OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRichard Deming
Asar nomi«Dohiyona» rejalashtirilgan oʻgʻirlik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Falsafa
Mualliflar
   - Richard Deming
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Dohiyona» rejalashtirilgan oʻgʻirlik (hikoya)
Richard Deming

Imonim komilki, avvaliga uchovimizdan birortamizning ham miyamizda bankni talash fikri yoʻq edi. Hammasi Charlz Eshlining zukkoligidan boshlandi. Men bilan Mel Xarrison esa daho qanday qilib murakkab muammolarni yecha olishini koʻrishga qiziqqanimiz tufayli bu ishga aralashib qoldik.

Hammasi Mel ikkimiz Charlzning uyida uy vazifasini bajargan oqshomdan boshlandi.

Biz vazifalarni bajarib boʻlgach, uy-uyimizga tarqalishdan oldin birpas laqillab oʻtirdik. Suhbatimiz jinoyatchilik haqida edi.

Charlz har doimgidek zavq bilan soʻzlardi. Uning aytishicha, aqlli odamlarning qonunni buzishga ehtiyojlari yoʻq boʻlib, boyib ketishning koʻplab yoʻllari bor ekan.
-Bilishimcha, Villi Satton bir nechta muvaffaqiyatli, puxta oʻylangan bank oʻgʻirliklarini amalga oshirgan,-dedim men.

Charlz kinoyali iljaydi.
-Umrining qolgan qismini turmada yakunlash muvaffaqiyat hisoblanadimi, Garri? Adashmasam, Villiga 135 yil berishgan. U hech qachon hamma mayda-chuydalarni hisobga olmagan. Har safar Villi ishtirokidagi talonchilikdan soʻng uning tashqi koʻrinishi haqida radio va televidenieda jar solishgan, har bir burchakda uning «qidiruvda» degan yozuvli surati osigʻliq turgan. Haqiqiy aqlli talonchi shunday boʻlishi kerakki, u bankni oʻmarganidan keyin hech kim undan shubhalanmasligi kerak. Men bankni talashim va bemalol yashirinmasdan yurishim mumkin.
-Senga bankni talashning nima keragi bor?-dedi Mel.-Baribir bankdagi pullarning yarmi seniki-ku.
-Hamma gap mana shunda,-dedi Charlz.-Aslida, omadli jinoyatchi deb pulga ehtiyoji yoʻq odamga aytiladi, chunki u aqlliligi uchun pulni qonunni buzmasdan topishi mumkin. Uni jinoyatga undovchi sabab esa pulga ega boʻlish emas, boshqa narsa boʻladi. Masalan, oʻzining zukkoligini koʻrsatish istagi boʻlishi mumkin.
-Agar men bankni talasam, faqat pul uchun talagan boʻlardim,-gap tashladim.-Mening otam multimillioner emas.
-Meniki ham,-dedi Mel.-Charlz, agar senga pul kerak boʻlmasa, sening ulushingni ham olgan boʻlardim.

Aslida Charlz Eshli oʻzi bir tsent ham topmasdi. Uning otasi mamlakatdagi eng boy neft sanoatchilaridan biri edi va Charlzning shaxsiy boyligi ham otasining bevosita boshqaruvida edi. Charlzning oʻzi ham birovning koʻmagisiz bemalol boyib ketishi mumkin edi, chunki u men umrimda koʻrgan eng aqlli insonlardan biri edi.

Biz hammamiz Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetining yuqori bosqich talabalari boʻlib, oramizdagi doʻstlik talabalikning ilk kunlaridanoq boshlangan edi.

Charlz tugʻma iste’dod sohibi boʻlib, yuqori bosqich sardori, «Fi-beta-kappa» talabalar toʻgaragi prezidenti, zukkolar guruhi yetakchisi edi. U hamma fanlardan faqat a’lo bahoga oʻqirdi. Uning birgina kamchiligi-qizlar bilan gaplashgani uyalardi. Bunga menimcha uning sportning birorta ham turi bilan shugʻullana olmasligi sabab edi.

Mel Xarrison esa aksincha, gavdali, qoloq talabalardan edi. U eplab-seplab oʻrta bahoga ilashib yurardi. Ammo Charlz aqlan qanchalik yetuk boʻlsa, u ham jismonan shunchalik yetuk edi. Mel universitet futbol terma jamoasining yetakchi himoyachisi, tosh koʻtarish, nayza va disk uloqtirish, kurash boʻyicha talabalar oʻrtasida chempion edi.

Shaxsan menga kelsak, men-Garri Uors oʻrtacha yigit edim. Oʻzimni unchalik ham zoʻriqtirmagan holda yaxshi bahoga oʻqirdim. Charlz Eshlining men bilan doʻstlashishiga mening qizlar bilan juda tez va oson til topishishim sabab boʻlgan boʻlsa kerak deb oʻylayman. Bundan tashqari, men mergan ham edim. Yigirma ikkinchi kalibrli optik moʻljalli miltiqdan 50 yard naridagi tangani ura olardim.

Charlz usti ochiladigan qimmatbaho avtomashina minar, Santa-Monikadagi toʻrt xonali uyda turardi. Melning ota-onasi oʻzlariga toʻq boʻlishmasa-da, unga tez-tez pul joʻnatib turishar, u ham har qalay minilgan boʻlsa-da oʻz mashinasi va yashash joyiga ega edi.

Ularning ichida eng kambagʻali men edim. Men Los-Anjelesdagi eski bir kulbada ijarada turardim. Ijara haqi va yemoq-ichmogʻimni ta’minlash uchun har kuni kechqurun restoranda bir yarim soat ofitsiantlik qilardim. Yozda fabrikada ishlab, oʻqish va boshqa xarajatlarim uchun pul topardim. Mening 1950 yilda ishlab chiqarilgan avtomobilim boʻlib, uni atigi 25 dollarga sotib olgandim.

Mavqeimizdan qat’i nazar, biz qadrdon doʻstlar edik. Charlz hech qachon oʻzining boyligini pesh qilmas, biz ham oʻz navbatida uning puliga tayyor yemakxoʻrlik qilmasdik. Ammo baribir, aksariyat hollarda biz uning vino yoki likyoriga sherik boʻlardik, chunki uning uyi bizning yigʻiladigan pakkamiz edi. Agar biror joyga chiqadigan boʻlsak, bu birorta arzonroq restoran boʻlardi.

Charlz soʻzida davom etdi:
-Muvaffaqiyatli jinoyatning eng asosiy omili shundaki, hech kim seni jinoyat sodir etganlikda gumon qila olmaydi. Ana shunda mamlakatdan qochib ketishga ham, yashirinib yoki birortasi tanib qolishidan qoʻrqib yurishingga ham hojat qolmaydi. Sen bemalol uyingda uxlashing, odatiy hayotingni davom ettirishing mumkin boʻladi. Hattoki, sen kuni kecha talagan bankingga ham hech qoʻrqmasdan kirib borishing mumkin.
-Bu oson boʻlmasa kerak,-dedi Mel.-Qanday qilib bunga erishish mumkin?
-Niqoblanish,-javob qildi Charlz.-Aksariyat jinoyatchilar jinoyat sodir qilgandan keyin niqoblanishga urinishadi, ammo men jinoyatga qoʻl urishdan oldin niqoblangan birorta ham aqlli jinoyatchi haqida eshitmadim.

Charlz qoʻli bilan qandaydir ishora qildi va gapida davom etdi:
-Men oddiy niqobni nazarda tutayotganim yoʻq. Men odamning tashqi koʻrinishini butunlay oʻzgartiradigan, ammo niqobligi bilinmaydigan niqoblanish haqida gapiryapman. Bu shunchaki yasama soqol emas, balki Gollivud grimchisining haqiqiy ishi boʻladi. Biror film uchun aktyorning tashqi koʻrinishini qanchalik oʻzgartirishlarini yaxshi bilamiz. Grimchilar yuz shaklini oʻzgartirish uchun maxsus matolar yopishtirishadi, burunning oʻlchami va shaklini oʻzgartirishadi, hattoki yangi quloq ham oʻrnatishlari mumkin. Maxsus vositalar yordamida gavda tuzilishini ham oʻzgartirsa boʻladi. Toʻgʻri, bularning hammasi yuksak mahoratni talab qiladi. Benjamin Fast shunchaki hazil tariqasida ikkita mashhur aktyorning yuz qiyofalarini bir-birinikiga shunchalik oʻxshatganki, ular minglab tomoshabinlar oldida grimlarini olishgachgina bu yolgʻon fosh boʻlgan.

Dastlabki suhbatimiz shu ruhda kechdi. Bir necha kundan keyin, yakshanba kuni biz uning uyida pivo ichib, musiqa eshitib oʻtirgandik. Kutilmaganda Charlz gʻalati ovozda gap boshlab qoldi:
-Hurmatga sazovor omonatchining bitta ustunligi borki, bunga Villi Satton hasad qilgan boʻlardi.

Biz uning nimaga sha’ma qilayotganini tushunmadik.
-Oʻzinglar bilasizlar, mening hisob raqamim «Kekson trast» bankida,-davom etdi Charlz.-Bank bu yerdan sakkiz kvartal narida, Uilshir koʻchasida.
-Banking qaerdaligini yaxshi bilamiz,-dedim men.-Har safar bankka pul qoʻyganingda bu binoning devorlari tashqariga siljiydi.

Charlz iljaydi.
-Juma kuni tushdan keyin men bankka pul qoʻydim va bank prezidenti bilan birpas gaplashib qoldim. U menga iltifot koʻrsatdi va bank bilan tanishtirdi. U oʻzining asosiy omonatchisiga juda ishonganidan mening har qanday savolimga javob berdi. Savollarimdan biri bankdagi pullarning qanchaligi haqida edi. Odatda juma kunlari, bank yopilishidan sal oldin bankdagi pullar miqdori yuz ellik mingga yetarkan.

Mel hushtak chalib yubordi.
-Bank juma kunlari soat oltida yopiladi, ammo pullar turadigan seyf yettigacha ochiq turadi,-gapini davom ettirdi Charlz.-Bu vaqt davomida xizmatchilar bankdagi bor naqd pulni sanashadi. Bankni «tozalash» uchun toʻsiqdan sakrab oʻtilsa boʻldi, toʻgʻri pul saqlanadigan joyga kiriladi. Prezident menga binoning qoʻriqlash tizimini ham koʻrsatdi.

Mel ham, men ham jim quloq solib turardik. Charlz yozuv stoli oldiga borib gʻaladonlardan birini ochdi va ichidan bir varaq qogʻoz oldi. Qogʻozga binoning rejasi chizilgandi.
-Bankmi bu?-soʻradik Mel ikkimiz.
-Ha. Mana bu Uilshirga olib chiqadigan asosiy eshik, mana bu esa bino orqasidagi avtomobillar turadigan joyga olib chiqadigan orqa eshik. Bankka kirish va undan chiqish mumkin boʻlgan eshiklar faqat mana shular. Mana bu uzun, ingichka toʻrtburchak toʻsiqni bildiradi, boʻshliqlar esa eshiklar. Operatsiyani amalga oshiruvchi xodimlar oʻng tomondagi toʻsiqlar orqasida oʻtirishadi. Sal teparoqda hisob-kitob boʻlimi, chapda kredit boʻlimi joylashgan. Juma kunlari bank prezidenti soat beshda uyiga ketadi.
-Mana bu nima?-soʻradim oʻng burchakda joylashgan kvadratni koʻrsatib.
-Bu telefon kommutatori. Bankda avval old eshikni, keyin orqa eshikni qulflaydigan bittagina qoʻriqchi bor. Talonchilik bank ishni tugatgan zahoti boshlanadi.

Mel ikkimiz bularning barchasini shunchaki hazil deb qabul qildik. Ammo baribir Mel savoldan oʻzini tiyolmadi:
-Ikkala eshik ham yopiq boʻlsa, ichkariga qanday kiramiz?

Charlz kinoyali iljaydi:
-Biz bu vaqtda bankda boʻlamiz. Bank yopilishidan sal oldin ichkariga kiramiz va birorta hujjatni toʻldirayotganga oʻxshab olamiz. Garrining qoʻlida ichiga qop solingan diplomat boʻladi. Bankda boshqa mijozlar ham boʻlishi mumkin. Ular ham ishlarini tugatib orqa eshikdan chiqib ketishadi. Qoʻriqchi bu vaqtda oʻsha yerda har bir chiqib ketayotgan odamga eshikni ochib berib turgan boʻladi. Zal boʻshashi bilan ishga kirishamiz.
-Qanday qilib?-qiziqdim men.
-Mel shu zahoti orqa eshikka borib qoʻriqchini qurolsizlantiradi.
-Biz nima qilamiz, Charlz?
-Men telefon kommutatorining oldiga boraman va ombir yordamida binodagi telefon aloqasini uzaman. Keyin esa toʻpponcha oʻqtalib bankning barcha xodimlarini zal oʻrtasiga toʻplab, yerga yotqizaman. Bu vaqtda sen pullar saqlanadigan xonaga kirib, qoplarni toʻldirasan va zalga qaytib chiqasan.
-Qoʻriqlash signalizatsiyasi-chi?-Charlzning gapini boʻldi Mel.-Birortasi tugmani bosishga urinishi mumkin.
-Signalizatsiya ishdan chiqarilgan boʻladi. Bankdan sal nariroqda butun kvartalni tok bilan ta’minlaydigan transformator qutisi bor, simni uzsak boʻldi.
-Hammaning koʻz oʻngida simyogʻochga chiqamizmi?-soʻradim ikkilanib.
-Aslo unday qilmaymiz,-dedi Charlz,-sening merganlik iste’dodingdan foydalanamiz. Quti koʻchaning burchagida joylashgan. Beshtakam oltilarda u yerga mashinada boramiz, sen simlarni oʻq otib uzasan. Oʻttiz yard masofadan buni uddalay olishingga ishonaman.
-Bunday masofadan ignaning koʻzini ura olaman,-bosh silkidim.-Ammo atrofda odamlar boʻlsa nima qilamiz?
-Nima boʻpti? Birortasi bunga fikr bildirguncha biz bank oldida boʻlamiz. Buning uchun oʻgʻirlangan mashinadan foydalanamiz, oʻzimizning mashinamizni esa avvalroq qoʻshni kvartalga qoʻyib qoʻyamiz. Toʻpolon koʻtarilguncha biz mashinani almashtirib, mening uyimga kelamiz va niqoblarimizni yechamiz.

Endi faqat Benjamin Fast bizni grim qilishi qolgandi, xolos.

Juma kuni Mel bilan kech soat toʻqqizlarda Charlzning uyiga keldik. Avvaliga menga eshikni notanish kishi ochgandek tuyuldi, chunki bu kishi Charlzga mutlaqo oʻxshamasdi: yonoqlari turtib chiqqan, burni uzun, sochlariga oq oralagan va peshonasi toʻla ajin edi. Ammo sinchiklab qaragach, xoxolab kulib yubordim. Bir ozdan soʻng oʻziga kelgan Mel ham kulib yubordi. Charlz bizga oʻqrayib qarab qoʻydi va ichkariga kirib ketdi. U qattiq asabiylashgandi, chunki uning yuksak darajada niqoblanish haqidagi fikrlari chippakka chiqqandi.

Charlz yuzidagi grimni tozalab xonaga qaytguncha oʻn besh daqiqa vaqt oʻtdi.
-Bu voqea men tomonimdan oldingi suhbatlarimizda ilgari surilgan fikrning yaqqol isbotidir,-dedi Charlz notiqlarcha.-Mohirlik bilan qilinmagan grim bizni qanoatlantirmaydi. Mohir usta Fastning biz uchun ishlashi aniq. Bu ishimiz ikkingizga foyda keltiradi-pulni ikkovingiz boʻlishib olasizlar.
-Bankni talaganimiz uchun bizga oʻn yildan berishadi,-dedim men suhbatimizga yangi mavzu kiritish maqsadida.
-Faqat jinoyatchilar qoʻlga olinsa,-dedi Charlz quruqqina qilib.-Rejamning mukammalligi shundaki, xavfsizligingiz yuz foiz kafolatlanadi. Xoʻsh, sizlarning ishtirokingizga umid qilsam boʻladimi?

Biz rozilik ma’nosida bosh silkidik.

Talonchilikka oid boshqa ikir-chikirlar Charlzning uyida keyingi yakshanbadagi yigʻilishimizda muhokama qilindi. Mel ikkimiz reja yakunlanish arafasida ekanligi va bankni talash juma kuniga moʻljallanganligidan xabardor boʻldik.
-Bir qator masalalarni oydinlashtirib olishimiz kerak,-dedi Charlz.-Garri, jumagacha qurol topa olasanmi?
-Mashgʻulotlar tugagach, qurollar maxsus javonga solinadi va janob Jenner soat beshda uyiga ketadi. Uyga ketayotganda qurolni joyiga qoʻyishimni aytib, payshanba kuni qoʻshimcha mashgʻulotga ruxsat olishim mumkin. Keyingi mashgʻulot bir haftadan keyin boʻladi, ungacha qurolni qaytarib joyiga qoʻyib qoʻyaman.
-Zoʻr. Endi yigitlar, mashina masalasiga kelsak. Eng yaxshisi, Melning mashinasi. Bankka kirishdan ikki soatcha oldin Melning mashinasida Los-Anjeles markaziga borib olgach, biror avtomobilni oʻgʻirlab talonchilikka yoʻl olamiz.
-Fast-chi, nahotki u ham bizga sherik boʻlishga rozilik bergan boʻlsa?-qiziqdi Mel.
-Men barcha kerakli choralarni koʻrib qoʻyganman,-uni ishontirishga urindi Charlz.-Shaharning yaponlar kvartalidagi boʻsh doʻkonning yertoʻlasini ijaraga olganman.

Charlz shu soʻzlarni aytarkan, bizga manzil yozilgan qogʻoz parchasini uzatdi.
-Fast har birimizni grim qilish uchun soatlab vaqt sarflashi mumkin, shuning uchun kech qolmasdan soat roppa-rosa oʻnda shu manzilga yetib kelinglar.
-Toʻpponchalarni qaerdan olamiz?-soʻradim men.
-Uchta toʻpponcha, oʻqlar, diplomat va qoplar yertoʻlada turibdi.

Mel ikkimizning savollarimiz tugab, uy-uyimizga tarqaldik.

Chorshanba kuni ertalab nonushta qilayotib «Los-Anjeles tayms» sahifalariga koʻz yugurtirar ekanman, kutilmaganda mashhur grimchi, «Oskar» mukofoti laureati Benjamin Fast qarindoshining dafn marosimini oʻtkazish uchun mamlakat sharqiga uchib ketgani haqidagi xabarga koʻzim tushib qoldi. Men Charlzlar dars oʻtishi lozim boʻlgan fizika fakulteti binosiga oʻqdek uchib yetib bordim va uni zalda toʻxtatdim.
-Daho rejalashtiruvchimiz mana bu xabarga qanday fikr bildiradilar?-dedim zaharxandalik bilan.

Charlz menga qarab kinoyali iljaydi:
-Qariya, oʻzingni bos. Fastning bir necha kun studiyada boʻlmasligini pardalash uchun mana shunday xabar chop etilgan.

Men choʻkayotgan odam xasga yopishgani kabi unga iltijo qildim:
-Bankni oʻmarishni har tomonlama puxta rejalashtirish uchun yana bir marta uchrashsak boʻlmaydimi?

Charlz inkor ma’nosida bosh chayqadi:
-Qolganini Fast bizni grim qilayotganida maslahatlashamiz.

Juma kuni biz oʻqishga bormadik.

Melning avtomobilini belgilangan manzildagi bino yoniga toʻxtatgach, biz bir seskanib oldik: yoʻlning shundoq narigi betida mahalliy politsiya boʻlimi joylashgandi.

Boʻm-boʻsh doʻkonning tepasida «Yapon antikvariati» degan xira yozuv koʻrinib turardi. Yertoʻla eshigini taqillatdik va eshik ochilib, Charlz bizni ichkariga imladi. Biz aftidan sobiq omborxonada edik, chunki hamma yoqda karton qutilar sochilib yotardi. Charlzning uyidagi yigʻma stullar va ikkita yigʻma karavot ham shu yerda edi. Karavotlardan birida oltmish yoshlardagi bir kishi detektiv jurnal oʻqib oʻtirardi. U jurnalni bir chetga tashlab, bizga yovqarash qildi.
-Janoblar, bir daqiqaga! Sizlarga janob Benjamin Fastni tanishtirishimga ruxsat beringlar!-dedi Charlz.

Horgʻin, soqollari oʻsib ketgan bu kishining ahvolini koʻrib, oʻzimni savoldan tiya olmadim:
-Bu kishi bu yerga oʻz ixtiyori bilan kelganmi?
-Albatta, yoʻq,-dedi Charlz xotirjamlik bilan,-chorshanba kuni kechqurun uning uyiga bostirib kirib, toʻpponcha tirab uni bu yerga olib keldim. Soʻngra esa studiyaga qoʻngʻiroq qilib, oʻzimni uning doʻsti deb tanishtirdim va taniqli grimchi qarindoshining dafn marosimiga ketganini aytdim.
-Odam oʻgʻirlaganlik uchun bir umrlik qamoq jazosini olishimiz mumkin!-boʻgʻiq ovozda dedi Mel.
-Qachonki oʻgʻirlangan odam uchun pul talab qilinsa yoki unga tan jarohati yetkazilsa. Biz bor-yoʻgʻi odam oʻgʻirlab, uning erkin harakat qilishiga yoʻl qoʻymayapmiz xolos: bu yerdan chiqib ketayotib Fastning oyoq-qoʻlini bogʻlab, ogʻziga latta tiqib qoʻygandim. Bu jiddiy jazoga tortadigan qonun buzilishi emas. Bundan tashqari, men unga hurmat bilan munosabatda boʻldim.
-Endi tushundim: sen aqldan ozib qolibsan. Men odam oʻgʻirlash jinoyatiga sherik boʻlmayman va oʻyindan chiqaman,-dedi Mel.
-Ish pishgan paytda-ya?!-e’tiroz bildirdi Charlz.-Mana buni koʻr!

U shunday deb xaltadan janob Fastning buyumlarini chiqardi.
-Janob Fast har birimizga mos keladigan grimni tanlab qoʻygan.

«Charlz bu bechora kishini tirik va sogʻ chiqarmaydi» degan fikr xayolimdan yashin tezligida oʻtdi. Albatta, bundan boshqacha boʻlishi mumkin emas: grimchi talonchilarning tashqi koʻrinishini biladigan yagona guvoh. Ammo yetmish besh ming dollarga ega boʻlish orzusi meni oʻziga shunchalik rom etdiki, Fastning oʻldirilishi ham talonchilikdan voz kechishimga toʻsqinlik qilolmasdi.

Mel ikkilangancha yelkasini qisib boshini qashladi:
-Nima ham derdim, unda janob Fastning yuksak mahoratini koʻramiz.

Grimchi ishga jon-jahdi bilan kirishdi. Hammamizni grim qilish uchun uning toʻrt soat vaqti ketdi, ammo ishini oliy darajada ado etdi.

Maxsus yopishqoq tasma yordamida u koʻzlarimiz va lablarimizning shaklini oʻzgartirdi, quloqlarimiz ham boshqacha koʻrinishga kirdi, boʻyoqlar yordamida sochlarimizning rangi boshqacha tus oldi, egiluvchan plastik naychalar burnimizning choʻzinchoq boʻlishini ta’minladi, maxsus qatlam esa grim izlarini berkitib, koʻrinishimizga tabiiylik berdi.

Biz bir-birimizga diqqat bilan tikilgancha grimni fosh etadigan biror izni topishga urinardik. Shu payt Benjamin Fastning past ovozi qulogʻimizga chalindi:
-Tashqari issiqmasmi?
-Aksincha, salqin,-dedim men.
-Unday boʻlsa grimingiz oqib ketmaydi. Yuzingizni burishtirmasangiz, grim soatlab turishi mumkin. Endi ketsam boʻladimi?
-Yoʻq,-dedi Charlz.-Afsuski, sizni oxirgi marta-soat yettigacha bogʻlab qoʻyishga majburman, qaytib kelgach, sizni qoʻyib yuboramiz.

Soat oʻn beshtakam uchlarda biz ahmoqona rejamiz qotillik bilan yakunlanishi mumkinligini ham oʻylab oʻtirmasdan Melning avtomobiliga oʻtirdik.
-Ishqilib, grimchi politsiyani bu yerga olib kelsayu, ular yertoʻlani ijaraga olgan odam kimligini surishtirishsa bizni topib olishmaydimi?-soʻradi Mel.

Charlz odatiga koʻra iljaymoqchi boʻldi, biroq Fastning maslahati yodiga tushib oʻzini tiydi. Ammo uning koʻzlarida kinoya aks etdi.
-Umuman olganda, omborxona ijaraga olinmagan, mashinada aylanib yurib, shu yerni koʻzlab qoʻygandim.

Talonchilik uchun moʻljallagan mashinamizni Xoup koʻchasida topdik-bu oynalari ochiq holda turgan sedan edi. Mel soatiga koʻz tashlab, ixtiyorimizda yana ikki soat borligini ma’lum qildi.
-Balki qolgan vaqtni bank bilan tanishishga sarflarmiz?

Mening bu tashabbusim shu ondayoq ma’qullandi. Bir ozdan keyin biz bank binosi ichida turardik.

Men devorga yopishtirilgan turli e’lonlarni oʻqishga tutindim. Aslida esa butun diqqat-e’tiborim seyf tomon olib boradigan eshikda edi. Bankda ishlaydigan qizlardan biri oʻtirgan oʻrnidan turib yonimga keldi va oʻz yordamini taklif qildi.
-Men doʻstimni kutyapman,-mingʻirladim oxirgi soʻzimni ichimga yutgancha. Uning nigohi xuddi qiyofamni suratga olayotgandek taassurot qoldirdi.

Biz mashinaga qaytganimizda Mel oʻzini oʻrindiqqa tashladi va toʻngʻilladi:
-Oʻn dollarimni maydalab bergan peshoyna ortidagi qiz koʻzlari bilan meni teshib yuboray dedi!

Charlz unga istehzoli qaradi:
-Senga shunday tuyulgandir. Biz bankka kirayotganimizda zalda yurgan doʻmboqqina kishini koʻrdinglarmi?
-Kulrang kostyumlimi?-dedi Mel.
-Ha-ha. U bank prezidenti boʻladi. U menga diqqat bilan qaradi, ammo kimligimni sezmadi. Demak, bu grimimizning naqadar yuksak darajada tayyorlanganidan dalolat beradi!

Qolgan bir yarim soatni operatsiyamizning mayda-chuyda tafsilotlarini muhokama qilish bilan oʻtkazdik. Yigirmatakam oltida Charlz motorni oʻt oldirdi, beshtakam oltida esa mashinamiz kimsasiz torkoʻchalardan birida turardi. Mashinadan tushib, transformatorni nishonga oldim va ikkita oʻq bilan butun kvartalni, jumladan bank binosini ham elektr bilan ta’minlaydigan simlarni uzib tashladim. Ikkitakam oltida orqa eshikdan bankka kirdik va uchalamiz zaldagi uchta stol tarafga yurdik.

Markaziy stol oldiga kelib, qoʻlimdagi diplomatni yerga qoʻydim va qaydnoma varaqalaridan birini olib oʻzimcha toʻldira boshladim.

Bank yopilishi oldidan odamning bu darajada koʻpayib ketgani meni hayron qoldirdi: beshta peshoynaning har birida kamida oʻntadan odam navbat kutib turardi. Yana bir holat ham menda noxush his uygʻotdi: deyarli barcha mijozlar gavdali erkaklar edi. Kutilmaganda navbatda turganlarning ikkitasi ikki tomondan men turgan stolga qarab yura boshlashdi. Shu lahzada Mel bilan Charlz tomonga ham bir juftdan barzangi ketayotganiga koʻzim tushdi va yuragim qinidan chiqib ketguday ura boshladi. Ammo kech boʻlgandi! Men oʻgirilishga ham ulgurmay chap biqinimga sovuq toʻpponcha tiraldi, oʻng tarafimdagi erkak esa qoʻllarimni qayirib kishan soldi. Yonimdagi toʻpponcha, qoplar solingan diplomatim esa koʻzdan gʻoyib boʻldi. Mel bilan Charlz ham qoʻllari kishanlangan holda turishardi.
-Jangovar tayyorgarlik bilan kelibsan-da, Zip?-dedi barzangilardan biri menga qarab.

Qolgan «mijozlar» ham bizni oʻrab olishayotganini alam bilan kuzatarkanman, biz toʻgʻri Federal Qidiruv Byurosining kattagina guruhi qoʻliga tushganimizni tushundim.
-Salom, Red,-dedi yana birovi Melga qarab.-O-o, eski tanishimiz Gofer Steysi ham shu yerda-ku! Sizlarni bankka kuppa-kunduz kuni kelishga nima majbur qildi? Darvoqe, sizlarning bitta guruhda ishlayotganingiz biz uchun syurpriz boʻldi. Bizga bankdan qoʻngʻiroq qilib, sizlarning kelganingizni aytishmaguncha, bir-biringiz bilan tanish ekanligingizni ham bilmasdik!
-Bu nima deganingiz? Biz hech qanday qonunga xilof ish qilganimiz yoʻq,-Charlz nima boʻlayotganiga tushunmay e’tiroz bildirishga urindi.

Federal Qidiruv Byurosi xodimi xoxolab kuldi:
-Bu safar ham suvdan quruq chiqmoqchimisan, Gofer? Omadimiz kelganini qara, birdaniga uchta qidiruvdagi ashaddiy jinoyatchilarni qoʻlga oldik! Sizlar tentakmisizlar, nima balo! Axir uchalangizning ham basharangiz aks ettirilgan suratlar barcha politsiya boʻlimlari va bank xodimlariga tarqatilgan-ku. Bundan tashqari, vaqti-vaqti bilan detektiv jurnallarda ham suratlaringiz chop etilib turardi.

«Detektiv jurnallarda ham...», dedim ichimda nihoyat qanday voqea yuz berganini anglab. Ha, buyuk grimchi Benjamin Fast bizni boplab chuv tushirgandi.