OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRashod Nuri Guntekin
Asar nomiCholiqushi (III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Romantik adabiyot
Mualliflar
   - Rashod Nuri Guntekin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMirzakalon Ismoiliy (Turkchadan)
Hajm299KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/28
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Choliqushi (III- qism)
Rashod Nuri Guntekin

Uchinchi qism

Ch..., 23 ap-rel.

Bugun Xizr Ilyos kuni. Uyda yolgʻizman. Yoʻq, faqat uydagina emas, butun shaharchada bir oʻzim boʻlsam kerak. Uylar boʻsh, doʻkonlar yopiq. Butun aholi oziq-ovqatlarini savatlariga solib, qoʻzi kabobi yegani saharlab tolzorga joʻnashdi. Koʻchamiz burchagida hamisha bir shol gado oʻtirardi. U ham bunday vaqtichogʻlikdan qolgisi kelmay, xuddi aravaga minayotganday, bir hammol yelkasiga kerilib mindi-da, odamlar toʻpiga qoʻshilib ketdi.

Lekin hammadan ham itlar menga yoqdi. Bu mugʻambir jonivorlar ziyofatning hidini bilib, tugunlar, savatlar va boshqa narsalar bilan yoʻlga chiqqan odamlar orqasidan galalashib ergashib ketishdi.

Munisani qoʻshnilarimizdan polk imomi Hofiz Qurbon afandining xotini bilan qoʻshib yubordim. U mensiz bormasligini aytib injiqlik qilgan edi, boshimni roʻmol bilan bogʻlab olib:
— Bir oz tobim qochib turibdi, tuzuk boʻlsam orqangdan boraman, — dedim.

Ularni tobim qochib turibdi, deb aldagan boʻlsam ham, bugun, aksincha, tobim ham, kayfim ham juda yaxshi. Borishni xohlamaganimga kelsak, bunday oʻyin-kulgilar ortiq yuragimga sigʻmay qolgan edi.

Uyda yolgʻiz qoldim deguncha, boshimdagi durrani olib tashladim-da, past ovoz bilan kuylab, hushtak chalib yurib uy ishlarini qila boshladim. Maktabda kun boʻyi erkaklarcha mehnat qilganimdan keyin uyda ora-sira roʻzgʻor ishlari bilan shugʻullanishdan shu qadar lazzatlanardimki...

Uy ishlarini bitirganimdan soʻng navbat qushlarga keldi. Qushlarning qafaslarini tozaladim, suvlarini yangiladim, keyin oftob koʻrishsin deb qafaslarini boqqa olib chiqdim. Hozir rosa yarim dyujina qushimiz bor. Bu yoqqa kelishda Mazlumni Hoji xalfaning oʻgʻliga qoldirishdan boshqa chora topolmagan edik. Munisa juda xafa boʻldi, uloqchasidan ayrilgani uchun yigʻladi. Qizginam ichikmasin deb shu qushlarni olib berdim. Keyin bular oʻzimga ham ermak boʻldi. Faqat qoʻshnimizning malla mushugidan qanotli doʻstlarimizga hech kun yoʻq. Qafaslarni boqqa chiqardimmi — boʻldi, roʻparalariga kelib oʻtirib oladi. Munday qaraganda, oʻzi beozor, muloyimgina mushuk. Yashil koʻzlarini xiyol ochib qushlarga mahliyo boʻlib qaraydi, ba’zan iyaklarini titratib miyovlab ham qoʻyadi. Koʻrgan kishi uni qushlar bilan gaplashyaptimi, deydi.

Bugun nima qilarkan, deb qushlardan bittasini qafasdan chiqardim-u, mushukning tumshugʻiga yaqin keltirib tutdim. Ustidan qattiq shamol esib oʻtgandek, zolimning tuklari hurpaydi, yashil koʻzlarida uchqunlar porladi, yumshoq panjalari ichidan tirnoqlari chiqdi. U qushga tashlanishga shaylanib turardi.

Bechora qushcha changalimda qanotlarini, boʻynini qisib shunchalar titradiki!..

Boʻsh qoʻlim bilan mushukni boʻynidan changalladim-da:
— Bu xoin yashil koʻzlaringning shiringina mudrab turganini koʻrgan kishi seni osmondagi malaklarni xayol qilyapti deb oʻylaydi, — dedim. — Holbuki, sening darding mana shu bechorani tilka-pora qilish, shunday emasmi? Qarab tur, men sendan qanday ajoyib qasos olaman!

Narigi panjamni ochdim. Bechora qushcha birdan silkindi, lekin, ozod boʻlganiga ishonmayotganday, toʻxtab qoldi. Bir ozdan keyin ingichka bir tovush bilan chirqillab uchib ketdi. Men mushukning qushga hayrat va alam bilan tikilib qolgan yashil koʻzlarini yuzimga yaqin keltirib, qahqaha urib kuldim.
— Xoʻsh, sariq iblis, qushchani parchaladingmi? — deb mazax qildim.

Koʻnglimda chuqur bir quvonch uygʻondi. Faqat bu sariq mushukdangina emas, balki bechora kichkina qushchalarga kun bermaydigan hamma sariq maxluqlardan ham oʻch olganday quvonardim.

Lekin kayfimni narigi qushlarning zoru afgʻoni buzib qoʻydi. Bu haqiqatan zoru afgʻonmidi — bilmayman, ammo menga u bechoralar: «Nega bizni ham dugonamiz singari baxtli qilmaysan?» deyishayotganday tuyuldi.

Koʻnglimning doimo boʻysunilishi kerak boʻlgan xohishi, buyrugʻi bilan qafaslar yoniga bordim. Shu borishimda hammasini ozod qilishim muqarrar edi. Lekin birdan Munisa esimga tushdi. Betimni qafaslardan birining simiga qoʻyib:
— Tuzuk, sizlarni-ku boʻshatish qiyin emas, lekin Munisaga, manavi sariq zolimga qanday javob beramiz? Qoʻlimizdan nima keladi, kichkinalar? Har qancha urinsak ham sariq xoinlardan oʻzimizni qutqaza olmaymiz! — dedim.

Qushlardan soʻng navbat oʻzimga keldi. Men havo ochiq kunlarda boshimni harvaqt sovuq suvda yuvar, keyin oftobda quritishni yaxshi koʻrardim.

Bugun ham shunday qildim. Keyin qafaslar roʻparasidagi oʻrikka chiqib, hoʻl sochlarimni bahor yelida qurita boshladim. Sochlarim uzayib, belimga tushib qolibdi. B... da sochlarimning nechuk kaltaligini dugonalarimga aytishdan uyalgan edim. Ular soch qirqishni xotinlar uchun ayb, toʻgʻrirogʻi, katta gunoh, deb hisoblardilar. Men har kimlardan, hatto Hoji xalfadan ham soch dorisi olib ishlatardim. Ular sochlarimning shunday tez oʻsib ketganini koʻrishgandan soʻng hamma hikmat oʻzlarida, dorilarida ekanligini aytishar, dorilarining zoʻrligiga mening sochlarimni shohid qilib koʻrsatishardi.

Men oʻtirgan oʻrik qafaslarning qoq roʻparasida edi. Qushlar munchoq koʻzlarini quyoshda yiltiratishib, har xil ohangda sayrashardi. Men ularga taqlid qilib hushtak chalar, ingichkagina shoxda xuddi argʻimchoqday uchib oʻtirardim. Bir mahal qoʻshnimizning derazasiga koʻzim tushib qolmaydimi! Voy oʻlay, nimani koʻrdim deng? Polk imomi Hofiz Qurbon afandi yelpich tovoqday yapaloq yuzidagi machit chirogʻi singari yonib turgan yumaloq, shilpiq koʻzlari bilan menga esi ogʻib qarab tursa boʻladimi! Qanday ahvolga tushganimni soʻz bilani aytib berolmayman. Qiligʻim, qiyofatim bir narsaga oʻxshasa ham goʻrga edi: oyoqlarim ochiq, egnimda yarim-yorti badanimni yopib turgan oq koʻylak. Birinchi harakatim — orqam bilan bitta boʻlib turgan parishon sochlarimni tortib boʻynimni, koʻkragimni toʻsishdan iborat boʻldi Keyin oʻzimni shoxdan pastga otdim. Xayriyatki, daraxt baland emas edi. Quloqlarimga «Yo olloh, oʻzing asra!» degan tovush eshitildi. Daraxtdan oʻzini tashlagan, joni ogʻrigan menu, voy-voylagan qoʻshnim Hofiz Qurbon afandi boʻldi!

\

Men Hofiz Qurbon afandining nomini kulmasdan aytolmayman. Ellik yoshni urib qoʻygan bu tabarruk kishi polk imomi. U oʻzini juda badavlatman, deb maqtanadi. Xotini hali oʻttizga ham kirmagan, chiroyli, pokiza, koʻzlari qop-qora, xushbichim bir cherkas juvon. Biz u bilan juda qalinmiz. Bugun Munisani oʻynatgani olib ketgan ham shu juvon. Bolasi boʻlmagani uchun mening kichkina shaytonimni oʻz bolasiday yaxshi koʻradi. Lekin bugungi voqea kayfimni buzib qoʻydi. Imom domladan juda yomon uyaldim. Kim bilsin, oʻlguday ayb qilgandir. Hozir, shu satrlarni yozib turganimda ham, uyatdan yuzim oʻtday yonayotganini, lavlagiday qizarib ketganini sezib turibman. Voy, xudo! Maktab muallimasi ham boʻldim-u, lekin haligacha shoʻxligimni qoʻymayman! B... dagi qizlar bilim yurtining mudiri Rajab afandi menga: «Xudo tez koʻrsatmasin, lekin bir kun emas-bir kun oʻlganingda, janoza oʻqigan imomni ham kuldirib yuborasan-da!» — degan edi.

Bu yerga kelganimizdan beri daftarim portfelimda yotardi. Shuning uchun soʻnggi olti oy ichida boʻlib oʻtgan voqealarni bugun tushki ovqatdan keyin yozish niyatim bor edi.

Deraza yoniga keldim. Bu yerdan boʻgʻoz bilan qirgʻoqdagi harbiy istehkomlarning bir qismi kaftday koʻrinib turadi. Aslida biz bu uyga shu deraza menga yoqqani uchun koʻchib kelgan edik. Boʻlmasa, uning boshqa hech qanday fazilati yoʻq edi.

B...dan tezroq boshimni olib qochish uchun taklif qilishgan birinchi boʻsh oʻrinni darrov qabul etgan, u vaqt bu yerning menga manzur boʻlish-boʻlmasligi, oyligimning kamligi xayolimga ham kelmagan edi. Lekin toleimga bu yer yaxshi chiqdi. Shiringina, tinchgina harbiy shahar ekan. Tub yerlikdanmi, kelgindidanmi, ishqilib, kimdanki boʻlsa ham otasini, aka yo ukasini, oʻgʻlini, erini soʻrasangiz yo ofitser, yo soldat — xullasi, harbiy boʻlib chiqadi. Oʻqituvchilarning ham bir qismi yo rota imomi, yo polk muftisi, yo boʻlmasa, umuman, armiyaga aloqador kishilar. Qoʻshnim Hofiz Qurbon afandi ham sallasi bilan birga ba’zan harbiy forma kiyib, hatto yoniga qilich ham taqib oladi.

Ch... xotinlari menga juda yoqdi. Vafodor, ishchan, hayotlaridan mamnun, sodda, kamtar ekan. Mehnatni qancha yaxshi koʻrishsa, oʻyin-kulgini ham shuncha sevisharkan. Biron hafta yoʻqki, toʻysiz oʻtsin. Har bir toʻy turli-tuman nom bilan ataladigan kechalarga, marosimlarga ulashib, rosa bir haftaga choʻziladi. Natijada, bu yerning xotinlari har kecha oʻyin-kulgi qilishadi.

Avvallari bunga qayerdan pul yetkazishar ekan, deb hayron boʻlardim. Keyin bilsam, buning boshqa siri bor ekan. Masalan, har bir xotin oʻzining kelinchakligidagi kiyimlarini oʻn yil, yigirma yil toʻyga kiyar ekan-da, keyin top-toza holicha qiziga berar ekan.

Bularning oʻyin-kulgilari juda sodda. Bir qari armani xotin kelib garmon chaladi, keyin uni odmigina koʻylaklik va ozgina pul bilan rozi qilib chiqarishadi.

Ha, bularning oʻyin-kulgilari juda sodda. Shunchaligiga ham xursand boʻlishadi, bunisi juda yaxshi! Oh, koshkiydi, men ham shular orasida tugʻilgan boʻlsam! Koshkiydi, bir kun mening ham barmoqlarim xinaga, hovuchlarim xurmo rangiga boʻyalgan boʻlsa... Bas, boshqa toʻgʻrilarda gaplashaylik.

Qoʻshnilarim meni, nima uchundir, yaxshi koʻrib qolishdi. Faqat ularga aralashmaganimga, oʻyin-kulgilarga qoʻshilib bahrimni ochmaganimga jahllari chiqadi... Kerik ekan deyishmasin, deb ularga oʻzimni poyandoz qildim, maktabdagi qizlariga ham, ularning oʻzlariga ham qoʻlimdan kelganicha qarashdim, xizmatimni ayamadim.

* * *

Bu shaharda eng yaxshi koʻrgan yerim — soy boʻyidagi Tolzor deb atalgan joy edi. Bayram kunlarida u yerga borishdan tortinaman. Lekin ba’zan kechki payt maktabdan qaytishda Munisa ikkalamiz boramiz. Tolzorda faqat tollargina emas, chinorlar ham bor. Kim biladi, bu oʻrmon necha yoshda ekan? Chinorlarning pastlari kallaklab tashlanibdi, faqat oʻzaklari bilan tepadagi shoxlari, yaproqlarigina qolibdi. Kechqurun soyalar choʻzila boshlagan paytda bu yerga kelgan kishi oʻzini uchi-keti koʻrinmaydigan vayrona qubba tagiga kirib qolganday sezadi. Yondan tushib turgan oqshom quyoshida bu azamat, xarob chinor oʻzaklari koʻz ilgʻamas uzun, siniq ustunlarga oʻxshab ketadi. Soyning narigi yuzida atroflariga chetan tutilgan qator-qator bogʻlar, ular orasida soyalarga koʻmilgan soʻqmoq yoʻllar bor. Uzoqdan ana oʻsha yoʻllarga qarasam, bular menga odamni eng shirin orzulari ushaladigan boshqa bir dunyoga olib boradigandek tuyuladi.

Shahar boylari «Xastalar tepasi» deb atalgan yerda turishar ekan. Nomi yomon boʻlsa ham, oʻzi eng shod, eng baxtiyor kishilar makoni. Ch...ga kelganimda, menga u yerdan bir chiroyli uy koʻrsatishgan edi, lekin rad qildim. chunki hozir men B...dagi singari badavlat emasman. Shuning uchun tejamliroq yashashga, kichikroq uyda turishga majburman. Lekin hozirgi uyim ham uncha yomon emas. Shaharning obod yerida: yaqinimizda maydon, qahvaxonalar, doʻkonlar bor. Masalan, bugun ertalab Tolzorga joʻnagan shahar aholisi bizning uyimiz yonidan oʻtdi. Hozir vaqt ancha erta boʻlsa ham, qaytib kelishyapti. Bir zumgina avval Tolzordan bir toʻda ofitser qaytib keldi. Ular roʻparadan shoshib kelayotgan leytenant bilan gaplashish uchun toʻxtashdi.
— Nega muncha erta qaytdinglar? — deb soʻradi leytenant. — Men endi ketyapman, navbatchilikdan hozir boʻshadim.

Mundirining oldi hamisha ochiq yuradigan semiz, keksa qoʻlogʻasi:
— Ovora boʻlmay, qayta qol. Bugun Tolzorning mazasi yoʻq. Qancha qidirsak ham gulbashakar yoʻq, — deb javob qildi. Men bu qoʻlogʻasini koʻchada koʻp uchratardim.

Tavba, bu shaharning harbiylari gulbashakarni muncha yaxshi koʻrishmasa-ya! Kattasining ham, kichigining ham ogʻzidan gulbashakar tushmaydi. Nazarimda, bu guldan qilingan shirinlik boʻlsa kerak. Qiziq, Xizr Ilyos kunida gulbashakar qidirish, topilmasa xafa boʻlish — yosh bolalik-ku!

Ha, men bu «gulbashakar» soʻzini koʻchada kattalardan ham, bolalardan ham juda koʻp marta eshitdim. Masalan, bir kuni kechqurun maktabdan kelayotgan edim. Oldimda faqirlarcha kiyingan bir necha yigit ketayotgan edi. Shulardan bittasiga bir nimani ye deb taklif qilishdi shekilli, u koʻnmay:
— Xudo haqqi, boʻlmaydi. Hozir ovqat yedim. Meva tugul, boshqa narsa ham tomogʻimdan oʻtmaydi, — dedi.

Ikkinchisi:
— Hech nima oʻtmaydimi? Gulbashakar ham-a? — deb uni yelkasidan tortdi.

Endi yigit eridi, kulimsirab turib:
— Qani endi u bizga nasib boʻlsa! — dedi.

Gohi mahallar qahvaxona oldida oʻtirgan erkaklar shu mahallar suv tashib kun oʻtkazadigan kambagʻal, lekin xushchaqchaq, shoʻx yigitchaga hazil qilishardi:
— Menga qara, Sulaymon, toʻyingni qachon qilamiz?
— Qachon xohlasangiz. Men hammavaqt tayyorman.
— Sulaymon, oʻlguday kambagʻalsan, kuning qanday oʻtadi?
— Quruq nonimga gulbashakar surtib yeyaveraman. Menga bundan ortiq nima kerak?

Bu hazilkashlikni qariyb har kun takrorlashadi. Bunisi ham bir navi, lekin qoʻshnim Hofiz Qurbon afandining bir qiligʻi meni juda ham hayron qildi. U uch kun avval koʻchada Munisani ushlab olib, qoʻyarda-qoʻymay betlaridan oʻpdi-da:
— Oʻh, sendan gulbashakarning hidi keladi-ya! — dedi.

Koʻchada Tolzordan qaytayotgan odamlar koʻpaydi. Birdan bola kulgisi — Munisaning ovozi eshitildi. Ha, Munisa kelyapti! U yaramasni shu toʻrt soat ichida xuddi toʻrt oy koʻrmaganday sogʻindim.

* * *
23 ap-rel (ik-ki so-at-dan key-in).

Axiyri gulbashakarning nimaligini bilib oldim. Munisa Tolzorda uchragan bir qancha muallimlarga mening betobligimni aytgan ekan, tashvishlanishib, qaytishda eshigim oldidan soʻrab oʻtishdi.

Ichkariga kiringlar deb ularga bir necha daqiqa yalindim. Gap orasida bittasidan hazillashib:
— Qalay, hech boʻlmasa sizlar gulbashakar topdilaringmi? Koʻchadan ofitserlar oʻtib ketayotib, gulbashakar topishmaganidan zorlanishdi, — dedim.

Dugonam kulib yubordi.
— Juda yaxshi bilasizki, biz ham oʻsha lazzatdan mahrum boʻldik, — dedi.
— Nega? — deb soʻradim.
— Chunki kelmadingiz.

Shoshib yuziga qaradim. Keyin kulimsirashga harakat qilib:
— Iya, bu qanday boʻldi? — dedim.

Muallimalar xaxolashib kulib yuborishdi. Haligi dugonam menga shubha bilan qarab:
— Chindan ham bilmaysizmi? — dedi.
— Xudo haqqi, bilmayman.
— Bechora Faridaginam, sen naqadar soddasan! Ch... erkaklari shu chiroyli ranging uchun senga gulbashakar deb nom qoʻyishgan!

Men sarosimam zoʻridan duduqlanib:
— Nahotki? Meni-ya? Demak, gulbashakar deganlari, koʻchadagi yigitlar nonga surtib yemoqchi boʻlgan narsalari men ekanman-da! Voy oʻlmasam!

Uyalganimdan qoʻllarim bilan yuzimni bekitdim. Demak, men shunday kattakon bir shahar ogʻziga tushibman. Yo rabbiy, bu qanday sharmandagarchilik!

Dugonam zoʻrlab yuzimni ochdi, keyin yarim hazil, yarim chin qilib:
— Buning xafa boʻladigan joyi yoʻq-ku? Butun boshli shahar erkaklarini oʻzingizga jalb qilibsiz, bunday baxtga qanday xotin muyassar boʻladi? — dedi.

Bu erkaklar munchayam yomon boʻlishmasa! Meni bu yerda ham tinch qoʻyishmaydi. Voy xudo, endi odamlarga qanday koʻrinaman, qoʻshnilarimning yuziga qanday qilib qarayman?!

* * *
Ch..., 1 may.

Uyda oʻtirib oʻquvchilarimning daftarlarini koʻrayotgan edim. Eshik taqilladi. Munisa pastdan:
— Opajon, mehmon keldi, — deb qichqirdi.

Tashqarida qora chorshafli bir xotin aylanib yurardi. Yuzi yopiq boʻlgani uchun taniyolmadim. Taraddudlanib:
— Kimsiz, afandim? — deb soʻradim.

Birdan kulgi koʻtarildi. Xonim mushuk singari boʻynimga tashlandi. Tavba, Munisa ekan! Yaramas qiz meni belimdan ushlab hovlida aylantira boshladi. Hech qoʻymay yuzimni, boʻynimni oʻpa ketdi. Chorshaf kichkinamni boʻyiga yetgan qizga oʻxshatib qoʻyibdi.

Kichkina shu ikki yil ichida boʻyiga tortib, xushqomat, chiroyli, kuydirmajon qiz boʻlib qoldi. U kun sayin guldek ochilib, husn toʻkib borardi. Boʻylarimiz ham qariyb baravar boʻlib qoldi. Lekin odam koʻz oʻngidagi narsalarning oʻzgarib borishini koʻpincha farq qilolmaydi.

Munisani mana shu chorshafda koʻrib, ichimga sigʻmay suyunishim kerak edi. Men esa xafa boʻldim. Buni Munisa ham fahmladi.
— Opajon, nima boʻldi? Hazillashdim-da. Nima, sizni xafa qilib qoʻydimmi? — deb soʻradi.

Bechora yomon ish qilib qoʻygandek, oʻkinib yuzimga tikilardi.
— Munisa, — dedim, — seni butun umr yonimda olib qololmayman. Koʻrib turibman, turmaysan. Hozirdanoq toʻylarda kelinchaklik iplarini boshingga taqib quvonasan. Bilaman, qizim, yonimda qolmaysan, kelinchak boʻlib, meni albatta yolgʻiz tashlab ketasan.

Ana shu yolgʻizlikning alami hozirdanoq yuragimga chang solayotgandek, koʻzlarimga yosh keldi. Munisa hech boʻlmasa meni bir ogʻiz soʻz bilan yupatsa edi, deb moʻltillab turgan koʻzlarim bilan yalinaman. Lekin yaramas qiz lablarini bukib:
— Nachora, opajonim? Odat shu, — dedi.
— Demak, bir begonaga tegib, meni yolgʻiz qoldirib ketasan, shundaymi?

Munisa javob bermadi, faqat kulib qoʻya qoldi. Lekin qanday kuldi-a! Zolim qiz hozirdanoq uni mendan ortiq sevardi.

Endi boyagi soʻzlarimning aksini gapira boshladim.
— Mayli, kelinchak boʻlsang boʻlarsan, lekin yigirma yoshga kirguninggacha hali ancha vaqt bor.
— Yigirma yosh? Voy, bu koʻp emasmi, opajonim?
— Unda oʻn toʻqqiz, mayli, oʻn sakkiz ham boʻlsin. Indamaysan-a? Kulasan-da. «Oʻzim bilaman» demoqchi boʻlib kulasan. Xudo haqqi, oʻn sakkizdan kamiga boʻlmaydi.

Yaramas qiz kular, bu yosh savdosi uni ajablantirardi. Uyalmasam, hoʻng-hoʻng yigʻlardim. Sariq odamlarning hammasi vafosiz boʻladi, ular odam boshiga hamisha qaygʻu-alam soladi.

* * *
Ch..., 10 may.

Maktab qizlarim orasida oʻn ikki-oʻn uch yoshlarda bir badavlat poshoning qizi oʻqiydi. Boʻyi pak-pakana, ozgʻingina, tishlari chirik, afti bujir, injiq qiz.

Men bir kuni mazax qilib, uni Nadida xonim afandi degan edim, ana shundan beri maktabdagilar ham uni xonim afandi deydigan boʻlishdi.

Nadida Xastalar tepasining eng chiroyli uylaridan birida turadi. U har kun posho otasining landosida maktabga keladi. Moʻylovlari qoʻchqor mugiziga oʻxshagan ad’yutanti olib kelib qoʻyadi.

Menga shunday tuyuladi: bu kichkina oyimqiz maktabga oʻqishdan ham koʻra oʻzini kambagʻal sinfdoshlariga va hatto oʻqituvchilariga koʻz-koʻz qilish uchun keladi. Dugonalariga xuddi choʻrilaridek muomala qiladi. Muallimalar uning ming turli qahriga, noziga chidashadi, buni oʻzlarining vazifasi deb bilishadi. Onasi qizining oʻqituvchilarini tez-tez uyiga chaqirib, mehmon qilib turadi. Bechora dugonalarim ularnikida koʻrgan dabdaba va tantanani, davlat va saltanatni, yegan ovqatlarini, xonim afandilarning kiyim-kechaklarini aytib bitira olmaydilar. Dugonalarimning maroqlari meni ham kuldiradi, ham jirkantiradi. Bu Abdurahim posholarning qanday odamlar ekanligiga tushundim. Bular — dabdabalari, saltanatlari bilan mayda, bachkana odamlarning koʻzini qamashtirishdan zavq oladigan bir toʻda maqtanchoq telbalardir.

Dugonalarim bir necha marta meni ham olib borishmoqchi boʻlishdi. Lekin men buni oʻzim uchun bir haqorat bilib, jerkib tashladim.

Kambagʻal oʻquvchilarimning botinkalarini kiygizib qoʻyishdan, koʻylaklaridagi changlarni qoqishdan tortinmaganim holda bu kichik, arzanda xonim afandini koʻrsam koʻnglim ayniydi. Ba’zan dars mahallarida soʻz bilan savalab ham oʻtman. Shunga qaramasdan, u meni boshqa oʻqituvchilaridan koʻra koʻproq yaxshi koʻradi, izimdan qolmaydi — suykangani suykangan.

Bugun tush mahalida eshigimiz oldida bir arvava kelib toʻxtadi. Yalt etib qaradim: voy, bu Abdurahim poshoning landosi emasmi? Muguz moʻylovli ad’yutantning arava eshigini ochganini, tolibam Nadidaxonimning tevarakda yugurishgan mahalla bolalari orasida malika viqori bilan uyimga kelayotganini koʻrdim. Butun mahallaning ogʻzi ochilib qoldi. Qoʻshnilarimizning derazalari xotin-xalajning boshi bilan toʻldi.

Nadida xonim opasidan xat olib kelgan edi. Xatda: «Muallima xonim, posho otam, volidam va bandangiz bugun biznikiga tashrif buyurishingizni iltimos qilamiz va amringizga yuborilgan arava bilan kelishingizni kutamiz», — deyilgan edi.

Maqsadlariga darhol tushundim. Hashamat va sarvatlari bilan, dabdaba va tantanalari bilan narigi oʻqituvchilar singari mening ham koʻzlarimni qamashtirmoqchilar. Oldin bir-ikki ogʻiz sovuq tashakkur bilan kichik xonimni, ad’yutantni, aravalarini qaytarib bormoqchi ham boʻldim. Lekin qalbimda birdan boshqa bir orzu uygʻondi: bu kerik zodagonlarga yaxshiroq saboq berib qoʻymoqchi boʻldim.

Men Istambulda bulardan ham balandroq, yuksakroq mavqedagi posholarni koʻp koʻrganman. Men ularning anchagina ta’zirlarini berganman. Yuzlaridan niqoblarini olib tashlash, hashamatli qiyofalari ostida yashiringan pastkashliklari va hechliklarini maydonga chiqarish Choliqushining eng yaxshi koʻrgan ermagi edi. Shunday tugʻilgan boʻlsam, men nima qilayin? Uncha yomon qiz emasman, kichkinalarni, nochorlarni yaxshi koʻraman. Lekin boy-badavlatlarga, kibor havoliklarga qarshi doim zolimman.

Ikki yil jim yashadim, bugun esa bir oz shoʻxlik qilishga haqqim bor.

Odatimga qarshi, bugun juda sodda boʻlsa ham, lekin bashang kiyindim. Xudoga shukur, bir mahallar amakim Parijdan yuborgan bitta koʻk kostyumim bor edi.

Nadida xonim afandini pastdagi xonada anchagina kuttirib qoʻyishdan tortinmadim. B...da ekanligimda allaqaysi bir Yevropa jurnalidan sochlari modali qilib taralgan bir xotin kishi rasmini kesib olgan edim. Shuni oynagimning romiga qadab qoʻyib taranishga tutindim. Oʻzimni oʻshanga oʻxshatish uchun butun san’at va mahoratimni sarf qildim. Natijada, madam nihoyatda goʻzal boʻlsa ham, lekin fasli oʻtganroq edi. Lekin nima qilay? Men bugun bir artist singari bu kibor qishloq dilbarlarida qoldiradigan taassurotimnigina oʻylashim kerak.

Kichkina xonimni pastda kutdirishdan maqsadim, faqat yasanib-tusanishdangina iborat emas edi. Olaqorongʻi, faqir ashyoli uy oynagida kulimsiragan yosh qizni tomosha qilish uchun ham kuttirgan edim. Men oynakdagi qizga begona odamga qarayotgandek, uyalib-qizarib qarardim. Modomiki, xotira daftarimni mendan boshqa hech kim oʻqimas ekan, nega endi haqiqatni e’tirof etmayin? Oynakda menga qarab kulimsirab turgan qiz nihoyatda goʻzal edi. Diqqat bilan qaraganimda, u menga insonning aqlini shoshirib qoʻyadigan darajada goʻzal koʻrindi. Menga tamoman yangi koʻzlar qarab turar edi. Bu koʻzlar men bir mahallar Istambulda tanigan shod, shoʻx, qaygʻusiz Choliqushining koʻzlariga sira oʻxshamas edi. Bu koʻzlarda qorongʻi kechalarda boqa-boqa oʻtgan yolgʻizlik damlarining qora alam va gʻussalari, horgʻinlik, dilxunlik, uyquga va boshqa narsalarga toʻymagan koʻzlarning achchiq mahrumiyati bor edi. Bu koʻzlar kulmasa jonli bir iztirob kabi zoʻr va chuqur koʻrina bilardilar. Faqat kula boshladi degunlaricha, har narsa oʻzgarib ketadi. Ana shunda kichrayadi, nurlari ichlariga sigʻmaydi, mayda uchqunlar kabi yonoqlariga toʻkila boshlaydi.

Bu yuzda naqadar goʻzal, naqadar alomat chiziqlar bor? Odamda yigʻlab yuborish havasini tugʻdiradigan goʻzal narsalar bor. Nuqsonlarimda ham qandaydir malohat borligini koʻraman. Taqirdogʻidagi pochcham: «Farida, qoshlaring ham tilingga oʻxshaydi, goʻzal-goʻzal, nozik-nozik boshlanadi-yu, keyin yoʻlini yoʻqotib qoʻyadi»,— deyar edi. Pochcham aytgan goʻzal-goʻzal, nozik-nozik boshlangandan soʻng yoʻlini yoʻqotgan bu qoshlarning chakkalarga qarab nihoyatda chiroyli suzilib ketganligini koʻrdim.

Endi mana bu lablar! Yuqorigisi bir oz kalta, qisqa boʻlganligi uchun doimo kulib, doimo ustki tishlarimni bir oz koʻrsatib turgan ustki labim, bir mahallar Bursadagi Hoji afandi aytganidek, meni qabrga ham kulgi bilan olib boradi.

Nadida xonimning pastda botinkalarini joʻrttaga dukurlatib yurganligini eshitsam ham, negadir, oynakdagi kichik xonimdan oʻzimni ayira olmayman.

B...da «Ipak qurti», Ch...da «Gulbashakar» deb qoʻyilgan laqablar menga qancha ozor yetkazgan edi. Mana hozir, oynada koʻrinib turgan yosh qizga, subhidam yorugʻi kabi ravshan, qirov tomchilari oʻtirgan aprel gullari kabi toza bu qizga men ham shu ismlarni berishdan hozir tortinmadim. Birov qarab turmaganmi ekan, degan hadik bilan tevaragimga alangladim, soʻngra oʻz-oʻzimni, koʻzlarimni, yonoqlarimni, iyagimni oʻpish uchun oynakka choʻzildim. Yuragim qush kabi tipirchilar, lablarim lazzat bilan titrardi.

Lekin, afsuski, oynaklar ham erkaklar ijodidir. Inson hech mahal oʻz sochlarini, koʻzlarini oʻpmaydi. Nima qilsa ham, qanchalik tirishib-tirmashsa ham oʻzini faqat lablaridan, ogʻzidangina...

Yo ollo, nimalar deyapman? Aleksi opa: «Pop jaddasi odam qalbini ham pop qiladi», — deyar edi. Bundan chiqdi, nozli qilib taralgan bosh ham odamni nozli qilib yuborarmikin? Maktab oʻqituvchisiga yarashmagan naqadar ma’nosiz, naqadar ayb soʻzlar bu.

Ikki yil jim oʻtirganimdan keyin bugun bir oz shoʻxlik qilishga haqqim bor edi.

Xonimlarni zallarning birida artistlikni endi oʻrgana boshlagan kishilar qiyofasi bilan menga qarab turishganlarini koʻrib, ichimdan kuldim, keyin «Hali koʻrasiz, picha sabr qilinglar» deb koʻnglimdan oʻtkazdim. Ular boshqalar singari uy bekasini, oyimqizlarining etaklaridan oʻpmaganligimni, shunchaki sodda va sarbast salom bilan kifoyalanganligimni koʻrib, hayron boʻlib qolishdi. Bir-birlariga taajjublanib qarashdi. Qoʻpolgina kiyingan bir qari grek xotin (Beyoʻgʻli[1]dan kelgan murabbiya boʻlsa kerak, deb oʻylayman) tevaragi tilladan qilingan koʻzoynagini burniga qoʻndirib, meni boshimdan-oyogʻimgacha suzib chiqdi.

Oʻzimni tutishimda, harakatlarimda shu qadar bir tabiiylik, soʻzlarimda shunchalik putursiz bir ishonch bor ediki, zal koʻz ilgʻamas poʻrtanaga uchragan kema singari ostin-ustin boʻlib ketdi.

Bu yerda egalarining didi yaxshiligini dalolat qiladigan bironta nafis narsa yoʻq edi. Zal har xil qimmatbaho narsalar tiqib tashlangan gazmol doʻkoniga oʻxshardi... Bu yerning oyimlari mana shu zalda sagʻanadagi oʻliklar singari umrlarini oʻtkazadilar, Ch... shahrining sodda, odmi xotinlarini hayratga solishdan zavqlanadilar.

Sarbast va qat’iy harakatlarim bilan zalga sekin-sekin ega boʻlar, oʻzlarini esa ividiq, noshud mehmonlarga aylantirb borar edim. Bu dagʻal, kulgili komediyani oʻynab turganimda, oʻyinimni sezdirib qoʻymaslik uchun xatti-harakatlarimni tabiiydek tutishga tirishdim. Ular nimaiki koʻrsatsalar, nimaiki soʻzlasalar, nimaiki qilsalar — hammasini yoqtirmaganligimni sezdirdim. Didlarining pastligini, noshudliklarini sezdirishga, alam qildirishga harakat etdim. Masalan, poshoning katta qizi suratlarni koʻrsatganda, men bularning oddiy narsalar ekanligini ta’kidlab, tagdor shamalar bilan chimchilib oldim. Keyin bir burchakda osigʻliq turgan kichkina suratni koʻrib, zalda birdan-bir haqiqiy san’at asari boʻlgan bu goʻzal narsaning nima uchun burchakka tiqib qoʻyilganligini soʻradim. Qisqasi, dabdabalarining hech biriga ajablanmadim. Hamma narsalarini tanqid qildim. Ayniqsa, ovqat mahalida jon rishtalarini sugʻurib oldim... Kim bilsin, bu mukammal, ajoyib dasturxon atrofida oʻtirgan qancha xotinning tomoqlari boʻgʻizlarida qolgan ekan? Kim bilsin, mehmonlarning qanchasi vilka va pichoqlarini eplay olmaganliklari uchun bu yerda qanchadan-qancha ter toʻkkan ekan? Bechoralarning qanchasi ovqatni qanday olishni, qanday yeyishni bilmagani uchun ovqatlardan voz kechishga majbur boʻlgan ekan?

Bugun ana shularning hammasi uchun qasos oldim. Men shu qadar chaqqon, epchil harakatlar qilardimki, xonimlar hayron boʻlishib, menga yer ostidan qarab qolar edilar. Men ham ularga ora-sira qarab qoʻyar edim. Lekin mening qarashlarim ularning qoʻllaridagi vilkalarni titratar, ogʻzidagi ovqatlarini boʻgʻizlariga tiqib qoʻyar, suv ichishga majbur qilardi. Noshud, johil xotinlarga oʻzini odam oʻrnida sotgan, kulgili fransuzcha talaffuzi bilan oʻziga bino qoʻyib yurgan beyoʻgʻlilik grek kampirni dunyoga kelganligiga pushaymon qildirib yubordim.

U murabbiya, men maktab oʻqituvchisi boʻlganim uchun oʻzini men bilan hamkasaba deb faraz qilardi. Men bilan yashirin bir munozaraga kirishni oʻzining maslak burchi deb bildi, shekilli. Lekin men shu qadar masxarasini chiqardimki!.. Maqsadini turkcha tushuntirishga ojizlik qilar, men turkchani yaxshi bilmayman deb qutulishga tirishardi. Ana shundan keyin:
— Xayr, mayli, mademuazel, fransuzcha gaplashaylik, — dedim.

Murabbiya fransuzcha gaplashib koʻrmoqchi boʻldi, lekin men uning fransuzcha gaplariga kuldim.

Qisqasi, kichkina, ahamiyatsiz boshlangʻich maktab muallimasi gʻoyib boʻldi. Men yana «Dam dyo sion»ning eng oʻtkir, burro muallimalarini ham yigʻlar darajasiga keltirgan tili zahar, oʻjar, zolim Choliqushiga aylandim.

Biz murabbiya bilan oliy tabaqa yigʻinlarida qoʻllaniladigan usuli odob haqida munozara boshlagan edik, u bechora soʻz topolmay qolib:
— Harholda, men yuksak jamiyatlarga kirib chiqqanman, hamma narsani oʻz koʻzim bilan koʻrganman, — dedi.

U shu soʻzi bilan meni mot qilmoqchi boʻlgan edi. Men esam uning yuziga gʻolib tantanasi bilan qarab kulimsiradim.
— Tuzuk, lekin faqat kirib-chiqish kifoya emas, odam oʻsha muhitda oʻzining tabiiy hayoti bilan yashamogʻi lozim, — dedim.

Tarbiyasi u qadar emasligiga ishorat qiluvchi bu hujumdan soʻng boyoqish sob boʻldi. Kichkina poshozodalardan birining dars soati kelganini bahona qilib, chiqib ketdi.

Xonimlar qoʻylarday muloyim boʻlib qolishdi. Ular kibru havo va gʻururlarining iflos niqoblari yirtib tashlangandan keyingina oʻz asllariga qaytadilar. Rostini aytganda, yomon odamlar emasdi. Ana shundan ke- yin men ham oʻz ahvolini biladigan, ahamiyatsizligini tushunadigan mazlum, sodda maktab oʻqituvchisi mavqeiga tusha bordim.

Xonim afandi va kichik xonimlar tez-tez kelib turishimni samimiyat bilan iltimos qildilar.
— Gohi-gohida kelib turaman, lekin hadeb kelaversam qanday boʻladi, odamlar nima deyishadi? Tez-tez kelganimni koʻrishsa, meni sizlardan bir nima tama qilib yuribdi, deb oʻylashadi, — dedim.

Xonim afandi men qanday odamning qizi ekanligimni surishtirdi. U har nima qilib boʻlsa ham meni gapga solishni istardi.
— Badavlat bir oilaning faqirlikka tushib qolgan qiziman, — dedim.
— Xonim qizim, siz shu husningiz, shu fazilatlaringiz bilan juda yaxshi joyga tushishingiz mumkin..
— Balki, xonim afandi, meni ham oʻziga munosib koʻradigan biron zararsiz odam bordir. Faqat men oʻzimni peshona terim bilan boqsam deyman, shunday qilsam yaxshiroq boʻladi. Mehnat qilish ayb emas-ku, — dedim.
— Bordi-yu, sizni yaxshi bir oilaning yaxshigina bolasiga munosib koʻrishsa, nima deyar edingiz?
— Albatta, menga koʻrsatgan bu sharaflari uchun tashakkur bildirardim, lekin, fikrimcha, qabul qilmasdim.

Bularning asl maqsadlarini keyinroq payqadim. Ular sarvatlarini koʻz-koʻzlash, shu bilan koʻzlarimni qamashtirish uchungina mehmondorchilikka chaqirishmagan ekan.

Poshoning katta qizi birdan menga bogʻlarini koʻrsatgisi kelib qoldi. Bogʻlari ham xuddi rang-barang gulllar bilan bezalgan zallariga oʻxshardi. Bu yerda qanaqa gullar, daraxtlar, koʻkatlar, butalar yoʻq edi! Har qadamda gul tuvaklari! Ana shunday qilib, kichkina, yasama oʻrmonchada, past boʻyli yosh qaragʻaylar ichida...

Lekin buni tushuntirish uchun oʻn ikki kun avval boʻlib oʻtgan bir voqeani aytib oʻtishga majburman:

Maktabimizning tanaffus bogʻchasiga tutash kattakon uzumzori bor. Bolalar chetan toʻsiqni buzib yuborganliklari uchun bogʻcha bilan uzumzor bir-biriga qoʻshilib ketgan. Boshlarini qizil lattalar bilan bogʻlab olgan uch-toʻrtta kambagʻal ishchi bir necha kundan beri yer chopish bilan ovora edi. Tanaffus mahallarida yonlariga borar, bechorlarning doʻlday ter toʻkib ishlaganlarini tomosha qilardim. Men aytmoqchi boʻlgan oʻsha kuni bular orasida bitta yosh ishchi payo boʻlganini koʻrdim. U ham bularga oʻxshash kiyingan, lekin basharasi, oʻzini tutishi boshqacha edi. Masalan, quyoshda kuygan yuzining tagida oqish tiniqlik, koʻzlarida boshqacha oʻt bor edi. Qoʻllari ham xotinlarniki singari nozik, kichkina. Narigi ishchilar singari keksa boʻlmagani uchun yoniga bormadim. Uning oʻzi keldi. Issiqdan choʻllaganini aytib: «Qizlardan birontasiga suv keltirtirib bersangiz», — dedi.

Dunyoda yomon koʻrganim — xoʻrozdan ham qochadigan xotinlardir. Shuning uchun qochmadim. Maktab oʻqituvchisi ekanligimni oʻylab:
— Xoʻp, oʻgʻlim, bir ozgina kut, aytaman, — dedim.

Men ichimda «Kambagʻal boʻlib qolgan aslzodalardan boʻlishi kerak», deb oʻyladim.

Bu ishchi ham uyatchan, ham dadil edi. Men bilan gaplashayotganda goho oʻzini yoʻqotib, duduqlanib qolardi. Shu bilan birga, suhbatga aloqasi boʻlmagan gʻalati savollar ham berardi: «Bu yerda arzonchilikmi? Qish qattiqmi? Nok, olma bormi?..»— deydi. Oʻzi boshqa yerdan kelgan emish.

Suvni ichib turganda, men kulimsirab: «Miyasi aynibroq qolgan koʻrinadi, bechora!» deb oʻyladim.

Poshoning bogʻida, uhdasiga qaragʻayzorlikni taqlid qilish kabi haqoratli burch tushgan bechora daraxtlar orasida koʻrgan narsamning meni shunchalik ajablantirganini payqab olishga yuqoridagi tafsilot kifoya qilsa kerak.

Ha, shu daraxtlar orasida yana oʻsha kambagʻal mardikorga duch keldim. Lekin bu safar butunlay boshqa qiyofada edi. U qilichi, tugmalari, ordenlari, yoqasi, yuzi, tishlari, hatto boʻyalgan sochlariga qadar yaltirab turgan shtab kapitani edi. Xuddi suratga tushayotganday, ikkita qaragʻay orasida gavdasini gʻoz, kallasini baland tutib, getrlarini bir-biriga yopishtirib turar, ingichka moʻylovlari ostida, yarim yumuq lablari ichida tishlari, shoʻx koʻzlari porillardi. Qisqasi, turishi, koʻrinishi shunday ediki, uni koʻrgan odam oq qoʻlqoplari bilan hozir qilichini sugʻuradi-yu, «Saf boʻl!» deb buyruq beradi, deb oʻylaydi.

Lekin shu on tushundimki, ofitserga bu buyruqni boshqa odam beribdi. Poshoning katta qizi Narima xonim:
— Voy, Ehson, sen shu yerdamiding? Qayerdan kelib qolding? — deb ajablandi.

Lekin bechora xotin rolini shu qadar xunuk oʻynadiki, «Voy! Ehson, qayerdan kelib qolding?» deb ajablanganda, ovozida: «Voy oʻlay, yolgʻon soʻzlayotganimiz ochiq-oshkor sezilib turibdi-ya» deguvchi ohang borligini bilib olish qiyin emasdi.

Ha, bu kulgili «hajviy opera» dekoratsiyasi ichida qiziq komediya oʻynashimiz kerak, ammo nima uchun? Buni keyinroq tushunib olarman. Hozir esa sir bermaslik, ogʻir va jasur boʻlish kerak.

Harholda, bu posholar mujdalar qilishni yaxshi koʻradigan odamlarga oʻxshaydilar. Lekin men ham bugun boʻsh kelmayman, nima qilishsa qilishsin, ogʻzimni ochib qolmayman. Ular meni uyalib, qochib ketadi, deb oʻylashgan boʻlsalar kerak. Hech-da, uzangidan tushadigan anoyi yoʻq!
— Farida xonim afandi, siz ham biz singari istambulliksiz. Boʻlam va sut qardoshim Ehsonni sizga taqdim etsam xafa boʻlmassiz, shunday emasmi? — dedi Narima xonim.

Men hech tortinmay:
— Aksincha, juda xursand boʻlaman, afandim, — dedim.

Soʻngra uning soʻzlashiga imkon bermay oʻzimni tanishtirdim.
— Farida Nizomiddin, maorif armiyasining eng kichik ofitserlaridan biri.

Yosh ofitser chiroyli, jangari qiyofasini uzoq saqlab qololmadi. Ajabo, bunda uni ayblab boʻladimi? Kichkina boshlangʻich maktab muallimasi bir necha kun avval mardikor qiyofasida koʻrgan bir kishini bugun quyoshday porlab, ertaklardagi shahzodalar singari husn toʻkib turganini koʻrsa-yu, hayajonidan hushini yoʻqotmasa! Aqlga sigʻadigan narsami shu?

Ha, aksincha boʻldi, men emas u shoshib qoldi! Bizga maktabda hamma fanlar asosida yillar boʻyi tirishib-tirmashib oʻrgatishgan «salom marosimi»ni bu yigit yaxshi oʻzlashtirmagan koʻrinadi. U askariy salom uchun koʻtargan qoʻlini yarim yoʻldan qaytarib tushirdi. Men bilan qoʻl olishib koʻrishmoqchi boʻldi shekilli, lekin qoʻlini choʻzganda, undagi oq qoʻlqopni koʻrib, yana darrov tortib oldi. Nazarimda, qoʻlqop choʻgʻga aylangan-u, qoʻlini kuydira boshlaganday boʻlib ketdi...

Uch-toʻrt minutcha bamaylixotir gaplashdim. Bechora yigit mardikor kiyimida kelib mendan suv soʻraganini eslayotgan boʻlsa kerak, koʻzi koʻzimga tushganda uyalib, yerga qarab olardi. Lekin men u hodisadan bexabarday, oʻzini endi koʻrayotganday gaplashib turaverdim.

Bir ozdan soʻng Narima xonim ikkalamiz uyga qaytdik. Boyoqish xotin yuragi chopmayroq gap boshladi:
— Farida xonim, Ehsonni, albatta, tanigandirsiz?— dedi.

Ana xolos, maktab bogʻidagi voqeadan bu ham xabardor ekan-da?

Men parvosizgina qilib:
— Ha, — deb qoʻya qoldim.
— Balki koʻnglingizga biron gap kelar, shuning uchun toʻgʻrisini aytib beray, xonim afandi. Ehson oʻrtoqlari bilan garov oʻynashgan ekan. Yoshlik-da, afandim, shunaqa boʻladi.

Ajablanib lablarimni burishdan oʻzimni tutolmadim.
— Nima deb garov oʻynashadi, afandim?

Narima xonim qizarib ketdi, xijolatpazligini yashirish uchun kuldi.
— Xonim afandim, maktabdan qaytib kelayotganingizda ofitserlardan ba’zilari sizni koʻrishgan ekan, juda ham goʻzal deb maqtashibdi. Biz istambullikmiz, shuning uchun bu yerliklar singari bu xil gaplarni haqorat deb hisoblamaymiz, shunday emasmi, goʻzalim! Ana shundan keyin Ehson «Har nima qilib boʻlsa ham shu muallima xonim bilan gaplashaman», deb garov oʻynabdi. Shu kuni jirkanmasdan mardikorlardan birining kiyimini kiyib borib garovni yutibdi. Qiziq, a?

Men javob bermadim. Bechora Narima xonim soʻzlarining menda qoldirgan taassuroti qanchalik sovuq ekanini yaxshigina anglardi.

Bugungi taajjub komediyaning soʻnggi pardasi yana tepadagi mehmonxonada oʻynaldi. Ehsonbey bilan koʻrishganim xabari u yerga mendan oldin yetib kelibdi. Buni hamma qatnashchilarning yuzlari koʻrsatib turardi.

Uy bekasining maxfiy ishorasi bilan mehmonxonadagilar sekin-sekin chiqib ketishdi. Faqat Narima xonim qoldi.

Xonim afandi bir oz ikkilanib turgandan soʻng:
— Ehson qalay ekan, xonim qizim? — deb soʻradi.
— Yaxshigina yigitga oʻxshaydi, xonim afandim, — dedim.
— Yuzi ham chiroyli, oʻzi ham oʻqimishli, — dedi u mening javobimdan keyin. — Hozir martabasini koʻtarib, Bayrutga yuborishyapti.
— Qanday yaxshi! Haqiqatan chiroyli, yoqimli yigit. Ilmi ham, siz aytganday, mukammal koʻrinadi, — dedim.

Ona-bola bir-biriga yalt etib qarab olishdi. Bu gapimga ham hayron qolishar, ham xursand boʻlishardi.

Xonim afandi qiqirlab kuldi.
— Xudo umringga baraka bersin, qizim, mushkulimni oson qilding, — dedi. — Men Ehsonni chaqaloqligidan emizib, oʻzim katta qilganman. Farida xonim qizim, yosh qizlar bilan ochiq-ochiq gaplashib boʻlmaydi, lekin siz, xudoga shukur, es-hushi joyida, farosatli qizsiz. Albatta, hamma narsa xudoning irodasi bilan boʻladi. Men sizni Ehsonga olib bersam, devdim. Sizni juda yoqtirib qolibdi. U ham sizga manzur tushgan boʻlsa, inshoolloh, baxtli boʻlasiz. Ehsonni bir oygina otpuskaga chaqirib olib, toʻylaringizni shu yerda oʻtkazamiz, xoʻpmi? Keyin Bayrutga birga joʻnaysizlar.

Bogʻda boshlangan komediyaning oqibati nima boʻlishini allaqachon sezgan edim. Chindan ham kulgili narsa: begona yerda meni qariyb tanimagan kishimga olib berishmoqchi! Shu dam birdan yuragimga mung toʻldi, negaligini bilmayman. Lekin kayfim chogʻligini bildirmaganim singari, yuragimdagi bu mungni ham sezdirmasdim.
— Xonim afandi, joriyangiz uchun bu nihoyatda katta sharaf. Sizga ham, Ehsonbeyga ham butun qalbimdan tashakkur bildiraman. Lekin buning iloji yoʻq, — dedim.

Uy bekasi shoshib qoldi.
— Nega qizim? Haligina uni yoqtirganingizni, chiroyli ekanini aytuvdingiz-ku!

Men kuldim.
— Xonim afandim, yana qayta aytaman: Ehsonbey chiroyli va arziguli yigit, lekin oramizda nikoh imkoni borligi aqlimga kelgan yo koʻnglimdan oʻtgan boʻlsa, uning fazilatlarini ochiq-oshkor ayta olarmidim, afandim? Bu narsa yosh qiz uchun haddan ziyod yengiltaklik boʻlmasmidi?

Ona-bola yana bir-biriga qaradi, oraga qisqagina sukunat tushdi. Keyin Narima xonim qoʻllarimni ushlab:
— Farida xonim! Harholda uzil-kesil javobingiz shu boʻlmasin, chunki Ehsonbey juda qattiq xafa boʻladi.
— Yana qaytarib aytaman: Ehsonbey juda chiroyli yigit, xohlaganini ololadi.
— Shunday-ku, lekin u sizni xohlaydi. Boya oʻrtoqlari bilan garov oʻynaganini aytdik. Hech jahonda shunday ham qiladilarmi, goʻzalim? Bola bechora oʻn kundan beri oʻt ichida: «Oʻlsam oʻlamanki, undan qaytmayman, albatta olaman!» — deydi.

Narima xonim bu gapni hali koʻp choʻzishini, meni koʻndirish uchun ancha harakat qilishini sezib, buning iloji yoʻqligini yumshoq soʻzlar bilan qat’iy qilib tushuntirdim. Keyin ketishga ijozat soʻradim.

Narima xonim qattiq xafa boʻldi. Tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, onasiga:
— Oyijon, Ehsonga oʻzingiz ayting, mening ogʻzim bormaydi. Farida xonim rad etar, deb oʻylamagan edim. Endi juda qattiq xafa boʻladi-da, — dedi.

Oh, bu erkaklar-a! Hammasi ham xudpisand, hammasining ham kibri havosi baland! Bizlarning ham qalblarimiz borligini, bizlarning ham «albatta» xohlagan narsalarimiz boʻlishi mumkinligini hech eslariga keltirgilari kelmaydi.

* * *

Poshoning aravasi meni uyimga keltirib tashlaganda, Munisa qoʻshnimiznikida ekan. Yechinmasdan avval oʻzimni yana bir oynakka solib, tomosha qilmoqchi boʻldim. Uy ichi olaqorongʻi edi. Devorga tushib turgan xira oy yorugʻiga oʻxshash oynakda oʻzimni zoʻrgʻa-zoʻrgʻa tanir edim. Bilmayman, qanday nur oʻyini boʻldi: kalta koʻk koʻylagim koʻzimga oppoq koʻrinib ketdi. Etaklari uzayib, qorongʻilikda choʻzilib yotgan oq ipakka oʻxshardi.

Birdan qoʻllarim bilan yuzimni toʻsdim. Xuddi shu payt Munisa uyga yugurib kirdi-da:
— Opajonim! — deb qichqirdi.

Undan yordam soʻrayotganday qoʻllarimni uzatdim. «Munisa!» demoqchi edim, lekin lablarimdan boshqa bir ism, meni nafratlantirgan katta dushmanimning ismi chiqib ketdi!

* * *
Ch..., 6 may.

Shu hafta sovchilardan boshim chiqmadi. Kechagi masxarabozlikdan oʻzimni oʻnglab olishga ulgurmay, bugun yana bir komediyaning qahramoni boʻldim. Faqat bunisi kechagisidan ming qatla yomon, ayanchli komediya boʻldi.

Voqeani oʻzgartirmay yozaman. Sahna — bizning pastdagi mehmonxonamiz. Birdan Hoji Qurbon afandining xotini kirib keldi. Egnida faqat toʻylargagina yopinib boradigan hashamatli chorshaf, boʻynida shoda-shoda tila marjon. Ahvoli gʻalati, koʻzlari yigʻlaganga oʻxshaydi.

Gaplashishga boshlaymiz.

Men:
— Nazarimda, mehmon chaqiriqqa ketayotganga oʻxshaysizmi?

U:
— Yoʻq, singlim, ataylab sizning oldingizga kirdim.

Men:
— Juda ham yasanibsizmi bugun? Men uchunmi?

U:
— Ha, singlim, siz uchun.

Men hazildan oʻzimni tiyolmay:
— Boʻlmasa menga sovchi boʻlib kelibsiz-da?

U sodda koʻzlarida sof hayrat bilan:
— Qayerdan bildingiz?

Men sarosima boʻlib qoldim.
— A?! Rostdan ham menga sovchi boʻlib keldingizmi?

U xoʻrsinib:
— Ha, singlim.

Men:
— Kimga?

U dunyodagi eng oddiy narsa toʻgʻrisida gapirayotganday:
— Mening erimga.

Shu qadar sodda xotinning hech sir bermay hazil qilishi menga juda xush yoqdi, qahqaha urib kulib yubordim. Lekin u kulmaydi, aksincha, koʻzlariga yosh keladi.

U:
— Aylanay singlim, erim sizni yoqtirib qolibdi, sizni olaman, deb meni qoʻymoqchi. Yalindim, yolvordim: «Hechqisi yoʻq, mayli, u xonimni ham oling, zinhor meni qoʻymang. Biz opa-singilday oʻtiramiz. Men sizlarning ovqatingizni pishirib beraman, xizmatlaringizni qilaman», — dedim. Aylanay jigarim, menga rahming kelsin!
— Qurbon afandi sizni qoʻyib, meni olishiga koʻzi yetadimi?

U odamni dod degizib yuboradigan bir soddalik bilan:
— Ha, yetadi. «Ellik tilla berishga roziman», — deydi.

Men:
— Bechora qoʻshnim, koʻnglingizni toʻq tutavering. Hech mahal uning aytgani boʻlmaydi!

Bechora xotin duo qiladi.

Parda.

* * *
Ch..., 15 may.

Bugun kechqurun maktabda oʻqishlar tugagandan soʻng mudira xonim meni kabinetiga chaqirib oldi-da, qovogʻini solib turib:
— Farida xonim qizim, — dedi, — sizning jiddiyat va gʻayratingiz menga juda yoqadi. Lekin bitta kamchiligingiz bor: oʻzingizni haligacha Istambulda deb bilasiz. Goʻzallik boshga balodir, degan mashhur gap bor. Siz ham goʻzal, ham yolgʻiz boʻlganingiz uchun oʻzingizni durustroq saqlashingiz kerak edi. Holbuki, ba’zi bir ehtiyotsizliklarga yoʻl qoʻygansiz. Xafa boʻlmang, qizim! Jinoyat deganim yoʻq, ehtiyotsizlik deyapman. Xudoga shukur, shahrimiz undaqa xilvat, qoloq shaharlardan emas. Xotinlar ancha tuzuk, yaxshi kiyinib yura olishadi. Muallimalarimiz ham shunday. Lekin boshqalar uchun tabiiy boʻlgan bir narsa sizda odamlarning diqqatini jalb qilib qoʻydi. Chunki, qizim, yoshligingiz, husningiz uchragan erkaklarni qayrilib qarashga majbur qiladi. Oqibatda shaharda har xil fisqi fasodlar tarqala boshladi. Men bu yerda hech narsani bilmaganday oʻtirsam ham lekin hamma gapdan xabardorman. Masalan, kazarmalardagi ofitserlardan, qahvaxonalardagi doʻkondorlardan tortib to idodiya maktabidagi yuqori sinf talabalarigacha sizni tanimagan, sizdan gapirmagan odam yoʻq emish. Bu toʻgʻrida kim haq, nima sabab bilan gap ochganim masalasiga kelsak, buning ham ikkita boisi bor, qizim. Avvalo, yaxshi, odobli qiz boʻlsangiz ham, lekin tajribasizsiz. Biz odamlarning yaxshi-yomonini biladigan yoshga yetib qolganmiz. Shuning uchun sizga onalik, opalik qilish burchini uhdamga olmoqchi boʻldim. Qolaversa, maktabimizning sha’ni masalasi ham bor, shunday emasmi, qizim?

Mudira xonim yuzimga qaramasdan ikkilanib davom qildi:
— Maktab ham machit singari tabarruk joy. Uni gʻiybatlardan, tuhmatlardan va boshqa kir-dogʻlardan saqlash bizning eng muhim burchimizdir. Shunday emasmi, qizim? Qurib ketgur shu xunuk gap-soʻzlar, afsuski, maktab sha’niga ham tegyapti. Kechqurun qizlarini, singillarini olib ketish uchun maktab eshigiga keluvchi otalar, akalarning qanchalik koʻpayib ketganligiga razm solmadingizmi? Ehtimol, siz bunga diqqat ham qilmagandirsiz. Lekin men yaxshi bilaman. Ular qizlarini yo singillarini olib ketishdan koʻra koʻproq sizni koʻrish niyatida keladilar. Bir kuni kambagʻal oʻquvchi qizlarimizdan birining sochini oʻrib, uchiga kichkina lenta bogʻlab qoʻyibsiz. Bilmayman, qayerdan bildi ekan, bir esi past leytenant qizchaga pul berib, lentasini tortib olibdi! Hozir oʻsha lentani ora-sira koʻkragiga taqib olib: «Endi meni generallissimus deyishlaring kerak, chunki bu ordenni Gulbashakardan olganman!» — deb oʻrtoqlari bilan hazillashib yurarmish.

Kecha darvozabon Mehmet ogʻa bir gʻalati xabar aytdi. Ilgari kuni kechasi qovoqxonadan kelayotgan bir toʻda mast maktab eshigining oldida toʻxtabdi, shulardan biri: «Men devordagi mana shu qoratoshga Gulbashakarning qoʻli tekkanini koʻrganman. Kelinglar, xudo haqqi, shu toshni avliyo tosh deb koʻzlarimizga surtaylik!» — debdi. Koʻrib turibsizki, qizim, bu narsalar oʻzingizning ham, maktabingizning ham sha’niga hech toʻgʻri kelmaydi. Yana shunisi qiziqki, bular ham yetmagandek, yana bitta xunuk ish qilgansiz: Abdurahim poshoning uyida kapitan Ehsonbek bilan gaplashgansiz. Xonim afandining taklifini qabul qilganingizda ham boshqa gap edi, birov buni ogʻizga olib oʻtirmasdi. Lekin yosh yigit bilan gaplashganingiz, keyin esa unga tegish taklifini rad etganingiz gap-soʻzga sabab boʻldi. «Shunday Ehsonbeygaki unamabdi, demak, u boshqani yaxshi koʻradi! Ajabo, kim ekan u?» qabilida har xil gaplar yuribdi.

Bu soʻzlarni qimirlamay, javob qilmay oʻtirib eshitdim. Mudira xonim boshida mening e’tiroz va isyonimdan qoʻrqqan boʻlsa, endi, aksincha, sukutimdan vahimaga tusha boshladi. Nihoyat, yuragi dov urmay soʻradi:
— Bularga nima deysiz, Farida xonim?

Sekin xoʻrsinib, oʻyga choʻmib turib javob qildim:
— Soʻzlaringizning hammasi toʻgʻri, mudira xonim. Oʻzim ham zimdan sezib yurardim. Bu shinam shaharni tashlab ketishga koʻzim qiymaydi, lekin nachora? Ministrlikka xat yozsangiz. Biron sabab koʻrsatib, meni boshqa yerga koʻchirishlarini iltimos qilsangiz. Bu masalada menga qiladigan eng katta odamgarchiligingiz va rahmu shafqatingiz shu boʻladi. Xatda asl sababni koʻrsatmay, boshqa bahonalar keltirasiz. Mayli «tajribasiz» deng, «qoʻlidan ish kelmaydi» deng, «johil» deng, «osiy» deng, nima desangiz deng, mudira xonim, sizdan xafa boʻlmayman. Ishqilib, shaharda gap-soʻz boʻlgani uchun xohlamayman, demasangiz boʻldi.

Mudira xonim churq etmay oʻylar edi. Koʻzlarimga chiqqan yoshlarni koʻrsatmaslik uchun deraza tomonga oʻgirilib oldim. Ufqda, kechki koʻkish osmon tagida pagʻa-pagʻa tutunlarga oʻxshagan togʻlarni tomosha qila boshladim.

Choliqushining dimogʻiga ana shu togʻlardan yangi gʻurbat boʻylari kirardi. Gʻurbat boʻylari! Gʻurbat boʻyini butun qalbi bilan hidlamaganlar uchun naqadar ma’nosiz soʻz bu! Xayolimda yana oʻsha tanish yoʻllar, hamon torayib, huzun toʻlib borgan, oxiri koʻrinmagan gʻurbat yoʻllari choʻzilib yotar, quloqlarimda oʻtkinchi aravalarning yoniq ovoz bilan gʻijirlagan yigʻilari eshitilardi.

Qachongacha, yo rabbiy, qachongacha gʻurbat zahrini yutaman? Nima uchun? Qaysi murodimga yetish uchun?

* * *
Ch..., 5 iyun.

Qushlarimning ohi tutdi. Shu uzun kanikul oylarida qushlarim singari uyimda qamalib oʻtirdim. Mudira xonim sentabrdan avval boshqa yerga koʻchirilishimning iloji yoʻqligini aytdi. Hozir oʻzimni odamlarning eslaridan chiqarishga kirishib, koʻcha-koʻyda qadam bosmayman. Qoʻshnilarim ham meni ilgarigiday yoʻqlashmaydi. Ehtimol, gap-soʻzlardan hayiqishar. Faqat xolamga oʻxshagan bitta qari xotin bilan gaplashib turaman. Ovozi xolamnikiga shunaqayam oʻxshaydiki, kecha uyalib-tortinib turib undan bir narsani iltimos qildim.
— Aylanay xonim afandi, meni «xoʻjonim» demay, toʻgʻridan-toʻgʻri Farida desangiz qalay boʻlarkin-a? — dedim.

Qoʻshnim bir oz shoshib qoldi, lekin gapimni qaytarmadi. U soʻzlab turganda koʻzlarimni yumib olaman, shunda oʻzimni yana Qoʻzyotogʻidagi bogʻimizda koʻra boshlayman!..

Yo rabbiy, qanday yarashmagan narsalarni soʻzlayman-a! Balki menda ham asab kasali boshlangandir? Harholda, yuragimda bir qarorsizlik bor... Yana bir mahallardagiday kulaman, yana Munisa bilan hammol bolalar singari kurashamiz, boʻgʻishamiz. Yana qushlar bilan oʻynashib hushtak chalamiz. Shunday boʻlsa ham na besaranjomligi qalbimni tark etadi va na qaygʻum! Ichimga chiroq yoqsa ham yorishmaydi...

Kechasi kemada Ch...ga kelayotganimizda uyqum qochib ketgan edi. Allaqanday bir yoʻlovchi qorongʻi dengizga qarab olib, mungli bir tovush bilan «Sendadir ovora koʻnglim, sendadir!» deb ashula aytardi.

Bu ashula oʻsha soati esimdan ham chiqib ketgan edi. Oradan oylar oʻtdi. Lekin bogʻchamizdagi ertangi gullar ochila boshlagan aprel kunlarining birida, hech nimadan-hech nima yoʻq, ana shu ashulani xirgoyi qila boshladim. Inson qalbi naqadar tushunib boʻlmaydigan bir muammo! Atigi bir martagina eshitgan shu ashulaning ohangini, soʻzlarini qanday qilib esda olib qolibman? Mana endi, nima bilan mashgʻul boʻlmayin: qushlarga suv beramanmi, derazamdan koʻrinib turgan dengizni tomosha qilamanmi, ishqilib, hammavaqt shu ashulani mingʻillab aytganim-aytgan. Kecha kechqurun shu ashulaning «Sendadir ovora koʻnglim, sendadir!» deyilgan soʻnggi misrasini takrorlab turib birdan yigʻlab yubordim. Bunga hech sabab yoʻq edi, chunki ashulaning na soʻzlarida gʻam bor edi va na ohangida. Aytdim-ku, asab!

Endi hech mahal bu ashulani aytmayman!

* * *
Ch..., 20 iyun.

Maktabda Nazmiya degan bir dugonam bor. Yigirma toʻrt-yigirma besh yoshlarda, chiroyli, xushchaqchaq, hazilkash bir qiz. Tili nihoyatda shirin. Har oqshom biron yerga taklif qilinadi. Muallimalarimiz uni uncha yoqtirishmaydi. Oʻzim ham uning toʻgʻrisida ancha-muncha past-baland gaplar eshitaman. Qaydam, balki chiroyli kiyingani uchun yoqtirishmas, koʻzlari kuyar?

Nazmiyani bir kapitanga unashib qoʻyishgan deyishadi. Juda yaxshi yigit emish. Lekin yigitning ota-onasi hozir nikohlariga rozilik bermayotganlari uchun yashiriqcha uchrashib turishar ekan. Nazmiya buni menga sir deb aytdi, birovga ogʻzingdan chiqarma, deb iltimos etdi.

Kecha uyda zerikkanimdan tars yorilib ketay deb oʻtirganimda Nazmiya kelib qoldi.
— Farida xonim, sizni olib ketgani keldim, — dedi. — Bugun Faridunning xolasi chaqirgan edi. Suv boshidagi bogʻlarida ziyofat berishar ekan. Sizni tanimasa ham salom aytdi, meni, albatta, olib kelasan deb yubordi.
— Qanday boʻladi? Bilmagan yerimga qanday boraman? — dedim.

Nazmiya koʻzlarida oʻpka bilan qaradi-da:
— Unashgan kishimning xolasi nima uchun senga begona boʻlar ekan? — dedi. — Men Faridunni sen bilan tanishtirib qoʻymoqchi edim: didimga qoyil qolasan deb oʻylayman. Sen bormasang, oʻlay agar, men ham bormayman.

Men bormaslik uchun talay bahonalar koʻrsatdim. Ammo hammasini Nazmiya rad etdi, tan berish kerak, bahonalarimning hammasi ham asossiz, bolalar bahonasiday sodda edi. Buning ustiga, yuqorida aytdim, Nazmiya juda shayton qiz, odamning u yogʻidan kirib, bu yogʻidan chiqadi.

U shuncha yalindi, shuncha yolvordiki, oxiri, iloj topolmay, xoʻp dedim.

Xoʻp deyishga dedim-u, lekin bir narsa meni xijil qilib qoʻydi. Munisani kiyintirmoqchi boʻluvdim, Nazmiya qoshlarini chimirib:
— Kichkinani ham olib bormoqchimisan? — dedi.
— Albatta! Boʻlmasa uni qanday qilib uyda yolgʻiz qoldirib ketaman? Yo xalaqit beradimi?
— Yoʻgʻ-e, nega xalaqit bersin? Borsa yana yaxshi. Gohi mahallar uyga tashlab ketarding-da...
— Toʻgʻri, lekin shu mahalgacha biron yerga yotib qolgani borgan emasman.

Men endi hech narsa koʻrmagan qiz emasdim. Shu ikki yil ichida boshimga ne-ne savdolar tushmadi, ne-ne narsalarni koʻrmadim, eshitmadim. Nima boʻldi, qanday jin meni chaldiki, oʻshanda Nazmiyaning soʻzlari menda shubha uygʻotmadi! Shunisiga hech tushuna olmayman. Balki zerikish, toza havoga intilish ishtiyoqi toʻgʻri yoʻldan ozdirgandir?

Kichkina izvosh bizni soyning ul yuziga olib oʻtdida, bogʻlar orasida, daraxtlar soyasida koʻmilgan tor yoʻl bilan olib ketdi. Yarim yo chorakam bir soatchalardan keyin bir boqqa kelib tushdik. Bu yerlar nihoyatda xilvat, nihoyatda chiroyli joylar edi. Yoʻlda qoʻy podasini uchratdik. Bir qari choʻpon dala qudugʻidan suv tortib, tosh togʻorada qoʻylarni sugʻoryapti. Ingichka moʻgizchalari bilan togʻora boshida bir-birlarini suzishgan uloqlar Munisa ikkalamizning esimizga Mazlumni tushirib yubordi. Izvoshdan irgʻib tushdigu, uloqlardan birini ushlab, uzun quloqlaridan, suv tomchilagan kichkina tumshuqchasidan oʻpdik. Bir koʻnglim choʻpondan bittasini sotib olay ham dedim. Lekin nima qilamiz? Axir yaqinda yana tashlab ketishga majbur boʻlamiz. Oʻz gʻamimiz boshimizdan oshib-toshib yotgani ustiga yana bir gʻamga nima hojat?

Biz tushgan bogʻ binosi uchi-ketini koʻz ilgʻayolmaydigan poyonsiz uzumzor oʻrtasida edi. Atrofi koʻm-koʻk daraxtlar bilan oʻrab olingan.

Faridunbeyning xolasi yoshi qaytgan semiz xotin ekan. Kiygan kiyimlari, oʻziga bergan orosi, toʻgʻrisini aysam, menga manzur boʻlmadi. Qari xotinga bunchalik zebu ziynat yarashmaydi. Sochlari sariqqa boʻyalgan, chakkalarida zulf, betlarida elik, qisqasi, taajjub narsa!

Bu xotin bizni ikkinchi qavatga boshlab chiqib, boshimdan chorshafimni oldi. Keyin xuddi hidlayotganday qilib, haddan ziyod bir takallufsizlik bilan betlarimdan oʻpdi-da:
— Qadr qilib kelganingga xursand boʻldim, olmos qizim! Gulbashakar deganlaricha bor ekansan, girgitton! Chindan ham odamning yeb yuborgisi keladi. Kuyib-yonganlaricha bor ekan, tasadduq, — dedi.

Juda yomon qizarib ketdim. Lekin sezdirmaslik kerak edi. Bu xotin nima deyayotganini oʻzi ham bilmaydigan ba’zi nodonlarga oʻxshaydi.

Munisa ikkalamizni uyda yolgʻiz qoldirishib, uzoq yoʻq boʻlib ketishdi. Quyosh botdi. Kechqurungi pushti yogʻdu chorbogʻni oʻrab olgan yashilliklar orasida sekin-sekin yoʻqolib bordi. Ichimdagi vahmni tarqatish uchun Munisa bilan hazillashardim. Lekin qani endi tarqalsa! Yuragimni vahm qurti kemirar, ichimni chiroq yoqsa yorimaydigan qorongʻilik bosib borardi.

Bogʻdan erkaklar, xotinlar ovozi, qahqahalari, shoʻxliklari, buzuq gʻijjakning sozlanayotgani eshitilardi.

Derazadan boshimni chiqarib qaradim, lekin qalin yaproqlar orasidan hech nimani koʻrib boʻlmasdi.

Nihoyat, zinapoyadan oyoq dupuri eshitildi. Bir ozdan keyin eshik ochilib, qoʻlida kattakon chiroq bilan uy bekasi kirib keldi.
— Oppoq qizim, seni joʻrttaga qorongʻida kuttirib qoʻydim. Kun botayotganda bogʻ shunday chiroyli boʻladiki, husniga hech toʻymaydi kishi.

Kampir chiroqning piligini tuzata turib, oydin kechalarda bu bogʻ jannat boʻlib ketishini ayta boshlaganda Nazmiya kirdi. Eshik tashqarisida harbiy formalik ikkita ofitserning uzun qorasi koʻrindi. Boshim ochiq edi, darrov oʻzimni olib qochib, qoʻllarim bilan sochlarimni yopmoqchi boʻldim.

Nazmiya kulib yubordi.
— Jonginam, muncha ham qishloqi boʻlmasang! Harholda, mening nishonlimdan[2] qochmassan deyman? Qoʻlingni tushir, voy xudo, uyat emasmi? — dedi.

Toʻgʻri aytadi, qochishga unchalik sabab ham yoʻq edi.

Ofitserlar tortinishib, ikkilanishib ichkari kirishdi. Nazmiya ulardan birini tanishtirdi:
— Faridunbey, nishonlim. Farida xonim, dugonam. Toleimga, ikkala yaxshi koʻrgan kishilarimning ham ismlari bir-biriga yaqin tushdi.

Yosh ofitser bu latifaga ogʻzini katta ochib kuldi. Hali-hali esimda, kichikligimda katta buvim gʻalati gugurt qutilar sotib olardi. Shularning ustida moʻylovlari buralgan, yelkalari chiqqan, jingalak sochlarining bir tutami koʻzlariga tushib turgan yarmarka oliftasining surati boʻlardi. Faridunbey ham ana oʻsha gugurt qutilarining biridan sakrab tushganday edi. Qoʻlimni takallufsizlik bilan dagʻal qoʻliga olib qisdi, silkitib turib:
— Xonim afandim, tashakkur, bizni nihoyatda minnatdor qildingiz, kechamizga sharaf berdingiz, salomat boʻling, — dedi.

Keyin orqasida turgan ofitserni tanishtirdi.
— Ijozat bersangiz, qulingiz ham oʻzining jona-jon doʻstini tanishtirsa: valiulne’matim mayor Burhoniddinbey. Doʻstimiz mayor, lekin biz bilgan oddiy mayorlardan emas, mashhur Soʻloqzodalarning kichik avlodi...

Soʻloqzodalarning bu kichik avlodi allaqachon qirq beshlarni urib qoʻygan edi. Sochlari bilan moʻylovlariga oq aralashgan. Kibor oiladan ekanligi hammayogʻidan koʻrinib turardi. Kiyinishi, turishi, soʻzlashi Faridundan butunlay boshqacha edi. Qiyofasi, oppoq sochlari oʻrtogʻi menda qoldirgan qoʻrquv aralash yomon taassurotni tarqatdi. Koʻnglim endi bir oz tinchiganday boʻldi.

Burhoniddinbeyning gaplari ravon, jonli edi. U boshini nozikkina egib, uzoqdan salom berdi. Keyin qaddini xiyol bukib:
— Burhoniddin bandangiz, — dedi. — Afandim, marhum padari buzrukvorimiz hamma mulklari ichida shu bogʻini koʻproq yaxshi koʻrardilar. «Bu yer juda xosiyatli. Men qancha baxt topgan boʻlsam, hammasini shu yerda topganman», deyardilar. Janoblarining tashrifi oliyalarini koʻrib, padari buzrukvorimizning soʻzlarini bir karomat deb bildim.

Burhoniddinbeyning bu soʻzlarini xushomad deb tushunish kerakdir. Lekin uning bu boqqa qanaqa aloqasi bor?

Men ajablanib Nazmiyaga qaradim, undan izoh kutardim. Lekin u menga qaramas, koʻzlarini yerdan koʻtarmas edi. Shu damgacha men bogʻning egasi deb bilgan xotin Munisani qoʻlidan yetaklab olib chiqib ketdi.

Shu yerda yarim soatdan ortiqroq valaqlashib oʻtirdik. Toʻgʻrirogʻi, ularning oʻzlari valaqlashdi. Chunki menda gapirish u yoqda tursin, gapni eshitishga ham majol qolmagan edi. Qoʻrquv ombur singari qalbimni qisar, nafasimni boʻgʻar, miyamni karaxt qilib borardi. Hech narsa tushunmas, hech narsa sezmas, inida hujumga uchragan jonivor bolasining idroksiz qoʻrquvi bilan burchakka tiqilib, shumshayib oʻtirardim.

Pastda birov gʻijjak chala boshladi, keyin gʻazal oʻqildi. Soʻngra yoʻgʻon va ingichka ovozlar aralashib bir necha ashula aytdi.

Nazmiya bilan nishonlisi divanda yonma-yon oʻtirishar, sekin-sekin surilishib bir-birining qoʻyniga kirib borishardi. Ularga orqamni oʻgirib oldim. Naqadar hayosiz odamlar-a! Kinolarda koʻrsatiladigan pastkash ishq sahnalaridan birini ikkita begona oldida sira uyalmiy, zarracha tortinmay oʻynashsa-ya!.. Ha, bular juda yomon, hayosiz odamlar!

Semiz xotin stolga bir necha shisha, ovqat tuzalgan patnis keltirib qoʻydi. Burhoniddinbey qoʻllarini choʻntaklariga solib olib, u yoq-bu yoqqa yurar, ora-sira bizga orqasini qilib stol oldida toʻxtar edi. Shu yurishlarning birida mayor oldimda toʻxtaganini, sekingina egilganini koʻrdim.
— Lutfan qabul qilmaydilarmi, kichik xonim? — dedi.

Men hayrat bilan koʻzlarimni koʻtardim. Qoʻlidagi kichkina qadahda yoqut singari qip-qizil ichimlik porladi. Boshimni chayqab rad etdim. Keyin past ovoz bilan:
— Xohlamayman, — dedim.

U yana ham koʻproq egildi, issiq nafasi yuzimga urildi.
— Zarar qilmaydi, kichik xonim. Dunyoning eng nozik, eng xushhazm likyori. Shunday emasmi, Nazmiya xonim?

Nazmiya boshini chayqadi.
— Majbur qilmang, Burhoniddinbey. Farida bu yerda oʻz uyida oʻtirganday oʻtiraversin. Koʻngli xohlaganini qilsin.

Burhoniddinbeyning oqara boshlagan sochlari, moʻmin va kibor chehrasi shu damgacha menga mubham bir ishonch berib kelgan edi. Endi undan ham qoʻrqa boshladim. Yo olloh, boshimga yana qanday balolar tushdi? Qayerga kelib qoldim? Endi qanday qutulaman?

Uydagi chiroqlar sekin-sekin oʻcha bordi. Koʻzlarimga choʻkkan bu qorongʻilik ichida mayda uchqunchalar uchishadi, musiqa sadosi quloqlarimga uzoq-uzoqlardagi dengiz oʻkirigidek eshitiladi.
— Oppoq qizim, ovqat mahali keldi, pastda bir necha mehmonimiz bor, sizni kutib oʻtirishibdi.

Bu soʻzlarni oʻsha semiz xotin kelib aytdi. Men hushimga kelganday boʻldim.
— Rahmat. Tobim qochibroq turibdi, meni qoʻya qoling, — dedim.

Nazmiya turib yonimga keldi.
— Faridaginam, xudo haqqi, yot kishilar yoʻq. Faridun bilan Burhoniddinbeyning bir-ikkita oshnasi, keyin ulardan ba’zilarining nishonlilari, xotinlari, ha, xotinlari, xolos. Chiqmasang ayb boʻlar, axir ular seni deb kelishgan.

Bilaklarimni Nazmiyaning qoʻlidan chiqarishga tirishar, kursining suyanchiqlariga tirmashib, oʻzimni burchakka urardim. Soʻz ogʻzimga kelmas edi. Tishlarimni mahkam siqib olmasam, bir-biriga urilib takirlay boshlardi.

Burhoniddinbey:
— Bizning burchimiz mehmon nima buyursa, nima xohlasa shuni qilishdir. Siz mehmonlarning yoniga tushing, Farida xonim picha betob boʻlib qoldilar deb ayting, Mengnoz xonim, bizning ovqatimizni shu yerga keltiring. Mehmonimni yolgʻiz qoldirmaslikni oʻzimning burchim deb bilaman.

Men bu gapni eshitib, jinni boʻlib qolayozdim. Uyda Burhoniddinbey bilan yolgʻiz qolay? U bilan oʻtirib ovqat qilay!

Nima qilayotganimni bilmasdan, buning ma’nosiga ham bormasdan sakrab kursidan turdim-u, jonimning boricha:
— Juda soz, xohlaganlaringiz boʻlsin! — deb qichqirdim.

Nazmiya nishonlisi bilan oldinda bordi. Burhoniddinbey esa mendan bir odim orqada keldi.

Qorongʻi tashqarining etagida bitta eshik ochildi. Oʻtkir yorugʻ koʻzlarimni birdan qamashtirdi. Shiftdan toʻkilib turgan kuchli yorugʻda gandiraklab bir necha odim yurdim. Devorlarda oynaklar porillar, bular mehmonxonani hadsiz-hisobsiz uzaytirib koʻrsatardi. Qandillar esa qorongʻida chopib ketayotgan mash’allar singari uzoq-uzoqlarga ketardi.

Nima boʻldi menga? Xuddi tushdagi singari juda koʻp koʻzlarni, erkak va ayollarning xira, bulgʻanch yuzlarini koʻryapman. Keyin birdan dahshatli qarsaklar yangradi. Ovozlar musiqa sadolarini bosib guvillar, kuchayar, togʻ shamoliday uzoq-uzoqlarga guldirab ketardi.
— Yashasin Burhoniddinbey! Yashasin Gulbashakar! Yashasin Gulbashakar! Gulbashakar!..

* * *

Koʻzlarimni ochib, oʻzimni Munisaning qoʻllarida koʻrdim. Kichkinam: «Opajonim! Opajonim!» deb yigʻlar, yuzini yuzimga bosib, hoʻl sochlarimni, atir achishtirgan koʻzlarimni oʻpardi. Ust-boshim jiqqa hoʻl edi. Olaqorongʻi xonada juda koʻp koʻzlar menga tikilib turganini his etardim. Birinchi qilgan harakatim ochiq boʻynimni qoʻllarim bilan yopish boʻldi.

Notanish bir tovush:
— Tashqariga chiqing, iltimos qilaman, tashqariga chiqing! — deb baqirardi.

Xiyol toʻlgʻanib oʻrnimdan turmoqchi boʻldim, lekin bir qoʻl yelkamdan ushladi.
— Qoʻrqma, qizim, qoʻrqma, hech nima boʻlgani yoʻq,— dedi.

Kipriklarimni xiyol ochib, bu soʻzni soʻylagan kishining yuziga qaradim. U hamisha mundirining oldi ochiq yuradigan semiz qoʻlogʻasi edi. U ham menga qaradi, ke- yin yonidagi kishiga oʻgirilib:
— Bechora, chindan ham yosh bola ekan, — dedi.

Nazmiya yonimda choʻkkalab olib, panjalarimni uqalar:
— Faridaginam, hushingga keldingmi? Bizni biram qoʻrqitib yubordingki! — deyardi.

Yuzini koʻrmaslik uchun boshimni teskari oʻgirib, koʻzlarimni yumib oldim.

Keyin bilsam, hushimdan ketibman-u, chorak soatcha oʻzimga kelmabman. Atir sepishibdi, jun yoqib hidlatishibdi, hech bir narsa kor qilmabdi. Axiri umidlarini uzib, shahardan doktor keltirgani arava ham tayyorlab qoʻyishibdi.

Oʻzimga kelganimdan keyin meni oʻsha aravada shaharga joʻnatishlarini iltimos qildim. Yoʻq deyishsa, kechasi boʻlganiga qaramay, yayov joʻnashdan ham toymasligimni aytdim. Chor-nochor rozi boʻlishdi. Semiz qoʻlogʻasi paltosini kiyib, aravakashning yoniga chiqib oldi.

Joʻnash paytimizda Burhoniddinbey oʻngʻaysizlanib yonimga keldi-da, yuzimga qarashga yuragi betlamay:
— Farida xonim, siz bizni juda xato tushundingiz, — dedi. — Ishoning: hech kimning sizga nisbatan yomon niyati yoʻq edi. Shunchaki sizni mehmon qilish, bogʻ saylida yayratish istagida edik. Istambulda tarbiya olgan, soʻngra, masalan, bir necha kun avval oʻrtoqlarimizning biri bilan hamsuhbat boʻlishdan tortinmagan kichik xonimning bu qadar yovvoyi tabiati borligini qayerdan bilibmiz? Yana qaytarib aytaman: sizga nisbatan yomon niyatimiz yoʻq edi. Shunday boʻlsa ham, xafa boʻlganingiz uchun sizdan uzr soʻrayman.

* * *

Arava bogʻlar orasidan tor yoʻllar zulmatiga shoʻngʻib ketdi. Bir burchakda sovuq yegandek shumshayib, koʻzlarimni yumib bordim. Xayolimda sekin-sekin boshqa kechaning savdosi gavdalana bordi. Qoʻzyotogʻidagi chorbogʻdan boshimni olib qorongʻi yoʻllarga tushgan kecham...

Xushboʻy lox daraxtining shoxlari sayabonli arava derazachasidan goho ichkariga kiradi-da, yuzimga, koʻzlarimga tegib, shirin xayollarimni quvadi.

Boshini aravaning narigi derazachasiga suyab oʻtirgan Munisaning chuqur-chuqur xoʻrsinganini eshitdim-u, past tovush bilan:
— Munisa, uygʻondingmi? — deb soʻradim.

Javob bermadi, boshini yana battar egib oldi. Razm solsam, bechoram yigʻlayapti! Misoli katta kishilarday, koʻz yoshlarini qorongʻilikda yashirib yigʻlayapti.

Qoʻllarini ushlab:
— Nima boʻldi, qoʻzim? — deb soʻradim.

Mendan koʻproq yashagan, mendan koʻproq aqli boʻlgan kishi iztirobi bilan boshimni quchoqladi, keyin qulogʻimga yaqin kelib:
— Opajonim, biram yigʻladim, biram qoʻrqdimki!.. Sizni nima uchun chaqirganlarini payqadim, opaginam! Endi zinhor unday yerlarga bormaylik! Xoʻpmi? Siz nima deysiz? Xudo koʻrsatmasin, onam singari... unda mening holim nima boʻladi, opajon?

Oh, qanday sharmandalik, qanday tushkunlik, yo rabbiy! Razolatga tushgan xotin singari bu kichkina qizdan uyalar, koʻzlarimni olib qochardim. Keyin boshimni uning kichkina tizzalariga qoʻydim, to uyga yetguncha, onasining quchogʻida yigʻlagan bola singari, piq-piq yigʻlab bordim.

* * *

Mudira xonimning uyiga borganimda, kun endi chiqqan edi. Boyoqish kampir shu qadar barvaqt kelganimni, koʻzlarimning yigʻidan qizarganini, rangimning sargʻayib ketganini koʻrib shoshib qoldi.
— Tinchlikdir, inshoolloh, Farida xonim! Nima boʻldi, qizim? Seni hech mahal bu kepatada koʻrmagan edim... Tobing joyidami?

Bu xotinning ogʻirligi, jiddiy va shiddatli chehrasi qalbimni ochishga yoʻl qoʻymay, meni hamisha qoʻrqitib kelardi. Lekin shu topda, shu begona yurtda dardimni ochishga undan boshqa kishim yoʻq edi. Innaykeyin, vazifam, xizmat burchim ham meni shunga majbur qilardi.

Kecha kechasi boʻlib oʻtgan voqeani uyalib-qizarib, dagʻ-dagʻ titrab turib aytib berdim. Biron nuqtasini yashirib qolmadim. Kampir soʻz qotmasdan, qoshlarini chimirib oʻtirab eshitdi. Hikoyamning oxirida qaddimni bukdim, qoʻllarimni choʻzdim, tasalli tilayotganday koʻzlariga termilib:
— Mudira xonim, — dedim, — siz mendan kattasiz, koʻproq narsa bilasiz. Xudo haqqi, toʻgʻrisini ayting. Nahotki men endi yomon xotin deb sanalsam?

Bu savol mudirada qattiq hayajon va alam uygʻotdi: iyagimdan ushlab yuzimni koʻtardi, koʻzlarimga yaqin kelib tikildi, lekin har vaqtdagiday mudira koʻzi bilan, yot-begona koʻzi bilan emas, yoʻq, sevguvchi koʻzi bilan, mehribon ona koʻzi bilan tikildi. Keyin iyagimni siladi, tizzasida turgan qoʻlimni suyib siypadi, titroq tovush bilan sekin-sekin gap boshladi:
— Farida, sening bu qadar mas’um, halol qiz ekaningni shu kunchaga aqlimga ham keltirmagan edim. Yaxshi muomalaga, katta sevgiga sazovor qiz ekansan. Bechoraginam... Eh, u Nazmiya-ya! Qizim, men anchagina narsani bilaman. Hamma narsani fahmlayman. Lekin dunyo shunaqa dunyoki, bilgan narsalaringning koʻpginasini yashirishga majbursan. Nazmiya koʻp yomon xotin. Maktabni u keltirayotgan isnodlardan qutqazish uchun koʻp harakat qildim, kattalarga yalinib-yolvordim. Boʻlmadi, harakatlarim zoye ketdi. Uni joyidan qimirlatib boʻlmaydi. Chunki shahar baladiya boshligʻidan, garnizon boshligʻidan tortib batalon imomigacha haddi-hisobsiz homiylari bor. Nazmiya bu yerdan kesa, kibor xonimlarga kim laganbardorlik qiladi? Katta amaldorlar yashiriqcha quradigan ayshu ishrat kechalarida kim ud chaladi, kim oʻynab beradi? Burhoniddinbey singari pastkash maxluqlar senday mas’um, sof, pokiza, goʻzal qizlarni qanday qilib qoʻlga tushiradi? Farida, ularning senga qoʻygan tuzoqlarini juda yaxshi tushunaman. Ana oʻsha Burhoniddinbey otasidan qolgan butun molu mulkini baxti qora xotinlarni rasvo qilish, koʻp oilalarning yostigʻini quritish uchun sovurib kelayotgan qari maishatparastdir. Husni, chiroyi butun Ch... aholisining ogʻzidan tushmay kelayotgan yoshgina qizni qoʻlga tushirish uning uchun izzat-nafs masalasi boʻlishi kerak! Yosh ofitserlar koʻchalarda qilichlarini shiqirlatib yoʻliga koʻz tutgan, chorshaf ostidagi yuzini bir koʻrishni oʻzlari uchun gʻalaba deb bilgan yosh qizni ayshu ishrat olamiga qoʻltiqlab kirish, oʻzi singari shahvatparastlarni «Yashasin Burhoniddinbey!» deb qichqirtirish — uning uchun sharaf hisoblanadi.

Innaykeyin, Ehsonbey bilan gaplashganing ham qulogʻiga yetgan. Payqayapsanmi, qizim? Ana shundan ke- yin Nazmiyani oʻrtaga solishgan. Kim biladi, unga nima va’da qilishgan ekan? Oqibat, boshingga shu oʻyinni solishgan. Shunchalik oson qutulganingga shukur qil, qizim! Endi, qizim, shaharda qolishing toʻgʻri kelmaydi. Bu gap ikki-uch kun ichida butun shaharga tarqaladi. Birinchi kema bilan tezda joʻnab ketishing kerak. Boradigan yering, qarindosh-urugʻlaring, tanish-bilishlaring bormi?
— Mudira xonim, mening hech kimim yoʻq.
— Unday boʻlsa, Izmirga bor. U yerda mening ikkita tanishim bor. Biri — muallima, ikkinchisi — maorif boʻlimining sarkotibi. Men xat yozib beraman. Qoʻlidan kelgan yordamini ayamas, biron yerdan dars topib berar, deb umid qilaman.

Uning mehribonligi yuragimni ilitdi. Yomgʻirda, qorda oʻlishdan qutqazilgan mushuk bolasi singari mudira xonimga suqilar, sochlarimni silayotgan qoʻllariga qoʻrqa-pisa betlarimni surtar, keyin u qoʻllarini agʻdarib, kaftlaridan oʻpardim.

Kampir chuqurgina xoʻrsinib olgandan keyin soʻzini yana davom ettirdi:
— Shu ahvolda uyingga qaytishing toʻgʻri boʻlmaydi, Farida. Yur, qizim, seni yuqoriga olib chiqib yotqizay, picha uxlab ol. Ul-bullaring bilan Munisani oʻzim borib olib kelaman. Ketguningcha menikida turasan.

Mudiraning yuqori qavatdagi xonasida kechgacha goh uygʻonib, goh uxlab yotdim. Koʻzlarimni ochguday boʻlsam, bechora yonimga yugurib keladi-da, qoʻlini peshonamga qoʻyadi, Ch... qizlari singari qoʻshkokil qilib oʻrib olgan sochlarimni silaydi.
— Tobing qochdimi, Farida? Biron yering ogʻriyaptimi, qizim? — deb soʻraydi.

Hech yerim ogʻrimas, soppa-sogʻ edim. Faqat behol boʻlib boshimni yostiqqa tashlar, kichkina boladay noz qilib yotardim. Menga shunday tuyulardiki, u meni qancha koʻp oʻpsa, silab-siypasa, yangi topgan onam mehrining qalbimda yana ham koʻproq harorati qoladi va kelajakda boshimga tushadigan yolgʻizlik, betoblik kunlarida, hadya dastroʻmollarda qolgan hid singari, menga tasalli boʻladi.

* * *
«Ma-li-kai Ma-riya» ke-ma-si, 2 iyul.

Shamoldan saqlanish uchun paltomni kiyib, oy botguncha tepada oʻtirdim. Palubada hech kim yoʻq edi. Faqat kechqurundan beri vaziyatini oʻzgartirmagan bir novcha yoʻlovchi tirsaklarini palubaning temir panjasiga qoʻyib olib, shamolda hushtak bilan mungli kuylar chalardi.

Men dengizni bilaman, uni yaxshi koʻraman; menga oʻzining ichki hayoti bilan yashovchi jonli narsaday koʻrinadi: har doim kuladi, soʻylaydi, ingraydi, qahrlanadi. Lekin shu kecha u suv sahrosi qudrati, tasallisi boʻlmagan poyonsiz yolgʻizlikka oʻxshab koʻrindi.

Kechaning rutubati suyak-suyagimdan oʻtib ketganday dagʻ-dagʻ titrab pastga tushdim. Munisa kayutada uxlab yotardi. Ana shu poyonsiz yolgʻizlikning qalbi urayotganday dengiz tubidan kelayotgan shov-shuvlarga quloq solib oʻtirib xotiralarimni yozar edim.

* * *

Bugun mudira xonim meni limangacha uzatib keldi. Tanishlarimning hech biri biln xayrlashmadim. Faqat xolamga oʻxshagan kampirnikiga kirdim, koʻzlarimni yumdim-u soʻnggi marta «Farida» deb otimni aytganini eshitdim.

B...da Mazlumni qoldirgan boʻlsak, bu yerda qushlarni tashlab ketishga toʻgʻri keldi. Ularni mudira xonimga topshirdim, ovqatidan, suvidan xabar olib turishini iltimos qildim. Lekin mudira xonim:
— Farida, agar ularni shunchalik yaxshi koʻrsang, kel, oʻz qoʻling bilan ozod qil, savob boʻladi, — dedi.

Ichim toʻla mung bilan kulimsiradim.
— Yoʻq, mudira xonim, — dedim, — burunlari men ham siz singari shunday oʻylardim. Lekin endi fikrim oʻzgardi. Qushlar nima xohlaganliklarini oʻzlari ham bilmaydigan gunohsiz, aqlsiz jonivorlar. Qafasdan qochguncha oʻzlarini urib, potirlashadi. Biroq ularni tashqarida baxt kutib turganiga ishonasizmi? Yoʻq, aslo unday emas! Mening nazarimda, bu shoʻrliklar har nima boʻlganda ham oʻz qafaslariga oʻrganib qolishadi, ochiq havoga chiqishganlarida-chi? Oʻ-oʻ, daraxt shoxida, boshlarini qanotlari ichiga suqib olib oʻtkazgan kechalarida to ertalabgacha qafaslarini qoʻmsaydilar, kichkina koʻzchalarini yorugʻ derazalarga tikib hasrat chekadilar. Qushlarni zoʻrlik bilan qafaslariga solish kerak, mudira xonim, zoʻrlik bilan, zoʻrlik bilan!..

Koʻz yoshlarim nafasimni boʻgʻdi, kampir betlarimni silab:
— Farida, juda gʻalati qizsan-da. Odam degan shunchaki narsaga ham yigʻlaydimi? — dedi.

* * *

Kemada men bilan Ch... da chiqqan bir qancha yoʻlovchi bor edi. Shular orasidagi ikkita ofitserning suhbati qulogʻimga chalindi.

Yoshi oʻzidan kattasiga deyardi:
— Ehsonbey toʻrt kun avval yoʻlga chiqishi kerak edi. Bir necha kun kutgin, Bayrutga birga joʻnaymiz, dedim. Mening gapimga kirdi-yu, qoldi. Shunday qilib, uning boshiga tushgan baloga men sababchi boʻldim. Agar toʻrt kun ilgari joʻnab ketgan boʻlsa, bu savdolarga qolmas edi.

Yoshi kattasi:
— Haqiqatan ham achinadigan voqea, — dedi.
— Hayronman, Ehson shunaqa tez emasdi-ku? Nima boʻldi, voqeaning tafsilotidan xabaring bormi?
— Men oʻz koʻzim bilan koʻrdim-ku! Kecha balandiya kazinosida edik. Burhoniddinbey bilyard oʻynayotgan edi. Shu mahal Ehson eshikdan kirdi-yu, mayorni bir chetga tortib, allanimalar deya boshladi. Oldin hovliqishmasdan, past ovoz bilan gaplashishdi. Oʻrtada nima oʻtganini bilmayman. Birdaniga Ehson picha orqasiga chekindi-yu, Burhoniddinbeyga oʻxshatib shapaloq tushirdi. Mayor toʻpponchasiga qoʻl yugurtirdi. Lekin Ehson undan oldinroq toʻpponchasini chiqardi. Shu on bir necha kishi birdaniga ustlariga tashlanmasa, qon toʻkilishi turgan gap edi. Ertaga harbiy tribunal Ehson masalasini koʻradi. Bizlardan birontamiz shu ishni qilganimizdami, holimizga maymunlar yigʻlardi. Chamamda, Ehson poshoning bir nimasi boʻlsa kerak.
— Xotinining jiyani, emizib katta qilgan oʻgʻli.
— Unday boʻlsa, kichkina jazo bilan qutulib ketadi. Ammo-lekin Burhonning betiga tushirib xoʻp yaxshi qilibdi. Yomon quturib ketgan edi muttaham.
— Darvoqe, nimaga janjal qilishibdi?
— Ikkalasining ham gapiga qaraganda, siyosat talashib janjal qilishgan emish. Shu armiyani siyosatdan hech qutqazishmadi, qutqazishmadi-da!
— Xudo haqqi, menga qolsa, bu yerda xotin janjali bor. Burhonni bilmaysanmi?

Ofitserlar oʻzaro gaplashishib yonimdan oʻtib ketishdi.

Kema joʻnash oldida bir chol qayiqchi kayutamga keltirib bergan guldastaning kimdan ekanligini endi payqadim.

Ehsonbey, hayotda sizni balki hech mahal uchratmasman yoki uchratsam ham sizni tanimaganga solib oʻtib ketarman. Lekin meni deb harbiy sudga tushishdan toymagan kuningizda meni yana eslaganingiz uchun sizni bir umr unutmayman. Kimdan ekanligini ayttirmay kirgizgan va shu bilan qalbingizning nozikligini bildirgan gullaringizdan bitta yaproqchasini daftarimda, xotiringizni esa eng toza, pok narsa kabi qalbimda saqlayman!

Tashqarida boyagi kimsasiz yoʻlchi mungli kuylarini hamon hushtak bilan chalib turardi. Kayutamning ochiq derazasidan boshimni chiqardim. Dengiz ustida harir tong pardasi koʻrindi. U xuddi suvdan koʻtarilayotgan bugʻni eslatardi.

Choliqushi, yot endi! Uyqusiz kecha va horgʻinlik bechora koʻzlaringni achishtiryapti. Tongdan nimani kutasan? Axir tong — uzoq-uzoqlarda uyquga va yana boshqa narsalarga qongan sariq gullarning baxtiyor koʻzlarini ochadigan dam-ku!

Toʻrtinchi qism

Iz-mir, 20 sen-tyabr.

Mana, uch oydan beri Izmirdaman. Ishlarimning mazasi yoʻq. Endi bitta umidim qoldi. Ertaga u ham puchga chiqsa, bilmayman, nima qilar ekanman. Buni oʻylashga yuragim betlamaydi. Ch... dagi maktab mudirasining tavsiyanomasi bilan uchrashishim lozim boʻlgan kishi men kelmasdan bir oy avval kasal boʻlib, Istambulga olti oy dam olgani ketibdi. Chor-nochor oʻzim maorif boʻlimining mudiriga bordim. U yerda kimni koʻrdim deng?.. B... dagi oʻsha mudrab oʻtiradigan, allahlayotganga oʻxshab gapiradigan battolni koʻrmayinmi! Tabiat qarashdan ham koʻproq uxlash uchun yaratgan u mudroq koʻzlar meni hech tanimadi.
— Uch-toʻrt kundan keyin xabar oling, bir nima qilamiz, — dedi.

Uch-toʻrt kun degani — uning tilida bir-ikki oy degani edi. Nachora, shunday ham boʻldi.

Bugun yana xabar olgani bordim. Mudir bu safar qittay iltifot koʻrsatdi. Halim, mas’um tovushi bilan yorila boshladi:
— Qizim, bu yerdan ikki soatlik masofada bitta boʻlis maktabi bor. Ob-havosi yaxshi, manzarasi nihoyatda chiroyli joy...

Bu nutq meni Zaynilar qishlogʻiga yuborilayotgandagi nutqning oʻzginasi edi. Birdan jinniligim tutdi-yu, kulib, soʻzini ogʻzidan oldim:
— Oʻzingizni urintirmang, bey afandi, sizning oʻrningizga men gapiray, — dedim. — Maorif boʻlimi koʻp mehnat va mablagʻ sarf qilib, maktabni butunlay yangiladi. Endi u menday yosh muallimaning himmat va fidokorligiga muhtoj, shundaymi? Mersi, bey afandi. Bu iltifotingizni bir marta Zaynilar qishlogʻiga ketayotganimda koʻrgan edim.

Bu soʻzlarni aytib turganimda, albatta, mudir meni quvib chiqaradi, deb ishongan edim. Lekin qiziq boʻldi. Jahli chiqmadi, aksincha, qah-qah urib kulib yubordi. Keyin faylasufnamo:
— Nachora qizim? Vazifa burchi. Sen bormasang, u bormasa, kim boradi, axir, — dedi.

Maorif boʻlimining idorasida ish bilan kelgan odamlar hamisha toʻlib-toshib yotadi. Burchakdagi kursidan birdan xirqi tovush koʻtarildi:
— Voy, bu yana qanday yongʻoq qurti, a?

Yongʻoq qurti? Ipak qurti, Gulbashakar deb-ku jonimni olishgan edi, endi yongʻoq qurti boʻlishim qolgan ekan-da?

Men choʻrt oʻgirildim. Menga turli-tuman ismlar, oʻz mayllariga qarab goh «shirin», goh «qurt» kabi ismlar bergan hayosizlardan birini tutib oldim. Endi uning ta’zirini yaxshilab bermoqchi, boshqalarning alamini bundan chiqarib olmoqchi boʻlib turganimda, u soʻzlashga imkon bermay, maorif boʻlimi mudiri tomonga oʻgirildi-yu, buyruq berayotganday qilib:
— Kichik xonim nimani xohlasa ber, xudo haqqi, xafa qilma qizaloqni, — dedi. Mudir gʻoyat hurmat bilan javob berdi:
— Buyruqlarini bajo keltirishga tayyorman, Rashidbey afandi. Lekin hozir haqiqatan ham bizda boʻsh oʻrin yoʻq. Faqat rushdiyaning fransuzcha muallimaligi oʻrni bor, xolos. Albatta, bu oʻrin xonimga toʻgʻri kelmaydi.
— Nega toʻgʻri kelmas ekan, afandim? — dedim oʻzimni tutolmay. — Axir joriyangiz B...dagi xotin-qizlar bilim yurtida fransuz tilini oʻqitgan-ku!

Mudir shoshib qoldi.
— Shunaqa, lekin konkurs e’lon qilganmiz. Ertaga imtihon.

Rashidbey:
— Juda soz! Kichik xonim ham konkursga qatnashsin, xoʻpmi? — dedi. — Oʻzim ham imtihonda boʻlaman, xudo xohlasa, men kelmasdan imtihon boshlanmas...

Rashidbey, chamamda, katta odam boʻlsa kerak. Lekin, voy xudo-ey, munchayam badburush-a! Xunuk basharasini koʻrib, kulib yubormaslik uchun lablarimni mahkam tishlab turdim. Odam degan yo bugʻdoyrang, yo oq boʻladi, shunday emasmi? Bu bey afandining yuzida yangigina bitgan yaralarning zahilligidan tortib koʻmir qorasigacha boʻlgan ming xil rang bor edi. Terisining tusi shu qadar mogʻor ediki, yoqasining kir boʻlib ketmaganiga odam hayron qoladi. Bamisoli birov hazillashib qoʻlini qora kuyaga tiqqan-u, keyin buning yuziga keltirib surtgan deysiz. Yaraga oʻxshash qip-qizil, kipriksiz qovoqlari ostida bir-biriga tutashguday boʻlib ketgan baqa koʻzlar. Oppoq moʻylovlari ustidan lablarigacha osilib tushgan gʻalati burun. Lunjlarini bir tomosha qiladigan. Xuddi maymunlar ogʻizlariga yongʻoq toʻlgʻazib olganlaridagi singari lunjlari yuzining ikki yogʻidan osilib tushgan.

Ammo rosa mahovat qilib yubordim. Haqiqatni aytganda, Rashidbek afandining bir necha ogʻiz soʻz bilan menga qilgan yaxshiligi hazilakam narsa emas. Harholda, tabiat bu bey afandining yuzini chizgandan soʻng juda haddidan oshib ketganini koʻrgan-u, adolatsizligini yuvish uchun unga ajoyib qalb bergan.

Meningcha, koʻngil goʻzalligi yuz-koʻz goʻzalligidan ming chandon yaxshiroq!

Qalbsiz goʻzallik bechora xolavachcha qizlarning hayotini barbod qilishdan, koʻnglini sindirishdan boshqa nimaga ham yarardi!

* * *
Iz-mir, 22 sen-tyabr.

Bugun konkursga qatnashdim. Yozuv imtihoni yomon oʻtdi. «Istiqsor, istismor, istitof kabi otlardan yasalgan sakkiz-oʻn fe’lning oʻtmish va hozirgi zamon shakllarini fransuzcha yozib koʻrsating», — deyishdi. Bu soʻzlarning turkchasini bilsaydimki, fransuzchasini yozsam! Lekin ogʻzaki imtihon yaxshi oʻtdi. Rashidbey afandi men bilan fransuzcha soʻzlashdi. Imtihonda albatta yutib chiqishimni soʻz orasida ishora qilib ketdi.

E xudo, Munisaga rahming kelsin-da!

* * *
Iz-mir, 25 sentabr.

Bugungi konkurs natijalari e’lon qilindi. Men imtihondan oʻtolmabman. Maorif boʻlimining kotiblaridan biri:
— Rashidbey afandi xohlasa, albatta, oʻtardingiz. Uning ra’yiga kim qarshi chiqa olardi? Nazarimda, biron niyati boʻlsa kerak, — dedi.

Ahvolim juda ogʻir. Ikki kundan keyin uyning ijara haqini toʻlashim kerak. Onamdan qolgan soʻnggi medalon qora kunimga yaradi. Bugun uni qoʻshnilarimdan biriga berdim, eriga sottirib, pulini olib kelib beradi. Bu yodgordan ajraganim uchun juda achindim, chunki ichida oyim bilan otam uylangan yillarida tushgan suratlari bor edi. Bechora surat endi yalangʻoch qoldi! Lekin bu haqda ham oʻzimga tasalli topdim:
— Onam bilan otam bir parcha oltin ichida yotgandan koʻra, kimsasiz qizlarining qalbida yashashni, albatta, afzal koʻrishadi, — dedim.

* * *
Iz-mir, 27 sen-tyabr.

Bugun Rashidbey afandidan bir parcha xat oldim. U menga ish topibdi. Bu haqda gaplashish uchun meni Qarshiyoqadagi chorbogʻiga taklif qilibdi. Maorif boʻlimidagi kotib bu beyning menga qarshilik qilganini aytib edi. Demak, notoʻgʻri aytgan ekan-da? Koʻramiz, ertaga ma’lum boʻladi.

* * *
Iz-mir, 28 sen-tyabr.

Rashidbey afandining Qarshiyoqadagi chorbogʻidan hozirgina qaytib keldim. Chorbogʻi chinakam saroyga oʻxshaydi. U kishiga nima uchun shuncha hurmat bilan qarashlarining sababini endi payqadim.

Rashidbey meni hurmat-ehtirom bilan qabul qildi. Fransuzcha gapirishimni juda yoqtirganini, lekin hamkasblarining menga qilgan adolatsizliklariga mone boʻlolmaganligini aytdi. Xatida tilga olingan ish esa qizlarini fransuzchaga oʻqitish ishi emish.
— Xonim qizim, — dedi, — iste’dodingiz kabi odob va qiyofangiz ham menga juda manzur boʻldi. Maorif maktablarida oʻzingizga jabr qilib nima qilasiz? Qizlarimga fransuz tilini oʻrgating. Biz bilan birga oʻtirib, birga turasiz. Sizga bitta chiroyli xona beramiz, xoʻpmi?

Bu aslida murabbiyalik edi. Harholda, maktabda muallimalik qilishdan ancha tinch, ancha foydali ish boʻlsa kerak. Lekin, afsuski, men bu ishni azaldan yomon koʻrar, xizmatkorlikday bir narsa deb qarab kelardim.

Rashidbeyni xafa qilish toʻgʻri boʻlmasdi. Koʻrsatgan ishonchi va marhamati uchun tashakkur bildirdim. Lekin Munisani bahona qilib taklifini qabul etolmasligimni aytdim. Rashidbey esa bu sababni asossiz deb topdi.
— Uni ham boshimiz ustida koʻtaramiz, qizim. Bir kichkina bola faqirxonamizga qanchalik yuk boʻlardi? — dedi.

Shunday boʻlsa ham qat’iy javobimni bermadim. Uch kun muhlat soʻradim. Oxirgi marta harakat qilib koʻraman. Rasmiy joydan ish topsam — yaxshi, topmasam — nachora!

* * *
Qar-shiyoqa, 3 ok-tyabr.

Munisa ikkalamizga koʻshkning ustki qavatidan qush qafasi singari kichkina, shiringina hujra berishdi. Derazasidan dengiz koʻrinib turadi.

Yarim kechagacha derazam yonida oʻtirib, buxta bilan dengizni tomosha qildim. Derazadan butun koʻrfaz koʻrinib turadi. Roʻparada Izmir, yulduzlar sochilib yotgan oq bulut pagʻalari singari tepalari muhtasham bir illyuminatsiya nurlari ichida porlagan Kordon koʻchasi bilan shu qadar goʻzalki, kishining hushini oladi.

Ochigʻini aysam, roʻparadagi Qarshiyoqa buxtasi menga hammasidan ham koʻproq yoqdi. U yerda naqadar goʻzal, naqadar jozibali hayot bor. Yarim kechagacha tramvaylar qatnaydi, gaz fonarlarning yashil yogʻdularida yoshlar toʻdasi keti uzilmay yuradi. Uzoqda dengizga qizil, yashil nurlar sochib turgan kazinoda chalinayotgan gitaralarning goh shoʻx, goh mungli sadolari eshitiladi.

Bilmayman, nega menga bunday tuyular ekan? Men u yerda sayr qilib yurganlarning kiyimlaridagi oq yo qora dogʻlarnigina koʻraman. Ularning hammasi bir-birlarini sevuvchi nishonlilar boʻlib tuyuldi. Faqat ulargina emas, balki qorongʻi burchaklarda, dengizda, qorlari dangal koʻrinib turgan qoyalar orasida ham ana shularday oshiq-ma’shuqlar yurganday boʻladi.

Dengizdan kelgan shov-shuv sevishganlar shipshishiday eshitiladi. Kechaning koʻkragimni toʻldirgan iliq nafasi — boshlarini yor koʻksiga qoʻyib, nigohlarini oshiqlarining tungi dengizlar kabi qoraygan yashil koʻzlariga tikkan yosh qizlarning haroratli lablaridan kelayotganday...

* * *

Meni bu chorbogʻda yosh bekaday hurmat bilan kutib olishdi. Oʻz yukim hech mahal menga ogʻirlik qilmagan edi. Shunga qaramay, chamadonimni yuqoriga koʻtarib chiqishimga yoʻl qoʻyishmadi. Uni qari xizmatkor unamaganimga qoʻymay qoʻlimdan oldi. Men undan juda minnatdorman. Munisa esa bunday narsalarni tushunishga hali yoshlik qiladi. Chorbogʻ hashamati uning koʻzlarini qamashtirib qoʻydi. Yuqoriga chiqib ketayotganimizda, Munisa har vaqt uyimizda qilib yuradigan hazilni takrorladi. Zinaning yarmiga chiqqanimda, birdan etagimga osildi-yu, pogʻonadan pastga torta boshladi. Men darrov qoʻlidan ushlab, qulogʻiga shivirladim:
— Munisa, biz birovning uyidamiz-a, bolam... Xudo nasib qilsa, oʻzimizning uyimiz boʻlar, unda...

Kichkinam birdan toʻxtadi, gapimga tushungan edi. Hujraga kirganimizda kulchaday chiroyli yuzida sevinchdan asar qolmagan edi. Bolam bechora dardimni juda nozik tushunadi. Boʻynimga osildi, har mahalgidan ham qattiqroq bagʻrimga suqildi, yuz-koʻzlarimdan choʻlp-choʻlp oʻpdi.

* * *

Derazani yopa turib, tashqariga yana bir marta qaradim: odamlar tarqalgan, chiroqlar oʻchgan, haligina qirgʻoq fonarlari bilan oʻynashgan dengiz endi qumloq qirgʻoqdan ancha chekinib, pish-pish uxlayotgan bola singari, qoyalarning oppoq yostigʻiga bosh qoʻygan.

* * *

Bugun shu yoqqa kelayotganimda... Yoʻq, buni yozolmayman. Keyin...

* * *
Qar-shiyoqa, 7 ok-tyabr.

Rashidbeyning chorbogʻida kunimiz yomon oʻtmayapti. Ikkita qizni oʻqitaman: biri — mening yoshimda, ikkinchisi kichikroq. Kattasining ismi Farxunda, husnda otasining oʻzginasi. Buning ustiga oʻlguday injiq ham. Kichigi — Sabohat, bu opasining teskarisi, xuddi qoʻgʻirchoqday chiroyli, shirin, qaqajon qiz.

Xizmatkor xotinlardan biri bir kuni koʻzini ma’noli qisib:
— U mahal rahmatli xonim afandi kasal edilar. Bitta yoshgina harbiy doktor kelib xabar olib turardi. Xonim afandi oʻsha doktorning yuziga koʻp qaraganlari uchun shunaqa chiroyli qiz tuqqanlar, — dedi.

Mening hadigim koʻproq xizmatkor xotinlardan edi. Haqiqatni yashirishning nima keragi bor, axir men ham oʻshalarning bittasiman-ku? Lekin men juda ehtiyot boʻldim, hech biriga ish buyurmadim... Shuning uchun meni hurmat qilishadi. Darvoqe, bunda Rashidbey afandi tomonidan menga koʻrsatilayotgan e’tiborning ham ta’siri boʻlsa kerak, deb oʻylayman.

Chorbogʻning eng katta nuqsoni — ari iniday gʻuvillab turishi edi. Mehmonlarning keti uzilmaydi. Bitta mehmon keldimi boʻldi: Farhunda bilan Sabohat mehmon oldiga chiqing, deb hol-jonimga qoʻyishmaydi, bu esa menga hech yoqmaydi. Bunisi ham goʻrga-ya, Rashidbey afandining katta oʻgʻli Jamilbeyning chorbogʻda turishi meni yomon dilgir qiladi. Oʻttizlarga kirib qolgan bema’ni, badhazm yigit... Yilning oʻn oyini Yevropada otasining molu dunyosini sovurish bilan, ikki oyini esa shu yerda, Izmirda bekorchilik bilan oʻtkazar ekan. Xayriyat, ana shu ikki oyning soʻnggi kunlarini kechirib turibmiz. Aks holda, chorbogʻni bundan uch kun avval tashlab ketgan boʻlardim. Uyda boʻlsa senga nima, deyarsiz? Men ham shunday deb oʻylagan edim, lekin yanglishibman...

Uch kun avval Farhunda bilan Sabohat meni pastdagi mehmonxonada kechgacha ushlab qolishdi. Ulardan zoʻrgʻa qutulib, qorongʻida tepaga chiqib ketayotgan edim, uchinchi qavat zinapoyasining maydonchasida turgan bir erkak qorasini koʻrib, yurak-puragim chiqib ketdi. Apil-tapil orqaga tashlandim. Lekin shu on Jamilbey sharpa qilib qoldi:
— Qoʻrqmang, kichik xonim, menman, — dedi.

Yon tomondagi derazalarning biridan Jamilbeyning yuziga xiragina yorugʻ tushib turgan edi.
— Kechirasiz, bey afandi, qoʻqqisdan taniy olmadim, — dedim-u, yonidan oʻtib ketmoqchi boʻldim.

Lekin Jamilbey oʻngga bir qadam tashlab, yoʻlimni toʻsib oldi.
— Uyqum qochib, derazadan oyning chiqishini tomosha qilmoqchi boʻlib turgan edim, kichik xonim, — dedi.

Niyatini payqadim. Shuning uchun oʻzimni hech nima sezmaganga solib, sekin oʻtib ketmoqchi boʻldim, ammo u gapirib qoldi. Gapini javobsiz qoldirmaslik uchun men ham:
— Hozir oy chiqadigan vaqt emas-ku, afandim, — dedim.

U past ovoz bilan:
— Nega chiqmas ekan, kichik xonim? — dedi. — Hozir zinapoyadan chiqqan mana bu toʻlin oy-chi? Buning jon olguvchi yogʻdusini qarang, qaysi oydan kam, ajabo?

Jamilbey birdan bilaklarimga yopishdi, haroratli nafasi yuzimga urildi, men jon-jahdim bilan oʻzimni orqaga tashladim. Orqamda zinapoya panjarasi boʻlmasa, toʻppa-toʻgʻri pastga agʻdarilib tushardim. Panjaraga boshimni yomon urib oldim. «Voy!» deb yuborganimni oʻzim ham bilmay qoldim.

Jamilbey sharpa qilmay yana yonimga yetib keldi. Yuzini koʻrmasam ham sarosimada, hayajon ichida ekanini sezib turardim.
— Farida xonim, kechiring meni. Biron yeringizni urib oldingizmi? — dedi. «Yoʻq, hech nima emas, faqat meni oʻz holimga qoʻying!» deb yolvormoqchi boʻlgan edim, lekin ogʻzimdan boʻgʻiq bir faryoddan boshqa narsa chiqmadi. Ovozimni chiqarmaslik uchun darrov roʻmolcham bilan ogʻzimni yopdim. Roʻmolcham iviganday boʻldi, qarasam, labim qonabdi. Zinapoya derazasining yonida edik. Undan tushib turgan xira yorugʻda Jamilbey ham qonni koʻrdi. U vahm titrogʻi sezilib turgan tovush bilan:
— Farida xonim, men dunyodagi eng pastkash odamning ishini qildim, — dedi. — Meni kechiring, kechirganingizni aytish muruvvatini ayamang, Farida xonim.

Qilingan odobsizlikdan keyin oʻqilgan bu odob va’zi tuklarimni hurpaytirib, jasoratimni yana oʻzimga qaytardi.

Dagʻal tovush bilan:
— Muomalangizda hech qanday gʻayritabiiylik yoʻq, afandim, — dedim. — Xizmatkor xotinlarga, asrab olingan qizlarga bu xil muomala qilish odatga kirib qolgan... Xizmatkor xotinlar va sigʻinib kun koʻruvchi mushtiparlar vaziyatidan farq qilmaydigan bir vaziyatda uylaringizga kelishga rozi boʻlganimda, men bu narsalarni koʻzdan qochirmagan edim. Birovga aytib qoʻyadi, deb qoʻrqmang. Ertaga biron bahona bilan bu yerdan ketaman.

Shu soʻzlarni aytdim-u, zinapoyadan xotirjam, parvosiz chiqib borib uyimga kirib ketdim.

* * *

Bir qoʻlimga chamadonimni olib, ikkinchi qoʻlim bilan Munisani yetaklab eshikdan chiqib ketishim oson. Lekin qayerga boraman? Mana, oradan uch kun oʻtib ketgan boʻlsa ham, hanuz qarorimni amalga oshirganim yoʻq, haligacha shu yerdaman. Bu yerga kelgan kecham daftarimga yozishga uyalgan narsamni mana endi boʻynimga olish payti keldi.

Men bu yerga kechqurun, qosh qoraygan paytda kelgan edim. Xoʻsh, kechani oʻz uyimda oʻtkazib, ertalab kelsam boʻlmasmidi? Albatta, yaxshi boʻlardi. Lekin, nachora, iloji yoʻq edi.

Bu yerga kelgan oʻsha baxti qora kechamda chorbogʻ mehmonlar bilan liq toʻla edi. Rashidbey afandi va uning qizlari meni yangi sotib olingan chiroyli buyumday mehmonlarga koʻz-koʻzlay boshladilar. Hamma menga havaslanib, hatto bir oz achinib qarardi. Men oʻzimni kamtar, nazokatli tutib, har bir kishining koʻnglini olishga tirishdim. Meni bunga yangi vaziyatim majbur qilardi. Shu mahal birdan boshim aylanib, hushimdan ketib qoldim. Es-es bilaman: kursining chetiga oʻtirib qoldim, lablarimdagi parishon tabassumni saqlashga tirishib yarim minutga, balki bundan ham kamroq muddatga koʻzlarimni yumdim.

Rashidbey, qizlari, mehmonlar shoshib qolishdi. Sabohat stakanda suv koʻtarib chopib keldi, zoʻrlab bir necha qultum ichirdi. Bir-birimiz bilan hazillashayotganday, ikkalamiz kula boshladik.

Bir mehmon kampir zaharxanda qilib:
— Hech narsa emas, janub shabadasining ta’siri, xolos. Voy bu zamonning tajang, nozik qizlari-ey! Havo jindek oʻzgardimi — boʻldi, darrov gulday sargʻayishadi-qolishadi, — dedi.

Hamma meni qiyinchilikka chidamaydigan arzanda, nozik, kasal qiz deb hisobladi. Men ularning gaplarini bosh ishorasi bilan tasdiqlar, shunday deb oʻylaganlari uchun hatto minnatdor ham edim.

Lekin ularga yolgʻon aytdim. Bu safargi hushdan ketishimning sababi boshqa edi. Shu kuni Choliqushi umrida birinchi marta och qolgan edi! Nima qilay, uyalsam-da yozib qoʻyishga majburman.

* * *
Qar-shiyoqa, 11 ok-tyabr.

Bugun Farhunda bilan Sabohatga yana Izmirdan mehmonlar keldi. Bular oʻn besh bilan yigirma yoshlar oʻrtasidagi toʻrtta qiz edi. Choshgohdan soʻng dengiz sayohatiga chiqmoqchi, qayiqda Bayroqligacha bormoqchi boʻldik. Endi koʻchaga chiqqanimizda, aksiga yurib, yomgʻir yogʻib qoldi. Tarvuzimiz qoʻltigʻimizdan tushib, yana mehmonxonaga qaytib kirdik. Kichik xonimlar bir oz pianino chalishdi, u yoq-bu yoqdan gʻiybat qilishdi, keyin ikkita-ikkita boʻlib burchak-burchakda shivirlasha boshlashdi. Xuddi birov qitiqlayotganday qichqirishib, sharaqlashib kulishlaridan nimalarni gaplashayotganlari ma’lum edi.

Sabohat juda ham shoʻx, juda shayton qiz. Mehmonlarini zeriktirmaslik uchun turli-tuman qiziqchiliklar oʻylab chiqaradi. Etajerkada oila a’zolari va doʻstlarining suratlari bilan toʻliq albomlar bor edi. Shulardan bittasini oldi-da, dugonalarini stol atrofiga yigʻib, suratlarini koʻrsata boshladi. Suratlar emas, Sabohatning topgan gaplari gʻalati edi. U har bir suratni ushlab olib, undagi kishining hayoti, tabiati toʻgʻrisida shunday qiziq narsalar aytardiki, kula-kula ichaklarimiz uzilardi. Masalan, koʻkragi ordenlar bilan toʻla, haybatli bir posho, ya’ni dunyo hukmroniday koʻringan bu moʻysafid cholni xotini supurgi bilan rosa urgan emish.

Qarindoshlaridan savlatli bir xotinning suratini koʻrsatdi, aftidan, viloyatli ekani bilinib turardi. Bir kun kemadan Qoʻqoriyali limaniga tushayotganida, bir nima boʻlib, dengizga yiqilib ketibdi. Esxonasi chiqib ketganidan oʻz viloyatining shevasida «Shirin jonimdan ayrilyapman, qutqaringlar!» deb chinqiribdi.

Rashidbeyning koʻnyalik sut togʻasi bor ekan. Suratini koʻrgan kishi kulmay turolmaydi. Boshida salla, egnida cholvor, imom domlaning oʻzginasi. Buning roʻparasidagi ikkinchi suratda esa deputat boʻlgandan keyin frak kiyib, yakka koʻzoynak bilan tushgan rasmi turibdi.

Imom domla deputatga xoʻmrayib qarab turibdi, deputat esa uni ermak qilib olayib turibdi. Bu shunaqayam alomat surat ediki, yangi sahifani ochib yubormasin, deb Sabohatning qoʻlini ushlab olib toza kuldim.

Farhunda men bilan hazillasha boshladi:
— Farida xonim, xohlasangiz sizni shu zotu husnobodga beramiz, hozir boshi ochiq, — dedi. — Avvalgi xotinlarini qoʻyib, endi deputatga loyiq, yevropalashgan xonim qidirib yuribdi.

Men hamon kulishdan toʻxtamay stol yonidan uzoqlashdim-da, Farhundaga:
— Hoziroq yozing, men roziman. U kishiga tegadigan xotin boshqa yerdan baxt topolmaganda ham umrini hech boʻlmasa kulgi bilan oʻtkazadi-ku, — dedim.

Sabohat yangi sahifani ochib, meni qoʻli bilan imladi.
— Farida xonim, mana bu suratni koʻrsangiz, deputatimizdan aynib qolarmikansiz, deb qoʻrqaman, — dedi.

Mehmonlarning hammasi bir ogʻizdan: «Voy, munchayam chiroyli ekan!» deb qichqirishdi, keyin qoʻllarini silkitishib, meni chaqirishdi.

Men ular tomonga bora turib:
— Foydasi yoʻq, har qanaqa boʻlganda ham men oʻz deputatimdan kechmayman, — dedim.

Albom ustida bir-biriga aralashib ketgan mayin sochlar orasidan boshimni suqdim, men ham ular qatori «voy» deyishdan oʻzimni tutib qololmadim. Albom sahifasidan koʻzlarimga tikilib kulimsirayotgan surat Komronniki edi!

Sabohat bu surat egasini mazax qilmadi, qaytaga koʻp hurmat va izzat bilan dugonalariga ta’rif qilib berdi:
— Bu kishi Munavvar xolamning kuyovlari boʻladilar. Oʻtgan bahor Istambulda ekanimizda toʻylari boʻldi. Oʻzini koʻrsangiz, surati ham gapmi! Biram koʻzlari, biram xushbichim burni borki, tomosha qiladigan. Shoshmanglar, men sizlarga bir boshqa qiziq narsani aytib beray: bu bey xolalaridan birining qizini yaxshi koʻrarmish. Qiz esa kichkina, injiq, juda shoʻx narsa emish. Shoʻxligidan, qaqajonligidan unga Choliqushi degan laqab ham qoʻyishgan ekan. Choliqushi Komronbeyni nima uchundir xohlamabdi, koʻngil koʻngil-da...

Shunday qilib, toʻylariga bir kun qolganda yotu begona yurtlarga boshini olib qochib ketibdi, Komronbey oylarcha kuyib-yonib vafosiz qizni kutibdi. Toʻgʻri-da, qaytib kelish koʻnglida boʻlsa, toʻy kechasi qochib ketarmidi? Munavvar xolam qaynanasining qoʻlini oʻpganda men oʻsha yerda edim. Bechora kampir, bir shoxda turmaydigan u gʻalati Choliqushini esladi shekilli, yosh boladay yigʻlab yubordi.

Bu tafsilotni orqamdagi pianinoga suyanib, hech nima demasdan, qimir etmay turib eshitdim. Komron hamon albom ichidan menga kulib turardi.

Sekingina:
— Qalbsiz! — dedim.

Sabohat menga qaradi:
— Juda toʻgʻri aytdingiz, Farida xonim. Shu qadar goʻzal, shu qadar ajoyib bir yigitga vafo qilmagan qizni «vafosiz» demasdan boʻlmaydi.

* * *

Komron, men sendan nafratlanaman. Boʻlmasa, bu xabarni eshitganimda yigʻlar, hushimdan ketar, aza tutardim. Aksincha, men shu kuni shunchalar kuldim, atrofimdagi odamlarni shunchalar xushvaqt qildimki, umrimda hech mahal bunday boʻlmagan edi. Agar bir necha soatdan keyin boshimga falokat tushmagan boʻlsa, men shu bugunni umrimning eng baxtli kuni deb hisoblardim. Kechki payt havo ochilib, dalada sayr qilishimizga imkon tugʻildi. Biz sel suvi hayqirib oqayotgan anhor boʻyi bilan ketayotgan edik, mehmonlardan biri anhorning narigi yuzidagi xrizantema gulini koʻrib: «Voy, munchayam chiroylik-a, qani endi olishning iloji boʻlsa!» deb qoldi.

Men kulib:
— Xohlasangiz, sizga hadya qilishim mumkin, — dedim.

Anhor keng, chuqur bo‘lgani uchun anchagina xavfli edi. Qizlar kulishdi. Bittasi hazillashib:
— Ko‘prik bo‘lsa-yu, yaxshi bo‘lardi-ya, — dedi.

Men parvoyimga ham keltirmay:
— Ko‘priksiz ham o‘tsa bo‘ladi, — dedim-u, suvga sakradim.

Orqadan qiy-chuv ko‘tarildi.

U tomonga bir amallab o‘tishga o‘tdim, lekin xrizantemani uzib olishga muvaffaq bo‘lmadim, chunki qirg‘oqqa yetganimda oyog‘im tiyg‘anib ketdi. Yiqilib ketmaslik uchun bir butaga osilib edim, tikanlari qo‘llarimni tilib yubordi.

Ha, shu falokat boshimga tushmagan bo‘lsa, tikan tilgan qo‘llarimning achishib og‘rishiga chidolmay to chorboqqacha oqshom qorong‘isida yig‘lab kelgan bo‘lmasam, shu kunni umrimning eng shod, eng xushchaqchaq kuni deb bilardim.

Komron, sendan nafratlanganim uchungina begona yurtlarga qochib ketganman. Endi nafratim shu qadar kuchaydiki, oramizdagi uzoq masofalar ham kifoya qilmay qoldi. Endi sen yashab, nafas olib turgan mamlakatdan ham bosh olib ketsam deyman!

Ortiq bu uyda qolmaslik qaroriga keldim. Shuning uchun har ikki-uch kunda Izmirga tushib, maorif bo‘limiga uchrab turdim. Eski muallimlarimdan Berinish opani shu yerda ikki oycha avval bir ko‘rgan edim. Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda o‘zini menga yaqin tutganini eslab, boshimdagi savdodan bir oz aytib beruvdim. Kecha ertalab kemada yana uchrashib qoldik. U suyunib:
— Farida, necha kundan beri seni izlayman, — dedi. — Qorontinadagi maktabimizga bitta turk tili va rasm muallimasi kerak. Mudiraga seni tavsiya qildim. Alohida uy tutishning hojati yo‘q, maktabda turaverasan. Axir bizning hayotimizga o‘rganib qolgansan-ku.

Yuragim qinidan chiqib ketar darajada tipirchilay boshladi. U yerga borsam, yana o‘sha yoshlik hidlari, mungli organ sadolari kelib turgan joyga tushsam, bolalik chog‘larimdagi shirin xayollarimning bir qismi bilan qovushadiganday bo‘lib ketdim.

O‘ylab o‘tirmasdanoq:
— Juda soz, maso‘r, jon deb boraman! Rahmat, — dedim.

Bugun u yoqqa borishdan avval yana maorif bo‘limiga kirdim, maqsadim — hujjatlarimni qaytarib olish edi. U yerda mudir meni uch kundan beri so‘roqlab yurganini aytishdi. Nima deyar ekan deb oldiga kirdim.

Maorif mudiri meni ko‘rish bilanoq:
— Rosa intizor qilding-da, qizim! Toleingga bitta yaxshi joy chiqib qoldi. Qushadasi maktabiga yuboraman, — dedi.

Bir yoqda Berenish opa aytgan maktab, undagi tinchgina hayot, ikkinchi yoqda bu. Balki Qushadasidagi o‘rin yaxshiroqdir? U holda Berenish opaga bergan so‘zim nima bo‘ladi?

Minutlar o‘tar, men esa javob qilmay jim turardim. Qaysi birini tanlay: tinch hayotnimi yo Qushadasidagi maktabga borsam, uchrashim ehtimol bo‘lgan muhtojlik va yo‘qsilliknimi? Ajabo, buning ham o‘ziga yarasha tasallisi, boshqa bir jozibasi yo‘qmi?

Ko‘z o‘ngimga maktablarimizda tashlab qo‘yilgan, umrlari qo‘pol qo‘llarda zoe o‘tayotgan kichkina bolalar keldi. U bechoralar ochilish uchun jindakkina quyoshga, jindakkina parvarishga muhtoj bo‘lgan gullardir. Ular ana shunday harorat keltiruvchi, parvarish qilguvchilarga ko‘ngillarining butun muhabbat va shukronalarini bag‘ishlaydilar. Boshimga tushgan hamma falokatlarga qaramay, bu kichkina kambag‘allarni butun qalbim bilan yaxshi ko‘rib qolganimni angladim. Ajabo, Munisa ham mening oldimga o‘shalar orasidan kelmaganmidi?

Bundan tashqari, so‘nggi ikki yillik hayotimda uncha-muncha tajriba ham orttirgan edim. Yog‘du og‘riq ko‘zlarni qancha achishtirsa, baxt ham dardli ko‘ngillarni shuncha ezadi. Og‘riq ko‘zlar kabi, dardli ko‘ngillar uchun ham eng yaxshi davo qorong‘ilikdir!

Men muallimlikni ochlikdan o‘lmaslik uchun qabul qilgan edim. Hisobim to‘g‘ri chiqmadi. Bu kasb kishisi axir bir kun ochlikdan o‘ladi. O‘lsa nima? Axir bu kasb ko‘nglimning rahmu shafqatga bo‘lgan ochligini to‘ydiradi, o‘z hayotimni boshqalar baxti saodatiga bag‘ishlash tasallisini beradi. Zero, u o‘lgan kunlarning o‘lgan ro‘yolarini tiriltirib bo‘lmaydi, buning iloji yo‘q. Boshimdan isiriq hidlarining xumori, quloqlarimdan organlarning mungli yig‘ilari sekin-sekin yo‘q bo‘lib ketgan. Qushadasida mehru muhabbat va marhamat kutib o‘tirgan kichkintoylar ko‘z oldimga keldi-yu, kulimsirab:
— Juda soz, bey afandim, boraman, — dedim.

* * *

Buyruqni olgunimcha bu sirni chorbog‘da hech kimga aytmaslikka qaror qilgan edim. Lekin bir hodisa aytishga majbur qildi. Katta xalfa[3] anchadan beri menga g‘alati-g‘alati narsalar aytib yurardi. Kecha ham hech narsadan hech narsa yo‘q birdan:
— Qizim, kun sayin senga muhabbatim ortyapti, — deb qoldi. — Faqat mengina emas, boshqalar ham shunday... Farhunda bilan Sabohat ham yosh-u, lekin uyga ko‘rk bo‘lisholmaydi. Sen kelganingdan hamma narsa o‘zgardi qoldi. Tabiating, axloqing chiroyli, kattaga kattaday, kichikka kichikday muomala qilasan...

Shularga o‘xshagan yana bir qancha so‘zlar... Katta xalfaning bu so‘zlariga «kasbdoshiga qilayotgan hasrati» deb qo‘ya qolgan edim. Lekin kecha kechqurun kampir yuragini ochib soldi.
— Qizim, qanday qilsak ekanki, sen shu uyga mahkamroq bog‘lanib qolsang. Miyamga bir o‘y kelyapti-yu... Ha, ko‘nglingga boshqa gap kelib yurmasin, aylanay. Xudo haqqi, bu to‘g‘rida menga birov hech nima degani yo‘q.

Xalfaga bu so‘zlarni birov o‘rgatganiga shubham qolmadi. Shunday bo‘lsa ham, o‘zimni sezmaganga solib, quloq solib turaverdim. U boshlagan so‘zini davom ettirishga hayiqib, boshqa narsalar to‘g‘risida gapira ketdi:
— Xo‘jayinimiz uncha qari ham emas, uni yoshligidan bilaman. Uni chiroyli deb bo‘lmaydi, lekin davlati, hashamati bor. Innaykeyin, tabiati ham yaxshi. Qizim, bu uyga beka kerak-da, busiz bo‘lmaydi. Bugun bo‘lmasa ertaga Farhunda bilan Sabohat er qilib ketadi. Xudo ko‘rsatmasin, biron yomon xotinga kunimiz qolsa bormi, naq sho‘rimiz quriydi-da! Farida xonim, qizlar mo‘ylovini burab yuradigan yigitlarga ham tegishadi, lekin bundaqangi dabdabani qaerda ko‘rsin? Oh, beyimizga bironta munosib qizcha topsak edik. A, nima deysan, qizim?

Men churq etmay, achchiq-achchiq jilmayib, o‘yga botib o‘tirardim. Rashidbey afandining menga ko‘rsatgan shuncha hurmati, Sabohat bilan Farhundaning darslariga qilgan shuncha e’tibori, biz bilan soatlarcha hazillashgani, hatto to‘p o‘ynashgani... Demak, shularning hammasi... Maorif bo‘limi kotibining: «Rashidbey xohlasa seni frantsuz tili o‘qituvchisi qilib tayinlashardi, harholda, biron niyati bo‘lsa kerak», degani bejiz emas ekan-da!

Bir necha yil ilgari shunday so‘zlarni eshitsam, albatta, isyon ko‘tarardim. Lekin hozir gapni uncha cho‘zmaslik uchun parvosizgina javob qildim:
— Siz bilan sovchilikka borib, Rashidbey afandiga yaxshigina qayliq topib kelishimiz mumkin edi, lekin, afsuski, bir-ikki kundan keyin Qushadasiga ketyapman. Bir necha oydan keyin nishonlim o‘sha yerga keladi, to‘y qilamiz, — dedim. Keyin shoshganidan yuzimga javdirab qarab qolgan kampirga: — Xudo tinchingizni bersin, xalfa xonim, men ertaroq yotmasam bo‘lmaydi, — dedim-u uyimga kirib ketdim.

* * *
Qusha-da-si, 25 no-yabr.

«Qushadasiga borasizmi?» deganlarida: «Qushadasi!.. Mening orolim!.. Necha-necha vaqtlardan beri meni intizor etgan baxtni, ko‘ngil rohatini o‘sha yerdan topaman!» deb suyungan edim. Suyunchim xato chiqmadi. Qushadasini hamma yerdan ham ko‘proq yaxshi ko‘rib qoldim. Balki chiroyli yerdir deb o‘ylarsiz? Yo‘q. Qushadasini Munisa ikkalamiz — bu sariq to‘ti bilan birga — Robinzon Kruzo singari o‘z boshimizga mehnat va zahmat bilan yashasak bo‘ladigan orol deb o‘ylagan edim, lekin unday bo‘lib chiqmadi. Balki u yerda rohatimni topib olgandirman? Yo‘q, bunday ham emas. Qaytaga, bu yerda juda ko‘p ishlayman. Unday bo‘lsa sababi qayda? Beriladigan javob bir oz kulgili. Lekin, nima qilay, to‘g‘risi shu: Qushadasini jonga rohat beradigan chiroyli joy bo‘lmagani uchun yaxshi ko‘rib qoldim. Nazarimda, tabiat faqat chiroyli husnlarnigina emas, chiroyli yerlarni, chiroyli dengizlarni ham inson ko‘ngliga zimdan ozor yetkazish uchun yaratgan.

Bir oy avval bu shaharga kelib, maktabning bosh muallimasiga uchradim. Ellik yoshlarga yetib qolgan bu kasalmand, ezgin xotin meni ro‘parasiga o‘tqazib shunday dedi:
— Qizim, uch oy ichida tog‘day ikki o‘g‘limni qora yerga berdim. Dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘ldi. Seni bu yerga ikkinchi muallima qilib yuborishibdi. Yoshsan, o‘qimishli ko‘rinasan, endi maktabni senga topshiraman. Bilganingcha boshqar. Yana ikkita muallimalar bor — yoshlari qaytib qolgan xotinlar, ulardan yorug‘lik yo‘q.

Qo‘limdan kelganicha harakat qilishimni aytdim, so‘zim ustidan ham chiqdim.

Kecha bosh muallima:
— Farida xonim qizim, senga har qancha minnatdorchilik bildirsam ham oz. Va’da qilganingdan o‘n chandon ortiq jon kuydirding, — dedi. — Bir oy ichida maktabimiz ham, bolalar ham gulday ochilib ketdi. Xudo xayringni bersin. Hamkasblaringdan tortib to kichkintoylargacha seni yaxshi ko‘rishadi. O‘zim ham ba’zida dardimni, ko‘nglim alamini unutib, sen bilan birga kulishadigan bo‘ldim.

Bechora xotin meni o‘ziga yoqish uchungina shunday jon kuydirayotir deb o‘ylaydi, minnatdor bo‘ladi. Jon kuydirib ishlash, o‘zini butun qalbi bilan boshqalarga bag‘ishlash naqadar yaxshi narsa! Choliqushi butunlay eski Choliqushiga aylandi. Na Ch...dagi ezgin hayot horg‘inligi, na Izmirdagi isyonlardan asar qoldi, tiniq yoz osmonida paydo bo‘lgan o‘tkinchi bulutday, hammasi tarqaldi.

Sochlarim tolama-tola oqarganga qadar o‘zimni boshqalarning bolalariga, ularning baxtlari yo‘liga tikishdan endi aslo qo‘rqmayman. Ikki yil avval, kuz oqshomlarining birida ko‘nglimda o‘ldirilgan jigar-go‘shalarim o‘rnini boshqalarning bolalariga berdim.

* * *
Qusha-da-si, 1 de-kabr.

Bir necha kundan beri odamlarning og‘zidan «urush» so‘zi tushmay qoldi. Butun fikru xayolim maktab bilan band bo‘lgani uchun bu mish-mishlarga quloq solmas edim. Bugun shaharda chinakam qiyomat qo‘pti, urush e’lon qilinibdi!

* * *
Qusha-da-si, 15 de-kabr.

Urushning boshlanganiga o‘n besh kun bo‘lib qoldi. Mahalliy gospitalga har kun gala-gala yaradorlar kelib turibdi. Maktab motam ichida qoldi. Ko‘pgina o‘quvchilarimning armiyada yo otalari, yo akalari bor. Bechora bolalar urush dahshatini unchalik bilishmasa ham, katta odamlarday bo‘shashib, qayg‘urishib yurishadi.

* * *
Qusha-da-si, 15 de-kabr.

Bu qanday sho‘rlik, yo rabbiy, bu qanday sho‘rlik! Bugun qo‘mondonlikning buyrug‘i bilan maktabimizni egallaydilar: vaqtincha gospital qilishar emish. Xohlaganlarini qilishsin, menga nima! Lekin maktab bo‘shaguncha men nima qilaman? Vaqtimni nima bilan o‘tkazaman?

* * *
Qusha-da-si, 24 de-kabr.

Bugun maktabda qolgan bir necha kitobimni olgani bordim. Maktabni shunchalik ivirsitib yuborishibdiki, odam kitobini emas, o‘zini yo‘qotib qo‘ysa ham topolmaydi. Noiloj chiqib keta boshladim. Hamshira qizlardan biri:
— Shoshmang, bosh doktordan so‘rab ko‘raylik. Chamamda, bir necha kitobni olib qo‘yuvdi shekilli, — dedi.

Xona ichi shishalar, bintlar, dori qutichalari bilan to‘la edi. Bosh doktor kitelini yechib tashlab, ana shu narsalarni tartibga solayotgan ekan. Orqasi o‘girikli bo‘lgani uchun faqat bo‘ynini, oq sochlarini va shimarilgan bilaklarinigina ko‘rdim. Shu ahvolda undan kitob so‘rash odobsizlik bo‘lardi.

Hamshirani yengidan tortib:
— Qo‘ying, — dedim.

U gapimni eshitmadi.
— Bey afandi, hali suratli bir qancha frantsuzcha kitob topgan edingiz, qani o‘shalar? — dedi.

Qari doktorning birdan jahli chiqib ketdi. Yuzini ham o‘girmay shunday yomon, shunday uyat so‘z bilan javob qildiki, ixtiyorsiz yuzimni qo‘llarim bilan to‘sib, qochib ketmoqchi bo‘ldim. Lekin shu on u biz tomonga o‘girildi-yu, birdan:
— Voy, kichkina, senmisan?! — deb yubordi.

Uni ko‘rib men ham o‘zimni tutolmay qichqirdim:
— Doktorbey! Zaynilardagi doktorbey!

Mubolag‘asi yo‘q, bu qichqiriqdan ziyod bir faryod edi.

Doktorbey shoshganidan stoldagi shishalarni ag‘darib-to‘ntarib yonimga yugurib keldi, qo‘llarimni ushladi, boshimni oldiga tortib, chorshafim ustidan sochlarimni o‘pdi.

Biz bir-birimiz bilan faqat bir kunlik, hatto bir kunlik ham emas, bir necha soatlik tanish edik. Lekin qanday ilinj hissi bir-birimizni bog‘lab qo‘ygan ekanki, ikki yildan so‘ng xuddi qirq yillik qadrdon do‘stlardek, hatto ota-boladek bir-birimizga tashlandik. Tavba, inson qalbini hech bilib bo‘lmas ekan-da!..

Xayrullobey xuddi Zaynilardagi singari:
— Qani, gapir, yaramas, bu yerda nima qilib yuribsan? — deb so‘radi.

Bolalarnikiga o‘xshagan sho‘x moviy ko‘zlari oq kipriklari ichida shunaqayam chiroyli porillardiki! Men ham, xuddi Zaynilardagiga o‘xshash, uning ko‘zlari oldida kulib turib:
— Bilasizki, men muallimaman, doktorbey, — dedim. — Yurtma-yurt yuribman. Endi shu yerga tayinlashdi.

Butun hayotimni va ko‘nglimda bor narsalarni bilganday, mung to‘la bir tovush bilan:
— Haligachayin xabar yo‘qmi, kichkina? — deb so‘radi.

Birdan yuzimga suv sochib yuborilganday seskanib tushdim. O‘zimni ajablanayotganga solib, ko‘zlarimni pirpiratdim.
— Kimdan, doktorbey? — dedim.

Chol jahli chiqib, barmog‘i bilan po‘pisa qildi.
— Nega yolg‘on aytasan, kichkina? Lablaring yolg‘on gapirishni o‘rganibdi-yu, lekin ko‘zlaring bilan yuzing boyagiday. Kimdan deysanmi? Seni shunday yurtma-yurt sargardon kezdirgandan, o‘shandan...

Kulib, yelkalarimni qisdim.
— Maorif demoqchisiz-da? Albatta, har bir muallima o‘z mamlakatining bolalariga xizmat qilishi kerak.

Doktor yana Zaynilardagi shubhasini takrorladi. Uning o‘pkasi menga qattiq ta’sir qilgani uchun har bir so‘zi esimda saqlanib qolgan edi:
— Shu yoshda, shu qiyofa, shu chehrada-ya? Juda soz, mayli, shunday bo‘lsin, yaramas qiz, shunday bo‘lsin, lekin sen yovvoyilik qilma.

U dorilarini, men esa kitoblarimni esdan chiqarib, uzoq gaplashdik.
— Demak, shu maktabda muallimalik qilasan, shundaymi?
— Maktabimizni olib qo‘yganlaringizga biram xafa bo‘ldimki, doktorbey.
— Shoshma, boshqa narsani o‘ylab turibman... U qurib ketgur qishloqning oti nima edi? Hov senga kasal boquvchilikni o‘rgatgan yerim-chi? Esingdami? Menga qara, bu yerda ham menga yordam qilasanmi? Aslida bu ikki ishning bir-biridan farqi katta emas: sening mitti maymunchalaring ham, mening aziz ayiqchalarim ham ruhan bir-birlariga juda o‘xshashadi. Ular ham, bular ham sofdil, sodda. O‘zing bilasan, hozir urush, menikilar o‘t ichida, shunday bo‘lgandan keyin ularga yordam bersang — savob ish qilgan bo‘lasan, kichkina qiz...

Birdan yuzimga kulgi yugurdi, yosh boladay suyunib ketdim. Qanaqa ish bo‘lsa ham mayli, ishqilib, kuch-quvvatimni, mehru muhabbatimni, butun vaqtimni bag‘ishlaydigan ish bo‘lsa bas.
— Juda soz, doktorbey, qachon desangiz, shunda ishga tushaveraman.
— Hozir tushaverasan. Buni qara, qanday kepataga solishibdi. Bular qo‘l bilan emas, balki...

Yana og‘izga olib bo‘lmaydigan xunuk so‘z aytildi. Men uyalib:
— Faqat bir shart bilan, doktorbey... Yonimda askarcha so‘zlashmaysiz, — dedim.

U kuldi.
— Harakat qilaman, kichkina, harakat qilaman... Mabodo bexosdan og‘zimdan chiqib ketsa, ayb qilmaysan-da, — dedi.

Ikkalamiz kechgacha ishladik, gospitalni ertadan kela boshlaydigan yaradorlarni qabul qilishga tayyorladik.

* * *
Qusha-da-si, 25 yan-var.

Mana, bir oydan beri Xayrullobeyning yonida hamshiralik qilaman. Urush davom etayotir. Gospitalga kelayotgan yaradorlarning oxiri ko‘rinmaydi. Ishim shu qadar ko‘pki, ba’zi kechalar uyimga ham ketolmayman. Kecha og‘ir yarador bo‘lib kelgan bir keksa kapitanga butun kechasi bilan parvona bo‘lib chiqishga to‘g‘ri keldi. Shunday charchabmanki, ertalab mazam qochib, dorixonamizdagi kursida o‘tirganimcha uxlab qolibman.

Uyqumda yelkamga kimningdir qo‘li tekkanini sezdim. Ko‘zlarimni ochib qarasam, oldimda doktor Xayrullobey turibdi. Sovqotib qolishimdan qo‘rqib, uyg‘otib yubormaslik uchun ustimga sekingina odeyal yopayotgan ekan.

Doktorbey derazadan tushib turgan zaif tong yorug‘ida yana ham so‘lg‘in, yana ham horg‘in ko‘ringan moviy ko‘zlari bilan kulimsirab turib:
— Uxla, kichkina, tinchgina uxla, — dedi.

Shunday paytda qilingan bu shafqat qalbimda shirin minnatdorchilik uyg‘otdi. Bir nima degim, minnatdorchilik bildirgim keldi, lekin bo‘lmadi — uyqu yengdi, horg‘in-tolg‘in kulimsirab, yana uxlab qoldim.

Ikkita katta nuqsoniga qaramay, bu qari doktorni juda yaxshi ko‘rib qoldim. Nuqsonlaridan biri shuki, u og‘zini juda yomon chakki qiladi. To‘g‘ri, atrofidagilarda ham ayb bor, lekin bu sabab emas-da! Ba’zida og‘zidan shunday xunuk so‘zlar chiqib ketadiki, oldidan qochib ketib, bir necha kungacha betiga qarolmay yuraman.

Shunisi qiziqki, doktor o‘zining aybini bilmaydi emas, biladi.
— Parvo qilma, kichkina, hechqisi yo‘q, askarlikda,— deydi.

Xayrullobey aybini astoydil pushmoni va yoqimli uyatchanligi bilan afv ettirgan, hatto manzur qilgan yosh bolaga o‘xshaydi.

Ikkinchi nuqsoni bunisidan ham kattaroq. Bu qo‘pol, dag‘al odamda hech tushunib bo‘lmaydigan g‘alati bir noziklik bor. Odam o‘ziga aytishga ham yuragi betlamagan narsalarni ustalik bilan og‘zidan sug‘urib oladi! Masalan, men o‘z sarguzashtimni shu mahalgacha hech kimga og‘zimdan chiqarmay yashirib kelardim, shuning ham bir qismini bilib olibdi-da! Qanday qilib aytib qo‘ydim deng? O‘lay agar, o‘zim ham bilmayman. Gohi-gohida bergan yakka-dukka savollariga quruq, kalta-kulta javoblar berishdan nariga o‘tmaslikka tirishib kelardim. Keyin bilsam, ana shu yakkam-dukkam so‘zlarimni bir yerga to‘plab, butun boshli bir hikoya chiqarib olibdi.

Doktorning hech kimi yo‘q. Yigirma besh yil muqaddam uylangan ekan, oradan to‘qqiz oy o‘tmay xotini tif kasalidan o‘lib qolibdi. Keyin uylanmabdi. O‘zi rodoslik emish. Qushadasida ham mulki bor deyishadi. Polkovniklik maoshiga uncha ehtiyoji ham yo‘q, chunki kasallarga oladigan oyligidan ham ko‘proq qarashib turadi. Masalan, kecha bir yaradorning uyidan kelgan xatini o‘qib berdim. Yarador soldatning qari onasi kambag‘allik qiynab yuborganini, bolalari ochlikdan tilanchilik qila boshlaganini yozibdi. Soldat xatni eshitib, oh-voh ko‘tardi.

Xayrullobey yon tomonda yotgan kasalni qarayotgan edi. Birdan u bechora soldatga o‘girilib:
— Ammo meni qoyil qoldirding! Hoy, nimangizga ishonib shuncha gadoyvachchani tug‘asizlar! — dedi.

Bu zolim ta’na yuragimga o‘qday sanchildi. Hozir joyi emas, bo‘lmasa buni, albatta, qari doktorning yuziga solardim. Bir ozdan keyin uning o‘zi bu haqda gap ochib qoldi.
— Kichkina, ana shu yarador onasining adresini sekin bilib ol, besh-o‘n lira yuborarmiz, — dedi.

Bilishimcha, bu qari doktor armiyada na pul uchun va na askarlik burchi uchun xizmat qiladi. Uning o‘z intilishi bor: bu intilish «aziz ayiqchalarim» deb atagan boyoqish soldatlarga bo‘lgan muhabbatidir. Lekin, bilmayman, nima uchundir bu muhabbatini xuddi uyat narsaday yashirib yuradi.

* * *
Qusha-da-si, 28 yan-var.

Bugun ertalab gospitalga kelganimda, og‘ir yarador bo‘lgan to‘rtta ofitser keltirilganini aytishdi. Hamshiralardan biri:
— Xayrullobey sizni yo‘qlayaptilar, — dedi.

Og‘ir operatsiyalar mahalida doktor meni hamisha birga olib kirardi.
— Bunday vahimali narsalarni senga ko‘rsatish, albatta, yaxshi emas, kichkina, lekin sendan epchilroq odam bo‘lmasa nima qilay? Hammasi jahlimni chiqaradi, baqirtiradi, keyin qilayotgan ishimni bilmay qolaman,— deyardi.

Chorshafimni olib tashlab, apil-tapil xalatni kiydim. Lekin men kiyinib chiqqunimcha operatsiya tugabdi: yaradorni zambilda yuqoriga olib chiqib ketishayotgan ekan.

Xayrullobey meni yoniga chaqirib olib:
— Kichkina, sensiz rosa yamoqchilik qildik, — dedi. Operatsiyani u yamoqchilik deb atardi. — Yoshgina shtab mayori qo‘limizga tushib qoldi. Granata o‘ng qo‘li bilan yuzining bir tarafini rasvo qilib tashlabdi. Kabinetimga yotqizdim. O‘zing qaramasang bo‘lmaydi. Boyoqish jiddiy parvarishga muhtoj.

Shu tariqa gaplashib kabinetga kirdik. Yuz-qo‘li bintlar bilan bog‘lab tashlangan bir kishi karavotda jim yotardi. Yoniga bordik. Yuzining chap tarafi jindakkina ko‘rinib turardi. Menga issiq ko‘rindi... Lekin qaerda ko‘rganimni bu ahvolida eslash qiyin edi.

Xayrullobey yaradorning chap tomirini ushlab turardi, keyin uning yuziga yaqin kelib:
— Ehsonbey!.. Ehsonbey!.. — deb chaqirdi.

Birdan miyamda chaqmoq urganday bo‘ldi. U Ch...da, Abdurahim poshoning chorbog‘ida uchrashgan shtab kapitani edi. Bir qadam orqaga chekindim, kabinetdan qochib chiqish, ikkilamchi meni bu yarador ofitserning yoniga yubormasligini doktordan iltimos qilish niyatida edim. Tanigan bo‘lsa ham ko‘rib turgan narsasiga ishonmasdi. Kim bilsin, yaralangandan beri necha marta hushidan ketgan, dard ichida, o‘t ichida necha bor ko‘zlariga har nimalar ko‘ringan ekan. Ha, zaif ko‘zlarining boqishidan sezdim: meni ko‘rib turganiga ishonmadi, qonsiz lablari bilan xiyol jilmaydi-yu, tag‘in ko‘zlarini yumib oldi.

Ehsonbey! Bir necha oy avval mening yoshligimdan, himoya qilish mumkin bo‘lgan otam, akam... biron kimsam yo‘qligidan foydalanib, meni ishrat kechasiga aldab obordilar. Keyin Ch... shahridan jo‘narkanman, yuragimda surgun qilingan oddiy ko‘cha xotinining haqirligi bosh ko‘tardi, sharmandalikka chiday olmay yuzimni qo‘llarim bilan yashirishga majbur bo‘ldim. Dunyoni boshdan-oxir bir zulm, o‘zimni esa o‘sha zulmga bo‘ysunishdan boshqa chorasi qolmagan bir mushtipar deb hisoblangan kunimda siz meni himoya qildingiz, maslagingizni, istiqbolingizni xavfda qoldirdingiz, hatto shirin joningizni ham tikib, muruvvat qildingiz.

Modomiki, qayg‘uli bir tasodif bugun bizni yana uchrashtirgan ekan, mayli, sizdan qochmayman, mana shu umidsiz, mana shu og‘ir kunlaringizda yoningizda singlingiz bo‘lib xizmatingizni qilaman.

* * *
Qusha-da-si, 7 fe-v-ral.

Ehsonbeyning yarasi qo‘rqinchli emas, biror oydan keyin turib ketsa kerak. O‘ng qoshidan boshlanib to iyagigacha cho‘zilib tushgan yarasi yuzini nihoyatda xunuk qilib qo‘yadi.

Xayrullobey yara bog‘larini o‘zgartirayotganda men yonida turmadim. Yuragim dov bermagani uchun emas, albatta, chunki har kuni bundan ham battarroq yaralarni ko‘rib turaman, asl sababi boshqa edi: men unga qarab tursam, dahshatli yarasiga pichoq urilgandan ortiq ozor yetishini bilardim...

Bechora gospitaldan qanday bashara bilan chiqib ketishini bilar, bu haqda bir nima demasa ham, chuqur alam va qayg‘u bilan ezilib kelardi.

Xayrullobey:
— Picha sabr qil, yigit, yana yigirma kunlardan keyin soppa-sog‘ bo‘lib ketasan — desa, Ehsonbey o‘tday yonib ketardi.

Yaradorning shu og‘ir kunlarini yengillashtirish uchun qalbimning butun shafqat qobiliyatini sarf qilyapman. Ba’zan karavotining yonida o‘tirib kitoblar o‘qib, ertaklar aytib beraman.

Ha, bechora churq etmaydi, lekin xunuk bo‘lib qolish dahshatidan azoblanayotgani va bu azobdan bir zum ham qutula olmagani yaqqol ko‘rinib turadi. Ba’zan yeng ichida tasalli berishga harakat qilaman. O‘zimni butunlay boshqa narsalar to‘g‘risida gapirayotganga solib, dunyoda yuz go‘zalligiday foydasiz, hatto zararli narsalar yo‘qligini, asl go‘zallikni odamning ruhidan, ko‘nglidan qidirish kerakligini aytaman.

* * *
Qusha-da-si, 25 fe-v-ral.

Ehsonbey biz kutgandan ertaroq tuzalib ketdi. Bugun ertalab sutchoyni olib kirsam, kiyinib olgan ekan. Bir yilcha avval Abdurahim poshoning bog‘ida porlab turgan formasi, chiroyli va mag‘rur chehrasi bilan menga duch kelgan shtab kapitani ixtiyorsiz ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Bu mayorlik formasining yoqasi ichida ingichka bo‘yni qiltirab turgan, yuzidagi yara izidan xuddi ayb narsaday uyalayotgan dardli askar nahotki o‘sha chiroyli, mag‘rur shtab kapitani bo‘lsa?

Xafa bo‘lganimni yashirolmadim, buni boshqa narsaga yo‘yishga tirishib, yolg‘ondakam jahl qildim:
— Ehsonbey, bu axir yosh bolalik-ku! Butunlay tuzalmay turib, nimaga kiyinib oldingiz?

Ehsonbey ko‘zlarini yerga olib:
— Yotaverish odamni battar kasal qiladi-da, — dedi.

Ikkalamiz ham jim bo‘lib qoldik. Bir ozdan keyin Ehsonbey ta’bi tirriqligini yashirishga tirishib:
— Ketmasam bo‘lmaydi, shukur, tuzalib ketdim, — dedi.

Rahmim kelganidan yuragim ezildi. Sezdirmaslik uchun gapni darrov hazilga aylantirdim:
— Ehsonbey, chog‘imda, gapimga kirmaydiganga o‘xshaysiz. Yana jangari qaysarligingiz qistab turibdi, deyman-a! Hozir borib doktorga chaqaman, kelib ta’ziringizni beradi! — dedim.

Patnisni qo‘ydim-u shoshib tashqariga chiqib ketdim. Lekin doktorning oldiga bormadim.

* * *
25 fe-v-ral (kech-ki payt).

Xayrullobey bilan qattiq aytishib qoldim. Ish ustida emas, yo‘q, birovlarning ishiga aralashaverishda haddidan oshib ketgani uchun...

Ehsonbey to‘g‘risida gaplashib turib edik. Men yuzining buzilganidan juda qattiq xafa bo‘layotganini aytsam, Xayrullobey labini burib:
— Haqqi bor, men uning o‘rnida bo‘lsam o‘zimni dengizga tashlardim. Bunaqa bashara baliqlarga yem bo‘lishdan boshqa nimaga yarardi! — deb qolsa bo‘ladimi!

Jonim chiqib ketdi.
— Men sizni boshqacha odam deb o‘ylab yurardim, doktorbey. Qalb go‘zalligi oldida yuz go‘zalligining necha pullik ahamiyati bor? — dedim.

Xayrullobey kulib, meni mazax qila boshladi.
— Bekor aytibsan, kichkina. Bundaqa basharali odamga birov qayrilib ham qaramaydi. Ayniqsa, sening yoshingdagi qizlar.

Gapining rostligini ta’kidlash uchun yoqasini tutdi. Men isyon qildim.
— Sirlarimni jinday-jindaydan o‘g‘irladingiz, shu yo‘sinda hayotimni ozmi-ko‘pmi bilib ham oldingiz. Mening chiroyli, nihoyatda chiroyli nishonlim bor edi. Meni aldadi, men uni qalbimdan yulib chiqardim, men undan nafratlanaman!

Xayrullobey yana xaxolab kulib yubordi. Keyin oq kipriklar ichida mug‘ambirlik bilan kulib turgan moviy ko‘zlarini xuddi qalbimni ko‘rmoqchi bo‘lganday yuzimga tikib turib:
— Qani, menga bir qara-chi, kichkina, — dedi. — Unday emas, ko‘zimga qarab turib ayt-chi: uni yaxshi ko‘rasanmi-yo‘qmi?
— Yomon ko‘raman, nafratlanaman!

Doktor iyagimdan ushladi, hamon ko‘zlarimga tikilib turib:
— Voy bechora-ey! Shuncha yildan beri uning yo‘lida qovdek yonib kelyapsan-ku! U hayvon sen bilan birga o‘ziga ham jabr qilyapti. Bundaqa ishqni u dunyo-bu dunyo topolmaydi, — dedi.

G‘azab kuchidan tovushim bo‘g‘ilib:
— Nechun menga bu og‘ir tuhmatni ravo ko‘rdingiz? Axir qaerdan bilasiz? — dedim.
— Esingdadir, bunga Zaynilar qishlog‘ida ko‘rishganimizdayoq tushunganman. Yashirmay qo‘ya qol, bekor ovora bo‘lasan. Bola ko‘zlaringdan ishqing yoshday oqib turibdi...

Ko‘z o‘ngim qorayib, quloqlarim shang‘illardi, u esa hamon gapirar edi:
— Sen boshqalardan ajrab turasan, boshqalar orasida yot-begonaday ko‘rinasan. Kulishlaring shu qadar horg‘in, alamliki, yuragim ezilib ketadi, kichkina! Bilsang, tush ko‘rayotgan odamlargina shunday kulishi mumkin. Sen aslida boshqalardan o‘zgacha yaratilgansan. Sirli bo‘sadan tug‘ilib, yana shu bo‘sa bilan oziqlangan, o‘sgan parilar bor, deyishadi. Bu gapni butunlay uydirma deb bo‘lmaydi, nimaga desang, u parilarning dunyoda namunalari bor. Faridajon, sen o‘shalarning bittasisan. Voy tentak qiz-ey, yomon yanglishgansan-da! Nima bo‘lganda ham u esi pastni qo‘ldan chiqarmasliging kerak edi. Axir baxting ochilib ketardi!

Birdan faryod ko‘tardim, tipirchilab yer tepindim:
— Nega bu gaplarni aytdingiz? Menda nima qasdingiz bor? — deb yig‘lay boshladim.

Ana shundan keyin doktor aytgan gaplariga pushaymon bo‘ldi.
— To‘g‘ri aytasan, kichkina, haqqing bor. Bu narsalarni senga aytmasligim kerak edi. Ahmoqlik qildim, kechir meni, kichkina, — deb menga tasalli bera boshladi.

G‘azabim haddan tashqari qaynagan edi, yuziga ham qaragim kelmay:
— Ko‘rarsiz, men uni yomon ko‘rganligimni bir isbot qilib beray! — dedim-u eshikni taq yopib chiqib ketdim.

* * *
Yana 25 fe-v-ral, ke-cha-si.

Ehsonbeyning chirog‘ini olib kelganimda, u hamon formasini yechmagan, kechki shafaqning dengizdagi o‘yinini deraza yonida tomosha qilib turgan edi.

Men indamay chiqib ketmaslik uchun:
— Harbiy formangizni juda sog‘inib qolibsiz-da, afandim, — dedim.

Xonaga oqshom olaqorong‘iligi cho‘kkan edi. Ehsonbey shu olaqorong‘ilikdan yuraklanganday dudmalgina qilib kulimsiradi, keyin o‘z dardini birinchi marta ochib aytdi:
— Harbiy formani deysizmi, afandim? Ha, endi birdan-bir umidim shunda qoldi. Yuzimni shu ahvolga keltirgan ham o‘zi. Endi meni bu falokatdan qutqazadigan ham yana o‘zi bo‘ladi.

Men bu so‘zlarning ma’nosiga tushunmay, Ehsonbeyning yuziga hayron bo‘lib qaradim. U chuqurgina tin olib davom etdi:
— Bu qiyin narsa emas, Farida xonim. Aslo taajjubga o‘rin yo‘q. To‘g‘ri harakatdagi armiyaga qaytaman. Granata chala qoldirgan ishni urush oxiriga yetkazsin, ana unda men ham qutulaman.

Yosh mayor bu so‘zlarni kichkina bola o‘ksinishi va iztirob bilan aytdi. Men unga orqamni qilib chiroq yoqayotgan edim. Haligi so‘zlaridan keyin bildirmasdan gugurtni puflab o‘chirdim-u piligini tuzatmoqchi bo‘lganday chiroq ustiga engashib, nihoyatda past tovush bilan:
— Unday demang, Ehsonbey. Xohlasangiz baxtiyor bo‘lishingiz mumkin. Masalan, yaxshigina bir qizga uylansangiz, shiringina oilangiz, bolalaringiz bo‘ladi, hamma narsa esdan chiqib ketadi, — dedim.

Unga qayrilib qaramasam ham menga o‘girilmay, hamon deraza yonida dengizni tomosha qilayotganini sezib turardim.
— Farida xonim, naqadar pok yurakli qiz ekanligingizni bilmasam, meni masxara qilyapsiz deb o‘ylardim. Meni shu ahvolimda kim ham xohlar edi? Men bu kepataga tushmasimdan avval hech bo‘lmasa yuzimga kulmay qarashlari mumkin bo‘lgan kunlarda ham bir qizga yoqmadim, endi shu nogironlik bilan...

Ehsonbey so‘zini davom ettirmadi, bir oz jim turgandan keyin, o‘zini bosib olishga tirishib:
— Farida xonim, bular bekorchi gaplar. Kechiring, chiroqni yoqib yuborsangiz, — dedi...

Yana bitta gugurt chaqdim, lekin qo‘limni, nima uchundir, chiroqqa olib borolmadim, ko‘zlarimni lipillab turgan o‘tga tikib, xayol surib ketdim, men shu taxlitda gugurt cho‘pining yonib bo‘lishini kutardim. Xonaga eski olaqorong‘ilik tushgandan keyin:
— Ehsonbey, siz o‘sha muvaffaqiyatga erishgan damlaringizda mag‘rur, xudbin kishi edingiz, — dedim. — Alam va umidsizlik qalbingizni hozirgiday ingratmagan edi. O‘shanda maslagingizni, hatto aziz joningizni ham xavfda qoldirib, bir bechora qizni, boshlang‘ich maktabning bir faqir muallimasini himoya qildingiz. Ke- yin hammasidan ham muhimi shuki, — dardingizni bilaman, yo‘q, yashirmang endi, — shu bugungisidan kam baxtsiz emasdingiz. Shunday bo‘lgandan keyin nega endi o‘sha bechora boshlang‘ich maktab muallimasi o‘z hayotini sizning baxtingiz yo‘liga tikmasin?

Yarador mayor ichidan yopirilib chiqqan bir tovush bilan:
— Farida xonim, iltimos qilaman, ro‘yobga chiqmaydigan bu xil xayollar bilan meni butunlay baxtsiz qilmang! — dedi.

Men qat’iy qarorga kelgan edim. U tomonga shartta o‘girildim. Boshimni solintirib:
— Ehsonbey, meni qabul qiling, iltimos qilaman!— dedim. — Yo‘q demang, ko‘ramiz, sizni baxtiyor qilaman, baxtli bo‘lib yashaymiz...

Ko‘z yoshlarim o‘ngimda parda tortdi, qorong‘ida mayorning yuzini ko‘ra olmadim. Ehsonbey uzatgan qo‘limni lablariga keltirdi-da, qo‘rqa-pisa barmoqlarimning uchini o‘pdi.

* * *

Endi tamom! Bundan keyin hech kim uni jigar-bag‘rimdan yaxshi ko‘rganimni yuzimga sola olmaydi.

* * *
Qusha-da-si, 26 fe-v-ral.

O‘sha kundan beri sen mening uchun bir begonadan, dushmandan boshqa narsa emas eding, Komron. Hech mahal yuz ko‘rishmasligimizni, to o‘lgunimizcha ko‘zimiz ko‘zimizga tushmasligini, bir-birimizning ovozimizni bir umr eshitmasligimizni bilardim. Shunday bo‘lsa ham, sening nishonling ekanim hissini hamisha ko‘nglimda saqlab kelardim. Nima demay, nima qilmayin men o‘zimni hammavaqt sening mulking deb kelaman va bu tushunchadan hech vaqt qutula olmayman.

Ha, yolg‘on aytishning nima hojati bor? Bugun nafratlarimga, isyonlarimga, butun bo‘lib o‘tgan narsalarga qaramay, men yana qisman seniki edim. Buni birinchi marta bugun ertalab, birovning nishonlisi bo‘lib uyg‘ongan damimda his etdim. Ha, birovning nishonlisi! Shuncha yillarning shuncha subh-sabohida sening nishonlingman deb uyg‘onib kelganimdan keyin, birdan o‘zga kishining nishonlisi bo‘lib uyg‘onish!.. Komron, faqat bugun ertalabgina sendan chinakamiga ayrildim. Hamda biron yodgorlik olishga, so‘nggi marta boshini o‘girib orqasiga, orqasida qolgan narsalarga qarashga haqqi bo‘lmagan muhojir singari ayrildim!..

* * *

Bugun ertalab Ehsonbey bilan ko‘rishganimdan so‘ng uni Xayrullobeyning oldiga olib borib, unashganimizni aytmoqchi edim. Bu katta voqea uchun har kuni kiyib yuradigan hamshiralik xalatim to‘g‘ri kelmasligi, nishonlimni balki dilgir qilishi mumkin edi. Shuning uchun bog‘da o‘sib yotgan gullardan uzib, ko‘kragimga taqib oldim.

Bugun ertalab ham Ehsonbey formada edi. Meni ko‘rib, yosh boladay ochilib ketdi. Shu bugundan boshlab uni baxtli qilish mening burchim, deb o‘yladim-da, zo‘rma-zo‘rakayiga kulimsirab qo‘limni uzatdim:
— Bonjur, Ehsonbey, — dedim.

Keyin dastadan bir necha niholni sug‘urib olib, mundiriga taqib qo‘ydim.
— Bugun kechasi yaxshi uxlagan bo‘lsangiz kerak?
— Juda yaxshi. O‘zingiz-chi?
— Olti oylik chaqaloqday tinch, bexarxasha.
— Unday bo‘lsa nega yuzingiz sarg‘aygan?
— Bilmaysizmi, baxt ham odamni sarg‘aytiradi.

Shundan keyin ikkalamiz jim bo‘lib qoldik.

Ehsonbeyning lablari op-oqarib ketgan edi. Bir oz jim turgandan keyin og‘ir-og‘ir so‘zlay boshladi. Ora-sira ovozining titrashidan qo‘rqib to‘xtab qolar, keyin yana ikkilanib davom etardi:
— Farida xonim, sizdan to o‘lgunimcha minnatdorman. Menga eski baxtiyor paytlarimda ham nasib qilmagan mislsiz bir kecha bag‘ishladingiz. Sizga boya rostini aytmadim. To‘g‘risi, shu kecha tong otganga qadar mijja qoqmay chiqdim. «Iltimos qilaman, meni qabul qiling», degan so‘zlaringiz quloqlarimdan ketmadi... Uxlamadim, chunki sizning nishonlingiz bo‘lib o‘tkazayotgan birdan-bir kechamning bir minutini ham zoe ketkazmaslik kerak edi... Umrimning oxirigacha sizdan minnatdor bo‘lib qolaman.

Ehsonbeyning yuziga qaradim.
— Sizni hammavaqt baxtiyor qilaman, — dedim.

U chuqur hayajon ichida edi. Qo‘llarimni ushlamoqchi bo‘ldi, lekin yuragi betlamadi. Xuddi kasal bolaga gapirayotgandek, yumshoq, mehribon tovush bilan:
— Yo‘q, Farida xonim, bu kechaning ertasi bo‘lishi mumkin emasligini bilardim, — dedi. — Shu kecha nihoyatda baxtiyor bo‘ldim. Lekin, shunga qaramay, bugun ketaman, bir necha soatdan so‘ng sizdan ayrilaman.
— Nega endi, Ehsonbey? Meni xohlamaysizmi? To‘g‘ri emas, menga shuncha umid bergandan so‘ng ketib qolishingiz to‘g‘ri emas!

Ofitser orqasi bilan devorga suyandi, ko‘zlarini yumdi, keyin chuqur-chuqur xo‘rsinib:
— Oh, bu ovoz! — dedi-da, birdan silkinib, qariyb dag‘al tovush bilan: — Yana bir oz g‘ayrat ko‘rsatsangiz, rahmu shafqat sizni meni yaxshi ko‘rganligingizga ishontiradi, — deb aytdi.
— Nega ishontirmasin, Ehsonbey? Modomiki, siz bilan unashishga ko‘ndim, demak, bunda bir sabab bor!

Ehsonbey achchiq istehzo bilan javob berdi:
— To‘g‘ri, modomiki, menga tegish istagini bildirishingiz, demak, meni yaxshi ko‘rasiz. Lekin meni bu xilda yaxshi ko‘rishingizni istamayman. Nahotki nikohingizga chin muhabbat oqibati deb qarasangiz, Farida xonim!
— ....
— Farida xonim, nahotki meni baxtsiz nogiraga qilinadigan shafqatdan afzal bo‘lmagan ishq sadaqasini qabul qilish darajasiga tushgan, tamom bo‘lgan bir odam deb hisoblasangiz?

Poyonsiz bir qayg‘u ichida boshimni solintirdim.
— To‘g‘ri aytasiz. Biz ikkalamiz ham baxtsiz odamlarmiz. Dardlarimiz biriksa, baxtlarimiz ochilib ketarmidi ekan, deb o‘ylabman... Yanglishibman... — Ke- yin devorda osig‘liq qilichga ishora qilib ilova etdim:— Sizning harholda tasallingiz bor. Boya aytganingizdek, frontga qaytishingiz mumkin. Men esam xotin kishiman, sizdan ming marta baxtsizroqman...

* * *

Sovuq qish sabohlaridan birida kecha oqshom unashgan yigit bilan qiz ko‘kraklariga nozik, yashil nihollar taqib, lablarida ham xuddi o‘sha nihollar singari jonsiz tabassum bilan bir-biriga jilmayib turardi. Ular o‘n minutchadan keyin ko‘zlarida yosh bilan baxtsiz aka va kimsasiz singil kabi bir-birlaridan ayrildilar.

* * *
Qusha-da-si, 2 ap-rel.

Uch kun oldin maktabni o‘zimizga qaytib berishdi. Besh oylik tanaffusdan so‘ng kecha yana dars boshladik. Lekin bundan nima foyda? Axir o‘qish yili tugab qolayozdi-ku!

Bahor sinflarni yorqin quyosh nurlari, ertangi gul bo‘ylari bilan to‘ldiradi. Devorlarda O‘rta yer dengizining yashil sayqali o‘ynaydi. Bolalarda ham, kattalarda ham o‘qish-o‘qitishga mayl qolmadi.

Bosh muallima Qushadasida qolmayman deb oyog‘ini tirab turib oldi. Shundan keyin uni bundan bir oycha avval boshqa yerga ko‘chirishib, o‘rniga meni tayinlashdi. «Bosh muallima»lik unvonini bitirishib, o‘rniga «mudir» so‘zini kiritishdi. Men bir jihatdan bu narsaga xursand bo‘lmadim, chunki maktabimdagi muallimalar menga xunuk qaraydigan bo‘lib qolishdi. Garchi bular bunchalik ma’lumotli, o‘qimishli muallimalar bo‘lishmasa ham, harholda, yoshlari bir yerga borib qolgan xotinlardir. Maorif ministrligidagi amaldorlarning tili bilan aytganda, har biri o‘n besh-yigirma yillik tajribaga ega bo‘lgan o‘qituvchilar edi. O‘shalarning o‘rnida bo‘lsam, bir kun kelib qizim tengi bir zing‘archani boshimga keltirib katta qilib qo‘yishsa, albatta, men ham xafa bo‘lardim.

Mart oyining boshlarida Xayrullobeyni pensiyaga chiqarishdi. U o‘zi badavlat odam, oylikka muhtoj emas. Shunday bo‘lsa ham izzat-nafsiga tegdi.
— Sevgili ayiqchalarimdan bir qanchasining ko‘zini o‘z qo‘lim bilan yopdim. Mening ko‘zlarimni ham o‘shalar yopsa, mozorimga ham o‘zlari olib borib qo‘yishsa devdim, bo‘lmadi, — dedi.

Xayrullobey butun yoshligini ilmu fanga bag‘ishlagan, natijada, mukammal ma’lumotga ega bo‘lgan kishi edi. Uyida juda katta kutubxonasi bor. Shunday bo‘lsa ham dunyoda kitobdan bema’ni, bekorchi narsa bo‘lmaydi, kitobni yozuvchilar ham, uni o‘quvchilar ham hayotda hech nimaga tushunmaydigan pandavaqilar, deb yuradi.

Kecha o‘rinli bir dalil bilan mot qilmoqchi bo‘ldim.
— Xo‘p, unday bo‘lsa, nima uchun o‘zingiz shuncha ko‘p kitob o‘qidingiz, hatto meni ham o‘qishga tashviq qilasiz? — dedim.

Bu shunday kuchli dalil ediki, oqar suvni ham to‘xtata olardi. Lekin u pinagini buzmadi, aksincha, xaxolab kuldi, meni ermak qilib:
— Rosa boplading-ku, kichkina! Lekin mening aytganimni qil, deb senga kim aytdi? — dedi.

Bu qari doktorga hech tushuna olmayman. Nimaniki yaxshi ko‘rsa, shunga qarshi turadi. Meni ham ozor bergan paytlarida harvaqtdagidan ko‘proq yaxshi ko‘rganligini sezib turaman.

Xayrullobey armiyadagi xizmatidan bo‘shagandan beri kuni bilan uyiga bekinib olib kitob o‘qiydi. Gohida esa askarlikdan yodgor bo‘lib qolgan etiklarini kiyadi-da, yelkasiga jandarm singari miltig‘ini osib olib, Dulduliga minib chiqib ketadi (Duldul — uning yaxshi ko‘rgan qadrdon oti). Qishloqlarda aylanib yurib kasal boqadi, o‘zini ovutadigan narsalarni qidirib yuradi. Uyida sakson yasharlik sut enagasi bilan u «o‘nboshi» deb ataydigan cho‘loq bog‘bon qoladi.

Bundan uch kun avval Xayrullobey meni Munisa bilan uyiga chaqirdi. Kayfi chog‘ edi. Men kutubxonasini kovlashtirish bilan ovora bo‘lgunimcha, Munisa bilan yosh boladay o‘ynashdi. Munisaga shunday jiddiy buyruqlar berardiki, kula-kula o‘layozdim.
— Endi bekinmachoq o‘ynaymiz, lekin odam topolmaydigan joyga bekinish yo‘q, boshmaldoqday bolasan, bir yerga kirib olsang, kechgacha qidirishga to‘g‘ri keladi. Innaykeyin, mabodo meni topolmasang, hayron bo‘lma, bekingan yerimda uxlab qolgan bo‘laman, — dedi.

Bir necha kundan beri Munisaga chorshaf yopintiraman. Qizginam o‘n to‘rtga kirib qoldi, bo‘yi ham bo‘yimga yetdi. Kichkinam gulday ochildi, oqqa moyil och sariq sochlari orasidan oppoq, kulchaday yuzi, kun fasliga qarab o‘zgarib turadigan ko‘m-ko‘k ko‘zlari bilan kulganda yonoqlarida gullar ochgan, yig‘laganda esa ko‘zlaridan injular to‘kilgan pari qizlariga o‘xshardi.

Xayrullobey chorshaf yopintirishimga tish-tirnog‘i bilan qarshi. Men ham uning hali juda yoshligini bilaman, lekin nima qilay, qo‘rqaman. Tanish-bilishlardan ba’zilari:
— Faridaxonim, sen buningni erkaklardan qochir. Bevaqt qaynana bo‘lib qolmagin tag‘in, — deyishardi.

Ichimda allaqanday hovriqish bor: ham suyunaman, ham xijil bo‘laman. Qaynanalarni bekorga zahar deyishmaydi.

Kecha maktabdan kelayotgan edik. Bir mahal ko‘chaning ul yuzida kelayotgan o‘n olti-o‘n yetti yoshli xushro‘ygina yigitchaga ko‘zim tushib qoldi. Bu maktab bolasining biz tomonga qarab-qarab qo‘yishi menga g‘alati tuyuldi. Pechimning tagidan Munisaga sekin razm soldim. Nimani ko‘rdim deng? Noinsof sariq chayon yigitchaga ko‘z qiri bilan tabassumlar uzatsa-ya! Shunchalik vahmga tushdimki, ko‘cha o‘rtasida hushdan ketib qolishimga sal qoldi. Qiz tushmagurni qo‘lidan ushlab olib, tergay boshladim. Oldin bo‘yniga olmadi. Qarasaki, men gaplariga ishonmayman, shundan keyin yolg‘ondakam yig‘lashga turdi. Sariq chayon, ko‘z yoshlarini ko‘rsam, chidolmasdan mening ham yig‘lab yuborishimni biladi-da.
— Men ham senga qanaqa jazo berishni bilaman, — dedim. — Bozordan to‘q yashil ipaklik sotib oldim, senga shundan chorshaf tikyapman.

Bugun ertalab ham Munisa bilan atirgul moyi ustida qattiq janjallashib oldik. Bundan bir necha oy avval Xayrullobey bilan gaplashib o‘tirib so‘z orasida shu moyni yaxshi ko‘rganligimni aytib edim. Bilmayman, qaerdan topdi ekan, uch-to‘rt kundan keyin Xayrullobey menga bir shisha atirgul moyi keltirib bergan edi. Ado bo‘lib qolmasin deb juda tejab ishlatdim. Xudo umringni bergur noinsof qiz bo‘lsa hech ayamaydi. Uyda jindakkina yolg‘iz qoldimi — bo‘ldi, uy ichini atirgul moyining hidi tutib ketadi. Men qistovga olsam, o‘zini bilmaslikka solib:
— Tekkanim yo‘q, opajon, xudo ursin, — deb qasam icha boshlaydi.

* * *
Qusha-da-si, 5 may.

Bugun ertalab Munisa bir oz tobi qochib, rangi o‘chib uyg‘ondi. Ko‘zlari qizarib, yuzi so‘lishib turdi. Maktabda ishim nihoyatda ko‘pligi uchun uyda qolishning iloji bo‘lmadi. Bitta kampir qo‘shnimiz bor edi, shundan Munisaga qarab turishni iltimos qildim-u, o‘zim Xayrullobeynikiga chopib ketdim. Unga Munisaning kasalligini aytib, kelib xabar olishini iltimos qilmoqchi edim. Lekin omadim kelishmadi: yarim soatcha avval Dulduliga minib, allaqaerga chiqib ketgan ekan.

Uyga qaytib kelsam, Munisa o‘rnida yotibdi. Qo‘shnim esa, umridan baraka topsin, kechgacha Munisaning yonida paypoq to‘qib o‘tiribdi.

Munisaning rezandasi, yo‘tali ertalabgidan ancha kuchaygan, boshi o‘tday yonib turgan edi. Ovozi xirillab qolibdi. Nafas olayotganida tomog‘ida bir narsa halaqit berayotganini aytdi. Iyagidan ushlab, og‘zini ochtirdim, bo‘ynida qo‘limga qattiq narsalar, bezlar urindi. Ko‘zlarini qamashtirganiga qaramay, chiroqni og‘ziga tutib qaradim. Og‘zining ichida, kalta tili atrofida oq shishlar ko‘rindi.

Munisa mening tashvishga tushganimdan kulib:
— Yo‘talsam nima bo‘pti, opajon? Zaynilarda ham yo‘talardim-ku, esingizdan chiqdimi? — dedi.

Kichkinam to‘g‘ri aytadi. Zaynilarda, qahraton sovuqda, qor ichidan topgan kechamizda ham yo‘talmaganmidi? Bolalarda shamollash nima degan narsa? O‘tib ketadi... Lekin Xayrullobeyni topmaganim xijil qiladi. Hozirgina o‘nboshi kelib, Xayrullobeyning qo‘shni qishloqda yotib qolganligini aytib ketdi. Xudoyo, u kelguncha kichkinam turib ketsin-da!

* * *
Qusha-da-si, 18 iyul.

Bugun ertalab hisoblab ko‘rsam, kichkinamni qora yerga qo‘yganimga roppa-rosa yetmish uch kun bo‘libdi.

Bu dahshatli ayriliqqa ham, bu achchiq alamga ham sekin-sekin ko‘nika boshladim. Inson nimalarga chidamaydi!.

Boya qari doktor bilan dengiz bo‘yiga aylangani bordik. Qumloqdan mayda toshlar, sadaf qobiqlari yig‘ib, dengizga ota va sokin suv betida sirg‘antira boshladim.

Xayrullobey yosh boladay quvondi. Oq kipriklari orasidagi gunohsiz moviy ko‘zlarini kuldirib:
— Oh, yoshlik, — dedi. — Alhamduliloh, bu alamni ham yengdik. Qara, ranging bilan birga kayfing ham kirib kelyapti.

Kuldim.
— Nimaga ajablanasiz? Sizday doktori bo‘lgan kishining kayfi ochilsa ne ajab? Bu axir tabiiy narsa-ku, — dedim.

Xayrullobey vazmingina boshini tebratdi:
— Tabiiy narsa emas, kichkina, tabiiy narsa emas! Doktorlik ham insonlar kabi, kitoblar kabi, vafo va sadoqat kabi asossiz, ma’nosiz bir safsata... Mushtumday bolani qutqazib qolishga qurbi yetmagan bunday fanning yuziga tufurganim bo‘lsin!
— Nachora, doktorbey, xafa bo‘lmang. Xudoning xohishi shu ekan, — dedim.

Doktor alam bilan yuzimga qaradi.
— Bechora kichkinam, bilasanmi, senga nima uchun rahmim keladi? Boshingda og‘ir qayg‘u, o‘zing tasalliga muhtojsan-u, birovning dardini ko‘rib, o‘z dardingni unutasan-da, boshqalarga taskin bera boshlaysan. Sening bu mazlumliging, boshqalarga rahmdilliging meni yig‘latadi, kichkina, — dedi.

Bir oz jim turgandan keyin o‘zidan shikoyat qila boshladi:
— Men ham ikki chaqaga arzimaydigan bo‘lib, bachkanalashib ketyapman... Yo jinni-pinni bo‘lib qoldimmi-a? Qani, kichkina, ketdik, yur.

Sarg‘aygan dalalar bilan yurib uyga qaytdik. U yerlarda ishlayotgan dehqonlarning hammasi doktorni tanir edi. Kattakon g‘aram yonida ishlayotgan bir qari xotin bilan gaplashdik. Xayrullobey bir necha yil avval uning nevarasini shifolagan ekan, kampir o‘tirib olib rosa duo qildi. Keyin saraton quyoshida kuyib-yonib qo‘sh haydayotgan baquvvat bolani chaqirdi.
— Bu yoqqa kel, Husayn, valine’matingning qo‘lini o‘p. U bo‘lmaganda sen hozir bir hovuch tuproq bo‘lib ketarding, — dedi.

Qari doktor Husaynning oftobda kuyib, terlab ketgan yuzini silab turib:
— Men unaqa qo‘lini quruq o‘ptirib ketaveradiganlardan emasman, yigit. Undan ko‘ra bizni molangga mindirib o‘ynat, — dedi.

Ikkita kuchli ho‘kiz qo‘shilgan molaga mindik. Bug‘doy dengizining sariq to‘lqinlari ustida besh-o‘n minutcha gasht qilib aylandik.

* * *

Bugun u voqeani yozsam bo‘ladi, yuragim chidash berar deb o‘ylayman.

Daftarimning oxirgi sahifasini yozgan kechamning ertasiga ertalab Munisaning ahvoli og‘irlashdi. Ovozi butunlay bo‘g‘ilib qoldi. Bechora bolam! Nafas ololmay qiynalar edi. Nima bo‘lsa ham boshqa doktor olib kelmasam bo‘lmaydi deb endi chorshafimni yopina boshlaganimda, Xayrullobey kirib keldi. U kasalni qarab, qo‘rqinchli hech narsa yo‘qligini aytdi. Lekin qovog‘i tushib, xayol surib qoldi.

Qovog‘i tushib ketganligi menga yoqmaganini botinqiramay o‘ziga aytdim. Doktorning jahli chiqdi. Yelkalarini qisib:
— Ko‘p g‘idi-bidi qilaverma! O‘zim charchab o‘lib turibman, to‘rt soatlik yo‘ldan keldim-a! Senlarga xizmat etganim yetmay, tag‘in dilimni siyoh qilishing qoldimi?— dedi.

Xayrullobey og‘ir kasallarni ko‘rganda harvaqt shunaqa asabiylik, qo‘pollik qilardi.

Yuzimga qaramaslikka tirishib:
— Keragi bo‘lmasa ham bir-ikkita tanish doktorlarni chaqiraman. Qog‘oz-qalam olib kel, tez bo‘l, — dedi.

Bugun hamma ishim teskarisidan kelaverdi. Ertalabdan beri maktabdan uch marta xodima chaqirib keldi. Maorif ministrligi kengashining ikkita a’zosi bilan bir inspektor kelibdi. Mendan ba’zi narsalarni surishtirishmoqchi emish. Xodima uchinchi marta kelganda, yoqasidan sudrab ko‘chaga chiqarib tashlaguday bo‘ldim.

Xayrullobey, jahli chiqib, meni jerkib tashladi:
— Sen bu yerda nima qilasan? Bor, ishingni qil. O‘zim charchab o‘lay deb o‘tiribman-u yana sening xarxashangni ham ko‘taraymi? Bo‘l tez, chorshafingni yopin, marsh! Bu yerda ivirsib, meni ishdan qoldiryapsan. Xudo ursin, bo‘lmasa hozir chiqib ketaman.

Qari doktor ovozini shu qadar qo‘rs, ters qilib buyurdiki, bo‘ysunmaslikning iloji qolmadi. Churq etolmay qoldim. Pechim ostida yig‘lay-yig‘lay maktabga ketdim.

Maorif ministrligi meni dunyoning barcha nozu ne’matlariga g‘arq qilganda ham bugungi fidokorligim haqini to‘lay olmaydi. Inspektorlar sinfma-sinf yurib bolalarni imtihon qilishar, daftarlarni ko‘rmoqchi bo‘lishar, kurakda turmaydigan ming turli narsalarni so‘rashardi. Boshimga tushgan falokat ichida nima o‘ylaganimni, javob qilganimni bilmayman. Vaqt choshgohdan oshgan bo‘lsa ham ular hamon ketishmas edi.

Oxiri ulardan biri parishonligimni sezib:
— Tobingiz yo‘qmi, mudira xonim? Yuzingiz iztirobli ko‘rinadi, — dedi.

Ortiq o‘zimni tutolmadim, marhamat tilayotganday bo‘ynimni egdim, qo‘llarimni qovushtirib:
— Uyda bolam o‘lyapti, — dedim.

Achinishdi, bema’ni tasallilar berishdi, keyin ketishimga ruxsat etishdi.

Uyim bilan maktab orasi nihoyati besh minutli yo‘l. Lekin hozir u yo‘lni yarim soat, balki undan ham uzoqroq muddat bosdim. Ertalabdan beri tezroq uyga qaytsam deb uchib turganimga, qiynalganimga qaramay, endi u yoqqa borishga nima uchundir oyog‘im tortmas edi. Ko‘chalarda yolg‘iz gandiraklar, devorlarga suyanib qolar, yura-yura charchagan yo‘lovchilarday chashma toshlarga kelib o‘tirardim.

Uyimizning ochiq derazasidan yot erkaklarning boshlari ko‘rindi. Eshikni menga o‘nboshi ochdi. Bir nima so‘rashga botinmay, gapirmasaydi deb ko‘zlarim bilan, parishon ahvolim bilan yolborar edim. Lekin u men kutmagan so‘zlar bilan qarshi oldi:
— Bola bechora kasal... Inshoolloh, xudo shifosini berar, — dedi.

Birdan shiftlar larzaga keldi, zinapoya ustida doktor Xayrullobey ko‘rindi, ko‘kragi ochiq, qo‘llari shimariqlik edi.
— Kim keldi, o‘nboshi? — deb o‘kirdi.

Majolim qurib, zinaga o‘tirib qoldim. Xayrullobey tashqari qorong‘isida meni ko‘rguncha kutib turdi, keyin sarosimali bir tovush bilan:
— Farida, senmisan? Juda soz, qizim, juda soz,— dedi. Keyin sekin yonimga tushdi. Ahvolim hamma narsadan xabardorligimni bildirib turardi. Qo‘llarimni ushladi, duduqlanib, tutilib gapira boshladi: — Qizim, tishingni tishingga qo‘y, o‘zingni mahkam tut. Inshoolloh, tuzalib ketadi. Qon quydik, qo‘limizdan nimaiki kelsa qildik. Xudoning dargohi keng. Umid uzib bo‘lmaydi.`
— Doktorbey, ruxsat bering, o‘zini ko‘ray, — dedim.
— Hozir emas, Farida, bir ozdan keyin. Endi uxladi. Xudo haqqi, hech narsa bo‘lgani yo‘q. O‘lay agar, charchab uxlab qoldi.

Hovliqmasdan, lekin qattiq turib talab etdim:
— Haqqingiz yo‘q, doktorbey, albatta ko‘rishim kerak! — Ovozimda yig‘i bor edi, keyin ingrab turib ilova etdim: — Siz o‘ylaganingizdan ko‘ra bardamroqman. O‘zini urib, dod soladi, deb qo‘rqmang!

Xayrullobey bir oz o‘ylandi, keyin boshini silkitib rozi bo‘ldi.
— Xo‘p, qizim. Lekin esingda bo‘lsin, behuda ohu vohlar kasalni cho‘chitadi.

Inson o‘z uhdasiga biron majburiyat olgandan keyin qanchali alam va hasratga uchramasin, sukut saqlashga, chidashga majbur bo‘ladi. Xayrullobeyning yelkasiga boshimni qo‘yib uyga kirganimda na ko‘nglimda hayajon va na ko‘zlarimda bir tomchi yosh bor edi.

Oradan yetmish uch yil qadar uzun yetmish uch kun o‘tgan bo‘lsa ham, Munisa yotgan uy hali-hali ko‘z o‘ngimdan ketmaydi.

Ichkarida ko‘ylaklarining yoqalari yechilib, yenglari shimarilgan ikkita yosh doktor bilan bitta kampir bor edi. Daraxtlarning yaproqlari orasidan tushib turgan choshgoh quyoshi uy ichini yorqin hayotga to‘ldirgan. Tashqarida qushlar, chigirtkalar chirqillashadi. Uzoqdan grammofon ovozi eshitiladi. Uy ichi ivirsigan: kursilarda, raflarda shishalar, paxtalar; yerlarda, devorlarda Munisaning ming turli narsalari. Oynak yonida uning o‘zi Xayrullobeyning bog‘idan terib keltirgan bir dasta gul; komod ustida Munisa dengiz bo‘yidan yiqqan bir hovuch rangli tosh, sadaf qobiqlari; stullardan birining tagida bir poy tuflisi; devorda B... dagi uyimizda men suv bo‘yog‘i bilan solgan rasmi (boshida dala gullaridan yasalgan chambar, quchog‘ida Mazlum bilan tushgan edi), so‘ngra ming turli munchoq, laxtaklar, shisha boldoqlar, kelinchaklar surati solingan otkritkalar — xullas, bir qiz bola qalbining javharlari, endi bo‘yinlarini qisib qolgan g‘aribalari...

«Endi Munisam chorshaf yopinadigan katta qiz bo‘lib qoldi», deb ikki haftacha burun nikellangan ajoyib karavot sotib olgan, uni xuddi qo‘g‘irchoqnikiga o‘xshatib to‘rlar bilan yasatgan edim.

Kichkinam shu ipak ko‘rpalar ichida o‘zi ham ipakday suzilib, cho‘zilib yotardi. Boshi xuddi uyquda tushib ketganday, bir yonga og‘ibroq qolibdi. Karavotining oyoq tomonidagi suyanchig‘ida yaqinda sotib olingan to‘q yashil chorshafning bichiqlari osilib yotibdi. Bosh tomonidagi rafda B... da men sotib olib bergan qo‘g‘irchoq kichkinamning bo‘salaridan rangi o‘chgan yuzi, yirik moviy ko‘zlari bilan unga qarab turibdi.

Qizginamning yuzida kasallikning na azobi va na qiynog‘i ko‘rinadi. Horg‘inlik uyqusi elitgan og‘zining atrofida tiriklikning so‘nggi alomatlari dildirar, kulimsiramoqchiday ochilgan lablari inju tishlarini ko‘rsatib turardi. Bu go‘zal, ayni zamonda sho‘rlik ne’matlar, bir qorong‘i qishloq maktabida qalbimga jo bo‘lgan daqiqalardan to shu bugunga qadar meni baxtiyor qilib kelgan edi.

Qushlar hamon shodlanishadi, grammofon hanuz tinmay chaladi, choshgoh quyoshining daraxt yaproqlarini taragan nurlari bu rangsiz bola yuziga ushlangan kapalak qanotlaridan barmoqlarda qoladigan yiltiroq changga o‘xshash bir rang beradi, peshonasiga tushgan sariq sochlari bilan o‘ynashadi.

Na faryod ko‘tardim, na ustiga o‘zimni tashlab yoqamni yuldim! Qo‘llarim qari doktorning bo‘ynida, boshim uning yelkasida, bu alamli manzarani sehrlanganday tomosha etardim.

O‘lim bechora bolamga oy yog‘dusi husni bilan yaqinlashar, unga xos hafiflik bilan peshonasidan, lablaridan o‘par edi.

* * *

Doktorlar karavotga yaqin kelishdi. Ulardan biri shoyi ko‘rpani ochib tashlab, Munisaning yalang‘och qo‘liga igna keltirganini ko‘rdim.

Xayrullobey xiyol o‘girilib, gavdasi bilan meni to‘sib oldi. Yosh doktorlardan biri:
— Odekolon, picha odekolon! — dedi.

Qari doktor boshi bilan rafga imo qildi.

Qushlar hamon tinmas, grammofon esa sho‘x kuylarini qo‘ymas edi.

Birdan uy ichini atirgul moyining hidi tutib ketdi. Odekolon topisha olmay, atirgul moyini ishlatishibdi.

Atirgul moyi!.. Kichkinamning qo‘lidan tortib olgan edim-a shu shishani!.. Menga baxsh etgan shuncha shodu xurramlik evaziga u yaxshi ko‘rgan arzimas bir narsani qizg‘anibman, shunday bag‘ritoshlik qilibman-a!

Ingrayotgandek alamli tovush bilan:
— Shishani ko‘rpaga bo‘shating, doktorbey. Kichkinam buning hididan xursand bo‘ladi, — dedim.

Xayrullobey sochlarimni silardi.
— Yur, Farida, yur bolam, tashqariga chiqaylik, — dedi.

Munisani oxirgi marta o‘pishni istardim. Lekin yuragim dov bermadi, faqat yalang‘och qo‘lini ushladim. Kichkinam ora-sira qo‘llarimni ushlar, hovuchimni ag‘darib kaftlarimdan o‘pardi. Men ham shunday qildim. Bechoramning qurishgan, so‘lishgan hovuchlarini ustma-ust o‘pdim, opasiga qilgan butun yaxshiliklari uchun tashakkur etdim.

Ana shu minutdan so‘ng Munisani qaytib ko‘rmadim. Meni joyimga olib borib yotqizdilar, yolg‘iz qoldirib ketdilar.

Butun vujudim dag‘-dag‘ titrar, hammayog‘imdan ter quyilar edi. Uy ichiga to‘lgan atirgul moyining hidi to‘lqin singari meni bag‘riga olar, nafasimni bo‘g‘ar edi. O‘sha on bu hid, bu choshgoh quyoshining nurlari, qushlarning sadolari menga yillar bo‘yi davom etayotganday tuyuldi. Keyin sekin-sekin ko‘z o‘ngim qoraydi. Ko‘zlarimga Munisa, qor bo‘ronlari ichida u yo‘qolgan qorong‘i kecha ko‘rindi. Kichkinamning eshikni taqillatgan, bo‘ronda chirqirab yig‘lagani quloqlarimga kirdi.

Kechaning qaysi soati ekanligini bilmayman. Yorug‘ nur ko‘zlarimni qamashtirdi. Sochlarimga, peshonamga qo‘l tekkanini sezdim. Ko‘zlarimni ochdim: qari doktor qo‘lida shamdon bilan yuzim ustida engashib turar, so‘niq moviy ko‘zlarida, oppoq kipriklarida yoshlar titrar edi.

Xuddi tush ko‘rayotganday:
— Soat necha? Uzildimi, a? — deb so‘radim.

Shu so‘zlardan keyin sekin-sekin yana Zaynilar kechasining qorong‘iligiga cho‘mdim.

* * *

Ko‘zlarimni ochganimda yotgan yerimni taniy olmadim: boshqa uy, boshqa derazalar... Tirsaklarimga tiranib turmoqchi bo‘ldim, lekin boshim meniki emasday yana yostiqqa tushdi. Shoshib tevaragimga qaradim-u yana doktorning moviy ko‘zlarini ko‘rdim...
— Farida, meni taniyapsanmi?
— Nega tanimayin, doktorbey? — dedim.
— Xudoga shukr, xudoga shukr. Endi u kunlarning betini ko‘rmaylik...
— Bir nima bo‘ldimi, doktorbey?
— Sening yoshingdagi bolalar uchun qo‘rqinchi yo‘q. Bir oz uxlading, qizim, bir oz uxlading. Unchalik ahamiyati yo‘q...
— Qancha uxladim?
— Ko‘p-u, lekin zarari yo‘q... O‘n yetti kuncha...

O‘n yetti kun! Shuncha uxlash! Qiziq-ku?.. Yorug‘ meni bezovta qilgani uchun yana ko‘zlarimni yumib oldim. Bu o‘n yetti kunlik uyquga boshqa birovning ko‘ksidan chiqayotgandek, boshqa birovning lablaridan uchayotgandek g‘alati bir qahqaha bilan kuldim. Keyin yana uxlab qoldim.

* * *

Og‘ir asabiy tutqaloqni boshdan kechirdim. Doktor Xayrullobey meni o‘z uyiga olib kelib, o‘n yetti kun tepamdan jilmay o‘tiribdi. Bu umrimda birinchi marta qattiq og‘rishim edi. Tamom tuzalib ketishim qirq kundan ortiqroqqa cho‘zildi. Kunlarcha o‘rnimdan turmay yotdim. Kasaldan keyin sochlarim tusha boshladi. Bir kun qaychi so‘rab olib, sochimni qirqib tashladim.

Tuzalish qanday yaxshi narsa! Odam dunyoga yangidan kelganday bo‘ladi. Eng ahamiyatsiz narsalarga ham chiroyli qo‘g‘irchoqlarga qaragan yosh bola singari suyunib, yayrab-yashnab qaraydi. Oynakka o‘zini urgan kapalak, oyna chekkasida rang-barang tovlangan quyosh nuri, uzoqdagi podaning ma’rashlari qalbimni lazzat bilan tipirchilatadi.

Kasallik so‘nggi uch yil davomida qalbimda yig‘ilgan barcha zahru zaqqumlarni olib ketdi. Xotiralarim menga boshqa birovnikiday tuyulardi, chunki ular qalbimda endi na alam va na hayajon uyg‘otardi. Dam-badam hayron bo‘lib o‘zimdan so‘rayman: «Balki bular bir mahallar ko‘rilgan tushning xira xotiralaridir? Yoki bularni biron eski romanda o‘qiganmikanman?»

Ha, bularning hammasini tushda, undagi odamlarni esa ranglari o‘chib, chang bosib yotgan eski suratlarda ko‘rgandayman.

Doktor Xayrullobey majolsiz yotgan kunlarimda yonimdan bir kun ham jilmay do‘stlarcha parvarish qildi. Goh hikoyalar aytib, goh romanlar o‘qib, meni zeriktirmaslikka, kuldirib o‘tirishga harakat qildi. Bechoraning o‘zi ham rosa charchadi.
— Ishqilib, tuzalib ket... Xudo haqqi, og‘rib-netib qolmaganimda ham, azbaroyi maza qilish uchun, ipakli ko‘ylak tiktirib, uch oy ko‘rpaga kirib yotib olaman. Senga shunaqayam nozlar qilayki... — deyardi.

Ba’zan uxlayotganga o‘xshash toliqib qolaman. Yupqalashgan qovoqlarimdan o‘tgan quyosh nuri menga pushti tuyuladi. Shunday paytlarda Xayrullobey bosh tomonimdagi kursida kitob o‘qib yo mudrab o‘tirgan bo‘ladi. Ana shunday toliqqan damlarimda jonim tanimdan chiqadi-yu, nurday, ovozday fazolarda uchib yurgan bo‘lib ko‘rinadi. Qaerda, qaysi mamlakatga uchib ketyapman? O‘zim ham bilmayman. Birdan chuqur chohga qulay boshlayman, ana shunda yuragim orqamga tortadi, seskanib uyg‘onib ketaman. Ko‘zlarimni ochib, uzoq, juda uzoq yerlardan qaytib kelganday bo‘laman. Quloqlarimda nur tezligi bilan manzara tortib o‘tgan masofalarning shamollari guvillaydi, ko‘zlarimda yetti qavat osmonda ko‘rilgan xira, tumanli mamlakatlarning tarqoq, so‘nik xotiralari pirpiraydi.

* * *

Ilgari kuni Xayrullobeyga:
— Doktorjonim, endi butunlay tuzaldim. Uni ziyorat qilib kelaylik, — dedim.

Xayrullobey oldin rozi bo‘lmadi. Yarim oy, hech bo‘lmasa yana bir hafta sabr qilishni iltimos etdi.

Nachora, kasallarning bir so‘zligini, injiqligini qaytarib bo‘lmaydi. Qari do‘stimni axiri ko‘ndirdim. Bog‘dan ikki quchoq gul, dengiz bo‘yidan bir hovuch rang-barang tosh (kichkinam bularni guldan ham yaxshi ko‘rardi) yig‘dik.

Munisaginam O‘rta yer dengizi bo‘yidagi tepalikka, o‘zi kabi nozik bir sarv daraxti ostiga qo‘yilibdi. Qabri yonida bir necha soat o‘tirdik. Kasal yotganimdan beri doktor ikkalamiz uning to‘g‘risida birinchi marta gaplashdik. Kichkinamning qanday o‘lganini, qanday ko‘mganlarini bilgim keldi. Qancha qistasam ham, Xayrullobey tafsilotini aytib bermadi. Faqat bir narsanigina bila oldim: dafn qilingandan keyin imom Munisaning onasini so‘ragan ekan, tabiiy, hech kim bilmabdi. Xayrullobey, bu kichkina qizga mening onalik qilib yurganimni eslab, otimni aytibdi. Bolajonimni «Munisa Farida qizi» deb tuproqqa...

* * *
Qusha-da-si, 1 sen-tyabr.

Bugun ertalab Xayrullobey menga:
— Qizim, meni yana qishloqdan chaqirib kelishibdi,— dedi. — Duldul senga omonat. Menga qara, oyog‘ining yarasini o‘zing bog‘la, u ayiq o‘nboshiga tashlab qo‘yma. Nevlay, Duldulning oyog‘ini ham o‘zinikiga o‘xshash kestirmoqchimi deyman-da! Hayronman, oyog‘i hech tuzalmayapti. Yara bog‘lashni bilasan, shunday qil: bog‘lab bo‘lganingdan keyin jonivorni boqqa olib chiqib, besh-o‘n minut aylantir, havo olsin. Innaykeyin, iloji bo‘lsa, bir oz, lekin ko‘p emas, yo‘rttir, uqdingmi? Endi yana bitta ish bor: bugun novvoy Xurshid ijara pulini olib keladi. Qaydam, yigirma sakkiz lirami, xullas, keltirgan pulini mening nomimdan olib qolasan. Uchinchi ishga kelsak, hah qurib ketgur, nima edi? Miya ham qolmadi... Ha, esimga tushdi, kutubxonamni pastga tushirtir. Dengiz tarafdagi xonani senga beraman. Chiroyli xona, qish shamoli urmaydi, sovqotmaysan.

Qanchadan beri aytmoqchi bo‘lgan gapimni aytish payti kelgan edi.
— Doktorbey, Dulduldan tashvish qilmang, ijara haqini ham olaman, lekin uchinchisiga hojat bormikan? Juda uzoq mehmoningiz bo‘lib qoldim, shunchaligi yetar deyman. Ruxsat bersangiz, men ketsam, — dedim.

Doktorbey qo‘llarini beliga tiradi, menga taqlid qilish uchun tovushini ingichkalab:
— Juda uzoq mehmoningiz bo‘lib qoldim, shunchaligi yetar deyman. Ruxsat bersangiz, men ketsam! — dedi. Keyin qovog‘ini osiltirib, mushtini do‘laytirdi: — Nima deding? Ketasanmi? Mana buni ko‘rdingmi! Og‘zingni quloqlaringgacha yirtaman, ana undan keyin chinakamiga to qiyomatgacha kuladigan bo‘lasan!..
— Lekin, doktorbey, mehmon ham izzati bilan-da.
— Juda soz, kichik xonim hazratlari, ketmoqchisiz, lekin qaerga?

Kulimsirab javob qildim:
— Doktorbey, qaerga borishimni o‘zim ham bilgim keladi. Lekin ketish kerak-da. Butun umr sizning oldingizda qololmayman-ku? Shunday emasmi?.. Eng og‘ir kunlarimda menga yordam qildingiz, buni hech mahal unutmayman, lekin...
— Hoy, zing‘archa, shumlik qilma! Sen bilan biz «do‘st tutingan ikkita chovush» bo‘lib qolganmiz. Bas qil, bemaza gaplarni!

Xayrullobey iyagimdan tutdi.

Men esam hamon tiranib turib oldim.
— Doktorbey, qolsam — o‘zimning jonim ham rohat qiladi. Ishoning, men sizning yoningizda o‘zimni juda baxtiyor his qilaman. Lekin qachongacha sizga yuk bo‘laman? Bilaman, siz juda odamparvar, jonkuyarsiz...

Doktorbey kalta sochlarimni to‘zg‘itib hadeb mendan kulardi, keyin yana meni ermak qilish uchun, betlarini bujmaytirdi, lablarini cho‘chchaytirdi, tovushini ingichka qilib:
— Odamparvar, jonkuyar!.. — dedi. — Nima, sen bilan tragediya o‘ynayabmizmi, jinni qiz? Tushunmaydigan maxluq ekansan. Odamgarchilik, jonkuyarlik degan narsalaring yetti uxlab tushimga ham kirgan emas, zing‘archa! Men o‘z kayfim uchun yashadim, senga ham yana shu kayf uchun xizmat qildim. Seni yoqtirmagan bo‘lsam, basharangga qararmidim? O‘zimni minoradan tashlaganimni eshitsang, «jonkuyarlik, fidokorlik qildi», deb yurma, ishonma! «Bu xudbin chol minoradan o‘zini tashlab, qanday maza topdi ekan?» deb hayron ham bo‘lma. Molerning bitta qahramoni bor, menga juda yoqadi. Boyoqishni kaltaklashayotganda odamlar yordamga yugurib kelishsa, bularni haydab: «Bor, ishlaringni qil! Voy xudo! Voy xudo! Bilmaysizlarda, balki tayoqdan huzur qilayotgandirman!» — deydi. Bo‘ldi, bas qilaylik valaqlashni, qizim. Kelgunimcha uying taxt bo‘lmasa, ahvolingga voy! Bitta tanish qorovul bor, yo‘g‘on, o‘lguday to‘mtoq, xudo haqqi, o‘shani chaqirtirib kelaman-u dod deganingga qo‘ymay nikohingni o‘qitaman. Ko‘rdingmi, qanaqa jazo beraman?

Xayrullobey ba’zi mahallardagi singari yana xunuk so‘zlar bilan hazillasha boshlaydi, meni tag‘in uyaltiradi, deb yonidan qochib ketdim.

* * *

Xayrullobey mening uchun ham ota, ham yaxshigina do‘st bo‘lib qoldi. Uyida o‘zimni begonaday sezmayman, men singari qalbi singan, hayoti barbod bo‘lgan bir qiz qanchalik baxtiyor bo‘la olsa, men ham shunchalik baxtiyorman. O‘zimga ming turli ish o‘ylab topaman: qari enagaga yordam, uy yig‘ishtirish, boqqa, mevalarga, hatto doktorning hisob-kitoblariga qarashish, shunga o‘xshagan yana ming xil ish...

Bu yerdan ketib qolsam, nima qilaman? Men axir nogiron qatoridaman. Durust, sog‘lig‘im sekin-sekin yaxshilanib boryapti, lekin befoyda, ichimda allanarsa singanday ko‘rinadi. Eski sog‘lig‘imni, menga hamma narsani yoqtirib kelgan eski xushchaqchaqligimni endi hech vaqt topolmayman. Kulib turib yig‘layman, yig‘lab turib kulaman. Minutim minutimga o‘xshamaydi. Masalan, kecha kechqurun kayfim yaxshi edi. Boshimni yostiqqa qo‘yganimda o‘zimni juda baxtiyor bildim. Tongotarda, qorong‘ida esa hech sababsiz yig‘lab uyg‘ondim. Menga nima bo‘ldi? Nimaga yig‘ladim? Buni o‘zim ham bilmayman. Nazarimda, kechasi bu vafosiz dunyoning hamma uylariga birma-bir kirib, qanchalik g‘amu g‘ussa, qanchalik umidsizlik bo‘lsa, hammasini yig‘ib kelib qalbimga joylagandayman. Bu sababsiz, nomsiz, tilsiz hasrat ichida titrab: «Onajonim, onajonim!» deb qichqirar, faryod qilib yubormaslik uchun qo‘llarim bilan og‘zimni to‘sardim.

Birdaniga qo‘shni xonadan Xayrullobeyning ovozi eshitildi:
— Farida, senmisan? Nima bo‘ldi, qizim?

Qari doktor qo‘lida shamdon bilan xonamga yugurib kirdi. Nima bo‘lganini, nimaga yig‘laganimni so‘roqlab o‘tirishni lozim ko‘rmay, ahamiyatsiz, balki ma’nosiz shafqat so‘zlari bilan tasalli bera boshladi:
— Hechqisi yo‘q, qizim, hechqisi yo‘q. Asab tutqalog‘i, o‘tib ketadi, bolam. Voy, bechora bolam-e!

Ko‘zlarimdan yoshlar quyilar, ovqat tiqilib qolgan qush bolalari singari og‘zimni katta ochib hiqillar, titrar ekanman, qari do‘stim derazaga o‘girildi-da, qorong‘ida uzoqlarga musht do‘laytirib:
— Xudo jazongni bersin! Oyday qizni xarob qilding, — dedi.

Yolg‘iz qolsam, shunday kasallik, umidsizlik tutqalog‘iga qanday bardosh beraman, nima qilaman? Buni qaranglar... Hozir shu aqlga sig‘adigan narsami? Doktor hech bo‘lmaganda bir oy, balki bundan ham ko‘proq yonimdan jilmaydi...

* * *
Ola-jaqoya chor-bog‘i, 10 sentyabr.

Bir haftadan beri Olajaqoya chorbog‘idaman. Xayrullobey bundan o‘n kun avval:
— Farida, Olajaqoyada bitta chorbog‘im bor. Ancha vaqtdan beri xabar olganim yo‘q. Ishchilarni bo‘sh qoldirib bo‘lmaydi. Seni o‘n-o‘n besh kunga olib ketaman. Bahonada havoni o‘zgartirasan, bahring ochiladi. Hademay maktablarda o‘qishlar boshlanadi, ana undan keyin butun yil qimirlay olmaysan, — dedi.
— Doktorbey, bag‘ri keng yerlarni juda yaxshi ko‘raman, lekin nachora, maktablarning ochilishiga oz qoldi. Hayronman, qanday bo‘lar ekan? — deb javob berdim.

Doktorbey jahli chiqib yelkasini uchirdi.
— Iya, borasanmi, deb so‘raganim yo‘q-ku sendan! Unday bo‘larmikan-bunday bo‘larmikan deganing nimasi? Men senga «olib ketaman», dedim. Doktorning ishiga nimaga aralashasan? Raport yozaman-u zo‘rlab olib ketaveraman, yur bu yoqqa! Tur, bir-ikki qator kiyim-kechagingdan, keyin uch-to‘rtta kitoblardan ol.

Xayrullobey menga xuddi maktab bolasiga buyurganday buyurdi. Kasallik irodamni zaiflashtirib qo‘yibdimi, unga hech bas kelolmayman. Qizig‘i shuki, bundan zorlanmayman, aksincha, unga itoat qilish o‘zimga yoqadi.

Doktorning chorbog‘i qarovsiz qolgan ekan. Lekin o‘zi nihoyatda dilkash joy! Qishda ham bu yerlar bahorga o‘xsharmish. Bir ajoyib tepalik borki, tomosha qilgan bilan odam to‘ymaydi. Bu yer havoning avzoiga: buzuq yo ochiq, erta yo kech ekanligiga qarab tusini o‘zgartirib, qizil, pushti, naparmon, oq, hatto qora ranglarda tovlanib turadi. Shuning uchun ham bu yerni «Olajaqoya» deb atashgan.

Chorbog‘ meni kutganimdan ortiq mashg‘ul qildi. Molboqar xotinlar bilan sut sog‘ishdim. Endi men bilan ham do‘stlashib qolgan Duldulga minib, atrofdagi chakalakzorlarga boraman. Qisqasi, men orzu qilgan keng bag‘rli bahavo hayot.

Shunday bo‘lsa ham ko‘nglim tinch emas. Bir necha kundan keyin maktab ochiladi. Ishimga borishim, binoni supurtirib-sidirishim kerak. Xayrullobeyga esa hech gap uqtirib bo‘lmaydi. U kechalari menga romanlar o‘qitadi.
— Bulardagi qovushmagan safsatalarga chidab bo‘lmaydi, lekin ular sening og‘zingdan boshqacha, yoqimli bo‘lib chiqadi, — deydi.

Kecha kechasi unga yana kitob o‘qib berdim. Ba’zan ochiq so‘zlar uchrab qoladi. Ularni o‘qishga uyalib, o‘rinlariga darhol boshqa so‘z qo‘yib yoki shunday jumlalarni tashlab ketib o‘qiyman. Xayrullobey bo‘lsa shoshib qolganimni sezib, shiftni yiqitgudek qahqaha ko‘taradi.

Birdan qorong‘ida itlar hura boshlashdi. Derazani ochib qaradik. Chorbog‘ eshigidan bitta otliq kirib kelaverdi.

Xayrullobey:
— Kim u? — deb so‘radi.

O‘nboshining ovozi eshitildi:
— Menman.

O‘nboshining shunday bemahalda Qushadasidan kelishi bejiz bo‘lmasa kerak. Doktor:
— Inshoolloh, tinchlikdir. Men pastga tushib bilib chiqay. Kechikib qolsam yotaver, kichkina, — dedi.

Xayrullobey o‘nboshining oldida bir soatcha qolib ketdi. Yuqoriga yuzi qizarib, qovoqlari osilib chiqdi.
— O‘nboshi nimaga kelibdi, doktorbey? — dedim.

U jahli chiqib, baqirib berdi:
— Senga borib yot demadimmi? Nima qilasan surishtirib? Voy bu qizlarning miyasizligi-ey! O‘zimga tegishli ish.

Xayrullobeyning tabiatini yaxshi bilib olgan edim. Bunday paytlarda gapini qaytarib bo‘lmaydi. Chor-nochor shamdonni olib, xonamga chiqib ketdim.

Ertasiga ertalab uyg‘onsam, Xayrullobey muhim ish bilan shaharga tushib ketibdi. Bugun qaytmasam, tashvish qilmasin, deb tayinlabdi.

O‘nboshi keltirgan xabar doktorni qattiq bezovta qilgan ko‘rinadi.

Choshgoh mahalida doktorning uyini yig‘ishtirib turib, karavoti yonida konvert parchasiga ko‘zim tushib qoldi. Oldim. Kattakon bir idoraning muhri bosilgan bu konvert ustida faqat «Qushadasi maktabi mud» degan so‘zlargina qolibdi. Harholda, bu xat menga tegishli bo‘lishi kerak... Konvert parchasi meni chuqur o‘ylatib qo‘ydi. Ajabo, buni kecha o‘nboshi keltirdimikan? Unday bo‘lsa nima uchun Xayrullobey mendan yashirdi? Innaykeyin, menga tegishli rasmiy xatni qanday qilib ochadi? Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas, miyamga boshqa fikr kela boshladi: bu konvert, albatta, kitob orasida Qushadasidan kelgan.

* * *
Qusha-da-si, 25 sen-tyabr.

Hayotni rasvogarchilikdan iborat deganlar naqadar to‘g‘ri aytishgan!

* * *

So‘nggi voqeani daftarimning so‘nggi sahifasiga boricha yozayotibman. O‘zimdan na bir e’tiroz so‘zi va na bir tomchi ko‘z yoshi qo‘shaman. Men buni istamayman.

Xayrullobey meni chorbog‘da ikki kun kutdirdi. Uchinchi kecha tashvishim shu darajaga yetdiki, ertasiga ertalab nima bo‘lsa ham arava qo‘shtirib, o‘zim shaharga tushishga qaror qildim. Lekin ertalab uyg‘onsam, o‘zi kelib qolibdi.

Beg‘am, beparvo Xayrullobeyni hech mahal bunchalik parishon, bunchalik charchagan avzoda ko‘rmagan edim. Har mahalgiday sochlarimga lablarini tegizdi-da, yuzimga diqqat bilan qarab:
— Eh, xudo jazolarini bersaydi! Tuf!.. — dedi.

Boshimga yangi falokat tushganini payqadim, lekin so‘rashga jur’at etmadim.

Xayrullobey qo‘llarini cho‘ntaklariga solib olib, ancha o‘ylanib yurdi. Keyin qo‘llarini yelkalarimga qo‘yib:
— Kichkina, bir nima bilganga o‘xshaysan, — dedi.
— Yo‘q, doktorbey.
— Bilasan, bo‘lmasa indamay o‘tirmas eding. Albatta surishtirarding.

G‘oyat og‘ir, jiddiy hayajon bilan:
— Yo‘q, doktorbey, hech narsadan xabarim yo‘q, — dedim. — Faqat ta’bingizning tirriqligini, iztirob chekayotganingizni ko‘rib turibman, biron qayg‘ungiz bor. Mening ham homiyim, ham otam bo‘lganingiz uchun sizning qayg‘ungiz mening ham qayg‘um, shunday emasmi? Nima bo‘ldi?
— Farida qizim, o‘zingni yetarli darajada quvvatli sezasanmi?

Maroqim vahmimdan oshib tushdi. O‘zimni vazmin ko‘rsatishga kirishib:
— Men dadil qizman, buning isbotini bir necha marta o‘zingiz ham ko‘rgansiz. Aytavering, doktorbey,— dedim.
— Farida, mana bu qalamni qo‘lingga ol, aytgan narsalarimni yoz. Tur, qizim, qari do‘stingga bahuzur ishonaver.

Xayrullobey to‘xtab-to‘xtab, o‘ylab-o‘ylab shu satrlarni yozdirdi:

«Qushadasi maorif prezidiumi kengashi oliylariga.

Maorif sohasidagi xizmatimni davom ettirishga salomatligim yo‘l qo‘ymagani sababli, Qushadasi qizlar rushdiyasi mudirligidan meni ozod qilishingizni so‘rayman, afandim».
— Endi, qizim, o‘ylanib o‘tirmasdan, bir nima so‘ramasdan qog‘ozga qo‘l qo‘yu, menga ber. Qo‘llaring titrayapti, Farida. Yuzimga ham qaray olmayapsan. Mayli, qizim, mayli, qaramaganing yaxshi. Chunki pok ko‘zlaring bilan menga qarasang, o‘zimni yo‘qotib qo‘yaman. Yomon hodisa bo‘lganini tushunding, shunday emasmi? Endi quloq sol, Farida. Agar o‘zingni uradigan, hayajonga tushadigan bo‘lsang, gapimni shartta kesishga majbur bo‘laman. Sen hamma gapdan xabardor bo‘lishing kerak. Farida, hayotga aralashgan shu uch yilning ichida odamlarning qanday maxluq ekanligini bilib oldim, deb o‘ylaysan, shundaymi? Bekor o‘ylabsan, men oltmishga kirib qolibman-u haligacha odam bolasining nimaligiga aqlim yetmaydi. Men dunyoda ming xil pastkashlik, sharmandagarchilikni ko‘rdim-u, lekin bundaqangisini qari kallamga hech sig‘dira olmayman. Bilasan, ikkalamiz dunyoda eng toza, eng halol, qadrdon do‘stlarmiz, shunday emasmi? Kasal vujudingni oylarcha o‘z qo‘lim bilan parvarish qildim, xuddi o‘z qizimday parvona bo‘ldim. Bilasanmi, bizning to‘g‘rimizda nimalar o‘ylashyapti, nimalar deyishyapti, Farida? Yo‘q, tasavvur qilolmaysan. Men sening oshig‘ing emishman! Yuzingni to‘sma, yo‘q, boshingni baland ko‘tar. Yuzi qoralargina shunday qilishi mumkin, sen bo‘lsang, aksincha, pok qizsan. Biz nima qildikki, bir-birimizdan uyalaylik? Gapimga quloq sol, Farida, quloq sol, oxirigacha eshit. Bu la’nati bo‘hton eng avval maktablaringda tug‘ilibdi. Muallimalaring orqavoratdan bizning to‘g‘rimizda har xil bo‘lmag‘ur narsalar ayta boshlashibdi. Sababi ma’lum: ular turganda sening mudira bo‘lishing-da. Men bundan olti oy avval senga bildirmasdan, Izmirda daftardor bo‘lib ishlovchi bir do‘stimga ikki enlik xat yozib, sening martabangni ko‘tarishlarini iltimos qilgan edim. Senga bir xizmat qilib qo‘yay devdim-da. Bu harakatning men tomondan bo‘lishi shubhalarini orttiribdi

Bu fisqi fasod olovi oylardan beri tutab kelar ekan. Axiri bu narsa maorif kengashmasiga, hatto qaymaqom[4]ning qulog‘igacha yetib boribdi. Ana shundan ke- yin uzundan-uzoq qog‘ozlar yozishib, tekshira boshlashibdi. Viloyat maorif mudirligida tarjimai holingni tekshirib boqishsa, bir nechta qorong‘i nuqtalar topilgan emish. Masalan, Istambuldan B...ga kelishing, keyin markaziy rushdiyadan o‘z ixtiyoring bilan bo‘shab, bir xilvat qishloqqa ketishing — ularda qochib yurmaganmikan degan shubha tug‘diradi. Bir necha oydan so‘ng noma’lum bir yerdan yordam keladi. Maorif maydonida misli ko‘rilmagan bir sur’at bilan martabang oshib borgan, ya’ni oddiy qishloq o‘qituvchiligidan xotin-qizlar bilim yurti o‘qituvchiligi darajasiga ko‘tarilgansan. Ke- yin u yerdan ham sababsiz bo‘shab ketgansan. Bu safar boshqa viloyatga ketgansan, lekin u yerda ham qo‘nim topolmagansan. Ch... maorif kengashmasidan kelgan javobni o‘qib chiqdim, ichimga bir chelak zahar quyilganday bo‘ldi, Farida! Go‘yo sen u yerda... Yo‘q, yo‘q, aytmayman!.. Tarbiyali, yuksak ilmli urfon xodimlarining qalamlaridan, og‘izlaridan chiqqan narsalarni mening betayin askar og‘zim ham aytishga nomus qiladi. Bilasan, men og‘zimga kelganini qaytarmayman, eng jirkanch so‘zlarni ham og‘zimda tutib qololmayman. Xullasi, Faridajon, yarali ohuni ov itlari qanday o‘rab olishsa, sening atrofingni ham shunday o‘rab olishgan. Eng mas’um harakating o‘zingga qarshi dalilga aylangan, protokollarga, tergov qog‘ozlariga tushgan. O‘quvchi qizlaring kasal bo‘lgan paytlarda meni maktabga chaqirganing, kichkinamiz o‘layotganda chidayolmasdan boshingni bir zumgina yelkamga qo‘yganing, kasal bo‘lib qolganingdan keyin tepangda kechirgan soatlarim — bularning hammasi jinoyat emish! Yuzsizligimiz shu darajaga yetgan emishki, bu yerlarning urf-odatini, nomus va iffatini poymol qilibmiz. Atrofimizdagi odamlarni pisand qilmagan emishmiz. Hammaga seni kasal deb e’lon qilib, o‘zimiz dalalarda qo‘ltiqlashib yurgan, molaga minib o‘ynagan emishmiz. Maktabdagi ishingni tashlab qo‘yib, bog‘imda ot choptirib yurganmishsan. Bular ham ozlik qilib, endi shahar tashqarisidagi xilvat chorboqqa chiqib ketgan emishmiz

Faridajon, senga bu gaplarni qanday eshitgan bo‘lsam, xuddi shunday, bo‘yamasdan aytib berdim. Yolg‘on tasallilar bilan seni yana bir necha vaqtgacha ovuta olardim. Umidlaringni sekin-sekin, birma-bir sindira bilardim. Lekin unday qilmadim. Nima uchun, bilasanmi? Kasbim, yoshim menda bir ishonch hosil qildi: odam zaharni birato‘la yutishi kerak, unda yo o‘ladi, yo qutuladi. Zaharni sirop bilan, bilmayman, yana nima balolar bilan aralashtirib qultum-qultum ichishdan yomon narsa yo‘q. Falokatni jinday-jindaydan aytish nima-yu, odamni arralab o‘ldirish nima!

Shunday, Farida, hayotdan qattiq shapati yeding. Yolg‘iz bo‘lsang, seni bu zarba o‘ldirardi. O‘ylab ko‘r-a, shuncha odam qushday bir bolaning ustiga tashlansa, nima bo‘ladi? Shukr qil, tasodif seni chirindi chuquriga tashlangan bir qari chol bilan uchrashtirdi. Umrim soati allaqachon o‘n birni urib bo‘lgan. Mayli, ziyoni yo‘q. Senga xizmat qilish uchun qolgan umrim ham yetadi. Shunga muyassar bo‘lsam, bir to‘da ahmoqona g‘iybatlar ichida xazon bo‘lgan kunlarimga achinmay o‘taman. Qo‘rqma, Farida, bu ham o‘tib ketadi. Yoshsan, umidingni uzma, hali baxtli kunlaring bo‘ladi, ko‘rasan.

Iste’fongni o‘zim eltib bermoqchi edim, aynidim. Seni shu ahvolda yolg‘iz tashlab ketib bo‘lmaydi. Yosh bolalar hayotida ba’zan ahamiyatsiz narsalar ham ahamiyat kasb etib qoladi. Yur, Farida, ochiq havoga chiqaylik, qo‘ylar, sigirlar oldiga boraylik. Bu hayvonlar ko‘rgan yaxshiliklarini evazsiz qoldirishmaydi, ishonaver.

Qari doktor iste’fomni konvertga solib, o‘nboshiga berdi.

Bu bir parcha qog‘oz umrimning bir bo‘laginigina emas, ko‘nglimning so‘nggi tasallisini ham olib ketdi. Naqadar alamli, yo rabbiy, naqadar alamli! Nimagaki umid bilan qo‘l cho‘zsam, umidim puch chiqadi, nimagaki mehr qo‘ysam o‘lib ketadi! Mana, uch yil avval kuz oqshomlarining birida qizlik ro‘yolarim, bular bilan birga o‘z bolalarim haqidagi orzu-umidlarim, keyin esa Munisam o‘ldi. Bular orqasidan zora yetim ko‘nglimni ovutishsa, deb umid qilgan o‘quvchilarimdan ayrildim. Jo‘jalarini tahlikada ko‘rgan ona qush singari meni talpintirgan, titratgan bu narsalar kuz yaproqlari kabi birin-ketin xazon bo‘lib, to‘zg‘ib ketyapti. Men hali yigirma uchga to‘lganim yo‘q. Yuzimdan, tanimdan bolalik izlari ketgani yo‘q, lekin ko‘nglim o‘zim mehr qo‘ygan narsalarimning o‘liklari bilan to‘ldi!

* * *

Xayrullobey uch kungacha yonimdan bir qarich ham jilmadi. Shunchalik katta falokat oldida o‘zimni og‘ir tutishimga, sukut qilishimga ishona olmas edi. Kechalari yotganimdan so‘ng eshigimga kelib:
— Farida, bir nima kerak emasmi? Uyqung kelmayotgan bo‘lsa, kirayin, — deydi.

Uchinchi kuni ertalab barvaqt turdim. Havo iliq, osmon ochiq, xuddi may kunlari deysiz. Xayrullobeyga o‘zim sut sog‘ib keldim, nonushta tayyorladim.

Qo‘limda patnis, chehramda nash’a bilan uyiga kulimsirab kirganimda, doktor meni ko‘rib suyunib ketdi.
— Ofarin, Farida! Juda xursand bo‘ldim. Nima qilasan, dunyoning dardini tortmagan endi sen qoluvdingmi? — dedi.

Derazasini ochdim, ivirsib yotgan narsalarini yig‘ishtirdim. Keyin chorbog‘dan, qo‘ylardan, cho‘ponlardan gap ochdim. Tinmay gapirar, kular, hatto bir mahallardagi, eski maktabimdagi singari ora-sira hushtak ham chalib qo‘yardim.

Xayrullobey ta’rif qilib bo‘lmaydigan darajada suyundi. Uning xursandligini ko‘rgan sarim ko‘nglim ochilib bordi.

Nihoyat, ko‘nglimdagi gapni aytish payti keldi. Doktorning kursisini derazaga yaqin keltirib qo‘ydim, tizzalarini issiq narsa bilan yopdim, o‘zim esa deraza tokchasiga o‘tirib oldim.
— Sizga aytadigan gaplarim bor edi, doktorbey, — dedim.

Xayrullobey ko‘zlarini qo‘li bilan to‘sib:
— Ayta qol, lekin pastga tush. Xudo ko‘rsatmasin, yiqilib-netib ketma, — dedi.
— Xavotir qilmang, doktorbey, mening yoshlik chog‘larim daraxt shoxlarida o‘tgan. Hozir sizni xursand qiladigan bitta gap aytaman. Ko‘ryapsizmi, men qanday og‘irman? Kecha kechasi muhim bir qarorga keldim.
— Nima qilmoqchisan?
— Yashamoqchiman..
— Bu nima deganing?
— Tushunmayapsizmi? O‘zimni o‘zim o‘ldirmayman deganim-da! Chunki bir necha kun avval chindan ham shunday qarorga kelgan edim.

Bu so‘zlarni hazillashayotgan bola tili bilan, kulib turib aytdim. Qari doktor vahimaga tushib, o‘rnidan sakrab turib ketdi.
— Nima deb laqillayapsan, zing‘archa! Bu nimasi? Agar sening o‘rningda men o‘tirgan bo‘lsam, vahmdan pastga yiqilib chalpak bo‘lib ketardim. Bas, tush pastga, xudo xayringni bersin, tusha qol. Yana biron falokat bo‘lib-netib qolmasin...

Men kulib yubordim.
— Yashamoqchi bo‘lganimni aytganimdan keyin ham yiqilib ketishimdan qo‘rqish g‘alati emasmi, a, doktorbey? Nima uchun yashashga qaror qilganimni bilasizmi? Hozir aytib beraman. Anchagina sabablari bor. Avvalo, o‘zimni o‘ldirishga yuragim dov bermaydi. Siz mening hadeb o‘limdan gapirishimga parvo qilmang. Har nima bo‘lganda ham o‘lishdan juda qo‘rqaman. O‘lishdan boshqa chora qolmasa ham, baribir, qo‘rqaman, doktorbey.

Bu so‘zni qo‘llarimni uzatib, bo‘ynimni egib turib, samimiyat bilan aytdim.

Xayrullobey hayajon bilan qo‘limdan ushladi, tortib tushirib bir kichkina kursiga o‘tqazdi.
— Hech tushunib bo‘lmaydigan maxluqsan-da, Farida! Bir qarasang — mushtumday kichkina bolasan, bir qarasang — donishmandlarga o‘xshaysan, g‘alati odatlaring, odam ishona olmaydigan dovyurakliging bor... Juda soz, ayt, Farida, qulog‘im senda.
— Siz birdan-bir do‘stim, ayni zamonda otamsiz. Xo‘p, yashayman. O‘zimni o‘ldira olmasligimni tushunganimdan keyin yashamay nima ilojim bor? Lekin qanday yashayman? Menga yo‘l ko‘rsating. Biron ma’qul narsa o‘ylab topsangiz, qanday yaxshi bo‘lardi!

Xayrullobey qoshlarini chimirib, o‘ylanib qoldi. Bir ozdan keyin:
— Farida, — dedi, — bu narsalarni men ham o‘ylovdim. Faqat o‘zingga kelguningcha aytish fikrim yo‘q edi. Modomiki, o‘zing o‘zingni tetik seza boshlabsan, xo‘p, qizim, aytsam ayta qolay. Eng avval muallimalik qilishdan butunlay umid uzishing kerak. Bo‘lib o‘tgan voqea to‘g‘risida bugun senga ba’zi tafsilotlarni berishim mumkin. Bundan o‘n kun avval viloyatdan bir inspektor keldi. Morjniki singari og‘zidan so‘yloq tishlari turtib chiqqan, badbashara bir nusxa! Ana shu nusxa raisligi ostida bir tekshirish komissiyasi tashkil qilishgan ekan. Arizangga binoan bo‘shatishdan avval seni tergab ko‘rishmoqchi bo‘lishibdi. O‘sha kechasi o‘nboshi keltirgan qog‘oz chaqiriqnoma edi. O‘ylab ko‘r-a, Farida, sen shunday bir hay’at oldiga qanday qilib borarding? Qabihlarning og‘zidan chiqqan iflos tuhmatlarga qanday javob qilarding? Bu xabarni eshitib aqlim boshimdan uchdi. Komissiya yig‘ilgan xonani ko‘z oldimga keltirdim: seni u morj tishli nusxa qarshisida qora chorshafda, sarg‘aygan bola chehrasida, bo‘yningni egib turganingni ko‘rdim. Seni parchalab tashlash qasdida bo‘lgan u nusxa «Bo‘ri bilan Qo‘zichoq» masalidagi yirtqich singari suvdan bahona izlar, o‘zi singari iflos, sharmanda bo‘htonlarni takrorlardi. Aqlini yeb qo‘ygan soldatning sal-pal qo‘pol so‘zlari oldida rangdan rangga kiradigan mas’um yuzing, hurkak ohu ko‘zlaring o‘sha morj ro‘parasida termilib tursinmi?..

Xayrullobeyning halim, moviy ko‘zlarida men hech mahal ko‘rmagan g‘azab olovi chaqnadi. U iyagini qaltiratgan, tishlarini g‘ijirlatgan bir titroq bilan mushtini silkitib:
— Shu chiroyli og‘zimni bir ochdim, morjnusxani shunaqayam boplab savaladimki, Farida... Shunda sassiq vujudiga o‘q urishsa, bir tomchi ham qon chiqmas edi. Ilgari kuni eshitdim, meni sudga beribdi. Qani endi sud tezroq bo‘la qolsa! U ifloslarning qilmish-qidirmishlarini sudda betlariga solib bir xumordan chiqayki!..

Qari doktor ko‘zlaridagi u g‘azab olovi, yuzidagi u dahshat qizilligi yo‘qolguncha jim turdi. Keyin yana eski iliqlik, mehr bilan menga qarab, ilgarigi halim tovushi bilan gapira boshladi:
— Ikki o‘rtada nima bo‘lsa ham senga bo‘ldi. Kaltak sening boshingda sindi. Meni zo‘rlab iste’fo yozdirdi, deb keyincha xafa bo‘lib yurishingni xohlamayman. O‘qituvchilik bilan aloqangni butunlay kesishing kerak edi. Olloh bu ko‘zlarni, bu lablarni kulish va tevarakdagilarni baxtiyor etish uchun yaratgan. Morjnusxalar oldida titrasin, yig‘lasin deb emas... Farida, senga yana bir narsa aytmoqchiman. Endi sening oldingdagi mas’uliyatim ikki baravar ortdi. Chunki bu falokatning tushishiga men sababchi bo‘ldim. Shuning uchun buni daf qilish ham mening zimmamga tushadi. Yana qayta aytaman: bir yerga borib ishlash fikrini miyangdan chiqar. Bugungi mushkuldan bir amallab qutulib ketarmiz, lekin ishga kirguday bo‘lsang, ertaga boshqa bir bahona bilan yana sho‘ringni quritishadi. Buning ustiga, balki u vaqt men dunyoda bo‘lmasman. Qani, kel, ikkalamiz birga o‘ylashaylikchi. Istambulga, qarindoshlaring oldiga qaytishning iloji bormi?

Boshimni solintirdim.
— Yo‘q, doktorbey, ular men uchun tamom bo‘lgan odamlar.
— Bo‘lmasa, yana bitta chorasi bor: ajoyib bir yigitga turmushga chiqsang qalay bo‘lar ekan?
— Yo‘q, doktorbey. Dunyodan toq o‘tishga ahd qilganman.
— Erga tegsang baxtli bo‘lishingga mening ham uncha ishonchim yo‘q, Farida. U la’nati qalbingga shunday kirib olibdiki, chiqarib tashlashning hech iloji yo‘q.
— Doktorbey, oyoqlaringizni o‘pay, xohlagan narsangizdan gapiring, lekin bu to‘g‘rida...
— Xo‘p, xo‘p, kichkina, xo‘p.
— Qulluq, doktorbey.

Xayrullobey mo‘ylovlarining uchini tishlab turib, anchagina o‘ylandi.
— Xo‘p, bo‘lmasa nima qilamiz? Muhtojlikdan qo‘rqmasang ham bo‘ladi, buning xavfi yo‘q. Chunki mana shu kichkina bog‘u chorbog‘imdan tushib turadigan daromad ikkalamizga ham bahuzur yetadi. Gapning rosti, pullarimni nima qilsam ekan, deb o‘zim ham boshimni qotirib yurardim. Sening baxting yo‘liga sarf qilmasam, nimaga sarf qilaman?

Beradigan javobim uni xafa qilishini bilardim, nachora, aytmasdan ilojim yo‘q. Tizzalarini silab, qo‘rqib turib:
— Lekin, doktorbey, sizdan pul yordamini qaysi sifatda qabul qilishim kerak? Shundan keyin men nima degan odam bo‘laman? — dedim.

Xayrullobeyning jahli chiqmadi, biroq ko‘ngli ozor topib, yuzimga o‘pkalanib qaradi.
— Ayb, Farida, ayb! — dedi. — Bir-birimizga shunchalik suyanib qolganimizdan keyin bunday deyishing ayb. Lekin, afsuski, sen hech nimani parvo qilmaydigan, mustaqil, erkin ko‘rinsang ham, haqiqatda to‘pori, burnidan narisini ko‘rmaydigan, sho‘ri qurigan qiz ekansan. «Xinali qo‘zi» deb atalganlar toifasidan chiqib qolding... Bunday bo‘lmasligi kerak edi, nima qilaylik, bo‘lar ish bo‘ldi. Endi mening gaplarimga diqqat qil, Farida. Qari, samimiy do‘stidan kichkinagina yordam olishni ham o‘ziga ep ko‘rmaydigan sen singari mag‘rur bir qiz ana shuncha gap-so‘zdan, g‘iybatdan, tuhmatlardan ke- yin qanday qilib yakka o‘zi yashay oladi? Shuning uchun ham boshingni ikkita qilib qo‘ysak qalay bo‘lar ekan devdim, Farida. Birovdan yordam olishni xohlamaysan, ishlashni xohlaysan, lekin buning imkoni yo‘q. Birga turaylik, ajrashmaylik desam, bunga ham ko‘nmaysan, shunday emasmi? Ana, boshingni solintirib olding, javob berging yo‘q-da. Lekin rostini aytganda, mening o‘zim ham buni mushkulni oson qiladigan to‘g‘ri yo‘l deb hisoblamayman. Ko‘nglimizda bor gaplarni nega endi shartta-shartta ochib aytmaylik? Xabaring yo‘q, mahalla nomidan shahar boshlig‘iga elchilar boribdi. Meni uyimda oila a’zoyimdan, qarindosh-urug‘larimdan bo‘lmagan bir qiz bilan turadi, bu urf-odatimizga, shariatimizga to‘g‘ri kelmaydi, deb shikoyat qilishibdi. Hatto, hatto sening boshqa yurtga yuborilishingni ham talab etishibdi. Hammaning aybini betiga soladigan «ko‘rqozi» bo‘lganim uchun meni odamlar uncha yoqtirishmaydi. Shu bahonada nima uchun menga ham bitta tayoq tushirib qolishmasin, shunday emasmi? Gapning qisqasi, Faridajon, na men bilan yashashingning imkoni bor va na o‘z boshingga yashashingning. Nohaq shubhalar bilan hayotingni zaharlashadi. Bu la’nati dog‘ qaerda bo‘lsang ham seni tinch qo‘ymaydi. O‘tmishingdagi kichkina qora dog‘ ham har bir muttahamga, har bir firibgarga seni haqorat qilish huquqini beradi. Nima qildik endi, Farida? Nima chora topsak ekan? Seni qanday qilib himoya qilsak ekan?

O‘lim to‘shagida yotgan kasal mazlumligi bilan yuziga qaradim, qalbimdagi chuqur umidsizlikka qaramay kulimsirab turib:
— Nihoyat, o‘limni o‘ylashga haqqim borligini siz ham tan ola boshladingiz. Mana shu quyoshga, mana shu daraxtlarga, hov anovi uzoqdagi dengizga bir qarang-a, doktorbey. Menchalik joni bo‘g‘ziga kelmagan bir inson o‘z qalbining rizoligi bilan mana shu ajoyib dunyodan ketgisi keladimi?

Xayrullobey qo‘li bilan og‘zimni yopdi.
— Bas endi, Farida, bas qil! Umrimda qilmagan noma’qulchiligimni hozir qildirasan. Hali zamon yosh boladay ho‘ngrab yig‘lab yuboraman.

Yaproqlari to‘kilgan yalang‘och shoxlar orasida porlab turgan kuz quyoshiga qo‘l cho‘zib:
— Men anchagina qarib qolganman. Men o‘z umrimda odamlarning qayg‘u alamlarini, bechorachilik va muhtojliklarini juda ko‘p ko‘rganman. Mana shu qo‘llarim bilan qancha ochiq qolgan ko‘zlarni yopganman. Lekin men oldimda o‘lish majburiyatida shu qadar xotirjamlik bilan so‘zlayotgan mana shu chiroyli qiz yuzidan, kulish bahonasini qidirayotganday titrayotgan yaramas lablaridan ham zo‘rroq fojiani ko‘rmaganman!

Xayrullobey tizzalari ustidagi yopiqni irg‘itib tashlab, xona ichida anchagina o‘y surib yurdi. Keyin oldimda to‘xtab:
— U holda oxirgi chorani qo‘llaymiz, — dedi. — Seni shariatlariga muvofiq shart bilan uyimda olib qolaman, shu tariqa himoya qilaman. Tayyor bo‘l, Farida. Kelasi payshanbada...

* * *

Bir haftadan beri Qushadasidaman. Ertaga kelinchak bo‘laman. Xayrullobey ham o‘zining xususiy ishi, ham uyga ba’zi yangi buyumlar olish niyati bilan ilgari kuni Izmirga tushib ketdi. Bugun kechqurun kelar ekan, telegramma oldim.

Yangi buyumlarning hojati yo‘qligini aytib edim. G‘alati dalillar keltirib, qarshi chiqdi:
— Yo‘q, nishonli xonim, bu qarib qolganligimni pesh qilish bo‘ladi. Ha, taqdir oramizga o‘ttiz besh-qirq yilni suqib qo‘yib, katta xato qilgan, lekin buning ahamiyati yo‘q. Asl yoshlik — ko‘ngil yoshligidir. Sen menga qarama. Men yigirma yoshli yigitlardan ham bardamman. Innaykeyin, seni yasangan-tusangan kelinchak holingda ham ko‘rgim keladi. Men beva erkak hisoblanaman, shuning uchun orzum ichimda ketmasin. Senga Izmirdan alomat kelinlik sarpolari olib kelaman.

Men ro‘paramga qarab, indamay turdim. Xayrullobey so‘zini davom ettirdi:
— Innaykeyin, senga ko‘rmana sovg‘asi beraman, shunaqayam alomat sovg‘a bo‘ladiki! Qani top-chi: baldoq, uzuk, marjon, inju, qaysi biri? Yo‘q, topolmaysan, bularning hech bittasi emas. Boshingni qotirma, topolmaysan. Men senga bitta yetimxona sovg‘a qilaman!

Ajablanib yuziga qaradim. U xursand bo‘lib kular edi.
— Ko‘rdingmi, senga yoqadigan narsani topganimni,— dedi. — Olajaqoyadagi chorbog‘imizni o‘ttiz-qirq kishilik yetimxonaga aylantiraman. Tevarak-atrofdagi yetim-esirlarni to‘playmiz. Men doktorlik qilaman, sen bo‘lsang muallimalik, ham onalik qilasan.

* * *

Bu satrlarni tuzala boshlagan kunlarimda yotgan xonam derazasi oldida yozmoqdaman. Bog‘da shoxlardan sira tinmay quruq xazon yomg‘iri yog‘ayotir.

Daraxtlarning shoxlarini yalang‘ochlab to‘kilayotgan bu xazonlardan ba’zilarini shamol derazadan uchirib kiradi, daftarimning sarg‘aygan sahifalariga sochib ketadi.

Qari do‘stimning so‘niq moviy ko‘zlaridagi shafqat, marhamat, pok va g‘arazsiz otalik muhabbati ko‘nglimda so‘nggi yashil yaproq kabi yashar edi. Unga er deb qarashga majbur bo‘lgan kunimdan beri bu so‘nggi yaproq ham sarg‘aya boshladi. Hayot shunday bo‘lgandan keyin qo‘limizdan nima ham kelardi? Bunga ham bo‘yin egishim kerak.

Chumoli oyog‘i singari ingichka yozuvlar bilan to‘lgan xotira daftarimning oxirgi sahifasiga keldim. Qanday mungli tasodif! Sarguzashtlarim bilan birga daftarim ham tugayotir. Yangi hayotim uchun yangi daftar tutishning hojati yo‘q, aytar narsalarimni aytib bo‘ldim... Axir ertaga boshqa haqqim bormi, qanday jasorat qilaman? Indinga ertalab birovning xonasida uyg‘onadigan yosh juvonning hayoti qisman sho‘xlik, qisman ko‘z yoshlaridan iborat bo‘lgan Choliqushi bilan qanday aloqasi bo‘lsin?

Choliqushi bugun o‘zining ko‘z yoshlari bilan ivitgan daftar sahifalariga to‘kilgan kuz yaproqlari orasiga abadiy ko‘miladi.

Ayriliqning bu so‘nggi soatida haqiqatni yashirib o‘tirishning nima keragi bor? Sen o‘qimaydigan bu daftarimni faqat sen uchun yozganman, Komron! Ha, nimaiki degan bo‘lsam, nimaiki yozgan bo‘lsam, hammasi sen uchun edi. Yanglishganimni, nihoyatda katta xatoga yo‘l qo‘yganimni mana bugun bo‘ynimga olaman. Men hech bir narsaga qaramay, sen bilan baxtiyor bo‘la olardim. Ha, hech nimaga qaramay sevilardim, sevilganimdan ham bexabar emas edim, lekin bu meni qanoatlantirmadi. Xohlardimki, meni ko‘p, yana ham ko‘p sevsinlar, men sevgan darajada bo‘lmasa ham (chunki buning imkoni yo‘q), loaqal shunga yaqin bir sevgi bilan sevsinlar. Shunchalik sevilishga mening haqqim bormidi? Yo‘qdir, deb o‘ylayman, Komron. Men kichkina, johil qizman. Sevishning, o‘zini sevdirishning usuli bor, shunday emasmi, Komron? Holbuki, men bu narsani hech, hecham bilmas edim...

Sening «sariq guling» kim bilsin, qanday jozibali xotin edi ekan! Bu so‘zlarni senga ta’na qilish uchun aytayotganim yo‘q, Komron. Ishon, agar u seni baxtiyor qilgan bo‘lsa, xayolimda u bilan yarashishga tayyorman. Kim bilsin, u senga qanday chiroyli so‘zlar aytgan, qanday chiroyli xatlar yozgan ekan? Men esam, balki sening bolalaringga, bolalarimizga yaxshigina ona bo‘la olardim. Faqat shugina.

Komron, men seni qanchalik sevganimni sendan ayrilganimdan keyingina bildim. Hayotda orttirgan tajribalarim, boshqalarni sevgani uchun deya ko‘rma, zinhor unday emas! Men buni ko‘nglimning ichidagi umidsiz xayolingni seva-seva bildim.

Zaynilar qabristonining qorong‘iligida, shamol ertalabgacha o‘kirib chiqqan uzun kechalarda, qishloq aravalarining qo‘ng‘iroqlari ingichka ovoz bilan jiringlab turgan keng dalalarda, tolzorning xushbo‘y lox hidlari bilan to‘lgan iliq yo‘llarida ham hammavaqt sening yoningda bo‘ldim, xayoling bag‘rida yashadim.

Ertaga meni qayliq qiladigan boyoqish chol meni oq gul kabi mas’um bir qiz deb hisoblaydi, o, qanday yanglishadi!

Sevgi savdosi bironta beva qalbini, vujudini meniki qadar yakson, xokisor qilmagandir, deb o‘ylayman.

Komron, bir-birimizdan asli bugun ayrilamiz. Bugun bo‘lib o‘tgan narsalarga qarama, sen hammavaqt bir oz meniki eding, men esam butun qalbim bilan seniki...

(Fa-ri-da-ning daf-ta-ri shu yer-da tu-gay-di.)

Beshinchi qism

I

— Komron deyman, sen bilan hamroh bo‘lish, xudo haqqi, azobda qolish degan so‘z ekan. Shu ikki soat ichida yuzta narsani so‘ragandirman, nuqul «ha» yo «yo‘q» degan javobdan boshqa narsa ololmayman! Mundog‘ o‘zingni yig‘ishtirib ol, o‘g‘lim!

Komron buzuq yo‘llarda tebranib borayotgan aravaning bir chekkasida oqshom shamoliga qarshi yoqasini ko‘tarib qo‘yib, Marmar dengiziga o‘ychanlik bilan tikilib borardi. Ko‘zlarini dengizdan zo‘rg‘a uzib, kulimsiradi.
— Ikki soat ichida ikki yuz savolga ikki yuzta javob berish, nazarimda, oz narsa bo‘lmasa kerak, pochcha, agar ular qisqagina «ha», «yo‘q» qabilida bo‘lganda ham.
— Durust-u, lekin o‘ylab javob berayotganing yo‘qda, o‘g‘lim! Hammasi parishonxotirlik bilan bo‘lyapti.
— Nima ham derdik, pochcha, sizlarning kurortlaringizda kasallarni shifolashning shunaqa ajoyib usuli bor ekan! Qaydam, meni bekordan-bekorga o‘ylatib charchatishdan biron maqsadingiz bormi?
— Voy nonko‘r-ey, senga hech yoqib bo‘lmas ekan-da! Ha, chindan ham seni o‘ylashga majbur qilmoqchiman; lekin maqsadim seni charchatish emas, boshqa o‘ylaringga halaqit berish edi, rostini aytsam, hafsalam pir bo‘ldi. Seni qimirlatishning iloji yo‘q ko‘rinadi. Rost-da, mana, uch kun bo‘ldi, bir bahona bilan seni qishloq to‘yiga olib bordim. Turli-tuman odamlarni ko‘rding, dovul, surnay chalganlarini eshitding, o‘yinga tushgan yigitlarni, kurashgan polvonlarni ko‘rding. Men rosa maza qildim, sen bo‘lsang bez bo‘lib o‘tirding! Yo‘q dema! Ko‘zim bor, aqlim, farosatim bor!
— Sizga qanday tushuntirsam ekan, pochcha! Men aslda boshqacha yaratilgan bo‘lsam kerak...
— Yo‘q, o‘g‘lim, sen o‘zingga durust qaramaysan. Loaqal mendan ibrat ol: oltmishni urib qo‘yibman-u, kundan-kunga yasharib boryapman.
— Hazir bo‘ling. Oysha xolam bilib qolmasin.
— Bilsa bilaversin, menga nima! Bu yerga kelganimda qariroq ko‘rinmasmidim?

Komron kulimsiradi.
— Mening Taqirdog‘iga kelganimga o‘n yil bo‘ldi. Hali-hali esimda. Shunaqa avgust kechalaridan biri edi...

Azizbey qo‘llarini bir-biriga urdi.
— Qara-ya, yo olloh, umr qanday tez o‘tadi-ya! Yashavor-e! Mana endi o‘g‘ling to‘rtga kirib qoldi. Farida bilan ham besh yilcha unashgancha yurding. Eh, Komron, Farida bechoraga shunchalik jabr qilganingni hali-hali aqlimga sig‘dirolmayman! Choliqushining bulbulday ovozini, gulday yuzini eslasam, yuragim achishib ketadi. Oradan o‘n yil o‘tib ketibdiyamki, uyimiz orqasidagi boqqa qarashga yuragim dov bermaydi-ya. Ha, jon berayotganingda sening bu gumrohligingni kechirmayman, Komron!
— Pochcha, o‘zingiz bahrini ochgani olib ketayotgan bir kasalga shunday so‘zlarni aytib bo‘ladimi?
— To‘g‘riku-ya, lekin sendagi dardning bu narsalarga hech aloqasi yo‘q-da. Yaxshi ko‘rgan xotiningga uylanding-u, aqalli bir yil ham baxting ochilib umr qilolmading. Munavvar betob bo‘lib yotib qoldi. Uch yil umringni kasal boqish bilan o‘tkazding. Shifo istab qaerlarga olib bormading. Shahzoda oroli qolmadi, Shveytsariya qolmadi... Taqdirga chora yo‘q ekan! O‘tgan qish xotining o‘ldi, o‘zing-chi, boshingni ko‘tarolmay qolding. O‘zingni mundog‘ qo‘lga ololmaysan. Xuddi kasal odamga o‘xshaysan. Bu narsalarning Faridaga nima aloqasi bor? Sen-ku boshqa birovni yaxshi ko‘rarding...

Komron yana boyagiday achchiq bir kulimsish bilan javob qildi:
— Yo‘q, pochcha, hech kim menga ishonmaydi, siz ham, albatta, ishonmaysiz; devonalik deb hisoblaysiz. Hayotimda ba’zi sarguzashtlar, hatto ancha jiddiy sarguzashtlar ham bo‘ldi. Lekin sizga ishontirib aytamanki, men dunyoda hech bir narsani, hech bir kimsani Faridachalik sevgan emasman.

Azizbey g‘ijinib gapirdi:
— Yomon savdo, yomon ishq!
— Ishonmaysiz demadimmi, pochcha! Shunaqa, hech kim ishonmaydi. Mujgon o‘shandan beri men bilan urish, Faridaning ismini og‘zimga ham oldirmaydi. Qoshlarini chimirib: «Yo‘q, Komron, undan og‘iz ochishga haqqing yo‘q!» — deydi. Onam ham shunday, xolam ham, boshqalar ham shunday. Bu yerda Farida to‘g‘risida faqat Narmin bilangina gaplasha olaman. Mana endi Narmin o‘t yettiga chiqdi, holbuki, Farida kelganda faqat yettida edi. Faridani es-es biladi. «Meni arg‘imchoqda uchirgan qizil ko‘ylakli opam» deb eslaydi. Shunday kunlar bo‘ladiki, Narminni qizil ko‘ylakli opasi haqida gapirtirish uchun ozmuncha ter to‘kmayman.
— Qiziq odamsan-da, Komron! Yaxshi, unisi-chi?
— Unisi kasal xotin edi. Meni deb o‘lib ketishi mumkin edi. Faridadan butun umidim uzilgandan ke- yin unga shafqat yuzasidan bir odamgarchilik qildim, xolos, bo‘lgani shu.
— Tushunib bo‘lmaydigan narsalar. Chalkash odamsan, Komron!
— Rosti shu, pochcha. Nima xohlaganimni, nima qilganimni hech mahal o‘zim ham bilgan emasman. Bilgan, ishongan bir narsam bo‘lsa, u ham Faridaga bo‘lgan muhabbatimdir. Bu qizning qalbimda qoldirgan shunday xotiralari borki, bir umr unuta olmayman. Menga shunday tuyuladi: o‘layotganimda ham esimga olib, yig‘lab turib o‘laman. Sizga bir dalil keltiray, pochcha. Doktorlar «Havoni o‘zgartirishingiz kerak», deyishganda, eng avval o‘ylagan joyim Taqirdog‘ bo‘ldi. Siz, Komron mening taklifim bilan keldi, deb o‘ylarsiz? Yo qishloq to‘ylarida bahrini ochish uchun shu yerda bir oydan beri turibdi, deb o‘ylayotgandirsiz? Xafa bo‘lmang. Lekin men bu yerga yoshlik orzu-umidlarimning siniq zarralarini tergani kelganman, bo‘lgani shu.
— Xo‘p, nodonlik-ku qilibsan, xo‘sh, buni tuzatishning iloji yo‘qmidi?
— Men xato qildim, pochcha, juda yomon xato qildim. Farida biznikidan shunday bir g‘azab va alam bilan ketib qolgan ediki, izini topganimdan keyin ro‘para kelishdan hayiqdim. Uning faqat qalbigina emas, izzat-nafsi ham yaralangan edi. Yot-begona yurtlarga yolg‘iz ketish uchun, kim biladi, qanchalar yuragi ezilgan ekan. Oradan loaqal olti oy o‘tmay turib men bilan ko‘rishsa, jahli chiqishi, yana battar g‘azabga kelishi, bundan ham yomonroq jinniliklar qilishi mumkin edi. Bahorni kutaverib jonimda jon qolmadi. Choliqushini ishlab turgan qishloq maktabidan tutib kelish uchun yo‘l taraddusini ko‘ra boshlagan edim. Aksiga olib birdan kasal bo‘lib qoldim. Rosa uch oy o‘rnimdan turolmay yotdim. Orqasidan qidirib B...ga borganimda esa ish qo‘ldan ketgan edi. Faridaning bir kasalmand bastakorga ko‘ngil berganligini, vafosiz boshini shalola bo‘yida sevgilisining tizzalariga qo‘yib, ko‘zlariga tikilib turib tanbur chaldirganini aytishdi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, pochcha, necha-necha yillardan beri bu boshni, bu ko‘zlarni «meniki, faqat menikigina» deb intizor bo‘lganimdan so‘ng mana shunday...

Komron davom etmadi. Marmardan esayotgan salqin oqshom shamolidan qochayotgandek, bo‘ynini paltosining yoqasi ichiga yana ham ko‘proq tortib, uzoq-uzoqlarda qizarib ko‘ringan baliqchi gulxanlariga qarab qoldi.

Azizbeyning ham kayfi buzildi.
— Komron, o‘g‘lim, ikkinchi xatoni o‘sha yerda qilib qo‘ymadingmikan, deb qo‘rqaman. Choliqushi koshkiydi shunday qiladigan, o‘z-o‘zini osongina yupata oladigan qiz bo‘lsa. Unda baxtli bo‘lardi-ku. Lekin men hech ishonmayman.

Komron yana achchiqqina kulimsirab, boshini tebratdi.
— E, pochcha, xo‘p deyavering, Faridaning baxti ochilib ketganiga ikki yil bo‘libdi, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odamlardan eshitdim. Eri bir badavlat qari doktor emish. Bitta oshnam bor, xo‘jalik inspektori bo‘lib ishlaydi. Buning xotini esa Faridaning eski dugonalaridan. Ana shu xotin Faridani o‘tgan yili Qushadasida ko‘ribdi. Choliqushi burungiday hadeb kular, valaqlar, hazilkashlik qilib yurar emish. Shahardan uch-to‘rt soatlik masofadagi bir chorbog‘da yigirma chog‘lik bolani tarbiya qilayotganini, juda baxtiyor ekanligini aytibdi. Eridan yarim soat ayrilgudek bo‘lsa chiday olmas emish. Dugonasi Istambuldan, qarindoshlaridan so‘z ochgan ekan, Farida darrov so‘zini kesib: «Men u shaharni ham, u yerdagi odamlarni ham esga olishni xohlamay-man!» — debdi. Faridaga nisbatan kamchiliklarim, insofsizliklarim ko‘p, pochcha, bilaman. Lekin siz ham insof qiling, uning ham meni shunchalik tez unutib yuborishi to‘g‘rimi? Darvoqe, bu bekorchi so‘zlarga nima hojat? Bas qilaylik. Men aravadan tushib piyoda bormasam bo‘lmaydi. Yomon yo‘l ekan, tebrataverib jonimni oldi. Oq yo‘l!
— Voy bu xizmatchilar-ey, hamisha dod-voy solishgani solishgan-a! Bu yo‘llarni o‘zim soldirganman, anchagina yil bo‘lib qoldi. O‘zim ish boshida turib, oftobda rosa kuyganman. Yolg‘on aytma, Komron, holingni yo‘l quritgani yo‘q. Yetti yil avval meni mutasarriflikdan bo‘shatishib xo‘p yaxshi ish qilishibdi-da. Tusha qol, o‘g‘lim, faqat kech qolma, chunki qarilik xolangni ham, meni ham barbod qilgan. Kech qolsang, xolang tashvishdan, men ochlikdan jinni bo‘lamiz.

* * *

Komron yana o‘sha ko‘prik oldida aravadan tushdi. O‘n yil avval, yana shunday avgust oqshomlarining birida mana shu ko‘prikka kelib, chirik taxta ustida oyoqlarini solintirib o‘tirgan edi.

Taqirdog‘ida yigirma besh kundan beri turgan bo‘lsa, har oqshom shu yerga kelar, kech kirib qosh qoraygandan keyin sekin-asta uyga qaytar, yo‘l bo‘yi o‘ylanib borardi.

Eri Anatoliyaga komandirovka qilingandan beri bolalari bilan Taqirdog‘iga kelib o‘tirgan Mujgon bir kuni kechqurun Komrondan:
— Juda charchagan ko‘rinasan, uzoqqa bordingmi? — deb so‘radi.

Komron alam bilan kulimsirab javob qildi:
— Topding, Mujgon, juda uzoqqa bordim — o‘n yillik uzoq o‘tmishga...

U yana bir nimalar demoqchi bo‘ldi-yu, lekin Mujgon hech nima tushunmagandek lablarini burib:
— Shundaymi? — dedi-da, bo‘lasiga orqasini o‘girib oldi.

Mujgon necha yillardan beri Komron bilan urishib, xotinlar qalbidagina bo‘ladigan qattiq g‘azab bilan arazlab yurardi. Uning yonida Faridadan aslo og‘iz ochmasdi.

Komron bog‘ oralab sekin-sekin yurib kelayotganda anchagina qorong‘i tushib qolgan bo‘lsa ham, hali ro‘paradagi tog‘lardan shafaq ketmagan edi. Yaproqlarning chetlari so‘lisha boshlagan kechki binafshaga o‘xshash tun boshlanmoqda edi.

Yigit bog‘ orasidagi so‘qmoqlardan birining yonida to‘xtab, yonar qo‘ng‘izlarning yulduzchalari ora-sira chaqnab turgan yashil qorong‘ilikka uzoq tikilib qoldi. O‘sha kechqurun Farida shu so‘qmoqdan yugurib chiqib kelgan edi. Choliqushi egnida kaltagina matroscha ko‘ylak, boshida tevaragidan sochlari chiqib turgan shapka bor edi. U poshnasiz botinkalarining uchi bilan toshlarni tepib oldinda yugurib borganini Komron hozir ham ko‘z o‘ngida ko‘rganday edi.

Vaqt etagini tutqazmay chopadi. Komron uydagilarning tashvishlarini bilgani holda ketishni istamay, eski bir ro‘yoning izlarini axtarayotgandek, yo‘llarda kechikadi.

Uzoqda, ko‘cha eshigi oldida oq ko‘ylakli bir xotin qorasi ko‘rindi. Mujgon ko‘pincha kechki paytlar kichik o‘g‘ilchasi bilan ko‘chaga chiqar, uni qo‘ltiqlaridan ushlab yurishga o‘rgatar edi.

Mujgon bo‘lasini uzoqdan ko‘rib, qo‘llarini silkita boshladi.
— Komron, muncha imillamasang? Qayoqlarda qolib ketding?
— O‘zim, Mujgon... Havo yaxshi...

Bu safar Mujgonning yonida o‘g‘ilchasi yo‘q edi. Lekin ahvolida bir shoshqinlik, doimiy sokin yuzida hayajon ko‘rinardi.
— Mujgon, senga nima bo‘ldi?

Juvon bir narsalar aytgisi kelar, lekin so‘z topolmay qiynalar edi.

Ular eshik tepasidagi chiroqdan ko‘kimtir nur tushib turgan hovliga kirishdi. Mujgon o‘zini bir odim chetga oldi-da, eshik bilan ichkari devor o‘rtasidagi burchakka imo qilib:
— Qara-chi, Komron, bugun kim kelibdi! — dedi.

Komron ajablanib qaradi-yu, ichkari eshigi tepasidagi chiroqdan tushib turgan moviy yorug‘da, yaqinginasida Faridaning chaqnagan ko‘zlarini ko‘rdi. Ichida moviy o‘t porlagan bu ko‘zlar kular, bir oz so‘lg‘in, bir oz ozg‘in yuzi kular, olti yildan beri sog‘inib-sarg‘ayib, ko‘zlarini yumib turib xayolida qidirgan kezlari ko‘rgandagiday yaqinginasida, qalbining ichida kulardi. Komron gandiraklab ketdi, ko‘rayotgan shirin tushining tarqalishidan qo‘rqqan kishidek bir zumgina ko‘zlarini yumdi, suyanib oladigan biron narsa bormikan, deb tevaragiga javdirab qaradi. Bir-birlariga aytgulik so‘z topolmay titrab turishar, lablari bir-birlariga kulishga harakat qilsa ham, ko‘zlarida yosh parda tortib borardi. Mujgon bu daqiqaning og‘irligini sezdi shekilli, Faridaning qo‘lidan ushlab Komronning oldiga olib keldi. Keyin hazil-mutoyiba qilib:
— Xolavachchalar ham bir-birlariga aka-uka bo‘ladi,— dedi. — Faridaning akasi yo‘qligi uchun sen bunga aka hisoblanasan. Komron, singling bilan ko‘rish, «xush kelibsan»de.

Komron hanuz og‘iz ocholmay turardi. Mujgonning taklifidan so‘ng boshini asta egib, Faridaning sochlariga lablarini tegizdi-yu, qulog‘iga shivirlaganday nihoyatda past tovush bilan:
— Sizni yana ko‘rganim uchun qanchalar suyunganimni ifoda etishga so‘z topolmayman, Farida xonim, — dedi.

Bu so‘z Faridaga dalda berdi.
— Tashakkur, Komronbey, men ham juda xursand bo‘ldim...

Choliqushining burungiday sof, jarangdor ovozida mung bor edi. Billur yorilganda shunday ovoz beradi.
— Qachon keldingiz? — deb so‘radi Komron.
— Bugun, choshgohda. Lekin Istambulga kelganimga o‘n kun bo‘ldi. Uyga borsam hech kim yo‘q ekan. Xolalarimni, hammangizni juda ko‘rgim keluvdi. Balki sizlarning ichingizda ham meni ko‘rgisi kelganlar bordir deb o‘yladim. Innaykeyin, sayohatga o‘rganib qolgan kishilar uchun Taqirdog‘iga kelish nima degan narsa, shunday emasmi, Komronbey?

Mujgon yana gapga aralashdi.
— Voy tavba-ey, xonim, bey degan takallufning nima keragi bor-a! Aka-uka o‘rnidagi odamsizlar, deb aytdim-ku boya. Shuning uchun Komronni aka desang ham bo‘laveradi, Farida.

Ikkalasi ham yerga qaradi. Farida botinqiramay:
— Rostdan ham seni aka desam bo‘laveradimi, Komron? — deb so‘radi.

Javob kutib Komronga qaramas, yonar qo‘ng‘izlar qaynashgan qorong‘iliklarda ko‘zlari bilan bir narsalar qidirar edi.

Komron tushkun bir tovush bilan javob berdi:
— Ko‘ngling nima istasa, shunday bo‘lsin, Farida..

Endi o‘zlarini birmuncha bosib olib, sekin-sekin gaplasha boshlashdi. Farida sayohatini qisqagina qilib so‘zlab berdi:
— Istambulda ba’zi ishlarim bor edi. Innaykeyin, boya aytdim, sizlarni juda ko‘rgim keluvdi. Doktor pochchang ikki oyga ijozat berdi. Xolalarimni, hammangizni sog‘u salomat ko‘rib, boshim osmonga yetdi. Lekin sening boshingga yomon qayg‘u tushibdi, Komron. Istambulda eshitib juda qattiq xafa bo‘ldim. Rafiqangdan shuncha tez judo bo‘lganing judayam yomon bo‘libdi. Lekin o‘g‘ling bor ekan. Xudo onasining umrini ham qo‘shib Najdadga bersin! O‘g‘ling biram shirinki, Komron! Menga juda yoqdi. O‘g‘ling bilan darrov apoq-chapoq bo‘lib ketdik. Shu damgacha quchog‘imdan tushmay o‘tirdi. O, men bolalarni bir zumda elaktirib olaman...

Farida so‘zlagan sari sekin-sekin ochilib, so‘zlari, qiliqlari bir mahalgi sho‘x qizning qaqajonligiga aylanib bordi.

Uning ovozini eshitish, kulimsiragan lablarini, olaqorong‘ilikda porlagan shahlo ko‘zlarini ko‘rib turish qanchalar baxt ediki! Yigit hech narsani o‘ylamas, hatto u boshqa birovning xotini ekanligini, bu baxtning bir oy yo bir yarim oydan so‘ng yana tushga aylanishini xayoliga ham keltirmas edi. Faqat u o‘zining kelganligini ichkaridagilar bilib qolishmasaydi deb qo‘rqardi. Axiyri qo‘rqqani bo‘ldi. Ularning eshik yonida gaplashib turganlarini Narmin ko‘rib qoldi. Bu yosh qiz, Komronning kelganligini hammaga chinqirib jar solgandan so‘ng, yonlariga yugurib kelib, Faridani quchoqladi.
— Sizni esimdan chiqarmaganimga Komron akam ham guvoh, Farida opa! Komron aka bilan nuqul qizil ko‘ylakli opam to‘g‘risidagina gaplashardik, a, Komron aka? — dedi Narmin.

II

O‘sha oqshom kechki ovqat to‘y ziyofatiga aylandi. Azizbey dasturxon ustida yosh bolalarday sho‘xlik qilardi.
— Voy Choliqushi-ey, meni yomon dardga soldingda,— dedi Azizbey. — Oting qulog‘imga chalinsa, yig‘lab yuborishimga oz qolardi. Qara, seni shuncha yaxshi ko‘rar ekanman!

Oradan ko‘p yillar o‘tganda, endi hech vaqt ko‘rolmaymiz, deb umidlari uzilgan bir kunda uyasiga qaytgan Choliqushi u yerga shunchaki bir xursandchilik emas, balki eski kunlarning harorat va muhabbat to‘la parchasini ham birga olib kelganday edi. Butun yuzlar kular, butun qalblarda ochiq derazalardan kechalari uyga kirib, chiroq atrofida aylangan parvonalar, kapalaklarga o‘xshash bir narsalar titrardi. Ovqat oxirida esa u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirgan Basima xonim birdan yig‘lay boshladi. Keyin darhol ko‘zlarini artib:
— Faridaning onasini, Guzidani eslab ko‘nglim buzilib ketdi, — dedi.

Farida Komronning o‘g‘lini tizzasiga o‘tqazib olib, uzum yegizayotgan edi, xolasining so‘zidan so‘ng boshini solintirib, yuzini kichkintoyning qo‘ng‘iroq, yumshoq sochlari ichiga yashirdi. Bir ozdan so‘ng boyagi chaqchaqlik yana boshlandi.

Bir mahal Basima xonim eri bilan Trapezunda turuvchi Najmiyadan gap ochib qoldi.
— U bechora ham qayg‘uda. O‘tgan yil bitta qizi difteritdan o‘lib qoldi, — dedi.

Farida chuqur xo‘rsinib:
— Bu alamning nimaligini men ham bilaman, xola. Mening bolam ham shu kasal bilan ketdi, — dedi.

Dasturxon atrofidagilar bir-birlariga ajablanib qarashib olishdi. Oysha xola esa:
— A-a, bolang bormidi? Biz bilmabmiz ham, — dedi.

Farida qayg‘urib boshini tebratdi.
— Ko‘rsangiz suqingiz kelardi, biram chiroyli qiz ediki! Bolam bechorani qutqazib qololmadim.
— Nechaga kirgan edi, Farida? — deb Oysha xolasi yana so‘radi.

Farida achinib lablarini burdi, keyin soddadillik bilan:
— O‘n uchga to‘luvdi. Unga atab chodra tikuvdim, qaynana bo‘laman deb umid qilib yurardim, — dedi.

O‘tirganlar qah-qah urib kulib yuborishdi. Azizbey esa:
— Voy Choliqushi-ey, yuzga kirsang ham jinniligingni, hazilkashligingni qo‘ymas ekansan-da! — dedi.

Faridaning o‘n uch yashar qizim bor edi, degani hammani kuldirgan bo‘lsa ham, o‘zining ko‘zlariga yosh chiqardi. U Najdadni yana ham qattiqroq ko‘ksiga bosib, Munisaning tarixini aytib berdi. Ovozi so‘zlagan sari mungga, alamga to‘lib bordi.

III

Shu kecha juda uzoq o‘tirishdi. Azizbey gohi-gohida:
— Farida, yo‘lda charchab kelgansan, yot endi, qizim,— deb qo‘yar edi.

Farida esa allaqachon uxlab qolgan Najdadni bag‘riga bosib hadeb kular:
— Mayli, pochcha, sizlar bilan o‘tirsam, yaxshiroq dam olaman, meni yolg‘izlik charchatgan, — deyardi.

U porillab turgan shahlo ko‘zlarini, xushbichim, chiroyli lablarini kulimsiratib uzoq gaplashib o‘tirdi. Unda eski Choliqushi uyg‘ongan edi. Hamma qiziqib quloq solayotganini ko‘rgandan so‘ng so‘zlarini buzib-cho‘zib aytar, faqat arzanda bolalargina biladigan shirin nozlik qiliqlar bilan lablarini burar, tilini cho‘chchaytirib chiqarar, betlarining chuqurchalarini ko‘rsatib tinmay gapirar edi. Quvonchidan mast bo‘lib o‘tirgan qari pochchasi shu darajaga yetdiki, eski hazilkashligini qilishdan o‘zini tutib qololmadi. Farida kichkinaligida uning ustki labini barmoqlari bilan qisib turib «Voy yaramas Choliqushi-ey! Giloslarimni o‘g‘irlab olibsan, ber bu yoqqa!» deyar, ushlab olgan labining uchidan o‘pib olardi.

Azizbey atrofda ko‘tarilgan qahqahalar ichida «Voy, unday qilmang, pochcha!» deb qichqirgan Faridani iyagidan ushlab turib, eski hazilini takrorladi, keyin Faridaning yuziga tikilib turib:
— Menda nima gunoh, Choliqushi? Hamma ayb o‘zingda. Uyli-joyli, salobatli xotinsan-u, hali tabiating, yuzing yosh bolanikiga o‘xshaydi. Kim sening yuzingni juvon yuzi deydi? — dedi.

Komronning yuzi op-oqarib ketdi. Choliqushi boshqa birovniki ekanligini u birinchi marta his etdi.

Shu kechadan keyingi ikki kun ichida Komron Faridani juda oz ko‘rdi. Choliqushi o‘n yil avval Taqirdog‘ida bir necha tengqur qizlar bilan do‘st tutingan edi. Endi ular uy-joyli, salobatli xonimlar bo‘lib qolishgan. Ana shu do‘stlari Faridani holi-joniga qo‘yishmas, yo‘qlab kelib bir necha soatlab o‘tirishgani ham yetmay, qaytishlarida Choliqushini ham sudrab uyma-uy, bog‘ma-bog‘ olib yurishardi.

Mujgon Komronning ichidan ezilayotganini ko‘rib quvonar, ko‘zlari kulib tursa ham, shikoyatlanib gapirardi:
— Obbo, Faridani hech bizga to‘ydirishmas ekan-da. Aslida-ku shunday yurgani yaxshi-ya, nimaga desang, bahri ochiladi, yoziladi.

Komron shu ikki kun ichida Faridani bir marta ovqat mahalida, ikkinchi marta ko‘chadan chodraga o‘ranib kirib kelayotganida ko‘rdi.

Nihoyat, uchinchi kechaning tongi ham keldi. Komron odatiga qarshi bugun juda erta turgan edi. Tong endi-endi yorisha boshlagan, hali hamma uyquda yotgan payt edi. Komron hujrasining derazalaridan birini ochayotganda, birdan ko‘zlari bog‘da yurgan Faridani ko‘rib qoldi. Derazaning ochilganini u ham sezgan edi. Birdan boshini ko‘tardi-da, yangi chiqib kelayotgan quyoshga qarshi qo‘lini soyabon qilib turib:
— Uyg‘ondingizmi, Komronbey? — dedi. — O, odatlaringiz o‘zgarib ketibdi. Burunlari sizni uyg‘otish uchun derazangizdan yozda hovuch-hovuch toshlar, qishda esa qorlar otish kerak bo‘lar edi. Siz ham jindek anatoliyalik bo‘lib qolibsiz. Men Anatoliyada shu mahal uyg‘onsam «Tanbal, odam ham oftob chiqqandan keyin turadimi!» deb uyaltirishardi.

Eski o‘yinqaroq, hushchaqchaq Choliqushini eslatayotgan bu so‘zlarni so‘ylaguvchining ovozida qalbga sarinlik va musaffolik bag‘ishlovchi tiniq oqar suv ohangi bor edi.

Komron yuragi betlamaygina so‘radi:
— Men ham chiqaymi, Farida?

Farida qo‘lini hamon peshonasida quyoshga soyabon qilib turib, eski vaqtlardagidek yashiriqcha mazax qildi:
— Zax havoning nozik vujudingizga ozor yetkazishidan qo‘rqmasangiz, yomon bo‘lmas edi. Sizni anatoliyachasiga mehmon qilardim.

Farida Komronni kattakon yong‘oq daraxtining tagiga olib borib, kecha kechqurun esdan chiqib qoldirilgan bir stulga o‘tqazdi.
— Endi meni bir zumgina kutasiz, Komronbey.
— Takallufni qo‘yamiz degan edik shekilli?
— Bir ozgina sabr qilasiz, vaqti bilan-da. Birdaniga hurmatsizlik qilolmayman, yuragim dov bermaydi.

Komron kuldi.
— Lekin bu yana ham zo‘rroq hurmatsizlik, Farida! Menga « Komronbey!» deb muomala qilsang, meni masxara qilayotganday tuyulasan. Yo‘q, ruxsat bermayman bu xilda muomalangga!

Farida ham kulardi:
— To‘g‘ri, haqqingiz bor, haqqing bor, unday demaslikka tirishaman. Endi menga ruxsat, senga sut qaynatib kelay.
— Farida, qo‘y, iltimos qilaman!
— Bekor o‘jarlik qilasan! Anatoliyalik xotinning o‘z maylicha ish ko‘rishiga, xizmat qilishiga yo‘l qo‘yilishi — uning uchun ko‘rsatilgan eng katta hurmat bo‘ladi.— U bir oz hazil-mutoyiba, bir oz qayg‘uli ohangda so‘zini davom qildi: — Axir ko‘ngil ovlash uchun uy ishini qilishdan boshqa hech qanday jozibamiz yo‘q-ku!..

Farida ketdi. Uning hozirgina o‘rnidan turib, bog‘da qo‘lida mis qumg‘on bilan quruq cho‘p yig‘ib yurgan qorovul bilan gaplashgani eshitilib turardi.

Axiyri u ichidan bug‘ chiqib turgan bir kosa qaynoq sut ko‘tarib keldi.
— Sutdan ko‘nglim to‘lmadi, Komron. Lekin uch kundan so‘ng, ha, bugun qaysi kun? Bo‘ldi, payshanba kuni ertalab seni ziyofatga chaqiraman. Shu qo‘y sutini ichasan-u, lekin ko‘rasan, butunlay boshqa, alomat narsa bo‘ladi. Bu mening kattakon sirim, qandayligini bilging kelmaydimi? Qiziqmaysanmi? Voy o‘lay, odam ham shunchalik hissiz bo‘ladimi! Xo‘p, hozirning o‘zidayoq aytib bera qolay. Qo‘yni uch kun nok bilan boqaman. Nazarimda, sovqotayotganga o‘xshaysan, havo bir oz salqin. Nima, meni Basima xolam: «Tentak qiz, o‘g‘limni kasal qilib qo‘yibdi!» deb qarg‘asinmi? To‘xta, men sovvuqqa, zaxga o‘rganib qolganman, ro‘molimni beray, o‘ranib ol.

Farida to‘g‘nog‘ich bilan bo‘yniga to‘g‘nab olgan qizil yung sharfini chiqardi-da, ertalabki zax havodan ozor tortayotgandek, sekingina titray boshlagan Komronning yelkalari bilan ko‘kragini o‘rab qo‘ydi.

Komronning ko‘zlari oldida o‘n yil avvalgi boshqa bir oqshom gavdalandi. Qo‘ztog‘idagi chorbog‘ning tashqari eshigidan bir necha odim narida... yana shunday yelkalariga kichkina ko‘krang paltosini tashlagan kalta etakli, qora fartug‘li mo‘’jazgina maktab qizini, uning ko‘k siyoh bilan bo‘yagan barmoqchalarini ko‘rdi. O‘shanda katta odamlarday: «Endi seni asrash mening burchimdir» degan edi. O‘sha ovoz hozir yana Komronning quloqlariga eshitildi.
— Komron, xuddi qarilarga o‘xshaysan-a! Qo‘lingdan suting to‘kilib, tizzalaringni kuydirsaydi. Nega bunaqa o‘ychansan?
— Hech, esimga bir narsa tushdi-da...

Farida esiga tushgan narsasini aytdirgisi kelmayotganday so‘zini bo‘ldi.
— Men ham shunday. Yelkangda ro‘mol ko‘rib «Komron xonim» deganim esimga tushdi.

* * *

Farida ishini bitirgach, Komronning ro‘parasiga, past kursichaga kelib o‘tirdi. Qalin, pishiq bursa ipagidan choqlari keng yengli qilib tikilgan viloyat bichimidagi ko‘ylagi bo‘yniga, ko‘kragiga mahkam yopishib turardi. Tirsaklarini tizzalariga qo‘ydi, iyagini qo‘llariga tiradi, betlarini hovuchlari ichiga olib, gapira boshladi.

Komron uning yuzini shu qadar musaffo yorug‘da, shu qadar yaqindan birinchi marta ko‘rmoqda edi. Chehrasi bir oz ozgan, so‘ligan edi. Bu ozg‘inlik ko‘zlarini yana ham kattaroq qilib, tevaraklaridagi bilinar-bilinmas ko‘lkalar ularni yana ham qoraroq qilib ko‘rsatardi. Besh yil avvalgi Choliqushining uchqunlar porillab turgan shahlo ko‘zlariga endi olov yaqinida qovjiragan gullar sho‘ri tushgan edi. Ammo bu ko‘zlar yana burungiday kuladi, yana burungiday mas’um bir dadillik bilan hayiqmay qaraydi. Lekin Komronga u ko‘zlarning burungi chuqurligini, tubini ko‘ra olmayotganday tuyulardi.

Sochlari ham viloyatlardagi singari farqi o‘rtadan qo‘yilib, ikkita yo‘g‘on-yo‘g‘on qilib o‘rilgan edi. O‘rilganda ham shunday tortib o‘rilgan ediki, peshonasi bilan chakkalarining terisi xiyol cho‘zilib, qalam qoshlarining uchlari bir oz yuqoriga ko‘tarilibdi, yana ham tiniq, nafis ko‘ringan terisida ko‘kimtir ingichka tomirlari bo‘rtib chiqibdi.

So‘zlaridan ziyoda ovoziga mahliyo bo‘lib o‘tirgan Komron uning yuzini tomosha qilib turib bir narsaga diqqat qildi: Faridaning rangi oilaviy hayot kechirayotgan yosh, baxtli juvonning rangiga o‘xshamasdi. Bu yuzda uzilmasdan so‘lishga mahkum bo‘lgan gullarda, shuningdek, ishq-muhabbat lazzatini totmay qarib o‘tadigan qizlarda ko‘rilgan bezgak qizilligiga o‘xshash yashirin bir otash, kasallarga xos bir tiniqlik bor edi.

Tong quyoshi bu yuzni shu qadar nozik, ma’noli qilib ko‘rsatardiki, yigit hushidan ketguday bo‘lib havaslanar, yig‘lagisi kelib o‘tirardi. Iztirob qiz yuzini shu qadar chiroyli qilib yuborishi mumkinligini Komron hech mahal aqliga keltirmagan edi.

Faridaning lablaridan tabassum arimas edi. Eski ohangiga bir yeridan nozikkina darz ketgan billurning mungli, shikoyatli jarangi qo‘shilgan ovozi bilan bolalik chog‘larining xotiralaridan gapirardi...

Komron yuragini changallab turib, keyingi hayoti qanday o‘tganligini so‘radi. Farida birdan jiddiylashib, boshini chayqadi.
— Esimdan chiqdi, Komron. O‘n besh yoshimgacha, shu yerga kelgan vaqtlarimgacha bo‘lib o‘tgan narsalar esimda, qolganlarini esa tuman bosdi, ko‘rmayman.

Xotiralarini bosib qolgan tumandan gapirayotganda, ko‘zlarini ham tuman bosib borar, boshini bir yonga egib, uzoq-uzoqlarga tikilib o‘tirardi.

* * *

Farida eng eski bolalik xotiralaridan so‘ng, nihoyat keyingi o‘n besh yil izlaridan bahs eta boshladi. U Hoji xalfaning ajoyibligini, Zaynilar oqsoqolining o‘gitlarini, mudir Rajab afandining alomatligini hikoya qilib turganda, kuluvchi ko‘zlariga, jonli harakatlariga ba’zan bir sababsiz horg‘inlik cho‘kar, shunda ovozidagi siniq billurning sezilar-sezilmas jarangi yana ham kuchayar, yaralangan qalb fig‘oni kabi titrardi.

Farida daryo bo‘yidan so‘z ochganda, Komron ko‘zlarini yumdi-yu: «Farida tanbur chalayotgan sevgilisining tizzasiga bosh qo‘yib, uning ko‘zlariga tikilgan o‘sha sharshara bo‘yi bo‘lmasin tag‘in!» deb o‘yladi.

Choliqushi hayotiga oid bir qancha mayda-chuyda va ahamiyatsiz narsalarni aytib bergandan so‘ng, birdan esiga tushganday:
— Komron, senga hali pochchangning suratini ko‘rsatganim yo‘q, a? — dedi.

U bo‘ynidagi tilla zanjirda osig‘liq kichkina oltin medalonni olib, Komronga uzatdi.

Yigit sarosimaga tushganini, titray boshlaganini sezdirmaslikka tirishib, suratni oldi. Farida u bilan birga suratni tomosha qilish uchun boshini engashtirdi, yuzi Komron yuziga yaqinlashdi.
— Uning yuziga qara, Komron. Naqadar olijanob, naqadar issiq, a?

Yigit esa ko‘z qiri bilan Faridaga sezdirmaygina qarab turardi. Farida qattiq o‘yga botgani va suratga butun borlig‘i bilan tikilib qolgani uchun uning qarab turganini sezmadi.

Komronning hayotida bu eng achchiq, eng iztirobli isyon minuti bo‘lgan bo‘lsa kerak. Demak, Faridaning nozli, yoqimli va pok go‘zalligi mana shu oq soch, dag‘al yuzli so‘loqmon cholga nasib bo‘libdi-da?

Komronning ko‘z o‘ngiga dahshatli bir manzara keldi. Farida uyalganidan lavlagiday qizarib ketgan yuzida javdirab turgan shahlo ko‘zlaridan duv-duv yoshlar to‘kib, bolalarniki singari mas’um lablarida yolborayotganga o‘xshash bir titroq bilan chol qo‘llarida o‘zini urib tipirchilayotganday ko‘rindi.

Choliqushi uning yuziga qaramagan bo‘lsa ham, lekin xayolidan o‘tgan o‘ylarni sezganday bir seskandi-yu, medalonni sekin olib ko‘ksiga qo‘ydi. Keyin:
— Uzr endi, men boray, Komron. Uyda mehmonlar bo‘lsa kerak, — dedi.

IV

Choliqushining uyasiga qaytganiga o‘n kunga yaqinlashib qolgan bo‘lsa ham Azizbey pochchasi har kuni kechqurun:
— Payqayapsizlarmi, bolalar? Uyimizga fayz kirib qoldi. Choliqushi bu safar qaldirg‘ochga o‘xshash qanotlarida bahor keltirdi. Attang, bahorning yana bir kuni o‘tib ketdi-da, — deyishini qo‘ymas edi.

Farida bo‘lsa kulib:
— Hechqisi yo‘q, pochcha, bir necha yildan keyin yana ruxsat olib kelaman. Xafa bo‘lmang, hali oldimizda ancha kun bor, halitdan o‘zimizni dili siyoh qilish juda ham zarurmi? — deyardi.

Choliqushi tamomila eski Choliqushiga aylangan edi. O‘tkinchi bo‘ronda sovrilgandan so‘ng yana quyoshga yetgan toza gul singari kun sayin ochilib borardi.

Choliqushi yana uydagi bolalarga onaboshi bo‘lib oldi. Mujgonning uch yashar qizidan va undan xiyol katta Najdaddan boshlab to o‘n yetti yoshli Narmingacha katta-kichik bolalarning hammasi uning pinjiga kirib oldi. Bular ertadan-kechgacha Choliqushidan bir odim ham qolmay chorbog‘ni to‘s-to‘polonga, qiy-chuvga, o‘yin-kulgilarga to‘lg‘azishardi. Gohi mahallar ularning to‘poloni shu darajaga yetardiki, kattalar tanbeh qilishga majbur bo‘lardilar. Lekin kattalarni suyuntiradigan boshqa tomon ham bor edi. Komron bilan Farida har nima bo‘lganda ham eski nishonlilar, unashilgan kishilar edi, shuning uchun so‘nggi besh yil ichida bitib ketganday ko‘ringan eski yaraning yana ochilishidan qo‘rqardilar. Faridaning yosh bolalarcha sho‘xligi, uni faqat uzoqdan tomosha qilishdan boshqasini xohlamaganday ko‘ringan Komronning halim, sokin baxtiyorligi uydagilarni tashvishdan qutqara boshlagan edi. Shunday bo‘lsa ham ular Komron bilan Faridada eski vaqtlardagi «aka» va «singil» hislarini yana ehtiyoti shartdan kuchaytirishga harakat qildilar. Uxlab qolgan kasalning uyida uni uyg‘otib qo‘yishdan qo‘rqib, qanchalik shivirlab gapirilsa, ular oldida ham ehtiyotsiz bir so‘z bilan u alamli o‘tmishni uyg‘otib yuborishdan shunday qo‘rqar edilar.

Ba’zan Azizbey Faridadan:
— Munchalik shoshilmay, ko‘proq tursang bo‘lmaydimi? — deb so‘rardi.

Choliqushi esa ketish so‘zini eshitib, har doim mashqi tushar:
— Iloji yo‘q-da, pochcha. Har nima bo‘lganda ham Choliqushi boshqa uyaning onasi, uning yo‘liga ko‘zlari to‘rt bo‘lib turganlar ham bor, — deyar edi.

* * *

Komronga qattiq tegayotgan bir narsa bo‘lsa, u ham Farida bilan Najdad o‘rtasidagi ahillik edi. Komron bolaning Choliqushi qo‘llarida uxlashini, ana shundan ke- yingina ularning ayrilishini kutishga majbur bo‘lardi.

Komron bir kuni Faridaning bola bilan janjal qilayotganini eshitib qoldi. Choliqushi bo‘g‘ilib:
— Qani, Najdad, ayt-chi, yana bir marta «amma» de-chi, amma, amma... — deyardi.

Lekin Najdad unga bo‘ysunmas, o‘jarlik bilan sariq boshini silkitib:
— Oyi, oyi, oyi, — deyardi.

Komron hayiqibroq:
— Qo‘y, Farida, oyi desa deyaversin, nima ziyoni bor? — dedi. — Kim biladi, balki shunday deyishga ehtiyoj sezayotgandir.

Farida hech nima demadi. Faqat egilib, bolaning boshini silay boshladi.

V

Boshqa bir kuni ertalab Komron yopiq derazaga mayda toshlar kelib urilganini eshitib uyg‘ondi. Faqat Faridagina shu taxlit uyg‘otishini u bilardi. Choliqushi yana katta yong‘oq tagida nonushta qilishga chaqirib kelgan edi. Dasturxonda dastlabki kunlari va’da qilgandek, juda ham yoqimli nok hidi anqib turgan ajoyib sut, buning yonida qishloqlarda yopiladigan mayda kulchalar, murabboga o‘xshash pushtirang bir nima solingan likopcha bor edi.

Farida kulchalarga murabbo surtib Komronga uzatdi-da:
— Mana, totib ko‘r, keyin mening qanchalik pazanda ekanimni bilasan, — dedi. — Bu nonlarning otini bilmayman, lekin murabboning oti «gulbashakar».

Farida ishini bitirgandan so‘ng yana o‘sha past kursichaga, Komronning oyoqlari ostiginasiga o‘tirdi.
— Endi ayt-chi, Komron, gulbashakar yoqdimi?

Yigit kulib javob qildi:
— Yoqdi.
— Yaxshi ko‘rib qoldingmi?
— Yaxshi ko‘rib qoldim.
— Yana bir marta ayt.
— Yaxshi ko‘rib qoldim.
— Unaqa emas, Komron, «men gulbashakarni yaxshi ko‘raman», de.

Komron bu bolalarcha nozga tushunmay kuldi-da:
— Ha, men gulbashakarni yaxshi ko‘raman, — deb takrorladi.

Faridaning yuzi loladay qizardi, ko‘zlari parpirab yondi, uyalganidan kipriklari pirpiradi, yalinayotgan yosh boladek bo‘ynini egib, iltimos qildi.
— Komron, yana bir marta: «Men gulbashakarni juda yaxshi ko‘raman», degin.

Yigit, xohlagani berilmaganda yig‘lab yuborgan yosh bolaniki singari uning burilib, titray boshlagan lablariga taajjublanib qarab turdi, keyin sababini o‘zi ham bilmagan ichki bir hayajon bilan titrab:
— Gulbashakarni juda yaxshi ko‘raman, sen xohlaganingcha yaxshi ko‘raman, — dedi.

Farida yosh bola sevinchi bilan chapak chalib yubordi. Lablari kulib tursa ham, ko‘zlariga yosh keldi. Ahamiyatsiz narsa uchun yig‘layotgan boshqa birovni uyat qilayotgandek o‘z-o‘zidan kulib: «Pazandaligingni maqtagani uchun shunchalik suyunishing qanchalik esi pastlik-a, qanchalik esi pastlik-a!» — deb kular, masxara qilar, barmoqlari bilan ko‘zlarini quritishga urinar edi. Lekin yoshlari insofga kelmas, hadeb quyilar, yana quyilardi. Bo‘g‘iq tovush bilan birdan faryod ko‘tardi-yu, yuzini qo‘llari bilan bekitib, yig‘lay-yig‘lay uyga qochib ketdi.

* * *

Bir kuni kechqurun Komron pochchasi bilan bozordan qaytib kelayotgan edi. Bolalar ularni uzoqdan ko‘rishdi-yu, odatlarini qilib, darvoza oldiga tizilishdi. Bolalar ulardan meva, qand-qurs, shokolad kutardilar.

Komron ularga tegishlarini ulashib turganda, oyoqlari ostiga bir siqim mayda tosh kelib tushganini sezdi. Bolalardan bo‘shab, darhol tevaragiga javdirab qaradi. Nariroqda kattakon bir kashtan daraxti orqasida Choliqushi Komronga qo‘li bilan bir nimalar ishora qilib turardi.
— Ma’nosiga tushunsangiz kerak, Komronbey? Biz ham bormiz, — dedi.

Farida kesatganda yoki sho‘xlik qilgisi kelganda hamisha bo‘lasini «siz»lay boshlardi. Hozir ham kulib turib sizlashda davom etdi:
— Meni barvaqt iste’foga chiqarib yuboribsiz. Qani mening tegishim? Eski qilmishlaringiz unutilgan deb o‘ylayotgandirsiz, afandim? Yo hozir sukut haqini berasiz, yo bo‘lmasa o‘sha eski gilos voqeasi bugun kechqurun dasturxon ustida jonlanganini ko‘rasiz.

Farida bundan o‘n yil avval mana shu darvoza oldida qilgandek, hozir ham tilini tishlari orasida qisib, uning pushti uchini chiqarib turib kula boshladi.

Komron paltosining cho‘ntagidan bitta quticha chiqardi, keyin kulib turib:
— Ataganim bor edi, Farida, bu ko‘p yaxshi bo‘ldi,— dedi. — Men ham bugun ichiga rom solingan bir quti shokoladli konfet olgan edim, xilvat qilib o‘zim yemoqchi edim, nachora, modomiki, shunday xavfga uchradik, nima ham deyar edik...

Farida yosh boladek suyunib ketdi.
— Voy, qanday yaxshi-ya, qanday yaxshi-ya!
— Lekin bitta shartim bor, Choliqushi, konfetlarni yana o‘zim og‘zingga solib qo‘yaman.
— Qanday qilib?
— Hov bir vaqtlardagidek-da. O‘n ikki-o‘n uch yoshingda qanday qilardik.

Komron shu so‘zlarni ayta turib, Faridaga bitta konfet uzatgan edi, u bir necha sekund ikkilangandan so‘ng sekin boshini cho‘zib, xiyol titray boshlagan lablarini ochdi. Lekin Komron har qancha qistasa ham, Choliqushi qolgan konfetlarni bu xilda olishga ko‘nmadi.
— Menga ber, ovqatdan so‘ng Najdad bilan yeymiz,— dedi.
— Farida, yur, ana shu devorgacha boraylik. Qara, dengiz naqadar chiroyli bo‘pti. Bir oz gaplashamiz, tomosha qilamiz.
— Xo‘p. Oldin shu qutichani ichkariga tashlab chiqay. Bir zumgina kutib tur.

Komron uning bilagidan ushladi. Bu unga birinchi marta jasorat qilib, qo‘l tegizishi edi.
— Yo‘q, Farida, senga ishonib bo‘lmaydi. Bir zumgina kutib tur, kelaman deysan-u, kelmaysan. Yoki kelsang ham, kim biladi, qachon va qanday kelasan. Shunaqa, senga ishonchim qolmagan, Farida, — dedi.

Choliqushi hech nima demadi, faqat boshini egib, u bilan yonma-yon yurib ketdi.

Komronning shu oqshom mashqi past edi. O‘zini bosolmay, kalta-kulta, kelishmagan so‘zlar bilan nuqul zorlanardi. Pastda oqshom g‘ira-shirasi quyuqlashib borar edi. Komron uchib ketayotgan bir gala qushni ko‘rsatib:
— Farida, yaqinda sen ham shu qushlar singari uchib ketasan, a? — dedi.
— ...
— Menga qara, xolalaringni, bo‘lalaringni, eski do‘stlaringni, bolalik chog‘laring o‘tgan yerlarni tashlab ketganingda nahotki yuraging achishmasa?
— ...
— Uyangda boshqalarni baxtiyor qilib, o‘zing ham baxtiyor bo‘lib yashar ekansan, sen qaqshatib ketayotgan boshqa bir uyaning xarob va parishon ahvoli nahotki seni dilgir qilmasa?

Farida javob bermas, hatto eshitmas ham edi. U kaltagina qalamcha bilan qutiga bir nimalar yozish, bir nimalar chizish bilan ovora edi.

Komron nafsi og‘rib:
— Javob berging yo‘q, a, Farida? — dedi.

Choliqushi unga o‘ychan holatda qaradi.
— Kechir, Komron. Es-hushim boshqa yerda edi. Nima deganingni eshitmadim. Bir zamonlar bitta ashula eshitgan edim, so‘zi esimdan chiqib ketuvdi, hayronman, hozir birdan esimga tushib qoldi. Yana unutib qo‘yma- yin deb yozib oldim. Xohlasang, mana, o‘qi. Sovqotib qoldim, kechir, men kirib ketaman.

Komron qutichaning osti tomoniga Faridaning shikasta qalami bilan yozilgan shu to‘rt satrni ko‘rdi:

Bag‘rim o‘ti, och-tir-ma, me-ning og‘zim-ni zinhor,
Zo-lim, me-ni so‘ylat-ma-ki, qal-bim-da ne-lar bor.
Bil-may-man-mi, qil-mi-sh-la-ring, ay-la-ma in-kor,
Zo-lim, me-ni so‘ylat-ma-ki, qal-bim-da ne-lar bor!

VI

Bu voqeadan to‘rt kun o‘tdi. Shu davr ichida Farida Komrondan o‘zini olib qochib yurdi. Komronning u bilan yolg‘iz qolish niyatidagi bahonalarini, turli hiylayu nayranglarini puchga chiqarib bordi. Boshqalar oldida gaplashish to‘g‘ri kelgan paytlarda esa yuziga qaramas, ko‘zlarini to‘qnashtirmas edi.

To‘rtinchi kuni kechki payt uydagilarning hammasi mayda bolalarni olib mehmonga ketishdi. Endi ular xufton namozidagina qaytib kelishlari mumkin edi.

Tashqarida qattiq shamol esib, to‘zu tuproqni osmonga sovurganiga qaramay, Komron uydan chiqib aylangani ketdi.

Uzoq tepalarda shamol guvillar, ko‘rinmas yomg‘ir savalayotgandek, daraxtlar silkinib shovillar, uzoq-uzoqlarga cho‘zilib ketgan yo‘llarda to‘z-tuproq quyunlari quturardi.

Shamol Komronning yuziga changlarni keltirib urar, ko‘zlariga kirar, u har qadamda bir to‘xtab, shamolga orqasini o‘girib turishga majbur bo‘lardi. U yaydoq tepa labida so‘ppayib turgan kattakon qoyani ko‘rdi. Tosh yonida bitgan ingichka, jonsiz bir daraxt shamolda yalang‘och shoxlari bilan tinmay larzanglardi. Komron yo‘lini o‘sha yoqqa burdi. Toshning bir burchiga, shamol panasiga kelib o‘tirdi.

Shuncha guldurosga, to‘s-to‘polonga qaramay, hammayoq unga sahro kabi bo‘m-bo‘sh ko‘rindi... Komronga tabiat hech mahal shu bugungiday ruhsiz, uning butun husni-chiroyi hech vaqt luzumsiz, hayoti bunchalik umidsiz ko‘rinmagan edi!

Birdan yo‘lning uzoq-uzoqlarida, uning dengizdan chiqib kelayotgandek tuyulgan suvga yaqin bir nuqtasida inson qorasi ko‘rindi. U kiyimlarining rangidan xotin kishi edi. Komron sababini o‘zi ham bilmay, pastga tushib qo‘raga qarab yurib ketdi. Bir oz borgandan so‘ng Narminning och pushti rangli chorshafini tanidi. Yosh qiz ham uni ko‘rgan bo‘lsa kerak, uzoqdan shamsiyasini silkita boshladi.

Komron «Nega Narmin boshqalardan ayrildi, nega yolg‘iz kelyapti?» deb hayron bo‘ldi-yu, qadamini tezlashtirdi.

Yosh qiz shamolga qarshi engashib, bir qo‘li bilan etaklarini, ikkinchi qo‘li bilan esa chorshafining yirtqich qush qanotlari singari lapanglab, yuqori ko‘tarilgan pelerinasini ushlab kelardi.

Qiz yuzini ko‘rar ko‘rmas Komronning yuragi qinidan chiqib ketayozdi; Narminning chorshafini yopinib, Farida kelardi!

Ikkalasi bir-biriga yaqinlashgan paytda birdan shamol Faridaning qo‘lidagi shamsiyani uchirib ketdi. Choliqushi voylab shamsiyasini ushlamoqchi bo‘lgan edi, shamol bir quturdi-yu, etaklarini ko‘tarib, pelerinasini uchirdi, sochlarini to‘zg‘itib yubordi. Komron vaqtida yetib keldi: shamsiyani bir buta tagida ushlab oldi. Ke- yin Faridaning yoniga chopib kelib, uni paltosining etagi bilan shamoldan to‘sdi, chorshafini yopinib olishiga yordam berdi.
— Yaxshiyamki, vaqtida kelib qolding, Komron, — dedi Choliqushi. — Oz bo‘lmasa shamol meni chinakam choliqushilari singari uchirib ketardi!

Farida yana bir nima demoqchi bo‘ldi-yu, lekin shamol quturib, boshini egishga, ko‘zlari bilan og‘zini yumishga majbur qildi.

Ular sekin-sekin yurib ketishdi. Komron uni yo‘l bo‘yi paltosining bag‘ri bilan shamoldan to‘sib bordi.

Farida endi so‘zlay oladigan ahvolga kelgan edi. Lekin u, nima uchundir, gapirishdan ko‘ra ko‘proq kular edi. Baayni kulgi shamoliga yo‘liqqanday o‘zini tutolmay nuqul xaxolardi. Kulgidan bo‘g‘ilib, nafasi tiqilib turib, kulgining sababini anglata boshladi:
— Bilasanmi, nimaga kulyapman, Komron? Mehmondorchilikda o‘tiruvdik, birdan bozorga borishim zarurligi esimga tushib qoldi. Egnimda yildirim bor edi, bu ahvolda, albatta, bozorga borolmasdim. Bechora Narmin bitta yaxshilik qilib yubordi. Bozorga uning chorshafini yopinib bordim. Betim yopiqlik, bozordan chiqib kelayotsam, bir ofitser orqamdan ergashib kelaverdi. Bir mahal yetib kelib: «Narmin xonim, sizmisiz? Naqadar kutilmagan baxt-a!» desa bo‘ladimi? Boyoqish Narmin menga yaxshilik qilaman deb, o‘zini sharmanda qilib qo‘ygani menga shunaqayam qiziq tuyuldiki, men piqillab kulib yubordim. Bechora ofitser yanglishganini tushunib, qochvordi... Qochmay nima ham qilsin: Narmin o‘rnida kap-katta xotinni ko‘radi-yu...

Komron kulimsirab turib eshitdi. Farida davom etdi:
— Lekin bechora qizning sirini senga aytib, ko‘p yomon ish qildim. Tiyilib o‘lmagan tilim qo‘ymadi-da... Jon Komron, xudo haqqi, birovga og‘zingdan chiqarma, xo‘pmi? Balki kelajakda, kim bilsin, Narmin unga ko‘ngil qo‘yib qolar... Og‘zingdan chiqarmasang, ularga qiladigan yaxshiliging shu bo‘ladi...
— Va’da beraman, Farida. Lekin Narmin hali juda ham yosh-ku...

Farida:
— Ehtimol. Lekin bunaqa yoshlarning qalbi ko‘ringaniday bo‘lib chiqavermaydi, — dedi.

Uning so‘zlarida zaif bir gina bor edi.

Shu so‘zlardan keyin anchagacha jim borishdi. Hamon yonma-yon ketishardi. Shamol asta-sekin susayib, ularning qadamlari ham sekinlashib bordi. Bechoralar yo‘lning tugashidan qo‘rqar edilar.

Komron ichida ezilib o‘ylardi: «Boyagina tabiat menga ma’nosiz, o‘zim esam keraksiz bir narsa bo‘lib ko‘ringan edi... Endi esa pushtirang qizaloq chorshafi ichida titrayotganday ko‘ringan nozik, kichik, chiroyli narsani shamoldan bir ozgina himoya qilish menga qanchalik baxt keltirdi. Hamma vaqt shunday bo‘lishi mumkin edi. Men bu kichkina, ko‘hlikkina vujudni xohlasam baxtiyor qila olar, o‘zim ham baxtiyor bo‘la olardim... Afsus!»

Farida xayolga cho‘mib, qadamlarini asta-asta sekinlashtirib borardi. U birdan yana gapira boshladi, gapirganda ham hozirgi suhbatlariga hech aloqasi bo‘lmagan narsalar to‘g‘risida gapirardi:
— Har nima bo‘lganda ham, bu kichkina sayohat bahrimni ancha ochdi. Bir-ikki yil gashtini surib yuraman... Keyin, xolalarimni, hammangizni sog‘insam, tag‘in kelaman... Ana shunday qilib, yillar o‘tadi, sekin-sekin sochlarim oqara boshlaydi, seniki ham shunday bo‘ladi, albatta. Bir-birimizni ko‘rganimizda yana xursand bo‘lamiz, ayrilganimizda esa achinishimiz balki ozayib borar... Kim biladi, bir kun emas-bir kun butunlay qaytib ham kelarman, shunday emasmi? Hayot bu, har narsa bo‘lishi mumkin... Ana shunda sen mening chinakam akam bo‘lib qolasan... Qarilar birin-ketin ketishgan sari biz ham bir-birimizning qadrimizga ko‘proq yetadigan bo‘lamiz. Mayda, ahamiyatsiz kamchiliklarimizga ortiqcha parvo qilmaymiz. Shunday qilib, umrimizning so‘nggi damlarini yoshlik chog‘larimiz o‘tgan yerlarda...

Ovozining billuridagi ko‘rinmas darz jarangi kuchayib, so‘zlariga yashirin huzun va alam ohangi berib borardi...

Yo‘lda bolasi bilan ketayotgan bir tilanchi xotinga duch kelishdi. Yalang oyoq bola Faridaning atrofida parvona bo‘lar, ozg‘in qo‘llari bilan uning etaklarini silardi.

Komron xotinga xayr berdi. Farida esa kichkina yetimchalarni suyib-siypashga o‘rganib qolgani uchun gadoy bolaning boshini silashdan jirkanmadi.

Ular yana yurib ketishganda, tilanchi xotin orqalaridan duo qilib qoldi:
— Xudoyim bir-biringizdan ayirmasin. Xudoyim shu chiroyli qizni senga ehson qilsin!

Yoshlar ixtiyorsiz to‘xtab qoldilar. Komronning qalbidagi alamli o‘tmish ko‘z o‘ngida aks etdi.
— Farida, eshitdingmi nima deganini? — deb so‘radi u.

Bu savolga Faridaning ko‘zlaridan yumalagan bir juft yirik tomchi javob bo‘ldi. Endi ular bir-birlariga yaqin kelishga botinishmay, ayri-ayri yurib ketishdi.

* * *

Ular chorboqqa oqshom olaqorong‘isida yetib kelishdi. Shamol tinib, havo ochilib ketgan edi. Daraxtlar esa uzoq kurashdan charchab, mudrab qolgandek ko‘rinardi. Qoyalarda xuddi ichidan sizib chiqayotganday nozik sadaf shu’la goh porillab ko‘rinadi, goh uchib qoladi.
— Hozir vaqt erta, Farida. Hali ular shahardan qaytib kelishgani ham yo‘q. O‘sha qoya tomonga borib, aylanib kelsak, nima deysan?

Farida boshini solintirib, majolsizlik bilan:
— Menga ruxsat ber, Komron. Borib yechinmasam bo‘lmaydi, shamol boshimni og‘ritib yubordi, — deb uzr so‘radi.

Haligina Faridaning jonli, o‘ynoqi vujudi atrofida xuddi jonli narsaday uchib, ko‘ksini, tizzalarini ehtiros bilan quchib turgan pushtirang chorshaf endi jonsiz lattaday yelkalarida solinib turardi.

Farida qimirlashga madori qolmagandek, darvoza yonidagi toshga sekin o‘tirdi-da, qumga shamsiyasi bilan umidsizligi qadar chuqur, hayoti kabi shikasta chiziqlar chiza boshladi. Bir ozdan so‘ng Komron ham yoniga o‘tirdi, yelkasini Faridaning yelkasiga tegizib, qo‘lini sekin o‘z qo‘liga oldi. Qiz bir seskandi-yu, qayoqqa qochsam ekan degandek, atrofiga javdirab qaradi. Komron uning chuqur-chuqur xo‘rsinganini, hozirgina yovvoyilarcha chaqnagan ko‘zlariga bir dam mo‘minlik, itoatkorlik malohati cho‘kkanini ko‘rdi. Farida muzlagan, titragan qo‘lini eski nishonlisining qo‘llariga taslim qildi. Ikkalasi ham ko‘zlarini yumdi. Komronning yopiq qovoqlari ichida mayda uchqunlar jivirlashar, u: «Mana, qo‘limda Faridaning qo‘li titrab turibdi. Demak, odam bolasi ro‘yobga chiqmaydi degan tushlar ham amalga oshar ekan-da!» deb o‘ylardi. U axiyri ko‘zlarini ochdi.

Farida yig‘lay-yig‘lay uxlab qolgan yosh bola singari ahyon-ahyonda xo‘rsinib qo‘yar, hamon og‘irlashib borayotgan boshini uning yelkasiga qo‘yib o‘tirardi. Faridaning holida, qo‘llarini topshirishida mazlum kishi taslimligi bor edi.

Komron har qimirlaganda uning o‘ziga yana ham yaqinroq suqulganini, qo‘lini yana ham qattiqroq siqayotganini sezib turdi.

Birdan yigit lablari past, nihoyatda past tovush bilan:
— Men gulbashakarni yaxshi ko‘raman, — deb shivirladi.

Eshikning g‘itillab ochilishi yoshlarni shirin uyqudan uyg‘otib yubordi. Farida o‘q ovozini eshitgan qush chaqqonligi bilan o‘rnidan sakrab turdi. Oldinda Narmin kirdi. Choliqushi hayajonli sevinch bilan uning bo‘yniga osildi. Yosh qizni mahkam-mahkam quchoqlar, sochlaridan, ko‘zlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘pardi. Hech kim bu sevinch sababini bilmas edi. Choliqushining bir zumgina avvalgi horg‘inligidan asar ham qolmagan edi. Kichkintoylarni qo‘liga olib, boshidan yuqoriga irg‘itar, ularni chinqirtirardi.

Hamma ichkariga qarab yurganda, Farida o‘zini orqada olib qolib, ichkarigi eshik panasida Komronni kutib turdi. Uni ko‘rgach, past tovush bilan:
— Mersi, Komron, — dedi.

VII

Ertasiga Farida yana o‘zi yolg‘iz shaharga tushib, tush mahalida horib-tolib keldi. Charchab, o‘zi zo‘rg‘a turganiga qaramay, bolalarni yana to‘pladi-yu, hovlida baland arg‘imchoq qildi.

Komron Azizbeyning qari, ezma bir mehmonidan zo‘rg‘a qutulib, hovliga chiqqanda Farida Najdad bilan arg‘imchoq uchayotgan edi. Choliqushi kuchining boricha arg‘imchoqni uchirar, Najdad esa mushuk bolasidek bo‘yniga osilib chinqirardi.

Komron o‘n yil avvalgidek, Oysha xolasining:
— Farida, qizim, jinnilik qilma, bolani yiqitasan! — deb qichqirganini eshitdi.

Choliqushi quloq osmadi, aksincha, butun qalbi bilan quvonib qichqirdi:
— Voy xola-ey, nimaga qo‘rqasiz? Najdadning asl egasi zorlanmayapti-yu! Shundaymi, Komron?

Farida bolalarning eng kattasi, ayni zamonda eng qo‘rqog‘i bo‘lgan Narminni chinqirtirib, jonini olgandan so‘ng o‘zi ham arg‘imchoqdan tushdi. Sochlari terlab, qizarib ketgan peshonasiga, yuziga yopishib qolgan edi. U qo‘liga yopishgan arqon iplarini tushirish uchun hovuchlarini bir-biriga ishqab turib:
— Nazarimda, hamma uchib bo‘ldi shekilli, — degan edi, Komron yuragi betlamaygina:
— Meni esdan chiqarding, Farida, — dedi.

Choliqushi beholgina jilmaydi. «Yo‘q» deyishga ko‘ngli bo‘lmas, «xo‘p» deyishga esa botina olmas edi. Ana shundan keyin bir arqonga, bir daraxt shoxiga qarab olib:
— Hayronman, qanday bo‘lar ekan, — dedi. — Arqon ikkalamizni ko‘tara olmas deyman, a, Mujgon?

Mujgon arqonni ushladi, keyin Komronning ko‘zlariga sekin tikilib:
— Gap arqonda emas... Farida juda charchagan. Ahvoliga qara, Komron. Charchab zo‘rg‘a turgan xotinni yana beshbattar charchatish gunoh bo‘lar deb o‘ylayman, — dedi.

Farida avval «Hechqisi yo‘q, nima bo‘lardi» deb turgan bo‘lsa ham, keyin Mujgonning so‘zlari va ko‘zlaridagi ma’noni tushundi-yu, gunoh qilib qo‘ygan yosh bola singari izza bo‘lib, qo‘rqib boshini solintirdi. So‘ngra past tovush bilan:
— Ha, juda charchaganman, tobim ham joyida emas,— dedi.

Chindan ham ahvoli kasal kishinikiga o‘xshardi, haligina ko‘zlarida chaqnab turgan sho‘xlik o‘tlari ham so‘ngan edi.

Mujgon haligacha ko‘zlarini Komrondan olmagan edi, u past ovoz bilan:
— Men o‘ylaganimdan ham battarroq bag‘ring tosh ekan, Komron! — dedi.

Komron ham Faridaga eshittirmaslik uchun past tovush bilan:
— Nega endi? — deb so‘radi.

Mujgon uni xilvatga sudrab ketdi.
— Bechoraning ahvolini ko‘rmayapsanmi? Baxtini qora, qalbini yara qilganing ham yetmadimi?
— Mujgon!..
— Uni shuncha yildan beri birontamiz yo‘qlamadik. Sog‘inib-sarg‘ayganiga chidamay, ozorlarini, alam va qayg‘ularini unutib qaytib keldi. Kelgan kunlari juda yaxshi edi. Sen bo‘lsang, qalbida anchagina bitib qolgan yarasini yana ochib yubording... — Mujgonning ko‘zlariga yosh keldi. — Ertaga jo‘naydi, lekin bechoraning qanchalik azob, qanchalik iztirob ichida jo‘nashini men yaxshi bilaman... Shunday, Komron, Farida ertaga ketadi! Hammayog‘ini tayyorlab qo‘ydi. Men ham bundan bexabar edim. Farida bu safar menga na qalbini ochdi va na hayotiga doir biron narsa aytdi. Tuyqusdan jo‘nayotganligini aytdi. Imonim komil, bu gapi yolg‘on. Aslida, Farida sendan qochib ketyapti, axir qachongacha azob tortadi? Men bu gaplarni senga shunchaki aytayotganim yo‘q, Komron. Men bu ayriliqning Farida uchun juda ham og‘ir bo‘lishidan qo‘rqaman. Farida bardam, odamning aqli ishonmaydigan darajada bardam, lekin har holda xotin kishi. Sen uni juvonmarg qilgan kishisan, shuning uchun undan qarzdorsan! Endi har nima bo‘lsa ham shu ayriliq soatlarida o‘zingni bardam, og‘ir tut, Faridaga ham iloji boricha kuch ber, quvvat ber.

Komron bu so‘zlarni eshitib, yashil ko‘zlarigacha oqarib ketdi.
— Faqat Faridaning xazon bo‘lgan hayotini gapirasan, xo‘sh, meniki-chi? — dedi.
— Seniki o‘zingning xohishing bilan bo‘ldi.
— Bunchalik bag‘ritosh bo‘lma, Mujgon!
— Tushungin axir, iloji bo‘lganda edi, men bunday tisarilib turmas edim. Nima qilaylik, qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Axir Farida boshqa odamning xotini, bechoraning boshi bog‘liq. Ko‘rib turibman, sen ham juda baxtsizsan. Ilgarigiday sendan xafa emasman. Lekin, nima qilaylik, nochormiz...

* * *

Faridaning ertaga ketishi hammaning qulog‘iga yetgan bo‘lsa ham, uydagilarning hech bittasi bundan og‘iz ochmadi. Kechki ovqat chuqur jimlik ichida o‘tdi. Shu oqshom Azizbey yana ham qarib ketganday ezgin ko‘rinardi. U Faridani yoniga o‘tqazib olib, tez-tez yelkalarini silaydi, iyagidan ushlab yuzini o‘ziga o‘giradi, ko‘zlariga tikilib:
— Oh, Choliqushi! Qariganimda meni xarob qilding-da, — deyar edi.

Shu kecha hamma o‘z xonasiga barvaqt kirib ketdi.

VIII

Vaqt yarim kechadan oshgan. Chorbog‘ dong qotib uxlamoqda. Mujgon xonasidan chiqdi. Boshiga yupqa ro‘mol tashlab olgan, bir qo‘lida shamdon. Goh oyoqlarining uchini bosib, goh to‘xtab, Komron yotgan xonaning eshigiga keldi. Ichkarida na sharpa va na chiroq. Juvon eshikni sekin taqillatdi, keyin juda past tovush bilan shipshidi:
— Komron, uxlayapsanmi?

Eshik darhol ochildi. Komron yechinmagan edi. Sham yorug‘ida yuzi yana ham so‘lg‘in, yana ham horg‘in ko‘rindi. Bu xira yorug‘ ko‘zlarini qamashtirayotganday, kipriklarini pirpirata boshladi.
— Hali ham yotganing yo‘qmi, Komron?
— Ko‘rib turibsan-ku.
— Nega chirog‘ingni o‘chirding?
— Shu kecha chiroq ko‘zlarimni achishtiryapti.
— Qorong‘ida nima qilyapsan?

Komron achchiqqina kuldi.
— Hech, umidsizlik, baxtsizlik zahrini yutib o‘tiribman. Xo‘sh, o‘zing nega bemahal kelding? Nima ishing bor?

Mujgon hayajonini zo‘rg‘a bosib:
— Bitta g‘alati xabar olib keldim. Hovriqma, Komron, o‘zingni bos, aytib beraman, — dedi.

Mujgon ichkariga kirdi, shamni stolga qo‘yib, eshikni sekin yopdi, keyin gapini nimadan boshlashini bilmayotganday bir oz ikkilanib turgach, yurak dukurini bosishga harakat qilib, vazmin tovush bilan:
— Hovriqma, o‘zingni bos, Komron, — dedi. — Yomon xabar olib kelganim yo‘q, aksincha, yaxshi xabar. Lekin hayajoning shunday balandki...

Juvon uni bosishga harakat qila turib, o‘zi hovriqar, ko‘zlariga yosh chiqib, ovozi titrar edi.
— Komron, bir oz avval Farida mening hujramga kirdi. Rangida qon qolmapti, ahvoli allaqanday. «Mujgon, men shu mahalgacha qalbimni faqat sengagina ochib kelganman, — dedi. — Dunyoda sendan yaqinroq hech kimim yo‘q. Senga aytadigan yana bitta sirim bor, buni ertaga men ketgunimcha saqlaysan, keyin aytishing mumkin. Bilaman, qo‘qqisdan kelib qolganimni ko‘rib, hammanglar hayron bo‘ldinglar. Sizlarni shunchalik sog‘indimki, ortiq chidayolmadim, deb aytdim, to‘g‘ri aytdim. Lekin asosiy sabab bunda emas. Men bu yerga dunyoda eng yaxshi ko‘rgan kishim uch oy avval o‘lim to‘shagida yotganda unga bergan va’damni bajarish uchun kelganman. Mujgon, sizlarga yolg‘on aytishga majbur bo‘ldim. Men tulman, erim uch oy avval rak kasalidan vafot etdi».

Farida shu so‘zlarni aytib turib, boshini yelkamga qo‘ydi, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi. Ko‘z yoshlarini to‘xtata olmay, hiqillab, nafasi tiqilib turib gapirdi: «Doktorim jon beradigan kuni meni oldiga chaqirib: «Farida, endi muhtojlik chekmaysan, bunisidan qo‘rqmayman, chunki hamma narsam senga qoladi. Senday sodda, og‘ir bir xotinning umriga bahuzur yetib ortadi. Lekin meni boshqa narsa tashvishga soladi, Farida. Har qancha boy-badavlat bo‘lganda ham, kimsasiz xotinning yolg‘iz yashashi qi- yin bo‘ladi. Innaykeyin, pul boshqa-yu, shafqat boshqa. Farida, meni go‘rimda tinch yotsin desang, va’da ber: o‘lganimdan keyin Istambulga, qarindosh-urug‘laring oldiga borasan. Basharti, ular oldida butunlay qolging kelmaganda ham, harholda, ikki-uch oy borib tur. Dunyo bevafo. Balki bir kun emas-bir kun yana o‘shalarga ishing tushar. Balki borib-borib qalbingda oila shafqatiga ehtiyoj tug‘ilar. Qisqasi, Faridaginam, oilang bilan yarashishingdan ko‘nglim to‘q bo‘lsa, o‘lganimda ko‘zim ochiq ketmaydi, go‘rimda ham tinch yotaman», — dedi.

Men uning bu so‘nggi orzusini yeriga yetkazish to‘g‘risida yig‘lab turib va’da berdim. Lekin doktorimning bu bilan ko‘ngli to‘lmadi. U eski nishonlim bilan ham yarashishimni istadi, axir bir kun Komron akang bo‘lib qolar-ku, dedi. O‘z qo‘ling bilan Komronga topshirgin, deb menga muhrlangan, bitta paket ham berdi. «Buning ichida bitta eski ko‘ngil kitobi bor, meni bir mahallar juda qayg‘uga solgan kitob. Eski nishonling ham buni albatta o‘qishini xohlayman. Buni qanday holda bo‘lsa, shunday topshirishga qasamyod qil», — dedi.

Haqiqat shunday, Mujgon. Endi hamma gapni bilding. Boyoqish doktorim juda pok, halol odam edi. U oilam bilan yarashishimni hayotimdagi yolg‘izlikdan, yetimlikdan qutulishimning birdan-bir yo‘li deb bilardi. Bechora, bu narsa men uchun naqadar alamli, naqadar og‘ir bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan. Shunday qilib, doktorimni Munisaning yoniga qo‘ydim-u, Istambulga qarab jo‘nadim. U yerda eshitgan narsalarim doktorimning vasiyatini yeriga yetkazishim mushkul bo‘lishini ko‘rsatdi. Komronning xotini vafot qilganini faqat o‘sha yerda eshitdim. Keyin men to‘g‘rimda har xil bo‘lmag‘ur gaplar tarqalganini bildim. Komronning xotini tirik bo‘lganda ham boshqa gap edi. Menga eri yaqinda o‘lgan tul xotin, deb qarashar, oilasida bir necha kun turib ketishga kelgan, deb o‘ylashardi. Mana endi hammangiz, Komron ham, sen ham — meni hammadan ko‘proq tushunding. Sen men to‘g‘rimda qanday yomon narsalar o‘ylashing mumkin edi. «Yillarcha yolg‘iz, sarson bo‘lib yurdi, somondek sarg‘aydi, boshidan ne-ne savdolarni kechirdi, mana endi, kim biladi, qanday tuban niyat bilan o‘zini bir qari cholga sotdi... Eski nishonlisining boshi ochiqligini eshitib, yana o‘sha tuban niyat bilan darrov oramizdagi, besh yil ilgari o‘zi nohaq haqoratlar, la’natlar bilan tashlab ketgan oilasiga, nishonlisi oldiga qaytib keldi», deyishlaringiz mumkin edi. Oralaringizda shunday deb o‘ylamaydigan darajada marhamatli, rahm-shafqatli kishilar bo‘lsa, ular oldida ham ichimdan ezilib o‘lardim.

Mujgon hamon kuchayib borgan hayajon va alam bilan so‘zlardi.
— Oh, Komron! Farida bu so‘zlarini qanday alam bilan o‘zini urib, ko‘z yoshlarini to‘kib turib aytganini ko‘rsayding! Mana, shu oxirgi so‘zlarini o‘la-o‘lguncha esimdan chiqarmayman: «Oila o‘chog‘imdan qanday dog‘u hasratda ketganimni, hayotimning qanchalik alam va ko‘z yoshlari bilan to‘liq bo‘lganini, qaysi bag‘ritosh sabablar meni er qilishga majbur etganini so‘z bilan aytib berishning imkoni yo‘q. Yoshi yigirma beshga yetgan, umrining besh yilidan bir qismini mojarolar ichida, bir qismini erining uyida kechirgan xotinning yuziga, badaniga erkak labi tegmagan bokira qiz ekani aytilsa, albatta, hamma kuladi, hamma uni hayosiz, yolg‘onchi deydi, shunday emasmi, Mujgon? Buning aksini isbot qilib bo‘lmaydi, iloji yo‘q. Boshqa aytadigan gapim yo‘q. Doktor Komronga tayinlagan paketda nima bor ekan, bilmayman. Ehtimol, ichida kutilmagan biron narsa bordir. Menga qanchalik og‘ir iztirobli bo‘lsa ham, rahmatlining so‘nggi orzusini yeriga yetkazdim. Lekin paketni o‘z qo‘lim bilan topshirishga qurbim yetmaydi. Buni ertaga kemaga o‘tirganimdan so‘ng, oramizdagi hamma narsa bitgandan so‘ng Komronga berib qo‘yarsan», — dedi.

Mujgon jimidi. Hayotning eng achchiq va alamli damlarida ham o‘zini tetik, bosiq ushlaydigan bu juvon hozir yosh boladek yig‘lar edi. U Komronga qaltiroq qo‘llarini cho‘zib:
— Uni yolg‘iz qo‘yib yubormaylik, Komron, — dedi.— Kerak bo‘lsa, zo‘rlik bilan olib qolaylik. O‘tgan ishga salavot, nima bo‘lgan bo‘lsa bo‘ldi, endi bir-biringizdan ayrilmasligingiz kerak! Ko‘rib turibman, ortiq chidolmaysizlar.

Komronning vujudi muzlab borardi. Eng ahamiyatsiz bir tushdan, eng zaif bir xotiradan oylarcha kasal bo‘lib, kichikkina umid bilan yashab kelgan bir xayolparast uchun bu umid, bu baxt haddidan ziyod edi. Uzun muddatli hushsizlikdan keyin o‘ziga kelgan og‘ir kasal singari Komron ham hech nimaga tushunmay qorong‘ida ko‘zlarini javdiratib tevarakka qarar, nuqul kipriklarini pirpiratardi.

Mujgon ro‘moli ichidan qizil muhr bosilgan bir paketni chiqardi.
— Faridaga bergan va’damga qaramay, buni senga hozir topshiryapman, — dedi.

Juvon ro‘molini tuzatib, uydan chiqmoqchi bo‘lgan edi, Komron ushlab qoldi:
— Mujgon, sendan bitta iltimosim bor. Bizning savdoimizni hammadan ko‘ra sen ko‘proq bilasan. Paketni birga ochib, ichidagi narsani birga o‘qiylik.

Mujgon stol ustidagi chiroqni yoqquncha, Komron paketni ochdi. Ichida bitta xatu yana bitta kattakon konvert chiqdi. Yo‘g‘on, yirik harflar bilan yozilgan maktub Komronga xitob qilar edi:

«O‘g‘lim, Komronbey!

Sizga bu maktubni yozgan odam umrining bir ozini kitoblarga, bir qismini esa hayot deb atalgan chigal mushtlashish yaradorlariga bag‘ishlagan tarki dunyo bir cholki, xati qo‘lingizga yetmasdan ancha burun olamdan o‘tgan bo‘ladi. U cholning butun borlig‘i bilan yaxshi ko‘rgan bir bechoraga oxirgi marta yaxshilik qilib ketish tilagi bu maktubni sizga o‘lim to‘shagida yotgan joyida yozishga majbur qildi. Quloq soling.

Bir kun uzoq qishloqdagi vayrona maktabda yog‘du kabi toza, umid kabi go‘zal bir istambullik qizni uchratdim. Qorong‘i qish kechasida, qor elab yog‘ib turgan bir paytda uyingizning derazasini ochsangiz-u, qorong‘ilikdan bulbul nag‘masini eshitsangiz, shunda qanday bo‘lasiz? Men ham o‘shanda shunday bo‘ldim. Bu mas’um nozik kibor qizni, tabiatning bu go‘zal va nodir xilqatini qaysi la’nati tole va tasodif bu qorong‘i qishloq xarobasiga keltirib tashladi? Qalbi yig‘laydi-yu, ko‘zlari bilan lablari kuladi, fidokorlik haqidagi hangomalar bilan meni aldaydi. Men esam «Oh, bechora qiz! Men seni Istambulda tashlab ketgan nodon, johil yoringmidimki, bu gaplaringga ishonsam!» deb o‘yladim. Uyquga qonmay uyg‘ongan yosh bolaniki singari xumorli ko‘zlari, qaerga qadam tashlashini bilmagan kishiniki singari ahvoli, xayoliy lablarining bo‘sasi bilan titrayotgandek ko‘ringan dudoqlari, xayoliy quchoqda talpinayotganga o‘xshagan atvori, harakatlari menga butun sirni ayon qildi.

Eski zamon dostonlarida Laylisini qidirib, sahrolarda sargardon bo‘lgan Majnunni goho shukuh va mamnuniyat bilan eslab qo‘yardim. Faridani ko‘rgan kunimdan boshlab u dostonni esdan chiqardim. Endi yangi zamonning mozorlar bilan to‘liq qorong‘i qishloqlarida ilojsiz ishq ro‘yolarini axtargan bu oydin ko‘zli, ipakday mayin, mas’um, olijanob «Layli»sini tez-tez eslaydigan bo‘ldim. Ikki yildan keyin tag‘in uchrashdik. Hamon eski dardi boshida, qalbini ichdan kemirmoqda edi. Eh, attang, dastlab ko‘rgan kunim nega uni otimga o‘ngarib, zo‘rlab bo‘lsa ham Istambulga, oilasiga eltib tashlamadim! G‘aflatda qoldim, g‘aflatda!

Farida bilan ikkinchi marta uchrashganimizda, fursat qo‘ldan ketgan edi. Siz uylanib olgan edingiz. Faridani hali yosh, esidan chiqarib yuboradi, deb o‘ylagan edim. U kasal yotgan paytda ittifoqo qo‘limga daftari tushib qoldi, qarasam, eh-ha, qalbining yarasi tuzaladigan yaralardan emas. Daftarga butun hayotini yozibdi. Ana shundan keyin butun umidim uzildi, holbuki, uni o‘z bolamday davolamoqchi edim. Ammo bunga ham odamlarning fisqu fasodlari, tuhmat va g‘iybatlari imkon bermadi. Ana shundan keyin menda yaxshiroq odam topib, Faridani o‘shanga berish fikri tug‘ildi. Lekin bu ham xavfli edi. Eri har qancha odamoxun bo‘lganda ham, Faridadan muhabbat talab qilishi turgan gap edi. Garchi qizginam muhabbat uchun tug‘ilgan, muhabbat yo‘lida sarg‘aygan bo‘lsa hamki, begona ishqi unga go‘r azobidan battar bo‘lishi aniq edi. Mana shu xavfdan qo‘rqib, chor-nochor o‘z nikohimga oldim. Shu tariqa uni o‘lgunimcha himoya qilishim mumkin edi. O‘lganimdan keyin esa besh-o‘n qurushlik davlatim, uch-to‘rt yerdagi mulkim uni muhtoj qilib qo‘ymas edi. Shubhali qiz bo‘lib yashashdan ko‘ra tul bo‘lib xotirjam yashash uning uchun ham o‘ng‘ay bo‘lardi. Shunisi ham borki, axir bir kun murodi hosil bo‘lishiga imonim ham komil edi. Hayotda nimalar ro‘y bermaydi!

Nihoyat, xotiningizning vafoti menga yangi umid bag‘ishladi. Sizning to‘g‘ringizda hammavaqt Istambuldan xat-xabar olib turardim. Xotiningizning vafoti sizni qayg‘urtirgan bo‘lishi mumkin, biroq meni ham qayg‘urtirdi desam tilyog‘lamalik qilgan bo‘laman. Faridani bu xo‘jako‘rsinga qilingan yolg‘ondakam nikohdan bo‘shatib, siz bilan topishtirish uchun o‘ng‘ay payt poylab yurardim. Bilmayman, odamlar bu harakatimga qanday qarashar ekan? Lekin men odamlarning g‘iybatlariga, men to‘g‘rimda aytgan yo o‘ylagan narsalariga allaqachon tuflagan odamman.

Qarorimni amalga oshiraman, deb turganimda birdan kasalim zo‘riqib ketdi. Ana shundan keyin masalaning uch-to‘rt oy ichida o‘z-o‘zidan hal bo‘lishiga aqlim yetdi. Qaydam, tafsilotga hojat bormikan? Endi muddaoga o‘taylik, Faridani bir bahona bilan Istambulga yuboraman. Xatimni o‘z qo‘li bilan topshirishiga shubham yo‘q. Men uning tabiatini yaxshi bilib oldim, alomat qiz. Ehtimol, injiqlik va yo e’tiroz qilar, lekin sen bo‘sh kelma, xazon bo‘lmasin desang, javob berma! Zarur bo‘lsa, xotin-qizlarni olib qochadigan tog‘liklar singari yovvoyi va qo‘pol bo‘l. Quchog‘ingda jon bersa, bilginki, quvonchdan, baxtiyorligidan jon beradi.

Shuni ham eslatib o‘tayki, bu ishda seni zarracha ham o‘ylaganim yo‘q. Ko‘nglimnig roziligiga qarasam, senga nainki Farida kabi nodira qizni, hatto uyimdagi mushukni ham bermas edim. Nachora, bu telba qizlarga hech aql o‘rgatib bo‘lmas ekan. Senga o‘xshash quruq, qalbsiz odamlarning nimasini yaxshi ko‘risharkin, hayronman...

Marhum Xay-rul-lo.

Eslatma. Paketda Faridaning daftari bor. O‘tgan yil Olajaqoyaga ko‘chib borganimizda, ichiga shu daftar solingan sandiqchasini bekitib qo‘yib, izvoshchilar o‘g‘irlab ketishibdi, deb aytgan edim. Farida churq etmagan bo‘lsa ham, lekin juda qattiq ezilganini ko‘rdim. Bu daftarining axir bir kun kerak bo‘lib qolishi mumkinligini o‘ylab, juda to‘g‘ri ish qilgan ekanman!»

IX

Mujgon bilan Komron Choliqushining ko‘k muqovali qalin daftarini tushirishganda, deraza orqasi yorishib, daraxtlarda qushlar chirqillasha boshlagan edi.

Komron horg‘inlik va iztirob og‘irlashtirgan boshini daftarning sarg‘aygan sahifasiga qo‘ydi-da, ko‘p yerlari ko‘z yoshlari bilan yuvilgan bu aziz satrlarni qayta-qayta o‘pdi.

Daftarni yopib, bir yoqqa qo‘yishmoqchi bo‘lib turishganda, Mujgonning ko‘zlari daftar muqovasiga tushdi. U ko‘k muqovani chiroqqa yaqin keltirib qaradi.
— Daftar tugamabdi, Komron. Muqovasida ham yozuvlar bor. Lekin daftar ko‘k bo‘lgani uchun siyoh yaxshi ko‘rinmayapti, — dedi.

Ular chiroqni ko‘tarishdi, boshlarini daftar ustida bir-birlariga yaqinlashtirib, shu satrlarni qiyinchilik bilan o‘qishdi.

«Kecha daftarimni abadiy yopgan edim. Nikoh kechasining sabohida nainki xotira yozish, hatto eski yuzimni ko‘rish uchun oynaga qarashga, eski tovushimni eshitish uchun unimni chiqarishga ham jur’at qila olmas edim. Faqat...

Shunday qilib, kecha men kelinchak bo‘ldim. Selga uchragan xazon kabi o‘zimni oqimga taslim etdim. Kim nima desa qildim, hech narsani qaytarmadim. Shunchalikki, doktor Izmirdan keltirgan uzun etakli oq ko‘ylakni kiydirishlariga, sochlarimning bir yog‘iga bir tutam kumush ip ilashtirishlariga ham qarshilik qilmadim. Faqat oro berish uchun meni katta tosh oynakka olib kelishganda, hech kimsaga sezdirmasdan ko‘zlarimni yumib oldim. Bo‘lgani shu. Butun isyonim faqat shundangina iborat bo‘ldi.

Meni ko‘rgani bir qancha yotu begona keldi. Bular orasida ilgari men bilan ishlashgan muallimalar ham bor edi. Aytgan so‘zlari qulog‘imga kirmas, hammasiga ham bir xilda ayanch tabassum bilan javob qilishdan o‘zgasiga kuchim yetmas edi.

Bir kampir yuzimni ko‘rib:
— Choli tushmagurning xo‘pam tolei bor ekan-da. Turnaning naq ko‘zidan uribdi-ya! — dedi.

Xayrullobey uyga kechki ovqat mahalida yetib keldi. Semiz gavdasini korset siqib turgan smoking kiyib olgan edi. Qizil galstugi bir yoqqa juda g‘alati bo‘lib qiyshayib ketibdi. Yuragim ezilib, xafa bo‘lib turganimga qaramay, kulib yuborishdan o‘zimni tutib qololmadim. Boyoqishni kulgi qilib qo‘yishga haqqim yo‘qligini o‘ylab, qizil galstugini chiqarib olib o‘rniga boshqasini, yarashadiganini bog‘lab qo‘ydim.

Xayrullobey kulib turib:
— Barakallo, qizim, sen ajoyib uy bekasi bo‘lasan. Ko‘rdingmi, yosh qizga uylanishning fazilatlarini? — dedi.

Mehmonlar tarqalishdi. Biz yemakxona derazasi yonida ro‘baro‘ o‘tirardik. Xayrullobey:
— Kichkinam, nega kechikib qolganligimni bilasanmi? — deb so‘radi. — Munisaning mozorini ziyorat qilib keldim. Qabriga bir dasta gul va sening kelinchaklik iplaringdan bir siqim qo‘yib keldim. Boyaqish sening oldingda gapirishga tortinardi, lekin yolg‘iz qolganimizda nuqul: «Opajonim kelinchak bo‘lib, sochlariga kumush ip taqqanda, men ham taqmoqchiydim», deyardi. Rahmatlining sariq sochlariga ipni o‘zim taqardim, afsuski bo‘lmadi.

Doktor shu so‘zlarni aytib turganda, o‘zimni tutolmay yuzimni derazaga o‘girdim-u, mana shu alamli kuz oqshomining ko‘zga ko‘rinmas tumani singari kipriklarimda qurib qolayotgan yoshlar bilan to‘lib-to‘lib yig‘ladim.

Kechaning ilk soatlarini har kungiday pastda, ovqatxonada o‘tkazdik. Xayrullobey ko‘zoynaklarini taqib olib, burchakda allaqanday kitob o‘qib o‘tirdi.
— Kelinoyim, yangi kuyovning kitob o‘qib o‘tirishi yarashmaydi, lekin meni aybga buyurmaysan-da. Qo‘rqma, kechalar uzun, yosh kelinchakka ishq dostonlari o‘qishga ham vaqt topiladi, — dedi.

Chekkalarini tikib o‘tirgan ro‘molim ustiga boshimni yana ham ko‘proq solintirdim. Eh, bu qari doktor! Uni qanchalar sevardim, mana endi qanchalar nafratlanaman undan! Demak, alamdan, qayg‘u-g‘amdan behol bo‘lib boshimni yelkasiga qo‘ygan kezlarimda, u... Demak, oq kipriklar ostida yashiringan bu gunohsiz moviy ko‘zlar menga xotin deb, bo‘lajak qayliq, deb qarab kelgan ekan-da!..

Soat o‘n birga jom urguncha shu xil achchiq alamli o‘ylar bilan band bo‘ldim. Nihoyat, doktor kitobini stolga qo‘yib, kerishdi, esnadi, keyin:
— Hoy, kelinoyim, yotish kerak, yur, — deb o‘rnidan turdi.

Qo‘llarimdan ignam, yamab o‘tirgan narsam tushib ketdi. O‘rnimdan turib stoldagi shamdonni oldim-da, darpardani yopish bahonasi bilan deraza yoniga bordim. Kecha zulmatiga uzoq tikilib turdim. Hozir sen chiq-u, qorong‘i yo‘llarga tushib qoch, degan o‘y keldi miyamga. Lekin doktor:
— Kelinoyim, juda uzoq o‘ylanib qolding? Bo‘ldi, chiq tepaga. O‘nboshiga tayinlaydigan ishlarim bor, men ham orqangdan chiqaman, — deb qoldi.

Doktorning qari enagasi bilan bir qo‘shni xotin menga kelinlik libosini kiydirishdi. Keyin qo‘limga yana shamdonni tutqazishib, meni kuyovimning hujrasiga olib kirishdi. Xayrullobey pastdan chiqmagan ekan. Men javon yoniga kelib to‘xtadim, ko‘kragimni sovuqdan saqlayotganday, qo‘llarimni qovushtirib oldim. Shu qadar titrardimki, qo‘limdagi shamdon tinmay tebranar, goho sochlarimning uchini kuydirardi.

Nihoyat, zinada, keyin dahlizda oyoq tovushi eshitildi. Xayrullobey ashulani ming‘illab, yo‘l-yo‘lakay smokingini yechib kirdi. Kirdi-yu, meni ko‘rib hang-mang bo‘lib qoldi.
— Hoy qiz, hali yotganing yo‘qmi? — dedi.

Javob bergani og‘zimni ochgan edim, tishlarim takillab yo‘l qo‘ymadi.

Doktor yonimga kelib, yuzimga ajablanib qaradi.
— Hoy qiz, nima bo‘ldi? Hujramda nima qilib yuribsan?

Birdan hujrani guldiros qahqaha larzaga keltirdi.
— Voy sho‘rim, hali sen...

Doktor qahqahadan bo‘g‘ilib, so‘zini tugatolmadi. Keyin shapaloqlarini tizzalariga shapillatib urdi-yu, barmoqlari bilan og‘zini yopib turib:
— Demak, sen bu yerga... Voy, sharmanda! Chindan ham eru xotin bo‘ldik, deb o‘ylabsan-da! Tuf, uyatsiz, beor!— dedi. — Xudo jazongni bersin!.. Otang tengi bir odamni...

Qahqaha zo‘ridan devorlar qimirlab, shift boshimga ag‘darilgandek bo‘ldi.
— Voy, qora yurakli hayosiz-e! Qiz boshing bilan mening hujramga tungi ko‘ylakda kirishga uyalmadingmi?

O‘sha paytdagi ahvolimni ko‘rishni istardim, kim bilsin, qanday rangga kirib, qanday rangdan chiqdim ekan.
— Doktorbey, xudo haqi, bilganim yo‘q, o‘zlari shunday deyishdi-da...
— Xo‘p, ular-ku shunday noma’qul o‘ylashibdi, sen-chi?! Dunyoda har narsa bo‘lishi mumkin, bunga aqlim yetadi, lekin shu yoshimda hurmatimga, iffatimga bir yuzsiz qizning hujum qilishi mumkinligini hech aqlimga keltirmagan edim.

Voy xudo, bu qanday qiynoq azobi! Yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadim. Lablarimni qonatar darajada tishlar edim. Qimirladim deguncha, u yolg‘ondan lo‘lilik qilar, derazaning oldiga kelib ko‘ylagining yoqasidan bo‘ynini cho‘zib, qichqirardi:
— Hoy, qiz, yaqin kelma, qo‘rqaman! Hozir derazani ochaman-u dod solaman! «Xaloyiq, qutqazinglar!» deyman! Shu yoshimda menga...

Gapining oxirini eshitmay, hujradan qochib chiqib ketdim. Lekin bilmayman, menga nima bo‘ldi, yana qaytib kirdim. Qalbimning hamisha itoat qilishga majbur etuvchi amri bilan:
— Ota! Otajon! — deb faryod qildim, yig‘lab turib o‘zimni quchog‘iga otdim.

U ham quchog‘iga oldi, qalbdan chiqqan ayni faryod bilan:
— Qizim! Bolam! — deb peshonamdan o‘pdi.

Otalik bo‘sasining lazzatini, titrab turgan u lablarni o‘lgunimcha esimdan chiqarmayman!

* * *

O‘z hujramga kirdim. U yerda ham yig‘lar, ham kular edim. Shu qadar shovqin ko‘tardimki, doktor o‘z hujrasidan devorimni dukullatib:
— Hoy qiz, uyni yiqitasan, bu qanaqa shovqin! — dedi. — G‘iybatchi qo‘shnilar mendan ko‘rishadi. Kelinchakni ertalabgacha baqirtirib chiqdi deyishadi-ya!

Lekin doktorning o‘zi ham mendan kam shovqin ko‘tarmas, hujrasida aylanib yurib, nuqul:
— Bu oxir zamon qizlaridan nomusimizni, iffatimizni o‘zing asra, o‘zingga omonat, e xudo! — deb baqirishini qo‘ymas edi.

Shu kecha u o‘z hujrasida, men ham o‘z hujramda o‘n martacha uyg‘ongandirmiz. Devorni dupurlatishib, xo‘roz singari chaqirishar, qush singari sayrashar, baqa singari qurullashar, bir-birimizga tinchlik bermay g‘udurlashardik.

* * *

Kelinchaklik kechamning butun hikoyasi ana shundan iborat.

Boyoqish doktorim, shu qadar pok vijdonli, toza qalbli odam ediki, xo‘jako‘rsinga uylanayotganimizni bundoq shipshitib ham qo‘ymabdi. Men esam, voy xudo, uning oldida yengiltak nozanin ekanman! Olijanob do‘stligimizda u erkakligini unutgan bo‘lsa ham, men xotin kishiligimni unutmabman.

Erkaklarning ko‘pchiligi juda yomon, bag‘ritosh bo‘ladi, bunisi haqiqat. Xotinlarning esa hammasi yaxshi, bag‘ri yumshoq bo‘ladi, bunisi ham haqiqat. Lekin erkaklar orasida yaxshi niyatli, toza yuraklilari bor, juda oz bo‘lsa hamki, harholda bor. Bunday erkaklardagi qalb pokligini xotinlardan topib bo‘lmaydi».

X

Farida o‘sha kecha tongotar paytidagina uyquga toldi. Kechqurungidan yana ham horg‘in, yana ham ezgin bir holda uyg‘onganda, quyosh ancha ko‘tarilib, soat o‘n birdan oshgan edi. Maktabga kech qolgan bolalar singari shoshib-pishib o‘rnidan turdi.
— Yashavor, Mujgon! Yo‘lga chiqadigan kunimda barvaqtroq uyg‘otib qo‘ysang nima qilardi?

Mujgon har kungi sovuqqonligi bilan:
— Bir necha marta uyingga kirdim, qarasam, shirin uxlab yotibsan, ko‘zim qiymadi. Qo‘rqma, hali uncha kech emas. Innaykeyin, kemaning bo‘lishi ham dargumon emish. Dengiz quturib yotibdi, — dedi.
— Nima bo‘lsa ham albatta ketishim kerak.
— Men ham otamga aytdim, sening g‘amingni yeb, limanga tushib ketdi. Tayyor bo‘lib tursin, kema kelsa yo izvosh yuboraman, yo bo‘lmasa o‘zim kelib olib ketaman, dedi..

Farida jo‘nash kunini bunday bo‘lar, deb o‘ylamagan edi. Mujgonning bolalar bilan ovora bo‘lganini, xolalarining har kungiday bemalol gaplashib, kulishib o‘tirishganini ko‘rdi. Ularning beparvoligi Faridani o‘ksitdi. Komron ham ko‘rinmaydi.

Mujgon pinhona qilib, Faridaning qulog‘iga shipshidi:
— Farida, senga bitta yaxshilik qildim: Komronni uydan xoliroqqa chiqarib yubordim. Seni xayrlashishda azob chekmasin, deb o‘zini chetroqda olib turishga rozi bo‘ldi.
— Endi kelmaydimi?
— Limanga xayrlashgani kelsa ajab emas. Qalay, yaxshi qilibmanmi?

Faridaning ko‘zlariga mung cho‘kdi, lablari titray boshladi. Chakkasida og‘riq turdi. Og‘riyotgan yerini barmog‘i bilan bosib:
— Ha, ha, rahmat, juda yaxshi qilibsan, — dedi.

Farida bir qator quruq, ma’nosiz so‘zlar bilan Mujgonga javob berayotganda, bolalik chog‘larining sevgili do‘sti bilan birga ko‘nglida abadiy o‘lganini, endi hech mahal u bilan yarashmasligini his etardi.

Tushki ovqatga endi o‘tirishganda, qo‘shni bog‘larning biridan mehmondorchilikka chaqirib kelishdi. Baladiya idorasining raisi shahardagi qishloq uylariga, bola-chaqasini ko‘chirib ketish oldidan bog‘ qo‘shnilariga, shuningdek, Farida bilan xayrlashish sharafiga ziyofat bermoqchi bo‘libdi.
— Ie, qanday bo‘ladi? Hozir meni olib ketgani odam keladi-ku? — dedi Farida.

Xolalari:
— Uyat bo‘ladi, Farida, borish kerak, orasi besh minutlik yo‘l. Alohida tayyorlanib o‘tirishning keragi yo‘q, chorshafingni yopinasan-u, boraverasan, — deyishdi.

Boya unga kasal mushukchalik ham qarashmagan xolalarining hozir onalarcha g‘amxo‘rlik qilishayotganiga ajablanib, Farida yuzini yerga qaratib oldi.
— Xo‘p, boraman, — dedi.

* * *

Soat uchga yaqinlashib borardi. Farida ayvonda yaproqlari sarg‘aygan chirmov orasidan yo‘lga qarab turardi. Birdan:
— Mujgon, bitta izvosh kelyapti! Menga bo‘lsa kerak, — deb yubordi.

Xuddi shu payt uzoqdan, dengiz bo‘yidagi daraxtlar orasidan kema ham ko‘rinib qoldi.

Farida o‘pkasi tomog‘iga tiqilib:
— Kelyapti! — deb qichqirib yubordi.

Bog‘da g‘ovur boshlandi. Xizmatkor xotinlar chorshaflarini keltirgani yugurishdi.

Farida xolalariga:
— Men oldin ketaveray, sizlar orqadan borarsizlar,— dedi.

Mujgon ikkalasi bog‘ orasidagi so‘qmoq bilan chopib ketdi. Goh chetanlardan oshib, goh polizlardan yurib borishdi. Bog‘ eshigiga yetishganda, qari oshpaz xotin ro‘paralaridan chiqib qoldi. Kampir:
— Sizlarga ketayotuvdim, kichik xonimlar, — dedi.— Beylar izvosh olib kelishdi, sizni kutib turishibdi.

Azizbey bilan Komron ularni ikkinchi qavat dahlizida kutib olishdi. Azizbey qo‘li bilan uyga ishora qilib:
— Ikkita bemavrid mehmon keldi, shovqin qilmanglar, — dedi. Keyin Faridani boshidan-oyog‘igacha suzib chiqdi. — Bu nimasi, kichik xonim, qora terga tushib ketibsan?!

Azizbey kulimsirab, Faridaga yaqin keldi, iyagidan ushlab ko‘zlariga tikildi.
— Kema kelishga keldi-yu, lekin senga foydasi yo‘q. Ering javob bermayapti, — dedi.

Farida bir qadam orqaga tashlandi, hayratidan ko‘zlari olaydi.
— Pochcha, nima deyapsiz!

Azizbey barmog‘i bilan Komronga ishora qildi.
— Mana ering, qizim, mening daxlim yo‘q, — dedi.

Farida voylab yuzini to‘sdi. Yiqilib ketishi mumkin edi, biroq allakimning qo‘li bilagidan ushlab qoldi. Farida ko‘zlarini ochib qaradi: oldida Komron turardi.

Azizbey shodiyona bir qahqaha bilan:
— Ey, xayriyat, axiri qafasga tushdingmi, Choliqushi? Qani, tipirchilab boq-chi, bir ko‘ray, qani, tipirchilab boq-chi! Qani, ko‘raylik-chi, foydasi bormikan?— dedi.

Farida yuzini to‘sishga harakat qilsa ham, bilagini Komrondan qutqazolmas, boshini berkitishga urinsa ham, Komronning ko‘ksi va yelkasidan boshqa yerni topolmas edi.

Azizbey yana boyagi qahqaha bilan:
— Atrofingdagilar senga tuzoq qurishdi, Choliqushi, — dedi. — Siringni mana shu xoin Mujgon fosh qilib qo‘ydi. Xudo rahmat qilgur doktoring Komronga daftaringni yuborgan ekan, daftarni olib, to‘g‘ri qozining oldiga bordim. O‘zing yozgan ba’zi narsalarning joylarini ko‘rsatdim. Qozi aqlli odam ekan, darrov nikohingga fatvo berdi; tushundingmi, Choliqushi? Mana endi Komron sening ering, endi u hech qachon seni tashlab ketmaydi.

Farida shu qadar qizarib ketdiki, yuzining rangi moviy ko‘zlariga ham urib, ko‘z qorachiqlarida o‘tlar chaqnadi.
— Bas, Choliqushi, ko‘p noz qilaverma! Ko‘rib turibmiz, suyunganingdan shunday qilyapsan. Menga qara, «Pochcha, chakki qilmadingiz, ko‘nglimdagi bo‘ldi», de. Qani, takrorla!

Azizbey uni zo‘rlab takror ettirdi. Keyin hujra eshigini ochib, g‘olibona bir qahqaha bilan:
— Shariat yo‘li bilan vakil otaman, afandim, — dedi. — Choliqushi, e kechirasizlar, Farida xonim nomidan mana shu Komronbeyni kuyovlikka qabul qildim. Fotiha qiling, biz ominni bu yerda turib aytamiz, — dedi. Keyin Faridaga o‘girilib hazillashdi: — Endi nima deysan, Choliqushi? Mushtumdek bolasan-u, necha yildan beri jonimizni olib kelasan! Endi xo‘p boplab qo‘lga tushirdimmi?

Bog‘dan bolalarning chug‘uri eshitilib turardi.

Azizbey:
— Endi tabriklar, qo‘l o‘pishlar boshlanadi, — dedi. — Yo‘q, yaxshisi, buni kechga qoldiraylik. O‘z qo‘lim bilan qo‘ling o‘rgulsin to‘y ziyofati tayyorlayman. Qani, o‘g‘lim! Bizning vaqir-vuqurimizdan sizlarga foyda yo‘q. Bir-biringizga aytadigan gaplaringiz bordir. O‘g‘lim, anovi orqa yo‘lni ko‘rdingmi? Barakallo, ana shu tor zina bilan xotiningni olib qoch. Uzoqqa, xohlagan yeringga bor. Keyin birga qaytib kelarsizlar.

Komron Faridani qo‘lidan tortib, zina tomonga ketayotganda, Mujgon orqalaridan yetib keldi. Dugonalar yig‘lab turib o‘pishdilar.

Azizbey ko‘zlarida paydo bo‘lgan yoshlarini bildirmaslik uchun burnini guvullatib qoqdi-da, notiq singari qo‘lini siltab turib:
— Hoy, gilosimni o‘g‘irlagan Choliqushi! Uni boshqaga o‘g‘irlatsang bormi, naq mendan baloga qolasan-a! Qani, hozir qaytarib ber, shu bilan hisob-kitobimizni tugataylik, — dedi. U haligacha qo‘lini Komrondan bo‘shata olmagan Faridani baland ko‘tarib o‘pgandan so‘ng yana yigit quchog‘iga otdi. — Bugun kechasi dengiz po‘rtanasiga yo‘liqarding, biz seni qutqarib qoldik. Lekin yoningdagi «sariq po‘rtana», nazarimda, yana ham xavfliroq ko‘rinadi. Xudo panohida asrasin seni, Choliqushi!

Ikki baxtiyor tor zinadan yumalanib ketar darajada pastga uchib tushdi. Komron qo‘lini Faridaning belidan o‘tkazib olib, uni mahkam qisar, changalidagi nozik barmoqlarni og‘ritib ezardi.

Zinapoyalarning birida Faridaning etagi ilashib qoldi. Hansirashib bir nafasgina to‘xtashdi. Choliqushi etagini bo‘shatish bilan ovora ekan, Komron hayajon ichida nafasi tiqilib:
— Farida, meniki ekanligingga hech ishonolmayapman! Meniki ekanligingga qalbimni ishontirish uchun, vazningni sinab ko‘rishim kerak, — dedi.

Komron uni yosh boladay azot ko‘tarib oldi. Farida o‘zini qutqazish uchun tipirchilar, nafasi bo‘g‘ilib hansirardi. Chorshafidan to‘zib chiqqan sochlari Komronning yuziga urilar, quchoqda talpinishi yigit kuchiga kuch berar, harorati qonini qizdirardi. Komron uni pastgacha ko‘tarib tushdi. Qiz esa jarga qulayotgan kishi singari nafasini ichiga olib, ko‘zlarini yumib oldi. U goh kular, goh yig‘lardi.

Farida tashqari eshigiga yetganda yalina boshladi:
— Ahvolimga qara, Komron! Shu ahvolda qanday tashqariga chiqamiz? Ruxsat ber, yuqoriga chiqib, bir zumda kiyinib tushay.

Komron bo‘shatmadi.
— Iloji yo‘q, Farida. Bir marta bo‘ldi-bo‘ldi. Endi zo‘rg‘a qo‘lga kiritganimda yana bo‘shataymi, yo‘q, — dedi kulib.

Faridaning qarshilik qilishga ortiq madori qolmadi shekilli, boshini Komronning ko‘ksiga qo‘yib, uyala-uyala:
— O‘shanda ketib qolganimga o‘zimni ham pushaymon bo‘lmagan deysanmi? — dedi.

Komron uning yuzini ko‘rmasdi. Faqat betlarini, lablarini silab-siypagan, suyib ardoqlagan barmoqlarga issiq ko‘z yoshlari tomayotganini his etardi.

* * *

Ular yo‘lda ham quchoqlashib ketishdi. Ro‘parada kelayotgan ikkita baliqchini ko‘rishgandan keyingina ayrilishdi. Hanuz gaplashmay borardilar. Yonma-yon yurish baxti ularni mast qilgan edi.

Ana bog‘ yo‘li! Komron o‘n yil avval Faridani shu yerda birinchi marta ko‘rgan edi. Komron qizning yelkasidan sekin ushlab:
— Bu yer esingdan chiqib ketgandir, Farida?— dedi.

Qiz uzoqlarga cho‘zilib ketgan yo‘lga qarab kulimsiradi.
— Bu qarashingda ma’no bor, demak, esingda?

Farida sekin xo‘rsindi. Keyin, bir eski xulyoga kulimsirayotganday, chuqur horg‘inlik va o‘ychanlik bilan Komronga qaradi.
— O‘sha mahal biram suyungan edimki!.. Ajabo, buni esdan chiqarib bo‘ladimi? — dedi.

Yigit, qiz boshini teskari o‘girib olmasin, ko‘zlari ko‘zlarimdan ayrilmasin, deb Faridani iyagidan ushladi, og‘ir, sokin bir tovush bilan:
— Farida, — dedi, — bizning butun sarguzashtlarimiz mana shu yerdan boshlangan. Bilaman, azizim, sening bu ko‘zlaring shunchalar jafo, shunchalar sargardonliklarni ko‘rdiki, gaplarimga, dardlarimga, albatta, tushunadi. Senga ko‘ngil bergan vaqtlarimda kulishdan, ermak qilishdan boshqa narsani bilmaydigan g‘ofil, sho‘x qizcha, nurday, ovozday qo‘lga kirmaydigan Choliqushi eding. Senga chuqur muhabbatim bor edi. Har kuni ertalab uyg‘onganimda muhabbatim qalbimda yana ham ulg‘ayganini sezardim. Bundan ham uyalar, ham qo‘rqar edim. Gohi mahallar menga shunday qarar, shunday so‘zlar aytardingki, yuragim shirin umidlar bilan talpina boshlardi. Lekin sen darrov o‘zgarib olarding. Hamisha kulib, mazax qilib turgan bola ko‘zlaringda goho nozik, hassos qiz qalbi aks etardi-yu, yana darhol yo‘q bo‘lib ketardi. Ana shunday hollarda «Yo‘q, bu qiz meni tushunmaydi, axiyri meni xazon qiladi!» deb o‘ylardim. Hayotingni, ko‘nglingni shunchalik toza vafo bilan menga bag‘ishlashingni umid qilgan edim. Sen, balki meni ko‘rganingda o‘chgan rangingni, titray boshlagan shu chiroyli lablaringni yashirish uchungina mendan qochib yurgandirsan? Men esam buni Choliqushining yengiltakligi deb ich-etimni yeb yurardim. Menga qara, Farida, bunchalik toza vafoni, bunchalik ajoyib qalbni kichkina Choliqushining bag‘riga qanday qilib sig‘dirding?

Komron bir zumgina to‘xtadi. Oppoq, nafis chakkalarida mayda terlar paydo bo‘ldi. U boshini solintirib, yana ham past tovush bilan so‘zini davom qildi:
— Dardim shu bilan cheklanmadi, Farida. Seni hatto o‘zimdan, hayotimning turli soatlarini bir-biridan kunlardim. Dunyoda vaqtning o‘tishi bilan bo‘shashmaydigan, kuchini yo‘qotmaydigan hech qanday his yo‘q. «Bordi-yu, bir kun kelib Faridani bunchalik sevmay qolsam, bu shirin hislardan judo bo‘lsam-a!..» deb qo‘rqardim. Shunday paytlarda yonib tugalishidan qo‘rqib, chiroqlarni qanday o‘chirib qo‘yishsa, men ham shunday qilar, ya’ni xayolingni ko‘zlarimdan uzoqlashtirishga tirishardim. Farida, tog‘larda bir o‘t o‘sadi, otini bilmayman. Odam uni qancha ko‘p hidlasa, bora-bora hidini payqamaydigan bo‘lib qoladi. Bu ajoyib hiddan mahrum bo‘lgisi kelmagan kishi uni ma’lum muddatgacha o‘zidan uzoqlashtiradi. Davosi shu. Goho yana o‘sha ajoyib hidni qo‘msab, har qanday hidni, masalan, yaramas «Sariq gul» hidini ham dimog‘iga keltiradi. Ana shu o‘t o‘z hidlari tufayli bemahal xazon bo‘ladi: odamlar uzib olishib qo‘llarida so‘ldirishadi, eza-eza o‘ldirishadi. Farida, dog‘u hasratda qoraygan ko‘zlaring, alam va uqubatdan sarg‘aygan go‘zal yuzing bilan seni qo‘llarda ezilgan sari hidi ortgan o‘sha xushbo‘y gullarga o‘xshataman. Gaplarimga tushunyapsanmi, azizim? Evoh, ko‘zlaring ortiq kulmayapti. Demak, mening bema’niday ko‘ringan bu so‘zlarimni ermak qilyapsan.

Farida uyqu elitgan yosh bola singari ko‘zlarini yumib oldi. Kipriklarida yoshlar jilvalanar edi. Bu hayajonli kechinmalar uning madorini quritdi, tizzalari o‘z-o‘zidan bukila boshladi, u butun og‘irligini Komronning qo‘llariga tashladi.

Xuddi tushdagiday, yolg‘iz lablarining harakati bilan shivirladi,
— Ko‘rib turibsan, Choliqushi abadiy o‘ldi.

Komron boshini yana ham yaqinlashtirib, ayni ohangda shivirladi:
— Hechqisi yo‘q, «Choliqushi»ga bo‘lgan butun muhabbatimni boshqasiga, «Gulbashakar»ga berdim...

Komron qo‘llarida hamon og‘irlashib borayotgan bu majolsiz vujudning birdan jonlanganini, hayot zavqi bilan talpinganini sezdi.
— Yo‘q, unday dema, jon Komron!

Farida hanuz Komronning ko‘ksida yotgan boshini xiyol orqaga tashlab, yuzini unga qaratdi. Kesik, bo‘g‘iq nafas titratayotgan bo‘ynining tomirlari ko‘karib borar, yuzi yonib, ko‘zlarida qizil uchqunlar o‘ynardi.

Komron yana boyagi so‘zini takror aytdi:
— Gulbashakar, mening, faqat meninggina Gulbashakarim!

Farida butun vujudi bilan qaltirab oyoqlarining uchiga turdi, yigitning yelkalaridan mahkam quchoqladi, tomirlaridagi hamma qoni lablariga yig‘ilganday edi, u bo‘ynini cho‘zdi...

* * *

Bir minutchadan keyin tin olishdi: Farida uzoq chanqoqdan so‘ng tiniq buloqda miriqib suv ichgan qush singari jonlangan edi. U yer tepinib tipirchilar, shovqin solar, Komronga ko‘rsatmaslik uchun hadeb yuzini u yoq-bu yoqqa tebratar:
— Qanday uyat ish bo‘ldi, voy xudo! Sen sabab bo‘lding, xudo haqqi, sen sabab bo‘lding!.. — deb chirqirardi.

Yonlaridagi daraxt shoxida bir choliqushi tinmay sayrar edi.

III-V- qismlar
 
Keyingi



  1. Beyoʻgʻli — Istambulning bir rayoni.
  2. Nishonli — unashilgan kishi.
  3. Katta xalfa — xizmatkor xotinlar boshlig‘i, oqsoch.
  4. Diyorbakir — Turkiya shaharlaridan biri. Musul, Bag‘dod va Karbalo — Iroq shaharlari; birinchi jahon urushigacha Iroq Usmonli imperiyasida edi.