OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Robert Fish. Bosqin (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRobert Fish
Asar nomiBosqin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Robert Fish
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bosqin (hikoya)
Robert Fish

Yozning oxiri, kechki soat besh, ufqda oppoq bulutlarni kesib oʻtgan chiziq koʻzga tashlanadi. Uch motorli «Boing 727» reaktiv samolyoti 28 ming fut balandlikda parvoz qilmoqda. U Tennessi daryosi vodiysiga yaqinlashmoqda. Samolyot Kennedi nomidagi Nyu-York aeroportidan Yangi Orleanga yoʻl olgan.

Radist tor eshikdan bir amallab ichkariga kirdi, havo kemasi komandiriga doʻstona bosh irgʻadi, pult yoniga oʻtirib, qulogʻiga goʻshakni taqdi va turli tugmachalarni birin-ketin bosib chiqdi. Komandir bir necha soniya radistga tikilib turdi, uning yuzida hech qanday xavotirni sezmadi, soʻngra yelkasi osha pastdagi manzaraga koʻz tashladi. Suv yuzasida quyosh nurlari jilva qilardi. Komandir mikrofonga engashdi, yoʻlovchilar saloniga eshittirilayotgan musiqani oʻchirib, mikrofon tugmasini bosdi.
-Xonimlar va janoblar, kema komandiri gapiryapti. Pastda, oʻng tomonimizda Uotts Bar koʻli joylashgan. Chap tomondagi yoʻlovchilar toʻgʻon va Chikamauga koʻlini koʻrishlari mumkin. Oldingi oʻrindiqlarda oʻtirgan koʻzi oʻtkir yoʻlovchilarimiz esa Smouki togʻi manzarasidan bahramand boʻlishlari mumkin...

U mikrofonni oʻchirdi, yana musiqa yangradi. Shu payt ichki soʻzlashuv uskunasining chirogʻi oʻchib-yona boshladi. Komandir tugmachani bosdi.
-Eshitaman?
-Komandir, men Klarissaman. Bizda noxush hodisa yuz berdi.
-Qanaqa noxush hodisa?
-Bir yoʻlovchi Milli bilan birga hojatxonaga qamalib oldi.-Styuardessaning ovozi tashvishli edi.-Bu shilqimlik emas, komandir. Bu samolyotni egallab olishga urinish.-Qiz xotirjam soʻzlashga harakat qilar, ammo ovozidagi hayajon bilinib turardi.

Radist hayron boʻlgancha komandirga oʻgirildi. Ikkinchi uchuvchi oʻrnidan turmoqchi boʻldi, ammo layner komandiri Littljon unga oʻtirishga ishora qildi.
-Qoʻriqchilarimiz qaerda?
-Bittasi yonimda...
-Yoʻlovchilar bilishdimi?
-Ular hech narsani sezishgani yoʻq. Hozircha.
-Juda yaxshi. Bilmay qoʻya qolishsin. Goʻshakni qoʻriqchiga ber.

Qisqa jimlikdan soʻng erkak kishining ovozi eshitildi:
-Salom, komandir. Menimcha, mana bunday boʻlgan: yoʻlovchilardan biri hojatxona yonidagi xonaga kirib olgan va bunga hech kim e’tibor bermagan. Soʻngra styuardessaga toʻpponcha oʻqtalib, uni hojatxonaga kirishga majbur qilgan. Men styuardessa bilan tashqarida turib gaplashdim. Unga hech qanday ziyon yetmagan, ammo uning aytishicha, anavi kimsa toʻpponcha va pichoq bilan qurollangan, qoʻlida esa nitroglitserinli shisha bor ekan.-Qoʻriqchi yoʻtalib qoʻydi.-Nima qilishimni buyurasiz?
-Hech narsa,-javob qildi komandir tez va qat’iylik bilan.-Joyingizga qayting. Muzokarani Klarissa olib borsin. Men esa Yangi Orlean bilan bogʻlanaman va kerakli koʻrsatmalarni olaman.

Radist Yangi Orleandagi dispetcherlik boʻlimi bilan bogʻlanishga kirishdi.
-Klarissa,-chaqirdi komandir ichki aloqa uskunasi orqali.
-Ha, komandir?
-Hojatxona eshigiga «hojatxona ta’mirda» degan yozuvni ilib qoʻying. Milli tuzukmi?
-Ha, ser. Bir daqiqa... u nimadir deyapti... Komandir? Uning aytishicha, bosqinchi yoʻnalishni oʻzgartirishni va Jeksonvillga uchishimizni talab qilyapti ekan. Yoqilgʻi quyish uchun.
-U qaerga uchmoqchi ekan oʻzi? Yoqilgʻimiz Kubagacha uchishga yetadi. Milliga ayt, bu samolyot «747» emas.
-Xoʻp, ser. U boshqa hech nima demadi.
-Bosqinchining ismi nima ekan?
-U xartfordlik Charlz Vagner nomiga chipta olgan. 16-S oʻrindiqda joylashgan. Men unga taom keltirib bergandim...
-Koʻrinishi qanaqa?
-Hammadaqa,-dedi Klarissa.-Yoshi oʻttizlarda, sochi oʻsgan...
-U koʻp miqdorda spirtli ichimlik ichganmidi?
-Yoʻq, faqat pivo. U mast emasligiga ishonchim komil. Men nima qilay?
-Hech narsa. Hojatxona eshigiga yozuvni ilib qoʻyishni unutma. Agar biror narsa...
-Yangi Orleandagi dispetcherlik boʻlimi. Ular aloqada,-radist komandirning gapini boʻldi.
-Falokat signali yoʻllang! Samolyotda bosqinchi bor,-dedi komandir mikrofonga.
-Shartlari?
-U styuardessamiz bilan hojatxonaga qamalib olgan. Qurollangan, qoʻlida nitroglitserinli shisha ham boʻlishi mumkin.
-U qaerga uchmoqchi?
-Hozircha Jeksonvillga. Yoqilgʻi quyish uchun.
-Aloqada qoling,-dedi dispetcher.-Men rahbariyat bilan gaplashib koʻraman.

Komandir bir nuqtaga tikilib qoldi. Oraga jimlik choʻkdi. Birpasdan soʻng qitirlagan tovush eshitildi. Endi boshqa odamning ovozi keldi.
-Komandir Littljon? Bu Yangi Orlean xavfsizlik xizmati. Yoʻnalishni oʻzgartirishga ruxsat berildi, Jeksonvillga uching.

Ikkinchi uchuvchi shu zahoti parvoz xaritasini oʻrganishga kirishdi. Keskin burilish hisobiga layner bir tomonga sal qiyshaydi. Komandir buning sababini yoʻlovchilarga izohlashga kirishdi.
-Xonimlar va janoblar!-dedi u mikrofonga.-Yoʻlovchilarimiz Tennessi daryosi vodiysi manzarasidan bahramand boʻlishlari mumkin...

Samolyot janubi-sharq tomon burildi. Xavfsizlik xizmati xodimining ovozi eshitildi.
-Yaxshi oʻylab topdingiz, komandir. Hozir Jeksonvill xavfsizlik xizmati bilan bogʻlaning. Ular xabardor boʻlishlari lozim. Biz ham sizlarni kuzatib turamiz.
-Rojer, aloqa tugadi.-Littljon ikkinchi uchuvchining yelkasi osha xaritaga qaradi.

Klarissaning ovozi eshitildi.
-Komandir?

Littljon xaritadan koʻzini uzmadi.
-Ha?
-U pul talab qilyapti. Pulni biz qoʻnadigan joyga keltirishlarini talab qilyapti. Aks holda u Millini oʻldirishini, keyin esa laynerni portlatib yuborishini aytyapti.
-Qancha pul soʻrayapti?
-Chorak,-dedi Klarissa,-chorak million dollar.

Komandirning yuz qiyofasi oʻzgarmadi. U mikrofonni qoʻliga oldi.
-Yangi Orlean xavfsizlik xizmatimi? Meni eshityapsizmi?
-Jeksonvill. Yaxshi eshityapmiz.
-Bosqinchi chorak million dollar talab qilyapti.
-Ha, eshitdik. Ismi?
-Konnektikut shtati, Xartford shahridan Charlz Vagner.
-Yana nimani talab qilyapti?
-Bir daqiqa.-Littljon mikrofonni chetga qoʻydi, lekin oʻchirmadi.-Klarissa, yana nima kerak ekan?
-Ha, ser. Koʻp narsa. Aftidan, u hammasini juda yaxshi oʻylagan. Men yozib oldim. Hozir oʻqib beraman.-Kutilmaganda uning ovozi oʻzgardi.-Kechirasiz, ser, hojatxona ishlamayapti. Yoʻq-yoʻq, ikkinchi hojatxona ishlayapti.-Yoʻlovchilardan biri. Men yozuvni ilib qoʻydim, lekin ayrimlar unga e’tibor berishmayapti...
-Boʻpti, davom et.
-Xoʻp, ser. Mana roʻyxat. Pullar qopga joylashtirilgan boʻlishi kerak. Hammasi yuz dollarlik boʻlishi shart. Har bir bogʻlam yigirma besh mingdan boʻlishi kerak. U yana samolyot Jeksonvilldagi 725-yoʻlakka, aerovokzaldan iloji boricha uzoqroqqa qoʻnishini talab qilyapti…
-Hozir, bir daqiqa,-toʻxtatdi uni komandir. -Xavfsizlik xizmati, eshitdingizmi?
-Ha, davom eting.
-Gapiraver, Klarissa.
-Xoʻp, ser. U samolyotga hech kim yaqinlashmasligini soʻrayapti. Yoʻlovchilarni chiqarib yuborarkan. Shundan keyin hojatxonadan chiqarkan. Pul solingan qoplar samolyot eshigi yoniga keltirilishi kerak, ammo samolyotga hech kim chiqmaydi. Unga yana ikkita parashyut ham kerak ekan.
-Ikkita?
-U shunday dedi. Bitta sport, bitta armiya parashyuti.

Xavfsizlik xizmati vakilining kimgadir gapirgani eshitildi: «Tezda tekshirib koʻring, Charlz Vagner AQShdagi birorta parashyut assotsiatsiyasiga a’zo emasmikin. Zudlik bilan! Boʻling!».
-Xoʻsh, yana nima, komandir?
-Klarissa?
-Shu xolos. Hozircha. Qoʻnganimizdan keyin qolgan koʻrsatmalarni berarkan.

–Tushunarli.-Littljon tashqi aloqa uskunasiga oʻtdi.-Xavfsizlik xizmati? Qoʻnish uchun 725-yoʻlakni tozalatib qoʻyishingizni soʻrayman.
-Rojer, aloqa tugadi.
-U talab qilgan pul nima boʻldi?
-Pul aytilgan vaqtda boʻladi. Parashyutlar ham.
-Yaxshi,-dedi komandir.

Mikrofon oʻchirildi. Uzoqda quyosh botayotgandi. Samolyot janubiy yoʻnalishdagi havo yoʻlagiga kirdi. Nihoyat pastda Jeksonvilldagi qoʻnish yoʻlagi koʻzga tashlandi. Samolyot pastlay boshladi. Komandir boshqaruvni ikkinchi uchuvchiga berdi, oʻzi esa yoʻlovchilarni tinchlantirishni oʻz zimmasiga oldi. U ichki soʻzlashuv karnayi tugmasini bosdi.
-Xonimlar va janoblar, layner komandiri gapiryapti. Ob-havo sharoiti tufayli biz Florida shtatining Jeksonvill shahriga qoʻnishga majburmiz. Aviakompaniya vakillari aeroportda sizlarga nima uchun ushlanib qolganimizni tushuntirishadi va barcha zarur narsalar bilan ta’minlashadi. Yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr soʻraymiz. Endi esa xavfsizlik tasmalarini taqib, oʻrindiqlarni tik holatga keltirishingizni va chekmasligingizni soʻrayman...

* * *

Soʻnggi yoʻlovchi ham avtobus nima uchun aerovokzaldan bunchalik uzoqda turganiga hayron boʻlgancha laynerni tark etdi. Samolyot yoniga mashina kelib toʻxtaganida yoqilgʻi quyish jarayoni nihoyasiga yetayotgandi. Mashinadan ikki kishi tushdi.

Ulardan biri kichkinagina parashyut va qop koʻtarib olgandi. Ikkinchisi esa katta parashyut bilan edi. Ular zinadan koʻtarilishdi, qoʻllaridagi narsalarni polga qoʻyishdi, lekin samolyot ichiga kirishmadi. Ular rangi oqarib ketgan Klarissaga bosh irgʻashdi, hojatxona tomonga bir qarab qoʻyishdi va pastga tushib ketishdi. Ular FQB agentlari edi. Komandir Littljon agentlarning mashinaga oʻtirib ortiga qaytib ketishayotganini illyuminator orqali kuzatib turdi. Soʻng mikrofonni qoʻliga oldi.
-Klarissa?
-Ha, ser?
-Endi qayoqqa uchamiz?
-Bir daqiqa.-Uzoq jimlik choʻkdi. -Komandir,-yana Klarissaning ovozi keldi.-U Mayamiga uchishimizni soʻrayapti. Eng past tezlikda va ikki ming fut balandlikda uchishingizni talab qilyapti. Yana, orqadagi yoʻlovchilar eshigini yopmasligimizni aytdi...

Shu payt suhbatni eshitib turgan xavfsizlik xodimining ovozi eshitildi.
-Komandir, sizning samolyotingizdan parashyutda sakrash mumkinmi?
-Mening samolyotimdan mumkin,-javob qaytardi Littljon.-Aftidan, u atayin aynan «727»ni tanlagan. «707» yoki «747»dan sakrashning iloji yoʻq. U yo samolyotlarni juda yaxshi biladi yoki bu ishga tayyorlanish uchun samolyotlarni maxsus oʻrganib chiqqan.
-Chorak million dollar uchun har qanday odam duch kelgan narsani oʻrganishga rozi boʻladi,-dedi xavfsizlik xizmati xodimi,-hattoki birinchi marta parashyutdan sakrashga ham. U birorta ham parashyut maktabida roʻyxatdan oʻtmagan ekan, biz hammasini tekshirib chiqdik.
-Agarda uning ismi rostdan ham Vagner boʻlsa.
-Toʻgʻri. Eshik ochiq turishi samolyotga xavf tugʻdirmaydimi?
-Ikki ming fut balandlikda xavfli emas. Nima qilaylik?

Narigi tarafda jimlik yuzaga keldi. Soʻng boshqa odamning ovozi eshitildi.
-Komandir? Harbiy havo kuchlari mayori Uilloubi gapiryapti. Siz qanday fikrdasiz?
-Menimcha, biz suvga yaqinroq uchishimiz kerak,-dedi Littljon,-u suvga sakramaydi. Sizlar esa bir nechta samolyot bilan bizni biror joyda kutib turasizlar.

Suhbatga jangovar tajribasi bor ikkinchi uchuvchi aralashdi.
-Agar u besh yuz fut balandlikdan sakrasa ham qorongʻuda uni koʻrishmaydi.
-Hech boʻlmasa urinib koʻrishar.
-Kelishdik,-dedi mayor Uilloubi.-Men butun sohil boʻylab havo yoʻlagini sizlar uchun ochtirib qoʻyaman. Iloji boʻlsa Deytongacha suv ustida boʻlishga harakat qiling. Oʻkey?
-Yaxshi.
-Komandir,-Klarissaning xavotirli ovozi eshitildi.-U asabiylashyapti.
-Unga hozir uchishimizni aytib qoʻy,-dedi Littljon va birinchi dvigatelni ishga tushirdi.

Avialayner burila boshladi, dvigatellar guvilladi, soʻng shovqin bir tekisda avj oldi. Ulkan samolyot uchish-qoʻnish yoʻlagida yurishni boshladi, tezlik oshirildi va yengillik bilan havoga koʻtarildi. Shahar chiroqlari pastda qoldi. Littljon samolyotni sohil boʻylab boshqarardi. Xavfsizlik xizmati xodimining ovozi eshitildi.
-Anavi nima qilyapti?
-Xudo biladi,-javob qaytardi Littljon.-U ertami-kechmi baribir hojatxonadan chiqadi va suv ustida uchayotganimizni koʻradi. Oʻshanda koʻramiz...
-Aloqada qoling.
-Bundan tashvishlanmang.
-Komandir…
-Ha, Klarissa?
-U chiqmoqchi...
-Klarissa!-dedi komandir.-Mikrofon simi uzun, eng yaqin oʻrindiqqacha bemalol yetadi. Sen oʻzingni oʻsha sim bilan oʻrindiqqa bogʻlab ol. Milli ham hojatxonadan chiqishi bilan shunday qilsin. Bu tentak oʻzini pastga tashlayotgan paytda ochiq eshik oldida turishinglarni istamayman, tushundingmi?!
-Ha, ser. Bir daqiqa. Oʻzimni bogʻlab oldim, komandir.-Klarissaning ovozi oʻzgardi.-Komandir, ular chiqishyapti...
-Milli tuzukmi?
-Rangi oqarib ketibdi! Milli, oʻtir. Mahkam bogʻlab ol. Komandir, u pastga, suvga qarayapti. Samolyotni sohilga burish kerakligini aytyapti, aks holda Milli ikkalamiz bilan xayrlashar ekansiz. Komandir…
-Buring,-buyurdi xavfsizlik xizmati xodimi.
-Hammasi joyida,-mayor Uilloubining ovozi keldi.-Sizlarni koʻrdik.

Littljon shu zahoti samolyotni burdi.
-Komandir…
-Ha, Klarissa?
-U aytyaptiki…
-Men u bilan gaplashmoqchiman.
-Hozir. Komandir, u gaplashishni istamayapti. Okala tomon uchishni talab qilyapti, keyin Neypls shahriga burilar ekansiz. Mana shu tezlikda va shu balandlikda uchishni soʻrayapti. Bir ozdan keyin u samolyotdan tushib qolarkan.

Xavfsizlik xizmati xodimi oraga suqildi:
-Aytganini qiling, komandir. Tavakkal qilib boʻlmaydi. Mayorning samolyotlari sizlarni koʻrdi, biz esa politsiyaga xabar berdik, ular barcha yoʻllarni nazorat qilib turishadi.
-Floridaning markaziy qismida kimsasiz hududlar koʻp, ammo oʻzingiz bilasiz...-buyruqqa boʻysundi Littljon.-U holda bizga havo yoʻlagi ochib, birorta mehmonxonadan joy buyurib qoʻyinglar.
-Tushunarli.
-Komandir,-dedi Klarissa yana.-U sakrayotgan paytda biz sizning xonangizga kirib turar ekanmiz.
-Boʻpti,-dedi Littljon.

Nihoyat eshik ochilib, qizlar tor kabinaga kirib kelishdi. Millining yuzi oqarib ketgan, Klarissa uning yelkasidan tutib turardi. Littljon styuardessalarga savol nazari bilan qaradi.
-Hammasi joyida,-dedi Klarissa unga qarab.

Littljon pastga qaradi. Pastda, yerda Deyd-siti koʻzga tashlanar, naryoqda esa janubi-gʻarbiy Floridaning kimsasiz kengliklari yastanib yotardi. Tez orada gʻarb tomonda chiroqlar koʻzga tashlandi. Radist nigohini koʻtardi.
-Neyplsga yaqinlashyapmiz,-dedi u.

Hamma pastga qaradi. Littljon ikkinchi uchuvchiga oʻgirildi.
-Mayk, eshikni yopib kel. Ehtiyot boʻl.
-Xoʻp,-dedi uchuvchi va styuardessalar yonidan oʻtib salonga chiqdi. U orqa eshikni yopib qaytib keldi.
-Hammasi joyida.
-Uni koʻzdan yoʻqotdik,-mayor Uilloubining ovozi eshitildi.
-Xavotirlanmang, uni topamiz,-dedi xavfsizlik xizmati xodimi.-Shtatning barcha politsiya boʻlinmalari oyoqqa turgan. Komandir, Mayamiga uchishingiz mumkin. Xayrli tun.
-Rahmat,-dedi Littljon va radioaloqa qurilmasini oʻchirdi.-Xoʻsh, bugun ogʻir kun boʻldi. Endi dam olamiz.

* * *

Komandir Littljon parvoz xaritalarini chetga surdi va qop chiqardi.
-Har birimizga ellik mingdan,-dedi u xotirjamlik bilan.-Bir necha soatlik ish, reja va aniq hisob-kitob uchun yomonmas. Ayniqsa, bu pullardan soliq ham olinmasligini hisobga olsak.
-Men koʻproq olishim kerak,-dedi Milli norozi ohangda.-Besh soat, roppa-rosa besh soat tor hojatxonada oʻlik bilan oʻtirdim!
-Men-chi?!-e’tiroz bildirdi Klarissa.-Menga nima deysan? Uni tor eshikdan men tashlab yubordim. Oʻzimni bogʻlab olgan boʻlsam-da, oʻzimni xuddi uning ortidan pastga uchib ketadiganday sezdim.
-Bu baxtiqaroni men oʻldirdim,-gapga aralashdi radist.

Ikkinchi uchuvchi hamkasblarining bahslariga e’tibor bermadi. U oʻziga tegishli pulni diplomatga bir tekisda taxlayotgandi.

-Charlz Vagner…-dedi u.-Hojatxonada ajal kutib turganini bilmadi. Qiziq, u qaerda ishlardi ekan?