OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRichard Stark
Asar nomiElektr stuldagi tavba (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Richard Stark
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Elektr stuldagi tavba (hikoya)
Richard Stark

Jenisni oʻldirishga qachon qaror qilganimni aniq ayta olmayman. Albatta, bu haqda bir necha oylar davomida oʻylagandim, ammo aynan qachon orzularim puxta oʻylab chiqilgan rejaga aylanganini eslay olmayman.

Ehtimol, bu Jenis menga indamay sotib olgan moʻynali poʻstin uchun hisob varagʻini olib kelishganida yuz bergandir. Deyarli ikki ming dollar-yillik daromadimning beshdan bir qismini sarflashim lozim boʻlgan bu matohga koʻz tashlamoqchi boʻlganimda esa u Beshinchi avenyudagi doʻkonlarni aylanib charchagani uchun poezdda kelayotib poʻstinni unutib qoldirganini aytib meni oʻldirayozgandi.

Balki bu ancha oldinroq, ishdan oʻlgudek charchab shahar markazidagi uyimizga qaytganimda Jenis Konnektikutdan uy sotib olganini aytganida boʻlgandir. Biz endi Manxettendagi tosh devorlar ichida yashamas ekanmiz. Qishloqning toza havosi bizga kuch berar ekan. Bundan tashqari, har kuni odatdagidan bir soat erta turib tonggi poezdda ishga borishim men uchun judayam foydali ekan.

Balki hammasi oʻsha kuni, qishloqdagi uyimizda xarajatlarimizni hisob-kitob qilayotib keyingi yarim yilda bank kreditlarini miqdoridan oshirib yuborganimiz uchun toʻlagan jarimalarimiz yeyish-ichishimizga ketgan puldan ham koʻpayib ketganligini bilganimda boshlangandir. Bu haqda unga norozilik bildirganimda Jenis xotirjamlik bilan hamma aybni menga agʻdargandi. Rostdan ham, u kutilmaganda sarflaydigan pullarni vaqtida topib berolmaganim uchun uni ayblash mumkinmi?

Balki gap unda emasdir. Balki bularning bariga Karen sababchidir.

Karen, oh Karen! Nihoyat mening lavozimim koʻtarildi. Bu lavozim menga Jenisning xarajatlari uchun koʻproq pul, shu bilan birga shaxsiy kabinet va kotiba berdi. Va bu kotiba Karen edi.

Umuman olganda, bu ancha gʻalati voqea. Uyda doimiy janjallar va asabiylashishlar manbai boʻlgan xotin kutadi. Ishda esa aqlli, goʻzal, gaplashsang hayot tashvishlarini unuttiradigan kotiba. Men bora-bora ish koʻpayib ketganligini bahona qilib shaharda uzoqroq qolib ketadigan boʻldim va oxir-oqibat oʻsha narsa yuz berdi. Biz Karen bilan bir-birimizni sevib qoldik.

Bizning munosabatlarimiz rahbar va kotiba orasidagi ishqiy oʻyinga aylanishi ham mumkin edi. Ammo Karen sofdil qiz edi. Men Jenis bilan ajrashishim va Karenga uylanishim kerakligini tushundim.

Avvaliga ajrashish haqida oʻyladim. Men Jenisning bunga rozi boʻlishiga shubha qilmasdim, chunki oʻsha paytlarda ajrashishlar urfga kirgan, Jenis esa zamon bilan hamnafas qadam tashlashga intilardi. Ammo keyin aliment esimga tushib qoldi. Ajrashishga nima sabab boʻlmasin, huquqiy jihatdan men javobgar, Jenis esa da’vogar boʻlardi. Bu esa aliment degani. Men Jenisning pulga nihoyatda oʻchligini juda yaxshi bilardim. Shundoq ham ikkimiz uchun zoʻrgʻa pul topardim. Bunga Karenni ham qoʻshing, qarabsizki yarim yilda men qarzdorlik botqogʻiga botishim tayin.

Yoʻq, ajrashish fikri shu zahoti chetga surildi va qanchadir vaqt bu muammoning yechimi yoʻqday tuyuldi. Soʻngra Jenis mashina sotib oldi va men ularning ikkalasi-Jenis ham, mashinasi ham Merit Parkuey atrofida majaqlanib ketishini Xudodan soʻradim. Ammo vaqt oʻtib borar va hech qanday baxtsiz hodisa yuz bermasdi.

Uyimizning devorlari gʻishtli, ichi suvoq qilingan, demak, yongʻin ehtimoli juda kam edi. Poezdlar ba’zan relsdan chiqib ketadi, ammo Jenisning poezd halokatiga uchrab oʻlishiga umid qilishning oʻzi kulgili edi.

Oxir-oqibat hammasini oʻz zimmamga olishga majbur boʻldim. Jenis Karen bilan baxtli hayot kechirishimga toʻsiq boʻlayotgan ekan, demak, bu toʻsiqni olib tashlash kerak.

Vaqt oʻtgani sari bu fikr mustahkamlanib bordi, borgan sari kuchaydi va nihoyat men Karenga ogʻiz ochdim. Avvaliga u bu taklifimdan qoʻrqib ketdi. Lekin Jenis tirik ekan, biz hech qachon turmush qura olmasligimiz haqida unga uzoq gapirganimdan keyin u mening rejamni qaygʻuli zaruriyat sifatida qabul qildi.

Endi «qachon» va «qanday qilib» degan masalani hal qilish kerak edi. Ixtiyorimda qotillikning toʻrt xil usuli bor edi: baxtsiz hodisa koʻrinishidagi qotillik, oʻz joniga qasd qilish koʻrinishidagi qotillik, tabiiy oʻlim koʻrinishidagi qotillik va qotillik koʻrinishidagi qotillik.

Baxtsiz hodisani darhol miyamdan chiqarib tashladim. Jenis uchun turli xil baxtsiz hodisalar haqida oylab bosh qotirgan va oxir-oqibat ularning hammasi ishonarsiz boʻlib chiqishini tushungandim. Men ishonmagan narsaga politsiyaning ham ishonishi qiyin.

Oʻz joniga qasd qilish borasida esa Jenisning barcha dugonalari bir ovozdan undan baxtli va oʻz hayotidan mamnun ayol boʻlmagani, shuning uchun oʻzini oʻldirishiga hech qanday asos yoʻq ekanligini aytishlariga shubha qilmasdim.

Tabiiy oʻlim haqida esa gap boʻlishi mumkin emasdi.

Qotillik qilish qolgandi. Qotillik koʻrinishidagi qotillik. Men shunga mos reja tuzishga kirishdim.

Imkoniyat mayning oxirgi chorshanbasida boʻlishi mumkin edi. Oʻsha haftaning payshanba va juma kunlari Chikagoda muhim majlis boʻlishi rejalashtirilgandi. Majlis bizning eng yirik mijozlarimizdan birining reklama kampaniyasiga bagʻishlangan va unda ishtirok etishim zarur edi. Endi Karen men bilan birga ketishini tashkillashtirishim kerak edi va bu qiyin boʻlmadi. U menga yordamchi sifatida safarga birga chiqadigan boʻldi. Rejam asta-sekin pishib-etildi.

Reja quyidagicha edi: men soat uchda Chikagoga yoʻl oladigan va ertasiga ertalab 8:40da u yerga yetib boradigan poezdga chipta olaman. Karen har ikki chiptani oʻzi bilan oladi va poezdga oʻtiradi. Biz ikkalamiz ishxonadan tush payti birga chiqamiz va hammaning koʻz oʻngida markaziy shohbekatga yoʻl olamiz. Aslida esa, Karen markaziy shohbekatga ketgan paytda men 125-koʻchadagi bekatga boraman va 12:55da Konnektikutga ketadigan poezdga oʻtirib, 2:10da u yerga yetib kelaman. Bu paytda men soxta moʻylov, koʻzoynak taqib olgan, umrimda kiymagan shlyapa va palto kiyib olgan boʻlaman. Uyimiz bekatdan uncha uzoq emas. U yerga piyoda boraman. Jenisni ikki hafta ilgari Ist-Saydda noma’lum bir shaxsdan sotib olgan oʻttiz ikkinchi kalibrli toʻpponcham bilan oʻldirib, uyni agʻdar-toʻntar qilaman. Soʻngra soat beshdagi poezdda shaharga qaytaman, oqshomni biror yerda oʻtkazib, 00:45da Chikagoga uchadigan samolyotga oʻtiraman. 3:40da aeroportda boʻlaman, 8:40da esa Karenni temir yoʻl shohbekatida kutib olaman. Biz qaytish uchun olingan chiptalarni Nyu-Yorkka samolyotda qaytishimizni aytib, kassaga topshiramiz. Natijada mening qoʻlimda temir yoʻl kompaniyasi tomonidan toʻldirilgan rasmiy qogʻoz boʻladi. Mutlaq alibi. Soʻng, koʻmish marosimlarini oʻtkazgach, Karenga uylanaman va biz bir umr baxtli hayot kechiramiz.

Shunday qilib, oʻsha kun keldi. Men chamadonimni olib ishga bordim. Tush payti biz Karen bilan ajralishdik va men yoʻl-yoʻlakay palto va shlyapa sotib olib, 125-koʻchaga shoshildim. Chamadonni yuk saqlash kamerasida qoldirib, poezdga oʻtirdim va vagonlardan birining hojatxonasiga kirib soxta moʻylov bilan koʻzoynak taqib chiqdim.

Soat 2:15da poezddan tushdim. Bekat odatda kunning bu vaqtida boʻm-boʻsh boʻladi. Yoʻlda birorta ham tanishimni uchratmadim. Men choʻntagimdagi toʻpponchaning ogʻirligini his qilgancha asta uy eshigini ochdim.

Jenis mehmonxonada edi. U yangi, puli hali toʻliq toʻlanmagan divanda oʻtirar va hech shubhasiz, mening eshakdek ishlab topgan pulimni qanday qilib tez va samarali sarflash haqida maslahatlar berilgan ayollar jurnalini oʻqirdi.

Avvaliga u meni tanimadi. Faqat koʻzoynak va shlyapamni olganimdan keyingina qichqirib yubordi:
-Buni qara-ya! Men boʻlsam seni Chikagoda deb oʻylabman.
-Men Chikagodaman,-dedim men moʻylovimni silab va pardalarni yopish uchun deraza tomonga qadam tashladim.
-Moʻylov nimaga kerak?-soʻradi u.-Umuman yarashmabdi.

Men unga oʻgirildim va choʻntagimdan toʻpponchani chiqardim.
-Oshxonaga kir, Jenis.

Rejamga koʻra, talonchi orqa eshikdan oshxonaga kirgan, Jenis shovqinni eshitib u yerga moʻralagan va talonchi uni otib tashlagan boʻlishi kerak edi.

U toʻpponchaga baqrayib qaradi, soʻng koʻzlarini katta-katta ochgancha yuzimga tikildi:
-Freddi, nima boʻlyapti?..
-Oshxonaga kir, Jenis,-qaytardim men.
-Freddi,-dedi u jahl bilan,-bu yana sening hazillaringdan biri boʻlsa...
-Men hazillashayotganim yoʻq, Jenis,-oʻshqirdim men.

Birdan uning koʻzlari quvonchdan porladi va har doim navbatdagi xaridni moʻljallagan paytda qilganidek bolalarcha chapak chaldi.
-Freddi, azizim!-qichqirdi u.-Sen menga yangi idish yuvadigan mashina sotib olibsan-da!

U oshxonaga yugurgiladi. Hatto umrining oxirgi daqiqalarida ham u narsa sotib olish haqida oʻylayotgandi.

Oshxonada u hayron boʻlgancha menga oʻgirildi:
-Idish yuvadigan mashina yoʻq-ku...

Men unga qarata oʻq uzdim. U chinqirishga ogʻiz juftlagan paytda ikkinchi oʻq uni yiqitdi.

Naqd uch soniya jimjitlik hukm surdi. Toʻrtinchi soniyada esa boshim ustida turgan eshik qoʻngʻirogʻi sukunatni buzib jiringladi. Men dahshatdan qotib qoldim. Nima qilishni bilmasdim. Avvaliga «kelgan odam qoʻngʻiroq chalaverib zerikib qaytib ketgunicha joyimda qotib turaversammikin» deb oʻyladim. Ammo keyin Jenisning mashinasi hovlida turganini, bu esa uning uyda ekanligini bildirishini oʻylab fikrimdan qaytdim. Agar eshikni ochmasam, kelgan odam shubhalanib qoʻshnilarni yoki politsiyani yordamga chaqiradi va u holda bu yerdan chiqib ketolmayman. Shuning uchun men eshikni ochishga qaror qildim. Bu koʻzoynak, soxta moʻylov va oʻzgargan ovozimda tuqqan onam ham meni tanimaydi. Men oʻzimni xususiy shifokor deb tanishtirishim va Jenis kasalligi uchun hech kimni qabul qila olmasligini aytishim mumkin.

Men bu haqda oʻylagunimcha nafaqat dahshatdan qotib turgan odamni, balki tosh haykalni ham harakatga keltiradigan eshik qoʻngʻirogʻi ikkinchi marta jiringladi. Toʻpponchani shoshib-pishib choʻntagimga soldim va eshik oldiga bordim. Chuqur nafas olib va titrogʻimni sal bosib, eshikni qiya ochdim. Ostonada jigarrang portfel tutgan savdo agenti turardi. U gʻijim kulrang kostyum, oq koʻylak kiyib, moviy galstuk taqib olgandi. U oʻttiz ikki tishini koʻrsatib iljaydi.
-Xayrli kun, ser. Uy bekasi bormi?
-U kasal,-javob qaytardim men ovozimga boʻgʻiqlik berib.
-U holda, ser,-bidirladi u,-balki siz menga ikki daqiqa vaqt ajratarsiz, albatta agar band boʻlmasangiz?
-Vaqtim yoʻq. Uzr.
-Lekin bu sizni qiziqtirishiga ishonchim komil, ser. Men tanishtirmoqchi boʻlgan kompaniya farzandi bor har bir oilani oʻylaydi.
-Mening bolam yoʻq.
-O!-Uning tabassumi yoʻqoldi, ammo shu zahoti yana paydo boʻldi.-Ammo mening kompaniyam faqat ota-onalarnigina oʻylamaydi. Bir soʻz bilan aytganda, men «Universal entsiklopediya» nashriyotidanman. Men savdo agenti emasman. Gap shundaki, biz mahalliy bozordagi talabni oʻrganish bilan shugʻullanyapmiz va...
-Kechirasiz. Bu meni qiziqtirmaydi,-uning soʻzini boʻldim.
-Lekin siz eng asosiysini bilmaysiz!-qaysarlik qildi u.
-Jin ursin!-Men «agar Jenisni ikki daqiqa oldin otib tashlamaganimda u mana shu «Universal entsiklopediya»ni sotib olgan boʻlardi» deya oʻylagancha eshikni qarsillatib yopdim.

Men ishimni oxiriga yetkazishim lozim edi. Butun uyni agʻdar-toʻntar qilish, chamadonlar, javonlardagi narsalarni sochib tashlashim kerak edi. Soʻng esa poezdimga qarab yuguraman.

Endigina yotoqxona tomon qadam tashlaganimda telefon jiringladi.

Men yana joyimda qotib qoldim. Javob beraymi yoki yoʻqmi? Bu safar ham javob berishga qaror qildim.

Goʻshakni koʻtarib salomlashganimdan soʻng qandaydir ayolning ovozi keldi:
-«Majill» kompaniyasining statistika boʻlimidan bezovta qilyapmiz. Ayni paytda televizor koʻryapsizmi?

Men goʻshakni qulogʻimga tutgancha qotib turardim.
-Ser?
-Yoʻq.-Goʻshakni joyiga qoʻydim va yotoqxona tomon yoʻl oldim. Bu safar u yerga kirishga muvaffaq boʻldim. Javon gʻaladonlarini birin-ketin sugʻurib oldim va polga agʻdara boshladim. Barmoq izlarimga tupurgandim. Oʻz uyimda mening barmoq izlarim boʻlishi aniq-ku. Politsiya talonchi qoʻlqopda kirgan deb taxmin qilaveradi.

Uchinchi gʻaladonni agʻdarib, uch juft uzuk va bitta soatni choʻntagimga solgan paytimda yana eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi.

Uf tortgancha eshikni ochgani yugurdim.

Bu safar tashqarida bema’ni tabassum qilgancha semiz juvon turardi. Meni koʻrib, u gap boshladi:
-Sal-lom! Men Terner xonimman, shtat protestantlik cherkovi foydasi uchun avtomobil lotereyasi sotyapman.
-Hech qanaqa lotereya kerakmas,-javob qaytardim men.
-Lekin bu avtomobil lotereyasi,-dedi u.
-Hech qanday avtomobilning keragi yoʻq,-dedim va eshikni yopdim. Soʻng yana eshikni ochib, qoʻshib qoʻydim:-Mashinam bor.

Yotoqxonaga qaytarkanman, suhbat miyamda aylanardi. Gaplarim gʻalati chiqmadimi ishqilib? Balki asabiylashganim uchun menga shunaqa tuyulayotgandir?

Ahamiyati yoʻq. Birpasdan keyin bu yerni tark etaman va Nyu-York poezdida xotirjam ketaman.

Hayajondan birin-ketin ikkita sigaret chekdim va yana ishga kirishdim. Javon va stolni bir yoqli qilib, endi shkafga oʻtmoqchi boʻlganimda telefon jiringladi.

Telefon qoʻngʻirogʻining ovozi bunchalik oʻtkir va quloqni qomatga keltiruvchi boʻlishini ilgari tasavvurimga ham keltirmagan ekanman. Buning ustiga, uzoq va tez-tez jiringlaydi. E Xudo, men oʻrnimdan turib telefon oldiga yetib borgunimcha la’nati uch marta jiringlab ulgurdi.

Goʻshakni koʻtarishim bilan erkak kishining ovozi yangradi:
-Salom, Endi!
-Endi?

U yana qaytardi:
-Salom, Endi!

Hammasi rejadagiday ketmayotgandi. Men soʻradim:
-Kim kerak?

U javob qaytardi:
-Endi.
-Raqam terishda adashibsiz,-dedim va goʻshakni qoʻydim.

Shu payt eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi.

Men bir sakrab tushdim va telefonni yerga tushirib yubordim. Telefonni joyiga qoʻygunimcha eshik qoʻngʻirogʻi yana chalindi.

Men eshik tomon tashlandim va ehtiyotkorlikni ham unutib katta ochdim.

Roʻparamda sochlariga oq oralagan, yuzidan oʻziga ishonch hissi bilinib turgan kishi turardi. U qora portfel ushlab olgandi.
-Janob Uit keldimi?
-Kim?!
-Janob Uit,-dedi u.-Keldimi?
-Unaqa odamni umrimda eshitmaganman,-dedim.-Adashibsiz.
-Nimayam qilardik,-dedi u,-u holda siz bilan oʻzim gaplashishimga toʻgʻri keladi.-Men nima boʻlayotganini idrok qilgunimcha u yonimdan sirgʻalib oʻtdi va mehmonxonaga kirib u yoq-bu yoqqa alanglay ketdi.-Qoyil! Ajoyib mehmonxona!
-Ey, menga qarang...-soʻz boshladim men.
-Sempson,-dedi u.-«Universal entsiklopediya». Bekamiz koʻrinmaydilar?
-U kasal,-javob qaytardim.-Unga shoʻrva tayyorlayapman. Tovuq... e-e-e... shoʻrva! Balki boshqa safar...
-Tushunaman,-dedi u va xuddi nimanidir oʻylayotganday qovogʻini uydi, soʻng iljaydi:-Mayli, ser, siz shoʻrvangizni tayyorlashingiz mumkin. Men ungacha tanishtiruv uchun hamma narsani tayyorlab olaman.

Koʻz ochib-yumguncha u divanga astoydil joylashib oldi. Ogʻzimni ochmoqchi edim, u mendan koʻra chaqqonlik qildi va portfelini ochib, qoʻlini yelkasigacha tiqib ichidan bir taxlam qogʻoz chiqardi. Qogʻozlardan biriga qora rangda katta harflarda «Qutuling!» deb yozilgandi. Yana biriga qizil rangda «Ehtiyot boʻling!» deb yozilgandi. Yana boshqasida «Urinib koʻring!» degan yozuv turardi.

Janob Sempson engashdi va harsillagancha qogʻozlarni gilamga bir tekisda tera boshladi.
-Bu bizning yangi dasturimiz,-tushuntirdi u jilmaygancha va engashib imkoni boricha koʻproq qogʻoz yoyishga kirishdi.

Men unga angraygancha qarab turardim.

U oʻtirgan divandan atigi besh fut narida, oshxonada xotinim Jenis jonsiz holda yotardi. Yotoqxona agʻdar-toʻntar qilib tashlangan edi. Meni shahardan olib ketadigan poezd ketishiga bir soatdan ozroq vaqt qolgandi. Buning ustiga, toʻpponchamni biror joydagi axlat qutisiga tashlashim kerak. Keyin esa Chikagoga uchaman va Karenni koʻraman. Goʻzal Karenni. Sevgilim Karenni.

Mana bu la’nati laqma esa menga bema’ni entsiklopediyasini oʻtkazmoqchi!

Men xotirjamlik bilan dedim:
-Yoʻqoling.

U iljaygancha menga qaradi.
-Tushunmadim?
-Yoʻqoling,-qaytardim men.

U lablarini yigʻishtirdi.
-Lekin, e-e-e... siz hali...
-Daf boʻling!-dedim bu safar balandroq ovozda. Qoʻlim bilan eshik tomonga ishora qildim.-Daf boʻling! Tuyogʻingizni shiqillating!

U nimadir deyishga ogʻiz juftladi.
-Yoʻqol!!!

Men uning qogʻozlarini ezib-tepkilay boshladim. Soʻngra eshik tomonga yugurdim. Eshikni ochib, polda yotgan qogʻozlarni quchogʻimga siqqanicha oldim va tashqariga uloqtirdim. Oyogʻim ostiga toʻkilgan qogʻozlarni surib tashqariga chiqarib tashladim. Qoʻrquvdan rangi oqarib ketgan janob Sempson tashqariga yugurdi.

Eshikni yopdim va chuqur uf tortib sigaret tutashtirdim. Keyin yana bitta sigaret chekdim. Yaxshilab soʻkinib olgach, uchinchisini tutatdim.

Keyin esa yotoqxonaga oʻqdek uchib kirdim va zavq bilan kiyim shkafini pachoqlashga tushdim. Uni sindirgach, karavotga oʻtdim. Toʻshak va choyshablarni burda-burda qilgach, xona oʻrtasiga oʻtdim-da qilgan mehnatimning «hosili»ni tomosha qildim.

Shu lahzada eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi.
-Agar bu yana janob Sempson boʻlsa,-dedim oʻzimga oʻzim,-unga oʻzing yordam ber, ey Xudo!

Yana jiringlagan ovoz eshitildi. Menimcha, eshigimiz qoʻngʻirogʻining ovozi judayam baland edi. Qiziq, nima uchun buni ilgari payqamagan ekanman.

Eshikka yetib borgunimcha qoʻngʻiroq yana bir marta jiringladi. Tashqarida turgan kimsaga baqirishdan oʻzimni zoʻrgʻa tutib qoldim. Eshik tutqichini ushlaganimda oʻzimni ancha bosib olgandim.

Yashil kiyimli jussasi kichkinagina qiz qoʻlida pishiriqlar solingan quti bilan turardi.

Shu lahzada men hayot judayam murakkab va shafqatsiz ekanligiga ishonch hosil qildim.
-Biz hamma narsani sotib oldik, qizalogʻim,-dedim va eshikni sekin yopdim.

Shu payt telefon jiringlab qoldi.

Men eshik kesakisiga suyangancha xayolga erk berdim. Bu menga yoqdi, lekin ayni paytda vaqt oʻtib borayotganini tushunib turardim. La’nati telefon tinmay jiringlardi. Goʻshakni koʻtarmagunimcha u jiringlashdan toʻxtamaydi. Agar darhol olsam, la’natining ovozi oʻchadi.

Yaxshi fikr. Anchadan beri miyamga yaxshi fikr kelmay qoʻygandi. Men borib goʻshakni koʻtardim.
-Salom, qoʻshni!-qichqirdi allaqanday erkak.-Men «Kunlik koʻngilochar dastur»dan Deng O’Tulman. Bosh qichqiruvchi boʻlishni istaysanmi?
-Nima?
-Qoʻshni, nahotki hech narsadan xabaring yoʻq? Bu ajoyib radiooʻyin-ku! Hamma faqat shu haqda gapiryapti! Demak, agar sen hammadan baland qichqirsang....

U bir narsalar deb valaqlab ketdi, lekin men uni eshitmasdim. Goʻshakni qoʻyib qoʻydim.

Men yana bitta sigaret chekmoqchi boʻldim, ammo vaqtida oʻzimni toʻxtatdim. Keyin esa oʻzimni bosib olishga, fikrimni bir joyga yigʻishga va vaziyatni tahlil qilishga urindim.

Uyda mening ogʻir nafasimdan boshqa hech qanday tovush eshitilmasdi.

Bir oz oʻzimga kelgach, politsiya koʻz oʻngida namoyon boʻlishi kerak boʻlgan manzaraga koʻz tashladim. Oshxonada xotinimning jasadi, qolgan xonalar ostin-ustin qilib tashlangan. Endi oshxona eshigi qulfini buzsam boʻldi edi.

Bu yogʻiga rejamni amalga oshirishim uchun boshqa hech narsa toʻsqinlik qilolmasdi. Mutlaqo hech narsa.

Oshxonaga yetay deganimda kutilmaganda rejam amalga oshmayotganini tushunib qoldim. Hayotning oʻzi menga qarshi fitna tayyorlab qoʻyganini anglab yetdim. Va Jenisning hayoti dahshatli azob-uqubatdan iborat boʻlganini, u pul sarflash orqali oʻzini bu azobdan chalgʻitganini shu paytgacha sezmaganimni tushundim.

Oshxona eshigi oldida atrofga quloq soldim va «eshik qoʻngʻirogʻi yoki telefon jiringlab qolmasmikin» degan oʻyda birpas turib qoldim. Ammo hammayoq jimjit edi. Shunda eshikni ochdim.

Birdan ortimga oʻgirildim. Ortimda qoʻlida chinni idish ushlagancha qoʻshni kampir turardi.

U menga hayratlanib qaradi, keyin esa nigohini oshxonada yotgan jasadga burdi. Uning koʻzlari katta-katta ochildi, chinqirib yubordi, qoʻlidagi idishni tashlagancha ortiga burilib qochdi.

Uning chinqirigʻidan joyimda qotib qoldim. Men xuddi sehrlanganday uning qoʻlidan tushib ketgan idishga qarab turardim. Menga u yerga yetib borguncha xuddi soatlar oʻtayotganday tuyuldi. Idish nihoyat yerga tushib parcha-parcha boʻlib ketdi.

Mening ham oyoqlarim bukildi va devorga suyangancha yerga oʻtirib qoldim.

Keyin esa joyimda oʻtirgancha hammasi tugashini kutdim. Bu paytda uyimga turli odamlar kelib-ketishdi-aholini roʻyxatga olish xizmati xodimi va pochtachi; kirxona xizmatchisi va temir yoʻl kompaniyasi xodimi; kimyoviy tozalash xizmatidan va mahalliy merlikka nomzod; makulatura izlab yurgan bir guruh yoshlar; xayriya uchun pul yigʻib yurgan qari ayol va kollejga kirish uchun pul toʻplash maqsadida jurnal sotib yurgan yigitcha; manzilda adashib qolgan besh-oltita yigit va politsiyachilar...