OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRabindranat Tagor
Asar nomiYechilgan jumboq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bengal adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Rabindranat Tagor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Yechilgan jumboq (hikoya)
Rabindranat Tagor

I

Jirakotlik Krishnogopal Shorkar zamindorlikni va oila boshligʻi vazifasini katta oʻgʻliga topshirib, oʻzi Banorasga joʻnadi.

Viloyatning hamma kambagʻallari shu munosabat bilan hasrat-nadomatga qoldilar. Bunday olihimmat va odil bir zotni bizning davrimizda topish qiyin.

Yangi zamindor — Krishnogopalning oʻgʻli Bipinbixari esa, hozirgi zamon kishisi. U oʻqimishli, ilmiy unvoni bor, soqol qoʻygan, koʻzoynak taqib yuradi. Boshqalarga qoʻshilmaydi. Xulqi oʻzgalarga ibrat boʻlarlik — chekmaydi, qimor oʻynamaydi. Koʻrinishi yoqim-toy. Biroq juda qattiqqoʻl. Eski xoʻjayin ularga ancha mehribon edi. Yangisi esa, vaqtida toʻlanmagan bir paysani ham kechmaydi. Buning ustiga, u toʻlanmagan qarzga bir kun ham muhlat berishga rozi emas.

Bipinbixari xoʻjalik ishlarida koʻpgina nuqsonlarni topdi. Otasi braxmanlarga yer berib, ulardan soliq olmabdi. Koʻp dehqonlar ijara haqini qisman berishibdi, xolos.

«Otam juda koʻngilchan edi, — deb oʻyladi Bipinbixari. — Undan nimani soʻrashsa beravergan. Men bunga chek qoʻyaman. Birinchidan, — der edi u ishonch bilan, — yerdan kelgan daromad bilan yashab, hech ish qilmaydigan bu bekorchi xoʻjalar kimga kerak? Ularga rahm qilish — yalqovlik va takasaltanglarni ragʻbatlantirishdan boshqa narsa emas. Ikkinchidan, hozir ilgarigiga qaraganda hamma narsa qimmat, kun kechirish ogʻirroq, odamshavanda kishilarga esa yanada kattaroq talablar qoʻyilgan. Hozir oʻz obroʻyingni saqlash uchun uch-toʻrt marta ortiqroq sarf qilishga toʻgʻri keladi, pulni hovuchlab sochish, sarmoyani sovurish yaramaydi. Ilgari boy berilgan hamma narsani asta-sekin yigʻib olishga harakat qilish zarur. Bu mening burchim».

Bipin ikkilanmay oʻz burchini ado etishga kirishdi. U ijarachilardan otasi hadya qilgan mol-mulkni ham tortib oldi, tez fursatda ularda deyarli hech narsa qolmadi.

Dehqonlar oʻz ogʻir ahvollaridan shikoyat qilib, birin-ketin Banorasga xat yubora boshladilar. Ba’zilari Krishnogopalning oyoqlariga yiqilib arz-dod qilish uchun oʻzlari Banorasga bordilar.

Sobiq xoʻjayin, xoʻjalikni bu tarzda boshqarish yara-maydi, deb oʻgʻliga xat yozdi. Oʻgʻli bunga e’tiroz bildirdi. «Ilgari, — deb yozdi u otasiga, — daromad turli manbalardan kelgani uchun zamindorlar bilan ijarachilar bir-biriga yon berardilar. Yangi qonun boʻyicha esa, zamindorga faqat soliq toʻplash huquqi va uning yagona daro¬mad manbai boʻlgan ijara haqini toʻla-toʻkis yigʻib olish qolgan, xolos. Men bundan ortiq hech narsa talab qilmayman. Ijara haqidan oʻzga hech qanday daromadimiz yoʻq, agar biz xayr-saxovatga zeb bersak — xonavayron boʻlamiz. U holda mol-mulkimiz qoʻldan ketib, obroʻyimiz yer bilan yakson boʻladi».

Zamon ruhiga mos keladigan bu zayldagi jiddiy oʻzgarishlar dastlab Krishnogopalni tashvishga solib qoʻydi. Ammo u, keyincha, hozirgi zamonda qanday ish yuritishni bizdan koʻra shu zamona yoshlari yaxshi biladi, ehtimol ilgarigi ish uslubi hozirga toʻgʻri kelmas, degan fikrga keldi. «Agar men uzoqdan turib har narsaga aralasha bersam, deb oʻylardi u, — Oʻgʻlim: «Undoq boʻlsa bu ishni oʻzingiz qiling» deb qolishi mumkin. Men esa hozir bunday ishlar bilan shugʻullanishga qodir emasman».

Shu fikrga kelgach, chol qolgan umrini taot-ibodat bilan oʻtkazishga qaror qildi.

II

Bu orada Bipinbixari koʻp odamlar bilan sudlashib, da’voda ustun chiqib, hammasini oʻz foydasiga hal qil¬di. Ijarachilarning aksariyati qoʻrqib, boʻysunishga majbur boʻldi. Faqat bir kishi, Mirzo Birining oʻgʻli Ozimuddin Bishshashgina oʻjarlik qilib, boʻysunmay turib oldi.

Bipinbixarining hammadan koʻproq ana shunga gʻazabi kelardi. Agar uning otasi biror braxmanni yer soligʻidan ozod qilsa, bunisi bir nav, biroq qandaydir bir musulmonning hech qanaqa soliq toʻlamay, hosildor yerdan foydalanib kelishiga sira tushunib boʻlmaydi.

Qishloq maktabida jamoat puliga oʻqigan bu musulmon bolasi aftidan oʻzini baxtiyor sanab, hech kim bilan hisoblashmay qoʻyibdi.

Bishshash oilasi koʻpdan buyon eski xoʻjayinning iltifotidan foydalanib kelardi. Buni Bipin sobiq xizmatchilaridan bilib oldi. Lekin ular ham buning sababini bilishmasdi.

Ehtimol beva kampirning yigʻlab-siqtashlarini koʻrib qari xoʻjayinning rahmi kelgandir. Biroq musulmon farzandiga bunday imtiyoz berish Bipinga sira ham ma’qul koʻrinmadi. Chunki Bipin ularning oʻtmishda kambagʻal va muhtojlikda yashaganlarini koʻrmagan, u faqat bu oilaning farovonliginiyu sababi noma’lum gʻururini koʻrgan, xolos. Unga musulmonlar rahmdil otasini vijdonsizlarcha aldab, molu mulkining bir qismini oʻgʻirlaganday tuyulardi.

Biroq Ozimuddin ham boʻsh kelmaydigan yigit edi.
— Men oʻlishga roziman, — dedi u, — lekin oʻz huquqimdan zarracha chekinmayman!

U bilan Bipin orasida qattiq kurash boshlandi. Ozimuddinning onasi zamindor bilan olishib yurma, deb nasihat qilardi.
— Oʻshaning iltifoti bilan biz koʻpdan beri yaxshi yashab keldik, — derdi u, — bizning vazifamiz itoatkorlik. Unga bir oz yon bera qol, bolam.
— Ona, siz hech narsani tushunmaysiz, — deb e’tiroz qildi oʻgʻli.

Hamma da’volar uning zarariga hal boʻldi, biroq bu magʻlubiyat uning qaysarligini oshirdi, xolos. Ozimuddin oʻz mol-mulkini saqlab qolish uchun hamma choralarni koʻrdi.

Onasi Mirzo bibi boʻlsa, bir kuni meva-cheva, sovgʻa-salom olib, yashirin ravishda Bipin babu huzuriga keldi.

Kampir Bipinga ma’yus nazar soldi-da, yengiga astagina qoi tegizib, iltijo etdi:
— Bipin babu, siz bizning otamizsiz, ollo taolo sizni hargiz kam qilmasin. Ozimni halok qilmang. Bu ish sizga munosib emas. Men oʻgʻlimning taqdirini sizga topshiraman. Unga hali es kirmagan, yordamga muhtoj, akalik qiling. Shuncha katta davlatingizning bit zarrasiga egalik qilgani xafa boiishingizga arzimaydi.

Bu kampir Bipinning oilasiga suqilib kirishga urina-yotganday tuyuldi. Bu yuzsizlarcha harakat uning gʻazabini yanada oshirdi.
— Sen xotin kishisan, hech narsani tushunmaysan, — dedi Bipin, — agar biror narsa haqida soʻzlashish lozim boʻlsa, mening oldimga oʻgiingni yubor.

Shunday qilib Mirzo bibi oʻgʻlidan ham, begona kishidan ham bir xil gap eshitdi: «Sen hech narsani tushunmaysan». Endi unga koʻzyoshlarini artib, tangrining nomini takrorlab, uyga qaytishdan oʻzga chora qolmagan edi.

III

Ish jinoiy suddan okrug sudiga, undan oliy sudga oʻtdi. Sudlashish bir yarim yil davom etdi. Nihoyat, Ozimuddin quloqlarigacha qarzga botgach, shikoyatlar sudi ishni qisman uning foydasiga hal qildi.

Biroq u endigina yoʻlbars — zamindor changalidan xalos boʻlganda, unga timsohlar — puldorlar hujum boshladi, ya’ni payt poylab turgan sudxoʻrlar veksillarini pesh qilib, pul talab qildilar.

Qarzlarni toʻlashga qodir boʻlmagan Ozimuddinning mol-mulkini kim oshdi qilib sotish bozor kuniga — dushanbaga tayinlandi.

Bozor daryo sohilida edi. Yomgʻirlar mavsumi boʻlgani uchun daryo lim-lim toʻlib oqardi. Savdogarlar hamma joy da — qirgʻoqda, suvda, qayiqda savdo qilardilar. Hammayoqni shovqin-suron tutgandi. Dehqonlar bu oyda bozorga juda koʻp choranj yongʻogʻi va baliq keltirgan edilar.

Havoni bulut qoplagan, savdogarlar yomgʻirdan qoʻr-qib, bambuk yogʻochlaridan ayvonchalar yasab olishgan.

Ozimuddin ham oziq-ovqat olish uchun bozorga keldi. Ammo bir paysa ham puli yoʻq edi, bukun unga hech kim qarzga mol bermadi. U bolta bilan mis tovoq olib kelgan, ularni garovga qoʻyib, bir oz pul olmoqchi edi.

Bipin babu kechki paytda sayr-tomoshaga chiqdi. Bir necha muhofizlar kaltak ushlab, uni qoʻriqlab borardilar. Olomonning gʻala-gʻovuri zamindorning diqqatini jalb etdi. U bozor darvozasi oldida toʻxtab, qorovuldan, ishlaring qalay deb surishtirdi.

Oʻz dushmanini koʻrgan Ozimuddin bolta koʻtarib Bipinga tashlandi. Uni shu ondayoq qurolsizlantirib, politsiyaga topshirdilar. Bozorda esa savdo-sotiq davom etardi.

Bipin babu bu hodisadan quvonmadi deb aytish mumkin emas. Ta’qib ostida qolgan odam ta’qidchiga qoʻl koʻtardi Axloq va odobga zid boʻlgan bu xatti-harakat uchun jazo berilishi kerak. Endi u ablah oʻz qilmishiga yarasha jazosini tortadi.

Bipinning ichkari hovlisidagi xotin-xalajning qahr-gʻazabi cheksiz edi.
— Bu xaromzodaning qilmishiga qarang-a, — deyishardi ular. Ayollar ham endi Ozimuddin xoʻp jazosini tortadi-ku, deb oʻzlariga tasalli berardilar.

Tul xotinning huvillab qolgan uyi timqorongʻi edi. Uning yemoqqa hech narsasi yoʻq. Oʻgʻlining qamalishi uning uchun dunyodagi eng mudhish hodisa edi. Boshqalar bu hodisani allaqachon unutib, birov ovqat yer, birov uxlar, birov dam olar edi. Butun olamda uning oʻgʻlini himoya qilgudek biror kimsa yoʻq edi.

Ozib-toʻzigan kampir qorongʻi kulbada tanho oʻtirar, umidsizlikka tushganidan oʻz dodini kimga aytishni bilmasdi.

IV

Bir necha kun oʻtdi. Nihoyat, sud muovini ish koʻriladigan kunni tayinladi. Bipin guvohlik berishi lozim edi. Ilgari zamindorlar heeh qachon guvohlik bermaganlar. Ammo Bipin guvoh tariqasida soʻroq berishga rozi boʻldi.

Sud boʻladigan kun, Bipin taxtiravonga tushib yetib keldi. Boshida salla, koʻkrak choʻntagida uzun zanjirli soat.

Sud raisi unga alohida hurmat koʻrsatib, oʻz yoniga oʻtqizdi. Sud binosi odamga toia edi: koʻpdan buyon bunaqa dabdabali sud boʻlmagan.

Sud boshlanish oldida himoyachilaridan biri kelib Bipin babuning qulogʻiga nimanidir shivirladi. Tashvishga tushgan Bipin: «Men hozir kelaman», degancha koʻchaga chiqib ketdi.

Banan daraxti soyasida yalangoyoq va yarim yalangʻoch qari otasi kutib turgan edi. U qoʻlida tasbeh ushlab, tangri Vishnu nomini takrorlar, ozib ketgan badanidan nur chiqib turganday tuyular, nuroniy yuzlarida osoyishtalik, olijanoblik barq urardi.

Tor toza kiyimlar kiygan Bipin unga zoʻrgʻa egilib ta’zim qildi. Uning sallasi burni ustiga kelib, soati choʻntagidan tushdi. U darhol oʻzini tartibga solib, otasidan shu yerdagi advokatlar honasiga kirishni soʻradi.

Krishnogopal koʻnmay:
— Men oʻz burchimni shu yerda ado etaman, — dedi.

Bipinning xizmatchilari toʻplanganlarni nari surdilar.
— Ozimuddin ozod etilib, undan tortib olingan hamma narsalar qaytarilib berilishi lozim, — dedi Krishnogopal.

Bipin hayratda qoldi:
— Siz shuni deb Banorasdan atay keldingizmi? Nega siz ular uchun bunchalik tashvish qilasiz? — deb soʻradi.
— Oʻgʻlim, bu surishtirishingdan nima foyda chiqadi? — savolga savol bilan javob berdi chol.

Bipin magʻlubiyatni boʻyniga olmadi.
— Ota, men qancha-qancha noloyiq kishilarni olgan narsalarni qaytarishga majbur qildim, siz ularga aralashmadingaz. Nega bu musulmon bolasiga bunchalar gʻamxoʻrlik qilasiz? Endi bu ishning vaqti oʻtdi. Agar Ozimuddin ozod etilib, u hamma narsalarni qaytarib olsa, odamlar nima deydi?

Krishnogopal bir oz jim qoldi. Soʻngra qaltirab turgan panjalari bilan tez-tez tasbeh oʻgirib turib, mayin ovoz bilan gapirdi.
— Agar lozim boʻlsa, men el oldida hammasini ochiq aytaman. Ozimuddin sening ukang, mening oʻgʻlim.
— Musulmon-a?
— Shunday, oʻgʻlim.

Bipin anchagacha oʻziga kelolmadi. Nihoyat, tilga kirib:
— Bu haqda keyin gaplasharmiz, hozircha, marhamat qilib mana bu xonaga kirib turing, — dedi u.
— Yoʻq, — dedi Krishnogopal, — men hozir qaytib ketaman. Ammo sen oʻz burchingni bajarasan, deb umid qilaman.

U oʻgiining haqiga duoyi xayr qilib, butun vujudi qaltiragan holda, koʻzyoshlarini arang tutib, yoʻlga tush¬di.

Bipin nima qilishini, sudga nima deyishini bilmay qoldi. «Taqvodor odamlarning holi mana shuda, — Oʻyladi u. — Bular hammasi diniy rukunlarga e’tiborsizlik oqibati». Oʻylab-oʻylab zamindor, fe’lu atvorda ham, bilimdonlikda ham otamdan yuqoriman, degan qarorga keldi.

U sud binosiga qaytib, oriqlab majoli ketgan, ranglari boʻzday oqargan, koʻzlari yonib turgan Ozimni koʻrdi. U yirtiq va iflos kiyimda, qurolli soqchilar orasida turardi. Mana shu — uning ukasi!

Sudyaning muovini Bipinning doʻsti edi. Dabdabali sud toʻxtatildi. Ozimga hamma narsalari qaytarib berildi. ishning bu zaylda tugatilishidan hamma hayratda edi. Hech kim hech narsa tushunolmay qoldi.

Krishnogopalning qisqa muddatli kelib-ketishi haqidagi xabar tezda hammayoqqa tarqaldi. Gʻiybatchilarning labi-labiga tegmay bobillab ketdi.

Qilni qirqqa yoradigan advokatlar buning tagiga yetishdi. Bu ish bilan advokat Ramtaron ayniqsa koʻproq qiziqqan edi. U Krishnogopal hisobiga oʻqigan boʻlib, bu ishdan gumondor edi. «Agar shu tariqa sinchiklab tekshirilsa, har bir avliyoning olijanobligi zamirida bir sir borligi aniqlanadi. Mayli, oʻsha avliyolar xohlagancha tasbeh oʻgira bersinlar, bari bir ular ham mendek ablah odamlar. Farq faqat shundaki, avliyolar — riyokor, menga oʻxshaganlar — ochiqchasiga ish koʻradi», — deb oʻyladi u.

Krishnogopalning hammaga ayon olijanobligi — riyokorlik degan xulosaga kelib, Ramtaron qiyin bir muammoni yechganday boʻldi.

Bu xulosa, qaysi mantiqqa toʻgʻri keladi — bilmayman, har holda Ramtaron oʻziga malol kelib yurgan minnatdorlik yukini bir daraja yengillashtirdi. U xotirjam boʻlib qoldi.