OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRobert Shekli
Asar nomiYettinchi qurbon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Robert Shekli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yettinchi qurbon (hikoya)
Robert Shekli

Stenton Freleyn stol ortida oʻtirganicha ishchan qiyofa kasb etishga urinardi. U kecha oqshomda boshlagan reklama matnini hali ham tugata olmayotgandi. Nihoyat u xatlar kelmagunicha biror ish qila olmasligini tushundi.

U ikki haftadan buyon xat kutardi.

«Morger va Freleyn, ustki kiyimlar» deb yozilgan uning xonasi eshigi ochildi va bir necha yil ilgari otishmada omadi kelmagan E.J.Morger oqsoqlangancha ichkariga kirib keldi.

-Salom Sten,-dedi Morger.-Reklama nima boʻldi?

Freleyn bundan oʻn olti yil ilgari, yigirma yetti yoshida Morger bilan hamkorlikni boshlagandi. «Himoya kiyimlari»dan boshlangan ish aylanma mablagʻi million dollarni tashkil etuvchi kontsernga aylangandi.

-Qoralamasi tayyor,-Freleyn Morgerga bir parcha qogʻozni uzatdi. «Pochta qachon kelarkin», oʻyladi u.

-«Siz «Morger va Freleyn» firmasining «Himoya kostyumi»ni hali ham sotib olmadingizmi?-ovoz chiqarib oʻqidi Morger qogʻozga koʻz yugurtirarkan.-Bekor qilasiz. Bu erkaklarga eng kerakli kostyum!».

Morger yoʻtaldi va Freleynga qaradi. Keyin iljayganicha oʻqishda davom etdi:-«Haqiqiy libos-nafaqat eng xavfsiz, koʻrkam ham. Har bir kostyumga qurol solish uchun maxsus choʻntaklar qoʻyiladi. Yoningizda qurol borligini hech kim bilmaydi. Choʻntaklar buyurtmangiz boʻyicha qoʻyiladi». Yomonmas,-dedi Morger.

Freleyn bosh irgʻadi.

-«Toʻpponchaga moslangan choʻntak zamonaviy mudofaa sohasidagi ulkan kashfiyotdir. Yashirin tugmachani bosishingiz bilan otishga tayyor qurol qoʻlingizda boʻladi. «Himoya kostyumi»ni «Morger va Freleyn» firmasining doʻkonlaridan sotib olishingiz mumkin. Hayotingiz qadrli boʻlsa, «Himoya kostyumi»ni sotib oling!». Ajoyib,-maqtadi Morger.-Reklama zoʻr chiqibdi.-U sochlarini silab qoʻydi.

Freleyn oʻrnidan turdi va ustidagi kostyumini toʻgʻriladi.

-Asabiylashmang,-dedi Morger.-Koʻrasiz, bugun xat albatta keladi.

Freleyn unga minnatdorlik bilan boqdi.

-Men xuddi ilk marta qotillik qilgani chiqayotgandek boʻlyapman,-dedi u.

-Tushunaman,-bosh silkidi Morger.-Men ham Oʻyinda ishtirok etgan paytlarimda navbatdagi ov haqidagi xabarni kutib oylab uxlamasdim.

Oraga jimlik choʻkdi. Shu payt eshik ochilib, ichkariga xizmatchi kirdi va stol ustiga bir dasta xatjildni qoʻydi.

Freleyn xatlar orasidan oʻziga keraklisini topdi-bu hukumat muhri bosilgan RTVdan kelgan maktub edi.

-Mana!-engil tortdi Freleyn va yuziga tabassum yugurdi.-Nihoyat!

-Xursandman,-dedi Morger.-Ovingiz baroridan kelsin.

-Boshqacha boʻlishi mumkin emas!-Freleynning ovozida qat’iy ishonch bor edi.

-Qani mening yigirma yoshligim!-dedi Morger.-Sizni koʻrib yana qoʻlimga qurol olgim kelyapti.

Morger oqsuyaklar sinfiga kirardi-uning muvaffaqiyatli oʻnta ovi Morger uchun Oʻnlar Klubi eshiklarini ochgandi. Har bir ovdan soʻng u Qurbon sifatida ovda ishtirok etgani hisobga olinsa, uning hisobida yigirmata qotillik bor edi.

-Bu nechanchi Qurboningiz boʻladi?-soʻradi u Freleyndan.

-Yettinchi.

-Yetti-baxtli raqam. Yana bir marta omad tilayman. Tez orada sizni Klub a’zolari orasida koʻrishga umid qilaman.

Freleyn tashqariga yoʻl oldi.

-Yodda tuting: ehtiyotkorlik va yana bir marta ehtiyotkorlik,-qichqirdi uning ortidan Morger.-Birgina xato qilsangiz tamom...

-Harakat qilaman,-dedi Freleyn.

U uyiga avtobusda emas, piyoda ketishga qaror qildi. Sal oʻzini bosib olishi kerak. Xuddi birinchi marta qotillikka chiqayotgan boladek tutmasligi kerak oʻzini.

Freleyn koʻchada hech qachon atrofga qaramasdi, bu oʻzini oʻqqa tutib berish degani edi. Yon-atrofda biror kishi Qurbon boʻlishi mumkin edi.

J.F.Donovanning qidiruv byurosi reklamasini u uzoqdan koʻrdi.

«Qurbonlar! Tavakkalga ne hojat! Biz sizning qotilingiz kimligini aniqlaymiz. Pulini qotil bilan hisob-kitobdan soʻng toʻlaysiz. Eng yaxshi izquvarlar faqat bizda» deb yozilgandi reklamada.

Reklama Freleynga Ed Morrouga qoʻngʻiroq qilish kerakligini eslatdi.

U qadamini tezlatdi. Freleyn tezroq uyga borib xatjildni ochgisi va bu safar kimni tinchitishi kerakligini bilgisi kelardi. Qiziq, uning Qurboni aqllimikin yoki ahmoqmi? Toʻrtinchi Qurbondek boymikin yoki birinchi va ikkinchisi singari kambagʻalmikin? Izquvarlar xizmatidan foydalanarmikin yoki yolgʻiz oʻzi harakat qilarmikin?

Uning yuragi boʻlajak ov lazzatidan gupillab urardi. Uzoqdan Freleynning qulogʻiga toʻrt marta oʻq ovozi eshitildi.

«Bu ovda kimningdir omadi keldi», oʻyladi Freleyn.

U uyga kelgach, birinchi navbatda izquvari Ed Morrouning telefon raqamini terdi.

-Allo, Ed? Bu Freleyn.

-Sizni eshitib turganimdan xursandman, janob Freleyn.

-Ovga chiqyapman.

-Tushunarli. Demak, men sizga kerak boʻlaman?

-Ha. Men uzogʻi bilan ikki haftada ishimni tugataman. Shuning uchun qotillikdan keyin mening Qurbon sifatidagi maqomim haqida ma’lumot toʻplang.

-Xoʻp. Omadingizni bersin, janob Freleyn.

-Rahmat,-u goʻshakni qoʻydi. Izquvar xizmatidan foydalanish ehtiyotkorlikning asosiy sharti. Tez orada Freleyn Qurbon sifatida faoliyat yuritadi va bunda muvaffaqiyat qozonishi Ed Morrouga bogʻliq.

Freleyn xatjildni ochdi. U Qurbonning ismini koʻrib qotib qoldi.

Janet-Mari Pattsig.

Freleyn oʻrnidan turdi. Keyin xatni yana bir marta oʻqidi. Janet-Mari Pattsig. Ayol kishi. Xatjild ichida uchta fotosurat, manzil va kerakli ma’lumotlar yozilgan qogʻoz bor edi.

Freleyn qovogʻini uydi. U shu paytgacha faqat erkaklarni otgandi.

U RTV raqamini terdi.

-Ruhiy tozalash vazirligi, axborot boʻlimi,-degan ovoz eshitildi.

-Menga kelgan xatda Qurbonim ayol kishi ekanligi aytilgan. Buni qanday tushunish kerak?-U ayolning ismini aytdi.

-Hammasi joyida. Ayol oʻz ixtiyori bilan roʻyxatdan oʻtgan.

-Ayting-chi, uning hisobida nechta qotillik bor?

-Afsuski, aytolmayman.

-Tushunarli,-dedi Freleyn.-Men boshqa Qurbon tanlasam boʻladimi?

-Albatta. Lekin buning uchun avval Qurbon sifatida ishtirok etishingiz kerak boʻladi. Rozimisiz?

-Yoʻq,-dedi Freleyn.-Men shunchaki qiziqib soʻragandim.

U goʻshakni qoʻydi.

-Ayol kishiga nima bor,-mingʻirladi u.

Ruhiy tozalash vazirligi oltinchi jahon urushidan soʻng erkaklar uchun maxsus tashkil etilgandi. Koʻplab mamlakatlar oʻta kuchli ommaviy qirgʻin qurollariga ega boʻlib, bittagina urush butun insoniyatni yoʻq qilib yuborishi mumkin edi.

Insoniyatga tinchlik zarur edi. Tarixchilar nima uchun insoniyat urush qilaverishi sababini topishdi: erkaklar jang qilishni yoqtirar ekan.

Shundan soʻng mutaxassislar tinchlik oʻrnatish uchun erkaklarga kichkinagina imkoniyat berish kerakligini e’tirof etishdi. Shu tarzda Ruhiy tozalash vazirligi vujudga keldi.

Bu vazirlik erkaklarning urushga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun tashkil etilgandi. Kim qotillik qilmoqchi boʻlsa, vazirlikda roʻyxatdan oʻtardi. Shundan soʻng vazirlik uni Qurbon bilan ta’minlardi. Agar Ovchi gʻolib boʻlsa, qonunga binoan bir necha oydan soʻng Qurbon maqomini olardi. Agar yana gʻolib chiqsa, yana bir marta Ovchilik qilishi mumkin edi. Shu tarzda u halok boʻlgunicha faoliyat olib borardi.

Ovchiga Qurbonning ismi, manzili, koʻrinishi tasvirlangan xat va ikki hafta muhlat berilardi. Qotillik faqat maxsus toʻpponchada amalga oshirilishi lozim edi. Boshqa quroldan foydalanish taqiqlangandi.

Qurbon Ovchidan bir hafta oldin maktub olardi. Unga faqat Qurbon ekanligi ma’lum qilinardi, xolos. Qurbon har qanday quroldan foydalanishi hamda izquvar yollab Ovchining kimligini aniqlashi mumkin edi.

Ov paytida boshqalarning oʻlishi yoki jarohatlanishiga yoʻl qoʻyganlar jiddiy jazolanardi.

Shu tarzda mamlakatlararo yirik urushlar barham topib, ikki kishi orasidagi mayda urushlarga yoʻl qoʻyib berildi.

Freleynning Ovdan hafsalasi sovigandi. Chunki Qurbon ayol kishi edi. Lekin uning oʻzi koʻngilli boʻlib roʻyxatdan oʻtibdimi, endi ortga yoʻl yoʻq. Freleyn olti marta muvaffaqiyat qozongan, bu safar yutqazishi mumkin emas.

Janet Pattsigning Nyu-Yorkda istiqomat qilishi Freleynni xotirjam qildi, u anchadan buyon bu shaharga borishni orzu qilardi. Pattsigning yoshi aytilmagan, ammo suratga qaraganda u endigina yigirmadan oʻtgan qiz edi.

Freleyn telefonda samolyot uchun chiptaga buyurtma berdi. Soʻng Ov uchun tayyorlangan «Himoya kostyumi»ni kiydi. Toʻpponchasini tozalab, choʻntagiga soldi.

Freleyn eshikni qulflab, taksiga oʻtirdi.

Nyu-Yorkda u shahar markazida, Pattsig yashaydigan hududdan uncha uzoqda boʻlmagan mehmonxonaga joylashdi. Freleyn shaharni tomosha qilish maqsadida sayrga chiqdi. Doʻkonlarni aylandi. «Ov va Ovchi» doʻkoni uni hayratga soldi. Bu yerda Qurbonlar uchun yengil, oʻq oʻtkazmaydigan kiyimlar namoyish qilingandi. Devorning bir tarafini oʻttiz sakkizinchi kalibrli toʻpponchalar egallagandi. Shuningdek, toʻrtta oʻq otadigan hassalar ham sotuvga qoʻyilgandi. Ilgarilari Freleyn har bir yangi chiqqan narsani sinab koʻrardi, keyinchalik esa faqat sinovdan oʻtgan qurolga ishonish kerak ekanligini angladi.

U restoranda ovqatlanib, uxlashga yotdi. Ertaga kun ogʻir boʻladi.

Ertalab Freleyn Qurbonining uyi tomonga yoʻl oldi. Qurbonining qiyofasini u juda yaxshi eslab qolgandi.

Leksington-avenyuda bir nechta barlarga moʻralab oʻtgan Freleyn tor koʻchalardan biriga burildi va ochiq havoda joylashgan qahvaxona oldidan chiqdi.

Bu oʻsha! Adashishi mumkin emasdi. Stollardan birida qadahga termulganicha Janet-Mari Pattsig oʻtirardi.

Freleyn burchakka qaytdi va toʻxtadi. Uning qoʻllari qaltirardi.

Bu qiz nega bu yerda oʻtiribdi?

U taksiga oʻtirdi va kvartalni aylanib oʻtishni buyurdi. Pattsig haliyam oʻsha joyda oʻtirardi. Freleyn unga diqqat bilan razm soldi. U suratdagidan ham koʻra ancha yosh edi. Freleyn uning yuzida qaygʻu ifodasini koʻrdi.

«Bor endi, otib tashla uni!..».

Freleyn taksiga pul toʻlagach, mashinadan tushdi va yaqin-atrofdagi telefon-avtomat yoniga borib RTVga qoʻngʻiroq qildi.

-Allo, Janet-Mari Pattsig ismli Qurbon xabarnoma olganmi?

-Bir daqiqa.-Freleyn javobni sabrsizlik bilan kutardi.-Ha, janob. U xabarnoma olgan. Biror narsa boʻldimi?

-Hammasi joyida,-dedi Freleyn.-Shunchaki bilmoqchi edim.

«Agar u oʻzini himoya qilishni istamasa, bu uning shaxsiy ishi. Hozir uni oʻldirish kerak».

Ammo Freleyn Ovni ertangi kunga qoldirdi. Tushlik qilgach, mehmonxonaga qaytdi va oʻzini divanga tashladi.

«Nega choʻzyapman,-oʻyladi u,-bitta oʻq bilan tinchitish mumkin edi. Ertaga oʻzidan koʻrsin». U xayol surib yotib uxlab qoldi.

Ertasiga u yana qahvaxona yonidan oʻtdi. Qiz xuddi oʻsha stolda oʻtirardi. Freleyn taksi toʻxtatdi.

-Kvartalni sekin aylanamiz,-dedi u.

-Boʻpti,-dedi haydovchi.

Atrofga diqqat bilan koʻz yugurtirgan Freleyn bu yerda izquvarlar yoʻq ekanligiga ishonch hosil qildi. U qurol choʻntagidagi tugmachani bosdi, toʻpponcha qoʻliga sirgʻalib chiqdi.

-Yanayam sekinroq,-dedi u.

Taksi qahvaxona roʻparasiga keldi. Freleyn qizni moʻljalga oldi...

-Jin ursin!-dedi u.

Stol oldida qizni toʻsgancha ofitsiant paydo boʻldi. Freleyn tavakkal qilmaslikka qaror qildi.

-Yana aylanamiz,-dedi u haydovchiga.

Bu safar ofitsiant xalal bermadi. Qiz sigaret chekkancha ma’yus holda yondirgichga qarab oʻtirardi. Freleyn Qurbonini moʻljalga oldi va nafasini ichiga yutdi. Soʻng boshini chayqadi va toʻpponchani choʻntagiga soldi.

U yoʻl kira haqini toʻlab, taksidan tushdi. «Juda oddiy», dedi u oʻziga oʻzi. U haqiqiy Ovga oʻrgangan. Oldingi qotilliklarda u ancha ter toʻkkandi. Qurbonlar qutulib qolish uchun bor mahoratlarini ishga solishgandi. Ulardan biri oʻnlab izquvarlarni ham yollagandi. Ammo Freleyn ularni baribir tinchitgandi. Bir marta u sut sotuvchi, yana bir marta esa soliq idorasi xodimi sifatida kelib, Qurbonlarini otib ketgandi.

Bu yerda-chi? Bunday qotillik bilan faxrlanib boʻladimi? Klubdagilar kulishadi-ku.

Bu fikr Freleynni dahshatga soldi. Klub uning eng buyuk orzusi edi. Hozir qizni tirik qoldirsa ham baribir Qurbon sifatida faoliyat yuritishi va keyin toʻrt kishini otishi kerak boʻladi. U holda Klubga kirishi qiyinlashadi.

-Mumkinmi?-dedi u.

Janet Pattsig unga ma’yus nigohini qadadi.

-Menga qarang,-gap boshladi Freleyn qizning yoniga oʻtirarkan.-Agar joningizga tegsam, aytishingiz bilan bu yerdan ketaman. Men Nyu-Yorkka ish bilan kelgandim. Biror qiz bilan gaplashib oʻtirgim keldi. Agar qarshi boʻlmasangiz...

-Menga baribir,-dedi Janet Pattsig.

-Brendi,-dedi Freleyn yaqinlashgan ofitsiantga.

Freleyn Pattsigga qarab yuragi gupillab urib ketdi. Oʻz Qurboning bilan birga ichib oʻtirsang-a!

-Mening ismim Stenton Freleyn,-dedi u.

-Janet.

-Janet, u yogʻi-chi...

-Janet Pattsig.

-Xursandman. Janet, bugun kechqurun nima qilasiz?

-Bugun kechqurun meni oʻldirishsa kerak,-hafsalasizlik bilan javob berdi qiz.

Freleyn unga diqqat bilan qaradi. Qiz uning kimligini bilarmikin?

-Siz Qurbonmisiz?-soʻradi u yasama hayronlik bilan.

-Ha,-achchiq jilmaydi qiz.-Shuning uchun yaxshisi yonimdan ketganingiz ma’qul.

Freleyn uning nima uchun bunchalik xotirjam ekanligini tushunolmasdi. «Yashashdan toʻyganmikin?».

-Izquvaringiz bordir?-Bu safar u rostdan hayratlandi.

-Yoʻq.

Qiz unga tik boqdi. Freleyn uning judayam goʻzal ekanligini endi sezdi.

-Men ahmoqman,-dedi qiz.-RTVga Ov uchun ariza bergandim. Ammo... odam oʻldirolmadim.

Freleyn hamdardlik bilan bosh silkidi.

-Lekin men oʻyinda baribir ishtirok etyapman. Endi Qurbonga aylandim.

-Nega izquvar yollamadingiz?-soʻradi Freleyn.

-Qoʻlimdan odam oʻldirish kelmaydi,-elka qisdi qiz.-Toʻpponcham ham yoʻq.

-Mard ekansiz,-dedi Freleyn.-Ochiq joyda oʻtiribsiz.

-Nima ham qila olardim? Ovchidan qochib qutulib boʻlmaydi. Bundan tashqari, qochib ketgani pulim ham yoʻq. Yengiltakligim uchun jazolanishim shart.

Ular ancha gaplashib oʻtirishdi. Soʻng birga ovqatlanishdi. Freleyn taksi toʻxtatib qizni uyiga kuzatib qoʻymoqchi boʻldi.

Qiz mashinaga oʻtirdi. Freleyn ikkilanib qoldi. U hozir, shu yerning oʻzida uni otib tashlashi mumkin edi. Bunday qulay fursat boʻlishi qiyin.

Lekin u oʻzini tutdi. «Yana ozgina kutamiz», dedi u oʻziga oʻzi.

Ular taksida ketisharkan, Freleyn shu paytgacha birorta ham qiz uni Pattsigchalik oʻziga rom etmaganini angladi. U sevib qolgan qiz esa uning Qurboni.

U bu yogʻiga nima qilishni bilmasdi. Janet uni uyiga taklif qildi. Qiz divanga oʻtirdi va yondirgichida sigaret tutatdi.

-Qachon ketasiz?-soʻradi u.

-Aniq bilmayman,-javob qaytardi Freleyn.-Menimcha, indinga.

Qiz xoʻrsindi.

-Sizni sogʻinaman.

Oraga sukunat choʻkdi. Soʻngra Janet oʻrnidan turib, kokteyl tayyorlashga kirishdi. U xonadan chiqayotganida Freleyn uning ortidan tikildi. «Vaqt boʻldi», oʻyladi u.

Lekin u qizni ota olmasdi. «Sevgan insoningni qanday qilib otish mumkin?».

U bu fikrdan hayajonga tushdi. U bu qizni oʻldirish uchun kelgandi, uylanish uchun emas.

Qiz qoʻlida patnis bilan qaytib kirdi va uning qarshisiga oʻtirdi.

-Janet,-dedi Freleyn.-Men seni sevaman.

Qiz boshini koʻtardi. Uning koʻzida yosh koʻrindi.

-Kerakmas,-dedi u hiqillab.-Men axir Qurbonman. Meni oʻldirishadi...

-Seni hech kim oʻldirmaydi. Seni oʻldiradigan Ovchi menman.

Qiz unga diqqat bilan tikildi, soʻng jilmaydi:

-Siz meni oʻldirasizmi?

-Bas qil,-dedi Freleyn.-Men senga uylanmoqchiman.

Janet oʻzini uning bagʻriga tashladi.

-E Xudoyim!-dedi u.-Men judayam ezilib ketgandim.

-Hammasi ortda qoldi,-pichirladi Freleyn.-Tasavvur qil, bolalarimizga qanday tanishganimizni aytib beramiz.

Janet uni oʻpib qoʻydi, soʻng sigaret tutatdi.

-Tur, ketdik,-dedi Freleyn.-Birinchi navbatda...

-Toʻxtang,-dedi qiz.-Men sizni sevamanmi, shuni soʻramadingiz-ku.

-Nima?

Qiz iljayganicha unga yondirgichni qaratdi. Yondirgich ostida aynan oʻttiz sakkizinchi kalibrli oʻq uchun moʻljallangan qora teshikcha koʻrinib turardi.

-Bu qanaqa hazil?-qichqirdi u oʻrnidan sakrab turarkan.

-Bu hazil emas, azizim,-dedi qiz.

Freleyn unga yaxshilab razm soldi. Uning oldida yosh qiz emas, yoshi oʻttizdan oshgan ayol turardi. Qanday qilib buni sezmay qoldi?

-Men seni sevmayman, Stenton,-dedi Pattsig.

Freleyn doimo oxirigacha kurashardi. U hamma narsani oldindan bilgan bu ayolning mahoratiga tan berdi.

U tugmachani bosdi va toʻpponcha qoʻliga sirgʻalib tushdi.

Shu payt dahshatli zarba uni uchirib yubordi. Qoʻlidagi toʻpponchasi taraqlab yerga tushdi. U hushini yoʻqotarkan, ayol ikkinchi oʻqni uzishga tayyorlanayotganini koʻrdi.

-Va nihoyat, men Klubga qabul qilinadigan boʻldim,-dedi Janet va tepkini bosdi.