OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRabindranat Tagor
Asar nomiTashna toshlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bengal adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Rabindranat Tagor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tashna toshlar (hikoya)
Rabindranat Tagor

Biz uni poezdda uchratdik: doʻstim ikkovimiz Pudja bayrami munosabati bilan mamlakat boʻylab qilgan safarimizdan Kalkuttaga qaytib kelmoqda edik. Libosiga qarab biz uni gʻarbiy viloyatlarning musulmonlaridan deb oʻyladik. Lekin uning gaplari bizni libosidan koʻra koʻproq hayratga solib qoʻydi. U har xil narsalar va hodisalar xususida shunady muhokama yurgizardiki, goʻyo parvardigori olam hamisha va birinchi galda u bilan bamaslahat ish qiladiganday. Shu choqqacha biz olamda qanday gʻaroyib hodisalar roʻy berayotganini bilmay bamaylixotir yashab kelgan ekanmiz. Ruslarning nechogʻli ilgarilib ketgani, inglizlarning qanday yashirin rejalari borligi va mahalliy rojalar orasida qanday chigalliklar roʻy berayotgani haqida hech narsa anglamay yurardik. Bizning yangi oshnamiz mugʻambirona jilmayib:
— Yeru koʻkda koʻp gʻaroyibotlar bor, Goratsio, ammo ular haqida sizning gazetalaringizda hech qanday axborot berilmaydi, — dedi.

Biz birinchi daf’a oʻz uyimizdan chiqib musofirotga qadam qoʻyganimiz uchunmi, har nuchuk, u kishining xatti-harakatlari bizni tamom hayratda qoldirdi. U odam har narsadan munosabat topib, oʻz bilimdonligini namo-yish qilar, vedlardan dalillar keltirar yoki birdan forsiy she’rlar oʻqir edi. Biz olimlik da’vosidan yiroq boʻlib, ved va fors tilidan ham yetarli bahramand boʻlmaganimiz sababli, bu kishiga boʻlgan ehtiromimiz tobora ortardi. Mening taqvodor doʻstim esa, hatto, bu odam biror sehrli kuch bilan yoki samoviy mavjudotlar vositasila yoinki shunga oʻxshash boshqa biror vosita orqali narigi dunyo bilan aloqador degan e’tiqodga kelib qoldi. Shuning uchun u, bu gʻayritabiiy odamning eng oddiy soʻzlarini ham zoʻr maroq va cheksiz ehtirom bilan tinglab, ohista yoza boshladi. Menga, bu sirli shaxs oʻzi qoldirgan taassurotni payqab, mamnun boʻlganday tuyulardi.

Poezd katta stansiyaga keldi. Biz boshqa poezdni kutib vokzalga kirdik. Kech soat oʻn bir yarim edi. Bizga, yoʻlda allaqanday hodisa roʻy bergani uchun poezd kechikib keladi, deb xabar qildilar. Men toʻshaklarimni stolga yozib, bir oz mizgʻib olmoqchi boʻldim. Biroq, haligi gʻalati yoʻldoshimiz yana hikoya qila boshladi. Shunday qilib, men oʻsha kechasi koʻz yummadim.

Jugantorida ma’muriyat bilan kelisholmay, ishni tashlab, Haydarobod hokimiga xizmatga kelganimda, men yosh va sogʻlom edim, shuning uchun meni Barichga paxtadan soliq yigʻish ishiga tayinladilar.

Barich juda soʻlim joy. Togʻ etagidagi quyuq oʻrmonlar orasidan goʻyo mohir raqqosadek buralib, eshilib, tosh poyandoz ustidan shovillab chopqir Shusta daryosi oqadi. Daryo sohilida, undan bir yuz ellik zina yuqorida, togʻ etagida oq toshdan yasalgan tanho saroy qad koʻtargan; bu yaqinda boshqa uy-joy yoʻq, paxta bozori va Barichning oʻzi bu yerdan ancha yiroq.

Taxminan ikki yuz ellik yillar muqaddam shoh Mahmud Ikkinchi kayfu safo surish uchun bu kimsasiz joyda saroy qurdirgan edi. U chogʻlarda choʻmiladigan xonalardagi fontanlardan atirgul suvining muattar hidi anqir edi. Fontanlardan sachragan suv tomchilari bilan salqinlangan ayrim xonalarda sovuq marmar kursilarda oʻtirgan eron qizlari choʻmilish oldidan sochlarini yozib, gul bargiday goʻzal oyoqlarini fontandan oqqan zilol suvlarga tutib, tizzalariga setor qoʻyib chalar, xonalarda gʻazalxonlik yangrardi.

Hozir bu fontanlar ishlamaydi; ashula sadolari ham tingan; oq marmarlarda xiromon yurgan goʻzallarning oyoq sharpasi ham eshitilmaydi, hozir bu yer — menga oʻxshash soliq yigʻuvchilar, tanholikdan zoriqqan, toliqqanlar uchun huvillab yotgan juda katta joy boʻlib qolgan. Idoramizning eski xizmatchisi Karimxon meni bu saroyda tunab qolma, deb ogohlantirgan edi. U, bu joyga faqat kunduzi kelgin, lekin kechasiga sira-sira qola koʻrma, degan edi. Men bunga javoban kulibgina qoʻygan edim. Xizmatchilar ham, biz u yerda kunduzi ishlaymiz-u, kechasi qolmaymiz, degan edilar. «Mayli, xohlaganlaringcha boʻlsin» javob berdim men. Bu uy shunday yomon shuhrat chiqargan ediki, hatto oʻgʻrilar ham kechasi kirishga botinmas edilar.

Birinchi davrda bu tashlandiq tosh saroyning odamsizligi meni qandaydir vahimaga solganday boʻldi, men imkon boricha bu uyga kunduzi kelmaslikka tirishardim, faqat kechasi charchagan holda qaytib, yotiboq darhol uxlab qolardim.

Ammo oradan bir hafta oʻtmay, bu qasrning odatdan tashqari sehri meni chulgʻab ola boshladi. Mening u davrdagi ahvolimni tasvirlash qiyin, lekin mening soʻzlarimga ishonish undan ham qiyinroq. Bu bino goʻyo tirik organizmday, asta-sekin meni oʻz komiga torta bosh¬ladi.

Ehtimol bu hol men saroyga kirgan kuniyoq boshlangandir, lekin men buning nishonalari koʻringan kunning ba’zi hodisalarinigina aniq eslayman. Allaqachon jazirama kunlar boshlangan, bozor katta emas, binobarin men deyarli ishlamas edim. Bir kuni, quyosh botmasdan ancha ilgari, saroy zinapoyasi oldidagi kresloga oʻtirdim. Oʻshanda Shustaning suvi ozayib sayoz boʻlib qolgan edi, botayotgan quyosh shu'lasida qarshi sohilning sayozliklari yarqirab koʻrinardi, oyogʻim ostida esa, sayoz va musaffo suv tagida rang-barang toshlar yarqirardi. Shabada yoʻq, daraxt barglari qimir etmasdi. Yaqin adirlardan kelgan arpa badiyonning oʻtkir hidi anqib, sokin havoni toʻldirdi.

Quyosh togʻ choʻqqilari orqasiga yashiringan hamon kun sahnasiga katta qora parda tushdi, togʻlar yaqin boʻlganidan, quyosh botgach, bu yerda yorugʻlik va qorongʻilikning bir-biriga qoʻshilishi uzoqqa choʻzilmaydi. Ot minib sayohat qilgim keldi, biroq kreslodan turishim bilan zinapoyadan oyoq tovushi eshitildi. Qayrilib qaradim — hech kim yoʻq.

Bu — tuygʻularning aldashi deb oʻyladim-da, yana qaytib joyimga oʻtirdim. Shu zahotiyoq yana oyoq tovu¬shi eshitildi, zinapoyadan pastga qarab bir necha kishi chopganday tuyuldi. Yuragimni allaqanday qoʻrquv aralash shodlik hissi qoplab oldi. Zinapoyada hech kim yoʻq edi, ammo mening nazarimda bir toʻda quvnoq qizlar zinapoyadan bu yoz oqshomida Shustaga choʻmilgani tushib ketayotganday tuyulardi. Garchi oqshom qorongʻiligida na togʻ etagidan, na daryo sohilidan, na boʻm-boʻsh saroydan hech qanday ovoz chiqmagan boʻlsa-da, men, yonimdan bir-birlarini quvib, chopib borayotgan choʻmiluvchi qizlarning yangragan kulgilarini barala eshitdim. Ular goʻyo meni payqamasdilar, ular men uchun sir boʻlganday, men ham ular uchun sir edim, koʻzga koʻrinmas edim. Daryo boyagiday tinch, ammo men choʻmiluvchi qizlarning jarangli bilaguzuklar bilan bezatilgan qoʻllari tekkanda zilol suvning qanday toʻlqinlanishini, bir-birlariga suv sepishlarini va oyoqlarini shapillatib suzganda osmonga behisob marvarid tomchilar yarqirab sachrashini juda ravshan tasavvur qilardim.

Koʻnglimni tushunib boʻlmaydigan bir hayajon qoplab oldi: bu — qoʻrquvmidi yoki shodlik hissimidi, yoinki insonga xos bilish-anglash istagining tugʻyonimidi — Oʻzim ham bilmayman. Shularning hammasini koʻrish havasi vujudimni qamrab olgan edi. Men diqqat bilan tikildim, ammo koʻz oʻngimda deyarli hech narsa roʻy bermadi, koʻrinmadi. Quloq solsam, ularning soʻzlarini anglaydiganday edim, ammo men qancha quloq solmay, oʻrmondagi chigirtkalarning chirillashidan boshqa hech narsa eshitilmadi. Oldimda goʻyo ikki yarim asrning qora pardasi hilpillab turardi, — vahm bilan uning bir chetini qayirdim: u yerda juda koʻp odamlar toʻplangan, biroq quyuq zulmat ularni koʻrishga halal berardi.

Qoʻqqisdan qattiq shamol turib, sokin va ogʻir havoni titratib yubordi. Jim oqayotgan daryo sathida suv parisining sochlariga oʻxshash yengil mavjlar qoʻzgʻalib, daryo boʻylab chopa ketdi; oqshom qorongʻisiga burkanib olgan oʻrmon qattiq uyqudan uygʻongandek shamoldan guvillay boshladi. Buni tush deb ataysizmi, oʻng deb ataysizmi, ixtiyor sizda, ammo mening koʻz oʻngimda namoyon boʻlgan bu ikki yarim asrlik voqealar bir lahzada gʻoyib boʻldi. Mening tasavvurimda bunyodga kelib, ovozsiz, lekin menga baralla eshitilib turgan quvnoq xandalar bi¬lan jismsiz oyoqlarida yonimdan parday yengil uchib oʻtgan bu mavjudotlar hali nozik lablarini tishlab, hoʻl liboslarining suvini siqib qaytganlaricha yoʻq. Shamol muattar hidlarni taratgandek, ular ham gʻoyib boʻldilar, bahor nafasi ularni olib ketdi.

Men, ilhom parisi bu joylarning tanholigidan foydalanib yelkamga chiqib olmasaydi, deb qoʻrqdim. Koʻrinib turibdiki, bu shoʻx ma’buda paxta soliqlari hisobiga yashovchi men zahmatkashni bir baloga giriftor qilmoqchi. Men tuzukroq bir ovqat yeyishga qaror qildim, chunki och qorin hamisha davosiz dardlarni vujudga keltiradi. Men oshpazni chaqirib seryogʻ va achchiq moʻgʻul taomlaridan buyurdim.

Boiib oʻtgan voqealarning hammasi ertalab menga haddan tashqari kulgili tuyuldi. Kayfim chogʻ holda turib, odatda sohiblar kiyadigan poʻkak qalpoqni kiydimda, izvoshga oʻtirib, tizginni qoʻlga olib otlarni «chuv» dedim. Izvosh yoʻlda taraqlaganicha ketdi — men oʻz ishimga joʻnadim, oʻsha kuni uch oylik hisobot tuzishim loznn edi, binobarin, men kechroq qaytaman deb oʻyladim. Ammo hali qosh qoraymay turib, uyga qaytgim kela berdi. Meni birov chaqirdi deb aytolmayman, lekin menga bundan ortiq hayallash mumkin emasday, birovlar menga intizor boʻlib kutayotganday tuyuldi. Hisobotni tugatmay, qalpogʻimni kiydim-da, izvoshga oʻtirib, ikki tomonida qop-qora shoxlar osilib turgan va kechki kulrang-qoramtir soyalar chulgʻab olgan kimsasiz yoʻl bilan joʻnadim. Nihoyat, togʻ etagidagi bu azim va sokin saroyga yetib keldim.

Zinapoya tepasidagi birinchi zal behad katta edi. Uning shiftlari uch qator muhtasham va azamat ustunlar tepasidagi arklarga bosh qoʻyganday koʻrinardi. Bu zalning intihosiz boʻshligi kecha va kunduzi birday aks-sado berib turardi. Allaqachon kech kirgan boʻlsa-da, hanuz chiroq yoqilmagan. Eshikni bir itarib ochdim-da, zalga kirdim va darhol sezdimki, u yerda besaranjomlik boshlangan, goʻyo koʻp odamlar oʻrinlaridan qoʻzgʻalib, har biri bir tomonga — birov eshikka, birov derazaga va birov ayvonga qarab qochmoqda. Men hech narsani koʻrolmay, lol boʻlib qoldim. Qandaydir jozibador, qudratli his meni tamom qamrab olgan edi. Goʻyo havoda allaqachonlar yoʻqolib ketgan muattar hidlar anqir edi. Men muazzam bir zalda, qadimiy tosh ustunlar orasida turib eshitardim: oq toshlarga fontan suvlari sharillab quyular, kimdir setor chalardi, lekin qanday kuy ekanini men idrok etolmadim; goho oltin bezaklarning jaranglashi eshitilardi; goho mis gardishning sadosi yangrar, uzoq bir yerdan doʻmbira ovozi kelar, billur zeb-ziynatlar jaranglab sado berar, ayvondan qafasdagi bulbulning hazin faryodi oqib kelar, bogʻda oʻrgatilgan oqqush sayrar — xullas mening atrofimda samoviy kuylar yangrardi...

Menda shunday bir hissiyot tugʻildiki, goʻyo shu jismsiz, his etib boʻlmaydigan eng nozik hodisalar yer yuzasidagi birdan-bir haqiqat boʻlib, qolgan hamma narsa — aldovchi sarobdir. Mening — menligim, ya’ni falonchi, marhum otasining toʻngʻich oʻgʻli, paxta soligʻi yigʻib toʻrt yuz ellik rupiya ishlovchi odam ekanim, boshimda poʻkak qalpoq, egnimda tor kamzul boʻlishi, otlami ham oʻzim haydashim — bularning hammasi menga shunday kulgili, ma’nosiz koʻrindiki, oʻzimni bu muazzam, sokin va boʻsh zalda xoxolab kulishdan tiyib qololmadim.

Shu chogʻda mening musulmon xizmatchim, qoʻlida chiroq bilan zalga kirib keldi. Ehtimol u meni aqldan ozgan deb oʻylagandir, bilmayman, darhol esladimki, men haqiqatda ham... Nath, marhum... Chandroning toʻngʻich oʻgʻliman, yana bu dunyoda yoki undan tashqarida nomavjud fontanlar, tasavvur etilgan setorlarning koʻrinmas panjalar ostida sado chiqarib yangrashi mumkinmi-yoʻqmi, — bu masalani hal qilish shoirlarimizning ishi deb oʻylab qoʻydim. Bir narsa shubhasiz haqiqat: men Barichda paxtadan soliq toʻplab, toʻrt yuz ellik rupiya maosh olaman. Bir necha minut ilgarigi ajoyib kayfiyatimni xotirlab kulib qoʻydim va ustida chiroq yonib turgan safar stoli yoniga oʻtirib gazeta oʻqiy boshladim.

Gazetani oʻqib, moʻgʻul taomini yeb boʻlgach, burchakdagi bir xonada karavotga yotib, chiroqni oʻchirdim. Kichkina derazadan oʻrmon bilan qoplangan Orali togʻi ustidan kichik yulduzlar miltillab koʻrinib turardi, ular oʻn millionlarcha mil yuksaklikdan yaramas safar karavotida yotgan muhtaram janob soliq yigʻuvchiga tikilib qarardilar. Shu xususdan taajjublanib va fikrga tolib, koʻzimni uyqu elitganini sezmay qolibman. Qancha uxlaganimni bilmayman, ammo birdan seskanib koʻzimni ochsam — xonadan biror sas-sado chiqmas, biror kishi kirgani ham sezilmas edi. Menga tikilgan yulduz qorayib turgan chogʻi orqasiga yashiringan, yarim oyning zaif shu'lasi, soʻroqsiz kirgani uchun kechirim soʻraganday, xonani arang yoritib turardi.

Men hech kimni koʻrmadim, lekin kimningdir meni turtayotganini aniq his etdim. Atrofimga qarab, bildimki, kimningdir uzuk taqqan panjalari meni oʻziga chorlamoqda.

Men ohista oʻrnimdan turdim. Holbuki, aks-sado beradigan yuzlab boʻm-boʻsh zal va xonalardan iborat bu muazzam qasrda mendan boshqa biror jon egasi yoʻq; meni har qadamda vahima bosib qotib qolardim, goʻyo birovni uygʻotib qoʻyaman deb qoʻrqardim. Xonalarning aksariyati hamisha berk boʻlar, men ularga kirmasdim.

Oʻsha kechasi koʻzga koʻrinmas yoʻlboshchim bilan, xomush, nafas ham olmay asta bosib qayoqlarga borganimni eslolmayman. Qancha tor va qorongʻi yoʻlaklar, qancha havosi dimiqqan kichik va mahfiy hujralar orqah oʻtganimni ham bilmayman.

Garchi yoʻl boshlovchi qizni koʻrishim mumkin boʻlmasa ham, uning qiyofasi menga begona emas edi. U arabistonlik boʻlib, libosining keng yengidan ta’zim holatida tutgan oppoq qoʻllari koʻrinar, bosh kiyimi ustidan tashlab olgan harir parda yuzini yopib turar, yoniga, esa, egri pichoq taqqan edi.

Men arab afsonalaridan alif laylo va layloning bir kechasini boshimdan kechirayotganday, goʻyo uxlayotgan Bagʻdodning tor va qorongʻi koʻchalaridan allaqanday xatarli bir uchrashuvga borayotganday edim.

Banogoh yoʻl boshlovchi qiz toʻq-koʻk parda oldida toʻxtab, barmoqlari bilan pastga ishorat qildi. U yerda hech narsa koʻrinmasa ham, dahshatdan tomirlarimda qon toʻxtab qoldi. Shunda men parda oldida, yerda: afrikalik vahshiy bir ogʻaning oyoqlarini uzatib, tizzasiga yalangʻoch qilich qoʻyib oʻtirganini payqab qoldim. Hamrohim uning ustidan yengilgina hatlab oʻtdi-da, pardaning bir chetini koʻtardi. Eron gilamlari toʻshalgan xonaning bir burchi koʻrindi. Divanda za’faron liboslar orasidan ikki nozik oyoq, oltin va kumush iplar bilan baxiya tikilgan pushti baxmal kavushlar koʻrindi. Stolda koʻkish billur idishlarda olma, nok, purtaxol va uzum qoʻyilgan, yoniga ikkita kichkina piyola bilan billur grafinda qahrabo rangli vino mehmonlarga muntazir edi. Xonada qandaydir xumorbaxsh narsani chekishdan paydo boʻlgan hid meni garang qila boshladi.

Men dahshatdan qaltirab, ogʻaning uzatilgan oyoqlari ustidan hatlab oʻtaman deb turgan choqda, u birdan seskandi va qilich jaranglab marmar polga tushib ketdi.

Kimdir, qattiq qichqirganday boʻldi. Qarasam, men terga botib, oʻz safar karavotimda oʻtiribman. Endigina boshlangan tong yorugʻida oʻroq shaklli oyning nuri juda zaif, xuddi tun boʻyi uxlolmay azob chekkan bemor rangini eslatar edi, jinni Magar Ali oʻz odati boʻyicha, ertangi kimsasiz koʻchada yugurib baqirardi. «Ketinglar, ketinglar!»

Mening arab afsonalarimdan birinchi kecha shu zayl tugadi, yana ming kecha qoldi.

Mening kunlarim tunlarim bilan jangga kirishdi. Kunduzi uyqusiz kechalaraing xayollarini la’natlab xorigan holda ish boshlardim, ammo kech kira boshlagach, hamma mashgʻulotlarim arzimas, ahamiyatsiz, keraksiz va kulgili boʻlib tuyulardi.

Oqshom boshlanishi bilan gʻalati bir sarxushlik holatiga kirib, goʻyoki yuz yil orqaga qaytib, noaniq bir hodisaning qatnashuvchisiday boʻlib qolardim. Pidjak va tor shimlar endi menga kelishmay qoldi. Shunda boshimga qizil baxmal xoji doʻppi, keng koʻylak, zardoʻzi kamzul va ustidan shohi astar-avra toʻn kiyib, guldor roʻmolchamga atir sepib oldim, sigaretni tashlab, gul suvi bilan toʻldirilgan chilimni olib baland kresloga oʻtirdim. Goʻyo allaqanday gʻayritabiiy oshiq-ma’shuqlar uchrashuviga hozirlanganday edim.

Qorongʻi quyuqlashib, ajoyib hodisalar boshlandiki, men uning tasviriga ojizman. Bahor shamoli sayr etib yurgan bu muazzam qasrda taajjub tarix sahifalari uchib yurganday tuyuldi. Ularning ba’zilari huzurimda bir lahza toʻxtab, men oʻqib ulgurmay, yana gʻoyib boʻlardilar. Bu sahifalar iziga tushib, men butun tun boʻyi xonadan-xonaga chopib yurdim.

Uzilib qolgan shirin xayollar girdobida, halovatbaxsh xushboʻy hidlar, setor sadolari, sachragan zilol suv zarralari bilan toʻla havoda birdan, za’far rangli keng cholvor, uchlari qaytarikli baxiyabof kavush, shoxi nimcha va zar popuklari oppoq peshonasiga tushib turgan qizil duxoba doʻppi kiygan bir nozaninning dilbar chehrasi chaqmoqday yarqirab namoyon boʻldi.

Bu qiz mening aqlu hushimni olib qoʻydi. Men har kecha tush deb atalgan shaffof qasrning kishi adashadigan aylanma yoʻlaklari va yashirin xonalarida uni izlab yuradigan boʻlib qoldim.

Goho kechqurunlari, ikki sham bilan yoritilgan katta oyna oldida xuddi Shoh Jahonday oʻzimga oro berib turganimda, koʻzgudagi aksim yonida birdan yosh eron qizining chehrasi namoyon boʻlardi. U boshini bir tomonga egib, iztirob toʻla qora shahlo koʻzlari bilan himoya soʻraganday menga nazar solardi, uning yoqut lablari men tushunmaydigan tilda bir nima deb pichirlar, yosh va goʻzal sarv qomati, yengil raqs tushganday buralar, koʻzlari va tabassumi bilan oynaga dard, istak va shubha uchqunlarini separ, liboslari tovlanib koʻzdan gʻoyib boʻlardi.

Birdan kuchayib, togʻ oʻsimliklarining muattar boʻylarini olib kirayotgan shamol shamni oʻchirdi. Men oʻzimga oro berishni toʻxtatib, goʻzal saroyimda karavotga choʻzilib, koʻzlarimni yumgancha huzurlanardim. Nazarimda, shamol esishi bilan, Orali togʻi xushboʻylari bilan toʻlgan xonalarning zim-ziyo boʻshliqlarida navozishlar, boʻsalar, nozik qoʻllarning bir-biriga chirmashgani eshitildi. Yangroq ovozlar qulogʻimga nimalarnidir pichirlar, kimningdir xushboʻy va hayotbaxsh nafasi peshonamga tekkanday boʻlar, sohibjamollarning havodek yengil va harir pardalari yonginamda hilpillar, ba’zan yuzlarimga tegib ketardi. Sehrgar ilon borgan sari meni oʻzining sarxush etuvchi halqasi bilan qattiqroq oʻrab olganday tuyulardi; hayrat bilan chuqur xoʻrsinib, dong qotib uxlab qolibman.

Bir kuni choshgohdan soʻng otliq aylanib kelmoqchi boʻldim, kimdir meni tutib turganday edi, ammo bu kun men bunga hech qanday e’tibor bermadim. Sohiblarnikiga oʻxshagan qalpogʻim va kalta kamzulim yogʻoch mixda osigʻliq turardi, ularni olib kiyaman deb turganimda, bir¬dan shamol koʻtarilib, daryodan qum, togʻdan xas-hashaklarni uchirib keldi, qalpogʻim bilan kamzulimni ham havoga koʻtarib aylantira boshladi. Shamolga qoʻshilib kulgi ovozlari yangradi; shamol va kulgi bir-biriga qoʻ¬shilib jaranglab avjiga chiqdi-da, birdan toʻxtab qoldi.

Shunday qilib, men otliq sayrga chiqmadim, kulgili kamzulim bilan sohiblarnikiga oʻxshash qalpogʻimni ortiq kiymadim.

Yarim, kechada men yana karavotda oʻtirib quloq soldim: kimdir shikoyat qilganday ingradi, uning qalbidan boʻgʻiq faryod-figʻon eshitilardi, bu shunday taassurot qoldirardiki, goʻyo karavot ostidan, yer tagidan, bu muazzam saroyning qoʻrqinchli nam toshlari ostidagi lahaddan: «Ogʻir uyqular va alam-angiz xayollarning zanjirlarini parchalab, meni xalos et, otingga mindir, koʻkragingga bosib, oʻrmonlar oralab, dovonlar oshib, daryolar kechib, oʻz uyingga olib ket! O, shafqat et, xalos qil!» deya qandaydir bir asira iltijo qilardi.

Men kimman? Qanday qilib men uni xalos etaman? Men oʻz xayolimda yaratgan qaysi bir nozaninni bu besaranjom tushlar hukmronligidan olib ketishim kerak? E samoviy goʻzallik, qachon va qaerda nash'u namo surgan eding sen? Qaysi daryoning salqin sohilida, qaysi xurmozor soyasida, qaysi biyobon ogʻushida tugʻilgansan? Qaysi qaroqchi bedov seni, nihol shoxini sindirganday, ona qoʻynidan yulib oldi-yu, otga mindirib, shamol tezligida sahroning jazirama sarobida gʻoyib boʻldi? Ey asira, u seni kimning mamlakatiga, qaysi qul bozoriga olib keldi? Qaysi podshoh mulozimlari sening yosh, iffatli, hali barq urmagan goʻzalligingni koʻrib, bir hovuch oltin berib, dengizlarning naryogʻiga olib ketdi-da, oltin maofaga, oʻtqizib, oʻz hukmdorlariga tortiq qilishdi? Keyin-chi? Muzika — sarangi sadolari, bilaguzuklarning jaranglashi va sherozning shaffof qahrabo rang sharobida aks etgan xanjarning yaltirashi, zahri haloyil va ehtiros bilan qiyo boqishlar. O, qanday cheksiz dabdaba va qan¬day tubsiz zindon! Ikki tarafdan yaltiroq bilaguzuklar taqqan kanizaklar katta yelpigʻich bilan yelpir, shahanshoh boʻlsa, marvaridlar qadalgan kavush kiygan oyoqlari ostida emaklar, eshik oldida xabash ogʻa oʻlim tangrisi, Yamaning elchisidek qilich yalangʻochlab turardi. Soʻng qanday baloga giriftor boʻlding ey, biyobon chechagi? Koʻpiklari hasad va makrdan iborat hadsiz hashamning qonli toʻlqinlarida qanday mudhish oʻlim yoki undan ham dahshatliroq shuhratga qarab suzding?

Shu mahalda jinni Magar Ali yana qichqirdi: «Ketinglar, ketinglar! Hammasi yolgʻon, hammasi yolgʻon!» Tong otdi. Xizmatchilar menga xat keltirishdi, oshpaz kirib, qanday taom tayyorlay, deb soʻradi.

Men ketishga qaror qildim! Bu yerda bundan keyin qolish mumkin emas, shu kuniyoq bor-yoʻgʻimni yigʻish-tirib idoraga koʻchib keldim. Idoraning keksa xizmatchisi Karimxon kulimsirab qoʻydi. Men undan xafa boʻlib, indamay ishga kirishdim.

Kun kech kirgan sayin menda parishonxotirlik boshlandi. Goʻyo allaqanday bir joyga borishim zarurday. Paxta hisobotlari menga butunlay keraksiz tuyuldi, hatto hokimning idora ishi ham menga sariq chaqaga arzimaganday koʻrindi. Atrofimda sodir boʻlayotgan hamma narsa mening nazarimda ahamiyatsiz, ma’nosiz va sovuq koʻrina boshladi.

Qalamni tashlab, katta daftarni yopib, izvoshga oʻtira joʻnadim. Otlarning kun botish chogʻida tosh qasr darvozasi oldiga borib toʻxtashlarini koʻrib taajjublandim. Men darrov chopib zinapoya bilan qasrning ichiga kirdim.

Bu kun hamma narsa sokin. Qop-qorongʻi xonalar goʻyo jahl bilan qovoq solganday. Mening qalbim afsus-nadomat bilan toʻlib-toshdi, ammo bu haqda kimga uzr aytishni, kimdan afv soʻrashni bilmasdim. Horib-tolib qorongʻi xonalarda kezardim. Mening, qanday boʻlmasin bir muzika asbobini olib, kimgadir murojaat qilib, koʻylagim kelardi: «Ey ravshan chiroq! Sendan kechib, uchib ketishga uringan parvona oʻlish uchun yana qaytib keldi. Uni kechir, qanotlarini kuydir, kul qil!»

Boshimga ikki tomchi tushdi. Orali choʻqqisi ustida bulutlar toʻplangan edi. Zim-ziyo oʻrmon va Shustaning qop-qora suvi harakatsiz qotib qoldi. Birdan hamma narsa: yer, suv va osmon larzaga keldi. Uzoq oʻrmonlardan tishlarini irjayitirib chaqmoq chaqnadi, zanjirni uzib qochgan jinniday boʻron qoʻzgʻaldi. Saroyning boʻm-boʻsh katta zallarining eshiklari taraqlab ochilib-yopilar, devorlar shikoyatomuz ingrardi... Hamma xizmatkorlar idorada boʻlgani sababli chiroq yoqadigan kishi yoʻq. Bu zim-ziyo qorongʻida bir xotinning karavotim oldida oʻzini gilamga tashlaganini aniq his etdim, u qaltirab sochlarini yular, uning oppoq goʻzal manglayidan qon oqar, goho u kutilmaganda qattiq kula boshlar, soʻng tomirlari tortishib faryod etar, oʻz liboslarini pora-pora qilib, yalangʻoch koʻkragiga urardi. Ochiq derazadan guvillab shamol kirib, sel uning kiyimlarini jiqqa hoʻl qildi.

Tun boʻyi boʻron pasaymadi, figʻonu nola toʻxtamadi. Men behuda pushaymon bilan qorongʻi xonalarda tentirab yurdim. Hech yerda hech kim yoʻq edi, men kimga tasalli beraman? Kim bunday musibat chekmoqda? Ajabo, bunday devonavor dilxastalikning boisi nima?

Jinni yana qichqirdi:
— Ketinglar, ketinglar! Hammasi yolgʻon, hammasi yolgʻon!

Tong yorishdi. Magar Ali ham bu dahshatli saharda har kungidek saroy atrofida chopib, odat boʻlib qolgan soʻzlarni aytib qichqirardi. Birdan mening boshimga shunday fikr kelib qoldi: ehtimol Magar Ali ham bir vaqtlar menga oʻxshash shu saroy da yashagandir va hozir, hatto aqldan ozib, oxiri bu dahshatli tosh maxluqning changalidan qutulgan esa-da, oʻzini chulgʻab olgan sehrdan ozod boʻlolmay, har kun ertalab uning oldiga keladi.

Shibbalab turgan selda men jinnining oldiga yugurdim:
— Magar Ali, nimasi yolgʻon?

U javob bermay, meni bir chetga itarib yubordi, oʻzi yovvoyi bir ovoz bilan baqirib, ilon avragan qushday saroy atrofida gir aylana boshladi. Goʻyo oʻzini himoya qilishga tirishganday, takror-takror qichqirar edi: «Ketinglar, ketinglar! Hammasi yolgʻon, hammasi yolgʻon!»

Bu shovqin-suronli saharda quyundek uchib idoraga — Karimxonning oldiga kirdim:
— Menga aytib ber, bu nima degan gap? Chol menga mana bunday hikoya qildi.

Qachonlardir bu saroyda ehtiroslar mavj urgan, qondirilmagan istaklarning alangasi yuraklarni yondirgan. Jafokash jonlarning ohu zori, qargʻishlari va bajo keltirilmagan xohishlar bu toshlarga singib, ularni shunday och va tashna holga keltirganki, ular odamzod bu yerga qadam qoʻyishi bilan uni yutib yuborishga urinadilar, bu yerda uch kun tunagan odamlardan, garchi evaziga aql-hushini yoʻqotishga toʻgʻri kelgan boʻlsa ham, salomat qolgan kishi faqat Magar Ali boʻldi.
— Nahotki menga bundan qutulishning hech iloji boʻlmasa? — soʻradim men.
— Bir chora bor, — javob berdi chol, — lekin u katta qiyinchiliklar bilan bogʻliq, men hozir uni senga aytib beraman, ammo bundan ilgari sen bu atirgul bogʻida yashagan bir eron kanizagining tarixini biluving zarur. Dunyoda bundan koʻra gʻaroyibroq, bundan koʻra qaygʻuliroq voqea yoʻq.

Shu paytda xizmatkorlar kirib, poezd yaqinlashib qoldi deb xabar qildilar. Buncha tez? Biz shoshilinch ravishda narsalarimizni bogʻlaguncha poezd keldi. Qandaydir uyqusiragan ingliz birinchi klass vagon derazasidan boʻynini choʻzib, stansiyaning nomini oʻqishga harakat qilardi. U bizning hamrohimizni koʻrib, uni oʻz vagoniga chaqirdi, bizning biletlarimiz ikkinchi klass vagonga edi. Shunday qilib, biz bu babu kim ekanini bilolmadik va hikoyaning davomini ham eshitolmadik.

Men, ehtimol u odam bizni ahmoq deb oʻylab, masxara qilmoqchi boʻlgandir, uning bizga aytgan hikoyasi boshdan-oyoq uydirmadir, deb oʻyladim.

Taqvodor doʻstim bilan biz bu masalada bir fikrga kelolmadik va umr boʻyi yuz koʻrmas boʻlib arazlashdik.

1895