OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRene Aviles Fabila
Asar nomiMiriam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Meksika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Rene Aviles Fabila
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAziz Said
Hajm50KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Miriam (hikoya)
Rene Aviles Fabila

«
Rene Aviles FABILA - 1940 yilda Mexiko shahrida tugʻilgan. Mutaxassisligi boʻyicha xalqaro huquqshunos. Oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlab asarlari e’lon qilina boshlagan.Uni dunyoga mashhur qilgan asarlari: «Oʻyinlar» (1967), «Qiyomat sari» (1969), «Yomigʻir gullarni oʻldirolmaydi» (1970), «Saroydan chiqqan buyuk darvesh» (1971), «Gollivudning yoʻqolishi» (1973). Shuningdek «Uyga qaytish», «Boʻri odam», «Miriam» singari qissalari jahonnning koʻplab tillariga tarjima qilingan.
»

Miriam uyiga yetib kelgach, darhol ichkariga kirdi: u hech qachon qoʻshnilar bilan yoki xizmatchi ayol bilan laqillashib olish uchun toʻxtamasdi; salomlashdi va oʻz saltanatini dunyodan ajratib turuvchi eshik ortida gʻoyib boʻldi. Odamlar uning doim yolgʻizligini, hamma vaqt qayoqqadir shoshilib joʻnashini, oʻzi esa goʻzal hamda magʻrurligini, chiroyli kiyinishini koʻrib turli xil taxminlar qilishardi: bu ayol – kinoaktrisa, yoʻq u televidenieda ishlaydi, e yoʻq, u modalar uyida ishlaydi; koʻpchilik hatto uning chiqishlarini oʻz koʻzim bilan koʻrganman, deb qasam ichardi.

Miriam olib kelgan hamma narsasini – sut, non, konservalarni oshxonadagi stolga qoʻydi. Soʻngra yotogʻiga oʻtdi va moʻ'jazgina chorpoya ustida turgan chiroqni yoqdi. U koʻzni qamashtiradigan yorugʻlikni yoqtirmasdi, tungi chiroqlarni – ularning xira va mayin yogʻdusini xush koʻrardi; unga nimqorongʻulikda, shikasta nur va soyalar qurshovida yashash yoqimli edi. Soʻngra oshxonaga qaytib keldi va sovutgichga sutni qoʻyyotib kimdir yozuv mashinkasini chiqillatayotganini eshitdi. Qoʻshnilardan kimdir, studentmi, yozuvchimi boʻlsa kerak. Yoʻq, juda yaqinda chiqillatishyapti, bunday aniq ovoz boshqa kvartiradan kelishi mumkin emas, Miriam sovutgichni yopdi. Yozuv mashinkasining chiqillashi sira tinmasdi, yana yaqin joyda. Ovoz xuddi uning mehmonxonasidan kelayotganday. Miriam oshxonadan turib qaradi. Unga qandaydir erkak kishi – u faqat sharpasinigina ajrata oldi - oʻtirib mashinkada yozayotganday tuyuldi. Lekin Miriamda mashinka ham, yozuv stoli ham, bunaqa katta kitob javoni ham – hozir koʻrib turgan narsalarning hech qaysi hech qachon boʻlmagan. U nimqorongʻu xonada oʻziga orqasini qilib oʻtirgan jinsi shim va koʻk-qizil katak koʻylakdagi yosh yigitni aniq koʻrdi, u mashinkadan qogʻozni chiqarib olayotgandi. Miriam uning yuzini koʻrolmadi. Hech qanday shubhaga oʻrin yoʻq: Kimdir uning uyiga kirib olgan, axir uning koʻzlari aldamaydiku, bu tush yoki xayol emas-ku. U ikkilangan kuyi yuqoridagi chiroqni yoqdi. Hammasi bir zumda gʻoyib boʻldi. Na yozuv stoli, na mashinka va na kitob javoni bor. Hammasi ilgarigiday: zamonaviy pardalar va yigitni qurshab turgan qadimgi buyumlar oʻrnida kreslolar.

Miriam bunga alohida e’tibor berib oʻtirmadi. Vosvos kasalligi-ku unga begona, lekin kinolar va u oʻqigan kitoblar, yakka-yolgʻiz ayolning oʻy va iztiroblari, uning uzoq vaqt xayolga qattiq berilishlari sohir orzularini koʻziga mavjud va erishilganday qilib, suratlar shaklida koʻrsatishi mumkin. U Kasares[1]ning bir necha fantastik hikoyasini esladi: masalan uning «Paulina» hikoyasida oʻtgan asrlardagi manzaralarni, allaqachon yoʻq boʻlib ketgan narsalar va mavjudotlarni inson xayolan qayta yaratishi mumkinligi haqida gap boradi. Biroz oʻtib, Miriam bu narsalar haqida oʻylamay qoʻydi, u ishda oʻlguday charchaganligi uchun uxlagani yotdi.

Hammasi unutilib oradan bir necha kun oʻtgach, Miriam kechqurun uyga kelib yotoqxonasida chiroq yoqilganini koʻrdi; qandaydir sirli nur boshqa xonalarni ham yoritib turardi. Biroz ikkilanib ichkariga kirdi, u boylik izlab hamma yoqni agʻdar-toʻntar qilib yotgan oʻgʻrini koʻrsam kerak deb oʻylagandi. Lekin mehmonxona xuddi u ilgari mashinkada yozayotgan yigitni koʻrganidagi holatda jihozlangan edi. Bu safar oyoq ostiga yam-yashil gilam ham toʻshalibdi. Ayniqsa kitoblar uning diqqatini jalb qildi, kitob haddan tashqari koʻp edi. Yotoqdan shovqin eshitildi, u oyoq uchida oʻsha tomonga yurdi, qadam tovushini yumshoq, qalin gilam yutardi. U yerda gilos daraxtidan yasalgan, oʻrindigʻi chirmovuqdan toʻqilgan tebranma kursida kimdir chayqalib kitob oʻqib oʻtirardi, kitob uning yuzini toʻsgan edi. Miriam sekingina unga yaqinlashdi. Yigit kitobni tushirdi va Miriam bir lahza boʻlsa ham uning yuzini koʻrishga ulgurdi. Yigit va uni oʻrab turgan hamma narsa koʻzdan yoʻqoldi, faqat kursining tebranishidan chiqqan ovoz bir necha daqiqa havoda aks-sado kabi turib qoldi.

Miriam endi bu yozuvchini (yigitning yozuvchi ekanligiga uning shubhasi yoʻq edi) yuzidan taniy oladi: yigirma sakkiz yoshlarda, sochlari qora, yuz tuzilishi kishini oʻziga tortadi, xotirjam boquvchi koʻzlari porlab turadi. U oʻz tanish-bilishlari orasidan unga oʻxshaydiganini eslay olmadi.

Keyingi haftalarda hech qanday yangilik yuz bermadi. Miriam oʻsha, koʻzga koʻringan manzaraning takrorlanishini juda xohlardi, shuning uchun koʻpincha uyida boʻlishga harakat qildi, baribir befoyda. U kitob doʻkonlaridan izlab koʻrishga qaror qildi, nimani izlayotganligini oʻzi ham yaxshi tushunmasdi. Adabiy jurnallarni varaqlar, muqovalarini koʻzdan kechirardi – balki xonasida koʻrgan yigitning surati chiqib qolar. Lekin hammasi begona chehralar yoki mashhur yozuvchilarning surati edi. Uyiga qaytayotib xizmatchi ayolni uchratdi, u bu yerda yashovchilarning shaxsiy hayotini ipidan-iginasigacha bilardi. Miriam undan yigitni surishtirib koʻrdi, u ilgari haqiqatan ham bu uyda bir yosh yigit yashaganini, xomushligidanmi, tundligidanmi doim jim yurishini, koʻchaga ahyon-ahyonda chiqishini, doim bir olam kitob koʻtarib yurishini aytdi.

– Bilasizmi xonim, menimcha u yozuvchi edi, chunki mashinka chiqillayotgani doim eshitilib turardi.

Miriam xizmatchi ayol aytgan ismni eslab qoldi, uning uyiga tez-tez kelib turadigan xatlarda bu ismni uchratgan edi, lekin u konvertlar bilan qiziqib oʻtirmas, iziga qaytarib yuborar yoki darbonga qoldirardi. Navbatdagi xat kelganda manzilini oʻqidi: Xuan Pablo Kasalga. Minotauro 509-4. Meksika.12, Markaz. Muallifi – ayol kishi. Miriam xatni ochmoqchi boʻldi. Konvertni buzmaslikka shuncha harakat qilsa ham boʻlmadi, yirtildi. U xatni ochayotib shunday xijolat chekdiki, goʻyo birovning narsasidan foydalanayotganday, oʻgʻirlik qilayotganday sezdi oʻzini. Miriam oʻzining qarshisida paydo boʻlish qudoati yoxud sehriga ega boʻlgan, shu uydan ketib, shu uyda qolgan kishining shaxsiy hayotiga aralashayotgan edi. Pablo Kasal xohlagan har daqiqada paydo boʻlishi va uning qilmishi uchun javob talab qilishi mumkin edi, buni Miriam his qilardi. Yoʻq uni hech kim bezovta qilmadi. Xat Lili Myuratdan edi, u javob yozishini oʻtinib soʻragandi. Oradan bir yil oʻtgan boʻlsa ham, u haqda hech narsa bilmasligidan hasrat qilgandi. U hech boʻlmasa bir necha satr xat yoki telegramma bilan javob berishni oʻtingan edi. Soʻnggi bor uchrashishganiga ancha vaqt boʻlgan boʻlsa ham, hamon uni sevishiga qasam ichgandi. Hayajon bilan, asabiy yozilgan, koʻngilga uradigan darajada xunuk dastxat, deb oʻyladi Miriam. Ishqilib bu maktub Xuan Pablo haqida biror xabar eshita olmayotgan ayolning beqiyos sogʻinchu iztiroblaridan darak berib turardi. Xat Gavanadan kelgan edi.

Miriam maktubni oʻzining shaxsiy qogʻozlari orasiga yashirib qoʻydi va oradan koʻp oylar oʻtsa hamki Xuan Pablo Kasalni koʻra olmadi, holbuki u buni juda istayotgan edi. Ammo bir kuni tungi soat uchlarda oʻzi uxlab yotgan xonada kimningdir besaranjom harakat qilayotganini sezdi, goʻyo birov uxlay olmay gʻazab bilan oʻrnida u yoqdan bu yoqqa agʻanayotganday edi. Lekin karavotda yolgʻiz uning oʻzi yotgandi; Miriam oʻrnidan qimirlamasdan qorongʻulikka diqqat bilan tikildi. Qarasa, yotoqda yana bitta karavot turibdi. Miriam sekin qoʻlini choʻzib chiroqning tugmachasini bosdi. Xona nurga toʻldi. U karavotning ustidagi gʻijimlangan choyshablarga koʻz tashladi; boshining tepasida, devorda Bosxanning «Huzur-halovat bogʻi» triptixidan hamda Remedios Varo, Rene Matritt va Kichik Breygelning suratlaridan koʻchirilgan nusxalar osigʻliq turardi, yerda esa bir necha kitob sochilib yotardi.

Miriam oʻrnidan turib xonaning oʻrtasiga keldi. Breygelning «Isyonkor farishtalarning qulashi» asarini tomosha qildi. Ovozlar endi mehmonxonadan eshitila boshladi, kimdir buyumlarni taraqlatib yurardi. Miriam mehmonxonaga kirdi. Xuan Pablo Kasal – ha, bu xuddi oʻshaning oʻzi edi – bahaybat kitob javonidan nimanidir izlardi.

– Siz kimsiz? Bu yerda nima qilyapsiz? – dadillanib soʻradi Miriam.

Yigit goʻyo hech narsani eshitmayotganday edi, u qandaydir kitobni izlayotgandi, harakatlaridan juda hayajonlanayotgani sezilib turardi. U kitobni topgach varaqladi va sahifalaridan biriga tikilib qoldi. Qiz uning yuzini koʻrolmadi, chunki Miriamga orqa oʻgirib turardi. Yigit gʻolibona qichqirib yubordi va mashinka qopqogʻini olib tashlab tez-tez chiqillatishga tushdi.

– Marhamat qilib aytingchi, siz Xuan Pablo Kasalmisiz?

Mashinkaning chiqillashi qizning xayolidagina eshitila boshladi va qizning koʻz oʻngini quyuq bir tuman qopladi. Miriam uygʻonib – bu vaqtda quyoshning yorugʻ nurlari parda oralaridan xonaga sizib kirayotgandi, – tunda yuz bergan voqeani esladi. Ikkinchi karavot turgan tomonga qaradi, nigohi bilan suratlarni, katta kitob javonini, yozuv mashinkasini izladi... Lekin faqat oʻz buyumlarini, odatdagi jihozlarni koʻrdi xolos. Kasaldan nom-nishon yoʻq edi; soʻngra u kitob doʻkonlaridan betinim axtarganim, xizmatchi ayol bilan suhbatlashganim, xatni ochib oʻqiganligim natijasida tush koʻrganman, umuman oʻsha yigitni koʻp eslaydigan boʻlib qolibman oʻzi, deb oʻyladi. Har holda bu tush emas edi, yuz bergan voqea juda aniq, shundoqqina koʻz oʻngida turibdi axir. Qiz qanday qilib yana oʻz oʻrnida paydo boʻlib qolganligini eslolmadi xolos, qolganlari aniq – qoʻl bilan ushlab koʻrsa boʻladigan darajada mavjud edi. Voqea ovoz eshitilganidan boshlab to qizning unga savol berguniga qadar shunday mantiqiy ravishda rivojlandiki, orada bir daqiqa ham uzilish yoki chalkashlik boʻlmadi.

– Mantiqiy va bexato voqealar rivoji, – dedi qiz ovozini chiqarib.

Keyingi kunlarda Miriam juda band boʻldi. Reklama agentligidagi ishi uni butunlayicha yutib yuborganday edi. Baribir u yigitni tez-tez eslab turdi va turli xil taxminu tasavvurlarga asoslanib uning hayot yoʻlini oʻzicha tikladi. Menimcha, bu yigit ilgari shu uyda yashagan Xuan Pablo Kasalning oʻzi boʻlsa kerak. U – yozuvchi; jihozlar, kitob va suratlar ham uning narsalari. Goʻyo kvartira uning xotirasini, vaqti-vaqti bilan paydo boʻladigan timsolini, qiyofasini saqlayotganday, hayotining unutilmas onlari boʻlgan adabiy faoliyatiga qaytadan jon bagʻishlayotganday edi. U oliy ma’lumotli, xizmatchi ayol aytganidek odamlarga aralashmaydi, koʻp sayohat qilgan, Lili Myuratining xatlari ham bunga isbot boʻla oladi; u qiz bilan Kubada tanishganiga shubha yoʻq.

Miriam yana kitob doʻkonlaridan izlashga tushdi. U peshtaxta va tokchalarda turgan narsani diqqat va chidam bilan varaqlab chiqdi. U endi yigitning ismini bilar, sotuvchilardan uning asarlarini soʻrashi mumkin edi. Lekin Xuan Pablo Kasal haqida hech kim eshitmagan ekan. Bir doʻkonda katta katalogni titkilab chiqdi, bu ham hech qanday natija bermadi. U tashnalik bilan izlayotgan ism hech qaerda uchramasdi. Bu uni haddan tashqari gangitib qoʻydi. Bir xushmuomala va koʻngilchan sotuvchi, hali u yigit asarlarini adabiy jurnallarda va toʻplamlarda chiqarib yurgandir, alohida kitob qilib nashr ettirishga ulgurmagandir, deb aytdi. Na iloj, Miriam uchun yagona yoʻl qoldi. U intellektual yozuvchilardan birortasini ham bilmasligidan afsuslandi.

Miriam yana xizmatchi ayolning yoniga bordi.

Undan ham biror yangilik eshitolmadi. Lekin bir voqea uni hayratda qoldirdi. Xuan Pablo Kasal ketayotgan joyini ham aytmay, birorta ham manzil qoldirmay uydan toʻsatdan gʻoyib boʻlgan. Kunlarning birida u narsalarini yigʻishtirgan va ikki soatdan soʻng kvartirani boʻshatgan. Xatlarni olish uchun oyda bir marta oʻzi kelishini aytgan xolos.

– U-chi xonim, ketganidan buyon faqat bir marta keldi.

Miriam nima qilishini bilmasdi; u tunlari Xuan Pabloni izlab xonama-xona bedor yurib chiqar, hech boʻlmasa mashinkaning tiqillashini eshitaman deb umid qilardi, lekin hammasi befoyda edi. Bir kuni hamkasabalaridan biri tugʻilgan kuni munosabati bilan boʻladigan oʻtirishga uni taklif qildi. Miriam zerikayotgan edi, kinoga borgisi ham, kitob oʻqigisi ham kelmayotgandi. U mehmondorchilikda koʻnglim yozilar deb oʻyladi.

Miriamning koʻzi boshqalardan ajralib turgan, tanish chehraga tushgunga qadar davradan davraga oʻtib yurdi. U gʻayriixtiyoriy ravishda jilmaydi, lekin uning jilmayishi javobsiz qoldi. Miriam hayron boʻldi, yuzi juda ham tanish boʻlgan bu odamni u ilgari qaerda koʻrganikin-a: maktabdami, ilgari ishlagan joyidami... Esladi! Toʻsatdan, qandaydir gʻayrishuuriy bir tuygʻuning kuchi bilan: uning xonasida paydo boʻlgan ana shu-ku, ana shu Xuan Pablo Kasal, qiziq, faqat endi bu yerda, shuncha odamlarning orasida, chiroqlarning koʻzni qamashtiradigan yorugʻida... Qiz xavotirlanib – u yana koʻzga koʻrinayotgan boʻlishi ham mumkin-da – yigitga yaqinlashdi.

– Salom.

– Salom, - dedi u biroz hayron boʻlib.

– Meni taniyapsizmi?

– Kechirasiz, nagadir taniyolmay turibman.

Miriamning hafsalasi pir boʻldi, buni yashirib ham oʻtirmadi.

Atrofda xursandchilik avjiga chiqayotgan edi.

– Buni qarang, – dedi Miriam biroz oʻzini qoʻlga olib, – men esa sizni juda yaxshi bilaman. Ismi sharifingiz Xuan Pablo Kasal, yozuvchisiz, Minotaurodagi besh yuz toʻqqizinchi uyning toʻrtinchi xonasida yashagansiz. Shunday emasmi?

Yigit hayratlanib unga tikildi. Nega endi umrida biror marta koʻrmagan bu ayol – xotirasi ham chakki emas – u haqda shunchalik koʻp narsa narsa biladi?

– Shunday, lekin sizdan uzr soʻrashim kerak: men... sizni birinchi marta koʻrib turibman.

Miriam jilmaydi. Yigit haq edi, qiz oʻzini oʻngʻaysiz sezdi. Noqulay vaziyatdan chiqish uchun dedi:

– Shuni bilib qoʻyingki, men Sherlok Xolmsning shogirdiman; qarshimdagi odam haqida toʻla ma’lumotga ega boʻlish uchun unga bir bor koʻz tashlasam kifoya.

Miriam Xuan Pabloni ish ustida ham, kitob oʻqiyotganda ham koʻrgan edi, uning odatdarini ham, tasviriy san'atga qiziqishini ham bilardi va u yigitdan tortinmasdi, hazillashishga ham botinardi.

– Yuring, chetroqqa chiqamiz, oʻsha yerda gaplashaveramiz. – Xuan Pablo uni ergashtirib ketdi.

– Hammasini bir boshdan eshitishni xohlaysizmi?

– Albatta-da.

– Kulmaslikka soʻz bering.

– Soʻz beraman.

Shovqin-suron solayotganlardan imkoni boricha uzoqlashib, zalning oxiriga borishdi va suhbatlasha boshlashdi. Xuan Pablo hayratda edi. Miriam koʻziga koʻringan narsalar haqida batafsil gapirib bergach, yigit jilmaydi va ustimdan kulmayaptimikin, deb uning koʻziga tikildi.

Nihoyat u bu voqea juda ajoyib, hatto moʻ'jizaviy ekanligiga iqror boʻldi va zoʻr bir fantastik hikoyaga syujet boʻla olishini oʻyladi.

– Tushunarli, men u yerda uzoq, qariyb besh yil yashaganman, lekin ogohlantirib qoʻyayki, men inson tanasi ma’lum bir joyda oʻzidan chiqarib qoldiradigan nurlarga ham, psixologik toklarga ham ishonmayman, ruhu arvohlarga ham ishonmayman, ashaddiy materialistman. Lekin san'atning kuchiga va sevgining sehriga ishonaman. Buni qarang, bolaligimda yarim odam, yarim hayvon yoki xayoliy maxluqlarning borligiga, ularning koʻzga koʻrinishiga qattiq ishonar edim, chiroyli, nozikkina bir qizcha sabab boʻldiyu koʻzga koʻrinadigan maxluqlar meni tinch qoʻyadigan boʻldi.

– Endi esa qarashlaringizni oʻzgartirishga va men aytgan gaplarning hammasiga ishonishingizga toʻgʻri keladi. Qasam ichaman, men sizning borligingizni va yozishingizni qanday aytgan boʻlsam oʻshanday koʻrganman va bilganman, siz bilan mana shu oʻtirishda borligimiz va gaplashayotganligimiz qanchalik haqiqat boʻlsa aytganlarimning hammasi shunday haqiqat. Men bitta narsani hech tushunolmasdim, savollarimga javob bermasdan, meni payqamasdan siz nega, qanday qilib gʻoyib boʻlardingiz.Siz oʻzingizning yozuvchilik ishingizga boshingiz bilan shoʻngʻib ketgan edingiz.

– Shunday goʻzal qiz sen bilan gaplashib turgan paytda bunaqa narsalarga, hatto adabiyotga ham e’tiborni qaratib oʻtirish aqlsizlikdan boshqa narsa emas. Demak moʻ'jiza uchun, Minotauradagi xonadonlardan birida men vujudimning nurlarini qoldirganim uchun ichish kerak, balki oʻsha mening soyamdir. Garchi soyam shu yerda boʻlsa ham qarang, u tuflilaringizga tushib turibdi.

Qoʻshilib kulishdi.
— Siz hech qachon kulmaydigan, jiddiy odam boʻlsangiz kerak, deb oʻylovdim, – dedi Mariam.

– Mening ruhim jiddiy, oʻzim esa hazilkash va quvnoq odamman. Nima deb atalishini bilmaymanu, lekin oʻsha gʻayritabiiy voqea tufayli siz bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlganimga qattiq ishonaman. Yuring, biror narsa ichamiz.

Ular ichishdi. Soʻngra yana ichishdi va atrofdagilarni butunlay unutib raqsga tushishdi. Ikkalasi ham hayajonda, boshlarini bir-birlarining yelkalariga qoʻygan kuyi raqsga tushishardi. Soʻngra «siz»ni «sen»ga almashtirishdi, soʻngra oʻzlarining havas va qiziqishlari haqida gaplashishdi. Miriam ziyofatga kelganidan baxtiyor edi. Xuan Pablo esa shunday latofatli, goʻzal ayolni quchib turib, oʻziga omad kulib boqqanligi haqida oʻylardi.

Soat ikkiga zang urdi, Miriam atorofga alangladi: mehmonlar juda oz qolgan edi.

– Kech boʻldi shekilli. Ketish kerak.

– Seni kuzatib qoʻyishga ruxsat ber.

– Men mashinadaman.

– Men esa piyoda, baribir seni kuzatib qoʻymoqchiman. Mening avvalgi – sening hozirgi uyinggacha boraman-da, keyin sen bilan xayrlashaman, yashaydigan joyim uncha uzoq emas.

– Menimcha, bu ajoyib boʻladi.

Mashinada ketayotib Miriam, nega u xatlarini olmasligini soʻradi.

– Oʻzim ham bilmayman, balki vaqt boʻlmagandir, balki eringandirman, kim biladi.

– Sen birorta muhim xat kutayotganing yoʻqmi?

– Menimcha yoʻq.

– Ishonasanmi, – dedi Miriam biroz oʻngʻaysizlanib, – men senga kelgan xatlardan bittasini ochdim. U Gavanadan, Lili Myurat ismli ayoldan kelgan ekan.

– Buning ahamiyati yoʻq, qaytaga bu xat seni borib koʻrishimga bahona boʻladi.

Miriam mashinani toʻxtatdi.

– Sen uchun bahona boʻlishiga hojat yoʻq... Xohlasang hozir kirib, xatni olishing mumkin...

Xuan Pablo uning lablaridan oʻpdi, oʻpishish uzoq davom etdi. Nihoyat qiz yangi doʻstining ovozini eshitdi:

– Ha, men sening uyingga kirishni xohlayman.

Yetib kelguncha Xuan Pablo nega kvartirasini oʻzgartirganini, kitoblarni joylashtirolmay qiynalganini aytib berdi va qoʻshni ayol haqida soʻradi.

– Sendan yuqoridagi kvartirada yashaydi. Juda ajoyib ayol. Kichkina qizchasi bor. Eri yilda bir keladi va xiyonat qilmasligi uchun doʻpposlab ketadi.

– Menimcha u hozir bu yerda yashamasa kerak.

Miriam eshikni ochdi va Xuan Pabloga yoʻl berdi.

– Hamma narsa oʻzgarib ketibdi!

– Bilaman. Mana bu yerda katta kitob javoni turardi, mana bu yerda yozuv mashinkasi, bu devorda agar adashmasam Matrit, Remedios Varo va Breygelning suratlaridan koʻchirmalar osilgan, gilam esa yam-yashil boʻlgan.

– Ishonging kelmaydi! Haqiqatan ham ishonging kelmaydi! Axir men bu yerda yashaganimda hammasi shunday edi.

Miriam viski chiqardi va stakanlarga oz-ozdan quydi, ular oʻtirishdi va tonggacha adabiyot, kino, musiqa, tasviriy san'at haqida, oʻzlari borgan mamlakatlar haqida gaplashib oʻtirishdi. Ba’zan ulardan biri Xuan Pabloning hayratlanarli ravishda paydo boʻlib qolganligini eslar, lekin ular darhol oʻzlari uchun moʻ'jizaviy boʻlib tuyulayotgan umumiy mavzuga qaytishardi.

Quyoshning oʻtkir nurlari derazadan xonaga quyilib kirgach, elektr chirogʻining nuri xiralashib qoldi, Miriam hech bir gapni koʻngliga keltirmay, tabiiy bir ohangda yotib uxlashni taklif qildi. Xuan Pablo rozi boʻldi va goʻyo yengil kiyimini topmoqchi boʻlganday hazillashib shkafning eshigini ochdi.

– E, qanday koʻngilsizlik! Faqat ayollarning tungi koʻylaklari. O qani endi qachonlardir shu yerda osigʻlik turgan mening koʻylaklarim paydo boʻlib qolsa. Koʻryapsanmi narsalarning bir lahzada paydo boʻlishining oʻzi yetmaydi, ular uzoq vaqt saqlanib ham turishi kerak ekan. Bilasanmi, mening bir gʻaroyib odam haqida hikoyam bor: u nimani koʻz oldiga keltirsa, shu ondayoq paydo boʻladi. Biror vaqt senga oʻsha hikoyani oʻqib beraman.

– Ajoyib ekan. Jon deb eshitgan boʻlardim.

Ular kulishdi, soʻngra yotib, darrov uxlab qolishdi. Quchoqlashib.

Soat birlardan keyin Xuan Pablo uygʻondi va Miriamga tikilib qoldi. U uzoq vaqt nigohini uzolmadi. Qizning qizgʻish-bugʻdoyrang badaniga, qop-qora sochlariga qarab zavqlanardi. Miriam uning nigohini his qildi va koʻzini ochdi.

– Sen endi tasavvur emassan, sen tiriksan.

Xuan Pablo oʻz kvartirasiga qaytib keldi. Buni Miriam xohladi. Chunki u endi Xuan Pablosiz yashay olmasdi.

– Agar sen shu yerda boʻlsang, bu uy mening saltanatim boʻladi. Sening uyma-uy izgʻib yuradigan soyang endi menga kamlik qiladi, sen menga tirik, bor boʻy-basting bilan keraksan.

Xuan Pablo yoʻq demadi va bir kuni kechga tomon sumka toʻla kitob va yozuv mashinkasini koʻtargan holda kirib keldi, mashinkani u kichkina chorpoyaga oʻrnatdi.

Endi ular birga edilar. Miriam ham doimgiday ishga borar va kech soat oltidan keyin qaytib kelardi. Shanba va yakshanbalarda kuni boʻyi uydan chiqishmasdi. Miriam bir xilda kechayotgan hayotlariga oʻzgarish kiritmoqchi boʻldi: u tushlikni ham birga qilishni istagan edi.

– Sen mening ishxonamga kelsang boʻlardi.

Lekin Xuan Pablo buni xohlamadi.

U ishga ketgan paytda Xuan Pabloning nima bilan shugʻullanishi Miriamga sir boʻlib qoldi. Qiz ketayotganda u mashinkaga oʻtirar, qaytganida ham xuddi oʻsha holatda koʻrardi, goʻyo yigit kun uzogʻi oʻrnidan turmaganday tuyulardi. Lekin Miriam bunday emasligiga, yigit doim ishlamasligiga ishonch hosil qildi. Bir kuni ertalab sahifaning raqamiga qaradi: bir yuz yigirmanchi; kechqurun Xuan Pablo tishini tozalagani ketganida mashinkada yuz yigirma birinchi sahifa turganligini koʻrdi, u ham yarmigacha yozilgan.

– Bugun koʻp ishlay olmabsan-a? – dedi u xonaga qaytib kirgan Xuan Pabloga sinovchan nazar tashlab.

– Ha, men oʻqidim. Oʻqish – bu yozuvchi uchun oziq. Men och edim, hozir ham ochman, seni yeb qoʻyaman...

U Miriamga tashlandi, quvnoq «kurash» boʻldi. Yigit oʻzini tishlamoqchiday qilib koʻrsatdi. U esa qoʻlidan chiqib qochishga harakat qildi. Xuan birdaniga oʻyinni toʻxtatdi va televizor tomon yurdi.

– Esimdan chiqay debdi, axir men Edit Piter haqidagi koʻrsatuvni koʻrmoqchi edim-ku.

Xuan Pablo televizorni sozladi, Miriam esa oʻzining savoliga yigit javob bermaganligini oʻyladi. Yuragiga shubha oʻrmaladi. Xuan Pablo frantsuz qoʻshiqchisiga bagʻishlangan koʻrsatuvni koʻrguncha, u yoʻq paytida yigit nima bilan shugʻullanishi mumkinligini oʻzicha taxmin qila boshladi, bu haqda oʻzidan soʻrasam oʻngʻaysiz boʻlmasmikan deb oʻyladi. Axir u Xuan Pablo Kasalning kimligini bilmaydi-ku. Uning faqat nima ish qilishini, nima bilan shugʻullanishini, sevishini oz-moz biladi xolos. U ilgari uylanganmi, bolalari, ota-onasi bormi, nima yozyapti? Xoʻsh bularni surishtirib aniqlashning oʻzida biror ma’no bormi? Axir qizning oʻzi uni bu yerga kelishga, birga yashashga taklif qildi-ku, birorta savol ham bergani yoʻq. Ayniqsa, endi savol berib oʻtirishning ma’nisi yoʻq. Asosiy narsa uning tarjimai holi emas, uning shu yerda ekanligi. Baribir qiz sekin-sekin, ehtiyotkorlik bilan soʻrab-surishtira boshladi, uning sevimli kishisi haqidagi hamma narsani bilgisi kelardi. Xuan Pabloda esa Miriamning oʻtmishi haqida bilish istagi yoʻqday koʻrinardi, ma’lum boʻlishicha u hamma narsadan xabardor ekan.

– Romaning qanday ketyapti? – bir kuni kechki ovqatdan soʻng idish-tovoqlarni birga yuvishayotganda Miriam soʻradi.

– Yomon. Ozgina siljidi xolos. Aqling bovar qilmaydi, syujetini boshdan oxirigacha oʻylab chiqdim, qaharamonlarimning yoshini, xarakterini, kelib chiqishini, koʻrinishini, hammasini bilaman... Lekin ish joyidan siljimaydi. Bosh ogʻriqning oʻzi, romanni yoza boshlaganimda sen bu uyda yashamasding, ota-onangning yonida eding, jurnalistikani oʻrganayotgan va qandaydir Pedro Rivasining qalligʻi eding. Mana, qachondan buyon buning ustida tirishib yotibman. Menimcha, eng asosiysi – kerakli ohangni topish, romanning uslubini tanlash.

Xuan Pablo nihoyasiga yetmagan ishi haqida rosa gapirdi. Miriam oʻzini eshitayotganday qilib koʻrsatsa ham Xuan Pabloning Pedroni qaerdan bilishini, unga bu haqda hech narsa demaganligini oʻylardi. Haqiqatan ham Miriam oʻzi haqida hech qachon, hech narsa demagan, bu haqda gap ketganda noaniq bir ishoralar bilan cheklangan edi. Oʻzi bunga hojat ham boʻlmagandi: ularning ikkalasi ham shaxsan oʻzlariga tegishli boʻlmagan mavzularda suhbatlashishni ma’qul koʻrishardi. Miriam Xuan Pabloning soʻzlarini hech anglayolmayotgan edi. U esa oʻz romani haqida berilib gapirardi.

Ular uylaridan ahyon-ahyonda birga chiqishardi. Faqat kinoga yoki kitob doʻkoniga borishardi xolos. Ha ularning oʻzlari aytganiday atrofdagi voqelikka chuqur kirishib ketishning hojati ham yoʻq edi.

– Shu devorlar qurshovida qamalib oʻtirish bizni hozirgi iflos jamiyatdan qutqaradi. – Darhol qoʻshib qoʻydi: – Bilasanmi, Miriam, men oʻzimni hozirgi zamonning odami deb sira his qilolmayman. Bugungi voqelik meni dahshatga soladi. Zamon rasvo boʻldi. Men kitoblardan oʻqib bilgan ilgarigi davrlarni, oʻtmishni sogʻinaman, agar termoyadro urushi yoʻq qilib yubormasa insoniyatni ajoyib kelajak kutyapti, oʻsha kunlarda yashay olmasligim alam qiladi.

– Menda ham qariyb shunaqa tuygʻular kechadi. «Qariyb» deyapman, chunki men ana shu voqelikka, shu mamlakatga va shu jamiyat tuzumiga koʻnikkanman.

– Men hech qachon koʻnikolmasdim. Bu noqis, nomukammal jamiyatdan men hech narsa olmayman va uni oʻzgartirish uchun ham hech narsa qilolmasligimdan afsuslanaman. Adabiyot bilan esa inson tasavvur qilish, xayol surish tuygʻusini yoʻqotmagan holda oʻzligini anglashi, topishi mumkin boʻlgan moʻ'jizaviy bir dunyo yaratish uchun; vaqt, hayot va oʻlim bilan oʻynash mumkin boʻlgan, imkonsiz narsalarni ham amalga oshirish mumkin boʻlgan boshqacha dunyo yaratish uchun shugʻullanaman; men xudoga oʻxshab oʻz shaklu-shamoyiliga ega, aniqrogʻi, oʻzimdan ham mukammalroq jonli mavjudot yaratishni xohlayman.

– Buni haqiqatdan qochish deb aytadilar.

– Bilaman, – Xuan Pablo gʻamgin javob qildi.

Miriamda uning oʻtmishiga nisbatan biroz gumonsirab qarash mayli boʻlsayam, oʻzini u chin dildan sevishiga aslo shubhalanmasdi. Miriamga uning sevgisi moʻ'jizaday tuyulardi, balki bu soʻz quloqqa siyqaroqday eshitilar, lekin uni boshqacha nomlab boʻlmaydi; ba’zan qiz birdaniga oʻylab qolardi: aynan shu sevgi tufayligina Xuan Pablo xayoliy, koʻzga koʻrinadiga shakldan real, mavjud insonga aylandi, ziyofatdagi uchrashuv esa mantiqiy muqarrarlik natijasi, ya’ni yuz berishi shart boʻlgan voqea edi.

Kunlar oʻtib borardi, lekin ularning otashin muhabbatlari zarracha susaygani yoʻq. Miriam har kuni oʻzini ishga borishga majbur qilar, u yerda vaqtning tezroq oʻtishini, Xuan Pabloning yoniga tezroq qaytishni sabrsizlik bilan kutardi. Yigit esa koʻp yozardi, endi ishlari ham joʻnashib ketgandi. Bir kuni u qariyib tugab qolayozgan bobni Miriamga oʻqib berib: «Bu muvaffaqiyat uchun sendan qarzdorman,» dedi.

Ammo Miriamning muhabbatigina emas, undagi Xuan Pablo haqidagi hamma narsani bilish istagi ham kundan-kunga alangalanib borardi, u yigitdan qanday qilib yozuvchi boʻlganligini, necha yoshda yozishni boshlaganini, ota-onasining ham ta’siri bormi yoʻqligini, adabiyotni maxsus oʻrganganmi yoʻqmiligini, biror narsasini nashr ettirganmi ettirmaganligini soʻrab-surishtira boshladi.

U Miriamga istehzo bilan, lekin beozorgina kulib tikilar va savollariga ehtiyotkorlik bilan, oʻzining kelib chiqishiga nur tashlaydigan hamma narsani chetlab oʻtib javob berardi, lekin qanday qilib yozuvchi boʻlganligini batafsil gapirib berdi. U televizor hali endigina chiqayotgan paytlarda kitoblar ichida oʻsganligini, ularni oʻqib – adabiyot oʻzining qismati ekanligini anglaganini aytdi. U asosan hikoyalar yozgan (ba’zilari eski, allaqchon unutilgan jurnallarda bosilgan), mana endi romanga qoʻl urdi. Ta’sirmi? Cheksiz roʻyxat tuzsa boʻladi: yozayotganlarimga yoki dunyoqarashimning shakllanishiga ta’sir koʻrsatgan ajoyib kitoblar dunyoda juda koʻp, men ularning hammasini yaxshi koʻraman.

– Ustozing ham boʻlganmi?

– Yoʻq. Yoshligimda ba’zi yozuvchilar bilan yaqinlashganman, lekin tezda aloqani uzdim. Ular bilan gaplashgandan koʻra asarlarini oʻqigan tuzukroq. Menimcha adabiyot – nihoyatda shaxsiy, aytish mumkinki maxfiy ish: sen oppoq qogʻoz bilan yakkama-yakka qolding, atrofingda – kitoblar, ularning sassiz ovozlari; senga yana nima kerak?

– Sen goʻyo odamlardan nafratlanadiganday gapirasan. Axir jamiyat senga til, ong, ma’naviy boylik bergan-ku, romaningni yozib boʻlgach oʻsha ishchilar uni teradi, nashr qiladi-ku. Bunga nima deysan?

– Ne chogʻli qaygʻuli boʻlmasin, hech narsa deyolmayman. Vaqtim kam, nihoyatda cheklangan, senga va romanimga ajratishgagina yetadi xolos.

– Bu be’manilik, – jahli chiqqan Miriam birinchi marta ovozini balandlatdi. – Senday iste’dodga, madaniyatga ega boʻlgan, farosatli, eng qiyin muammolarni ham hal qila oldigan, mulohazakor, san'atkor – ya’ni ta’sirchan va chuqur his qila olish qobiliyatiga ega boʻlgan insonning romanlar yozish va bir ayolni sevish uchungina yashashga haqqi yoʻq.

– Yaxshi, men dostonlar ham yoza boshlayman va koʻp ayollarni sevaman, – bu suhbatni, aniqrogʻi soʻroqni tugatish uchun Xuan Pablo hazil qildi.

Boshqa bir safar ular qizil vino ichib xursand oʻtirishgandi, Miriam undan ota-onasi haqida gapirib berishni soʻradi. Pabloning yuzi oʻzgardi, norozilik ifodalari paydo boʻldi, darhol rad qilmoqchi boʻldi-yu lekin oʻzini tutdi va yana vino quydi.

– Ular haqida koʻp narsa aytolmayman. Ikkalasi ham avtomobil halokatidan vafot etishgan, men bobom bilan buvimning qoʻlida qolganman. Ulgʻayishim bilan ularni mening tashvishlarimni chekishdan ozod qilganman, mustaqil hayot kechirish uchun tezda ishga kirdim. Men ana shu romanim uchun oʻzimni juda uzoq tayyorlab keldim. Asosiysi ham shu.

U soʻnggi soʻzlarini alohida ta’kidlab aytdi, Miriam ham qoʻshildi:

– Gaping toʻgʻri.

Lekin u hech narsa haqida soʻramaslik, birovning oʻtmishini kovlashtirmaslik haqidagi soʻzsiz kelishilgan shartnomani, qasamni buzganligini bildi, holbuki u shu paytgacha bu qarorga itoatkorona boʻysunib kelar, hech nima bilan qiziqmas, faqatgina: ishlaring qalay, koʻpdan buyon shugʻullanyapsanmi, doʻstlaring kim? degan oddiygina savollar bilan kifoyalanardi. Yanada shaxsiyroq boʻlgan boshqa narsalar haqida lom-mim demasdi. U Xuan Pablo bilan oʻzi oʻrtasida oʻtib boʻlmas devor chegara boʻlib turganligini his qila boshladi va sevgi hamma sirlarni yuzaga chiqaradi, degan ishonchi yemirila boshladi. Qiziquvchanlik oʻrnini qandaydir bir gʻamgin tuygʻu egalladi. Miriam Xuan Pablo nimani yashirayotgan boʻlishi mumkin deb uzoq oʻyladi. Unga goʻyo yigit bir dahshatli narsani sir saqlayotganday tuyulardi, balki u qamoqxonada yoki axloq tuzatish koloniyasida boʻlgandir, balki biror fojeali voqeani boshidan kechirgandir, balki otasi rashk qilib avval xotinini, soʻngra oʻzini oʻldirgandir. Shuning uchun u qariyalar bilan yashashga majbur boʻlgandir.

Munosabatlarida nimadir oʻzgardi. Miriam ishdan qaytib, kiyinib boʻlishi bilan soʻroqlashga tushardi: koʻp yozdimi yoʻqmi? Bugun tashqariga chiqdimi? Qayoqqa bordi?

Xuan Pablo qoʻlyozmasidan boshini koʻtarib, yoqinqiramay – iloji boricha qisqa qilib boʻlsada javob berardi. Endi u romaniga butunlay shoʻngʻib ketgan edi. Kam gapirar, tezgina ovqatlanar va darhol mashinkasining yoniga qaytardi. Shoshilmasdan, diqqat bilan nimalarnidir qayd qilib qoʻyar, lugʻatlarni varaqlar va oʻqir edi. Miriam ham unga xalaqit bermas, uxlashga yotayotganda agar Xuan Pablo haliyam ishlayotgan boʻlsa, choy damlab berardi xolos. U roman tugagach boshqacha yashashlariga umid qilib, hozircha bu ahvolga koʻnikkan edi. Endi ular ahyon-ahyonda bir-birlarini suyib erkalashar, tunlari Miriam Xuan Pabloning oʻrnidan turishi va yana qayta mashinkaga oʻtirishlarini eshitib – sezib yotardi. Miriamning koʻziga tunlari oʻrnida bezovtalanib, toʻlgʻanib yotadigan va kallasiga kelgan fikrni yozish uchun sakrab turib ketadigan noma’lum kishining ruhi qaytadan koʻrinyotganday tuyula boshladi. Ba’zan u uygʻonib ketar va Xuan Pabloning ishlashini kuzatardi: yigit esa uning borligini goʻyo sezmas, oʻz mashgʻulotini xotirjam davom ettiraverardi. Gangib, dovdirab qolgan Miriam koʻzlarida yosh bilan oʻrniga qaytar va u eshitib qolmasin, deb jimgina yigʻlar edi. Bunday xafagarchilikning sababi nima? Hammaga gap shundaki, Miriamga oʻxshash ayollar bunday hollarda oʻzlarini hech narsa bilan oqlay olmaydilar.

U hech kimga muhtoj boʻlmasdan bir oʻzi yashashga oʻrgangan, xarakteri ham mustaqil va qat'iy edi. Balki Xuan Pabloning oz-moz seziladigan mavjudligining oʻziyoq uni ta’sirchan qilib qoʻygan, odatdagi xarakterini oʻzgartirib yuborgandir. Xuan Pablo goʻyo qachonlardir kvartirada paydo boʻlib, shu yerda qolgan sharpaga, koʻzga koʻringan ruhga oʻxshardi: u avvalgiday qizni koʻrmaydi, eshitmaydi, faqat oʻz ishini qiladi – yozadi. Xuan Pabloning butunlay oʻziniki boʻlmasligi, umrbod yonida qolmasligi haqidagi fikr Miriamni tinch qoʻymas, asabiylashtirar, qiynar va yaralar edi. Hammasining sababi, deb oʻylar edi u, yigit haqida menga hech narsaning ma’lum emasligida. Turli xil savollar unga betinim azob berardi: agar kunlarning birida u qaytib kelmasa nima boʻladi? Uni qaerdan izlash kerak, qarindosh-urugʻlari qaerda yashaydi? U qanday qilib pul topadi? Qiziquvchanligi gʻolib kelib Xuan Pabloning narsalarini kavlashtirdi, kitoblarini titkiladi, choʻntaklarini agʻdardi. Hech narsa yoʻq. Faqat kitob hoshiyalaridagi yozuvlar, belgi qoʻyilgan satrlar. Kimligini koʻrsatadigan birorta hujjat ham yoʻq. Miriam qilmishidan oʻzi uyaldi, lekin uyalganini kulgu bilan yashirib titkilashda davom etdi. Xuan Pablo xuddi sezganday sevgilisiga qiziqish... va gʻamginlik bilan tikildi.

Shanba kunlarining birida pochtalon telefon qildi. Miriam chiqib, qoʻlida xat bilan qaytib keldi.

– Gavanadan. Napoleoncha familiyali tanishingdan.

Xuan Pablo maktubni jimgina oldi, biroz qoʻlida tutib turdi va ochishga qaror qildi. Miriamning savollarga toʻla koʻzlari oʻziga qadalib turganini goʻyo sezmayotgandek sekin, ehtiyotkorlik bilan konvertni yirtdi.

– Eslaysanmi, sen faqatgina oʻsha qizdan kelagn xat uchun birinchi marta men bilan shu uyga kirgansan?

– Juda yaxshi eslayman, – dedi Xuan Pablo va maktubni oʻqiy boshladi.

U bir minutmi, ikki minutmi oʻqidi, lekin bu Miriamga nihoyasizday tuyuldi.

– Oʻylanmanki, uning nima deb yozganligini bilishni istaysan.

Miriam achchigʻlandi, gapirmadi.

– Demak shunday, u sen ochib oʻqigan xatda nima degan boʻlsa oʻsha gaplarni qaytarib yozgan. Sogʻligimni soʻragan, haliyam kutyapti ekan, oxirida – bu mening soʻnggi maktubim, boshqa yozmayman, deb ogohlantirgan.

– Nega sen unga javob yozmaysan? Axir bu tentaklikku.

Ikkalasi ham jim qolishdi. Miriam nima qilishini bilmay magnitofon yoniga keldi va tavakkal qilib Xolstning «Sayyoralar»ini qoʻydi. Kuy yangrashi bilan ovozini koʻtardi. Xuan Pablo kursiga oʻtirdi, Miriam hamon tikka turardi.

– Beri kel, yonimga oʻtir, menimcha sen Lili haqida bilmoqchi eding. Gavanaga borgandim. Yozuvchilar uchrashuvida qatnashdim. Bir kuni kechqurun shaharda aylanib yurib uni uchratdim, aniqrogʻi – u meni uchratdi. Chet ellikmisiz, deb soʻradi. Chet ellikman, deb javob berdim. Boʻlmasa nega xuddi ularga oʻxshab gapirishimni soʻradi. Mening chet eldan ekanligimni kiyimimdan bilibdi. Men unga chililik emas, meksikalik ekanligimni tushuntirdim. U meni uyiga taklif qildi. Uning ota-onasi bilan, akalari bilaen tanishdim. Ikki kundan soʻng biz qandaydir bayramga birga bordik, u juda ham yosh edi, shuning uchunmi meni sevib qolganligini aytdi. Men uni fikridan qaytarishga harakat qildim, lekin qoʻlimdan kelmadi. Nihoyat, hozircha xat yozishib turaylik, oʻqishingni tugatganingdan soʻng, men yana Kubaga kelaman, deb aytdim. Biz birmuncha vaqt haqiqatan ham xat yozishib turdik, soʻngra bu yozishmani davom ettirishga imkonim qolmadi. Yozayotgan romanim meni yutib yubordi.

– Qizga ikki qator ham javob yoza olmaydigan darajadami? Kulgili, yaxshisi unga qiziqmay qoʻyganman de, bolalarga oʻxshab bahona oʻylab topishning nima keragi bor.

Miriamning ovozidan janjallashadigan siyogʻi bor edi. Mayli, bu gap-ku hech narsaga arzimas, asosiysi, u Xuan Pabloning oʻtmishi haqida birinchi marta eshitdi va endi oʻzini tahqirlanganday, haqoratlanganday his qilayotgandi.

– Lekin bu haqiqat, men unga yoza olmagandim, hozir ham yozolmayman, romanimni tugatishim kerak...

Xuan Pabloning ham jahli chiqdi. Bu suhbat unga chidab boʻlmaydigan darajada be’mani va soxta tuyulayotgandi. Shu kech u yozmadi, Miriam esa u bilan boshqa gaplashmadi. Ular goʻyo oʻzlarini qiziqayotganday tutib televizordagi hamma ahmoqona koʻrsatuvlarni oxirigacha, jimgina tomosha qilishdi. Ertalab Miriam kechirim soʻrashga harakat qildi.

– Hechqisi yoʻq, – Xuan Pablo souvuqqina javob qildi, Miriamning boʻynidan oʻpib qoʻydi va ovqatlanish uchungina xoli qoʻygan mashinkasining yoniga qaytib bordi.

Miriam endi tushundi: agar Xuan Pablodan ajralishni istamasa uni oʻz holiga qoʻyishi lozim, qancha xohlasa shuncha yozsin; u besh-olti kun biror yoqqa ketishga qaror qildi. Ana shundagina ular bir-biridan dam olish va ozodlikda mulohaza qilib olish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Ishdan u javob soʻradi, Xuan Pabloga esa firmaning topshirigʻi bilan ketyapman, dedi. Ketayotib u yozilgan qogʻozlar taxlami ancha koʻpayib qolganligiga diqqat qildi va usiz Xuan Pablo romanni tugatishi hamda keyin oʻziga koʻproq vaqt ajrata olishi mumkinligini oʻyladi.

Joʻnab ketishdan oldingi tunni bir-birlarining quchoqlarida oʻtkazishdi, Miriamning koʻzlari yoshga toʻldi.

– Men yigʻlayapman, chunki sen bilan boʻlish men uchun moʻ'jiza, chunki faqat sen tufayligina men sevgi nima ekanligini bildim, – Xuan Pabloning savollariga Miriam ana shunday javob qildi.

Xuan Pabloning boʻgʻziga bir nima tiqilganday boʻldi va uning sochlaridan, boʻynidan, lablaridan, yelkalaridan... Oʻpa boshladi.

– Sen meni tashlab ketmaysanmi, toʻgʻrisini ayt? – Miriam sogʻinch bilan soʻradi.

– Nimalar deyapsan, albatta, yoʻq, – dedi Xuan Pablo, ammo ikkovi ham bu soʻzlarda qat'iy ishonch yoʻqligini his qilishdi.

Oʻsha be’manilikning oʻzi. Xuan Pablo avvalgi kvartirasini egallagan, Miriam esa ota-onasinikiga borishgayam, birorta sayohatchilar qoʻnalgʻasiga borishgayam hayron; nihoyat u keyingisini tanladi.

Miriam besh kundan soʻng Xuan Pabloni ehtiros bilan quchish, romanini tugatganmi yoʻqligini bilish istagiga toʻlib-toshgan holda qaytib keldi. Asarining albatta muvaffaqiyat qozonishini, endi Xuan Pabloning hayoti haqida hamma narsa unga ma’lumligini, bundan buyon hech narsani soʻrab-surishtirmasligini u oʻz-oʻziga qayta-qayta ta’kidlar edi, yigitning yonida ekanligi, uning qanday yozayotganligini koʻrib turish, u bilan birga kitob oʻqish, gaplashish, birgalikda musiqa tinglashning oʻzi yetib ortadi. Miriam kechqurun soat toʻqqizlarda kvartiraga kirib kelganda barcha jihozlar goʻyo uniki emas, Xuan Pablonikiday tuyuldi.

– Xuan Pablo!

Aks-sado boʻm-boʻsh xonalarda qalqib qoldi. U qoʻrqib ketdi, xonalardan oʻtayotgan hamma chiroqlarni yoqdi. Yuvinish xonasiga, oshxonaga qaradi. Boʻm-boʻsh. Yemakxonadagi hamma narsa odatdagiday turardi. Ichidan bir nima uzilganday boʻlib kichkina chorpoyaning yoniga bordi. Yozuv mashinkasi joyida edi, yonida qora papkaga oʻrab bogʻlangan roman qoʻlyozmasi turardi. Miriam uni koʻzdan kechirib roman yakunlanganini bildi. Xuan Pablo oʻzining birinchi romanini yaratdi. Muqaddas orzusini amalga oshirdi. Hozir biror narsa ichgani yoki sotib olgani tashqariga chiqqan boʻlsa kerak, balki boshini shamollatmoqchidir: shu besh kun davomida oʻrnidan turmay ishlagandir.

U kiyimlarini almashtirdi, magnitofonni qoʻydi va Xuan Pabloni kuta boshladi. Bekorchilikdan romanni qoʻliga oldi. Birinchi sahifada bagʻishlov: «Ushbu kitobning yaratilishiga sababchi boʻlgan Miriamga mangu muhabbat bilan bagʻishlayman.» Miriam qattiq ta’sirlanib ketdi. Xuan Pablo tezroq qaytsa edi, uni quchoqlab olardi, birgalikda xursandchilik qilishardi. Ammo vaqt oʻtib borardi, soat uchda Miriam uxlashga qaror qildi. Uyga kirsa, eshitib uygʻonaman.

Soat oʻnlarda Miriam koʻzini ochdi. U yolgʻiz edi, ammo Xuan Pablo hozir qaytib qoladi, deb ishonardi. Axir uning hamma narsalari shu yerda-ku: romani, yozuv mashinkasi, kitoblari. Lekin Xuan Pablo bu kech ham, undan keyin ham qaytib kelmadi. Uning qalbini yana sogʻinch, gʻam egalladi, ilgarigi gumonli savollar qayta uygʻondi: Xuan Pabloni qaerdan izlash kerak? Kimdan soʻrab-surishtirish kerak? Eng qoʻrqinchlisi u yigitni qaerdan izlashni bilmasdi. Ahmoqona savollar bilan uning joniga tekkanligi uchun, oʻzini tentaklarcha tutganligi uchun Miriam oʻzini la’natlardi. Xizmatchi ayol bilan ham bekorga gaplashgan ekan, endi u buni aqldan ozgan deb oʻylashi hech gap emas. Xuan Pablo haqida oʻylamaslik uchun oʻzining odatdagi ishiga boshi bilan shoʻngʻib ketdi.

Azbaroyi joniga tekkanidan Miriam ma’lum payt kvartirasini almashtirmoqchi boʻlib yurdi. Lekin yuragining tub-tubidan Xuan Pabloning bir kuni qaytib kelishiga ishonardi. Nahotki uning tentakligi yigitning shunchalik gʻazabini qoʻzgʻaganki, Miriamni tashlab ketgan boʻlsa? Biz axir kelishishimiz, imkoni boʻlgan hamma narsani tuzatishimiz mumkin edi-ku. Bizning sevgimizdaqa sevgining yemirilishi oson emas.

U nima qilishini bilmasdi. Xuan Pablo qaytib kelmadi.

Kunlar suvday oqib oʻtardi. Bir kuni Miriam ishdan qaytayotib liftda ziyofatga taklif qilgan tanishini uchratib qoldi, u oʻsha yerda Xuan Pablo bilan tanishgan edi. Yuragida yana umid uygʻondi, Xuan Pablo haqida hozirning oʻzida soʻramoqchi boʻldi, lekin begona odamlar xalaqit berdi. Kechqurun uydan telefon qilishga toʻgʻri keladi. Miriam soat oʻnlarda telefon qildi. Xuan Pabloga kelgan bir qogʻozni topshirishi kerakligini bahona qilib, uni qaerdan topsam boʻladi, deb soʻradi. Tanishi bu ismni birinchi marta eshitayotganligini, oʻtirishga ham Xuan Pabloni doʻstlaridan biri olib kelgan boʻlishi mumkinligini aytdi. U hatto oʻsha kuni Miriamning shu odam bilan ketib qolganligini ham eslolmas ekan. Endigina tugʻilayotgan umidi chilparchin boʻldi. Miriam telefonni joyiga qoʻydi va esankiragan holda xonama-xona yura boshladi, u Xuan Pabloning romani, kitoblari, yozuv mashinkasini qayta-qayta koʻzdan kechirardi – bular uning mavjud ekanligini isbotlaydigan ashyoviy dalillar-ku.

Bir kuni Miriam gazetalar qoʻyiladigan zalga kirdi – ishiga kerakli qandaydir ma’lumotni topish zarur edi. Oʻtgan uch-toʻrt yillik taxlamlarni berishlarini soʻradi va qaydni bulturgi yilning gazetalaridan boshladi. Birinchi taxlamdayoq xabarlar boʻlimidagi ta’ziyanomaga koʻzi tushdi: Xuan Pablo Kasalning ismi katta qora harflar bilan terilgan edi, davomida bunday hollarda yoziladigan odatdagi gaplar va yosh hamda beqiyos iste’dod egasi boʻlgan yozuvchining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirilgan edi. Vafotining sababi koʻrsatilmagan edi. Miriam hushini yoʻqotayotganligini sezdi, nafasi qisdi, odamlar qayoqqadir gʻoyib boʻldi, zal boʻshab qoldi, stol va stullar koʻzdan yoʻqoldi, faqat yalangʻoch devorlargina qoldi, ular shunchalik iflos ediki, qaytarging kelardi. Miriamning yuragidagi hamma narsa boʻgʻziga keldi: u oʻkirib yigʻlab yubormaslik uchun ogʻzini qoʻli bilan yopib xabarni qayta-qayta oʻqidi, Miriam hamon undagi dahshatli ma’noni oxirigacha anglay olmasdi. U gazetalar qoʻyiladigan zal yopiladi, deb ogohlantirgunlariga qadar yigʻladi. Shundan soʻng u taxlamlarni ham qaytib topshirmasdan koʻchaga chiqdi va oʻtkinchilarga turtinib-surtinib sekin-sekin yurib ketdi, qayoqqaligini oʻzi ham bilmasdi.

Oʻziga nima boʻlganligini anglay olmasdan bir necha soat yurdi, nihoyat oʻz-oʻzidan oyoqlari uni uyining yoniga olib keldi. Boshi tinimsiz aylanardi. Miriam oʻzini qoʻlga olishi zarurligini va bu kalavaning uchini topishi kerakligini tushundi. U voqealar qanday boshlanganini, ya’ni Xuan Pabloning borligini qachondan boshlab bilib kelganligini eslashga harakat qildi. Ammo bu yerda hech narsani oʻylab oʻtirishning hojati yoʻq edi: u sharpani, koʻzga koʻringan koʻlankani sevib qolgandi; Xuan Pabloning oʻzi ham, uning jihozlari, uning suratlari ham hammasi – uning orzu-istaklari hamda oʻlim toʻxtatib qoʻygan ishini nihoyasiga yetkazish uchun hayotga qaytishga boʻlgan ishtiyoqining mujassami edi. Faqat Miriam tufayligina ushbu qaytish amalga oshdi. Ammo shu yerda Miriamning yuragiga dahshatli bir shubha oʻrmaladi: Xuan Pablo uni sevarmidi yoki faqat oʻz maqsadi yoʻlida undan foydalandimi? Nega u qaytib keldi? Oʻzining adabiy qismatiga boʻysunib romanini yozib tugatish uchunginami? Yoki uni men ta’sirchanligim bilan oʻzimga tortdimmi? Balki ikkala sababda ham jon bordir: Xuan Pablo oʻz asarini tugatish uchun qaytgan va yozayotib Miriamni sevib qolgan? Tugallangan qoʻlyozma va birinchi sahifadagi yoqimli bagʻishlov Miriamni oʻzining soʻnggi taxminiga ishonishga majbur qildi.

U kvartirani almashtirish fikridan voz kechdi. Moʻ'jiza qayta takrorlanishiga umid qildi. Oylar oʻtdi, lekin uning yigitning ismini tinimsiz takrorlashlari, romanning mohiyatiga yetish uchun, qahramonlari dunyosini anglash uchun yuzlab marotaba qayta oʻqishlari, har bitta soʻzni ming bir ma’noda sharhlashlari hamma-hammasi behuda edi. Xuan Pablo ilgarigiday qaerdadir juda uzoqda edi – har holda qaytib kelmasdi. Bir kuni kechqurun Xuan Pabloning paydo boʻlishini kutib, yoki hech boʻlmasa mashinkaning tiqillashini eshitish umidida xonama-xona kezib yurib kichkina chorpoyada unutib qoldirilgan kitoblardan birini olib varaqladi: bu Edgar Allan Poning hikoyalar toʻplami edi. «Legeyya»ning Jozef Glenvelldan olingan epigrafi ostiga chizilgan edi: «Va oʻlim hukmronlik qilolmaydigan erkinlik – ana shunda. Erkinlikning sirini uning butun qudrati bilan kim anglay oladi?»

Miriam bu soʻzlar yuz bergan voqeaga juda mos kelishini qaygʻu bilan xayolidan kechirdi, Xuan Pablo bekorga ostini chizib qoʻymagan, soʻngsiz savollarimga javob, sirlarning tagiga yetishimga yordam beradigan kalit balki ana shu soʻzlar zamiridadir.

Keyingi safar Miriamning qoʻliga Lilining maktubi tushib qoldi. U xatni qayta oʻqib chiqdi. Shahlo koʻzlariga yosh quyilib keldi, u keyingi paytlarda tez-tez yigʻlaydigan boʻlib qolgan edi. Xuan Pabloning kubalik qizga nega javob yozmaganligini u endi tushundi: Xuan Pabloning muddati qat'iy belgilangan boʻlgan, hatto uncha uzoq ham emas, tiriklar orasida yurish, ular bilan doʻstona aloqlar qilish uning uchun qaytarib boʻlmas vaqtni yoʻqotish boʻlardi. Kubalik qizning bezovtalanishlari va iztiroblarini, sevgan va kutgan kishisidan xabar yoʻqligidan zorlanib qilgan soʻngsiz hasratlarini Miriam birinchi marta tushundi. U qogʻoz va qalam olib olisdagi hamdard dugonasiga xat yozishga oʻtirdi. U Xuan Pabloning vafot etganligini, endi taqdirning hukmiga boʻysunish kerakligini yozdi, sendan yoshim katta, marhumning qarindoshiman deb qoʻshib ham qoʻydi. Konvertni yelimladi va uxlashga yotayotib qoʻlyozmani birorta noshirga olib borish kerak, deb oʻyladi. U Xuan Pablo bilan boʻlgan bir suhbatni juda yaxshi eslardi. «Hech kim faqat oʻzi uchun yozmaydi. Badiiy asar qachonki nashr etilsa va tanqidchi hamda oʻquvchilarning qoʻliga yetib borsagina mazmun kashf etadi.»

Ertasi kuni Miriam avval pochtaga, soʻngra nashriyotga kirdi. Qaytayotib yoʻlda Gotening soʻzlarini esladi: «... mening sevgim oʻlimdan kuchli va u oxir-oqibatda gʻalaba qiladi.» Xuan Pablo koʻzdan gʻoyib boʻlgan paytlarda va Glenvelldan olingan epigrafni oʻqigan chogʻida u ham oʻzi haqida xuddi shunday deya olgan boʻlardi.

Miriam yana oʻzining sokinlik va singan soyalar saltanatida yolgʻiz qolgach, yigirma olti yoshga kirgan boʻlsa ham charchagan, jamiki narsalarga qiziqishi yoʻqolgan qari ayolga aylanib qolganini tushundi, yoʻli nihoyasiga yetganini, kechinmalar va tuygʻularga boy boʻlsa-da juda uzoq va mashaqqatli hayot kechirganini anglab yetdi; endi Xuan Pablo bilan birikib, uygʻunlashib ketish uchun oʻlimni kutishi kerakligini ham tushundi. U oʻziga savollar berardi: bu uchrashuv yuz berishiga necha yil qoldi? Balki kunlardir? Yaxshisi, – deb oʻyladi Miriam, – kutish kerak emas, aks holda Xuan Pablo qoqshagan bir kampirni koʻrishi mumkin. Oʻlim uni yuzlarida goʻzallik barq urib turgan paytida olib ketishi lozim.

U oʻz qaygʻusini ana shu qaror bilan biroz yumshatdi va noshirdan biror javob eshitgunga qadar bir necha hafta kutib turishni ma’qul koʻrdi. Men, – dedi u ovozini chiqarib, uzoq vaqtlar ichida birinchi marta hayajonlangan va jilmaygan holda, Xuan Pabloning yoniga xushxabar bilan borishni istayman.


  1. Kasares Boy (1914 yilda tugʻilgan) – Argentina yozuvchisi