OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRey Bredberi
Asar nomiMarsga hujum (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ilmiy taxayyulot
Mualliflar
   - Rey Bredberi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonАмир Файзулла (Русчадан)
Hajm162KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/25
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Annotatsiya
Американинг машҳур фантаст ёзувчиси Рэй Брэдберининг номи ва асарлари ўзбек ўқувчиларига ҳам яхши таниш. Энди адибнинг шоҳ асари “Марсга ҳужум”ни сиз азиз фантастика ихлосмандларига ҳавола этмоқдамиз. Олтмиш ёшида илк марта учоққа чиққан, уйида эски ёзув машинкасидан бошқа биронта замонавий техника ускунаси бўлмаган Рэй Брэдбери фавқулодда қувваи зеҳни билан олис-олис галактикаларга худди фазогирлардай “саёҳат” қилади ва мўъжизавий таассуротларини жаҳон аҳли билан баҳам кўради.

Муаллифнинг фантастика воситасида бундай ғаройиб “саёҳат”лари замирида улкан мажозий маъно ётади — у Ердаги ҳаёт, хусусан она табиатга муносабат аллақачон издан чиққанлигини алам, ўкинч ва заҳархандалик билан ифода этади. Ҳатто биз шаффоф марсликлар истиқомат қилади деб тасаввур этганимиз Марс сайёрасини ҳам мана шу одамлар аллақачон бошига етиб бўлганини алоҳида уқтиради. Бу эса Ердаги ҳар бир одамни чуқурроқ ўйлашга, ҳушёр бўлишга даъват этади.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Marsga hujum (II- qism)
Rey Bredberi

Sentabr 2005 - Marslik

Osmonga tik qadalgan moviy choʻqqilar yomgʻir pardasi orasiga kirib koʻzdan yoʻqolar edi, yomgʻir uzun kanallarga kelib quyilar edi, qariya Lafarj tomosha qilgani xotini bilan uyidan chiqib keldi.
— Mavsumdagi birinchi yomgʻir, — dedi Lafarj.
— Moʻ’jiza... — xoʻrsindi xotini.
— Rahmat yomgʻiri!

Ular eshikni yopishdi, xonaga qaytib kelib, kamindagi koʻmir choʻgʻda qoʻllarini isita boshladilar. Ular sovqotib qaltirar edilar. Derazadan uzoq-uzoqlardagi odamlarni Yerdan bu yerga keltirib qoʻygan raketa korpusiga kelib urilayotgan yomgʻirning nam yiltillashini koʻrib turar edilar.
— Faqat mana shuning oʻzi... — dedi Lafarj oʻz qoʻllariga qaragancha.
— Nima demoqchi eding? — soʻradi xotini.
— Agar Tomni oʻzimiz bilan ola kelganimizda...
— Laf, yana oʻsha gapmi?
— Yoʻq, yoʻq, kechir, boshqa gapirmayman.
— Biz bu yerga Tom haqida oʻylagani emas, tinch, tashvishlarsiz qarilik gashtini surgani kelganmiz. Uning oʻlganiga necha yillar boʻldi. Uni ham, yerdagi sodir boʻlgan hamma narsani ham unutishga harakat qilishimiz kerak.
— Toʻgʻri, toʻgʻri, — dedi eri va yana issiqqa intildi. Uning koʻzlari olovda edi. — Men bu haqda boshqa ogʻiz ochmayman. Shunchaki, haligi... Biz uning qabriga gul qoʻygan yakshanba kunlari Grin-Lon-Parkka qilgan safarlarimizni juda-juda qoʻmsab ketayapman...

Moviy yomgʻir mayin suvlari bilan uyni yuvar edi.

Soat toʻqqizda ular yotishdi; bir-birining qoʻlini ushlagancha ular jim yotar edilar, er 55 yoshda, xotin 60 yoshda, yomgʻir shovqiniga toʻla tubsiz zulmat qoʻynida.
— Enn, — asta chaqirdi er.
— Ha? — javob berdi xotin.
— Hech narsa eshitmadingmi?

Ular birgalikda shamol va yomgʻir shovqiniga quloq tutishdi.
— Hech narsa, — dedi xotin.
— Kimdir hushtak chaldi, — izoh berdi er.
— Yoʻq, men eshitmadim.
— Borib qaray-chi, har ehtimolga qarshi.

Er xalatini kiydi-da, butun uyni yurib oʻtib, tashqari eshikkacha bordi. Jur’atsiz qadamlarini sekinlatib, asta eshikni itardi va yomgʻirning muzdek tomchilari yuziga urildi. Shamol esardi.

Eshik tagida moʻ’jazgina qiyofa turardi.

Osmonni poralab chaqmoq chaqdi, uning bir zumlik yogʻdusida haligi qiyofaning chehrasi namoyon boʻldi. U Lafarjga qarab turardi.
— Kimsiz? — qichqirdi chol titragancha.

Jimlik.
— Kim bu? Nima kerak sizga?

Hamon churq etgan tovush yoʻq.

Chol oʻzini oʻlgudek charchoq, zaif, madorsiz his qildi.
— Kimsan deyapman? — qichqirdi Lafarj yana.

Xotini orqadan keldi-da, erining qoʻlidan tutdi.
— Nega bunaqa qichqirayapsan?
— Naryoqda bir bola turibdi, menga javob berishni istamayapti, — dedi chol qaltiragancha. — U Tomning oʻzginasi!
— Yur, uxlaylik, senga shunaqa tuyulgan.
— Ana u, hali ham turibdi, oʻzing qaragin.

Lafarj xotinim baralla koʻrsin deb eshikni kengroq ochdi. Muzdek shamol, siyrak yomgʻir orasidan ular tomon oʻychan qaragancha bir qiyofa turardi. Keksa xotin eshik kesakisiga suyandi.
— Ket! — dedi u qoʻlini silkitib. — Ket!
— Tomga oʻxshamaydi, demoqchimisan? — soʻradi chol.

Qiyofa qilt etmas edi.
— Qoʻrqib ketayapman, — dedi xotin. — Eshikni yop-da, ketdik, borib uxlaylik. Kerak emas, kerak emas!...

Shunday deya u oʻzicha allaqanday duolarni oʻqigancha yotoqxona tomon ketdi.

Chol hamon shamolda turardi, qoʻllari muzdek nam havoda qotib qolgan edi.
— Tom, — asta dedi u. — Agar bu sen boʻlsang, agar moʻ’jiza roʻy berib, bu yerga kelgan boʻlsang, men eshikni yopmayman. Agar sovqotib isingani uyga kirmoqchi boʻlsang, kir va borib kamin tagida choʻzil, u yerda poʻstak yozigʻliq.

Shunday deya u asta eshikni yopdi, ammo qulflamadi.

Xotin erning kelib oʻringa yotganini, gʻoʻjanak boʻlib qaltirayotganini eshitib yotardi.
— Dahshatli tun. Men oʻzimni juda qari his etib ketayapman. — Ayol piq-piq yigʻladi.
— Boʻpti, boʻpti, — mehribonlik bilan uni tinchlantirdi er quchoqlagancha. — Uxla.

Oxiri xotin uxlab qoldi.

Shu zahoti cholning ziyrak qulogʻiga bir narsa chalindi: tashqi eshik asta-sekin ochildi, ichkariga yomgʻir aralash shamol urildi, keyin eshik yopildi. Lafarj yengil odimlarning kamin oldiga kelganini va zaif nafasini eshitdi. “Tom”, — deb qoʻydi u oʻzicha.

Osmonda chaqmoq yaltirab, zulmatni parcha-burish qildi.

Ertalab quyosh charaqlab turar, borliqni kuydirar edi.

Lafarj mehmonxona eshigini lang ochdi-da, ichkariga tezlik bilan koʻz yugurtirib chiqdi.

Gilamchada hech kim yoʻq edi.

Lafarj xoʻrsindi.
— Qaribman, — dedi u.

U yuvinish uchun anhordan tiniq suv keltirgani eshik tomon yoʻnaldi.

Ostonada sal boʻlmasa limmo-lim chelakni koʻtarib kelayotgan yosh Tomga toʻqnashib, uni agʻdarib yuborayozdi.
— Salom, ota!
— Salom, Tom.

Chol oʻzini bir chetga oldi. Oʻsmir oyoq yalang xonadan yugurib oʻtdi-da, chelakni yerga qoʻyib, jilmaygancha unga oʻgirildi.
— Bugun kun juda zoʻr!
— Ha, yaxshi, — ehtiyotkorona javob berdi chol.

Bola bugun oʻzini juda boshqacha tutmoqda edi. U oʻzi olib kelgan suvda yuvina boshladi.

Chol oldinga bir qadam tashladi.
— Tom, bu yerga qanday kelib qolding? Sen tirikmisan?
— Nega tirik boʻlmas ekanman? — Bola koʻzlarini koʻtarib otasiga qaradi.
— Ammo, Tom... Grin-Lon-Park, har yakshanba... Gullar... va... — Lafarj oʻtirishga majbur boʻldi. Oʻgʻil uning oldiga keldi, toʻxtadi-da, otasining qoʻlidan ushladi. Chol uning barmoqlarini his etdi — qattiq, issiq.
— Sen rostdan ham shu yerdamisan? Bu tush emasmi?
— Nahotki mening bu yerda boʻlishimni xohlamasangiz? — bola hayajonlandi.
— Seni qara-yu, Tom, nega xohlamas ekanman!
— Unda nega soʻrayapsiz? Keldim, tamom-vassalom.
— Lekin onang, bunday kutilmaganda...
— Tashvish qilmang, hammasi yaxshi boʻladi. Tunda men ikkalangizga ham qoʻshiq aytib bergan edim, bu sizlarning meni qabul qilishlaringizga, ayniqsa, oyimning qabul qilishlariga yordam beradi. Kutilmagan hol qanday ta’sir qilishini bilaman. Shoshmang, oʻzi kirib keladi-da, amin boʻlasiz.

Bola qalpogʻi bilan sargʻish jingalak sochlarini qoqib kulib yubordi. Uning koʻzlari nihoyatda moviy va tiniq edi.
— Salom Laf va Tom! — Ona sochlarini turmaklagancha yotoqxonadan chiqib keldi. — Rostdan ham bugun kun juda ajoyib-a!

Tom jilmaygancha otasiga burilib qaradi:
— Men nima degan edim?

Uchalasi birgalikda uy ortidagi soyada rohatlanib nonushta qilishdi. Missis Lafarj har ehtimolga qarshi yashirib qoʻygan bir shisha kungaboqar sharobini chiqarib qoʻydi va barchalari qittak-qittak ichishdi. Lafarj hech qachon xotinini bu qadar quvnoq koʻrmagan edi. Mabodo Tomga nisbatan onaning koʻnglida biron-bir shubha boʻlganda ham uni birovga aytib solmas edi. Uning uchun hamma narsa risoladagidek boʻlar edi. Lafarjning oʻzi ham tobora mana shunday tuygʻu asiriga aylanib bormoqda edi. Ona idishlarni yuvar ekan, Lafarj oʻgʻli tomon engashdi-da, asta soʻradi:
— Hozir yoshing nechada, oʻgʻlim?
— Nahotki bilmasangiz, dada? Oʻn toʻrtdaman-da, albatta.
— Xoʻsh, oʻzing aslida kimsan? Sen Tom boʻlishing mumkin emas, ammo kimdir boʻlishing shart! Kimsan?
— Keragi yoʻq. — Bolakay kayfi uchgancha qoʻllari bilan yuzini yashirdi.
— Sen mendan yashirma, — nasihatomuz dedi chol. — Men buni tushunaman. Sen marsliksan, hoynahoy? Men bu yerda marsliklar haqida turli xil masallarni eshitganman, toʻgʻri, gap nimada ekanini hech kim bilmaydi. Ulardan juda kam odam qolgan boʻlsa kerak, lekin ular oramizda paydo boʻlib qolsalar, yerliklar qiyofasida paydo boʻladilar. Mana sen, agar bundoq qarasa, goʻyo Tomsan, lekin Tom emassan ham...
— Bu nega kerak, axir?! Men sizlarga nima yomonlik qildim? — qichqirdi bolakay yuzini kaftlari bilan yashirgancha. — Iltimos, iltimos, mendan shubha qilmanglar!

U sakrab oʻrnidan turdi-da, stoldan uzoqlashdi.
— Tom, qayt!

Biroq bola kanal yoqalab shahar tomon chopib borardi.
— Qayoqqa ketdi u? — soʻradi Enn; u qolgan likopchalarni yigʻishtirib olgani kelgan edi.

U erining yuziga qaradi.
— Bir narsa deb qoʻrqitib yubordingmi uni?
— Enn, — dedi chol xotinining qoʻlidan tutib, — Enn, Grin-Lon-Park esingdadir, yarmarkani va Tomning oʻpkasi shamollab ogʻrib qolganini eslarsan?
— Nega bunday deyapsan? — ayol kuldi.
— Shundoq oʻzim, — sekin javob berdi chol.

Uzoqda kanal yoqalab chopib borayotgan Tomning oyoqlari ostidan koʻtarilgan chang asta choʻkmoqda edi.

Kechqurun soat beshda kun botishda Tom qaytib keldi. U xavotir bilan otasiga qarab qoʻydi.
— Tagʻin meni soʻroq qila boshladingizmi?
— Hech qanday savol yoʻq, — dedi Lafarj.

Bola oppoq tishlarini charaqlatib iljaydi.
— Mana bu boshqa gap.
— Qayerda eding?
— Shahar yonida. Bir qolib ketmoqchi ham boʻldim. Sal boʻlmasa meni... — u kerakli soʻzni topolmay chaynaldi. — Men sal boʻlmasa tuzoqqa tushib qolayozdim.
— “Tuzoqqa” deganing nimasi?
— Anovi kanalning yoqasida kichikkina temir uy bor, shuning yonidan oʻtayotsam, meni sal boʻlmasa tutib qolishayozdi... shundan keyin men bu yerga, sizlarning oldingizga umuman qaytolmasligim mumkin edi. Sizlarga qanday tushuntirishni ham bilmayman, soʻz topolmayapman, qanday aytib berishni ham bilmayapman, nima boʻlganini oʻzim tushunmayman, bu shunday qiziqki, sizlarga gapirib bersam, deyman.
— Gapirib bermay qoʻyaqol. Yaxshisi, borib yuvin. Ovqat mahali boʻldi.

Bola yuvingani chopib ketdi.

Oʻn daqiqalardan keyin kanalning tinch sathida daroz va ozgʻin, sochlari qop-qora odam eshayotgan eshkak zarblaridan ravon suzib kelayotgan bir qayiq koʻrindi.
— Salom, Lafarj ogʻayni, — dedi u qayiqni toʻxtata turib.
— Salom, Saul, nima gaplar?
— Gapdan koʻpi yoʻq. Nomlendni bilarsan — kanaldagi Jez saroychada yashaydi-ku, oʻsha.

Lafarj tosh qotib qoldi.
— Bilaman, nima edi?
— Uning qanaqa yaramas ekanligini ham bilarsan?
— Aytishlaricha, u bir odamni oʻldirib qoʻyib, shundan Yerni tashlab ketgan ekan.

Saul hoʻl eshkakka suyangancha Lafarjga diqqat bilan qaradi.
— U oʻldirgan odamning ism-sharifi esingdami?
— Gillings edi-yov.
— Xuddi shunday, Gillings. Gap bunday! Ikki soatlarcha oldin mana shu Nomlend degani Gillingsni koʻrdim, deb shaharga qichqirib kirib keldi. Shu yerda, Marsda yashayapmiz, dedi. Bugun eshitdim, hozir eshitib kelayapman! Gillingsdan qochib yashirinish uchun u yoqda uni turmaga tiqishlarini iltimos qilibdi. Lekin uni turmaga qoʻyishmabdi. Shunda Nomlend uyiga ketibdi va yigirma daqiqa oldin — odamlar menga aytishdi — oʻzini peshonasidan otib tashlabdi. Men hozir oʻsha yerdan kelayapman.
— Ana, xolos, — dedi Lafarj.
— Dunyoning ishlari shunaqa qiziq boʻlar ekan-da! — quvvatladi uni Saul. — Boʻpti, Lafarj, hozircha xayr.
— Xayr.

Qayiq yana kanalning tinch sathidan oldinga suzib ketdi.
— Ovqat tayyor, — qichqirdi missis Lafarj.

Mister Lafarj joyiga kelib oʻtirdi va pichoqni olib, stol osha Tomga qarab qoʻydi.
— Tom, — dedi u, — bugun kechqurun nima qilding?
— Hech nima, — javob berdi Tom ovqat toʻla ogʻzi bilan. — Nima edi?
— Ha, yoʻq, shunchaki soʻradim-da. — Chol salfetka burchagini koʻylagi yoqasi ichiga tiqdi.

Kechqurun soat yettida missis Lafarj shaharga otlandi.
— Necha oydan beri shaharda boʻlganim yoʻq, — dedi u.

Tom borishdan bosh tortdi.
— Men shahardan qoʻrqaman, — dedi u. — Odamlardan qoʻrqaman. Oyogʻim tortmayapti.
— Katta yigit boʻlib qolgansan. Shu ham gap boʻldi-yu! — yon bermay dedi Enn. — Gapirma bunaqa gaplarni. Biz bilan borasan. Buni men aytayapman.
— Axir, Enn, bola oʻzi xohlamasa... — oraga suquldi chol.

Biroq missis Lafarj aytganida turib oldi. U deyarlik kuch bilan ota-bolani qayiqqa sudrab tushirdi va barchalari birgalikda oqshom yulduzlari charaqlab turganda kanal boʻylab yoʻlga tushishdi. Tom koʻzlarini yumib, chalqancha yotardi, uni uxlayaptimi yoki yoʻqligini hech kim aytolmasdi. Chol oʻzicha mulohaza qilgan koʻyi unga tikilib qaradi. “Bu kim boʻldi, — oʻyladi u, — muhabbatga bizdan ham tashnaroq boʻlgan bu qanday zot? Kim u? Va nima u? — Yolgʻizlikdan jon saqlagani unga yot boʻlgan xilqatlar davrasiga keldi, odam qiyofasiga va ovoziga ega boʻldi, unday odamlar bizning oramizda qolgani va nihoyat oʻz baxtini bizning e’tirofimizda topgani faqat xotiramizdagina yashar edilar. U qay palladan buyon qaysi gʻordan chiqib kelgani, u Yerdan raketalar uchib kelganda bu olamga kelib-oʻrnashgan qaysi xalqning zuryodi boʻldi?” Lafarj boshini chayqadi. Buni bilib boʻlmaydi. Bundoq qarasang, qaysi tomonga nazar solmagin — u Tom, vassalom.

Chol nigohini yaqinlashib kelayotgan shaharga qaratdi va unga nisbatan koʻnglida noxush tuygʻuni his etdi. Biroq, keyin u yana Tom va Enn haqida oʻylay boshladi va oʻziga-oʻzi dedi: “Balki, agar baribir gʻam va qaygʻudan boshqa hech narsa chiqmaydigan boʻlsa, oz muddatga boʻlsa-da, Tomni yonida olib qolish notoʻgʻridir... Biroq biz bu qadar orzu qilgan narsadan qanday voz kechish mumkin? Garchi bu bir kunlikkina narsa boʻlsa-da, keyin u gʻoyib boʻladi, boʻshliq yanada dahshatliroq tus oladi, qora tunlar — yana qoraroq, yomgʻirli tunlar — yanada namroq boʻlib ketadi... Bizni bundan mahrum etish — ogʻzimizdagi bir boʻlak luqmani sugʻurib olishga urinish bilan barobar.”

U yana qayiq tubida begʻam mudrab yotgan yigitchaga qarab qoʻydi. Tom uyqusida hiq etib qoʻydi; tush koʻrayotgan boʻlsa kerak.
— Odamlar, — gʻudrandi Tom uyqusida. — Oʻzgarayapman, oʻzgarayapman... Qopqon...
— Boʻldi, boʻldi, yigitcha. — Lafarj uning yumshoq jingalak sochidan silab qoʻydi va Tom tinchlandi.

Lafarj oʻgʻli va xotiniga qayiqdan qirgʻoqqa chiqib olgani yordamlashib yubordi.
— Mana, yetib keldik! — Enn charaqlagan chiroqlarga qaragan, tabernalar sadosiga quloq solgan, pianino va patefonlar ovozidan zavqlangan, gavjum koʻchalardan bir-birini qoʻltiqlab yurgan juftlarga havas bilan qaragancha jilmaydi:
— Men uyda qolsam yaxshi boʻlardi, — dedi Tom.
— Ilgari bunaqa demasding, e’tiroz bildirdi ona. — Shanba kunlari kechqurun shaharga borishga doim intiq boʻlarding-ku.
— Menga yaqinroq turing, — shivirladi Tom. — Meni tutib olishlarini istamayman.

Enn uning gaplarini eshitib turardi.
— Nimalar deb valdirayapsan, ketdik!

Lafarj bolaning barmoqlari uning kaftiga yopishganini sezib, qattiq qisdi.
— Men sen bilanman, Tommi. — U yonlaridan suqulib kelayotgan olomonga qaradi-da, uning ham koʻngli gʻash tortdi. — Biz bu yerda uzoq qolmaymiz.
— Bekorlarni aytibsiz, — gapga qoʻshildi Enn. — Biz butun oqshomni oʻtkazgani kelganmiz.

Koʻchaning narigi tomoniga oʻtib, ular uch nafar mastga yoʻliqishdi. Ularni turtishdi, aylantirishdi, bir-biridan ajratishdi; atrofga alanglab, Lafarj tosh qotib qoldi.

Tom yoʻq edi.
— Qani u? — jahl bilan soʻradi Enn. — Bu qanaqa qiliq boʻldi — koʻzingni shamgʻalat qiladi-da, ota-onasini tashlab qochadi! Tom!

Yoʻlovchilarni turtib-surtib mister Lafarj chor atrofga chopa boshladi. Biroq, Tomdan dom-darak yoʻq edi.
— Qaytib keladi, mana koʻrasan, uyga ketayotganimizda qayiq oldida kutib turgan boʻladi, — ishonch bilan dedi Enn erini kinoteatr tomon yetaklagancha.

Birdan olomon orasida gʻala-gʻovur boshlandi va Lafarjning yonidan bir erkak va bir ayol chopib oʻtdi. U ularni tanidi: Jo Spolding xotini bilan. Lafarj ogʻiz ochib, ularga gapirgunicha ham boʻlmay, ikkovi ham koʻzdan yoʻqoldi.

Xavotir bilan atrofga alanglagancha u chiptalar sotib oldi va xotiniga itoatkorona ergashgancha qop-qora kinozalning ichiga kirib ketdi.

Soat oʻn birda qayiq yonida Tom yoʻq edi.
— Hechqisi yoʻq, onasi, — dedi Lafarj, — faqat hayajonlanma. Men uni topaman. Shu yerda kutib tur.
— Tezroq qaytgin-da.

Ayolning ovozi suvning shaloplashi tagida qolib ketdi.

Chol qoʻllarini choʻntaklariga tiqqancha tungi koʻchalardan yurib borardi. Chiroqlar birma-bir oʻcha boshladi. Allaqayerda derazalardan odamlarning gavdalari koʻrinardi. Garchi osmonda yulduzlar orasida yomgʻirli bulut parchalari hamon suzib yursa-da, tun iliq edi. Lafarj oʻgʻlining qandaydir tuzoq haqida qayta-qayta gapirganini, uning olomon va shaharlardan qoʻrqishini esladi. “Bu qanday noshudlik, — horgʻin oʻyladi chol. — Balki, bola butunlay qochib ketgandir. Balki, u umuman boʻlmagandir...” Lafarj uylarning raqamlariga bir-bir koʻz solgancha muyulishdan burildi.
— Senmisan, Lafarj?

Ostonada trubka chekib, bir erkak oʻtirardi.
— Salom, Mayk.
— Ha, xotining bilan gʻijillashib qoldingmi? Asabni tinchitgani, shamollagani chiqdingmi?
— He-yoʻq, shunchaki aylanib yuribman.
— Turqingdan nimanidir qidirayotgandaysan. Ha, darvoqe, topildiqlar haqida. Bugun kechqurun kimdir torpilibdi. Jo Spoldingni bilasanmi? Qizi Laviniya esingdami?
— Esimda, — Lafarj muzdek boʻldi. Bu goʻyo ikkinchi marta koʻrayotgan tushga oʻxshardi. Bundan keyin nima deyilishi kerakligini ham u aniq bilib turardi.
— Laviniya bugun kechqurun uyga qaytdi, — dedi Mayk tutunni puflab. — Uning bir oy burun Oʻlik dengiz tagida adashib qolgani esingdami? Keyin uning jasadini topishdi, harholda uniki boʻlsa kerak, juda dabdala qilib tashlashgan ekan-da... Shundan beri Spoldinglar oʻzlariga kelganlaricha yoʻq. Jo qayerga borsa, yoʻq, qizim tirik, bu uning jasadi emas, deydi. Mana, u haq boʻlib chiqdi. Bugun Laviniya paydo boʻldi.
— Qayerda? — Lafarj ogʻir-ogʻir nafas olar, yuragi duk-duk qilardi.
— Katta koʻchada. Spoldinglar kinoga chipta olib turishgan ekan. Birdan olomon ichida Laviniyani koʻrib qolishibdi. Qanaqa tomosha boʻlganini oʻzing bilaver. Avvaliga qiz ularni tanimabdi. Uch mahallacha orqasidan yurib borishibdi, ular gapiraverishibdi-gapiraverishibdi, oxiri qiz eslabdi.
— Qizni oʻzing koʻrdingmi?
— Yoʻq, ammo uning ovozini eshitdim. Esingdami, u “Lomond koʻlining ajoyib sohili” qoʻshigʻini aytishni yaxshi koʻrardi? Shunday qilib desang, yaqinginada men uning shu qoʻshiqni otasiga aytib turganini eshitdim, hov, ana ularning uyi. Shunaqayam kuylaydiki, qoyil qolasan! Xudo bergan qiz. Uning oʻlganini eshitganimdan beri bu qanday koʻrgulik deb oʻzimga kelolmayman. Mana, qaytib kelib, biram yengil tortdimki. Iye, tobing yoʻqqa oʻxshayapti, bu yoqqa kel-chi, bir qultum viskidan otib ol!
— Rahmat, Mayk. Boshqa safar. — Chol u yerdan ketdi.

Orqadan Maykning xayrli tun tilab qolganini eshitsa-da, javob bermadi, balki nigohini baland billur tomiga Mars gullarining choʻgʻdek qatlami yastlangan ikki qavatli uyga qadab olgan edi. Bogʻ uzra jingalak panjarali balkon osilib turar, ikkinchi qavat derazalarida chiroq yonib turardi. Vaqt allamahal boʻlsa-da, baribir u koʻnglidan oʻtkazdi: “Agar Tomni olib bormasam, Enning ahvoli nima kechadi? Yangi zarba — yana oʻlim. Bunga bardosh bera olarmikan? Birinchi oʻlimini eslarmikan?.. Mana bu oʻngida boʻlayotgan bu tushni ham eslarmikan? Mana bu toʻsatdan sodir boʻlgan ayriliqni-chi? Ey xudo, Enn uchun Tomni topmasam boʻlmaydi! Shoʻrlik Enn, u qayiq yonida kutib oʻtiribdi-ya...”

Chol boshini koʻtardi. Allaqayerda balandlikda ovozlar quvnoq ohangda bir-biriga xayrli tun tilar, eshiklar yopilar, chiroqlar oʻchar va past ovozda aytilayotgan qoʻshiq tinimsiz quloqqa chalinar edi. Bir lahza oʻtib, balkonga 18 yoshlardagi yoqimtoygina qizcha chiqdi.

Lafarj kuchli shamolga bas kelgancha, qizni chaqirdi.

Qiz burilib pastga qaradi.
— Kimsiz? — qichqirdi qiz.
— Bu men, — dedi chol unga. Gʻalati, oʻylamay javob berganini anglab, u tutilib qoldi, faqat lablari unsiz pirpirardi.

“Tom oʻgʻlim, men otangman” deb qichqirsamikan? Qizga nima desa ekan? Tagʻin u biron telba-pelba deb oʻylab ota-onasini chaqirib yurmasin.

Qiz muzdek gʻira-shira yorugʻlikda gavdasini panjara osha chiqarib egildi.
— Men sizni bilaman, — yumshoqqina javob berdi qiz. — Iltimos, keting. Siz bu yerda hech nima qilolmaysiz.
— Sen qaytishing kerak! — Lafarj shuncha urinsa ham oʻzini tutib turolmay, beixtiyor qichqirdi.

Oydindagi odam qiyofasi yuqorida qorongʻilik ichiga chekindi-da, koʻzdan gʻoyib boʻldi, faqat tovushi quloqqa chalinardi.
— Men endi sizning oʻgʻlingiz emasman, — dedi tovush. — Nima uchun shaharga ketdik biz?
— Oying seni sohilda kutib turibdi!
— Meni kechiring, — javob berdi ohista tovush. — Ammo nima ham qila olardim? Bu yerda men baxtliman, xuddi sizlardek meni sevishadi. Men oʻz holimcha menman, berganlarini olaman. Endi kech: ular meni asir olishdi.
— Ammo Enn haqida oʻylasang-chi, bu unga qanday zarba boʻlishini bilasanmi?..
— Bu uydagi fikrlar haddan tashqari kuchli, men xuddi qamoqda yotgandekman. Men oʻzim oʻzimcha oʻzgarolmayman.
— Ammo sen Tomsan-ku, hozir qiz bola boʻlsang ham oldin Tom eding-ku, toʻgʻrimi?! Yoki sen cholni masxara qilayotibsanmi? — balki haqiqatan ham sen Laviniya Spoldingdirsan?
— Men unisi ham, bunisi ham emasman, men faqat menman. Ammo qayerga bormay, men yana qandaydir boshqacha hamman va hozir siz mana shu boshqachani oʻzgartirishga qodir emassiz.
— Sening shaharda qolishing xatarli. Oʻzimizning kanalda yaxshi, u yerda seni hech kim xafa qilmaydi, — yolvorardi chol.
— Toʻgʻri... — ovoz ikkilanib javob berdi. — Ammo men bu yerdagi odamlar bilan hisoblashishga majburman. Ertalab mening gʻoyib boʻlganimni koʻrishsa ularning holi nima kechishini bilasizmi? Tagʻin hamishalikka-ya. Toʻgʻri, oyim mening kimligimni biladilar, — sizga oʻxshab aqllari yetadi. Menga ular hamma narsani bilib olganga oʻxshab koʻrinadilar, faqat soʻrashni istashmayapti. Arvohga savol bermaydilar. Agar bor narsaga ega boʻlish qiyin ekan, bunda orzuning nima yomon joyi bor? Men ular yoʻqotgan men boʻlmay qoʻya qolay, ular uchun men hatto ularning orzulari yaratgan eng goʻzal orzudan ham yaxshiroqdir. Oldimda ikki yoʻl turibdi: yo ularning dilini ogʻritishim kerak, yoki sizning xotiningizning dilini ogʻritishim kerak.
— Ularning oilasi katta, besh nafar. Ular bu yoʻqotishga bardosh bera oladilar!
— Iltimos, — ovoz titradi, — men charchadim.

Cholning ovozi qat’iylashdi.
— Sen biz bilan ketishing kerak. Men Enniga ortiq azob berishni istamayman. Sen bizning oʻgʻlimizsan. Sen mening oʻgʻlimsan, sen menikisan.
— Keragi yoʻq, iltimos! — balkondagi soya titrar edi.
— Seni bu uy va uning egalari bilan hech narsa bogʻlab turgani yoʻq.
— E-ha, siz meni nima qilayapsiz?
— Tom, Tom, oʻgʻlim, quloq sol. Tezroq uyga qaytib kel, ha, mana bu chirmovuqdan osilib tush. Ketdik, Enn kutayapti, sening oʻz uying boʻladi, nima xohlasang hammasi muhayyo boʻladi.

Lafarj moʻ’jiza roʻy berishini jon-dili bilan istagancha va intiq boʻlgancha koʻzlarini balkondan olmasdi...

Soyalar chayqalar, chirmovuqlar shitirlar edi.

Nihoyat past ovoz quloqqa chalindi:
— Yaxshi, ota.
— Tom!

Oy nurida chirmovuqlardan chaqqon oʻgʻil bola qiyofasi sirgʻalib tushdi. Lafarj quchoqlamoqchi boʻlib qoʻllarini koʻtardi.

Tepadagi derazalarda charaqlab chiroq yondi.

Naqshinkor panjara ortidan kimningdir ovozi chalindi.
— Kim u?
— Boʻla qol, bolakay!

Yana chiroq yondi, yana tovushlar eshitildi.
— Toʻxta, otaman! Vinni, sogʻmisan?

Shoshib ketayotgan oyoq tovushlari.

Chol va bola bogʻ ichidan yugurib ketishdi.

Oʻq ovozi yangradi. Oʻq bogʻ eshigining yonginasidagi devorga kelib tegdi.
— Tom, sen bu tomonga qarab chop! Men bu tomonga qarab chopaman, ularni chalgʻitaman, toʻgʻri kanal oldiga borgin, oʻn daqiqadan keyin oʻsha yerda uchrashamiz, boʻla qol.

Ular har ikki tomonga qarab chopib ketishdi.

Oy bulutlar ortiga yashirindi. Chol zim-ziyo qorongʻilik ichida chopib borardi.
— Enn, men shu yerdaman.

Ayol titrab-qaltiragancha cholning qayiqqa tushishiga yordamlashib yubordi.
— Qani Tom?
— Hozir keladi.

Ular tor yoʻlchalar va uxlayotgan shaharaga qaradi. Hamon kech qolgan yoʻlovchilar koʻzga tashlanardi, politsiyachi, tungi qorovul, raketa uchuvchisi, tungi visoldan keyin uyiga qaytayotgan yolgʻizbosh erkaklar, kulgancha bardan chiqib kelgan ikki juft erkak va ayol... Allaqayerda musiqaning boʻgʻiq ovozi chalinardi.
— Nega u shu paytgacha yoʻq? — soʻradi ona.
— Hozir, sabr qil.

Biroq Lafarj endi ishonmayotgan edi. Kim bilsin, balki yigitchani qayerdadir, qanday qilibdir bandargoh tomonga chopib kelayotgandami, chiroqsiz uylar oraligʻidagi zim-ziyo koʻchalardan oʻtib ketayotgandami, tutib olishgandir-da? Albatta, oradagi yoʻl ancha olis edi, hatto chaqqon bola uchun ham olislik qilar edi. Ammo nima boʻlganda ham Tom undan oldin yetib kelishi kerak edi...

Birdan uzoqdan oydin yoritib turgan koʻchadan chopib kelayotgan odam qorasi koʻrindi.

Lafarj qichqirib yubordi, biroq oʻsha zahoti oʻzini bosdi:
— Oʻsha yoqdan, uzoqdan uning qulogʻiga boshqa ovozlar, boshqa oyoqlar dupuri chalindi. Derazalar¬da birin-ketin chiroqlar yondi. Yolgʻiz koʻlanka bandargoh oldidagi keng maydonga otilib chiqdi. Bu Tom emas edi, balki sonsiz fonarlar yogʻdusida bir charaqlab, bir oʻchib turgan kumush rang yuzli oddiy xilqat edi. Ammo u yaqinlashib kelgani sayin tobora tanish tuyula boshladi va qiyofa bandargohga yetib kelganda Tomga aylanib boʻlgan edi! Enn qoʻllari bilan suvni shaloplatdi, Lafarj shoshib qayiqni qirgʻoqdan itardi, ammo endi kech edi.

Chunki koʻchadan kimsasiz maydonga bir erkak... yana bir erkak... bir ayol, yana ikki erkak, mister Spolding otilib chiqdi. Ular nima qilishlarini bilmay, toʻxtab qolishdi. Ular chor atrofga olazarak qarashar edi, ular uyga qaytishni istashardi: axir bu... bu borib turgan dahshat, telbalik edi, vassalom! Shunday boʻlsa-da, ular ta’qib etishda davom etar, dam-badam ikkilanib toʻxtab olar va yana yugurib ketar edilar.

Ha, endi kech edi. Bu gʻayrioddiy oqshom, gʻayrioddiy voqea nihoyasiga yetgandi. Lafarj qoʻlida arqonni aylantirardi.

U qattiq sovqotgan va oʻzini yolgʻiz his qilardi. Oydinda odamlar koʻzlari kosasidan chiqib chopayotganlari, shoshib ketayotganlari, oyoqlarini siltab, yugurayotganlari koʻrinib turardi, mana, ular barchasi, oʻn nafar odam qirgʻoq boʻyida turar edi. Ular qayiqqa yeb qoʻygudek qarab turishardi. Ular qichqirar edilar:
— Joyingdan qoʻzgʻalma, Lafarj!

Spolding qoʻlida toʻpponcha ushlab turardi.
— Nima boʻlgani endi ravshan edi... Tom bir oʻzi yoʻlovchilarni ortda qoldirgancha oy yoritib turgan koʻchalardan yurib borar edi. Politsiyachi miltillagan qiyofani sezib qoladi. Shartta orqasiga burilib, uning yuziga qaraydi, qanaqadir ismni aytib qichqiradi, orqasidan quvib, yuguradi. “Hoy, toʻxta!” U mashhur jinoyatchini koʻrib qoldi. Yoʻldan kim oʻtgan boʻlsa hammasini koʻrdi. Erkakmi, ayolmi, tungi qorovulmi yoki raketa uchuvchisimi — ularning har biri uchun chopib ketayotgan qiyofaning kim ekanligi baribir edi. Uning timsolida ular uchun tanish boʻlgan har qanday odam, har qanday ramz, har qanday ism tajassum topgan edi... Soʻnggi besh daqiqa ichida qanchalab turfa ismlar tilga olinmagan edi!.. Tom timsolida qanchalab shaxslar tusmol qilinmagandi — barchasi soxta!

Butun yoʻl boʻylab ta’qiblanuvchi va ta’qib qiluvchilar, orzu va orzu qiluvchilar, parrandalar va koʻppaklar toʻlib-toshib ketgan edi. Butun yoʻl boʻylab: kutilmagan kashfiyot, tanish koʻzlar chaqnogʻi, chala esda qolgan ismni aytib qichqirish, qadim zamonlar haqidagi xotiralar — uning izidan chopib borayotgan olomon shu tariqa koʻpaygandan-koʻpayib, toshgandan-toshib borar edi. Har kim oʻrnidan dik etib turar edi-da, orqasidan chopib ketar edi, bir karra lip etib koʻzdan oʻtgan siymolar, oʻn minglab koʻzgular oʻn minglab koʻzlarda aks etadi, — chopib borayotgan sharpa, shaxs, biri oldinda ketayotganlar uchun, boshqasi orqada kelayotganlar uchun va yana biri, yangisi uning yoʻlida uchraydigan, hali uni koʻrmagan odam uchun.

Mana, ular barchasi shu yerda, qayiq yonida har biri birgina orzuga yetishishni istaydi, — xuddi biz bu sharpa na Laviniya, na Rojer, na boshqa biron kishi emas, aynan Tom boʻlishini qanchalik xohlar edik, oʻyladi Lafarj. Ammo endi bu amalga oshmaydi. Gʻisht qolipdan koʻchgan edi.
— Qayiqdan chiqinglar, qani! — buyruq berdi Spolding.

Tom bandargohga koʻtarildi. Spolding uning qoʻlidan tutdi.
— Sen biz bilan uyimizga borasan. Men hammasini bilaman.
— Toʻxta, — oraga suqildi politsiyachi, — u hibsga olingan! Uning ism-sharifi Dekster, qotilligi uchun qidirilmoqda.
— Yoʻq, yoʻq! — piq-piq yigʻladi ayol. — Bu mening erim! Nima, oʻz erimni tanimay oʻlibmanmi?!

Boshqa ovozlar oʻz aytganida turib oldi. Olomon qaynar edi.

Missis Lafarj Tomni gavdasi bilan toʻsib oldi.
— Bu mening oʻgʻlim, sizlar uni hech qanaqangi ayb bilan ayblashga haqqingiz yoʻq! Biz uyga borishimiz kerak!

Tom esa toʻxtovsiz qaltirar edi. Uning avzoyidan qattiq kasalga oʻxshardi. Olomon hamon bostirib kelar, toqatsizlik bilan qoʻllarini choʻzar, uni tutib olmoqchi boʻlar edi.

Tom qichqirib yubordi.

U hammaning koʻz oʻngida oʻzgarmoqchi edi. Bu Tom edi, Jeyms ham, Svichmen ism-sharfli odam ham edi, Betterfild ism-sharifli boshqa odam ham edi, bu shahar meri edi va Yudif ismli qiz ham, eri Uil'yam ham, xotini Klarissa ham edi. U bamisoli yumshoq, ularning tasavvuricha itoatgoʻy edi. Ular qichqirar, bostirib kelar, oʻzlari tomon chorlar edilar. U ham ularga qoʻllarini keng yoyib, siltagancha qichqirar va har bir qichqiriq uning yuzini oʻzgartirib yuborar edi.
— Tom! — chaqirdi Lafarj.
— Alisa! — yangradi yangi qichqiriq.
— Uil'yam!

Ular yigitchani qoʻlidan ushlab oldilar, soʻnggi marta qichqirib, yerga yiqilmaguncha oʻzlari tomon tortaverdilar.

U toshlar ustida yotardi — erigan mum qotmoqda edi, uning basharasi barcha basharalar kabi edi, bir koʻzi moviy, ikkinchi koʻzi tillarang, sochi qip-qizil, malla, sargʻish, qora edi. Bir qoshi baroq, ikkinchisi ingichka, bir qoʻli katta, ikkinchisi kichkina edi.

Ular barmoqlarini lablariga qoʻygancha uning boshi uzra turar edilar. Ular egildilar.
— U oʻldi, — dedi kimdir oxiri.

Yomgʻir yogʻa boshladi.

Tomchilar odamlarga tusha boshladi va odamlar osmonga qarashdi.

Ular orqaga burilishdi-da, avval sekin, keyin tez-tez odimlar bilan uzoqlashishdi, keyin esa har tomonga qarab chopib ketishdi. Faqat dahshat ichida qolgan mister va missis Lafarj bir-birining qoʻlidan tutgancha, joylarida turar va unga qarar edilar.

Yomgʻir osmonga yuzlangan, hech qanday tanish belgisi qolmagan basharani yuvar edi.

Enn unsiz yigʻlay boshladi.
— Ketdik uyga, Enn, endi qoʻlimizdan hech narsa kelmaydi, — dedi chol.

Ular qayiqqa tushishdi va zulmat ichida kanaldan suzib ketishdi. Ular oʻz uylariga kirishdi va kaminga oʻt qalashdi, qoʻllarini oʻtga toblab isinishdi. Ular uxlagani ketishdi va holdan toygan, qaltiragan koʻyi yomgʻirning yana tomni nogʻora qilib chalayotganiga quloq solib birga yotishdi.
— Tishsh, — toʻsatdan dedi Lafarj yarim tunda. — Hech narsa eshitmayapsanmi?
— Yoʻq, eshitmayapman...
— Baribir chiqib qaray-chi.

U zim-ziyo xonani paypaslanib yurib oʻtdi-da, ochishdan oldin katta eshik oldida uzoq turdi.

Nihoyat eshikni lang ochdi-da, tashqariga koʻz soldi.

Yomgʻir boʻm-boʻsh hovliga osmondan suv quyib anhorni, koʻm-koʻk togʻ yonbagʻirlarini yuvar edi.

U besh daqiqacha kutib turdi, soʻng hoʻl qoʻllari bilan asta eshikni yopdi-da, loʻkidonini surib qoʻydi.

Noyabr 2005 - “Yoʻl Tovarlari”

Modullashtirilgan yorugʻlik nuri Yerdan soʻnggi xabarlarni keltirganda, yoʻl mollari doʻkonining sohibiga kechqurun radiodan eshitgan bu yangilik juda ham uzoq tuyulib ketdi. Hech narsani tushunib boʻlmasdi.

Yerda urush yetilib kelardi.

U tashqariga chiqdi va osmonga qaradi.

Ana u, Yer, kechqurungi koʻk gumbazida togʻ ortiga dumalab ketayotgan quyoshni quvib bormoqda. Mana shu yashil yulduz radio gapirgan narsaning aynan oʻzi boʻladi.
— Hech ishongim kelmaydi, — dedi baqqol.

Bu sizning u yerda emasligingizdan, — dedi ota Peregrin, u salomlashgani unga yaqinlashdi.
— Buni qanday tushunish kerak, avliyo ota?
— Mening bolaligimda ham xuddi shunday boʻlgan edi, — dedi ota Peregrin. — Biz Xitoydagi urush haqida eshitar edik. Lekin biz bunga ishonmasdik. Bu juda qadimgi gap. Juda koʻp odamlar qirilib ketgan u yerda. Buni tasavvur ham qilib boʻlmaydi. Hatto oʻsha yoqdan olib kelingan fil'mlarni koʻrganimizda ham bizlar ishonmaganmiz, hozir ham shunday boʻlayapti. Yer — oʻsha Xitoy. Haddan tashqari uzoq, shuning uchun odam ishongisi kelmaydi. Urush bu yerda emas, bizda boʻlmayapti. Ushlab koʻrish u yoqda tursin, hatto koʻz bilan koʻrib boʻlmaydi. Bor-yoʻq koʻrib turgan narsamiz yashil chiroq, xolos. Mana shu yashil chiroqda ikki milliard odam yashaydimi? Aql bovar qilmaydi! Urush? Lekin qulogʻimizga portlashlar chalinmayapti-ku?!
— Chalinib qolar, — dedi boqqol. — Men nuqul shu hafta ichi bu yerga uchib kelishi kerak boʻlgan odamlar toʻgʻrisida oʻylayman. Ular haqida qanday gaplarni aytishgan? Yaqin oylar ichida Marsga yuz mingga yaqin odam keladi, deyilgan. Menimcha, shunday. Agar urush boshlanib qolsa, ularga nima boʻladi?
— Izlariga qaytib ketishsa kerak-da.
— Ha, ha, — dedi boqqol. — Boʻpti, borib jomadonlarimning changlarini artay, hali-zamon xaridorlar bostirib kelib qolishadi.
— Agar bu biz koʻp yillardan beri kutayotgan oʻsha Katta urush boʻlsa, hamma Yerga qaytishni xohlab qoladi deb oʻylaysizmi?
— Aynan shunday, avliyo ota: qanchalik gʻalati tuyulmasin, biz hammamiz shuni xohlab qolamiz deb oʻylayman. Boʻlmasa-chi, biz siyosatdan, atom bombasidan, urushdan, amaldorlar toʻdalaridan, xurofotlardan, qonunlardan bezib bu yerga uchib kelganmiz. Bular barchasi menga kunday ravshan. Ammo baribir vatan u yoqda-da. Mana koʻrasiz, Amerikaga birinchi bomba tushishi bilan bu yerdagi odamlar oʻyga choʻmib qolishadi. Ular bu yerda juda oz yashashgan. Nari borsa ikki yil. Qirq yil boʻlganda, boshqa gap edi, endi esa axir Yerda ularning qarindosh-urugʻlari, tugʻilib oʻsgan shaharlari bor. Men-ku, sirasini aytsam, Yerga hatto ishonmayman ham, men uchun u yoʻq hisobi. Ammo men cholman, mendan hech qanday foyda-ziyon yoʻq. Men shu yerda qolsam ham boʻlaveradi.
— Yana kim biladi.
— Bu gapingiz ham toʻgʻri.

Ular yulduzlarga qaragancha ayvonda turishardi. Soʻng ota Peregrin choʻntagidan pul oldi va uni doʻkon sohibiga uzatdi.
— Darvoqe, menga bitta jomadon tanlab bering. Anovi eski jomadonim titigʻi chiqib ketgan...

Noyabr 2005 - Oʻlik Mavsum

Sem Parkxill moviy Mars qumini supurar ekan, supurgini chaqqon-chaqqon siltar edi.
— Mana boʻldi, — dedi u. — Marhamat, ser, tomosha qiling! — U qoʻli bilan koʻrsatdi. — Yozuvga qarang, yozuvga. “SEMNING ISSIQ SOSISKALARI”! Goʻzal-a, toʻgʻrimi, Elma?
— Toʻgʻri, Sem, — tasdiqladi uning xotini.
— Koʻrdingmi, men qayoqqa surib yuborganman! Endi meni TOʻRTINChI EKSPYeDIЦIYa yigitlari bir koʻrib qoʻyishsa yomon boʻlmasdi. Xudoga shukur, ishim joʻnashib ketdi, ular boʻlsa, haligacha askarcha choriqlarni sudrab yurishibdi. Bizlar esa pulni pul bilan oʻynaymiz, Elma, pul bilan! — Xotini indamay unga qarab turardi.
— Kapitan Uaylder qayerga gumdon boʻldi? — soʻradi xotini oxiri. — Anovini oʻldirgan boshligʻing bor edi-ku, anovi-chi, hamma yerliklarni bitta qoʻymay qirib tashlamoqchi boʻlgan — hah, oti qurgʻur nima edi-ya?..
— Anovi jinnini aytayapsanmi? Spender. Uchchiga chiqqan mal’un. Ha, kapitan Uaylderga kelsak... Aytishlaricha, Yupiterga uchib ketganmish. Katta odam boʻlib ketganmish. Yanglishmasam Mars ham uning abjagʻini chiqardi. Naq onasini uchqoʻrgʻondan koʻrdi, xudo haqi. Agar omadi chopsa, Yupiter va Plutondan yigirma yildan keyin qaytib keladi. U yerda lom-mim deyishga ham tili aylanmay qoladi. Tilni tiyish nimaligini oʻshanda biladi. Ana shunaqa. U yerda u sovuqdan qotib oʻladi, men-chi, bu yerda, koʻrdingmi, nimalar qilib oldim! Kiroyi joy degani bundoq boʻlibdi-da!

Ikki tashlandiq tosh yoʻl shu yerda tutashib, zulmat ichiga gʻoyib boʻlgancha shu yerda ayrilar edi. Nah chorrahaning oʻzida Sem Parkxill shishgan quroq-quroq al'yuminiydan yasalgan inshoot qad koʻtarib turardi. U oppoq nurga chulgʻanib, avtomat-radiola oʻkirigidan titrardi.

Singan shishadan yasalgan Yoʻlak chekkasidagi shisha parchalaridan yasalgan bordyurni toʻgʻrilash uchun u egildi. Shishani u togʻlardagi qadimgi Mars binolaridan ushatib kelgandi.
— Ikki sayyoradagi eng yaxshi qaynoq sosiskalar! Marsdagi birinchi sosiskafurushlar! Piyoz, qalampir, xantal — hammasi oliy sifatli! Qani endi meni birov noshud deb aytib koʻrsin-chi! Ana sizga ikkita shoh koʻcha, ana oʻlik shahar, hov anavi yerda esa, konlar. 101 Settl'ment yuk mashinalari sutkasiga 24 soat yonimizdan oʻtib turadi. Qani ayt-chi, yomon joy tanlabmanmi?

Xotini oyoqlariga qarar edi.
— Ishchilari bor bu oʻn ming yangi raketa Marsga uchib kelayapti deb oʻylaysanmi? — dedi xotini nihoyat.
— Bir oyga qolmaydi, — ishonch bilan javob berdi u. — Nega labingni burasan?
— Men anovi Yerdagi odamlarga unchalik ishonmayman, — javob berdi ayol. — Qachon oʻn ming raketa va yuz ming meksikalik va xitoyliklarni oʻz koʻzim bilan koʻraman, oʻshanda ishonaman.
— Xaridorlar, — sem Parkxill bu soʻzni salmoqlab aytdi. — Yuz ming och mijoz!
— Ishqilib, atom urushi boʻlmasin-da, — asta dedi ayol osmonga qarab. — Bu atom bombalar menga sira tinchlik bermayapti. Yerda shunchalik koʻp toʻplanib qolganki, har narsa boʻlishi hech gap emas.

Sem hm deb qoʻydi-da, supurishda davom etdi.

Koʻzining qiri bilan u moviy miltillashini payqab qoldi. Uning orqasida havoda nimadir shovqinsiz parvoz qilmoqda edi. Xotinining ovozi qulogʻiga chalindi:
— Sem, seni oshnang soʻrab keldi.

Sem oʻgirildi va havoda chayqalib turgan niqobni koʻrdi.
— Yana kelibdi! — dedi Sem supurgini koʻndalang ushlagancha.

Niqob bosh irgʻadi. U zangori shishadan yasalgan boʻlib, ingichka boʻyin ustida turardi, pastda nafis sariq shoyi libos shamolda hilpirardi. Libos ichidan xuddi toʻrday shaffof ikkita kumush qoʻl chiqib turardi. Ogʻiz oʻrnida niqobda ensiz oʻyiq boʻlib, undan musiqa sado chiqardi, qoʻllar, niqob, libos esa goh tepaga, goh pastga mayin tushib-chiqib turardi.
— Mister Parkxill, men siz bilan gaplashgani keldim yana, — dedi niqob ostidan ovoz.
— Bu yerda qorangni ham koʻrmay deb aytgan edim-ku! — oʻshqirdi Sem. — Yoʻqol, boʻlmasa Kasalni qoʻyib yuboraman!
— Kasal menda allaqachon boʻlgan, — javob berdi ovoz. — Tirik qolganlardan bittasi menman. Men juda uzoq yotdim.
— Oʻzingning togʻingga daf boʻl-da, koʻrsatgan joydan qimir etmay oʻtir. Nega bu yerga kelib, menga yopishib olasan! He yoʻq-be yoʻq. Tagʻin kunda ikki marta-ya.
— Biz sizga yomonlik qilmaymiz.
— Lekin men sizlarga yomonlik qilaman! — dedi Sem depsinib.
— Men xorijliklarni yomon koʻraman. Marsliklarni ham yomon koʻraman. Shu paytgacha bittasini ham koʻrganim yoʻq. Koʻrib ham nima qilardim. Shuncha yil allaqayerga yashirinib oʻtirishsin-da, endi birdaniga men ularga kerak boʻlib qolay, voy tovba! Meni tinch qoʻying!
— Sizda muhim ishimiz bor, — dedi moviy niqob.
— Agar Yerni aytayotgan boʻlsangiz, u meniki. Men u yerda sosiskaxonani oʻz qoʻlim bilan qurganman.
— Yerga kelganda, gapingiz bir hisobdan toʻgʻri.
— Gap bunday, ogʻayni, quloq sol, — javob berdi Sem. — Men oʻzim N'yu-Yorkdanman. Bu katta shahar; u yerda menga oʻxshaganlardan yana oʻn milliontasi bor. Sizlar marsliklar bor-yoʻgʻi yigirma yo oʻttiz nafar qolgansizlar. Sizlarda shaharlar yoʻq, togʻma-togʻ kezib yurasizlar, na hokimiyat, na qonun bor. Tagʻin sen menga Yerdan gap ochganingga oʻlaymi? Shuni qulogʻingga quyib ol: “Eski yangiga joyni boʻshatib berishi kerak, yaxshilikcha oʻz yoʻlimizdan ketaylik, yonimda toʻponcha bor, mana u. Bugun ertalab sen ketishing bilan men uni olib, oʻqlab qoʻyganman.
— Biz marsliklar — telepatlarmiz, — dedi sovuqqonlik bilan moviy niqob. — Oʻlik dengizning narigi tomonida shaharlaringizdan bittasi bilan biz aloqa oʻrnatganmiz. Siz bugun radioni eshitdingizmi?
— Mening piryomnigim zanglab qolgan.
— Demak, siz hech narsadan bexabarsiz. Juda muhim yangiliklar bor. Yerga daxldor.

Kumush qoʻl bir harakat qilgan edi, unda bronza goʻshak paydo boʻldi.
— Yoʻq demasangiz, men buni sizga koʻrsataman.
— Toʻpponcha! — asta qichqirib yubordi Sem Parkxill.

Gʻilofdan toʻpponchasini oldi-da, u tumanli qiyofaga, libosga, moviy niqobga qarab oʻt ochdi.

Niqob bir lahza havoda qotib qoldi. Soʻng shoyi libos shitirladi-da, qatma-qat mayin taxlanib-taxlanib, xuddi moʻ’jaz sirk chodiriday yerga quladi, kumush qoʻllar tosh terilgan yoʻlakni tirnadi. Va niqob oppoq suyak va mato uyumi ustini unsiz qoplab oldi.

Semning nafasi ichiga tushib ketdi.

Xotini chayqalgancha marslikning jasadi ustida turardi.
— Bu qurol emas, — dedi ayol egilib bronza goʻshakni olar ekan. — Bu xat boʻlsa kerak. U senga koʻrsatmoqchi boʻlgan. Xat qandaydir ilon alifbosida yozilgan, qara — hammasi bir xil moviy ilon. Men bu belgilarni oʻqiy olmayman. Sen-chi?
— Yoʻq.
— Bu marscha piktogrammalardan nima foyda, tashlab yubor! — U atrofga oʻgʻrilardek alanglab qaradi. — Tagʻin boshqalari ham bostirib kelib qolmasin! Uni tezroq koʻzdan yoʻqotish kerak. Qani, belkurakni ber-chi!
— Nima qilmoqchisan?
— Koʻmaman, boshqa nima qilardim?
— Uni oʻldirmaslik kerak edi.
— Nachora, xato qildim. Boʻla qol!

Ayol unga indamay belkurakni olib kelib berdi.

Soat sakkizlarga yaqin Sem Parkxill qaytib keldi va sosiskaxona oldidagi maydonchani aybdorlarcha supurishga tutindi. Xotini qoʻllarini koʻkragiga qoʻyib, nur tushib turgan eshik oldida turardi.
— Chakki boʻldi-da, — dedi er.

U xotiniga bir qarab qoʻyib, koʻzini chetga oldi. — Koʻrding-ku oʻzing, tasodifan shunday boʻlib qoldi, vaziyat shunaqa boʻlib qoldi.
— Ha, — dedi xotin.
— U qurolni olganida gʻazabdan oʻzimni tutolmadim.
— Qanaqa qurol?
— Shunchaki, menga qurol boʻlib koʻrindi-da! Afsus, afsus! Yana necha martalab takrorlashim kerak!
— Jim! — dedi El'ma barmogʻini labiga qoʻyib. — Jim!
— Menga baribir, — dedi Sem. — Men bir oʻzim emasman. Bir nima boʻlgudek boʻlsa, bugun “Settel'menlik yerliklar, inkorporeyted” men tomonda! — U nafrat bilan pishqirib qoʻydi. — Marsliklar kulsa undan nari...
— Katta gapirma, — uning soʻzini boʻldi El'ma.

Sem qurib qolgan dengiz tomonga qarab qoʻydi. U supurgini qoʻlidan tashlab yubordi, soʻng yana oldi; u angrayib turardi. Lablaridan moshdekkina soʻlak tomchisi uzilib tushdi-da, shamolda uchib ketdi. Birdan a’zoi badani titray boshladi.
— El'ma! El'ma! El'ma! — deb yubordi u.
— Ana kelishdi, — dedi El'ma. Koʻhna dengiz tubidan xuddi moviy arvohlardek moviy tutunlar kelardi, moviy yelkanlar ostida oʻn-oʻn ikkitacha baland Mars qum kemalari sirpanib kelardi.
— Qum kemalar! Ammo ular qolmagan edi-ku, El'ma! Ular yoʻq boʻlib ketgan edi-ku!
— Nima boʻlganda ham bu ularning kemalariga oʻxshayapti, — dedi ayol.

Qanaqasiga? Hukumat ularni musodara qilgan-ku! Hammasini majaqlab tashlashgan, faqat bir nechtasini kimoshdi savdosida sotishgan! Butun okrugimizda bir men shu kemani sotib olgan edim, uni qanday haydashni bilaman!
— Qolmaganmish... — takrorladi El'ma dengiz tomonga bosh irgʻab.
— Boʻla qol, bu yerdan tezroq juftakni rostlamasak boʻlmaydi!
— Nimaga? — Choʻzib dedi ayol, Mars kemalariga sehrlangandek qarab.
— Ular meni oʻldirishadi! Mashinaga chiq tezroq!

El'ma joyidan qimir etmasdi.

Sem uni sosiskaxonaga zoʻrlab sudrab olib ketdi. Bu yerda ikkita mashina turardi: bittasi yaqin-yaqingacha mudom aylanib yuradigan yuk mashinasi va ikkinchisi kimoshdi savdosida ermak uchun sotib olgan koʻhna Mars qumkemasi edi. Soʻnggi uch haftada u bu kemada dengizning narigi tomonidan silliq tub boʻylab har turli yuklar tashirdi. Yuk mashinasiga qaradi-yu, esiga tushdi. Motor yerda yotardi — uni ta’mirlash bilan u ikki kundan beri ovora edi.
— Yuk mashinasi yurishga yaramasa kerag-ov, — dedi El'ma.
— Qumkema! Oʻtir tezroq!
— Meni shu kemada olib ketmoqchimisan? He yoʻq-be yoʻq.
— Oʻtir! Hayday olaman!

Sem xotinini ichkariga qarab turtdi, oʻzi izma-iz sakrab chiqdi-da, oqshomgi shamolga kobal't yelkanni roʻpara qilib, rulni qattiq turtdi.

Charaqlagan yulduzlar ostida moviy Mars kemalari shitirlagan qumlar boʻylab oʻqdek sirpanib kelardi. To langar esiga tushib, uni joyidan sugʻurib olmaguncha, Semning kemasi joyidan qimir etmay turdi.
— Ketdik!

Kuchli shamol qumkemani oʻlik dengiz tubi boʻylab surib ketdi, pastda esa billur qoyalar qum bosib yotar, ustunlar agʻdarilgan, marmar va misdan qilingan tashlandiq bandargohlar koʻzga tashlanar, oʻlik shaharlarning oppoq shaxmat donalari koʻrinar, qirmizi togʻ yonbagʻirlari yastanib yotar edi... Sem orqasidan yetib kelmaguncha Mars kemalari tobora siyraklashib boraverdi.
— Bopladim-a, burnini yerga ishqadim-a! — qichqirdi Sem. — Endi esa “Raketa kompaniyasi”ga xabar qilaman, ular menga qoʻriqchi berishadi. Ayt, qotmagan boshimni qotirmasin!
— Agar xohlashganida, seni tutib olib ketishlari ham mumkin edi, — horgʻin javob berdi El'ma. — Faqat bu ularga unchalik kerak boʻlmagan.

Sem kulib qoʻydi.
— Qoʻyaver, meni qoʻyib yuborisharmidi? Yetisholmadi, vassalom!
— Yetisholmadi? — El'ma boshini irgʻab uning ortiga ishora qildi.

Sem orqasiga oʻgirildi. Ustidan sovuq suv quygandek boʻldi. U qayrilib qarashga ham qoʻrqdi. U orqadagi oʻrindiqda, izgʻirinli tongdagi odam nafasidek muvaqqat va langʻillab turgan gʻoʻlachalar uzra suzib yurgan moviy dudga oʻxshash, moʻrt qamishdagi qirovni eslatuvchi eski zamon oq kashtalariga oʻxshash va charx urgan qor zarralariga oʻxshash allanarsa bordek his qildi.

Yupqa shisha singandek ovoz quloqqa chalindi: kulgi. Soʻng yana jimlik. U orqasiga oʻgirildi. Kema tumshugʻida, rul yonida bir yosh ayol xotirjam oʻtirardi. Barmoqlari sumalakdek ingichka, koʻzlari oyday yorqin va katta-katta, chaqnoq, xotirjam.

Shamol uni tebratar, u esa bamisoli suvdagi aksdek chayqalardi, shoyi libosining moviy yomgʻir jilgʻalaridek burmalari uning nozik badani atrofida lip-lip qilar edi.
— Orqaga buriling, — dedi ayol.
— Yoʻq, — Semning badani jimirlab, xuddi havoda osigʻliq nafis matodek titrar edi, u qoʻrquv va gʻazab oʻrtasidagi sarhadda ikkilanib turardi. — Yoʻqol mening kemamdan!
— Bu sizning kemangiz emas, — javob berdi arvoh. — U bizning dunyomiz kabi qadimiy. U bundan oʻn ming yil muqaddam, dengiz qurib, bandargoh huvillab qolganda ham qumda yurar edi, sizlar esa, kelgandilar, uni oʻgʻirlab, oʻzlaringizniki qilib oldingiz. Qani, orqaga buring-da, uni chorrahaga olib borib qoʻying. Biz siz bilan gaplashishimiz kerak. Gʻoyat muhim bir narsa sodir boʻldi.
— Yoʻqol kemamdan! — dedi Sem. U toʻpponchani chiqarganda charm gʻilof gʻichirlab ketdi. U obdon nishonga oldi. — Sakra, uchgacha sanayman...
— Kerak emas! — qichqirib yubordi qiz. — Men sizga hech qanday yomonlik qilmadim-ku, boshqalar ham. Biz yaxshilik bilan keldik.
— Bir, — dedi Sem.
— Sem, — dedi El'ma.
— Gapimga quloq soling, — iltimos qildi qiz.
— Ikki, — shafaqatsizlarcha dedi Sem, tepkini koʻtarib.
— Sem! — qichqirdi El'ma.
— Uch, — dedi Sem.
— Biz faqat... — gap boshladi qiz.

Toʻpponcha qars etdi.

Quyosh nurlarida qor eriydi, qor zarralari bugʻga, hech narsaga aylanadi. Oʻchoq alangasida dahshatli maxluqlar raqs tushib, qular edi. Barcha moʻrt va zaif narsalar vulqon kraterida parchalanib ketadi va gʻoyib boʻladi. Otilgan oʻqdan, olovdan, zarbadan qiz bamisoli gaz sharfidek yengil qulab tushdi, muz haykalchadek erib ketdi. Undan qolgan u-bu narsalar — muz parchalari, qor uchqunlari, dud, — barini shamol uchirib ketdi. Kema tumshugʻidagi oʻrindiq boʻm-boʻsh boʻlib qoldi.
— Sem xotiniga qaramaslikka harakat qilib, toʻpponchani gʻilofiga soldi. Oy nuriga koʻmilgan qum dengizi boʻylab kemaning shitirlab yugurishi atigi bir daqiqagina quloqqa chalinib turdi.
— Sem, — dedi ayol oxiri, — kemani toʻxtat.

Boʻzdek oqarib ketgan Sem xotiniga yuzlandi.
— Yoʻq, bunday qilolmaysan. Shuncha yillardan keyin sen meni tashlab ketolmaysan.

Ayol toʻpponcha dastasi ustida yotgan erining qoʻliga qaradi.
— Nimayam derdim. Sening qobiliyatingga ishonaman, — dedi ayol.
— Sendan bu narsani kutsa boʻladi.

U barmoqlari bilan rulni qisib, boshini chayqadi.
— El'ma, jinni boʻlma. Hozir shaharga kelamiz-da, xatardan qutulamiz!
— Ha, ha, — javob berdi xotini loqayd oʻzini orqaga tashlab.
— El'ma, gapimga quloq sol.
— Senga aytadigan gapim yoʻq, Sem.
— El'ma!

Ular oq shaxmat shaharchasi yonidan ketishdi va zaif gʻazab oʻtida yongan Sem birin-ketin billur minoralarga qarab olti marta oʻq uzdi. Oʻq gumburidan shahar mayda shisha boʻlaklariga boʻlinib, tutday toʻkildi-qoʻydi. Goʻyo u sovundan qirqib yasalganday har tomonga sochilib, erib ketdi. Shahardan nom-nishon qolmadi. Sem qah-qah urib kuldi-da, yana oʻq uzdi. Soʻnggi minora, soʻnggi shaxmat donasi yonib ketdi, uchqunlanib chaqnadi-da, moviy payrahalarga aylanib, yulduzlar tomon uchib ketdi.
— Men ularga koʻrsataman! Men hammasiga koʻrsatib qoʻyaman!
— Boʻpti, boʻpti, Sem. Koʻrsataver. —Xira soya uning yuzini toʻsib oldi. — Iye, yana bitta shahar bor ekan! — Sem yana toʻpponchani oʻqladi. — Hozir uni nima qilishimni bir koʻrib qoʻy!

Orqadan esa moviy kema-arvohlarning koʻlankalari shiddat bilan yaqinlashib, tobora kattalashib borardi. Avvaliga u hatto ularni koʻrmadi ham, faqat goʻyo qum ustida poʻlat gʻichirlagandek, hushtak va chiyildoq baland ohangni eshitdi: U qum kemalarning oʻtkir tigʻli burunlari bilan dengiz tubi yuzasini kesayotgandagi chiqqan ovoz edi. Qizil va moviy nishonlar ostidagi moviy kemalarda koʻk qiyofalar, niqob kiygan odamlar, kumush yuzli odamlar, koʻz oʻrnida moviy yulduzi bor odamlar, yopishtirma oltin quloqli odamlar, temir iyakli va yoqut labli odamlar turar edi. Ular qoʻllarini koʻkraklariga qoʻygancha turar edilar. Ular marsliklar boʻlib, uni ta’qib qilmoqda edilar.

Bir, ikki, uch... Sem sanardi. Mars kemalari unga juda yaqin keldi.
— El'ma, El'ma, men hammasiga bas kelolmayman.

El'ma javob bermadi, hatto qimir ham etmadi.

Sem sakkiz marta oʻq uzdi. Bir qum kema mayda-mayda boʻlaklarga boʻlinib ketdi, yelkanlar, zumrad kema tanasi, uning bronza qorni, oysimon oppoq ruli va boshqa qismlari toʻkilib tushdi. Niqobdagi odamlar bitta qolmasdan kemadan yiqilib tushishdi, qumga koʻmilib ketishdi va ularning har biri ustidan olov yalligʻlandi, avval qizgʻish tusda yalligʻlandi, soʻng qop-qora qurum boʻlib, burqsab ketdi.

Biroq boshqa kemalar hamon yaqinlashib kelar edi.
— Ular juda ham koʻp ekan, El'ma! — qichqirdi Sem. — Ular meni oʻldiradilar!

U langarni irgʻitdi. Foydasiz. Yelkan taxlam-taxlam boʻlib, hansiragancha pastga uchib ketdi. Kema, shamol, harakat — hamma narsa toʻxtadi. Marsning ulugʻvor kemalari Semni qurshab olib, uning boshi uzra gʻoz turganda butun Mars qotib qolgandek boʻldi.
— Yerlik, — allaqayoqdan balanddan kelgan ovoz quloqqa chalindi.

Kumush niqoblardan biri qimirladi, yoqut lablar soʻzlarga monand tarzda yaltilladi.
— Men hech narsa qilganim yoʻq! — Sem oʻzini qurshab olgan basharalarga qaradi. — Ular yuztadan kam emas edi.

Marsda juda oz marslik qolgan edi — narisi bilan yuz-yuz ellikta. Ularning barchasi shu yerda, oʻlik dengiz tubida, oʻzlarining qayta tirilgan kemalarida, qirilib ketgan shaxmat shaharlari yonida edilar, shaharlardan bittasi hozirgina tosh tekkan nozik guldonga oʻxshab, mayda-mayda boʻlib ketdi. Kumush niqoblar yaraqlar edi.
— Bular barchasi anglashilmovchilik, — dedi u bort ustiga kelib turib; uning xotini hamon kema tubida muk tushib, chala oʻlik boʻlib yotardi; men

Marsga xususiy ishbilarmon, biznesmen sifatida uchib kelganman, bunaqalari bu yerda koʻp. Parchalangan raketa boʻlaklaridan oʻzimga doʻkoncha qurib oldim, doʻkoncha, oʻzingiz koʻrganingizdek, binoyidek, chorrahaning shundoq oʻzida. Bu joyni siz bilasiz. Quling oʻrgilsin qilib ishlangan-a, toʻgʻrimi? — Sem nigohini bitta basharadan boshqasiga olgancha, hiringlab kuldi. — Bu yerda boʻlsa, mana bu marslik paydo boʻlib qoldi, bilaman — u sizning oshnangiz. Men uni bilmay oʻldirdim, ishoning, bu baxtsiz hodisa. Menga hech narsa kerak emas, men faqat sosiskaxona ochmoqchi edim, bu Marsda yagona birinchi, markaziy sosiskaxona boʻlardi, men sizga aytsam. Tushunayapsizmi? Butun sayyorada eng yaxshi qaynoq sosiskalarni, padariga qusur, qalampirli va piyozli sosiskalarni ulashish, yana poʻrtahol sharbatini manzirat qilish qandoq zoʻr.

Kumush niqoblar oy nurida harakatsiz yaltirar edi. Semga tikilgan sariq koʻzlar ham chaqnar edi. Uning oshqozoni qorni ichida qisilib, bir dumaloq toshga aylanib qoldi. U toʻpponchasini qumga irgʻitdi.
— Taslim boʻldim.
— Toʻpponchangizni oling, — bir ovozdan deyishdi marsliklar.
— Nima?
— Toʻpponchangizni? — Moviy kema burni uzra jimjimador qoʻl uchib chiqdi. — Oling uni, yoʻqoting.

Hamon ishonmagancha u toʻpponchani oldi.
— Endi esa, — davom etdi ovoz, — kemani agʻdaring-da, doʻkoningizga qarab tuyogʻingizni shiqillating.
— Hoziroqmi?
— Hoziroq! — dedi ovoz. — Biz sizga hech qanday yomonlik qilmaymiz. Sizga tushuntiramiz deguncha siz qochib qoldingiz. Qani, orqamizdan yuring.

Ulkan kemalar oppoq momiqlardek yengil oʻnglanib olishdi. Qanotli yelkanlari asta havoda pirpiray boshladi, goʻyo birov kafti bilan turtgandek. Oʻnglanayotgan niqoblar charaqlardi, soyalar muzdek olov boʻlib kuydirar edi.
— El'ma! — Sem inqillab-sinqillab kemaga tirmashib chiqdi. — Chiq, El'ma. Qaytamiz. — U nogahoniy xaloskorlikdan shu qadar oʻzini yoʻqotgan ediki, hatto uning ogʻzidan chiqayotgan soʻzlarni ham anglab boʻlmasdi. — Ular meni hech narsa qilmaydilar, meni oʻldirmaydilar, El'ma. Chiq, musichaginam, oʻrningdan tur.
— Nima... Nima? — El'ma sarosimalanib atrofga jovdirardi va ularning kemalari shamolda oʻnglanguncha ayol xuddi tushdagidek asta oʻrnidan turdi va tosh toʻldirilgan qopdek, boshqa bir ogʻiz ham soʻz aytmay, oʻrindiqqa ogʻir choʻkdi. Kema ostidagi qum orqaga qochardi. Yarim soatdan keyin ular yana chorrahada paydo boʻlishdi, kemalar langar tashlab, hamma pastga tushdi.

Sem va El'ma roʻparasiga marsliklarning Boshligʻi kelib toʻxtadi:

Niqob jilvirlangan bronzadan yasalgan, koʻzlari — tubsiz qop-qorongʻi jarlik, ogʻiz — soʻzlar shamolday uchib chiqayotgan gʻor.
— Doʻkoningizni shaylang, — dedi ovoz. Havoda olmos qoʻlqopli qoʻl yilt etdi. — Shirinliklar tayyorlang, ziyofat tayyorlang, oʻzga yurt sharobidan tayyorlang, zero bugungi tun — haqiqatdan ham buyuk tundir!
— Bundan chiqdi, — soʻz qotdi Sem, — siz bu yerda qolishimga izn berayapsizmi?
— Ha.
— Mendan jahlingiz chiqmayaptimi?

Niqob jiddiy va qahrli, sovuqqon va soʻqir edi.
— Oʻzingizning yemakxonangizni tayyorlang, — asta dedi ovoz. — Endi mana buni oling.
— Bu nima? — Sem sirtida ilonsimon iyerogliflar chuvalangan yupqa kumush varaq naychaga tikilib qoldi.
— Bu kumush togʻlardan moviy tepaliklargacha, oʻlik dengizdan oy toshi va zumradlari boʻlgan olis vodiylargacha Yerdan yuborilgan tuhfa, — dedi Boshliq.
— Hammasi menikimi? — bidirladi Sem quloqlariga ishonmay.
— Sizniki.
— Yuz ming kvadrat mil-a?
— Sizniki.
— Eshitdingmi, El'ma?

El'ma yerda orqasi bilan sosiskaxonaning alyuminiy devoriga suyanib oʻtirardi; u koʻzlarini yumib olgan edi.
— Axir nega, ne sababdan bularning hammasini menga in’om etayapsiz? — Temir oʻyiqli koʻzga qarashga harakat qilib, soʻradi Sem.
— Bu hammasi emas. Mana.

Yana oltita naycha. Boshqa yerlarning belgilari, nomlari ovoz chiqarib bitta-bitta sanaladi.
— Axir bu Marsning teng yarmi-ku! Men Marsning yarmiga xoʻjayinman! — Sem naychalarni El'maning yuzi oldida silkitgancha devonavor qah-qah urib kular edi. — El'ma, eshitdinmi?
— Eshitdim, — javob berdi El'ma osmonga qarab.

Aftidan u nimanidir qidirardi. U asta-sekin oʻziga kelmoqda edi.
— Rahmat, katta rahmat, — dedi Sem bronza niqobga.
— Bu bugun tunda sodir boʻladi, — javob berdi niqob. — Shay boʻlib turing.
— Boʻpti, darvoqe, bugun nima boʻladi — biron bir kutilmagan narsami? Bu yerdan raketalar, e’lon qilingandan oldinroq, muddatidan bir oy avval uchib keladimi? Odamlari bilan, konchilari bilan, ishchilari va ularning xotinlari bilan barcha oʻn ming odam, yuz ming odam uchib keladi dedingizmi? Juda zoʻr boʻlar edi-ku, toʻgʻrimi, El'ma? Koʻrdingmi, axir aytgan edim-a, bu qishloqda mingta aholi bilan ish bitib qoʻya qolmaydi devdim-a. Bu yerga yana ellik ming odam uchib keladi, bir oydan keyin — yuz ming odam, yil oxiriga borib hammasi boʻlib — Yerdan besh million odam keladi! Eng serqatnov yoʻl ustida, konlarga boradigan yoʻlda mening yakkayu-yagona sosiskaxonam, mening sosiskaxonam qad koʻtarib turadi!

Niqob shamolda parvoz qilardi.
— Biz endi ketamiz. Shaylaning. Butun mana shu oʻlka sizlarga qoladi.

Uchar oy nurida qadimgi kemalar — qazilma gullarning ma’dan yaproqlari, moviy sultonlar, ulkan va shovqinsiz koʻm-koʻk kapalaklar — orqaga burilishdi va silliq qumdan sirpanib ketishdi, niqoblar esa hamon nur taratib yaltirar edi, bu hol soʻnggi shu’la, soʻnggi moviy ziyo tepaliklar orasida koʻzdan yoʻqolmaguncha davom etib turdi.
— El'ma, ular nega bunday qilishdi? Nega meni oʻldirishmadi? Nahotki ular hech narsani bilmasalar? Ularga nima boʻldi oʻzi? El'ma? Hech narsani tushuna oldingmi? — U ayolning yelkasidan siltaladi. — Marsning yarmi — meniki!

Ayol osmonga qaradi, u nimanidir kutmoqda edi.
— Ketdik, — dedi Sem. — Hamma narsani shaylash kerak. Sosiskani qaynatish, bulochkalarni isitish, qalampir sousini qaynatish, piyozni tozalab, toʻgʻrash, ziravorlarni joy-joyiga qoʻyish, salfetkalarni xaltachalarga solib qoʻyish kerak, hammayoq yogʻ tushsa yalagudek toza boʻlib turishi kerak! Eh-he! — U tovonlarini baland irgʻishlatgancha qandaydir usulsiz raqsda chaqqon harakatlar qildi. — Men baxtliman, yigitcha, baxtliman, ser, oʻzicha xirgoyi qildi u. — Bugun mening baxtli kunim!

U telbalardek ishlar edi: sosiskalarni qaynayotgan suvga irgʻitar, bulkalarni koʻndalangiga parraklar, piyozni qiymalardi.
— Anovi marslik nima deganini eshitdingmi — kutilmagan voqea emish! Bu yerda faqat bir narsa boʻlishi mumkin, El'ma. Mana bu yuz ming odam muddatidan ilgari uchib kelayapti bugun tunda, uchib kelayapti! Bu yerda qanaqangi jiz-biz boʻlib ketishini oʻylayapsanmi! Yarim tungacha ishlaymiz, har kuni, u yerda esa yana turistlar bostirib keladi, El'ma. Bu pul degani yomgʻirdek yogʻiladi hali.

U tashqariga chiqdi va osmonga qaradi. Osmonda hech narsa koʻrinmas edi.
— Har daqiqada, — dedi u muzdek havodan huzur qilib simirgancha; kerishib, koʻkragiga urib qoʻydi. – Oh-oh!

El'ma sukut saqlardi. U qovurdoqqa kartoshka tozalab archir va bir koʻzi osmonda edi.

Yarim soat oʻtdi.
— Sem, — dedi u. – Ana u. Qara.

Sem qaradi va koʻrdi.

Yer.

Bamisoli did bilan ishlov berilgan yorqin, yam-yashil Yer tepaliklar ortidan koʻtarilib kelardi.
— Momo Yer, — mehr bilan shivirladi Sem. — Jondan aziz Momo Yer. Och va yalangʻoch odamlaringni bu yoqqa, mening oldimga yubor. E... Anovi she’rda nima der edi? Och odamlaringni oldimga yubor, Momo Yer. Sem Parkxill hoziru nozir, qaynoq sosiskalar sizga muntazir. Qaynamoqda sous, suvga toʻlar ogʻiz. Boʻla qol, Yerjon, yubor raketalaringni!

U kashfiyotidan zavqlangani bir chetga oʻtdi. Mana u, sosiskaxona, oʻlik dengizning tubida archilgan tuxumdek yaltillab turibdi, yuzlab millik biydek choʻlda nur va issiqlikning yagona manbai. Bahaybat qora badanda yolgʻiz tepib turgan yurakning oʻzginasi.

U hatto hayajonlanib ketdi va koʻzlari faxr yoshlaridan namlandi.
— Bunda xohlasang-xohlamasang yuvosh tortib qolasan, — dedi u qaynab turgan sosiskalar, issiq bulochkalar va sariyogʻ isini ichiga tortarkan. — Kelib qoling, — yuzlandi u yulduzlarga, — olib qoling. Qani, kim birinchi?
— Sem, — dedi El'ma, tim qora osmondagi Yer birdan oʻzgara boshladi.

U alangalandi.

Yer barkashining bir qismi toʻsatdan million zarralarga parchalanib ketdi — goʻyo ulkan quroqsurat toʻkilib tushgandek boʻldi. Bir daqiqa oʻtgach, Yerni uch oʻlchamga kattalashgan dahshatli alanga tillari chulgʻab oldi, soʻng qisqara boshladi.
— Nima boʻlgan edi unga? — Sem osmondagi yashil olovga qarab turardi.
— Yer, — javob berdi El'ma qoʻllarini koʻkragiga bosib.
— Qanaqasiga bu Yer boʻlar ekan, bu Yer boʻlishi mumkin emas! Yoʻq, yoʻq, Yer emas! Boʻlishi mumkin emas.
— Boʻlishi mumkin emas, deysanmi? — dedi El'ma unga qarab. —Endi bu Yer emas, ha, endi bu ortiq Yer emas, — sen shunday demoqchimiding?
— Yer emas, yoʻq, yoʻq, bu Yer emasdi, — ulib dedi xotini.

U qimir etmay turardi, qoʻllari soch oʻrimlaridek osilib turardi. Ogʻzi ochiq, ma’nosiz koʻzlarining paxtasi chiqqan.
— Sem, — chaqirdi ayol. Necha kunlardan beri birinchi marta uning koʻzlari jonlandi. — Sem!

Sem yuqoriga, osmonga qaradi.
— Xoʻsh, — dedi ayol. Bir daqiqa jimlikdan soʻng nigohini bir narsadan boshqasiga oldi, soʻng hoʻl sochiqni shiddat bilan bilagidan oshirib tashladi. — Chiroqni yoq, koʻproq yoq, radioni qoʻy, eshiklarni lang ochib qoʻy! Mehmonlarning yangi toʻdasini kut — taxminan million yilcha. Ha, ha, ser, hamma narsa tayyor boʻlguncha.

Sem qimir etmasdi.
— Eh, sosiska uchun qanday bemisil joy! — ayol stakandan tish tozalagich — xilola oldi-da, kurak tishlari orasiga suqdi. — Men senga bir sirni aytaman, Ser, — shivirlab dedi u eri tomon egilib, — nazarimda, oʻlik mavsum boshlanayotganga oʻxshaydi...

Noyabr 2005 - Kuzatuvchilar

Oʻsha kuni oqshom hamma uyidan chiqdi-da, osmonga tikilib qoldi. Ovqat ovqat joyida, idish idish joyida, kino kino joyida qolaverdi, hamma oʻzlarining endilikda u qadar yangi boʻlmay qolgan ayvonchasiga chiqdi-da, yam-yashil Yer sayyorasiga ikki koʻzlarini qadab olishdi. Bu mutlaqo noixtiyoriy tarzda sodir boʻldi; ular hozirgina radio tarqatgan yangilikning ma’nosini chaqishga tirishayotgandek yoʻl tutdilar. Ana u — Yer, u yerda urush pishib kelayotibdi, u yerda yuz minglab onalar, buvilar, otalar, aka-ukalar, amma-xolalar, amaki-togʻalar, egachi-singillar bor. Ular ayvonda turgancha oʻzlarini Yerning borligiga ishontirmoqchi boʻlar edilar; Bu bir vaqtlar Marsning borligiga ishonishdek qiyin bir narsa edi: nuqulgina telba-teskari jumboq. Sirasini aytganda-ku, Yer ular uchun oʻlikdek bir narsa, ular u bilan uch yoki toʻrt yil avval xayrlashishgan. Masofani oʻylasa, yurak uvishib ketadi, yetmish million yil tuygʻularni boʻgʻadi, xotirani tilka-pora qiladi, Yerni kimsasizga aylantiradi, oʻtmishni sidirib tashlaydi va bu odamlarga bu yerda hech narsani oʻylamasdan mehnat qilish imkonini beradi. Lekin bugun oqshom oʻlganlar oyoqqa turdi, Yerda yana hayot boshlandi, xotira uygʻondi va ular koʻplab nomlarni tilga oldilar. Anavi erkak nima qilayapti-yu, manavi ayol nima qilayapti? Falonchi nima boʻldi? Odamlar oʻz ayvonlarida turib, bir-birlariga qarar edilar.

Soat toʻqqizda Yer goʻyo portlab ketdi va gurillab yona boshladi.

Ayvondagi odamlar xuddi olovni oʻchirmoqchi boʻlgandek qoʻllarini tepaga irgʻitdilar.

Ular kutar edilar.

Yarim tunga kelib yongʻin soʻndi. Yer oʻz oʻrnida qoldi. Ayvonlar boʻylab yengil nafas kuz shabadasidek yelib oʻtdi.
— Garridan biz hech narsa eshitmaganimizga ancha boʻldi.
— Unga nima qilardi?
— Oyimga xabar yuborsakmikan?
— U soppa-sogʻ.
— Ishonching komilmi?
— Boʻpti, faqat oʻzingni bos.
— Oyimga hech narsa boʻlmagan deb oʻylaysanmi?
— Boʻlmasa-chi, ketdik, uxlaymiz.

Biroq hech kim ketmadi. Tungi maysazorga sovub qolgan kechlik ovqatni chiqarishdi, dasturxon tuzashdi va odamlar tungi soat ikkigacha, Yerdan nur radiosi xabari kelmaguncha ovqatni sanchqilari bilan erinibgina kovlar edilar. Bamisoli uzoqdan uchib kelayotgan tillaqoʻngʻizlardek morze harflari yalt-yult qilib koʻzga tashlanardi va ular oʻqir edilar;

Koʻz Koʻrib Quloq Eshitmagan Atom Ombori
Portlashidan Avstraliya Qit’asi Kuyib Kulga Aylandi.
Los-Anjeles, London Bombardimon Qilindi.

Urush. Uyga Qayting, Uyga, Uyga.

Ular stoldan oyoqqa qalqdilar.

Uyga Qayting, Uyga, Uyga, Uyga.

— Sem, bu yil akang Taddan biror narsa oldingmi?
— Bilmagandek gapirasan-a: Yerga xat yuborish besh tanga turadi. Bunga nimani ham yoza olarding.

Uyga Qayting.

— Men negadir Jeyndan xavotirdaman — Jeyn singilcham esingdami?

Uyga.

Salqin tong otganda, soat uchda “Yoʻl tovarlari” doʻkonining egasi boshini chiqardi. Koʻchadan odamlarning butun bir toʻdasi kelar edi.
— Men esa bilib turib yopmagan edim. Nima olasiz, mister?

Tongga yaqin doʻkonning barcha tokchalari boʻm-boʻsh boʻlib qolgandi.

Dekabr 2005 - Sokin Shaharlar

Oʻlik Mars dengizi chekkasida sokin oq shaharcha yastangan. U huvillab yotardi. Koʻchalarda zogʻ uchmasdi. Kunduzi va kechasi univermaglarda tanho chiroqlar yonib turardi. Doʻkonlarning eshiklari lang ochiq, goʻyo odamlar yopishni unutib, juftakni rostlab qolgandek. Goʻristondek jim-jit tamaddixonalarga kiraverishdagi sim dorlarda oʻqilmagan, quyoshda sargʻaygan jurnallar shitirlar edi, ular bir oy muqaddam kumushrang raketa yordamida Yerdan keltirilgan edi.

Shaharcha oʻlik edi. Undagi toʻshaklar huvillagan va muzdek. Yakkayu yagona ovoz — simlardagi va yaqin-yaqingacha oʻzlari bilan oʻzlari boʻlib yashab kelgan dinamo mashinalardagi tokning vizillashigina quloqqa chalinardi. Hammomdan toshib chiqqan suv turar-joy xonalariga, ayvonchalarga, moʻ’jaz bogʻchalarga oqib kirib, tashlandiq gullarni sugʻorar edi. Tim-qorongʻi tomosha zallarida koʻplab oʻrindiqlarga pastdan yopishtirib tashlangan, hali tish izlari ham ketmagan saqichlar qotib yotardi.

Shaharcha ortida kosmodrom bor edi. Soʻng raketa Yerga tomon yoʻl olgan joyda haligacha achchiq tutun taratib tarashalar burqsirdi. Agar tangani teleskopga tushirib, uni Yerga qarab burilsa, u yerda quturib turgan katta urushni tomosha qilish mumkin boʻlardi. Deylik N'yu-Yorkning qanday portlayotganini ham koʻrsa boʻlardi. Yangi xildagi tuman qoplagan Londonni tomosha qilsa boʻlardi. Shundagina bu Mars shaharchasini nega tashlab ketishlarini tushunish mumkin boʻlardi. Odamlar juda tez koʻchib ketganmidi? Duch kelgan doʻkonga kiring, gʻazna tugmachasini bosing. Tangalari charaqlab va jangirlab quticha irgʻib chiqadi. Ha, Yerda ishlar yomonga oʻxshaydi... Shaharchaning huvillagan koʻchalari boʻylab ohista hushtak chalgan va bir maromda oldidagi boʻsh qutini tepib quvlagancha bir baland boʻyli ozgʻin odam borardi. Tund, xotirjam nigohi uning soʻqqaboshligini yaqqol koʻrsatib turardi. U yap-yangi tangalar jangirlab turgan choʻntagiga qoq suyak qoʻllarini suqdi. Bir tangani asfal'tga tushirib yuborib, miyigʻida kulib qoʻydi va yaltiroq tangalarini koʻchaga sepib borgancha yoʻlida davom etdi...

Uning ismi Uolter Gripp edi. Koʻm-koʻk Mars togʻlarida uzoq-uzoqlarda uning oltin koni va tanho kapasi bor edi va u har ikki haftada oʻziga yuvosh, oqila ayolni xotinlikka olgani qidirib shaharga tushar edi. Bu hol bir necha yildan beri takrorlanib kelar edi va har gal u oʻsha-oʻsha hafsalasi pir boʻlgan, ikki qoʻlini burniga tiqqan holda yolgʻiz qaytib kelar edi. Bir hafta burun shaharga kelib, u nimani koʻrdi deng!

Oʻsha kuni u shu qadar hang-mang boʻlib qolgan ediki, duch kelgan birinchi tamaddixonaga kirdi-da, birvarakay uchta goʻshtli sendvich buyurdi.
— Hammasi boʻladi! — qichqirdi u. U peshtaxtaga yemaklarni va sal avval pechdan olingan nonni terib qoʻydi-da, stoldan changlarni qoqdi, oʻziga-oʻzi oʻtirishga izn berib, biron-bir oʻtkir ichimlikka ehtiyoj sezmaguncha ovqatni paqqos tushirdi. Uolter Gripp degan doʻkon sohibi oʻtaketgan ziyrak odam chiqib qoldi va koʻz ochib yumguncha unga vishillaydigan ichimlik quyib berdi.

U jinsi shimi choʻntaklariga qoʻliga ilingan qogʻoz pullarini tiqib toʻldirdi. Aravasiga oʻn dollarlik qogʻoz pullardan yukladi va jazavaga tushgan koʻyi shahar boʻylab yugurib ketdi. Shahar chekkasidayoq birdan uning miyasiga, menga nima boʻldi oʻzi, bu ahmoqona qiliqlarim bilan sharmanda boʻlayapman-ku” degan fikr urdi. Pullarni u nima qiladi? U oʻn dollarlik qogʻoz pullarni olgan joyiga qaytarib olib bordi, oʻzining katmonidan bir dollarlik pulni sugʻurdi, uni sendvich uchun tamaddixona kassasiga tashladi va choyga yana choraktalik qoʻshib qoʻydi.

Kechqurun u issiq turk hammomida mazza qidib choʻmildi, suvli goʻsht va noyob qoʻziqorin qayla tamaddi qildi, chet el oq xeres va qulupnay sharobidan noʻsh qildi. Yangi koʻk flanel kostyumini va uning choʻzinchoq boshi ustida oʻynab qoladigan kulrang bayramlik shlyapasini tanladi. “Bizning keksa shaykamiz” kuyini chalayotgan avtomat radiolaga tanga suqdi. Butun shahar boʻyicha yigirmata shunaqa avtomatga beshtalikdan suqib chiqdi. “Bizning keksa shaykamiz”ning mungli ovozlari kimsasiz tun va huvillagan koʻchalarni toʻldirib yangradi, u esa daroz, ozgʻin, tanho bir ahvolda yangi botinkalarini avaylab bosgan, sovuqqotgan qoʻllarini choʻntaklari ichida isitgan koʻyi hamon ketib borar edi.

Shundan buyon bir hafta oʻtdi. U Mars-Avenyudagi quling oʻrgilsin uyda uyquni urdi. Ertalab soat 9 da turdi, hammomda choʻmildi-da, choʻchqa goʻshtli tuxumlar bilan nonushta qilgani eringancha shahar tomon odimlab ketdi. Xudoning bermish kuni ertalab u navbatdagi muzxonaga tonnalab goʻsht, sabzavot, limu kremi surilgan pishiriqlarni tiqib tashlar, Yerdan raketalar qaytib kelmaguncha oʻziga oʻn yillik oziq-ovqatni gʻamlab olardi. Hali raketalar qaytib keladimi-yoʻqmi, xudo biladi.

Bugun kechqurun esa u pushti, chiroyli rang-barang peshtaxtalardagi mum ayollarni tomosha qilgancha oldinga-orqaga tinmay egilar edi. Birinchi marta shaharning qay darajada oʻlikligini his etdi. Bir krujka pivoni simirdi-da, asta tirjaydi.
— Jin ursin, — dedi u. — Men butunlay yolgʻizman.

U “Elit” kinoteatriga kirdi, yolgʻizlik haqidagi fikrlardan chalgʻitish uchun u oʻziga kino koʻrsatmoqchi boʻldi. Zal ichi boʻm-boʻsh va dahmadagidek jim-jit edi, keng ekran boʻylab kulrang va qora sharpalar suza boshladi. Uning vujudi titrab ketdi va shaytonlar in qurgan bu maskandan qorasini oʻchirishga jazm etdi.

Uyga qaytishga ahd qilib, u tez-tez yurib borardi, telefon qoʻngʻirogʻini eshitib, jim-jit mahalla tosh koʻchasidan qariyb yugurib ketdi.

U quloq soldi.

“Qayerdadir telefon jiringlayapti”.

U olgʻa yurishda davom etdi.

“Hozir kimdir goʻshakni oladi”, — erinchogʻlik bilan oʻyladi u.

U yoʻlka chekkasiga oʻtirdi va botinkasidan shoshmay toshchalarni qoqib tushira boshladi.

Birdan qattiq qichqirib oyoqqa turdi:
— Kimdir! Samoviy kuchlar, nahotki bu men boʻlsam!

U talvasa ichida atrofga alangladi. Qaysi uyda? Hov anavunda! Maysazor ustidan uchib oʻtdi, zinapoyalardan yuqoriga otildi, uyga kirdi, qop-qorongʻi zalda turibdi.

Shiddat bilan goʻshakni oldi.
— Allo! — qichqirdi u.
— Zzzzzzzzzzzzz.
— Allo, allo!

Qoʻyib qoʻyishibdi.
— Allo! — oʻkirdi u va goʻshakni siltadi. — Padaringga ming la’nat! — Oʻzini oʻzi soʻkdi u. — Yoʻlakda oʻtirib senga zarurmidi, galvars! Shaytonvachcha, toʻnka! — u qoʻllari bilan telefon apparatini qattiq siqdi. — Qani, yana bir qoʻngʻiroq qil. Qani!

Shu paytgacha Marsda undan boshqa biron-bir odam qolishi mumkinligi uning miyasiga ham kelmagandi. Oʻtgan butun hafta davomida u bitta ham odamni koʻrmadi. U boshqa barcha shaharlar ham mana shunday kimsasiz deb xayol qilgan edi.

Endi esa hayajondan titrab-qaqshagancha ikki koʻzini qora qutichadan ololmasdi. Avtomat telefon tarmogʻi Marsning barcha shaharlarini bir-biri bilan ulab turardi. Ular oʻttizta — qaysi biridan qoʻngʻiroq qilishdi ekan?

U bilmasdi.

U kuta boshladi. Yot xonadon oshxonasiga oʻtdi, muzlagan qulupnay erib yotardi, uni gʻamgingina yedi.
— Bu yerda hech kim boʻlmagan aslida, — gʻudrandi u. — Balki shamol qayerdadir simyogʻochni agʻdarganda tasodifan simlar ulanib qolgandir.

Lekin u kimdir narigi tomonda goʻshakni ilgandagi shirq etgan ovozni eshitdi-ku?

Butun tunni Uolter Gripp zalda oʻtkazdi.
— Bu yerda telefonning hech qanday aloqasi yoʻq, — oʻzini ishontirib dedi u. — Shunchaki mening boshqa qiladigan ishim yoʻq.

U soatining chiq-chiqiga quloq tutdi.
— Xotinim endi qoʻngʻiroq qilmaydi, dedi u. — Javob bermagan odamga qaytadan raqamlarni terish unga zarur kelibdimi? Ehtimol, ayni daqiqalarda shahardagi boshqa uylarga qoʻngʻiroq qilayotgan boʻlsa kerak! Men boʻlsam bu yerda oʻtiribman... Shoshma! — u miyigʻida kuldi. — Nega men “xotinim” deyapman?

U sarosima ichida koʻzlarini pirpiratdi.
— Axir erkak kishi ham mana shunday dadil koʻngʻiroq qilishi mumkin-ku, shunday emasmi?

Yurak urishi sezilmasdi. Muzdek va boʻm-boʻsh, gʻoyat boʻm-boʻsh.

U ayol kishi boʻlishini juda-juda xohlardi.

U uydan chiqdi-da, erta tong gʻira-shirasida arang koʻzga chalingan koʻcha oʻrtasida toʻxtadi.

Quloq soldi. Tiq etgan tovush yoʻq. Na bir qush, na bir mashina ovozi eshitiladi. Faqat yurak dukullaydi. Duk —jimlik — duk. Azbaroyi zoʻriqishdan yuzi burishib ketadi. Shamol esa shu qadar mayin, shu qadar nazokat bilan esardiki, epkinlari uning pidjagi etaklarini ohista siypab oʻtadi.
— Jim, — shivirladi u. — Quloq sol!

U nigohini bir jim-jit uydan boshqasiga olgancha asta joyida aylandi.

Ayol raqamlarni ketma-ket teradi, oʻyladi u. Bu ayol kishi boʻlishi kerak. Nima uchun? Faqat ayol kishigina barcha raqamlarni qayta teradi. Erkak kishi unday qilmaydi. Erkak kishi oʻziga ishonganroq boʻladi. Axir men kimgadir qoʻngʻiroq qilganmanmi? Yoʻq! Bunday qilish hatto xayolimga ham kelmagan! Bu ayol kishi boʻlishi kerak. Albatta, ayol kishi, xudo shohid!

Quloq sol.

Uzoq-uzoqlarda, huv yulduzlar ostida telefon jiringladi.

U yugurib ketdi. Quloq solgani toʻxtadi. Ohista jiring. Yana bir necha qadam yurdi. Qattiq jiring eshitildi. U burildi-da, xiyobon yoqalab olgʻa intildi. Jiring kuchayib borardi! Oltita uydan oʻtdi, yana oltita! Juda ham qattiq jiringladi! Mana bumi? Eshik yopiq edi.

Ichkarida telefon jiringlardi.
— Eh, la’nati! — U eshik dastagini silkitdi.

Telefon jon-jahdi bilan jiringlardi.

U ayvondagi oʻrindiqni koʻtardi-da, aylantirib mehmonxona derazasiga soldi va singan derazadan ichkariga sakradi.

U goʻshakni olishga ham ulgurmay, telefon jimib qoldi.

U xonadan-xonaga oʻtar, oynalarni sindirar, pardalarni yular, oshxona plitasini tepar edi.

Nihoyat majolsizlanib, u Yerdan Marsdagi barcha abonentlar qayd etilgan telefon kitobchasini oldi. Ellik ming ismi sharif.

Birinchi ismi sharifdan boshladi.

Ameliya Amz. N'yu-Chikago. Oʻlik dengizning narigi tomonidan yuz mil narida. U shuning raqamini terdi.

Javob yoʻq.

Ikkinchi abonent N'yu-Yorkda moviy togʻlar ortida besh ming mil narida turardi.

Javob yoʻq.

Uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi, sakkizinchi; titroq barmoqlar goʻshakni bazoʻr ushlab turardi.

Ayol ovozi javob berdi:
— Allo?

Uolter javoban qichqirdi:
— Allo, ey xudoyim, allo!
— Bu yozuv, — dona-dona qilib dedi ayol ovozi. — Miss Elen Arazumyan uyda yoʻq. Ayting, sizga nima kerak, ovozingiz simga yozib qolinadi, bu xonim qaytgandan keyin sizga telefon qilishi uchun kerak boʻladi. Allo? Bu yozuv. Miss Elen Arazumyan uyda yoʻq. Ayting, sizga nima kerak...

Sem goʻshakni ildi.

Uning lablari titrardi.

Bir oz oʻylab turib, u qaytadan raqamlarni terdi.
— Miss Elen Arazumyan uyga qaytganida, — dedi u, ayting: telefoni bilan qoʻshmozor boʻlsin.

U Marsning markaziy kommutatoriga, N'yu-Boston, Arkadiya va Ruzvel't-Siti telefon stansiyalariga qoʻngʻiroq qildi. U yerda biron-bir joyga qoʻngʻiroq qilishga harakat qilgan odamlar topilib qolishiga koʻproq umidvor edi, soʻng har bir shahardagi ratushalar va boshqa davlat idoralariga qoʻngʻiroq qilib chiqdi. Eng yaxshi mehmonxonalarga qoʻngʻiroq qildi. Yegani oldida, yemagani ketida qabilida yashashni qaysi ayol xohlamaydi. Birdan u qattiq qarsak chaldi-da, qah-qah urib kulib yubordi. Ha, boʻlmasa-chi! Telefon daftarchasini ochib koʻrdi-da, xalqaro telefon tarmogʻi orqali N'yu-Teksas-Sitidagi eng yirik pardozxona raqamini terdi. Baxmal qoplamali, hashamdor pardozxonadan boshqa qayerdan ham qidirarding ayolni, bu yerda u goh u oyna, goh bu oyna oʻrtasida yugurib yurgan, yuziga har turli moyupalarni chaplayotgan, elektr quritgich ostida oʻtirgan boʻlishi kerak!

Qoʻngʻiroq uzoq jiringladi. Simning narigi uchida kimdir goʻshakni oldi.

Ayol ovozi yangradi:
— Allo?
— Agar yozib olinayotgan boʻlsa, — chertib-chertib dedi Uolter Gripp, — men boraman-da, la’nati pardozxonangizning kulini koʻkka sovuraman.
— Hech kim yozib olayotgani yoʻq. — Javob berdi ayol ovozi. — Allo, allo, nahotki u yerda tirik odam boʻlsa! Qayerdasiz?

Ayol shodon chiyilladi.

Uolter stuldan agʻdarilib tushayozdi.
— Allo... — U koʻzlari yongancha sakrab oyoqqa turdi. — E, xudo, bu qanday baxt, ismingiz nima?
— Jenev'eva Selzor! — ayol goʻshakka yigʻlab gapirdi. — Oh, xudo, kim boʻlishingizdan qat’i nazar, ovozingizni eshitganimdan shunday xursandmanki!
— Men Uolter Grippman!
— Uolter, salom, Uolter!
— Salom, Jenev'eva.
— Uolter. Qanday ajoyib ism. Uolter, Uolter, Uolter!
— Rahmat.
— Axir qayerdasiz, Uolter?

Qanchalik mehribon, quvnoq, nafis ovoz... U ayol erkalab shivirlab gaplashishi uchun goʻshakni qulogʻiga qattiqroq bosdi. Uning oyogʻi chalinib ketmoqda edi. Yuzi lov-lov yonardi.
— Men Merlin-Villijdaman, — dedi u. — Men...

Zzzz.
— Allo? — Shoshib qoldi Uolter.

Zzzz.

U dastakka urib koʻrdi. Hech gap yoʻq.

Allaqayerda shamol simyogʻochni agʻdargan. Jenev'eva Selzor ham qanday tez paydo boʻlgan boʻlsa, shunday tez gʻoyib boʻldi.

Uolter raqamni terdi, biroq apparat gung-lol edi.
— Hechqisi yoʻq, uning qayerdaligini endi bilib oldim-ku.

Uolter yugurib uydan chiqdi. Ertalabki quyosh nurlari ostida u begona garaj ichidan sport mashinasini orqa bilan haydab chiqdi, orqa oʻrindigʻiga uydan olgan oziq-ovqat mahsulotlarini tashlab qoʻydi va soatiga sakson mill tezlik bilan N'yu-Teksa-Sitiga qarab uchib ketdi. Ming mil, oʻyladi u. Chida, Jenev'eva Selzor, men seni uzoq kuttirib qoʻymayman!

Shahardan chiqar ekan, u har bir muyulishda chinqiratib signal berardi.

Kun botardi, ayovsiz poygali kundan keyin u mashinani yoʻl chekkasiga burib toʻxtatdi, oyogʻini qisgan botinkalarini yechib tashladi, oʻrindiqqa choʻzildi-da, hashamdor shlyapasini horgʻin koʻzlari ustiga tortib qoʻydi. U sekin, bir tekisda nafas olar edi. Oqshom qorongʻiligida sarin shabada esar, yulduzlar quvnoq jimjima qilar edi. Chor atrofda qadimdan-qadim Mars togʻlari savlat toʻkib turardi. Yulduzlarning nurlari shaxmat donalari kabi moviy yonbagʻirlarga tutashib ketgan Mars shaharchasi minoralari ichida jimirlar edi.

U uyqu bilan bedorlik oʻrtasidagi allaqayerda ivirsigancha choʻzilib yotardi. U shivirladi: Jenev'eva. Soʻng asta xirgoyi qila boshladi. “Eh, Jenev'eva, azizim, oʻtaversin yillar bir-birin quvlab. Lekin azizim Jenev'eva...” Uning koʻngli xotirjam edi. Quloqlari ostida ayolning past, mayin, bir maromdagi ovozi jaranglardi: “Allo, hoy Uolter! Hech kim yozib olmayapti. Axir qayerdasan, Uolter?”

U oh tortdi, qoʻlini tekkizib olmoqchidek, oy nuriga qarab uzatdi. Shamol uning uzun qora sochlarini, ajoyib sochlarini toʻzitib yubordi. Lablari tandirdagi yalligʻlangan choʻgʻdek. Yanoqlari esa hozirgina uzib olingan bir juft atir guldek. Badani ham oppoq tumandek harir, mayin, ravon, nafis ovozi esa unga qadimgi mungli bir qoʻshiqni xirgoyi qilayotgandek:

“Eh, Jenev'eva, azizim, oʻtaversin yillar bir-birin quvlab...”

U uxlab qoldi.

U N'yu-Teksas-Sitiga yarim tunda yetib keldi. Mashinani “Dellyuks” pardozxonasi yonida toʻxtatdi-da, heh deb qoʻydi.

Mana, hozir ayol xandon tashlab kulgancha atirlar tumani ichidan yugurib chiqib keladi.

Ammo bunday boʻlmadi.
— Uxlab qolgan. — Uolter eshik oldiga keldi. — Men shu yerdaman! — Qichqirdi u. — Allo Jenev'eva!

Sokin shahar ikki barobar yorilib turgan oy nuriga chulgʻangan, allaqayerda shamol brezent pardani shaloplatib oʻynardi.

U oynavand eshikni keng ochib, ichkariga qadam qoʻydi.
— Eh-he! — yigit xijolat ichida kulib yubordi. — Yashirinma! Qayerdaligingni bilib turibman.

U barcha xonachalarni qidirib chiqdi.

Yerda moʻ’jazgina dastroʻmolcha topib oldi. Undan shunday moʻ’jizaviy hid kelardiki, boshi aylanib, chayqalib tushdi.
— Jenev'eva, — ovoz chiqarib dedi u.

U mashinasini boʻm-boʻsh koʻchadan haydab borardi, biroq odam qorasi koʻrinay demasdi.
— Hazil ham shunaqa boʻladimi-a...

U tezligini oshirdi.
— Shoshma-shoshma, axir bizni ajratib qoʻyishgan. Balki u men bu yoqqa ketayotganimda Merlin-Villijga joʻnavorgandir? — U qadimgi dengiz yoʻlidan ketib, kunduzi bir-birimizni koʻrmay qolgandirmiz. Bu yerga kelishimni u tush koʻribdimi? — Axir men kelishimni aytmagandim-da. Telefon jimib qolgach, u qoʻrqib ketganidan meni qidirib, Merlin-Villijga qarab uchgandir! Men boʻlsam, bu yerda yuribman, jin ursin, men ham odam boʻldimmi!

U klaksonni bosdi-da, shahardan oʻqdek uchib chiqdi.

U tun boʻyi mashinasini uchirib yurdi. Miyasida faqat bitta oʻy: “Agar uni Merlin-Villijda topmasam, nima boʻladi?”

Bunday xayolni miyadan chiqarib tashlash kerak. U oʻsha yerda boʻlishi kerak. U yugurib keladi-da, uni quchoqlab oladi, ehtimol bir gal hatto labidan oʻpib ham olar.

“Jenev'eva, azizim”, — pedalni soatiga yuz mill tezlikda bosgancha hushtak chalib xirgoyi qilardi u.

Merlin-Villijda ertalabki sukunat hukmron edi. Doʻkonlarda hali sariq chiroqlar yonib turardi; yuz soat betoʻxtov ishlagan avtomat nihoyat elektr tutashuvdan shirq etdi-da, jimib qoldi; shu bilan toʻliq sukunat choʻkdi. Quyosh koʻchalarni va loqayd muzdek osmonni isita boshladi.

Uolter faralarini oʻchirmay klaksonni chinqirtirib bosgancha Meyn-stritga qarab burdi. Koʻzlarini doʻkon lavhalaridan uzmasdi. Yuzi devordek oqarib ketgan, horgʻin, qoʻllari terdan hoʻllangan chambar ustida sirgʻalardi.
— Jenev'eva! — boʻm-boʻsh koʻchaga qarab qichqirdi.

Pardozxona eshigi ochildi.
— Jenev'eva! — U mashinani toʻxtatdi-da, koʻchani chopib kesib oʻtdi.

Jenev'eva Selzor pardozxona eshigida turardi. Qoʻllarida ochilgan shokolad qutichasi. Doʻmboq, oppoq barmoqlar qutini mahkam ushlab turardi. Uolter yorugʻ joyga kirib kelganda, koʻrdiki, qizning yuzi dum-dumaloq va doʻmboqqina, koʻzlari bir dumaloq xamirga suqib qoʻyilgan bir juft yirik-yirik tuxumdek. Oyoqlari kundadek yoʻgʻon-yoʻgʻon, yurishlari gʻozdek alpon-talpon. Sochlari — qush uyasi koʻrinishida obdon turmaklangan boʻlib, rangi qandaydir qoʻngʻir tusda. Lab degan narsaning oʻzi yoʻq. Uning oʻrnida andoza bosib chizilgan yoʻgʻon qizil yoʻl turardi, u quvongandek bir ochilib, qoʻrqqandek yumilardi. Qoshlarini esa butunlay terib tashlagan, atigi ikkitagina ingichka tuk qoldirgan, xolos.

Uolter dong qotib qoldi. Yuzidagi tabassumdan asar ham qolmadi. U hayron boʻlgancha bir joyda turib qoldi.

Qiz shokoladlarni yerga tushirib yubordi.
— Siz Jenev'eva Selzormisiz? — oʻz ovozi begona ovozdek tuyulib soʻradi Uolter.
— Siz Uolter Griffmisiz? — soʻradi qiz.
— Gripp.
— Gripp, — toʻgʻriladi qiz.
— Salom, — bazoʻr dedi yigit.
— Salom. — Qiz uning qoʻlini siqdi.

Qizning barmoqlari shokoladdek yopishqoq boʻlib qolgan edi.
— Xoʻsh, — dedi Uolter Gripp.
— Nima, — soʻradi Jenev'eva Selzor.
— Men faqat “Xoʻsh” dedim, — izoh berdi Uolter.
— Ha.

Soat kechgi toʻqqiz. Kunduzi ular shahar tashqarisiga borishdi, kechlikka esa, yigit file-min'on pishirdi, biroq Jenev'eva uni yaxshi qovurilmagan deb koʻngli tortmadi, shunda Uolter uni yaxshilab qovurishga qaror qildi va yo koʻp qovurib yubordi, yo kuydirib yubordi, xullas, shunga oʻxshash bir narsa boʻldi-da. U kuldi-da, dedi:
— Ketdik kinoga!

Qiz “mayli” dedi-da, shokolad yuqi qoʻli bilan uning qoʻltigʻidan oldi. Biroq uning talabi ellik yil oldingi Klark Geybl qatnashgan fil'm bilan cheklanib qoʻya qoldi.
— Rosa kulgili narsa ekan-ku? — Qiqirlab kuldi qiz. — Ichagimni uzdi-ya!

Fil'm tugadi.
— Yana bir qoʻyib ber, — buyurdi qiz.
— Yana? — takror soʻradi yigit.
— Yana, — javob berdi qiz.

Yigit oʻgirilgan edi, qiz unga yaqinlashdi va quchoqlab oldi.
— Sen hech ham men oʻylagandek emas ekansan, lekin mayli, boʻlaveradi, — tan oldi qiz.
— Rahmat, — dedi yigit nafasi boʻgʻilib.
— Eh-h Geybl tushmagur: — Qiz uning oyogʻidan chimchilab oldi.
— Voy, — dedi yigit asta.

Kinodan keyin ular “xarid qilgani” jimjit koʻchalar boʻylab yurib ketishdi. Qiz oynavand peshtaxtani urib sindirdi va oʻzi tanlab-tanlab topib olgan eng ochiq rang koʻylakni kiyib oldi. Soʻng boshiga bir shisha atirni toʻnkarib qoʻydi-da, suvda boʻkkan iskovichga aylandi-qoʻydi.
— Yoshing nechada? — qiziqsindi yigit.
— Topib ol. — Qiz uni koʻchadan yetaklab ketdi, undan asfal'tga tinimsiz atir tomchilar edi.
— Oʻttizga borgandirsan? — dedi yigit.
— Ana, xolos, — quruqqina javob berdi qiz. — Endi yigirma yettiga kirdim men senga aytsam! Voy, manavi yerda qandolatxona ham bor ekan! Oʻlay agar, mana shu mashmashalar boshlangandan beri men boyvuchchalardek yashayapman. Qarindosh-urugʻlarni hech qachon sevgan emasman. Esini yegan hammasi. Ikki oy burun Yerga uchib ketishdi. Men ham soʻnggi raketada uchib ketishim kerak edi, biroq qoldim. Bilasanmi nega?
— Nega?
— Chunki menga ta’na qilishdi. Mana shu yerda qoldim. — Istagancha oʻzingga atir quy, xurmachangga siqqanicha pivo ich, konfet ye, hech kim senga: “Kaloriyang koʻpayib ketadi!” deb ta’na qilmaydi. Oʻzim xon, koʻlankam maydon!
— Oʻzing xon, koʻlankang maydon. — Uolter koʻzlarini qisdi.
— Endi kech, — dedi qiz unga qarab.
— Ha.
— Men charchadim, — dedi qiz.
— Qiziq, men sira charchaganim yoʻq.
— Ho, — dedi qiz.
— Tun boʻyi yotmasligim mumkin, — davom etdi yigit. — Bilasanmi, Mayk barida yaxshi plastinka bor. Yur, men senga oʻshani qoʻyib beraman.
— Men charchadim. — Qiz ayyorona yiltillab turgan koʻzlari bilan unga qaradi.
— Men esa gijinglagan toydekman, — javob berdi yigit. — Juda gʻalati-ya.
— Yur pardozxonaga, — dedi qiz. — Men senga bir narsa koʻrsataman.

Qiz uni oynavand eshikdan ichkariga olib kirdi va katta oq quti yoniga yetaklab keldi.
— Men Teksas-Sitidan joʻnayotganimda, — tushuntirdi qiz, — mana shuni oʻzim bilan olgan edim. — U qizil tasmani yechdi. — Ming qilsa ham men Marsdagi yagona xonim, u esa yagona erkak boʻladi deb oʻyladim. Shuning uchun...

U qopqoqni koʻtardi va shildiroq, qizgʻish, burma qogʻozni bir chetga itqitdi. Qiz quti ichidagi narsani silab qoʻydi.
— Mana.

Uolter Grippning koʻzi xonasidan chiqib ketdi.
— Nima bu? — soʻradi oʻzini bazoʻr tutib.
— Hech narsa bilmagandek gapirasan-a, tentakcha? Qaragin-a, hammasi kashtadan qilingan, hammasi shunday oppoqki, asti qoʻyaverasan, koʻzing qamashadi...
— Oʻlay agar buning nimaligini bilolmayapman.
— Nikoh koʻylagi, ovsargina!
— Nikoh koʻylagi? — yigit xirillab qoldi.

Uolter koʻzini yumdi. Qizning ovozi xuddi boya telefondagidek mayin, xotirjam, nafis jaranglar edi. Ammo koʻzini ochib qarasaki... yigit duduqlanib qoldi.
— Juda chiroyli, — dedi u bazoʻr.
— Rostdanmi?
— Jenev'eva. — Yigit eshika tikildi.
— Ha?
— Jenev'eva, men senga bir narsani aytib qoʻyishim kerak.
— A?

Qiz unga yaqinlashdi, uning oppoq yuzidan atir burqsib turar edi.
— Senga aytmoqchimanki...
— Xoʻsh?
— Xayr!

Qiz qichqirishga ulgurmayoq yigit pardozxonadan otilib chiqdi-da, mashinasiga borib oʻtirdi.

Qiz tashqariga yugurib chiqdi va yigitning mashinani burib ketayotganiga qaragancha yoʻlak chekkasida qotib qoldi.
— Uolter Griff, qayt! — Hoʻngrab yigʻlab dedi qiz qoʻlini uzatib.
— Gripp, — toʻgʻriladi yigit.
— Griff! — qichqirdi qiz.

Qizning qadamlari va ingrashlariga ham qaramay, mashina jim-jit koʻchadan oʻqdek uchib ketdi. Qiz doʻmboq qoʻllari bilan gʻijimlayotgan oppoq koʻylak uzra mashinaning pagʻa-pagʻa tutunlari suzib yurardi, osmonda esa yulduzlar charaqlar edi. Mashina boʻshliq ichiga kirib, qorongʻilikda koʻzdan yoʻqoldi.

Yigit uch kechayu uch kunduz surunkasiga mashinani haydab bordi. Bir gal orqasidan mashina kelayotgandek tuyulib, vujudini titroq bosdi, qora terga tushdi va u bepoyon Mars choʻlini kesib oʻtuvchi boshqa koʻchaga chiqib oldi, yoʻl odamsiz shaharlar yonidan oʻtib borardi. U ketaverdi, ketaverdi — bir hafta yurdi, yana bir kun yurdi, oxiri Merlin-Villijdan oʻn ming mil nariga borib qoldi. Shunda u mayda doʻkonchalari boʻlgan Xoltving-Springvins degan qishloqqa kirib keldi, bu yerdagi doʻkonchalarda u kechqurunlari peshtaxtalarda chiroq yoqa olar, restoranlarida taomlar buyurib, bemalol oʻtira olar edi. Shundan buyon u shunday yashab kelayapti; uning yuz yilga yetgulik oziq-ovqatlar bilan toʻlib-toshgan muzlatgich xonachalari bor. Sigaretalari zaxirasi oʻn ming kunga yetadi, yumshoq toʻshakli a’lo sifatli karavoti ham bor. Yillar oʻtaverdi, bordi-yu, qachonlardir unga bitta-yarimta odam telefon qilib qolsa, u javob bermasdi.

Aprel 2026 - Uzoq Yillar

Shunaqa boʻlib qoldi: Osmonda shamol esa boshlaganda, u va uning uncha katta boʻlmagan oilasi oʻzlarining tosh kulbalarida oʻtirib olar edilar va yonayotgan tarashalarda qoʻllarini isitardilar. Shamol kanallar yuzini mavjlantirar, sal boʻlmasa, osmondagi yulduzlarni uchirib yuborardi, mister Xeteuey esa, bu shinamlikdan mazza qilib oʻtirardi va xotiniga nimalarnidir gapirardi, xotini ham unga javob berar va u ikkala qizi va oʻgʻliga Yerdagi oʻtgan-ketgan narsalari haqida hikoya qilar edi. Bolalar esa otalarining soʻzlarini oʻzlaricha tushunar edilar.

Katta urushdan keyin yigirma yil oʻtgandi. Mars ulkan qabristonga oʻxshardi. Yer-chi? Unga nima boʻldi? Uzoq Mars tunlarida Xeteuey va oilasi koʻpincha shu haqda mulohaza yuritishardi. Bu tunda quturgan Mars chang-boʻroni qadimgi shahar koʻchalaridan uvillagancha va qumga botib ketayotgan yangi plastik devorlarni uchirgancha Mars qabristonlarining pastqam mozorlari ustidan esib oʻtdi.

Nihoyat, boʻron tinib, havo ochildi va Xeteuey shamolli osmondagi yashil olovcha — Yerni koʻrish uchun tashqariga chiqdi. Gʻira-shira xona shiftidagi yonib turgan lampochkani oʻziga yaxshiroq burib olmoqchi boʻlgandek, u qoʻllarini yuqoriga koʻtardi. Uzoqlarga oʻlik dengiz tuzlari uzra nigoh soldi. “Butun sayyorada zogʻ uchmaydi, — oʻyladi u. — Bitta menman. Va ular”. U tosh kulbasi eshigi tomon burildi.

Hozir Yerda nimalar boʻlayotganiykin-a? Oʻzining oʻttiz dyumli teleskopidan shuncha qaramasin, shu paytgacha biron-bir oʻzgarish payqamadi. “Agar oʻzimni yaxshi saqlay olsam, — oʻyladi u, — yana yigirma yil yashayman”. Qarabsanki, birontasi paydo boʻlib qolibdi. Yo oʻlik dengizlar ortidan, yo koinotdan qizil olov rishtasiga bogʻlangan raketada kelib turibdi-da.
— Bir aylanib kelay, — qichqirdi u eshikka.
— Yaxshi, — javob berdi xotini.

U xarobalar oralab, shoshmay pastga tushib ketdi.
— “N'yu-Yorkda yasalgan”, — oʻqidi u bir parcha temirda. — Qadimgi Mars shaharlari Yerdan kelgan bunday narsalardan hali koʻpini koʻradi...

U moviy togʻlar oraligʻida yaqin ellik asrdan buyon turgan Mars qishlogʻi tomonga qaradi.

Uolter xilvat Mars qabristoniga keldi: choʻl shamoli esib turgan tepalikda uncha katta boʻlmagan olti qirrali toshlar saf tortgan edi.

Boshini egib, u toʻrtta mozorga, toʻrtta besoʻnaqay yogʻoch xochga qaradi, ularning har birida nom yozilgan edi. Uning koʻzlarida yoshdan asar ham yoʻq. Yoshlari allaqachon qurib bitgandi.
— Qilmishim uchun meni kechirasanmi? — soʻradi u xochlarning biridan. — Men juda, juda yolgʻiz edim. Oʻzing tushunasan-ku, shundaymi?

U tosh kulbasiga qaytdi va ichkariga kirishdan oldin peshonasiga kaftini qoʻyib, yana diqqat bilan osmonni koʻzdan kechirdi.
— Nuqul kutganing-kutgan, qarashdan boshqa ishing yoʻqdek, — gʻudrandi u. — Ehtimol, kunlarning birida — tunda...

Osmonda qizil olov yondi.

Eshikdan tushayotgan yorugʻlik xalaqit bermasligi uchun u bir tomonga odimladi.
— Yana bir qaraganingda... — shivirladi u.

Qizil olov oʻsha joyda yonib turardi.
— Kecha kechqurun u yoʻq edi, — dedi Xeteuey.

U qoqilib, yiqilib tushdi, soʻng oyoqqa turdi-da, kulba ortiga yugurib oʻtdi, teleskopini ochib, uni osmonga toʻgʻriladi.

Uzoq vaqt osmonga koʻzini qisib qarab turgandan keyin — bir daqiqa oʻtgach, u uyining pastak eshigi tagida paydo boʻldi. Xotini, ikkala qizi va oʻgʻli unga oʻgirilishdi. Uning ha deganda tili kalimaga kelavermasdi.
— Xushxabar olib keldim, — dedi u. — Men osmonga qarab turgan edim. Bu yoqqa raketa uchib kelayapti, u bizlarning hammamizni uyga olib ketadi. Erta tongda shu yerda boʻladi.

U qoʻlini stolga qoʻydi, boshini kaftlari orasiga olib, yigʻlab yubordi.

U N'yu-N'yu-Yorkdan nima qolgan boʻlsa, hammasini yoqib yubordi.

Mash’alani oldi-da, plastikdan yasalgan shu shaharga qarab ketdi va alanga bilan oʻtgan joyidagi barcha devorlarni turtib-turtib keta boshladi. Shahar nur va jaziramaning qudratli quyunidan yashnab ketdi. U bir kvadrat mil kenglikdagi gulxanga aylandi.
— Bunaqasini koinotda koʻrish mumkin, xolos. Bu mash’al raketani mister Xeteuey va oilasi huzuriga olib keladi.

U uyiga qaytib keldi; yuragi tez-tez va ogʻriqli urar edi.
— Koʻrayapsizmi? — u baland koʻtarilgan qoʻlida chang bosgan shishani ushlab olgandi. — Men mana bu sharobni ataylab mana shu tun uchun asrab qoʻygandim. Vaqt-soati bilan kimdir bizni topib olishini bilar edim! Shu quvonchli on uchun koʻtaraylik!

U beshta qadahni toʻldirdi.
— Ha, ozmuncha vaqt oʻtmadi... — Oʻz qadahiga koʻzlarini tikib qaragancha, yana gap qotdi u. — Urush boshlangan kun esingizdami? Yigirma yil va yetti oy muqaddam. Barcha raketalarni Marsdan uyga chaqirib olingandi. Sem, men va bolalar esa barchamiz bu vaqtda togʻda edik, qadimshunoslik bilan mashgʻul edik, marsliklarning qadimgi jarrohligini oʻrganayotgan edik. Biz otlarni oʻlgudek qilib choptirganimiz esingdami? Baribir ham rosa bir haftaga kechikkan edik. Shahar huvillab qolgandi. Amerika dabdala boʻlgandi, qolganlarni kutib ham oʻtirmay, raketalar bitta qolmay ketib qolgani esingdami, a, esingdami? Keyin qarasakki, qolganlar faqat biz boʻlgan ekanmiz, esingdami? Ey, xudoyim, qancha yillar oʻtibdi-ya! Sizlarsiz men chiday olmasdim. Sizlarsiz men oʻzimni oʻldirib qoʻygan boʻlardim. Sizlar tufayli shuncha kutishga chidab keldim. Keling, sizlar uchun ichaylik. — U qadahni koʻtardi. — Bizning uzoq muddatli kutganimiz uchun ichaylik.

U sharobni sipqordi, xotini, ikkala qizi va oʻgʻli qadahlarni lablariga olib borishdi. Sharob toʻrttalovining ham iyaklari tagidan jildirab oqib tusha boshladi.

Tongga yaqin shahardan qolgan hamma narsani shamol katta-katta yumshoq qora laxtaklarga aylantirib, dengiz tubi boʻylab sochib yubordi. Yongʻin oʻchdi, biroq maqsadga erishilgan edi. Osmondagi qizil dogʻ kattalasha boshladi.

Tosh kulba ichida qovurilgan zanjabil kulchasining totli hidi tarala boshladi. Xeteuey kirib kelganida xotini stol ustiga yangi nonli qaynoq qolipni qoʻymoqda edi. Qizlari qattiq supurgi bilan yalangʻoch tosh-polni hafsala bilan supurar, oʻgʻli esa, kumush idishlarni yuvar edi.
— Biz ularga shohona nonushta tayyorlaymiz; — Xeteuey shodon kuldi. — Eng a’lo liboslaringizni kiyib olinglar! U shoshib tomorqasidan ulkan temir saroy tomon oʻtdi. Bu yerda muzlatgich va uncha katta boʻlmagan elektrostansiya boʻlib, ularni shu yaqin yillarda ta’mirdan chiqargan va boʻsh vaqtlarida soatlarni, telefonlarni, magnitofonlarni mohirona ta’mirlagan ingichka, qaltiroq barmoqlari bilan hammasini joy-joyiga qoʻyib chiqqan edi. Saroyda u yaratgan talay buyumlar qalashib yotardi, jumladan nima ish qilishini hatto oʻzi ham bilmaydigan, mutlaqo gʻalati uskunalar ham bor edi.

U muzlatgich ichidan dukkakli donlar va yigirma yil avvalgi qulupnay solingan qirov bosgan oppoq qutilarni oldi. “Bu yoqqa chiq, badbaxt”, — dedi-da, muzlagan joʻjani sugʻurdi.

Raketa qoʻnganda havoni har xil pazandalik taomlar hidi tutib ketgandi.

Xuddi yosh boladek Xeteuey nishablikdan pastga qarab chopdi. Koʻkragida qattiq ogʻriq sezib, u taqqa toʻxtadi. Narigi toshga borib oʻtirdi va endi nafasini rostlashni xayoliga ham keltirmay, olgʻa chopib ketdi.

U choʻqqa aylangan raketadan koʻtarilgan qaynoq hovur ichida toʻxtadi. Lyuk ochildi. U yerdan bir odam moʻraladi.

Xeteuey kaftini peshonasiga qoʻyib, uzoq qarab turdi va oxiri dedi:
— Kapitan Uaylder!
— Kim bu? — soʻradi Uaylder. U pastga sakrab tushdi va cholga qaragancha qotib qoldi. Soʻng qoʻlini uzatdi. — Yopiray, bu Xeteuey-ku.
— Mutlaqo toʻgʻri, bu menman.
— Xeteuey mening birinchi ekipajimdan, Toʻrtinchi ekspeditsiyamdan.

Ular bir-birlariga diqqat bilan razm sola boshlashdi.
— Koʻrishganimizga ham ancha boʻldi, kapitan.
— Juda koʻp boʻldi. Sizni koʻrganimdan xursandman.
— Men qarib qoldim, — dedi Xeteuey soddadillarcha.
— Men ham endi yosh emasman. Yigirma yil sargardon kezdim: Yupiter, Saturn, Neptun...
— Boʻlmasa-chi, sizning Marsni mustamlaka qilishingizga xalaqit bermasligingiz uchun unvoningizni koʻtarishgan deb eshitdim. — Chol atrofga alangladi. — Siz nuqul sayohatlarda boʻlib, ehtimol, hatto nimalar boʻlganidan ham bexabardirsiz...
— Aytmasangiz ham bilaman, — javob berdi Uaylder. — Biz Mars atrofini ikki marta aylanib oʻtdik. Sizdan tashqari Uolder Gripp degan yana bir odamni topoldik, xolos, bu yerdan oʻn ming mil narida. Uni oʻzimiz bilan olib kelmoqchi boʻlgan edik, biroq u koʻnmadi. Biz uchib ketganimizda, u yoʻl oʻrtasida argʻimchoqda trubka chekib oʻtirardi, orqamizdan qoʻl siltab qoldi. Mars oʻlgan, butunlay oʻlgan, hatto marsliklar ham qolmagan. Yer qalay?
— Sizdan ortiq hech narsa bilmayman. Goh-goh Yer radiosini tutib qolaman, elas-elas eshitiladi. Lekin har gal qandaydir begona tilda. Men esa chet tillaridan, afsuski, bitta lotin tilini bilaman. Ba’zi soʻzlarni anglab yetaman. Nima boʻlganda ham Yerning katta qismida odam qirilib ketgan, urush esa hali ham davom etayapti. Siz oʻsha yoqqa uchib ketayapsizmi, komandir?
— Ha. Oʻzingizdan qolar gap yoʻq, oʻz koʻzim bilan koʻrib, ishonsam deyman. Oramizda radio aloqasi yoʻq-da, masofa haddan tashqari katta. U yoqda nima boʻlishidan qat’i nazar, biz Yerga uchib ketayapmiz.
— Meni ham olib olasizlarmi?

Kapitan bir lahza taraddudlandi.
— E-ha, boʻlmasa-chi, bu yerda xotiningiz ham bor-a, esimda, esimda. Bizlar, yanglishmasam, yigirma besh yil burun koʻrishgan edik, toʻgʻrimi? Sizlar Birinchi Shaharni qurganlaringizda, siz xizmatni tashlab, uni oʻzingiz bilan yerdan olib olgan edingiz. Bolalaringiz ham bor edi...
— Oʻgʻil va ikki qiz...
— Ha, ha, eslayapman. Ular shu yerdami?
— Kulbamizda, hov anovi tepalik ustida. Biz sizlarga ajoyib nonushta tayyorlab qoʻyganmiz, kelasizlarmi?
— Mehmonni atoi xudo deydilar, mister Xeteuey. — Kapitan Uaylder raketa tomonga oʻgirildi. — Kemadan tushinglar!

Ular qiyalikdan tepaga qarab borishardi. — Xeteuey va kapitan Uaylder, ularning ortidan yana yigirmata odam, kema ekipaji, ertalabki salqin havodan chuqur-chuqur nafas olar edilar. Quyosh chiqdi, havo ochiq edi.
— Spender esingizdami, kapitan?
— Uni esdan chiqarib boʻlarkanmi?..
— Yilda bir marta uning qabri yonidan oʻtishimga toʻgʻri keladi. Oxiri goʻyo u xohlagandek boʻldi. U bizning bu yerga qoʻnishimizga qarshi edi. Endi hamma bu yerni tashlab ketganidan boshi osmonga yetgan boʻlsa, ajab emas.
— Anovi-chi... Oti nima edi? Parkxill, Sem Parkxill, unga nima boʻladi?
— Sosiskaxona ochib olgan.
— Anovinga oʻxshab-a...
— Bir haftadan keyin esa urush boshlanib qoldi va u Yerga qaytib ketdi. — Xeteuey birdan yuragini changallagancha toshga oʻtirib qoldi. — Kechirasiz. Hayajonlanib ketdim. Shuncha yillar oʻtib, birdan sizni uchratib qolganim. Biroz nafasimni rostlab olay.

Uning yuragi qinidan chiqib ketayotgandek his qilmoqda edi oʻzini. U tomirini ushlab koʻrdi. Rasvo...
— Bizda vrach bor, — dedi Uaylder. — Xafa boʻlmang, Xeteuey, bilaman, siz oʻzingiz vrachsiz, lekin baribir bizning vrach bilan maslahatlashib koʻramiz...

Doktorni chaqirishdi.
— Hozir oʻtib ketadi. — Ishonch bilan dedi Xeteuey. — Bu bari kutishdan, hayajondan.

U boʻgʻilib, lablari koʻkardi.
— Bilasizmi, — dedi u vrach uning koʻkragiga stetoskop qoʻyganida. — Shuncha yillar mobaynida men goʻyo bugungi kun uchun yashagandekman. Endi esa, siz shu yerdaligingizda meni Yerga olib ketgani kelishdi, goʻyo menga shundan boshqa narsa kerak emasdek. Endi men yotib, omonatni topshirsam boʻlaveradi.
— Mang, — doktor unga sariq hapdori berdi. — Bu yerda siz koʻproq dam olsangiz yaxshi boʻlardi.
— Keragi yoʻq. Yana bir oz oʻtiraman-da, tamom. Sizlarni koʻrganimdan shunchalik xursandmanki! Yangi ovozlarni eshitgandan oʻzimda yoʻqman.
— Dori foyda berayaptimi?
— Zoʻr. Ketdik!

Ular tepalikka koʻtarilishdi.
— Alisa, qara, kimni olib keldim! — Xeteuey xoʻmraydi va boshini eshikka suqdi. — Alisa, eshitayapsanmi?

Xotini paydo boʻldi. Izma-iz baland, xushqomat ikkala qizi chiqib keldi, ularning ortidan yanada novcharoq barvasta oʻgʻli koʻrindi.
— Alisa, kapitan Uaylder esingdami?

Ayol dudmallandi, xuddi koʻrsatma kutayotgandek Xeteueyga qaradi, soʻng jilmaydi.
— Ha, boʻlmasa-chi, kapitan Uaylder!
— Kechagidek esimizda, missis Xeteuey, biz siz bilan — mening Yupiterga uchib ketishim arafasida siz bilan birga tushlik qilgan edik.

Ayol uning qoʻlini qizgʻin qisib qoʻydi.
— Qizlarim Margaret va Syuzen'. Oʻgʻlim Jon. Bolalarim, sizlar, albatta, kapitanni unutmagandirsiz?

Qoʻl berib koʻrishishlar, kulgi, jonli soʻzlashuvlar.

Kapitan Uaylder burnini choʻzdi.
— Nahotki zanjabil kulchalari pishayotgan boʻlsa?
— Yeysizmi?

Hamma harakatga tushdi. Koʻz ochib-yumguncha yigʻma stollar qoʻyildi. Pechlardan qaynoq taomlar olib chiqildi, likopchalar, kumush idishchalar, kimxob sochiqchalar paydo boʻldi. Kapitan Uaylder missis Xeteueyga uzoq qarab qoldi, soʻng nigohini uning oʻgʻliga va jimgina harakat qilayotgan boʻydor qizlariga oldi. Oldidan lip-lip oʻtayotgan kishilarning yuzlariga qarar, yoshlarning silliq qoʻllarining har bir harakatiga razm solar, bitta ham ajin tushmagan nafis chehralardagi bironta ifodani nazardan qochirmasdi. U missis Xeteueyning oʻgʻli olib kelgan stolga oʻtirdi.
— Nechchiga kirdingiz, Jon?
— Yigirma uchga, — javob berdi yigit.

Uaylder sarosimalangancha qoʻllaridagi sanchqi va pichoqni aylantirib, oʻynardi. U birdan boʻzdek oqarib ketdi. Yonida oʻtirgan fazogir unga shivirladi:
— Kapitan Uaylder, bu yerda nimadir boʻlayotganga oʻxshaydi.

Oʻgʻli stollar olib kelgani ketdi.
— Nima demoqchisiz oʻzi, Uil'yamson?
— Men 43 ga kirdim, kapitan. Yigirma yil avval men yosh Xeteuey bilan birga oʻqigan edim. Lekin u endigina yigirma uchga kirdim deb aytayapti, lekin bu tashdan qaragandagina shunday. Bular hammasi notoʻgʻri. U kam deganda 42 ga kirgan. Buning tagida nima gap bor, ser?
— Bilmayman.
— Rangingiz oʻchinqiraganday, ser?
— Tobim yoʻq. Qizimning ham tobi yoʻq.
— Men ularni yigirma yil avval koʻrganman, ular esa oʻzgarmagan, bitta ham ajin tushmagan. Sizdan bir narsani minnat qilib soʻrasam boʻladimi, Uil'yamson? Men sizga bir topshiriq bermoqchiman. Qayoqqa borishni va nimalarni tekshirishni tushuntirib beraman. Nonushtadan keyin asta juftakni rostlab qolasiz. Sizga bor-yoʻgʻi oʻn daqiqa kerak boʻladi. Bu yerdan qoʻl uzatsa yetadi. Biz qoʻnayotganimizda raketadan turib koʻrgan edik. Iltimos! Bunday jiddiy gapirayotganingizning ma’nosini bilsak boʻladimi? — Missis Xeteuey shosha-pisha ularning kosalariga shoʻrva quyib chiqdi. — Bundoq kulib oʻtirsalaring-chi! Yana birgamiz, sayohat tugagan, sizlar deyarlik uydasizlar!
— Ha, ha, boʻlmasam-chi. — Kapitan Uaylder kuldi. — Siz shunday ajoyibsizki, oʻn gulingizdan bir gulingiz ochilmagandek, missis Xeteuey!
— Eh, bor boʻling siz erkaklar!

U ayolning tovusdek yurishlariga qarab turdi. Ayolning yuzlari yal-yal yonar edi, xuddi naqsh olmadek, silliq va qip-qizil. Ayol hazillarga qoʻngʻiroqdek kulib javob qaytardi, likopchalarga did bilan salat solib chiqdi, harakatlarida zarracha xatolik koʻzga chalinmasdi. Daroz oʻgʻli va sarvqomat qizlari oʻzlarining xilvatdagi hayoti haqidagi uzoq hikoyalari bilan otasini mot qoldirib, basma-basiga dov tashlashardi va man-man ota bolalarining gapini eshitib, nochor taslim boʻlardi.

Uil'yamson nishablikdan pastga qarab yugurib ketdi.
— U qayerga ketdi? — soʻradi Xeteuey.
— Raketalarni tekshirgani, — javob berdi Uaylder. — Shunaqa, Xeteuey Yupiterda hech balo yoʻq, insonning u yerda qiladigan ishi ham yoʻq. Saturn va Pluton ham shunaqa...

Uaylder oʻz ovozini eshitmay, beixtiyor gapirardi; u faqat bir narsa haqida oʻylardi: hozir Uil'yamson pastga yugurib boradi-da, koʻp oʻtmay qaytib keladi, tepalikka chiqib, javob olib keladi...
— Rahmat.

Margaret Xeteuey unga bir stakan suv quydi. Toʻsatdan harakatga kelib, kapitan ayolning yelkasiga qoʻlini qoʻydi. Ayol bunga hech qanday munosabat bildirmadi. Uning badani issiq va nozik edi.

Kapitan qarshisida oʻtirgan Xeteuey dam-badam jimib qolar va aftini ayanchli bujmaytirgancha koʻkragini changallar edi, soʻng yana ma’yus suhbatga quloq solar, har daqiqada Uaylderga achinib qarab qoʻyar, u esa birovlarga bildirmasdan huzur qilib, kulchasini kavshar edi.

Uil'yamson qaytib keldi. Kapitan uning yelkasi osha: “Xoʻsh?” deb shivirlamaguncha indamay, sanchqi bilan taomni kavlab oʻtiraverdi.
— Men bu joyni topdim, ser.
— Xoʻsh, xoʻsh?

Uil'yamsonning ranggi boʻzdek oqarib ketgan edi. U nigohini quvnoq ulfatlardan uzmasdi. Qizlari bosiq jilmayib turishar, oʻgʻli allaqanday latifani hikoya qilardi.

Uil'yamson dedi:
— Men qabristonga oʻtdim.
— Toʻrtta xochni koʻrdingizmi?
— Toʻrtta xochni koʻrdim, ser. Ular bus-butun turibdi. Xato qilmaslik uchun men ularni yozib oldim. — U oppoq qogʻozdagi nomlarni bittama-bitta oʻqiy boshladi: — Alisa, Margaret, S'yuzen va Jon Xeteuey. Noma’lum virusdan vafot topganlar. 2007, iyul.
— Rahmat, Uil'yamson. — Uaylder koʻzlarini yumdi.
— Oʻn toʻqqiz yil avval, ser. — Uil'yamsonning qoʻli titrardi.
— Ha.
— Axir bular kimlar?
— Bilmayman.
— Siz oʻzi nima qilmoqchisiz?
— Buni ham bilmayman.
— Boshqalarga aytsak boʻladimi?
— Keyinroq. Hech narsa boʻlmagandek ovqatingizni yeyavering.
— Ortiq bir luqma ham tomogʻimdan oʻtmayapti, ser.

Raketadan keltirilgan sharob bilan qilingan nonushta tugadi. Xeteuey oʻrnidan turdi.
— Sogʻligingiz uchun. Doʻstlarim bilan yana birga boʻlishdan xursandman. Xotinim va bolalarim bilan birga boʻlishdan ham. — Ularsiz bu yerda men tanholikda oʻlib ketgan boʻlar edim. Ularning astoydil qilgan gʻamxoʻrliklari tufayli men bu yerda jon saqlab qoldim va sizlarni kutib olishga muyassar boʻldim.

U qadahni qoʻlida tutgancha oʻz oila a’zolari tomonga oʻgirildi. — Ular xijolat ichida unga qarab turar edilar, qadah koʻtarilganda esa ular butunlay koʻzlarini yerga tikib olishdi.

Xeteuey oxirigacha sipqordi. Hatto qichqirishga ham ulgurmay, u yuztuban stol ustiga yiqilib tushdi-da, yerga agʻdarildi. Bir qancha odam yugurib keldi, uni toʻgʻrilab yotqizib qoʻyishdi. Vrach egilib, yuragiga quloq soldi. Uaylder vrachning yelkasidan turtdi. U Uayl'derga qarab boshini chayqadi. Uaylder choʻkkalab oʻtirdi-da, cholning qoʻlidan ushladi.
— Uaylder? — Xeteueyning ovozi bazoʻr eshitilardi. — Men nonushtangizni harom qildim-a?
— Qoʻyavering.
— Men uchun Alisa va bolalar bilan xayrlashib qoʻying.
— Hozir ularni chaqiray.
— Yoʻq, yoʻq, kerak emas! — Nafasi boʻgʻilib shivirladi Xeteuey. — Bular tushunmaydilar. Men ham ularni tushunishlarini istamayman! Kerak emas.

Uaylder itoat qildi.

Xeteuey jon berdi.

Uaylder anchagacha uning oldidan jilmadi. Nihoyat oʻrnidan turdi-da, Xeteueyni qurshab olgan hayajonli odamlar oldidan nari ketdi. U Alisaning oldiga bordi, uning yuziga qarab dedi:
— Nima boʻlganini bilasizmi?
— Erimga bir narsa boʻldimi?
— U hozir jon berdi: yurak. — Uaylder ayolning yuziga razm solib tikilib turardi.
— Juda chakki boʻlibdi, — dedi Alisa.
— Yuragingiz achimayaptimi? — soʻradi Uaylder.
— U bizning qaygʻuga botishimizni istamasdi. U qachondir shunday boʻlishini bizga oldindan aytib qoʻygandi va yigʻlamaslikni buyurgandi. Bilasizmi, u hatto bizni yigʻlashga ham oʻrgatmagandi, yigʻlay olishimizni istamasdi. Odam uchun eng yomon narsa yolgʻizlikni anglash, gʻam va koʻz yoshi qilishni bilish derdi. Shuning uchun biz koʻz yosh toʻkish va qaygʻu degan narsalarni bilmasligimiz kerak.

Uaylder uning yumshoq, issiq qoʻllariga, chiroyli pardozlangan tirnoqlariga, nozik panjasiga razm soldi. Ingichka, oppoq, uzun boʻyniga va dono koʻzlariga qaradi. Oxiri dedi:
— Mister Xeteuey siz va bolalarni ajoyib qilib dunyoga keltirgan.
— Bu soʻzlaringizdan u rosa suyungan boʻlardi. U bizdan faxrlanardi. Keyin esa hatto bizni dunyoga keltirganini ham unutib yuborgandi. Bizni sevib qolgan, haqiqiy xotini va bolalari deb bilardi. Ma’lum ma’noda oʻzi shunday ham.
— Siz bilan u oʻzini yengil his etardi.
— Ha, yildan-yilga biz birga oʻtirib, suhbatlashar edik. U suhbatlashishni yaxshi koʻrardi. Tosh kulbamizni va kaminimizni yaxshi koʻrardi. Shahardagi haqiqiy uyimizga borib joylashsak ham boʻlardi. Biroq u bu yerni jonidan yaxshi koʻrardi, bu yerda u goh joʻn, goh zamonaviy tarzda hayot kechirishi mumkin boʻlardi. U menga oʻzining laboratoriyasi va u yerda qilgan har xil narsalari toʻgʻrisida soʻzlab berardi. Bu tashlandiq Amerika shahrini u boshdan-oyoq pastdan ovoz kuchaytirgich bilan ta’minlab chiqqandi. Tugmachani bosdi, tamom — hamma joyda chiroqlar yonadi va xuddi unda oʻn ming odam bordek shahar shovqinga toʻlib-toshadi. Samolyotlar, avtomashinalarning guvillashlari, odamlarning gʻovur-gʻuvurlari eshitiladi. U boʻlsa oʻtirib olardi-da, sigara tortardi va biz bilan gaplashaverardi, pastdan esa shahar shovqini eshitilib turardi. Goho telefon jiringlab qolardi va tasmaga yozib olingan ovoz mister Xeteueydan turli ilmiy va jarrohlik masalalari boʻyicha maslahat soʻrardi, u javob qaytarardi. Telefon ovozlari ham, biz ham, shahar shovqini ham, sigara ham — mister Xeteuey ham gʻoyatda baxtli his qilardik oʻzimizni. Uning qoʻlidan faqat birgina narsa kelmasdi — bizni keksaytira ololmasdi. Oʻzi kun sayin qarib borardi, biz esa oʻsha-oʻsha yosh boʻlib turaverardik. Ammo menga shunday tuyulardiki, bu uni unchalik bezovta qilmasdi. Hattoki oʻzi shuni xohlardi deb oʻylardim men.
— Biz uni pastda toʻrtta xoch turgan joydagi qabrga dafn etamiz. Menimcha, bu uning xohishiga javob beradi.

Ayol asta uning panjasiga qoʻl tekkizib qoʻydi.
— Mening bunga ishonchim komil.

Kapitan ishga kirishib ketdi. Kichkina marosim tepalik etagi tomon yurib ketdi; oila uning ortidan yoʻlga tushdi. Ikki odam Xeteueyni usti yopilgan zambilda koʻtarib ketdi. Ular tosh kulba yonidan oʻtishdi, soʻng Xeteuey koʻp yillar muqaddam oʻz ishini boshlagan saroy yonidan yurib oʻtishdi. Uaylder shu ustaxona eshigi yonida bir oz taraddudlandi. Bu sayyorada xotini va uchala farzandi bilan yashasa-da, — birdaniga seni shamol va jimjitlik bilan tanho qoldirib, ular oʻlib ketishsa, shu ham ish boʻldimi? — deb soʻradi u oʻzidan, — bunday ahvolda inson nima qilishi kerak boʻladi? U oʻlganlarni qabrga joylashtiradi, xoch qoʻyadi, soʻng aql va xotira kuchini, qoʻlining chaqqonligini va topqirlikni yordamga chaqirib, ustaxonaga keladi-da, keyinchalik uning xotini, oʻgʻli, qizlari boʻlgan narsani zarrama-zarra toʻplay boshlaydi. Togʻ tagidan barcha zarur narsalarni topish mumkin boʻlgan Amerika shahri boʻlganda, aqli raso odam, har qalay, oʻzi xohlagan narsani yarata oladi-da.

Ularning qadam tovushlarini qum yutib yubormoqda edi. Ular kelganida qabristonda ikki odam allaqachon qabrni kavlab boʻlayozgan edi.

Ular oqshomga yaqin raketa oldiga qaytib kelishdi.

Uil'yamson boshini irgʻab tosh kulbaga ishora qildi.
— Ularni nima qilamiz?
— Bilmadim, — dedi kapitan.
— Balki, ularni oʻchirib qoʻyarsiz.
— Oʻchirib? — kapitan bir oz taajjublandi. — Bu mening xayolimga ham kelmagan edi.
— Axir siz ularni oʻzingiz bilan olib ketolmaysiz-ku?
— Yoʻq, ularni boshimga uramanmi?
— Nahotki siz ularni shu yerda, qanday boʻlsa shundayligicha qoldirmoqchi boʻlsangiz?

Kapitan Uil'yamson toʻpponchani uzatdi.
— Agar biror narsa qoʻlingizdan kelsa, siz mendan kuchliroqsiz.

Besh daqiqadan soʻng Uil'yamson boshdan-oyoq terga botgancha kulbadan qaytib keldi.
— Mang, oling toʻpponchangizni. Endi men sizni tushundim. Men ularning oldiga qoʻlimda toʻpponcha bilan kirib bordim, qizlardan biri menga jilmaydi. Qolganlari ham. Xotini menga choy tutdi. Ey xudo, bu borib turgan qotillik boʻlar edi-ku!

Uaylder bosh irgʻadi.
— Inson bunday mukammal narsani boshqa hech qachon yarata olmaydi. Ular uzoq umr koʻrish uchun yaratilgan. — Oʻn, ellik, ikki yuz yil. Ana shunaqa... Ularning yashashga... yashashga bizdan haqlari zigʻircha kam emas. Mendan ham, har birimizdan ham. — U trubkasidan kulni qoqib tushirdi. — Mayli, bortga chiqinglar. Parvozda davom etamiz. Bu shahar baribir halok boʻlgan, u biz uchun yaroqsiz.

Quyosh botdi. Muzdek shamol esdi. Butun ekipaj bortga chiqib olgan edi. Kapitan imillardi. Uil'yamson soʻradi:
— Siz tushib ketishga... e-e, ular bilan xayrlashishga shoshilmayapsizmi? Kapitan Uil'yamsonga sovuq qarab qoʻydi.
— Bu mening ishim.

Uaylder oqshom shamoliga yuzma-yuz togʻ tomon odimlab ketdi. Fazogirlar uning qorasi kulba devori ichida gʻoyib boʻlganini koʻrib turishardi. Ular ayol soyasini ham koʻrishdi. Ular komandirning ayol qoʻlini siqib qoʻyganini ham koʻrishdi.

Avgust 2026 - Yoqimli Yomgʻir Yogʻadi

Mehmonxona boʻlmada goʻyo birov eshitmay qolishidan qoʻrqqanday gapiruvchi soatlar tinmay: “chiq-chiq, yetti boʻldi, tong otdi, turing oʻrningizdan!” — deb qoʻshiq aytar edi. Ertalabki sukunat chulgʻagan uy huvillab turardi. Soat esa hamon chiqillar va boʻshliq tomon nuqul oʻzining sevgan qoʻshigʻini taratar edi: “sakkizdan oʻn daqiqa oʻtdi, nonushta qilish vaqti yetti, sakkizdan oʻn daqiqa oʻtdi!”

Oshxonada pechka chiyillab uh tortdi va uning langʻillagan qorni ichidan sakkizta obdon yetirilgan qadah, toʻrtta sarigʻi aralashtirilmagan tuxum, oʻn olti boʻlak choʻchqa yogʻi, ikki chashka qahva va ikki stakan muzdek sutni ufurib tashladi.
— Butun Kaliforniya shtatining Ellendayl shahrida ikki ming oltinchi yil, toʻrtinchi avgust, — dedi oshxona shiftidan boshqa bir ovoz. — Bugun mister Fezerctounning tugʻilgan kuni. Tilita toʻyining bir yilligi. Sugʻurta badalini toʻlash vaqti yetti. Suv, gaz, chiroq pullarini ham toʻlab qoʻyish kerak.

Devorning allaqayeridadir bir rele shiqirladi, elektr koʻzlar oldida xotira tasmalari sizib chiqa boshladi.

Sakkizu bir, chiq-chiq, sakkizu bir, ishga borish kerak, maktabga borish kerak, boʻla qolinglar chaqqon-chaqqon, sakkizu bir! Biroq eshiklar ochilib-yopilmas, gilamlarda rezina poshnalarning yumshoq odimlagan tovushi quloqqa chalinmasdi.

Tashqarida yomgʻir yogʻardi. Tashqi eshikdagi meteoquticha ohista qoʻshiq kuylardi: “Yomgʻir yogʻar kun boʻyi, Issiqroq kiyin endi...” Yomgʻir tomchilari huvillagan uy tomini hamon nogʻora qilib chertardi.

Hovlidagi garaj eshigi qattiq gʻiyqilladi, koʻtarilib ochilgan eshik ortidan chiqishga hozir turgan avtomashina koʻrindi... Ikki daqiqa oʻtar-oʻtmas eshik yana asil holatiga qaytdi.

Sakkizu oʻttiz daqiqada tuxumlar bujmayib qoldi, qadahlar esa toshga aylandi. Alyumin belkurakcha ularni chanoqqa itqitdi, u yerdan tizillagan qaynoq suv ularni ma’dan boʻgʻizga dumalatib keldi, boʻgʻiz ularning hammasini eritib yuborar va kanalizatsiya orqali uzoq dengizga eltib tashlardi. Ovqat yuqi likopchalar qaynoq yuvindi idishga shoʻngʻir va yaltiragancha uning ichidan suzib, tashqariga chiqib kelar edi.

“Toʻqqizu oʻn besh, — kuyladi soat, — supurib-sidirish vaqti yetdi”.

Devordagi uyachalardan mitti robot sichqonlar toʻkildi. Barcha xonalarda ma’dan va rezinadan yasalgan jonsarak farroshlar ivirsir edi. Ular oʻzlarini oromkursilarga sharaqlab urib olar, tukdor gʻoʻlachalarini aylantirar, gilam patlarini hurpaytirar, ichidan changlarini ohista soʻrib olar edilar. Soʻng bamisoli noma’lum kelgindilar kabi bir-bir oʻz goʻshalariga kirib, koʻzdan gʻoyib boʻldilar. Ularning qizil elektr koʻzlari soʻndi. Uy chinniday top-toza boʻlib qolgandi.

Soat toʻqqiz. Yomgʻir pardasini surib, quyosh moʻraladi. Xarobazor va kultepalar orasida yolgʻiz uy qoʻqqayib turardi. Butun shaharda shu uygina omon qolgandi. Har kuni tunda vayron boʻlgan shaharning oʻzidan chiqarayotgan radioaktiv nurlari bir necha mil uzoqdan ham koʻzga tashlanib turardi.

Oʻnu oʻn besh daqiqa. Bogʻdagi changlatgichlar tillarang favvoralar otib, ertalabki yengil havoni jimjimador suv munchoqlari mavjlariga toʻldirdi. Deraza oynalaridan suv jilgʻalari oqib tusha boshladi, soʻng sirtidagi oq boʻyoq paqqos kuyib ketgan egma gʻarbiy devor boʻylab jildiray ketdi. Besh joydagi ola-chalpoqni aytmasa, butun gʻarbiy devor qop-qora tusda edi. Ana, boʻyoq maysa oʻrgich uskunani dumalatib ketayotgan erkak qiyofasiga kirdi. Ana, xuddi foto-suratdagidek, bir ayol gul uzgani engashib turibdi. Undan narida — birgina ulkan lahzada yogʻochda kuyib qotib qolgan yana bir qancha qiyofalar... Bolakay qoʻllarini yuqoriga siltab koʻtardi, undan yuqorida irgʻitilgan koptok shakli qotib qoldi; bolakayning roʻparasida bir qiz koptokni tutmoqchi boʻlib qoʻllarini baland koʻtargan, ammo koptok pastga tushmay, havoda muallaq qolib ketgan.

Faqat beshta boʻyoq dogʻi bor — erkak, ayol, bolalar va koptok. Qolgan barchasi — yogʻoch koʻmirning yupqa qatlami, xolos.

Changlatgichdan yogʻayotgan sokin yomgʻir bogʻni toʻkilib tushayotgan nur uchqunlari bilan toʻldirdi...

Shu kungacha uy oʻz tinchligini qanchalik mustahkam saqlab kelgan-a! “Kim u? Oʻzingizni taniting!” deya u nechogʻlik hushyorlik bilan soʻrab-surishtirmagan! Yolgʻiz tulkilardan va shikoyatnamo miyovlagan mushuklardan tegishli javob ololmagach, qariqiz shiddati ila derazalarni qarsillatib yopmagan va pardalarni silkib tushirmagan. Jinnilik bilan chegaradosh boʻlgan muhofazakorlik — goho mexanizmlarda ham paranoyya dardi uchrab turadi-da.

Bu uy har bir tovushdan titrab tushar edi. Chumchuq nogahon qanoti bilan derazaga tegib ketdimi, oʻsha zahoti parda qattiq shatirlab ketar va yuragi yorilgan qush orqa-oldiga qaramay qochar edi. Hech kim — hatto chumchuq ham — uyga tegishga botinolmasdi!

Uy minglab katta va kichik rohiblaru yugurdaklari boʻlgan ibodatxona edi, ular toat-ibodat qilar, joʻrlikda diniy qoʻshiq aytar edilar. Biroq ma’budlar gʻoyib boʻlgan, marosim esa mantiqsiz va ma’nosiz bir holda davom etardi.

Oʻn ikki.

Katta eshik yonida choʻchib tushgan koʻppak irillab qoʻydi.

Eshik it tovushini darhol bildi va ochildi. Bir vaqtlar sogʻlom, toʻq yashagan, endi esa sharti ketib, parti qolgan, tullak koʻppak ortidan iflos izlar qoldirib ichkariga yugurib kirdi. Uning orqasidan bezovta qilishgani, uyni yana supurib-sidirishga majbur qilishganidan zardalari qaynab dargʻazab sichqonlar kuymanglashib qolishdi!

Eshik tagidagi tirqishdan ichkariga bir kichkinagina chang zarrasi kirdi demaguncha devor panellari asta koʻtarilardi-da, koʻz ochib yumguncha u yerdan ma’dan farroshlar sakrab-sakrab yetib kelar edilar. Mittigina poʻlat jagʻlar tutib olgan jur’atkor qogʻoz parchasi, chang zarrasi yoki bir tola tuk devorlarda koʻzdan yoʻqolardi. U yerdan quvurlar orqali axlat tagxonaga, axlat kuydirish mashinasining guvillagan qorniga borib tushardi. Axlat kuydirish mashinasi bamisoli dahshatli darrandaday qorongʻi burchakda choʻnqayib turardi.

Koʻppak yuqoriga qarab chopib borar ekan, bu yerda oʻlik sukunatdan boshqa hech zogʻ yoʻqligini anglamagan holda — uy esa buni allaqachon anglab yetgandi — har bir eshik roʻparasida oʻchakishib akillardi.

U hidlandi-da, oshxona eshigini tirnadi, soʻng hidlashini toʻxtatmay eshik yonida yotib oldi. Eshikning narigi tomonidagi pechkada chalpak pishmoqda edi, undan butun uyga yoqimli, qaragʻay qiyomining ishtahani qitiqlaydigan va toʻyimli hidi anqimoqda edi.

Koʻppakning ogʻzi koʻpikka toʻldi, koʻzlari oʻt boʻlib chaqnadi. U sapchib oyoqqa turdi, dumini tishlab gir aylandi, jon talvasasida tipirchiladi-da, tarrakday qotdi-qoldi. Shu alpozda u mehmonxona boʻlmasida bir soatcha yotdi.

Soat ikki, — kuyladi ovoz...

Nihoyat kuygan narsaning bilinar-bilinmas hidini olib, uyalardan xuddi elektr yelpigʻichi uchirgan qovjiroq yaproqlardek sichqonlar galasi yengil va shiddat ila vizillab otilib chiqdi.

Ikkiyu oʻn besh daqiqa.

Koʻppak gʻoyib boʻldi.

Tagxonadagi axlat pechkasi bexos alanga yalligʻidan yorishib ketdi va moʻridan yuqoriga qarab uchqunlar shiddat bilan koʻtarildi.

Ikkiyu oʻttiz besh daqiqa.

Ichki sahn devorlaridan qartavozlar stollari sakrab chiqdi. Koʻzoynaklari yilt-yilt qilib, qartalar joy-joyiga uchib ketdi. Dub peshtaxtada kokteyllar va tuxumli sendvichlar paydo boʻldi. Musiqa yangradi.

Biroq stollar sukut saqlardi va hech kim qartalarga qoʻl urmadi.

Roppa-rosa toʻrtda xuddi ulkan kapalaklardek stollar taxlandi-da, yana devorlar ichiga kirib ketdi.

Soat toʻrt yarim.

Bolalar xonasining devorlari yorishib ketdi.

Ularda hayvonlar paydo boʻldi: sariq jirafalar, zangori arslonlar, qizil gʻazollar, gulobiy qoplonlar — barchalari billur toʻshami uzra sakrar edilar. Devorlar shishadan boʻlib, tasavvurdagi boʻyoq va oʻyinlarni oʻzida yaxshi aks ettirardi. Pinhoniy kinotasmalar tishlar boʻylab gʻaltakdan gʻaltakka suzib oʻta boshladi va devorlar jonlandi. Xona poli shamoldan toʻlqinlanayotgan ekin dalasi misol chayqalardi, undan alyumin suvaraklar va temir chirildoqlar yugura boshladi, jazirama tinch havoda, hayvon izlarining hidi ichida gʻoyatda nafis qizil matodan yasalgan kapalaklar uchar edi! Temirchi bosqonining sim-siyoh qa’rida gʻivirlayotgan asalarilar galasi ovoziga oʻxshash gʻoʻngʻillash eshitildi. Ortidan oʻlja yeb toʻygan arslonning erinchoqlik bilan irillashi keldi. Okapi1 tuyoqlarining tovushi va siyrak maysalarning nozik poyalariga kelib tushayotgan muzdek yomgʻir shatiri quloqqa chalindi. Ana, devorlar eriy boshladi, quyoshning olov seliga koʻmilgan oʻtloqzorlar va tubsiz jazirama osmonning bepoyon kengliklariga singib ketdi. Hayvonlar tikonli toʻqaylar va suvloqlar boʻylab yoyildi.

Bolalar uchun eshittirish vaqti boʻldi.

Soat besh. hammom shaffof qaynoq suvga toʻldi.

Soat olti, yetti, sakkiz boʻldi. Tushlik solingan idishlar gʻaroyib qiliqlar koʻrsatdi, soʻng xonada nimadir shirq etdi va jonga huzur beruvchi olov yonib turgan kamin oldidagi temir shtativda nogahon yumshoq kulrang kuldan qalpoq kiygan kashanda sigara paydo boʻldi.

Soat oʻn. Koʻzga koʻrinmas simlar choyshabni isitdi — bu yer tunlari sovuq boʻlardi.

Soat toʻqqizdan besh daqqiqa oʻtdi. Xona shiftidan ovoz keldi:
— Missis Maklellan, bugun qaysi she’rni eshitgingiz kelayapti?

Uy sukutda.

Oxiri ovoz dedi:
— Hech bir xohish izhor qilmaganingiz uchun men oʻzim tavakkal qilaman.

Joʻrlikda chalingan ohista musiqa yangraydi.
— Sara Tisdeyl. Agar yanglishmasam, siz sevgan she’r.

Yoqimli yomgʻir yogʻib, anqiydi tuproq hidi,
Tongdan tonggacha chaqqon chittak tinmay sayraydi.
Anhorlarda baqalar qurillaydi har kecha,
Sa’valar xonish qilar dam ham olmasdan picha.
Oq koʻpikli bogʻlarda olcha gullari lov-lov,
Devorlardan koʻchaga goʻyo otilar olov.
Urushni ammo hech kim, hech kim eslamas bu on,
Yotgan ilonni qoʻzgʻash keltirar faqat ziyon.
Yer yuzida odamzot nasli qurur boʻlsa gar
Na qushcha, na majnuntol qatra koʻz yoshi toʻkar.
Bahor... ha, Bahor fasli yangi tongni kutadi,
Bilmaydiki, bizlar yoʻq, umri zoye oʻtadi.

Kaminda soʻnib borayotgan olov lip-lip qilardi, sigara unsiz kulga aylanib toʻkilib tushardi. Gung devorlar oraligʻida bir-biriga qarama-qarshi ikki oromkursi turibdi, musiqa hamon yangrardi.

Soat oʻnda talvasa boshlanadi.

Shamol esdi. Daraxtdan sinib tushgan quruq butoq oshxona derazasiga taqalib qoldi. Dogʻ ketkazgich eritmali shisha plitaga urilib chil-chil boʻldi. Bir lahzada butun oshxona olov ichida qoldi!
— Yongʻin! — qichqiriq eshitildi. Chiroqlar lip-lip qilardi, nasoslardan, tarang tortilgan shiftlardan suvlar tizillab otildi. Biroq suyuq yonilgʻi linolium boʻylab yoyilib ketdi, u singdi-da, eshik tagiga shoʻngʻidi va ortidan talay odamlar joʻrlikda kuylab yubordi:
— Yongʻin! Yongʻin! Yongʻin!

Uy bardosh berishga urinardi. Eshiklar zich yopilib qoldi, biroq deraza oynalari issiqqa chidolmay otilib ketdi va shamol olovni gurillatib yubordi.

Olov tazyiqi ostida oʻn milliardlab dargʻazab uchqun surbetlarcha yovuzlik ila xonadan-xonaga uchib kirar va zinapoyadan yuqoriga koʻtarilardi, uy chekina boshladi.

Hamon devorlardan yoʻrgʻalagancha sarosimali suv kalamushlari chiqib kelmoqda edi va yana suv olib kelgani izlariga qaytar edilar. Devor changlatgichlar ham mexanik yomgʻir sinchlarini havoga koʻtarishdi. Ammo kech edi. Allaqayerda ogʻir uh tortib, yelkalarini kergan koʻyi nasos qotib qoldi. Olov bilan olishayotgan yomgʻir tindi. Necha kunlardan beri hammomlar va idish yuvish xonalarni ta’minlab kelgan zaxira qozondagi suv tugab boʻlgandi.

Zinalarni birin-ketin yamlagancha olov chars-churs qilardi. Yuqoridagi xonalarda u mechkay odamga oʻxshab Pikasso va Matissning suvratlarini mazza qilib tushirar, moyli qobigʻini yalar va xolstlarni avaylabgina qora naycha qilib oʻrar edi.

Olov karavotlargacha yetib bordi, hali zamon deraza rahlariga sakrab chiqadi-da, darpardalarga qaytadan gul beradi!

Biroq shu zahoti koʻmak yetib keladi.

Chordoq tuynuklaridan koʻzga koʻrinmas robotlar pastga tikilib turar va forsunka ogʻizlaridan yashil dorilar ufurardi.

Olov birdan turtinib ketdi; hatto fil ham oʻlgan ilonni koʻrganda shoshib qoladi-ku. Hozir boʻlsa poldan yigirmata ilon oʻrmalab kelardi, yashil koʻpikli sovuq, toza zahri bilan olovni oʻldirmoqda edi.

Ammo olov ham anoyi emasdi, u alangali tillarini devor tashqarisidan yuqoriga, chordoqqa yubordi — u yerda nasoslar bor edi. Gumbur-r-r! Nasoslari boshqarib turadigan elektr miya birinchi nayzasini toʻsinlarga sanchdi.

Soʻng olov orqaga qaytdi va kiyimlar osigʻliq barcha hujralarni aylanib chiqa boshladi.

Dub suyaklari qisirlab, uy titrab ketdi, uning yalangʻochlanib qolgan skeleti issiqdan bukildi, uning tomirlari — simlar tarmogʻi shalvirab osilib qoldi, goʻyo qizil tomirlari va kapillyarlari jazirama havoda tez-tez urishi uchun qandaydir jarroh uning terisini shilib olayotganday. Qorovul! Korovul! Yongʻin! Qochinglar, jonlaringni saqlab qolinglar! Olov koʻzgularni qishdagi moʻrt muzdek mayda-mayda qilib ushatardi. Ovozlar esa nola qilardi: “Yongʻin, yongʻin, qochinglar, jonlaringni saqlab qolinglar!” Goʻyo ovloq oʻrmonga olib borib tashlangan va oʻlayotgan oʻn ikki bola biri past, biri baland ovozda mungli bolalar qoʻshigʻini aytayotgandek. Biroq simlarning qobiqlari qovurilgan kashtanlar misol birin-ketin tinmoqda edi. Ikkita, uchta, toʻrtta, beshta ovoz gum boʻldi.

Bolalar xonasida olov junglini qamrab oldi. Zangori arslonlar oʻkirar, qirmizi jirafalar sakrar edilar. Qoplonlar dam sayin ranglarini oʻzgartirib, u yoqdan-bu yoqqa oʻzlarini otar edilar; olovdan jon saqlash niyatida oʻn million hayvon uzoqdagi qaynoq daryo tomon chopib bormoqda edi...

Yana oʻn ovoz oʻldi. Soʻnggi lahzada olov seli gumburi orasidan boshqa, ma’nosini yoʻqotgan ovozlarni farqlash mumkin boʻlardi, hali vaqt bor edi, musiqa yangrardi, maysazor boʻylab teleboshqaruvli mashina oʻroq kezinardi, telbalangan soyabon goh ochilib, goh yopilib yotgan, tashqari eshik ostonasidan orqaga va oldinga sakragani-sakragan edi, — ostonadan birvarakayiga mingta buyum oʻtardi, xuddi yuzlab soat birdaniga zang urgan soatsozlik ustaxonasimi deysiz: qandaydir yagonalikka payvandlangan telba toʻs-toʻpolon hukmron edi bunda; qoʻshiqlar, qiyqiriqlar va soʻnggi axlatchi sichqonlar tozalash, bu dahshatli, isqirt kulni yoʻqotish uchun inlaridan sakrab-sakrab chiqib kela boshladilar! Bir ovoz esa sodir boʻlayotgan voqealardan azbaroyi nafratlan¬ganidan tutab yotgan xonada she’r oʻqiy ketdi, to barcha plyonkalar yonib bitmaguncha, barcha simlar erib ketmaguncha, barcha kesmalar toʻkilib tushmaguncha she’r oʻqishdan toʻxtamadi.

Nihoyat, olov uyni portlatib yubordi va u har tomonga dud va uchqun sochgancha yerga yuz tuban agʻdarilib tushdi.

Chala yongan va yonayotgan toʻsinlar toʻkilib tushguniga qadar bir soniya qolganda oshxonada pechka aql bovar qilmas tezlikda nonushtalar tayyorlardi: oʻnta tuxum, oltita baton, ikki yuz boʻlak choʻchqa yogʻi — shular barini olov bitta qoʻymay yamlar, hansirayotgan pechkani yana va yana jazavaga tushib ovqat pishirishga majbur qilardi.

Gumbur. Chordoq oshxona va mehmonxona boʻlmasiga qulab tushdi, mehmonxona boʻlmasi birinchi qavatga, birinchi qavat tagxonasiga yastlandi-qoʻydi. Muzlatkichlar, oromkursilar, fil'mli oʻramalar, karavotlar, elektr asboblari — hammasi bukilib-egilib pastga qulab tushdi.

Dud va sukunat. Tutun buruqsib koʻtarilardi.

Sharqdan asta tong otib kelardi. Xarobalar orasida bittayu bitta devor butun saqlanib qolgandi. Shu devor ichidan soʻnggi tanho ovoz gapirar edi, quyosh tutab yotgan siniq va boʻlaklarni allaqachon yoritganiga qaramay u hamon takrorlar edi;
— Bugun 2026 yil 5 avgust, bugun 2026 yil 5 avgust, bugun...

Oktabr 2026 - Marsdagi Ta’til

Nimagadir bu fikrni onam aytdi — butun oila baliq oviga bormaymizmi? Sirasini aytganda, bu soʻzlar oyimniki emasdi, Timoti buni juda yaxshi bilardi. Bu gaplar dadamniki edi, ammo nimagadir ularni dadam emas, uning oʻrniga oyim aytdi.

Shaqirlagan mars shagʻali ustida ogʻirligini u oyogʻidan bu oyogʻiga solib turgan dadam rozi boʻldi. Hammamiz qiyqirib yubordik, koʻz ochib-yumguncha lager yigʻishtirildi, hamma narsa kapsula va konteynerlarga joylandi, oyim safar kombinezonini va kurtkasini kiydi, uning bir koʻzi mars osmonida edi, titroq qoʻllari bilan trubkani toʻldirdi va uchala bola shodon qiyqirgancha motorli qayiq tomon otildik — uchala oʻgʻildan faqat Timotigina tinmay dadam bilan oyimga qarar edi.

Oyim tugmachani bosdi. Osmonga guvillagan tovush oʻrladi. Tumshuq tomondagi suv orqaga otildi, qayiq esa doʻstona “ura!” qichqiriqlari ostida olgʻa intildi.

Timoti qayiq tumshugʻida otam bilan birga oʻtirib olgan, ingichka barmoqlari otamning sertuk qoʻli ustida. Qazib tashlangan maydoncha kanal muyulishi ortida koʻzdan yoʻqoldi, ular Yerdan qilgan uzoq parvozlaridan soʻng oʻzlarining moʻ’jazgina oilaviy raketalarida shu yerga kelib qoʻngan edilar. Uchish arafasidagi tunni, shoshilinch va toʻs-toʻpolonni, otasi qandaydir yoʻl bilan topib kelgan raketani, dam olgani Marsga uchishlari haqidagi suhbatlarini esladi u. Ta’til uchun xiyla olislik qilardi-yu, biroq Timoti churq etmadi, chunki u yerda ukachalari ham bor edi-da. Ular Marsga omon-eson yetib kelishdi va oʻsha joydan ular bugun baliq oviga yoʻl olishdi.

Qayiq kanalda uchib borardi... Bugun dadamning koʻzlari bejoroq edi. Nima boʻlganiga Timotining hech aqli yetmasdi. Uning koʻzlari charaqlardi va ularda qandaydir yengillik borga oʻxsharmidi-ey. Bundan esa chuqur ajinlar xoʻmrayib va gʻamga botib emas, aksincha, kulib turar edi.

Kanalda yangi muyulish — qotib turgan raketa ham koʻzdan yoʻqoldi.
— Uzoqqa boramizmi?

Robert qoʻli bilan suvni shaloplatdi — goʻyo binafsharang sathda jajji krab sakraganday.

Otam xoʻrsindi:
— Million yil muqaddamga.
— Ana, xolos! — hayron boʻldi Robert.
— Qaranglar, bolalar! — Oyim uzun egiluvchan qoʻlini koʻtardi. — Oʻlik shahar.

Ular sehrlangandek oʻlik shaharga tikilishdi, shahar esa ularning oʻzlarigina uchun tegishli qirgʻoqda hayotsiz yastlanib yotar, Mars esa meteorologlar san’ati bilan hadya etilgan jazirama sokin yoz qoʻynida mudrar edi.

Dadamning yuzida shaharning oʻlikligidan suyungandek xushnudlik ifodasi oʻynardi.

Shahar: qumloq togʻ yonbagʻrida uxlab yotgan qizil qoyalarning betartib uyumi, bir necha yiqitilgan ustun, tashlandiq ziyoratgoh, undan narida — yana qum, yana qum, milma-mil davom etib ketaveradi... Kanal atrofida oq choʻl, uning ustida moviy choʻl.

Toʻsatdan qirgʻoq tomondan qush uchib chiqdi. Xuddi birov otgan toshday moviy hovuz ustidan oshib oʻtdi-da, suvga tushib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Vahimadan hatto dadamning yuzi oʻzgarib ketdi.
— Menga bu raketaga oʻxshab ketdi.

Timoti Yerni, urushni, vayron boʻlgan shaharni, bir-birini oʻldirgan odamlarni (oʻzi hisob qilgancha) koʻrishga harakat qilib, osmon qa’riga tikildi. Ammo hech narsa koʻrmadi. Urush shu qadar olisda va mavhum ediki, goʻyo ulkan va huvillagan jome qubbasi ostida hayot-mamot jangi qilayotgan ikki pashshaga oʻxshardi. Bema’niligi esa bundan-da beshbattar edi.
— Uil'yam Tomas peshonasidan terni sidirdi va qoʻlida oʻgʻlining oʻrgimchak panjasidek yengil barmogʻini his qilib seskanib tushdi.

U oʻgʻliga qarab jilmaydi:
— Xoʻsh, anavi qanday ekan, Tommi?
— Zoʻr, dada.

Timoti yonida turgan ulkan, katta yoshdagi bu uskunada nimalar sodir boʻlayotganini yaxshi tushunolmadi. Oftob urganidan poʻst tashlab yuborgan katta qirgʻiy burunli, tosh zoʻldirni esga soluvchi koʻm-koʻk koʻzli (bu zoʻldirlarni u Yerdaligida ermak uchun oʻynar edi), keng brija ichiga yashiringan qudratli ustunsimon oyoqli bu odamda nimalar boʻlayotganidan u bexabar.
— Nimaga buncha tikilib qarab qoldingiz, dada?
— Men yer mantigʻini, sogʻlom fikrni, oqilona hukmronlikni, tinchlik va mas’uliyatni qidirayotgan edim.
— Xoʻsh, topdingizmi?
— Yoʻq. Topmadim. Ular endi Yerda yoʻq. Bundan keyin ham hech qachon boʻlmaydi. Biz oʻz-oʻzimizni aldab kelgan ekanmiz, chamamda, aslida biz oʻzi yoʻq narsani qidirar ekanmiz.
— Nega bunday deysiz?
— Qara, qara, hov ana baliq, — koʻrsatdi otam.

Uchala bola qiyqirib yubordi va qayiq bir yonga qiyshaydi, ular baliqni koʻrishga oshiqib, ingichka boʻyinlarini choʻzgancha pastga engashishdi. Voy-boʻy, anovini qaranglar! Kumushrang halqa baliq yonginalaridan biltanglagan va bir lahza ichiga yegulik xoʻrak tushib qolgan qorachiqday qisilgan holda suzib oʻtib ketdi.
— Xuddi urushning oʻzi-ya, — gʻudranib dedi otam. — Urush suzayapti, xoʻrakni koʻrayapti, qisilyapti. Qarabsanki, Yerdan nom-nishon yoʻq.
— Uil'yam, — dedi onam.
— Kechir.

Ular jim boʻlib qolishdi, qarshida esa kanalning muzday zilol suvi shiddat bilan oqardi. Chor-atrofda tiq etgan tovush yoʻq, faqat motorning guvillashi, suvning shaloplashi, quyoshdan bugʻlangan havo oqimigina bor, xolos.
— Qiziq, marsliklarni qachon koʻramiz? — soʻradi Maykl.
— Tez orada, — uni ishontirib dedi ota. — Balki, kechqurun koʻrarmiz.
— Marsliklar bitta qolmay qirilib ketgan-ku, — dedi oyim.
— Yoʻq, qirilib ketishmagan, — anchadan keyin javob berdi dadam. — Men sizlarga marsliklarni koʻrsataman, bu aniq.

Timoti lunjini osiltirdi, biroq hech nima demadi. Hammasi qandaydir gʻalati edi. Ta’til ham, baliq ovi ham, kattalarning bir-biriga qarab olish¬lari ham.

Uning ukalari esa marsliklarni tomosha qilmoqchi boʻlib kanalning ikki metrli tosh devoriga kaftlari tagidan koʻz uzmay tikilib turishardi.
— Ular qanaqa oʻzi? — surishtirardi Maykl.
— Koʻrganingda bilasan. — Otasi goʻyo kinoya qildi va Timoti uning yanoqlari uchayotganini payqadi.

Onasi gʻoyatda nozik va moʻrt edi, zarrin sochlarini boshiga fir’avnlar bosh kiyimi — tiaraday tashlab olgan, koʻzlari esa kanalning soyadagi chuqur muzdek suvi rangiga oʻxshab, yoqut xolchalari boʻlgan qariyb qirmizi tusda. Uning koʻzlarida baliqday goh yorqin, goh xira, birlari tez, yashinday, birlari sekin, imillab suzayotganini koʻrish mumkin edi, gohida esa — deylik, ayol osmonga, Yer boʻlmagan joyga qaraganida, koʻzlarida hech nima boʻlmasdi, faqat rang boʻlardi, xolos... Ona qayiq tumshugʻida oʻtirardi, bir qoʻlini bortga, ikkinchisini shimining dazmollangan joyiga qoʻyib olgan, oftobda kuygan yumshoq boʻyin chizigʻi oq gulga oʻxshagan yoqa ochilgan joyga borib uzilar edi.

Ona hammavaqt oldinga qarardi, nimanidir ilgʻamoqchi boʻlardi, ammo ilgʻayolmay eri tomonga oʻgirilardi; erining koʻzlarida u oldindagi narsaning aksini koʻrdi, eri esa bu aksga oʻzidan nimadir bir narsani, qat’iy ahdi qarorini qoʻshdi va uning yuzidagi keskinlik kamaydi, ayol yana oldinga oʻgirilib oldi, bu safar nimani izlash kerakligini bilib, xotirjam tikila boshladi.

Timoti ham tikilar edi. Biroq u keng tekis vodiyning oʻrtasidagi binafsharang kanalning oʻqday tik chizigʻini koʻrib turardi, vodiy suv yuvgan pastqam tepaliklar bilan qurshalgan edi. Chiziq osmon chekkasidan nariga chiqib ketardi va kanal tobora nariga, yana ham nariga, xuddi bir silkisang quruq bosh chanogʻidagi qoʻngʻizchalar kabi jangirlab toʻkilib tushgudek shaharlardan ham nariga choʻzilib ketgandi. Issiq kun va salqin tunlarda yoz tushlarini koʻrayotgan yuzta, ikki yuzta shahar...

Mana shu sayrni deb, mana shu baliq ovini deb ular millionlab mil uzoqlikdan uchib keldilar. Raketada esa qurol bor edi. Ta’tilga ketdik emish! Mana, bu oziq-ovqatlar nechun — kam deganda rosa bir yilga yetadi — ularni raketaning shundoq yonginasiga gʻamlab qoʻyishibdi-ku, ta’til emish! Ammo bu ta’til ortida quvonchli tabassum emas, balki qandaydir shafqatsiz, qattiq, hatto qoʻrqinchli bir narsa yashiringan. Timoti hech bu yongʻoqni chaqolmadi-chaqolmadi-da, ukalarining esa bu bilan ishlari yoʻq — oʻn yoki sakkiz yoshdagi bolakaylarning xayolida nimalar boʻlardi deysiz?
— E, qani marsliklar? Odamni jinni qilishadi! — Robert iyagi uchini kaftiga qoʻygancha kanalga tikildi.

Dadamning qoʻlida eskicha yasalgan bir atom radiosi bor edi: uning boshini, qulogʻi yonini bossang boʻldi, radio biron narsani kuylagancha yoki gapirgancha aylana boshlaydi. Dadam ayni paytda radioni tinglab turardi va uning chehrasi mana shu oʻlgan mars shaharlaridan biriga oʻxshab ketardi — tund, ezilgan, hayotdan asar yoʻq.

Soʻng u radioni onaga uzatdi. Onaning lablari ochildi.
— Nima ... — Timoti savol bermoqchi boʻldi-yu, gapini tugatolmadi.

Chunki shu lahzada birining ketidan ikkinchisi boʻlib ikkita ulkan portlash ularni silkib tashladi va hang-mang qilib qoʻydi, ketidan yana kuchsizroq bir nechta portlash sodir boʻldi.

Ota boshini orqaga tashladi-da, tezlikni oshirdi. Qayiq suvni qattiq shaloplatgan va sakragan koʻyi olgʻa uchib ketdi. Robert darhol oʻzini oʻnglab oldi, Maykl esa qoʻrqqanidan yuragi yorilgudek boʻlib chiyilladi va naq burni tagidan uchib oʻtayotgan oqimga qaragancha onasining oyoqlariga yopishdi.

Tezlikni oshirib, ota qayiqni shiddat bilan burdi va ular ensiz qoʻshimcha kanalga, krablar hidi anqib turgan eski yarimvayrona toshqirgʻoqqa suzib kelishdi. Qayiq tumshugʻini tosh qirgʻoqqa shunaqangi qattiq kelib urdiki, hamma oldinga munkib ketdi, ammo hech kim lat yemadi, ota esa ularning kelib yashiringan joyini bildirib qoʻyishi mumkin boʻlgan qayiqning suvdagi izi qolmadimikan deb kanaldan koʻzini uzmasdi. Kanal sathidan uzun toʻlqinchalar yoyilib ketdi; toshqirgʻoqdan boʻsa olib, ular orqaga qaytishdi, qaytishda orqadan yugurib kelayotganlarni tutib olishdi-da, quyoshning jimjimador nurlari ostida bari aralash-quralash boʻlib ketdi, soʻng mavjlar gʻoyib boʻldi.

Dada quloq tutdi. Ular barchasi quloq tutishdi.

Otaning nafasi bostirma tagida boʻgʻiq aks sado berardi, goʻyo muzdek, nam tosh qirgʻoqqa birov musht tushirayotgandek. Endi nima boʻlarkin deya oyi mushukday koʻzlarini dadaga tikkan.

Ota chuqur, yengil xoʻrsinib qoʻydi-da, oʻzining ustidan qah-qah urib kuldi.
— Axir bu bizning raketamiz-ku! Nimagadir vahmachi boʻlib qolibman. Ha-da, bu raketa.
— Bu nima edi oʻzi , dadajon, — soʻradi Maykl, — nima edi oʻzi bu?
— Raketamizni portlatib yuboribmiz, bor-yoʻq gap shu . — Timoti ishchan ruhda gapirishga urindi. — Raketalar qanday portlashini hech eshitmaganmisan? Biznikini ham portlatishdi...
— Nega biz raketamizni portlatamiz? — Tinib-tinchimasdi Maykl. — Nimaga, dadajon?
— Oʻyinda shunaqa boʻladi, kallavaram! — javob berdi Timoti.
— Oʻyinda?! — Maykl bilan Robert bu soʻzni jonlaridan yaxshi koʻrishardi.
— U portlashi uchun dadam ataylab shunday qilganlar, qayerga kelib qoʻnganimizni va qayoqqa gumdon boʻlganimizni hech kim bilmasligi uchun! Bordi-yu, birov bizni topib olmoqchi boʻlsa, bildingmi?
— Voy-boʻy, sir-ku!
— Oʻz raketamizdan qoʻrqib yuribmiz, — iqror boʻldi ota onaga. — Asablar! Bu yerda boshqa raketalar paydo boʻlib qolishi mumkinligini oʻylash ham kulgili. Yana bitta raketa uchib kelishi hech gap emas: agar Edvards xotini bilan yetib kelolsa.
— U yana mitti priyomnikni qulogʻiga tutdi. Ikki daqiqadan keyin uning qoʻllari lattaday osilib tushdi.
— Boʻldi, tamom, — dedi onaga. — Atom nuridagi stansiya hozirgina ishini tugalladi. Yerning boshqa stansiyalari allaqachondan beri miq etmaydi. Soʻnggi yillarda ular bor-yoʻgʻi ikki-uchtagina edi. Endi efirda oʻlik sukunat. Bu uzoqqa choʻzilishi aniq.
— Qanchaga? — soʻradi Robert.
— Ehtimol... sizning chevaralaringiz radio tinglashsa kerak, — javob berdi ota. U boshini quyi solib oʻtirar va bolalar uning ichidan nimalar oʻtayotganini bilib turishardi: taqdirga tan berish, afsus-nadomat, itoatkorlik.

Soʻng u yana qayiqni katta kanalga olib chiqdi va ular yoʻllarida davom etishdi.

Kech kirib borardi. Quyosh ufqqa bosh qoʻya boshlagan; oldinda birin-ketin oʻlik shaharlar yastlanib yotardi.

Ota oʻgʻillari bilan quvnoq, bir maromda gap sotar edi. Ilgarilari u koʻpincha kamgap, kamsuqum, qoʻpol boʻlardi, endi esa — bular buni his qilib turishardi — dada soʻzlar bilan bamisoli ularning boshidan silamoqda edi.
— Maykl, shahar tanla.
— Nima, dadajon?
— Shahar tanla, toychogʻim. Yoʻlimizda duch kelgan har qanday shaharni tanla.
— Boʻpti, — dedi Maykl. — Qanday tanlayman?
— Oʻzingga eng koʻproq yoqqanini. Robert, sen ham, Tim, sen ham tanla. Koʻnglingizga mosini tanlayveringlar.
— Men marsliklari boʻlgan shaharni tanlayman, — dedi Maykl.
— Marsliklar boʻladi, — javob berdi ota. — Va’da beraman. — Uning lablari oʻgʻillariga murojaat qilsa-da, koʻzlari onada edi.
— Yigirma daqiqa ichida ular olti shaharni yoqalab oʻtishdi. Ota endi portlashlar haqida gap ochmay qoʻygandi; endi goʻyo oʻgʻillarining koʻnglini ovlash, ularning dilini xushlash dunyodagi eng muhim ishlardan biri boʻlib qolgandi.

Mayklga birinchi shaharoq yoqib qoldi, biroq “shoshgan qiz erga yolchimas” degan maqolni eslashib, uni bundan qaytarishdi. Ikkinchi shahar hech kimning didiga mos kelmadi. Uni yerliklar qurgandi, uylarning yogʻoch devorlarini qurt yeb, poʻk qilib qoʻygandi. Uchinchi shahar Timotining koʻngliga xush yoqib qoldi — katta ekan! Toʻrtinchi va beshinchi shaharlar hammaga kichkina boʻlib koʻrindi, ammo oltinchisini koʻrib hammaning, hatto onalarining ham ogʻzi ochilib qoldi, “Voy-boʻ!”, “Zoʻr!”, “Ana buni shahar deydi-da!” kabi xitoblar yangradi.

Shu yerda elliktacha muhtasham bino bus-butun saqlanib qolgandi, koʻchalari changli boʻlsa-da, tosh yotqizilgan edi. Maydonlardagi ikki-uchta koʻhna favvoralardan hamon nam sizib turar, botayotgan quyosh nurlarida jimirlab koʻringan suv jilgʻalari butun shahardagi hayotning yagona zuhuri edi.
— Shu yer, — bir ovozdan dedi hamma.

Ota qayiqni bandargohga olib keldi-da, qirgʻoqqa sakrab chiqdi.
— Mana, keldik ham. Bular barchasi — bizniki. Endi shu yerda yashaymiz!
— Yashaymiz? — Maykl shoshib dedi. U shaharga qaragancha oyoqqa turdi, soʻng ular raketani qoldirgan tomonga yuzini oʻgirdi. — Raketa nima boʻladi? Minnesota nima boʻladi?
— Mana, — dedi ota. U radiopriyomnikni Mayklning mallarang boshiga taqadi. — Tingla.

Maykl quloq sola boshladi.
— Hech narsa yoʻq, — dedi u.
— Toʻgʻri. Hech narsa yoʻq. Hech narsa qolmagan. Hech qanaqa Minneapolis, hech qanaqa raketa, hech qanaqa Yer qolmagan.

Maykl bu dahshatli kashfiyot xususida biroz xayol surib turdi-da, gʻinshib qoʻydi.
— Shoshma, Maykl, — taraddud bilan dedi ota. — Buning evaziga men senga koʻproq narsa beraman.
— Nima? — Qiziquvchanlik koʻz yoshlarini toʻxtatib qoldi, biroq agar otaning bundan keyingi kashfiyotlari avvalgisiday qaygʻuli boʻladigan boʻlsa, Maykl hoziroq hoʻngrab yigʻlab yuborishga tayyor edi.
— Bu shaharni men senga in’om etaman, Maykl. U seniki.
— Meniki?

Timoti qayiqdan sakrab tushdi.
— Qaranglar, yigitlar, balandga! Ha, yana ham balandga!

U otasi bilan baravar oʻynardi, oʻynaganda ham qotirib oʻynardi, jonini jabborga berib oʻynardi. Hamma narsa joyiga tushib, oʻrnashib olganlaridan keyin u ehtimol oʻn daqiqaga biron xilvatga boradi-da, yigʻlab koʻnglini boʻshatib oladi. Biroq hozir “oila ta’tilda” oʻyini ketayotir va ukalari oʻynab olishlari kerak.

Maykl va Robert qirgʻoqqa sakrab chiqishdi. Ular onalarining ham bandargohga chiqib olishida yordamlashib yuborishdi.
— Opachangizni ehtiyot qiling, — dedi ota; faqat anchadan keyingina uning nimani koʻzda tutib shunday deganini anglab yetishdi.

Shunday qilib, ular shosha-pisha ulkan qizil tosh shahar tomon yurib ketishdi, ular shivirlab gaplashar edilar, — oʻlik shaharlarda nimagadir shivirlab gapirging, quyosh botishini tomosha qilging keladi.
— Besh kundan keyin, — asta dedi ota, — men raketamiz turgan joyga qaytib boraman va xarobazorga berkitib qoʻygan ozuqalarni olib olaman. Bir yoʻla xotini va qizlari bilan Berta Edvardsni ham qidirib koʻraman.
— Qizlari bilan? — takror soʻradi Timoti. — Nechta ular?
— Toʻrtta.
— Buning oxiri voy boʻlmasa deb qoʻrqaman-da, — asta boshini chayqab dedi ona.
— Qizaloqlar. — Maykl marslik sanamlarning tosh haykallari yuzini ermak qilib, aftini burishtirdi. — Qizaloqlar.
— Ular ham raketada uchib kelishadimi?
— Ha. Agar ilojini topisholsa. Oilaviy raketalar Oyga uchishga moʻljal¬langan, Marsga emas. Bizning bir omadimiz keldi-da, bu yerga uchib kelishda.
— Siz raketani qayerdan olgan edingiz? — shivirlab soʻradi Timoti; qolgan ikki bolakay oldinga chopib ketishgandi.
— Men uni yashirib qoʻygan edim. Yigirma yil yashirdim, Tim. Yashirdim-u, hech qachon asqotmasa kerak deb oʻyladim. Urush boshlanganda davlatga topshirib yuborishim kerak edi, lekin men ham doim Mars haqida oʻylardim...
— Sayr haqida ham!...
— Ha-da! Lekin bu gap ikkalamizning oramizda qolsin. Yerning umri bitayotganini koʻrdim-da, men soʻnggi daqiqani kuta boshladim ! — yoʻlga hozirlik koʻra boshladim. Bert Edvards ham bir kemani yashirib qoʻygandi, bordi-yu, kimdir bizni yoʻldan urishga harakat qilgudek boʻlsa, baravar uchishni moʻljallab qoʻygandik.
— Siz nega uni portlatib yubordingiz, dada?
— Hech qachon qaytib ketmasligimiz uchun, hech qachon. Yomon odamlar bir kun kelib Marsda paydo boʻlib qolsalar, bizning bu yerdaligimizni bilmasliklari uchun shunday qildim.
— Shuning uchun ham sira osmondan koʻz olmas ekansiz-da?
— Albatta, bu ahmoqlik. Hech kim bizni ta’qib etolmaydi. Hech nimada uchib kelisha olmaydi ular. Men haddan tashqari ehtiyotkorman, hamma gap shunda.

Maykl yugurib qaytib keldi.
— Dadajon, rostdanam bu shahar biznikimi?
— Butun sayyora bizga qarashli, bolalarim. Butunlay va butunisicha.

Ularning nomlari endi quyidagicha edi — Qirlar va doʻngliklar Qiroli, Asosiylardan eng Birinchisi, Koʻzga Tashlanib Turuvchi Barcha Kengliklar Hukmdori, Begunoh Monarxlar va Prezidentlar, — butun olam hukmdori degan gapning magʻzini chaqishga harakat qilish, axir bu qanchalik koʻp narsa — butun olam-a!

Havosi siyrak Mars atmosferasida tez qorongʻi choʻkmoqda edi. Otilib turgan favvora yonidagi maydonda oilasini qoldirib, ota qayiqqa bordi va bahaybat qoʻllarida bir quchoq qogʻozni koʻtarib qaytib keldi.

Tashlandiq hovlida u kitoblarni bir joyga uydi-da, yoqib yubordi. Ular isingani gulxan atrofiga choʻnqayib oʻtirgancha kular edilar, Timoti esa olov yamlay boshlaganda sahifalarning hurkkan hayvonlarday sakrashlarini tomosha qilardi. Qogʻozlar qariya terisiday bujmayar, alanga har tomondan qurshab kelib, soʻzlar safini tobora qisib kelar edi.

“Davlat obligatsiyalari; 1999 yilgi Tijorat statistikasi; Diniy xurofot¬lar, esse; Harbiy ta’minot haqidagi fan; Panamerika birligi muammolari, 1998 yil 3 iyuldagi Birja axboroti; Harbiy toʻplam...”

Ota aynan mana shu maqsadda ataylab shu kitoblarni koʻtarib kelgan edi. Mana, gulxan oldida oʻtirib, u huzur qilib birin-ketin kitoblarni olovga tashlar va gap nimadaligini bolalarga uqdirar edi.
— Endi u-bu haqda oʻylaydigan vaqtingiz keldi. Ehtimol, men sizlarni bundan qaytarganimda nohaq boʻlgandirman. Bilmadim, sizlar qancha narsani tushunasizlar, ammo men sizlarga hamma narsani ochiq aytishim kerak, shundan yuzdan birini anglab ololsangiz ham katta gap.

U bir varaq qogʻozni olovga tashladi.
— Men hayot tarzini yoqayapman — bu hozir Yer yuzidan kuydirib yoʻqotishayotgan hayot tarzining oʻzidir. Siyosatchiga oʻxshab gapirayotgan boʻlsam, meni ma’zur tutasizlar, axir men shtatning sobiq gubernatoriman-da. Men halol odam edim va shuning uchun meni yomon koʻrishardi. Biron-bir joʻyali ish qilish uchun Yerdagi hayot sira toʻgʻri kelmas edi. Fan haddan tashqari tez va haddan tashqari uzoq ilgarilab ketgandi va odamlar mashinalar oʻrmoni ichida adashib qolgan edilar, ular xuddi bolalarday ermakbop narsalar, boshqotirma mexanizmlar, vertolyotlar, raketalar bilan andarmon boʻlib qolgandilar. Kerakli narsa bilan ishlari yoʻq edi, nuqul yangidan-yangi mashinalarni oʻylab topar edilar, ularni qanday boshqarishni xayollariga ham keltirmasdilar. Urushlar tobora vayrongar boʻlib ketaverdi va oxiri Yerning boshiga yetdi. Radioning jim boʻlib qolgani shundan. Bizning qochib kelganimiz shundan. Tagʻin ham omadimiz bor ekan. Boshqa bitta ham raketa qolmadi. Biz aslo baliq tutgani kelmaganimizni bilish vaqti keldi. Men galga solaverdim, aytmasdim... Yer halok boʻlgan. Sayyoralararo aloqalar yangilanishidan oldin — agar ular yangilana olsa — asrlar oʻtar. Oʻshandagi hayot tarzi oʻzining yaroqsizligini koʻrsatdi va oʻzini oʻzi boʻgʻib oʻldirdi. Sizlar endi-endi yashay boshlayapsizlar. To oʻzlashtirib olmaguningizcha men bular barchasini sizlarga kunda takror¬layveraman...

Gulxanga yana qogʻozlarni tashlash uchun u gapdan toʻxtadi.
— Endi bizlar yolgʻizmiz. Bizlar va yana ikki-uch kundan keyin uchib keladigan bir hovuch odamlar. Hammasini boshidan boshlashga shu kifoya. Yerdagi hamma narsa ustiga xoch qoʻyish va yangi yoʻldan borish uchun shu yetarli...

Otaning gapini tasdiqlagandek olov yorqinroq alangalandi. Hamma qogʻozlar yonib boʻlgandi, faqat bitta qogʻoz qolgandi. Yerning barcha qonun va dinlari halizamon shamol uchirib ketadigan mayda issiq kulga aylangandi.

Timoti dadasi gulxanga tashlagan soʻnggi varaqqa qaradi. Jahon xaritasi... U buraldi, olovdan jingirtob boʻldi, kulga aylandi va tungi qora kapalakday uchib ketdi. Timoti yuzini oʻgirdi.
— Endi men sizlarga marsliklarni koʻrsataman, — dedi ota. — Qani, turinglar. Sen ham, Alisa.

Ota uning qoʻlidan tutdi.

Maykl yigʻlab yubordi, dadasi uni bagʻriga oldi-da, olib ketdi. Xarobazorlar yonidan oʻtib, ular pastga, kanal tomonga yoʻl olishdi.

Kanal. Bu yerga ertaga yo birisi kuni qayiqda ularning boʻlajak xotinlari — dada va oyilari bilan quvnoq qizchalari kelishadi.

Tun bostirib keldi, koʻkka yulduzlar sochildi. Ammo Timoti Yerni topa olmadi. U botib ketgandi. Buni oʻylamasdan boʻlarmidi...

Xarobazorlar orasida haqqush qichqirardi. Ota yana tilga kirdi:
— Onangiz bilan men ustozlaringiz boʻlishga urinib koʻramiz. Bu qoʻlimizdan kelishiga ishonaman... Bizlar ancha narsani koʻrishga va boshdan kechirishga ulgurdik. Bu sayohatni biz ancha oldin, sizlar hali dunyoga kelmagan paytlarda oʻylab qoʻygandik. Urushlar boʻlmaganida ham biz, ehtimol, baribir Marsga uchib kelar, shu yerda oʻzimizcha yashab, oʻz hayot tarzimizni yaratgan boʻlardik. Marsni ham zaharlash uchun Yer tamadduniga yuz yil kerak boʻlardi. Endi-ku, albatta...

Ular kanalga yetib kelishdi. U uzun, toʻgʻri, sovuq boʻlib, uning muzdek oynasida tun aks etib turardi.
— Men har doim marslikni juda-juda koʻrishni xohlab kelardim, — dedi Maykl. — Qani ular, dada? Siz va’da bergandingiz-ku.
— Ana ular, qara, — javob berdi ota. U Mayklni yelkasiga oʻtqazdi-da, pastni koʻrsatdi.

Marsliklar! Timotining vujudi titrab ketdi.

Marsliklar. Kanal ichida. Suv yuzida Timoti, Maykl, Robert, ona va otaning akslari koʻrinib turardi.

Shovullayotgan suv ichidan marsliklar ularga unsiz uzoq, uzoq qarab qolishdi...

Tamom.
Avvalgi
II- qism