OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRahmat Fayziy
Asar nomiHazrati inson (roman)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Rahmat Fayziy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Hazrati inson (roman)
Rahmat Fayziy

Birinchi Bob

Mehrinisa eri idoraga borib kelaman, deb chiqib ketgach, dasturxonni yigʻib, samovarning kulini qoqdi, suv toʻldirib, olovini yangiladi. Eri koʻchadan kelguncha yengil-elpi kirlarini yuvib olmoqchi boʻldi. Aksiga olib, ertalab limmo-lim oqayotgan suv tinib qolibdi, ariqning takkinasida jildirab yotibdi. Kecha kechqurun, loaqal azonda chelaklarga toʻldirib olmaganiga achindi. Zahri sinib, tinib turardi. Mehrinisa shularni koʻnglidan oʻtkazib, ikkita chelakni hovuzcha labiga olib bordi. Zndi yogʻlogʻi bilan toʻldira boshlaganida, eshikdan Iqbol satang kirib keldi.
— Kuyov bola yoʻqlarmi deyman, taq-tuqlari eshitilmaydi,— deganicha ikki qoʻlini choʻzib, Mehrinisaga yaqinlashdi, — bir dam olsin debdilarda-a?

Mehrinisa yogʻlogʻini qoʻyib, malul-xotirlik bilan oʻrnidan turarkan, «Kap-katta boʻlsayam bachkanaligi qolmadi-da, «kuyov bola»ga balo bormi», deya ensasi qotib, gʻijindi-yu, koʻzi koʻziga tushib, shu lahzadayoq chehrasi yorishib ketdi. Iqbol satangning koʻzlarida sehri bor, bir qaragan odamini rom qilib oladi, deyishardi xotinlar. Mehrinisa bunga ishonmasdi, Shu rost ekanmi, hozir koʻrisha turib, oʻzi ham shunday holga tushdi, bachkana qiligʻini ham unutdi, dilgirligi ham yozilganday boʻldi. Qaysi bir yiliyam bir toʻyda maqtab gapirgan gaplari esiga tushib ketdi.
— Huzur-huzur sizniki-da, Mehrinisa,— derdi Iqbol satang uni quchogʻidan qoʻyib yubormay, — baliqdaysiz a, baliqday. Tup tup, qoʻrqmang, koʻzimda xolim yoʻq, qoqindiq.
— Qoʻying, opa, shu gaplarni. Xotin kishi oʻttizdan oshdi oʻtin boʻladi.
— Oho, siz oʻtin boʻlgandayam shunaqangi oʻtinsizki, olovingizga hali toʻrtta Mahkamvoy yonadi-ya, girgitton.

Chindan ham Mehrinisa ellikka yaqinlashgan boʻlishiga qaramay, oʻzini oldirmagan, yosh juvonlardek baquvvat, tetik edi. Oʻrta boʻy, toʻlaligi saxti sumbatiga judayam yarashgan, agar sal et qoʻysa yoki tashlasa qomatining bu xushsuratligiga putur yetguday. Hayot tirnogʻi hali peshanasiga chiziqlar tortib ulgurmagan, tortmoqchi boʻlgandayam kuchi yetmagan boʻlsa kerakki, qovoqlarini uyib, xomush boʻlib turgan paytlarida razm solgan kishi ingichka ipning bilinar-bilinmas oʻrnini payqab qoladi. Qoshlaridan hamisha oʻsma arimaganidanmi yo asli oʻzi shundaymi, unchalik quyuq boʻlmasa hamki, terib qoʻygandek, terganda ham bironta tolasi chiziqdan chiqmaydi, tekis. Koʻzlari hamisha yoshlarnikidek tiyrak, kulib turadi. Kulganida ikki yuzining kulchasidagi kulgichlari tagʻinam chuqurlashib, chap yuzining pastidagi yarim palla moshdek xolini bekitib yuboradi. Koʻkrak burma koʻylak qopga oʻxshaydi deyishgani bekor ekan. Sumbatiga qararkan. Saxti sumbati kelishgan juvon shu koʻylakda ham manaman deb turarkan. Uyga ham, toʻy-hashamlarga ham shu koʻkrak burmani kiyar, boshqasini yoqtirmasdi. Oʻsma qoʻyishdan boshqa pardozni bilmagan Mehrinisani atlas koʻylak, pochasi jiyakli lozim, amirkon kavushda koʻrgan qari ham, yosh ham havas bilan unga suqlanib tikilardi. Kampirlar darrov kimning kelini ekanligini surishtira boshlashardi. Necha-necha toʻyda, hatto azada ham oʻz qulogʻi bilan eshitgan u buni. Koshki kimligini surishtirib qoʻyisha qolsa, darrov nechta bolasi borligidan gap ochishardi. Befarzandligini eshitib, achinib rahmi kelganlar ham boʻlardi, savlatiga hasad bilan tikilib, achitganlar ham. Biri: «Gulday juvon-a, shundoq oʻtayotibdi deng, shoʻrlik» desa, biri: «Gʻoz yurib, sanab qadam bosishi toʻlgʻoq yemaganidan-da», derdi. Mehrinisa bunday paytlarda eshitib-eshitmaslikka olardi-da, sekin bir chekkaga chiqib turaverardi.

Qaysi bir toʻyda ham oshxonada ovqat suzayotgan ayol allakimga: «Hoy, onavi Mahkam taqachining xotinimi shu, bola koʻrmay oʻtayotibdi deng?» deganini eshitib qolib oʻzini tutolmadi, hovli chekkasiga borib, yigʻlab turganida Iqbol satang payqab qolib, yoniga keldi, yupata boshladi:
— Hoy, manga qara, elama ularning gapini, ogʻziga kuchi yetmaganlar valdirayveradi-da, bo xudo, koʻz yoshlaringdan aylansin, qoʻy yigʻlama. Bilasanmi, unaqalarga boʻsh kelsang, battar gapiraveradi. Boʻsh kelma. Oldilaridan besh kunlik kelinchakdek mana bunday chimirilib, tamanno bilan oʻtsang, ogʻzi yumiladi, qoladi.

Iqbol satang Mehrinisani kuldirdi-yu, koʻngli joyiga tushib oshxonaga ketdi. Mana shu yupatgani sira esidan chiqmasdi.

Iqbol satang Mehrinisaning bir narsasini — eri bilan doʻkonxonada bab-baravar ishlashini yoqtirardi. Uning bardamligi, chaqqonligi, oʻzini oldirmay ochilib-sochilib, bir husniga oʻn husn qoʻshilib yurishini tugʻmaganligidan ham koʻra shu mehnatdan deb bilardi. U oʻzidan qiyos qilardi. Esini tanibdiki, tinmaydi. Ogʻir-engil demay mehnat qiladi. Bir lahza qoʻl qovushtirib turolmaydi. Shu vajdandirki, oltmishdan oshgan boʻlsayam, charchashni bilmaydi, hamisha quvnoq, yuzlaridan xanda arimaydi.

Iqbol satangning hozirgi gaplari oʻsha toʻyda koʻngli oʻksib turganidagi mehribonligini eslatdi.
— Voy, nima qilib turibmiz, esim qursin, opa, bu yoqqa chiqing,— dedi Mehrinisa ayvonga taklif qilib.
— Yoʻq, girgitton, oʻtirib qolaman. Hoy, opangizning oʻgʻli eson-omon yuribdimi? Shu yerdami?

Koʻrpacha solmoqchi boʻlib turgan Mehrinisa bir xil boʻlib ketdi. Iqbol satang undan, «Oʻgʻlingiz eson-omonmi? » deb soʻraganday boʻldi.
— Huvillagan hovlida nima qilardi. Shu yerda,— dedi xomush.

Mehrinisaning ruhiya-holatini darrov payqab olgan ziyrak Iqbol satang: «Nechuk urushga joʻnamadi, deb tushundiyov gapimni», deya koʻnglidan oʻtkazdi-da, ortiqcha choʻzmadi.
— Ha, boshi omon boʻlsin.
— Aytganingiz kelsin, opa,— Mehrinisa buni ham «oʻzingga buyursin», degan ma’noda tushundi,— qani, birpas bu yoqqa chiqing, hozir samovarim qaynaydi.
— Ovora boʻlmang, girgitton, anavi Zohidanikiga borib kelsakmikin devdim. Yaxshi, boʻsh ekansiz.
— Voy, charlari boʻlib qoldimi?
— Charlari deysizmi? Hali xabaringiz yoʻqmi, charlar sigʻarmidi koʻngliga, aylanay.
— Nima devotsiz? Tinchlikmi oʻzi?
— Oʻgʻli ketadigan boʻlib qoldi-ku.
— Voy shoʻrlik. Yosh kelinchakni tashlab-a?
— Iloji qancha. Bu ham boʻlsa yoshlarning shoʻri-da, aylanay.
— Bunaqa ekan, uylanmay tursa boʻlmasmidi?
— Shuni aytaman-da. Uyamas, buyamas, peshana, aylanay, bitilgani boʻlmay qolmaydi. Bir chekkasi, girgitton, qizdan ham sal oʻtibdi, ha. Men siz deb aytvotman, bilaman, ogʻzingiz mahkam. Oʻzim-ku, umrimda yomon koʻrganim gap tashishlik.
— Aytavering, opa. Bunaqa odatim yoʻqligini bilasiz-ku.
— Bilaman, bilaman, qoqindiq. Qiz degan narsa sal andishali boʻlgani yaxshi-da. Ketib qolsangiz, mendan ayrilasiz, deb boʻyniga osilib olgan ekan-da.
— Voy oʻlmasam,— Mehrinisa ikki kaftini yuzlariga qoʻydi,— hali shunaqa deng. Ilgari gaplashib yurisharkanda, bundan chiqdi?— Mehrinisa shunday dedi-yu, Saltanatni koʻz oldiga keltirdi.
— Gaplashishganda qandoq. Obidjonni oʻziga isitib, bosh-koʻzini aylantirib olgan ekan-da.
— Isitib deysizmi? Qiz boshi bilan-a?
— Ha, voy. Issiq-sovuq deyapman-ku. Soddasiz-a, aylanay, borib turgan soddasiz.
— Qayoqdan bilay, opa, eshitamanu, nimaligini bilmayman.
— Anuv Qashqar mahallada nafasi oʻtkir juhud domla bor ekan. Oʻshanga borib isitib kepti. Oʻz qulogʻim bilan eshitdim. Oʻzigayam ozmuncha pul ketmabdi.

«Saltanat bunaqa narsalarni bilmaydi, shekilli?» degan xayol olib qochdi Mehrinisani.
— Shu rostmikan-a, opa?
— Voy, oʻz qulogʻim bilan eshitdim devotmanu. Tagʻin, girgitton, Zohidaning qulogʻiga yeta koʻrmasin-a. Baloga qolaman.
— Esimni yebmanmi, opa, Tavba. Qiz narsa shularni eplaganini qarang.
— Pul nimalarni qilmaydi. Popopdan topgan pullari shunga ketibdi-da. Mana, epladi, oldi.
— Biron nima yedirganmi yo ichirganmi, opa?
— Voy Mehrinisa-ey, shuniyam bilmaysizmi, soddasiz, soddasiz. Birovning ostonasi tagiga amal koʻmib ketadi, birovning soch tolasini olib iskatadi, birovning kiyimini. Bu qizi tushmagurning ustomonligini qarang. Bitta dona haligi shokoladli konfetni isittirib olibdi-da, uchrashganida, aldab turib, Obidjonning ogʻziga solibdi. Yigit narsa jon deb ogʻzini ochganu, tuzoqqa ilinganini bilmay qolgan.
— Koʻrib turganday gapirasiz-a, opa.
— Bilaman-da, aylanay. Shuniyam bilmasam nima qilib Iqbol satang boʻlib yuribman. Illo, oʻzim ikki qiz chiqarib, shunaqa narsaning koʻchasiga kirmabman-a. Oʻzingga shukur.

Mehrinisa avvaliga: «Boʻlsa bordir, bir-birinn sevgandan keyin ochiqroq gaplashgan, toʻyni tezlashtirishini aytgan boʻlsa, aybmi?» deb qizni oqlab oʻtirgan edi, issiq-sovuq qilganini eshitib, agʻrayib qoldi. Bunga ishonishni ham, ishonmasligini ham bilmasdi. Nahotki kap-katta, yurtda yurgan odam yolgʻon gapirsa?
— Tavba,— dedi u ogʻir uh tortib,— dunyoda bunaqa ishlar ham boʻlarkan?
— Shuning uchun aytaman-da, koʻpam noshukurlik qilavermang deb, qoqindiq, bola deganning shunaqa tashvishlari ham boʻladi, ha shukur qiling, oʻzingiz xon, koʻlankangiz maydonsiz, yomonmi? Voy, gapam oʻlsin, allavaqt boʻldi-ya, qani boʻla qoling.
— Opa, axir mani bilasiz-ku.
— Hech aybi yoʻq. Azador boʻlsangiz ham birrov borib koʻngil soʻrab kelishingiz lozim, tasadduq,— dedi nasihatomiz qoʻllarini paxsa qilib dasturxonchi.
— Mayliz, qoʻsqimni tashlay boʻlmasa,— dedi itoatkorona Mehrinisa va kiyina boshladi.

Iqbol satang hovlidagi daraxtlarga birpas tikilib turdi-da, keyin ariqning narigi tomoniga oʻtdi. Olmadan bittasini uzib «Yeginam demaysiz-a», deya piching qildi. Bu bilan u: «Topilmaydigan juvonsanu, qurumsoqliging borda», degan ma’noni anglatmoqchi edi. Mehrinisa uning bu gapini eshitmadi, uyga kirib ketdi. Iqbol satang yoʻgʻon oziq tishlari oʻrnidan ariqcha qoldirib, qirmizak olmadan tishladi, ogʻzi burushib, bir seskanib oldi. Hasad bilanmi, xavasi kelibmi, daraxtdagi olmalarga tikildi, keyin endi koʻrayotgandek hovli sahnini koʻzdan kechirdi. Hamma yoq chinnimohdek. Shuncha daraxtu, tagida bitta barg koʻrinmaydi. «Pesh tushganini pesh olib turadimi deyman,— Oʻylay ketdi u,— qachon qarasang, hovlisi yogʻ tomsa yalagudek. Saranjom-sarishtaligi-chi. Hammasi saltisvoyligidan. Etagidan boshqa ogʻirligi bormi. Fe’li torligiyam shundan boʻlsa kerak. Shuncha yil dasturxonchilik qilib, shu hovlida toʻy tugul kichikroq bir yigʻin boʻlganini bilmasam-a. Nomus kuchlilik qilib, roʻzada iftorlik qildiradi. Shungayam hushiga yoqqan bir-ikkita qoʻshnini chaqiradi. Muncha titrab-qaqshamasa. Tavba: Dunyodan nima olib ketarkin?»

Iqbol satang mahalladagi har bir xonadonga necha marta toʻy qilgani-yu, kimlarga qanday sarupolar qoʻyilgani, tortilgan toʻqqiz-toʻqqizga qarab baho berardi. Qiz chiqarib, kelin tushiradigan xonadonda-ku, necha kunlar girdikapalak boʻlib yurar, oldi-soldiga oʻzi boshchilik qilib, sarupo kiymaguncha koʻngli oʻrniga tushmasdi. Qiz bilan yigitning bir-biriga koʻngli bormi, munosibmi, toʻy qilishga qudalarning qurbilari yetadimi, yoʻqmi, tushgan kelin, uzatilgan qiz tinib-tinchib ketadimi, yoʻqmi, bu bilan uning ishi boʻlmasdi. Toʻyning bosh-qoshida boʻlsa, sarupo kiysa bas. «Bu dunyodan olib ketadiganim shu. Ikki yoshni qovushtirishdan katta savob bormi», derdi ikki gapning birida. Yurt boshiga tushgan kulfat toʻy-hashamlarni ham toʻxtatib qoʻydi. Kimning koʻngliga toʻy sigʻardi shu kunlarda. Iqbol satangning yurishi kamayib, topishining tayini qolmadi.

Urush boshlangandan buyon mahallada boʻlgan toʻy Zohidaning kelin tushirishi boʻldi. Bu ham Iqbol satangning zoʻri bilan qilindi, «Bo xudo, koʻrganingiz qoladi, Zohidabonu, qoʻlingizda borida qilavering», deb dalda berdi. Keyin xoli topib qiz bilan gaplashdi, «Salimaoy, boʻylaringga qoqindiq,— qizning yelkasiga qoʻlini qoʻyib, boshini siladi,— seni koʻrsam, oyingni koʻrganday boʻlaman,— koʻziga yosh oldi Iqbol satang,— rahmatlik qizimni uzatib kuyov koʻrsam diy-diy armoni ichida ketdi, niyatiga yetolmadi. Egachimning arvohini xushnud qilay. Oʻzim bosh boʻlib uzatay, dadang ham bir nima demaydi, menga... Onang-ku, tavba qildim deb gapiray, qutulganiga shukur qiladi. Bilaman, siqilasan, kun bermaydi u, oʻgay oʻgayligini qiladi-da, bolam. Obidjonga ayt, toʻyni tezlashtirsin», deganida Obidjonning nomini eshitib, Salima bir choʻchib tushdi. Oʻrtalaridagi sirdan dasturxonchining xabardorligidan hayron boʻldi, oʻzini bilmaslikka olib, talmovsiradi. «Nima deyapsiz, xola, Obidjoningiz kim?» dedi. «Ey, bolam-ey, bolam-ey, meni hech narsani bilmaydi, deb oʻylaysan shekilli, hammasidan boxabarman. Koʻngling oʻshanda, u ham seni jonidan yaxshi koʻradi. Oʻziyam yigitmisan, yigit-da. Qoʻldan chiqarma. Hammasi oʻzingga bogʻliq. Ayt, toʻyni jadallatsin», deya Salimani bagʻriga bosdi. «Qaysi yuz bilan aytaman, xola? - dedi oʻychan koʻzlarini yerga tikib Salima. «Voy, koʻngil qoʻyganing bekor ekan-da, shu gapni aytolmasang. Ertaga shartta urushga ketib qolsa nima qilasan. Harna koʻrganing gʻanimat. Ajabmas, seni deb qolib ketsa...»

Oradan sal oʻtmay Obidjon bilan Salimaning toʻylari boʻldi. Iqbol satang niyatiga yetib, oʻzi bosh boʻlib, ikki yoshni qovushtirib qoʻyganiga ikki haftadan oshdi. Bugun Obidjon frontga joʻnaydigan boʻlib qoldi. Toʻylarida bosh boʻlgan Iqbol satang endi hijron koʻchasiga kirayotgan yosh kelin-kuyovdan koʻngil soʻramoqchi, Obidjonni kuzatgani chiqmoqchi.
— Hoy, Tojixonniyam aytaymi,— dedi Iqbol satang Mehrinisa kiyinib chiqishi bilan devor tomonga ishora qilib,— eri joʻnaydigan kuni Zohida yelib-yugurib xizmat qilgandi. Eshitsa, gina qilib yurmasin,— u boʻynini choʻzib, oʻzi chaqirmoqchiday qoʻshni hovliga qarab qoʻydi.
— Rost aytasiz, opa, hozir chaqiraman,— dedi Mehrinisa. U ayvondan tushib, devor tagiga bordi, qiyshayib turgan kursiga chiqib chaqirdi. Tojixon kiyinib chiqadigan boʻldi.

Ular Zohidanikiga borishganda, qoʻni-qoʻshnilar toʻplanishgan, Zohidaning oʻzi boʻgʻirsoq pishirish bilan ovora edi. Ayvonning bir chekkasida patir yasayotgan kelin mehmonlarni koʻrishi bilan, unli qoʻllarini qoqib irgʻib oʻrnidan turdi, hovli yuziga tushib, ularga salom berdi, koʻrishib boʻlishgach, ohista ayvonga chiqib, chaqqonlik bilan yangi koʻrpacha yozdi, iliq tabassum bilan ularni oʻtirishga taklif kildi.
— Omin,— dedi poygakka oʻtirgan Iqbol satang qoʻllarini ochib,— Obidjon oy borib, omon kelsin!

Kelin salom berayotganida Mehrinisaning yuragi shir etib ketganicha, oʻzini bosolmas, undan koʻz uzolmasdi. «Nahotki shu qizdan shuncha ishlar kelsa?..» deb koʻnglidan oʻtkazib turganida, tik turib choy uzatayotgan Salima oldiga keldi. Boyagidek tabassum bilan piyola uzatdi.
— Rahmat, bolam, koʻp yashang,— dedi Mehrinisa kelinning qoʻlidan choy ola turib,— siz bemalol xamiringizga qarayvering, oʻzimiz quyib, ichib oʻtiramiz.

Shundan keyingina Salima ohista supra yoniga borib, tiz choʻkdi.

Mehrinisa unga tikilgancha oʻtirardi. Kelinning qovoqlari qizargan, shirmoyi yuzlari sal siniqqanligini aytmaganda, oʻzini tetik tutar, ora-sira mehmonlarga yer ostidan ziyrak qarab qoʻyar, boshiga tushayotgan hijron azobini sezdirmaslikka harakat qilardi. Uning epchillik bilan zuvala yoyib, patir yasashi, oʻrtasiga chakich, chekkasiga kalit urishi, xinali nozik barmoqlari bilan chimchilab-chimchilab gardishiga kungira solishi, erini frontgamas, kurortga kuzatayotgan kelinchakning harakatlariga oʻxshardi.