OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRajabboy Raupov
Asar nomiIymon minorasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Rajabboy Raupov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Iymon minorasi (hikoya)
Rajabboy Raupov

Zargar Toʻraxoʻja hayhotdek hovlida yolgʻiz qoldi, ikki kundan buyon oʻgʻli Qodirxoʻjadan darak yoʻq. Yotib-turib oʻylasa-da, oʻtgan talotoʻpga aqli lol, bu xil jangu jadal, osmondan ajal yoqqanini hech tasavvuriga sigʻdirolmasdi. Xudoning yuborgan balosi, ofat desangiz – qirgʻinni hukmdor Olimxonning dushmanlari boshlab keldi. Ha, shu tuproqda unib-oʻsgan Buxoroning tagli-tugli aslzoda yigitlaridan boʻlmish bir guruh ilmparvar aqlirasolarning bilib-bilmay bosgan qadamlari shaharni qonga botirdi, xarob qildi. Chol talangan mol-dunyosiga achinmadi, ochiqdan-ochiq zoʻravonlik, yongʻin yuragini oʻrtadi. Na chora, kelgan balo bir uningmas, butun Buxoroni yondirdi. Shu topda yagona ilinji oʻgʻli oilasini ishonchli, tayinli joyga omonat qoldirib, Buxoroga eson-omon qaytsin.

Qoʻshnilardan hol soʻrashning imkoni yoʻq, ikki kundirki, bosqinchi toʻdani aytmaganda, na birovdan xabar oldi, na birov «Holing nechuk?», deb kelmadi. Bu qanday jazoki, hafta ichida butun boshli mahallalar, ahil jamoa, qavm bir-biriga yot – begona. Asl kim, noasl kim bilmaysan, xudo bergan jon omonat, halol mulking bolshavoy degan qaroqchilar oyogʻi ostida xor.

Chol boʻgʻilib hovliga chikdi, havo yetishmay hansirab nafas oldi. Supa oʻrtasidagi singan hassasiga koʻzi tushib xoʻrligi keldi. Talonchi guruhga tayinli qarshilik koʻrsatmasa-da, boriga qanoat qilmagan shaytonlar «Koʻmgan tillangni topib ber» deb savalashdi. U majhul bir tarzda turarkan, Ollohdan yupanch istagandek osmonga qaradi, koʻzlari tinib hech narsani koʻrmadi. Shu holda biroz turgach darvozaga koʻzi tushdi: «Oʻ, bachchagʻarlar, – dedi u, – olarini olib yana darvozani yopib ketishibdi-ya, qizil askar degani ishni puxta qilarkan...»

Chol darvozani lang ochib qoʻyarkan, «Talangan uyning nimasini bekitay, baribir, hammasiga Olloh shohidku», deya oʻyladi. Xayol bilan sekin koʻchaga chiqdi-yu bexos toʻxtadi, yuragini vahm bosib ortiga qaytdi. Buxoro Buxoroga oʻxshamasdi...

Shahar tepasida achchiq tutun, chang qotib qolgandi. Kecha-kunduz davom etgan otishma, yongʻin, bomba yogʻdirishdan soʻng Buxoro asl qiyofasini yoʻqotdi. Yerdanmi, koʻkdanmi goʻyo jahannam dahshatini namoyon etgan bir balo Buxoroga jazo yogʻdirdi: yuz yillar avval qad koʻtargan Katta minora yarador, madrasalarning toqi teshik, aziz avliyolar qabri yerparchin, Amir Sayid Olimxon xazinasi oʻlja, shahar ahli sarosima va dahshat ichra chorasiz...

Shunga qaramay Amir lashkarlari toʻrt kecha-kunduz dushmanga qarshi kurashdi. Talofot va xarobaliklar haddan ortib, shahar fuqarolari jon saqlash umidida mol-dunyosini tashlaganicha turli tomonga qochishdi.

Sayid Olimxonning ichki va tashqi harb quvvatidan xabardor Frunze ketma-ket hamlalar uyushtirib Buxoroni ololmagach, Chorjoʻyga Polsha frontidan chaqirib, hozirlab qoʻyilgan maxsus samolyotlar dastasini jangga kiritishga buyruq berdi. Butun kun boʻyi – erta tongdan to kech koʻz koʻrguncha shahar bomba ostida qoldi. Amir Olimxonning Buxoroni tashlab chiqishdan boshqa iloji qolmadi. Ming tzqqqiz yuz yigirmanchi yil chorshanba – jangning toʻrtinchi kuni Olimxon shohlik bogʻi sanalmish Sitorayi Mohi Xossadan chiqib Gʻijduvon tumaniga yoʻl oldi. Shu kundan boshlab mangʻitlar sulolasining yettinchi va oxirgi amiri Olimxonninig qadami Buxoroyi Sharifdan butkul uzildi...

Hukmdorsiz Buxoro yot qoʻllar ostida qoʻrqinchli tus olib, huvillab qoldi. Egasiz uylar, sohibsiz doʻkonlarning eshigi ochiq yotar, mol-mulk talangan, sochilgan... Kunduz koʻchalarda odam siyrak, barcha fuqaro — hunar ahlidan gadolargacha bekinib olib, takdirdan panoh izlar, oʻtgan dovul ta’sirida guyo qoʻl-oyogʻidan, hushidan ajragandek karaxt edi.

Avvaliga Buxoroning har bir gʻishti qizil askarlarning koʻziga antiqa oʻlja boʻlib koʻrindi. Amir xazinasi – siymu zar, misdan yasalgan idishlar, ipak matohlar, kumushu marvarid, oltinlarni vagonlarga tashiyverib, nihoyat, ularning bir muddat koʻzi toʻygandek, uncha-buncha narsani nazar-pisand qilmay qoʻyishdi.

Frunze buyrugʻiga koʻra zudlik bilan maxsus guruh tuzildi. Kazaklardan iborat saralangan askarlar «inqilob»ning toʻrtinchi kuni Buxoro xonadonlaridan tillo yigʻish mavsumini boshlab berdilar. Eshiklarini tanbalab, Ollohdan inoyat kutib yotgan qariyalar, ilojsiz bandalar, Buxoroga qattiq bogʻlangan fuqarolar har bir damni tahlikada oʻtkazishar, molu jon qaroqchilari tunda xonadonlarga bostirib kirishar, uy egalarini qiynab-qaqshatib tilla talab qilishardi. Shaharda bu zulmkor toʻdaning oldini toʻsadigan mard topilmadi. Mahallalar ahli har erta yuzi timdalangan, sochi yulingan, boshi bogʻliq qoʻni-qoʻshnisiga koʻzi tushib, sirdan ogoh bular, hech kim bir-biriga churq etmay navbat kutar, ertaga istalgan vaqtda oʻlpon yigʻuvchi Frunze jallodlari uyiga bostirib kirishidan xavotirda, yurak hovuchlab chora izlashardi. Chora esa topilmas, zulmning eshigi ochilgan, yeb toʻymas, talab toʻymas tilloxoʻrlarning toʻydimi yoʻq edi.

Amir ketganining ertasi tunda Zargar mahallalik oʻn besh xonadonni tong otguncha qiynashdi. Oilasini Buxoro atrofidagi qishloqlardan biriga yashirib qaytgan Qodirxoʻja qaysar otasidan xabar olgani uyiga kirdi. Chol oʻlsam, oʻligim hovlimdan chiqsin, mol-dunyo deb Buxorodan kechmayman, mening qochadigan gunohim yoʻq, deb hovlida yolgʻiz qolgan edi. Ertalab oʻgʻli kirib kelganida u oppoq surp koʻylak-ishtonda supa oʻrtasida bosh yalang, singan hassasini bagʻriga bosganicha haykaldek qotib, savdoyi yangligʻ turardi. Gʻisht yotqizilgan keng supa kovlab tashlangan, xonalar agʻdar-toʻntar edi.

Ota-oʻgʻil ikkisi bir-biriga tikilib qolishdi, koʻzlar dardlashdi – hol aytdi, hol soʻradi:

«Otajon, olib ketay, qishloqqa yashiray, dedim, koʻnmadingiz, axir bu ne koʻrgulik?»

«Oʻgʻlim, senga aytdimku, mening yashirinadigan, qochadigan gunohim yoʻq. Topgan mol-mulkim halol, oʻzimniki... Bariga chidayman, boshimga ne tushsa, Ollohdan deb bilaman. Lekin sendan bir soʻrogʻim bor. Senlar ishongan, yurtni buzib, yurt tuzaman deganlar qani bugun? Nega ular jim? Yurtim, dinim, amirim deb jangga kirgan lashkarlarniig xuni kammidi, nechun ular jonsiz minorani toʻpga tutdilar, Buxoro darvozalarini yondirdilar. Darvozalar yonmadi, mening jonim yondi, masjidlar qulamadi, men quladim. Otang moliga emas, joniga kuyadi, oʻgʻlim, Qodirxoʻja?!» – cholning koʻzlaridan yosh dumaladi.

«Otajon, ne qil deysiz?! Shu topda qoʻlimdan keladigani qochish, yoʻqsa, rozilik bering, Amir qoʻriqchilariga yetib olay, ul zoti oliy xizmatini qismat deb bilay... Yurt buzib, yurt soʻraydiganlarga oʻgʻlingiz Qodirxoʻja ishonmagan, ularning xizmatidan hazar qilganman, ammo boshimda bir ulkan gunoh bordirki, har qancha yuvsada ketmaydi...»

«Bilaman oʻgʻlim, bilaman, Siz chetda turdingiz, qon-qardosh birodaringiz Fayzullaga qarshi chiqmadingiz, Amirni ham yoqlamadingiz – shunday emasmi? Bilib qoʻying, oʻzini tanigan, hurmat qilgan odam uchun oʻrtada turish qiyin. Endi qismatingiz ogʻir kechadi.

Sizlar doim «Jabr-zulm koʻkka yetdi», deb soʻzlashni xush koʻrardinglar. Endichi, qoʻni-qoʻshni, xeshu taborning holidan xabar oling, oʻz koʻzingiz bilan koʻring ularni, shoyadki haqiqiy zulm nimaligini anglasangiz. Shuni unutmangki, bizlarning xudodan boʻlak sigʻinadigan, Buxorodan boʻlak topinadigan joyimiz yoʻq!»

Qodirxoʻja asta borib otasini ozorsiz bagʻriga bosdi. Ketma-ket zarbalarga xuddi Katta minoradek qaddini tutib bergan bu chol Zargar mahallaning davlatli, diyonatli, obroʻli oqsoqoli hisoblanar, u yakkayu yagona oʻgʻli Qodirxoʻja bilan faxrlanar edi. Toʻraxoʻjaning asli kasbi zargarlik, soʻngroq savdo bilan shugʻullandi. Oʻgʻli Qodirxoʻja savodli, madrasa koʻrgan yigit. U yaqin besh-olti yildirki, otasining yordamchisi, qariyadan butkul hisob-kitobu ish yuritishni qabul qilib olgan tadbirkor savdogar. Buxoroning hur fikrli jadidlari, savdo ahli, ayniqsa, atrof tumanlardagi oʻziga toʻq xonadonlardan koʻplab yaqinlar orttirgan mulohazakor Qodirxoʻja har qancha oʻylamasin, qizil qoʻshinning istilosini anglayolmasdi. Nechun bu tartib vayron etish, yondirish, shafqatsiz qirish, talash... Yoʻq, inqilob degani bu taxlit boʻlmas, zoʻravonlik bu, bosqinchilik! Yurtparvar millat kishilari nechun bu qirgʻin-barotga yoʻl qoʻydilar, nega xalqning bor-yoʻgʻi bilan hisoblashmay oʻlpon yigʻadilar?

Qodirxoʻja otasining qoʻltigʻidan suyab ayvon zinasiga yetakladi. Chol bir zina bosib-bosmay toʻxtadi:

– Millat qaygʻusida Buxoroga qoʻshin chorlagan birodarlaringiz qayda, nechun indamaysiz, oʻgʻlim?

Qodirxoʻja tushundi, otasi «Yosh buxoroliklar»ga sha’ma qilyapti. Darvoqe, nechun doʻsti Fayzulla buning kabi talonga beparvo, jimgina kuzatib turibdi. Shaharni kofirga toʻldirib, oʻzi qayoqqa gʻoyib boʻldi?

– Otajon, oʻzingizga ma’lum, uch kundirki oilamiz tashvishi bilan bandman. Buxoro egasiz qoldi. Egasiz yurtni talashar ekan. Boshi berk – chorasiz koʻchaga kirib qoldik, kimga ishonishni bilmaysan kishi.

– Oʻzingizga ishoning, Qodirxoʻja, yurtning egasi bor, bugundir, ertadir buzgʻunchilar, yurt talashganlar jazosini topadi, oʻzi boshlab kelgan yarogʻ boshini yeydi. Yurt bosib baraka topish mumkindir, ammo shuni bilingki, yurt sotib baraka topmaysiz. Moldanku kechdingiz, endi jondan kechib boʻlsa-da, birodaringiz Fayzullaga uchrang, sizga aytgan omonat soʻzimni unga yetkazing. Qoʻlidan kelsa itlarini bogʻlasin, xalqqa jabr boʻldi, xoʻ-oʻb jabr boʻldi, talagani yetar, haqqi qolmadi! Oʻz qavmiga ozor yetkazgan baraka topmaydi, – chol zinaga horgʻin choʻkar ekan, Qodirxoʻja angladiki, otasining unga aytadigan soʻzi tugadi. Umr boʻyi zar yiqqan, tillo yiqqan odam nechun bugun yoʻqotgan mol-dunyosiga achinmaydi, yurt deydi, qavm deydi, qaddi tik, yuragida gʻalayon... Qodirxoʻja ostona hatlab koʻchaga otilarkan, ushbu mulohaza yuragini oʻtdek kuydirdi.

Fayzullaga havasmand oʻsgan Qodirxoʻja dastlab islohottalab «Yosh buxoroliklar»ga xayrixoh, soʻngra firqaning Buxoroda islohot oʻtkazish loyihasi bilan tanishib, loyihaning yer-suv, harb va moliya ishlari, maorif va nozirlar kengashi kabi boʻlimlarini ma’qullagan, bu haqida doʻsti Fayzullaga ham bildirgan edi.

U shaharning xarobaga aylangan koʻchalaridan oʻtib borarkan, shunday oʻylardi: «Yaqingacha Fayzullani meningdek doʻstlari koʻp edi, birin-ketin tarqab ketdik, ajrashdik, u esa ahdidan qaytmadi. Nechun men inqilobchi boʻlmadim, xudo asradimi, jur'atim yetmadimi yo uningdek zamondan oʻzib yasholmadimmi?» – Qodirxoʻja shunday oʻylarkan, barcha niyatu maslaklarining chilparchin sinishi – teskari aksidan oʻziga kelolmasdi.

Katta minora va masjid atrofidan uzoq aylanib yurdi. Qoraygan gʻisht, tuproq uyumlari qabristonni yodga soladi. Hafta oldin shaharning eng obod, fayzli manzili hisoblanmish bu aziz joylarda besh-oltitadan boʻlib qizil askarlar turar, ular xarobalarni qoʻriqlashayotgandek tevarakni ziyrak kuzatishar, yarador minoraga hech kimni yaqinlashtirmas edilar.

«Qay bir gunohing uchun bagʻringni toʻpga tutdilar ey, bobo minor?! – Qodirxoʻjaning bagʻri xun boʻldi, koʻzlari yoshga toʻldi, yutindi, ammo kiprik qoqmadi. – Kuchga toʻlgan, doʻst-dushmanning farqiga borgan erkak yigʻlamaydi, yoʻq, zinhor yigʻlamaydi. Oʻzingni tut Qodirxoʻja, chaqirilmagan mehmonlar yonida past ketma, ularga aytadigan soʻzing boʻlsa, yigʻlamay, qoʻrqmay ayt, toki ular seni shu tuproqning farzandi, egasi ekanligingni bilishsin! Bir oʻq bilan, oʻn oʻq bilan qulamagan minoradan uyal, u sendan madad emas, nomus kutadi... Qani endi Fayzullani tezroq topolsam, axir u mendan, Amirdan-da Buxoroni ortiq sevardi, hammamizdan ortiq sevardi. Amirga taxt meros boʻlsa, bizga Vatan, Buxoro merosmasmidi?..»

Mushtlarini tugib, askarlarga yaqinlasharkan, qulogʻiga begona – ruscha soʻzlar chalindi:

– Stoy!

– Kuda ti, sart?

– Po moemu on bay!

– Amirning qarindoshimikan, otamiz! – askarlar birin-ketin girdini oʻrab olishdi. Qodirxoʻja oʻrtada toʻxtab qoldi.

«Otamiz», dedimi? – u bir xil kiyingan askarlarga razm solarkan, oʻzbekcha soʻzlagan yoshgina yigitga tikilib qoldi. Bexos otasining: «Oʻgʻlim, mening qochadigan gunohim yuq», – degan soʻzlarini esladi. U otishga ishqiboz askarga yaqinroq borib:

– Qochmaganni, qoʻrqmaganni otasizmi, yigit?! – dedi kinoya bilan. – Qoʻyingchi, birodar, oʻzlari kim boʻladilar, sarpolar qulluq boʻlsin, xoʻp yarashibdi! Sizga yarogʻ tutganlar adashmabdi, barakalla, oting meni, nega qarab turibsiz, kamlik qilsa, ana, Minorayi kalonni oting, qulating, nega qarab turibsizlar?!

Askar bola qilt etmay:

– Men qizil askarman, inqilob qoʻriqchisi, oʻzingiz kimsiz, hujjat?! – dedi jiddiy.

– Hujjat sizda boʻladi, qizil yigit, men buxorolikman, buxorolik Qodirxoʻja! Meni kattangizga boshlang, aytadigan gapim bor.

– Kattamiz shtabda, oʻrtoq Frunze nihoyatda band, u sizni qabul qilmaydi, gapingiz boʻlsa, marhamat, oʻrtoq komissarga ayting, – dedi u chekkarokda nopisand qarab turgan mallasoch kishini koʻrsatib.

«Yo rab, otam bashoratchi ekan, «Endi qismatingiz ogʻir kechadi, oʻgʻlim», deb hozirgina aytmaganmidilar? Nohotki endi gapiradigan soʻzimga, bosadigan qadamimga shulardan ijozat soʻrasam? Buxoroning qoʻldan ketgani rostga oʻxshaydi. Yo, Amiri a’zam, qadringizga yetmabmizku, biz gʻofil bandalarni shayton yoʻldan ozdirmish, mana oqibat, mana inqilob!»

Bu orada askar yigit komissarning soʻzlarini Qodirxoʻjaga yetkazishga shoshildi:

– Oʻzingizni tanishtiring, oʻrtoq grajdanin, taqiqlangan zonaga ne maqsadda kirdingiz?

– Boya aytdimku, nega anglamaysiz, buxorolik Qodirxoʻjaman, doʻstim Fayzullada ishim bor. Uchrashmoqchiman.

Askar uning soʻzini komissarga yetkazdi. Komissar chirt etib yerga tufurarkan, nimalardir dedi, asabiylashdi. Soʻng qizil askar boshligʻining soʻzini shunday yetkazdi:

– Oʻrtoq komissar sizga ishonmaydi, u deydiki, duch kelgan buxorolik oʻzini Fayzulla Xoʻjaevga doʻst deb tanishtiradi, boʻlmagan gap bu. Sizlar uni yomon koʻrasiz, siz feodallardan uni himoya qilish bizning burchimiz. Xoʻjaev Buxoro inqilobining kaliti, u bizga kerak. Tushundingizmi? Endi biz bilan yurasiz, shaxsingizni aniqlash lozim.

– Chigʻiriqdan oʻtasan deng, menga ishonmaysizmi, toʻgʻri qilasiz, begona yurtning shohi gadosi-da bir, ishonmanglar, ishonmanglar menga!

– Grajdanin Qodirxoʻja, nega unday deysiz, Buxoro bizniki, biz uni ozod qildik, yot qoʻllardan, manfur amirdan ozod etdik, yashasin Inqilob! Yoki siz bizga qarshimisiz, xato qilasiz, sizning oʻrningizda men boʻlganimda mana bu, eski tuzum sarqiti – amirning soyasi ajal minorasi hisoblanmish balandlikka chiqib «Yashasin inqilob!», deb jar solardim.

– E, shunday deng, ajal minorasi deb nomladinglarmi, yoʻq, iymon minorasi bu, sizlar kelguncha minorada soʻfi azon aytgan, barcha moʻmin-musulmonni e’tiqodga boshlagan, – uning soʻziga hech kim e’tibor bermadi.

Oʻziga yarashiqli kiyim kiygan Qodirxoʻjani oʻrtaga olib ketisharkan, yonidagi mallasoch askar choʻntagiga qoʻl suqdi:

– Tilla bar? Zoloto, zoloto?

* * *

...Frunze askarlarining muvaqqat shtabi Amir Olimxon Arkiga joylashgach, inqilob uchun xavfli sanalgan har bir kishining taqdiri shu joyda hal etila boshlandi. Gumondorlar guruhlarga boʻlinib, hukmdorga yaqinlar Amir xonadoni bilan yuzlashtirish uchun tutqunlikda saqlanardi. Asosiy shtab esa Kogon temir yoʻli stantsiyasida. Qizil askarlar Qodirxoʻjani Arkka sudrashgan paytda Fayzulla shahardan chetda – Kogonda oʻzi uchun ajratilgan vagonda yolgʻiz edi. Frunze uning Buxoroda turishini ma’qul topmadi, suiqasd uyushtirishlarini roʻkach qilib, vaqtinchalik maxsus vagonda yashashini maslahat (aslida buyruq) berdi. Frunze ushbu tadbiri bilan ikki vazifani ado etdi: birinchisi, Xoʻjaevning chetda turishi shaharda oʻz istagicha tintuv oʻtkazish, xohlagan odamni qarshiliksiz qamash, otish – har burchida xazina yashirilgan Buxoro boyliklarini ruxsatsiz yigʻish imkonini berdi; ikkinchisi, inqilob kurashchisining hayotini kafillikka olib, qizil armiyaning sadoqatini namoyish etdi.

Xar ikki tadbirni manfaat asoslar, manfaat oqlar, shu bois qarshilikka oʻrin yoʻq edi.

Kecha-kunduz qoʻriqlanayotgan vagonlarda tinimsiz tilla yuklanar, arava, foytunlar uzluksiz qimmatbaho buyumlar tashir, inqilobning dastlabki hosilini Buxorodan Kogonga zavq-shavq bilan yigʻishardi.

Fayzulla Xoʻjaev ilk kunlardanoq, savdogar otasidan meros qolgan jamiki boyligini inqilob gʻalabasi uchun ixtiyoriy topshirdi. Aytish mumkinki, bu borada u shaxsiy namuna koʻrsatdi. Uningcha, e’tiqod sinovining bundan boʻlak ishonchli usuli yoʻq edi. Uzoq muddat Buxoroning mustaqil, rivojlangan tenglik va adolatli qonunlar ustivorligi asosida qurilgan davlat boʻlishi uchun kurashgan ekan, bunday ulugʻ maqsad uchun nainki shaxsiy mulk – boylik, jondan kechishga ham tayyor edi u.

Inqilob qurbonsiz boʻlmas! – bu shior davrning nafasi, jamiki yoʻqotilgan, boy berilgan boylik, hatto toʻkilgan qon oʻrnini bosishga arzirli taskinbaxsh mezon edi. U har bir qadamini shu mezon bilan oʻlchar, ikkilanmasdi.

Qarshi darvozasi portlatildi. Katta minora toʻpga tutildi. Ark yarim vayronaga aylandi, masjidlar ustiga bomba yogʻdi, samolyot neligin koʻrmagan, bilmagan Buxoro ahli qurbon boʻldi, qirildi. Hammasiga guvoh: shafqatsiz rejaning ishtirokchisi u. «Gʻaflat bosgan Olimxon Buxoro taqdirini oʻylaganida, avvalo, harb quvvatini oshirmasmidi, oʻzganing himoyasiga ishongan podshoh qanday qilib oʻz yurtida erkin boʻlsin, bugun boʻlmasa ertaga, u albatta, Buxoroni topshirmasmidi?»

Yolgʻizlikda oʻtayotgan har lahza Fayzullaga tinchlik bermas, oʻzicha turli sabablar topardi: «Agar u bizning islohotlarni qabul qilib, amalga oshirganida, bugun Buxoro talanmasdi, ammo u qoʻrkdi, oʻzidan qoʻrqdi, taxtdan qoʻrqdi. Olimxon uzoqni koʻrolmadi, oʻziga ishondi, pilta miltiq bilan qurollangan qari lashkarlariga ishondi. Taqdir men taraf boʻlib, rus quroli bilan uni yenggan ekanman, qismatdan tonmayman! Otadan davlat qoladi, mol qoladi. Lekin unga mamlakat qoldi, Buxoro qoldi, u shunga loyiqmidi? Olimxon Buxoroni boshqarolmadi...»

Buxoro talanar, Buxoro yonar, u esa oʻz-oʻzi bilan xayol talashar, oʻtgan voqealar boʻlak imkon bermasdi. Ming toʻqqiz yuz oʻn sakkizinchi yilgi Kolesov jangidan soʻng uning eng katta imkoni jim turish edi. Bir marta ishonchni yoʻqotgan mahalliy inqilobchi ikkinchi bor qizil armiyaning madadidan umidini uzishi kerak. Lekin unga ishonishdi. Fayzulla boʻlgani uchun, kerak boʻlgani uchun ishonishdi...

U shunday oʻylasa-da, soʻnggi ikki-uch kunlik voqealar silsilasi, bir-yarim yoniga kelib ketayotgan yaqinlari, maslakdoshlar, qarindoshlarining ochiq-oydin noroziliklari bir daqiqa boʻlsin tinchlik bermasdi. Rost, qizillarning madadi qimmatga tushdi, lekii na chora, endi ortga yoʻl yoʻq, koʻpriklar sindi.

Nihoyat, vagon pardasini surib atrofni kuzatdi: askarlar terlab-pishib ahdu jahd bilan yelkasiga qop tashir, birin-ketin toʻlgan vagonlar eshigi tanbalanib, soqchilar soni ortib borardi. «Agar shu bilan qutulsam, shu bilan ularning qadami Buxorodan uzilsa, – deya oʻylardi u, – bilingki, Buxoro oʻzining ikkinchi umrini boshlaydi, biz yangi, mustaqil davlatning poydevoriga gʻisht qoʻygan boʻlamiz...» Ammo bunga hali erta, oʻy-xayollari tor vagonda, askar qoʻriqchiligida, Buxorodan chetda kechayotgan orzu ekanligini bilmasdi. Buxoro voqealari shu qadar shiddat bilan kechdiki, endi u temir goʻshasida tinch turolmas, shoshilinch rejalar tuzar, yon daftariga qaydlar yozar, kimlar bilandir xayolan bahslashar, vazifalar taqsimlar, xullas, vaqt unga, u vaqtga tinchlik bermasdi.

Noxos eshik taqillab, soqchi koʻrindi:

– Sizni soʻrab kelishdi.

– Kim!

– Doʻsti Qodirxoʻjaman, deydi, ruxsatnomasi bor.

– Kirsin.

Qodirxoʻja vagonga kirganida Fayzulla yarim surilgan parda yonida turib, bir mahallada ulgʻaygan bolalikdagi oʻrtogʻi haqida oʻylardi: «Kelgani yaxshi boʻldi, u meni tushunadi, oʻtgan ginalarni unutamiz, endi bizni ish birlashtirsin, Buxoro birlashtirsin».

Doʻsti Qodirxoʻja Fayzulla kutganchalik quchoq ochmadi, hayajonlanmadi, begona, butunlay yot bir kishiga koʻzi tushgandek ajablanib qarab turdi. Bir daqiqalik ogʻir sukunat Fayzullaning yuragiga toshdek qadaldi. «Nega meni tushunishmaydi, nechun menga bunday qaraydilar, hammaning qoʻli mening yoqamda, axir menga ham suyanchiq kerak, qani oʻsha mard, atrofimda ustoz Fitratdan boshqa hech kim qolmadi!»

Jimlikii Fayzulla buzdi:

– Doʻstim, toqating yetsa, yana bir dam jim tur, gapirma. Men bir oydinlik tilayman, koʻnglim esa kun sayin qora, qop-qora: kuching yetsa, menga qoʻlingni uzat, madad ber, qadamim yorugʻlikka yetsin, u yogʻini oʻzimga qoʻy, albatta qaddimni tiklayman!

Qodirxoʻja hamon jim, oʻsha sovuqqonlik ila qarab turaverdi.

«Bir dunyo kek bilan kelgan, yaxshi hamki quroli yuq...»

– Sen boshqa yurtning odamisan, – sokin tilga kirdi Qodirxoʻja, – tanimayman seni, yolgʻonmi? Atrofingda soqchilar, ortingda yuk toʻla vagonlar! Sen men uchun guyo Buxoroga kelgansanu savdongni pishitib, yana toʻlib-toshib yurtingga ketayotgandeksan! Qayoqqa joʻnatayapsan bu oltinlarni?! Buxoroga qasding bormidi?! Yana qoʻl choʻz deysan, madad ber deysan, sen shaytonga qoʻl uzatding, senga shayton madad bersin! Otangdan, mol-davlatingdan, hammamizdan kechib topgan taxtingga tupurdim! Nima qilib turibsan bu yerda bekinib, olib chiq temir taxtingni, Arkka oʻrnat! Olimxon ketdi, endi u yoʻq!

– Buxoroga qasding bormidi! – Fayzulla Qodirxoʻjaning soʻzini takrorladi. – Kecha amakim ham xuddi shu gapni aytdi. Azobku bu da’voni eshitish, tushuntirish azob, chidash azob. Men senlarning qay biring bilan aytib-eshitay! Shu kungacha yolgʻiz edim, nahotki, yana yolgʻizlik qismatim boʻlsa? Bunaqada men kim bilan Davlat quraman?! Yoʻq, senlar ginani bilasan, xatoni koʻrasan, ammo suyanchiq boʻlolmaysanlar!

– Gapirma, senga suyanchiq boʻlishdan xudo asrasin! Yurtini kofirga topshirgan odamni men tushunmayman!

– Mening oʻz rejam, maqsadim bor. Senlar yurtni emas, oʻz moling, joningni oʻylaysan! Bugun boʻlmasa ertaga meni xalq tushunadi. Olimxondan qutulganiga shukur qiladi, koʻzi ochiladi...

– Olimxonni sen qanchalik bilsang, men ham uni shunchalik bilardim. Men taxt havasidan uzoqda edim. Tinchgina oilam, kasb-korim, yuragimda shukronam bor edi – hammasini toʻzitding! Koshki toʻzgʻigan bir men boʻlsam? Ayt! Da’voga arzimaydimi bular?! Javob berasan, hammasiga javob berasan, yurtning da’vosi yelkangda turibdi, koʻzlaring koʻr sening – koʻrmaysan, quloqlaring kar sening – eshitmaysan!

Mutelik, boʻshanglik Fayzullaning tabiatiga yot edi. Maqsadga erishishning qonli yoʻli, vayronagarchilik, koʻplab yaqinlaridan ajralish uni yanada teranroq oʻylashga, Buxoro bilan bogʻliq har bir katta-kichik voqeani qayta-qayta tafakkur mezonidan oʻtkazishga majbur qilardi. Shafqatsiz vaqt hafta ichida oʻz hukmini oʻqigan, shikoyatga oʻrin yoʻq edi. Endi buyogʻiga puxtaroq rejalar tuzish, yon berish, pinhona kurashishdan oʻzga chora yoʻq. Aldandim, desinmi, xato qildim, desinmi, uzr soʻrasinmi – bundan ne foyda? Maqsadi aniq ekan, qaytmaydi, qaysar taqdir unga yon bosmaguncha kurashaveradi.

– Choʻntagimdagi soʻnggi aqchamni ham tortib olishdi, – Qodirxoʻja hamon tik turganicha gapirardi. – Bu qadar pastkashlik?! Ishongan togʻing shularmidi? Qaroqchiku bular, gadoku bular! Tunda otamni tunashibdi. Butun mahallani qon qaqshatib, koʻzi tushgan odamdan tilla talab qilishadi! Kechalari uyma-uy izgʻib oʻlpon yigʻishadi... Qargʻishga qolding Fayzulla, qoʻlingdan kelsa itlaringni bogʻla. Xalqni talagani yetar, sendan qizillar minnatdor boʻlishsa, shu yogʻi ham yetib ortadi. Amirni qulatishta yetgulik, balki ortiqroq xizmat haqi toʻlading! Endi ayt, bizga tegmasin, beva-bechoraning ohi senga yetmasa, Ollohga yetadi!

   – Qodirxoʻja! – Fayzulla uning kiftidan changalladi. –Xotinqargʻish soʻzlaringdan toʻydim! Yaxshilab eshitib ol: Buxoro shu kungacha vatanim edi, endi esa qismatimga aylandi! Bilasan, qismatdan hech kim kecholmagay. Agar taqdir ustimdan kulmasa, Buxoroni qaytadan quraman. Sen hali Fayzullani bilmaysan!..

Sergak soqchi tahdidli ovozdan hushyor tortib, vagonga otilib kirdi. Fayzulla mallasoch askarga zoʻrma-zoʻraki jilmayib «Hammasi joyida, chiqib tur», dedi ruschalab.

Kutilmaganda askarning paydo boʻlishi har ikkisinida hushyor torttirdi. Fayzulla uchun ichki va tashqi tartib oʻrnatilgan – u eng yaqini bilan ham vagonda uzoq gaplasholmas, kim bilan nima haqida suhbatlashgani uchun hisob berishga majbur edi. Guvohlarsiz suhbat oʻziga choh qazishga teng, buni anglamaslikning iloji yoʻq, to shu kungacha asrab-avaylab, jonu taniga qalqon boʻlib kelgan Kogon stantsiyasidan kunma-kun uzoqlashayapti. Rost, hayotini asrash vajida temir qutida, soqchilar qoʻriqchiligida yotar ekan, koʻngliga bostirib kirgan begonalik hissi kun sayin kattalashib, ulkan toʻsiqqa aylanib borayapti.

U vagon boʻylab asta yura boshladi, butkul tinchini yoʻqotdi. Biri-biridan chalkash, xavotirli oʻylar ta’sirida vagondan otilib chiqqisi keldi. Uning chorasiz paytlari koʻp boʻlgan, lekin bugungidek oʻtgan voqealarning barcha malomati yigʻilib boshidan yogʻilmagan edi. Nimalar boʻlayapti oʻzi? Bari uning ixtiyorisiz kechdi, u biladiki, uning xohishidan-da shiddatli, qudratli bir kuch Buxoroga bostirib kirdi. Frunze lashkarlarining qadami yetgan Buxoroga hammadan koʻproq u mas’ul emasmidi?..

Bir muddat jimlikda kechgan fursat soqchilarni yanada hushyorlikka chorladi. Bu gal ular vagon panjarasidan poylashdi, hatto birisi poylaganini ataylab yashirmadi, tirjayib, ochiq-oydin ichkariga razm soldi.

– Kimni poylashayapti, – soʻradi Qodirxoʻja, – menimi yo...

– Meni poylashayapti, ularga men kerakman.

– Yoʻq, xato qilasan, Fayzulla, ularga sen emas, Buxoro kerak! Holingni koʻrib hammasini angladim, endi qoʻlingdan bir ish kelishi mushkul, sen allaqachon bolshavoyning aravasiga mingansan, oʻz ixtiyoringcha tushmaysan, tusholmaysan, joʻshib-joʻshib qoʻshigʻini aytasan, aytmasang ayttiradi!

Fayzulla uniig soʻzlarini eshitmagandek, xotirjam koʻzlariga tikildi:

–Dustu birodarlarga ayt, Buxoroni tashlab ketishmasin, hali bir-birimizga kerak boʻlamiz. Yanglish fursat tez oʻtadi, menga ishoninglar Qodirxoʻja. Kel, endi xayrlashamiz doʻstim.

– Ketaman, – dedi Qodirxoʻja orqaga tislanib, – lekin senga ishonmayman, Fayzulla, ishonmayman! Ollohga qasamki, baringdan oʻch olaman, toki tirik ekanman, oʻch olaman...

U eshikni taraqlatib yopdi.

* * *

Bir muddat oʻtgach, ketma-ket oʻq ovozi eshitildi. Qodirxoʻja chuqur xandaqda qonga belanib yotar ekan, Fayzullaning soʻnggi soʻzlarini esladi: «...Yanglish fursat tez oʻtadi, menga ishoninglar, Qodirxoʻja...» U koʻzlarini katta ochib, chidam bilan xoʻrsindi. Koʻzi elas-elas tepasida belkurak koʻtargan qizil askarga tushdi.

U hali joni chiqmagan – tirik jasadini tuproqqa qorishtirayotganlarini tomosha qilib yotdi, koʻzlarini yummadi, yumolmadi. Boshi uzra – osmonda elas-elas yarador Katta minora akslandi. Bir oʻq bilan, oʻn oʻq bilan qulamagan minoradan madad istagandek oʻng qoʻlini choʻzmoqchi boʻlib talpindi-yu shu lahza yelkasiga tosh urildi, yuziga qum tushdi, koʻzlari uni zulmat qa’riga tortib ketdi.