OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Roʻziboy Qulmat. Xat (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRoʻziboy Qulmat
Asar nomiXat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Roʻziboy Qulmat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xat (hikoya)
Roʻziboy Qulmat

Olim ishdan kech qaytdi. Dahliz toʻridagi xontaxta atrofida bolalari – oʻgʻli bilan qizi burchakdagi televizorga tikilib oʻtirishardi. Olim xontaxta yoniga oʻtirdi, etigini yechdi.

– Bolam, etikni naryoqqa olib borib qoʻy, – dedi Olim oʻgʻli Shohruhga.

Shohruh singlisini turtib:

– Senga aytyapti, – dedi.

– Menga emas, oʻzingga, tur.

– Menga emas.

– Tortishmasdan obqoʻyaqolsalaring-chi, hozir oshni suzaman, – dedi idishlarni chayayotgan xotini.

Olim poygakka borib qoʻlini yuvdi, kelib koʻrpachaga oʻtirdi. Bolalar birin-ketin borib qoʻllarini yuvib kelishdi. Ayol osh toʻla laganni olib keldi.

– Goʻshtni toʻgʻralaring, – dedi.

Shohruh otasining gapi unga tegishlimasday indamay oʻtiraverdi.

– Bolangni qaysarligini koʻr, –dedi Olim.

– Siz hali buning holini soʻrang. Oʻqituvchisi urishibdi.

– Nega urishadi?

Xotini bir nimalar deb javob berdi, lekin Olimning qulogʻiga kirmadi.

Olim oʻgʻlini imlab chaqirib yoniga oʻtqazdi.

– X-oʻ-sh, nega urishadi, sabab nima, nima gunoh qiluvding?

– Hech nima qilmadim. Oʻzidan-oʻzi kelib urishadi.

Qizi gapga aralashdi:

– Shovqin solgan emishsan-ku.

– Kim aytdi senga?

– Sinfingdagilar.

– Shovqin solganim yoʻq, oʻzidan-oʻzi.

Olim jahl bilan soʻradi:

– Shovqin soldi deb urishaveradimi? Boshqa bolalarni xam urishdimi?

Oʻgʻlining oʻrniga xotini javob berdi:

– Nuqul buni urisharmish. Biri hisobchining oʻgʻli, biri raisning arzandasi. Ularga tegarmidi, tegib koʻrsin-chi. Buni bechora koʻradi. Fermangizdan nari oʻtmaysiz. Borib gaplashing siz ham, bechoraga kun yoʻqmi, deng.

Olimga xotinining gapi qattiq ta’sir qildi. Faqat uning oʻgʻlini urishadigan oʻsha oʻqituvchini yomon koʻrib ketdi. Boshlangʻich sinfda oʻqiydigan Shohruhning oʻqituvchisini yaxshi tanimasdi. Xotinidan u haqda surishtirdi. Xotini maktabga bir-ikki borgan, oʻsha oʻqituvchi bilan gaplashgandi.

– Siz uni koʻcha-koʻyda koʻrgan boʻlishingiz kerak. U qorachadan kelgan, uzun boʻyli, gavdali yigit.

– Ha, ha, esimga tushdi, anavimi? Shoshma-chi, u narigi koʻchadagi Mirza oqqoshlarga qarindosh boʻladi-a?.

– Ha-da, hozir aytmoqchi boʻlib turuvdim, Mirza oqqosh uning togʻasi boʻladi.

– Tushunarli, – dedi Olim ma’nodor bosh chayqab. – Mana gap qaerda ekan. Oʻgʻrining jiyani, degin. Esingdami, Mirza ombor mudiri boʻlib ishlagani?

– Nega eslamay, yaqin-yaqingacha ishlardi-ku. Boʻshaganiga koʻp boʻlsa uch-toʻrt yil boʻlgandir.

– Xoʻjalikni yedi. Kishining haqidan qoʻrqmaydi, xaromxoʻr, – dedi Olim nafrat bilan. – Shuning jiyani nima boʻlardi.

Bolalarning shovqini Olimning nutqini boʻldi.

– Ber buyoqqa, ber, – baqirardi Shohruh singlisiga yopishib.

– Nimani talashyapsanlar, bas qillaring! – baqirib berdi Olim.

– Manavi mening narsamni oldi, bersin.

Qizcha akasining gapga chalgʻiganidan foydalanib uning changalidan qutulib oldi, qiqirlab kulgancha yugurib toʻrdagi xonaga kirib ketdi. Shohruh sapchib oʻrnidan turdi, chopib uning ortidan yoʻl oldi.

– Shohhi, toʻxta! – dedi Olim.

Bola otasining gapini eshitmaganday ichkari xonaga kirib ketdi. U yerdan baqir-chaqir ovozlar eshitildi.

Olim xonaga otildi. Shohruh singlisining qoʻlidagi narsaga yopishgandi, qizaloq chirillab yigʻlardi.

Olim Shohruhni dast koʻtarib turgʻazdi. Uni yelkasidan silkitib:

– Kallang bormi sen bolaning?! – deya baqirib yubordi.

Qoʻrqib ketgan Shohruh jim boʻlib qoldi. U goh otasiga, goh onasiga javdirab qarardi.

– Shunchalik ham urishasizmi? – dedi ayol eriga ta’nali boqib.

– Oʻzi nimaga qirpichoq boʻldilaring? – soʻradi Olim.

Ma’lum boʻlishicha, bolalar bir yaltiroq tugmani talashishgan ekan.

Buni eshitgan Olim tutaqib ketdi:

– Shunga shunchami?

Oraga xotin qoʻshildi:

– Oʻzingiz bergan tarbiya.

Jahl zoʻridan er qizarib ketdi:

– Nega endi mening tarbiyam boʻlarkan. Oʻzingniki!

Xotin ham boʻsh kelmadi:

– Sizniki! Sizniki!

Xona shovqinga toʻldi. Er-xotin bir-birlarini ayblab qichqirishardi:

– Oʻzingizniki...

– Seniki...

Mojaro televizorda serial boshlangandan keyingina bosildi.

Film tugagach, oʻzini bosib olgan ayol yotish uchun joy solarkan, dedi:

– Oʻqituvchiman deb urishaveradimi?

Chordona qurib bosh eggancha oʻtirgan Olim ham shu haqda oʻylayotgandi: «Nega faqat mening bolamni urishadi».

– Bilaman, baribir maktabga bormaysiz. Siz uyda shersiz. Ikki kishining yonida gapingizni yoʻqotib qoʻyasiz.

– Bas qil! – oʻshqirib beri Olim.

– Nima, yolgʻonmi?

– Javrama, undan koʻra qogʻoz-qalam keltir.

– Qogʻoz-qalamni nima qilasiz?

– Keltir, dedim.

– Ha-a, – dedi xotini tushunib, soʻng sirli ohangda davom etdi: – Oʻqituvchisiga yozmoqchimisiz?

Olim indamadi. Yuzidan gapi xotiniga yoqqanidan mamnunligi sezilib turardi. Ayol «hozir» deb chiqib ketdi, koʻp oʻtmay qizidan qogʻoz va ruchka olib keldi. Olim tizzalari ustiga faner boʻlagini qoʻyib ushbu xatni bitdi:

«Oʻqituvchiga xat.

Siz mening bolamni nima uchun urishasiz? Oʻqituvchi bolani urishmasligi kerak, gap bilan tushuntirishi kerak. Maktabda bolani urishish mumkin emas, bildingizmi? Shohruh oʻzi yaxshi bola, yaxshi gap bilan tushuntirsangiz, tushunadi. Bolani urishmaslik kerak. Mana men bolalarimni hech urishmayman, yaxshi gap bilan tushuntiraman. Oʻqituvchi bolani urishmasligi kerak, gap bilan tushuntirishi kerak, tushundingizmi?..»

Xorazm

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 5-sonidan olindi.