OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRichard Deming
Asar nomiTajribali ayol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Falsafa
Mualliflar
   - Richard Deming
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tajribali ayol (hikoya)
Richard Deming

Lidiya Xartman kuni bilan kutgan telefon qoʻngʻirogʻi u ish vaqtini tugatib endi uyiga qaytayotgan mahalda boʻldi. U ostonada turarkan, boshligʻi goʻshakni olganini koʻrdi:
-Sugʻurta idorasi, Trimeyn eshitadi.

Soʻngra boshliq Lidiyaga qarab bosh silkidi. U yugurib kelib goʻshakni qoʻliga oldi va shosha-pisha gapirdi:
-Xartman xonimman.
-Men Juliusman,-erkak kishining ovozi eshitildi.-Buffalodan qoʻngʻiroq qilyapman.
-Buffalo!-xitob qildi ayol.
-U qaerga borsa orqasidan kuzatib yurishim kerakligini aytuvding-ku,-dedi Julius Veygand norozi ohangda.-U Buffaloga boradigan avtobusga oʻtirishi bilan men ham mashinamda yoʻlga tushdim.

Lidiya ilgichdan shlyapasini olayotgan boshligʻiga koʻz qirini tashladi va Juliusdan past ovozda soʻradi:
-U kuzatayotganingni biladimi?
-Yoʻq, u meni koʻrmadi. Men uni xususiy detektivga oʻxshab shaharma-shahar kuzatib yuribman.

Janob Trimeyn kiyinib, xayrlashdi. Lidiya goʻshakni qoʻli bilan toʻsgancha unga xayrli kech tiladi. Boshliq chiqib ketgach, Lidiya soʻradi:
-U tuzukmi?
-Albatta,-javob qildi Veygand istehzo bilan.-U «Redmill» mehmonxonasiga joylashdi va tushdan keyin ikki shisha viskini tugatdi. Senga aytgandim-ku, «uning boʻkib ichishdan boshqa maqsadi yoʻq» deb.
-Yo Xudoyim! Agar u ichib olsa miyasiga nima kelsa shuni qiladi. Men oʻsha yerga boraman.
-Shunday deyishingni bilganim uchun qatnov jadvalini koʻzdan kechirib qoʻygandim. Poezd soat oltida Rochesterdan joʻnaydi va yetti yarimda shu yerda boʻladi. Avtobus esa sakkizdan keyin yoʻlga chiqadi.
-Yaxshi, poezdda boraman.
-Kelib nima qilmoqchisan?
-Unga yordam beraman, birorta dahshatli narsaga qoʻl urishiga imkon bermayman.
-Masalan, oʻzini oʻldirishiga, shunaqami? Mast odam oʻzini oʻldirmaydi.
-U mast emas,-dedi Lidiya keskin.-Jim qoʻlidagi hamma narsani yoʻqotganidan keyin shunaqa boʻlib qolgani uchun uni ayblashga haqqing yoʻq.
-Uning yoʻqotishlari-mening ham yoʻqotishlarim. Esingdan chiqmasin, men uning hamkori edim,-dedi Veygand.
-Bilaman,-dedi ayol.-Sen uni sudga berishing mumkin edi.
-Seni deb shunday qilmadim, Lidiya. Faqat seni deb. Senga qanday munosabatda ekanligimni bilasan-ku.
-Jimning xotini ekanman, bu haqda eshitishni xohlamayman!-baqirdi Lidiya.-U menga har qachongidan ham muhtoj boʻlib turgan bir paytda uni yolgʻiz tashlab qoʻyolmayman.
-Javobing xuddi Jimning ishlari yurishib ketganidan keyin sen uni tashlab ketadigandek yangradi. Bu menga umid bagʻishlaydi,-dedi Veygand.
-Yetti yarimda meni kutib ol,-ayol suhbatga nuqta qoʻydi.

Lidiya Xartman Buffaloda poezddan tushganida, Julius Veygand uni kutib turgandi. Lidiyaning xayoliga bundan bir oy oldin uni koʻrganda yuragi qinidan chiqib ketguday urishi keldi. Ammo u paytda Julius ishi yurishayotgan biznesmen edi, hozir esa bankrot boʻlgan. U bir omadli biznesmenni boshqasiga almashtirishi mumkin edi, lekin bankrotni bankrotga almashtirish... Oʻttiz ikkiga kirgan ayol yetarlicha tajribaga ega boʻlishi shart.

Julius jilmaygancha unga ochiqchasiga suqlanib qarab turardi. Lidiya uning yoniga keldi va yuzini chimchiladi:
-Menga unaqa qarama.
-Buncha goʻzal boʻlmasang,-dedi Julius va uning qoʻlidagi yuklarni olib yoʻl boshladi.

U yuklarni mashina yukxonasiga solib, ayolga eshikni ochdi, soʻng mashinani aylanib oʻtib, oʻzi ham oʻtirdi. U mashinani oʻt oldirishdan oldin soʻradi:
-Xoʻsh, endi nima qilmoqchisan?
-U bilan gaplashmoqchiman. Agar uyga ketmaydigan boʻlsa, shu yerda qolaman.
-Uning aqlini yoʻqotguncha ichishini tomosha qilasanmi? U bir haftayam yurishi mumkin.
-Unda men ham bir hafta yuraman.
-Ishingdan ajralasan.
-Ertalab janob Trimeynga qoʻngʻiroq qilib hammasini tushuntiraman.
-U yerda ishlayotganingga endi uch hafta boʻldi-ku, Lidiya. Har qanday boshliq ham senga bir haftaga ruxsat bermaydi.
-Mening eski xodim ekanligimni unutib qoʻyibsan. Jim endi ishini boshlagan paytlarda men u yerda besh yil ishlaganman.
-Ammo keyin besh yil ishlamading.
-Meni mudir lavozimiga ishga qabul qilishdi, demak meni unutishmabdi.
-Ha, bu Jimga ruhan ta’sir qildi: u biznesdan uchib ketgan paytda sen ishga qaytding.
-Uchib ketgan paytda?
-Yana nima deyish mumkin? Buni boshqacha atay olmayman... Nimaga undan voz kechib qoʻya qolmaysan? Bir oy oldin bu haqda gaplashgandik.
-Bir oy oldin u bunchalik pastga qulamagandi. Undan hozir voz kecholmayman.
-Vafodorligingdan oʻrgildim!-qichqirdi Julius.-U bilan bir umr birga boʻlsang ham uni oyoqqa turgiza olmaysan. U tamom boʻlgan odam.
-Seni deb undan voz kechishimni istaysanmi?-soʻradi ayol zaharxandalik bilan.-Sen ham xuddi unga oʻxshagan bankrotsan-ku.
-Ha, lekin vaqti kelib oʻzimni tiklayman, Jim esa hech qachon. Unga yordam bergan taqdiringda ham ishi yurishmaydi. Lidiya, u lapashang.
-Boʻlishi mumkin, lekin u mening erim. Va ayni paytda sen menga mos erkak emassan. Hattoki agar Jim bilan ajrashadigan boʻlsam ham sen uning oʻrniga nomzod boʻlolmaysan.

Julius unga ajablanib qaradi:
-Jiddiy gapiryapsanmi?
-Albatta. Ehtimol oʻn yil oldin senga tegishim mumkin edi. Ammo men Jimnikiman. Senga esa hozir oʻzingni tiklashing uchun yordamchi kerak. Lekin men yordamchi boʻlolmayman. Men oʻttiz ikkiga kirdim, sen esa qirqqa yaqinlashyapsan. Endi moliyaviy kurashlarga toqatim yoʻq, charchadim. Mening boʻlajak erim oyogʻida mustahkam tura oladigan badavlat inson boʻlishi kerak. Oʻshandagina u bilan hayotimni bogʻlashim mumkin.
-Notoʻgʻri fikrlayapsan. Jim bilan boʻlganing uchun koʻp ter toʻkishga majbur boʻlgansan. Agar men bilan boʻlganingda charchamagan boʻlarding.
-Lekin men Jimga tekkanman. Boʻl, u turgan joyga boraylik.

Julius indamay mashinani yurgizdi. «Redmill» mehmonxonasi Perl-strit koʻchasida joylashgandi. Ular mehmonxonaga yetib kelishdi va ichkariga kirishdi. Bino ichi ham tashqarisi kabi koʻrimsiz edi. Mebel va gilamlar eskirib ketgan, ammo toza edi. Ikki qariya zalda gazeta oʻqib oʻtirishar, roʻyxatxonada tepakal bir kishi navbatchilikda edi. Veygand uning yoniga kelib soʻradi:
-U hali ham xonasidami?

Navbatchi bosh silkidi. Veygand Lidiyani liftga boshladi.
-Jimni kuzatib turishi uchun unga oʻn dollar berdim, aks holda Jimning qancha viski ichganini qaerdan bilardim,-dedi Julius.
-Barcha xarajatlaringni toʻlayman,-dedi ayol quruqqina qilib.
-Jinnilik qilma, bir necha dollar men uchun hech narsa emas. Menda yetarlicha pul bor, sen esa ancha pulingdan ayrilding.

Ular yettinchi qavatga koʻtarilishdi. Yoʻlak boʻylab yurishgach, 714-xona eshigi oldiga kelishdi.
-U shu yerda,-pichirladi Julius.

Eshik tepasida boʻyalgan oynavand darcha boʻlib, uning qiya ochiqligidan xonada chiroq yoniq ekanligini bilish mumkin edi. Lidiya eshikni taqillatdi. Hech qanday javob boʻlmadi. U qattiqroq taqillatdi. Bir oz kutishgach, Veygand eshikni mushtlay boshladi. Qarama-qarshi tomondagi eshik ochilib, bir qariya moʻraladi. Ularga bir qarab qoʻygach, eshikni yopdi.
-Uxlayapti, shekilli,-dedi Lidiya.
-Aniqrogʻi, mast boʻlib qotib qolgan,-javob qildi Julius.-Pastga tushib zaxira kalitni olib kelaman.

Veygand ketdi, Lidiya esa kuta boshladi. Bir necha daqiqadan keyin Julius navbatchi bilan qaytib keldi.
-Lidiya, bu kishi janob Simmz. Unga sen Jimning xotini ekanligingni aytdim.
-Yaxshimisiz,-dedi Simmz Lidiyaga shubhali nazar tashlagach.-Bu yerda toʻpolon koʻtarmaysiz deb umid qilaman.
-Men erimdan tashvishdaman,-dedi Lidiya.-Erim bilan janjallashganimiz yoʻq, toʻpolon qilish niyatida ham emasman. U meni koʻrsa xursand boʻladi.
-Yaxshi,-dedi Simmz.

U kalitni tirqishga solib buradi va eshikni itardi. Ammo eshik ochilmadi.
-Eshikni zulfinlab olibdi,-dedi Simmz va eshikni gursillatib ura boshladi.

Yoʻlakda bir nechta eshiklar ochildi, hamma nima boʻlayotganiga qiziqib moʻralay boshladi. Simmz bir kishini uygʻota olishmayotganini aytib, ularni bezovta qilgani uchun uzr soʻradi. Eshiklar yopildi, ular esa 714-xona eshigi oldida turgancha xonadan biror ovoz kelarmikin degan umidda diqqat bilan quloq solishdi. Ammo xona jimjit edi.

Lidiya tashvishli ovozda gapirdi:
-Jim uxlayotganda xurrak otardi.

Simmz yana eshikni ochishga urindi, ammo bundan natija chiqmadi.

U boshini chayqadi va dedi:
-Darchadan moʻralaymiz. Hozir narvon olib kelaman.

U oʻn daqiqalardan keyin narvon bilan qaytib keldi. Narvonni eshikka tiragach, dedi:
-Men har ehtimolga qarshi pichoq olib keldim. Darchadan odam sigʻishi qiyin, lekin darchani ushlab turgan plastinani chiqarib olamiz va darcha ochiladi.

U oxirgi pogʻonaga koʻtarildi va pichoq bilan plastinani boʻshatdi.
-Men bu yerdan sigʻmayman. Balki siz urinib koʻrarsiz, xonim?-dedi u.
-Boʻpti,-dedi Lidiya.

U poyabzalini yechdi va narvonga chiqdi. Darchadan asta kirib, ichkariga tushdi.
-Nima gap?
-Hozir eshikni ochaman.

Yoʻlakda ichi qizib turgan Veygand ham shu yoʻl bilan ichkariga tushmoqchi boʻldi. Uning yuzi darchada koʻringan paytda Lidiya eshik tomon kelayotgandi.
-Nima gap?-soʻradi Veygand uning yuzi oqarib ketganini koʻrib.

Julius karavotda yotgan kishini koʻrolmadi, chunki uni Lidiyaning gavdasi toʻsib turardi. Lidiya unga javob berish oʻrniga eshik zulfinini tushirdi. Veygand narvondan tushdi va Simmzning ketidan xonaga kirdi. Lidiya tashqariga chiqib poyabzalini kiydi va devorga suyangancha koʻzlarini yumdi. Xonadagi erkaklar karavotda yotgan kishining jasadiga hayrat bilan tikilib turishardi. U oʻttiz besh yoshlardagi erkak edi. U bitta shimda yotardi. Karavotda boʻsh shisha yotar, yana bir shisha esa polda turardi. Uning qoʻllari qornida, koʻksining chap tomonidagi qonli jarohatdan sal pastroqda edi.

Simmz uning yuziga qoʻlini tekkizib koʻrdi va shu zahoti tortib oldi.
-Sovuq, demak oʻlgan,-dedi u.
-Men esa mast odamlar oʻzini oʻldirmaydilar deb oʻylovdim,-dedi Julius.

Simmz darhol unga qaradi:
-Oʻzini oʻldiribdimi? Unda pichoq qani?

Veygand xona ichiga alangladi. Soʻng emaklab karavot tagiga kirdi. Keyin esa navbatchiga shubhali tikildi.
-Eshik aniq ichidan berkmidi?-soʻradi u.
-Ha,-javob berdi Simmz darchaga tikilarkan.

Veygand vannaxona eshigiga qaradi. Navbatchi «qult» etib yutindi.
-Qotil hali ham shu yerda deb oʻylaysizmi?-shivirladi u.

Veygand indamay shishalardan birini qoʻliga oldi va vannaxona eshigini shaxd bilan ochdi. Shishani baland koʻtargancha ichkariga kirdi. Soʻng esa u yerdan ajablanib qaytib chiqdi. Simmz hojatxona eshigiga qarab turardi. Veygand shishani boshi uzra koʻtargancha hojatxona eshigini ochdi. U yer ham boʻm-boʻsh edi. Julius shishani stolga qoʻydi va deraza oldiga keldi. Pastga qaragach, dedi:
-Deraza ostida kengligi bir futcha keladigan tokchaga oʻxshash boʻrtiq bor ekan. Qoʻshni xonada kim turadi?
-Menimcha, tekshiruvni bas qilib politsiyaga murojaat qilganimiz ma’qul,-dedi Simmz.
-Gapingiz toʻgʻri,-dedi Veygand.

Lidiya bir chayqaldi va oʻtirib qoldi. Julius uni yelkasidan tutdi va bagʻriga bosdi.
-Boʻldi, tuzukman,-dedi ayol shikasta ovozda.

Julius Lidiyani yelkasidan tutgancha zalga yetaklab keldi. Ayol zoʻrgʻa qadam tashlardi. Simmz xonasiga kirib telefon goʻshagini koʻtardi. Julius Lidiyani divanga oʻtqizmoqchi boʻldi, lekin u oʻtirishni istamadi. Julius unga sinovchan tikildi:
-Nega oʻtirmayapsan?
-Men oʻzimga keldim,-dedi u.-Bugun Rochesterga qaytolmasak kerak?
-Men ham shuni oʻylayapman. Politsiya biz bilan gaplashadi.
-Mehmonxonadan joy olganmisan?

Veygand inkor ma’nosida bosh chayqadi:
-Yoʻq. Men bugun Jimni olib uyga qaytamiz deb oʻylagandim.
-Shu yerda qolamizmi?
-Ha. Men borib bilay-chi, boʻsh xonalar bormikin.

U navbatchi goʻshakni qoʻygan paytda xonaga yetib keldi.
-Politsiya hozir keladi. Shu atrofda boʻlib turinglar.
-Biz ham shu fikrdamiz. Boʻsh xonalaringiz bormi?

Simmz qogʻoz titkilayotgan paytda Lidiya mehmonxonadan chiqib ketdi. Veygand roʻyxatdan oʻtish ishlarini tugatib ortiga oʻgirildi va Lidiya yuklari bilan turganini koʻrdi.
-Oʻzim olib kelardim,-dedi u yuk xaltalarini olarkan.
-Ogʻirmas. Xona oldingmi?
-Ha, beshinchi qavatdan ikkita xona oldim. Kel, politsiyani shu yerda kutib turamiz, hozir kelarkan.

Lidiya divanga oʻtirdi. Veygand uning yoniga joylashdi. Besh daqiqadan keyin politsiyachilar kirib kelishdi. Ular ikki kishi edi. Biri oʻrta yoshlardagi gavdali kishi boʻlib, oʻzini serjant Charlz Karter deb tanishtirdi. Ikkinchisi esa Garri Nikolson ismli yosh, ozgʻingina yigit edi. Karter Simmzdan doktor chaqirgan-chaqirmaganligini soʻradi.
-Ha, ser. Bir necha daqiqadan keyin yetib keladi.
-Yuring, jasadni koʻramiz,-dedi Karter.-Garri, sen bular bilan qolasan va doktor kelganida yuqoriga olib chiqasan.

Serjant va Simmz ketishdi. Aftidan, Garri Nikolsonning qotillik boʻyicha hech qanday savol bergisi yoʻq edi. U ob-havo haqida nimadir deb mingʻirlagach, jim boʻldi. Besh daqiqadan keyin qoʻlida tibbiyot chamadonini koʻtargan keksa kishi paydo boʻldi. Nikolson uni eshik oldida kutib oldi va lift tomonga boshladi. Lidiya soatiga qarab ajablandi. Sakkizdan qirq besh daqiqa oʻtgandi. U poezddan tushganidan beri endi bir soatu oʻn besh daqiqa oʻtibdi. Nikolson qaytib kelib ham gapirmadi. Chamasi, savollarni serjant berardi. Yigirma daqiqadan keyin Simmz, doktor va serjant tushib kelishdi. Doktor ketdi, Simmz bilan serjant esa oʻtirganlarning oldiga kelishdi.
-Bu qotillik,-dedi serjant.-Kimdir uning yuragiga pichoq sanchgan. U qon chiqquncha jon taslim qilgan. Ammo gʻalati voqea.
-Nimani nazarda tutyapsiz?-soʻradi Nikolson.
-Simmzning aytishicha, eshik ichidan zulfinlangan, darcha esa qiya ochiq boʻlgan.

Simmz Lidiyaga ishora qildi:
-Bu ayol darchadan kirib eshikni ochdi.

Nikolson Lidiyaga qaradi.
-Darchadan faqat men sigʻardim,-dedi u.

Nikolson sherigiga yuzlandi:
-Qotil yongʻin narvonidan foydalangan boʻlsa kerak.
-Yongʻin narvoni oʻrnatilmagan,-dedi Karter.
-Hm-m. Unda u jasadni topishgan paytda xonada boʻlgan. Vannaxonaga yashirinib olgan boʻlsa kerak. Ular bizni chaqirgani tushishganda qochib qolgan.

Karter bosh chayqadi:
-Yoʻq, Simmzning aytishicha, ular xonani tekshirib chiqishgan.

U Veygandga qaradi:
-Toʻgʻrimi, janob?

Veygand bosh silkidi:
-Karavotning ostigacha qaradim.

Nikolson soʻradi:
-Shef, xonada qandaydir sir bor deb oʻylaysizmi?
-Yoʻq,-javob qaytardi Karter.-Bu faqatgina deraza ostidagi boʻrtiq yagona yoʻl ekanligidan dalolat beradi. Balandlikdan qoʻrqmaydigan odam shu yoʻl bilan xonadan xonaga oʻtishi mumkin.
-Qoʻshni xonalarda kim turadi?-soʻradi Nikolson Simmzdan.
-Ikkala xona ham boʻsh.
-Bu xonalarni koʻrdim,-gapida davom etdi Karter,-derazalar berk, lekin zulfinlanmagan. Qotil derazadan bemalol kirgan. Eshik esa ichkaridan ochiladi, tashqariga chiqib yopilganda yana qulflanib qoladi.
-Doktor nima dedi?-soʻradi Nikolson.
-Oʻlim bugun soat uch bilan beshning orasida yuz bergan. Aniqrogʻi, uch yarim bilan besh yarimning orasida. Menimcha, besh yarimlarda.
-Nimaga unday deb oʻylaysiz?
-Simmz unga soat ikki yarimda ikkinchi viskini keltirib bergan. Birinchi shishani u ikki yarim soatda boʻshatgan. Ikkinchisini ham shuncha vaqtda boʻshatgan boʻlsa kerak. Bu soat beshlarga toʻgʻri keladi. Bular ichkariga kirishganda ikkala shisha ham boʻsh boʻlgan.
-Mantiqan toʻgʻri,-bosh irgʻadi Nikolson.-Nima qilamiz?
-Sen ekspertlarni chaqir, barmoq izlarini olishsin. Men bular bilan boshqarmaga ketaman.

Julius Veygand oʻrnidan turdi:
-Unda mashinamni bir chetga olib qoʻyay.
-Tashvishlanmang, janob Veygand,-dedi Simmz,-kalitni bersangiz, oʻzim uni chetga olib qoʻyaman. Xartman xonimning yuklarini ham xonasiga olib kirib qoʻyaman. Aytgancha, 521-xona sizniki.
-Rahmat,-dedi Lidiya.

Veygand kalitni berdi va serjant ularni politsiya boshqarmasiga olib ketdi. Ular liftda yuqori qavatga koʻtarilishdi va serjant Karter ularni «Qotilliklar» degan yozuv osilgan eshik oldiga olib keldi. Ichkarida bir nechta stol va stullar joylashgan xona boʻlib, bir kishi telefonda kim bilandir gaplashayotgandi. Xonada boshqa hech kim yoʻq edi. Karter joyiga oʻtirdi va Lidiya bilan Juliusga ham oʻtirishga ishora qildi.
-Chekasizmi?-dedi u sigaret qutisini uzatarkan. Ular rad etishgach, Karter bir dona sigaret oldi va Lidiyaga qarab dedi:
-Tushunishimcha, marhum sizning eringiz edi, shundaymi?

Lidiya tasdiq ma’nosida bosh silkidi.
-Rochesterdan keldingizmi?
-Ha, Julius ham.
-Hm-m, eringiz bu yerda nima qilayotgandi?
-Ichib yotgandi,-Lidiyaning ovozi zoʻrgʻa eshitildi.-Keyingi paytda faqat ichayotgandi. Jim bu yerga kelishdan oldin Rochesterdagi mehmonxonada ham shunaqa qilgandi.
-«Keyingi paytda» deganingiz nimani anglatadi?
-Keyingi bir necha haftalardan beri. U biznesdagi ishlari orqaga ketganidan tushkunlikka tushib qolgandi.
-U nima bilan shugʻullanardi?
-Jim bilan Julius koʻchmas mulk savdosi bilan shugʻullanuvchi «Veygand va Xartman» kompaniyasiga egalik qilishardi. Uch hafta oldin ular bankrot boʻlishdi. Bu Jimni deb boʻldi.
-Nima uchun?-soʻradi Karter.
-U... pullarni noqonuniy oʻzlashtirib olgan. Julius buni juda kech payqagan. U oʻshanda ham yaxshilik qildi. Jimni bu ishi uchun sudga berishi ham mumkin edi.
-Bu bilan ishim oʻnglanib qolmasdi, Jimning qamalgani qolardi, xolos,-gap qoʻshdi Julius.

Karter Veygandga oʻgirildi.
-Sherigingizga shunchalik achindingizmi?
-Yoʻgʻ-e. Agar Lidiya boʻlmaganida uni qamatib yuborardim,-dedi Veygand.-Lidiyaning dilini ogʻritishni istamadim.
-Shunaqami! Xoʻsh, nima uchun?
-Birinchidan, uning aybi yoʻq, ikkinchidan, uni sevib qolganman.

Karter unga uzoq tikilib turdi, keyin Lidiyaga oʻgirildi:
-Eringiz bu yerda ekanligini qaerdan bildingiz?
-Julius soat beshlarda menga qoʻngʻiroq qildi. Men undan erimni kuzatib yurishini iltimos qilgandim. Chunki Jimdan xavotirda edim. Julius Jimning «Redmill» mehmonxonasida ekanligini va viskiga buyurtma berganini aytgach, soat oltidagi poezdga oʻtirdim va yetti yarimda yetib keldim. Julius meni kutib oldi.
-Hm-m. Agar siz soat beshda Rochesterda boʻlgan boʻlsangiz, sizdan gumon olib tashlanadi,-mingʻirladi Karter va yana Veygandga qaradi.
-Uning aytganlarini tasdiqlaysizmi?
-Albatta. Nahotki undan shubhalanish mumkin boʻlsa?
-Qoidaga koʻra, er oʻldirilganida birinchi oʻrinda xotini gumon ostiga olinadi. Endi sizga kelsak. Marhumni Rochesterdan bu yerga siz olib keldingizmi?
-Yoʻq. Men uning Buffaloga boradigan avtobusga chipta olganini koʻrgach, toʻgʻri bu yerga keldim. U mehmonxonaga joylashgach, navbatchidan uni kuzatib turishini soʻradim. Navbatchi menga Jim viski buyurtirganini aytganidan keyin Lidiyaga qoʻngʻiroq qildim.
-Tushunarli. Demak, siz oʻzingizni bankrot qilgan insonning achchiq qismatini yengillashtirishni oʻz zimmangizga olgansiz.

Veygand qizarib ketdi.
-Uni deb qilmadim. hammasini Lidiya uchun qildim.
-Albatta, chin sevgi namunasi,-kinoya qildi Karter.

Veygand battar qizardi.
-Nimaga sha’ma qilyapsiz, serjant?
-Hozir tushuntirib beraman,-dedi Karter.-Xartmanning choʻntagida bor-yoʻgʻi oltmish uch dollar pul boʻlgan. Demak, talonchilik yuz bergan deyish qiyin. U bu yerlik emasdi, shuning uchun uning bu yerda dushmani boʻlgan deyolmaymiz. Siz unga qasdlashib qolgansiz, buning ustiga uning xotinini sevasiz. Uylanganmisiz, janob Veygand?
-Yoʻq, lekin meni ayblamoqchi boʻlsangiz...
-Men hozircha hech kimni ayblaganim yoʻq,-uning gapini boʻldi serjant.-Men faqat sizda qotillik qilish uchun bir-ikkita sabab boʻlganini va shuning uchun Rochesterdan bu yerga kelganingizni ta’kidlamoqchiman, xolos.
-Lekin u mening iltimosim bilan bu yerga kelgandi,-e’tiroz bildirdi Lidiya.-Men Jim oʻzini oʻldirishidan qoʻrqqandim.
-Ehtimol, lekin manavi kishi eringiz aynan shunday qilmasligidan koʻproq qoʻrqqan boʻlsa kerak,-dedi Karter zaharxandalik bilan.-Har qalay, «eng ma’qul» gumondorni topmagunimizcha, Veygand, siz hibsga olinasiz.

Julius Veygand oʻrnidan sakrab turdi, endi ogʻzini juftlagan paytda eshik ochilib, qoʻlida qogʻoz xalta koʻtargan Garri Nikolson kirib keldi. Serjant Karter undan soʻradi:
-Natija bormi?
-Ekspertlar hali ham barmoq izlarini olishyapti.

U xaltani stol ustiga qoʻydi.
-Mana buni koʻring-chi.

Serjant xalta ichiga qoʻlini suqdi va ingichka buklama pichoqni chiqardi. Pichoq tigʻida qoramtir dogʻ bor edi. Karter pichoqni stol ustiga qoʻydi va soʻradi:
-Bu pichoqni birortangiz bilasizmi?

Lidiya pichoqqa engashdi. Uning suyakdan ishlangan qora sopida zarhal bilan yozilgan «J.X.» harflari koʻrinib turardi.
-Bu erimning pichogʻi. U pichoqni doim oʻzi bilan olib yurardi,-pichirladi u.

Karter Nikolsonga qaradi.
-Demak, u oʻz pichogʻi bilan oʻldirilgan. Ha-a. Chamasi, qotil kirgan paytda u mast boʻlib uxlab yotgan boʻlgan.
-Fikrimni aytaymi?-dedi Nikolson.-Toʻgʻri, biz Xartmanning va pichoqdagi qon guruhlarining natijasini kutishimiz kerak, lekin garov oʻynaymanki, ular bir xil chiqadi!
-Garovning keragi yoʻq,-dedi Karter.-Buni qaerdan topding?
-Veygandning mashinasini tekshiruvdim,-dedi Nikolson.-Pichoq mashina ichidagi qutichada turgan ekan.

Lidiya mehmonxonaga qaytganida yarim tun boʻlgandi. U Juliusga nisbatan chiqarilgan ayblovga uzoq e’tiroz bildirdi. Keyin esa advokatga qoʻngʻiroq qilib uning kelishini kutdi. Ammo hech narsa yordam bermadi: qasddan qotillik qilishda gumon ostiga olingan shaxsni garov evaziga qoʻyib yuborish taqiqlanganligi bois Julius Veygand hibsxonada qoldi. Lidiyaning barcha harakatlari Juliusga yordam bermagan boʻlsa-da, uning oʻziga yordam bergandi. Agar politsiya uni ham qotillikda gumon qilganida yomon boʻlardi. Baxtiga, politsiyadagilar uning eri uchun qaygʻurganini ma’qullashdi. Albatta, hech kim, Juliusning oʻzi ham Lidiya nima uchun Jimning oʻz joniga qasd qilishidan bunchalik xavotirlanganligining asl sababini bilmasdi...

Lidiya xonaga kirib yechindi. Paypogʻini yechayotib sonidagi kichkinagina qonli dogʻni koʻrib qoshini chimirdi. Pichoqni paypogʻi ichiga solganida tekkan suyuq qon dogʻ boʻlib qotib qolgandi.

Ikkinchi paypogʻini yechishdan oldin u vannaxonaga kirib qon dogʻini yuvib tashladi. Bu paypogʻini yecharkan, paypogʻi orasidan buklangan qogʻoz parchasini olib oʻqishga tutindi. Jimning xonasida uni oʻqishga vaqti boʻlmagandi. Oʻshanda bu qogʻozni paypogʻi orasiga yashirishga zoʻrgʻa ulgurgandi.

Xat qingʻir-qiyshiq qilib yozilgandi. Lekin oʻqisa boʻlardi:

«Kechir, men hayotdan ketishning shu yoʻlini tanladim...».

Qolgan soʻzlarni oʻqiy olmadi, lekin buni oʻz joniga qasd qilgan odamning maktubi deyishga shuning oʻzi yetarli edi. Lidiya qogʻozni mayda-mayda qilib yirtib tashladi. Yaxshiyam u Jim hayotini sugʻurta qildirgan sugʻurta idorasida ishlardi. Aks holda eri oʻz joniga qasd qilgani uchun ellik ming dollar sugʻurta pulini ololmasligini bilmagan boʻlardi. Yaxshiyam u oʻn yillik nikohidan soʻng nimagadir erishadigan boʻldi. Agarda pichoqni Jimning koʻksidan sugʻurib olmaganida va uning qoʻlidagi xatni yashirmaganida bunga erisholmagan boʻlardi.