OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRichard Deming
Asar nomiKakkuli soat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Falsafa
Mualliflar
   - Richard Deming
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kakkuli soat (hikoya)
Richard Deming

Dastlabki telefon qoʻngʻirogʻi fevral oyining dushanba kuni kech soat oʻn birlarda boʻldi.
-Telefon raqamingizni gazetadan bildim,-dedi yoqimli, sal xirqiroq ovozda ayol kishi.

Gazetadagi e’londa «Oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlganlar uchun ishonch telefoni. Yigirma toʻrt soat davomida uzluksiz ishlaydi, qoʻngʻiroq qiluvchining kimligi sir saqlanadi, bepul» deb yozilgandi. Operator oʻz joniga qasd qilishga urinib qoʻngʻiroq qilganlarning qoʻngʻirogʻini qabul qilar va oʻsha kuni ishlayotgan koʻngillilarning uy telefoni bilan bogʻlardi.
-Sizga qanday yordam berishim mumkin?-soʻradi Marta Pruett.
-Oʻzim ham bilmayman...-dedi ayol bir oz jim turgach.-Umuman olganda, men oʻzimni oʻldirmoqchimasman. Shunchaki kayfiyatim judayam yomon, shunga kim bilandir gaplashsam degandim.
-Kayfiyatingiz nega yomon?
-Sababi koʻp. Ishqilib, qoʻngʻiroq qilayotganlarning telefon raqamini aniqlaydigan uskunalaringiz yoʻqmi?
-Albatta yoʻq,-uni tinchlantirdi Marta.-Agar bunday qiladigan boʻlsak bizga hech kim qoʻngʻiroq qilmagan boʻlardi. Toʻgʻri, kim bilan gaplashayotganingni bilganing yaxshi, ammo biz qoʻngʻiroq qiluvchini oʻzini tanishtirishga majbur qilmaymiz. Agar oʻzingizni tanishtirsangiz ham ismingiz sir saqlanadi. Mening vazifam sizga yordam berish. Men sizning roziligingizsiz muammolaringizni hech kim bilan muhokama qilmayman.
-Siz yaxshi odamga oʻxshaysiz... Ismingiz nima?
-Marta.
-Meniki Janet.
-Tanishganimdan xursandman. Ovozingizdan yoshga oʻxshaysiz. Turmushga chiqqanmisiz?
-Yoshim oʻttiz ikkida. Turmushga chiqqanimga oʻn yil boʻldi, lekin farzandimiz yoʻq.
-Eringiz hozir uydami?
-Erim dushanba kunlari bouling oʻynagani boradi va uyga yarim kechasi qaytadi.
-Eringiz nima ish qiladi?
-Ishlaydi,-aniq javobdan qochdi Janet.
-Kayfiyatingiz yomonligiga eringiz aybdormi, Janet?
-Yoʻq. Fred yaxshi…

Shu payt goʻshakdan ikki marta kakkuning kukulagan ovozi eshitildi, soʻng soat oʻn bir marta bong urdi va kakku yana ikki marta kukuladi.
-Siz menga yaxshi yordam berdingiz,-dedi birdan Janet.-Kayfiyatim buzilgan paytlarda sizga qoʻngʻiroq qilib tursam boʻladimi?
-Albatta, faqat menga tusha olsangiz. Biz navbat bilan ishlaymiz.
-A…-dedi Janet.-Siz qaysi kunlari ishlaysiz?
-Dushanba va chorshanba kunlari, kech soat sakkizdan ertalab sakkizgacha.
-Boshqa kunlari tushkunlikka tushmaslikka harakat qilaman,-hazillashdi Janet.-Meni eshitganingiz uchun rahmat, Marta. Minnatdorman...

Janet ikkinchi marta chorshanba kuni deyarli yarim tunda qoʻngʻiroq qildi. Uxlab qolgan Martani telefon qoʻngʻirogʻi uygʻotib yubordi.
-Marta?-dedi xirillagan ayol tovushi.
-Ha, Janet.
-Ovozimdan tanidingizmi?-hayron qoldi ayol.-Men boʻlsam sizlarga koʻplab qoʻngʻiroqlar boʻlgani uchun meni unutib yuborgandirsiz deb oʻylagandim.
-Unutganim yoʻq. Yana kayfiyatingiz yomonmi?
-Dahshatli.-Janet hiqilladi.-Men… men sizni aldagandim, Marta. Men doim oʻzimni oʻldirish haqida oʻylayman. Nima qilishni bilmay qoldim.
-Hozir yoningizda boʻlishi mumkin boʻlgan dugonangiz bormi?
-Dugonalarimga muammolarimni ayta olmayman,-dedi Janet.
-Qanaqa muammolaringiz bor?-qiziqdi Marta.
-Mening asosiy muammom shuki, men aqldan ozyapman. Men erimni judayam sevaman, lekin vaqti-vaqti bilan uni... Oʻldirgim keladi,-dedi Janet mahzun tovushda.-Hattoki yakshanba kuni kechqurun men oshxonaga pichoq olgani kirdim. Agar vaqtida oʻzimga kelmaganimda uxlab yotgan erimni soʻyib qoʻygan boʻlardim. Shuning uchun qoʻrqib ketyapman.

Janetga oʻxshaganlarni faqat shifokorga borishga koʻndirish lozimligi Martaga tajribadan ma’lum edi. Qolgan barcha narsa befoyda.
-Eringiz siz uni oʻldirmoqchi boʻlayotganingizni biladimi?
-Yoʻq. U mening sevishimni biladi. Shuning uchun kayfiyatim yaxshi paytda oʻzimni oʻldirgim keladi. Uni oʻldirgandan koʻra oʻzim oʻlganim yaxshi!
-Hech kimning oʻlishiga hojat yoʻq,-dedi Marta qat’iylik bilan.-Ishonchim komil, sizga ruhshunos yordam bera oladi. Kuchli mutaxassislar koʻp. Istasangiz, kimga uchrashishingizni aytaman.
-U erimga aytib qoʻymaydimi?
-Albatta yoʻq. Uning ismi Albert Manners, ancha taniqli ruhshunos. Eslab qoldingizmi? Ertagayoq unga qoʻngʻiroq qiling. Boʻptimi?
-Xoʻp, Marta. Va’da beraman. Sizga katta rahmat, menga ancha yordam berdingiz...

Janet uchinchi va oxirgi marta dushanba kuni soat toʻqqizga yaqin qoʻngʻiroq qildi.
-Juda kech...-dedi u yigʻlamsirab.-Ertagacha kuta olmadim. Judayam kech...
-Janet?-dedi Marta avvaliga uning ovozini tanimay.
-Ha, men. Salom, Marta!..
-Qanday qarorga keldingiz?
-Judayam kech. Ertagacha kuta olmadim...
-Nimani kuta olmadingiz?
-Doktor Mannersning qabuliga borishni. Erimni oʻldira olmayman. Uni sevishimni yetkazib qoʻying...
-Eringizni qaerdan topaman?-umidsizlik bilan qichqirdi Pruett.-U qaerda bouling oʻynaydi?
-Elks-Men-Ligdan. Fred… Fred Uoters. Unga aytib qoʻying...

Janet jim boʻlib qoldi, lekin qisqa gudok tovushi oʻrniga Marta yana kakku tovushini eshitdi. Soʻng soat toʻqqiz marta bong urdi va kakku yana ikki marta kukuladi.

Marta Pruett Janetning erini zoʻrgʻa topdi.
-Ha, Janet,-dedi Fred Uoters goʻshakda.-Nima gap?
-Yoʻq, yoʻq, Janet emasman. Men oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlganlarga ruhiy yordam koʻrsatish markazida ishlayman,-dedi Marta shoshib-pishib.-Yigirma daqiqa oldin xotiningiz qoʻngʻiroq qildi. U qandaydir dori ichgan va hushidan ketib qoldi. Tezda uyga boring. Albatta «tez yordam»ga qoʻngʻiroq qiling. Mening ismim Marta Pruett. Telefon raqamimni yozib oling.-Marta telefon raqamini aytdi.-Qoʻngʻirogʻingizni kutaman.
-Qoʻngʻiroq qilganingiz uchun rahmat,-hayajonlanib minnatdorchilik bildirdi Fred Uoters.

Soat oʻn bir yarimda telefon jiringladi.
-Miss Pruett?-dedi notanish erkak.-Politsiyadan leytenant German Abelman. Doktor Uoters sizga qoʻngʻiroq qilishimni iltimos qildi, chunki uning oʻzi hozir gaplashadigan holatda emas. Tushunishimcha, xotini qandaydir dori ichib olganini unga siz aytgansiz.
-Ha. Janet tuzukmi?
-Afsuski, «tez yordam» yetib kelganida kech boʻlgan ekan. Uoters xonim vafot etdi.
-Dahshat! U endigina oʻttiz ikkiga kirgandi. Agar qat’iyatliroq boʻlganimda u oʻlmagan boʻlardi!..
-Oʻzingizni ayblamang,-dedi Abel.-Boshqarmaga qachon kelib koʻrsatma bera olasiz?
-Istagan paytingizda. Men nafaqadagi odamman, boʻsh vaqtim koʻp.
-Unda sizni ertaga soat toʻrtda kutaman.
-Yaxshi, leytenant. Ertagacha...

Marta Pruett politsiya boshqarmasiga roppa-rosa toʻrtda kirib keldi. Abel uni Fred Uoters-oʻttiz besh yoshlardagi boʻyi baland, sochlari qop-qora, tishlari hayron qolarli darajada oppoq erkak bilan tanishtirdi.

Janet uni koʻp marta oʻldirmoqchi boʻlganligini eshitib Uoters hayron qoldi. «Keyingi paytda u tushkun kayfiyatda edi, ammo uning bu darajaga yetib qolganligini bilmagan ekanman», dedi u.
-U meni sevadi deb oʻylardim,-dedi kalovlanib qolgan tish doktori.
-Shunday ham edi,-ta’kidladi Marta.-Doktor, xotiningiz aqlan nosogʻlom boʻlgan.

Marta Janet haqida bilgan hamma narsasini aytib berdi va koʻrsatmasiga imzo chekdi. Abel bu vaqt orasida doktor Mannersning qabulxonasiga qoʻngʻiroq qildi va Janet haqiqatan ham uning qabuliga yozilganligini aniqladi. Uoters xonim oʻz joniga qasd qilganligi uchun ish tezda yopildi...

Marta Pruett yilda ikki marta albatta tish doktoriga uchrardi. Uning doktori Floridaga ketgandi. Marta Fred Uotersning tish doktori ekanligini esladi. May kunlaridan birida, Janet oʻz joniga qasd qilganidan uch oy keyin u Uotersning qabulxonasiga qoʻngʻiroq qildi va juma kuni soat toʻrt yarimga qabulga yozildi.

U oʻn besh daqiqaga kech qoldi, lekin shoshilmasa ham boʻlarkan. Doktor baribir uni beshdan oldin qabul qila olmas, chunki mijoz bilan band ekan.
-Men doktorning oldiga kirguningizga qadar ketib qolishim mumkin,-dedi qorasoch hamshira.-Soat oltidagi avtobusga ulgurishim kerak. Qogʻozingizni beraman, doktorga oʻzingiz beraverasiz.

Marta stol ustida turgan ayollar jurnalini qoʻliga oldi va oʻqishga berildi. Oradan oʻn daqiqa oʻtgach, devorda osigʻliq turgan yogʻoch soat ichidan kakku chiqib soat besh boʻlganligini bildirdi. «Xuddi Janet Uoters bilan boʻlgan suhbatlarimizdagidek», oʻyladi Pruett.
-Xonim, mabodo bilmaysizmi, doktor Uotersning uyida ham xuddi shunaqa soat bormi?-soʻradi u hamshiradan.
-Bilmadim,-dedi hamshira.-Bu yerda ishlayotganimga endi ikki hafta boʻldi, lekin yaqinda bu soat meni aqldan ozdiradi. Janob Uoters bu soatni uylanganidan keyin bu yerga olib kelib osmagani yaxshi edi.
-Lekin u oʻn yil oldin uylangan-ku,-hayron boʻldi Marta.
-Keyingi uylanishini aytyapman,-jilmaydi hamshira.-U uch hafta oldin Joanga uylangan. Joan shu yerda hamshira boʻlib ishlardi.

Marta Pruett gʻamgin bosh chayqadi. «Buni qara-ya,-dedi u ichida,-xotini oʻlganiga ikki oy boʻlib-boʻlmay boshqasiga uylanibdi». Uning doktorga nisbatan fikri oʻzgardi.
-Bu soat Joanning uyida turardi,-gapida davom etdi hamshira.-U doktor Uotersning uyiga koʻchib oʻtgach, uyidagi ancha-muncha narsalarni sotdi, qolgan narsalarni, mana shu soatni ham oʻzi bilan olib keldi.

Marta Pruett oʻychanlik bilan soatga tikilib qoldi. Agar uchala qoʻngʻiroq ham doktor Uotersning uyidan emas, balki uning hamshirasinikidan amalga oshirilgan boʻlsa, demak, u Janet Uoters bilan emas, Joan bilan gaplashgan ekan-da!

Soat roppa-rosa besh boʻlganida eshik ochilib, qabulxonada mijoz va doktor Uoters paydo boʻldi.
-Rubi, janob Kertisni keyingi chorshanbaga qabulga yozib qoʻying,-dedi Fred hamshiraga,-keyin ketavering.

Va u Martani koʻrib qoldi. Uning yuzida xavotirga oʻxshash ifoda paydo boʻldi.
-Salom!-soʻrashdi u.-Sizni kuttirib qoʻyganim uchun uzr. Yuring ichkariga.

Marta xuddi yogʻoch oyoqda turgandek zoʻrgʻa oʻrnidan turdi, Uotersning ortidan ichkariga kirdi va kresloga oʻtirdi. Uoters uning boʻyniga mato bogʻladi va Marta ogʻzini ochdi.

Keyingi oʻn besh daqiqa davomida Fred Uoters uning tishidagi toshlarni tozaladi, Marta esa endi nima qilish kerakligini oʻylab oʻtirdi. U ogʻzini chayqash uchun qaddini tiklagan paytda eshik ochilib, yigirma besh yoshlardagi mallasoch ayol koʻrindi.
-Kechir, azizim,-dedi u sal xirqiroq ovozda.-Ishing tugadi deb oʻylabman.
-Siz Joan boʻlsangiz kerak,-dedi shu zahoti uning ovozini tanigan Marta. U jim turishi lozimligini bilardi, ammo oʻzini tutib turolmadi.-Men Martaman. Esladingizmi, Joan?

Rangi oqarib ketgan ayol Martaga uzoq tikilib turdi, soʻng peshonasini tirishtirib bosh chayqadi.
-Biz tanishmizmi?-soʻradi u.
-Faqat telefon orqali,-sovuq ohangda javob qaytardi Pruett.-Qanday aqlli qotillik! Mening yordamim bilan Janetni oʻzini oʻldirishga urinadigan aqldan ozgan ayolga chiqardinglar. Uni qanday zaharladingiz, doktor?-Marta qahrli nigohini tish doktoriga qaratdi.-Qahvasiga dori qoʻshib qoʻydingizmi?
-Albatta, mijozingning oʻta katta dozadagi anesteziyadan vafot etishi obroʻingga putur yetkazadi, ammo qotillik boʻyicha javobgarlikka tortilgandan koʻra shunisi yaxshi, azizim,-dedi mallasoch.
-Men ketaman,-dedi Marta oʻrnidan turishga urinib.
-Boshqa ilojing yoʻq.-Joan Martaga umuman e’tibor bermadi.-Hamma buni baxtsiz hodisa deb oʻylaydi.

Doktor Uoters Martaning yelkasidan tutib uni yana kresloga oʻtqazdi.
-Yuziga gazli niqobni taq,-dedi u xotiniga.

Marta Pruett qarshilik qilmoqchi boʻldi, ammo Joan bir qoʻli bilan uning jagʻidan mahkam ushladi va ikkinchi qoʻli bilan niqobni uning yuziga bosdi. Shu payt eshik ochilib, qorasoch hamshira Rubining ovozi eshitildi.
-Men chiptamni unutib qoldiribman, doktor. Qaytishga toʻgʻri keldi...-U turgan joyida qotib qoldi.-Bu yerda nima boʻlyapti?

Kutilmagan hodisadan doktor Uoters Martaning yelkalarini qoʻyib yubordi, Joan ham oʻzini yoʻqotib niqobni tushirib yubordi. Pruett Joanning qoʻlini tishladi va ikkala oyogʻi bilan Uotersning qorniga tepdi. Uoters asboblar turadigan stolga uchib tushdi.

Marta xonadan otilib chiqdi. Baxtiga u mashinasini bino eshigi oldiga qoʻygandi. Doktor xotini bilan tashqariga yugurib chiqqanida uning mashinasi joyidan jilgandi.

Marta Pruett toʻgʻri politsiya boshqarmasi tomon yoʻl oldi.