OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRabindranat Tagor
Asar nomiPochta mudiri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bengal adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Rabindranat Tagor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Pochta mudiri (hikoya)
Rabindranat Tagor

U Ulapur qishlogʻida pochta mudiri edi. Uning ish faoliyati shundan boshlangan. Qishloq juda kichik boʻlsa ham, uning yaqinida boʻyoq fabrikasi boʻlib, shu fabrika xoʻjayinining talabiga muvofiq, bu yerda pochtaxona ochilgandi.

Asli kalkuttalik boʻlgan pochta mudiri bu xilvat qishloqda oʻzini suvsiz qolgan baliqday his etardi. Uning idorasi, butalar gʻovlab oʻsgan koʻl boʻyida, poxol bilan yopilgan qorongʻi hujraga joylashgan edi. Fabrika ishchilarining boʻsh vaqti boʻlmagani, buning ustiga ular bama’ni odamga munosib ulfat boʻlolmaganlari sababli, pochta mudiri yolgʻiz yashardi. Kalkuttalik yigitimiz odamga darrov el boʻlib, doʻstona suhbat boshlashga uquvsiz edi. Begonalar suhbatida goh dimogʻdor, goh tortinchoq. Shunday qilib, pochta mudirining na oshnasi, na doʻsti bor, buning ustiga, ishi ham juda kam edi.

Ba’zan u she’r yozishga ham urinib koʻrar, she’rlarida, agar odam kunboʻyi yaproqlarning shitirlashini tinglab, osmondagi bulutlarga qarab yursa baxtli boʻladi, degan fikrni bayon qilishga intilar edi. Ammo arab afsonalaridagi devlardan birontasi yer yuzidagi hamma oʻsimlik va daraxtlarni bir kechada keng tosh koʻchaga, qorday oppoq bulutlarni toʻsadigan baland gʻishtin imoratlarga aylantirsa bormi, oʻshanda bu shoʻrlik pochta mudirining naqadar quvonishini bir xudoning oʻzi bilardi.

Pochta mudiri oz maosh olardi. Binobarin, ovqatni ham oʻzi pishirar va uni xizmatini qilib yuradigan shu qishloqlik yetimcha qiz bilan baham koʻrardi. Qizchaning oti Roton boʻlib, oʻn ikki-oʻn uch yoshga borib qolgan boʻlsa ham, uni erga berish haqida oʻylaydigan kishisi yoʻq edi.

Kechqurun molxonalar ustida bugʻ koʻtarilib, oʻt-oʻlan ichida chigirtkalar chirillaganda, uzoq qishloqlardan kelgan mast-alast vishnuparastlar doʻmbira chalib, bor tovushlari bilan ashula aytganda, yaproqlarning shitirlashi haqida xayol surib oʻtirgan tanho shoirning eti jimirlab, hujraning burchagidagi xira chiroqni yoqardi-da:
— Roton! — deb chaqirardi.

Qiz uning chaqirishini poylab eshik orqasida oʻtirardi-yu, ammo ovozini eshitganda xonaga darrov kirib bor-masdi.
— Siz meni chaqirdingizmi, babu? — deb soʻrardi u.
— Nima qilyapsan?
— Oʻchoqqa oʻt yoqmoqchi edim.
— Oʻtni keyin yoqarsan, hozir trubkamni tutatib berchi, — derdi pochta mudiri.

Qiz uning oldiga yugurib borardi-da, lunjini shishirib, trubkasini puflay boshlardi.
— Menga qara, Roton, — derdi pochta mudiri uning qoʻlidan trubkani ola turib, — onang esingda bormi?

Bu xususda tinmay gapirish mumkin edi. Qizcha ba’zi narsalarni eslar, ba’zilarini unutgandi. Otasi qizni onasidan koʻra koʻproq sevardi, qiz buni biladi, ammo otasini yaxshi eslolmaydi. Otasi odatda ishdan kech qaytardi. Shunday oqshomlarning ba’zilarigina qiz xotirasida naqshlanib qolgan. Bunday suhbatlar chogʻida Roton yerda, pochta mudirining oyogʻi uchida oʻtirib olardi. U kichik ukasini, bir vaqtlar, havo aynigan bir kuni u bilan koʻprik chekkasida oʻtirib baliq ovlaganlarini eslaydi. Qarmoqlari ham daraxtdan sindirib olingan bir gavron edi. Shunga oʻxshash mayda-chuyda hodisalar qizning xotira¬sida hayotidagi ogʻir damlardan koʻra ravshanroq iz qoldirgandi. Bu orada qorongʻi tushib, pochta mudiri ovqat pishirishga erinardi. Shunda Roton darrov oʻrnidan turib oʻchoqqa oʻt yoqar, bir nechta chavati pishirar, nonushtadan ortgan sous bilan chavati ikkalasiga yetib ortardi.

Ba’zi oqshomlari esa pochta mudiri kulbasining bir burchida oʻtirib uyi, kichik ukasi, onasi va opasini oʻylar, musofirchilikda ham ularning holi ne kechdi ekan, deb tashvish tortardi. Bu oʻylar uning xayolidan sira nari ketmasdi, ammo fabrikada dardlashadigan biror odam boʻlmaganidan, u oʻylab-netib turmay, oʻz hasratini hech narsaga tushunmaydigan yosh qizchaga aytardi, qizcha bora-bora uning qarindoshlarini, xuddi oʻzining eski tanishiday, ona, opa, aka deb ataydigan boʻlib qoldi.

Dam olish kuni edi. Bulutlar tarqalib, havo ochildi. Mayin, iliq shabada esdi; quyosh issigʻida nam maysa va oʻsimliklarning xushboʻy hidi anqib, charchagan yerning haroratli nafasi badanni kuydirganday boʻlardi. Qandaydir xiraroq bir qush ertadan-kechgacha bir xil gʻamgin ovoz bilan sayrab, olamdan hasrat qilardi. Bukun pochta mudiri boʻsh boʻlgani uchun, yomgʻirda toza yaproqlarning shi-tirlashiga, seldan yengilib, oftob nuridan argʻuvon tusga kirgan bulut parchalariga mahliyo boʻlib boqardi. Boqardiyu oʻylardi:

«Qani endi shunday paytda yonimda bir yaqinim, haddim siqqan sevgili zot boʻlsa-yu, men uni bagʻrimga bosolsam...» Yigitning nazarida tinmagur qushlar ham bukun shu haqda sayraganday, daraxt yaproqlari ham bu kimsasiz salqin choshgohda faqat shu hasratda shivirlashayotganday tuyulardi... Bunday boʻsh kunda, bukungiday jazirama sas-sadosiz choshgohda, kichkina qishloq-da, ozgina maosh oladigan pochta mudirining boshida bu xil fikrlar paydo boʻladi, deb kim ham oʻylaydi deysiz?

U ogʻir soʻlish olib:
— Roton! — deb chaqirdi.

Qizcha bir meva daraxti tagida gʻoʻr meva yeb yotardi. Ovozni eshitib, chopganicha kulba eshigiga bordi va hansirab turib:
— Aka, chaqirdingizmi? — deb soʻradi.
— Seni bir oz oʻqishga oʻrgatmoqchi edim, — dedi pochta mudiri: U kunboʻyi qizga alifbe oʻrgatdi. Bir necha kundan soʻng qizcha harflarni urishtirib oʻqiydigan boʻlib qoldi.

Srabon oyida yomgʻir sira tinmaydiganday tuyuldi. Ariqlar, chuqurlar toʻlib hammayoqqa suv toshdi. Kecha-kunduz sel shanllar, baqalar sayrardi. Qishloq yoʻlidan yurish amrimahol boʻlib qoldi, bozorga qayiqda borishga toʻgʻri keldi.

Shunday yomgʻirli kunlarning birida ertalabdan beri Roton pochta mudirining chaqirishini kutib eshik orqasida uzoq turib qoldi. Biroq, ilgarigidek tanish ovoz eshitilmagach, sahifalari kirlanib ketgan kitobni olib, sekingina uyga kirdi. Qarasa, pochta mudiri karavotda yotibdi. Dam olib yotgan boʻlsa kerak deb, astagina xonadan chiqib ketmoqchi boʻlganida, yigit birdan:
— Roton! — deb chaqirib qoldi. Qiz darrov orqasiga qayrilib soʻradi:
— Siz uxlayapsizmi, aka?
— Tobim qochganga oʻxshaydi, peshonamni ushlab koʻr-chi, — dedi pochta mudiri zaif tovush bilan.

Uning yolgʻizlik va namgarchilikdan azob chekkan vujudi birovning gʻamxoʻrligiga tashna edi. U, bir vaqtlar, bilaguzuklar taqilgan nozik qoʻllar yonib turgan peshonasiga tekkanini esladi. U bu yerda, shu qorongʻi kulbada gʻamxoʻr ayollarni — onasi va opasini oʻz yonida deb tasavvur etishni istardi... Quvgʻindining ehtirosli orzulari bajo keltirildi: Roton endi ilgarigi yosh qizcha emasdi, u bemorga onasi singari gʻamxoʻrlik qilardi. Doktor chaqirdi, tayinlangan vaqtlarda dori ichirib turdi, kechalari mijja qoqmay yonida oʻtirdi, oʻzi ovqat tayyor-ladi va har kuni yuz martalab:
— Aka, bir oz tuzuk boʻldingiz-a? — deb soʻrab turdi. Nihoyat, pochta mudiri bir oz tuzalib, darmonsizroq boʻlsa ham oʻrnidan turdi.

«Yoʻq, nima boʻlsa ham bu yerdan ketish kerak» — deb ahd qildi u. Bu qishloq havosining yomonligini bahona qilib, boshqa joyga ishga qoʻyishlarini soʻrab Kalkuttaga ariza yubordi.

Roton esa, kasalga qarashdan boʻshab, yana eshik orqasidagij oyida oʻtirardi. Pochta mudiri endi uni chaqirmaydigan boʻldi. Qiz ba’zan sekingina uyga kirib qarar, uni stulda oʻtirib boʻshliqqa beparvo tikilgan holda uchratar yoki karavotda uxlab yotganini koʻrardi. Roton, u chaqirib qolmasmikin, deb jon qulogʻini tikib turgan bu kunlarda, pochta mudiri oʻz arizasiga intizorlik bilan javob kutardi. Qiz eshik orqasida oʻtirib, eski darslarini minginchi marta takrorlar: birdan chaqirib qolsa, darslarni unutib qoʻyaman, deb qoʻrqardi.

Shu zaylda bir hafta oʻtdi. Nihoyat, bir kuni kechki payt pochta mudiri uni chaqirib qoldi. Rotonning yuragi oʻynab, chopgancha uyga kirdi.
— Aka, chaqirdingizmi?
— Roton, men ertaga ketaman, — dedi pochta mudiri.
— Qaerga, aka?
— Uyga.
— Qachon qaytib kelasiz?
— Endi qaytib kelmayman.

Roton boshqa hech narsa soʻramadi. Pochta mudiri oʻzi iltimosnoma yozgani, unga rad javobi kelgani, endi ishdan boʻshab uyga ketayotgani haqida soʻzlab berdi. Ular anchagacha xomush oʻtirdilar. Chiroq xira yonar, oʻrtaga qoʻyilgan yogʻoch tovoqqa shiftdan bir me’yorda chakka tomib turardi.

Bir ozdan keyin Roton asta oʻrnidan turib, non yopish uchun pechka yoqqani ketdi. Ammo bu gal uning qoʻllari ishga qovushmadi: boshidagi ming xil xayollar unga orom bermasdi. Ovqatdan keyin qiz qoʻqqisdan soʻrab qoldi:
— Aka, siz meni birga olib ketmaysizmi? Pochta mudiri kulib yubordi:
— Qandoq qilib?

Yigit uni nima uchun olib ketolmasligini tushuntirishni lozim koʻrmadi, ammo Rotonning quloqlari ostida tun boʻyi pochta mudirining istehzoli ovozi yangradi: «Qandoq qilib?»

Ertasiga pochta mudiri oʻrnidan turib qarasa, yuvinish uchun suv tayyorlab qoʻyilibdi. U Kalkutta odatiga muvofiq, uyda yuvinardi. Qiz undan qachon joʻnaysiz deb soʻrashga botinmaydi, shuning uchun hamma narsani barvaqt tayyorlab qoʻyish niyatida kechasi suv tashib qoʻygan edi. Yuvinib boʻlgach, pochta mudiri Rotonni chaqirdi. Qiz sekin kirib, xoʻjayinining farmonini jimgina kutib turdi.
— Roton, — dedi yigit, — mening oʻrnimga keladigan kishiga sening holingdan xabar olib turishni tayinlab qoʻyaman. Hech narsadan tashvish tortma.

U bu gapni samimiy, erkalatuvchi ohangda aytganiga shubha yoʻq. Biroq, ayol qalbini kim bilsin? Qiz tez-tez xoʻjayinidan soʻkish eshitsa ham, lom-mim demay chidab kelardi, ammo gʻamxoʻrlik bilan aytilgan bu muloyim soʻzlarga toqat qilolmadi.
— Yoʻq-yoʻq, mening haqimda hech kimga hech narsa demang! Men bu yerda qolishni istamayman, — deb hoʻngrab yubordi qiz.

Pochta mudiri Rotonni hech qachon bunday hayajonda koʻrmagan edi, qizning hozirgi holati uni hayron qoldirdi.

Yangi pochta mudiri keldi, qahramonimiz ishni unga topshirib ketishga hozirlana boshladi. Joʻnash oldida, u qizni yana chaqirdi.
— Roton, men senga biror marta, biror narsa bilan yordam qila olmadim. Hozir senga beradigan narsam ham bir necha kunga yetadi, xolos...

U choʻntagidan maoshini chiqarib, oʻziga yoʻl hara-jati uchun andak oldi-da, qolgan pulni qizga uzatdi, ammo Roton tiz choʻkib, uning oyoqlarini quchoqlab, qichqirdi:
— Aka, sizdan yolvorib soʻrayman, menga hech narsa, hech narsa kerakmas. Mening haqimda birovning oʻylashi ham kerakmas, — deb, uvvos tortgancha qochib ketdi.

Pochta mudiri ogʻir soʻlish oldi, soʻngra yoi-yoʻl qilib boʻyalgan chamadonini hammolning boshiga qoʻyib, xaltacha va soyabonini olib, asta borib qayiqqa tushdi.

Qayiq yurib ketdi, yomgʻir suvi bilan toshgan daryoning toʻlqinlari, yer qa’ridan otilib chiqqan koʻz yoshiday joʻsh urganda, yigit qalbida zoʻr achinish hissi pay do boʻldi. Uning koʻz oʻngida oddiy dehqon qizining iztirobdan bujmaygan chehrasi namoyon boʻldi, goʻyo bu yuzda butun olamning gʻam-alamlari aks etganday tuyulardi. Pochta mudiri, orqaga qaytib, shu tobda butun olam voz kechgan bu yetimcha qizni olib ketay, deb ham oʻyladi. Biroq shu chogʻda yomgʻir yana kuchayib, qattiq shamol yelkanlarni surib ketdi. Tezdan qishloq uzoqda qolib, daryo boʻyida qabriston koʻrindi. Daryoning tez oqimiga mahliyo boʻlgan pochta mudirining loqayd qalbi shunda yangi bir haqiqatni kashf etdi: hayotda nima koʻp — uchrashuv va oʻlim. Bas, qaytishning nima hojati bor? Bu dunyoda hech kim, hech kimga tobe emas.

Biroq, Roton bu falsafa bilan oʻziga tasalli berolmadi: hozir qiz koʻzlaridan yosh toʻkib, pochta idorasi atrofida aylanardi. Uning yuragida hali ham umid uchqunlari bor, uning nazarida akasi qaytib keladiganday tuyular, shuning uchun uydan sira nari ketolmas edi.

Qani endi koʻngil aqlning dalolatiga boʻysunsa! Yoʻq, u oʻzicha yashaydi: xatosiga iqror boʻlmaydi, mantiq qonunlariga arang boʻysunadi, kuchli dalillar bilan hisoblashmay, soxta narsalarga behuda umid bogʻlaydi. Vaqti bilan bu umid koʻngil mulkini vayron etib, oxiri bizni tark etadi. Tushuncha esa, yana qaytib oʻz oʻrnida qaror topadi, ammo koʻngil yana qayta xato qilib qoʻyishdan qoʻrqadi.

1891