OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRabindranat Tagor
Asar nomiTa’til (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bengal adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Rabindranat Tagor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ta’til (hikoya)
Rabindranat Tagor

Qishloq bolalarining joʻraboshisi Fatik Chokrobortining kallasiga yangi fikr keldi. U daryo qirgʻogʻida yotgan yoʻgʻon xodani kema langariga aylantirmoqchi boʻldi. Fatik, bu ishda hamma qatnashishi kerak, degan qarorga keldi. Bu ishning qanchadan-qancha taajjub, gap-soʻz va noroziliklarga sabab boʻlishini oʻylab, hamma bolalar shu taklifga xursandchilik bilan rozi boʻldilar.

Hammalari yeng shimarib, gʻayrat bilan ish boshlaymiz deb turganlarida birdan Fatikning ukasi Makxonlal xodaning ustiga oʻtirib oldi. Bolalar oʻz mehnatlariga bunchalik beparvolikni koʻrib, dastlab gangib qoldilar. Soʻng bittasi astagina kelib Makxonlalni turtib yubordi. Biroq bu chora hech kor qilmadi. Bola, hamma oʻyinlaring bir chaqa degandek qilib, bemalol xayol surib oʻtiraverdi.

Jahli chiqqan Fatik ukasiga qarab:
— Menga qara, urib abjagʻingni chiqaraman! Tur oʻrningdan! — deb baqirdi.

Ammo Makxonlal bir qimirlab qoʻydi-yu, yana ham yaxshiroq oʻtirib oldi.

Albatta, bunday holda, boshqalar oldida obroʻni saqlash uchun gapga kirmas ukaning quloq-chakkasiga tushirishi lozim edi, biroq Fatik bunga jur'at etolmadi. Fatik, Makxonlalning adabini berish unga hech gap emas-u, lekin undan qiziqroq oʻyin oʻylab topgani uchun bu ishdan tiyilib turganday koʻrinardi. U bolalarga xodani ukasi bilan birga yumalatib yuborishni taklif qildi.

Makxonlal, mayli, juda qiziq boʻladi, dedi-yu, bu qaltis oʻyinning oqibati naqadar xavfli ekani na uning, na boshqalarning aqliga kelmadi.

Bolalar: «Ha, qani! Ha, qani!» — deb xodani qimirlata boshladilar.

Xoda sal aylanishi bilan Makxonlal agʻdarilib tushdi. Bu bolalargan kutganlaridan ham ortiqroq ta’sir qilib, kula-kula ichaklari uzilayozdi. Lekin boshqalar kulsa ham, Fatik bir oz esankiradi. Makxon sakrab oʻrnidan turdi-da, akasiga tashlanib, uni savalay boshladi. Soʻngra,

hammayogʻi timdalangan holda yigʻlab uyga joʻnadi. Shu bilan oʻyin tamom boʻldi.

Fatik boʻlsa bir koʻkatni yulib, yarim choʻkkan qayiqning uchiga chiqib oʻtirdi-da, indamay koʻkat poyasini shimiy boshladi.

Shu paytda qirgʻoqqa bir qayiq kelib toʻxtadi. Undan oʻrta yoshli, sochlari oq, murtlari qora bir janob chiqib keldi.
— Chokrobortining uyi qaerda? — deb soʻradi u Fatikdan.

Bola poya shimib turib:
— Ana u yerda, — deb javob berdi.

Biroq, u qaysi tomonga ishora qilganini bilish qiyin edi.

Notanish janob savolini takrorladi:
— Qaerda?

Bu gal Fatik yana poya shimishni davom ettirib:
— Bilmayman, — deb javob berdi.

Shundan soʻng u janob boshqa kishidan soʻrab olib, Chokrobortining uyiga qarab ketdi. Shu orada uydan Bagxa Bagdi kelib:
— Fatik, yur, seni onam chaqiryapti, — dedi.
— Bormayman!

Bagxa uni zoʻrlik bilan qoʻlida koʻtarib olib ketdi. Fatik esa jon-jahdi bilan pitirlar, tipirchilar edi. Onasi uni koʻrgan hamon jahl bilan oʻshqirdi.
— Sen Makxonni yana urdingmi?
— Men urganim yoʻq! — dedi bola.
— Yolgʻon gapiryapsan!
— Hech urganim yoʻq, ishonmasangiz Makxondan soʻrang.

Ammo Makxon oʻz shikoyatini takrorladi. Fatik chidolmadi. Yugurib ukasining oldiga bordi-da:
— Yolgʻon gapirma! Yolgʻon gapirma!— deb qarsillatib shapaloq bilan quloq-chakkasiga tortib yubordi.

Onasi Makxonning tarafini olib, Fatikning yelkasiga bir necha marta qattiq musht tushirdi. Shundan soʻng bola onasini itarib yubordi. Bu holni koʻrib ona:
— Hali sen menga qoʻl koʻtarmoqchi boʻldingmi? — deb qichqirdi.

Xuddi shu paytda:
— Nima gap? — deb xonaga haligi qora murtli notanish janob kirib keldi.

Fatikning onasi hayrat va quvonchdan terisiga sigʻmay:
— Voy, bu akam-ku! Hay, siz qachon keldingiz? — deb mehmonga ta’zim qildi.

Akasi gʻarbga ishga ketganiga bir necha yil boʻlgan edi. Bu orada Fatikning onasi ikki oʻgʻil koʻrdi, eri oʻldi, lekin akasi hanuz kelmagan edi. Endi, bir necha yil judolikdan soʻng akasi vataniga qaytib, singlisi bilan koʻrishgani kelibdi. Bir necha kun oʻyin-kulgi bilan oʻtdi. Ketishi yaqinlashganda Bishonbxor singlisidan bolalaraing oʻqishlari haqida surishtirib qoldi. Singlisi, Fatik oʻjar, injiq, darslarga e’tiborsiz, Makxon boʻlsa, moʻmin-qobil bola, deb maqtadi.
— Fatik meni jondan bezor qildi, — deb qoʻshib qoʻydi u.

Bishonbxor Fatikni olib ketib, Kalkuttada tarbiyalash niyatida ekanini aytdi. Tul xotin darrov rozi boʻla qoldi.
— Togʻang bilan Kalkuttaga borishni xohlaysanmi? — deb soʻradilar Fatikdan.

Bola xursandligidan irgʻishlab:
— Xohlayman! — deb qichqirib yubordi.

Onasi, Fatik Makxonni suvga itarib yuboradi, boshini yoradi yoxud shunga oʻxshash biror kor-hol qilib qoʻyadi, deb mudom qoʻrqib yurgani sababli, undan qutulganiga sevinib turgan boʻlsa-da, oʻgʻlining ketishga tayyorligini koʻrib koʻngli buzildi.

Fatik esa:
— Qachon ketamiz togʻa, — deb soʻragani-soʻragan edi. U tun boʻyi Kalkuttani oʻylab, mijja qoqmay chiqdi.

Ketadigan kuni Fatik muruvvat koʻrsatib qarmogʻi bilan varragini ukasiga hadya qildi, hadya qilganda ham qaytib olmaslik, oʻzidan soʻng meros tariqasida bola-chaqasiga qoldirish sharti bilan hadya qildi.

Kalkuttaga kelgach, eng avval togʻasining xotini bilan soʻzlashdi. Togʻasining xotini oilada ortiqcha bir nonxoʻrning paydo boʻlishidan quvondi deb aytish mumkin emas edi. Uning oʻzida uch oʻgʻil boʻlib, oilada hamma narsani oʻzicha tartibga solgan, oʻn uch yashar tar-biyasiz qishloqi bolaning paydo boʻlishi esa, bu tartibni buzishi mumkin. Bishonbxor shuncha yoshga kirsa ham sira aqli kirmadi!

Darhaqiqat, dunyoda oʻn uch yashar boladan shum narsa boʻladimi. Uni na goʻdak deb boʻladi, na kattalar qatoriga qoʻshib boʻladi. U mehr uygʻotmagandek, baxtga ham loyiq emas. Agar u goʻdaklardek boʻlar-bo’lmasni gapiraversa — demak, ahmoq: bordiyu kattalardek gapirishga urinsa, uyatsiz, mahmadona. Boʻyi choʻzilib kiyimi tor kelib qolsa, u hammaga beor, xunuk koʻrinib qoladi. Oʻn uch yoshda bolalik latofati va mayin ovoz yoʻqoladi, odamlar buni ham bolaning gunohi deb biladilar. Bolalikda koʻp xatolar kechiriladi, ammo oʻn uch yashar oʻsmirning tabiiy xulqi — kechirilmas gunoh sanaladi. Bunday bola hayotda oʻrni yoʻqligini oʻzi ham sezib, oʻz yurish-turishidan nomus qiladi, shuning uchun oʻzini chetga olib yurishga urinadi. Xuddi mana shu yosh¬da bola shirin soʻzning gadoyi boʻladi. Agar bu yoshda biror kishi bolaga yaxshi muommalada bo’lsa, u bola bu odamdan hayotini ham ayamaydi. Lekin oʻn uch yashar bolani hech kim sevmaydi, chunki bunday qilganda, bola taltayib ketadi, deydilar. Shuning uchun oʻn uch yashar bola egasiz itdek yakkalanib qoladi.

Tabiiy, bu yoshda bola onasi bilan boʻlgani ma’qul, begona uy uning uchun doʻzax. e’tiborsizlik va mensi-maslik har qadamda uning yuragiga jarohat soladi. Oʻn uch yashar oʻsmir bu yoshda xotin zotini tutqich bermas samoviy bir mavjudot deb oʻylay boshlaydi. Binobarin, uning nafrati bolaga ayniqsa alam qiladi.

Togʻasining xotiniga yoqmaganini oʻylaganda Fatikning yurak-bagʻri ezilardi. Uning uchun togʻasining xotiniga yoqmaganini eslashdan koʻra qattiq azob yoʻq. Togʻasining xotini uni biror ishga buyurganda, u gʻayrat bilan keragidan ortiqroq qilib oʻtar, kelinoyisi esa uning gʻayratini sindirish uchun:
—- Bas, bas... senga bir ish buyurib boʻlmaydi! Bor, yo oʻqi, yoxud oʻz ishingni qil, — der edi.

Kelinoyisining uning ma’naviy kamoloti toʻgʻrisidagi gʻamxoʻrligi shunday kezlarda haddan tashqari adolatsizlik boʻlib tuyular edi.

Togʻasining uyidagi hayot quvonchsiz, Fatik oʻz has-ratini kimga aytishini bilmas edi. Chor devor orasida qamalgan bola oʻz qishlogʻi haqidagi xotiralar bilan yashardi.

U, uzun ipli varrakni uchirib, chopib yurgan maysazorlarni, oʻzi toʻqigan she’rlarni oʻqib kezgan daryo qirgʻoqlarini, istagan vaqtda choʻmilish, suzish mumkin boʻlgan tezoqar, soy toʻlqinlarini, oʻrtoqlarini, oʻzining shoʻxliklarini, erkin hayotini, ayniqsa, adolatsiz va badjahl onasini eslab, alamdan yuragi siqilardi.

Qandaydir tabiiy mehr, aytilmagan hasrat, oldida yaqin kishisi boʻlmagani uchun, bu uyatchan, besoʻnaqay, koʻrimsiz bolani «ona, ona!» deb nola qilishga majbur etardi. Qosh qorayganda onasini yoʻqotgan buzoq xuddi shunday ma’raydi.

Maktabda Fatikdan koʻra noshud, e’tiborsiz bola yoʻq edi. Agar muallim undan savol soʻrasa, u ogʻzini ochib qarab turar, agar unga qattiq gapirishsa, yuk koʻtarib turgandek xomush qolar; tanaffus chogʻlarida bolalar oʻynagani chopishsa, u deraza oldida jimgina turib, uzoqdagi uylarning tomiga tikilar; agar bu tomlarda bolalar paydo boʻlib, oftobda oʻynashsa, yuragi hovliqib ketar edi.

Bir kuni Fatik jur'at etib:
— Togʻa, men qachon oyimning oldilariga boraman?— deb soʻradi.
— Maktabda ta’til boshlanganda, — deb javob berdi togʻasi. Ta’til esa kartik oyida boshlanadi uni hali uzoq kutishga toʻgʻri keladi.

Kunlardan bir kun Fatik darslik kitobini yoʻqotib qoʻydi. U ilgari ham darsini yaxshi tayyorlamasdi, kitob yoʻqolgandan soʻng esa darsga butunlay qaramay qoʻydi.

Muallim uni har kuni tergar, urishardi. Undan hatto togʻavachchalari ham or qilar edilar. Muallim Fatikni urganda yo soʻkkanda togʻavachchalari hammadan koʻproq masxaralab kulishar edi. Buncha xoʻrlikka chi-dolmay Fatik bir kuni kelinoyisiga:
— Men kitobimni yoʻqotdim, — deb gunohkorona arz qildi.

Kelinoyisi gʻazabdan lablarini qisib:
— Juda soz! Lekin men senga oyiga besh marta kitob olib berolmayman! — deb javob berdi.

Fatik «gʻing» demay ketdi. Boshqalar hisobiga yashayotganini oʻylab, yuragida onasidan juda xafa boʻldi. Kambagʻalligi unga endi ta’sir qilgan edi.

Oʻsha kuni maktabdan kelganda Fatikning boshi ogʻrib, badanlari uyusha boshladi. Bola oʻzini bezgak tutayotganini, agar kasal boʻlib yotib qolsa, kelinoyisini ancha besaranjom qilib qoʻyishini bilardi. U oʻz kasalining kelinoyisiga qanchalik malol kelishini ravshan tasavvur etardi. Bu qiziq tabiatli, tentak bola, yotib qolsam menga onam emas, begonalar qaraydimi, degan andisha bilan kasalini hech kimga aytmadi.

Ertasiga ilk saharda Fatik gʻoyib boʻldi. Uni qidirib hamma qoʻshnilarnikiga kirib chiqdilar, lekin bola topilmadi. Kechqurun sel quya boshladi. Bolani izlaganlar bekor ivib uyga qaytishdi. Oxiri Bishonbxor politsiyaga xabar qildi.

Ertasiga kechki paytda eshik oldiga ekipaj kelib toʻxtadi. Yomgʻir toʻxtovsiz quyar, koʻchalar tizza boʻyi suv edi. Ikki politsiyachi Fatikni qoʻltigʻidan ushlab ke¬lib, Bishonbxorga topshirdi. Fatik boshdan-oyoq jiqqa xoʻl, butun vujudi loy, iflos. Yuz-koʻzlari yonar, uni bez¬gak tutgan edi. Bishonbxor uni ohista koʻtarib ichkariga kirdi.

Xotini Fatikni koʻrib:
— Birovning bolasiga muncha kuyishning nima hojati bor! Uyiga yuborsangiz boʻlmaydimi? — deb baqirdi. Bu kungi tashvishni koʻrib, uning ishtahasi ham boʻgʻilgan, oʻz bolalarini ham jerkib tashlagan edi.
— Men onamning oldiga ketayotgan edim, nega meni qaytardingiz? — deb yigʻladi Fatik. Bolaning ahvoli ogʻirlashdi. Kechasi u alahsirab chiqdi. Ertasiga Bishonbxor doktor chaqirdi.

Fatik isitmadan yonib turgan koʻzlarini ochib shiftga qaradi-da:
— Togʻa, ta’til boshlandimi? — deb soʻradi. Bishonbxor koʻz yoshlarini dastroʻmoli bilan artib uning qizib ketgan ozgʻin qoʻllarini ushlab yoniga oʻtirdi. Fatik yana:
— Oyijon, meni urmang! Toʻgʻri aytyapman hech gunohim yoʻq,— deb alahsiray boshladi.

Ertasiga Fatik andak hushiga kelib, birovni qidirganday atrofga koʻz yugurtirdi. Soʻng noumid boʻlib, devorga qarab yotdi. Bishonbxor bolaning ruhiy holatini payqab egilib uning qulogʻiga:
— Fatik, onangga odam yubordim, — deb shivirladi.

Ertasiga, doktor rang-quti uchib, tashvish bilan, bola¬ning ahvoli juda ogʻirlashganini xabar qildi. Bishonbxor yarim qorongʻi uyda, bemor bolaning yonida oʻtirib uning onasini sabrsizlik bilan kutardi.
— Chap tomonga tashla! Yoʻq, bunday emas! Yana chapga! — Fatik alahsirab, matroslarga taqlid qilib qichqirardi. Kalkuttaga kelishda u togʻasi bilan paroxodda ham ancha yoʻl yurgan edi, matroslar shu zaylda qichqirishib, dengiz chuqurligini oʻlchardilar. Fatik alahsirab ularga taqlid etar, lekin u hozir suzayotgan bepoyon dengizda uning arqoni hech qachon suv tagiga yetmasdi.

Shu paytda Fatikning onasi faryod qilib, uyga chopgancha kirib keldi. Bishonbxor uni arang yupatdi.
— Fatik, chirogʻim, qarogʻim, — deb chaqirardi shoʻrlik ona.
— Nima? — dedi Fatik.
— O, Fatik, chirogʻim!

Bola ohista oʻgrilib, oldidagi odamlarni payqamay, sekin gapirdi:

— Oyi, hozir mening ta’tilim boshlanadi, men uyga boraman, oyi!