OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Roald Dal. Teri (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRoald Dal
Asar nomiTeri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Roald Dal
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Teri (hikoya)
Roald Dal

Oʻsha 1946 yilda qish juda choʻzilib ketdi. Aprel kelgan boʻlsa-da, shahar koʻchalarida sovuq shamol izgʻir, osmonda esa qorli bulutlar suzib yurardi.

Drioli ismli qariya Rivoli koʻchasi boʻylab ogʻir qadam tashlab borardi. U sovuqdan qaltirar, koʻrinishi ayanchli edi; kir boʻlib ketgan qora paltosida u jayrani eslatar, koʻtarilgan yoqasi ustidan esa koʻzlarigina koʻrinib turardi.Qandaydir qahvaxonaning eshigi ochildi va qovurilgan joʻjaning hididan uning ochlikdan tirishgan qornida ogʻriq turdi. U koʻrgazmaga qoʻyilgan buyumlar - atirlar, ipak boʻyinbogʻ va koʻylaklar, taqinchoqlar, idishlar, mebel, kitoblarni tomosha qilganicha yoʻlida davom etdi. Bir ozdan soʻng u suratlar koʻrgazmasi oldiga yetib keldi. Ilgarilari u suratlar koʻrgazmasini tomosha qilardi. Peshoynada u birgina suratni koʻrdi. U suratni tomosha qilish uchun toʻxtadi. Soʻngra yana yoʻlida davom etish uchun oʻgirildi, biroq shu zahoti toʻxtadi va yana suratga tikildi. Birdan uning qalbida yengil titroq turdi, xotirasi ishga tushdi. U suratga yana qaradi. Unda tabiat manzarasi aks etgandi - shamoldan daraxtlar bir tomonga qiyshayib ketgan, samoda esa qora bulut toʻplangandi. Surat ostida: «Xaim Sutin (1894-1943)» degan yozuv bor edi.

Drioli suratdan oʻziga tanish narsani topish uchun unga qattiq tikildi. Vahimali surat, oʻyladi u. Qandaydir gʻalati va vahimali... Lekin menga yoqdi... Xaim Sutin... Sutin... «Yo, Xudoyim! - bexosdan xitob qildi u. - Bu mening kichkintoy qalmigʻim-ku! Mening kichkina qalmigʻimning surati. Parijning eng yaxshi koʻrgazmalaridan biriga qoʻyilgan ekan! Buni qara-ya!».

Qariya koʻrgazma oynasiga yaqinlashdi. U bu yigitchani aniq-ravshan esladi - ha, uni endi esladi. Bu qachon boʻlgan edi? Qolgan narsalarni eslash oson emasdi. Bunga ancha boʻldi. Qachon edi? Yigirma - yoʻq, oʻttiz yildan ham oshdi. Ha, bu birinchi jahon urushidan bir yil ilgari, 1913 yilda sodir boʻlgandi. Xuddi shunday. U Sutinni, gʻamgin, doim oʻychan yuradigan bu qalmiq yigitini oʻshanda uchratgan edi.

U qanday zoʻr surat chizardi! U endi aniq esladi - koʻchalar, axlat toʻla idishlar, loy hidi, axlat titayotgan mushuklar va ostonada oyoqlarini koʻz-koʻz qilib turgan semiz ayollar - hamma-hammasi yodiga tushdi. Bu koʻchaning nomi nima edi? U qaerda yashardi?

Site-Falgyuyerda, mana qaerda! Qariya koʻcha nomini eslay olganidan koʻngli toʻlib boshini silkitdi. Yigitchaning birgina kursi va karavot joylashgan ustaxonasi shu koʻchada edi.

Qiziq, oʻyladi Drioli, qanday qilib hamma narsa, har bir mayda-chuyda ipidan ignasigacha osonlik bilan yodiga tushdi?

Mana, masalan, tatuirovka voqeasini olaylik. Qanday bema’ni voqea boʻlgandi. Nimadan boshlangan edi? Ha, u boyib ketgan va vino sotib olgandi. U qoʻltigʻiga shisha solingan xaltani qistirib ustaxonaga kirib kelganida yigitcha surat chizayotgan, Driolining xotini esa xona oʻrtasida oʻtirgan kun yodiga tushdi.
— Bugun bayram qilamiz, - dedi u. - Uchovimiz kichkinagina bayram qilamiz.
— Nimani bayram qilamiz? - soʻradi yigitcha unga qaramasdan. - Balki, xotining menga turmushga chiqishi uchun u bilan ajrashishga qaror qilganingnimi?
— Yoʻq, - dedi Drioli. - Bugun pul ishlaganimni bayram qilamiz.
— Men esa pul topmadim. Buniyam nishonlasa boʻladi.
— Albatta, agar istasang.

Drioli stol yonida tugunni yechardi. U oʻzini charchagan sezdi va tezroq vino ichgisi keldi. Bir kunda toʻqqizta mijoz - bu juda yaxshi, lekin koʻzni rasvo qiladi. Ilgari hech qachon bir kunda toʻqqizta mijoz kelmagandi. Toʻqqiz nafar mast askar, ular naqd pul toʻlashdi. Natijada u boyib ketdi. Lekin qattiq zoʻriqib ishladi. Drioli charchoqdan qizarib ketgan, ogʻriyotgan koʻzlarini qisdi. U shishalarni ochishga kirishdi. Qopqoqlar paqillab ochildi. Yigitcha moʻyqalamini qoʻydi.
— Yo, Xudoyim! - dedi u. - Bunaqa shovqinda ishlab boʻladimi, axir?

Ayol suratga yaqinlashdi. Drioli ham bir qoʻlida shisha, bir qoʻlida qadah ushlaganicha uning yoniga yaqinlashdi.
— Yoʻq! - qichqirdi yigitcha kutilmaganda qoni qaynab. - Iltimos, bormang! - U suratni devor tomonga oʻgirib qoʻydi. Biroq Drioli uni koʻrishga ulgurdi.
— Menga yoqdi.
— Dahshat.
— Ajoyib. Sen chizgan suratlar ajoyib chiqadi. Menga ularning barchasi yoqadi.
— Hamma balo shundaki, - dedi yigitcha qovogʻini uyib, - ular yeyishga yaroqsiz. Ularni yeya olmayman.
— Baribir ular ajoyib. - Drioli unga vino t›oʻla qadahni uzatdi. - Ich, - dedi u. - Bu senga quvvat boʻladi.

Hech qachon, oʻyladi u, bunchalik baxtsiz yoki qaygʻuli qiyofani umrida koʻrmagan. U yigitchani yetti oy ilgari qahvaxonada koʻrgandi. U yolgʻiz oʻzi oʻtirar va koʻrinishidan rus yoki osiyolikka oʻxshagani uchun Drioli uning yoniga oʻtirib gap qotdi:
— Siz rusmisiz?
— Ha.
— Qaerdansiz?
— Minskdan.

Drioli oʻrnidan sapchib turib uni quchoqlarkan, oʻzi ham Minskdan ekanligini aytib qichqirdi.
— Umuman olganda, men Minskdan emasman, - degandi oʻsmir oʻshanda, - u yerdan uncha uzoq boʻlmagan joyda tugʻilganman.
— Qaerda?
— Smilovichida, Minskdan oʻn ikki mil uzoqda.
— Smilovichi! - xitob qildi Drioli uni quchoqlaganicha. - Bolaligimda u yerda koʻp bora boʻlganman. - Keyin u joyiga oʻtirib suhbatdoshining yuziga mehr bilan tikildi. - Bilasanmi, - dedi u, - sen Farbda yashaydigan ruslarga oʻxshamaysan. Sen koʻproq tatar yoki qalmiqqa oʻxshaysan. Sen haqiqiy qalmiqsan.

Endi esa ustaxonada Drioli vino toʻla qadahni bir koʻtarishda boʻshatgan yigitchaga tikilib turardi. Ha, uning yuzi xuddi qalmiqlarnikidek - keng yonoqli, burni katta. Uning quloqlari ham katta-katta edi. Bundan tashqari, koʻzlari qisiq, sochlari qora, lablari qalin, qoʻllari esa - bu qoʻllar uni doimo hayratga solardi, xuddi ayollarnikidek nozik va oppoq, barmoqlari ingichka edi.
— Yana quy, - dedi yigitcha. - Bayram bayramdek boʻlsin.

Drioli vinoni qadahlarga boʻldi va kursiga oʻtirdi. Yigitcha Driolining xotini oʻtirgan siniq karavotga oʻtirdi.
— Bugun toʻygunimizcha ichamiz, - dedi Drioli. - Men boyman. Yana vino olib kelaman. Necha shisha olib kelay?
— Yana oltita, - dedi yigitcha. - har birimizga ikkitadan.
— Yaxshi. Hozir olib kelaman.
— Men sen bilan boraman.

Drioli qahvaxonadan olti shisha oq vino sotib oldi va ular ustaxonaga qaytib kelishdi. Ular shishalarni polga ikki qator qilib terishdi va Drioli ularning qopqogʻini ochgach, maishatni boshlab yuborishdi.
— Faqat juda boy odamlargina, - dedi Drioli, - mana shunday bayram qilishlari mumkin.
— Toʻgʻri, - dedi yigitcha. - Sen ham shunday deb oʻylaysanmi, Jozi?
— Shunaqa.
— Tuzukmisan, Jozi?
— Ha.
— Driolini tashlab, menga tegmaysanmi?
— Yoʻq.
— Zoʻr vino, - dedi Drioli. - Ichib rohat qilasan.

Ular shoshmasdan ichishardi. Ular har xil mavzuda suhbatlashishar, soʻngra vinoni maqtashar, keyin esa yana suhbatni davom ettirishardi. Bir ozdan soʻng Drioli chiroqni yoqish uchun oʻrnidan turdi. U oʻzini xuddi havoda suzib ketayotgandek his qildi.
— Menga qara, - dedi Drioli. - Menda bir fikr bor. - U karavot yonida chayqalib turardi. - Menga qara, kichkina qalmigʻim.
— Nima?
— Menda zoʻr fikr bor. Eshityapsanmi?
— Men Jozini eshityapman.
— Iltimos, gapimga quloq sol. Sen mening doʻstimsan va menimcha, sen shunday zoʻr rassomsan-ki, men ajoyib bir rasmga ega boʻlmoqchiydim...
— Hammasini ol. Faqat xotining bilan gaplashishimga xalaqit berma.
— Yoʻq-yoʻq, gapimni eshit. Menda shunday rasm boʻlsinki, men qaerda boʻlmay, sen chizgan rasm men bilan boʻlsin. - U choʻkkaladi va yigitchaning tizzasidan ushladi. - Iltimos, quloq sol.
— Gapini eshit, - dedi xotini.
— Gap bunday. Sen mening orqamga, terimga rasm chizasan. Keyin esa bu rasm hech qachon oʻchmasligi uchun unga igna yurgizib chiqasan.
— Kallangdan oʻrgildim!
— Ignani qanday yurgizishni oʻrgataman. Bu juda oson. Yosh bola ham eplaydi.
— Men yosh bola emasman.
— Iltimos...
— Butunlay aqldan ozibsan. Buning nima keragi bor senga? - Rassom uning koʻzlariga tikildi. - Xudo haqqi, ayt-chi, buning nima keragi bor?
— Bu qiyin emas-ku! Oson-ku! Oson!
— Igna yurgizishni aytyapsanmi?
— Ha! Birpasda oʻrgatib qoʻyaman!
— Bu qiyin ish!
— Nima deyayotganini bilmayapti, deb oʻylayapsanmi?
— Sen mast boʻlib qolibsan.
— Jozining suratini chizarding. Xotinimning suratini orqamga chizdirishga haqqim yoʻqmi?
— Jozining?
— Ha. - Xotinining ismini eslatishi bilan yigitchaning lablari osilishini Drioli bilardi.
— Yoʻq, - dedi xotini.
— Azizam Jozi, iltimos. Mana bu shishadagini tugat, oʻshanda yanada jozibali koʻrinasan. Bu qoyilmaqom fikr-ku. Umrimda bunaqangi fikrni xayolimga keltirmaganman.
— Qanaqa fikr?
— Sening rasmingni orqamga chizdirishni. Bunga haqqim yoʻqmi?
— Mening rasmimni? Bema’ni fikr.
— Yaxshi fikr, - dedi yigitcha. - Buning uchun ichsa boʻladi.

Ular yana bitta shishani boʻshatishdi. Keyin esa yigitcha gap qotdi:
— Hech narsa chiqmaydi. Tatuirovkani eplolmayman. Kel, yaxshisi orqangga surat chizaman va u sen choʻmilmaguningcha oʻchmaydi. Agar hech qachon choʻmilmasang, umringning oxirigacha qoladi.
— Yoʻq, - dedi Drioli.
— Ha. Agar choʻmilsang, men chizgan suratni qadrlamagan boʻlasan. Bu senga imtihon boʻladi - mening san’atimni qadrlarmikansan.
— Bu menga yoqmayapti, - dedi Driolining xotini. - U sening san’atingni shunchalik qadrlaydiki, bir umr choʻmilmay oʻtib ketadi. Undan koʻra tatuirovka boʻla qolsin.
— Buni eplolmayman.
— Bu juda oson. Senga ikki daqiqada oʻrgatib qoʻyaman. Koʻrasan. Hozir asboblarni olib kelaman. Igna va boʻyoq - bori shu. Menda har xil ranglar bor.
— Boʻlmaydi.
— Koʻrasan, - dedi Drioli. - Hozir olib kelaman. - U oʻrnidan turdi va xonadan chiqib ketdi.

Yarim soatdan soʻng Drioli qaytib kirdi.
— Hamma kerakli narsalarni olib keldim! - xitob qildi u jigarrang chamadonni silkitib. - Tatuirovkachi uchun kerakli hamma narsa shuning ichida.

U chamadonni stol ustiga qoʻyib ochdi va uning ichidan elektr ignalar va turli rangdagi boʻyoqlar solingan idishchalarni oldi. U elektr ignaning tugmachasini bosdi. Vijillagan ovoz eshitildi va ignaning uchi titray boshladi. Drioli yengini shimardi.
— Endi qarab tur. Buning qanchalik osonligini koʻrasan. Qoʻlimga biror narsani chizaman.

Uning qoʻli tirsagigacha har xil suratlar bilan qoplangandi, lekin u oʻz san’atini namoyish etish uchun qoʻlidan uncha katta boʻlmagan joy topa oldi.
— Avvalo rang tanlayman - mana bu koʻkini... igna uchini rangga botiraman... Xoʻsh,... ignani tik holda ushlab uni ehtiyotkorlik bilan teri ustida yurgizaman... mana... kichkinagina motor va elektr yordamida igna terini teshadi, boʻyoq esa uning ostiga kiradi. Koʻrdingmi, juda oson... qara, qoʻlimga itning rasmini chizdim.

Yigitcha qiziqib qoldi.
— Kel, men ham sinab koʻray. Senda.

U vijillayotgan igna bilan Driolining qoʻliga koʻk chiziq chizishga kirishdi.
— Ha, rostdan ham oson ekan.
— Jozi, bu yoqqa kel! - qichqirdi Drioli. U xuddi juda zoʻr oʻyinga tayyorlanayotgan boladek tipirchilardi. - U qaerda turadi?
— Stol yonida tursin. Sochlarini tarab olsin. U sochlarini yoyib tarasin - uni ana shu holida chizaman.
— Zoʻr, sen dahosan.

Ayol qoʻlida qadahni ushlaganicha istamaygina stol yoniga keldi.

Drioli koʻylagini yechib tashladi. U joyida turganicha chayqalardi. Uning badani oq, deyarli tuksiz edi.
— Xoʻsh, - dedi u, - men qaerga turaman?
— Kursiga oʻtir. Boʻl tezroq, ishni boshlayman.
— Men tayyorman.
— Avval, - dedi yigitcha, - rasm chizaman. Agar yaxshi chiqsa, tatuirovka bilan shugʻullanaman. - U Driolining orqasiga choʻtkasini yurgizdi.
— Ey! Ey! - qichqirdi Drioli. - Orqamda qirqoyoq yuribdi!
— Jim oʻtir! Qimirlama!

Yigitcha tezda ishga kirishdi. U yarim soatdayoq ishini tugatdi.
— Mana, boʻldi, - dedi u Joziga va Jozi shu zahoti karavotga oʻzini tashlab uxlab qoldi.

Drioli esa uxlamasdi. U yigitcha ignani olib uni boʻyoqqa botirishini kuzatib turdi, keyin esa yelkasida achishishni tuydi. Noxush, lekin chidasa b›oʻladigan ogʻriq uning uyqusini qochirdi. Yigitcha gʻayritabiiy zavq bilan ishlardi. U oʻz ishiga berilib ketgandi.

Yarim tun boʻlganda ham yigitcha ishlayotgandi. Drioli rassom bir qadam ortga chekinib «Boʻldi» deganida tong otib, koʻchada odamlar paydo boʻla boshlaganini xotirladi.
— Suratni koʻrmoqchiman, - dedi Drioli.

Yigitcha oyna olib uni qiyshaytirdi va Drioli boshini burdi.
— Yo, Xudo! - xitob qildi u.

Uning butun badani, yelkasidan beligacha turfa rang b›oʻyoqlarga toʻlib ketgandi. Igna izlari shunchalik qalin ediki, surat xuddi moyboʻyoqda chizilgandek edi. Yigitcha zoʻr ishlagandi. Surat xuddi tirikdek edi.
— Zoʻr!
— Oʻzimga ham yoqyapti. - Yigitcha orqaga qadam tashlab ishiga tanqidiy nazar tashladi. - Bilasanmi, - dedi u, - uning ostiga imzo cheksam yaxshi boʻladi. - U vijillaydigan ignani olib, Driolining buyragi joylashgan yerga imzosini qoʻydi.

Qariya Drioli peshoynadagi suratga tikilganicha toshdek qotib turardi. U eslayotgan voqealar ancha yillar burun boʻlgan, xuddi uning ilgarigi hayotida yuz bergandek edi.

Yigitcha-chi? Unga nima boʻlgandi? U urushdan keliboq Jozidan uni soʻraganini esladi:
— Mening kichkina qalmigʻim qani?
— Ketdi, - degandi u oʻshanda. - Qayoqqa ketganini bilmayman-u, lekin eshitishimcha, uni qandaydir boyvachcha ishga yollabdi va surat chizdirish uchun Serega olib ketibdi.
— Balki, u qaytib kelar?
— Balki. Kim biladi deysan?

Oʻshanda u haqda soʻnggi marta eslashgandi. Shundan soʻng ular tez orada dengizchilar va ish koʻp Gavr shahriga koʻchib ketishdi. Qariya Gavrni eslab jilmaydi. Urushlar oʻrtasidagi bu yillar zoʻr oʻtgandi: port yaqinida uning ustaxonasi, shinam uyi bor edi va har kuni qoʻliga surat chizdirmoqchi boʻlgan dengizchilar uning oldiga kelib turishardi. Oʻsha davr haqiqatan ham zoʻr edi.

Keyin esa urush boshlandi, nemislar paydo boʻlishdi, Jozi halok boʻldi va hammasi tugadi. Endi uning suratlari hech kimga kerak boʻlmay qolgandi. Boshqa ish qilishga esa u ancha qarib qolgandi. U tushkun kayfiyatda omadi kelishiga umid qilib Parijga qaytdi. Ammo omadi kelmadi.

Mana, urush ham tugadi va eski hunarini yana davom ettirishga uning na puli, na kuchi bor. Tilanchilik qilishni yoqtirmaydigan qariya nima bilan shugʻullanishi mumkin? Ochlikdan oʻlmaslik uchun yana nima qilsa boʻladi?

Xoʻsh-xoʻsh, oʻyladi u suratga tikilganicha. Demak, bu mening kichkina qalmigʻimning ishi. Bir necha daqiqa ilgari orqasida surat borligi uning esida ham yoʻq edi. U buni allaqachon unutib yuborgandi. U peshoynaga yaqinroq borib ichkariga moʻraladi. Devorga koʻplab suratlar osilgan va chamasi, ularning hammasi bitta rassom tomonidan chizilgan edi. Koʻrgazmani tomosha qilayotganlar koʻp edi. Tushunarli, bu shaxsiy koʻrgazma. Ichki tugʻyonga boʻysungan Drioli eshikni ochdi va ichkariga kirdi.

Bu qizil gilam toʻshalgan uzun bino edi va - Yo, Tangrim - bu yer qanday chiroyli va issiq! Odamlar suratlarni tomosha qilib yurishardi. Drioli ostonada turgancha ularga aralashib ketishni oʻylay boshladi. Lekin u qadam tashlashga ulgurmay kimningdir ovozi yangradi:
— Sizga nima kerak?

Gapirgan kishi qora kostyum-shimda edi. U oq yuzli, toʻladan kelgan edi. Uning yuzi shunday semiz ediki, yonoqlari xuddi spaniel zotli itning quloqlaridek osilib tushgandi. U Drioliga yaqinlashdi va yana soʻradi:

- Sizga nima kerak?

Drioli jim turardi.
— Marhamat qilib chiqib ketsangiz.
— Suratlarni tomosha qilsam boʻlmaydimi?
— Chiqib keting.

Drioli joyidan qoʻzgʻalmadi. Birdan u oʻzining qahrga toʻlayotganini his qildi.
— Keling, janjal koʻtarmaylik, - dedi haligi kishi. - Marhamat, bu yoqqa. - U semiz qoʻli bilan Driolining qoʻlidan ushlab eshik tomon tortdi.

U bunga chidab turolmadi.
— Iflos qoʻllaringni tort! - qichqirdi Drioli.

Uning ovozi koʻrgazmaning uzun zali boʻylab taraldi va hamma u tomonga qaradi. Xizmatchilardan biri yordamga shoshildi va endi Driolini ikki kishi boʻlib eshik tomon sudray boshlashdi. Odamlar ularning kurashini jimgina kuzatishardi.
— Menda ham, - qichqirdi Drioli, - menda ham bu rassomning asari bor! U mening doʻstim edi, u menga surat sovgʻa qilgan!
— Jinni.
— Telba. Aqldan ozgan.
— Politsiyani chaqirish kerak.

Keskin harakat qilgan Drioli kutilmaganda ularning qoʻlidan chiqib ketdi va koʻrgazma zali boʻylab yugurarkan, qichqirdi:
— Hozir koʻrsataman! Koʻrasizlar! - U paltosini yechdi, keyin kostyum va koʻylagini uloqtirdi va odamlarga orqasini oʻgirdi. - Xoʻsh? Koʻryapsizlarmi? Mana!

Birdan atrofga jimlik choʻkdi, hamma joyida qotib qoldi. Yigʻilganlar tatuirovkaga qarab turishardi. U oʻchib ketmagan, ranglar hali ham yorqin turar, lekin qariya ozib ketgani uchun surat gʻijimlangandek koʻrinardi.

Kimdir xitob qildi:
— Gapi rost ekan!

Shu zahoti hamma harakatga keldi, qariyani oʻrab olishdi.
— Bunga shubha yoʻq!
— Uning dastlabki paytlardagi uslubi, shunday emasmi?
— Ajoyib!
— Qarang, imzosi ham bor ekan!
— Sal egiling, surat tekisroq boʻlsin.
— Juda eskiga oʻxshaydi, qachon chizilgan?
— Bir ming toʻqqiz yuz oʻn uchinchi yilda, - javob qildi Drioli. - Kuzda.
— Sutinga tatuirovka qilishni kim oʻrgatgan?
— Men.
— Bu ayol kim?
— Xotinim.

Koʻrgazma xoʻjayini odamlar orasidan oʻtib Driolining yoniga keldi.
— Janob, - dedi u. - Men uni sotib olaman.

Drioli uning baqbaqalari qanday silkinganini koʻrdi.
— Men uni sotib olaman, deyapman.
— Uni qanday qilib sotib olasiz? - soʻradi Drioli.
— Bu surat uchun ikki yuz ming frank beraman.
— Rozi boʻlmang! - dedi kimdir orqadan uning qulogʻiga pichirlab. - U yigirma barobar qimmat turadi.

Drioli nimadir deyish uchun ogʻiz juftlagan edi. Lekin hech narsa deya olmay ogʻzini yumdi, keyin yana ochdi:
— Lekin uni qanday sota olaman? - Uning ovozida qaygʻu ohangi bor edi.
— Ha! - deyishdi yigʻilganlar. - Uni qanday sotadi? Surat uning boʻlagi-ku!
— Menga qarang, - dedi xoʻjayin. - Sizga yordam beraman. Sizni boy qilaman. Ikkalamiz kelishib olishimiz mumkin.

Koʻngli noxush narsani sezgan Drioli unga qaradi.
— Lekin uni qanday qilib sotib olasiz, janob? Uni sotib olib nima qilasiz? Qaerda saqlaysiz? Uni qaerga qoʻyasiz?
— Qaerda saqlayman? Qaerga qoʻyaman? Xoʻsh... - Xoʻjayin burnini qashladi. - Menimcha, - dedi u, - agar suratni sotib olsam, sizni ham sotib olaman. Hamma balo mana shunda. - U jim boʻlib qoldi va yana burnini qashladi.
— Siz tirik ekansiz, suratning hech qanday qiymati yoʻq. Yoshingiz nechada, doʻstim?
— Oltmish birda.
— Sogʻligingiz unchalik yaxshimasdir, a? - Xoʻjayin Drioliga xuddi qari otni baholayotganday nazar tashladi.
— Bu menga yoqmayapti, - dedi Drioli tisarilarkan. - Toʻgʻrisi, bu menga yoqmayapti.

U ortiga tisarilarkan, boʻyi baland kishiga urildi. Drioli oʻgirildi va uzr soʻradi. Kishi esa jilmaydi va qoʻlqop taqilgan qoʻli bilan qariyaning yalangʻoch yelkasiga shapatiladi.
— Menga qarang, doʻstim, - dedi u jilmayganicha. - Siz choʻmilishni va oftobda toblanishni yoqtirasizmi?

Drioli unga qoʻrquv bilan nazar tashladi.
— Lazzatli taomlarni va Bordoning mashhur qizil vinosini yaxshi koʻrasizmi? - Kishi oppoq tishlarini koʻrsatib iljaydi. Uning qoʻli hali ham Driolining yelkasida turardi. - Yoqadimi?
— Hm... ha, - javob qaytardi Drioli. - Albatta.
— Goʻzal ayollar-chi?
— Albatta.
— Siz uchun maxsus tikilgan kostyum va koʻylaklar-chi? Sizga kiyim lozimga oʻxshaydi.

Drioli uning taklifini kutib turardi.
— Oyogʻingizga mos poyafzalni oxirgi marta qachon kiyganingizni eslay olasizmi?
— Yoʻq.
— Kiyishni istarmidingiz?
— Bilasizmi...
— Har kuni ertalab soqolingizni olishni-chi?

Drioli uning koʻzlariga boqdi va hech nima demadi.
— Yotoqxonangizda nonushtangizni olib keladigan xizmatkorni chaqirish uchun qoʻngʻirogʻingiz boʻlishini-chi? Shularning hammasiga ega boʻlishni istarmidingiz?

Drioli unga jim qarab turardi.
— Bilasizmi, men Kanndagi «Bristol» mehmonxonasining xoʻjayiniman. Sizga oʻsha yerda umringizning oxirigacha mening mehmonim sifatida yashashni taklif qilaman. - U suhbatdoshiga bunday yorqin kelajakni tasavvur qilib rohatlanishi uchun imkoniyat berish maqsadida bir oz jim turdi. - Sizning yagona majburiyatingiz - buni rohat desam ham boʻladi - sohilda birgina ich kiyimda yurish, choʻmilish boʻladi. Xohlaysizmi?

Hech qanday javob boʻlmadi.
— Tushunyapsizmi - barcha mehmonlar shu tarzda Sutinning ajoyib asarini koʻrishlari mumkin boʻladi. Siz mashhur boʻlib ketasiz va siz haqingizda: «Anovi kishini qara, orqasida oʻn million frank bilan yuribdi» deyishadi. Qalay, yoqadimi?

Drioli qoʻlqopli kishi hazillashmayaptimikin, deganday qaradi.
— Fikringiz zoʻr, - dedi u. - Lekin jiddiy aytyapsizmi?
— Albatta.
— Toʻxtang, - gapga aralashdi koʻrgazma xoʻjayini. - Menga qarang, qariya. Mana, nima qilamiz. Men suratni sotib olaman va jarroh sizning teringizni shilib oladi. Siz men bergan pulni olib istagan tarafingizga ketaverasiz.
— Orqam shilingan holda-ya?
— Yoʻq-yoʻq, nima deyapsiz? Meni notoʻgʻri tushundingiz. Jarroh sizga yangi teri qoʻyadi. Bu oson.
— Buni qila oladimi?
— Buning qiyin joyi yoʻq.
— Buning iloji yoʻq! - dedi qoʻlqop taqqan kishi. - U terini almashtirish uchun oʻta qari. U oʻlishi mumkin. Oʻlib qolishingiz mumkin, doʻstim.
— Rostdan-a?
— Tabiiy. Siz operatsiyani koʻtara olmaysiz. Suratga esa hech narsa boʻlmaydi.
— E, Xudoyim! - qichqirdi Drioli.

U dahshatga tushdi, u atrofini oʻrab turgan odamlarga bir-bir qarab chiqdi va kimningdir ovozini eshitdi:
— Agar bu qariyaga yaxshi pul taklif qilsak, ehtimol, u shu yerning oʻzida oʻzini-oʻzi oʻldirishga rozi boʻlar. Nima deysizlar?

Bir necha kishi hiringladi. Qoʻlqopli kishi yana Driolining yelkasiga qoʻlini qoʻydi.
— Oʻzingiz hal qiling, - dedi u oppoq tishlarini koʻrsatganicha iljayib. - Yuring, ovqatlanib gaplashamiz. Qorningiz ochdir?

Drioli unga qovogʻini uyib qaradi. Unga bu kishi yoqmayotgandi.
— Qovurilgan oʻrdak va bir shisha «Shamberten»ga tobingiz qalay? - soʻradi u kishi. - Yoki shirinliklarga.

Drioli shiftga tikildi, uning ogʻzidan suv oqib ketdi.
— Qanaqa oʻrdakni yoqtirasiz? - davom etdi kishi. - Yaxshi qovurilganini yo...
— Ketdik, - dedi Drioli. U koʻylagini olib tezda kiydi. - Ketdik, janob.

Bir daqiqadan soʻng u yangi xoʻjayini bilan koʻrgazmani tark etdi.

Bir necha haftadan keyin Sutinning dastlabki paytlarda teriga chizgan ayol kishi surati Buenos-Ayresda sotuvga qoʻyildi. Yana bir narsa. Kannda «Bristol» nomli mehmonxonaning yoʻqligi kishini xavotirga soladi. Ishqilib, qariya omon boʻlsin-da.