygopalga yaqinroqdagi ish topishga maslahat berdilar. Ammo u, hammadan xafa boʻlganidanmi, yoxud yangi vazifada tezroq koʻtarilish niyatidami, harnechuk, hech kimning soʻziga quloq solmadi.

Xotinini, bola-chaqasini qaynotasinikida qoldirib, Assamga joʻnadi. Eru xotin birinchi marta bir-biridan judo boʻlishdi.

Ishning bu xil chappa ketishini koʻrgan Shoshi kichkina ukasiga yashirin kek saqlab qoʻydi. Kishining dardi boʻlib, dardlashadigan odami boʻlmasa, badtar xunobi chiqadi. Chaqaloq onasini emib qorni toʻygach, koʻzlarini yumib mast uyquga tolardi. Opasi esa, har narsadan kiyik topib, hamma bilan urishar, goh sut juda issiq, goh ovqat sovib qolibdi, goh bolalar maktabga kech qoldi deb, jigʻibiyroni chiqib yurgani-yurgan edi.

Tez orada chaqaloqning onasi vafot etdi. Oʻlim oldida u oʻgʻlini qizining tarbiyasiga topshirdi. Yetim qolgan goʻdak darrov badjahl opasining mehr-muhabbatini qozona qoldi. U opasining tizzasiga chiqib olib, inqillab, tishsiz ogʻzi bilan uning lablarini, burni yoki koʻzlarini oʻpmoqchi boʻlar, jajji qoʻllari bilan sochini ushlab sira qoʻyvorgisi kelmas; tong otmay uygʻonib, opasining oldiga emaklab borar, uni ohista tortqilab, allanimalar der edi. U opasini didimo yoki didi deyolmay, zizi, zizimo, deb chaqiradigan boʻlib qoldi. U opasiga mudom xalaqit berar, u ish bilan band boʻlganda yoxud dam olib yotgan-da, qilma degan ishni qilar — qoʻliga kirgan har narsani ogʻziga solar, oʻrmalab ketaverar edi. Shoshi esa uni tutib turolmas edi. Xullas opasi bu kichkina zolimga batamom boʻysundi. Onadan ayrildi-yu, evaziga opasini tamomila oʻziga qaratib oldi bola.

II

Bolaning ismi Nilmoni edi. U ikki yoshga to Uganda otasi Kaliproshonno qattiq ogʻrib qoldi. Joygopalga, tez keling, deb iltimos xati yubordilar. U koʻp taradduddan so’ng otpuska olib qaytganda, Kaliproshonno oʻlim toʻshagida yotgandi. U oʻlim oldida Joygopalni oʻgʻliga vasiy tayinlab, qiziga mol-mulkining toʻrtdan bir qismini meros qoldirdi.

Joygopal ishlab yurgan joyidan kechib, marhum qaynotasining mol-mulkini idora qilishga kirishdi. Shunday qilib, uzoq ayriliqdan soʻng er-xotin yana qovushdilar.

Agar bir narsa sinsa, uning parchalarini oʻrniga qoʻyib yopishtirish mumkin. Biroq odamlarning uzoq ayriliqdan soʻng yana boyagidek bir-birlariga yopishmogʻi amrimahol: davr oʻtishi bilan odamning fe’l-atvori oʻzgaradi, yangi tus oladi.

Erining qaytishi Shoshida yangi tuygʻular uygʻotdi. Goʻyo u yangidan erga tekkanday edi. Uzoq birga yashash tufayli vujudga kelgan beparvolik, e’tiborsizlik butunlay yoʻqolgan edi. Shoshiga eri endi ming chandon aziz. «Nima boʻlsa ham erimni bari bir sevaman», deb oʻz-oʻzicha takrorlagani-takrorlagan edi. Joygopalga esa, xotin bilan uchrashuv oʻzgacha ta’sir qildi. Ilgari, birga yashashganda, intilish va odatlari bir xil boʻlganda, Shoshi uning ayrilmas qismidek edi, agar u boʻlmasa Joygopal oʻzining kundalik hayotida qandaydir boʻshliq his etardi. Musofirchilikda, dastlab, Joygopalni qandaydir bir girdob oʻz qa’riga tortganday tuyuldi. Biroq yangi ish, yangi odat asta-sekin boʻshliqni toʻldirib, uning eski turmush haqidagi xotiralarini siqib chiqardi.

Ish bu bilan cheklanib qolmadi. Ilgari Joygopal ancha yalqov va begʻam edi. Soʻnggi ikki yil mobaynida esa unda hayotini oʻnglab yuborishga shunday zoʻr ishtiyoq paydo boʻldiki, u boshqa hech narsani oʻylamay qoʻydi.

Mana shu ehtiros asoratida qolgan Joygopalga ilgarigi hayoti xuddi bir soyaday tuyula boshladi. Xotin kishini koʻpincha muhabbat oʻzgartirsa, erkakni shuhratparastlik oʻzgartib yuboradi. Ikki yillik ayriliq davomida Shoshikola ham oʻzgarib qolgandi. Kichkina ukasi uning hayotiga xoʻp yangilik kiritdi, mana shu yangilikni Joygopal tushunmasdi. Bolaga munosabat masalasida ular bir fikrga kelolmadilar. Shoshi erini bolaga mehr qoʻydirishga urinardi, biroq erining bolaga qanday qarashi noaniqligi-cha qolaverdi.

Shoshi qoʻlida goʻdak bilan quvnoq jilmayib, erining oldiga kelar, ammo Nilmoni qarindoshiga iltifot etmay, jajji qoʻllari bilan opasining boʻynidan quchoqlab, boshini uning yelkasida yashirardi. Shoshi esa, ukachasi ajoyib qiliqlari bilan erini rom qilib olishini istardi. Eri esa bola mehrini qozonishni oʻylamas, bola ham unga beparvo edi. Joygopal bu kallasi katta, oriq, jiddiy qiyofali qora bolaning nimasiga buncha e’tibor qilinayotganini tushuna olmasdi. Xotinlar erlarining kayfiyatini darrov payqab oladilar. Oz fursatda Shoshi bildiki, Joygopal uning ukasiga juda beparvo.

Shundan soʻng u bolani erining sovuq, ba’zan adovat bilan qarashidan yashirib yurdi. Shu tariqa, bola xuddi yashirin xazinaday, doim uning e’tiborida turdi. Darhaqiqat sir tutilgan hislarning tugʻyoni shiddatli boʻladi! Bolaning yigʻisi Joygopalning gʻazabini keltirganda Shoshi uni bagʻriga bosib yupatishga urinardi. Bola erining uxlashiga xalaqit berib, u bolaga qahru nafrat bilan baqirganida, Shoshi hayajonga tushar, goʻyo eri oldida gunohkorday xijolat tortib, darrov bolani olib chiqib ketar, mehr bilan uni erkalatib:
— Oltinim, xazinam, gʻururim, — deya uxlatishga urinar, shivirlar edi.

Bolalar bir-birlari bilan boʻlar-boʻlmasga urishaverar edilar. Ilgari Shoshi oraga tushar, odatda, ukasining tarafini olib, oʻz bolalarini koyiy boshlardi — chunki ukasi yetim. Endi qozi boshqa boʻlib, qonunlar ham oʻzgardi. Nilmoni bekordan bekor qattiq jazoga tortilardi. Erining bolaga adolatsizligi Shoshining yuragiga oʻtkir pichoqday sanchilardi: u ranjigan bolani oʻz xonasiga olib kirib, unga qant-qurs, oʻyinchoqlar berar, erkalatar, oʻpar, qoʻlidan kelgancha ovuntirar edi.

Shoshi ukasiga mehribonlik qilgan sari, Joygopalning gʻazabi ortar, Joygopal bolaga gʻazablangan sari opasi uni sevib ardoqlar edi. Joygopal xotiniga yaxshi muomala qilar, Shoshi ham erining izmidan chiqmas, unga mehri-bon edi. Ammo bola eru xotin orasida yashirin adovatga sabab boʻldi, ma’lumki, ochiq janjaldan koʻra yashirin adovat ogʻirroq boʻladi.

III

Nilmoniga qaraganda avval uning katta kallasi koʻzga tashlanardi. Ingichka novdaning uchiga katta pufakni ilintirib qoʻyganday koʻrinardi. Doktorlar, bola shu zaylda dardchil boʻlib qoladi yo oʻladi, deb xavfsirar edilar. U anchagacha gapirishga va yurishga oʻrgana olmadi. Bolaning kichkinagina yuziga qaragan odam ota-ona oʻz keksa yoshining butun ogʻirligini shuning yelkasiga agʻdarib ketgan ekan, deb oʻylardi.

Ammo opasining mehribonlik bilan parvarish qilishi natijasida, xavflik davr oʻtdi. Bola besh yoshga kirdi.

Kunlardan bir kun, kartik oyining oʻrtalarida, «ukaga oq fotiha berish marosimi boidi. Shoshi Nilmoniga yangi kiyimlar kiygizib, uning peshonasiga an'anaviy xol qoʻyaman deb turganda, toʻsatdan qoʻshni xotin Tara kirib janjal boshladi:
— Bolaning peshonasiga mehr-muhabbat tamgʻasi bosib, zimdan uni halok qilishning nima ma’nosi bor? — deb qoldi u birdan.

Hang-mang bo’lgan Shoshi yashin tekkanday qotib qoldi. Uni alam, gʻazab qamrab olgan edi.

Tara atrofdagilarga tushuntira ketdi: Shoshi bilan eri yetimchaning ota merosini tortib olishga ahd qilishgan. Ular ijara haqini ham toiamay yurib, bolaning mol-mulkini kim oshdi qilib sotish, soʻngra bu mulkni Joygopalning amakivachchasi orqali oʻzlariga sotib olmoqchi boʻlganlar.
— Shunday qabih tuhmatni kim tarqatgan boʻlsa ming la’nat, tiliga kuydirgi chiqsin, — dedi Shoshi gʻazabga toʻlib. Soʻngra yigʻlagancha erining oldiga bordi-da, unga bu gʻiybatni soʻzlab berdi.
— Ha, aftidan, endi hech kimga ishonib boʻlmaydi, shekilli, — dedi Joygopal. — Men amakivachcham Upenga xoʻjalikni boshqarishni topshirganimda tamom xotirjam edim. Uning Xashilpurdagi mulklar uchun soliq qarzlarini yashirib, oxiri oʻzi sotib olar degan fikr xayo-limga ham kelmagan edi.
— Nima, siz uning ustidan shikoyat qilmaysizmi? — soʻradi boshi qotgan Shoshi.
— Oʻz ukamning ustidan qanday qilib shikoyat qilay? Bari bir bundan bir ish chiqmaydi, behudaga pul sarf boʻladi, xolos.

Shoshi eriga ishonishi kerak edi, biroq bu gal unga inonolmadi. Oʻz oilasini sevgan baxtiyor uy bekasining bu vaziyati endi unga juda xunuk, qabih boʻlib koʻrindi. Dunyoda eng mustahkam boshpana boʻlgan oila endi yoʻq edi. Endi u bilan ukasi tushib qolgan dahshatli qopqon bor edi, xolos.

Shoshi, yolgʻiz boshim bilan bu bechora bolani qanday himoya qilaman, deb har qancha oʻyga tolsa ham, boshiga biron fikr kelmasdi. U shu toʻgʻrida oʻylagan sari dahshatga tushar, eriga nafrati zoʻrayib, istiqboli xavf ostida qol¬gan ukasiga mehri ortardi. Agar u yoʻlini bilganda, guber-natorga murojaat qilar, hatto Angliya malikasiga ham maktub yozib, ukasining mol-mulkini saqlab qolardi. Malika bilsa, Nilmoniga yilda yetti yuz ellik sakkiz rupiya daromad keltirib turgan Xashilpurdagi mol-mulklarni sotishga ruxsat bermasdi.

Shoshikola Angliya malikasi huzuriga qanday qilib kirish, qanday qilib Upenning adabini berish haqida oʻylab oʻyiga yetguncha Nilmoni toʻsatdan isitma chiqarib, ogʻrib qoldi. Uni qattiq titroq bosib, tez-tez hushdan ketardi.

Joygopal oʻsha yerlik vrachni chaqirdi. Shoshining yaxshi vrach chaqirish haqidagi gapiga:
— Nima, Motilal yomon davolaydimi? — dedi Joygopal.

Shoshi erining oyoqlariga yiqilib, iltimosimni rad et-mang, deya yolvordi.
— Xoʻp, men shahardan doktor yuboraman, — dedi nihoyat, eri.

Shoshi bolani qoʻliga olib bagʻriga bosdi. Bola undan bir minutga ham ayrilgisi kelmas, ketib qolmasin deb unga yopishib olar, hatto uxlab yotganida ham etagidan tutib yotardi.

Shu tariqa yana bir kun oʻtdi. Kechqurun Joygopal kelib, vrachni shaharda topmadim, u kasal koʻrish uchun uzoq joyga ketibdi, dedi.
— Men sud ishi bilan yana bir joyga borishim ke¬rak, — deb qoʻshib qoʻydi u, — Motilalga tez-tez borib, kasalni koʻrib tur deb tayinlab qoʻydim.

Kechasi Nilmoni yomon alahsirab chiqdi. Erta bilan Shoshi ortiq oʻylab turmay, bir qayiqni kira qildi-da, ukasini shaharga olib ketdi. Doktor uyida edi, hech qayoqqa ketmagan ekan. Moʻtabar oilaga mansub ayol kelganini payqab, Shoshini ukasi bilan yonidagi tul kampirning uyiga joyladi-da, bolani davolay boshladi.

Ertasiga Joygopal paydo boʻldi. U dargʻazab edi, xotiniga darhol uyga qayt deb buyruq berdi.
— Oʻldirsangiz ham hozir uyga qaytmayman. Hammangiz Nilmonini halok qilmoqchisiz; uning na otasi, na onasi bor, mendan boshqa hech kimi yoʻq. Men — uni oʻlim changalidan qutqazishim kerak.
— Unday bo’lsa, shu yerda qol, ammo qaytib mening uyimga borma, — qizishib baqirib berdi Joygopal.
— Mening uyim emish! — U ukamning uyi, — dedi Shoshi ham jahl bilan.
— Yaxshi, koʻramiz, — deb tahdid qildi-da, chiqib ketdi eri.

Bu hodisa qishloqda koʻp shov-shuvlarga sabab boʻldi.
— Ering bilan uyda janjallash-da, — der edi Tara, — axir uydan ketib boʻladimi? Nima boʻlganda ham er-ku.

Shoshi yonidagi bor pulini sarflab, zeb-ziynatini sotib, ukasini oʻlim changalidan qutqazib qoldi. Lekin sal oʻtmay, Darigramdagi yiliga bir ming besh yuz rupiya daromad keltiradigan yerlarini zamindorning yordami bilan Joygopal oʻz nomiga oʻtkazib olganini bilib qoldi. Endi hamma mol-mulk Shoshining ukasiga emas, unga qaraydi.

Nilmoni kasaldan tuzalib, uyga ketamiz, deb opasini qistay boshladi. U oʻz oʻrtoqlari — Shoshining bolalarini sogʻinib qolgandi.
— Uyga ketamiz, ketamiz uyga, — deb opasiga yolvorardi Nilmoni. Opasi esa yigʻlagani yigʻlagan. «Koshki uyimiz boʻlsa», deb iztirob chekardi juvon.

Nihoyat, u: «Koʻzyoshi bilan ish bitmaydi. Nilmonining mendan boshqa hech kimi yoʻq», deb sud muovinining uyiga bordi.

Sud muovini Joygopalni yaxshi bilardi. Moʻtabar bir zotning xotini uyidan ketib, yana u bilan mol-mulk da’volashish niyatida ekani unga mutlaqo ma’qul boʻlmadi. Biroq Shoshiga hech narsa demay, Joygopalga xat yozib yubordi. Joygopal amakivachchasi bilan kelib, xotinini majburan qayiqqa oʻtqazib olib ketdi.

Ayriliqdan soʻng eru xotin yana uchrashdi. Prajapatining xohishi shunday edi!

Nilmoni quvonchga toʻlib, yana oʻrtoqlari bilan oʻynay boshladi. Bolaning quvnoq kulgisi opasini oʻylatib qoʻyar, uni gʻam bosib, yuragi siqilardi.

Qishda sud raisi oʻz okrugini aylanib, shu qishloqqa kelib toʻxtadi. Bu yerda ov bilan shugʻuUanish niyatida edi. U yoʻlda bir toʻda bolalar bilan Nilmonini uchratdi. Qishloq bolalari sohibni Chanakya ehtiyot boʻlishga maslahat beradigan uzun tishli, tirnoqli va shoxdor maxluqlarning bir ozgina oʻzgargan xili deb oʻylab, uzoqroqdan turib tomosha qilar edilar.

Biroq Nilmoni sira hovliqmay, jiddiy koʻzlari bilan unga qiziqib qarab turardi. Bola sohibning diqqatini jalb etdi, u Nilmoniga yaqin kelib soʻradi:
— Maktabda oʻqiyapsanmi? Nilmoni bosh qimirlatib:
— Ha, — dedi.
— Qaysi kitobni oʻqiyapsan?

Bola sudyaning savolini tushunmadi shekilli, indamay qarab qoldi.

Nilmoni uyga qaytgach, ingliz kishi bilan tanishganini zoʻr iftixor bilan opasiga soʻzlab berdi.

Tushki ovqatdan soʻng Joygopal salla oʻrab, yangi sarpolar kiyib, sudyaning oldiga salomga bordi. Hammayoq shikoyatchilar, da’vogar, javobgar va politsiyachilar bilan liq toʻla edi. Kun juda issiq boʻlganidan sudya stolni soyaga qoʻyishga amr etdi.

Sudya Joygopalni oʻtqazib, undan qishloqdagi ishlami surishtira boshladi. Joygopal koʻpchilik oldida bunday faxriy joyda oʻtirgani uchun oʻzini shuhrat osmonida parvoz etganday sezdi.

«Afsuski, Chokrobarti yoxud Noidi oilasidan biror kishi kelib meni bu yerda koʻrmadi», deb oʻylardi u.

Toʻsatdan chodra yopingan bir ayol Nilmonini yetak-lab sudya huzuriga keldi.
— Sohib, bu yetimni sizga topshiraman, uni himoya qiling, — dedi u.

Ingliz boshi katta koʻzlari jiddiy tanish bolani koʻrib, oldida moʻtabar ayol turganini fahmlagach, oʻrnidan turib, palatkaga kirib gaplashishni taklif qildi.
— Yoʻq, men hammasini shu yerda aytib beraman, — dedi ayol.

Joygopal boʻzarib, tipirchilab qoldi.

Sinchkov qishloqilar, bu yerda antiqa bir gap bor ekan, deb yaqinroq keldilar, lekin sohib hassasini koʻtarishi bilan orqaga chekindilar.

Shoshi bolaning qoʻlidan ushlab turib, uning tarixini soʻzlab berdi. Joygopal bir necha bor uning gapini boʻlishga urinib koʻrdi. Ammo sudya, gʻazabdan yuzlari qizarib, unga oʻshqirib berdi.
— Nafasingni oʻchir! — deb buyurdi u va hassasi bilan, oʻrningdan tur, deya ishora qildi.

Joygopal dilida xotiniga ming la’nat oʻqisa ham, jim turishga majbur edi.

Nilmoni opasiga mahkam yopishib, taajjub bilan uning soʻzlariga quloq solardi.

Shoshikola oʻz hikoyasini tugatgach, sudya Joygopalga bir necha savol berib, uzoq vaqt jim qoldi. Soʻngra Shoshiga qarab:
— Qizim, garchi bu ishni koʻrish mening huquq doiramga kirmasa ham, siz xotirjam boʻlishingiz mumkin: men oʻz burchimni bajaraman, Ukangiz bilan uyingizga boring, hech narsadan qoʻrqmang, — dedi.
— Sohib, uy qaytarilmaguncha men ukamni u yerga olib borolmayman. Agar siz uni oʻzingiz bilan olib ketmasangiz, uni hech kim himoya qilolmaydi.
— Unda siz qayoqqa borasiz?
— Mening tashvish qiladigan yerim yoʻq, erimning oldiga boraman.

Sohib miyigʻida kulib qoʻydi. Unga tumor taqqan, oriq, koʻrinishdan odobli, bugʻdoyrang bengal bolasini olib ketishdan oʻzga chora qolmadi.

Shoshi sudya bilan xayrlashganda, bola opasining etagiga yopishib oldi.
— Qoʻrqma, — dedi unga sohib, — biz birga ketamiz.

Shoshining koʻzlaridan yosh oqib yuzlarini yuvardi. U Nilmonini bagʻriga bosdi va boshlarini silab turib:
— Bor, ukajon, biz yana koʻrishamiz, — dedi, soʻng etagining uchini zoʻrgʻa ajratib, tez yurib ketdi.

«Opa, opa», — deb chinqirab qolgan bolani sohib quchoqlab oldi. Shoshi yana bir marta ukasiga qayrilib qaradi-da, uni yupatish niyatida soʻzsiz qoʻl choʻzib xayrlashdi, gʻam-alamga toʻlib yoiga tushdi.

Oʻzlarining eski tanish uylarida eru xotin yana uchrashdilar. Prajapatining xohishi shunaqa edi.

Biroq bu uchrashuv uzoqqa choʻzilmadi. Oradan bir oz vaqt oʻtar-oʻtmas, bir kuni ertalab, qishloq aholisi orasida, Shoshi kechqurun vabo kasalidan oʻlibdi, kechasi oʻlikni kuydirishibdi, deb gap tarqaldi.

Bu haqda boshqa hech kim hech narsa demadi. Toʻgʻri, Tara bir nima deyishga urindi-yu, ammo boshqalar bunga yoʻl qoʻyishmadi.

Ukasi bilan xayrlasha turib, biz yana koʻrishamiz, deb va’da qilgan edi Shoshi. Biroq, u bu va’daning uddasidan chiqdimi-yoʻqmi, bilmayman.

1895