OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRobert Luis Stivenson
Asar nomiShaytoniy shisha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Shotlandiya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Neoromantizm
Mualliflar
   - Robert Luis Stivenson
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonRustam Obid (Ruschadan)
Hajm84KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytoniy shisha (hikoya)
Robert Luis Stivenson

Gavayi orollaridan birida bir odam yashardi, uni Keave deb atay qolaylik, chunki, ochigʻini aytganda, u hanuzgacha hayot va haqiqiy ismi sir boʻlib qolishi kerak. U gʻorda Buyuk Keavening xoki yotgan Xonaunau degan joy yaqinida dunyoga kelgan. Bu odam qashshoq, ammo sergʻayrat va dovyurak boʻlib, savodi maktab oʻqituvchisinikidan kam emasdi. Buning ustiga u ajoyib dengizchi sifatida nom chiqargan, yaqin masofalarga qatnovchi kemalarda suzgan, Xamakua sohillari yoqalab paroxodlarni boshqargan. Shu desangiz, bir kuni uning koʻngliga bu yorugʻ dunyoni kezish, begona shaharlarni koʻrish orzusi tushib qoldi-yu, San-Fransiskoga yoʻl olayotgan kemaga yollandi.

San-Fransisko – ajoyib bandargohi boʻlgan hashamatli shahar, u yerda badavlat odamlar behisob, hatto bir tepalik borki, nuqul dabdabali qasrlardan iborat. Bir kuni Keave choʻntagidagi tangalarini jaranglatgan koʻyi ana shu tepalikda sayr qilib yurar, koʻchaning har ikki tomonidagi saroylarga suqlanib boqardi.

«Qanday chiroyli uylar-a! – deb oʻylardi u. – Ularda ertangi kun tashvishini bilmaydigan baxtli odamlar yashasa kerak, hoynahoy!»

Shu xayollar bilan borayotganida bir uyga duch kelib qoldi, u bosh-qa uylardan sal kichikroq boʻlsa ham muhtasham va xuddi qoʻgʻirchoqdek chiroyli edi. Pillapoyalari baayni nuqradek yaraqlar, buta-toʻsiqlar chamandek yashnab turar, deraza oynalari olmosdek jilolanardi. Keave koʻz oʻngida namoyon boʻlgan bu qadar mukammallikdan hayratlanib, beixtiyor toʻxtab qoldi.

U shu alfozda uy roʻparasida turar ekan, ichkaridan qandaydir bir odam unga qarayotganini payqadi, deraza oynasi shunchalik shaffof ediki, Keave uni suv qaytishidan soʻng toshlar ustidagi koʻlmakda qoladigan baliqni koʻrgandek yaqqol koʻrib turardi. Bu odam yoshi qayt-gan, tepakal, qora soqolli, chehrasi sertashvish va gʻamgin boʻlib, ogʻir-ogʻir xoʻrsinib qoʻyardi. Xullas, Keave u odamga, u esa Keavega deraza orqali qarab turishar va ishonasizmi, yoʻqmi, har ikkovi ham bir-biriga havas qilardi.

Notanish odam birdaniga jilmaydi va Keaveni ichkari kirishga imlab, ostonada kutib oldi.
– Mening uyim juda chiroyli, – dedi mezbon yana uf tortib. – Uni bir koʻrib chiqishni xohlamaysanmi?

Shunday deb u Keaveni ichkariga boshladi va butun uyni – yertoʻlasidan tortib chordogʻigacha tanishtirib chiqdi, bu yerdagi hamma narsa shu qadar mukammal ediki, Keave larzaga tushdi.
– Chindan ham ajoyib uy ekan, – dedi u. – Men shunday joyda yashaganimda ertadan-kechgacha shod-xandon yurardim balki. Lekin nega endi sen hadeganda uf tortaverasan, buning sababi nima?
– Agar istasang, – dedi mezbon, – sen ham shu zahotiyoq xuddi shunga oʻxshagan uyga ega boʻlishing mumkin. Yoningda puling bordir, hoynahoy?
– Ellik dollarim bor, xolos, – javob qildi Keave. – Ammo bunaqa uy ancha qimmat tursa kerak.

Mezbon xayolan nimalarnidir chamalab chiqdi.
– Puling buncha kam, – dedi u keyin. – Bu senga kelgusida ortiqcha tashvish keltiradi, biroq shunga qaramay, ellik dollarga ham olaverishing mumkin.
– Shu uyni-ya? – ajablanib soʻradi Keave.
– Yoʻq, uyni emas, – deya javob qildi mezbon, – aniqrogʻi, shishani Sening nazaringda nihoyatda omadli va oʻta badavlat odam sifatida koʻrinayotgan boʻlsam bordir. Lekin, agar bilsang, ochigʻini aytganimda, butun mol-mulkim – shu uy ham, bogʻ-rogʻ ham – bari-bari bir pintadan[1] unchalik katta boʻlmagan bir shisha orqali topilgan. Mana u.

Mezbon shunday deb allaqanday javonni ochdi va ichidan uzun boʻyinli va qorni baqaloq bir shishani oldi. Shisha sutdek oqish oynadan yasalgan boʻlib, kamalakning jamiki ranglarida yolqinlanib-tovlanib turardi. Uning ichida esa soyachami, alanga tiligami oʻxshash allambalo bir narsa toʻxtovsiz yogʻdulanib-oʻynoqlab yotibdi.
– Senga aytgan shisham shu, – dedi uy egasi va Keave kulib qoʻyganini koʻrib, qoʻshimcha qildi: – Gapimga ishonmayotganga oʻxshaysan-a? Unaqada oʻzing sinay qol. Uni sindirishga, qani bir urinib koʻr-chi.

Shunda Keave shishani qoʻliga olib, to holdan toygunicha polga ura boshladi, biroq shisha har gal xuddi koptokdek sakrab ketaverardi, biron yeri hatto qirilmadi ham.
– Gʻalati narsa ekan, – dedi Keave. – Bunday qaraganda va ushlab koʻrganda shishadan yasalgandek tuyuladi-ya.
– Aslida ham shunday, – yanada ogʻirroq xoʻrsindi uy egasi, – faqat bu shisha jahannam olovida toblangan. Uning ichida shayton yashaydi – soyaga oʻxshash bir nima lipillab turganini koʻrayotgandirsan. Ana oʻsha shayton boʻladi, har qalay men shunday deb oʻylayman. Shu shishaga ega boʻlgan odam esa shaytonga buyruq bera oladi. Oʻsha lahzadan boshlab nimaniki xohlasa, oʻshanga erishadi. Ishq-muhabbat, shon-shuhrat, boylik, shunga oʻxshash uylar, hatto shunga oʻxshash shaharlar – hamma-hammasi koʻz ochib-yumgunicha muhayyo boʻladi. Napoleon shu shishaga egalik qilib, dunyoni qoʻlga kiritdi, keyin esa uni sotib yuborgach, mahv etildi. Kapitan Kuk shu shishaga ega boʻlib, uning orqasida koʻplab orollarni kashf etdi, biroq u ham shishani sotib yuborgandi, Gavayida oʻlim topdi. Chunki shishani sotgan zahoti uning qudratli himoyasidan mahrum boʻlasan, biroq, ikkinchi tomondan, u qoʻlingdalik paytida topgan narsalaringdan qanoat qilmasang, oxiri falokatga uchraysan.
– U holda nega endi shishani sotmoqchi boʻlayapsan? – deb soʻradi Keave.
– Koʻnglim tilagan nimaiki boʻlsa, bariga erishdim, bu yoqda esa umr poyoniga yetib qoldi, – dedi uy egasi. – Shisha ichidagi shaytonning yolgʻiz bir narsaga – inson umrini uzaytirishga qurbi yetmaydi, xolos. Yana bir jihatni sendan yashirib qolsam, insofdan boʻlmaydi. Bu shishaning bir nuqsoni bor: agar egasi uni sotishga ulgurmay turib oʻlsa, jahannamda abadiy yonishga mahkumdir.
– Ha, nuqson boʻlgandayam juda zoʻr nuqson ekan, gap yoʻq! – xitob qildi Keave. – Men bunaqa shaytoniy narsalarga umuman aralashmagan boʻlardim. Parvardigorga shukur, uysiz ham yashashim mumkin. Ammo bilaturib oʻz boshimga jahannam azoblarini sotib olish – bu, endi, borib turgan ahmoqlikning oʻzginasi.
– Oʻpkangni bos, bu ishning eng oxirini oʻylashga shoshmasang ham boʻladi, – deya e’tiroz bildirdi uy egasi. – Bu oʻrinda eng muhimi – shaytonning yordamidan foydalanib, bu dunyoda nima xohlasang, bariga ega boʻlish. Keyin esa shishani hozir men senga sotayotgandek yana biron odamga sotib yuborish. Ana undan soʻng qolgan umringni tinchlik-xotirjamlik, huzur-halovatda oʻtkazaverasan.
– Meni yana bir narsa oʻylantirayapti, – dedi Keave. – Avvalambor, ogʻir-ogʻir xoʻrsinayapsan va ayni paytda shishani suvtekinga sotmoqchisan. Buning siri nimada?
– Nega uf tortishlarim sababini hozirgina aytib oʻtdim, – javob qildi u odam. – Sogʻligʻim zaiflashayotganini sezib turibman va bu meni qoʻrquvga solayapti. Chunki, oʻzing aytib oʻtganingdek, oʻlganidan keyin doʻzaxga ravona boʻlishni hech kim istamaydi. Endi shishani bunchalik arzon sotishimga kelsak, uning yana bir xususiyatini tushuntirishim kerak. Iblis bu shishani yer yuziga olib kelgan juda qadim zamonlarda uni birinchi boʻlib Presviter Ioann sotib olgan va evaziga bir necha million dollar toʻlagan. Biroq hamma gap shundaki, bu shishani faqat zarariga sotish mumkin, xolos. Agar sen uni xarid qilgan narxingning oʻziga sotsang, xuddi kabutar uyasiga qaytganidek, yoningga qaytib kelaveradi. Shishaning bahosi asrlar mobaynida pasayib kelaverib, mana hozir hayratomuz darajada arzimas pulga teng boʻlib turganining sababi ham shu. Men oʻzim uni badavlat qoʻshnilarimning biridan sotib olib, bor-yoʻgʻi toʻqson dollar toʻlaganman. Endi uni sakson toʻqqiz dollaru toʻqson toʻqqiz tsent-ga sota olaman, lekin bir tsent ham qimmatiga emas, aks holda u oʻsha zahotiyoq yonimga qaytib keladi... Ana shu tufayli ham ikkita mushkullik mavjud: birinchidan, shunday gʻaroyib shishani arzimas sakson dollarga sotmoqchi boʻlsang, odamlar seni shunchaki hazillashayapti deb oʻylashadi. Ikkinchidan esa... U yogʻi keyin endi... Ochigʻini aytganda, hamma narsani miridan-sirigacha aytib berishga majbur emasman. Faqat bir narsani qulogʻingga quyib ol – shisha muomalada yurgan pulga sotiladi, xolos.
– Shu gaplarning bari haqiqat ekaniga qanday qilib ishonishim kerak? – deb soʻradi Keave.
– Ba’zi narsalarni hoziroq tekshirib koʻrishing mumkin, – dedi u odam. – Menga ellik dollar bergin-da, shishani olib, shu puling yoningga qaytishini xohla. Agar shunday boʻlmasa, qasam ichib aytamanki, savdoimiz pishmadi deyman-u, pulingni qaytaraman.
– Meni aldamayapsanmi mabodo? – soʻradi Keave.

Uy egasi haqiqatni aytayotganiga qasam ichdi.
– Tavakkal-da, boʻlmasa, – dedi Keave. – Buning zarari yoʻq-ku, axir.

Shunday deb, pulini uy egasiga berdi, u esa shishani uzatdi.
– Qani, shisha ichidagi shayton, – dedi Keave, – ellik dollar pulimni qaytar-chi.

U gapini tugatib ulgurar-ulgurmas, kissasi yana avvalgidek toʻlib qolganini sezdi.
– Bu chindan ham ajoyib shisha ekan, – dedi Keave.
– Mana endi xayrlashamiz, oshna, – dedi uy egasi. – Qani, bir joʻnab qol-chi, bu yerdan!
– E, shoshma! – dedi Keave. – Yigʻishtir bunaqa hazilingni. Ma, shishangni qaytib ol.
– Sen uning uchun menga narxiga nisbatan kamroq pul toʻlading, – dedi u odam mamnunlikdan qoʻllarini bir-biriga ishqar ekan, – endi shisha seniki. Menga esa bitta narsa kerak: bu yerdan tezroq qorangni oʻchirsang boʻlgani. – U shunday deb xitoy xizmatkorini chaqirishga qoʻngʻiroq qildi, xizmatkor esa Keaveni uydan chiqarib yubordi.

Qoʻltigʻida shisha bilan koʻchaga chiqib qolgan Keave oʻylay boshladi:

«Agar bu odam aytganlarining bari xaqiqat boʻlsa, rosa chuv tushgan koʻrinaman. Lekin u shunchaki laqillatgan boʻlsa-chi?»

Shunda u avvalambor yonidagi pulini hisoblab chiqdi: roppa-rosa qirq toʻqqiz amerika dollari va bitta chili tangasi ekan.

«Hammasi toʻgʻriga oʻxshaydi, – deb oʻyladi Keave. – Qani, endi uni boshqachasiga bir sinab koʻraylik-chi».

Shaharning bu qismidagi koʻchalar xuddi kema sahnidek top-toza, ustiga-ustak, peshin payti boʻlishiga qaramay, bironta ham yoʻlovchining qorasi koʻrinmasdi. Keave shishani yoʻl chekkasidagi ariqqa uloqtirib, indamay ketaverdi. Ikki marta oʻgirilib qaraganida qorindor, sutdek oqish shisha u tashlagan joyda yotganini koʻrdi. Keave ortiga uchinchi bor nazar tashlab, muyulishda burildi, lekin hali bir qadam ham tashlab ulgurmagandiki, nimadir tirsagiga kelib urilganini sezdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, baqaloq shisha bushlati[2] choʻntagini egallagan, uzun tumshugʻi tashqariga chiqib turardi.

«Bunisiyam rostga oʻxshaydi», – deb oʻyladi Keave.

Shundan keyin u nima qildi, deb soʻrarsiz. Doʻkonchadan shtopor[3] sotib olib, shahar tashqarisiga, kimsasiz dalaga yoʻl oldi. Ana shu yerda shishaning poʻkagini chiqarib olmoqchi boʻldi. Ammo u shtoporni poʻkakka burab kiritishga qanchalik urinmasin, shtopor shu zahoti oʻz-oʻzidan qaytib chiqar, poʻkak esa bus-butun turardi.

«Poʻkakning qandaydir yangi turi», – deb oʻyladi Keave va shu lahzadayoq butun borligʻi xuddi bezgak tutgandek qaltirab ketdi, badanini muzdek ter qopladi: unda qoʻrquv uygʻongandi.

Keave bandargohga qaytar ekan bir doʻkonchaga duch keldi, unda allaqanday bir kishi chigʻanoqlar, orollarda yashovchi yovvoyi odamlarning soʻyillari, qadimiy tangalar, koʻhna ma’jusiy ma’budalarning haykalchalari, xitoy va yapon suratlarini, qisqasi, dengizchi dunyoning turli chekkalaridan sandiqchalarida olib keladigan xilma-xil lash-lushlarni sotib oʻtirardi.

Shu oʻrinda Keavening xayoliga yangi fikr keldi. U doʻkonchaga kirib, egasiga undagi shishani yuz dollarga sotib olishni taklif etdi. Doʻkondor avvaliga kulib qoʻydi, keyin besh dollar bermoqchi boʻldi. Biroq bu chindan ham gʻaroyib shisha edi – yer yuzida hali bironta shishapaz bunaqangi shisha tayyorlamagan, uning sutdek oqish tusi kamalakning jamiki ranglarida shunaqangi chiroyli tovlanar, ichida shunaqangi bir sirli soya raqs tushardiki, asti qoʻyaverasiz... Xullas, taomilga koʻra savdolashgach, doʻkondor Keavega oltmish kumush dollar berdi va shishani peshtaxtasining qoq Markazidagi javon tokchasiga joylashtirib qoʻydi.

«Endi nima boʻlarkin? – degan fikr oʻtdi Keavening xayolidan. – Men uni oltmish dollarga sotdim, holbuki oʻzim ellik dollarga, ochigʻini aytganda, undan ham arzonga sotib olgandim, chunki bitta tangam chili dollari edi-da. Endi bu yogʻini yana bir bor tekshirib koʻramiz».

Shu xayollarda Keave kemaga qaytdi, sandiqchasini ochib qaraganida esa shisha shu yerda ekanligini koʻrdi: undan avvalroq yetib kelibdi. Kemada Keavening Lopaka degan bir doʻsti bor edi.
– Ha, nima gap? – deb soʻradi u. – Sandiqchangga namuncha tikilib qolmasang!

Ular kubrikda[4] ikkovlon edilar, Keave oʻrtogʻini sir saqlashga qasam ichirib, bor gapni aytib berdi.
– Aqlga sigʻmas hodisa, – dedi Lopaka. – Nazarimda, bu shisha sening boshingga baloyu kulfatlar yogʻdiradigan koʻrinadi-yov. Juda boʻlmaganda bitta narsa aniq: senga qanday falokat tahdid solayotganini oʻzing bilasan. Modomiki, shunday ekan, bu ishdan biron foyda chiqarib olishni oʻylash kerak. Nimani xohlashingni yaxshilab fikrlab koʻrgin-da, shishaga uni amalga oshirishni buyur. Agar shisha aytganingni bajarsa, uni sendan oʻzim sotib olaman. Chunki koʻpdan beri bir narsani oʻylab yuribman – shxunaga[5] ega boʻlib, orollar boʻylab savdo bilan shugʻullanish orzuim bor.
– Bu menga toʻgʻri kelmaydi, – dedi Keave. – Men oʻzim tugʻilib oʻsgan Kon sohilida chiroyli uyim va bogʻim boʻlishini istayman. Quyoshning charogʻon nurlari derazalardan toʻkilib tursa, bogʻda gullar chaman boʻlib ochilib yotsa, derazalarda oynalaru devorlarda suratlar, stol ustida anvoyi dasturxonlar va oʻyinchoqlar boʻlsa – xullas, hamma-hammasi men bugun koʻrgan uydagidek yaraqlab tursa... Hatto mening uyim undan bir qavat balandroq va har tomonidan xuddi qirol qasri kabi ayvonlar bilan oʻralgan boʻlishini xohlayman. Ana shunday uyda begʻam-betashvish, doʻstlarim va qarindoshlarim bilan shod-xurram hayot kechirsam deyman.
– Bunday qilamiz boʻlmasa, – dedi Lopaka. – Shishani Gavayiga oʻzimiz bilan olib ketaylik, agar orzularingning bari amalga oshsa, boya aytganimdek, shishani sendan sotib olaman va oʻzimga shxuna soʻrayman.

Ular shunga qaror qilishdi va tez orada kema Gonoluluga qaytib, Keave hamda Lopaka bilan birga shishani ham keltirdi.

Doʻstlar sohilga tushib ulgurmagandilar hamki, bandargohda bir tanish odamni uchratib qolishdi, u esa salom-alik tugar-tugamas, Keavedan koʻngil soʻray boshladi.
– Hech baloni tushunolmayapman, – dedi Keave, – nima uchun menga bunchalik hamdardlik bildirayapsan?
– Iye, xabaring yoʻqmi hali? – ajablandi tanish odam. – Axir, amaking... muhtaram qariya... vafot etdi... Keyin esa... koʻrkamgina bir jiyaning boʻlardi-ku... ana oʻsha dengizda choʻkib ketdi.

Keave nogahonda boshiga tushgan musibatdan shu zahotiyoq gʻamga botdi, oh-voh qilishga tushib, shishani ham unutib yubordi. Biroq Lopaka unutmagandi, Keave biroz oʻziga kelganida undan soʻradi:
– Shu tobda xayolimga bir fikr keldi – Gavayida, Kayu hududida amakingning yer-mulki yoʻqmidi mabodo?
– Yoʻq, – dedi Keave, – Kayuda yoʻq. Xookenadan sal janubroqda, togʻlik sohilda yer maydoni bor edi.
– Endi bu yer senga meros qoladimi? – soʻradi Lopaka.
– Ha, menga, – dedi Keave va yana marhum qarindoshlarini eslab, yigʻi-sigʻiga tushdi.
– Shoshma, – dedi Lopaka. – Birpasga oh-voh qilmay tur, xayolimga bir fikr keldi. Balki bularning bari shishaning ishidir-a? Chunki sen istagan uy uchun joy tayyor boʻlib turibdi!
– Agar shunday boʻlsa, shishaning bunaqangi yordamini boshimga uramanmi?! – deya qizishib ketdi Keave. – Men undan qarindoshlarimni oʻldirishini soʻraganmidim, axir! Ammo-lekin bu taxminingda jon bor – uyim xuddi oʻsha yerda boʻlishini orzu qilgandim.
– Biroq uy hali qurilmagan-ku? – dedi Lopaka.
– E, nimasini aytasan! – uf tortdi Keave. – Biror kun kelib qurilishi ham dargumon hali. Toʻgʻri, amakimning biroz qahva, ava, banan daraxtlari bor edi, ammo ularning hosili tirikchiligimga uchma-uch yetadi, xolos. Yer maydonining qolgan qismi esa qop-qora lavadan iborat.
– Qani, yur-chi, sarkor yoniga borib koʻraylik, – dedi Lopaka. – Har qalay, bu fikr menga tinchlik bermayapti.

Ular Sarkor yoniga borishganda esa birdan ma’lum boʻldiki, Keavening amakisi oʻlimi oldidan banogoh juda boyib ketibdi va oʻzidan katta davlat qoldiribdi.
– Mana senga uy qurish uchun mablagʻ! – xitob qildi Lopaka.
– Agar uy qurmoqchi boʻlsangiz, – dedi sarkor, – menda yangi me’morning tashrifnomasi bor, uni rosa maqtashayapti.
– Juda soz! – dedi Lopaka. – Koʻrayapsanmi, hamma narsa oldindan tayyorlab qoʻyilgan ekan. Shishaning aytganini qilish kerak, xolos.

Ular me’morning uyiga yoʻl olishdi, u esa xilma-xil uylarning chizmalarini allaqachonoq stol ustiga yoyib qoʻygan ekan.
– Siz boshqalariga oʻxshamaydigan gʻaroyib bir uy boʻlishini xohlayapsiz-a? – deb soʻradi me’mor. – U holda mana buni bir koʻring-chi.

Keave u uzatgan chizmaga bir qarashdayoq oʻzini tutolmay baland ovozda oh urib yubordi, chunki chizmada tasvirlangan bino uning orzularida namoyon boʻlgan uyning aynan oʻzginasi edi.

«Shu uy meniki boʻlishi kerak, – deb oʻyladi u. – Bilaman, bu qiyin ish, oʻzimning ham koʻnglim chopmayapti. Lekin ne choraki, shaytoniy kuchga bogʻlanib qolgan ekanman, aqalli biron nafi tegsin».

Shunda Keave me’morga nimalarni istayotganini, uyni qay tarzda jihozlash kerakligini tushuntira boshladi, devorga osiladigan suratlarni, stol ustida yotishi kerak boʻlgan oʻyinchoqlarni ham unutmadi. Keyin esa undan bu ishlarning bari qanchaga tushadi, deb dangaliga soʻradi.

Me’mor Keavega koʻplab xilma-xil savollar berdi, soʻngra qoʻliga qalam olib, hisob-kitob qilishga tushdi. Hisoblab boʻlganidan ke-yin u Keavega meros qolgan mablagʻning aynan oʻzini aytdi.

Lopaka bilan Keave bir-birlariga qarab qoʻyib, bosh irgʻashdi.

«Hammasi ayon endi, – deb oʻyladi Keave. – Xohlaymanmi, yoʻqmi, shu uy endi meniki boʻladi. Uni menga Iblis sovgʻa qildi va bu ishning oxiri yaxshilikka olib bormasligi aniq. Biroq men ham qat’iy ahd qilaman: shu shisha qoʻlimda ekan, bundan bu yogʻiga undan boshqa hech narsa soʻramayman. Shu uy mening boʻynimga tushdi, uni hech narsa qilolmayman endi. Shaytoniy kuchga bogʻlanib qolgan ekanman, juda boʻlmaganda shunga foydasi tegsin, axir».

U me’mor bilan shartnoma tuzdi va uni ikkovlari imzolashdi. Shundan keyin Keave bilan Lopaka yana kemaga yollanib, Avstraliyaga yoʻl olishdi. Chunki qurilishga aralashmaslik, uyni qanday barpo qilish va bezatishni me’mor bilan shishadagi shaytonga qoʻyib berish toʻgʻrisida oʻzaro qaror qilishgandi.

Ularning safari osoyishta kechdi, faqatgina Keave beixtiyor biron tilak-istak bildirib qoʻymaslik uchun doimo sergak turishiga toʻgʻri keldi, zotan, u bundan buyon iblisning biron-bir marhamatini qabul qilmaslikka qasam ichgandi. Ikki doʻst uyga oʻz muddatida qaytishdi. Me’mor uy tayyor boʻlganini aytdi va Keave bilan Lopaka «Nuh kemasi»ga chiqib, Kon sohillari boʻylab suzib ketishdi. Qani, yangi uy qanday ekan, Keave orzularida tasavvur qilgan uyga oʻxsharmikan?

Uy baland sohilda qurilgan boʻlib, dengizdan oʻtuvchi kemalarga juda yaxshi koʻrinib turardi. Chor atrofda oʻrmonlar naq bulutlarga boʻy choʻzgan, pastda – gʻorlarda qadimgi hukmdorlarning xoki yotgan darada qora lava oqimlari qotgan edi. Uy tevaragi gulzor boʻlib, kamalakning barcha ranglarida jilolanib turibdi. Mevali daraxtlar ham bor – uyning bir tomoniga non daraxtlari, boshqa tomoniga papayya ekilgan. Bino oldida, dengiz sohilida esa kema machtasi oʻrnatilgan boʻlib, tepasida bayroq hilpirab turibdi.

Uy uch qavatli, xonalari va har bir qavatdagi ayvonlari keng-moʻlgina. Derazalardagi oynalar suvdek tiniq va charogʻon kundek yorugʻ. Xonalarga chiroyli jihozlar qoʻyilgan. Devorlarga oltin halli gardishlarda suratlar osilgan boʻlib, ularda kemalar, dengiz janglari, yer yuzining turli chekkalaridagi gʻaroyib manzaralar aks ettirilgan yoki dunyodagi eng sohibjamol ayollar tasvirlangan. Keavening yangi uyidagi devorlarga qilgan bu suratlar shunaqangi yorqin boʻyoqlar bilan ishlanganki, bunaqasi yetti iqlimda ham topilmaydi.

Behisob oʻyinchoqlaru gʻaroyib buyumlarning ta’rifiga esa umuman soʻz yoʻq. Ohangdor zang chaluvchi soatlar, musiqali qutichalar, bosh chayqatuvchi mitti odamchalar, nafis va ajoyib boshqotirmalar bir kishi vaqtini koʻngilchogʻlik bilan oʻtkazishi uchun yetarli edi.

Biroq qasr nechogʻli ulugʻvor va hashamatli boʻlmasin, unda yashovchi odam xonama-xona kezib, ajoyibot-gʻaroyibotlarni tomosha qilaverib zerikadi baribir. Ana shu bois ham uy hamma tomonidan butun boshli shaharning aholisi bemalol va qulaygina joylasha olishi mumkin boʻlgan nihoyatda keng-moʻl ayvon bilan oʻrab olingan va undan chor-atrofni yayrab tomosha qilish mumkin edi.

Keave qaysi tomondagi ayvonni afzal koʻrishni bilmasdi. Negaki, uyning orqasidagi ayvondan mevazor bogʻlar va gulzorlarni koʻrib koʻzi quvnasa, togʻdan esayotgan mayin shabadadan koʻngli yayraydi. Uyning old tomonini bezab turgan ayvonda turganida esa u dengizning toza shimolidan bahramand boʻlar, tepalikdan ummonga qaraganida taxminan haftada bir marta Xookenadan Pele adirlariga yoʻl oluvchi «Nuh kemasi»ni yoki yogʻoch, ava hamda banan tashuvchi shxunalar sohilboʻyi suvlarida suzib yurganini tomosha qilar edi.

Keave bilan Lopaka hamma narsani koʻzdan kechirib chiqqach, orqa ayvonga oʻtib oʻtirishdi.
– Xoʻsh, qalay? – deb soʻradi Lopaka. – Orzularingga mos keldimi?
– Lolu hayronman, – deya javob qildi Keave. – Bu hatto orzularimdagidan ham ziyoda boʻlibdi, shu qadar xursandmanki, naq boshim aylanib ketayapti.
– Meni esa bir narsa oʻylantirayapti, – dedi Lopaka. – Shularning bari oʻz-oʻzidan kelishi ham mumkin edi, balki bu oʻrinda shishadagi iblisning hech qanday daxli yoʻqdir. U holda men shishani sotib olganim bilan shxunani yetti uxlab tushimda ham koʻrmayman, ikki oʻrtada jahannam azobini oʻz ixtiyorim bilan boʻynimga olganim qoladi, xolos. Toʻgʻri, shishani sotib olaman, deb senga soʻz berganman, ammo sen ham ahvolimni tushunishga urin va men uchun yana bitta sinov oʻtkazib ber.
– Lekin shishadan endi hech qanday sovgʻa olmayman, deb qasam ichganman-ku, axir! Oʻzi shundogʻam qulogʻimgacha gunohga botib ketganman.
– E, men sovgʻalarni mutlaqo oʻylayotganim yoʻq, – javob qildi Lopaka. – Shaytonning oʻzini bir zumgina koʻrsam kifoya. Buning senga hech qanday foydasi tegmaydi, demakki, xavotir olishingga ham oʻrin yoʻq. Shunchaki, unga birrovgina koʻz qirimni tashlasam, bu ishga boʻlgan ishonchim ortadi deyman-da. Kel endi, ogʻayni, shaytonni bir koʻrsata qol. Keyin oʻsha zahotiyoq sendan shishani sotib olaman, mana, pulim ham tayyor.
– Men boshqa narsadan xavotirman, – dedi Keave. – Shaytonning qiyofasi balki nihoyatda dahshatlidir, unga shundoqqina qaraganing-dayoq shishani sotib olishdan voz kechib qolishing hech gap emas.
– Soʻzim – soʻz! – deya javob qildi Lopaka qat’iylik bilan. – Mana pulim ham tayyor deyapman-ku, axir.
– Boʻpti unaqada, – dedi Keave. – Unga bir nazar tashlashga oʻzimam qiziqayapman. Shayton janoblari, sizni birrovgina koʻrishimizga ijozat etsangiz!

U shunday deyishi bilan shayton shisha ichidan bir qaradi-yu, shu zahotiyoq yana gʻoyib boʻldi. Keave bilan Lopaka esa tosh qotgancha qolishdi. Hatto kech kirdi hamki, ular oʻzlariga kelisholmas, tillari aylanmasdi. Va nihoyat, Lopaka pulni oʻrtogʻining yoniga surib qoʻyib, shishani oldi.
– Men halol odamman, soʻzimda turishim kerak, – dedi u. – Aks holda mana bu narsaga qoʻlimni ham tekkizmagan boʻlardim. Mayli, nachora, boshga tushganni koʻz koʻrar ekan. Shxuna bilan ozroq pulga ega boʻlsam bas, oʻsha zahotiyoq manavi la’natini oʻzimdan soqit qilaman. Chunki, ochigʻini aytganda, uni koʻrgan zamonim tepa sochim tippa-tik boʻlib ketdi.
– Lopaka, – dedi Keave, – koʻnglingga ogʻir olmagin-u, ammo bitta gapni aytmasam boʻlmaydi sirayam. Hozir tun, yoʻl yomon, ustiga-ustak, bemahalda qabriston yonidan oʻtish bexosiyat hisoblanadi – bularning barini men juda yaxshi tushunib turibman. Biroq anavining maraz turqi-tarovatini koʻrganimdan keyin toki bu shisha shu yerda ekan, na yegan-ichganimda halovat boʻladi, na orom topaman va na Parvardigorga iltijo qila olaman. Yoʻlingga fonus, shisha solib olishing uchun savat beray, boz ustiga shu uyda koʻnglingga yoqqan nima boʻlsa – har qanday suratni, har qanday eng ajoyib buyumni olishing mumkin, faqat, Xudo haqqi, bu yerdan tezroq joʻnab ketgin-u, Xookenada Naxinaning uyida tunay qol!
– Keave, – dedi Lopaka, – mening oʻrnimda har qanday odam bu gapingdan keyin sendan qattiq ranjigan boʻlardi. Negaki, men senga nisbatan sadoqatli doʻstning ishini qildim – soʻzimda turib, shishani sotib oldim. Bu yogʻi yarim kecha, hammayoq zim-ziyo, qabriston yoqalab oʻtuvchi yoʻl esa gardanida gunohi va qoʻltigʻida shaytonli shishasi boʻlgan mendek odam uchun yuz karra, ming karra dahshatliroq. Ammo oʻzim ham qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ titrayotganim uchun seni ayblay olmayman. Ketar ekanman, Parvardigordan iltijo qilamanki, sen shu uyda baxtli hayot kechirgin, mening shxunadan omadim chopsin va har ikkovimiz ham umrimizni yashab boʻlganimizdan keyin jamiki jinlaru shishalarga qasdma-qasd oʻlaroq jannatga tushaylik.

Lopaka shunday degach, otini togʻdan pastga qarab choptirib ketdi, Keave esa ayvonda tuyoqlar dupuriga quloq tutganicha, qadimgi hukm-dorlar xoki yotgan qoya ostida fonus yogʻdusi miltillab borayotganini kuzatib turardi. Keyin, shu turganicha, yaproqdek titragan koʻyi kaftlarini jipslashtirib, shunday baloi azimdan qutulgani uchun Parvardigorga hamdu sanolar ayta boshladi.

Biroq ertasiga charogʻon, begʻubor tong otdi va Keave yangi uyidan hanuz hayratlangancha, qoʻrquvlarini unutib ham yubordi. Shundan soʻng kun ketidan kun oʻta boshladi, Keave yangi uyida yashar, shodligining cheki yoʻq edi. Orqa tomondagi ayvon uning sevimli joyiga aylandi: u shu yerda ovqatlanar, butun vaqtini oʻtkazardi. Gonolulu gazetalarini oʻqib, turli voqea-hodisalardan xabar topardi.

Uni koʻrgani kimlardir kelib qolsa, ularni aylantirib, butun uyni, suratlarni koʻrsatardi. Keave uyining ovozasi olis-olislarga yetib bordi va Kon orolining barcha aholisi uning qasrini Ka-Xale-Nui, ya’ni «Mashhur Uy» deb atay boshlashdi, ba’zan esa yana «Yarqiroq Uy» deb ham atashardi.

Keyingi nomning sababi shundaki, Keave xitoy xizmatkor yollagan, u esa Xudoning bergan kuni uyning hamma yeridagi chang-chunglarni artib, barcha narsani koʻz olgudek yaraqlatib chiqardi. Chiroyli oʻyinchoqlaru suratlar ham, deraza oynalariyu oltin hallar ham – bari-bari baayni tong nurlaridek charaqlab turardi. Keavening oʻzi esa xonama-xona aylanib yurar ekan, quvonch-shodligi yuragiga sigʻmay, beixtiyor qoʻshiq kuylab yuborardi. Uyi yonidan kemalar suzib oʻtayotganida esa u oʻz machtasidagi bayrogʻini koʻtarar edi.

Vaqt shunday oʻtib borar ekan, bir kuni Keave uzoqqa ham emas, yaqinga ham emas, balki Kamluaga yor-birodarlarini koʻrib kelish uchun yoʻlga otlandi. U yerda Keaveni yaxshilab mehmon qilishdi, ammo shunga qaramay, u ertalab turgan zahotiyoq orqaga qaytib, otini yeldek uchirib ketdi – oʻzining ajoyib uyini yana bir koʻrish uchun shunchalik oshiqardi. Aksiga olib oʻsha kun, qadimgi rivoyatlarda aytilishicha, ajdodlarning arvohlari qabrlardan chiqib, Kon sohillarida daydib yuradigan tunning arafasi edi. Bir gal shaytonga aylanishib qolgan Keave esa bu gal marhumlar davrasiga tushib qolishni aslo-aslo istamasdi.

U mana shu tariqa, Xonauanuni ham ortda qoldirib ot choptirib borar ekan, toʻsatdan olisda – dengizda, shundoqqina sohil yoqasida qandaydir bir ayol choʻmilayotganiga koʻzi tushdi. Nazarida u yosh, ammo yetilgan qiz boʻlib tuyuldi, Keave shundan boshqa narsani oʻylagani yoʻq. Shu zaylda ot uni uchirib borar ekan, avval oq koʻylak, keyin qizil yubka – xoloku koʻzga chalindi: qiz suvdan chiqib kiyinayotgan edi.

Keave yetib borganida u choʻmilishdan keyin guldek ochilib, qizil yubkasida yoʻl chekkasida turar, koʻzlari kulib, nigohidan bokiralik, nafosat taralar edi. Keave qizga koʻzi tushgan zahoti ot jilovini tortdi.
– Bu atrofda yashovchilarning hammasini bilaman, deb oʻylardim, – dedi u. – Ammo seni tanimas ekanman, kimsan oʻzing?
– Men Kianoning qizi Kokua boʻlaman, – deya javob qildi qiz. – Oaxudan uyga endi kelib turishim. Oʻzing kimsan?
– Men kimligimni aytaman, – dedi Keave otdan sakrab tushib, – faqat hozir emas, sal keyinroq. Chunki koʻnglimga bir fikr keldi, agar kimligimni aytsam, toʻgʻri javob bermaysan, degan xavotirdaman. Sababi – balki men haqimda eshitgan chiqarsan. Biroq avvalambor shuni aytgin-chi: turmush qilganmisan?

Kokua bu gapni eshitib, kulib yubordi.
– Hamma narsani bilging kelayapti, – dedi u. – Oʻzing-chi – uylanmaganmisan?
– Yoʻq, Kokua, uylanmaganman, – deb javob berdi Keave. – Ochigʻini aytganda, uylanish haqida to shu daqiqagacha hech qachon oʻylab koʻrmagan ekanman. Ammo senga asl haqiqatni aytaman: seni shu yerda, yoʻl yoqasida uchratdim, yulduz koʻzlaringni koʻrdim-u, yuragim qafasdagi qushdek potirlab sen tomon intildi. Mana endi, agar senga ma’qul tushmagan boʻlsam, dangalini aytaver, men indamay oʻz yoʻlimga ketaman. Lekin, agar sening nazaringda boshqa yigitlardan kam jo-yim yoʻq boʻlsa – uni bildir. Men yoʻlimdan burilib, bu kecha otangning mehmoni boʻlay, keyin ertalab turib, muhtaram padari buzrukvoringdan sening qoʻlingni soʻray.

Kokua uning bu gaplariga hech nima demadi, faqat dengizga, olis-olislarga tikilgancha, jilmayib qoʻydi.
– Sukut alomati rizo, – dedi Keave. – Unaqada, Kokua, uyingga yoʻl boshla, otangning huzuriga birgalashib kiraylik.

Qiz hanuz sukut saqlaganicha oldinga oʻtib yoʻl boshladi, keyin ikki marta oʻgirilib, yigitga bir zum koʻz tashladi va yana oʻz yoʻliga qaragancha, shlyapasining bogʻichini tishlagan koʻyi ketaverdi. Ular uyga yaqinlashganlarida Kiano ayvonga chiqib, Kokua Keavening nomini aytib, baland ovozda soʻrashdi. Ana shunda Kokua Keavega koʻzlarini katta-katta ochganicha qarab qoldi, chunki uning ajoyib uyi haqidagi ovozalar qizga ham yetib kelgandi. Qaramasinmi yana!

Ular butun oqshomni birgalikda nihoyatda shod-hurramlik bilan oʻtkazishdi. Ota-onasining oldida qizning tili ochilib ketib, Keavega hazil-huzul qila boshladi, aqli oʻtkir, tiyrakkina, ziyrakkina ekan. Ertasiga esa Keave Kiano bilan gaplashib oldi, keyin qizni izlab, yolgʻiz holda topdi.
– Kokua, – dedi u, – kecha butun oqshom ustimdan kulib oʻtirding. «Meni tinch qoʻygin-u, oʻz yoʻlingga ketaver», demoqchi boʻlsang, hali ham kech emas. Kecha kimligimni aytgim kelmadi, chunki chiroyli uyim bor va u sening xayolingni mendan – seni sevadigan odamdan ham koʻproq egallab qoʻyishidan xavfsiradim. Mana endi senga hammasi ma’lum, agar qoramni oʻchirishimni istasang, ochigʻini aytib qoʻya qol.
– Yoʻq, – dedi Kokua.

Bu gal u kulmadi, Keave ham boshqa hech nimani soʻramadi.

Ikkovlari ana shu tariqa unashtirildi. Hamma narsa juda tez roʻy berdi, lekin yoy oʻqi ham tez uchadi, miltiq oʻqi esa yanada uchqurroq, biroq har ikkalasi nishonga tegishi mumkin. Ha, barchasi juda shitob bilan yuz berdi, biroq ayni paytda juda koʻp narsa amalga oshdi.

Endi qizning qalbini Keave haqidagi oʻy-fikrlar asir etgandi, qora lava ustiga bostirib keluvchi dengiz toʻlqinlari guldurosi ichra shu yigitning ovozi eshitilardi. Endi Kokua hayotida bor-yoʻgʻi ikki marta koʻrgani shu odam uchun ota-onasini, tugʻilib oʻsgan uyini ham tark etishga tayyor edi.

Xoʻsh, Keavening oʻzi-chi?! U qadimgi daxmalar yonidan oʻtgan togʻ soʻqmogʻida ot yoʻrttirib borar ekan, shodon qoʻshigʻi marhumlar xoki yotgan gʻorlarda aks-sado berardi. Keave oʻzining «Yarqiroq Uy»iga qanot chiqargandek uchib kelganida ham qoʻshiq aytishdan toʻxtagani yoʻq.

Keng-moʻl ayvonda kechki ovqatni tanovul qilayotganida ham shunday boʻldi, xitoy xizmatkor xoʻjayini har ikki luqma orasida qoʻshiq aytayotganidan ajablanardi. Quyosh dengizga botib, tun ham kirdi, Keave esa baland sohildagi uyining ayvonlarida fonuslar yogʻdusida hanuz aylanib yurar ekan, qoʻshigʻining sadolari shu yaqin oradan suzib oʻtayotgan kemalardagi dengizchilar koʻngliga gʻulgʻula solardi.

«Men yuksak-yuksakliklarga koʻtarildim, – derdi Keave oʻziga-oʻzi. – Hayot bundan ham goʻzalroq boʻlishi mumkin emas; men togʻ choʻqqisida turibman, bu yerdan yuqoriga yoʻl yoʻq – faqat pastga yoʻl bor, xolos. Bugun ilk bora barcha xonalarni chiroq yoqib charogʻon qilishni buyuraman, issiq-sovuq suvli chiroyli hovuzimda choʻmilaman va yotoqxonamdagi nikoh toʻshagiga yolgʻiz oʻzim yotaman».

U xitoy xizmatkorini uygʻotib, hammomni tayyorlashni buyurdi, xizmatkor pastda qozonga oʻt qalar ekan, xoʻjayini yuqorida, charogʻon xonalarda baxtdan entikib qoʻshiq aytayotganini eshitib turardi. Suv isiganida xizmatkor xoʻjayinni chaqirdi va Keave choʻmilishga oʻtdi. Xizmatkor xoʻjayini marmar hovuzga suv toʻldirayotib ham qoʻshiq aytayotganini eshitib turardi. Keyin qoʻshiq birdan uzildi.

Xizmatkor u yana yangrashini butun vujudi quloqqa aylanib kutib turaverdi va oxiri, pastda turgan joyidan xoʻjayinni chaqirib, hamma narsa joyidami, deb soʻradi. Keave «ha» dedi-da, xizmatkorga uxlashni buyurdi. Biroq endi «Yarqiroq Uy»da qoʻshiq boshqa eshitilmadi. Xitoy xizmatkor uning xoʻjayini butun tunni bedor oʻtkazib naq tongga qadar ayvonlarni kezib yurganini sezib turardi.

Ana endi nima gapligini eshiting. Keave choʻmilish uchun yechinganida qoyada yoʻsin paydo boʻlganidek tanasida bir dogʻ paydo boʻlganini koʻrib qoldi. Ana shunda u qoʻshiq aytishdan toʻxtadi. Negaki u yoʻsinga oʻxshash bu dogʻ nimaligini bilardi; «xitoycha kasal»ga, oddiyroq qilib aytganda, moxov dardiga yoʻliqqanini anglab yetgandi.

Nimayam derdik, bunday xastalik – har qanday odam uchun katta baxtsizlik. Bunday achchiq qismatga uchraganlar oʻzining chiroyli va shinam uyini tark etishi, barcha yor-doʻstlaridan ayrilishi hamda Molokai orolining dengiz toʻlqinlari yalang qoyalarga gulduros bilan urilib yotgan shimoliy sohiliga koʻchib borishi kerak.

Shoʻring qurgʻur Keave boyaqish! Peshonasiga bitilgan qayligʻini kuni kechagina topgan, uning muhabbatiga shu bugun ertalab sazovor boʻlgandi-ya! Mana endi jamiki orzu-umidlari, shirin xayollari shishadek chilparchin boʻlib turibdi!

U marmar hovuz labida uzoq oʻtirdi, keyin faryod bilan oh urib sakrab turdi va tashqariga otildi; gʻam-tashvishlardan ezilgan koʻyi ayvonlarda yana uzoq vaqt giryon kezindi.

«Ajdodlarimning vatani boʻlgan Gavayini taqdirga nola qilmay tark etishim mumkin, – deb oʻylardi Keave. – Qismatimga lom-mim demay boʻysunishim, shu uyni, baland sohilda qad koʻtargan koʻp derazali shu ajoyib uyimni ham tashlab ketishim mumkin. Zarracha noshukurchilik qilmay, Molokaiga, yalang qoyalar orasida yoʻqolib ketgan oʻsha Klaupapuga yoʻl olishim, oʻsha yerda dahshatli dardga mubtalo boʻlganlar orasida qolgan umrimni bir amallab yashab oʻtishim va oʻsha yerda, ota-bobolarimning yeridan yiroq-yiroqlarda abadiy uyquga ketishim ham mumkin.

Biroq qaysi yovuz ishlarim uchun, qaysi gunohlarim uchun kuni kechagina Kokuani, dengizda choʻmilib, suvdan gul-gul yashnab chiqib kelayotgan shu qizni uchratishim lozim edi? Oh, Kokua, halovatimni olgan qiz! Hayotimning mazmuniga aylangan malak! Endi men seni hech qachon koʻra olmayman, menikisan deb hech qachon ayta olmayman, endi hech qachon bagʻrimga bosib erkalata olmayman! Endi faqatgina seni deb, seni oʻylab, kuyib-yonib oʻtaman, o, Kokua!»

Keave qanday odamligini endi tushunib olgandirsiz. U oʻzining «Yarqiroq Uy»ida bir umr begʻam-betashvish yashashi mumkin edi, bedavo dardga chalinganidan hech kim xabar topmasdi. Ammo Kokuadan ayrilganidan keyin bu hayotning nima qizigʻi bor unga! U yana, kasalligini yashirib, Kokuaga uylanishi ham mumkin edi, koʻpchilik shunday qilgan boʻlardi ham, chunki ular chirkin qalb egalaridir. Biroq Keave qizni mard erkaklarga xos fidoyilik bilan sevadi, uning hayotini xatarga qoʻyishni, diliga ozor yetkazishni hatto xa-yoliga ham keltirolmaydi.

Shu zaylda oʻtirar ekan, vaqt yarim tundan oshgan paytida Keave birdaniga shishani eslab qoldi. Keyin uyning orqa ayvoniga oʻtib, uning soʻrovi bilan shisha ichidagi shayton oʻzini koʻrsatgan kunni xotirasida tiklashga urina boshladi. Keave oʻsha kunni koʻz oldiga keltirdi va ayni paytda tomirlarida yugurayotgan qon muzlab qolgandek tuyuldi.

«Bu shisha – dahshatli narsa, – deb oʻylardi u, – shayton ham, jahannam alangasida abadiy yonish ham dahshat. Biroq, bu dardi bedavodan forigʻ boʻlishim va Kokuaga uylanishim uchun boshqa qanday yoʻl bor, axir? Nachora, modomiki, shu uy uchungina shaytonga bogʻlanib qolishdan choʻchimagan ekanman, Kokuaga yetish yoʻlida uning xizmatidan yana bir bor foydalansam nima boʻlibdi?»

Shu lahzada Keave «Nuh kemasi» aynan ertaga Gonoluluga qaytishini eslab qoldi.

«Darhol Gonoluluga yoʻl olishim va Lokakani izlab topishim kerak, – deb oʻyladi u. – Endi bor-yoʻq umidim ana shu shishadan. Bir vaqtlari undan qutulishni qanchalik xohlagan boʻlsam, uni yana qoʻlga olishni shunchalik xohlayman».

Keave shu kecha mijja qoqmay chiqdi, ertalab tomogʻidan biron luqma oʻtmadi. U shosha-pisha Kianoga maktub yozdi va otga minib, togʻ soʻqmogʻi boʻylab, ajdodlar xoki yotgan qoyani aylanib oʻtib, pastga – kema keladigan joyga tushib bordi. Yomgʻir yogʻar, ot yoʻrtib borar, Keave esa gʻorlarning qop-qorongʻi ogʻziga tikilar ekan, ichkarida qaygʻu-alam nimaligini bilmay, abadiy uyquga ketgan marhumlarga havas qilardi. Atigi bir kungina avval shu yerdan shod-masrur holda ot choptirib oʻtganini eslar va bunga ishongisi kelmasdi.

Keave ana shu xayollar bilan Xookenaga yetib bordi, u yerda esa odatdagidek, paroxod kelishini kutib olgani har tomondan odam toʻplangan edi. Hamma doʻkon oldidagi bostirma ostiga joylashgan, oʻzaro hazil-huzul qilib, yangiliklardan gaplashib oʻtirishardi. Yuragini it tirnayotgan Keavegina gap-soʻzlarga aralashmas, boshqalar qatori oʻtirgan koʻyi tomlarni yuvayotgan yomgʻirga, qoyalar oraligʻida qaynab yotgan toʻlqinlarga tikilar, ahyon-ahyonda ogʻir-ogʻir xoʻrsinib qoʻyardi.
– «Yarqiroq Uy»da yashovchi Keavening bugun mashqi pastroq, – deya oʻzaro shivirlashardi odamlar. Nachora, chindan ham shunday, boshqacha boʻlishi mumkin ham emasdi.

Shundan soʻng paroxod keldi va Keave qayiqda unga yetib oldi. Kemaning quyruq qismi xaole – oq tanlilarga toʻla, ular oʻz odatlari boʻyicha vulqon otilishini tomosha qilgani kelishgan. Palubaning oʻrta qismiga kanaklar[6] tiqilib ketgan, tumshuq qismi esa Xilodan keltirilayotgan yovvoyi buqalar va Kayudan olingan otlar bilan band.

Gʻam-gʻussadan ezilgan Keave hech kimga aralashmay bir chekkada oʻtirar, sohilda Kianoning uyi qachon koʻrinishini kutardi. Mana, shundoqqina dengiz qirgʻogʻida, qop-qora qoyalar oraligʻida, kokos palmalari soyasidagi uy koʻrindi. Eshik oldida esa uzoqdan xuddi kapalakdek boʻlib qizil yubka koʻzga tashlanar, u baayni haqiqiy kapalakdek uchib qoʻnar, tinmay parvoz qilar edi.
– O, qalbim sohibasi! – deya xitob qildi Keave. – Senga yetishish yoʻlida men iymonimni sotishga ham tayyorman!

Tez orada kech kirdi, kayutalarda chiroqlar yoqilib, xaole[7] oʻz odatlariga koʻra viski ichib, qarta oʻynashga kirishdi. Keave esa butun tunni va ertasiga paroxod Maun va Molokaini aylanib oʻtar ekan, butun kunni ham palubani kezib oʻtkazdi. Bir yerda tinch oʻtirolmas, qafasga tushib qolgan qoplon misoli bezovtalanib, oʻzini qayerga qoʻyishni bilmasdi.

Qosh qoraygan mahalda ular Olmos Burundan oʻtib, Gonolulu gavaniga kirib borishdi. Keave yoʻlovchilar olomoni bilan birgalikda sohilga tushdi va shu zahotiyoq Lopakani izlashga kirishdi. Biroq ma’lum boʻlishicha, Lopaka shxuna sotib olib – bunaqa chiroylisi butun orollarda yoʻq emish! – qayergadir olis safarga: Pola-polagami yoki Kaxnikigami, joʻnab ketibdi. Endi uni topish amrimahol edi.

Shu oʻrinda Keave Lopakaning bir doʻsti – shu shaharda yashovchi sarkorni (ismini aytmay qoʻya qolay) eslab qolib, oʻshani surishtira boshladi. Unga aytishlaricha, bu odam birdaniga nihoyatda boyib ketibdi va oʻziga Vaykini sohilidan chiroyli bir yangi uy sotib olibdi. Bu xabar Keaveni oʻylantirib qoʻydi va u izvosh yollab, oʻsha uyni izlab ketdi.

Uy ham, bogʻ ham yap-yangi, endigina barpo qilingani yaqqol koʻrinib turar, uy egasi ham mamnun-shod qiyofada edi.
– Xoʻsh, xizmat? – deb soʻradi u.
– Siz Lopakaning doʻstisiz, – dedi Keave, – u esa mendan bir narsani sotib olgandi. Oʻsha narsani izlab topishimda menga yordam berarsiz, degan umidda keluvdim.

Uy egasining chehrasi shu zahotiyoq tundlashdi.
– Mister Keave, – dedi u. – Oʻzimni ovsarlikka solib, gap nima haqida borayotganini bilmayotgandek koʻrsatmay qoʻya qolay. Bu ish gʻoyat shubhali va oxiri baxayr boʻlmasligi aniq, faqat, ishoning, men aniq bir narsa aytolmayman, lekin ayrim narsalarni taxmin qilishim mumkin. Menimcha, ba’zi joylardan soʻrab-surishtirib, qoʻshimcha narsalarni bilib olishingiz mumkin, deb oʻylayman.

U shunday deb Keavega bir odamning nomini aytdi, keling, uni ham oshkor etmay qoʻya qolaylik. U yogʻiga shu zaylda ketaverdi, Keave Xudoning bergan kuni bir odamdan ikkinchisiga borar, u esa oʻz navbatida yana boshqasiga yoʻllar edi. U hamma joyda yangi liboslarni va yangi ekipajlarni, chiroyli yangi uylarni va bagʻoyat baxtli odamlarni uchratardi. Biroq Keave nima ish bilan kelganini aytgan zahotiyoq bu odamlarning shodon chehrasini goʻyo koʻlanka qoplab olgandek boʻlardi.

«Shishaning iziga tushganim aniq, – deb oʻylardi Keave. – Mana shu boyliklarning bari – shaytonning tuhfasi, bu odamlarning mamnun qiyofasi esa ular xohlagan narsalarini qoʻlga kiritgach, la’nati shishadan eson-omon qutulib olganlaridan dalolat beradi. Qachonki rangpar chehrani uchratsam va ogʻir xoʻrsinishlarni eshitsam, ana oʻshandagina maqsadimga yaqinlashgan boʻlaman».

Va nihoyat, Keaveni Beritaniya-stritda yashovchi oq tanli bir odamning uyiga yoʻllashdi. Keave u yerga yetib borganida kechki ovqat mahali boʻlib qolgandi. Bu joyda ham u odatdagidek yangi uyni, yangi bogʻni, elektr chiroqlaridan charogʻon derazalarni koʻrdi. Biroq uy egasi chiqib kelganida Keavening yuragi orqasiga tortib ketdi, chunki uning qarshisida koʻzlari kirtayib, ich-ichiga tushgan, sochlari parishon, rangi murdanikidek oppoq bir oʻsmir turardi. Uning qiyofasi boshdan-oyoq xuddi oʻlimga hukm qilingan odamning qiyofasini eslatardi.

«Shisha shu yerdaligi aniq», – deb oʻyladi Keave va bu odamning oldida oʻz niyatini yashirib oʻtirmadi.
– Men shishani sotib olgani keldim, – dedi u.

Beritaniya-stritda yashovchi oq tanli oʻsmir bu gapni eshitib, kalovlanib qoldi va beixtiyor devorga suyandi.
– Shisha deysizmi? – shivirladi u. – Sotib olmoqchimisiz? – U boʻgʻilib ovozi chiqmay qoldi, keyin Keavening qoʻlidan mahkam changallaganicha ichkariga sudrab kirdi, soʻngra ikkita stakanni olib, sharobga toʻldirdi.

Oʻz vaqtida oq tanlilar bilan koʻp osh-qatiq boʻlib koʻnikib qolgan Keave tortinib oʻtirmadi.
– Salomat boʻlsinlar! – deb ichib yubordi va keyin qoʻshib qoʻydi: – Ha, men shishani sotib olgani keldim. Bahosi qancha hozir?

Oʻsmir bu gapni eshitib, qoʻlidagi stakanni tushirib yubordi, soʻngra Keavega xuddi arvohni koʻrayotgandek qarab qoldi.
– Bahosi? – arang xitob qildi u. – Qancha deysizmi? Nima, uning narxini bilmaysizmi hali?
– Bilganimda soʻrab oʻtirarmidim, – e’tiroz qildi Keave. – Lekin buning nimasi sizni xavotirga solayapti? Shishaning narxiga bir balo boʻlgani yoʻqmi, ishqilib?
– Uning narxi judayam tushib ketgan, mister Keave, – yigitga tutila-tutila arang soʻzlardi.
– Nima boʻpti, kamroq toʻlar ekanman-da, – dedi Keave. – Uni qanchaga olgandingiz oʻzi?

Oʻsmirning rangi dokadek oqarib ketgandi.
– Ikki tsentga, – pichirladi u.
– Nima? – dedi qichqirib yubordi Keave. – Ikki tsentga deysizmi? Shoshmang, bundan chiqdi, siz endi shishani faqat bir tsentga sota olasiz, toʻgʻrimi? Uni sotib olgan odam esa... – Keavening nafasi ichiga tushib ketdi. – Demakki, bu shishani sotib olgan odam uni hech qachon boshqa birovga sota olmaydi! Shisha ham, ichidagi shayton oʻsha badbaxtning qoʻlida oʻla-oʻlgunicha qoladi, boyaqish omonatini topshirishi bilanoq uni doʻzaxga sudrab ketishadi!

Beritaniya-stritda yashovchi oq tanli oʻsmir Keavening oldida tiz choʻkdi.
– Xudo haqi oʻtinaman, uni sotib oling! – deb yolvorardi u. – Uning yoniga qoʻshib bor boyligimni ham beray. Shishani shu narxda sotib olganimda telbaning oʻzi edim. Davlatning pulini oʻzlashtirib qoʻygandim oʻshanda, agar shu shishani sotib olmaganimda turmaga qamalishim tayin edi.
– Oh, bechora-ya! – dedi Keave. – Qingʻir ishing uchun qonuniy jazo olishdan qochib, shu dahshatli ishga qoʻl urgansan, iymoningni sotgansan! Shunday ekan, muhabbat kutib turgan paytda men ikkilanib oʻtiraymi? Qani, ol shishani, qaytimni ham ber – uni tayyor qilib qoʻyganingni bilaman. Mana senga besh tsentlik tanga!

Keave toʻgʻri topgan, oʻsmir stol tortmasida qaytimni tayyorlab qoʻygan ekan. Shisha qoʻldan-qoʻlga oʻtdi va barmoqlari uning ingichka boʻynidan tutgan zahotiyoq Keave shaytonga shipshib, dahshatli kasallikdan xalos boʻlish istagini bildirdi. U yogʻiga nima boʻldi, deb oʻylaysiz? U mehmonxonadagi xonasiga qaytishi bilanoq yechinib, badanini koʻzguga tutdi: terisi xuddi chaqaloqnikidek top-toza edi.

Biroq gʻalati hol yuz berdi, shu moʻ‘jiza amalga oshgan zahotiyoq Keavening qalbida hamma narsa ostin-ustun boʻlib ketdi. Endi uning nazarida moxovlik dardi ham arzimagandek tuyular, hatto Kokuani ham deyarli eslamay qoʻygandi. Endi yakkayu yagona bir fikr unga tinchlik bermas – iblis va shisha bilan umrining oxirigacha bogʻlanib qolganini, jahannamning abadiy alangasi hamda otash choʻgʻlaridan endi uni hech nima qutqara olmasligini oʻylagani-oʻylagan edi. Uning koʻz oʻngida doʻzax olovi lovullagani-lovullagan, qalbi karaxt holga kelib, butun yorugʻ dunyo zimziyo zulmat boʻlib koʻrinardi.

Keave birmuncha oʻziga kelganida kech kirgan, mehmonxonada orkestr kuy-qoʻshiq ijro etishni boshlagan edi. U musiqa ohanglari tomon yurdi, chunki oʻzining gʻam-tashvishlari bilan yolgʻiz qolishdan choʻchirdi. Oʻsha yerda, shodon chehrali odamlar orasida halovat bilmay daydib yurar ekan, musiqa sadolari goh balandlashib, goh pasayishini eshitar, dirijyor qoʻlidagi tayoqchasini sadolarga monand holda oʻynatishini koʻrardi. Ammo doimo quloqlariga doʻzax alangasining guvillashi eshitilar, koʻzlariga jahannamning qop-qora qa’ridan otilib chiqayotgan olov tillari koʻrinardi, xolos.

Shu payt orkestr «Ki-ki-ao-ao» qoʻshigʻini boshlab yubordi. Bu qoʻshiqni Keave Kokua bilan birgalikda koʻp bora kuylagandi, mana endi tanish ohanglar unga dalda berayotgandek boʻldi.

«Oʻtgan ishga salovat, – deb oʻyladi u, – shu ishga jazm etibmanmi, loaqal biron foydasi tegsin».

Keave birinchi poroxodda Gavayiga qaytdi va paysalga solib oʻtirmay Kokua bilan toʻyini oʻtkazdi, keyin uni togʻlar choʻqqisida qad koʻtargan «Yarqiroq Uy»iga olib keldi.

Xullasi kalom, Keave bilan Kokua birga yashay boshlashdi. Ikkovlari birgalik paytlarida Keavening dard-gʻamlari biroz pasaygandek boʻlar, ammo yolgʻiz oʻzi qoldi deguncha, yana dahshatli fikrlar uning butun borligʻini iskanjaga olib tilkalay boshlar, yana quloqlariga doʻzax alangasining guvillashi eshitilar, koʻzlariga jahannam qa’ridan otilib chiqayotgan alanga tillari koʻrinaverardi.

Qiz esa butun borligʻi bilan Keavega bogʻlanib qoldi, uni koʻrdi deguncha qalbi oʻz-oʻzidan kuylab ketar, qoʻllari uning qoʻllariga intilardi. Kokua boshdan-oyoq shu qadar ochilib-yashnab ketgan ediki, bu beqiyos goʻzallikka koʻzi tushgan odam shodon tabassum qilmay turolmasdi. Qiz nihoyatda muloyim, ochiqkoʻngil, har qanday odam uchun bir ogʻiz shirin soʻz topa olardi.

Kokua koʻplab qoʻshiqlarni bilar, «Yarqiroq Uy»ning uchchala qavati boʻylab qushchadek uchib-qoʻnib kuylar, shu yerdagi hamma narsadan ham oʻzi koʻproq yaraqlab koʻrinardi. Keave unga qarab, qoʻshiqlarini eshitib, baxtidan entikar, keyin esa biroq pastqam, koʻzdan pana joy topib, yana iztiroblarga berilar, bu baxt unga qanchalik qimmatga tushganini oʻylab, yurak-bagʻri pora-pora boʻlar, oh urib, faryod chekardi.

Keyin yana koʻz yoshlarini quritib, yuzlarini chayib, Kokuaning yoniga kelar, keng-moʻl ayvonda uning yonida oʻtirib, qoʻshigʻiga joʻr boʻlar, ichini it tirnab turgan boʻlsa ham uning tabassumiga tabassum bilan javob qaytarar edi.

Biroq asta-sekin vaqt oʻtib, shunday kunlar keldiki, Kokua uy boʻylab avvallari kabi kapalakdek parvoz qilmay qoʻydi. Qoʻshiq aytishlari ham ancha kamayib qoldi. Endilikda Keavening oʻzigina biron burchakda oh-voh qilmas, ikkovlari ham bir-birlaridan uzoqlashishga urinishar, shundoq mahobatli «Yarqiroq Uy»ning qarama-qarshi ikki chekkasidagi ayvonlarda oʻtirishar edi.

Keave oʻzining dardi dunyosiga shu qadar shoʻngʻib ketgandiki, bu oʻzgarishlarni deyarli sezmas, va aksincha, yolgʻiz oʻzi qolishiga va achchiq qismatini oʻylab ezilishiga imkon koʻproq qolayotganidan xursand ham edi. Negaki, yurak-bagʻri lov-lov yonayotgan paytda ham hadeganda oʻzini majburlab kulishiga hojat yoʻq-da, endi!

Biroq bir gal u uy boʻylab ohista kezinib yurganida xuddi bola yigʻlayotgandek boʻlib tuyuldi. Borib qarasaki – Kokua yuztuban tushib, ayvonning tosh sahniga bosh urib, zor-zor yigʻlab yotibdi.
– Toʻgʻri qilasan, Kokua, bu uy gʻurbatxonaning oʻzi, – dedi Keave. – Lekin har qalay, loaqal sen baxtli boʻlishing uchun umrimning yarmidan bajonidil voz kechgan boʻlardim.
– Baxt emish-a! – xitob qildi Kokua. – «Yarqiroq Uy»ingda yolgʻiz oʻzing yashayotgan mahallaring hamma seni oroldagi eng baxtli odam deb bilardi. Chunki chehrangdan tabassum arimas, tilingdan qoʻshiq tushmas, qiyofang boshdan-oyoq tong shafagʻiday charogʻon edi. Keyin sen bechora Kokuaga uylanding-u – u senga nimasi bilan yoqmay qolgani yolgʻiz Xudoga ayon! – oʻshandan buyon shod-xurramlik seni tark etdi. O, Parvardigor! – deya qichqirib yubordi Kokua. – Nima yomon ish qildim, axir?! Men goʻzalman va oʻzimning Keavemni qattiq sevaman, deb oʻylardim. Xoʻsh, aybim nima? Erimning hayotiga qanday tashvish-anduh keltirdim?
– Kokua boyaqish, – dedi Keave. Keyin uning yoniga oʻtirib, qoʻlini olmoqchi boʻluvdi, qiz qoʻlini tortib oldi. – Kokua boyaqish, – deya takrorladi u yana. – Bechoraginam... Tengsiz goʻzalim. Holbuki, men seni gʻam-qaygʻudan asrab qolishni oʻylagandim. Nachora, mana endi hamma narsani bilasan-qoʻyasan. Balki oʻshanda shoʻrpeshana Keavega loaqal achinarsan; balki oʻshanda u seni qanchalik qattiq sevganini, senga yetishish uchun hatto doʻzaxdan ham qoʻrqmaganini tushunib yetarsan. Shu baxtsiz, abadiy azobga mahkum odam seni hali-hanuz qattiq sevishini, seni koʻrganida kulishga hamon holi kelishini balki oʻshanda anglay olarsan.

Keave shunday degach, bor gapning hammasini, hech narsani yashirmay aytib berdi.
– O Xudo, shu ishlarni sen hali men uchun qildingmi?! – deya oh urib yubordi Kokua. – U holda xavotirlanishga menda hech qanday asos yoʻq ekan! – U shunday deb erining boʻyniga osildi va quvonch-shodlik yoshlarini toʻka boshladi.
– O farishtaginam-a! – xitob qildi Keave. – Doʻzax alangasini oʻylaganimda xavotirlanish uchun menda asos bor-da!
– Bunday dema, – dedi qiz. – Aybing boʻlmay turib, sadoqatli Kokuangga muhabbatingning oʻzi uchungina oxirating kuyishi mumkin emas. Menga qara, Keave: seni mana shu qoʻllarim bilan qutqaraman yoki sen bilan birgalikda halok boʻlaman. O Keave! Sen meni shu qadar sevar ekansanmi, bu yoʻlda hatto iymoningni sotibsan, shunday ekan, seni xalos qilish uchun men oʻz hayotimni qurbon qilsam arzimaydimi?
– Eh, mening qushchaginam-a, sen oʻz hayotingni yuz marta qurbon qilishing mumkin, ammo bu biron nimani oʻzgartira olarmidi? – deya oh urdi Keave. – To hisob-kitob payti kelmaguncha men qolgan umrimni yolgʻizlikda oʻtkazishga mahkumman, axir!
– Sen hech baloni tushunmayapsan, – e’tiroz bildirdi Kokua. – Men oddiy, besavod qiz emasman – Gonoluludagi maktabda oʻqiganman. Senga aytayapman-ku, men sevimli erimni qutqarib qolaman. Sen bir tsent dedingmi? Biroq dunyoda muomalada boʻlgan pullar faqat Amerikaniki emas-ku! Angliyada, masalan, farting deb ataluvchi tanga bor, qiymatiga koʻra bir tsentning deyarli yarmiga teng keladi.
– Yoʻq, yoʻq, buyam toʻgʻri kelmasakan! – deya xitob qildi Kokua. – Bu bizga yordam berolmaydi: chunki shishani bir fartingga sotib olgan odam tamom boʻldi deyaver, sababi – mening Keaveimga oʻxshagan yana bir dovyurak odam topilishi dargumon!

Lekin yana Fransiya ham bor, u yerda santim deb ataluvchi chaqa tanga muomalada yuradi, bir tsentga ulardan besh-oltitasini beradi. Bundan yaxshiroq usulni oʻylab topolmaymiz. Safarga otlan, Keave, fransuz orollariga yoʻl olamiz. Kemaga chiqsak, tez orada Taitiga yetib boramiz. U yerda esa shishani toʻrt santimga, uch, ikki, bir santimga sotish ham mumkin. Bir oʻylab koʻrgin-a, shishani yana toʻrt marta sotish imkoniyati bor, bu ish bilan shugʻullanish uchun esa biz endi bir kishi emas, ikki kishimiz! Keaveginam, endi meni bir oʻpib qoʻygin-da, gʻam-gʻussalaringni yigʻishtir. Kokuang seni kulfatda tashlab qoʻymaydi.
– Seni menga Xudoning oʻzi yetkazdi! – deya xitob qildi Keave. – Sendek xazinaga yetishishni orzu qilganim uchungina Xudo meni jazolashi mumkinligiga ishonmayman! Hammasi sen aytgancha boʻla qolsin: qayerga desang ketaveraman, oʻz hayotimni ham, iymon-oxiratim taqdirini ham oʻzingga ishonib topshirdim.

Ertasiga ertalabdanoq Kokua safarga taraddud koʻra boshladi; Keave dengiz safarlarida oʻzi bilan olib yuradigan sandiqchani topib, avvalambor uning eng tubiga, bir burchagiga shishani tiqdi, ustidan esa eng qimmatbaho kiyimlarni, uyda boʻlgan eng gʻaroyib oʻyinchoqlarni joylashtirdi.
– Hamma bizni boy-badavlat deb hisoblashi kerak, – dedi u, – aks holda sirli shishaga kim ham ishonardi, axir!

Kokua yoʻlga otlanar ekan, hamisha qushdek shod-xandon edi, faqat ba’zida eriga kishi bilmas koʻz qirini tashlaganida beixtiyor koʻzlariga yosh quyilib kelar, keyin yugurgilab yoniga borib, uni mehr bilan oʻpib qoʻyardi.

Keavening esa yelkasidan togʻ agʻdarilgandek edi; endi, sirini Kokuaga ochganidan keyin uning oldida umid uchqunlari miltillagandek boʻldi; u goʻyo qayta tugʻilgandek yana shaxdam qadam tashlar, xoʻrsinishlari ham qolgan edi. Biroq baribir qoʻrquv uni butunlay tark etmagan; vaqti-vaqti bilan, shamning zaif alangasi shamol epkinida oʻtayotgandek, uning umidlari ham oʻcha boshlar, shunda yana koʻz oʻngida doʻzax alangasi guvillar, olov tillari lopillab turardi.

Ular shu zahotiyoq koʻngil yozish uchun Shtatlar boʻylab sayohatga yoʻl olayotganlari haqida ovoza tarqatishdi va hamma bundan judayam ajablandi, lekin kimdir asl haqiqatdan xabar topganida hayrati yanada ortishi turgan gap edi. Xullas, Keave bilan Kokua «Nuh kemasi»da Gonoluluga, u yerdan esa oq tanli yoʻlovchilar olomoni bilan birgalikda «Umatilla»da San-Fransiskoga yoʻl olishdi.

U yerdan «Tropiklar qushi» nomli pochta brigantinasiga chiqib, fransuzlarning Janubiy orollardagi bosh qarorgohi boʻlgan Papeetsga yetib kelishdi. Sayohat koʻngildagidek ketdi va ular yoʻlakay passat yordamida quyoshli bir kunda koʻzlagan manzillariga kelib tushishdi.

Bu yerda toʻlqinlar Marjon orollariga bosh urib yotar; Motputining yuksak palmalari; sohil yoqalab ohista suzayotgan shxuna; dengizning shundoqqina yoqasida, yam-yashil daraxtlar soyasida yastanib yotgan shaharning oppoq-oppoq uylari koʻzga tashlanar; ularning ortida esa Donishmandlar orollari – Taitining purviqor togʻlari koʻkka boʻy choʻzgan, bulutlar savlat toʻkib suzib yurishardi.

Ikkovlari maslahatlashib, bironta uyni ijaraga olgan ma’qulroq, degan toʻxtamga kelishdi. Ular shunday qilishdi va pullarini hammaga koʻz-koʻz qilish, otlari va ekipajlari bilan boshqalarning diqqatini tortish uchun Angliya konsulxonasining roʻparasidan bir uy olib joylashishdi.

Bularning bari oson kechdi, chunki ularda shisha bor, Kokua esa Keavedan ancha dadilroq boʻlib, hali u sabab, hali bu sabab shaytondan goh yigirma dollar, goh yuz dollar talab qilaverardi. Shu tariqa ular tez orada butun shaharga nom chiqarishdi, kelgindi gavayiliklar, ularning otlari va ekipajlari, Kokuaning anvoyi liboslari-yu qimmatbaho taqinchoqlari haqidagi gap-soʻzlar koʻpaygandan-koʻpa-yib boraverdi.

Ular tanti tilini ancha tez oʻrganib olishdi, chunki u mohiyatan gavayi tiliga bagʻoyat oʻxshab ketar, faqat ayrim tovushlari bilangina farqlanardi. Til oʻrganib olishgach esa shu zahotiyoq odamlarga oʻz shishalarini taklif eta boshlashdi. Lekin oʻzingiz, albatta, tushunib turgandirsiz, bunaqa ishga hatto kirishishning oʻzi ham unchalik oson emasdi.

Niyatingiz jiddiy ekaniga – yoshlik sogʻlomligi va bitmas-tuganmas boylik manbaini atigi toʻrt santimga sotishga tayyor ekanligingizga odamlarni ishontirish bagʻoyat mashaqqatli ekan. Ayni payt-da shisha ichiga yashiringan xavf-xatarlar toʻgʻrisida ham gapirishga toʻgʻri kelar, shundan keyin odamlar yo ularning soʻzlariga mutlaqo ishonmay qoʻyib, ochiqchasiga kulishar, yoki bunaqangi shubhali bitimdan qoʻrqib, chehralari tundlashar va Shayton bilan bogʻlanib qolgan Keave hamda Kokuaning yonidan tezroq nari ketishga oshiqishardi.

Shishani sotish yoʻlida zarracha omadlari kelmayotgan er-xotin koʻp oʻtmay shahar aholisi ulardan oʻzini olib qochayotganini payqab qolishdi. Bolalar ularni koʻrganda chinqirib, har tomonga qochishar, bu esa Kokuaning yuragiga oʻtkir xanjardek sanchilardi. Er-xotinga duch kelgan katoliklar xuddi shaytonga uchragandek choʻqinib olishardi. Bora-bora kattayu kichik barcha oʻzaro kelishib olgandek ulardan iloji boricha nariroq yuradigan boʻldi.

Er-xotinning ruhi tushib ketdi. Ular kunni gʻam-tashvishdan ezilib oʻtkazishar, tunlari esa oʻzlarining yangi uylarida mijja qoqmay, bir-birlariga hatto bir ogʻiz soʻz qotmay chiqishardi. Bu sukunatni goh-gohida Kokuaning toʻsatdan oʻkrab-oʻkrab yigʻlab yuborishlari buzardi, xolos.

Ba’zan ular Parvardigorga ibodat qilishar; ayrim hollarda shishani olib oʻrtaga qoʻyishar va uning ichidagi beshakl soya betinim lipillashiga qaragancha, butun oqshomni shu alfozda oʻtkazishardi. Shunday lahzalarda qoʻrquv ularni dam olishga qoʻymas; kipriklariga uyqu ilinmasdi. Mabodo birontasi mudrab ketsa ham uygʻonganida qorongʻulik bagʻridan kelayotgan boʻgʻiq yigʻi tovushini eshitar yoki oʻzi yolgʻiz qolganini koʻrardi.

Zotan, ularning har biri uydan qochib chiqishga, shishadan imkon qadar yiroqroq boʻlishga intilardi. Moʻ‘jazgina bogʻdagi bananlar ostida yoki oydin kechada dengiz sohilida aylanib yurishni ma’qul koʻrardi.

Bir kuni tunda ana shunday boʻldi – Kokua uygʻonganida Keave koʻrinmasdi. U yonini paypaslab chiqdi, oʻrni sovib ulgurganiga qaraganda eri chiqib ketganiga ancha boʻlganga oʻxshardi. Kokuani qoʻrquv bosdi, u oʻrnidan turib oʻtirdi. Deraza qopqogʻining tirqishlaridan ichkariga Oyning zaif nuri tushayapti. Uning xonani yoritgan yogʻdusida Kokua polda turgan shishani koʻrdi.

Tashqarida boʻron guvillar, uy oldidagi baland daraxtlar kuchli shamol ostida ayanchli gʻichirlar, shoxlardan uzilib tushayotgan yaproqlar ayvon sahnida shitirlardi. Biroq shu shovqin ichida Kokua bosh-qa tovushlarni ham ilgʻay oldi.

Bogʻ tarafdan odamningmi, hayvonningmi, baayni oʻlim oldidagi dahshatli ingroqlari eshitilardiki, bu tovushlar Kokuaning naq yurak-bagʻriga tigʻ boʻlib sanchildi. U ohista oʻrnidan turib eshikni ochdi va Oy nuriga choʻmilgan bogʻga nazar tashladi. U yerda, banan daraxti tagida Keave yuztuban tushib yotar, koʻksidan faryod, ingroq otilib chiqardi.

Kokua erining yoniga yugurib borib ovutgisi keldi, ammo nogahoniy bir yangi fikr uni toʻxtatib qoldi. Keave uning nazarida doimo mard va jasur koʻrinishga urinib kelgandi, binobarin, endi Kokua uning zaiflik, ojizlik lahzalariga, uyat-nomusiga guvoh boʻlib qolishi umuman toʻgʻri kelmaydi. Ana shu fikr uni uyga qaytardi.

«Ey, Parvardigor! – deb oʻyladi Kokua. – Namuncha begʻam, namuncha tuban kimsa boʻlmasam-a! Axir, jahannam azobi menga emas, unga tahdid solayapti-ku; iymonidan ayrilib, abadiy qargʻishga mubtalo boʻlgan men emas, u-ku, axir! Meni deb, mendek bir ayanchli, ojiz ayolga boʻlgan muhabbatini deb u endi koʻz oʻngida jahannamning oʻtli qopqalarini koʻrayapti; oydin kechada, gʻir-gʻir shamollar qoʻynida yotgan joyida doʻzaxning badboʻy, qoʻlansa tutunlarini simirayapti!

Men esa – men! – haftafahm va toshbagʻir ayol burchim nimada ekanligini shu paytgacha anglab yetolmasam-a! Balki anglab yeta olgandirman-u, undan oʻzimni olib qochgandirman? Biroq mana endi, fursatni boy bermay turib, muhabbat yoʻlida men oʻz iymonimni oʻz qoʻlim bilan qurbon qilaman! Jannatga eltuvchi oppoq pillapoyalarga, u yerda meni kutib turgan qadrdon yor-doʻstlarimga endi men «Alvido!» deyman! Muhabbatga muhabbat bilan javob qaytarish kerak, mening muhabbatim ham uning muhabbatiga teng kelsin iloyo! U meni deb oxiratidan kechibdimi, uning oʻrniga mening oxiratim kuya qolsin!»

Kokua chaqqon-epchil ayol edi, bir zumda kiyinib boʻldi. Keyin chaqa tangalarni oldi – bu bebaho santimlarni ular doimo tayyor holda saqlashardi. Bu tangalar muomalada kam yurgani uchun ularni bankdan zaxira qilib olishgandi. Kokua koʻchaga chiqqanida osmonda shamol bulutlarni haydab yurar, ular esa Oy yuzini toʻsib qoʻyishgan edi. Butun shahar uyquda, ayol qayerga borishni bilmasdi, shu payt daraxtlar ostidagi qorongʻilikda kimdir yoʻtalayotganini eshitib qoldi.
– Qariya, – dedi Kokua, – havo aynigan shunday kechada siz bu yerda nima qilayapsiz oʻzi?

Chol betinim yoʻtalar, qiyinchilik bilan soʻzlardi, lekin har qalay Kokua u qashshoq va keksaligini, bu yerlarda musofir ekanligini tushuna oldi.
– Menga bir yordam koʻrsata olmaysizmi? – deb soʻradi Kokua. – Bu yerlarga ikkalamiz ham begona ekanmiz. Gavayi qizidan koʻmagingni darigʻ tutmang...
– E, bu senmiding – sakkizta oroldan kelgan jodugar? – dedi qariya. – Hatto mendek bir keksa odamni ham tuzogʻingga ilintirishni xohlab qoldingmi hali? Biroq men sen haqingda allaqachonlar eshitganman va yovuz jodularingdan qoʻrqadigan joyim yoʻq.
– Kel, birpas oʻtiraylik va men senga bir voqeani hikoya qilib beray, – dedi Kokua va Keavening boshiga tushgan baloyu kulfatlarni boshdan-oyoq aytib berdi.
– Xullas, men uning xotiniman va u bechora menga yetishish uchungina abadiy barhayot ruhini shaytonga sotishga majbur boʻlgan. Xoʻsh, endi men nima qilishim kerak? Shishani menga sotishini oʻzim soʻragudek boʻlsam, u albatta rozi boʻlmaydi. Lekin shu taklifni agar sen aytsang, u jon-jon deb koʻnadi. Men esa seni shu yerda kutib turaman. Sen shishani toʻrt santimga sotib olasan, men uni sendan uch santimga sotib olaman. Men baxtiqaroga Parvardigorning oʻzi madad bersin!
– Mabodo meni aldagudek boʻlsang, Xudo joningni olsin, – dedi qariya.
– Mayli, ola qolsin! – deya qichqirdi Kokua. – Va’damdan aslo shubhalanma, qariya! Seni aldashimga Parvardigorning oʻzi yoʻl qoʻymaydi.
– U holda menga toʻrt santim bergin-da, shu yerda kutib tur.

Biroq koʻchada yolgʻiz oʻzi qolganidan keyin Kokuani qoʻrquv bosdi. Shamol daraxtlar tepasida uvillar, bu esa ayolga doʻzax alangasining guvillashi boʻlib eshitilardi. Koʻcha fonusi yogʻdusida soyalar tebranar, bu esa ayol nazarida shaytonning dahshatli changallari u tomonga choʻzilayotgandek boʻlib tuyulardi.

Kokuaning madori yetganida dod solib qochib qolgan boʻlardi, ammo nafasi qaytib ketdi. Na qichqirishga va na joyidan qoʻzgʻalishga majoli bor, koʻcha oʻrtasida xuddi qoʻrqib ketgan goʻdakdek dagʻ-dagʻ qaltiraganicha turardi.

Shu paytda u qariya qaytib kelayotganini va qoʻlida shisha borligini koʻrdi.
– Men iltimosingni bajardim, – dedi chol. – Uydan chiqib ketayotganimda ering azbaroyi quvonganidan yosh boladek yigʻlab yubordi. Bu kecha u endi xotirjam uxlaydi. – Qariya shunday deb shishani Kokuaga uzatdi.
– Shoshmay tur, – ayol nafasi boʻgʻilib, arang gapirardi. – Modomiki shaytoniy kuchga bogʻlanib qolibsanmi, bu ishing behuda ketmasligi uchun senam biron foyda ol. Shishani menga berishingdan avval unga seni yoʻtaldan qutqarishini buyur.
– Men bir keksa odam boʻlsam, – dedi chol, – bir oyogʻim goʻrda turgan paytda iblisning marhamatiga muhtoj emasman. Xoʻsh, senga nima boʻldi? Shishani nega olmayapsan? Yo fikringdan qaytib qoldingmi?
– Yoʻq-yoʻq, qaytganim yoʻq! – deya xitob etdi Kokua. – Shunchaki bir zaifa ayolman. Andak sabr qilgin. Shu la’nati shisha qarshisida boshdan-oyoq qoʻrquvdan titrayapman, uni olgani qoʻlim bormayapti aslo. Yana biroz kutib turgin, men oʻzimga kelib olay.

Qariya Kokuaga achinish bilan qaradi.
– Ha bechoragina-ya! Butun borligʻingni dahshat qamrab olgan, yuraging baloyu kulfatlarni sezayapti chogʻi. Boʻpti, shisha menda qolaversin. Oshimni oshab, yoshimni yashab boʻldim, bu dunyodan kutadigan quvonchlarim ham qolmagan, endi u dunyoga kelsak...
– Ber menga uni! – deb qichqirib yubordi Kokua. – Ol pulingni. Meni shunchalik pastkashlikka boradi, deb oʻylaganimiding hali? Shishani uzat menga.
– Seni Parvardigor oʻz panohida saqlasin! – dedi qariya.

Kokua shishani xolokusi ostiga yashirib, chol bilan xayrlashgach, boshi oqqan tomonga qarab ketdi. Chunki endi unga hamma yoʻllar baribir – bari doʻzaxga olib borardi. Ayol goh yurib, goh yugurar, ba’zan musibatga toʻlugʻ faryodi tun bagʻrini tilkalab oʻtar, ba’zan esa yoʻl yoqasida yerga yuztuban tushib yotgancha ohista yigʻlardi.

Jahannam haqida shu paytgacha nimalarniki eshitgan boʻlsa, hamma-hammasi koʻz oʻngida gavdalanardi. U alanganing olov tillarini koʻrar, oltingugurt hidini sezar, choʻgʻlar otashi guldek badanini jizgʻanak qilayotganini his etardi.

Faqat tong saharga boribgina u hushini yigʻishtirib oldi va uyiga qaytdi. Bu yerda barcha narsa qariya aytganidek ekan: Keave xuddi beshikdagi chaqaloqdek shiringina uxlab yotardi. Kokua unga qaraganicha turib qoldi.

«Mana endi, erjonim, xotirjam uxlash uchun sening galing keldi, – deb oʻyladi u. – Uygʻonganingda esa istaganingcha oʻynab-kulishing mumkin. Biroq boyaqish Kokua uchun – garchi u hech kimga yomonlik qilmagan boʻlsa ham! – endi na halovat, na farogʻat bor. Endi u yerda ham, osmonda ham roʻshnolik koʻrmaydi».

Kokua shu oʻy-xayollar bilan erining yoniga choʻzildi va gʻam-tashvish ezib tashlagan chogʻi, shu lahzadayoq chuqur uyquga ketdi.

Er xotinini uygʻotib, ajoyib yangilikdan xabar berganida kun peshinga yaqinlashib qolgan edi. Keave quvonch-shodlikdan naq telbalanib qolgandek edi. Kokuaning tili aylanmas, ammo buning ahamiyati yoʻq: eri har ikkovlari uchun ham betinim soʻzlardi. Ayolning tomogʻidan bir luqma ham oʻtmadi, lekin buni kim ham payqardi deysiz! Keave yolgʻiz oʻzi barcha taomni paqqos tushirib qoʻydi.

Kokua unga qarab turar, gaplarini goʻyo tushida eshitayotgandek edi. Qanday dahshatli hodisa yuz berganini ayol ba’zan bir soniyaga unutib qoʻyar, ba’zan esa hech narsa sodir boʻlmagandek tuyula boshlar va u qoʻlini peshanasiga olib borardi. Kokua abadiy azob-qiynoqlarga mahkum etilganini bilar, bu ham yetmagandek, eri xuddi yosh boladek boʻlar-boʻlmas gaplarni valdirashiga toqat qilishi kerakligini ham tushunar va bulardan dardi-dunyosi tamom qorongʻi boʻlib ketardi.

Keave esa shodon yeb-ichar, tinmay valaqlar, uyga tezroq qaytish orzusida rejalar tuzardi. Uni qutqarib qolgani uchun Kokuaga minnatdorchilik bildirar, uni suyib-erkalab, xaloskorim deb atardi. Keyin esa azbaroyi ahmoqligidan shishani sotib olgan chol ustidan kula boshlardi.
– Avvaliga menga tuppa-tuzuk qariyadek koʻrinuvdi, – derdi u. – Ammo hech qachon odamning tashqi koʻrinishiga qarab baho berib boʻlmas ekan. Bu qari badbaxtga shisha nima uchun kerak boʻlib qolganikan-a?
– Balki uning niyatlari yaxshi boʻlgandir, – ohista e’tiroz bildirdi Kokua.

Biroq Keave zaharxanda kulib qoʻydi:
– Bema’ni gap! Senga aytayapman-ku, u nafaqat qari tulki, balki gʻirt eshak ham ekan! Shishani toʻrt santimga sotishning oʻzi qanchalik azob boʻldi, uni uch santimga oladigan telba umuman topilmasa kerak. Negaki xavf-xatar nihoyatda katta! Undan u yogʻiga esa jahannam otashi ufurib turibdi! – deb qichqirib yubordi u va keyin yelkalarini qisib qoʻydi. – Toʻgʻri, men oʻzim uni bir tsentga sotib olganman, lekin oʻshanda bundan ham maydaroq tangalar borligini xayolimga keltirmagandim. Keyin esa tentakdek qiynalib yurdim. Ammo endi boshqa ahmoq topilmasligi aniq, chunki shisha kimning qoʻliga tushsa, uni toʻgʻridan-toʻgʻri doʻzaxga sudrab ketishi shak-shubhasiz!
– O, erjonim! – dedi Kokua. – Odam oʻzini qutqarib, boshqa birovni abadiy azob-uqubatlarga duchor qilishi dahshatli emasmi, axir? Nazarimda, men bu holdan kula olmasdim, uyalgan boʻlardim. Gʻam-tashvishga tushib, shu shisha qoʻlida qolgan shoʻrpeshananing haqiga duoi iltijolar qilardim.

Uning soʻzlari haqiqat ekanligini sezgan Keave yanada jahllanib ketdi.
– Hali sen shunaqamisan? – deb baqirdi u. – Agar koʻngling tusayotgan boʻlsa, mayli, xohlaganing uchun gʻam-tashvish chekaver. Lekin har qalay, eriga mehribon ayol uchun shu ish yarashadimi, munosibmi? Menga salgina boʻlsa ham joning achiganida shu soʻzlaringdan oʻzing xijolatga tusharding!

U shunday deb uydan chiqib ketdi va Kokua yolgʻiz oʻzi qoldi.

Shishani ikki santimga sota olishdan u qanday ham umid qilsin endi? Buning hech qanaqa iloji yoʻqligini oʻzi yaxshi tushunadi. Hatto shunday umid-ilinji boʻlgan taqdirda ham bunga fursat qani? Eri bu yerdan tezroq joʻnab ketish payida, boradigan joylarida esa tsent-dan maydaroq tangalar muomalada yoʻq. Ayol-ku oʻzini qurbon qildi, lekin shundan nima naf boʻldi? Mana, ertasiga ertalaboq eri uni siltab tashlab, uydan chiqdi ketdi.

Kokua uning ixtiyorida qolgan vaqtdan foydalanib qolishga hatto urinib ham koʻrmadi. Uyda yolgʻiz oʻzi oʻtirgan koʻyi goh shishani olib, unga dahshat-vahima bilan qarar, goh yana titrab-qaqshab koʻzdan pana joyga olib qoʻyardi.

Nihoyat, Keave uyga qaytib, xotiniga sayr qilib kelishni taklif etdi.
– Hozir tobim qochib turibdi, – deya javob berdi Kokua. – Meni kechirasan-u, lekin yuragimga qil ham sigʻmaydi, oʻyin-kulguga hushim yoʻq.

Bu gapdan Keavening battar jahli chiqib ketdi. Xotinim qariyaga achinayapti degan xayolda unga zahrini sochdi, ammo u toʻgʻri gapirayotganini koʻrib turgani, oʻzining nooʻrin shodligidan uyalayotgani uchun oʻz-oʻzidan ham nafratlanib ketdi.
– Hali shumi sening vafo-sadoqating! – deya hayqirdi u. – Hali shumi sening muhabbating! Ering senga boʻlgan muhabbati uchun oʻzini abadiy azob-uqubatlarga giriftor qilgan edi, ulardan arang qutulib qolganida esa sen hatto eringning quvonchiga sherik boʻlishga ham yaramayapsan! Beburd, bevafo ekansan, Kokua!

Keave yana qahr-gʻazabda uydan otilib chiqdi va kun boʻyi shaharda daydib yurdi. Doʻstlarini uchratib, ular bilan birga kayf-safo qildi. Keyin ular ekipaj yollab, shahar tashqarisiga yoʻl olishdi va u yerda ziyofatni yana davom ettirishdi. Biroq Keave xotini uyda gʻam-tashvishda ezilib oʻtirgan bir paytda oʻzi yallo qilib yurganini unuta olmas, bundan behad iztirob chekardi. U xotini haqligini yurak-yuragidan his etib turar, lekin shuni tushungani uchun ham bor alamini ichkilikdan olishga urinardi.

Ularning davrasida bir keksa xaole, nihoyatda pastkash va qoʻpol bir odam ham bor edi. Bir paytlari u kit ovlovchi kemada botsman boʻlib xizmat qilgan, keyin daydi-sayoqlik bilan kun kechirgan, soʻngra oltin konlarida omadini sinab koʻrgan, turmada ham oʻtirib chiqqan edi. Yuragi qora, ogʻzi shaloq bu kimsa ichkilikka mukkasidan ketgan, boshqalarni ham ichirishga urinar, Keaveni hadeb ichishga qistayverardi. Tez orada davradagilarning birontasida ham sariq chaqa qolmadi.
– Menga qara! – dedi u shunda Keavega. – Sen axir boy-badavlatsan-ku, oʻzing doim maqtanib yurasan. Har xil hunar koʻrsatadigan shishang bor, axir!
– Ha, – dedi Keave, – men boy-badavlatman. Hozir uyga borib xotinimdan pul olaman, negaki pul uning qoʻlida turadi.
– Gʻirt ahmoq ekansan-u, oshna, – dedi botsman. – Qaysi tentak pulni xotin kishiga ishonib berib qoʻyadi! Ularning bari xiyonatkor, makkor, oqar suvdek beqaror-ku, axir. Sen ham xotiningga doimo koʻz-quloq boʻlib yurishing kerak.

Bu soʻzlar Keavening yuragiga zaharli nishdek sanchildi, mastligida boshi gʻuvillab, hamma narsa ayqash-uyqash boʻlib ketdi.

«Balki u chindanam menga xiyonat qilar, qayerdan bilib oʻtiribman? – deb oʻyladi u. – Men najot topganimda suyunish oʻrniga ku-yunishiga balo bormi boʻlmasa? Biroq bunaqa qiliq-nayranglari menga oʻtmaydi, unga koʻrsatib qoʻyaman hali. Hozir toʻgʻri boraman-da, naq jinoyat ustida qoʻlga tushiraman!»

Keave mana shu gumon-shubhalarda shaharga qaytdi, botsmanga uni muyulishda, qadimgi qoʻrgʻon yonida kutib turishni buyurdi va oʻzi uyiga qarab yoʻl oldi. Bu orada kech kirgan, derazalarda chiroqlar koʻrinar, ammo uydan tiq etgan tovug eshitilmasdi. Keave binoni aylanib oʻtib, orqa eshikka biqinib bordi va uni ohista ochib, ichkariga nazar tashladi.

Xona oʻrtasida, yonib turgan lampa yonida Kokua oʻtirar, uning oldida esa sutrang-oqish tusli va uzun boʻyinli baqaloq shisha turar, ayol unga qarab yum-yum yigʻlar edi.

Keave bu manzarani koʻrib ostonada mixlangandek turib qoldi, uzoq vaqtgacha joyidan siljiy olmadi. Avvaliga u haykaldek tosh qotdi, hech narsani oʻylayolmay turaverdi, keyin esa uni qoʻrquv qamrab oldi. U nima uchundir bitim amalga oshmay qolgan-u, shisha xuddi San-Fransiskoda boʻlganidek yana yonimga qaytib kelgan, degan xayolga bordi. Shu lahzadayoq tizzalaridan mador ketib, kayfi ham baayni daryo tepasidagi tuman tong saharda erib ketganidek, bir zumda tarqadi qoldi. Lekin birdaniga xayoliga yangi, juda gʻalati bir fikr keldi-yu, uyat-nomusdan yuzlariga qon tepdi.

«Buni tekshirib koʻrish kerak», – deb oʻyladi u.

Keave eshikni ohista yopdi, uyni yana astagina aylanib oʻtdi, keyin esa goʻyo endigina qaytib kelayotgandek tapir-tupur qilib ortiga yurdi. Xoʻsh, nima boʻldi u yogʻiga? U katta eshikni ochib ichkari kirganida shishaning qorasi ham koʻrinmasdi, Kokua esa oromkursida oʻtirgan koʻyi uni koʻrganida bir seskandi va goʻyo uyqudan uygʻongandek boʻldi.
– Men butun kunni kayf-safo bilan oʻtkazdim, – dedi Keave. – Ajoyib doʻstlarim davrasida edim, hozir esa pul olgani keldim – ziyofatimizni yana davom ettirmoqchimiz.

Uning chehrasi ham, ovozi ham mudhish tusda edi, ammo oʻz yogʻiga qovurilib oʻtirgan Kokua hech nimani payqamadi.
– Toʻgʻri qilasan, erjonim, chunki bu yerdagi hamma narsa seniki, – dedi u siniq ovozda.
– Ha, men doimo toʻgʻri ish qilaman, – dedi Keave va toʻgʻri sandiqcha yoniga borib, ichidan pul oldi. Ayni paytda u sandiqchaning shisha turadigan burchagiga koʻz tashlashga ulgurdi, ammo u koʻrinmasdi.

Shu asnoda Keavening birdan koʻzi tinib, boshi aylanib ketdi, nazarida butun olam ostin-ustun boʻlayotgandek edi. Chunki u endi hamma narsa barbod boʻlganini, bu yogʻiga hech qanday najot yoʻqligini anglab yetgan edi.

«Aynan ana shundan qoʻrqqandim, – deb oʻyladi. – Demak, shishani xotinim sotib olgani shubhasiz».

Nihoyat, u oʻziga kelib, chiqib ketmoqchi boʻldi, ammo yomgʻirdek serob va buloq suvidek sovuq ter tomchilari yuzlaridan quyilib kelardi.
– Kokua, – dedi Keave. – Bugun sening koʻnglingni ogʻritib qoʻyganim chakki boʻldi. Hozir doʻstlarimning quvnoq-shodon davrasiga qaytaman va bazmi jamshidni yana davom ettiramiz. – Shu oʻrinda u sal kulgandek boʻlib, qoʻshimcha qildi. – Lekin agar sen meni kechirsang, koʻngilxushligim ham sal tatirmidi.

Kokua unga otilib, tizzalarini quchoqlab oldi, bosh urib, koʻz yoshlari toʻkdi.
– O! – deyoldi u ogʻriqli ohangda. – Menga sening shirin soʻzlaringdan boshqa hech narsa kerak emas!
– Bundan bu yogʻiga bir-birimiz haqimizda yomon xayolga bormaylik aslo, – dedi Keave va uydan chiqib ketdi.

Ana endi keyin nima boʻlganini eshiting. Aslida Keave ular bu yerga kelishgan zahotiyoq zaxira qilib qoʻyishgan puldan atigi bir necha santim olgandi, xolos. Kayf-safo qilish shu tobda uning xa-yoliga ham kelmasdi. Xotiniki uni deb oʻzini doʻzaxga tutib beribdimi, endi uni deb Keave oʻzini jahannamga otishi kerak. Shu lahzalarda u bundan boʻlak hech narsani oʻylay olmasdi.

Botsman uni muyulishda, qadimgi qoʻrgʻon yonida kutib turardi.
– Shishani xotinim egallab olibdi, – dedi unga Keave. – Agar uni qaytarib olishimga sen yordam bermasang, bugun ikkalamiz uchun pul ham, ichkilik ham yoʻq.
– Shisha haqidagi gaplaring rostmi, hazillashmayapsanmi mabodo?
– Qani, fonus ostiga yur-chi, – dedi Keave. – Endi menga bir qara: hazillashayotganga oʻxshaymanmi, yoʻqmi?
– Gaping rost, – dedi botsman. – Arvohning qiyofasi ham senikichalik jiddiy boʻlmasa kerak.
– Unaqada quloq sol, – dedi Keave. – Mana senga ikki santim. Hozir xotinimning yoniga borasan-da, shishani shu pulga sotib olaman deysan. Agar men toʻgʻri tushungan boʻlsam, u oʻsha zahotiyoq beradi. Shishani bu yerga olib kelasan va men uni sendan bir santimga sotib olaman. Chunki qonun-qoidasi shunaqa: bu shishani faqat zarariga sotish mumkin. Ha, endi bir gap: seni men yuborganimni xotinimga aytib qoʻymagin-a, yana!
– Meni laqillatmayapsanmi ishqilib, oshna? – deb soʻradi botsman.
– Mabodo aldagan taqdirimda ham sen nima yoʻqotarding? – e’tiroz bildirdi Keave.
– Bu gaping ham toʻgʻri, – ma’qulladi botsman.
– Agar menga ishonmayotgan boʻlsang, tekshirib koʻrishing juda oson, – dedi Keave. – Uydan chiqqan zahoting choʻntaging pulga toʻlishini yoki eng yaxshi bir shisha rom paydo boʻlib qolishini soʻra. Yoinki, oʻzingga ma’qul kelgan, koʻngling tusagan istalgan narsani tilayver. Bu shishada qanday kuch-qudrat borligini ana oʻshanda koʻrasan.
– Boʻpti, doʻstim, – dedi botsman. – Sinab koʻrsam koʻribman-da. Ammo-lekin bir narsani bilib qoʻy. Mabodo ustimdan kulishni oʻylagan boʻlsang, men ogʻzini ochib qarab turadigan anoyilardan emasman. Boplab adabingni berib qoʻyish qoʻlimdan keladi.

Kit ovlovchi keksa botsman shunday deb, uy tomon ketdi, Keave esa uni kutib qoldi. Bu joy oʻtgan kecha Kokua qariyani kutgan yer yaqinida edi. Faqat, xotinidan farqli oʻlaroq, Keave qat’iyatga toʻliq, zarracha boʻlsin ikkilanmas, holbuki yuragi pora-pora boʻlib yotardi.

Uning nazarida juda uzoq kutib qolgandek tuyuldi, lekin, mana, qorongʻilikdan xirgoyi tovushi eshitildi. Keave botsmanning sarxush ovozini tanib, ajablandi: shu bemahalda qayerdan yutib ola qoldi ekan?

Nihoyat, koʻcha fonusi yogʻdusida gandiraklab kelayotgan botsman koʻrindi. Shaytoniy shisha uning qoʻyniga yashirilgan, bushlatining hamma tugmalari qadalgan edi. Qoʻlida esa boshqa shisha, Keavega yaqinlashar ekan, undan hoʻplab-hoʻplab qoʻyardi.
– Koʻrinishingga qaraganda, ishingni bajarganga oʻxshaysan, – dedi Keave.
– Tort qoʻlingni! – deya oʻshqirdi botsman bir qadam ortga chekinib. – Yaqinlashadigan boʻlsang, urib abjagʻingni chiqaraman! Mening orqamda shu ochil dasturxonga egalik qilishni oʻylabmiding hali!
– Nimalar deyapsan oʻzi? – ajablandi Keave.
– Nimalar deyapman? – takrorladi botsman. – Bu shisha menga juda yoqib qoldi, ana shuni aytmoqchiman. Shunday xazinani atigi ikki santimga qanday qilib qoʻlga kiritdim, oʻzim ham hayronman. Ammo lekin sen uni bir santimga olaman, deb xomtama boʻlmay qoʻya qol.
– Uni... sotmoqchi emasmisan hali? – deb soʻradi Keave tili zoʻrgʻa aylanib.
– Yoʻq, ser! – deya xitob qildi botsman. – Lekin seni bir qultum rom bilan siylashim mumkin.
– Sen boshqa bir gapni tushun: bu shishaga egalik qilgan odam doʻzaxga tushishi muqarrar, axir!
– Oʻzi, shusiz ham boradigan joyim oʻsha yer, – deya e’tiroz bildirdi botsman. – Jahannamga sayohat qilishda esa manavi shishadan ham yaxshiroq hamrohni uchratganim yoʻgʻidi shu paytgacha, ser! – deya hayqirdi u yana. – Endi bu shisha meniki, sen esa yoʻqol, balki boshqasini topib olarsan.
– Menga qara, shu gaplarni chindan ham aytayapsanmi? – deb baqirib yubordi Keave. – Xudo haqi, sendan oʻtinaman – oxirating kuymasligi uchun sot uni menga!
– Oʻtinchingga tupurganim bor! – deya javob qildi botsman. – Sen meni shunchaki bir laqma, goʻl deb oʻylaganding, endi koʻrib turibsanki, tuzogʻingga ilinadigan haftafahmlardan emasman. Xullas, gap tamom, vassalom! Rom bilan mehmon qilishimni xohlamasang xohlama – oʻzim ichaman. Salomat boʻl, oshna!

U shunday deb shahar markaziga qarab yoʻl oldi, hikoyamizdagi shisha ham u bilan birga ketdi.

Keave esa Kokuaning yoniga qanot chiqargandek uchib bordi va shu kecha ularning quvonch-shodliklariga hech qanday chegara boʻlmadi. Ana oʻshandan buyon er-xotinning «Yarqiroq Uy»dagi hayoti tinchlik-osoyishtalik, shod-xurramlikda kechdi.


  1. Pinta – hajm oʻlchovi birligi.
  2. Bushlat – paxtalik nimcha, dengizchilar kiyimi.
  3. Shtopor – butilka poʻkagini ochadigan parma.
  4. Kubrik – kemada komanda joylashadigan xona.
  5. Shxuna – uncha katta boʻlmagan yelkanli kema.
  6. Kanaklar – Tinch okeandagi orollarning tub aholisi.
  7. Xaole – mahalliy aholi.