OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRahmat Fayziy
Asar nomiSen yetim emassan (kinoqissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Rahmat Fayziy
Uslub
   - Kino
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sen yetim emassan (kinoqissa)
Rahmat Fayziy

Bepoyon, qoramtir osmon. Pagʻa-pagʻa bulutlar bir-birini quvib, quyuqlashib boradi. Quyuqlashadi-yu, osmon torlik qilib noliganday bir yerda toʻxtab, motamsaro sukut saqlaydi. Qoramtir osmon...

Shu payt fashist samolyoti qora chaqmoqdek bulutni yorib, pastga shoʻngʻiydi. Uning dahshatli ovozi yeru koʻk sukutini chil-chil qilib, tobora zoʻraya boradi va nihoyat kuchli portlash bu ovozni yutib yuboradi. Sal oʻtmay yana samolyot shoʻngʻiydi, yeru koʻk larzaga keladi, yana portlash...

Onda-sonda daraxtlar qaqqaygan, uzoqda uylar koʻrinib turgan keng koʻkalamzor yalanglikni kesgan soʻqmoqda bolasini bagʻriga bosib olgan ayol qoʻrquv bilan qochib, chopib ketadi. Shamol durrasini uchirib yuborgan, olataroq sochlari toʻzgʻigan bu xotinning koʻzlarida va vujudida dahshat, qoʻrquv...

Samolyotdan yogʻilib, yerni choʻqilayotgan oʻqlardan biri xotinga tegadi. Ayol bolasini qattiqroq bagʻriga bosadi, toʻxtaydi. Keyin oyoqlari qaltirab, bir-ikki odim tashlaydi-da, qayin daraxtiga suyanib yiqiladi.

Yana samolyot koʻrinadi. Daraxtzor yonidagi sayhonlikda chopib borayotgan bola ovozi boricha qichqiradi. Samolyot pastga shoʻngʻiydi. Bola dodlab yiqiladi.

Samolyot yirtqich hayvonday yoʻl yoqalab borayotgaya jajji qizni quvlaydi. Samolyotning qop-qora koʻlankasi qizning ustiga tushadi, tushadi-yu, qizning gavdasi yer bagʻirlab qoladi, soʻnggi da’fa «oyi!» deb qichqiradi.

Burqsib yonayotgan uy. Koʻlankadan qochayotgan bola qoʻrquv bilan «oyi!» deb dodlaydi.

Tanklar bostirib keladi. Bolalar «oyi!» deb qichqirishadi.

Bugʻdoyzor oʻt ichida. Bir toʻda bolaning «oyi!» deb yigʻlab, chuvvos solgani eshitiladi.

Xalqning fashist bosqinchilariga boʻlgan gʻazab va nafratini aks ettiruvchi muzika sadolari yangraydi. Bombalarning portlashi, oʻt ichida qolgan shahar, qishloqlar, koʻchalarda toʻda-toʻda bolalar, xotinlar, keksalarni koʻramiz.

Yoʻllarda bolalar, mashinalarda bolalar, aravalarda bolalar... Iflos, kiyimlari yirtilgan, yarador bolalar...

* * *

Qoramtir osmon yorishib, tiniq koʻkda oq bulut parchalari koʻrinadi. Muzika sadosi uzoqlashib tinadi. Osmonda uchib borayotgan toʻrgʻaylarning sayrashi eshitiladi. Koʻkda suzib yurgan bulutlar ustida quyidagi soʻzlarni oʻqiymiz:

Bu kinopovest Ulugʻ Vatan urushi yillarida fashist bosqinchilariga qarshi olib borilgan janglarda halok boʻlganlarning yetim qolgan bolalaridan oʻn toʻrt norasidani — turli millat oʻgʻil-qizlarini oʻz tarbiyasiga olgan toshkentlik temirchi Shoaumad Shomaumudov oilasiga bagʻishlanadi.

Bagʻishlovning soʻnggi satrlari tugashi bilanoq xotin kishining yuraklarni ezuvchi yigʻisi, yigʻi aralash uning soʻzlarini eshitamiz:
— Bolaginam, meni tashlab qayoqqa ketyapsan?.. Pastakkina devor. Ikki tavaqali koʻcha eshik ochiladi. Qotmadan kelgan baland boʻy, olov yalligʻidan yuzlari qoraygan, baroq qosh, koʻrinishidan elliklardan oshgan, ogʻir tabiatli kishi — Mahkam aka oʻgʻli Botirning yuklarini koʻtarib, eshikdan chiqib keladi. Ketidan ozgʻin, qorachadan kelgan xotini — Botirni quchoqlab olgan Fotima opa chiqadi. U oʻgʻlini bagʻridan qoʻymaydi... Yigʻi aralash shiddat bilan deydi:
— Meni ham olib ket!..
— Oyi!.. Oyijon! Qoʻying, yigʻlamang.

Qoʻshni eshikdan chiqqan chol ohista odim tashlab ularga yaqinlashadi. Yuraklariga taskin bermoqchi boʻlib, otaga, onaga bir qarab oladi-yu, hech narsa deyolmay boshini egadi. Nima ham deya olardi u? Koʻchaning narigi betidan chopib kelgan qiz bola, Botirning yoniga kelib taqqa toʻxtaydi, koʻzlarini javdiratib qotib qoladi. Yon eshikdan toʻladan kelgan, barvasta ayol chiqib keladi... Bir nafas ichida Botir va uning onasini odamlar oʻrab olishadi... Ularning chehrasida achinish, gʻamginlik... Toʻplanganlar orasidan shunchaki yigʻi ovozini eshitib chiqqanlar ham yoʻq emas.

Fotima opa yigʻidan oʻzini bosolmaydi. Oʻgʻlini bagridan qoʻymaydi.

Botir qoʻshnilari oldida oʻzini noqulay sezib, onasining qoʻllarini boʻynidan olmoqchi boʻladi. Turganlarga ishora qiladi:
— Boʻldi, oyijon, qoʻying... Yigʻlamang! Xayr! Mahkam aka «boʻldi» deganday xotiniga qaraydi.

Fotima opa noiloj oʻgʻlini bagʻridan boʻshatadi. Botir dadasiga oʻgiriladi:
— Xayr, dada. Qolavering. Oyimlarni ovuting! Ota-bola yuzma-yuz tikilib qolishadi. Xuddi shu daqiqani bir umr eslarida saqlab qolishga uringandek bir-birlaridan koʻz uzisholmaydi.

Mahkam aka oʻgʻlini bagʻriga bosib, qattiq quchoqlaydi. Koʻz yoshini unga sezdirmaslik uchun teskari buriladi.
— Xayr, oʻgʻlim. Omon boʻl!— deydi oʻpkasi toʻlib. Botir yukini yelkaga olib, tez yurib ketadi. Qoʻshni xotinlar Fotima opani oʻrab olib, uni yupatishadi. Yon qoʻshnisi barvasta ayol Buvnisa xola pinagini buzmay baralla deydi:
— Yigʻining foydasi bormi, aylanay? Koʻpga kelgan toʻy. Bitta sizning oʻgʻlingizmas-ku.

Fotima opa uning gapini eshitmaydi. Duv-duv oqayotgan yoshlari orasidan oʻgʻliga tikilgancha qotib qoladi. Uning koʻzlari, yuzlari, butun vujudini hozir jumlai jahondagi barcha onalarga tushunarli va tanish boʻlgan hayajon va qoʻrqish tuygʻusi chulgʻab olgan edi. Birdan u oʻgʻlini tagʻin bir nafasgina boʻlsa ham toʻxtatib turish, uning diydoriga toʻyish iloji topilganidan quvonib, ovozi boricha qichqiradi:
— Botirjon, bolam, shaftoli esimdan chiqibdi.

Botir toʻxtaydi. Orqasiga qaytadi. Ona ham quloch yozib, oʻgʻli tomon boradi:
— Ma, muzdakkina. Oʻrtoqlaring bilan yeb ketarsan...

Botir shaftoli solingan savatchani olib, yerga qoʻyadi. Onasiga bir nafas tikilib turib, goʻdak vaqtdagidek uning bagʻriga otiladi, mahkam quchoqlaydi. Oʻpkasi toʻlib keladi-yu, oʻzini bosadi.

Botir onasini bagʻridan boʻshatib, savatchani oladi. Eshigi oldida turganlarga yana bir qoʻl silkib xayrlashadi. Koʻchaning oʻrtasidan yurib borarkan, ikki yonda qator oʻsgan teraklar ham barglarini shitirlatib, u bilan xayrlashayotganday boʻlardi.

* * *

Terak shoxlarida qolgan sap-sariq yaproqlar tanasidan judo boʻlib, erinchoqlik bilan havoda muallaq oʻynar, keyin ohista pastga tushib, namiqqan tosh koʻchaga chippa yopishib qolardi. Daraxtlar yalangʻoch boʻlib, oʻz husnini yoʻqotgan, endi ular shivirlashib, oʻzaro suhbat qurishmasdi. Fotima opa oʻgʻlini kuzatgan koʻchaning koʻrinishi ham ancha oʻzgargan. Botir ketganidan buyon shirin xotira va gʻalati tushlar, umid va noumidlik bilan toʻla boʻlgan qanchadan-qancha qaygʻuli sogʻinib koʻz tikilgan kunu tunlar oʻtib ketdi. Fotima opa boʻlsa hamon kutadi...

Mana u hozir ham ostonada yolgiz oʻtiribdi. Shol roʻmoliga oʻralib olganicha qimir etmay, koʻchaga xomush tikilib oʻtiribdi.

Koʻchadan yoʻlovchilar — har birining chehrasida oʻz dardi, qaygʻu-alami, ammo hammasi yurt tashvishi bilan yashayotgan yoshu qarilar, yakka-yolgʻizlar, hamrohlar oʻtib borishardi. Ularning oʻzaro suhbati yulinib-yulqinib Fotima opa qulogʻiga chalinardi.
— Kecha Smolenskni aytishgan edi, ertagachi...— derdi asabiylashib keksa harbiy kishi hamrohiga.
— ...Uch jonga bir qadoq non nima boʻladi... Oʻylang...— derdi oʻtib borayotgan ayol yonidagisiga.

Koʻchadan bir toʻda bolalar chopib oʻtishadi.
— Bilasanmi, Baxtiyorning dadasi kim? Serjant!
— Ol-a. Leytenant-ku. Oʻz koʻzim bilan koʻrganman.

Yengil shabada qaerdandir radio diktorining ovozini olib keladi:

«...Toʻrtta tank... Granatalar tashlandi!.. Qahramonlarcha halok boʻldi...»

Fotima opa koʻchada uzoqlarga tikilganicha oʻtirardi. U, erining kelganini, tepasida turganini ham payqamaydi. Chaqirganidagina choʻchib tushadi.
— Ie, dadasi,— deganicha oʻrnidan turadi,— kech qoldingizmi bugun?
— Haliyam shu oʻtirishmi?
— Nima qilay? Ne ilojim bor...

Ular hovliga kirishadi, Supa yonidan oʻtib, ayvonga chiqishadi.
— Hovli oʻlguram shuncha huvullaydimi. Yutaman deydi-ya. Biram sovuqki...

Horib-charchagan Mahkam aka koʻrpachaga oʻtiradi, Fotima opa sandiqdan moʻyna quloqchinni olib, eriga koʻrsatadi:
— Yamab qoʻydim. Yuborsakmikan deyman. Kiyar-a?
— Yosh bolami oʻgʻling. Kichkina keladi endi bu. Sigʻmaydi.
— Boʻlmasa bozorga tushib, sigʻadiganini olaman.
— Hojati yoʻq. Hamma narsasi bor. Kiyimlari but.
— Borlikka bordir-a... Faqat ona, onaizorining mehri yoʻq-da...

Fotima opaning oʻpkasi toʻladi,— qaerlarda yurganikin, bolaginam?..
— Ha, sendagi mehr bamisoli daryodagi suvdek — yigirmata oʻgʻilning qalbini sugʻorsang boʻladi. Hammasiga yetadi.
— Koshkiydi. Qani, bittasiyam yoʻq,— deydi xoʻrsinib Fotima opa.

Ikkovlari ham oʻz oʻylari bilan jim qolishadi. Koʻcha devor orqasidan bolalarning shovqin-suroni eshitiladi.
— Ur, Fattoh, darvozaga ur!

Birdan tunukaning taraqlagani eshitiladi. Tomning tarnovi koʻchib, yerga tushadi. Mahkam aka irgʻib oʻrnidan turadi, koʻchaga chiqib ketadi. Bir ozdan keyin hovliga kirmayman deb tixirlik qilayotgan bir bolaning qoʻlidan ushlab, boshlab kiradi.
— Amaki, bilmay qoldim, futbol oʻynayotgan edik, jon amaki, endi qilmayman,— bola shunday deb hoʻngrab yigʻlab yubordi.— Amakijon...— Mahkam aka bolani siltab, ayvonga olib chiqadi, jahl bilan soʻraydi:
— Nima qilsa boʻladi, seni-a, tirrancha?

Fotima opa yugurib kelib, bolani toʻsadi, hayajonlanib eriga yalinadi:
— Hech narsa qilish kerakmas. Bilmagan-da, amakisi. Shundaymi? Oting nima?
— Fattoh,— deydi bola yigʻi aralash.
— Juda yaxshi. Kimning oʻgʻlisan?
— Dadamning.
— Dadang kim?
— General. Frontda eng kattakon komandir.
— Oying qaerda?
— Fabrikada ishlaydilar. Uyimizda endi eng katta erkak men boʻlaman.
— Katta erkak degin. Quloqchiningiz teshilib qopti-ku, katta erkak?— Fotima opa mehribonlik bilan bolani boshdan-oyoq koʻzdan kechirib chiqadi.
— Urush-urush oʻynovdik. Oʻshanda shu yerimga oʻq teguvdi, teshilib qoldi.
— Qorning ham ochdir-a, Fattohjon?
— Ha. Sagʻal.
— Boʻlmasa oʻtir, birga ovqatlanamiz.
— Yoʻq, oʻrtoqlarim qarab turishibdi... Koptokni bering, jon xola, endi qilmaymiz..
— Beraman, beraman. Sen avval ovqatlanib olgin. Oʻrtoqlaring birpas qarab turishadi.

Ularning suhbatini diqqat bilan eshitib turgan Mahkam akaning gʻamgin koʻzlarada qandaydir yangi, muhim va quvonchli oʻy chaqnab ketadi.
— Shoshma, birpas oʻtira tur. Bilasanmi, men senga nima bermoqchiman? Quloqchin. Moʻyna quloqchin,— Fotima opa bolaga shunday deydi-da, Botirning quloqchinini unga beradi,— ma, qani kiyib koʻr-chi.

Fattoh quloqchinni kiyib koʻradi. Katta keladi.
— Katta ekan-a?— deydi Fotima opa achinib.— Hechqisi yoʻq, ho-ozir chetini burib, boshingga loyiq qilib beraman.
— Yoʻq. Men ketaman.
— Qayoqqa shoshasan. Borarsan.
— Buncha endi bolaga yopishib olmasang? — Joʻrttaga yasama norozilik bildirdi Mahkam aka,— Oʻtira tur, ovqatlanib ol, qayoqqa shoshasan... Sening mehr-shafqatingga zormi u.

Fotima opaning astoydil jahli chiqadi.
— Tosh yuraksiz-da. Bekorga temirchi boʻlmagansiz. Oʻshani bilasiz, siz, xolos.
— Men ketsam maylimi?— deb yalinadi Fattoh.
— Bor. Ikkinchi bu yerda futbol oʻynaganingni koʻrmay! — deya nasihat qiladi Mahkam aka.

Fotima opa boʻlsa Fattohning qoʻliga bitta kulcha tutqazadi.

Fattoh xursand boʻlganicha, chopib koʻchaga otiladi. Oʻrtoqlari uni qichqirishib, «ura» deb qarshi olishadi.

Mahkam akalar hovlisiga boyagidek ogʻir, zerikarli sukunat choʻkadi.
— Nima qilaringni bilmay qolasan-a, kishi,— deydi oʻzicha Fotima opa.

Mahkam aka indamaydi. Miyigʻida kulib qoʻyadi.

* * *

Asfaltlangan keng koʻchada binolarning yozuvlari-ga qarab, alanglab borayotgan Mahkam aka, tepasiga «Bolalar uyi» deb yozilgan katta darvoza oldida toʻxtaydi. Hayajonlanadi. Darvoza yonidagi eshikni ohista ochib, ichkari kiradi.

Dovlining bir chekkasida front yaqinidagi shahar, qishloqlardan koʻchirib keltirilgan, ota-onasiz qolgan bolalar — judayam yosh norasidalar uymalashib turishibdi. Bolalarning yuzlarida yotsirash, hayajon, ba’zilari — hali bu dahshatning nimaligiga fahmi yetmaydiganlari beparvo kulib turishibdi. Devor tagiga oʻtirib olgan qiz bola ovozi boricha yigʻlaydi. Yoniga borib ovutmoqchi boʻlganlarni itarib tashlaydi. Tarbiyachi ayol uni ovutolmaganidan xunob boʻladi, bolaga achinib, xoʻrligi keladi.

Bolalarning kiyimlari iflos, biriniki yirtiq, oyoq yalang, birining qoʻli doka bilan bogʻlangan, birining tizzasi. Birining qoʻlida iflos qoʻgʻirchoq, birida rasmli kitobcha.

Darvozadan kiraverishda, bir toʻda xotin-xalaj, chollar turishibdi. Ularning ba’zilari bolalarga yaqinlashadilar. Biri konfet berib, yana biri xoʻrozqand tutqazib, bolalarni gapga soladi. Turganlar oʻzaro allanimalar haqida suhbatlashishadi.

Hovlining bir chekkasiga stol qoʻyilgan. Bolalar uyining direktori — egniga koʻkrak burma koʻylak kiyib boshiga durra tangʻib olgan oʻrta yoshlardagi durkungina juvon stol yoniga keladi. Bir daqiqa stoldagi qogʻozga tikilib qoladi, hayajonlanadi. Ohista soʻz boshlaydi:
— Opalar, ota-onalar! Shu topda shunday bir daqiqani kechiryapmizki, soʻzlab oʻtirishning ham hojati yoʻq. Shunga qaramay ikki ogʻiz gapirmasang ham koʻngling toʻlmaydi, urush koʻplab bolalarni ota-onalaridan judo qildi. Mana urushning dahshatli oqibatlaridan biri.

Uymalashib turgan bolalarni koʻramiz.

— ...Ammo xalqimizning bagʻri keng, himmati zoʻr, mehri quyoshdek issiq. Kecha, bolalar kelgandan beri telefon qilib, oʻzlari kelib, iltimos qilayotganlar juda koʻpayib ketdi. Hammalari: bagʻrimizga olamiz, ona boʻlamiz deyishadi. Mana, oʻzlaringiz...