OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRashod Nuri Guntekin
Asar nomiCholiqushi (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Romantik adabiyot
Mualliflar
   - Rashod Nuri Guntekin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMirzakalon Ismoiliy (Turkchadan)
Hajm207KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/28
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Choliqushi (I- qism)
Rashod Nuri Guntekin

Birinchi qism

B..., 19... yil, sentyabr.

To‘rtinchi sinfda edim. Yoshim o‘n ikkilarda bo‘lishi kerak. Frantsuz tili muallimamiz Aleksi opa bir kun bizga inshodan vazifa topshirdi. «Hayotdagi ilk xotiralaringizni yozishga harakat qiling. Ko‘raylik-chi, nimalarni eslar ekansizlar. Sizlar uchun bu ajoyib xayol mashqi bo‘ladi», — degan edi u.

Hech esimdan chiqmaydi: sho‘xligimdan, sergapligimdan bezor bo‘lgan murabbiyalarim meni o‘rtoqlarimdan ayirib, sinf burchagidagi bir kishilik kichkina partaga o‘tqazib qo‘yishgan edi.

Mudira aytgandek, men «dars paytida qo‘shnilarimni gapga tutmaslikni, o‘qituvchimizning so‘zlarini odob bilan tinglashni o‘rgangunimga qadar» u yerda surgun hayot kechirishga mahkum edim.

Bir yonimda kattakon yog‘och ustun bor: nimaiki qilinsa pinagini buzmaydigan va ora-sira pakkimning uchi bilan u yer-bu yeriga ozor berganimda mardona chidab turadigan vazmin, uzun, gung qo‘shni

Narigi yonimda esa monastir tarbiyasiga mos salqin va g‘amgin olaqorong‘ilikni saqlash uchun yasab qo‘yilganga o‘xshagan, darpardalari hech mahal ochilmaydigan uzun deraza. Men soz narsa kashf qildim: ko‘ksimni partaga suyab, iyagimni bir oz ko‘tarsam, deraza darpardalari tirqishidan osmonning bir bo‘lagi-yu, akatsiya shoxlari orasidan bitta uy derazasi bilan balkon panjarasi ko‘rinar edi.

To‘g‘risini aytganda, manzara unchalik chiroyli emasdi. Deraza hamisha yopiq turar, balkon panjarasida esa har doim chaqaloqning yo‘rgaklari yoyib qo‘yilgan bo‘lar edi.

Lekin men shu narsalarni ko‘ra olganim uchun ham xursand edim.

Dars paytlarida qo‘llarimni iyakka tirab, o‘qituvchilarimga nihoyatda xudojo‘y ko‘rinish uchun lozim bo‘lgan bir alfozda ko‘zlarimni ko‘kka — deraza eshigi tirqishidan ko‘ringan haqiqiy osmonga tiksam, ular meni insofga kira boshlabdi, deb suyunishardi. Men murabbiyalarimni shu zaylda aldar, ular bizdan yashirmoqchi bo‘lgan hayotni tomosha qilayotgan kishiday quvonar, aldaganim va intiqom olayotganim uchun huzur qilardim.

Aleksi opa vazifani tushuntirib bo‘lgandan so‘ng bizni yozishga qo‘yib berdi.

Oldingi partalarga husn berib turgan og‘ir tabiatli peshqadam o‘quvchi qizlar allaqachon ishni boshlab yuborishdi. Ularning yonida o‘tirmasam ham, nimalar yozayotganlarini kiftlari ustidan ko‘rib turganday bo‘lar edim: «Ilk xotiramda qolgan birdan-bir narsa mehribon onajonimning kichkina karavotcham ustiga egilgan oltin sochli aziz boshi, menga mehru muhabbat bilan kulimsiragan havorang ko‘zlaridir...» tarzida shoirona yolg‘on... Aslida esa onalar oltin va havoranglardan boshqa ranglarda ham bo‘ladilar. Faqat so‘rlar[1]ning o‘quvchilari qalamidan shunday ranglarga bo‘yalib chiqish u bechoralar uchun bir majburiyat, biz uchun esa odat edi.

Menga kelsak, men butunlay boshqacha qiz edim. Juda yoshligimda ayrilgan onamdan esimda nihoyatda oz narsa qolgan. Lekin onamning oltin sochli, havorang ko‘zli bo‘lmaganini aniq bilaman. Shunday bo‘lgandan keyin, asl qiyofasini o‘zgartirib tushuntirishga va bundan mamnun bo‘lishga hech qanday kuch meni majbur qilolmaydi...

* * *

«Nima yozsam ekan?» degan o‘y meni qiynardi. Devorda Bibi Maryamning bo‘yoqli surati tagiga osib qo‘yilgan kakkuli soat tinmay yurib turibdi, men esa hali ham anqayib turibman. Boshimdagi lentani yechdim, sochlarimni sekin-asta ko‘zimga tushira boshladim. Bir qo‘lim bilan qalamni og‘zimga tiqib, uni tilim bilan aylantirib o‘tirdim.

Faylasuflarning, shoirlarning bir narsa yozib turganda burun qashish, bag‘baqalarini cho‘zish kabi g‘alati odatlari bor-da axir... Qalam tishlab sochimni ko‘zimga tushirib o‘tirishim ham mening chuqur xayol surayotganligimni bildirishi kerak.

Xayriyatki, menda xayolotga berilish paytlari juda kam bo‘lardi. Aks holda, hayotim ertaklardagi Chorshanba ayol o‘choq onasining hayoti singari chigal-butal bo‘lib o‘tar edi.

Oradan yillar o‘tdi. Mana endi begona bir shaharda notanish bir mehmonxona nomerida o‘tirib xotiralarimni yozyapman... Sira tongi yorishmaydigandek tuyulgan tun azobidan qutulish uchun xotiralarimni yozib turgan shu soatimda bir qo‘lim yosh bolalik chog‘larimdagi singari yana sochlarimni to‘zg‘itib, ko‘zlarim ustiga tushirish bilan mashg‘ul.

Buning sababi atrofdagi hayot oqimiga o‘zini qo‘yib yuboradigan yengiltak, beparvolik ekanligimdan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Og‘ir kunlarda o‘z-o‘zim, o‘z fikrlarim bilan tanho qolish uchun ko‘zlarim bilan dunyo orasiga shu sochlarimni parda qilib qo‘yishga tirishardim.

Qalamni kabob sixiday tishlarim orasida aylantirishimga kelsak, to‘g‘risini aytsam, buning hikmatini o‘zim ham bilmayman. Butun bilganim shuki, lablarimdan binafsha siyoh dog‘lari arimas edi. Hatto bir kun, endi ko‘zga ko‘rinib kelayotgan qizlik chog‘larimda, maktabimga meni ko‘rgani kelgan bir odamning oldiga mo‘ylov qo‘ygan kishiday chiqdim-u, uyalganimdan yerga kirib ketayozdim.

Nima to‘g‘rida gapirayotgan edim? Ha... Aleksi opaning ilk xotiralarni yozdirmoqchi bo‘lgan inshosi to‘g‘risida...

O‘sha kuni har qancha o‘ylasam ham, faqat shu narsalarnigina yozganim esimda:

«Men baliqlar singari ko‘l ichida tug‘ilganga o‘xshayman. Onamni es-es bilaman... Otam, enagam, xizmatkorimiz Husayn ham esimda... Bir kun meni ko‘chada quvgan qora laychani... Bir kun to‘la savatdan yashiriqcha uzum olayotganida barmog‘imni chaqib olgan arini... Ko‘zim og‘riganda tomizilgan qizil dorini... Mehribon Husayn bilan Istambulga kelganimizni... Ha, shularga o‘xshash ko‘p narsalarni eslayman... Lekin bulardan hech biri ilk xotira emas... o‘zim yaxshi ko‘rgan ko‘lda, quyuq yaproqlar orasida qip-yalang‘och bo‘lib cho‘milib yurgan vaqtlarimdagiday eski xotiralar emas... Dengizday poyonsiz bir ko‘l... «Ichida katta-katta yaproqlar, atrofida daraxtlar bo‘lsa, bu ko‘l qanday qilib dengizday katta bo‘lishi mumkin?» deyarsizlar... Xudo haqqi, yolg‘on so‘zlayotganim yo‘q, o‘zim ham sizlarga o‘xshab hayronman... Ammo, aslida shunday bo‘lgandan keyin ilojim qancha?..»

Inshom sinfda o‘qilganda, dugonalarim men tomonga o‘girilishib, qahqaha urib kulib yuborishdi. Bechora Aleksi opa ularni tinchitish uchun anchagina zahmat chekdi.

* * *

Qizig‘i shuki, Aleksi opa qora kiyimi ichida kosov singari bo‘yi, ohorli oppoq yoqasi, saroy xonimining peshonaga tortilgan chorshafiga o‘xshab bosh kiyimi tagidan ko‘rinib turgan sepkilli qonsiz yuzi va anorgul singari qip-qizil lablari bilan hozir ro‘paramda paydo bo‘lib, yana o‘sha savolni bersa, hozir ham o‘shandan boshqa javob topolmasam kerak, yana baliqday ko‘lda tug‘ilganimni ayta boshlayman.

Keyinchalik u yoq-bu yoqdan surishtirib bilsam, bu ko‘l Musul atrofida, oti doim esimdan chiqib qoladigan bir kichkina qishloq yonboshida ekan; mening poyonsiz dengizim chakalak orasidagi quruq irmoqdan qolgan bir hovuch suvdan iborat ekan.

* * *

Otam u mahallar Musulda xizmat qilar ekan. Men ikki yarim yoshlar chamasida ekanman. Yoz shu qadar issiq kelibdiki, shaharda turishning iloji qolmagandan ke- yin, otam meni onam bilan qishloqqa keltirib qo‘yishga majbur bo‘libdi. O‘zi esa har kuni ertalab otda Musulga tushar, kechqurunlari, kun botgandan keyin yana qaytib kelar ekan.

Onam menga qaray olmaydigan ahvolda qattiq kasal ekan. Shuning uchun ancha vaqtlargacha qarovsiz qolibman... Oylab xizmatkorlar uyida sarson bo‘libman. Ke- yin qishloqlarning biridan Fotima degan kimsasiz bir arab xotinni topishgan. Fotima meni yangigina o‘lgan chaqalog‘i o‘rnida ko‘rib, undan qolgan siynasi bilan onalik mehrini menga beribdi.

Dastlabki yillarda sahro bolasiday o‘sibman... Fotima meni orqasiga qopchiqday osib olib, jazirama oftoblarda ko‘tarib yurar, xurmo daraxtlariga ham ko‘tarib chiqar ekan.

Shunday qilib, o‘sha paytlar men hali aytgan qishloqqa kelibmiz. Fotima meni har kuni ertalab oziq-ovqatimiz bilan shu chakalakka keltirar; meni qip-yalang‘och qilib suvga solar ekan... Kechqurungacha yumalanishib o‘ynashar, ashulalar aytishar, birga ovqat qilishar ekanmiz... Keyin, uyqumiz kelganda, qum yig‘ib yostiq qilar, gavdalarimiz suvda, boshlarimiz qumda quchoqlashib, betlarimizni betlarimizga qo‘yishib uyquga ketar ekanmiz...

Suv hayoti tanu jonimga shunchalik singib ketgan ekanki, Musulga qaytganimizda dengizdan chiqqan baliqday qiynalib qolibman. Fe’lim buzilib, har zamon tipirchilar, payti keldi deguncha ust-boshimni yechib tashlab, ko‘chaga qip-yalang‘och yugurib chiqib ketar ekanman...

Fotimaning burnidan, betlaridan, qo‘llaridan g‘urralar arimas edi. Men bu xil g‘urralarga shunchalik odatlanib qolgan edimki, g‘urrasiz yuzlar menga hamisha xunuk ko‘rinardi.

Mening uchun eng katta motam Fotimadan ajralishim bo‘ldi.

Shaharma-shahar yura-yura axiyri Karbaloga keldik. U vaqt to‘rt yoshlarda edim. Bunday yoshda ko‘p narsalarni uncha-muncha esda olib qolish mumkin. Fotimaga yaxshigina yerdan kuyov chiqdi. Enamning kelin bo‘lgani, go‘shangaga kirgani bugungiday ko‘z o‘ngimda.

Yuzlari Fotimaniki singari g‘urra bo‘lgani uchun menga nihoyatda go‘zal ko‘ringan xotinlar bilan to‘la uyda meni quchoqdan quchoqqa olishar, keyin Fotimaning yoniga o‘tqazishardi.

So‘ngra o‘rtaga qo‘yilgan barkashlardan hovuchlab ovqatlar yeganimizni eslayman. Nihoyat, kun horg‘inligidan va hardam xurmacha singari yumalayverishdan charchab enagamning tizzasida yana barvaqt uxlab qolibman.

Fotima onamiz o‘g‘li Husayn Karbaloda shahid bo‘lganda hayotmidi-yo‘qmidi — bilmayman. Bechora ayol o‘sha qora kungacha yashab, jigargo‘shasi dog‘ida har qancha faryod ko‘targan bo‘lmasin, lekin uning faryodi to‘y kechasining ertasiga begona bir xotin quchog‘ida yotganimni ko‘rib, men ko‘targan dodu faryod oldida hech narsa bo‘lmagandir..

Xullas, Karbalo Karbalo bo‘lib bunday shovqinli motamni ko‘rmagandir, deb o‘ylayman. Faryod urib yig‘lashdan, ohu vohdan ovozim bo‘g‘ilgach, katta odamlar singari ochlik e’lon qilib, necha kungacha ovqat yemadim.

Enagamdan ayrilib, hasrat ichida qoldim, lekin bu hasratni bir necha oylardan so‘ng Husayn nomli bir suvori askargina unuttira oldi. Husayn ta’lim paytida otdan yiqilib, mayib bo‘lgan askar edi. Otam uni uyga xizmatkor qilib oldi. Husayn devonaroq odam edi. Meni jonidan ortiq yaxshi ko‘rardi. Men esam uning sevgisini oyoq osti qilib, tuzatib bo‘lmaydigan bir vafosizlik bilan xorlardim. Men Fotima bilan birga yotib o‘rganib qolgan bo‘lsam ham, bu bilan birga yotmas edim. Lekin saharda xo‘rozlar qichqirdi deguncha ko‘zlarimni ochib uning xonasiga yugurib kirar, ot minganday ustiga minib olib, barmoqlarim bilan qovoqlarini yirib ochardim.

Ilgari Fotima meni bog‘larga, dalalarga o‘rgatgan bo‘lsa, Husayn kazarmaga, askarlar muhitiga olib kirdi. Bu uzun mo‘ylovli yo‘g‘on odamning har xil o‘yinlarga ustaligini hech kimda ko‘rgan emasman. O‘yinlarining asl go‘zalligi xavfli, hayajonli kiliqlarida edi. Masalan, meni rezinka to‘pday osmonga irg‘itib ushlab olar yoki qalpog‘iga o‘tqazib oyoqlarimdan ushlardi-da, turgan yerida sakrar, gir aylanar edi. Sochlarim to‘zg‘ir, ko‘zlarim tinar, maza qilganimdan shunday qiyqirib-qichqirardimki, bunday lazzatni keyin hech qaerda topmadim.

Ba’zan yomon oqibatlar ham bo‘lardi. Lekin men, oramizdagi ahdga binoan, o‘yinda jonim achisa yig‘lamasligim, undan hech kimga shikoyat qilmasligim kerak. Men katta odamlarday sir saqlashga o‘rgandim. Meni bunga insofdan ko‘ra ko‘proq, u men bilan o‘ynamay qo‘yadi, deb qo‘rqqanligim majbur qilardi.

Kichikligimda meni qilig‘i sovuq deyishardi. Balki bu to‘g‘ridir ham. Nimagaki, kim bilan o‘ynasam jonini og‘ritar, dodlatar edim. Bu fe’l harholda Husayn bilan bo‘lgan o‘yinlarimning oqibati bo‘lsa kerak.

Jonim har qancha og‘riganda ham falokatni oh-voy qilmay, ochiq chehra bilan qarshilashim undan menga bir yodgordir.

Husayn ba’zan kazarmada anatoliyalik askarlarga cholg‘u chaldirar, meni yana xurmachaday boshiga o‘tqazib olib, qiziq o‘yinlar qilardi.

Bir payt u bilan otda ham sayr qiladigan bo‘ldik. Otam uyda yo‘qligida Husayn og‘ildan otni olib chiqar, meni quchog‘iga olib dalalarda soatlarcha o‘ynatib yurardi. Biroq bu ermagimiz uzoqqa bormadi. Ishqilib, gunohiga qolmayin-u, oshpaz xotin bo‘lsa kerak, u bir kun bizni otamga chaqdi, bechora Husayn otamdan ikki tarsaki yedi-yu, shu-shu otga yaqinlashmay qo‘ydi.

Asl muhabbat g‘avg‘osiz, shovqinsiz bo‘lmaydi, deyishadi. Biz ham Husayn bilan kunda eng ozi to‘rt-besh marta urishib olardik.

Bir qiziq odatim bor edi. Xonaning bir burchagida cho‘kkalab, yuzimni devorga o‘girib olardim. Husayn uch-to‘rt minutcha meni o‘z holimga tashlab qo‘yar, keyin rahmi kelib, birdan ko‘tarib olardi-da, chinqirtirib yuqoriga irg‘itar edi.

Quchog‘ida bir oz tixirlik qilib o‘tirganimdan so‘ng axiyri betidan o‘pishga rozi bo‘lardim. Shu taxlit yarashib olardik.

Husayn bilan qadrdonligimiz ikki yil davom etdi. Lekin u yillar hozirgiga hech o‘xshamaydi. Shu qadar uzun, shu qadar uzun ediki ular!..

* * *

Yoshlik xotiralarimni so‘zlab turib, nuqul Fotima bilan Husayndan bahs etishim bir oz ayb bo‘lmasmikan?

Mening otam Nizomiddin nomli bir suvori mayori edi. Onamga uylangan yili uni Diyorbakirga jo‘natishgan. Shu ketganicha Istambulga boshqa qaytib kelmagan. Diyorbakirdan Musulga, Musuldan Xonikinga, u yerdan Bag‘dodga, Karbaloga[2] o‘tgan... Bir yerda aqalli bir yil ham turmagan.

Onamni menga o‘xshatishadi. Onam otamga tushgan yili oldirgan bir rasmi bor, xuddi mening o‘zginam. Faqat bechora onam sog‘liq jihatidan menga hech o‘xshamas edi. Juda zaif ekan. Bitmas-tuganmas yo‘llarga, tog‘larning qattiq havosiga, dalalarning jaziramasiga chidash beradigan sog‘lig‘i yo‘q ekan. Keyin, aftidan, tag‘in bir kasali ham bo‘lgan. Bechoraning er bilan bo‘lgan butun hayoti shu kasallikni yashirish bilan o‘tgan... Nima qilsin, otamni juda yaxshi ko‘rar ekan. Meni zo‘rlab erimdan ajratishadi, deb qo‘rqar ekan...

Otam Istambuldan hamon uzoqlashib borar, har bir safari oldidan onamga:
— Seni hech bo‘lmasa bir mavsumgina, mayli, ikki oygina onangni yoniga yuborib turay. Onang bechora ham qarib qoldi... Kim bilsin seni ko‘rgisi kelib, yuragi ezilib o‘tirgandir, — desa, onam:
— Shu yog‘ini ham pisanda qilibmidik? Istambulga birga qaytamiz, demabmidik? — deyarkan.

Gap kasaliga borib taqalsa:
— Mening hech qanaqa dardim yo‘q... Picha charchadim, xolos... Tunov kuni havo bir oz o‘zgardi-da, shundan bo‘ldim, o‘tib ketadi... — deyar ekan.

Ammo Istambulni ko‘rgisi kelganini otamdan hamisha yashirib kelar ekan. Tavba, yashirib bo‘larmidi.

Uyquga ketganidan ikki minut o‘tar-o‘tmas otamni uyg‘otar, Qalandardagi chorbog‘imizni, naryoqdagi chakalakni yoxud Bosfor suvlarini ko‘rganligini aytar ekan... Jindakkina uyqu ichida o‘tgan bir necha minutga shu qadar uzun tushni sig‘dirish — u yerlarni odam juda ham ko‘rgisi kelgan bo‘lishidan emasmikan?

Buvim harbiy ministrlikka, saroy mulozimlarining oldiga borib, otamni Istambulga qaytarishlarini har qancha iltimos qilsa ham, har qancha yig‘lab-siqtasa ham, bu yolvorishlar hech qanday naf bermagan.

Nihoyat, onamning kasali og‘irlashgandan so‘ng otam hech bo‘lmasa uni Istambulga olib borib qo‘yish uchun bir oyga ruxsat so‘ragan-u, javobni ham kutib o‘tirmasdan yo‘lga chiqqan.

Tuyalarga ortilgan kajavalarda o‘tirib cho‘ldan o‘tganimiz xuddi bugungiday esimda.

Bayrutga yetib, dengizni ko‘rishimiz bilanoq onam bir oz jonlanganday bo‘ldi. Qo‘ngan uyimizda onam meni ko‘rpasiga o‘tqazib, sochlarimni taradi, qo‘llarimning kirligini, tugmalarimning tushganligini ko‘rib xafa bo‘ldi, boshini bag‘rimga bosib yig‘ladi.

Bir-ikki kundan keyin o‘rnidan turdi. Sandig‘idan yangi kiyimlarini olib yasandi. Kechqurun otamni kutib olgani pastga tushdik. Otam menda qo‘rs tabiat askar taassurotini qoldirgan edi. Lekin o‘shanda onamning turib yurganini ko‘rib, suyunganidan yugurib keldi-da, onamni endigina yura boshlagan go‘dak boladay qo‘llaridan ushlab yig‘ladi — men buni hech esimdan chiqarmayman....

Bu bizning birga kechirgan so‘nggi kunimiz bo‘ldi. Onamni ertasi kuni ochiq sandiq yonida, boshi kiyimlar bo‘xchasi ustiga qo‘yilgan, lablarida qon qotib qolgan holda topishdi — onam o‘lib qolgan edi.

Olti yashar bolaning ancha-muncha narsaga aqli yetishi kerak. Lekin men hech nimani uqmaganday parvosiz yuraverdim.

Biz tushgan uyda odam ko‘p edi. Hali ham esimda, bir necha kungacha kattakon bog‘da bolalar bilan bo‘g‘ishib yurdim, Husayn bilan ko‘chalarda, dengiz bo‘ylarida aylandim, jome hovlisiga kirib qubbalarni tomosha qildim.

Onamni begona yerga qo‘yganimizdan so‘ng, Istambulga qaytish otamning yuragiga sig‘madi.... Innaykeyin, buvim, xolalarim bilan ko‘rishishdan qochdi shekilli ham... Shunga qaramay, meni ularning oldiga yuborishni o‘z burchi deb bildi. Nazarimda, kun sayin o‘sib borayotgan qiz bolani kazarmada, askarlar qo‘lida tarbiyalash yaxshi bo‘lmaydi, deb o‘ylagan bo‘lsa ham kerak.

* * *

Meni Istambulga xizmatkor askarimiz Husayn eltib qo‘ydi.

Lyuks paroxodni va ust-boshi xarob bir arab askari qo‘lidagi jajji chaqaloqni ko‘z oldingizga keltiring... Kim biladi, bu manzara paroxoddagi odamlarga qiziq, balki ayanch ko‘ringandir. Lekin yo‘lga Husayndan boshqa odam bilan chiqsam bunchalik baxtiyor bo‘lolmasdim.

Chorbog‘imizning orqasidagi butazorda bir tosh hovuz, bu hovuz labida qo‘llari yag‘rinidan sinib tushgan yalang‘och bola haykali bor edi.

Dastlabki kelgan kunlarimda bu siniq haykal oftobdan, yog‘ingarchilikdan qoraygan rangi bilan menga mayib, sahroyi boladay xarob ko‘ringan edi. Hovuzdagi zilol suvlar ustiga to‘kilgan qizg‘ish yaproqlarga qaraganda kech kuz payti edi. Shu barglarni tomosha qilib turib, uning tagida suzishib yurgan bir qancha qizil baliqni ko‘rdim-u, buvim ne azobda dazmollab kiydirgan uzun shoyi ko‘ylagim va yangi botinkalarim bilan to‘g‘ri hovuzga sakradim.

Atrofdan qiy-chuv ko‘tarildi. Nima bo‘lganini bilgunimcha bo‘lmay, xolalarim meni yuqoriga quchoqlab olib chiqishdi-da, ham o‘pib, ham koyib, kiyimlarimni o‘zgartirishdi.

Bu oh-vohlar, bu koyishlardan tilim kuygani uchun hovuzga tushishga ortiq yuragim betlamay qoldi. Endi uning chetidagi qumlar ustida cho‘zilib, boshimni suvga tiqib yotadigan bo‘ldim.

Bir kun hovuz bo‘yida baliqlarni tomosha qilib yotgan edim. Bu voqea xuddi shu bugungiday esimda. Buvim bir oz orqada, egnidan hech tushmaydigan qora chorshafiga[3] o‘ralib, bog‘chadagi skameykada o‘tirgan edi. Husayn esa namoz o‘qiyotganday, buvim yonida cho‘kkalab olgan edi. Sekin-sekin gaplashayotganlarini eshitdim. Har holda turkcha so‘zlashayotgan bo‘lishsa kerak, nima deyishayotganlarini tushunmadim. Faqat ovozlaridan, dam-badam menga qarab-qarab qo‘yishlaridan shubhalandim. Quloqlarimni quyonday ding qilib oldim. Men chaynab hovuzga tashlayotgan teshikkulchalarga to‘planayotgan qizil baliqlar g‘oyib bo‘lib, buvim bilan Husaynning suvdagi akslari ko‘zimga ko‘rina boshladi. Husayn menga qarab-qarab, kattakon dastro‘molchasi bilan ko‘zlarini artardi. Bolalarning ba’zan yoshlariga mos kelmagan g‘alati sezgilari bo‘ladi.

Bu gaplardan bir suiqasd hidini sezdim: Husaynni mendan ayirishmoqchi!

Nega endi? Lekin mayda sabablarga aqlim yetadigan yoshda emas edim... Faqat bu ayriliq vaqti-soati kelganda, kunning botishini... yomg‘irning yog‘ishini to‘sib bo‘lmagani kabi, bu ham hech bir yo‘sin bilan oldini olib bo‘lmaydigan bir falokat ekanini juda yaxshi tushunardim.

O‘sha kechasi buvimning yotog‘iga juftlashtirib qo‘yilgan kichkina karavotchamda birdan ko‘zlarim ochilib ketdi. Boshimizdagi qizil qalpoqli chiroq o‘chiq bo‘lsa ham, derazalardan tushib turgan oy nurida xona yop-yorug‘ edi. Uyqum qochdi. Yuragimda chidab bo‘lmaydigan bir alam paydo bo‘ldi. Bilaklarimga tiranib, sekin buvimga qaradim, uning uxlayotganiga ishonganimdan keyin karavotimdan asta tushdim, oyoq uchida yurib xonadan chiqdim. Boshqa bolalar singari qorong‘ilikdan, yolg‘izlikdan qo‘rqmas edim. Zina pog‘onalari g‘ijirladi deguncha, katta odam ehtiyotkorligi bilan turgan yerimda to‘xtab, sekin-asta dahlizga tushdim.

Eshiklarni qulflab qo‘yishibdi. Lekin bog‘cha eshigi yonidagi deraza ochiq ekan, jonimga shu ora kirdi. Derazadan bir sakrab tashqariga tushdim. Husayn bog‘chaning narigi chetidagi bog‘bon hujrasida yotardi. Kechasi kiyadigan oq ko‘ylagimning uzun etaklarini oyoqlarimga o‘ralashtira-o‘ralashtira o‘sha yoqqa chopib ketdim. Hujraga kira solib, Husaynning karavotiga chiqib oldim.

U juda qattiq uxlardi. Arabistonda ekanimizda ham ertalab uni uyg‘otish uchun ozmuncha mehnat sarf qilmasdim. Ko‘zlarini ochishga unamagandan keyin, otga minayotganday qorniga minib olib qistash, uzun mo‘ylovlarini tizgin qilib tortish, «chux»lash kerak bo‘lardi. Lekin bu kecha uni uyg‘otishdan qo‘rqdim. Uyg‘onsa, meni ilgarigiday yoniga o‘tkazishga ko‘nmaydi, yalinib yolvorishimga qaramay, buvimga eltib beradi, deb o‘yladim.`

Asli birdan-bir tilagim oxirgi kechani uning yonida o‘tkazish edi.

O‘sha kechasi qilgan nojo‘ya harakatim yaqin vaqtlargacha oilamiz og‘zidan tushmay keldi.

Buvim saharga yaqin uyg‘onganda yonida yo‘qligimni ko‘rib, shaytonlab qolayozibdi... Bir necha minut ichida butun chorbog‘ oyoqqa turibdi... Chiroq, shamlar ko‘tarishib bog‘chani, dengiz bo‘ylarini axtarishibdi. Bo‘g‘ot orasidan ko‘chagacha, qayiqxonadan hovuzning ikki qarich suvigacha hammayoqni ostin-ustin qilishibdi. Qo‘shni poliz qudug‘iga chiroq tushirib qarashibdi...

Bir mahal buvimning esiga Husayn tushibdi-yu, u yotgan hujraga qarab chopibdi. Kelib qarasa, men askarning bo‘ynidan mahkam quchoqlab uxlab yotgan emishman.

Ayriliq kunining fojiasini hali-hali eslab kulaman. Men umrimda o‘sha kungiday xokisorlik qilganimni bilmayman. Husayn eshik yonida tiz cho‘kib olib, shopday mo‘ylovlari borligidan ham uyalmay yig‘ladi, men esa Bag‘dodda, Suriyada arab tilanchilaridan o‘rganib olgan duolarim bilan buvimning, xolalarimning etaklarini o‘pib, undan ajratmasliklarini so‘rab yalindim.

* * *

Romanlarda qayg‘uga uchragan odamlar yelkasi cho‘kkan, ko‘zlari so‘ngan, harakatsiz, unsiz, yana ham ochiqrog‘i, g‘arib qilib tasvirlanadi.

Menda doimo buning aksi bo‘ladi. Qachon og‘ir qayg‘uga cho‘ksam, ko‘zlarim porlaydi, chehram ochiladi, terimga sig‘may ketaman. Dunyoni pisand qilmaganday, qahqaha urib kulaman, turli sho‘xliklar, telbaliklar qilaman. Shu bilan birga ohu zorini yaqin odamiga, boshqalarga aytolmaydigan kishilar uchun buni juda yaxshi odat deb hisoblayman.

Husayndan ayrilganimdan keyin ham shunday qilganim esimda. Yaramasliklardan quturar, meni yupansin deb olib kelishgan qarindosh bolalarni urib-surib jonlarini olardim.

Yotu begonalar ko‘zida ayb bo‘ladigan bir vafosizlik bilan Husaynni ko‘nglimdan chiqarib tashladim. Ammo yaxshi bilmayman, balki undan chinakam xafa bo‘lganim uchun shunday qilgandirman. Oldimda nomi tilga olingan hamono yuzimni teskari o‘girib olar, men endi-endi o‘rgana boshlagan turkcha so‘zlar bilan: «Husayn pis, Husayn chirkin, edepsiz... oo» [4], — deb yerga tupurardim.

Shunday bo‘lsa ham, bechora «yomon, yaramas» Husaynning Bayrutga yetar-etmas menga yuborgan bir quti xurmosi jahlimni pasaytirganday bo‘ldi. Xurmolarning tugashidan falokatdan qo‘rqqanday qo‘rqqanim holda bir o‘tirishda hammasini pok-pokiza tushirdim. Xayriyat, danaklari qoldi. Ular menga bir necha haftalik ermak bo‘ldi. Bir qismini xachirlarga taqiladigan munchoqlar bilan aralashtirib ipga tizdim, yovvoyi odamlarnikiga o‘xshagan shoda munchoq yasab, bo‘ynimga ilib oldim. Qolganlarini bog‘chaning har yer-har yeriga ekdim. Necha oygacha har kuni ertalab kichkina idishda ularga suv quyar, bog‘chada xurmozor bo‘lishini kutar edim.

Bechora buvim esini yo‘qotib qo‘ydi. Meni yo‘lga solish chindan ham imkonsiz edi. Sahar g‘ira-shirasida uyg‘onar, kechqurun charchab, horib-tolgunimga qadar beboshliklar qilar edim. Ovozim o‘chguday bo‘lsa, chorbog‘da xavotirga tushishardi. Chunki bu mening biror yerimni kesib olib, ovozimni chiqarmay qonimni tindirish, yo bir yerga yiqilib ketib, og‘riqdan to‘lg‘anish, yoxud stul oyoqlarini arralash, to‘shak jildlarini bo‘yash kabi zararli ishlar bilan mashg‘ul ekanligimni bildirar edi.

Bir kuni qushlarga latta, payrahalardan uya yasash uchun daraxtlarning qir uchiga chiqar, boshqa bir kun o‘choq mo‘risidan tosh otib, oshpaz xotinni qo‘rqitish uchun tomga tirmashar edim.

Chorboqqa ora-sira bir doktor kelib turardi. Bir kun shu doktorni eshik oldida kutib turgan bo‘sh izvoshga chiqdim-u, jonivorlarni qamchiladim. Boshqa bir kun esa kattakon kir tog‘orani sudrab borib dengizga tushirdim-da, unga o‘tirib olib o‘zimni oqinga topshirdim. Bilmayman, boshqalarda ham shundaymi, lekin bizning oilamizda yetim bolani urish gunoh hisoblanardi. Juda haddimdan oshib ketgan kezlarimda qo‘limdan yetaklab borib biror uyga qamab qo‘yishardi. Beradigan jazolari shu edi, xolos.

Hamma bolalar «soqolli amaki» deb chaqiradigan g‘alati tabiatli bir qarindoshimiz bor edi. Ana shu soqolli amaki mening qo‘llarimni «Avliyo panja» derdi. Chunki barmoqlarim biror kun ham yara-chaqadan xoli bo‘lmas, xina qo‘ygan xotinlarnikiga o‘xshab, undan latta, bintlar arimas edi.

Tengqurlarim bilan bir xil muomalada bo‘lmas edim. Yoshi ancha katta bo‘lgan qarindosh bolalar ham mendan bezillardi. Menda, qalbimda sevgi olovi uchqunlaguday bo‘lsa, bu ham bir falokat bo‘lardi. Odamlarga o‘xshab sevishni, sevganimni mehru shafqat bilan e’zozlashni o‘rganmagan edim. Yaxshi ko‘rgan odamim ustiga hayvon bolasiday otilar, quloqlarini cho‘zar, yuzini tirnar, itarib-turtib jonidan bezor qilardim.

Qarindosh bolalar orasida faqat bittasidan tortinar, o‘shandangina hayiqar edim.

U Basima xolamning o‘g‘li Komron edi. Ammo uni bola deyish uncha to‘g‘ri kelmaydi. Avvalo yoshi mendan ancha ortiq, qolaversa, juda odobli, vazmin. Bolalarga qo‘shilishni yoqtirmaydi. Qo‘llarini cho‘ntaklariga suqib olib, yo dengiz bo‘yida o‘zi yolg‘iz aylanib yuradi, yo bo‘lmasa daraxtlar soyasida kitob o‘qib o‘tiradi.

Komronning sochlari jingalak, sarg‘ish yuzi esa nozik, oppoq, yarqiroq. Shunchalar yarqiroqki, yuragim chopsa-yu quloqlariga yopishib olib, yaqindan betlariga qarasam xuddi oynadagi kabi o‘zimni ko‘rishimga ishonaman.

Undan tortinsam ham, baribir janjallashdim. Dengiz bo‘yidan savatda xarsangtosh tashiyotgan edim, shulardan bittasini oyog‘iga tashlab yubordim. Bilmayman, tosh og‘irmidi yo u anchagina nozikmidi, birdaniga chinqirib voy-voylab yubordi. Esim chiqib ketdi. Bog‘chadagi kattakon chinorga maymundek chaqqon tirmashib chiqib ketdim. Meni u yerdan na ozor, na do‘q va na yolvorishlar tushira oldi. Oxiri bog‘bonni orqamdan chiqardilar. U ko‘tarilgan sari men ham daraxt uchiga chiqib ketaverdim. Ammo u, og‘irimni ko‘tara olmaydigan ingichka shoxlarga chiqishdan toymaydigan bir alfozda ekanligimni, agar orqamdan chiqaversa falokat ro‘y berishi mumkinligini ko‘rib, pastga tushib ketdi.

* * *

Xullas, o‘sha kecha qorong‘i tushguncha daraxt shoxida qushday o‘tirdim.

Mening dastimdan bechora buvimning uyqusida halovat qolmadi. Boyoqish xotin mening telbaligimga kun sayin ko‘proq ishona bordi. Goho saharda, kechagi sho‘ru g‘avg‘omdan boshi tinchishga ulgurmay, buvim mening shovqin-suronim bilan uyg‘onar, ko‘rpasida to‘lg‘anar, mening qo‘llarimdan ushlab olib: «O‘zi o‘lib, qarigan chog‘imda bu maxluqni boshimga balo qilib tashlab ketdi-ya?» deydigan bo‘lsa, buvim albatta meni degan, uni kelgan yeriga qaytarib yuborgan bo‘lardi.

Albatta, kasalmand bir kampirning kechasi horg‘inligi bosilmasdan uyg‘onishi jabr. Lekin shunisi ham borki, kechasi bilan tinib-tinchigan taqdirda ham yolg‘izlik ruhi bilan uyg‘onish, judoliklar alamida azob chekish yanada og‘irroq bo‘ladi.

Xullas, shuncha zahmat yetkazganimga qaramay, buvimning men bilan ovunganiga, men bilan baxtiyor bo‘lganiga ishonaman.

* * *

Buvimdan judo bo‘lganimizda to‘qqiz yoshlarda edim. Otam ham ittifoqo Istambulda edi.

Otam bechorani bu safar Tripolidan Albaniyaga ishga o‘tkazishibdi. Shuning uchun Istambulda atigi bir hafta qolishi mumkin edi.

Buvimning o‘limi uni mushkul ahvolga solib qo‘ydi. Beva ofitser to‘qqiz yashar qizini yetaklab tog‘u toshlar orasida sargardon bo‘lib yurolmas edi. Meni siqilib qoldi deb qo‘rqibmi, xolalarimga tashlab ketishga negadir ko‘ngli chopmadi. Nimani o‘ylagan bo‘lsa o‘ylagandir, har holda bir kun meni yetaklab borib kemaga o‘tqazdi. Istambulga o‘tdik. Ko‘prikda yana aravaga tushib, uchi-keti ko‘rinmagan o‘rlardan oshdik, bozorlardan o‘tdik, ke-yin bitta kattakon g‘ishtin bino oldiga kelib to‘xtadik.

Bu yer umrimning o‘n yilini qamoqda o‘tkazishim kerak bo‘lgan so‘rlar (soeur) maktabi edi. Bizni eshik yonidagi pardalari, derazalari yopiq, olaqorong‘i bir xonaga olib kirishdi.

Hamma narsa avvaldan gaplashib qo‘yilgan bo‘lsa kerak, bir ozdan keyin qora kiyimli bir xotin kirdi-yu, to‘g‘ri mening ustimga kelib engashdi. Boshidagi oq ro‘molining uchlarini g‘alati bir qushning qanotlari singari sochlarimga tegizib turib, yaqindan yuzimga tikildi, betlarimni siladi.

Maktabga qo‘ygan birinchi qadamim yangi bir bema’nilik, yana bir yaramaslik bilan boshlanganini eslayman.

Otam mudira opa bilan gaplashib turganida, men xonani aylanib uni-buni kovlashtira boshladim. Bir vazaning rangli rasmlariga barmog‘imni tegizib ko‘rmoqchi bo‘luvdim, u tushib chil-chil bo‘ldi.

Otam qilichini sharaqlatib o‘rnidan sapchib turdi, jahl bilan qo‘limdan tortdi.

Singan vazaning egasi mudira opa esa, aksincha, kulardi. Qo‘llarini silkitib, otamni tinchlantirishga harakat qildi.

* * *

Maktabda bu vazaga o‘xshash yana qancha narsalarni sindirishim turgan gap. Uydagi beboshligim u yerda ham davom etdi. Murabiyalarimiz chindan ham malak kabi sabrli xotinlar edi yoki mening yaxshi tomonlarim bor edi. Yo‘qsa, mening dastimdan bu qadar ozor chekishlari mumkinmi, qalay?

Sinfda sira tinmay to‘polon qilar, u yoqdan-bu yoqqa o‘tib yurardim.

Hamma singari zinadan tushish mening odatim emas edi. Albatta biror burchakka biqinib olib, sinfdoshlarimning tushishlarini poylar, keyin panjara yog‘ochiga otga minganday sakrab chiqib olib, o‘zimni pastga qo‘yib yuborardim. Yoki oyoqlarimni juftlashtirib zinalardan sakrardim.

Bog‘da qurigan daraxt bo‘lardi. Payti keldi deguncha o‘shanga tirmashib chiqib olganimni, po‘pisalarga quloq solmay tanaffus oxirigacha shoxdan-shoxga irg‘iganim- ni ko‘rgan muallimam: «Bu odam bolasi emas, choliqushi»[5] , — deb koyigan edi.

Ana shunday qilib, o‘sha kundan boshlab asl nomim unutildi-yu, hamma meni «Choliqushi» deb ataydigan bo‘ldi.

Bilayman, bu ism keyinchalik qanday qilib oilamizga ham o‘tdi-yu, Farida otim bayram kiyimi singari juda kam qo‘llanadigan rasmiy ot bo‘lib qoldi.

«Choliqushi» mening o‘zimga ham yoqardi, nimagaki bu nom ko‘p mahal jonimga ora kirardi. Biron nojo‘ya harakatimdan shikoyat qilishsa, bahuzur yelkalarimni uchirib: «Na chora... Choliqushining qo‘lidan boshqa nima kelardi», — deyardim.

Ba’zan maktabimizga echkinikiga o‘xshagan kichkina soqol qo‘yib olgan ko‘zoynakli pop kelib-ketib yurardi. Bir kun sochimning uchidan qaychi bilan jindak kesib, yelim bilan iyagimga yopishtirib oldim. O‘qituvchimiz men tomonga qaraganda jag‘imni hovuchimning ichiga yashirar, nari yoqqa qarashi bilan qo‘llarimni olardim-u, soqolimni selkillatib, popga taqlid qilar, bolalarni kuldirar edim. O‘qituvchimiz bu qahqahalarning sababini bilolmay, tomog‘i yorilguday bo‘lib baqirar edi.

Nimayam bo‘ladi-yu, bir mahal yuzimni sinfimizning yo‘lakka ochiladigan derazasi tomonga o‘girib qolmaymanmi? Qarasam, oyna orqasidan mudira opa menga qarab turibdi-da!

Shoshib qolganimdan nima qilsam bo‘ladi? Bo‘ynimni egdim, barmog‘imni labimga keltirib «jim!» ishorasini qildim, keyin esa barmoqlarim bilan unga bir bo‘sa yubordim.

Maktabning kattasi ana shu mudira opa edi. Eng keksa muallimlargacha hamma uni xudoday hurmat qilardi. Shunday bo‘lgani holda, undan muallimga nisbatan sir saqlashni so‘rashim xotin boyoqishga nasha qildi. Sinfga kirsa salobatini saqlab qololmasligidan qo‘rqayotganday kuldi, keyin qo‘li bilan menga po‘pisa qilib, yo‘lak qorong‘iligida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Mudira opa bir kuni meni ovqatxonada qo‘lga tushirdi. Sinfdan o‘g‘irlab chiqqan qog‘oz savatimga ovqat sarqitlarini solib turgan edim. Mudira dag‘al tovush bilan:
— Bu yoqqa kel, Farida, nima qilyapsan? — dedi.

Qilayotgan narsamning yomonligini bilmas edim. Yuziga tik qarab:
— Itlarga ovqat berish ham yomon narsami, maso‘r?— dedim.
— Qanaqa itlarga? Qanaqa ovqat?
— Vayronadagi itlarga... Oh, ma soeur[6], men borganimda qanchalik suyunishganini bir ko‘rsangiz edi... Kecha kechqurun bo‘lsa, burchakda kutib olishdi, oyoqlarimga yopishishdi... «Sabr qilinglar... vayronaga eltib beraman... ungacha o‘lib qolmassizlar...», desam ham zolimlar quloq solishmadi. Osilishib meni yerga yiqitishyapti... Mening ham o‘jarligim tutib ketdi. Savatga etagimni mahkam yopib oldim... Sal bo‘lmasa meni tilka-pora qilib tashlashardi... Xayriyatki, bir teshikkulchachi o‘tib ketayotgan ekan, qutqazib oldi.

Mudira ko‘zlarimga tikilib turib eshitdi.
— Juda soz, xo‘sh, maktabdan qanday qilib chiqding? — deb so‘radi u.

Men hech tap tortmay:
— Kirxonaning orqasidagi devordan oshib tushdim,— dedim.

Mudira katta bir falokat xabarini eshitganday boshini qichib:
— Qanday botingding? — dedi.

Men yana to‘g‘risini aytdim:
— Ajablangmang, ma soeur... Devor juda past... Innaykeyin, qanday qilib eshikdan chiqishim mumkin?.. Qorovul meni chiqarib qo‘yarmidi? Birinchi chiqqanimda: «Seni ma soeur Terez chaqiryapti», — deb aldab qochgan edim... Iltimos qilaman, siz ham menga xalaqit bermang... Chunki itlarning och qolish xavfi bor...

Murabbiyalarimiz xo‘p g‘alati xotinlar edi-da. Boshqa biron maktabda shu narsalarni qilsam yo meni qamab qo‘yishar, yo bo‘lmasa birorta jazo berishar edi, deb o‘ylayman.

U men bilan pachakilashib o‘tirmaslik uchun o‘zini bosdi.
— Itlarni, hayvonlarni parvarish qilish yaxshi narsa, lekin itoatsizlik qilish yaramaydi... Savatni menga tashlab ket... Sarqitlarni itlarga qorovul eltib beradi, aytaman, — dedi.

Umrimda hech kim meni shu xotinchalik yaxshi ko‘rmagan bo‘lsa kerak.

Murabbiyalarimizning shunga o‘xshash harakatlari u vaqt yelning toqqa ta’siriga o‘xshash bir narsa bo‘lib, mening sho‘xligimni, intizomsizligimni daf etishdan ojiz ko‘rinardi. Faqat bular asta-sekin tanamga singib, o‘chmas izlar, shifosiz zaifliklar, nazokat zamzamasi qoldirmaganmikan, deb qo‘rqaman...

* * *

Shunday, men haqiqatdan ham tushunib bo‘lmaydigan g‘alati qiz edim. O‘qituvchilarimning zaif tomonlarini bilib olardim. Har bir o‘qituvchining jig‘iga nima ko‘proq tegishini osongina topib olar, shunga qarab mujda tayyorlardim.

Masalan, Matild opa nomli qari, nihoyatda mutaassib bir musiqa o‘qituvchimiz bor edi. U devordagi Bibi Maryam surati olidida ko‘zlaridan yosh to‘kib ibodat qilib turganda, men surat tevaragida uchib yurgan pashshalarni ko‘rsatardim-da, «ma soeur, maloyikalar aziz onamizni ziyorat qilgani kelishibdi», degan so‘zlar bilan jon tomirini uzib olardim.

Boshqa bir o‘qituvchimizning haddan tashqari toza, pokizaligiga e’tibor qildim. U yonimdan o‘tib ketayotganda ruchkamning yomon yozishidan shikoyat qilmoqchi bo‘lar, bechoraning oppoq yoqasiga siyoh sachratib yuborar edim.

Yana bir o‘qituvchimiz bor edi, bunisi gazandalardan juda qo‘rqardi. Kitoblarning birida rangli chayon rasmini topdim-u, avaylab atrofini kesdim, keyin ovqatxonadan bitta kattakon so‘na tutib kelib, haligi qog‘oz parchasini yelim bilan so‘na ustiga yopishtirdim-da, kechqurun dars tayyorlayotgan paytimizda bir bahona bilan o‘qituvchimizning yoniga borib so‘nani stol ustiga qo‘yib yubordim.

Men uni savolga tutib turgan edim. So‘na birdan o‘rmalay boshladi. Bechora xotin kerosin lampaning yorug‘ida qo‘rqinchli bir chayon bo‘g‘inlarini, nishlarini titratib stolda o‘rmalab kelayotganini ko‘rdi-yu, birdan dodlab yubordi. Darhol yonida turgan lineykani olib, bir urishda so‘nani stolga qapishtirdi. Keyin orqasini devorga suyab, qo‘llari bilan yuzini to‘sib, anchagacha hushiga kelolmay turdi.

O‘sha kecha o‘zim yotoqda bir soatcha u yoqdan-bu yoqqa ag‘anab, yuragim ezildi.

Men u vaqtda o‘n ikki yoshga chiqqan, ko‘nglimda or, hayo tuyg‘ulari anchagina uyg‘onib qolgan edi. O‘qituvchimga qilgan muomalamdan uyaldim. Bu aybim osongina kechirib yuboriladigan ayb emasligini anglar, ertaga, albatta qiynoq-qistovga olinishimga aqlim yetar edi. Kim biladi, oqibati nima bo‘ladi?

Mudira opani tushimda bir necha bor ko‘rdim, yonimga g‘azablanib kelar, ko‘zlarini olaytirib baqirardi.

Ertasi kun birinchi dars voqeasiz o‘tdi. Lekin ikkinchi darsning oxirrog‘ida sinf eshigi ochilib, murabbiyalardan biri kirdi-yu, o‘qituvchimga bir nimalar degandan so‘ng meni tashqariga imo qildi. Naqadar qo‘rqinchli!

Men yelkalarimni qisib, tilimni cho‘chchaytirib sekin tashqariga chiqib borayotganimda bolalar kulishar, o‘qituvchim esa lineyka bilan stolni sekin-sekin taqillatib ularni jim bo‘lishga, shovqin solmaslikka chaqirar edi.

Bir nafasda mudira kabinetiga yetib keldim, keldimu, taajjubda qoldim. Mudiraning chehrasi tushimda ko‘rgan chehraga sira o‘xshamas edi. Shundayki, chayon surati yopishtirilgan so‘na o‘yinini o‘ylab chiqargan, o‘qituvchini hushidan ketkazgan yaramas qiz men emas-u, u ekaniga ishonar darajada hayratda qoldim.

Chehrasida g‘am, lablarida titroq bor edi. Meni qo‘limdan ushlab bag‘riga bosmoqchi bo‘lganday bir harakat qildi, lekin qo‘yib yubordi.
— Farida bolam... Senga bir xabar aytmoqchiman... Og‘ir xabar... Otang picha betob emish... Picha deyapman, lekin anchagina bo‘lsa ham ehtimol....

Mudira opa qo‘lidagi bir parcha qog‘ozni buklar, so‘zini ulashtirishga qiynalar edi.

Meni sinfdan chaqirib kelgan murabbiyaning birdan yuziga ro‘molcha to‘sib tashqariga chiqib ketganini ko‘rdim.

Tushundim. Bir nima demoqchi bo‘ldim, lekin mudira opa singari mening ham tilim tutilib qoldi. Boshimni o‘girib, ochiq derazadan daraxtlarga qaradim. Ularning oftob nuri tushgan tepalarida qaldirg‘ochlar uchishib yurardi.

Birdan men ham o‘shalar singari jonlanib ketdim.
— Tushundim, ma soeur, kuyunmang... Nachora? Hammamiz ham o‘lamiz... — dedim.

Bu safar mudira opa boshimni ko‘ksiga bosdi, ancha vaqtgacha qo‘yib yubormadi.

Maktabimizda begonalar kiritilmaydigan kun bo‘lishiga qaramay, bir ozdan so‘ng xolalarim meni ko‘rgani kelishdi. Ruxsat so‘rab uyga olib ketmoqchi bo‘lishgan edi, men ko‘nmadim. Imtihonlar juda ham yaqinlashib qolgani o‘sha kuni har mahaldagidan ham ziyodroq sho‘xlik qilishimga xalaqit bermadi. Shu darajada sho‘xlik qildimki, kechki dars tayyorlash paytida badanim o‘t bo‘lib yondi, tanballarga o‘xshab qo‘llarimni partaga qo‘yib uxladim va o‘sha kecha ovqat ham yemadim.

* * *

Yozgi ta’tilimni Basima xolaning Qo‘zyotog‘idagi chorbog‘ida o‘tkazdim.

Bu yerdagi bolalar bilan ko‘nglim ovunmas edi. Basima xolamning qizi Najmiya onasining etagidan ajralmaydigan kamgap, xastahol qizaloq edi. Komron akasining xuddi o‘ziginasi desa bo‘ladi.

Xayriyatki, atrofda Bolqondan ko‘chirma qilinganlarning bolalari bor ekan. Ularni bog‘chaga to‘plab olib, qiy-chuv solar, kechga qadar to‘polon qilardim.

Bir oz vaqtdan keyin bechora o‘rtoqlarim quvg‘inga uchrashdi, chorbog‘ bog‘boni ularni ko‘chaga quvdi.

O‘rtoqlarim ko‘ngilchan bolalar edi; ko‘rgan haqoratlarini pisand qilmay, meni chorbog‘dan olib qochgani kelishardi. Necha soatlab dalalarda beboshlik qilar, polizlarning chetanlaridan oshib o‘tib yegulik o‘g‘irlardik.

Kechqurun yuzim oftobda po‘rsillab, etaklarimning yirtiqlarini tilingan qo‘llarim bilan yashirishga tirishib uyga kirib kelganimda, xolam sochlarini yular, bir tutam yaltiroq tuk ostidagi pushti og‘zini ochib ora-sira esnab o‘tirgan, shu holida esi past yalqov mushukka o‘xshagan Najmiyani menga ibrat qilib ko‘rsatardi. Suluvligi, bilimdonligi, nozikligi, tarbiyasi, bilmayman yana nima balosi bilan nuqul boshimga taqillab uriladiganlardan yana biri Komron edi.

Najmiya bo‘lsa... Gapning qisqasi, onasining etaklari ostida o‘sgan, yumshoq, mo‘min uy mushugi edi. Lekin qizlarning shunaqa bo‘lishi kerakligini ichimda ma’qullar ham edim.

Lekin yigirmaga yaqinlashib qolgan, tarovatli yupqa lablari ustida mayin miyiqlar sabza ura boshlagan kap-katta Komronga nima bo‘ldi? Qizlarnikiga o‘xshagan zaifona oyoqlarida oppoq charm tuflisi, ipak paypoqlari, yurganda yosh novdaday tebranuvchi sarv qomati, shohi ko‘ylagining ochiq yoqasidan chiqib turgan uzun, oq bo‘yni bilan erkakdan ko‘ra ko‘proq qizga o‘xshagan bu yigitga juda yomon jahlim chiqardi.

Erkak qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar uni yaxshi yigit deb maqtashguday bo‘lishsa, qonim qaynab ketardi.

Necha bor yugurib kelib, oyog‘im lat yeganday o‘zimni ustiga tashlaganimni, kitoblarini yirtganimni, bekorchi bahonalar bilan janjal chiqarmoqchi bo‘lganimni eslayman. «Hoy, ollohning quli, qiz bolaga o‘xshab o‘tirmay bir oz jonlansang-chi, biron narsa desang-chi, ana shunda misoli mushukday bo‘yningga osilib, seni tuproqqa bulab tashlay, sochlaringni yulay, ilon ko‘zlariga o‘xshagan yashil ko‘zlaringga chang solay!» deb o‘ylayman.

Oyoqlariga tosh yumalatib yuborib, g‘ujanak qilgan kunimni ich-ichimdan zavq bilan titrab turib eslayman. Lekin u o‘zini yetilgan erkak kishiday hisoblab, menga yuqoridan qaraydi, ko‘zlarini jilmaytirib: «Bolaliging qachon qoladi, a, Farida?» — deydi.

«Juda soz, lekin senda ham qachongacha davom etadi bu pismiqlik, bu sovchi oldiga chiqqan qari qizning nozu karashmasi?..»

Bu so‘zlarni har nima bo‘lganda ham aytolmayman, albatta. Xudoga shukur, yoshim o‘n uch-o‘n to‘rtlarda... Shu yoshdagi bir qizning qo‘rsligini shu qadar bir nazokat bilan qarshilagan xushmuomala kishidan ortiqcha xafa bo‘lish yarashmaydi. Beixtiyor nojo‘ya so‘z chiqib ketishidan qo‘rqayotgandek, og‘zimni qo‘lim bilan yopib olaman, uni bemalol so‘kib olish uchun bog‘chaning xilvat burchaklariga qochib ketaman.

Yomg‘ir quyib turgan kunlarning birida qarindosh xotinlar kiyim-kechak haqida gaplashib o‘tirishgan edi. Xotinlar tiktirmoqchi bo‘lishgan qishki kiyimlarining rangi to‘g‘risida Komronning fikrini so‘rab qolishdi.

Men bir burchakda tilimni chiqarib, ko‘zlarimni olaytirib, ko‘ylagimning yengini yamash bilan mashg‘ul edim. O‘zimni tutolmadim, qahqaha urib kulib yubordim.

Xolavachcham:
— Nimaga kulyapsan? — deb so‘radi.
— O‘zim... — dedim. — Esimga bir narsa tushib ketdi...
— Nima tushdi?
— Aytmayman...
— Ko‘p noz qilaverma. Darvoqe, sening ichingda gap turarmidi... baribir aytasan bir kun....
— Unday bo‘lsa xafa bo‘lma... Sen xonimlar bilan kiyim to‘g‘risida gaplashib turganingda, men seni xudo yanglish yaratgan deb o‘yladim... Qiz bo‘lganingdami... lekin hozirgi yoshingda emas... Masalan, o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlaringda....
— Juda soz, keyin....
— Boyatdan beri atigi bir qarich yirtiqni yamaguncha barmoqlarimni ilma-teshik qilib olganim uchun ham men yigirma-yigirma ikki yoshlardagi bir erkak....
— E, keyin....
— Keyin nima bo‘lardi, ollohning amri, payg‘ambarning qavli bilan seni o‘zimga olardim, vassalom.

Uydagilarning hammasi sharaqlab kulib yubordi. Boshimni ko‘tardim-u, hammaning ko‘zi menga tikilib turganini ko‘rdim.

Mehmonlardan biri beadabgarchilik qildi:
— Juda soz, buni hozir ham qilish mumkin, Farida, — dedi.

Esim og‘di. Ko‘zlarimni olaytirib:
— Qanday qilib? — deb so‘radim.
— Qanday qilib? Komronga tegasan qo‘yasan-da... U sening bezaklaring g‘amini yeydi, yirtiqlaringni tikadi. Sen ham ko‘cha ishlariga qaraysan.

Achchig‘im chiqib turib ketdim. Lekin bu gal ko‘proq o‘zimdan achchig‘langan edim. Nima qilay, gap-so‘zni o‘zim boshlab bergan edim. Men bema’ni gaplar aytishda bu qadar haddimdan oshib ketgan emasdim, chamamda shu xoin yirtiq ko‘ylak es-hushimni olib qo‘ygan bo‘lsa kerak.

Shunday bo‘lsa ham, qo‘rqoq oldin musht ko‘taradi, degandek yana hujumga o‘tdim.
— Bo‘ladi, lekin Komronbey uchun zararli bo‘lar deb o‘ylayman, — dedim, — chunki xudo ko‘rsatmasin, uyda janjal chiqquday bo‘lsa xolavachchamning holi nima bo‘lar ekan. Bir mahallar nozik oyoqlariga tushgan toshni eslaridan chiqarmagan bo‘lsalar kerak, deb o‘ylayman... — Kulgilar orasida g‘alati bir jiddiyat bilan xonamga chiqib ketayotgan edim, ammo eshikka yetganimda yana qayrildim. — Beadablik qildim, — dedim, — o‘n to‘rtga kirib qolgan bir qiz uchun juda uyat ish bo‘ldi, aybga buyurmanglar.

Tovonlarimni zina taxtalariga urib, eshiklarni lang ochib xonamga kirib ketdim. O‘zimni karavotga to‘pday tashladim. Pastda qahqahalar davom etardi. Qaydam, balki meni ermak qilishayotgandir. Baraka topishsin.

Komronga tegsam haqiqatan ham yaxshi bo‘lsa kerak. Chunki yoshlarimiz kun sayin ortib, u bilan janjallashish bahonalari kamayib borar edi. Bir marta bo‘lsa ham soch yulishib, bosh urishib alamimni chiqarib olish uchun unga tegishdan boshqa chora yo‘qday ko‘rinardi.

* * *

Yozgi ta’til oxirida maktabimiz birmuncha vaqt qaynab toshar, bu toshqinlik faqat birinchi chorak imtihonlarigacha davom etardi.

Sababi shuki, o‘n uch-o‘n to‘rt yoshga kirgan katolik dugonalarim bahorgi Paxsa bayramida dastlabki marosimlarni qilishar, etaklari yerga tegadigan oq shohi ko‘ylaklar kiyishib, kelinchak yuz pardasiga o‘xshagan ro‘mollar o‘rab olib, Iso payg‘ambarni eslashardi.

Cherkovda mum shamlar yoqiladi, organ chalinib, duolar o‘qiladi; hammayoqni to‘ldirgan bahor gullarining muattar bo‘ylari bilan aralashib ketgan isiriq, aloy tutunlari ichida qilinadigan bu marosim juda chiroyli bo‘ladi. Shunisi yomonki, kanikul kunlarida qilinadigan bu marosimda xoin dugonalarim unashib qo‘yilgan yigitlariga vafosizlik qiladilar, asal mumi rangli, moviy ko‘zli Isoni ro‘para kelgan bir, hatto bir necha erkak bilan bo‘lib aldaydilar.

Maktab ochilganda dugonalarim chamadonlarining bir burchagiga yashirib maktublar, rasmlar, esdalik qilib berilgan gullar, nevlay, yana qanday narsalar keltiradilar.

Bog‘chada ikkitadan yo uchtadan bo‘lib qo‘l ushlashib yurganlarida gaplashgan gaplarini bilardim. Qizlarning eng ma’sumasiga, eng dindorlariga hadya qilingan rangli, zarli payg‘ambar yo malak suratlarining tagida saqlanadigan rasmlar yigitlarniki ekanini osongina bilib olardim. Bog‘chaning bir burchagida biror qizning tevaragida uchgan chivinlar ham uqolmaydigan bir shipshish bilan dugonasi qulog‘iga aytgan gapidan ham bexabar qolmasdim.

Bu mavsumda qizlar ikkitadan-uchtadan bo‘lib olishib, bir-birlariga yelimday yopishib ketishardi.

Men bechora esa bog‘chada ham, sinfda ham yakkalanib qolardim. Dugonalarim mendan sir saqlashardi. Ular murabbiyalardan ham ko‘proq mendan qo‘rqishardi. Nega deysizmi? Chunki sergap edim, soqolli amaki aytganday, ichimda gap turmas edi. Mabodo qizlardan birontasi qo‘shni yigit bilan bog‘cha panjarasi orqali gul olib-berishganini ko‘rdimmi — bo‘ldi, bog‘chada darrov ayyuhannos ko‘taraman. Nachora, bunday narsalarga juda ham o‘ch edim.

Hech esimdan chiqmaydi: qish kunlarining birida kechqurun dars tayyorlash bilan mashg‘ul edik. Mishel ismli tirishqoq bir qiz no‘noq dugonasiga Rim tarixini o‘rgatish uchun murabbiyadan ijozat so‘rab, eng orqadagi qatorga o‘tib o‘tirgan ekan. Darsxona jim-jit edi, shu jimjitlik ichida birdan piqillagan ovoz eshitildi. Murabbiya boshini ko‘tarib:
— Nima bo‘ldi, Mishel, yig‘layapsanmi? Nimaga? — deb so‘radi.

Mishel ko‘z yoshlaridan ivib ketgan yuzini qo‘li bilan to‘sib oldi.

Uning o‘rniga men javob berdim:
— Mishel karfagenliklarning yengilganiga xafa bo‘ldi, shunga yig‘layapti, — dedim.

Sinfda biram qahqaha ko‘tarildiki...

Xullas, dugonalarim meni o‘zlariga qo‘shmaslikda haqli edilar. Faqat hammadan ajralib qolish, kap-kattakon qiz holimda esi past bola muomalasini ko‘rish uncha yaxshi narsa emas edi.

Yoshim o‘n beshga qarab borardi. Hamma onalarimiz kelin bo‘lgan, buvilarimiz esa: «Voy, sho‘rim, uyda qolib ketyapsizlar!» deb hayajonga tushadigan va hazrati Ayyub qudug‘iga[7] chopadigan yosh...

Bo‘yim cho‘zilmay qolgan edi. Ammo sho‘x-o‘jarligimga qaramay, qomatim kelishib, chehramda ajoyib ranglar, nurlar yonib o‘cha boshlagan edi.

Soqolli amaki ba’zan qo‘llarimdan ushlab, meni deraza yoniga olib borardi-da, yuzimni xuddi ko‘zlariga surtadigandek, yuzini yaqin keltirib: «Qizim, bu nima?.. Bu qanaqa rang, hey?.. Guldek toza-ya. Na so‘ladi, na eskiydi!» — deyardi.

Oynaga qarab: «Ha, jonim, qiz degan ham shunaqa bo‘ladimi? Fe’li bo‘ri bolasiga o‘xshasa-yu, yuzi rassom chizganday chiroyli bo‘lsa!» — deb o‘ylar, universal magazin ko‘rgazmasida buvakni tomosha qilayotganday tilimni chiqarib, ko‘zlarimni olaytirib, o‘zimni ermak qilar edim..

* * *

Ta’tillar ichida eng yaxshi ko‘rganim Pasxa bayrami edi. Bu ikki haftalik ta’tilni o‘tkazish uchun Qo‘zyotog‘iga borganimda giloslar pishgan, katta bog‘ning ko‘chaga qaragan tomonini boshdan-oxir to‘sib olgan daraxtlardagi giloslar chayqalib turgan bo‘lardi.

Gilosni juda yaxshi ko‘rardim. Ana shu o‘n besh kunni chumchuqlar singari faqat gilos yeyish bilan tugatar, shoxlarining eng uchlarida qolgan giloslarni ham tugatmay turib maktabga qaytmas edim.

Bir kuni kechki payt daraxt ustiga chiqib olib, gilos yeya, danaklarini uzoq-uzoqlarga ota boshladim.

Shu danaklardan biri ko‘chada o‘tib ketayotgan bir keksa qo‘shnimizning naq burniga borib tegsa bo‘ladimi?

Boyoqish nima bo‘lganini bilmay dong qotib qoldi, atrofiga telba ko‘zlar bilan jovdirab qaradi, lekin boshini ko‘tarib daraxtga qarash hech esiga kelmadi.

Ovozimni chiqarmasam, o‘tirgan yerimdan qimirlamasam, balki meni hech ko‘rmay, bironta qush uchib ketayotib danak tushirib yubordi, deb qo‘ya qolardi.

Men esam, nihoyatda qo‘rqqanimga, uyalganimga qaramay, o‘zimni tutolmasdan kulib yubordim.

Kattakon shoxda otga minib olganday o‘tirgan, sira uyalmasdan, hayo qilmasdan kulayotgan qizni ko‘rdi-yu, boyoqish o‘zini tutib turolmadi, jahli chiqqanidan qosh-ko‘zlarini o‘ynatib:
— Barakallo, oppoq qizim, — dedi. — Bu ishingiz bizga yoqmadi, xudo biladi, sizday bo‘yi yetib qolgan kap-kattakon bir qizning...

O‘sha zamon yer yorilsa, yerga kirib ketguday bo‘ldim. Bechora guldek yuzim, kim biladi, qanday ranglarga kirdi ekan! Daraxtdan yiqilib ketish xavfiga ham qaramay, qo‘llarimni maktabda kiyadigan ko‘ylagimning ko‘kragi ustida qovushtirib bo‘ynimni xiyol bukdim-da:
— Kechiring, beyafandim, — dedim, — xudo haqqi, bexosdan bo‘ldi... Yana ham to‘g‘risi, bilmay qoldim... — Bu gunohkorlarcha yolvorish usuli maktabda murabbiyalar, dindor o‘quvchilar Bibi Maryam bilan Iso oldida duo o‘qiyotgan mahallarida qo‘llanadigan usul edi. Harholda, buning ta’siri uzoq vaqtlardan beri sinab kelinardi. U necha asrlardan beri ilohiy ona bilan bolani shu qabilda yupatib kelgani uchun, bu keksani ham oxirda insofga keltirishi mumkin edi.

Taxminimda yanglishmadim. Qo‘shnim bu riyokor so‘zlarimga, ovozimdagi qaltiroqqa aldandi, yumshaldi. Nimagadir, menga biron yaxshi narsa aytish zarurligini sezganday:
— Bu xil parvosizlikning bo‘yi yetib qolgan qizga zarari yetishi mumkinligini tushunmaysizmi? — dedi. Nima demoqchi ekanligini juda yaxshi tushunib tursam ham, ko‘zlarimni pirpiratib:
— Nega endi, afandim? — deb so‘radim.

U kishi quyoshning yondosh tushib turgan nurlariga qo‘lini parda qilib, menga diqqat bilan razm soldi, keyin xaxolab kuldi.
— Masalan, sizni o‘g‘limga olib bermoqchi bo‘lsam...

Men ham kulib yubordim.
— U tomonga xotirjam bo‘lsinlar, afandim. Odobli qiz bo‘lganimda ham olmas edingiz!
— Nega endi, bilolmadim?
— Chunki mening daraxtga chiqish, gilos danaklarini otishdan ham kattaroq ayblarim bor... Birinchidan, boy qiz emasman... Qulog‘imga chalingan gaplarga qaraganda, kambag‘al qizni hech kim nazariga ilmas emish... Innaykeyin, chiroyim ham yo‘q... Mendan so‘rasangiz, bu — kambag‘allikdan ham kattaroq bir kamchilik...

Bu so‘zlar keksa beyni juda qiziqtirib qo‘ydi.
— Siz xunukmisiz, qizim? — dedi.

Men lablarimni cho‘chchaytirdim.
— Nimalar deyapsiz? Nima, men o‘zimni bilmaymanmi? — dedim. — Qiz degan ham shunaqa bo‘larmishmi? Qizga uzun bo‘y, sariq soch, moviy yoki yashil ko‘zlar lozim...

Keksa bey bir mahallar chatoq yurganga o‘xshaydi... G‘alati boqish, shirin tovush bilan:
— Oh, bechora qizim, — dedi. — Sen go‘zallikning nimaligini biladigan, o‘zingning qandayligingni farq etadigan yoshdamisan-a? Har nima bo‘lganda ham... Qani, otingiz nima, bilib qo‘yaylik?
— Choliqushi.
— Ie, bu qanday ot bo‘ldi?
— Pardon[8], meni maktabda shunday deyishadi-da... Asl ismim Farida. O‘zim singari qo‘pol-to‘pol ism.
— Farida xonim... Sizning otingiz ham o‘zingiz singari go‘zal, bunga amin bo‘ling. Koshkiydi o‘g‘limga sizdaqasini topsam...

Bilmayman, nima uchundir bu kibor qiyofali, shirin so‘zli kishi bilan sho‘xlik qilgim kelib ketdi.
— Shu holda o‘zlariga ham gilos otsak bo‘ladi deng?
— Albatta... Albatta... Hech shubha yo‘q...
— Hozircha ruxsat etsangiz, sizga bir oz gilos terib bersam. Meni kechirganingiz isboti uchun giloslarni, albatta, olishingiz kerak... Ikki minut...

Olmaxon chaqqonligi bilan shoxlarga tirmashib chiqib ketdim. Keksa qo‘shnim qo‘llarini ko‘zlariga tutib:
— Ana, shoxlar qirsillayati... Men sabab bo‘laman-da... Yiqilasiz, Farida xonim! — deb baqirardi.

Men bu vahimaga e’tibor bermay, gapdan tolmas edim.
— Hayron bo‘lmang... Yiqilishga o‘rganib qolganman... Masalan, yaqin bo‘lsak, chakkamdagi yara izini ko‘rardingiz. Shunday izki, butun go‘zalliklarni hechga chiqaradi....
— Hay-hay, qizim... Yiqilasiz...
— Bo‘ldi, afandim, bo‘ldi... lekin bularni sizga qanday qilib beraman?! Topdim, afandim, buning ham yo‘lini topdim..

Fartugimning cho‘ntagidan ro‘molcha oldim-da, unga giloslarni solib uchlarini tugunchaga o‘xshatib tugdim.
— Ro‘molchaga parvo qilmang... Hali burnimni artganim yo‘q... Top-toza... Iltimos, faqat yerga tushirmasdan ushlab olasiz... Bir... Ikki... Uch!

Keksa qo‘shnim kutilmagan bir chaqqonlik bilan ro‘molchani tutib oldi.
— Ko‘p rahmat, qizim, — dedi. — Ana xolos, endi ro‘molchangizni qanday qaytarib beraman?
— Hechqisi yo‘q... Sizga mendan hadya bo‘la qolsin..
— Nega endi?
— Nega bo‘lmasin? Buning boshqa tomoni ham bor... Men bir necha kundan so‘ng yotoqxonaga qaytib ketaman. Maktabimizda bir odat bor... Ta’til kunlarida qizlar yigitlar bilan tanishishadi, keyin, maktab ochilganda, bularni bir-birlariga maqtanishadi. Men bunday narsalarni qilmaganim uchun ular oldida juda qisilaman... Ammo ular betimga ochiq-sochiq bir narsa deyishga botinishmaydi, meni mutlaqo ahmoq deb bilishsa kerak-da. Bu safar bir g‘alati ish qilaman... Maktabga qaytganimdan keyin, bir sirim borday boshimni solintirib o‘y surib yuraman, g‘amgin-g‘amgin kulimsiyman. Ular: «Choliqushi, senda bir gap bor-a?» deb, albatta, so‘rashadi. Men ham noxushgina: «Yo‘q, menda gap nima qilsin?» deyman... Ishonishmay, meni qistay boshlashadi. Ana shundan keyin: «Xayr, aytsam aytay... lekin birovga og‘izlaringizdan chiqarmaysizlar, qarg‘anasizlar», — deyman-u, bitta yolg‘onni do‘ndirib yuboraman.
— Qanday yolg‘on?
— Siz bilan tanishganim yolg‘onni osonlashtiradi. «Sarg‘il, uzun bo‘y bir erkak bilan devor ustida dildorlik qilishdik», deyman... Albatta, oq sochli deya olmayman. Sochingizning o‘zi ham yoshlikda oqara boshlagan bo‘lsa kerak... Dugonalarimning fe’lini bilaman-da. Darrov: «Nima haqda gaplashdinglar?» — deb so‘rashadi. Meni chiroyli ekansiz, dedi deb ont ichaman. Men ham unga bir ro‘molcha gilos berdim, deb, albatta, aytmayman. Gul berdim, deyman... yo‘q, bunisi ham to‘g‘ri kelmaydi... Gulni ro‘molchada bermaydilar-ku... Ro‘molchani hadya qildim, deyman, vassalom...

Bir ozgina avval bir-birimiz bilan yoqalashguday bo‘lganimiz holda, endi keksa qo‘shnim bilan chaqchaqlashib kulishar, qo‘l silkishib xayrlashar edik...

O‘sha yil yozida shu daraxtga chiqish illatim boshimga balo bo‘ldi.

Avgustning oydin kechalaridan biri. Chorboqqa bir to‘da mehmon kelgan edi. Bular orasida Narimon nomli yigirma besh yoshlardagi bir tul xotin ham bor edi. Uning onda-sonda chorboqqa kelgan kunlari katta voqea hisoblanardi.

Dunyoda o‘zlaridan boshqa hech kimni yoqtirmaydigan xolalarimdan tortib xizmatchi qizlarga qadar — hamma bu xotinga mahliyo bo‘lib qolgan edi.

Narimonning eri bundan bir yil avval o‘lgan. Narimon erini juda ham yaxshi ko‘rardi, deyishadi. Shuning uchun u hamisha qora kiyib yurar ekan. Lekin menga shunday tuyuldiki, bu xotinning sarg‘imtir chehrasiga juda ham yarashib tushgan qora kiyimi aza tamom bo‘lgandan so‘ng yechilguday bo‘lsa, uning quruqligi oshkor bo‘lib qoladi.

Narimonning menga qilgan muomalalari it mushukni erkalaganiga o‘xshardi. Lekin men unga hech elikmas edim. Oramiz ancha sovuq edi. Menga qilgan iltifotlarini juda sovuq qarshilardim.

O‘rtamizdagi sovuqlikning hali ham davom etganiga qaramay, tan berishim kerak: Narimon o‘lguday chiroyli edi. Menga yoqmaydigan bir narsasi bo‘lsa, u ham nozu karashmalarga o‘chligi edi. Xotinlar ichida-ku o‘zini uncha-muncha yaxshi tutardi-ya, lekin, mabodo oraga bitta-yarimta erkak aralashib qolguday bo‘lsami, ana unda yuzi o‘zgarar, ovozi, qahqahalari, qiliqlari butunlay boshqa tus olardi. Qisqasi, maktabimdagi yeng ichida ish ko‘radigan dugonalarimning yana ham savodi chiqqanrog‘i...

Eri haqida gap ochilguday bo‘lsa, bu xotinning: «O, mening hayotim bitdi!» deb yolg‘on taassurot qoldirishga harakat qilishi jon-jonimdan o‘tib ketardi. U shunday qilganda ich-ichimda g‘azabga kelar, «ko‘zga yaqinroq birontasi uchrasin, ko‘ramiz», deb o‘ylardim.

Chorbog‘imizda Narimonga teng keladigan hech kim yo‘q edi. Latta Najmiyani esa, tabiiy, odam soniga qo‘shib bo‘lmaydi. Xolalarim sochlari, boshlari oqargan qari xotinlar. Goh uning, goh buning oyoqlarini tushashdan boshqa gaplari yo‘q. U holda, u holda...

Men Narimonning chorboqqa mazaxo‘rak bo‘lib qolganining sababini seza boshlaganday edim. U esi past bo‘lamni ko‘z ostiga olib qo‘ygan edi. Yo tegmoqchimikan? Unday deb o‘ylamayman. O‘ttizga yaqinlashib qolgan tul xotinning yigirma yoshlardagi yigitchaga tegish harakatiga tushishi pastkashlikning borib turgani... Agar u bunday pastkashlikdan qaytmasa, bema’ni xolalarimda tajribasiz bolalarini kalxatga oldirib qo‘ymaydigan ko‘z topilarmikan?

U holda, u holda?

U holdasi bormi? Baxtiyor tul, o‘z hashamati, fantaziyasi oldida tiz cho‘kadigan bironta sho‘ring qurg‘urni topguncha mening bo‘lam bilan ko‘nglini chog‘ qilyapti.

Komronni esi past dedim-a, yo‘q, qizishganimdan aytdim... Yo‘qsa, u nima qilayotganini yaxshi biladigan sariq chayon. Narimon bilan gaplashganda o‘zini pinhon tutishga tirishadi, lekin mendan qochib qutula olarmikan?

Bolalar bilan yoqalashib yo ipdan sakrab o‘ynab turgan, yoxud yerga yotib olib, qarta foli ochayotgan kezlarimda ham ko‘zlarim faqat ularda bo‘ladi...

Bo‘lam qaerda bo‘lsa ham, o‘sha xotinning pinjiga kirib oladi. Goho hech narsadan bexabardek yonlaridan o‘tib ketaman. Ana shunday kezlarda ovozlarini pasaytirishadi yo gapni boshqa yoqqa burib yuborishadi... «Nima qilishsa qilishavermaydimi, senga nima?» deyarsizlar. Menga nimami? Komron dushmanim bo‘lganda ham, har holda, bo‘lam... Qandayligi noma’lum bo‘lgan bir xotin uni buzar ekan-u, men qarab o‘tiramanmi?..

Nima to‘g‘risida gapirayotgan edim?.. Ha, avgustning oydin kechalaridan biri... Mehmonlar chorbog‘ oldidagi ayvonda o‘rinsiz yoqilgan katta lampaning yorug‘ida hangomalashib o‘tirishgan edi.

Narimonning musiqa notalari singari o‘lchovli, ohangdor qahqahalari asabimga tekkani uchun boqqa chiqib bir burchakda, qorong‘i daraxtlar tagida xayol surib o‘tirgan edim.

Azamat shoxlaridan bir qismi qo‘shni boqqa osilib tushgan bitta qari chinor bor. Bechoraning yeyishga yaraguli mevasi bo‘lmaganiga qaramay, salobati uchun yaxshi ko‘rardim. Ustida, xuddi supada yurganday, hech qo‘rqmasdan yuriladigan yo‘g‘on, soyabon shoxlariga chiqib aylanar, yoxud o‘tirardim.

O‘sha kecha ham shunday qildim, anchagina baland shoxiga chiqib o‘tirdim.

Bir ozdan so‘ng qulog‘imga yengil oyoq tovushi, orqasidan esa bo‘g‘iq qahqaha eshitildi.

Darhol ko‘zlarimni ochib, quloqlarimni ding qilib turdim... Nima desam bo‘ladi. Bo‘lam baxtiyor tul bilan men tomon kelardi...

Qarmog‘iga baliq yaqinlashganini ko‘rgan baliqchi singari, boshdan-oyoq diqqatga aylandim. O‘tirgan yerimda shovqin solib yubormasaydim, deb o‘takam yorilardi. Behuda qo‘rquv!

Ular o‘zlaridan shu qadar ketishgan ediki, o‘tirgan yerimda bong ursam ham eshitishmas edi. Narimon oldinda, bo‘lam esa arab malayday to‘rt-besh qadam orqada kelardi. Devor orasidan o‘tib, nari ketishga madorlari yetmagani uchun men chiqib olgan daraxt tagiga kelib to‘xtashdi: «Keling, jujuqlarim! Keling, qo‘zilarim!.. Sizlarni menga olloh nasib qildi. Bir ozdan so‘ng ko‘rishamiz... Bu go‘zal oydin kechada sizlardan unutilmas bir xotira qoldirish uchun qo‘limizdan kelganicha g‘ayrat qilamiz!»

Xuddi shu choq bir chigirtka chirillay boshlamaydimi? Dod deyman! Bo‘lamning baxtiyor tulga aytayotgan gaplarini eshitolmay qoldim... Qo‘limdan kelsa: «Hoy, notavon, nimadan qo‘rqasan? Bu yerlarda kim bo‘lardi?.. Ovozingni chiqarsang-chi!» deb baqirardim.

Komronning: «Narimon, azizim, malagim», — degan so‘zlarigina qulog‘imga chalindi. Dag‘-dag‘ titray boshladim. Yiqilib tushmaganimda ham, sharpa qilaman, yaproqlarni shitirlatib yuboraman, deb qo‘rqar edim. Bu orada Narimon xonimning ham bir-ikkita so‘zini eshitdim... «Iltimos qilaman, Komronbey, iltimos qilaman», — deyar edi u.

Nihoyat, ovozlar tindi. Narimon sekin-sekin devor tomon yurdi, qo‘shni bog‘da boshqa birov bor-u, uni ko‘rmoqchi bo‘lganday, oyoqlarining uchiga turib qaradi.

Komron esa uning orqasida nima qilishini bilmayotganday turardi...

Bo‘lamning birdan u tomonga yurganini, qo‘llarini ko‘targanini ko‘rdim... Yuragim qinidan chiqib ketayozdi, «axiyri aqli boshiga keldi, bu yomon xotinga shapati otadi», deb o‘ylayman. Komron shunday qilsa qolsa, men ham ho‘ngrab o‘zimni daraxtdan tashlayman, u bilan umrbod yarashaman. Lekin u maxluq bunday qilmadi. Qizlarnikiga o‘xshash oppoq qo‘llari bilan Narimonning yelkalaridan, keyin esa bilaklaridan mahkam ushlab o‘ziga tortdi. Quchoq quchoqqa, nafas nafasga tutashdi. Chinor barglari orasidan tushgan oy yorug‘ida ikkovining sochlari bir-birinikiga aralashib ketganini ko‘rdim.

Yo rabbiy, bu qaday razolat, qanday razolat-a! Butun vujudim dag‘-dag‘ titrardi. Bir oz avval ularga g‘alati bir o‘yin ko‘rsatib qo‘yishga qaror qilgan bo‘lsam, endi meni sezishmasin deb o‘takam yorilardi. Haqiqiy qushga aylanib, bu shoxlardan ko‘kka parvoz qilishni, osmondagi oy manzilida g‘oyib bo‘lib, bu dunyodagi odamlarning yuzlarini ko‘rmaslikni nechog‘lik istar edim!..

Lablarimni barmoqlarim bilan siqib turganimga qaramay, og‘zimdan bir ovoz chiqdi. Bu faryod bo‘lsa kerak. Lekin pastdagilar tushunguncha faryodim qahqahaga aylandi. Uyatsizlarning o‘sha damdagi talvasasini, qo‘rquvini bir ko‘rsangiz edi!

Bir ozgina oldin oyoqlarini oy yog‘dusi kabi yerga tegizmay yurayotganday tuyulgan baxtiyor tul endi daraxtlarga urilib, qoqinib-suqinib qocha boshladi. Xolavachcham ham shunday qilmoqchi bo‘ldi. Lekin Narimon izidan bir necha odim bordi-yu, keyin nima o‘ylasa o‘ylagandir, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytib keldi.

Men qiladigan boshqa ish topolmaganim uchun hamon kular edim. U mashhur «Qarg‘a bilan Tulki» ertagidagi tulki singari, daraxt tagida u yoq-bu yoqqa yura boshladi.

Nihoyat, uyatni bir yoqqa yig‘ishtirib qo‘yib:
— Farida, jonginam, bir oz pastroqqa tusha olasizmi? — dedi.

Men kulgini to‘xtatib, jiddiy ohangda:
— Nima ishingiz bor? — dedim.
— Hech... senga gapim bor edi-da...
— Mening esa siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q... Rohatimni buzmang.
— Farida, hazilingni qo‘y...
— Hazilimni? Nega qo‘yar ekanman?
— Lekin haddingdan oshyapsan... Sen pastga tushishni xohlamasang, men tepaga chiqishim mumkin.

Ana xolos, bunisiga nima deysan! Yo‘lda ketayotganida kichkinagina ko‘lob suvni ko‘rib esankirab qoladigan, hatlashga qaror berishdan avval tuflilariga, suvga uch-to‘rt marta qarab oladigan, kursiga o‘tirish oldidan shimining tizzalarini barmoqlarining uchi bilan ushlab yuqori tortib qo‘yadigan nozik, nozanin bo‘lamning daraxtga chiqmoqchi bo‘lgani-chi, qo‘y, kulma!

Shu kecha Komron chindan ham vahshiylashgan edi. Pastdagi shoxlardan biriga osilib chiqdi, keyin yana ham yuqori chiqish harakatiga tushdi.

Shu kecha u bilan daraxt ustida yuzma-yuz kelish fikri nimagadir meni hayiqtirardi. Uchrashsak falokat yuz berardi. Uning yashil ilon ko‘zlarini yaqindan ko‘rsam, daraxt shoxlari orasida potirlashib bir-biri bilan olishgan ikki yirtqich qushga aylanamiz. Ko‘zlarni o‘yib, pastga otamiz. Yo uni, yo o‘zimni.

Lekin, nima uchundir, bu yomonlikni ravo ko‘rmadim.

Joyimda to‘g‘rilanib, keskin tovush bilan buyurdim:
— To‘xtang o‘sha yerda!

U parvo qilmadi, javob ham bermadi. Chiqib olgan shoxi ustida to‘g‘rilanib, yana ham yuqoriga qaray boshladi.
— To‘xtang, oqibati yomon bo‘ladi! — dedim. — Bilasizki, men Choliqushiman. Daraxtlar mening koinotim. Bu joylarga mendan boshqa odamning oyoq bosishiga ko‘zim yetmaydi.
— Bu yana qanday gap bo‘ldi, Farida?

Haqiqatan ham bu qanaqa gap edi?

Nochor hazilga oldim. Yaqinlashsa, yana ham yuqori chiqish taraddudiga tushib:
— Bilasizki, sizni hurmat qilaman, — dedim. — Sizni daraxtdan yiqilishga majbur etsam juda yomon xafa bo‘laman. Hozirgina she’r o‘qigan ovozingiz birdaniga «Voydod!», «Voydod!» deb baqira boshlasa, fojia bo‘ladi.

Uning ovozini taqlid eta turib, qahqaha urib kulib yubordim.
— Bo‘lmasa ko‘rishamiz! — dedi Komron.

Qo‘rquv unga dalda, chaqqonlik bag‘ishladi. Tahdiddan hayiqmay, ostimdagi shoxlarga tirmasha boshladi.

Daraxtda quvlashmachoq o‘yinini boshladik. U yaqinlashdi deguncha men yuqori chiqaman. Shoxlar hamon ingichkalashib boradi. Bir qur devor ustiga sakrab tushib qochmoqchi ham bo‘ldim. Biroq sakrashga qurbim yetsa ham, sakramayman, nimagaki, bir yerimni mayib qilib olgunday bo‘lsam, bo‘lam o‘rniga mening dodlash ehtimolim bor.

Harholda nima bo‘lsa ham, shu kecha bir-birimizga yaqin kelmasligimiz kerak. Siyosatni o‘zgartirib so‘radim:
— Men bilan nega bunchalik gaplashmoqchi bo‘lganingizning sababini bilsak bo‘ladimi?

Savolimni eshitib, u ham o‘zgardi, jiddiy tus olib:
— Sen bilan hazillashyapmiz-u, lekin masala juda muhim, Farida... Sendan qo‘rqyapman... — dedi.
— Shunaqami? Nimadan qo‘rqasiz?
— Sho‘xlik qilishingdan...
— O, har kungi ishim-ku bu!
— Bugungisi boshqa kunlardagiga o‘xshamaganidan...
— Bugun biron favqulodda narsa yuz berdimi?

Komron juda charchagan, uzukkan edi. Shimi ham esiga kelmay, shoxlardan biriga o‘tirdi. Hamon hazillashayotganday ko‘rinsa ham, aslida yig‘lab yuboradigan ahvolda edi.

Unga achinganim uchun emas, u bilan gaplashishga toqatim qolmagani, undan tezroq qutulgim kelgani uchun:
— G‘am yema, — dedim, — qo‘rqadigan hech narsa bo‘lgani yo‘q, ko‘nglingni to‘q tutaver... Bor, mehmonlaring oldiga, ayb bo‘ladi.
— Farida, shunchaki so‘zmi yo ontmi?
— So‘z ham, ont ham... Xohlaganing...
— Ishonsam bo‘ladimi?
— Meningcha, ishonish kerak... Axir burungiday yosh bola emasman-ku...
— Farida...
— Innaykeyin, hayronman: mening nima deyishimdan qo‘rqasan? Men-ku daraxtda o‘z yo‘limcha o‘tiribman...
— Qaydam, ichimda hech ishongim kelmaydi...
— Katta bo‘lib qolganimni, esi kirgan qiz bo‘lganligimni senga aytishdan, albatta, bir maqsad bor... Bor, suyukli bo‘lam... Ortiq uzukma... Ba’zi narsalar borki, bularni yosh bola ham sezadi... Lekin ulg‘ayib borayotgan yosh qiz hech farqiga bormaydi. Bor, ko‘nglingni xush qil....

Komronning vahmi sekin-sekin hayratga aylanib borayotganday ko‘rinardi. Meni albatta ko‘rgisi kelgandek, boshini ko‘tarib:
— Gaplaring butunlay boshqacha-ya, Farida, — dedi.

Gap cho‘zilsa, keti ko‘rinmasligi mumkin. Shuning uchun yasama g‘azab bilan baqirib berdim.
— Bas endi!.. Gapni cho‘zaversang so‘zimni qaytarib olaman... Tushunsang-chi!

Po‘pisam uni qo‘rqitdi. Shoshib-pishib daraxtdan tushdi-da, Narimon ketgan tomonga qarab yurishdan uyalganday, bog‘ning etagiga qarab ketdi.

Baxtiyor tul o‘sha kechadan so‘ng chorbog‘da ko‘rinmadi. Komronga kelsak, uzoq vaqtlargacha mendan hadiksirab yurdi, men buni sezdim.

Komron Istambulga tushganda, har safar menga hadyalar olib qaytardi. Bitta rasmli yapon soyapari, shoyi ro‘molchalar, ipak paypoqlar, yuraksurat pardoz oynasi, chiroyli qo‘l sumkasi tortiq qildi...

Bolalik sho‘xliklarini tashlamagan qizdan ko‘ra ko‘proq yetilgan qizga yoqadigan bu narsalarning menga hadya qilinishida qanday ma’no bor edi? Choliqushining ko‘zlarini bo‘yashdan, janjallarining oldini olib, sho‘xligiga to‘sqin bo‘lishdan boshqa nima ham bo‘lardi?

Birov seni esdan chiqarmasa, zavqlanish mumkinligini tushunadigan yoshga yetib qolgan edim. Yana bu chiroyli narsalar o‘zimga ham yoqardi.

Lekin bu hadyalar menga manzur bo‘lganini na Komronga, na boshqalarga bildirgim kelmas edi.

Buning ustiga nozik qamishlar terilgan, qiyiq ko‘zli yapon qizlarining suratlari bilan bezalgan soyaparimni yerga, tuproqqa tushirgan paytlarimda olmasam, xolalarim:
— Farida, senga berilgan hadyalarni shunday qadrlaysanmi? — deb ta’na qilishardi.

Sumkaning yaltiroq, yumshoq terisiga barmoqlarim tekkanda, hamisha hurmat hissi tuyardim; bir kun ana shu sumkaga qo‘limdagi ho‘l mevalarni solmoqchi bo‘lganday bir harakat qilib, xolalarimni rosa jag‘illatdim.

Yana ham hushyorroq bo‘lganimda, Komronning bu hadigidan yana ham ko‘proq foydalanar, turli do‘q-po‘pisa bilan uni yana nimalar... nimalar olib berishga majbur etardim.

Lekin o‘zim shu qadar yaxshi ko‘rgan bu narsalarimni yirtgim, sindirgim, keyin oyoqlarim ostiga olib yig‘lab turib depsagim kelardi.

Bo‘lamga bo‘lgan kekim, nafratim hech tarqalmas edi.

Boshqa yillar maktabning ochilishi kunlari yaqinlashgan sari boshim og‘rir, ko‘zlarim tinardi. Ammo o‘sha yil bu uydan, bu odamlardan uzoqlashadigan kunimni intizorlik bilan kutdim.

* * *

Maktab ochilgan haftaning yakshanbasida murabbiyalar bizni Qyag‘itxona[9] tomonga olib chiqishdi. Murabbiyalar ko‘chada yurishni juda yomon ko‘rishadi, lekin o‘sha kuni nima bo‘ldiyu qorong‘igacha qolib ketdik.

Men eng orqada ketayotgan edim. Qanday bo‘lganligini bilmayman. Bir mahal qarasam, dugonalarim bilan mening o‘rtamdagi masofa juda uzayib ketibdi. Meni odatdagicha oldinda ketayotibdi deb o‘ylashgan bo‘lishsa kerak, hech yoqdan meni yo‘qlovchi ovoz chiqmadi. Bir payt yonimga bir ko‘lanka kela boshladi. Qarasam Mishel:
— Senmisan, Choliqushi? Nega yakka o‘zing sudralib ketyapsan? — dedi.

O‘ng oyog‘imning boldiriga chandilgan ro‘molchani ko‘rsatdim.
— Hali o‘ynab turib yiqilganimda, oyog‘imni yaralab olganimdan bexabarga o‘xshaysan-a? — dedim.

Mishel yomon qiz emas edi. Holimga achindi.
— Xohlaysanmi, senga yordam qilay?
— Harholda, meni opichib olish fikring-ku yo‘qdir?..
— Tabiiy, yo‘q... Iloji yo‘q-da... Faqat qo‘ltiqlab olishim mumkin, xo‘pmi? Bunday emas... Qo‘lingni yelkamga qo‘y... Mahkamroq ushla... Men ham belingdan ushlab olaman... Og‘rig‘ing picha kamayadi... Qalay, yurganingda joning uncha og‘rimayaptimi?

Aytganini qildim. Haqiqatan, ahvolim ancha yengil tortdi.
— Mersi[10], Mishel, sen juda ajoyib qizsan, — dedim.

Bir oz yurganimizdan so‘ng Mishel:
— Bilasanmi, Farida, bu ahvolda yurganimizni dugonalarimiz ko‘rishsa, nima deb o‘ylashadi? — deb so‘radi.
— Nima deb o‘ylashadi?
— Farida ham oshiq bo‘libdi... Mishelga dardini aytyapti, deb o‘ylashadi.

Birdan to‘xtadim.
— Gaping rostmi? — deb so‘radim.
— Albatta...
— Unday bo‘lsa, qo‘ltig‘imdan chiq.

Shu buyruqni bera turib, askar komandiriday jiddiy tus oldim.

Mishel meni hamon qo‘yib yubormay:
— Eski safsata, — dedi, — nahotki shunga ham ishonsang?
— Safsatami, nega?
— Qizlar sening qanaqaligingni bilishmaydimi?
— Nima demoqchisan?
— Hech senda bunday mojaro bo‘lishi mumkin emasligini... Birov bilan yurish ehtimoling yo‘qligini...
— Nega endi?.. Meni xunuk deb o‘ylaysanmi?
— Yo‘q... Xunuk demayman... Aksincha, chiroylisan ham... Faqat o‘lguday laqmasan, og‘zing bo‘sh....
— Meni shunday deb o‘ylaysanmi?
— Mengina emas, hamma ham shunday deb o‘ylaydi... Sevgi bobida Choliqushi chinakam gurd deyishadi.

Turkchasini ammo uncha yaxshi bilmayman-u, lekin frantsuzchasiga gurd degani osmaqovoq, suvqovoq, bolqovoq ma’nolarini beradi. Qaysi biri bo‘lsa ham yomon narsa... Zotan, pastak bo‘yim, bo‘liq gavdam bilan bu qovoqlardan biriga anchagina o‘xshab ham ketishim mumkin... Shu holda Choliqushidan keyin menga yana gurd degan laqab qo‘yilsa ko‘p yomon bo‘ladi! Nima qilib bo‘lsa ham odamni sharmanda qiluvchi bu xavfning oldini olish kerak.

Mishelning o‘zidan o‘rgangan bir qiliqni qildim — boshimni yelkasiga qo‘ydim, tagdor qilib yuziga qaradim, keyin g‘amgin kulimsirab:
— Mayli, sizlar shunday deb o‘ylay turinglar, — dedim.
— Nima deyapsan, Farida?

Mishel taqa-taq to‘xtadi, menga ajablanib qaradi. Men bo‘ynimni qisib tasdiqladim.
— Afsuski, shunday, — dedim. Keyin yolg‘onimning osonroq hazm qilinishi uchun bir oh ham urib qo‘ydim.

Mishel bu safar hayratidan ayyuhannos tortib yubordi:
— Ajoyib!.. Juda ajoyib, Farida!.. Afsuski, hech ishongim kelmaydi.

Bechora Mishel sevgi savdosiga shunchalar ishqiboz ediki, buni boshqalarda sezdi deguncha, yuragi suyunchlarga to‘lib ketardi. Faqat o‘zi aytganidek, ishonishga, ochiq-oshkor sevinishga botinolmasdi.

Beadabgarchilik qilib qo‘ydim. Nomusim uchun buni oxiriga yetkazishim kerak.
— Shunday, Mishel, men ham birovni yaxshi ko‘raman, — dedim.
— Faqat yaxshi ko‘rasan xolosmi, Choliqushi?
— Shubhasiz, uning ham mayli bor, grand[11] gurd.

Boya uning menga aytgan gurd so‘zini men ham oldiga «katta» sifatini qo‘shib o‘ziga hadya etdim-u, «bu sensan, sening oting bu» deyish esimga kelmas edi.

Demak, yolg‘on boshlanar-boshlanmas o‘zimni tanitishga muvaffaq bo‘libman, naqadar baxt!

Mishel endi meni zo‘r mehr bilan suyab borardi.
— Aytib ber, Farida... Aytib ber, qanday bo‘ldi? Demak, sen ham, a? Qanday ajoyib narsa, a, shunday emasmi?
— Albatta ajoyib!..
— Kim u?.. Yaxshi ko‘rgan yigiting juda ham chiroylimi?
— Juda chiroyli!
— Qaerda ko‘rding? Qanday tanishding?
— ...
— Bas, ko‘p yalintiraverma.

O‘zim ham yalintirmayin deb o‘ylab turibman. Lekin nimani to‘qib gapiraman? Ana shunisini bilmayman. Sevgili kishing bo‘lganda shoshib qolasan, chunki uning visolini eslashning o‘zi naqadar qiyin, naqadar qiyin...
— Bo‘la qol, Farida... Yashirma... Bo‘lmasa men bilan hazillashibsan-da.

Birdan shoshib qoldim. Hazilmi? Xudo saqlasin... Men osmaqovoq yo suvqovoqmanmi?.. Bo‘lmasa shunday bir ishq savdosini to‘qiyki, o‘zing hayron qolgin!..

Mishelga sevgan kishim bilan maqtanish uchun kimning otini aytsam sizga manzur bo‘ladi? Komron!..
— Bo‘lam bilan ishqibozlik qilishamiz...
— O‘tgan yil maktab dahlizida men ko‘rgan sarg‘imtir yigit bo‘langmi?
— Xuddi o‘sha...
— O, qanday chiroyli, a!

Men sizga aytdim-ku, Mishel sevish uchun yaratilgan qiz edi... Komron shu mahalgacha maktabga ikki yo uch marta kelgandir... Mishel, jigar hidi dimog‘iga urgan mushuk singari, yosh yigitning hidini bilib darrov dahlizga yugurib chiqqani, bizni poylagani qiziq emasmi axir?

Yulduzlar chiqdi. Kuz kirib qolganiga qaramay, havo odam dimog‘iga ekin bo‘ylarini urib turgan yoz havosiga o‘xshardi.

Vujudim butun og‘irligi bilan Mishel yelkasiga tushdi, sochlarimiz, betlarimiz bir-birimiznikiga yopishdi. Men o‘zim to‘qigan afsonani hikoya qila boshladim.
— Bundan ham chiroyliroq kecha edi, — dedim. — Eshik oldidagi odamlardan uzoqroqqa ketdik... Men oldinda, bo‘lam ikki-uch odim orqada... U menga ajoyib narsalar so‘zlardi. Ammo nimalar so‘zlaganini takrorlamayman. Chunki xohlamayman... Chigirtkalar biram chirillashdiki... Yurdik, yurdik... Oy yog‘dusida hovuzga aylangan maydonlardan daraxtlar orasidagi qorong‘i joylarga kirib ketamiz. Keyin yana oydin maydonlarga chiqamiz... Bir ozdan so‘ng tag‘in qorong‘ilikka sho‘ng‘iymiz.
— Bog‘inglar muncha uzun ekan, Farida?

Xato qilib qo‘yishdan juda qo‘rqaman.
— Yo‘q, uncha uzun emasu, o‘zimiz sekin-sekin yurdik-da... — dedim, keyin hikoyamning u yog‘ini aytdim. — Axiri yo‘limiz oxiriga ham keldi... Bog‘ning etagida qo‘shnimizning devoriga osilib tushgan kattakon chinor bor. O‘shaning tagiga kelib to‘xtadik. Men oyoqlarimning uchida turib, o‘zimni qo‘shnimizning bog‘iga qarayotganga soldim... U qo‘llarini ishqaydi... Bir nima qilmoqchi... Lekin yuragi betlamaydi...
— Orqangni qilib turgan bo‘lsang... Bu narsalarni qanday ko‘rding.
— Bo‘lamning soyasi devorga tushib turuvdi-da... Shundan....

Rolimni juda yaxshi o‘ynayotgan bo‘lsam kerakki, gapirib turib titrar, ovozim bo‘g‘zimga tiqilib qolar, ko‘zlarimga yosh kelar edi...
— Keyin nima bo‘ldi, Farida, keyin?
— Keyin xolavachcham birdan bilaklarimni ushladi...
— Voy, qanday ajoyib-a!.. Keyin-chi?
— Keyin... u yog‘ini bilmayman...
— E, juda qiziq joyda to‘xtatib qo‘yding-da...
— Keyin daraxtdan bir qush sharpasi keldi... Juda yomon qush ekan... Qo‘rqib qochib ketdik...

Ortiq ko‘z yoshlarimni tutolmas, boshimni Mishelning ko‘ksiga qo‘yib olib, piq-piq yig‘lar edim... Bu yig‘i qancha cho‘zilar ekan, bilmayman... Xayriyat, yo‘q bo‘lib ketganimizni axiyri sezishdi... Baqirib-chaqirib bizni izlay boshladilar. Mishel ularga ovoz qildi.
— Ketyapmiz, lekin tez yurolmayapmiz, — dedi. — Choliqushining oyog‘i lat yebdi...

Yasha, Mishel!.. Men ham xuddi shuning uchun yig‘layapman... Endi tezroq yurib ketishimiz mumkin.

O‘sha kecha hamma uxlagandan keyin ham o‘rnimda yig‘lab yotdim. Lekin shunisiga aminmanki, bu safar yoshlar rol tufayli emas, o‘z-o‘zimga achinganim tufayli to‘kilmoqda edi. Modomiki, dugonalarimga o‘zimning gurd emasligimni isbot etish uchun bitta yolg‘on to‘qishga qaror bergan ekanman, dunyoda boshqa odam topilmagandek, nega endi bo‘lamni, dunyoning hech jinim suymaydigan insoni bo‘lgan Komronni tilga oldim? Ertalab uyg‘onar-uyg‘onmas Mishelni qo‘lidan ushlab bir chetga tortaman-u, kechqurungi gaplarimning hammasi yolg‘onligini aytaman, deb ko‘nglimga tugib qo‘ydim.

Lekin, netayki, ertalab uyg‘onganimda jahlim tarqalgan, xijolatpazligim ham meni tark etgan edi.

Menga har mahalgidan boshqacha ko‘z bilan qarab, kasal bolaga qilinadigan muomalani qila boshlagan Mishelga haqiqatni aytishga botina olmadim.

Mening gapim sekin-sekin dugonalarim orasiga tarqaldi. Mishel ularga qattiq tayinlagan bo‘lsa kerak, hech kim menga bu gapning uchini chiqarmasdi. Faqat qarashlaridan, kulishlaridan nima demoqchi ekanliklarini bilib turardim. Bu narsa menda g‘alati g‘urur tug‘dirardi. Sho‘xligimni, yaramasligimni bir necha vaqtgacha tashlashga majbur bo‘ldim. Endi har kim menga bo‘lasini yaxshi ko‘rib qolgan qiz, deb qarar edi... Shunday bo‘lgandan keyin kap-katta qizning go‘dak bola singari hatlab, sakrab o‘ynashi, yaramasliklar qilishi juda ham yarashmagan narsa-da!

Afsuski, sut bilan kirgan jon bilan chiqadi, deydilar. Kechqurunlari oxirgi tanaffusda Mishelning qo‘liga osilib, unga yana to‘qigan uydirmalarimni aytar, shu bilan birga o‘zim ham shayton vasvasasiga uchib borar edim.

* * *

Yana bir sayohatdan endi qaytib kelgan edik.

O‘sha kuni Mishel nima uchundir biz bilan sayrga chiqmadi. U meni eshikda kutib oldi, qo‘limdan ushlab, meni bog‘ning bir burchiga yugurtirib olib keldi.
— Senga bitta gap topib qo‘ydim, — dedi. — Ham suyunasan, ham xafa bo‘lasan...
— !?
— Bugun sening malla bo‘lang maktabga keldi!..
— ...
— Albatta, seni yo‘qlab kelgan-da... Koshkiydi sen ham men bilan qolgan bo‘lsang.

Ishongim kelmas edi. Muhimroq sabab bo‘lmasa, Komron meni nechun axtarib kelsin? Mishel harholda yanglish ko‘rgan bo‘lsa kerak.

Lekin shubhamni o‘ziga aytmadim. Yolg‘ondakamdan ishongan bo‘lib:
— Yigit ko‘ngil bergan qizini ko‘rgani kelishidan ham tabiiyroq narsa bo‘lishi mumkinmi? — dedim.
— Albatta.

Mishel betimni siladi.
— Xafa bo‘lma, yana keladi, — dedi, — modomiki yaxshi ko‘rar ekan...
— Shubhasiz...

O‘sha kuni kechqurun ovqatdan so‘ng Matild opa meni chaqirdi-da, zar tasma bilan bir-biriga bog‘langan rasmli ikkita qand qutichani uzatib:
— Bularni senga bo‘lang olib keldi, — dedi.

Matild opa hech jinim sevmaydigan xotin. Ammo qutichalarni uzatayotganida bo‘yniga osilib betlarini o‘pishdan o‘zimni zo‘rg‘a ushlab qoldim.

Demak, Mishel xato ko‘rmagan. Meni bo‘lam yo‘qlab kelgan ekan. Dugonalarim orasida mening cho‘pchagimga shubha bilan qarovchilar bo‘lsa, bu ikkita qutichani ko‘rgandan keyin ular ham fikrlarini o‘zgartirishga majbur bo‘ladilar. Naqadar yaxshi!

Qutichalarimning biri likyorli rang-barang konfetlar, ikkinchisi esa zar qog‘ozlarga o‘ralgan shokoladlar bilan to‘la edi. Uch-besh oy ilgari bo‘lganda, bu narsalarni eng yaqin dugonalarimdan ham zo‘r ehtiyot bilan yashirgan bo‘lardim. Ammo o‘sha kecha dars tayyorlash soatida qutichalarim sinfda qo‘ldan-qo‘lga ko‘chib yurdi. Qizlar esa har qaysisi o‘z insofiga qarab qutichadan bitta, ikkita, yo uchtadan konfet olishdi.

Ba’zilari uzoqdan tagdor ishoralar qilardi. Men o‘zimni uyalayotganga solib, yuzimni chetga o‘girar, kular edim. Qanday yaxshi-ya!

Mishel, afsuski, tagidagi zar qog‘ozlari ko‘rina boshlagan qutichalarimni o‘zimga qaytarib berayotib:
— Bu qutichalar, odatda, kelin qizlarga beriladigan shirinlik qutichasi bo‘ladi, Farida, — deb pichirladi.

O‘zim to‘qigan ertak menga juda qimmatga tushdi, lekin nachora?

Oradan uch kun o‘tdi. Imtihon uchun bir geografiya xaritasini bo‘yayotgan edim. Menga bo‘yoqchilik hech to‘g‘ri kelmadi. Uncha epim bo‘lmagani uchun har gal ranglarni bir-biriga aralashtirib yuborar, qo‘llarimga, lablarimga rang tegizib olardim.

O‘sha kuni ham shu ahvolda turganimda darvozabonning qizi sinfga kirib, bo‘lam meni ko‘rgani kelganini, hozir qabulxonada kutib turganini aytdi. Nima qilishimni bilmay, kursida o‘tirgan o‘qituvchimizga alanglab qaray boshladim. Bu hali-hali esimda.
— Bor, Farida, xaritangni qo‘y, o‘sha yerda turaversin... Mehmonning oldiga chiq, — dedi.

Xaritalarni-ku, joyida qoldiraman, juda soz... Ammo mehmonni qaysi qiyofada ko‘rgani chiqaman?

Yonimdagi dugonam fartugining cho‘ntagidan kichkina oynakcha chiqardi-yu, meni ermak qilayotganday, ro‘paramga qo‘yib qo‘ydi.

Yuzim bilan og‘zimning ahvoliga maymunlar yig‘laydi. Xat yozganda ruchkani og‘zimga solish odatim bo‘lgani uchun mo‘yqalamni ham og‘zimga solibman. Lablarimda sariq, qizil, ko‘k ranglar yo‘l-yo‘l bo‘lib yotardi. Bularni na ro‘pmolcha bilan artib, na suv va na sovun bilan yuvib chiqarishning iloji yo‘qligini, bunday qilguday bo‘lsam, butunlay surkab yuborishim mumkinligini bilardim.

Komronning-ku ahamiyati yo‘g‘-a, uning oldiga qaysi alfozda chiqishni xohlasam, o‘sha alfozda chiqaveraman-u, lekin keluvchining kimligini bilib, piq-piq kulishayotgan dugonalarim ko‘zida men ko‘ngil bergan, hatto unashilish oldida turgan qizman. Xudo o‘z jazosini bersin!

Yo‘lakdan chiqayotganda ko‘zim tushgan oyna yuragimning qabziyatini beshbattar oshirib yubordi. Shu qadarki, dahliz bo‘sh bo‘lganda, mutlaqo ichkariga kirmagan bo‘lardim. Nima qilayki, u yerda ham harakatimga ma’no beradigan begona odamlar bor.

Nachora, bo‘lar ish bo‘ldi. Eshikni jadal ochdim-u, ichkariga o‘qday otilib kirdim. Komron deraza yonida tikka turgan ekan. To‘g‘ri oldiga borguday bo‘lsam, kim biladi, balki qo‘l olishib ko‘rishishga to‘g‘ri kelar; bo‘lamning xotinlarnikiga o‘xshash toza, chiroyli qo‘lini kir qo‘limning ranglari bilan rasvo qilib qo‘yishim mumkin.

Ko‘zim stol ustida yana zar tasmalar bilan bir-biriga bog‘langan paketlarga tushdi. Bular menga ekanligini tushundim. Endi shovqin ko‘tarmasdan qo‘llarimdagi, lablarimdagi bo‘yoqlarni yosh bola tentakligi pardasi ostiga yashirishdan boshqa chora qolmagan edi. Qora fartugimning etaklarini ushlab, paketlar oldida chiroyli, uzun bir reverans qildim. Shunda barmoqlarimni bir oz bo‘lsa ham etaklarim bilan yashirish imkonini esdan chiqarmadim; keyin paketlarga bir qator haroratli o‘pishlar yuborib, shu bahonada lablarimning bo‘yoqlarini ham birmuncha berkitdim.

Komron kulib yonimga keldi. Unga ham bir oz iltifot qilish kerak edi.
— Juda katta iltifotda bo‘libsiz, Komronbey afandim, — dedim. — Garchi shokolodlar, konfetlar qilig‘im haqqi bo‘lsa hamki, odam bir oz xijolat tortar ekan... Ilgarigi kungi qutichada bir xil konfet bor edi. Xudo xohlasa, o‘shalarning opa-singillari shu qutichalardan chiqib qolsa ajab emas... Lekin haqiqiy ta’rifiga imkon yo‘q. Odam ularni og‘zida eritganda, yuragi ham birga erir ekan.

Komron:
— Bu safar yana ham qimmatliroq narsa toparsan, deb o‘ylayman, Farida, — dedi.

Yasama bir shoshqinlik, sabrsizlik bilan u ko‘rsatgan qutichani ochdim. Ichidan ikkita zar qog‘ozli kitob chiqdi. Bular mavlud bayramlarida kichik bolalarga hadya qilinadigan rasmli ertaklar qabilidagi narsalar edi. Bo‘lam men hech anglay olmagan bir sabab bilan kalaka qilmoqchi bo‘lgan bo‘lsa kerak. Shu niyatda bu yerga ovora bo‘lib kelishi chindan ham uyat... Nima qilay, yo ta’zirini berib qo‘ysammikan? Hayronman, ammo o‘zimni tutolmadim. Bo‘yoqli lablarimga sira yarashmagan bir jiddiyat bilan:
— Hadyalarning hammasi uchun tashakkur bildirish kerak, — dedim. — Ijozat bersangiz, sizga kichik bir ogohlantirish qilsam... bir necha yil avval siz ham yosh bola edingiz... lekin o‘sha vaqtda ham jiddiyatingiz, og‘irligingiz bilan katta odamlarga o‘xshardingiz-u, harholda bola edingiz, shunday emasmi? Xudoga shukur, siz yildan-yilga o‘syapsiz, rasmli roman qahramonlariga o‘xshash yigit bo‘lib boryapsiz-u, men nima uchun doimo turgan yerimda qotib turibman.

Komron hayrat bilan ko‘zlarini olaytirdi.
— Pardon, Farida, anglamadim, — dedi.
— Anglamaydigan hech narsa yo‘q. Siz katta bo‘lyapsiz-u, nega men «Oltin kutubxona» ertaklarini o‘qiydigan go‘dak holda qolyapman? Nega men o‘n besh yoshga kirib qolgan qizga qilinadigan muomalaga loyiq bo‘lmayapman?

Komron hamon yuzimga taajjublanib qarardi.
— Yana anglamadim, Farida?

Uning anglamaganiga ajablanib yelkalarimni qisdim, lablarimni burdim. Lekin, to‘g‘risi, nima demoqchi bo‘lganimni o‘zim ham tushunmasdim. Qilmishimga pushaymon yeyar, qochib ketish payini izlar edim.

Endi asabiy harakat bilan ikkinchi qutichaning ipini uzdim. Bundan yana o‘sha xil konfetlar chiqdi.

Komron hamon bir rasmiyat bilan sal egildi.
— Sizga bo‘yiga yetib qolgan qizday muomala qilish kerakligini og‘zingizdan eshitishim meni nihoyatda baxtiyor qildi, Farida, — dedi. — Kitobchalar uchun sizdan uzr so‘rash kerak, deb o‘ylamayman, chunki bu kitobchalar hazildan boshqa narsa emasligini konfetlar ko‘rsatdi. Maqsad sizga kitob keltirishgina bo‘lganda, boya siz aytgan romanlardan tanlab keltirgan bo‘lardim.

Komronning bu ifodasi, bu so‘zlari, albatta, hazil edi. Shunday bo‘lsa ham, uning oldimda turib aytgan bu so‘zlari, bu ovozlari menga yoqib tushdi.

Javob berishga majbur bo‘lmaslik uchun qo‘llarimni duo o‘qiyotgan kishiday bir-biriga qovushtirib, chuqur hayratga tushgan odam rolini o‘ynay boshladim. U gapirib bo‘lgandan keyin yuziga qaradim; ko‘zlarimga tushgan sochlarimni bosh harakati bilan silkib:
— Nima deganingizni eshitmadim. Konfet biram yaxshi ekanki... Xullasi, bularni ko‘rib yarashdik. Vassalom. Ko‘p rahmat, Komronbey, — dedim.

Gapini eshitmay qolganim uchun ta’bi tirriq bo‘lganga o‘xshadi, lekin buni sezdirmaslikka tirishdi, bir tin oldi-yu, yasama sovuqqonlik bilan:
— Nima ham derdik, agar bolalar hadyasi hushingizga yoqmasa, bundan keyin katta odamlarga to‘g‘ri keladigan narsalar bilan ko‘rgani kelamiz, — dedi.

Men endi faqat konfetlarim bilan ovoraday ko‘rinar, javohir sandiqchani tomosha qilayotganday qutichalarga suqlanib qarar, ichidagi shirinliklarni olib, rasmli gazeta betiga terar, turib, o‘zimcha bo‘lar-bo‘lmas narsalarni gapirar edim:
— Bularni yeyish ham bir san’at, Komron. Tag‘in bu san’atni kamina ojizalari kashf etdi. Qara, masalan, mana shu sarig‘ini qizilidan oldin yesang, hech qanday zarar ko‘rmaysan, shunday emasmi? Lekin, ming afsus! Chunki qizili ham juda shirin, innaykeyin, bir oz nordon ham. Buni avval yesang, sarig‘ining nozik lazzatiga, shoirona bo‘yiga jabr bo‘ladi. Oh, jonim konfetlar!

Konfetning bir donasini olib lablarimga keltirdim. Qush bolasini erkalaganiga o‘xshash, konfetni silab turib u bilan gaplashar edim.

Bo‘lam qo‘lini uzatdi.
— Uni menga ber-a, Farida, — dedi.

Unga g‘alati qilib qaradim.
— Nega endi?
— Yeyman...
— Qutichani oldingda ochib katta xato qilibmiz-u. Olib kelgan narsalaringni o‘zing yeydigan bo‘lsang, ishimiz toza...
— Faqat shuni ber...

Chindan ham bu nima degan gap? Birov og‘ziga solgan narsadan jirkanmagach... Nimalar miyamga kelmadi.

Harholda bir daqiqa shoshib o‘ylanib qolgan bo‘lsam kerak, bo‘lam birdan qo‘lini uzatib, konfetni barmoqlarimdan yulib olmoqchi bo‘ldi. Lekin men chaqqonroq harakat qildim. Konfetni og‘zimda berkitib, unga tilimni chiqardim.
— Sizning bunaqa qo‘l yugurtirish odatingiz yo‘q edi shekilli, qanday bo‘ldi? — deb hazillashdim. — Shoshmang, men sizga bunday ajoyib konfetning qanday yeyilishini ko‘rsatay, keyin bilganingizni qiling.

Boshimni bir oz orqaga tashlab, yana tilimni chiqardim, konfetni tilim ustiga qo‘ydim. U sekin-sekin erigan sari kallamni ikki tomonga tebratar, tilim bo‘sh bo‘lmagani uchun, konfet lazzatining ajoyibligini qo‘l harakatlari bilan bildirar edim.

Bo‘lam shu qadar g‘alati bir hayrat bilan og‘zimga tikilib qoldiki, o‘zimni tutolmay kula boshladim.
— Endi kerakli narsani o‘rganib olganingiz uchun bitta konfet hadya qilaman, — dedim.

Komron hazil aralash qilib qutini irg‘itdi.
— Xohlamayman, hammasi o‘zingga qolsin, — dedi.
— Buning uchun ham ko‘p rahmat.

O‘rtamizda gapiriladigan gap deyarli qolmagan edi. Odob yuzasidan uydagilarning sog‘-salomatliklarini so‘rab, ularga salom aytganimdan so‘ng qutichalarni qo‘ltig‘imga qisdim-u, chiqishga tayyorlandim.

Birdan dahliz yonidagi xonada pastak sharpa eshitildi. Mushuk singari quloqlarimni dikkaytirib turdim.

Maktab lavhalari va xaritalar osib qo‘yiladigan bu xonaning eshigi bir oz avval ochilgan edi. Keyin lavhalardan birining yiqilganiga o‘xshash bir tovush eshitildi. Hozir ham o‘rtadagi oynali eshik orqasida sichqon tiqiridan farq qilmaydigan bir tovush, harakat borligi sezilib turardi.

Bo‘lamga bildirmasdan eshikka razm soldim, o, nimalarni ko‘rdim! Xira oyna orqasida kattakon bosh soyasi... Darhol sirga tushundim — Mishel edi u. Biron xaritaga ehtiyoj tug‘ilganini laqma murabbiyaga aytgan-u, dahliz yonidagi bu xonadan bizni poylagani kelgan.

Soya yo‘qoldi. Lekin oyna tagidagi kalit teshigidan u qiz bizga qarab turgani shubhasiz edi. Nima qilishim kerak? Komron ikkalamiz bir-birimizga ko‘ngil qo‘ygan kishilar bo‘lganimiz uchun u bizdan boshqacha narsalarni kutar edi. Bo‘lamga: «Bor endi, xudo yo‘lingni ochiq qilsin, uydagilarga salom ayt», — deb apil-tapil eshikdan chiqib ketsam, sirni tushunib qoladi, yo‘lakda boshimni qo‘llari orasiga olib siqadi-da, sochlarimni to‘zg‘itib: «Xo‘p menga hangoma aytgan ekansan-da?!» — deb kuladi.

Bu qo‘rquv o‘sha onda menga quvlik yo‘lini ochib berdi. Yaxshi narsa emas harholda, lekin nachora? Modomiki, rolni o‘ynay boshlagan ekanmiz, endi uni oxirigacha o‘ynashimiz kerak.

Mishel ham maktabdagi dugonalarimning ko‘pchiligi singari turkcha bilmas edi. Shuning uchun har qanday safsatadan hadiksirashga o‘rin yo‘q edi. Ishqilib, ovoz, harakatlar oshiq-ma’shuqlar harakatiga o‘xshamasa bas...
— Esimdan chiqishiga sal qolibdi, — dedim Komronga, — enagangning nevarasi chorbog‘damidi?

Enaganing nevarasi necha yillardan beri chorbog‘da yurib o‘sgan yetim bola edi.

Komron savolimga hayron bo‘ldi...
— Albatta, chorbog‘da... Qayoqqa ketardi? — dedi.
— Albbatta... Bilaman... Faqat... Qaydam... o‘zim... Shu bolani biram yaxshi ko‘ramanki...
— Bu yana nimasi? — dedi. — Yuziga qayrilib qaraganing ham yo‘q edi-ku bechoraning...

G‘alati bir harakat bilan:
— Yuziga qaramaganim nimani isbot qiladi, yaxshi ko‘rmaganimnimi? — dedim.
— Bu qanday tentaklik?
— Ha, men u bolani shu qadar yaxshi ko‘ramanki...

Men «yaxshi ko‘raman» so‘zini «Gul tutgan ayol» rolini o‘ynagan artist harakati bilan bo‘ynimni bukib, qo‘llarimni ko‘ksimda qovushtirgan holda aytdim, ko‘z qirim bilan esa eshikka razm soldim.

Mishel olti og‘iz turkcha so‘z bilsa, bularning uchtasi mutlaqo «yaxshi ko‘rmoq, sevgi, savdo» kabi so‘zlar bo‘lishi kerak. Mabodo shu taxminimda yanglishgan taqdirimda ham, u bu so‘zlarni lug‘atdan topib olar yoki «yaxshi ko‘ramanki» so‘zining naqadar «dahshatli» ma’nosi borligini turkcha biladigan har qanday odamdan so‘rab ola bilar edi. Bu masalada faqat Mishelnigina emas, Komronni ham nazarda tutish zarur edi. Bu ikkinchi siyosatni harholda udda qilolmagan bo‘lsam kerak.

Komron so‘zlarimga ham, qiliqlarimga ham kulib:
— Bu shamol qaerdan esdi birdaniga, Farida? — dedi.

Qaerdan essa esaversin. Hozir qarab turadigan paytmi? Hamon boyagi harorat bilan:
— Nachora, shunday... Yaxshi ko‘raman, vassalom, — dedim. — Menga so‘z ber... Uyga borganingda ana shu boyoqish bolaga mening nomimdan souvenir[12] o‘rnida... Suvenir o‘rnida... Bildingmi, souvenir d`amore[13] o‘rnida...

Enaganing nevarasiga eltib ber deb, Mishelning ko‘zida Komronga bir narsalar bergim kelardi. Faqat cho‘ntaklarimdan, aksiga olib, turmaklangan qog‘ozlardan boshqa narsa chiqmadi; men bu qog‘ozlarni kechqurungi dars tayyorlash paytlarida mudrab o‘tiradigan murabbiyaga otish uchun turmaklab qo‘ygan edim. Lekin chorasizlik bundan ham yaxshiroq bir narsani ko‘nglimga soldi. Komronni birdaniga qo‘llaridan ushladim, quchog‘iga tashlanadigan bir vaziyatni oldim-da:
— O‘sha bolani mening uchun quchog‘ingga olasan, — dedim. — Betlaridan, ko‘zlaridan qayta-qayta o‘pasan, uqdingmi?.. Va’da berasanmi-a?..

Komron bilan quchoqlashganday turardik. Nafaslarimiz bir-birimizniki bilan aralashib borardi. Hech narsadan xabari yo‘q bo‘lam bu haroratga tushunolmas, hayratidan qutula olmas edi.

Rol muvaffaqiyat bilan o‘ynab bo‘lindi. Endi parda tushsa bo‘lardi. Komronning qo‘llarini qo‘yib yuborib, ezgin bir qiyofada o‘zimni tashqariga otdim. Mishel yo‘lakda orqamdan yetib kelib bo‘ynimga osiladi, deb o‘ylardim. Atrofning jimjitligini bilib to‘xtadim, orqamga qaytib, lavhalar xonasining eshigi oldiga keldim. Ichkaridan sharpa ham, ovoz ham eshitilmagani uchun eshikni ochishdan o‘zimni tutib qololmadim. Nimalarni ko‘rmay! Onda-sonda bizga musiqa darsi bergani keladigan qari Kasave emasmi bu? Qaltiroq oyoqlari bilan bir taburetkaga chiqib olib, shkaf ustidan nota daftari qidiryapti...

Tfu, xudo jazoingni bersin! Mishel deb vahimaga tushibman, Komron oldida o‘zimni bekorga sharmanda qilibman-a!

Bezak tutgan odamday yuzimning o‘t bo‘lib yonganini his etdim. Sinfga qaytish o‘rniga boqqa chiqib ketdim. U yerda chashma jo‘mragini ochib, ostiga boshimni tutdim.

Vujudimda olov harorati bilan birga titroq ham bor edi. Chashma suvlari sochlarimdan, yuzimdan oqib, ko‘ylagim ichiga kirib borar, men esam:

«Sevgi degan narsaning roli odamni shu qadar yondirib titratsa, kim biladi, uning o‘zi qanday ekan?» — deb o‘ylardim...

* * *

O‘sha yil Komron maktabga bir necha bor qatnadi. Shunchalik ko‘p keldiki, eshik har safar ochilganda meni dahlizga chaqirgani kelishayotganday tuyulib, yuragim o‘ynay boshlar edi. U menga keltirgan shokoladlar, pirojnoelar, pastalar bilan butun sinf ta’minlanib turdi, desam bo‘ladi.

Ochko‘zlikda ham tirishqoqligi qadar mashhur bo‘lgan sinfdoshlarimdan Mari Pirlantajiyan qand-qurslarimni oppoq yirik tishlari orasida g‘ajirlatib yeydi-da, yashirishning epini qilolmagan hasad bilan:
— Jigarso‘xtangki shunday ajoyib narsalar keltirgandan keyin, o‘zing ham rosa jigaridan uribsanda, — deydi.

Afsus, bu mojaro jonimga tega boshladi. Ba’zida o‘zimcha o‘ylanib ketaman: gap tashuvchi bolaning og‘zini yopish uchun keltirilayotgan bu narsalarni dugonalarimga boshqacha qilib ko‘rsatishim hayosizlik emasmi? Innaykeyin, Komron nega endi maktbga shuncha tez kelib turibdi? Har safar «Shu tomonlarda turadigan bir kasal o‘rtog‘imni ko‘rgani kelib edim-da. Taqsin bog‘ida bir oz mashq etishib ketay deb edim-da...» kabi sabablar ko‘rsatadi.

Boshqa bir kun hech narsa so‘ramasam ham:
— Otamning Nishontoshida bir qadrdon do‘stini ko‘rib kelyapman... Otam u kishini ko‘p yaxshi ko‘rardi, — dedi.

O‘zimni tutolmasdan birdaniga hamla qilib:
— Oti nima? Nima ish qiladi? Manzili qanday? — dedim.

Bo‘lam shoshib qoldi. Shu darajada shoshdiki, bironta yolg‘on ism, yolg‘on manzil ham tiliga kelmadi. Rangdan rangga kirib, kulib turib:
— Nima qilasan so‘rab? Seni nimasi qiziqtiradi?— kabi so‘zlar bilan meni aldashga tutindi.

Bunda muhim bir masala borday:
— Kelasi hafta boshlarida borib xolamdan so‘rayman, — dedim.

Komron bu gapimni eshitib, beshbattar qizarib ketdi.
— Zinhor so‘ray ko‘rma! Onamga og‘zingdan chiqarma!.. U kishi bilan ko‘rishishimni hech xohlamaydi, — deb yolvora boshladi.

Zaharli chayon, meni hech alday olmaysan... Sening yuragingda nimalar borligini bilaman.

G‘azab bilan o‘rnimdan turdim, u zo‘rlik bilan ushlamoqchi bo‘lgan qo‘llarimni cho‘ntaklarimga yashirdim.
— Na otangizning do‘stlari va na o‘zingizning do‘stlaringiz meni qiziqtiradi, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz... O‘rinsiz laqmalik qildim, xolos, — dedim-u, tashqariga chiqib ketdim.

* * *

O‘sha kundan keyin Komron har safar maktabga kelganda turli xil bahonalar qilib, oldiga chiqishdan bosh tortdim. Har safar olib kelgan qutichalarini sinfda yo bog‘da yirtib ochadigan, ichidagilarining bir donasiga ham qo‘l urmay, bolalar ustiga sochib yuboradigan bo‘ldim.

Haqiqat oyday ravshan edi. Baxtiyor tul mutlaqo shu atroflarda turishi kerak. O‘sha kechadan keyin, albatta, pisandalari shunday bo‘lgan. Bo‘lam tez-tez unikiga boradi, shu orada meni ham yo‘qlab turadi.

Xohlagan axloqsizliklarini qilishaversin... Menga nima, faqat ikki o‘rtada meni o‘yinchoq qilishlari jon tomirimni sug‘urardi. Shu narsa esimga tushdi deguncha badanimni o‘t olar, alamimdan yig‘lab yubormaslik uchun lablarimni tishlab qonatar edim.

Narimonning qaerda turishini uydagilardan so‘rab bilib olish hech gap emas, lekin bu xotinning otini tilga olish men uchun chidab bo‘lmaydigan narsaday tuyulardi.

Dam olish kunlarining birida uyga borgan edim, mehmonlardan biri Najmiyaga:
— Ilgari kuni Narimondan xat oldim, juda baxtli emish, — deb qoldi.

Kichkina laychani hovuzda cho‘miltirgani olib chiqib ketayotgan edim. Shu so‘zlarni eshitdim-u, eshik oldida to‘xtadim, yerga cho‘kkalab kuchukchani quchog‘imdan sekin qo‘yib yubordim.

Baxtiyor tul haqida bir narsa so‘rash fikrim yo‘q edi, lekin qulog‘imga birov paxta tiqib qo‘yibdimi?

Mehmon hamon so‘zlardi.
— Eridan juda xursandga o‘xshaydi, bechora bu gal zora baxtli bo‘lsa...

Najmiya odam ovozini takrorlaydigan hammom gumbaziga o‘xshab:
— Ha, ha, bu gal zora baxtli bo‘lsa bechora, — deb mehmonning so‘zlarini takrorladi-yu, ahmoqona bir tarzda gapga xotima berdi.

Chorasiz bir zarurat boshimga tushdi. Hazil-mutoyiba qilib:
— Xonim afandi yana erta tegdilarmi? — deb so‘radim.
— Qaysi xonim afandi?
— Sizga xat yozgan xonim. Narimon xonim.

Mehmon o‘rniga Najmiya javob berdi:
— Voy, xabaring yo‘qmi? Qachonlariyu... Narimon bitta injenerga tekkan... Besh-olti oydan beri eri bilan Izmirda turadi...

«Bu gal zora baxtli bo‘lsa, bechora...» degan tilakni men ham uchinchi marta takrorlab, kuchukchani quchog‘imga oldim-u, tashqariga pirillab chiqib ketdim. Lekin hovuzga bormadim: chetanlar, bog‘ to‘siqlari ustidan sakrab o‘tib, bog‘ atrofida gir aylana boshladim.

* * *

O‘sha yoz sayohatga chiqdim. Uzoqqa emas, Taqirdog‘iga... Ma’lumki, xudo menga xolalardan mo‘lroq narsa bermagan. Shulardan biri ham Taqirdog‘ida. Eri Aziz pochcham xolamga uylangandan beri o‘sha yerda dehqonchilik qiladi. Mujgon degan mendan uch yosh katta qizlari ham bor. Qarindoshlarimning bolalari ichida hammasidan ko‘proq o‘shani yaxshi ko‘raman.

Mujgon xunuk qiz. Lekin men bunga parvo qilmayman. Oramizda uch yosh farq bo‘lishiga qaramay, men uni yoshligimdan beri katta opam o‘rnidan ko‘rib, o‘rganib qolganman. Hozir farqimiz juda kamayib qolgan bo‘lsa ham, hamon unga avvalgiday qarab «opa» deb gapiraman.

Mujgon opam mening tamom aksim. Men qanchalik sho‘x, qanchalik olov bo‘lsam, u shunchalik og‘ir, vazmin. Buning ustiga sal zug‘mi ham bor. Xohlaganini qildiradigan bitta shuning o‘zi desam bo‘ladi. Ba’zan nasihatlariga parvo qilmay, xohishlariga qarshi chiqsam hamki, yana bo‘ysunishga to‘g‘ri keladi. Nega? O‘zim ham hayronman. Odam bolasi birovni yaxshi ko‘rish halokatiga uchradimi, tamom, o‘shanga qul bo‘lib qoladi.

Mujgon Oysha xolam bilan birga necha yilda bir marta Istambulga kelar, bir necha hafta chorbog‘da qolar, yo boshqa xolalarimnikida mehmon bo‘lar edi.

O‘sha yoz Taqirdog‘idan meni chaqirib xat keldi. Oysha xolam Basima xolamga yozgan xatida: «Sizdan-ku umidim yo‘g‘-a, lekin Faridani yozgi kanikulida, albatta, yuborsangiz, hech bo‘lmasa ikki oygina turib ketsa, kutamiz. Bilasiz-ku, biz ham xolamiz. Kelmasa, pochchasi ham, men ham, Mujgon ham juda qattiq xafa bo‘la- miz», — debdi.

Basima xolam, Najmiya Taqirdog‘ini dunyoning bir burchagida deb hisoblashar, olis yulduzlarga qaraganday ko‘zlarini suzishib: «Bo‘lmagan gap! Shuncha joyga qanday borib bo‘ladi?» — deb vahima qilishardi. Men yasama bir hurmat bilan huzurlarida egilib:
— Ijozat bersalaringiz, u yerning borib bo‘lmaydigan joy emasligini isbot qilish zahmatini bo‘ynimga olsam, — dedim.

Dugonalarim orasida yozgi kanikul kunlarida oilalari bilan birga sayohatga chiqadiganlar va qaytgandan keyin bizga og‘iz ko‘pirtirib maqtanadiganlar bo‘lardi. Demak, maktab ochilganda bizga ham mundoq qadni ko‘tarib gapirish imkoni tug‘iladi.

Bulturgi sevgi savdosiga bu yil sayohat hikoyasi qo‘shilsa bormi, ajoyib dabdaba bo‘lar edi. Qani endi men ham portfelimni qo‘limga olsam-u, romanlarda yozilgan amerikalik qizlar singari yakka o‘zim kemaga tushib jo‘nab qolsam. Lekin xolalarim bu orzumni vahimali chinqiriq bilan qarshilab, yonimga bitta odam olmasdan yo‘lga chiqishimga rozi bo‘lmadilar. Shunda ham: «Qorong‘ida panjaradan dengizga qarama... Kema zinapoyalaridan yugurib tushma» kabi og‘ir nasihatlari bilan ta’bimni rosa tirriq qilishdi, go‘yo Taqirdoqqa qatnaydigan tog‘oraday paroxodning Transatlantika kemalari singari sakson metrli zinapoyalari borday...

Mujgonni ko‘rmaganimga ikki yil bo‘lgan edi. Shu orada o‘sibdi, yetilibdi, gaplashishga odamning yuragi betlamaydigan darajada kerik salobatli bo‘lib qolibdi. Shunga qaramay, bir zumda apoq-chapoq bo‘lib ketdik.

Oysha xolam bilan Mujgonning do‘stlari juda ko‘p. Men ham o‘shalarga qo‘shilib oldim.

Har kun mehmondorchilikka chorboqqa yo boqqa chaqirib ketishardi. Endi katta qiz bo‘lib qolganimni, yarashmagan qiliq qilsam, ayb bo‘lishini aytganlari uchun harakatlarimga juda ehtiyot bo‘la boshladim. Begona xotinlarga qochiriqlar aytganimda, ularning savollariga jiddiy, muloyim javoblar qilganimda o‘zimni mehmon o‘yini o‘ynayotgan qo‘g‘irchoqqa o‘xshatardim. Shunday bo‘lsa ham, odamlar orasiga qo‘shilish menda g‘urur uyg‘otmay qolmas edi.

Mehmondorchiliklar bahrimni har qancha ochsa ham, lekin ular Mujgon bilan yolg‘iz qolgan baxtli damlarim qadar emas edi.

Pochchamning uyi dengiz bo‘yidagi baland qirlikda. Mujgon opam ba’zi joylari tik devorga o‘xshagan bu qirdan dengiz bo‘yiga tushishimni xavfli hisoblab, avvallari bunga yo‘l qo‘ymay keldi. Keyin esa men uchun hech qanday xavf yo‘qligiga o‘zi ham ishondi. Soatlar bo‘yi qumda yotar, suv betida tosh yumalatar, dengiz bo‘yida uzoq-uzoqlarga ketib qolar edik.

Dengiz bu mavsumda nihoyatda chiroyli, sokin bo‘lsa ham, lekin nash’asiz edi. Ba’zan soatlar o‘tardi, lekin sathida na bir yelkan va na nafis tuman parchasi ko‘rinardi. Kechki paytlarda dengiz odamning yuragini chiqarib yuboradigan darajada kengayib, sho‘ppayib qolardi. Xayriyatki, men bu tahlikani oldindan sezib olar, dengiz bo‘yidagi qoyalarni qahqahalarim bilan gurillatar edim.

Bir kuni Mujgon ikkimiz dengiz bo‘yiga tushdigu, uzoqdagi burunga qarab ketdik. Maqsadimiz ana shu burunni hosil qilgan qoyalar orqasidagi pana qo‘ltiqqa borish edi, faqat aksiga olib, yo‘l berk chiqib qoldi. Oyoq kiyimlarimizni yechib suvga tushishdan boshqa chora yo‘q edi. Meni-ku bu narsa sevintirdi-ya, lekin bo‘yiga yetib, xonimcha bo‘lib qolgan Mujgonni nima qilamiz?

Har qancha aytganimda ham tuflilari bilan paypoqlarini yechmasligini bilganim uchun:
— Kel, Mujgon opa, seni opichib olay... Ko‘tarib o‘tkazib qo‘yaman, — dedim.

Mujgon unamadi.
— Jinni qiz, kap-katta odamni qanday olib o‘tasan! — dedi.

Bechora Mujgon, yoshiga o‘xshash bo‘yi ham menikidan katta bo‘lgani uchun meni ko‘tarib o‘tishga kuchi yetmaydi, deb o‘ylagan-da.

Jadal yaqinlashib:
— Ko‘ramiz, bu ham bir tajriba-da, ko‘tara olsam marra bizniki, — dedim-u, boldirlaridan ushlab dast ko‘tardim.

Mujgon avval buni bir-ikki odimlik sinov deb o‘yladi, keyin qo‘limdan chiqishga harakat qildi.
— Jinnilik qilma, qo‘yvor. Meni qanday ko‘tarasan? — deb kuldi. Keyin yalang oyoqlarim bilan suv kechib ketganimni ko‘rib, dod solguday bo‘ldi.
— Qushday yengilsan, opa, — dedim. — Tipirchilaydigan bo‘lsang shaloplab yiqilamiz, ikkovimizning ham sho‘rimiz quriydi. Tek tursang, eson-omon o‘tib olamiz.

Bechora qizning rangi o‘chib ketdi. Churq etguday bo‘lsa posongisini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, og‘zini, ko‘zlarini yumib, qo‘llari bilan sochlarimga yopishib oldi.

Bechora Mujgon bir qarichlik suvda, xuddi jar yoqasidan o‘tayotganday ko‘zlarini yumib, quchog‘imda qimirlashga yuragi betlamay borardi.

Burunga yetganda nimalarni ko‘rdik deng? Suvdan tortib qo‘yilgan bir qayiqcha yonida ovqat yeb o‘tirgan uchta baliqchi bizni ko‘rib qolsa bo‘ladimi.

Mujgonning esxonasi chiqib ketdi, qo‘llarimni xuddi sindiradiganday qisib:
— Murodingga yetdingmi, Farida? Endi nima qildik? — dedi pichirlab.

Men kuldim.
— Baliqchilar odam yeyishmaydi-ku, — dedim.

Lekin ahvolimiz chindan ham xunuk edi. Masalan, tizzamning ko‘zlarigacha ochiq boldirlarim, qo‘lda paypoqlarim bilan odamlarga ko‘rinadigan ahvolda emas edim.

Mujgon supurgidan qochgan o‘rgimchakdek, ingichka boldirlari bilan qochish harakatiga tushib qoldi. Menga bu vahm aybday tuyuldi, shuning uchun baliqchilarni gapga solish fikriga tushdim.

Suv o‘sha kuni nega yo‘llarni bosib ketgani, dengizning qaysi tomonlarida qachon baliq tutishganini so‘radim. Ishqilib, gapga solish niyatida aytilgan safsatalar bu...

Baliqchilarning ikkitasi yigirma yo bundan ortiqroq yoshlardagi ikki yigitu, bitta soqolli chol edi.

Yigitlar uyatchan ko‘rindi. Javobni chol qildi. Lekin u ham men singari gapdonlikni yaxshi ko‘rarkan shekilli, mening kimligimni so‘radi.

Bir zumda shoshib turganimdan so‘ng: «Marika degan qizman. Savdogar amakimnikiga Istambuldan mehmon bo‘lib keldim», — deb yurib ketdim.

Mujgon meni qo‘limdan ushlab sudramoqchi bo‘lganday oldinga tortar: «Xudo jazoingni bersin, nega bunday qilding?» deb koyir edi.
— Qaydam, — dedim men ham, — Istambuldagi xolalarim: «Tilingni tiy. Behuda vaqillama. U yerning odamlari g‘iybatchi bo‘ladi», deb tayinlashuvdi-da. Baliqchilar: «Bu qanday musulmon qiz, boshinigina emas, sonini ham ochib yuribdi», deyishmasin dedim-da......

Xullasi, qo‘rqoq Mujgon bu ahamiyatsiz narsadan katta voqea yasadi...

* * *

Kechqurun Mujgon ikkimiz qo‘ltiqlashib sayr qilib yurganimizda, bir yosh suvori ofitseri orqamizga tushganini ko‘rib qoldik. Bu ofitser otiga ta’lim berayotgan ko‘rinardi. Lekin xudoning dalasiga boriladigan boshqa joy qurib ketganday, nuqul biz yurgan yo‘lda borib-kelar, yonimizdan o‘tayotganda bizga tikilib qolardi. Yana shundayin g‘alati avzodaki, hali-zamon to‘xtab gaplashadi, deb o‘ylaysan...

Bir kun u yana otini o‘ynata-o‘ynata bizni devor chetidagi daraxtlar orqasiga qochirib, yonimizdan o‘tib ketgandan so‘ng sekingina kuldim-u, tomog‘imni qirib:
— Tushundik, Mujgon opa, — dedim. Mujgon yuzimga qaradi.
— Nima demoqchisan, Farida? — deb so‘radi.
— Shuni demoqchimanki, biz avvalgiday yosh qizcha emasmiz, opa... Ofitser bilan yaxshigina jigarso‘xtaligingiz bor ekan...

Mujgon kula boshladi.
— Meningmi? Jinni qiz!
— Bizni ham bir oz mensib muomala qilish darajasiga tushsangiz qanday bo‘lar ekan, xonim afandim?
— Ofitser menga ilhaq bo‘lib yuribdi, deb o‘ylaysanmi?
— Bunday o‘ylamaslik uchun bir oz to‘mtoq bo‘lish kerak.

Mujgon yana kuldi. Lekin bu safargi kulgisida bir oz iztirob bor edi. Keyin chuqur tin oldi.
— Jonginam, men orqasidan birov yuguradigan qiz emasman-ku... U seni deb atrofimizda parvona bo‘lib yuribdi.
— Nahotki, opa!..

Ko‘zlarim moshday ochildi.
— Ha, seni deb yuribdi... Sen kelmasdan avval ham ko‘rardim, lekin yo‘l bo‘yidagi mana shu daraxtlar orasidan meni quvmay, indamay o‘tib ketardi-da, qaytib kelmas edi...

O‘sha kuni kechqurun ovqatdan so‘ng Mujgon ikkimiz uy oldiga chiqdik. Gaplashib yurib dengiz tomonga ketdik.
— Sening bir darding bor, Farida, hech gapirmaysan, — dedi Mujgon.

Bir oz ikkilanib turganimdan so‘ng:
— Kunduzi aytgan behuda gapingni hech miyamdan chiqara olmayapman, ko‘nglim xijil, — deb javob berdim.

Mujgon shoshib so‘radi:
— Nima devdim?
— «Men orqasidan birov yuguradigan qiz emasman-ku», deding.

Mujgon yumshoqqina kuldi.
— Ana xolos, senga nima kuygulik?

Men Mujgonning qo‘llarini ushladim, ko‘zlarimni jovdiratib, mungli tovush bilan:
— Nima, sen xunukmisan, opa? — deb so‘radim.

U yana kuldi, meni erkalab betimga asta shapati urdi.
— Xunuk ham emasman, chiroyli ham... O‘rtachaman deyayin-u, shu bilan gapni tamom qilaylik... Senga kelsak, bilasanmi, yoshing o‘sgan sari odamning hushini oladigan darajada ochilib boryapsan!

Qo‘llarimni Mujgonning yelkasiga qo‘ydim, uni o‘pmoqchiday burnimni burniga taqab:
— Meni ham o‘rtacha deyaylig-u, shu bilan bu masalani bitiraylik, — dedim.

Qiyalikning chetiga kelgan edik. Yerdan tosh to‘plab dengizga ota boshladim. Mujgon ham menga qo‘shildi, lekin boyaqish tosh otishni bilmasdi, qo‘lida quvvati yo‘q edi.

Men otgan toshlar osmonda bir zumgina ko‘rinmay ketardi-da, keyin fosforday yaltirab borib, suvga o‘qday otilib kirib ketardi. Uniki esa kulgili bir alfozda yumalab borib, qirg‘oq toshlariga urilar yoki etakdagi qumlarga tushardi. Biz ichagimiz uzulguday bo‘lib kular edik.

Nima ham deysiz, oy yog‘dusiga cho‘milgan dengizning ikki yosh qizga bag‘ishlangan ilhomi shugina bo‘lmasligi kerak edi, lekin nachora. Bir ozdan keyin Mujgon charchab kattakon toshga o‘tirdi. Men ham turgan yerimga cho‘kkaladim.

Mujgon maktabdoshlarim to‘g‘risida har xil savollar bera boshladi. Men ham Mishel to‘g‘risidagi bir necha voqeani aytib berdim. Keyin tilimni tiyolmay, o‘z uydirmalarimni aytishga kirishdim.

Buning nima hojati bor edi? Ajabo, Mujgonga shu narsalarni aytib berishga meni majbur qilgan narsa shunchaki bir sho‘xlik ehtiyojigina edimi? Qaydam. Noo‘rin ish qilayotganimni sezib, tilimni shuncha tiyishga urinsam ham, hech epini qilolmay so‘zlar edim.

Mujgonga aytib bergan narsalarim dugonalarimni bo‘ri ertagidagi singari qanday aldaganim hikoyasidan iborat edi. U mahal rol talabi bilan o‘zimni qayg‘uli holga solardim, lekin bu safar bunga majburiyat bo‘lmasa ham, nima uchundir, yana o‘zimni, qayg‘u og‘ushiga tashladim. Ovozim asta-sekin mung olib, boqishlarim telbalanib bordi. Mujgonning yuziga qarashdan qo‘rqib ko‘zlarimni olib qochar edim. Uning goh etaklari, yo tugmalarini o‘ynar, goh boshimni tizzasiga qo‘yib, nuqul dengizga, uzoqlarga tikilardim.

Hikoyamning qahramonini avval Mujgondan yashirishga tirishdim-u, keyincha buni ham og‘zimdan chiqarib yubordim.

Mujgon sochlarimni silab, so‘zlarimga jimgina quloq solib o‘tirardi.

So‘zimni bitirib, dugonalarim haqida yolg‘on-yashiq narsalar aytganim aybligini bo‘ynimga olganimda, u nimalar dedi deng?
— Bechora Faridaginam! Komron chindan ham jigaringdan urib qolibdi!

Jinim qo‘zg‘adi-yu, birdan o‘zimni Mujgonning ustiga tashladim, uni qurib qolgan o‘tlar ichida yumalatib tortqilay boshladim.
— Nima deding, opa, nima deding? Men unaqa sariq chayonni...

Mujgon o‘lib-tirilib o‘zini qutqazishga tirishar, tipirchilardi.
— Qo‘yvor, qo‘yvor deyman senga! Ust-boshimni yirtasan! Odamlar ko‘rsa sharmanda bo‘lamiz, xudo xayringni bersin, bunday qilma, — deb yolvorardi.
— So‘zingni qaytarib ol...
— Xo‘p, qaytarib oldim. Nima desang qilaman, lekin meni qo‘yib yubor.
— Ammo yuz-xotir uchun emas, meni aldash uchun emas... Chindan...
— Juda soz, yuz-xotir uchun emas, seni aldash uchun emas... Chindan...

Mujgon o‘rnidan turib, ust-boshini qoqa boshladi.
— Farida, chindan ham jinni bo‘libsan, — dedi kulib.

Men o‘rnimdan turmagan edim, titrab turib:
— Xudodan qo‘rqmay menga qanday tuhmat qilding-a, opa! Men hali yoshman, — dedim.

Ana shundan keyin o‘zimni to‘xtatolmay yig‘lab yubordim.

* * *

O‘sha kuni kechasi juda yomon bezovta bo‘lib chiqdim. Negadir uyqum kelmas, alahlar, to‘rga ilingan kattakon baliq singari u yoqdan-bu yoqqa o‘zimni otar, to‘lg‘anar edim.

Xayriyatki, kechalar qisqa edi. Tong yorishguncha Mujgon yonimdan jilmadi.

Ichimda bir narsa o‘zgarganday o‘zimdan-o‘zim dahshatli bir qo‘rquv, nafrat his etardim. Dam-badam yosh boladay Mujgonning bo‘yniga tashlanar: «Nega bunday deding, opajon?» deb ho‘ngrar edim.

U yana ham battarroq hujumga uchrashdan qo‘rqqani uchun na «ha», na «yo‘q» deyar, indamay sochlarimni silar, boshimni bag‘riga bosib, meni yupatishga tirishar edi. Tong yorishar payt uning ham asab tori uzildi, jahli chiqib meni koyib berdi:
— Jinni, yaxshi ko‘rish aybmi? Qiyomat qo‘pgani yo‘q-ku!.. Juda bo‘lmasa uylanarsizlar, shu bilan olam guliston... Uxla, bezor qilib yubording-ku! Men bunaqa odobsizlikka toqat qilolmayman.

Mujgon opamning jahli bu safar ham bo‘ynimni egib qo‘ydi. Bundan tashqari u bilan gap talashib o‘tirishga o‘zimda ham majol qolmagan edi. Musyo Segenning butun kecha bo‘ri bilan olishib, saharga yaqin o‘zidan ketib qolgan echkisi[14] singari holdan ketgan edim.

Ko‘zim ilingan paytda Mujgonning yana shirin til bilan:
— U ham senga beparvo qaramas, — deganini eshitgan bo‘lsam ham, bunga qarshi isyon ko‘tarishga qurbim yetmay uxlab qoldim.

* * *

Ertasiga shu yerlik boylardan birining chorbog‘iga taklif qilingan edik. Umrimda shu bugungiday bahrim ochilgan kun bo‘lmagandir, deyman.

Oysha xolam bilan Mujgon chorbog‘ hovuzi bo‘yida kattalar bilan gaplashib o‘tirganlarida, bolalarni yonimga oldim-u, tevarakda o‘tni o‘tga, suvni suvga otib, to‘polon qila boshladim. Hatto bir qur bitta yaydoq otga minmoqchi bo‘lib, jonimni xatarga ham qo‘ydim. Xolam bilan Mujgon meni ko‘rib qolishib, qo‘l-bosh ishoralari bilan imo qilishardi.

Ularning nima demoqchi ekanliklarini juda yaxshi bilsam ham, anqovsirab o‘zimni ko‘rmaganga solar, daraxtlar ichiga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lar edim.

Ha, yoshi o‘n beshga yetib, ularning nozik iborasi bilan aytganda, «bo‘yi cho‘zilib qolgan» qizning xizmatkorlar orasida boshi ochiq, poychalari yalang, ust-boshi ochilib sho‘xlik qilib yurishi ayb, buni o‘zim ham tushunaman, lekin nachora, o‘zimni go‘llikka solaman.

Bir mahal Mujgonni yolg‘iz topib, qo‘lidan ushladim-u:
— Arman keliniga o‘xshagan bu xonimlarning nimasi yoqib qoldi senga? Undan ko‘ra men bilan yur, — dedim.
— Kecha saharga dovur holi-jonimni qo‘ydingmi? — dedi. Keyin ilova qildi: — Sen, rosti, g‘alati mahluqsan, jonivorga o‘xshaysan, Farida. Kecha kechqurun qanday ahvolda eding? Ertalab ikki soat uxlar-uxlamas darrov turib ketding. Ahvolingdan hech charchagan kishiga o‘xshamaysan. Ranging noppa-nozanday, ko‘zlaring porillaydi. Qara, meni ne ahvolga solding!

Chindan ham bechora Mujgon achinarli ahvolda edi. Kechasi uxlamagani uchun yuzi, ko‘zlarining oqi ham bol mumi singari sarg‘ayib ketgan edi.
— O‘tgan ishga salavot, — dedim-u, yana yugurib ketib qoldim.

* * *

Oqshom payti. Aravamiz kechikib qolgani uchun yayov kelayotibmiz. Albatta, bunisi yana yaxshi. U yog‘ini surishtirilsa, chorbog‘ uncha uzoq ham emas... Xolam o‘z tengi ikkita qo‘shnisi bilan orqada kelardi. Men bo‘lsam bir oz chehrasi ochila boshlagan Mujgon bilan qo‘l ushlashib, ancha ilgarida kelar edim. Yo‘lning bir tomonida yiqiq devorlar, shoxlar bilan to‘silgan bog‘lar, narigi tomonidan esa poyonsiz umidsizlikka o‘xshagan yelkansiz, tumansiz dengiz...

Bog‘larda barvaqt kuz boshlangan, devorlar, shoxlar yonida g‘ovlab yotgan ko‘katlar qurigan, hammasini chang-to‘zon bosgan, bir-biridan uncha uzoq ekilmagan nihollarning titrab turgan ola-quroq soyalari chang yo‘lga xazon aralash tushib turardi.

Faqat uzoqlarda, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bog‘larning ichkarisida bir qancha qizil donalar sochilib yotibdi. Bular pishgan maymunjonlar, bularni parvardigor choliqushlar — chittaklar yesin, deb yaratgan...

Shu sababdan umidsizlik dengizini bir yoqqa qo‘yib, Mujgonning qo‘lidan ushladim-da, maymunjonlar tomon sudray boshladim.

Orqadagilar toshbaqa qadami bilan bizdan o‘tib, quyi chorbog‘ning etagiga yetgularicha biz ishimizni sakson marta bitirib olamiz.

Faqat Mujgon opa odamning toqatini toq qilib yuboradigan darajada imillaydi. Dala o‘rtasida yurib borayotganda tuflisining poshnalari bukiladi, o‘rib olingan ekinlarning xas-cho‘plari oyoqlariga kirishidan qo‘rqadi, ikki qarichlik chuqurdan hatlashga to‘g‘ri kelganda taraddud qilib qoladi.

Bir qur bitta itning hujumiga uchradik. It bo‘lganda ham Mujgonning qo‘l sumkasiga sig‘ib ketadigan kichkina kuchuk. Mujgon shu kuchukchani ko‘rdi-yu, voydodlab qocha boshladi. Keyin maymunjonni yeyishdan ham qo‘rqa boshladi: «Me’dang buziladi... og‘riysan...», deb mevalarni qo‘limdan olib tashlamoqchi bo‘ldi. Maymunjonlar eziladi, yuzimizga chaplanadi. Keng yoqasiga ikki qator tasma bilan langar shakli tikilgan oq shoyi koftam dog‘ bo‘lib ketdi.

Orqadagilar bizga yetib olgunlaricha biz ishimizni bitirib olamiz degan edim, lekin Mujgon ikkovimiz bu janjalni bir yoqlik qilgunimizcha, ular pastdagi yo‘lning boshiga yetib qolishibdi. Bizni yo‘qotib qo‘yishgan bo‘lishsa kerak, chorboqqa ketavermay, orqaga qarab turishardi. Yonlarida bitta erkak kishi ham bor.

Mujgon:
— Voy, kim ekan-a? — devdi, men:
— Kim bo‘lardi, biron yo‘lchi, yo qishloqidir-da, — dedim.
— Unday bo‘lmasa kerak.

To‘g‘risini aytsam, men ham shunday deb o‘ylamayman. Oqshom ola-qorong‘iligida, yo‘l bo‘yidagi katta daraxtlar soyasi orasida uncha yaxshi ko‘rinmasa ham, harholda boshqa odam ekanligi sezilib turardi.

Bir ozdan so‘ng u kishi bizga qo‘l siltadi, keyin ulardan ajrab biz tomon kelaverdi.
— Juda qiziq! Harholda bitta-yarimta tanish bo‘lsa kerak, — dedi-yu, bir ozdan so‘ng hayajon bilan qichqirib yubordi: — Farida, Komronga o‘xshaydi... Qoch!
— Bo‘lmagan gap. Qo‘y-e, bu yerda u nima qiladi? — dedim.
— Voy xudo, xuddi o‘zi!

Mujgon yugurib ketdi. Men bo‘lsam, aksincha, qadamimni sekinlashtirdim. Nafasim tiqilib, tizzalarimda titroq turganini sezayotgan edim.

Yo‘l bo‘yida to‘xtadim. Oyog‘imni katta toshga qo‘yib egildim-da, tufligimning ipini yechib, yana sekin-sekin bog‘lay boshladim.

Yuzma-yuz kelganimizda men bosiq, bir oz kesatiq bilan:
— Tavba, — dedim, — siz bu yerlarda?.. Shuncha uzoq yo‘l zahmatini qanday qilib uhdangizga oldingiz?

U hech nima demas, yotu begona oldida turgandek tortinchoq bir jilmayish bilan yuzimga qarardi. Keyin qo‘lini uzatdi.

Men qo‘limni tortib orqaga oldim:
— Mujgon opam ikkovimiz o‘zimizni maymunjon bilan ziyofat qildik. Qo‘llarim shira, keyin ustiga chang yopishdi. Xolalarim qalay? Najmiya qalay?
— Ko‘zlaringdan o‘pib qolishdi, Farida.
— Mersi.
— Naqadar kuyibsan, Farida... Terilaring ko‘chib tushibdi...
— Quyoshdan.

Shu yerda Mujgon gap qotdi:
— Sen ham shunday, Komron.

Men o‘zimni tutib turolmadim.
— Kim bilsin... oftobda shamsiyasiz[15] yurganmi, a?— dedim.

Kulishdik. Keyin yurib ketdik.

Bir ozdan so‘ng Mujgon bilan Oysha xolam bo‘lamni o‘rtalariga olishdi. Xolamning qo‘shnilari qirqdan oshib ketgan bo‘lishsa ham, o‘zlarini xotin, Komronni esa erkak kishi hisoblab orqada borishardi.

Men bolalar bilan oldinda ketayotgan bo‘lsam ham quloqlarim orqada edi. Bo‘lam o‘zini qanday shamol uchirib keltirganini xolam bilan Mujgonga uqtirayotganligi quloqlarimga kirib borar edi.
— Bu yoz Istambulda juda zerikib qoldim, — deyardi u. — Lekin, bilmaysizlar, shu qadar ko‘p...

Poshnamni jahl bilan yerga urdim, ichimda: «Albatta, baxtiyor tulni yot ellarga qochirib yuborganingdan keyin bundan ortiq nima bo‘lsin?» — deb o‘yladim.

Komron so‘zini davom ettirdi:
— Tunov kecha oyning o‘n beshi edi. Bir o‘rtog‘imning ulfatlari bilan Olamdog‘iga chiqdik. Nihoyatda chiroyli bir kecha edi. Lekin mening o‘tkinchi, ketkinchilarga hech toqatim yo‘q. Tong yorishar paytda hech kimga aytmasdan yolg‘iz o‘zim to‘g‘ri shaharga tushib ketdim. Qisqasi, yuragim juda yomon siqilaverdi. Bir necha kunga Istambuldan boshimni olib ketmasam bo‘lmaydigan ko‘rindi. Lekin qaerga ham borardim? Yalovaning mavsumi emas. Bursa esa shu oylarda do‘zaxday yonib ketadi. Birdan esimga sizlar tushib qoldilaringiz. O‘zim ham sizlarni o‘lguday sog‘ingan edim.

* * *

O‘sha kuni kechqurun pochcham bilan xolam Komronni allamahalgacha bog‘da tutib qolishdi. Mujgon ham burnidan tortsa yiqilar holatda bo‘lishiga qaramay, ular yonidan jilmay o‘tirdi.

Men bo‘lsam, aksincha, o‘zimni nari tutar, har dam ichkariga kirib yotar yo bog‘ning to‘rida ko‘zdan g‘oyib bo‘lar edim.

Bir mahal nima uchundir ularning yonlariga kelishga to‘g‘ri keldi. Komron mendan xafa bo‘lganga o‘xshash bir ohangda:
— Mehmondan hurmat ham ayalar ekan-da, — dedi.

Men kulib yelkalarimni qisdim.
— «Mehmon mehmonga el bo‘lmaydi» deydilar, — dedim.

Mujgon meni yana qochib ketmasin deb qo‘limdan, etagimdan ushlab o‘tirardi. Bir silkib qo‘lidan chiqdim-u, uyqum kelyapti deb yotog‘imga kirib ketdim.

Mujgon yarim kechada yotoqqa kirganda, men o‘rnimda uxlayolmay yotgan edim. U karavotimning chetiga o‘tirib, yuzimga qaradi. Kulib yubormay deb u yonimga ag‘darilib xurrak ota boshladim.

Mujgon zo‘rlik bilan boshimni ko‘tardi.
— O‘zingni uxlayotganga solma, ko‘zingni och, — dedi.

Men ham:
— Xudo haqqi, uxlayotuvdim, — dedim-u, ko‘zlarimni katta ochdim.

Ana shundan keyin ikkovimiz ham o‘zimizni tutolmay kulib yubordik.

Mujgon betimni silab:
— Taxminim to‘g‘ri chiqdi, — dedi.

Keskin bir harakat bilan karavot simlarini g‘ijirlatib o‘rnimdan turdim-da:
— Nima demoqchisan? — dedim.

Uning esxonasi chiqib ketdi.
— Hech... hech... — dedi, keyin kulib turib yolvora boshladi: — Xudo xayringni bersin, men bilan yoqalashma, charchab o‘lay deb turibman.

Mujgon shundan keyin chiroqni o‘chirib joyiga yotdi.

Bir necha minutdan so‘ng men uning karavotiga bordim-da, boshini yostiqdan ko‘tarib qo‘llarimga oldim. Lekin boyoqish uxlab qolgan ekan. Ko‘zlarini ochmay:
— Qo‘y, Farida, bunday qilma, — deb yalindi.
— Xo‘p, lekin tilimning uchida bir narsa turibdi, hozir shuni aytmasam, bugun ham uxlayolmayman, — dedim.

Yotoqning qorong‘iligiga, Mujgonning ko‘zlari yumuqligiga qaramay, betimni uning sochlariga tegizib turib qulog‘iga shivirladim:
— Miyangga telbalarcha o‘y kelibdi... bildim... unga bir nima deguday bo‘lsang, seni majburan quchoqlab olaman-u, ikkovimizni bab-baravar dengizga tashlayman...

Mujgon:
— Xo‘p... xo‘p... Istaganing bo‘lsin, — dedi-da, hamon boshini asta-sekin silkitib turganimga qaramay, yana uyquga toldi.

* * *

Komronning kelishi chindan ham ta’bimni xira qildi. Unga nisbatan ko‘nglimda uyg‘ongan jahlga, qo‘rquvga, jirkanishga o‘xshash qarama-qarshi his kun sayin ortib borardi. Ro‘para kelgan choqlarimizda hech nimadan hech nima yo‘q qo‘pollik qilar, qochib ketar edim.

Baraka topkur Aziz pochcham mehmonga yaxshilab no‘xta urib qo‘ydi. Uni zeriktirmaslik uchun uyiga tez-tez mehmonlar chaqirar, har kun aravaga solib aylantirar yoki hamqishloqlaridan birining bog‘i yo poliziga olib ketar edi.

Bir kuni ertalab ana shunday chaqiriqlarning biriga tayyorlanayotgan bo‘lam bilan zina boshida to‘qnash kelib qoldim. Yo‘limni to‘sdi-yu, birov eshitib qolmasmikan, deb vahm bilan atrofiga qarab olgandan so‘ng:
— Mehmondorchilikning ko‘pligidan o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim, Farida, — dedi.

Men zina panjarasi bilan Komronning orasidagi joydan unga bir yerimni tegizmay o‘tib keta olarmikanman, degan cho‘t bilan band edim.
— Yomonmi? Sizni har kun sayohat qildirishyapti-ku,— dedim.

Komron kinoyaomuz kulimsiradi, ko‘zlarini shiftga tikib:
— Mehmon mehmonga el bo‘lmaydi, ammo mehmonning mezbonni mehmonga giz-gizlashi eski usullardan, — dedi. — Hay mayli, men ham shunday qilay...

Bo‘lam kecha men: «Mehmon mehmonga el bo‘lmaydi» degan so‘zimni negadir betimga solar, buning uchun menga ta’na toshi otar edi.
— Yaxshi, lekin zorlanadigan joyi yo‘q. Har kuni yangi-yangi joylarni ko‘ryapsiz, yangi odamlarni taniyapsiz, — dedim.

U tag‘in labini burdi.
— Taniyotgan odamlarim hech bahrimni ochadigan odamlar emas...

Men tilimni tiyolmadim.
— Sizning bahringizni ochadigan odamni u bechoralar qaerdan topishsin? — dedim.

Bahrini ochadigan odam haqidagi gapim bilan kimga ishora qilganimni Komron tushungan edi. Hayajon bilan qo‘llarini cho‘zib:
— Farida! — dedi.

Faqat uzatgan qo‘llari havoda qoldi. Men u bilan zina orasidagi tor yerdan lip etib o‘tib ketdim. Pog‘onalarni ikkita-ikkitadan bosib, ashula ayta-ayta boqqa chiqdim.

* * *

Axir bir kuni Mujgon qiladiganini qildi.

Bir kuni ertalab Mujgon ikkalamiz dengiz bo‘yida sayr qilib yurgan edik. Kecha yomg‘ir yoqqani uchun havoda kuz salqinligi bor edi. Tumanga, isga o‘xshagan bir bulut quyosh yuzini qoplagan. Dengizning sokin yuzida qaerdan kelganligi noma’lum bir yog‘du titraydi. Uzoqda yelkanlari tushgan bir qancha baliqchi qayig‘i ko‘lanka singari harakatsiz turardi.

O‘sha kuni qanday qilib bo‘lsa ham o‘z boshiga qolgan Komronning katta ko‘chadan o‘tib ketayotganini ko‘rib qoldim.

Kattakon daraxt tomirida o‘tirgan Mujgon yuzi dengiz tomonga o‘girilgan bo‘lgani uchun Komronni sezmadi. Men ham hech nimani ko‘rmagan kishidek gavdamni yarim-yorti teskari o‘girib oldim. Shu alfozda hech narsa ko‘rmasam, hech nima eshitmasam ham Komronning biz tomonga kelayotganini sezar, vujudimda yengil titroq turganligini his etar edim.

Mujgon:
— Ha, birdan daming ichingga tushib ketdi? — dedi-yu, boshini o‘girib o‘n-o‘n besh odim narida kelayotgan Komronni ko‘rdi.

Oyoq uchida turib, bir necha minut suhbat qilish majburiyatidan qochishning imkoni qolmadi.

Komron Mujgonga qarab gap boshladi:
— Bugun ham shamsiyangizni esdan chiqarmabsiz-da?— dedi.

Mujgon kulib javob qildi:
— Ha, bugun ham yomg‘ir yog‘ish xavfi bor...

Bo‘lam o‘zining sokin, beqaror tabiatiga o‘xshagan bugungi havodan juda mamnun ekanligini gapirgan edi, Mujgon bunga e’tiroz etdi. Qo‘lidagi shamsiyani ochib-yopib o‘tirgach:
— Yaxshi-yu, lekin odamni diqqinafas qilib yuboradi, — dedi. — Bu mavsumdan keyin kunlar ko‘pincha shu bugungiga o‘xshab turaveradi. So‘ngra qish. Bilmaysiz, bu yerning qishi odamning yuragini siqib yuboradi... Otam aksiga olib shunday ko‘nikib ketdiki, boshqa yerga jo‘natishmasin deb qo‘rqadi.

Komron hazillashdi:
— Bu yerning qishiga ko‘p qarshi chiqavermang. Kim biladi, balki bu yerlik biron badavlat odamdan kuyov qilarsiz.

Mujgon buni jiddiy tushunib, kallasini silkidi.
— Xudo saqlasin.

Shu dam yonimizdan bir yalang oyoq baliqchi o‘tib qoldi. Men bir kun bu qari baliqchiga o‘zimni Marika deb tanitgan edim. Boshiga yangi qizil ro‘mol o‘rab olibdi. Meni ko‘rib, hol so‘radi:
— Kamnamo bo‘lib ketding, Marika?
— Biron kun siz bilan baliq ovga chiqsammi deb yuribman, — dedim.

Bir-birimiz bilan gaplashib, dengiz labiga qarab ketdik. Bir ozdan so‘ng yana ularning yoniga qaytib kelsam, Mujgon bo‘lamga Marika voqeasini hikoya qilib turgan ekan. So‘zini bitirib, bilagimdan ushladi.
— Meni emas, Faridani Taqirdog‘ida qoldirib ketsak kerak, — dedi. — Kuyov chiqdi. Iso kapitan degan baliqchining o‘g‘liga so‘rashyapti. Baliqchi deb hafsalangiz pir bo‘lmasin, nihoyatda badavlat kishi.

Komron kuldi.
— Millioner bo‘lganda ham biz uning davlatiga uchmaymiz, a, Farida? — dedi. — Men Faridaning bo‘lasi bo‘lganim uchun bunga hech rozi bo‘lolmayman.

Esli-hushli Mujgonni bugun qaysi shayton vasvasasiga oldi ekan? Komronning shu so‘ziga u nima deydi deng?
— Bunisini qo‘yavering. Faridaga yana boshqa alomat joylardan ham chiqyapti. Masalan, quyoshday porlab turgan bir suvori ofitseri. Har oqshom otiga minib uyimizning oldiga keladi. Faridaga manzur bo‘lish uchun har xil xavfli hunarlar ko‘rsatadi.

Komron bu safar qahqaha urib kulib yubordi. Lekin bu qahqaha ichida kulgiga o‘xshamagan g‘alati bir narsa— ko‘ngil siniqligi bor edi.
— Bunisiga bir nima deyolmayman. Ixtiyor o‘zida,— dedi.

Mujgonga yashiriqcha: «hali qo‘limga tushasan-u» ishorasini qildim-da:
— Sen haddingdan oshyapsan, bilasan-ku, men bunaqa bema’ni gaplarni yoqtirmayman, — dedim.

U, ehtiyoti shartdan Komronning orqasiga o‘tib olib, ko‘zlarini qisdi.
— Ikkalamiz hech bunaqa gaplarni gapirmaymiz, a, Farida? — dedi.
— Yolg‘onchi, tuhmatchi...

Komronga jon kirdi:
— Menga ham aytsang bo‘laveradi, Mujgon, — dedi. — Men axir yot emasman-ku...

Jahl bilan yer tepindim.
— Tushundim. Siz bilan janjalsiz gaplashib bo‘lmas ekan. Xudoga topshirdik, — dedim-u, jahl bilan dengiz tomonga tez-tez yurib ketdim.

* * *

Tez-tez yurib ketgan bo‘lsam ham, bu ketishim boshlangan bo‘lmag‘ur gap-so‘zga xotima bermaganligini sezib turdim. Dengiz labiga yetganimdan so‘ng suvga jahl bilan tosh ota boshladim. Ora-sira yerga egilgan bo‘lib orqaga qarardim. Ko‘rgan narsalarim meni tinchitadigan emasdi.

Mujgon meni mahv etishga yaqinlashgan, buning oldini oladigan chora menda yo‘q edi.

Oldin kulib gaplashib turishdi. Keyin ikkovi ham jiddiylashdi. Mujgon aytadigan gapini topolmayotgandek shamsiyasining uchi bilan yer chizar, bo‘lam bo‘lsa haykal singari qimir etmay turardi. Nihoyat, ikkovining ham men tomonga o‘girilib qaraganini va eng yomoni shu yoqqa qarab kelayotganlarini ko‘rdim.

Masala oydin. O‘zimni qirg‘oqning eng tik yeridan jonimning boricha qumloqqa tashladim. O‘sha kun, o‘sha tashlashimda qanday qilib yumalab ketmaganimga, bir yerimni emas, bir qancha yerimni chaqa qilib olmaganimga hali-hali hayron bo‘laman.

Netayin, bu xatarli telbalik ham meni ulardan qutqazib qololmadi. Boshimni o‘girib qaradim, ular ham qirg‘oqning boshqa bir yeridan pastga sekin-sekin tushib kelishyapti!

Qocha boshlaguday bo‘lsam, bu nozik insonlar otga minib quvlaganlarida ham meni tutolmasliklari turgan gap. Faqat shunisi borki, mening qochishim ma’nosiz ketmaydi: hamma sirga tushunganimni yoki hech bo‘lmaganda, biron narsadan shubhalanganimni bildiradi.

Shuning uchun hech qanday dardim, g‘amim yo‘qday ora-sira dengizga tosh ota-ota tez-tez yurib ketdim. Oldindagi burundan o‘tib olsam ulardan salomat qutulib ketardim. Lekin omadim kelishmay bugun ertalab dengiz orqaga chekilibdi, qoya chetida qup-quruq yer ochilib qolibdi.

Rejam tayyor edi. Qumloqda yana bir oz yurganimdan so‘ng u yerdagi tor so‘qmoqdan tirmashib qirg‘oqqa chiqib olaman. Bu so‘qmoq echkilar zo‘rg‘a chiqadigan qaltis yo‘l bo‘lganidan, ular meni quvishdan qo‘rqishadi, natijada, izimni yo‘qotishadi.

Ammo burunning u tarafida men ro‘para kelgan komediya, to‘g‘rirog‘i, fojia bir necha minutgacha hamma narsani esimdan chiqarib yubordi. Hali yonimizdan o‘tib ketgan qari baliqchi, qo‘lida kurak bilan bir daydi qora itni quvib kelib qoldi. Jonivor akillab o‘zini u yon-bu yonga urar, chol yetib kelib kuragi bilan bechoraning to‘g‘ri kelgan joyiga tushirardi.

Oldin it quturgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab o‘zimni picha yo‘qotib qo‘ydim. Keyin bilsam, baliqchining o‘zi battarroq quturibdi: esini yo‘qotib tipirchilaydi, irg‘ishlaydi, baqiradi.

Birdan yoniga borishga betlamay qichqirdim:
— Nima qildi, nimaga urasiz bu bechorani?

Chol hadeb hansirar edi. Bir zumgina tayoqqa dam berib kurakka tayandi. Yig‘laguday tovush bilan:
— Nima qildi emish, o‘ttiz qurushlik qoramoyni to‘kib yubordi, maraz, — dedi. — Lekin uni senga tashlab ketmayman.

Jahlining sababi ma’lum bo‘ldi. Baliqchining qumloqdagi o‘chog‘ida qaynayotgan bir chelak qoramoyni it ag‘darib yuboribdi. Katta gunoh! Lekin bechora itni qayiq eshkagi bilan urib o‘ldirishga arziydigan gunoh emas!

It bir qoya yorig‘iga, o‘ziga bexatar ko‘ringan joyga kirib oldi. Bir ozdan keyin eshkakli dushmanning yangi hujumiga duch kelganda nima qilishini, o‘z oyog‘i bilan kirgan bu qopqondan qanday qutulishini o‘ylamay, yalang ulir edi. Holbuki, qumloq bilan to‘ppa-to‘g‘ri qochib ketsa yoki men tushgan yo‘ldan yuqoriga tirmashib chiqsa, batamom qutulib ketardi.

Vaqtim bo‘lsa, bechora itni qutqazish uchun biron narsa qilardim. Lekin nachora, o‘zimning dardim boshimdan oshib yotibdi. Men ham uning singari quvg‘inga uchragan edim.

Mujgon bilan bo‘lamning burunga qaytish ehtimoli aqlimni uchirdi. Orqamga qaramasdan hamon tez qadamlar bilan borib qirg‘oqqa tirmasha boshladim.

Lekin avvalgi o‘yimga qarshi, butunlay qochib ketishga ko‘nglim chopmadi. Ora-sira to‘xtab, kishi bilmas orqamga, to‘g‘rirog‘i, pastga qarab-qarab qo‘yar edim.

It voqeasi Mujgon bilan Komronni ham jalb qilgan ko‘rinadi. Ular ag‘darilgan qoramoy idishi yonida hayajon bilan gaplashardilar.

Axiyri bo‘lamning cho‘ntakdan hamyonni olib baliqchiga pul berganini ko‘rdim. Shunisi qiziq bo‘ldiki, baliqchi suyunganidan eshkagini yerga qo‘ydi-da, men tomonga o‘girilib, qo‘li bilan ishora qila boshladi.

Ming qatla shukur, it qutuldi. Ularning orqadan chaqirayotganlariga parvo qilmay, to‘g‘ri uyga ketaverdim.

Mujgonning qilmishini eslasam, aqlim miyamdan uchadi. Butun vujudimni titroq bosadi. Har dam mushtlarimni qisib: «Rasvo bo‘ldim, seni qarab tur, Mujgon!» deyardim.

O‘ylaymanki, o‘sha jahl bilan Istambulga ham yetib olardim. Lekin eshik oldida Aziz pochcham ro‘paramdan chiqib qoldi.
— Qizim, nima bo‘ldi? Lavlagiga o‘xshab qizarib ketibsan? Birov quvdimi? — deb so‘radi.

Asabiy bir ohangda kuldim.
— Nega quvar ekan, pochcha? — dedim-u, bolalar tovushi kelib turgan hovliga yugurib kirib ketdim.

Sahndagi kattakon daraxtga arg‘imchoq solingan edi. Gohi kunlar qo‘shni bolalarni yig‘ib, bu yerni shovqinli bolalar bog‘chasiga aylantirib yuborardim. Bugun kichik o‘rtoqlarim mening chaqirib chiqishimni ham kutmasdan kattasidan-kichigigacha yig‘ilishibdi, arg‘imchoq atrofida to‘polon ko‘tarib o‘ynashyapti.

Omadimdan aylanay! Yo‘lda kelayotganimda o‘z xonamga kirib, eshikni qulflab olaman, deb o‘ylagan edim. Lekin ular, albatta, orqamdan kelishar, eshikni zo‘rlik bilan ochdirishga harakat qilishib, ishning rasvosini chiqarishardi. Mana endi bolalar orasiga kirib ishni jinnilikka aylantiraman-da, ularni yonimga yo‘latmayman. O‘rtoqlarim arg‘imchoq talashib turishgan ekan. Men darrov oralariga suqildim-u, bolalarni qo‘l ishorasi bilan ikkiga bo‘lib:
— Qani, hammang chetga chiq. Senlarni bitta-bittadan o‘zim uchiraman, — dedim.

Arg‘imchoqqa o‘tirdim, kichkintoylardan bittasini quchog‘imga olib, sekin-sekin ucha boshladim.

Ko‘p o‘tmay Komronlar ham yetib kelishib, bolalar orasida turishdi.

Mujgon sira tinmay hansirar, ora-sira ko‘ksini qo‘li bilan bosib-bosib qo‘yar edi. Bo‘lam uni juda tez yugurtirib kelgan bo‘lsa kerak. Ichimda «Battar bo‘l!» dedim-da, arg‘imchoqni yana ham tezroq ucha boshladim.

Chetda navbat kutib turgan bolalar: «Ko‘p uchirdingiz, bizni ham uchiring, bizni ham», deb qichqira boshlashdi. Men esam quloq solmas, tepamdagi daraxt yaproqlarini shitirlatib tobora balandroq, tezroq uchar edim.

Bu hol bolalarni butunlay asabiylashtirdi. Sabr-toqatlari tugab, arg‘imchoqqa yaqin kela boshladilar. Mujgon bilan Komron ularni qo‘llaridan ushlab chetga tortar, bolalar esa qaytmay o‘jarlik qilishardi. Hammasidan ham yomoni shu bo‘ldiki, men bilan uchayotgan kichkintoyning hammayog‘i tilindi. Tizzalarim orasidan to‘lg‘anib chirqirayotgan bu bechoraning arqonni qo‘yib yuborishidan, yerga yiqilib o‘lishidan qo‘rqa boshladim.

Nochor, arg‘imchoqni to‘xtatib, bolani tushirishga kirishdim. «Shunchalik narsadan qo‘rqadigan kichkina bolaga arg‘imchoq uchishni kim qo‘yibdi? Bundaqalar uylarida, kichik ukalarining beshiklarida tebranishsa yaxshiroq bo‘ladi», deb bolaga to‘ng‘illab berdim. Yana shunga o‘xshash bir qancha so‘zlar aytdim. Bular Komronni cho‘chitish uchun, men bilan gaplashishga yo‘l qo‘ymaslik uchun aytilgan shunchaki so‘zlar edi. Xayriyatki, boshqa bolalar ham xuddi shunday ovoz, shunday ohangda qichqirishib, bog‘ni boshlariga ilishdi.
— Meni ham uchiring, Farida opa. Meni ham. Meni ham. Meni...
— Yo‘q, hech qaysingizni olmayman, qo‘rqoq ekansizlar...
— Qo‘rqmaymiz, Farida opa, qo‘rqmaymiz, qo‘rqmaymiz, qo‘rqmaymiz...

Shu choq uy derazasidan xolamning ovozi eshitildi:
— Farida, ularning ham bir oz ko‘ngillariga qara, jonim..

Darhol o‘sha yoqqa o‘girilib, uzundan-uzoq gap talasha boshladim:
— Xola, shunday deysiz-u, yiqilib tushib bir yerlarini mayib qilib olishsa, keyin meni koyiysiz.
— Aylanay qizim, bolalarni yiqitish shartmi! Sekinroq uchirgin-da.
— Xola, bilmagan kishiga o‘xshab gapirmang, iltimos qilaman. Tavba, Choliqushini bilmaysizmi? Menga ishonib bo‘ladimi? Boshimda ming xil fikr. Arg‘imchoq uchayotganimda shayton o‘lgur turtib: «Hayda, hayda, picha tezroq, tezroq» deb turtkilaydi. «Unday dema, yonimda yosh bola bor!» deb javob bersam ham, qo‘ymaydi. «Hayda, hayda. Yana picha tezlat, tezlat, nima bo‘lib qolasan!» deyaveradi. Arqon, daraxt shoxlari, yaproqlari ham jo‘r bo‘lishib: «Hayda, Farida, hayda, Farida!» deyaverishadi. Shuncha ha-haga bir bechora Choliqushi qanday chidab tura oladi? O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, axir!

Hovurim tusha boshladi, orqam o‘girik bo‘lganiga qaramay, bo‘lamning yonimda turganini his etaman. So‘zim tinar-tinmas, uning gap boshlashiga shubha qilmayman. Nima qilay? Unga ro‘para kelishdan qanday qutulsam bo‘ladi?

Bolalardan bittasi etagimga osilgan edi, qo‘ltig‘idan ushlab dast ko‘tarib oldim. Bu yosh o‘rtoqlarimning eng kichkintoyi, yetti-sakkiz yoshli bola edi. Yuzini yuzimga yaqin keltirib turib:
— Ko‘ngling qolmasin, seni ham bir uchirib qo‘yay. Lekin bu do‘mboq betingni qonatib olsak, chatoq bo‘lmaydimi? — dedim.

Bolaning orqasida soya paydo bo‘ldi. U Komronniki edi. Bola boshini boshimdan ayirar-ayirmas, u bilan yuzma-yuz, ko‘zma-ko‘z kelishimga shubham qolmadi. Endi undan qanday qutulaman? Undan qochish, qo‘rqish — dunyoda eng yomon ko‘rgan narsam.

Shuning uchun bolani qo‘limdan tushirib, tikkasiga Komronning ko‘zlariga tikildim.
— Bor, bola. Komron akangning yoniga bor. U qizlar singari karashmali, nozik yigit. Seni sutdan qolgan yosh onaday allalaydi, chayqatmasdan, charchatmasdan avaylab uchirtiradi. Lekin zinhor tipirchilama. Chunki u kishining nozik qo‘llari seni ushlab qololmaydi. Ikkoving ham yiqilasan.

Niyatim — ko‘zlarimni ko‘zlariga qadab, uni bosh egdirguncha shu o‘tkir zaharli kinoyani davom ettirish edi. Ammo u ko‘zlarini olib qochmas, «bekor urinasan, hamma sirni bilib oldim» deguvchi nazar bilan tikilib turardi.

Ana shunda o‘yinni boy berganimni seza boshladim. Boshimni egib, chang qo‘limni ro‘molcham bilan artishga kirishdim.

Komron:
— Mayna qilyapsan-a, yaramas, — dedi. — Mana, hozir birga uchishamiz, ko‘ramiz...

Komron chaqqon bir harakat bilan pidjagini yechib, Mujgonning qo‘liga irg‘itdi.

Xolam derazadan:
— Hoy, Komron, bolalik qilma. U shayton qizga bas kelolmaysan, o‘t-betingni mayib qiladi! — deb qichqirdi.

Bolalar tomosha qiziq bo‘lishini sezib, chetga chiqishdi. Biz arg‘imchoq yonida yolg‘iz qoldik.

Bo‘lam kulib:
— Nimaga qarab turibsan, Farida, qo‘rqyapsanmi?— dedi.

Bu safar yuziga qarashga yuragim betlamay:
— Nega qo‘rqar ekanman, — dedim-u, arg‘imchoqqa osildim.

Arqon g‘ijirladi, arg‘imchoq sekin-sekin harakatga keldi.

Men ehtiyot bilan harakat qilar, uchishning nihoyatda og‘ir bo‘lishini sezganim uchun kuchimni tejar, tizzalarimni asta-sekin bukish bilan kifoyalanar edim.

Sur’atimiz orta borib, daraxt larzanglay, yaproqlari shitirlay bordi.

Ikkalamiz ham tishlarimizni qisib, bir og‘iz gapirguday bo‘lsak kuchdan qoladigandek, jim uchar edik.

Harakat sarxushligidan sekin-sekin boshim aylanib, o‘zimdan ketib bordim.

Komronning boshi birdaniga barglarga borib tegdi, uzun sochlari peshonasiga to‘zg‘ib tushdi.

Kinoyali tovush bilan:
— Pushaymon bo‘la boshladingiz shekilli? — deb so‘radim.

U ham kulib:
— Kim pushaymon bo‘lishini ko‘ramiz hali, — dedi.

To‘zg‘igan sochlari orasida porillab turgan yashil ko‘zlari menda g‘alati bir kin, sitam uyg‘otdi. Kuchimning boricha tizzalarimni bukib, arg‘imchoqqa sur’at berdim. Endi har borib-kelishimizda boshlarimiz barglar ichiga kirib-chiqar, sochlarimiz bir-birimiznikiga aralashib ketardi. Bir mahal xuddi tushdagiday xolamning: «Bas, bas!» degan qichqirig‘ini eshitdim.

Buni Komron ham takrorladi:
— Bas-a, Farida!
— Buni sizdan so‘rash kerak, — deb javob berdim.
— Mendan so‘ralsa: yo‘q, — dedi. — Mujgondan eshitgan ajoyib narsalarimdan so‘ng mening charchashim mumkin emas...

Tizzalarim birdaniga bo‘shashdi, arqon qo‘limdan chiqib ketishidan qo‘rqdim.

Komron so‘zini davom qildi:
— Buni sendan kutmagan edim. Bu yerga seni deb kelgan edim, Farida, — dedi.

Harakatdan qolganimga qaramay, arg‘imchoq hamon boyagi tezlikda uchardi. Qo‘llarimni arqon orqasidan o‘tkazib, panjalarimni bir-biriga kirishtirdim.
— Tushaylik endi, yiqilamiz, — deb yalindim.

U holimni sezmadi.
— Yo‘q, Farida, yiqilib o‘lsak o‘lamizki, menga tegishga rozi bo‘lganligingni o‘z og‘zingdan eshitmay turib seni bo‘shatmayman, — dedi.

Lablari sochlarim orasidan peshonamga, ko‘zlarimga tegib ketar edi. Tizzalarim bukildi, bir-biriga kirishgan panjalarim ochilib, qo‘llarim arqon atrofida salanglay boshladi. Komron meni shu asnoda ushlab qolmasa, yiqilishim turgan gap edi. Lekin meni saqlab qolishga kuchi yetmadi. Salmog‘i buzilgan arg‘imchoq arqoni birdan aylandi-yu, biz yerga gursillab yiqildik.

Picha hushimdan ketib yotganimdan so‘ng ko‘zlarimni ochsam, xolamning quchog‘ida yotibman. Xolam ho‘l ro‘molcha bilan chakkalarimni silar:
— Bir yering og‘riyaptimi, qizim? — deb so‘radi.

Boshimni ko‘tarib:
— Yo‘q, xola, — dedim.
— Bo‘lmasa, nega yig‘laysan?
— Yig‘ladimmi, xola?
— Ko‘zlaringdagi yoshlar-chi?

Boshimni xolamning ko‘ksiga bosdim.
— Yiqilmasdan avval yig‘lagan bo‘lsam kerak, xola,— dedim.

* * *

Uch kundan so‘ng Oysha xolam bilan Mujgon ham dasturxon tuzab, biz bilan Istambulga jo‘nadi. Basima xolam kelishimizni o‘g‘lining xatidan bilib, Najmiya ikkovi bizni G‘alata stantsiyasida kutib oldi.

Unashilganimning dastlabki haftalarini hammadan qochib o‘tkazdim. Ko‘proq Komrondan o‘zimni tortar edim. U men bilan yolg‘iz qolishni, birga aylanishni, gaplashishni xohlardi. Bilaman, har bir unashilgan yigit kabi uning bunga haqqi bor edi. Faqat nima qilayki, men dunyodagi unashilgan qizlarning eng g‘alatisi, eng yovvoyisiman. Komronning ro‘para kelayotganini ko‘rdim deguncha hurkkan ot singari potirlab qochar, shu ko‘yi ko‘rinish bermay ketar edim.

Mujgon orqali bir ultimatum berdim. Ro‘para kelganimizda men bilan unashilgan kishiday gaplashmasin, dedim. So‘zimga kirmasa, hamma ishni buzaman, deb qasam ichdim.

Mujgon, Taqirdog‘idagi singari, bu yerda ham yotog‘imga tez-tez kirib nasihat qilardi.
— Nega bunday jinnilik qilasan, Farida? — deyardi. — Uni o‘lguday yaxshi ko‘rishingni-ku bilaman. Hozir sizlarning eng yaxshi vaqtlaringiz. Kim biladi, uning senga aytadigan qanday chiroyli gaplari bor ekan...

Mujgon ba’zan shu bilan kifoyalanib qolmay, nozik qo‘llari bilan sochlarimni silar, uning tilidan gapirardi.

Ko‘rpamda shumshayib olib:
— Xohlamayman... Qo‘rqaman, uyalaman, g‘alati-da... Tushuntira olmayman... — deb bezillar, yonimga kelsa yig‘lar edim.

Mujgon meni tashlab uxlagani ketganidan keyin Komronning so‘zlarini o‘z-o‘zimga aytar, bu so‘zlar ohangi ichida uxlab qolardim.

* * *

Xolam menga atab bir uzuk buyurtiribdi. Komron bilan unashilganimiz nishonasi qilib taqiladigan bu uzuk mening yara-chaqa barmog‘imga yaqinlashtirib bo‘lmaydigan darajada ajoyib, ko‘z olg‘uvchi edi.

Xolam Istambulga borib kelgan kunlarining birida meni deraza yoniga chaqirib kelib, shu uzukni bir mujda kabi ko‘rsatdi. Keyin ro‘paradagi daraxtlar orasida botib borayotgan quyoshga tutib tovlatganda, ko‘zlarimni yumib tisarildim, qo‘llarimni orqamga o‘tkazdim, qizarganimni ko‘rsatmaslik uchun yuzimni parda orqasiga oldim.

Xolam mening muddaomga tushunmadi, suyunib bo‘yniga osilmaganimga hayron qolayotganday:
— Yoqtirmadingmi yo, Farida? — dedi.

Men sovuqqina qilib:
— Juda chiroyli, xola, mersi, — dedim.

Bu qilig‘imdan dili ozor topgani sezilib turardi. Lekin ozori uzoqqa bormadi. Yana kulishga boshlab:
— Qo‘lingni uzat, bir taqib ko‘raylik, — dedi. — Eski uzugingga o‘lchatib qildirdim. Xudo xohlasa, loyiq kelar.

Xolam zo‘rlik bilan tortib oladiganday, qo‘limni orqamga bekitib:
— Hozir emas, xola, — dedim. — Keyin...
— Bolalik qilma, Farida.

O‘jarlik bilan boshimni solintirib, oyoqlarimning uchini tomosha qila boshladim.
— Bir necha kundan so‘ng qarindoshlarimizni chaqirib, kichkina ziyofat beramiz. Unashganimiz nishonasini taqamiz.

Yuragim tipirlay boshladi.
— Xohlamayman, — dedim. — Mabodo shuni mutlaqo o‘tkazish kerak deb hisoblasangiz, mayli, maktabga ketganimdan keyin o‘tkazing.

Juda katta talab qo‘yib yuborgan edim. Lekin xolam avzoyini sira o‘zgartirmadi. Kulimsirab turib lablarini qisdi-yu, oshkora bir mazax bilan:
— Shunaqa degin? Fotiha oshida sening o‘rningga boshqa birovni vakil qilib qo‘yar ekanmiz-da! To‘g‘ri, nikohda shunday, lekin fotihada hali bunday odat chiqqani yo‘q, qizim.

Munosib javob bo‘lmagani uchun yerga qarab turaverdim.

Xolam oladigan sabog‘imning zahrini yumshatish niyatida bir qo‘li bilan belimdan ushladi, ikkinchisi bilan betimni, sochlarimni, peshonamni silab turib:
— Farida, aylanay, endi bolalikni tashlash payti keldi, — dedi. — Endi sening xolanggina emas, onang hamman... Bundan juda xursand ekanligimni aytib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak? Sen Komron uchun xulq-atvori bizga ma’lum bo‘lmagan har qanday yot qizdan ming chandon a’losan. Faqat... Faqat bir oz havoyisan. Bolalik chog‘larda buning unchalik zarari yo‘qdir. Lekin kun sayin o‘syapsan. O‘sgan saring, albatta, aqling ham oshadi, o‘zing ham og‘ir-bosiq bo‘lasan. Maktabingni bitirib uylangunlaringcha, eh-ha, hali to‘rt yil bor. Ozmuncha vaqtmi! Shunday bo‘lsa ham, sen unashilgan qizsan. Nima demoqchiligimni, qaydam, anglata oldimmi? Og‘ir-vazmin, jiddiy bo‘lishing kerak. Bolalikka, sho‘xlikka, o‘jarlikka xotima ber. Komronning qanchalik muloyimligini, tabiati, hissi qanchalik nozikligini bilasan.

Har bir so‘zi qulog‘imda qolgan bu o‘gitda haqiqatan ham yoqib-kuydiradigan biror narsa bormidi? Buni shu bugun anglab turganim yo‘q. Lekin nima qilay, xolam meni o‘g‘li uchun bir oz kamsitayotganligini sezib turgan edim.

O‘gitlarining qanday ta’sir qilganligini bilmoqchi bo‘lganday:
— Endi pisanda qilib olishdik, shundaymi, Farida? — dedi. — Qarindosh-urug‘ni, bir-ikkita yor-do‘stlarni chaqirib, fotiha to‘yi qilamiz.

O‘zimni gullar, bezaklar bilan yasatilgan stol oldida, hozirgacha men hech taqib ko‘rmagan bezakda, butunlay boshqa sochlar, boshqa chehrada uning yonida o‘tirgandek ko‘rdim. Hammaning ko‘zi bizda...

Birdan titrab, tipirchilab qichqirdim:
— Yo‘q, bo‘lmaydi, xola!

Shu faryod bilan yugurib chiqib ketdim.

Mujgon shu kunlarda men uchun opadan ortiq bir narsa, ona darajasida edi. Kechalari yotog‘imizda yolg‘iz qolgan kezlarim chiroqni o‘chiraman-da, uning kechinmalardan ozgan vujudini quchoqlayman, javob bermasin deb og‘zini qo‘lim bilan to‘sib yolvoraman.
— Dunyoda eng rahmim kelgan, eng mazax qilgan odamlarim unashilgan qizlar edi. Men o‘shalarning biri bo‘lib qoldim. Ularga yalin. Hech kim meni unashilgan qiz demasin. Uyalaman, qo‘rqaman, men hali yosh bolaman. Oldimizda hali to‘rt uzun yil bor. Ungacha katta bo‘laman, ko‘nikaman. Menga hech kim unashilgan qizga qilinadigan muomalani qilmasin.

Nihoyat, Mujgon og‘zini qo‘limdan bo‘shatdi. U:
— Xo‘p, — dedi. — Lekin bir shart bilan. Avvalo, men bilan bo‘g‘ishmaysan, qolaversa, uni yaxshi ko‘rganingni faqat o‘zimga, faqat o‘zimgagina yana bir marta aytasan.

Shu dam yuzimni Mujgonning bag‘riga bosib, boshim bilan ustma-ust bir necha marta «ha» ishorasini qildim.

* * *

Mujgon va’dasida turdi. Uydagilar ham, tashqaridagilar ham unashilganimni betimga solmas edi. Tishimga tegadigan chiqib qolsa, yaxshilab ta’zirini olar, darhol nafasi ichiga tushib ketardi. Hatto shulardan biri bir kuni og‘ziga yengilgina shapati ham yedi. Xayriyatki, begona emas, bo‘lamning o‘zginasi! Men uni shapatilashga tamom haqli edim. Lekin xudo saqladi. Basima xolam bilib qolguday bo‘lsa, kim biladi, boshimga nima o‘yinlar solardi ekan!

Shunday bo‘lsa hamki, o‘zimni chorbog‘ ichra rohatda sezmasdim. Masalan, mavqeim ortgani uchun kunlardan bir kuni meni izzatli xonalarning biriga ko‘chirishdi. Pardalarimni, karavotimni, javonimni o‘zgartirishdi. Men ham, tabiiy, bularning sababini so‘rashga botinolmadim.

Bir kuni aravaga tushib, Merdivon qishlog‘idagi to‘yga ketayotgan edik. Aravada odam ko‘p ekan. Joy topolmay:
— Aravakashning yoniga chiqib ola qolay, — dedim.

Odamlar qah-qah urib kulib yuborishdi. Men qizarib, sekin aravaga chiqib oldim.

Eski odatimni qilib oshxonadan qoqi, meva-cheva o‘g‘irlagani kirganimda muttaham oshpaz:
— Ko‘nglingiz xohlaganini aytavering, kichik xonim. Sizning zoti oliyangizga o‘g‘irlik yarashmaydi, — deb men bilan hazillashardi.

Menga hech kim bir nima demagan bo‘lsa ham, ko‘chadan biron bolani chaqirib kirishga yuragim betlamas edi. Faqat tishni tishga qo‘yish, hammasiga chidash kerak edi. Lekin bular orasida eng chidab bo‘lmaydigani Komron edi. Chorbog‘dagi so‘nggi kunlarim u bilan bekinmachoq o‘ynash bilan o‘tdi desam bo‘ladi.

U meni xoli topish paytini izlab yurardi. Men esam butun shaytonligimni ishlatib, biror yerda tanho uchramaslikka harakat qilardim.

Gohi mahallar birga sayr etaylik, deb taklif qilgan aravasiga yaqinlashmas, hech holi-jonimga qo‘ymay turib olsa, yonimizga Mujgondan boshqa biron kishini olardim-da, yo‘l bo‘yi o‘sha bilan tinmay gaplashib ketar edim. Mujgondan boshqasini dedim. Ha, Mujgonning meni u bilan qoldirib qochmasligiga yoki o‘rinsiz bemazagarchiliklar qilmasligiga ishonchim yo‘q edi.

Bir kuni Komron:
— Bilasanmi, Farida, mening baxtimni qaro qilyapsan, — dedi.

Men o‘zimni tutolmay:
— Halitdan-a? — dedim.

Bu savolni shu qadar qiziq so‘rabmanki, ikkovimiz ham kulib yubordik.
— Mujgonga aytgan so‘zingni o‘z og‘zingdan ham bir eshitishni istar edim. Bunga haqqim bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman, — dedi.

Mujgonga nima deganim esimda yo‘qday, yolg‘ondan ko‘zlarimni osmonga ko‘tardim, o‘ylandim, keyin:
— Ha, — dedim, — ammo Mujgon qiz bola, Joriyangiz ham, o‘ylaymanki, shunday. O‘rtamizda o‘tgan har qanday narsa har kimga aytilmaydi.
— Men har kimmanmi?
— Yanglish tushunmangiz. Ruxsoringiz bir oz xotin kishinikiga o‘xshasa hamki, erkaksiz. Demak, qiz o‘rtoqqa aytiladigan har qanday narsa erkak kishiga aytilmaydi.
— Men unashilgan kishing emasmanmi?
— Endi aytmasak bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Bilasizki, men bu so‘zni yoqtirmayman.
— Ana ko‘rdingmi, o‘zimni baxtsiz deb to‘g‘ri aytgan ekanman. Balki yana og‘zimga urarsan, deb bu so‘zni aytishga jasorat etolmayman. Lekin senga nisbatan ko‘nglimda shunday bir tuyg‘u borki...

Necha vaqtlardan beri tutqich bermayotgan qopqonimga ilinish ustida ekanimni angladim. Gapirsam yo tovushim titrashi, yo boshqa biron nojo‘ya ish qilib qo‘yishim mumkin. Komronning so‘zini og‘zida qoldirib, ko‘chaga yugurganimcha chiqib ketdim.

U ham orqamdan yugurib kelyapti, deb o‘ylagan edi. Lekin sharpasi eshitilmagandan keyin sekinlashdim, bir ozdan keyin esa yo‘lini qilib orqamga qaradim. U daraxtlardan birining tagidagi qamish kursida o‘tirgan edi.

O‘z-o‘zimga:
— Yaxshi ish qilmadim-da, — dedim.

Komron shu chog‘ menga qarasa, pushaymon bo‘lganimni ko‘rardi-yu, yonimga kelardi, deb o‘ylayman. Kelganda rosti, men ham qochmas edim.

Bo‘lamning o‘tirishida chindan ham baxti qaro bo‘lgan kishining avzoyi bor edi. O‘zimga dalda berish uchun so‘zlay boshladim:
— Yigit o‘lgur, sariq chayon. Shu bog‘da baxtiyor tulning etagi orqasidan qanchalik yugurganingni esimdan chiqarganim yo‘q. Ajab qildim.

* * *

Ta’tilning so‘nggi kunlarida boshimga tushgan savdoni ham aytmasdan o‘tolmayman.

Bir kuni o‘ng qo‘limning barmog‘ini kattakon latta bilan bog‘lab olganimni chorbog‘dagilar ko‘rib qolishdi. Sababini so‘raganlarga:
— Hechqisi yo‘q, jindek yerini tilib oldim, tuzalib ketadi, — dedim.

Xolam yarani o‘jarlik bilan yashirganimni sezib:
— Yana bir balo qilgansan-da. Yomondirki, yashirasan. Doktorga ko‘rsataylik, keyin boshimga balo bo‘lmasin, — dedi.

Voqea bunday bo‘lgan edi: bir kuni xolam meni yotoqxona javonidan bitta ro‘molcha olib chiqqani yubordi. Javon tortmalaridan birida moviy baxmal qoplangan bitta quticha ko‘rib qoldim. Undan unashilganim belgisi qilib olingan uzuk chiqdi. O‘shani barmog‘imga taqib ko‘rgim keldi, taqdim ham, lekin bu havas menga juda qimmatga tushdi. Xolam qo‘rqqandek, uzuk bir oz tor qilib qo‘yilgan ekan; barmog‘imdan chiqmay turib oldi. Befoyda hayajon bilan uni chiqarishga urindim, bo‘lmagandan keyin tishimni ishga soldim. Bundan ham hech nima chiqmadi. Tirmashgan sarim barmog‘im shishib, uzuk qisilib bordi.

Xolamga aytsam-ku, albatta, bir chorasini topishar edi. Lekin shu uzuk bilan qo‘lga tushish vahmi, negadir nafsoniyatimga tegar edi. Shuning uchun barmog‘imni darrov latta bilan bog‘lab oldim. Rosa ikki kungacha o‘z hujramga kirib, bekinib yurdim. Lattani yechib tashlab soatlarcha urindim. Uchinchi kuni haqiqatni xolamga aytaman deb turganimda, uzuk o‘z-o‘zidan chiqib ketsa bo‘ladimi! Nima sabab bo‘ldi? Harholda, shu o‘tgan ikki kun ichida ezilib-siqilganimdan ozib qolgan bo‘lsam kerak.

Ta’tilning oxirgi kunida yo‘l taraddudiga tushdim. Komron bunga norozi bo‘ldi.
— Bunchalik shoshilishning nima hojati bor, Farida? Yana bir necha kun tursang bo‘ladi-ku, — dedi.

Lekin men ibratli o‘quvchiday, ko‘nmadim.
— Murabbiyalar, maktab ochilgan kuni, albatta, kelasan, deb tayinlashgan. Bu yil darslar og‘ir bo‘ladi, — deb bolalarcha bahonalar qildim.

Komron bu tersligimni ko‘rib, yana battar qayg‘uga tushdi.

Ertasi kuni meni maktabga olib ketayotib ham hech gapirmadi. Faqat ayrilish chog‘imizda:
— Mendan bunchalik tez qochib ketishingni kutmagan edim, Farida, — deb o‘pkaladi.

* * *

Aslida esa aqli-hushi boshida, tirishqoq o‘quvchi emasdim. Innaykeyin, boshimga tushgan savdolar meni tamom shoshirib qo‘ygan edi.

Dastlabki uch oy baholarim juda yomon bo‘ldi. G‘ayrat qilib o‘zimni qo‘lga olmasam, sinfda qolishim turgan gap edi.

Yetuklik tabellari tarqatilgan kuni kechqurun Aleksi opa meni burchakka tortib:
— Baholaringiz yoqdimi, Farida? — deb so‘radi. Badbin bir alfozda boshimni silkitib:
— Ancha yomon, ma soeur, — dedim.
— Ancha emas, butunlay. Sizning shunchalik yomon o‘qiganingizni hech ko‘rmagan edim. Aksincha, bu yil yaxshiroq o‘qirsiz deb kutgan edim.
— To‘g‘ri aytasiz. Bu yil o‘tgan yilgidan bir yosh ulg‘aydim.
— Faqat shuginami?

G‘alati! Aleksi opa betimni silar, tagdor qilib kulardi. Nima qilishimni bilmay, ko‘zlarimni olib qochdim.

Voy bu murabbiyalar-e! Dunyo ishlariga hech qiziqmaydigan ko‘rinishsa ham, mayda-chuyda g‘iybatlargacha xabardor bo‘lib turadilar. Kimdan bilishadi? Qanday bilishadi? Oralarida o‘n yil yashaganimga, savdoyi qiz bo‘lmaganimga qaramay, bunga hech tushuna olmas edim.

Bir bahona bilan o‘zimni qutqazish payiga tushganimda Aleksi opa yana shama qildi:
— Tabeldagi baholaringizni birovlarga ko‘rsatishdan uyalarsiz deb o‘ylayman, — dedi. Keyin orqasidan tag‘in bir ta’na toshi otdi: — Bu yil sinfdan o‘tmasangiz, bu yerda yana bir yil, uzun bir yil qolish xavfi ham bor.

Ko‘rdimki, hujumga o‘tmasam, Aleksi opadan osonlikcha qochib qutulolmayman. Chor-nochor yuzsizlik qilib, yasama soflik bilan:
— Xavfi bor deysizmi? Nimaga xavfi bo‘ladi? — deb so‘radim.

Aleksi opa ayollar g‘idi-bidisining uchiga chiqqani edi. Bundan ziyodasi men bilan yuzma-yuz kelish, ochiqchasiga gaplashish degan so‘z bo‘lardi. Yengilganini sezdirmaslik uchun nozli bir karashma bilan betimga sekin urib qo‘ydi. Keyin:
— Uni o‘z aqling bilan topib olarsan, — deb ketaverdi.

* * *

Mishel bu yil maktabda yo‘q edi. Bo‘lsa, meni albatta gapga solar, miyamdagi parishonlikni mutlaqo orttirar edi.

Bir yil avval o‘zim to‘qigan hikoyani aytib turganimda qanchalik erkin, jo‘shqin bo‘lsam, bu yil unashilgan qiz vaziyatiga tushganimdan keyin shunchalik qo‘rqoq bo‘lib qoldim. Dugonalarimdan meni tabriklaganlarni qisqa, quruq tashakkur bilan jo‘natar, yaqinlashish maylini ko‘rsatganlardan yuz o‘girib ketar edim.

Faqat bittasi, biz yoqlardagi armani doktorning qizi, o‘jarligimni yengishga muvaffaq bo‘ldi. Dam olish kunlarini maktabda o‘tkazdim. Uch oy ichida uyga ikki, yo uch martagina bordim.

Sababini o‘zim ham uncha bilmagan bu o‘jarligim Basima xolam bilan Najmiyani tajang qilar, Komron esa nima deb o‘ylashini, qanday chora ko‘rishini bilmay qiynalar edi. U dastlabki oylarda maktabga har hafta ko‘rgani kelib turdi. Murabbiyalarim og‘izda bir nima deyishmasa ham, unashilgan yigitning o‘quvchi qiz bilan kelib ko‘rishishiga jahllari chiqar, bo‘lamning meni dahlizda kutib turganini aytib, yuzlarini burishtirar edi.

Men odatda dahliz eshigining bir tavaqasini jo‘rttaga ochib qo‘yar, unga suyanib, qo‘llarimni fartugimning qayish kamariga suqqanim holda jilla bo‘lsa besh minut tik turib gaplashardim. Bo‘lam ora-sira xat yozib turish istagi borligini aytgan edi. Lekin men, murabbiyalarimiz tashqaridan keladigan xatlarni turkcha biladiganlardan bittasiga o‘qittirib, keyin yirtib tashlashadi, degan bahona bilan bu fikridan qaytardim.

Shu ko‘rinishlarning birida oramizdan qora mushuk o‘tgani hali-hali esimda. Komron uzoq turmaganimga jahli chiqib, eshikni zo‘rlik bilan yopib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin men yo‘l qo‘ymasdim: yaqinlashganda tashqariga otilib chiqishga xezlanib, sekingina:
— Iltimos qilaman, Komron, xonada ko‘rinib-ko‘rinmay turgan teshik qancha bo‘lsa, shuncha ikki ko‘z ham bor, buni bilib qo‘yishingiz kerak, — dedim.

U birdan to‘xtadi.
— Bu qanday gap, Farida? Biz axir unashilgan kishilarmiz-ku! — dedi.

Sekin yelkamni qisdim:
— Aslida ishni shu narsa buzayotibdiku-ya, — dedim. — Bir kun emas, bir kun «Ko‘rishishlaringiz juda boshqacha bo‘lyapti. Kechirasiz, bu yerning maktab ekanligini esdan chiqarmang», qabilida so‘z eshitishni xohlamasangiz...

Komron oppoq oqarib ketdi va shu kundan boshlab maktabga oyoq bosmay qo‘ydi.

Bu ishim haqiqatan ham yaxshi emasdi. Lekin boshqa choram bo‘lmasa nima qilay? Komron oldidan qaytib kelib sinfga kirishim, hamma menga o‘girilib qarashi yuragimni ezmay qolmasdi.

Nima deyayotgan edim? Ha, doktorning qizi dam olish kunlarining birida qaytib kelib:
— Komronbey Yevropaga ketarmish, shundaymi? — deb so‘radi.

Men nima deyishimni bilmay shoshib qoldim.
— Qaerdan eshitding? — dedim.
— Otamdan, Madriddagi amakisi chaqirtiribdi.

«Qaydam» deyishni g‘ururim ko‘tarmadi.
— Ha, shunday bir niyati bor, picha sayohat qilib kelmoqchi edi, — dedim.
— Sayohat nimasi, elchixonaga sekretar bo‘larmish-ku.
— Vaqtincha.

Suhbatni shu yerda bo‘lib tarqaldik. Dugonamning otasi chorbog‘imizdan oyog‘i uzilmagan bir kishi edi. Shuning uchun bu gapning to‘g‘riligiga shubha qilmadim. Lekin bu narsani menga bildirishmaganiga hayron bo‘ldim. Kunlarni hisobladim. Chorbog‘dan xabar olmaganimga yigirma kun bo‘libdi.

O‘sha kechasi faqat shu narsani o‘ylab chiqdim. Komronga qilgan bema’ni sitamlarim uchun achinar, shunchalik muhim bir narsani menga aytmaganini o‘ylab, yuragimdan ezilar edim. Harholda biz bir-birimiz bilan bog‘langan kishilar edik.

Ertasiga payshanba edi. Havo ochiq bo‘lgani uchun tushdan keyin aylangani chiqishimiz kerak. Lekin ichim pishib qiynala boshladim. Shunday ezguvchi o‘ylar bilan yana bir kunni o‘tkazish fikri meni qo‘quvga soldi.

Mudiraning oldiga bordim-da, xolamning betobligini aytib, ruxsat so‘radim.

Xudodan aylanay, shu kuni murabbiyalardan biri Qartolga ketayotgan ekan. Erenko‘y stantsiyasigacha birga ketish sharti bilan mudira iltimosimni qondirdi.

Qo‘limda bitta kichkina chamadoncha bilan chorboqqa kirib borganimda qorong‘i tushay deb qolgan edi.

Eshikda meni chorbog‘ iti kutib oldi. Bu qari it nihoyatda ochko‘z, yopishqoq edi. Cho‘ntagimda hamisha, yaxshimi-yomonmi bir narsa borligini bilgani uchun yo‘limni to‘sar, oldingi oyoqlariga turib olib tisarilib borar, menga yopishishga urinardi. Komronning ham daraxtlar oralab men tomon kelayotganini ko‘rdimu, darrov cho‘kkalandim. It egnimni kir qilmasin, deb iflos oyoqlaridan ushlab turdim.

U so‘loqmon og‘zini uliyotgaday ochib, tilini osiltirar, men esam burnidan qisardim. Xullas, o‘rtamizda o‘yinga, talashmaga o‘xshash bir narsa borar edi.

Komronni faqat yonimga kelgandagina ko‘rgan kishiday:
— Buning kulishiga qarang, — dedim. — Og‘zi muncha katta-ya, timsohnikiga o‘xshamaydimi?

U lablarida zaharxanda tabassum bilan menga qarab turardi.

Itni qo‘yib yuborib etaklarimni qoqdim. Qo‘llarimni ro‘molcham bilan artganimdan so‘ng birini bo‘lamga uzatdim.
— Bonjur[16], Komron, xolam qalay? Ahvoli og‘ir emasdir, inshoolloh...

U xiyol taajjubga tushib:
— Oyimmi? — deb so‘radi. — Oyim soppa-sog‘. Kasal deb eshitdingmi?
— Ha, kasal deb eshitdim, xavotir oldim: yakshanbani kutmay so‘rab keldim.
— Senga kim aytdi?

Yana bitta yolg‘on gap topishga fursat qolmagani uchun:
— Doktorning qizi, — dedim.
— O‘sha shunday dedimi?
— Ha, gaplashib turgan edik, so‘z orasida: «Otamni sizlarnikiga chaqirtirishibdi, xolangiz betob shekilli», — dedi.

Komron hayron bo‘lib qoldi.
— Yanglishgan. Doktor keyingi kunlarda oyimni ham, boshqani ham ko‘rgani kelgani yo‘q.

Bu qaltis gapni uzoq cho‘zib o‘tirmadim.
— Xayriyat, juda yomon tashvish qilayotgan edim, — dedim. — Ular ichkarida bo‘lsalar kerak, albatta?..

Chamadonimni yerdan olib yurmoqchi bo‘lgan edim, Komron qo‘limdan ushladi.
— Nega shoshasan, Farida? Hamisha mendan qochasan, — dedi.
— Nega endi? — dedim. — Tufligim siqyapti-da... Innaykeyin, ichkariga birga kirmaymizmi axir?
— Birga kiramiz, lekin u yerda, hoynahoy, hamma bilan gaplashishga majbur bo‘lamiz. Holbuki, sen bilan yolg‘iz gaplashmoqchi edim.

Hayajonimni yashirish uchun hazil-mutoyiba qilib:
— Ixtiyoringiz, — dedim.
— Mersi. Unday bo‘lsa, agar xohlasang, hech kimga ko‘rinish bermay hovlida bir oz aylanaylik.

Qochib ketishimdan qo‘rqayotganday, qo‘limni qo‘yib yubormas edi. Chamadonchamni qo‘liga oldi. Yonma-yon yurib ketdik. Bir-birimizga unashilganimizdan beri birinchi marta yonma-yon...

Yangi tutilgan qush yuragi qanday potirlasa, meniki ham shunday potirladi. Shundayki, qo‘limni qo‘yib yuborganida ham qochishga qurbim yetmasmidi deb o‘ylayman.

Bir-birimizga bir og‘iz ham so‘z aytmay hovlining to‘riga bordik. Komron o‘ylaganimdan ortiq xafa, ezgin ko‘rinardi. Bu uch oy ichida nimalar bo‘lganini, oramizda qanday o‘zgarish yuz berganini bilmayman. Faqat hozir uning oldida o‘zimni aybdor deb hisoblar, shu damgacha qilgan yovvoyiligim uchun pushaymon bo‘lar edim.

Qish o‘rtasi bo‘lsa ham go‘zal, jimjit oqshom edi. Atrofimizdagi quruq tog‘ tepalari oltin marjon kabi tovlanardi. Menda Komronga nisbatan uyg‘ongan maylda bu manzaraning ham hissasi bormidi, bilmayman.

Shu dam uning ko‘nglini oladigan biron so‘z topish istagi qalbimning yondiruvchi ehtiyojiga aylandi. Lekin miyamga hech narsa kelmas edi.

Endi orqaga qaytishdan boshqa choramiz qolmagandan keyin Komron:
— Shu yerda bir oz o‘tirsak qalay bo‘lar ekan, Farida? — dedi.
— Ixtiyor senda, — dedim.

Unashilganimizdan keyin uni birinchi marta sensirashim edi.

Komron shimiga ham parvo qilmay o‘sha yerdagi bir tosh ustiga o‘tirdi. Men darrov qo‘lidan ushlab turg‘izdim.
— Sen noziksan, quruq yerga o‘tirma, — dedim-u, ustimdagi ko‘k paltoni yechib tagiga soldim.

Komron ko‘zlariga ishonmas edi.
— Nima qilyapsan, Farida? — dedi.
— Tag‘in og‘rib-netib qolmagin, — dedim. — Mundog‘ o‘ylab ko‘rsam, seni asrash bunday keyin mening burchim ekan.

Bo‘lam bu safar ham quloqlariga ishonmadi shekilli:
— Nimalar deyapsan, Farida? — dedi. — Shu so‘zlarni sen aytyapsanmi? Unashilganimizdan keyin sendan eshitgan eng shirin so‘zim.

Boshimni engashtirib, jim turdim.

Komron paltomni qo‘liga oldi. Silayotganday bir harakat bilan yenglariga, yoqasiga, tugmalariga tegar edi.
— Senga bir oz sitam qilish niyatida edim, Farida. Endi fikrimdan qaytdim, — dedi.

Ko‘zimni yerdan olmasdan:
— Senga hech yomonlik qilganim yo‘q edi-ku, — dedim.

U meni yana yovvoyi qilib qo‘yishdan qo‘rqayotganday, yonimga yaqinlashishdan bezillab:
— Fikrimcha, qilding, Farida, — dedi, — hatto ziyoda qilding. Unashilgan kishisini shunaqa oyoqosti qiladilarmi? Ko‘nglimga yomon gaplar keldi. Qaydam, Mujgon yanglishgan emasmikan?

Nochor kuldim. Komron ajablanib sababini so‘radi.

Dastlab javob bergim kelmadi. U qo‘ymagandan keyin esa ko‘zlarimni olib qochib:
— Mujgon yanglishgan bo‘lsa, bunchalik bo‘lmas edik,— dedim.
— Bunchalik nimasi? Ya’ni unashilganimizmi?

Ko‘zlarimni yumib turib ikki marta boshimni silkidim.
— Faridam!

Kichik bir faryodga o‘xshagan bu ovoz hali-hali quloqlarimda. Ko‘zlarimni ochdim-da, uning kattayganday ko‘ringan ko‘zlarida yirik yosh tomchisini ko‘rdim.
— Meni shu dam shunchalar baxtiyor etdingki, o‘layotganimda ham esimga tushsa yig‘layman. Yuzimga bunday boqma. Sen hali juda kichiksan. Iloj yo‘q, sen unday narsalarni anglamaysan. Hamma ginalarni unutdim endi.

Komron bilaklarimdan ushlab turardi. Men ham tortib olmadim, faqat ho‘ngrab yig‘lay boshladim. Bu shunday yig‘i ediki, Komron qo‘rqib ketdi.

Boyagi yo‘l bilan orqaga qaytayotganimizda ham men tez-tez xo‘rsinar, hiqillab yig‘lar edim. U ortiq qo‘lini menga tegizishga botinmasdi. Lekin men ko‘ngli jo- yiga tushganini sezib, xursand bo‘ldim.

Chorboqqa yaqinlashganimizda:
— Sen oldin kir. Men hovuzda yuzimni yaxshilab yuvib olay. Meni shu ahvolda ko‘rishsa nima deyishadi?— dedim.

* * *

Birdan esimga tushganday qilib Komrondan so‘radim:
— Yevropaga sayohat qilarmishsan, rostmi?
— Shunday bir fikr bor. To‘g‘risi, meniki ham emas, Madriddagi amakimning xayoli, — deb javob berdi. — Qaerdan eshitding?

Bir oz ikkilanib turganimdan so‘ng:
— Doktorning qizidan, — dedim.
— Doktorning qizi senga muncha ko‘p xabarlar yetkazib turar ekan, Farida?
— ...

Komron diqqat bilan yuzimga qarab turardi. Qizarib, boshimni o‘girib oldim.
— Menga qara, oyimning kasalligi ham bahona bo‘lmasin tag‘in?
— ...
— To‘g‘risini ayt, Farida. Shuning uchun kelganmiding?

Yonimga yaqinlashgan edi. Qo‘llari bilan boshimni silagisi kelar, lekin hurkishimdan, yana oramizni buzadigan akslik qilishimdan qo‘rqar edi. Holbuki, men aksincha, unga ko‘nika boshlagan edim. Savolini yana bir marta qaytarib aytdi:
— Taxminim to‘g‘rimi, Farida?

Komronning nihoyatda xursand bo‘lganini sezib, «ha» ma’nosida boshimni silkitdim.
— Qanday yaxshi... Kechadan beri toleim shunchalik o‘zgardiki!

Qo‘llarini men o‘tirgan kursi suyanchiqlariga qo‘yib ustimga egildi. Bu vaziyatda to‘rt tomonidan qurshalgan edim. Menga qo‘l tegizmaslik uchun hiyla bilan topilgan usul o‘tirgan yerimda meni kirpitikon singari hurpaytirar, yelkalarimni ko‘tarib orqaga chekinar edim. Juda yaqin kelib qolgan yuziga boqmaslik uchun ro‘molchamni o‘ynab turib:
— Amaking nima taklif qilyapti? — deb so‘radim.
— Bo‘ladiganga o‘xshamaydi. Meni elchixona sekretari qilib olmoqchi. Aniq bir maslagi yoki amali bo‘lmagan erkakni erkak emas, deb hisoblaydi. Men, tabiiy, uning fikrini aytyapman. «Kelajakda bir elchixona amaldori bilan Yevropaga ketish balki Faridani ham xursand qilar», deydi. Qaydam, shunga o‘xshash birtalay so‘zlar...

Suhbat jiddiy tus olgani uchun Komron meni qurshovidan chiqarib qaddini rostladi. Men ham darhol o‘rnimdan turdim.

Suhbatimiz uzilmadi.
— Bu taklifni nega «bo‘ladigan gap emas» deding? Yevropaga borsang xursand bo‘lmaysanmi?
— Bu tomonini aytayotganim yo‘q. Bundan keyin men ko‘ngliga nima yoqsa qilaveradigan kishi emasman. Hayotimga aloqasi bo‘lgan har bir narsani sen bilan maslahatlashishga majburman. Shunday emasmi?
— Unday bo‘lsa keta berasan.
— Demak, Istambuldan ketishimga rozisan, a, Farida?
— Demak, erkak kishi uchun biron maslak zarur bo‘lsa...
— Mening o‘rnimda bo‘lsang sen ketarmiding?
— Ketardim deb o‘ylayman. Buning ustiga sen ham shunday qilishing kerak, deb o‘ylayman.

E’tirof qilishim kerakki, bu so‘zlarni yolg‘iz tilim aytar edi. Dilimda esa o‘sha dam butunlay boshqa narsani aytmoqda edim. Haqiqatda, meni ham tushunish kerak. «Seni tashlab ketaveraymi?» deguvchiga boshqacha javob berib bo‘ladimi?

* * *

Bir oydan so‘ng Komronni G‘alata limanida kemaga o‘tqazdik. Uni Yevropa sayohatiga tashviq etganim uchun qarindoshlarimning hammasi meni tabrik qildi. Faqat Mujgongina xursand bo‘lmadi. Taqirdog‘idan menga yozgan xatida: «Yaxshi ish qilmabsan, Farida. Rozi bo‘lmasliging kerak edi. Eng yaxshi vaqtlaringizni ayriliqda o‘tkazishdan nima ma’no bor? To‘rt yil darrov o‘tib ketadigan vaqtmi?» debdi.

Lekin bu to‘rt yil Mujgon qo‘rqqanidan ancha tez o‘tdi.

Komron pensiyaga chiqqan amakisi bilan Istambulga butunlay qaytib kelganda, maktabni bitirib chiqqanimga bir oy bo‘lgan edi.

Maktabdan chiqish! Men u yerda yashab turgan paytlarimda bu olaqorong‘i binoga kaptarxona, deb ot qo‘ygan edim. Qo‘limda yaxshimi-yomonmi bir diplom bilan o‘zimni tashqariga otadigan kunimning men uchun qutulish bayrami bo‘lishini aytib yurardim. Lekin kunlarning birida kaptarxona eshigi ochilganda, o‘zimni, bo‘yimni birmuncha uzaytirgan qora chorshaf, baland poshna tuflilar bilan ko‘chaga chiqqanimda butunlay gangib qoldim. Buning ustiga xolam ham chorbog‘da to‘y taraddudini boshlab yubordi. Bu narsa meni tamoman shoshirib qo‘ydi.

Chorbog‘ bo‘yoqchilar, duradgorlar, bichiqchilar va uzoq yerlardan yotadigan bo‘lib kelgan qarindoshlar bilan goh to‘lib, goh bo‘shardi. Har kim o‘ziga yarasha biron ish bilan band edi. Ular hozirdan taklifnoma yozish, kamu ko‘stlarni sotib olish uchun bozorga qatnash, kiyim tikish bilan mashg‘ul. Men shoshib qolganimdan ishbuzarmonlik qilardim. Biron ishga qo‘l urish u yoqda tursin, boshqalarning ishiga xalal beradigan har xil bemazagarchiliklar qilardim. Menda so‘nggi telbalik xuruji boshlangan edi. Burungiday mehmonlarning bolalarini tevaragimga to‘plab, chorbog‘ni boshimga ko‘tarardim.

Hamma yerdagi singari oshxonada ham remont, bo‘yoq ishlari borardi. Shuning uchun yangi oshpaz qozon-tovoqlarini hovlining to‘riga qurilgan chaylaga ko‘chirib, ovqatni ochiqda pishira boshlagan edi.

Bir kuni kechga yaqin oshpazning chayla oldida varaqi pishirayotganini ko‘rdim. Shu on miyamga bitta shaytonlik keldi.
— Bolalar, — dedim, — sizlar shu bostirmalarning orqasiga o‘tib, bekinib turinglar. Tovushlaringni chiqarmanglar. Men sizlarga varaqi o‘g‘irlab keltiraman.

Besh minut ham o‘tar-o‘tmas qo‘limda bir tovoq varaqi bilan kichkina o‘rtoqlarim yoniga qaytib keldim.

Bolalarga tegishlarini berib, hammasini hovlining burchak-burchagiga tarqatib yuborganim va tovoqni bostirmaga berkitib qo‘yganim, xayriyatamki, yaxshi bo‘lgan ekan. Lekin bu narsaning oqibatini, oshpaz varaqilarni yo‘qolganini bilgandan so‘ng g‘azabi qaynab, zir yugurishini xayolimga keltirmagan edim.

Bir ozdan so‘ng oshxona chaylasi oldida qiyomat qo‘pti. Oshpaz: «Kim o‘g‘irlagan bo‘lsa ham jonini bo‘g‘izidan sug‘urib olaman!» — deb qichqira boshladi. Bolalarning yuragi chiqib ketdi. Ular mening so‘zimga ham quloq solishmay qochib berishdi. Qochib, shubhasiz, yaxshi qilishdi. Chunki birpasdan keyin oshpaz bizni bilib qoldi-yu, qo‘lidagi chovlisini tayoqday silkitib ustimizga bostirib kelaverdi.

Rasvo odam bolalar orasida kattasi men ekanimni ko‘rdi deguncha ularni qo‘yib, meni quvib ketdi. Yugurib kelayotib yo‘lda gursillab yiqilgandan so‘ng battar jahli chiqib ketdi.

Oshpaz yangi, meni tanimaydi, shuning uchun ahvolim mushkul edi. Qo‘lga tushguday bo‘lsam, o‘zimning kimligimni tushuntirguncha, hech bo‘lmasa ikki marta chovli zarbini yeyishim, sharmanda bo‘lishim turgan gap.

Chorbog‘ tomonga chap berishning iloji bo‘lmagandan keyin chor-nochor ko‘chaga qarab urib ketdim, yo‘l bo‘yi chirqirab, dod solib bordim.

Xudo o‘zi yorlaqadi-yu, ertalabdan beri ish bilan band bo‘lgan tikuvchi xonim shogirdi Dilbar xalfa[17] bilan hovliga dam olgani chiqib kelayotgan ekan. Yo‘l chetida ularga to‘qnash keldim-u «kelyapti!» deb bo‘yinlariga osildim, orqalariga yashirindim.

Dilbar xalfa oshpaz chovlisiga qo‘llarini ko‘tarib:
— Bu nimasi, oshpaz, jinni-minni bo‘ldingmi? Axir bu kelin xonim-ku! — deb o‘shqirdi.

Boshqa payt bo‘lsa, bu so‘z uchun Dilbar xalfani albatta yulib olardim. Lekin shu qadar qo‘rqib ketgan edimki, o‘zim ham bilmay unga qo‘shilib:
— Xudo haqqi, men kelin jonimman, oshpaz! — deya chinqirdim.

Men bu oshpaz singari jinni, g‘ayri odamni ko‘rgan emasman. Oshpaz Dilbar xalfa bilan tikuvchi xonimning so‘zlariga bir oz ishonmay turdi. «Yo‘q, bunaqa bezori kelin bo‘lmaydi. Unday bo‘lsa, menga yangi shim olib berasan. Buni qara, shimning tizzasini yirtding!» dedi.

Bechora yiqilganda burnini ham yara qilib olibdi. Lekin, baraka topkur, burnimni ham to‘laysan, deb turib olmadi.

Yashirib ketishga qilgan harakatlarimga qaramay, bu komediya hammaning qulog‘iga yetdi va har gal ovqat ustida menga qarab-qarab qo‘yish odat tusiga kirdi.

* * *

To‘yga uch kun qolgan edi. Yana har kuni kechki payt o‘sha mash’um hovli eshigida, bolalar bilan arqondan sakrashib o‘ynab yurganimda yangi bir hujumga uchradim. Lekin bu safargi hujum meni oshpaz qo‘lidan qutqazishga harakat etgan tikuvchi xonimdan bo‘ldi.

O‘ttiz yilchadan beri chorbog‘da kiyim tikib kelgan bu frantsuz xonim oltmish yoshli, ko‘zoynakli qari qiz edi. U dunyoning eng nozik, eng shirin muomalali ayollaridan bo‘lishiga qaramay, shu oqshom u ham menga olov purkadi:
— Kechirasiz, madmazel, bir necha kundan keyin sizni madam, deb atay boshlaymiz. Shu ishingiz to‘g‘rimi? Kiyimingizni oxirgi marta o‘lchab ko‘rish uchun sizni yarim soatdan beri axtaraman-a, — dedi.

Eng yomoni — Basima xolamning u bilan birga kelgani bo‘ldi. Xo‘mrayib turishidan, janjal chiqquday bo‘lsa tikuvchining yonini olishi aniq edi.
— Pardon, madmazel, shu yerda edim, ko‘p afsus, axtarganingizni bilmabman, — dedim.

Xolam indamay turolmadi. Meni yo‘lga solmoqchi bo‘lganda, har vaqt iyagimdan ushlab silar edi, hozir ham shunday qila turib:
— Aylanay bolam, hozir sening ovozingni, qahqahalaringni birov eshitmasligi kerak-ku, — dedi. — Uch kundan keyin ham chaqirgan mehmonlarimiz orasida yana shunday qilmasayding, deb qo‘rqaman.

Harvaqt bebosh, qo‘rs ko‘ringanimga qaramay, o‘sha kunlar qorishiq hayajonlar changalida talpingan va erkalanish, muloyim bo‘lish ehtiyoji bilan yurak-bag‘rim ezilib yurgan kunlarim edi.

Iyagimni xolamning qo‘lidan chiqarmay, etagimni barmoqlarim bilan ikki yonidan ushladim-da, yengilgina reverans qilib, tizzalarimni bukdim.
— Xafa bo‘lmang, xola, — dedim, — ko‘p emas, faqat uch kungina yana tishingizin tishingizga qo‘yib turing. Ana undan keyin siz menga xola emas, boshqa ismli, boshqa sifatli kishi bo‘lasiz. Choliqushi xolasiga qilgan sho‘xligini Farida u xonim afandiga qilolmaydi. Ha, bunga jur’at etolmaydi, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin.

Xolamning ko‘zlariga yosh chiqdi, betlarimdan cho‘lp-cho‘lp o‘pib:
— Hamisha onang o‘rnida edim, yana shunday bo‘lib qolaman, Faridam, — dedi.

Yurak to‘lqinim shu darajaga yetgan ediki, men ham uni biqinlaridan ushlab azot ko‘tardim, yana shu hayajon bilan betlaridan o‘pdim.

* * *

Mademuazel mayda ikir-chikirlaridan boshqa kamchiligi qolmagan oq ko‘ylagimni qo‘liga olganda, qip-qizarib ketganligimni his etdim. Uydagilarni birma-bir silab o‘pmoqqa, yolvormoqqa boshladim:
— Nima bo‘ladi-ya, tashqariga chiqib tursalaringiz. Sizlarning oldingizda kiyolmayman. Choliqushini orqasidan uzun etakli ko‘ylakda tovusga o‘xshaganini ko‘z oldilaringizga bir keltiring. Voy, qanday kulgili-ya! O‘zim ham rosa kulaman-da. — Shu narsa oddiy kiyimda bo‘la qolsin, deb har qancha yalinsam ham baribir dardimni hech kimga anglata olmadim.

Mademuazel qo‘lida ko‘ylak bilan oldimga kelganda, bamisoli birov meni tutmoqchi bo‘layotgandek, o‘zimni olib qochar, dir-dir titrar edim.

Tashqaridagilar to‘polon ko‘tarishar, kiramiz deb ichkariga suqilishardi.
— Biz oz kutinglar, iltimos qilaman, bir minutgina, keyin hammangizni chaqiraman, — deb yolvordim. Lekin ular gapimga ishonmasdilar.
— Aldaydi, yechib tashlagandan keyin chaqiradi, — deb eshik oldida baqirishardi.

Ana shundan keyin ikki tomon o‘rtasida hayajonli tortishuv ketdi.

Tashqarida bolalar ham, kattalar ham aralash qichqirishadi, eshikni itarishadi, men esam bor kuchim bilan eshikni ichkaridan tortib turdim.

Supada temir nag‘alli botinkalari bilan yer tepinib: «hujum... hujum... jang...» deb qichqirishgan bolalarning ovoziga butun chorbog‘ yugurib keldi.

Mademuazel tevaragimda parvona bo‘lib:
— Voy, qo‘yinglar, xudo haqqi, qo‘yinglar, ko‘ylak yirtiladi, — deb chinqirar, lekin ovozini hech kim eshitmasdi.

Nimayam bo‘ldi-yu, bir zumda to‘polon tiyildi. Eshikka oyoq dupuri yaqinlashib kelaverdi. Komronning:
— Och, Farida, menman. Mening kirishimga taqiq yo‘q, tabiiy. Ammo, senga yordam qilgani keldim, — deganini eshitdim-u jahlim chiqib gangib qoldim.

Bu safar:
— Hamma kirsin, mayli, lekin sen emas. Xudo haqqi, sen ket. Bo‘lmasa, xudo ursin, yig‘lab yuboraman,— deb yolvora boshladim.

Lekin Komron yolvorishlarimga quloq solmadi, eshikni qattiq itarib, ikki qanotini lang ochib yubordi.

Men apil-tapil uyning bir burchiga qochdim-da, qo‘limga kirgan bir paltoga chirmanib oldim.

Mademuazel yorilar darajada edi.
— Jonimni qoqay, ko‘ylak xarob bo‘ldi, — deb sochlarini yula boshladi.

Komron paltoni bir uchidan ushladi-da, kulib turib:
— Yengilganingga tan beraver endi, Farida. Och, ko‘ylagingni ko‘rayin, — dedi.

Menda na ovoz bor edi va na harakat.

Bir oz kutgandan keyin yana o‘tina boshladi:
— Farida, hozir ko‘chadan keldim. Juda charchaganman. Meni ko‘p qiynama. Ko‘ylagingni shunchalar ko‘rgim keladiki, o‘jarlik qilaversang, zo‘rlik qilish majburiyatida qolaman. Menga qara, beshgacha sanayman: bir, ikki, uch, to‘rt, besh.

Komron iloji boricha kechiktirib aytgan ana shu «besh»dan so‘ng paltoni tortdi-da, yuzimni ko‘z yoshlari bilan yuvib o‘tirganimni ko‘rib, yomon ahvolga tushdi, keyin bolalarni itarib chiqarib, eshikni yopib qo‘ydi.

Mademuazel hayronlikdan lol bo‘lib qoldi. Komron ham qariyb shu ahvolda edi. Bir ozdan so‘ng uyatli, alamli bir tovush bilan:
— Kechir meni, Farida, — dedi. — Sen bilan shunchaki hazillashmoqchi edim. Haqqim bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim. Lekin hali ham yosh bola ekansan... Meni kechirasan-da, a?

Boshimni hamon palto ichida yashirib turib javob qildim:
— Xo‘p, lekin bu yerdan shu zamon chiqib ketasan.
— Bir shart bilan. Seni bog‘ to‘ridagi qoya oldida kutaman. Esingdami, to‘rt yil avval ikkalamiz o‘sha yerda yarashgan edik. Bugun ham shunday qilamiz. Xo‘pmi?

Bir oz ikkilanib turganimdan keyin:
— Xo‘p, boraman, — dedim. — Lekin sen hoziroq chiqib ket.

Boyoqish mademuazelda ham bu g‘alati tabiat kelinchak bilan so‘zlashishga ortiq jasorat qolmagan edi. U og‘iz ochmay ko‘ylagimni yechirib olgandan so‘ng, yana kalta ko‘ylagimni kiydim-u, ustidan qora rang maktab fartugimni ilib, Mujgonning ham yuziga qaramay, o‘z hujramga chopib kirib ketdim. U yerda ko‘zlarimdagi qizillik yo‘qolguncha sovuq suv bilan yuzimni toza yuvdim. Boqqa tushganimda qosh qoraya boshlagan edi. Endi hamma gap — o‘zimni hech kimga ko‘rsatmasdan, uning yoniga borib olishda qolgan edi.

O‘zimni aylanib yurgan kishiga solib, oshxona orqasida picha yurdim, oshpaz bilan bir-ikki og‘iz so‘zlashdim. Keyin sekin-sekin tashqari eshikka qarab yurdim. Maqsadim: izimni butunlay yo‘qotganimdan keyin devor tagidan o‘tib, uning yoniga tushish edi. Lekin...

Hamisha ochiq turadigan ko‘cha eshigining oldida qora chorshafli, uzun bo‘yli bir xotin kishini ko‘rib qoldim. Yuzi yopiq edi. Chorbog‘dan bir narsa so‘rash niyati bo‘lsa ham so‘rashga yuragi betlamay turgandek ko‘rindi.

Komron meni allamahaldan beri kutib turibdi. Chorshaf ichidan tanish yuz ko‘rinishidan va meni gapga tutib qolishidan qo‘rqib, yo‘limni o‘zgartirdim-da, daraxtlar orasiga o‘zimni urmoqchi bo‘ldim. Lekin u meni chaqirib qoldi.
— Oyimqiz afandim, bir oz sabr qilishingiz mumkinmi?

Nochor qaytdim, eshikka qarab yurib bordim.
— Marhamat, xonim afandi, biron xizmat bormidi?
— Marhum Sayfuddin podshoning chorbog‘i shumi?
— Shu, afandim.
— Shu chorbog‘da turasizmi, afandim?
— Ha.
— Unday bo‘lsa, sizga bir iltimosim bor.
— Buyuring, afandim.
— Men Farida xonim afandi bilan ko‘rishmoqchi edim.

Picha g‘alati bo‘lib ketdim. Kulib yubormaslik uchun darrov boshimni egdim. Men «xonim afandi» deyilganimni birinchi marta eshitganim uchun bu so‘z menga shunday g‘alati tuyuldiki...

«Farida xonim afandi» men ekanligimni aytib bo‘lmas, bunga yuragim betlamas edi. Lablarimni tishlab turib:
— Juda soz, xonim afandi, — dedim, — marhamat qilib ichkariga kirsangiz, chorbog‘dagilardan so‘rarsiz, sizga Farida xonimni chaqirib berishadi.

Qora chorshafli xotin eshikdan kirib, yonimga kelib olgan edi.
— Sizni uchratganim ko‘p yaxshi bo‘ldi, qo‘zim, — dedi. — Sizdan bitta yordam so‘rayman. Men Farida xonim afandi bilan xilvat qilib gaplashmoqchiman, shuni aytasiz. Iloji bo‘lsa, buni hech kim bilmasligi kerak

Ajablanib yuziga qaradim, ammo atrof qorong‘i bo‘lgani, chorshafini haligacha ochmagani uchun chehrasini farq etolmadim.

Bir oz ikkilanib turganimdan so‘ng:
— Xonim afandi, — dedim, — g‘alati ahvolda bo‘lganim uchun dabdurustdan to‘g‘risini aytolmadim. Farida men bo‘laman...

Xotin bir oz hayajonlandi:
— Komronbeyga tushayotgan Farida xonim sizmi?
— Chorbog‘da bittagina Farida bor, xonim afandi,— deb kulimsiradim.

Qora chorshafli xotin birdan to‘xtab qoldi. Bir ozgina avval o‘zini Farida bilan ko‘rishtirib qo‘yishimni sabrsizlik bilan istagan holda endi ro‘paramda haykalday qotib qolganiga qanday ma’no bersa bo‘lardi? Ajabo, Farida men ekanligimga hali ham ishonmayotganmikan? Yo boshqa biron siri bormidi? Qiziqsinayotganligimni yashirishga tirishib, yana gapirishga majbur bo‘ldim:
— Amringizga intizorman, xonim afandi.

Qiziq, chorshafli xotin hamon og‘iz ochmay turardi.

Salgina oldinda, daraxtlar orasida turgan bog‘ skameykasiga ko‘zim tushdi-yu:
— Xohlasangiz, o‘sha yerga boraylik, xonim afandi,— dedim. — Hech kim bizga xalaqit bermaydi, bahuzur gaplashamiz.

Xotinning sukuti biz skameykaga borib o‘tirganimizdan keyin ham davom etdi. Axiyri, qarorga kelgan bo‘lsa kerak, qo‘lini qattiq siltab, chorshafini ko‘tardi— o‘ttiz yoshlar chamasida aqlli, asabiy bir xotin chehrasi ochildi. Qorong‘i tushib qolganiga qaramay, yuzi qo‘rqinchli bir alfozda sarg‘ayib ketganligi ko‘rinib turardi.
— Farida xonim, — dedi u, — men bir eski dugonamning zo‘ri bilan elchi bo‘lib keldim. Lekin ustimga olgan vazifamning bu qadar og‘ir bo‘lishini bilmagan ekanman. Haligina sizni ko‘rishga uchib turganim holda, mana endi qochib ketsam deb o‘tiribman.

Vujudimga bir titroq yopishdi, yuragim qattiq dukurlay boshladi. Agar o‘zimni qo‘lga olmasam, u aytganini qilib qochib ketishligini sezib qoldim. O‘zimni iloji boricha xotirjam ko‘rsatishga tirishib:
— Vazifa bajarilishi kerak, xonim afandi, — dedim, — buning uchun dadil bo‘lish lozim. Dugonangiz meni taniydimi?
— Yo‘q. To‘g‘rirog‘i, o‘zingizni ko‘rmagan. Faqat Komronbeyga unashilganingizni biladi, xolos.
— Komronbeyni taniydimi?
— ...

Endi menda ham ortiq so‘rog‘-u savollarga mador qolmadi. Shu dam so‘roq aqlimni olar darajada meni zabun qilganiga qaramay, u chindan ketmoqchi bo‘lib qo‘zg‘alsa, yo‘lidan qaytarmas edim, deb o‘ylayman.
— Menga qarang, Farida xonim. Nega birdan ikkilanib qolganimga tushunmayapsiz. Men bu yerda bo‘yi yetgan bir qizga duch kelarman, deb o‘ylagan edim. Mana endi ko‘rsam ro‘paramda maktab yoshidagi qiz turibdi. Sizni yomon xafa qilib qo‘yarmikanman, deb qo‘rqdim. Ikkilanganimning sababi shu.

Begona xotin menga achinayotganday ko‘rindi. Bu hol nafsoniyatimga tegib, mador berdi.

O‘rnimdan turdim, skameyka ro‘parasidagi daraxtga orqamni suyadim, qo‘llarimni qovushtirib sokin, hatto mag‘rur bir tovush bilan:
— Bunday ahvolda ikkilanib o‘tirish to‘g‘ri kelmaydi, — dedim. — Ko‘rib turibman, gaplashadigan gapimiz muhim. Shuning uchun achinishni bir yoqqa yig‘ishtirib qo‘yib, ochiqchasiga gapirishsak yana ham yaxshiroq bo‘ladi.

Xotin mening dadilligimni ko‘rib o‘zini ancha o‘nglab oldi, keyin shunday bir savol berdi:
— Komronbeyni juda yaxshi ko‘rasizmi?
— Buning sizga nima aloqasi borligini ko‘rmayapman, xonim afandi.
— Balki bordir, Farida xonim.
— Ochiq gaplashmasak, hozir aytganimdek, bir yerda depsinib turaveramiz-u, murod hosil bo‘lmaydi, xonim afandi.
— Juda soz, shunday qilaylik. Sizga Komronbeyni boshqa birov ham yaxshi ko‘rishini aytishga majburman.
— Yaxshi ko‘rishi mumkin, xonim afandi. Komron yosh yigit, buning ustiga juda ko‘p fazilatlari bor. Boshqa birov uni ko‘z ostiga olgan bo‘lsa, bunga hayron bo‘ladigan joyi yo‘q.

Biror yaproq shitir etmagan bu sokin, go‘zal yoz oqshomida kutilmagan bo‘ron turganligini anglar, lekin o‘zimda paydo bo‘lgan qandaydir bir kuch bilan unga qarshi hamla tayyorlar edim.

Xotinga aytgan so‘nggi so‘zlarimda bir oz istehzo ham bor edi. O‘rnidan turmasdanoq o‘zini to‘g‘rilashidan, asabiy harakat bilan chorshafining etaklarini tuzatib, skameyka taxtalarini ushlashidan — uning ham gapga tezroq xotima berish qarorida ekanligini angladim. Mashina kabi tez, ifodasiz bir tovush bilan so‘zladi:
— Dastlab menga kichkina qizday ko‘ringan bo‘lsangiz ham, mana endi kamolot topgan, har jihatdan yetilgan qiz oldida o‘tirganimni tushunib turibman. Komronbey masalasiga kelsak, sizning qadringizga yetmagan ko‘rinadi. Yoxud, qaydam, yetgan bo‘lsa ham o‘tkinchi zaiflikka uchragan, gapning qisqasi, Komronbey ikki yil bundan avval dugonam bilan Yevropada tanishadi. Endi u yog‘ini aytsammi-yo‘qmi, bunisini bilmayman.

Boshimni silkitdim.
— So‘zlaringizning to‘g‘riligini isbot qilish uchun ham ayting.
— Dugonamning ismi Munavvar. Eski saroy arboblaridan birining qizi. Avval birovga ko‘ngil berib tekkan-u, lekin baxti ochilmagan. Keyin kasal bo‘lib qoldi. Doktorlar Yevropaga yuboringlar, deb maslahat berishdi. Batamom tuzalib, endi yurtiga qaytaman deb turganda boshiga shu savdo tushadi. Komronbey bir mahal Shveytsariyaga yetib keladi. Uni izlab kelganmi, yo vazifa bilanmi, bunisini yaxshi bilmayman. O‘sha yerda uchrashishadi. Komronbey Shveytsariyaga bir hafta turib qaytgani kelgan bo‘lsa ham u yerda yaqin ikki oylab qolib ketadi. Hatto buning uchun jazo ham olgan bo‘lsa kerak.
— Ijozatingiz bilan bitta savol, — dedim, — bularni menga ayttirishdan dugonangizning maqsadi nima ekan?

Begona xotin bu safar o‘rnidan turishga majbur bo‘ldi, qo‘lqopli qo‘llarini qovushtirib:
— Mana shuni aytish qiyin-da, — dedi. — Munavvar bugun sizning dushmaningiz hisoblanadi.
— Astag‘firullo!
— Shunday, Farida xonim. Lekin o‘zi yomon odammas. Juda ham rahmdil. Komronbey uning uchun shunchaki bir tasodif emas. U dugonamga uylanmoqchi edi. Agar bunda bir yomonlik bo‘lsa, hammasi Komronbeydan. Chunki boshqa birov bilan boshi bog‘li bo‘la turib shu ishni qilgan. Meni kasal yotgan ko‘ngilchan bir xotinning o‘lib-netib qolish xavfi qo‘rqitadi, uhdamga mana shunday yaramas vazifani olishga majbur qilgan sabab ham ana shu qo‘rquv bo‘ldi.
— Ya’ni, Komronbey unga uylanmasa demoqchimisiz?
— Yolg‘on gapirib nima qilaman, ha. Munavvar bu xabardan keyin hecham yashamaydi.
— Bechoraning peshonasi sho‘r ekan.
— To‘g‘risi, ikkalangizning ham peshonangiz sho‘r.

Ortiqcha mahovat qilib yuborganini bildirish uchun qo‘lim bilan ishora qilib kuldim.
— Meni aralashtirmang, siz hozircha faqat dugonangizni o‘ylashingiz mumkin.
— Nega endi, Farida xonim? To‘g‘ri, Munavvar mening shuncha yillik dugonam. Lekin siz ham juda yaxshisiz, innaykeyin, bu ishda sizning aybingiz, gunohingiz yo‘q, yosh qizsiz. Shuning uchun sizga ham achinaman.

Bu safar yana ham dag‘alroq muomala qildim. Mag‘rur qiyofada:
— Achinishingizga yo‘l qo‘ymayman! — dedim. — Fikrimcha, endi gaplashadigan gapimiz qolmadi.

Begona xotin bir narsa axtarayotganday qo‘l sumkasini ochib-yopayotganini ko‘rdim. Gapga xotima berish niyatida ekanligimni ko‘rib, bitta taxlog‘liq qog‘oz chiqardi.
— Farida xonim, so‘zlarimga balki ishonmassiz, deb Komronbeyning bitta xatini olib kelgan edim. Qaydam, ko‘rsangiz xafa bo‘lmasmikansiz?

Xatni avval qo‘lim bilan itarib tashlamoqchi bo‘ldim. Lekin xato ish qilib qo‘yishdan qo‘rqib, uni oldim.
— Xohlasangiz sizga tashlab ketay, keyin o‘qirsiz. Endi dugonamga keragi qolmadi.

Yelkalarimni qisib:
— Menga ham foydasi yo‘q, — dedim. — Dugonangizga xotira bo‘lib qolishi mumkin. O‘zida qolgani ma’qulroq. Faqat bir zumgina ijozat bersangiz, ko‘z yugurtirib chiqsam.

Qorong‘i quyuqlashib qolgan edi. Daraxtlar orasidan yo‘lga chiqib, xatni ko‘zlarimga yaqinlashtirdim, bu yozuvga o‘rganib qolganim uchun qiynalmay o‘qiy boshladim.

Xat «Mening sariq gulim», deb boshlangan. Keyin bir qator tasvirlar.

Quyosh chiqishdan avval dunyoga bilinar-bilinmas bir yorug‘lik sochilgani singari, sariq gulni ko‘rishdan avval uning qalbiga ham shunday yorug‘lik yoyilganmish. «Ichimda anglashilmas bir quvonch bor. Men mutlaqo ajoyib narsaga yo‘liqaman» deyar edi. Nihoyat, u ajoyib narsaga yo‘liqibdi, bir kun kechqurun musofirxona bog‘ida chiroqlar yonadi-yu, qarshisida sariq gulni ko‘radi.

Maktubning u yog‘ini juda shoshib o‘qidim, tobora quyuqlashib borayotgan qorong‘ida ko‘zlarim satrlarni shu qadar yomon farq qilardiki, hech narsani esimda olib qololmadim, desam bo‘ladi. Negadir, maktubning bir necha bor takror o‘qiganim shu so‘nggi satrlarini hali ham ko‘zlarim o‘ngida ko‘rib turaman:

«Qalbim bo‘sh edi. Sevish ehtiyoji bilan yonardim. Sizning raso, nozik qomatingizni, binafsha ko‘zlaringizni ko‘rdim-u, hamma narsaning rangi o‘zgardi».

Begona xotin og‘ir-og‘ir odimlar bilan yonimga kelib, titroq tovush bilan:
— Farida xonim, sizni xafa qildim. Lekin ishoning... — deb so‘z boshlagan edi, men birdan so‘zini cho‘rt kesdim. Maktubni uzatib:
— Nega endi, — dedim, — xafa qiladigan hech nima yo‘q-ku? Bu bo‘ladigan narsa. Aksincha, sizga tashakkur ham aytmoqchiman. Mening ko‘zimni ochdingiz. Endi sizdan ijozat so‘rayman.

Boshimni xiyol silkitib yurib ketdim. Lekin u orqamdan yana chaqirdi:
— Farida xonim, yana bir minutga ruxsat bersangiz. Dugonamga nima deyin?
— Vazifangizni bajarganingizni ayting. U yog‘ini endi o‘zi biladi, deyarsiz. Vassalom.

Begona xotin menga yana bir nima dedi, lekin men quloq solmadim, shoshib daraxtlar ichiga kirib ketdim.

Komron ikkalamizning yana bir bor yarashishimizni ko‘rmaydigan qoya yonida u vafosiz meni qanchalar kutgan ekan — bilmayman. Lekin kutishdan tolib uyiga kelganda, chiziqli maktab daftarining varag‘iga yozilib, stolga qo‘yilgan shu satrlarni ko‘rganda, harholda shoshib qolar:

«Komronbey afandi. «Sariq gul» romanini boshidan oxirigacha tushirdik. To o‘lgunimizcha bir-birimizni ko‘rish yo‘q. Sendan nafratlanaman.

FA-RI-DA».

Avvalgi
I- qism
 



  1. Soeur (So‘r) — opa (frantsuzcha). Bu yerda frantsuz katolik tarbiyaxona murabbiyasi.
  2. Diyorbakir — Turkiya shaharlaridan biri. Musul, Bag‘dod va Karbalo — Iroq shaharlari; birinchi jahon urushigacha Iroq Usmonli imperiyasida edi.
  3. Chorshaf — arab, turk, eron xotinlari yopinadigan chodira, paranjining bir xili.
  4. Husayn yomon, Husayn yaramas, adabsiz... oo.
  5. Choliqushi — butazor qushi, chittak.
  6. Ma soeur (frantsuzcha) — mening opam, opa.
  7. Hazrati Ayyub qudug‘i — Istambulda Muhammad payg‘ambar sahobalaridan Abu Ayyub Ansoriy dafn etilgan mashhur qabriston.
  8. Pardon (pardon) — kechirasiz (frantsuzcha).
  9. Qyag‘itxona — Istambul atrofidagi bir tuman va soy nomi.
  10. Mersi (mersi) — rahmat (frantsuzcha).
  11. Grande (grand) — katta (frantsuzcha).
  12. Souvenir (suvenir) — esdalik, hadya (frantsuzcha).
  13. L'amoure (lamur) — sevgi. Souvenir d'amore (suvenir damur)— sevgi esdaligi.
  14. Frantsuz bolalar ertagi nazarda tutiladi.
  15. Shamsiya — zontik.
  16. Bonjur (bonjur) — salom (frantsuzcha).
  17. Xalfa — bu yerda shogird ma’nosida. Bundan tashqari, peshqadam oqsoch, xizmatkor ma’nolarida ham keladi. Erkak va ayollar ismiga qo‘shib aytiladi.