OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Robert Shekli. Shakl (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRobert Shekli
Asar nomiShakl (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ilmiy taxayyulot
Mualliflar
   - Robert Shekli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonRus tilidan Nurpoʻlat NURQULOV tarjimasi
Hajm33KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shakl (hikoya)
Robert Shekli

Uchuvchi Pid tezlikni qariyb nolga tushirdi. U hayajon ila moviy sayyoraga tikilardi. Uskunalar koʻrsatkichlarisiz ham bunga shubha qolmagandi. Quyosh tizimida uchinchisi hisoblangan bu sayyora yashash uchun yagona yaroqlisi edi. Sayyorani tinchgina suzayotgan bulutlar oʻrab olgan.

Sayyora juda beozordek tuyulardi. Ammo unda Glom sayyorasidan yuborilgan barcha ekspeditsiya a’zolari umriga zomin boʻlgan nimadir bordek edi goʻyo. Pid uzil-kesil pastga shoʻngʻishdan oldin qandaydir lahzalarga taraddudlanib qoldi. Oʻzi va yana ikki sherigi har qachongidan ham koʻproq bu ishga tayyor edi. Har birining tanasidagi choʻntakda ho-zircha harakatsiz, ammo ishlatishga shay, ixchamgina Koʻchirgich solingan.

Pid ekipajga nimadir demoqchi boʻlardi-yu, biroq gapni nimadan boshlashni bilmay turardi. Ekipaj kutmoqda. Aloqachi Ilg Glom sayyorasiga soʻnggi xabarni joʻnatib boʻlgan. Indikator Jer esa bir yoʻla oʻn olti uskunaning koʻrsatkichlaridan koʻz uzmay turibdi. «Dushmanlik ruhi alomatlari mavjud emas», deya ma’lumot berdi u beparvo tarzda.

Pid ushbu xotirjamlikni ichida qayd qilib qoʻydi. Endi nima haqida gapirishni biladi. Ekspeditsiya Glom sayyorasini tark etgandan buyon Shakl Intizomiga rioya qilish salbiy tomonga oʻzgargan. Hujum Qoʻmondoni uni ogohlantirgandi-ya. Lekin nimadir qilish ham kerak. Bu Uchuvchining burchi, negaki, Aloqachi va Indikatorlar chiqqan quyi tabaqalar Shaklsizlikka intiluvchilar sifatida yomonotliqqa chiqib boʻlishgan.

– Ekspeditsiyamizga juda katta umid bogʻlangan, – sekin gap boshladi Pid. – Biz endi vatandan yiroqdamiz.

Indikator Jer bosh irgʻadi. Aloqachi Ilg esa unga buyurilgan Shakldan oqib chiqib, qulay tarzda yalpayib oldi.

– Biroq, – dedi qattiqqoʻllik bilan Pid, – masofa beaxloq Shaklsizlikni oqlash uchun xizmat qilmaydi.

Ilg darrov Aloqachiga mos boʻlgan Shaklga aylandi.

– Bizga, soʻzsiz, Ekzotik Shakllarga murojaat qilishga toʻgʻri keladi, – davom etdi Pid. – Bunday holatlar uchun alohida ruxsatnoma bor. Ammo unutmang: xizmat zaruratisiz qabul qilingan har qanday shakl aynan Shaklsizlikning nayrangidir.

Jer darhol tanasi yuzasidagi oqma oʻyinlarini toʻxtatdi.

– Gapim tamom, – deya xotima yasadi Pid va yana diqqatini boshqaruv pultiga qaratdi.

Kema juda ohistalik bilan pastlab borar, ekipaj esa shunchalik bir-biriga uygʻun harakat qilardiki, bundan Pid beixtiyor gʻururlanish hissini tuydi.

«Yaxshi ishchilar, – oʻyladi u. – Oxir-oqibat ulardagi Shaklning oʻz oʻrnini bilish hissi oliy tabaqadan boʻlgan Uchuvchiniki kabi rivojlanishiga ishonsa boʻladi». Hujum Qoʻmondoni ham xuddi shu soʻzlarni aytgandi.

– Pid, – degandi Hujum Qoʻmondoni soʻnggi suhbat chogʻi, – bu sayyora bizga judayam kerak.

– Ha, janob, – deya javob bergandi Pid qaddini gʻoz tutgancha, arzimas harakat bilan ham oʻzidagi Uchuvchining Bayramona Shaklini buzmaslikka intilib.

– Orangizdan bittangiz u yerga kirib, atom quvvati manbai yaqiniga Koʻchirgichni oʻrnatishi kerak. Biz tomonda esa qoʻshin sakrashga shay turadi.

– Buni uddalaymiz, janob.

– Ekspeditsiya maqsadga erishishi lozim, – dedi Qoʻmondon. Kuchli charchoq sabablimi uning chehrasi bir zumgagina qiyshayib ketdi. – Gap faqat ikkimizning oʻrtamizda qolsin: Glom hozir juda notinch. Konchilar ish tashlagan. Ular yer ishlari uchun yangi shakllarni talab qilishmoqda. Aytishlaricha, eskisi noqulay emish!

Pid kerakli boʻlgan qahr-gʻazabni ifoda qildi. Konchilar shakli, xuddi boshqa asosiy shakllar kabi juda qadimda oʻrnatilgan. Endi esa bu kallavaramlar uni oʻzgartirishmoqchimi?!

– Bu hali hammasi emas, – davom etdi Qoʻmondon. – Biz Shaklsizlikning yana bir koʻrinishiga toʻqnash keldik. Uning ta’siriga tushib qolgan glomlardan sakkiz mingtachasini qoʻlga oldik ham, ammo hali yana qanchasi ozodlikda yurgani noma’lum.

Pid gap Glom aholisi tasavvuriga ham sigʻdira olmaydigan juda xavfli iblis, Buyuk Shaklsizlik vasvasasi haqida ketayotganini angladi. Ammo glomlarning qanday qilib bu vasvasa qutqusiga tushib qolayotganiga oʻziyam hayron edi.

Qoʻmondon Pidning koʻngliga qanday gap kelganini va uni tiliga chiqara olmay turganini darrov tushundi.

– Pid, – dedi u, – sen, aftidan, tushunmayotgan boʻlsang kerak. Ayt-chi, senga Uchuvchi boʻlish yoqadimi?

– Ha, janob, – oddiygina javob berdi Pid. – Parvoz qilish yoqadimi, deysiz. Axir bu hayotim mazmuni-ku?! Men kemasiz – hech kimman.

– Ammo hamma glomlar ham shunday, deb ayta olmaydi. Mening oʻzimgayam bu tushunarsiz. Vaqtning boshlanishidan beri barcha ajdodlarim Hujumlar Qoʻmondonlari boʻlishgan. Shu bois oʻz-oʻzidan tushunarliki, men ham Hujumlar Qoʻmondoni boʻlishni istayman. Bu nafaqat tabiiy, balki qonuniy ham. Biroq quyi tabaqalar butunlay boshqa hissiyotlarni tuyadilar, – Qoʻmondon gʻamnok alpozda tanasini qimirlatib qoʻydi. – Senga bu haqda bekorga gapirganim yoʻq. Biz glomlarga katta makonlar kerak. Sayyoradagi nizolar, tartibsizliklar aholining koʻpayib ketgani bilan izohlanadi. Psixologlar shunday deyishmoqda. Agar boshqa sayyorada rivojlanish imkoniyatini qoʻlga kiritsak – barcha yaralar tuzalib ketgan boʻlardi. Shu bois senga umid bogʻlayapmiz.

– Ha, janob, – faxrlanganday javob berdi Pid.

Suhbat tugaganiga ishora qilgandek, Qoʻmondon joyidan turmoqchi boʻldi-yu, kutilmaganda yana qaytib oʻtirdi.

– Ekipajga koʻz-quloq boʻlib turish kerak. Sodiq yigitlar, bunga gap boʻlishi mumkin emas. Ammo ular baribir quyi tabaqadan. Quyi tabaqaning qanaqaligini esa oʻzing yaxshi bilasan.

Ha, Pid buni bilardi.

– Ekipajdagi Indikator Jerning Islohotchilikka yashirincha moyilligi bor, deyishadi. Bir safar uni noqonuniy tarzda Ovchi shakliga kirgani uchun jarimaga ham tortishgan. Ilgga qarshi biror aniq ayblov yoʻq. Biroq menga ma’lumot berishlaricha, u shubhali tarzda uzoq vaqt harakatsiz holatda qolar ekan. Oʻzini Mutafakkir deb oʻylayotgan boʻlishi ehtimoli ham yoʻq emas.

– Biroq, janob, – jur’at etib Qoʻmondonning gapini boʻldi Pid, – agar ularning nomiga Islohotchilik yoki Shaklsizlik borasida ozgina dogʻ tushgan boʻlsa ham bunday ekspeditsiyaga joʻnatish toʻgʻri boʻlarmikan?

Biroz taraddudlangandan soʻng Qoʻmondon xoʻrsinib qoʻydi:

– Men ishonsam boʻladigan glomlar birtalay. Biroq bu ikkovida tasavvur va topagʻonlik kuchliroq, ya’ni ular mazkur ekspeditsiya chogʻi asqotadigan alohida sifatlarga ega. Ularga koʻz-quloq boʻlib turish kerak.

– Ha, janob, – dedi Pid va suhbat tugaganini anglab, salyut berdi.

Pid tanasining ichki choʻntagida ayni damda mudroq holdagi, lekin zarur paytda dushmanning atom energiyasini Glomning yengilmas qoʻshinini olib oʻtadigan samoviy koʻprikka aylantirib bera oladigan Koʻchirgichning ogʻirligini his qildi.

– Omadingizni bersin, – dedi Qoʻmondon. – Uning sizga kerak boʻlishiga ishonchim komil.

Kema biror tovush chiqarmay, dushman sayyorasi tomon pastlab bormoqda. Indikator Jer pastda suzib yurgan bulutlarni tadqiq etdi va olingan ma’lumotlarni Niqoblovchi blokka kiritdi. U esa darhol ishga kirishdi va tez orada kema patsimon bulut shaklini oldi.

Pid kemaning sirli sayyora uzra ohista parvoz qilishiga qoʻyib berdi. Endi u Uchuvchining Bayram Shaklida, ya’ni Uchuvchilar tabaqasi uchun moʻljallangan toʻrt shaklning eng samarali va eng qulayida edi. Hozir u gung, koʻr va soqovga, yanayam toʻgʻrirogʻi, boshqaruv pultining ajralmas qismiga aylangan. Butun diqqat-e’tibori qat-qat bulutlardan oʻzib ketmaslikka va ular bilan uygʻunlashib ketishga qaratilgan edi.

Jer esa Indikatorlar uchun ruxsat etilgan shakllardan biriga kirib olgan va zoʻr berib uni saqlab qolishga intilardi. U ma’lumotlarni Niqoblovchi blokka kiritgach, pastlayotgan kema toʻp-toʻp bulutlardan biriga oʻxshab qoldi. Dushman sayyorasida esa hech qanday hayot alomatlari zohir boʻlmasdi.

Ilg atom quvvati manbai joyini aniqladi va bu haqda Pidga xabar berdi. Uchuvchi yoʻnalishni oʻzgartirdi. U eng pastdagi bulutlargacha tushib bordi. Sayyoragacha bir mil masofa qolgandi. Biroq xavf signalidan darak yoʻq. Oʻzlaridan oldin joʻnatilgan yigirmata ekspeditsiyaning qismati nima boʻlgani ham jumboqligiicha qolmoqda edi.

Pid atom elektr stantsiyasi uzra parvoz qilayotganida sayyora yuzini gʻira-shiralik qoplay boshladi. Atrofdagi binolardan uzoqroq boʻlishga intilgan kema endi oʻrmon uzra parvoz qilishga oʻtdi. Chor-atrofda qorongʻilik borgan sari quyuqlashib bormoqda. Moviy sayyoraning yagona Oyi qalin bulutlar pardasi ortiga bekindi. Bulutlardan biri tobora pastlab, pastlab… oxiri yerga qoʻndi.

– Tezda kemani tark eting! – qichqirdi Pid boshqaruv pultidan ajralayotib.

U endi yugurish uchun eng qulay boʻlgan shaklga oʻtib olib, otilib lyukdan chiqdi. Jer va Ilglar ham uning ketidan oshiqdilar. Kemadan ellik metrlar nariga yugurib borishgach, taqqa toʻxtab, kuta boshlashdi.

Kema ichidagi qaysidir zanjirda qisqa tutashuv yuz berdi. Kema ovozsiz bir titrab oldi-da, ularning koʻz oʻngida eriy boshladi. Plastmassa havoga singib, metall asoslar burishib, kichraya boshladi. Koʻp oʻtmay, kema bir uyum lash-lushga aylandi, biroq jarayon hali davom etmoqda edi. Yirik metall boʻlaklari kichkinalariga aylanar, mayda siniqlar yana va yana boʻlinardi. Kemaning oʻz-oʻzini yoʻq qilishini kuzatib turgan Pidni kutilmaganda chorasizlik hissi chulgʻab oldi. U Uchuvchilar tabaqasidan chiqqan edi. Uning otasi, otasining otasi, xullas, oʻsha tumanli davrlardan, Glomda ilk samoviy kemalar paydo boʻlgan paytlardan boshlab barcha ajdodlari Uchuvchilar boʻlishgan. Uning butun bolaligi kemalar orasida oʻtdi, voyaga yetgach, oʻzi ham Uchuvchiga aylandi. Ayni damda esa begona olamda kemasidan ajralgach, chorasiz va ilojsizdek sezardi oʻzini.

Bir necha daqiqadan soʻng kema qoʻngan joyda bir uyum changgina qoldi. Tungi esgan shamol esa bu changni butun oʻrmonga sochib, tarqatib yubordi.

Ular kutishardi. Biroq hech nima sodir boʻlmadi. Shamol gʻuvillar, daraxtlar qisirlardi. Olmaxonlar inlarida qasir-qusur qilishar, qushlar esa daraxt shoxlarida oʻtirib olib, vaqti-vaqti bilan qanotlarini potirlatib-potirlatib qoqib qoʻyishardi. Choʻchqayongʻoq qisqagina boʻgʻiq qarsillagan tovush chiqarib, yerga tushdi. Shunday qilib, Glomning yigirma birinchi ekspeditsiyasi Yerga omadli qoʻngandi.

Ertalabgacha hech bir ishni qilib boʻlmasdi, shu bois Pid reja tuza boshladi. Ular atom elektr stantsiyasining juda yaqiniga qoʻnishgan. Shunchalik yaqinki, bu oʻziga xos jasurlik ham edi. Endi esa yanayam yaqinroq borishlari kerak. Ulardan biri atom reaktori binosigacha yetib borishi va Koʻchirgichni ishga tushirishi lozim. Bu qiyin. Ammo Pid bunga erishishiga shubha qilmasdi. Axir topqirlikda Glom aholisining oldiga tushadigani yoʻq.

«Topqirlikka juda topqirlarku-ya, – achchiq oʻyga toldi u, – ammo ularga radioaktiv unsurlar dahshatli tarzda yetishmaydi-da!» Bu mazkur ekspeditsiyaning oʻta muhim hisoblanishiga sabablardan yana biri. Glomliklar oʻzlariga buysindirgan sayyoralarda radioaktiv yoqilgʻi deyarli qolmagan.

Yangi tarix boshlanishidayoq qoʻshni olamlarni oʻzlashtirish, yashashga yaroqlilariga koʻchib oʻtish uchun oʻzining barcha radioaktiv moddalar zahirasini sarflab boʻlgan Glomga hamisha yangi-yangi olamlar zarur edi.

Yaqinda razvedka ekspeditsiyalaridan biri tomonidan topilgan bu sayyora ham glomliklarga kerak. U glomliklarning barcha talablariga javob berardi, ammo ancha olis masofada joylashgan. Harbiy-fazoviy flotni joʻnatishga esa yoqilgʻi yetishmasdi. Ammo glomliklarning baxtlariga maqsadga yetishishning boshqa, undan-da qulayroq yoʻli topildi.

Qachonlardir juda qadimda Glom olimlari Koʻchirgichni yaratishgan. Bu oʻsha davrlarda Ayniyatlar Texnikasida chinakam gʻalaba boʻlgandi. U ma’lum yoʻl bilan oʻzaro bogʻlangan ikki nuqta oʻrtasidagi massani lahzalar ichida bir nuqtadan ikkinchisiga koʻchiradi. Bittasi koʻchmas hisoblanib, uchi Glomdagi yagona atom energostantsiyasida joylashgan. Ikkinchi uchini esa istalgan yadroviy quvvat manbai yoniga joylashtirib, harakatga keltirish kerak boʻlardi. Ajratilgan quvvat ikki nuqta orasida harakatlanib, ikki bor oʻz shaklini oʻzgartiradi. Ayniyatlar Texnikasi moʻ‘jizasi tufayli glomliklar sayyoradan sayyoraga sakrashlari, ularga quyunday yopirilishlari mumkin edi.

Bu juda sodda usulda amalga oshirilardi. Biroq shunga qaramay, yigirmata ekspeditsiyadan birortasi Yerdagi nuqtaga Koʻchirgichni oʻrnata olmagan. Ularga nima xalaqit berganini esa hech kim bilmaydi. Bu haqda soʻzlab berishi mumkin boʻlgan birortayam kema a’zosi Glomga qaytmagan.

Tong paytida ekspeditsiya a’zolari mahalliy oʻt-oʻlanlar tusiga kirib olishib, oʻrmon oralab ketib borishardi. Koʻchirgichlar yaqin oʻrtada yadroviy quvvat borligini sezgandek kuchsiz titray boshladi.

Ularning yonidan mittigina toʻrtoyoqli jonivor yugurib oʻtib ketdi. Xuddi shu payt Jerda ham toʻrt oyoq paydo boʻlib, haligi jonivorning ketidan quvlab qoldi.

– Jer! Tezda ortingga qayt! – qichqirib yubordi Pid ehtiyotkorlikni unutib.

Jer esa bu orada jonivorga yetib olib, yerga bosdi. U oʻljasini yemoqchi edi, biroq tishlarni paydo qilish esidan chiqqandi. Bundan foydalangan jonivor uning changalidan chiqdi-da, oʻrmonda koʻzdan yoʻqoldi. Jer tishlarni paydo qildi va sakrash uchun mushaklarini taranglashtira boshladi.

– Jer!

Indikator istamay oʻgirildi. Tovush chiqarmasdan sakrab-sakrab Pidning oldiga keldi.

– Qornim ochgandi, – dedi u.

– Yoʻq, ochmagandi, – dedi qat’iylik bilan Pid.

– Ochgandi, – toʻngʻilladi Jer xijolatdan oʻngʻaysizlanib.

Pid Qoʻmondonning gaplarini esladi. Jerda, soʻzsiz, Ovchi boʻlishga nisbatan kuchli moyillik yashiringan. Unga koʻz-quloq boʻlish kerak.

– Bunga oʻxshash narsalar boshqa takrorlanmasin, – dedi Pid. – Unutma, Ekzotik shakllarga kirishga hali ruxsat berilmagan. Hozircha oʻzing tugʻilgan shakl bilan qanoatlanib tur.

Jer bosh irgʻadi va yana oʻrmondagi butalar bilan uygʻunlashib ketdi. Yoʻlni davom ettirdilar.

Oʻrmon chetidan atom elektr stantsiyasi juda yaxshi koʻrinardi. Pid butaga monand niqoblandi, Jer esa eski gʻoʻlaga aylandi. Ilg esa biroz oʻylanib turgach, yosh eman koʻrinishiga kirdi. Stantsiya uncha baland boʻlmagan metall toʻsiqlar bilan oʻralgan uzun binodan iborat ekan. Toʻsiqdagi darvoza yonida soqchilar turishardi.

«Birinchi galdagi vazifa, – oʻyladi Pid, – yoʻlini topib, darvozadan oʻtib olish». U buning usullari va yoʻllari haqida oʻylay boshladi.

Razvedka ekspeditsiyalarining hisobotlaridan olingan uzuq-yuluq ma’lumotlar boʻyicha, ba’zi munosabatlar borasida odamlar irqi glomliklarnikiga oʻxshab ketishini Pid bilardi. Ularning ham xuddi glomliklarnikidek uylari, xonakilashtirilgan jonivorlari, madaniyati bor. Mexanika borasida yerliklar ham xuddi glomliklar kabi juda mohir.

Biroq bu ikki irq oʻrtasida aql bovar qilmas farqlar ham mavjud. Odamlarga xuddi toshlar va daraxtlar kabi doimiy, oʻzgarmas shakl berilgan. Bu bir xillik oʻrnini toʻldirish uchun ularning sayyorasi turli-tuman nasl, nav va zotlarga favqulodda toʻlib-toshib ketgan. Hayvonot olami bor-yoʻgʻi sakkiztagina shakldan iborat Glomga sira oʻxshamaydi, albatta.

«Chaqirilmagan mehmonlarni tutishda yerliklarning malakasi ancha oshgani ham aniq», oʻyladi Pid. Afsuski, oldingi ekspeditsiyalarning muvaffaqiyatsizlikka uchrashi sababini bilmaydi-da. Bu ishni ancha osonlashtirgan boʻlardi.

– Topdim, – dedi Jer gʻalati jonivor koʻzdan yoʻqolishi bilan. – Men Odamga aylanaman-da, darvozadan ichkariga, reaktor binosiga kirib, Koʻchirgichni harakatga keltiraman.

– Sen ularning tilida gaplashishni bilmaysan-ku?! – eslatdi Pid.

– Biron ogʻiz ham gapirib oʻtirmayman. Ularga hatto, e’tibor ham qaratmayman. Mana bunday, – dedi-da, Jer inson qiyofasiga kirib oldi.

– Chakki emas, – quvvatladi Pid.

Jer bir necha marta Odam kabi qadam tashlab koʻrdi.

– Biroq qoʻrqamanki, bundan biron ish chiqmaydi, – davom etdi Pid.

– Axir, bu mantiqqayam mos kelyapti-ku?! – e’tiroz bildirdi Jer.

– Bilaman. Oldingi ekspeditsiyalar ham xuddi shu usulni qoʻllab koʻrishgan boʻlishlari kerak. Oqibatda ularning birontasiyam qaytmadi.

Bu borada bahs yuritish qiyin edi. Jer yana toʻnkaga aylandi.

– Unda nima qilamiz? – soʻradi u.

– Men bir oʻylab olay, – javob berdi Pid.

Ular oldida ikki oyoqli emas, balki toʻrt oyoqdagi jonivor ivirsib yura boshladi. Pid uni darrov tanidi. It – Odamning doʻsti. Pid diqqat bilan uni kuzata boshladi.

It yer iskagancha darvoza tomon yurdi. Uni hech kim toʻxtatmadiyu It darvozadan oʻtib, maysalar ustiga yotib oldi.

– Ihm, – dedi Pid.

Ular itdan koʻzlarini uzmay kuzatishardi. Odamlardan biri uning yonidan oʻtayotib, boshiga teginib qoʻydi. It esa tilini chiqarib, oyoqlarini osmonga qilib oldi.

– Men ham shunday qila olaman, – dedi hayajonlanib Jer. U Itning shakliga kirib boʻlgandi allaqachon.

– Yoʻq, shoshma, – dedi Pid. – Kunning qolgan qismini yaxshilab oʻylab olishga sarflaymiz. Ishimiz juda muhim, bunda koʻr-koʻrona ish tutish yaramaydi.

Jer xoʻmraygancha unga boʻysindi.

– Ketdik, qaytadigan vaqt boʻldi, – dedi Pid.

Jer bilan yana oʻrmonning quyuq joyiga qaytmoqchi boʻlib turishganida, kutilmaganda Pidning esiga Ilg tushib qoldi.

– Ilg! – sekin chaqirdi u.

Hech qanday javob boʻlmadi.

– Ilg!

– Nima? Ha, aytgancha, – dedi yosh eman va butaga aylandi. – Uzr, biron nima dedingizmi?

– Biz qaytayapmiz, – takrorladi Pid. – Sen tasodifan Mutafakkirga oʻxshab chuqur mushohada qilmayotganmiding?

– Yoʻgʻ-e, – ishontirdi Ilg. – Shunchaki, dam olayotgandim.

Pidning bu izohga rozi boʻlishdan oʻzga chorasi qolmadi. Tashvishlari shusiz ham keragidan ortiqcha.

Ular kunning qolgan qismini oʻrmonning zich yerida bu masalani muhokama qilib oʻtkazdilar. Aftidan, ularda ikkita imkoniyat borday tuyuldi – Odam yoki It shakliga kirish. Bir joyda tomir otib oʻsadigan daraxtning darvoza tomon harakatlanib borishi sira-sira oʻtirishmasdi. Buning ustiga hech kim shu taxlit sezdirmasdan oʻtib ketolmaydi.

Odam shaklida oʻtishga urinib koʻrish ham juda tavakkal qilishdek gap edi. Xullas, ertalab Jerning It shaklida bu ishni amalga oshirishga urinib koʻrishiga kelishib oldilar.

– Endi uxlab olinglar, – dedi Pid.

Ekipajning ikkala a’zosi ham unga boʻysinib, oʻsha lahzaning oʻzidayoq shaklsiz koʻrinishga kelib, yalpayib olishdi. Hammasi oddiydek koʻrinardi goʻyo. Nega atom elektr stantsiyasi bunchalik yomon qoʻriqlanmoqda? Oldin qoʻlga olishgan ekspeditsiyalardan Odamlar biron nimani bilib olishlari kerak edi-ku?! Nahotki, ular umuman savol ham berib oʻtirmay, oʻldirib yuboraverishgan boʻlishsa?

Oʻzga olamlik maxluqotning nima qilmoqchiligini oldindan hech qachon bilib boʻlmaydi.

Balki ochiq darvozalar tuzoqdir?

Pid horgʻin holda yumshab, doʻngchali yerga qulayroq joylashib oldi. Biroq shu zahotiyoq oʻzini tartibga keltirdi.

Shaklsizlik holatigacha tushibdi-ya?!

«Qulaylikning burchga hech qanaqa aloqadorligi yoʻq», deya oʻziga eslatdi va darrov yana Uchuvchi shakliga kirib oldi.

Biroq Uchuvchi shakli namchil, notekis tuproqda uxlash uchun moʻljallanmagandi. Pid tunni notinch oʻtkazdi.

Ertalab Pid charchagan va kayfiyatsiz holda uygʻondi. Jerni turtdi.

– Ishga kirishish kerak, – dedi u.

Jer quvnoqlik bilan tik shaklga kirib oldi.

– Ilg, sen ham uygʻon! – dedi Pid atrofga alanglab. – Uygʻon deyapman!

Javob boʻlmadi.

– Ilg! – chaqirdi u.

Yana javob yoʻq.

– Uni topishga yordamlashib yubor, – dedi Pid Jerga. – U shu yaqin atrofda boʻlishi kerak.

Ikkovlashib har bir buta, daraxt va toʻnkalarni tekshirib chiqishdi. Ammo ularning birortasi Ilg emasdi.

Pid tanasini sovuq qoʻrquv egallaganini his etdi. Aloqachiga nima boʻldiykin?

– Balki tavakkal qilib, darvozadan oʻtishga qaror qilgandir? – dedi Jer.

Pid bu farazni oʻylab koʻrdi, ammo bunday boʻlishi mumkin emasdi. Ilg hech qachon tashabbus koʻrsatmagan. Hamisha birovlarning buyruqlarini bajarish bilan qanoatlanardi.

Uni kuta boshladilar. Kun yarim boʻldi hamki, undan darak yoʻq.

– Boshqa kuta olmaymiz, – e’lon qildi Pid va ikkovi oʻrmon boʻylab harakatlana boshladilar. Pid ketayotib, Ilgning rostdan ham darvozadan tavakkal qilib oʻtishga urinib koʻrganmikan, degan savol ustida bosh qotirib borardi. Bunday indamaslarda koʻpincha aqlga toʻgʻri kelmas jasorat yashiringan boʻladi.

Biroq hech nima Ilgning urinishi amalga oshganiga sha’ma qilmasdi. Bunday vaziyatda Aloqachi halok boʻlgan yoki Odamlar uni asir olishgan, deb oʻylashga toʻgʻri kelardi.

Demak, endi Koʻchirgichni ikkovi ishga tushirishi lozim.

Pid haliyam oldingi ekspeditsiyalarga nima boʻlganini bilmasdi.

Oʻrmon chetida Jer It shakliga kirdi. Pid uni sinchiklab tekshirdi.

– Dumni sal kaltaroq qil, – dedi u.

Jer dumini kaltalashtirdi.

– Quloqlarni kattalashtir.

Jer quloqlarini kattalashtirdi.

– Endi oʻlchamlarni bir-biriga toʻgʻrila, – dedi Pid va nima hosil boʻlganini yana bir bor tekshirib koʻrdi. Jer haqiqatan ham, dumi uchidan to qop-qora hoʻl tumshugʻigacha It shakliga kirgandi. – Omadingni bersin!

– Minnatdorman, – dedi oʻrmondan ehtiyotkorlik bilan chiqa boshlagan Jer.

Jer Itning qadam olishini oʻxshatib keta boshladi. Darvoza oldida soqchi uni chaqirdi. Pidning dami ichiga tushib ketdi. Jer Odamning chaqirishiga e’tibor ham bermay, yonidan oʻtib ketdi. Odam Jer tomon yura boshlagandi, u qochishga tushdi.

Bu orada Pid ikkita oyoqni tayyorlab turardi. Bu agar Jerni qoʻlga olishsa, yordam berishga yugurish uchun. Ammo soqchi yana darvoza yoniga qaytdi. Jer ham qochishdan toʻxtadi va xotirjam asosiy kirish eshigi tomon keta boshladi.

Yengil nafas olgan Pid haligi ikki oyoqni yoʻqotdi.

Biroq asosiy kirish eshigi yopiq edi! Pid Indikatorning uni ochishga harakt qilib koʻrmasligiga ishonardi. Axir bu Itlarga xos emas.

Jerning yoniga boshqa It yugurib keldi-da, unga qarab qoldi. Keyin yaqin kelib Jerni hidlab koʻrdi. Jer ham shunday yoʻl tutdi.

Keyin ikkala it ham bino burchagi tomon yugurgilab ketishdi.

«Aqlli ish, – oʻyladi Pid. – Orqa tarafda eshik boʻlishi kerak».

U botayotgan quyoshga tikildi. Koʻchirgich ishlatilsa, bu yerga Glomning ulkan qoʻshini yetib keladi. Odamlar nima boʻlganini tushunib yetgunlaricha, ularning soni millionga yaqinlashib qoladi. Bu hali boshlanishi.

Kun juda sekinlik bilan poyoniga yetib bormoqda. Ammo hech nima sodir boʻlmadi.

Pid bino gumbazidan koʻzlarini olmasdi. U asabiylashardi. Negaki, agar Jer vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirgan boʻlsa, ish bunchalik choʻzilib ketmasligi kerak edi.

Pid yarim tungacha kutdi. Odamlar binoga kirishar va undan chiqishardi. Darvoza oldidagi itlar hura boshladilar. Ammo Jerdan darak yoʻq.

Jer qoʻlga tushdi, Ilg gʻoyib boʻldi, Pidning bitta oʻzi qoldi.

U haliyam nima sodir boʻlganini bilmasdi.

Ertalabga yaqin Pidni chorasizlik, ilojsizlik chulgʻab oldi. Glomning yigirma birinchi ekspeditsiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchrash arafasida turganini tushundi. Endi hammasi bitta uning oʻziga bogʻliq.

Sal qoʻpolroq reja boʻlsayam, Pid Odam shakliga kirib darvozadan oʻtishga qaror qildi. Boshqa yoʻli ham qolmagandi.

U ishchilarning darvozadan toʻp-toʻp boʻlib kirayotganini koʻrdi. Pid oʻylardi: olomon bilan aralashib ketsinmi yoki hammasi tinchigandan soʻng ishga kirishgani durustmi. U tiqilinchdan foydalanishga qaror qildi va Odam shakliga kira boshladi.

Oʻrmondan, u yashiringan joy yonidan It oʻtib ketayotgandi.

– Salom, – dedi It.

Bu Jer edi.

– Nima boʻldi? – soʻradi yengil tortgan Pid. – Nega buncha qolib ketding? Kirish shunchalik qiyinmi?

– Bilmadim, – dedi Jer dumini likillatib, – bunga urinib koʻrganim yoʻq.

Pid qotib qoldi.

– Men ov qildim, – mamnun tushuntirdi Jer. – Bilasizmi, bu shakl Ov uchun juda qulay ekan. Men boshqa It bilan binoning orqa tarafidagi eshigidan chiqib ketdim.

– Biroq ekspeditsiya… burch…

– Fikrimdan qaytdim, – dedi Jer. – Bilasizmi, Uchuvchi, men hech qachon Indikator boʻlishni istamaganman.

– Ammo sen Indikator boʻlib tugʻilgansan!

– Bu toʻgʻri, – dedi Jer, – ammo bundan menga yengil boʻlib qolmaydi. Men hamisha Ovchi boʻlishni istaganman.

Pid gʻazabdan titrab ketdi.

– Mumkin emas, – xuddi glom-bolakayga tushuntirayotgandek dona-dona qilib gapirdi, – Ovchi shakli sen uchun ta’qiqlangan.

– Bu yerda emas, bu yerda ta’qiqlanmagan, – e’tiroz bildirdi Jer hamon dumini likillatib.

– Buni boshqa eshitishni istamayman, – oʻshqirdi Pid. – Elektr stantsiyasiga bor-da, Koʻchirgichni ishga tushir. Men esa sen aytgan gaplarning barini unutishga tayyorman.

– Bormayman, – dedi Jer. – Bu yerda menga glomlarning keragi yoʻq. Ular hamma narsani halok qiladilar.

– U haq, – dedi baquvvat eman.

– Ilg! – ingrab yubordi Pid. – Qaerdasan?

Shoxlar qimirladi.

– Shu yerdaman, – dedi Ilg. – Xayol suryapman.

– Ammo sen… tabaqang…

– Uchuvchi, – gʻamgin ohangda dedi Jer. – Uygʻonsangiz-chi! Glomda aksariyat aholi baxtsiz. Faqat udumlargina bizni ajdodlarimiz tabaqalariga mos shaklga kirishga majbur qiladi.

– Uchuvchi, – dedi Ilg, – barcha glomlar shaklsiz tugʻiladi.

– Glomlar shaklsiz tugʻilganlari sabali ham Erkin Shaklga ega boʻlishlari kerak, – ilib ketdi Jer.

– Toʻppa-toʻgʻri, – dedi Ilg. – Ammo buni u tushuna olmaydi. Endi esa ma’zur tutasiz, kamina chuqur mushohadaga berilmoqchiman.

Eman jim boʻlib qoldi.

Pid gʻazabnok kuldi.

– Odamlar sizni oʻldirishadi, – dedi u. – Xuddi boshqa ekspeditsiyalarni halok qilishganlaridek.

– Glomlardan hech kim oʻldirilmagan, – ma’lumot berdi Jer. – Barcha ekspeditsiyamiz shu yerda.

– Ular tirikmi?

– Boʻlmasam-chi. Odamlar hatto bizning mavjudligimizni bilishmaydi ham. Men bilan birga ov qilgan It oʻn toʻqqizinchi ekspeditsiyadan ekan. Uchuvchi, bu yerda biz yuztacha bormiz va bu yer bizga yoqib qoldi.

Pid buning barini hazm qilishga urinardi. Quyi tabaqalarga shaklga oid oʻz-oʻzini anglash yetishmasligini hamisha bilardi. Ammo bu… buning bari bema’nilik, axir. Mana, bu sayyoraning xavfliligi siri nimada ekan. Bu Erkinlik ekan-da?!

– Uchuvchi, bizga qoʻshiling, – taklif qildi Jer. – Bu yer chinakam jannatning oʻzi. Bilasizmi, bu sayyorada har xil narsalar qanchalik koʻp? Sanab adogʻiga yetolmaysiz. Bu yerda hayotning barcha turiga mos keladigan shakllar ham bor.

Pid bosh chayqadi. Uning hayot turiga mos shakl yoʻq. U – Uchuvchi.

Ammo Odamlar glomlarning borligini bilishmaydi hatto. Reaktorga yetib borish kulgili darajada oson.

– Hammangiz bilan Glom Oliy Sudi shugʻullanadi, – oʻkirdi u va Itga aylandi. – Mening oʻzim Koʻchirgichni ishga tushiraman.

Pid bir muddat oʻzini oʻrganib koʻrdi. Keyin Jerga bir qarab qoʻydi-da, dikonglagancha darvoza tomon yoʻl oldi.

Darvoza oldida turganlar unga qarab ham qoʻymadilar. Pid bir Odamning ortidan asosiy eshikdan ichkariga kirib oldi va yoʻlak boʻylab yugurib ketdi. Tanasi choʻntagidagi titray boshlagan Koʻchirgich Pidni reaktor zali tomon borishga undagandek boʻldi.

U hovliqqanicha qandaydir zinadan koʻtarilib, boshqa yoʻlak boʻylab yugurib ketdi. Burilishdan qadam tovushlari eshitildi. Unga sezgisi bino ichiga itlarning kirishiga yoʻl qoʻyilmasligini bildirib turardi. Ilojsizlikdan yashirinish uchun joy qidirib, atrofga alangladi. Biroq yoʻlak silliq va boʻm-boʻsh edi. Faqat shiftda yoritgichlar osilib turardi.

Pid bir sakrab, shiftga qapishib oldi va yoritgich shakliga kirdi. U Odamning nega uning yonmay turganiga e’tibor qaratmasligiga ishonardi.

Odamlar yugurib oʻtib ketishdi.

Pid tagʻin Odam shakliga kirib, maqsad sari oshiqdi.

Unga yanada yaqinroq borishi kerak edi.

Yoʻlakda yana bir Odam paydo boʻldi. U Pidga sinchiklab qarab turdi-da, nimadir deb gʻudrandi. Keyin kutilmaganda keskin ortiga burildi-da, juftakni rostladi. Odamni nima buncha sergaklantirganiga Pid tushunmadi, albatta. Tanasidagi Koʻchirgich kerakli masofaga yaqinlashib qolinganini bildirib, sezilarli titray boshladi.

Kutilmaganda Pidning miyasida ikkilanish paydo boʻldi. Barcha ekspeditsiya a’zolari qochgan! Hammasi!

U yugurishdan sekinlashdi.

Erkin Shakl… qanday gʻalati tushuncha. Vahimaga soluvchi tushuncha.

«Bu, soʻzsiz Shaklsizlikning nayranglari», dedi oʻziga-oʻzi va yana oldinga intildi.

Yoʻlak oxiri ulkan yopiq eshikka borib taqalarkan. Pid unga tikilib qoldi.

Yoʻlakning narigi boshida esa Odamlarning gʻovuri, baqir-chaqiri eshitila boshladi.

Qaerda xatoga yoʻl qoʻydi? Uni qanday sezib qolishdi? Oʻzini bir qarab chiqdi. Qoʻllari bilan yuzini siladi. O, chehrasi shaklini oʻzgartirishni unutgan ekan...

Jon holatda eshikni tortdi. Keyin choʻntagidan Koʻchirgichni chiqardi. Titrash yetarlicha emasdi. Uni ishlatish uchun reaktorga yanayam yaqinroq borish kerak.

Pid eshikka razm soldi. Uning pastki qismi bilan pol orasida tirqish bor ekan. Darhol shaklsiz holga kelib eshik tagidan sizib oʻta boshladi. Koʻchirgichni ham bir amallab oʻtkazib oldi.

Ichkari tarafda eshikning ilgagi bor ekan. Pid uni ildirib, ketidan tirab qoʻyish uchun biron nima qidirib, atrofga alangladi. Chogʻroqqina xona. Bir tomonda reaktorga olib boruvchi zalvorli qoʻrgʻoshin eshik, ikkinchi tomonda deraza bor. Bor-yoʻgʻi shu.

Pid Koʻchirgichga qaradi. Titrash yetarlicha. Nihoyat, u maqsadiga yetishdi. Bu yerda Koʻchirgich reaktordan quvvat tortib olib bemalol ishlaydi. Faqat uni ishga tushirish kerak.

Biroq nega ularning bari qochoqqa aylanishgan? Pid ikkilanardi. Barcha glomlar shaklsiz tugʻiladi, bu haqiqat. To ulgʻayguncha va turli tabaqalarga tegishli ajdodlari shakli berilmaguncha glomlarning bolalari amorf holatida boʻladi. Biroq Erkin Shakl…

Pid imkoniyatlarini chamalab koʻrayotgandi. Hech bir toʻsiqsiz istagan shaklga kirishi mumkin. Bu jannatmonand sayyorada u barcha niyatlari va orzusini amalga oshira oladi. Kimga aylangisi kelsa – aylanadi, nimaning shakliga kirishni istasa – kiradi. Bu yerda yolgʻiz ham qolib ketmaydi. Bu yerda boshqa glomlar ham Erkin Shakldan lazzat olishmoqda.

Odamlar eshikni buza boshladilar. Pid haliyam tanlay olmay ikkilanardi. Nima qilsin? Erkinlik…

Pid erkinlik oʻzi uchun emasligini alam bilan oʻylardi. Ovchi yoki Mutafakkir boʻlish oson. U esa – Uchuvchi. Parvozlar – uning hayoti, uning shavqi. Parvoz bilan bu yerda qanday shugʻullana oladi?

Albatta, Odamlarda ham kemalar bor. Odamga aylanib, birorta kemani izlab koʻrish mumkin…

Yoʻq, hech qachon. Daraxt yoki Itga aylanish osonroq. Hech qachon oʻzini Odamdek koʻrsatmaydi.

Gumburlatib urishlardan eshik zirillardi.

Pid Koʻchirgichni ishga tushirish oldidan soʻnggi bor sayyoraga nazar solish uchun deraza oldiga keldi va derazadan tashqariga qaradi-yu, hushdan ketib yiqilishiga bir bahya qoldi.

Bu rostdan ham haqiqatmi? U Jerning bu sayyorada istagan niyatni qondirish uchun yetarlicha shakl, hayot koʻrinishlari bor, deya toʻlqinlanib gapirganida nimani nazarda tutganini dastavval tushunmagan ekan. Hatto uning, Pidning ham orzusini amalga oshirish mumkin ekan! Uchuvchilar tabaqasining parvoz qilishga boʻlgan kuchli istagini ham.

Pid tashqariga yana bir bor nazar soldi-da, Koʻchirgichni polga uloqtirdi. Asbob chil-chil sinib, har yoqqa tariqdek sochilib ketdi.

Eshik ochilayotgan paytda esa u derazadan uchib chiqayotgandi.

Odamlar deraza tomon otildilar. Deraza ortidan kattagina, oppoq qush havoga koʻtarildi. U qanotlarini sal beoʻxshovroq qoqardi. Ammo qushning harakatlari tobora aniqroq boʻla bordi va u uzoqlashib borayotgan qushlar galasiga yetib olishga harakat qila boshladi.

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 8-sonidan olindi.