OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRisolat Haydarova
Asar nomiUchinchi bashorat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Risolat Haydarova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/08/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uchinchi bashorat (hikoya)
Risolat Haydarova

Movarounnahrda saraton issiqlari avjga chiqqan payt. Sahargi salqinlik koʻp oʻtmay kunduzgi jazirama bilan almashadi. Quyosh goʻyo odamzod, nabotot va hayvonot olamini oʻz qudratiga yana bir bor ishontirishga qasd qilganday... Butun borliq, hatto shamol ham nafas olmay qotgan kabi.

Uch oshyonalik muazzam rasadxona ichi salqin. Yaqinda qurilishi yakunlangani bois bino ichida ganch va boʻyoq hidi anqiydi. Xonalarning aksariyati hali boʻsh, oyoq bosgan sari qadamlar aks-sado beradi.

Rasadxona zinalaridan oppoq ipak yaktak ustidan keng, yengil shohi chakmon kiygan oʻttiz yoshlardagi yigit yuqorilaydi. Yigit egnidagi kiyimlarning yoqa oʻyiqlari hamda yelkalarida nozik chokli bezaklar koʻrinadi. Boshiga oʻralgan ixcham oq dastorida yongʻoq kattaligidagi shaffof tosh yarqiraydi. Bu yigit Eron va Turon xoqoni, temuriyzoda Shohruh Mirzoning toʻngʻich oʻgʻli hamda ishonchli noibi, Movarounnahr va Turkiston hukmdori Mirzo Ulugʻbek edi. Ulugʻbek ortidan shogirdi Ali Qushchi ergashadi.

– Alouddin Ali, – dedi Mirzo Ulugʻbek, – ertan oqshomga mavlono Muhammad Ardistoniyni rasadxonaga taklif etdim. Bilasen, bir muncha vaqt avval u kishi bilan bir vajdan bahs etib qolgan edik.

Ali Qushchi ustozining keyingi soʻzlarini kutib sukut saqladi. Chunki Mirzo Ulugʻbek biron bahstalab mavzu haqida soʻz ketganda oʻz-oʻzi bilan mushohada yuritayotgan kabi yarim ovozda soʻzlar, Ali Qushchi shu odatini yaxshi koʻrardi.

– Mavlono Ardistoniy raml ilmida sohibi kamol erurlar, – deya soʻzini davom ettirdi Ulugʻbek, – ammo men u kishi taqdiri azal borasida bir oz mubolagʻa qilurlar, deb oʻylamoqdamen. Alloh oʻz bandalari ruhiga jism bagʻishlar ekan, dorilfanodagi umri uchun oʻlchov hamda vazifa ham ato etgay. Bu barhaq rost. Ammo hamma hodisot faqat taqdiri azalda bitilgan boʻlsa, insonga nechun zakovat va idrok, shuur va iqtidor berilmish? Alloh insonni shu qadar suyib, unga iqtidor va iste’dod berar ekan, uni taqdir oldida ojiz etib qoʻymogʻi mumkin emas! Men inson dunyoga bejiz kelmas va beiz ketmas deb bilurmen.

Ulugʻbek uchinchi oshyonaga olib chiquvchi pillapoya adogʻida toʻxtab, ortidan kelayotgan shogirdiga qaradi:

– Nechun indamaysen, mavlono?

Ali Qushchi kulimsiradi:

– Ustod, oʻzingiz aytar edingizkim, farazning mubolagʻa emasligini isbotlamoq uchun sinov lozimdur. Ammo mavlononing soʻzlari borasida ilmi sinov ilojsiz. Shundoq ekan...

Ulugʻbek qoʻlini koʻtarib, shogirdining kiftiga qoqdi.

– Balli, Alouddin!

Keyin kulib yubordi:

– Ilmi sinov ilojsiz degin? Ammo ilojsiz nimarsaning oʻzi yoʻqdur!

Ali Qushchi ustozi nima sababdan kulganini tushuna olmadi. Ulugʻbek esa miyasiga kelgan fikrdan lazzatlangan misol yana bir bor kuldi. Soʻng yosh mudarrisni ortidan kelishga ishora qilib, ichkari kirdi.

– Oʻn kunlardan keyin asad kirur, – dedi Ulugʻbek, – bu yil Dubbi Akbar ayni asad paytida egilma avj boʻylab koʻrinur. Yangi usturlobning tagligi kechikib qolmaydimu?

– Ustod, faqir usta Muhammadquli ila soʻzlashdum. Taglikni uch kunlar ichida bitiramen, deb aytdi. Nuqson chiqmasligi uchun uning koʻzi oldida parkor bilan qayta boshdan hisoblatib koʻrsatdum.

– Balli!

Ulugʻbek yoʻlak boʻylab yurarkan, rasadxona devorlariga yuzinchi martadir, suqlanib qaradi. Uchinchi oshyonaning qoq oʻrtasida, supacha ustida boʻz matoga avaylab oʻralgan nimadir koʻrindi. Supacha pastida ikki yosh yigit – duradgorlar qoʻllarida qirrasi yarqiragan tesha, suvoqchilarning kichkina havozasini pastga yotqizgancha boʻlaklashar edi. Ulugʻbek ortiga qaytdi. Ali Qushchi yana unga ergashdi.

Hovli sahnida kun qizigʻiga qaramay odam koʻp edi. Sahn oʻrtasiga ulkan supa yasalgan, atroflarda yana oʻnlarcha kichik supachalar koʻzga tashlanar edi. Meshkobchilar supalar ustiga koʻloblatib suv sepadilar, bozordan olib kelingan mardikor xizmatchilar rasadxona darvozasidan boʻyralar, gilamlar koʻtarib kiradilar. Sahn yuzasida uch qavat belbogʻini aylantirib bogʻlagan devqomat ishboshi xizmatlar toʻgʻri ado etilishini nazorat qilib boradi. Ora-sira qisqa buyruqlari eshitiladi. Hovliga olib chiquvchi eshik yonida turgan posbonlar hukmdorni koʻrishlari bilan gʻimirlab qolishdi. Yasovullardan biri hukmdorning otini yetaklab keldi. Ikkinchisi uni otga mindirishga chogʻlandi. Hovlidagi xizmatchilar ta’zimga egilishdi. Ulugʻbek esa odamlarning shoshib qolganiga bee’tibor, yasovul yordamida otga mindi. Va posbonlar qurshovida darvozadan chiqdi.

Bino hovlisidan tashqaridagi keng maydonga oʻchoqlar qazilib, doshqozonlar oʻrnatilgan, boʻz matodan tortilgan ulkan soyabon tagiga, tekis yerga tashlangan boʻyralar ustida kigizlar toʻshalgan, ularda ellikka yaqin kishi oʻtirib sabzi toʻgʻrar edi. Katta davra oʻrtasidagi dasturxonda sap-sariq sabzi uyumi. Doshqozonlardan narida yenglarini shimarib olgan chayir qassob oʻrik daraxtiga osilgan tanachaning terisini shilib tushirish bilan ovora. Mirzo Ulugʻbek rasadxona qurilib bitgani sharafiga elga osh berishga qaror qilgan, rasadxona hovlisi, keng maydondagi harakat – hammasi ertasi nahorga yoziladigan dasturxon uchun edi.

Ali Qushchi otliqlar uzoqlab ketguncha qarab turdi. Keyin Muhammad Ardistoniy bilan boʻlajak suhbat va munozarani oʻylagancha ichkari kirdi.

* * *

Mirzo Ulugʻbek xaloyiqni odatdagi qilar ishidan chalgʻitmaslik maqsadida doimo Samarqand koʻchalaridan iloji boricha tezroq va dabdabasiz oʻtib ketishga harakat qilardi. Chunki ba’zi a’yonlar har bir koʻchaga chiqishini as’asaga aylantirish, shu bahona yonida ketayotganlarini olomonga koʻrsatib olishga intilishar, bu esa gʻashini keltirar edi. Shu sabab bugun ham u shitob yurib Koʻksaroyga keldi. Salomxonaga kirmay, oʻng tomondagi salqin xonalardan biriga oʻtdi. Bu xona devorlaridagi chizma naqshlarning havo rang jimjimalari orasida mayda oq gʻunchalar tasviri koʻrinadi, shiftda osmon va begʻubor bulutlar rangi uygʻun, darichalarda oppoq darpardalar tovlanadi. Mirzo Ulugʻbek koʻpincha shu yerda orom olishni, yangi risolalari haqida mushohada yuritishni, chigal masalalar ustida bosh qotirishni xushlardi. Shu sabab saroy a’yonlari bu xonani oʻzaro «goʻshai mushohada» deb atashar edi.

Ulugʻbek egnidagi chakmonini yechib eshik yonidagi devorga oʻrnatilgan naqsh¬dor qoziqqa ildi. Keyin daricha roʻbaroʻsiga tashlangan ipak koʻrpachaga choʻzildi. Va beixtiyor Ali Qushchining soʻzlarini oʻylab ketdi. «Mavlono Ardistoniyning farazlari borasida ilmi sinov ilojsizdur...»

Darhaqiqat, zamindagi hayot silsilasi yulduzlarga bogʻliq. Yaratganning amri beshak-shubhadur. Ammo inson hayotida ne mazmun mavjud? Taqdiri azal bormi? Bor boʻlsa, u holda sa’yi-harakatlari boisi ne? Nahot odam bir umr yashab, nelargadur intilib, kurashib, mehnat qilib, jang qilib topgani faqat taqdiri azal boʻlsa?

Agar mavlono Ardistoniy bilan boʻlgan oʻsha suhbat-u, oʻzining hazil iltimosi boʻlmasa, Ulugʻbek balki bu haqda oʻylamas edi. Mana, oradan besh yil oʻtibdi, u esa hamon oʻsha voqealarni unutolmaydi.

* * *

Oʻshanda ilk bahor, qish izgʻirinlari iliq shabadalarga oʻrin bera boshlagan payt edi. Madrasaning issiqqina kutubxonasidagi saboq nihoyasiga yetgan, odatda hukmdor dars oʻtgandan keyin mullavachcha va mudarrislar uchun beriladigan ziyofat tugagan, Ali Qushchi ustozi va mavlono Muhammad Ardistoniy oʻrtasida boshlangan suhbatga beixtiyor quloq solib, pastroqdagi koʻrpacha ustida sukut saqlab oʻtirar, vaqti-vaqti bilan sodda naqshlar ila ziynatlangan piyolalarga koʻzachadan iliqqina olma sharbati quyib uzatar edi.

– Hazratim, bashorat rost keluviga bir necha sabablar boʻlur, – deyardi mavlono, – birlamchi, inson atrofidagi hayot silsilasi va muhit bashorat oʻngdan kelmogʻiga sharoit yaratur. Ikkilamchi, hodisotlar uzviyligi borkim, bu ham bashoratni oʻng keltirur.

– Davom eting, mavlono, – jilmaydi Mirzo Ulugʻbek, – bunda bashorat egasining ishtiroki boʻlmasmi?

Mavlono dangal javob berdi:

– Ishtiroki bevosita va... bilvosita boʻlur.

– Ya’ni?

– Ya’ni... insonning oʻzi yuz berajak hodisotlarga bevosita sabab boʻlur. Ba’zan esa odam sodir boʻlajak voqiyotni oʻzi yaratadur!

– Voajab! – Ulugʻbek qoʻlidagi piyolani qisimlab oʻyga toldi. Keyin esa kulimsirab soʻradi: – Mavlono, menim uchun fol ochib koʻrmaysizmi?

Ardistoniy soqolini tutamlab oʻyga toldi. Keyin botinmaygina dedi:

– Hukmdorlar hayotidan fol koʻrmoq saltanat taqdiridan bashorat qilmoq ila tengdur, koʻragon.

– Yoʻq, siz menim saltanat ila bogʻlanmagan ishlarimdin fol koʻringiz!

Ardistoniy kulib qoʻydi. Keyin Ali Qushchiga qaradi.

– Koʻrolmasman, bunda uchinchi kishi bor!

Ulugʻbek qoʻl siltadi:

– Mavlono, Alouddin Ali menim uchun chet kishi emas! Aytaveringiz!

Ardistoniy tasbehini qoʻliga oldi. Shivirlab duo oʻqidi va kissasidan yupqa daftar chiqardi.

Ulugʻbek yuragi gursillab, mavlononing mosh-guruch soqoliga, qovoqlari usti va koʻz tagini qoplagan mayda ajinlarga, peshonasining yarmigacha tushib kelgan qaymoqrang dastoriga, shivirlayotgan qonsiz lablariga tikildi.

– Yaqin kunlarda koʻragon hayotida ikkita noxushlik yuz bergay, – dedi nihoyat mavlono, – koʻz ochib koʻrganidin ayrilgay, sevganidin ajralgay. Birinchi voqea ikkinchisiga sabab boʻlib, oqibatda koʻragon yolgʻiz qoladur.

Ulugʻbek kutilmagan bashoratdan gangib qoldi. Chunki u ikki yil oldin oʻlgan oʻgʻli Ibodulla Mirzo oʻrniga oʻgʻil tugʻilishi kabi bashoratni kutgan, hatto mana shu kabi soʻzlarni eshitsa, mavlonoga qanday taqdirlov berish toʻgʻrisida oʻylab oʻtirgan edi.

Ardistoniy Ulugʻbek sukutidan xavotirga tushib qoldi.

– Magar koʻragon bilvosita sababkor boʻlmasalar, balkim, ikkinchi bashorat amalga oshmas! – dedi sekin.

– Ammo birinchisi beshak amalga oshadur.

– Shundoq!

Oʻrtaga sukut choʻkdi. Nihoyat Ulugʻbek:

– Mayli, oʻlmagan qul barini koʻradur, – deb shivirladi.

Shu kuni Ali Qushchi:

– Ustod, mavlononing soʻzlaridan bu qadar mutaassir boʻldingiz. Balkim ushbu bashoratlar toʻgʻri chiqmas? – dedi.

– Alouddin Ali, men bunga ishonganim yoʻq. Kishi oʻz koʻngli ila ajrasha oladurmi? Bu ishni oson deb bilasenmi? Yoʻq! Ikkinchi bashorat rost kelmogʻi uchun menim dilimni larzaga keltiruvchi va koʻnglimni ajrashuvga da’vat etuvchi bir kuch lozim. Bundoq kuch mavjud boʻlishini aqlimga sigʻdirolmasmen! Axir bu da’vatga kim jur’at eta olur?

Ammo, ajab, shundoq kuch bor ekan!

* * *

Malika Oʻgi begi Xonim xastalanib qoldi. Saroy tabibi aytgan tashhis bir qarashda xavotirli emasdi. Malika bahorning aldamchi quyoshiga ishonib shamollagan edi. Ammo xastalikning uchinchi kuni kutilmaganda isitma tutdi. Toʻrtinchi kuni esa keksa tabib hukmdor huzurida qaltiragancha bosh egdi:

– Mahdi ulyoning sihatlari xavotirlik, olampanoh. Poytaxtdagi ma’ruf tabiblarni chorlab, mashvarat etib koʻrduk. Gumonimizcha, dardi zotiljamdur.

– Taqsir, davo mushkulmi? – soʻradi Mirzo Ulugʻbek.

– Olampanoh, zotiljamni davolab boʻlur. Ammo faqirlaringiz qoʻrqamizkim, Mahdi ulyoning eski dardi – bod oʻz hukmini oʻtkazmoqda...

Mirzo Ulugʻbek shu kuni Oʻgi begi Xonimni koʻrgani haramga kirdi. Malika yigirma bir yoshga toʻlgan boʻlsa-da, oʻz yoshidan kattaroq koʻrinardi. Yosh ayolning rangi xastalik bois siniqqan, koʻzlari ostida koʻkish xaltacha osilgan, lablari isitma zoʻridan porsillab yorilgan, ikkala qoshi oʻrtasida koʻndalang tushgan ikkita chuqur chiziq koʻrinadi, qorachiqlarida hasrat yonadi, koʻrpa ustiga behol tashlangan qoʻllarida titroq seziladi. Ulugʻbek bemorni koʻriboq yuragi ezilib ketdi. Toʻshak yoniga oʻtirib, malikaning koʻm-koʻk tomirlar boʻrtgan ozgʻin bilagiga qoʻlini qoʻydi.

– Alloh shifo berar, xonim, – dedi, – tabiblar dardingizga davo bor demoqdalar.

Oʻgi begi Xonim holsizgina jilmaydi:

– Tabiblar albatta taskin berarlar...

– Nechun undoq deysiz? Kishi hamisha umid ila yashamogʻi lozimdur. Bu xastalik bedavo emasdur, xonim. Qizalogʻimiz Habiba Sultonni ham oʻylangiz.

Ayol ich-ichidan toshib kelayotgan xoʻrsiniqni bosmoqchi boʻlgandek qoʻllarini koʻkraklari oʻrtasiga bosdi. Koʻzlarida yosh yaltilladi. Keyin hukmdor qoʻllarini botinmaygina siladi.

Mirzo Ulugʻbek shu kuni malikaning koʻnglini yozishga ahd qildi: yangi qurilayotgan xonaqohi haqida soʻzladi, oʻzi koʻrgan va boshqalardan eshitgan qiziq voqealarni aytib berdi. Oʻgi begi Xonim jon qulogʻi bilan tingladi. Kechga yaqin Ulugʻbek oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Malika koʻzlarida tabassum bilan:

– Ruhimda ajib yengillik, – dedi, – soʻzingiz rost, hazratim, menim dardimga davo bordur. Habiba Sultonni ham oʻylamogʻim darkor.

Ammo ertasi malikaning ahvoli keskin yomonlashdi. Ikki kundan keyin esa uzildi.

Qabrga tuproq tashlanayotgan chogʻ Ulugʻbek birdaniga mavlono Muhammad Ardistoniy aytgan bashoratni esladi. «Ajab, – oʻyladi u, – birinchi bashorat rost keldi. Ammo uning oʻng keluviga nelar sabab boʻlmish? Muhitmi, hodisotlar uzviyligimi va yoxud kishilarning bevosita yo bilvosita ishtirokimi? Nahot mavlono haq? Endi ikkinchi bashorat ne boʻlur?»

Beixtiyor yuragi muzlab ketdi, rangi boʻzarib ketganini koʻrgan amirlardan biri qoʻltigʻidan oldi.

* * *

Oʻgi begi Xonim Ulugʻbekning koʻz ochib koʻrgan xotini edi. Bobosi sohibqiron Amir Temur Shomu Rum yurishidan keyin Konigilda katta toʻy berib, nabiralari Iyjal, Saydi Ahmad, Pirmuhammad va Boyqaro Mirzolarni uylantirib, oʻn bir yoshli Ulugʻbek va Ibrohim Sultonlarni unashtirgan edi. Shahzoda yetti yoshlardagi old tishi tushgan, soch oʻrimlari dikkaygan, ozgʻingina qizchani koʻrganda kulib yuboray degani esida. Ukasi Ibrohim Sulton yengidan tortqilagani ham kechagidek yodida turibdi.

– Kelinchaklarimiz xunuk ekan! – degandi u, – qarang, menikining ikkita tishi yoʻq.

– Yetti yoshda oʻzimizning ham tishlarimiz tushgan edi-ku, yodingda yoʻqmi? – dedi Ulugʻbek.

– Qizlarning ham tishi tushadimi? – deya astoydil hayron boʻldi Ibrohim.

Ulugʻbek oʻzini tutolmay xaxolab yubordi.

Oradan olti yilga yaqin fursat oʻtgandan keyin Ulugʻbek toʻy-tomosha bilan Oʻgi Begi Xonimni nikohiga oldi. Toʻy oqshomi kelinchakka atalgan koʻshkning marmar zinalaridan koʻtarilar ekan, bir vaqtlar Konigilda Ibrohim Sulton aytgan soʻzlarni esladi: «Kelinchaklarimiz xunuk ekan. Tishlari ham yoʻq...» Va oʻzicha kulib qoʻydi.

Chogʻroq xonada, oppoq ipak parda panasida turgan kelinga yaqinlashar ekan, negadir yuragi gursillay boshladi. Oʻtgan yillar ichida qalligʻi oʻzgarganini aqlan tushunsa-da, lekin qanday qiz boʻlib yetishganini tasavvur qila olmas, yodida hamon oʻsha tishi kemshik, sochi dikkaygan, ozgʻingina qizaloq yashar edi.

Yodida: kelinchak yuzidagi oppoq harir burqa’ni koʻtardi. Ulugʻbek roʻparasida nozik qad, yumaloq yuzlarida nafis qizillik oʻynagan, bodomqovoq, yoqimtoy bir qizni koʻrdi. Kelinchak kuyovning dovdirab qolganini koʻrib bilinar-bilinmas jilmaydi va shu zahotiyoq yuzini chetga burdi.

– Chehrangizni oʻgirmang, – dedi shoshib Ulugʻbek, – faqirdan tabassumingizni darigʻ tutmang!

Kelinchak iymanib boshini quyi soldi va eshitilar-eshitilmas:

– Nechun oʻzingizni faqir deysiz, hazratim? – deya shivirladi.

– Axir sizdan birgina tabassumni ham oʻtinib soʻrasam, faqir boʻlmay kim boʻlurmen?

Oʻgi Begi hayron boʻlganidan koʻzlarini katta ochib qaradi:

– Nechun sizga tabassum bu qadar darkor boʻlib qolmish?

Ulugʻbek dastavval ne deyarini bilmay qoldi. Keyin bir xoʻrsindi-da:

– Men... tishlaringizni koʻrmoqchiman, – dedi.

Oʻgi Begi bu gʻalati istakni eshitib xandon urib kuldi. Shunda qizning ikki qator sadafdek oq tishlari koʻrindi-yu, Ulugʻbek yengil tortdi...

* * *

Oʻgi Begi olti yoshida otadan yetim qolgandi. U Amir Temurning toʻngʻich oʻgʻli Jahongir Mirzoning nevarasi boʻlganidanmi, sohibqiron bu qizchani kichkina Muhammad Taragʻay – Ulugʻbekka munosib koʻrgan, sevimli evarasi va nevarasini nikoh iplari bilan bogʻlab, balki yosh ketgan farzandi Jahongir Mirzo, ajal komiga bevaqt tortilgan nevarasi Muhammad Sultonlar sababli diliga tushgan jarohatga malham bosmoqni tilagandir, shu jajjigina yetim qizaloq balogʻatga yetganda yot oilaga kelin boʻlsa oʻksib qolmasin degandir? Kim bilsin? Sohibqiron dilidagi yolgʻiz oʻzi-yu, yaratganga ayon...

Har holda Ulugʻbek boshidan oʻtgan ilk iliq tuygʻular mana shu ayol bilan bogʻliq edi. Otalik tuygʻusini birinchi marta hadya qilgan ham Oʻgi Begi edi. Mana endi qizchasi yetim qoldi...

Ulugʻbek taxtda oʻtirgancha gʻamli oʻylarga berildi.

* * *

– Nechun gʻambodasiz, hazratim? – Oq Sulton Xon Ogʻo hukmdorning ikkala kiftini nozik oppoq qoʻllari bilan silay boshladi.

Mirzo Ulugʻbek boshini koʻtarib qaradi. Malika egnidagi oppoq ipak koʻylak ustidan kiygan kumush rang zarbof munsagi, kumush iplar bilan ziynatlangan durrasi, quloqlaridagi katta olmos koʻzli baldoqlari bilan goʻyo tun avjida nurlarini yoygan toʻlin oy kabi edi.

– Nechun gʻamnok boʻlmay, goʻzalim? – hukmdor xoʻrsindi, – inson umri goʻyoki yaproqqa qoʻngan shabnam emish. Yalt etarmish-u, oʻcharmish.

– Shundoq ekan, gʻam chekmoqdan ne foyda? – malika shirin jilmaydi, – yokim Oʻgi begi siz uchun suyukli edimi?

– Xonim, axir Habiba Sulton yetim qoldi!

– Hech bokisi yoʻq. Oʻgi Begimning qizi Gavharshodbegim huzurida. Onasi bor-yoʻgʻini sezmagay ham.

Mirzo Ulugʻbek uyatsizlarcha aytilgan soʻzlardan lol boʻlib qoldi.

– Goʻzalim, sevgilim deysiz-u, kundoshim uchun gʻam chekasiz! – dedi malika, chiroyli qayrilma qoshlarini chimirib.

– Men bir ona bevaqt koʻz yumgani uchun qaygʻurmoqdamen, bir goʻdak yetim qolgani uchun gʻam chekmoqdamen. Bunda kundoshlik haqda ne soʻz boʻlishi mumkin, xonim? – dedi Mirzo Ulugʻbek boʻgʻilib.

– Men esa malikangiz suymaydigan bir xotin uchun gʻam chekishingizdan norizo boʻlmoqdamen, – Oq Sulton Xon Ogʻo «ajab boʻldi» degandek ters burilib oldi. Va erkalab quchishlarini, shirin soʻzlar aytishlarini kutib jim qoldi. Chunki avvalgi paytlari ikki oʻrtada biron arazchilik boʻlsa, Oq Sulton qovoq solar, Mirzo Ulugʻbek kula-kula bir-ikkita shirin soʻz aytar, malika bir oz gina saqlagan boʻlib turardi-da, keyin koʻngli erigan kabi jilmayar, va nihoyat, yarashib olishardi. Lekin bu safar hukmdor koʻngliga goʻzal malikaning arazi ham, karashmasi ham sigʻmadi. Malika esa bundan rostmana achchiqlandi.

Mirzo Ulugʻbek shu kuni ikki oʻrtada boʻlgan soʻzlarni eslasa hali-hamon yuragi zirillaydi. Oq Sulton Xon Ogʻo – Ulugʻbek sevgan Xon qizi kundoshi oʻlimidan shodligini behayolarcha izhor etib, hatto hukmdorga shu qadar kinoyali soʻzlar aytdiki, Ulugʻbek chiday olmay qoldi. Oʻrnidan dast turdi-da, eshikni tepib chiqib ketdi.

Shu kuni u gʻazabini bosish uchun Koʻksaroy ortidagi bogʻ yoʻlkalarida uzoq tentiradi.

Mirzo Ulugʻbek Oq Sulton Xon Ogʻoga bir koʻrishdayoq maftun boʻlgandi. Bu qiz sutga chayilgandek yuzlari, keskin qayrilma qoshlari, qop-qora qiygʻoch koʻzlari, yelkalariga shalola yangligʻ toʻkilgan quyuq qora sochlari bilan ertaklarda ta’riflangan parilarni eslatardi. Oq Sultonning parilardan faqat bittagina farqi bor edi. U ham boʻlsa, yurganida qadamidan gul unmas, soʻzlaganda ogʻzidan gavhar toʻkilmas edi. Va u Qoʻhiqofdan kelmagan, balki bir vaqtlar sohibqiron nomigagina xon qilib koʻtargan moʻgʻil Sulton Mahmudxonning qizi edi. Ulugʻbek shu qizga uylangandan keyin «koʻragon» unvoniga sazovor boʻlgan, saroy ahli yangi malikani oʻzaro Xon qizi deb atay boshlagan edi. Oq Sultonning Oʻgi Begini yomon koʻrishga ham hech bir asosi yoʻq edi. Axir Ulugʻbek unga uylangandan keyin Oʻgi Begini oylar boʻyi eslamagandi! Endi oʻylab qarasa, u soʻnggi paytlar oʻz ishqidan koʻzi qamashib, bir mungligʻ ayolga hatto marhamat ham koʻrsatmagan ekan! Oʻgi Begi – koʻz ochib koʻrgani oylar boʻyi undan mehr kutib yashabdur, mehrsizligi uchun iddao ham qilmabdur, Ulugʻbek esa oyogʻi ostidagi xokisor sevgini sezmay oʻtibdur...

Mirzo Ulugʻbek sevimli xotini bilan ortiq birga qola olmasligini aqlan idrok etsa-da, xayolidan mavlono Ardistoniy aytgan soʻzlar ketmas edi: «...Magar koʻragon bilvosita sababkor boʻlmasalar, balkim, ikkinchi bashorat amalga oshmas...»

Mana, birinchi bashorat rost keldi. Ikkinchisi amalga oshishi yoki oshmasligi esa oʻz qoʻlida, demak, malika ta’nalariga chidash, behayolarcha aytgan soʻzlarini unutish kerak! Mirzo Ulugʻbek bunga qodirmi?

Nihoyat, kun botib, bahorning iliq kuni izgʻiringa oʻrin boʻshatdi. Hukmdor bir qarorga keldi. Yoʻq, birgina bashorat rost chiqishidan choʻchib ikkilanish sha’niga toʻgʻri kelmaydur!

Saroyga qaytib, huzuriga shayxulislom Isomiddin va qozikalon Xoja Miskin janoblarini chorladi. Ular yetib kelganda hukmdor qarori yanada qat’iylashgan edi. Lekin soʻz boshlaganda tovushi oʻziga boʻysunmay, tomogʻi boʻgʻilib qoldi. Shayxulislom va qozikalon janoblari toʻsatdan diydorlashuv sababini anglashga tirishib, hukmdor ogʻziga tikildilar.

– Menim siz shariatpanoh janoblarni chorlamogʻimdin murod, – dedi Ulugʻbek ich-ichidan toshib kelayotgan titroqni bosishga tirishib, – shar’iy mankuham, moʻgʻil xoni Sulton Mahmudxonning qizi boʻlmish Oq Sulton Xon Ogʻoni haramdin ehroj etmoq niyatimni bildirmoq va ushbu ish yuzasidan sizlardan fatvo soʻramoqdur.

Shariat peshvolari hukmdor oʻz qarorini izohlashini kutib sukut saqladilar. Lekin Mirzo Ulugʻbek faqat:

– Men qarorim qat’iy ekaniga aminmen, – deb qoʻya qoldi.

Nihoyat, qozikalon Xoja Miskin janoblari tilga kirdi:

– Davlatpanoh oʻz qarorlariga nelar sabab boʻlganini bildira oladilarmi? Sabablarni bilsak, balki ixtilofni bartaraf etmoq iloji topilar va taloqqa hojat qolmas?

– Bartaraf etmoq ilojsiz, janoblar, – dedi Ulugʻbek qat’iy, – men Oq Sulton Xon Ogʻoni taloq qilmoq qarorida sobitmen.

– As-salotin zillallohu fil-arz! Sultonlar allohning zamindagi koʻlankasidur. Demak, alarning amri vojibdur! – dedi shayxulislom.

Shu onda Ulugʻbek yuragidan toshib kelayotgan xoʻrsiniq aralash: «Mana, mavlono yana haq boʻlib chiqmish, – deb oʻyladi, – bu safar oʻzim bilvosita sababkor boʻldum...»

* * *

Mirzo Ulugʻbek bu qizni birinchi marta Oq Sulton Xon Ogʻoning xizmatida koʻrgan va beixtiyor kulib yuboray degandi. Oʻrta boʻy, doʻmboqqina malak yuzlarida goʻdaklarcha tabassum zohir, koʻk koʻzlarida bolalarcha soflik, oʻrimga boʻy bermagan jingalak sochlari dikkaygan, xullas, butun vujudidan samimiyat nafasi ufurib turar edi.

Yodida: Mirzo Ulugʻbekni koʻrib shoshib qoldi va hukmdor huzurida soʻzsiz ta’zim etish odatini unutib qoʻyib, salom berdi.

– Va alaykum assalom, – dedi Ulugʻbek.

Qiz olmadek qizardi.

– Isming nima? – deb soʻradi Mirzo Ulugʻbek nedir nash’a ogʻushida jilmayarkan.

– Ismim Ruqiya, – dedi qiz titroq ovozda.

– Ruqiya? Bundoq chiroyli ismni senga kim bergan, qizaloq?

Qiz soddadillik bilan yelkasini qisdi. Ulugʻbek kulib yubordi.

– Men malika Oq Sulton Xon Ogʻoning yangi xos kanizimen, – deya shosha izoh berdi Ruqiya.

– Ha, durust, – dedi hukmdor kula-kula va xobgohga kirib ketdi...

Mirzo Ulugʻbek Ruqiyani keyin ham koʻp marta uchratdi. Qiz uni koʻrishi bilan qizarib, koʻzlarini yerga tikar, bu esa Ulugʻbekka goʻyo shoshqaloq bolaning shirin qiligʻiday nash’a qilib, kulgisi kelardi. Ba’zan samimiy soʻzlarini eshitgisi kelib, uni gapga tutmoqchi boʻlar, lekin kaniz savollarga aksar qisqa javob berib, tezroq qochish payida boʻlardi. Mirzo Ulugʻbek esa oʻzicha: «Bu qiz buncha uyatchan, alhol bola», – deya beparvogina kulib qoʻyardi.

Shayxulislom va qozikalonni oʻz qaroridan xabardor qilgan kunning ertasiga Ulugʻbek haramda Ruqiyani koʻrdi. Qiz oʻjar kokillarini qizil shol roʻmol bilan tangʻib bogʻlagan, qoʻlida kichikroq quti, boshi egik edi.

Qovogʻi soliq Ulugʻbek bu soddadil qizni koʻrgach beixtiyor koʻngli yorishib, salom eshitmagan boʻlsa-da:

– Va alaykum assalom, – dedi.

Ruqiya choʻchib ketdi va boshini koʻtarmayoq ta’zimga shoshildi.

Mirzo Ulugʻbek kulib yubordi:

– Ha, Ruqiya qiz, assalomni yeb qoʻyibsiz-da!.

Shu asno kanizning koʻzlari qizarib shishganini koʻrdi.

– Ne boʻldi, qizaloq? Seni kim yigʻlatdi?

– Hazratim, men ham Oq Sulton Xon Ogʻo ila haramdin ketamenmi? – soʻradi qiz titrab. – Axir men uning kaniziman-ku!

– Sen ketishni istamaysanmi? – dedi Ulugʻbek hayron boʻlib.

– Istamaymen!

– Nechun?

Qiz goʻyo oʻlimni boʻyniga olgan kishidek koʻzlarini chirt yumdi va tezgina:

– Magar ketsam... sizni koʻrolmasmen! – dedi-yu, qochib ketdi.

* * *

«Ruqiya qiz buncha uyatchan desam, sababi bor erkan-da! – oʻyladi Mirzo Ulugʻbek, – E, qizgina-ya! Ulugʻbekka shaydo boʻlgan soddadil qizaloq... Bu dunyoda sevilmoq oson, ammo sevmoq oson emas...»

Tong otguncha oʻtgan fursat yillar kabi uzaydi. Yo ajab, oʻzganing muhabbati ham koʻzga uyqu bermas ekan! Izhor sabab titroqqa tushmoq uchun sevmoq ham shart emas ekan... Soddadil qiz oddiygina soʻzlari bilan hukmdor dili qanday oʻzgarishlar yasaganini xayoliga ham keltirmagandi. Mirzo Ulugʻbek koʻnglida uygʻongan qaysar bir his bilan mavlono Ardistoniy bashoratini chippakka chiqarishga ahd qilgan edi. Yoʻq, dunyoda uni sevgan qiz bor ekanmi, hukmdor yolgʻiz qolmagay!

Ertalab saroy ahliga hukmdorning qarori ma’lum qilindi. «Movarounnahr va Turkiston hukmdori, Muhammad Taragʻay ibni Shohruh Ulugʻbek Mirzo xos kanizlari Ruqiyani oʻz muborak nikohlariga kiritmoqni ixtiyor etdilar! Ushbu munosabat ila endi u karima Ruqiya Sulton Xotun nomini olgay!»

Bir haftalardan keyin esa Hirotdan chopar keldi. Onasi Gavharshodbegim yozar edi:

«Oq Sulton Xon Ogʻo sabab dilingizni xufton etmangiz. Xohishingiz yoʻlida tanlaganingiz Ruqiya Sulton Xotun biz uchun sizning jufti halolingizdur va sizga rafiqangiz muborak boʻlgay. Ammo Movarounnahrga temuriy malika lozim boʻlib, kelinlikka Xalil Sulton Mirzoning qizi Husn Nigor Xon Ogʻoni munosib koʻrduk. Padari buzrukvoringiz hoqoni said Shohruh Mirzo hazratlari toʻyni Hirotda oʻtkazmoqni lozim topdilar va zulqa’da oyining yigirma uchiga qadar Xurosonga yetib kelmogʻingizni amr qildilar».

Mirzo Ulugʻbek maktubni oʻqib kulib yubordi: «Yoʻq, mavlono, bashoratingiz rost kelmadi. Hukmdorni yolgʻiz qoʻymadilar».

* * *

Quyosh hali bosh koʻtarmay turib Samarqandni karnay va surnay sadolari tutdi. Xalq Koʻhak tepaligi tomon oqar edi. Oʻttizdan ortiq doshqozonlardan taralgan islar misli koʻrilmagan bir tantanavorlik daragidek taassurot berardi. Tepalik atrofida qator yozilgan uzundan-uzun oppoq dasturxonlar, qoʻllarida laganlar bilan qatorlar oralab yugurib xizmat qilayotgan mulozimlar, tepalikda savlat bilan qad rostlagan muazzam aylana bino darvozasi atrofida uymalashgan odamlar, shodon gʻala-gʻovur – bularning bariga Mirzo Ulugʻbek dorussaltanatda bunyod etgan bemisl rasadxona sababchi edi. Xalq oʻz hukmdorining bunyodkorligiga allaqachon koʻnikib ulgurgan, dorussaltanatdagi har bir qurilish odatiy voqea boʻlib, odamlar binokor ustalar shaharning hali u, hali bu yerida gʻivirlab qolishidan koʻp ham ajablanishmas edi. Ammo rasadxona katta shov-shuvga aylandi. Olomon hali qurilish poyoniga yetmasdanoq binoni tomosha qilib ketadigan boʻldi. Bugungi ehsonga xalq oqib kelishining yana bir boisi qiziquvchanlik, yangi binoni bor mahobati bilan yana bir bor tomosha qilish istagi edi.

Mirzo Ulugʻbek rasadxonaning uchinchi oshyonasiga koʻtarilib, atrofga razm soldi. Tepalik tomon oqib kelayotgan odamlarni koʻrib koʻngli iftixor bilan toʻldi. Mana, ijtihodlari nishona bera boshladi. Bu rasadxona hali misli koʻrilmagan izlanish va kashfiyot maskani boʻlur!

– Alouddin Ali, – dedi Mirzo Ulugʻbek, – rasadxona ortida katta bogʻ barpo ettiramen. Mana shunda kishi uchinchi oshyonadan turib boqqanda koʻngli goʻyo yashil ummon ichra suzib ketayotgandek lazzat oladur! Sen ne deysan?

– Ustod, yaratilajak bogʻ rasadxonaga muvofiq ravishli boʻlur, deb umid qilurmen.

– Menga yana nedir demoqchimisan?

– Shundoq.

– Soʻzla!

– Ustod, faqir mavlono Ardistoniy xususida bir soʻz eshitdum. U kishi raml ilmidan etak silkkan emish!

– Nechun?

– Bilolmadum.

– Demak, mavlono bukun oqshom rasadxonaga kelmas ekan-da! – dedi Mirzo Ulugʻbek oʻychan, – men u kishi birlan yana bir suhbat qurmoqchi edim. Attang!

* * *

Mirzo Ulugʻbek mavlono Muhammad Ardistoniy ochgan fol sabab inson umri va ijtimoiyot toʻgʻrisida koʻp mulohaza yuritadigan boʻlib qolgan, hatto bu mavzuda risola yozishni ham koʻngliga tukkan edi. U ijtimoiyotning inson taqdiridagi oʻrni hamda hodisotlar silsilasi inson hayotida qanday oʻzgarishlar yasashi, yoxud inson ijtihodi uning oʻz qismatiga, qolaversa, ijtimoiyot taqdiriga qay tarzda ta’sir etmogʻi borasida hamon ziddiyatli oʻylar surar, javob izlar edi.

Mirzo Ulugʻbek Ali Qushchining «raml ilmida sinov ojizdur», – degan soʻzi sabab miyasiga kelgan fikr ta’siridan hamon qutula olmas edi. Axir nima uchun sinovning iloji yoʻq? Axir mavlono Ardistoniy bundan besh yil avval aytgan bashorat va undan keyingi hodisalar sinov oʻrniga oʻtmasmi?

Mavlononing birinchi bashorati rost chiqdi. Ikkinchisini Ulugʻbekning oʻzi bila turib amalga oshirdi. Yana bir soʻzi chin keluviga esa yoʻl bermadi. Mana, yaratganga shukur, Ruqiya Sulton Xotun ikki qiz tugʻib berdi. Husn Nigor Xon Ogʻo Ulugʻbek hurmatini baland tutib keladi. Oʻgʻillari Abdullo Mirzo va Abdurahmon Mirzolar dilini umidlarga toʻldirib ulgʻaymoqdalar. Mana, yaqinda u yana bir oʻgʻillik boʻldi. Va unga Abdullatif degan ism berdi. Bularning bari inson taqdir oldida ojiz emasligini koʻrsatmaydimi? Yoʻq, alloh insonga zakovat va iqtidorni bejiz bermagan!

* * *

Mavlono Muhammad Ardistoniy fol koʻrmoqdan etak silkkanini keksaygani bilan izohlardi. Ammo asl sababi dilida pinhon edi.

Mavlono ikkala bashorati rost kelgach, yashirincha yana bir bor, bu safar Ulugʻbekning taqdiridan raml ochdi. Va... O, bu naqadar qoʻrqinch!

Mavlono koʻz oldida ochilgan bashorat shundoq edi:

– Hukmdorni suyukli oʻgʻli malomatga qoldirar, shoir oʻgʻli qatl ettirar! Padarkush oʻlimidan oʻn besh yil oʻtib, Mirzo Ulugʻbek avlodidan nishon qolmas!

Mavlono qoʻlidan tasbeh tushib ketdi. U sajdaga bosh qoʻyar ekan, koʻzyoshlarini toʻxtata olmas edi:

– Oʻzing rahm qil, parvardigor!

«Sharq yulduzi» jurnalining 4-sonidan olindi.