OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRahmat Fayziy
Asar nomiChoʻlga bahor keldi (roman)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Rahmat Fayziy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Choʻlga bahor keldi (roman)
Rahmat Fayziy

«
Sevimli Manzuramga bagʻishlayman.
»

Rahim ota choʻchib uygʻondi. Charaqlab ochilib ketgan koʻzlari shiftga tikilganicha bir necha daqiqa agʻrayib turdi-da, keyin yostiqdan asta boshini koʻtardi, Yarim kecha. Tiniq osmonda suzib borayotgan toʻlin oy shu’lasi derazadan uyga yoyilib, boʻyradek joyni yoritib turibdi.

Sandalning poygak tomonida oʻrin bilan bitta boʻlib oʻgʻli Muhiddin yotibdi. Ota hayron boʻldi: «Nega bunchalik vaqtli uygʻondim-a, tush-push koʻrganim yoʻq, biron joyga bormayman, uyqu boʻlsa qochdi-ketdi. Yo tong yorishib qolganmikan-a? Yoʻgʻ-e, hali ancha bor» dedi oʻziga-oʻzi oy yorugʻiga qarab olib.

Uzoqdan shaldirab oqayotgan soyning ovozi kelib turibdi. Bu tovush kunduzlari yo quloqqa chalinmas, yo ota bunga e’tibor bermas ekan. Hozir esa baralla eshitilmoqda. Uydagi sukunatni Muhiddinning salmoqli pishillashi va yana allanimaning chikillashi buzmoqda. Rahim otaning nazarida, ikkinchisining tovushi quloqqa borgan sayin tez va aniq chalinayotganday boʻldi. «Tavba, nima ekan, supada emasmanki, chigirtka yo boshqa hasharotning ovozi boʻlsa?» Ota tovush chiqayotgan tomonga egilib, uzoq quloq soldi. Keyin koʻrpani sekin qayirdi-da, oʻng qoʻlini yerga tirab oʻrnidan turdi. Panja boʻgʻinlaridan qirsillab chiqqan tovush nazarida tokchadan chinni asbob tushib singandan boʻlib eshitildi. Ota-da, oʻgʻlining uyqusini buzgisi kelmadi, ehtiyotlik bilan oʻrnidan turmoqchi edi, boʻlmadi. Oʻz uyi, oʻz farzandi. Bemalol turaversa nima qilardi. U Muhiddinga biroz tikilib qoldi. Nihoyat, xalaqit bermaganidan koʻngli taskin topdi-da xotirjam boʻlib, oy yorugʻida baralla koʻrinib turgan kichik stol yoniga bordi. Kitob ustida yaltirab yotgan choʻntak soatiga koʻzi tushib, notanish ovozni payqadi. Soatni qulogʻiga tutdi, chiqillashi yana zoʻraydi. Ammo tikilib, necha boʻlganini bilolmadi. Sekin deraza yoniga borib tashqariga qaradi. Oʻzi oʻylaganiday, hali tong yorishishiga xiyla bor edi. Oʻrniga kelib oʻtirdi. Soat hadeb chiqillardi. Muhiddin yotgan oʻringa bir qarab qoʻydi-yu, ammo qorongʻida uning aftini koʻra olmadi. Shu payt katta oʻgʻli Najmiddin esiga tushib ketdi.

...Xuddi ana shunaqangi oydin kecha edi. Hozirgidek goʻzal emas, yulduzlar ham, oy ham gʻamgin koʻrinardi. Qor bosgan qishloq koʻchasi odamlar bilan toʻlgan, rais oʻzi minib yuradigan otni yetaklab Najmiddinning oldiga olib keldi. Jilovni unga tutqazar ekan, allanimalar dedi. Shunda Rahim ota ham, kampiri ham beixtiyor yigʻlab yuborishdi. Tong yorishay deb qolganda ular stantsiyaga keldilar, ota oʻzi bosh boʻlib vagonga chiqdi. Najmiddinni soʻnggi daf’a qattiq quchoqlab peshanasidan oʻpdi-yu, «Oy borib, omon qayt, oʻgʻlim», deganicha oʻpkasini tutolmay yigʻlab yubordi. Najmiddin frontga joʻnadi...

Rahim ota shu oʻtirganicha xayol surib ketdi. Oʻshandan buyon yetti yil oʻtibdi. Hozir boʻlganida yigirma yettiga kirar ekan. Ota qirq beshinchi yil bahorida qism komandiridan oʻgʻlining qahramonlarcha halok boʻlgani haqida olgan xatni esladi-yu, oʻzini tutib ololmadi. «Mingdan-ming roziman, oʻgʻlim. Umring qisqa ekan, nachora. Zuryod qoldirganingda ham mayli edi... Illo, oʻzingdan yaxshi ot qoldirding. Yurt uchun, xalq uchun joningni berding. Otangning yuzini yerga qaratmading...»

Oy shu’lasi uyning oʻrtasiga kelib, Muhiddin yotgan oʻrinning yarmini yoritdi. Rahim ota unga tikildi. Birdan avzoyi oʻzgarib, koʻzlari chaqnab ketdi. «Yoʻq aslo. Bittasidan ayrildim, dogʻi hali yuragimdan ketgani yoʻq. Endi bunisini hech qayoqqa yubormayman. Bir oyogʻim yerda boʻlsa, bir oyogʻim goʻrda. Muhiddin meni oʻz qoʻli bilan koʻmishi kerak. Tong otsin, toʻgʻri ijroqoʻmga, boʻlmasa raykomga borib, Nazarovning oʻziga arz qilaman...»

Otasi tushmagur-ey, zap ralati odam-da. Lop etib yonishi ham hech gapmas, pop etib oʻchishi ham. Arz qilarmishlar. Nima deb arz qilarkinlar? Yana kelib-kelib oʻsha Nazarovga-ya. «Oʻgʻlim bebosh boʻlib ketdi», deydimi? Yo «Meni tashlab ketayotipti» deydimi? Bordi-yu, shunda: «Hoy, boy boʻlgur, kuch-gʻayratingizni shu yerda koʻrsatsangiz ham boʻladi», deb xudoning zorini qilgan xotinining soʻziga kirmay, katta qurilishga joʻnaganini Nazarov yuziga solsa-chi. Unda nima boʻladi? Juda yuziga solmaganida ham: «Qarang, oʻgʻlingiz otasiga oʻxshabdi-qoʻyibdi-da, a?!»—deb gʻalati kulish qilsa-chi? Nazarovning shunaqa odati bor-ku, axir, shartta gapirib, uyaltirmaydi-yu, askiyaga oʻxshatib, tagli gap qiladi-da, ketidan gʻalati kulib qoʻyadi. «Yoʻq, nima desa desiy, qattiq turib talab qilaman...»— dedi oʻzicha Rahim ota. Bu gal u hadeganda pop etib oʻcha qolmadi. Borgan sayin alangalanardi. Agar yonida oʻgʻli uxlab yotmaganida, alanga ichidan yonayotgan palyonlarning charsillayotgani, oʻtning guvullagan nafasi eshitilar, buruqsagan tutunning koʻzni yoshlatadigan achchigʻi sezilardi. Oʻgʻlining uyqu xalovatini buzmayin deb, bularning hammasini ichiga yutib oʻtiribdi ota.

Uzoq oʻtirdi. Otaga atayin koʻrsatmoqchi boʻlganday sandal ustidan sayrga chiqqan oy bamaylixotir yoʻl bosib, Muhiddin yotgan oʻrinning yostigʻigacha bordi. Oyning bu safarini diqqat bilan kuzatib oʻtirgan Rahim ota qarasa, oy hozir yostiqdan oʻtib, devorga koʻtariladi, keyin uyni qorongʻilik bosadi. Shuni kutib oʻtirmay dedimi, irgʻib oʻrnidan turib, tashqariga chiqib ketdi...

Rayon ijroiya komitetining raisi uch kundan beri qishloqda ekan, Rahim ota oʻylab-netib turmay, toʻgʻri raykom partiya binosiga kirib bordi.

Raykom sekretarining qabulxonasida sekretar qizdan boshqa hech kim yoʻq. Rahim ota u bilan soʻrashib boʻlib, ichkari kirmoqchi edi, qiz toʻxtatdi, bir oz kutib turishini aytdi. Rahim ota yumshoq kresloga oʻtirib, qoʻllarini hassasining dastasiga ustma-ust qoʻyganicha nimadan gap boshlashini oʻylab ketdi. Nimani xayoliga keltirmasin, bari bir hayajon bosib, fikrlari chuvalashib ketardi. Aksiga mashinkaning chiqillashini ayting. Otaning haddi sigʻsa «qizim, bir nafas toʻxtating», der edi. Ishqilib, birov kirib qolib, gapi chala qolmasin-da, Rahim ota shuni oʻylab oʻtiribdi.

Qoʻngʻiroq chalinib, sekretar qiz ichkari kirdi. Oradan bir oz oʻtgach, qoʻlida ikki varaq qogʻoz koʻtarib chiqib, mashinka yoniga oʻtirayotganida, kabinet eshigi ochilib, Nazarovning oʻzi chiqib qoldi.
— Ie, ie, otaxon kelibdilar-ku, aesalomu-alaykum,— deya qoʻllarini yozib, unga yaqinlashdi Nazarov.— Qalay, bardammisiz, tetikmisiz?—qariyaning qoʻlini ikki kafti orasida siqib turgancha, kulib yuzlariga tikildi. Uning shunaqa odati bor. Mana shunday jilmayib turib, odamning yuziga tikildimi, boʻldi, ichidagini bilib olardi. Hech boʻlmaganda yuragidagi dardi xushlikdanmi yo noxushlikdanmi, shunisini ajratardi. — Qayoqdan kun chiqdi? Siz ham kelar ekansiz-ku, biz tomonlarga?

Nazarovning koʻngilni togʻdek koʻtaradigan bu ginaxonligi lovillab turgan olovni pop etib oʻchirmagan boʻlsa hamki, ustidan bir chelak suvni shakarob qilib yubordi. Bir-ikkita chala choʻgʻlar yiltillab turibdi. Qayta alanga olarmikin, yana bilib boʻlmaydi.
— Sizning oldingizga kelmay, qayoqqa borardik, uka.
— Yashang-e, Rahim ota, qani, marhamat, ichkari kiraylik,— dedi-da, Nazarov sekretar qizga qaradi,— otamni kuttirib qoʻyibsiz-da, bir ogʻiz aytmabsiz ham... Kolxozdan keladiganlar haqida oʻsha zahotiyoq meni xabardor qiling, unutmang...

Sekretar qiz oʻngʻaysizlanib, bir nima demoqchi boʻldi-yu, gapirolmay qoldi, ular ichkari kirib ketishgandi.
— Obbo, Rahim ota-e,— deya yumshoq kresloga oʻtqazdi uni Nazarov,— zap kepsiz-da.
— Bir koʻray dedim, bir tomoni...
— Juda yaxshi qilibsiz-da. Mana shunaqangi eshikdan kirib kelib, yoʻqlab tursangiz xursand boʻlaman, haqingizga duo qilaman,— dedi-da, xoxolab kulib yubordi Nazarov,— bizdaqalarning duosini olganlar asti kam boʻlmaydi,— qoʻshib qoʻydi kulgi aralash.

Rahim ota hayron boʻlganicha, agʻrayib turardi. Kulib kulayotganga, xafa boʻlib xafa boʻlayotganga oʻxshamasdi. «Nimalar deyapti sekretar oʻzi? Meni mazax qilayotiptimi yo... Duo qilaman degani nimasi? Tagʻin kuladi-ya. Hech shu tagli gapi qolmadi-da...»
— Hayron boʻldingiz-a. Keling, aytib beray, sakson uchga kirgan amakimiz borlar. Shaharda turadilar. Shu desangiz, xizmatdan qoʻl boʻshab, vaqti-bevaqt borib koʻrolmayman. Keliningiz, bolalar borib turishadi-ku, oʻzim kamdan-kam yoʻqlayman. Mening oʻrnimga, amakimning oʻzlari kelib turadilar. Xijolat boʻlaman. Uzr soʻrayman. Xizmatni roʻkach qilaman. Shunday deyaversam, amakim siltab tashlaydilar: «Bolam, meni sendan ginaxonligim yoʻq. Bilaman, yurtning ishi boshingdaligini. Omon boʻlgin, bolam...»—deya menga tasalli beradilar. Shu-shu, har kelganlarida xijolat chekib, uzr soʻrash oʻrniga, hazillashadigan boʻldim. Bunga amakim ham oʻrganib qolganlar. Gaplarim juda yoqadi, oppoq soqollarini selkillatib kuladilar, juda zavq bilan kuladilar: «Oʻzim ham qariganda duoingni olib qolay deb kelaman», deydilar-da, keliningiz, oʻgʻil-qizlarni kuldiradilar.
— E, ha, mundoq deng,— yorishdi Rahim ota,— endi tushundim. Mana biz ham duoingizni olgani keldik-da, uka.
— Juda yaxshi qilgansiz-da,— dedi Nazarov hamsuhbatining qalbiga yoʻl topganidan mamnun boʻlib,— qani, xoʻsh, otaxon, nima gaplar?

Rahim ota bir oz oʻngʻaysizlandi, salmoqlab soʻzlay boshladi:
— Oʻzingizga ma’lum... katta oʻgʻlimiz Najmiddin...

Nazarov otaning avzoyi oʻzgarganini sezib, uni yupatishga urindi.
— Xafa boʻlmang, jang qurbonsiz boʻlmaydi, lekin azamat yigit edi.
— Oʻtgan yili kampirdan ham ayrildik. Hozir bittayu bitta suyanchigʻim mana shu Muhiddin. Baraka topkur, uka Nazarov, sizdan soʻrovim shuki, keksayib qolganimda shu oʻgʻlim bagrimda boʻlsin, koʻzim ochigʻida bir boshini ikki qilib qoʻyay.

Nazarov boshini stolga engashtirib, chakkasini ushlaganicha otaning soʻzini diqqat bilan tingladi. Ammo nima demoqchi boʻlganiga yaxshi tushunolmadi.
— Ie, oldingizda boʻlmay, qayoqqa borardi?
— Axir Mirzachoʻlga yuborayotgan emishsizlar-ku,
— Kim yuborayotgan emish?
— Raykom dedi-ku.

Nazarov voqeaga tushundi-da, kulib qoʻydi. Choynakdagi oxirgi choyni quyib, otaga uzatdi.
— Mirzachoʻlga borish majburiy emas, Rahim ota. Har kimning oʻz xohishi.
— Ha-ha, hali shunday deng. Oʻzboshimchalik qilib, meni aldabdi-da, tirrancha,— ota asabiylashdi, bir zum sokolini tutamlab turdi-da, bir narsa esiga tushganday Nazarovga qaradi,— hay, uka, aybga sanamang, keksalik-da, gapning tagiga tushunmay oldingizga kelib sizni ham ishdan qoʻydim,— ota qoʻzgʻalmoqchi boʻldi.
— Yoʻq, Rahim ota, oʻtiring, siz bilan suhbatlashish ham muhim ishlardan hisoblanadi.— Nazarov papiros yondirdi va gapini boshqa tomonga burdy,— ancha keksayib qolibsiz-a, Rahim ota, qanchaga bordingiz?
— Oltmish oltiga qadam qoʻydim.
— Shunday deng, endi ishlamay dam olib yotsangiz ham boʻlar ekan.

Rahim ota tushunolmadi. «Oʻgʻlimni yubormayman deganimdan, boqadigan hech kimim yoʻq, qiynalaman deyapti, deb oʻyladi shekilli», degan fikr oʻtdi koʻnglidan.
— Roʻzgʻor tashvishi deb ishlayotganim yoʻq, uka, hali oʻnta oʻgʻil-qizni boqishga qurbim yetadi.
— Bilaman. Dam oling deyapman-da, otaxon.
— Uka, men tushunolmay qoldim-ku. Nima, keksalarning ishlashga haqqi yoʻqmi,— ota bir oz tezlashdi, qonuniy haq-huquqini da’vo qilayotganday dadil gapira boshladi,— hali ham ikki kishining yukini koʻtarishga qodirman... Siz dam oling, deysiz. Bilgan kishiga, hozirgi zamonda mehnat qilish — dam olish degan gap. Men sizga aytsam, mehnat ogʻir emas, mehnatning zoe ketgani ogʻir. Mehnat — rohat deydilar. Bu gap yangi emas, eski zamonlardan boru, ammo oʻz qadrini endi topdi. Nima uchun, kim uchun mehnat qilayotganingni bilsang bundan yaxshi rohat bormi dunyoda!

Nazarov qoʻllarini orqasiga qilib kabinetning u boshidan-bu boshiga yurar, Rahim otaning gaplarini zavqlanib eshitardi, oʻtgan yili rayon kolxozchilarining slyotida «Ota, siz ham chiqib soʻzlang, zvenoning qanday qilib yuqori hosil yetishtirganini aytib bering», deganida, «Uka, shu tashvishdan meni xoliroq qoʻying, va’z aytishga til kelishmaydi», degan edi. Hozirgi gaplari Nazarovni hayratda qoldirdi. U, oʻzicha: «Ommaga oʻrgat, undan oʻrgan!» — deb takrorladi-da, stol yoniga kelib oʻtirdi.

Uning hozirgi avzoyi boyagi xushchaqchaq holatiga sira oʻxshamasdi. Qarashlari jiddiy, sal qovogʻi solingan, diqqat-e’tibori qariyaning gaplarida... Taxmini toʻgʻri chiqdi. Otaning dardi bor. Ammo toʻgʻri yoʻlga solib yuborilsa, dardga shu yerning oʻzidayoq davo topiladi-qoladi. Topilganda ham otaning oʻzidan topiladiganga oʻxshab turibdi.
— Shunday qilib, halol mehnat bilan badavlat turmush kechirish, qishloqni obod qilish oʻzi katta rohat deysiz-da? Toʻgʻri aytdingiz Rahim ota. Shunisi ham borki, biz qishloqlarni obod qilish bilan xotirjam boʻlib qolishimiz yaramaydi. Hali mamlakatimizda bekor yotgan yerlar ozmuncha emas. Oʻshalarni ham obod qilishimiz kerak. Boya oʻzingiz aytgan Mirzachoʻlni bilareiz-a?
— Ie, bilmay-chi, Farhodda salkam bir yil ishladik-ku.

Nazarov miyigʻida kulib qoʻydi. U xuddi kalavaning uchini topganday, yana soʻradi:
— Rahim ota, Farhodga sizni kim yuborgan edi? Ota bir oz oʻylanib javob qildi:
— Uka, u yogʻini asti soʻramang. Meni keksa deb yuborishmagan. Rais bilan achchiq-tiziqqa ham borib qolganmiz. Axir mamlakatda shunday ulugʻ ish olib borilayotgan bir paytda undan chetda qolib boʻlarmidi? Oxiri, ishlayotganlarga oziq-ovqat ortib, oʻzim bordim. Qoʻlimizdan kelganicha bir yil ishladik.

Nazarov: «Najmiddinni frontga oʻz qoʻlingiz bilan uzatganingiz, dushmanni yengmaguncha qaytma, deb nasihat qrtlganingiz ham esingizdami?»— deb soʻramoqchi boʻldi-yu, otaning yarasini yangilagisi kelmadi.
— Ana shu siz koʻrgan choʻlning juda koʻp qismi necha-necha yillardan beri bekor yotibdi.
— Ha, juda ham azim choʻl, uni oʻzlashtirish uchun ozmuncha kuch kerak emas-da, Esimda bor, yoshligimizda gapirib yurishar edi. Bu choʻlga zolimning zamonasida koʻp unnab koʻrishgan, bari bir hech natija chiqmagan. Sababi, boya men aytganday, suv chiqarilganda ham peshona teri toʻkib, ariq qazigan bechora dehqonlarga foydasi tegmas edi-da.
— Toʻgʻri, choʻlni obod qilishga koʻp kuch kerak. Ammo Sirdaryoning suvini boʻgʻib, boshqa tomonga okizib yuborgan siz bilan bizlarmi axir?

Ota oʻylanib qoldi. Oltmish ming kishining Farhod GESga chiqib ishlagani koʻz oldiga keldi, Oʻylab qarasa, shu yoshga kelib bunaqayagi azamat qurilishni sira koʻrmagan ekan.

— Darvoqe, juda katta ish qilindi,— dedi ota,— xalq oʻz mehnatidan bahramand boʻlishga ishonsa, bir niyatni koʻzlasa, hamjihat boʻlib bir yoqadan bosh chiqarsa, bundan kuchli narsa boʻlmaydi. Axir shunday ogʻir urush paytida Farhod qurildi-ya...