OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Rabindranat Tagor. Skelet (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRabindranat Tagor
Asar nomiSkelet (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bengal adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Rabindranat Tagor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Skelet (hikoya)
Rabindranat Tagor

Biz, uch bola yotib yurgan uyning yonidagi xona devoriga odam skeleti osib qoʻyilgan edi.

Kechasi uning suyaklarini shamol shiqillatsa, kunduzi biz shiqillatardik. U vaqtda biz panditimiz bilan «Megxnadning halokati»ni oʻqir edik. Kenbel maktabining bir studenti boʻlsa, bizga osteologiyadan dars berardi. Murabbiyimiz bizni qanday qilib boʻlsa ham koʻproq fanlardan xabardor qilishga intilar edi. Uning orzusi nechogʻlik roʻyobga chiqqanini bizni bilgan kishilarga hikoya qilish ortiqcha, boshqalarga esa, yaxshisi, bu sir boʻlib qola qolsin.

Shundan beri koʻp vaqt oʻtdi. Skelet xonadan gʻoyib boʻldi, osteologiya ham xotiramizdan koʻtarilib ketgan.

Lekin yaqinda, qandaydir bir munosabat bilan bir vaqtlar biz oʻsha studentning darsini tinglagan uyda mehmonlar yigʻilib qoldi-yu, menga qachonlardir skelet osigʻliq turadigan xonada uxlashga toʻgʻri keldi. Men xiyla vaqt-gacha uxlolmay, butxona minorasidagi katta soat milining urishiga quloq solib, dam u yonboshimga, dam bu yonboshimga agʻdarilib uzoq yotdim.

Uyning bir burchida chiroq yonib turardi. Birdan lip-lip etdi-da, oʻchib qoldi. Shuni ham aytib qoʻyay, bizning uyimiz bunyodga kelgandan beri unda bir qancha baxtsiz hodisalar roʻy bergan edi. Binobarin, tabiiyki mening oʻchgan chiroq haqidagi oʻylarim shu topdayoq inson hayotining bebaqoligi xususidagi tafakkurga oʻtib ketdi. Men beixtiyor oʻyga toldim: yarim kechaning cheksiz zulmatida mana bu chiroq shu'lasining bexosdan gʻoyib boʻlgani singari, hayotda ham kechayu kunduz, kishi jonining mayda-mayda uchqunlari ham vaqti-bevaqt soʻnib turadi.

Oʻzim ham sezmay, bir vaqtlar shu uyga osilgan skelet haqidagi oʻylarga oʻtib ketdim. Xayolimda, u kimniki edi ekan, deb turganda, toʻsatdan birov mening chodirim oldida timiskilanib, qorongʻida qoʻli bilan devorni siypalab, bir narsa axtarganday tuyuldi. Kimningdir nafas olishi, oyoq sharpasi eshitildi. Bularning bari bezovta, hayajonlangan oʻylarim samarasi ekanini bilardim, albatta. Sharpa esa, chakka tomirlarimning urishidan boshqa narsa emas edi.

Shunga qaramay, men dahshatga tushdim. Bu sababsiz qoʻrquvdan qutulish uchun:
— Kim bu? — deb soʻradim.

Sharpa karavotimga yaqinlashgach, qotib qoldi-da, ovoz eshitildi:
— Bu men, mening skeletim qayoqqadir gʻoyib boʻldi, uni qidirib yuribman.

Oʻz tasavvurimda bunyodga kelgan bu mavjudotdan qoʻrqishning hojati yoʻq deb oʻyladim, shuning uchun oʻzimni bosib, beparvoroq ovoz bilan, biroq koʻrpani ustimga torta turib, yana soʻradim:
— Ha, hozir xuddi shunday ishning xonasi! U skelet senga nima uchun kerak boʻlib qoldi?
— Bu qanday behuda savol? — Nazarimda u chodirimning yonginasida turib gapirar edi. — U suyaklar mening yuragimga qalqon edi, axir! U chogʻlarda men yosh va sohibjamol qiz edim! Sen mening skeletimga nazar solishni xohlarmiding?
— Ha, sening istaging tabiiy, —javob berdim men, — mayli, sen qidir, men bir oz mizgʻib olishga urinib koʻray.
— Sen yolgʻiz ekansan nazarimda, — deb davom etdi sharpa. — Unday boʻlsa, men bir daqiqa oʻtiray-da, ikkimiz andak gaplashaylik. Dastlabki oʻttiz besh yil davomida men mana shunday oʻtirib, odamlar bilan tez-tez gaplashib turardim. Soʻnggi oʻttiz besh yilda esa, qabristonda izgʻigan shamoldek fazolarda aylanib yuraman. Hozir sening yoningda birpas oʻtirib, yana inson tilida bir oz gaplashay.

Allakimning chodirim yoniga oʻtirganini sezdim. Noiloj bir ahvolga tushib qolganimni anglab, butun kuchimni yigʻdim-da, imkon boricha beparvolik bilan:
— Juda soz. Biror qiziq voqea toʻgʻrisida soʻzlashaylik, boʻlmasa, — dedim.
— Agar sen eng gʻaroyib bir hangomani eshitmoqchi boʻlsang, hayotim haqida hikoya qilib beray.

Butxona soati kechasi ikkiga zang urdi.
— Men yosh va tirik chogʻimda, faqat bir kishidan, oʻz erimdan oʻlimdan qoʻrqqanday qoʻrqardim. Oʻzimni qarmoqqa ilingan baliqday his etardim. Nazarimda, tamom begona bir odam meni bolalikning osoyishta va shinam olamidan yulib olganu uning qoʻlidan qutulishning iloji yoʻqday tuyulardi. Toʻydan soʻng ikki oy oʻtgach, erim oʻldi. Qarindosh-urugʻlar, yor-doʻstlar mening shum taqdirimga qop-qora qaqshab yigʻladilar. Qaynotam yuzimga uzoq tikilib turib, oxiri qaynonamga bunday dedi: «Shastrlarda mana shu qizimiz singari badbaxtlik keltiruvchi xotinlar haqida rivoyatlar bor». Bularning barini men yaxshi xotirlayman. Sen eshityapsanmi oʻzi? Hikoyam yoqyaptimi?
— Juda yoqyapti, — deb javob berdim. — Boshlanishi gʻoyat qiziq ekan.
— Unday boʻlsa, quloq sol. Men xursand boʻlib otamning uyiga qaytib keldim. Vaqt oʻtib borardi. Garchi odamlar mendan yashirishga urinsalar ham, menga oʻxshash sohibjamol qizni qidirib topish amrimahol ekanini oʻzim juda yaxshi bilardim. Sen nima deb oʻylaysan?
— Shunday boʻlishi mumkin, biroq men seni aslo koʻrgan emasman.
— Koʻrganing yoʻq! Mening skeletimni-chi? Ha-ha-ha! Men tegishyapman! Bir vaqtlar bu koʻz kosalarida timqora shahlo koʻzlar chaqnaganini, lolarang lablarda oʻynagan nozik tabassumning hozirgi bu yalangʻoch tishlarning mudhish tirjayishiga aslo oʻxshamaganini senga ne yoʻsinda isbot qilsam ekan? Senga nimalarni tavsif qilay: latofat va nazokatnimi, husnu jamolimnimi, sarv qomatimnimi, kelishgan, nozik, miqqi, xushbichim a’zoyi badanimnimi? Hozir bu tavsiflar senga gʻayritabiiy tuyu-ladi, bu esa mening gʻazabimni keltiradi. Holbuki oʻsha zamonning mana-man degan doktorlari ham mening skeletim osteologiyani oʻrganish uchun bir vosita boʻlib qolishini tasayvur etolmas edilar. Bir doktorning eng yaqin doʻsti bilan suhbatida meni, nozik va xushboʻy chechak, deb atagani hamon esimda. Boshqacha aytganda, hamma insonlar osteologiya va anatomiyani oʻrganish uchun vosita boʻlishi mumkin, faqat mengina latif chechakka oʻxshardim. Aytchi, chechaklarning ham skeleti boʻladimi?

Men yurgan chogʻda gavdamning har bir harakatida goʻzallik nuri porloq brilliant singari tovlanib turganini sezardim. Men qoʻllarimga tez-tez va uzoq-uzoq tikilib qolardim. Bu qoʻllar shu qadar nozik ediki, dunyoda eng magʻrur odamning ham qalbini rom qila olardi. Subhadra ham qomatini magʻrur koʻtarib, oʻzining zafar duldulida Arjuna bilan yonma-yon oʻtirib hayratda qolgan uch olam uzra parvoz etarkan, ehtimol, uning kafti lolarang nafis, momiq qoilarida nozik barmoqlari alanganing tili kabi yonib turgandir.

Mening behayo, yalangʻoch, koʻhna skeletim, balki senda notoʻgʻri tasavvur qoldirgandir, lekin afsuski, bu yanglish fikrni rad etish uchun menda hech qanday dalil yoʻq. Shu sababli mening uchun jahonda eng manfur narsa — sensan. Koʻz oʻngingda oʻn olti yashar sohibjamol tannoz bir qiz boiib qad koʻtarsamu seni uzoq vaqtga uyqudan mahrum qilsam! Yana istagim shuki, har qanday osteologiyani barbod etib, sening boshingdan ham uning asarini qoʻymay quvib chiqarsam deyman.
— Agar latif badaning hozir ham boʻlganda, unga qasamyod qilib aytar edimki, boshimda u fanning yuqi ham qolmagan, — dedim men. — Jozibali, barkamol yoshlikdagi husn-jamoling esa kecha zulmatida ham olmos kabi porlab turibdi. Bu haqda ortiq gapirishning hojati yoʻq!
— Mening dugonam yoʻq edi, — davom etdi u, — akam uylanmaslikka ahd qilgan, binobarin, ichkarida oʻzim tanho yashardim. Yolgʻizlikda bogʻdagi bir daraxt soyasida oʻtirib, butun olam menga oshiqi shaydo, yulduzlar ham faqat menga nigoh tashlaydi, shamol ham mening hasratimda nolish qiladi, sabzalar esa, agar hushi boʻlganda, mening oyogʻim tegishi bilan hushini ham yoʻqotardi, deb oʻylar edim. Koʻkatlarning poymol boʻlib yerga qapishgan novdalari nazarimda, oyogʻim ostida sas-sadosiz yotgan butun dunyoning yigit-yalanglariday tuyulardi.

Akamning doʻsti Shoshishekxor meditsina kolledjini bitirgach, bizning uy doktori boʻlib qoldi. Men uni ilgari ham darparda orqali tez-tez koʻrib turardim. Akam juda gʻalati odam boʻlib, hayotga doimo choʻchibroq qarardi. Dunyo unga juda murakkab tuyular va u borgan sari undan uzoqlashib, oqibat goʻshanishin boʻlib qolgandi. Shoshi¬shekxor uning yagona doʻsti boʻlib, men doim koʻrib yurgan yigit ham faqat shu edi. Oqshomlari bogʻda oʻzimni shoh taxtida oʻtirganday his etganimda, oyogʻim ostida yotgan butun dunyo yigitlari Shoshishekxor siymosida namoyon boʻla boshladilar. — Sen tinglayapsanmi? — deb menga murojaat qildi sharpa. — Sen nima xayol surib qolding?

Men ogʻir soʻlish olib:
— Men Shoshishekxor boʻlib tugʻilsam, ehtimol yaxshiroq boʻlardi, — deb javob berdim.
— Avval hikoyani oxirigacha eshit. Bir yomgʻirli kunda meni bezgak tutdi. Doktor koʻrgani keldi. Biz birinchi daf'a bunday yaqin turib koʻrishdik.

Men derazaga qarab yotgan edim, shuning uchun kechki shafaq oqargan yuzimga argʻuvon nurlarini sepib turardi. Doktor xonaga kirib, mening yuzimga qaragach, fikran oʻzimni doktorning oʻrniga qoʻyib, oʻzimga chetdan nazar soldim. Yuzim kechki shafaq nurida soʻlib qolgan kichkina nozik chechakka oʻxshar, gajaklarim peshonamga tushib turar, hayo bilan yarim yumilgan shahlo koʻzlarim dilbar yuzga soya solardi...

Doktor xijolat ichida, ohistagina akamga mening tomirimni koʻrish kerakligini aytdi.

Men koʻrpaning tagidan momiqday qoʻllarimni chiqardimu: «Qimmatbaho bilaguzuklar taqsam qanday yaxshi boʻlardi», — deb oʻyladim ichimda.

Doktorning bemor qoʻlini bunday oʻngʻaysizlik bilan ushlaganini men hargiz koʻrgan emasdim. Barmoqlari tomirni qidirarkan, tinmay qaltirardi. U menda isitma borligini sezdi, men esa, uning yurak urishini sezdim. Ishonmaysanmi.
— Ishonmaslik uchun hech qanday dalilim yoʻq, — dedim men. — Buning ustiga, kishining tomiri hamisha har xil urib turadi.
— Men bir necha daf'a ogʻrib tuzalgandan soʻng, payqadimki, dunyoda oqshomlari meni kutuvchi yoshlarning miqdori ancha kamayib, olamim deyarli boʻm-boʻsh boʻlib qolgan edi. Nihoyat, unda doktor bilan bemor qoldi, xolos.

Oqshomlari men yashirincha za’faron liboslar kiyardim, sochlarimning uchiga jasmin gulini taqib, chiroyli turmaklab qoʻyardim, qoʻlimga koʻzgu tutib, bogʻda uzoq-uzoq oʻtirib qolardim. Nega bunday qilardim? Oʻz-oʻziga bino qoʻyish, hadeb oʻz aksingga termilish zeriktirmaydimi? Yoʻq! Husnimga tikilgan men oʻzim emas edim, axir. Men yolgʻiz oʻtirardim-u, lekin biz ikkov edik. Men goho doktor boʻlib olardim-da, oʻzimga termilib, maftun boʻlardim, oʻzimni sevib erkalardim, biroq goho qalbimdan ma’yus oqshom shamolining tugʻyoniday bir «oh» uzilib chiqardi.

Shundan beri men sira yolgʻiz boʻlgan emasman. Sayr etganimda, yerga qarab qadamlarimni kuzataman, pan-jalarimning tushishiga razm solaman, bu oyoq olishim doktorga manzur boʻlarmikan, deb oʻylayman. Qiyom paytida, tashqarida jazirama issiq boʻlib, atrofda sukunat hukm surganda, havoda parvoz etgan kalxat ovozi-yu, bizning hovli yonidan oʻtgan oʻyinchoqfurushning oʻz matolarini ta’rif qilib qichqirgani eshitilardi. Ana shunda, men koʻkatlar ustida roʻyja solib yastanib yotardim.

Yalangʻoch bilaklar yengillik bilan yumshoq yostiq ustiga tashalanar, nazarimda kimdir bu bilaklarning latifligiga mahliyo boʻlib, ohista koʻtarib, oppoq kaftlarimdan oʻpar, soʻngra sas-sadosiz uzoqlashardi. Agar men oʻz hikoyamni shu bilan tugatsam, sen nima der eding?
— Mayli, — dedim men, — lekin oxiri yoʻq, tunning qolganini sarf etib, hikoyani oʻzim tugallashim lozim boʻladi.
— U holda, — dedi sharpa, — bu, tishlari irjayib turgan skelet haqidagi qoʻrqinchli hikoya boʻlmay qolardi. Davomini eshit! Bir oz tajriba ortdirgandan soʻng doktor bizning uyning pastki qavatida shifoxona ochdi. Men quvnoq suhbat va hazil-mutoyibalar orasida undan har xil dori va zaharlarning xususiyati, odamning nimadan tez va yengilroq oʻlishi haqida soʻrab qoʻyardim. Gap doktorning sevgan mavzulariga borib taqalganda, u sergap boʻlib ketardi. Shunday suhbatlar meni oʻlimdan qoʻrqmaslikka, oʻlimni qandaydir oʻzimga yaqin bir narsaday tasavvur qilishga oʻrgatdi. Olamda men uchun sevgi bilan oʻlimgi-na mavjudday tuyulardi. Mening hikoyam tamom boia yozdi, ozgina qoldi.
— Hademay tong ham yorishadi, — dedim men asta.
— Oradan birmuncha vaqt oʻtgach, doktor babuning nimadandir tashvish tortib, oʻz hayajonlarini mendan yashirishga urinayotganini sezib qoldim. Kunlardan bir kun qarasam, u juda hafsala bilan kiyinib akamdan izvosh olib, kechasi qayoqqadir joʻnadi.

Men ortiq toqat qilolmay, akamning oldiga bordim. Har xil mayda-chuyda gapni gapirib boʻlgach: «Aytganday, doktor babu izvoshda qayoqqa ketdi?» — deb soʻradim. Akam qisqa qilib javob berdi:
— Oʻlgani.
— Boimagʻur gapni gapirmang, — dedim men.
— Uylangani ketdi, — deb tushuntirdi akam.
— Nahotki! — deb qichqirib yubordim-u, qah-qah urib kula boshladim. Keyincha bilsam, doktor bu nikoh sharofeti bilan oʻn ikki ming rupiya qalin olarkan. «Ammo bu yangilikni sir tutib, nega u meni haqorat qildi? — deb oʻylardim. — Axir, men uning oyoqlariga yiqilib, mabodo shunga oʻxshash biror voqea roʻy bergan taqdirda oʻzimni halok etaman deb hech qachon aytmagan edim!». Yoʻq, erkaklarga ishonib boʻlmaydi. Men bu dunyoda faqat bir erkakni tanirdim-u, lekin shunda ham hamma erkaklarning nimadan iborat ekanini tezdan payqab oldim.

Kechga yaqin, kasallarni koʻrib boʻlgach, doktor uyga qaytib keldi. Men xandon urib, unga murojaat qildim: «Doktor janoblari, toʻylar muborak?» Mening quvnoq-ligimni koʻrib, doktor esankirab qoldi. Men esa yana soʻradim. «Nahotki hech qanday muzika boʻlmasa?»

Shoshishekxor ogʻir nafas oldi:
— Nazaringizda toʻy shunaqa quvonchli narsami?

Uning javobini eshitib, men yana kuldim. Bunaqasini sira eshitgan emasdim.
— Yoʻq, bu yaxshi emas, men nagʻma-navoni, yorugʻlikni sevaman, — dedim.

Oxiri akam urf-odatga muvofiq oʻyin-kulgi, tantana qilish haqida farmon berib mendan qutuldi.

Men kunboʻyi, uyga kelin kelsa nima qilaman, deb xayolga botib yurdim.
— Doktor janoblari, siz yana bemorlarning tomirini koʻrasizmi? — deb soʻradim. — Ha-ha! Qasamyod etamanki, odamlarning, ayniqsa erkaklarning yuragida nima borligini sira bilib boʻlmaydi. — Mening soʻzlarim doktorning qalbini oʻqday teshib oʻtdi.

Toʻy yarim kechadan soʻng boʻlishi kerak edi. Kechqurun doktor akam bilan tomda oʻtirib, odatdagidek mayxoʻrlik qilishdi. Hademay oy qalqdi.

Men ularning yoniga keldim-u:
— Doktor janoblari, xotiringizdan koʻtarildi, shekilli, siz joʻnashingiz kerak, — dedim kulib.

Bu oʻrinda yana bir narsani eslatib oʻtish kerak.

Ayvonga chiqishdan oldin men yashirincha aptekaga kirib, jindak poroshok oldimda, uning bir qismini bilintirmay doktorning stakaniga soldim. Bu poroshokni ichgan odam oʻladi, deb uning oʻzidan eshitgan edim. Doktor stakandagi mayni bir koʻtarishda sipqarib, oʻrnidan turdi va menga xira nazar tashlab, qaltiragan ovoz bilan sekingina:
— Men ketdim, — dedi.

Mana naylardan ham sado chiqdi. Men banoras soriysi kiyib, bisotimdagi hamma qimmatbaho liboslarim bilan oʻzimga oro berdim. Farqlarimni qizil rangda boʻyab, bogʻdagi azim bir daraxt ostida oʻzimga joy soldim.

Dilbar bir kecha. Toʻlin oy olamni sutdek yoritgan. Janub shabadasi uxlagan olamning horgʻinligini tarqatib, fazolarda parvoz etmoqda, bogʻda jasmin gulning xushboʻy hidi anqidi, uzoqda nay sadolari tinib, oy nuri xiralashganda, daraxtlar, osmon va men tugʻilib oʻsgan uy zulmat dengizida sarob kabi suzib, erib ketganda, koʻzlarimni yumib, tabassum qildim. Men lablarimda arang sezilib turgan bu nafis tabassumni odamlar kelib koʻrishlarini istardim. Men bu tabassumni mangulik zulmatdan iborat oʻz nikoh xonamga olib ketmoqchi edim. Hayhot, qani bu nikoh xonasi? Qani mening kelinlik zeb-ziynatlarim?

Men shaqirlagan ovozni eshitib uygʻonganimda, tepamda uch bolaning osteologiya oʻqiyotganini koʻrdim. Bir vaqtlar quvonch bilan qaygʻu hislari qaynagan, yoshlik gulining nafis yaproqlari ochilgan joyni hozir muallim tayoqcha bilan koʻrsatib suyaklaming nomlarini atamoqda edi.

Mening lablarimda gʻunchaday ochilgan soʻnggi tabassumning biror izini payqadingmi? Xoʻsh, hikoya senga ma’qulmi?
— Juda ajoyib hikoya ekan, —javob berdim men.

Shu mahal qargʻalarning birinchi qagʻillashi eshitildi.
—Sen hanuz shu yerdamisan? — deb soʻradim.

Javob boʻlmadi. Tongning ilk nuri derazadan kirib kelmoqda edi.

1891