OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Rahmat Fayziy. Ona (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRahmat Fayziy
Asar nomiOna (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Rahmat Fayziy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ona (hikoya)
Rahmat Fayziy

Pochtalon xuddi oʻz uyiga kirayotgandek bemalol darvozani ochdi-da, toʻgʻri hovli sahnida turgan stol yoniga bordi. Yelkasidan sumkasini olmagan ham ediki, rovonda dars tayyorlab oʻtirgan bolalar oldinma-ketin yugurishib kelib, uni oʻrab olishdi. Pochtalon ularga gazetalarni berdi-yu; «bunisi egasiga» deb xatni yashirdi. Bolalarning kattasi pochtalonning yelkasidan boʻynini choʻzib, konvertdagi taiish adresni koʻrib oldi, sevinchini yuragiga sigʻdirolmay, «Oyi, Validan...» deb qichqirib yubordi. Keng hovlining narigi chekkasida, daraxtlar orasida yurgan Mehri opa shoshib qoldi, qoʻlidagi choʻtkani togʻoraga tashlab, pochtalon yoniga keldi. Uning lippaga qistirigʻliq koʻylagi va yuz-koʻllariga ohak sachragan edi.
— Boqqa kirib olib, salqinda qurtava qilyapsizmi, Mehri opa?— hazil qildi pochtalon.
— Ha, mana bu daraxtlarga vaqtida qaramasang boʻlmaydi, ukalaring boʻlsa darsidan ortmayapti,— dedi Mehri opa, keyin bir narsa esiga tushganday gapidan toʻxtab, pochtalonning yuziga tikildi.— Hoy, Nazira, menga qara, tuf-tuf, koʻz tegmasin, biram toʻlishibsanki, voy soddaligim qursin, tushunmabman-a; koʻngling qurtava tusayotganga oʻxshaydi-ya?
— Yoʻq, qoʻying-e, oʻzim shunday gapirdim-da,— uyalinqiradi Nazira.
— Yaxshi. Boʻlsin, singlim, farzand boʻlsin.— Mehri ona bolalariga qaradi,— qani, boringlar-chi, xatni keyin oʻqib beraman.

Mehri ona Nazirani darvozagacha kuzatib qoʻydi. Kuzatdi-yu, bir necha qadam bosguncha oʻtgan fursatda xayoli oʻn-oʻn besh yilni kezib chiqdi: Nazira pochtaga kirganida yoshgina qiz edi. Sumkasi toʻlaligidan zoʻrgʻa koʻtarib yurardi. Urush yillari hammanikidan koʻp shu uyga qatnaganman desa yanglishmaydi. Notanish shaharlar, notanish mehribonlardan dasta-dasta xat, posilkalargacha oʻzi olib kelardi. Kuniga uch-toʻrt martadan qatnagan paytlari ham koʻp boʻlgan. Urushdan keyin u turmushga chiqdi. Birinchi marta yuzlariga dogʻ oralab, homiladorlikning nishonasi sezilgan kezlarda eshikdan kirdi-yu, Valini mahkam quchoqlab, yuzlaridan choʻlpillatib oʻpardi, keyin sira tortinmay: «Mehri opa, oʻgʻil koʻrsam Validek boʻlsa, jon-jon derdim», deb qayta-qayta takrorlar edi. Niyatiga yarasha toʻngʻichi oʻgʻil boʻldi. Mana, tagʻin boshqorongʻi...

Mehri opa birinchi konvertni ochdi. Undan taklifnoma chiqdi, kechqurun soat yettiga, klubga chaqirishibdi. Ikkinchisini ochdi-yu, xatning qatidagi rasmga koʻzi tushishi bilan toʻxtab, unga tikilib qoldi. Koʻzlaridan beixtiyor oqqan yosh tomchilari yuzidan dumalab, koʻkragiga tushdi. Rovondan qizi Roziyaning yigʻlagan tovushini eshitmaganida hadeganda oʻziga kelmasdi. Darrov rasmni yashirib, koʻz yoshini artdi. Rovonga qaramadi. Erining: «Koʻz yoshingni qoʻy, bolalar koʻrsa, Valichalik emasmizmi, deb oʻksinishadi, yaxshi emas, Vali bolangu, bular oʻgaymi!» degan gapi yana takrorlanganday boʻldi. Toʻgʻri bogʻning ichkarisiga, tanasini boya oqlab qoʻygan oʻrik daraxti tagiga borib oʻtirdi. Rasmni yana qoʻliga oldi: bunisi avvalgilarnga sira oʻxshamasdi. Toʻlishgan, qop-qora quyuq qoshlari sal chimirilganday, koʻzlari unga tik qarab turibdi. Mehri opa uzoq tikildi, yana koʻziga yosh oldi, yosh donalari goh duv-duv toʻkilar, goho pastki labini qimtib, uni yutib yuborardi. Oxiri koʻz oldi xiralashdi, suratdagi Valijon emas, besh oylik murgʻak koʻrindi. Chaqaloqmas, bir hovuch suyak, ich-ichiga botgan qora koʻzlari, quyuq qoshlardan boʻlak, qonsiz, rangsiz etning oʻzi.

...Er-xotin komissiya huzurida uzoq turishdi. Vrachlar chaqaloqni berishga rozi boʻlishmadi. «Hali yarim yoshga ham toʻlgan emas, buning ustiga kasal, berolmaymiz» deyishdi. Allaqanday kasalni aytishdi. Sut ham ichmasmish, ichgani ham shunday oʻtarmish. Bu safar Mehri opa bolaning biron kimi bor-yoʻqligini soʻrolmadi. Bu yurakka sigʻarmidi? Uyga kelib er-xotin bir ogʻiz ham gapirishmadi. Kechki ovqatni ham unutishdi. Mehri opa tuni boʻyi osmonga tikilib, mijja qoqmay tong ottirdi. Ertasi kuni yana bordi. Bu gal vrachlar «eplay olmaysiz» deyishmadi, «eplab boʻlmaydi» deyishdi. Hammasidan ogʻiri «emiza oladigan boʻlganingizda ham bir nav edi» deyishgani boʻldi. Xotin kishiga bu soʻzlarni aytish ham, eshitish ham qanchalik ogʻir boʻlmasin, toʻgʻrisini gapirmay iloj yoʻq edi. Mehri opa ona boʻlmagan, boʻlishi ham mumkin emas. Ozmuncha boqtirdimi oʻzini? Mehri opa oʻpkasini tutolmay yigʻlab yubordi, nazarida bolani faqat oʻzi, uning oʻzigina saqlab qoladiganday boʻlar, yigʻi aralash «nahotki... Axir gulday murgʻak...» deyishdan boshqani bilmasdi. U, bolaning onasi urushning dastlabki haftasidayoq bomba tagida qolib oʻlganini eshitib, qattiq ezildi. Eri bilan xomush boʻlib koʻchaga chiqdi, uyga qanday yetib kelganini ham bilmadi.

Mehri opaning chaqaloqni oʻz tarbiyasiga olish istagi asta-sekin unda onalik mehrini uygʻotdi. Chaqaloqlar uyiga har kuni boradigan, gohida kechgacha bolaga termilib oʻtiradigan boʻlib qoldi. Buni eri ham sezardi, dardini yangilamaslik uchun bu toʻgʻrida ogʻiz ochmasdi. Vrachlar ham koʻnikib qolishdi. Mehri opa eshikda koʻrindimi, darrov xalat berishar, chaqaloqning salomatligi birdek boʻlsa ham «ancha durust» deb koʻnglini koʻtarishar edi. Shu zaylda bir necha kun oʻtdi. Oxiri chaqaloqni necha xil shartu pisandlar bilan Mehri opa tarbiyasiga berishdi, vrachlar xabar olib turadigan boʻlishdi.

Mehri opaning butun vujudi, fikr-xayoli chaqaloqda boʻldi. Hamshiralar har kuni xabar olishar, maxsus tayyorlangan sut keltirib berishardi. Mehri opaning eri Mahkam aka bir yarim smenada ishlashga oʻtgan, zavoddan kech qaytardi. Charchab kelgan boʻlishiga qaramay, u ham uzoq vaqtgacha chaqaloqqa termilib oʻtirardi. Bunday paytlarda u oʻzini tutolmas, hozir allakimdan oʻch olmoqchiday qoʻllarini musht qilib, gʻazab oʻtida yonar, xotiniga sezdirmay sekin oʻrnidan turib hovliga chiqib ketardi.

Yozning jazirama issigʻi yeru koʻkni qizdiradi. Mevalar shunday qilganki, shoxlarini sindirguday boʻlib yotibdi. Mehri opaning koʻziga yer bilan bitta boʻlib, taglarida toʻkilib yotgan olmalar ham koʻrinmasdi. Ularni Mahkam akaning oʻzi ishdan qaytganda chelak-chelak qilib terib olardi. Bir dam olish kuni Mahkam aka daraxt taglarini tozalab, mana shu ertapishar keksa oʻrik tagiga taxtadan karavot yasadi, yoʻgʻon shoxiga belanchakni ilib, joy qilib berdi. Mehri opa ertadan-kechgacha chaqaloqni bagʻridan qoʻymay shu yerda oʻtirardi.

Oradan bir oydan moʻlroq vaqt oʻtdi. Biroq chaqaloq birday, koʻzlari borgan sari ich-ichiga tushib ketayotganday edi. Mehri opa uning piltakachday oyoq-qoʻllarini avaylab silar, nazarida, soatlab qilgan bu harakatlari goʻdakka malham boʻlayotganday tuyulardi. Javdiragan mitti koʻzlar, qorachigʻi yosh pardasi bilan yuvilgan umidvor koʻzlarga tikilib turardi.

Bir kuni sut keltirgan hamshira Mehri opani chaqaloqni koʻkragiga bosib, ogʻziga emchak solayotgani ustidan chiqib qoldi. Foydasi bormi buning, demoqchi boʻldi-yu, oʻzini bosdi. Mehri opa «zora...» deb ogʻiz juftlaganida, hamshira unga dalda berdi: «Mayli, ona koʻksining haroratini sezar-ku». Mehri opa shu kuni chaqaloqni koʻksidan ajratmadi. Sut ichirish paytidagina shishaning ogʻzidagi soʻrgʻichni tutgani boʻlmasa, Mahkam aka ishdan kelguncha shu zaylda oʻtirdi. Eri buni darrov payqadi-yu, unga hech gap aytmay, ovqatga oʻzi unnay boshladi.

Mehri opa shu kecha uxlamay oʻtirib chiqdi. Uning quruq koʻksi chaqaloqqa darmon boʻlayotganini ertasi kechasi, koʻzi endi ilinay deganda, goʻdak tamshanib allanarsaga intilayotganida aniq sezdi. Uyqu talab koʻzlari charaqlab ketdi, bolani avaylab bagʻriga qattiqroq bosdi. Tong yorishayotganida, ha, xuddi kumush tong bilan birga Mehri opaning koʻzidan tirqirab yosh, koʻksidan sut keldi. Uni mana shu tong boshlab keldimikin? Yoʻq, tongday shaffof, pok onaning qalbi boshlab keldi. Mehri opaning a’zoyi badanida allaqanday titroq turdi, hayajon bosdi, yuzlari choʻgʻday qizidi. Pishillab emayotgan chaqaloqning yuzlariga qon yugurdimi, yo unga shunday koʻrindimi, bilolmadi. Soʻrgʻichdan emganida bunchalik pishillamasligi esiga tushdi. «Mehr suti bu. Shuni kutib turganingni bilardim»,— dedi oʻzicha pichirlab.
— Hoy, dadasi, tursangiz-chi?!— deb yubordi toʻsatdan. U bu soʻzni shunday ohangda aytdiki, hozirgi sevinchining hammasi shu soʻzda ifodalanganday boʻldi.

Mahkam aka shoshib boshini koʻtardi. Hech narsaga tushuna olmadi. Xotinini, oʻn sakkiz yillik xotinini, mana shunday hayajon ichida birinchi marta koʻrishi edi. Dam unga, dam bolaga tikildi. Soʻrolmadi, bari-bir javob ham ololmasdi. Mehri opa: «Shakarning ozi shirin» degandek, bolani koʻkragidan ohista ajratdi. Uning qovjiragan labidagi sut yuqini dokaning uchi bilan artar ekan, Mahkam akaning koʻzlari chaqnab ketdi, «Mehri!» deganicha, chaqaloqqa qoʻl uzatdi. Chaqaloq uyquga ketgan edi.
— Mana, dada, meni oyim emizdilar,— dedi bola tilidan Mehri opa.

Bu voqea, kim aytibdi ekan, bir zumda hamma yoqqa tarqaldi. Qoʻni-qoʻshni xotinlar xuddi Mehrixonning koʻzi yoriganu, uni qutlash lozimdek, ketma-ket kelib turishdi. Choshgohga yaqin bir emas, uch vrach va bir hamshira kirib keldi. Vrachlar bolani ham, Mehri opani ham qayta-qayta koʻrishdi. Ulardan biri, koʻzoynakli keksa xotin hammadan keyin qolib, uzoq suhbatlashdi. Nuqul, qanday boʻldi, yiglarmidingiz, necha kun uxlamadingiz, hatto, ilgarilari eringiz tugʻmading, deb dakki berarmidi, deganga oʻxshash juda koʻp savollar berdi. Oxirgisi Mehri opaga ogʻirroq botdi. Axir Mahkam aka biron marta bunday gapni xayoliga ham keltirmagan-ku. Vrach uni yupatdi, savollarining hammasi zarurligini, bu voqea meditsina uchun katta ahamiyatga ega ekanligini aytdi. Keyin ancha maslahatlar berib, «kelib xabar olib turaman» deb chiqib ketdi.

Chaqaloq uch kungacha nari borib, beri keldi. Vrachlar shunday boʻlishi mumkin, deyishdi. Keyin bola kun sayin emas, soat sayin toʻlishib bordi. Bir yashar boʻlganida shunday yetildiki, koʻrganlar tanimaydigan boʻlib qoldi. Mahkam aka har kuni ertalab qoʻliga olmasdan turolmasdi. Mehri opa Valijonning ogʻzidan birinchi daf’a «aya» degan soʻzni eshitgan kuni nazarida hamma azoblari yuvilganday boʻldi.

Ulugʻ Vatan urushining ogʻir yillari edi. Oʻzbekistonga frontda halok boʻlganlarning bolalari keltirilib turildi. Er-xotin maslahatlashib shu bolalardan yana bir-ikkitasini oʻz tarbiyalariga olmoqchi boʻlishdi. «Frontga shu bilan yordam beraylik, xotin», dedi Mahkam aka, Bnr necha oy mobaynida ular — joʻjabirdek jon — koʻp bolalik ota-ona boʻlishdi. Oʻn ikki oʻgʻil-qizli ota-onaning dongʻi butun mamlakat boʻylab taraldi. Sal oʻtmay bu hovliga frontdagi jangchilardan xat, notanish kishilardan sovgʻalar kela boshladi.

Bir kuni Nazira oʻrta yoshlardagi bir juvon bilan uyga kirib keldi. Juvon Kseniya deb oʻzini tanitdi-yu, besaranjom boʻlib atrof-tevarakka qaray boshladi. Keyin Mehri opani quchoqlab yigʻlab yubordi. Bu — Valijonning opasi edi... Kseniya bir oycha mehmon boʻldi. Biroq biron marta ham ukamni olib ketaman, deb ogʻiz ochmadi. Buni aytish qanchalik zarur boʻlsa, Mehri opaga shunchalik ogʻir boʻlishini bilardi. Er-xotin ham buni tushunishardi. Kseniyaning eri frontda halok boʻlgani, bir qizi bilan yolgʻiz qolgani Mehri opada unga nisbatan tugʻishganday his uygʻotdi. Oxiri ular koʻnishdi.

Mana, toʻrt yildirki, Valijon opasi bilan birga, Dnepr yoqasidagi shaharda yashaydi, har yili yozgi kanikulda opasi bilan Toshkentga kelib, shu yerda dam olib ketadi...

Mehri opa qoʻlidagi rasmni koʻkragiga bosib shularni xayolidan oʻtkazarkan, oʻrikning yoʻgʻon shoxidagi arqon iziga koʻzi tushdi. Ha, belanchak arqonining izi bu. «Esingdami, Valijon, unda sen mana shu novdaday nozik, nimjon eding, endi-chi... endi?..» U, yana rasmga tikildi. Bunisida allanarsa kamday. «Ha, voy soddaligim qursin, galstugi yoʻq-ku, buning. Voy, mana. Koʻkragidagi... komsomol znachogimi. Mening Valijonim komsomol?!»

Mehri opa xatni oʻqiy boshladi. «...Oyijon, qishda men maktabimiz yoʻlidagi muzlagan koʻlda yaxmalak otayotgan qizni koʻrib qoldim. Koʻrdimu oʻtib ketaverdim. Birdan qiz chinqirib qoldi. Oʻgirilib qarasam, muz yorilib, choʻkib ketayotibdi. Darrov orqamga qaytib, qornim bilan muz ustiga emaklab borib, qizning qoʻlidan tortdim. Rosa qiynaldim. Oʻzim ham suvga tushib ketishimga sal qoldi. Yaxshiki, uni qutqarib qoldim. Rost-da. Yordam bermasam choʻkib ketardi-da, oʻzingiz shunday der edingiz-ku, buni men sizga yozmagan edim. Yaqinda oʻsha qizning dadasi menga, ustiga otim yozilgan soat mukofot berdi. Mukofotni sbor yigʻilishida topshirishdi. Boʻlmasam olmasdim-a. Kanikulga borganimda shu soatni sizga olib boraman, xoʻpmi, oyijon, olasiz-a?»
— Ha, olaman, bolam, olaman,— deb yubordi Mehri opa.
— Nimani olasan?

Mehri opa yalt etib yoniga qaradi, erini koʻrdi.
— Valingizdan xat keldi, mana,— dedi-da, suratni uzatdi. Mahkam aka suratdan koʻzini olmay oʻzicha gapirardi.
— Obbo azamat-ey, obbo azamat-ey...

Mehri opa kechlikka barvaqtroq unnadi. Ovqatni suzayotganida oʻgʻilchasini yetaklab Nazira kirib keldi. Mehri opa dasturxonga shuncha taklif qilsa ham unamadi.

Mehri opa kiyinib boʻlguncha, Nazira oʻgʻlining qoʻzichoq bilan oʻynashganini tomosha qilib turdi.

Ular yoʻlda ketishar ekan, Nazira soʻrab qoldi:
— Tayyorlandingizmi, opa?
— Nimaga?— hayron boʻldi Mehri opa.
— Soʻzlar ekansiz-ku?
— Yoʻq, kim aytdi?
— Klub mudiri aytdi-ku.
— Tavba, bir ogʻiz aytib qoʻyishmaydiyam-a.
— Ha, siz oʻrinlatasiz, opa. Moskvada soʻzlagan odam...
— Shunday deysan-da, koʻpchilikning salobati bosadi.

Mehri opa gapni xatdan boshladi. Oʻgʻilchasidan birinchi marta «aya» degan soʻzni eshitgandan tortib, soʻnggi xatigacha hammasini aytib berdi. Odam bilan liq toʻla katta zal pashsha uchsa sezilguday boʻlib uning nutqini — onaning yurak soʻzlarini tinglardi.

...Men Valijonni oʻz koʻkrak sutim bilan tarbiyaladim. Yoʻq, men uni yurak-bagʻrimning harorati bilan voyaga yetkazdim. Bu yurak, mana shu qalbimizning kuchli harorati oldida atom bombalari ham muzga aylanadi. Tinchlik boʻlsin deb, qoʻyilayotgan imzolar millionlab, yuz millionlab pok qalbli kishilarning imzosidir. Bu shunday zoʻr kuchki, har qanday atom bombasi ham unga bas kelolmaydi...

Oʻtirganlarning koʻz oldida, xuddi shu sahnada qizil galstugini hilpiratib, bir necha marta deklamatsiya aytgan, hammaning havasini keltirgan Valijon namoyon boʻldi. U hozir ham sahnada qoʻngʻiroqday ovozini jaranglatib shunday deb turganday:
— Toʻgʻri aytdingiz, ona!

May, 1955 yil