OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRobert Shekli
Asar nomiYoʻq qilish xizmati (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Robert Shekli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻq qilish xizmati (hikoya)
Robert Shekli

Tashrif buyuruvchini qabulxonadan ichkariga kiritmaslik kerak edi, zero janob Fergyuson kelganlarni oldindan kelishgan holda qabul qilar, oʻta muhim ish bilan kelganlargina bundan mustasno edi. Fergyuson vaqtning qadriga yetadiganlar toifasidan edi.

Ammo janob Fergyusonning kotibasi miss Deyl yosh va ta’sirchan edi. Tashrif buyuruvchi yoshi ulugʻ boʻlib, salobatli, qimmatbaho kostyum kiygan, qoʻlida hassa tutib olgan kishi edi. Miss Deyl uni muhim shaxslardan deb hisoblab, toʻgʻri janob Fergyusonning xonasiga boshlab kirdi.
-Salom, ser,-dedi tashrif buyuruvchi, miss Deyl eshikni yopib chiqib ketishi bilan.-Mening ismim Esmond. Yoʻq qilish xizmatidanman.-U Fergyusonga tashrif qogʻozini uzatdi.
-Tushunarli,-dedi Fergyuson, miss Deylning qiligʻidan jahli chiqqanini yashirmay.-Yoʻq qilish xizmati? Kechirasizu, menda yoʻq qiladigan narsaning oʻzi yoʻq.-U suhbatga yakun yasash uchun oʻrnidan turdi.
-Hech narsangiz yoʻqmi?
-Mutlaqo. Kelganingiz uchun tashakkur. Yoʻq qiladigan qogʻozim yoʻq.
-U holda siz atrofingizdagi odamlar bilan yaxshi munosabatdasiz desak boʻladi, shundaymi?
-Nima? Buning sizga qanday aloqasi bor?
-Bilasizmi, janob Fergyuson, yoʻq qilish xizmati aynan shu ish bilan shugʻullanadi.
-Ustimdan kulmang,-dedi Fergyuson.
-Kulayotganim yoʻq,-javob qaytardi janob Esmond.
-Siz aytmoqchisizki,-dedi Fergyuson jilmaygancha,-odamlarni yoʻq qilasiz?
-Ha. Men hech qanday yozma dalil keltira olmayman: biz iloji boricha reklamadan qochamiz. Ammo ishontirib aytamanki, bizning firmamiz ishonchli.

Fergyuson tashrif buyuruvchidan koʻzini uzmay qarab turardi. U eshitganiga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmayotgandi.

Bu albatta hazil. Ahmoqqa ham ayon.

Bu hazil boʻlmasligi mumkin emas.
-Yoʻq qiladigan odamlaringizni nima qilasizlar?-soʻradi Fergyuson.
-Bu yogʻi bizning ishimiz,-dedi janob Esmond.-Muhimi, ular gʻoyib boʻlishadi.
-Tushunarli, janob Esmond. Aslida menda qanday ishingiz bor edi?
-Aytdim-ku,-dedi Esmond.
-Bas qiling. Bu jiddiy gap emas. Agar sizni jiddiy gapiryapti deb oʻylaganimda politsiyani chaqirgan boʻlardim.

Janob Esmond uf tortgancha oʻrnidan turdi.
-U holda siz bizning xizmatimizga muhtoj emas ekansiz. Sizning doʻstlaringiz, qarindosh va qoʻshnilaringiz, xotiningiz bilan munosabatingiz yaxshi ekan.
-Xotinim bilan? Xotinim haqida nima bilasiz?
-Hech narsa, janob Fergyuson.
-Qoʻshnilarim bilan gaplashdingizmi? Mayda-chuyda janjallar hech narsani anglatmaydi.
-Men sizning oilangiz haqida hech qanday ma’lumotga ega emasman, janob Fergyuson,-dedi Esmond yana kresloga oʻtirarkan.
-Unda nimaga xotinim haqida eslatdingiz?
-Bizning hisob-kitoblarimizga qaraganda, asosiy daromadimiz er-xotinlar munosabatidan kelar ekan.
-Menda hammasi joyida. Xotinim bilan munosabatimiz a’lo darajada.
-Demak, sizga yoʻq qilish xizmatining keragi yoʻq ekan,-dedi janob Esmond hassasini qoʻltigʻiga qistirib.
-Bir daqiqa,-Fergyuson qoʻlini orqasiga qilgancha xona boʻylab yura boshladi.-Bilasizmi, sizning gaplaringizga ishonmayman. Birortasiga ham. Ammo aytaylik, gapingiz rost. U holda agar men... istasam...
-Sizning ogʻzaki roziligingiz kifoya,-dedi janob Esmond.
-Toʻlov-chi?
-Ish bajarilganidan keyin.
-Menga farqi yoʻq,-shoshib dedi Fergyuson.-Men shunchaki qiziqyapman. Xotinim bilan munosabatimiz yaxshi. Turmush qurganimizga oʻn yetti yil boʻldi. Toʻgʻri, turmushda har xil janjallar boʻlib turadi.

Janob Esmond unga jimgina quloq solib oʻtirardi.
-Istasang-istamasang, murosa qilishga toʻgʻri keladi,-dedi Fergyuson.-Men sevgi-muhabbat yoshidan oʻtganman, xotinimni yoʻq qilish maqsadim boʻlgani...
-Sizni tushunaman,-soʻz qotdi janob Esmond.
-Mana, nima demoqchiman,-gapida davom etdi Fergyuson.-Ba’zida xotinim bilan yashagim kelmay qoladi. U shallaqi. Asabimni buzadi. Egovlaydi. Bundan xabardormisiz?
-Yoʻq,-dedi janob Esmond.
-Boʻlishi mumkin emas! Unda nega he yoʻq-be yoʻq oldimga keldingiz?

Janob Esmond yelkasini qisdi.
-Nima boʻlgan taqdirda ham,-dedi Fergyuson,-hayotimni boshqatdan qurishni xohlaydigan yoshdan oʻtganman. Aytaylik, men uylanmaganman. Aytaylik, men miss Deyl bilan ishqiy aloqadaman. U holda yoqimli boʻlardi.
-Gapingiz toʻgʻri. Miss Deyl yoqimtoy qiz. Buni hech kim inkor etmaydi.

Janob Esmond oʻrnidan turib, eshik tomon yoʻnaldi.
-Siz bilan qanday bogʻlansam boʻladi?-beixtiyor soʻradi Fergyuson.
-Sizda tashrif qogʻozim bor. Soat beshgacha qoʻngʻiroq qilishingiz mumkin. Lekin bugun shu soatdan kech qolmasdan qaror qabul qilishingiz kerak. Vaqt-pul, biz ish jadvaliga qat’iy rioya qilamiz.
-Albatta,-dedi Fergyuson va jilmayib qoʻydi.-Men sizning gaplaringizga ishonmayman. Sizlarning shartlaringizniyam bilmayman.
-Sizning moddiy holatingizda bizning shartlarimiz arzimas boʻlib koʻrinadi.
-Keyinchalik men siz bilan gaplashmaganimni, sizni hech qachon koʻrmaganligimni aytishim mumkinmi?
-Albatta.
-Agar sizga qoʻngʻiroq qilsam, albatta javob qaytarasizmi?
-Soat beshgacha. Yaxshi qoling, janob Fergyuson.

Esmond ketgach, Fergyuson qoʻllari qaltirayotganini sezdi. Suhbatdan u qattiq hayajonlangandi va u bugungi suhbatni miyasidan chiqarib yuborishga qaror qildi.

Ammo bu oson emasdi. U ishga qanchalik jiddiy shoʻngʻimasin, Esmondning har bitta soʻzi miyasida jaranglardi.

Qandaydir yoʻl bilan yoʻq qilish xizmati uning xotini haqida ma’lumotga ega boʻlgan. Fergyuson esa xotinining qanday ekanligini tan oldi.

U yana ishga berildi. Ammo shu payt miss Deyl qogʻoz koʻtarib kirib qoldi va Fergyuson beixtiyor uning nihoyatda goʻzalligini ichida tan oldi.
-Yana biror topshirigʻingiz bormi, janob Fergyuson?-soʻradi miss Deyl.
-Nima? Ha, hozircha yoʻq,-dedi Fergyuson. Qiz chiqib ketgach, u eshikka anchagacha qarab oʻtirdi.

Endi ishlashdan ma’ni yoʻq edi. U uyga ketishga qaror qildi.
-Miss Deyl,-dedi u yelkasiga paltosini ilarkan,-meni chaqirib qolishdi... ish koʻpayib ketyapti. Biror kun kechki payt birga ishlasak rozimisiz?
-Albatta, janob Fergyuson,-dedi qiz.

U ishxonasidan chiqdi.

Uyda xotini endigina kirlarni yuvib boʻlgan ekan. Missis Fergyuson past boʻyli, xunukkina ayol edi. U erini koʻrib hayron boʻldi.
-Bugun erta qaytibsan,-dedi u.
-Ha, mumkinmasmi erta qaytish?-dedi Fergyuson bu gapidan oʻzi ham hayron boʻlib.
-Albatta yoʻq...
-Nima, senga ishxonada oʻlib ketishim kerakmi?
-Yoʻgʻ-e...
-Meni egovlama.
-Egovlamadim!-qichqirdi xotini.
-Men dam olaman,-dedi Fergyuson.

U zina boʻylab yuqoriga koʻtarildi va telefon oldida toʻxtadi. U soatga qaradi va chorak soat kam besh boʻlganligini koʻrdi.

Fergyuson u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. U Esmondning tashrif qogʻoziga tikildi va koʻz oldida goʻzal miss Deylning chehrasi namoyon boʻldi.

U shoshib goʻshakni qoʻliga oldi.
-Yoʻq qilish xizmatimi? Fergyuson gapiryapti.
-Esmond eshitadi. Nima qarorga keldingiz, ser?
-Men...-Fergyuson goʻshakni mahkam qisdi. «Shunday qilishga haqqim bor», dedi u oʻziga oʻzi.

Ular turmush qurishganiga oʻn yetti yil boʻldi. Oʻn yetti yil! Ular hayotlaridagi nafaqat noxush damlarni, balki eng shirin damlarni ham birga oʻtkazishgan. Bu adolatdanmi?
-Nima qarorga keldingiz, janob Fergyuson?-qaytardi Esmond.
-Men... men... yoʻq! Menga sizlarning xizmatingiz kerakmas!-qichqirdi Fergyuson.
-Ishonchingiz komilmi, janob Fergyuson?
-Ha, ishonchim komil. Sizni panjara ortiga tiqish kerak. Xayr, ser!

U goʻshakni ildi va yelkasidan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. U pastga shoshildi.

Xotini u yomon koʻradigan goʻsht qovurma tayyorlayotgandi. Lekin buning ahamiyati yoʻq. U mayda-chuyda noxushliklarga koʻz yumishga tayyor edi.

Eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi.
-Ha, kirxonadan boʻlishsa kerak,-dedi missis Fergyuson salat tayyorlarkan.-Eshikka qarab qoʻyasanmi?
-Ha.-Fergyuson eshikni ochdi. Ostonada bir xil kiyingan ikki kishi katta qop ushlagancha turishardi.
-Kirxonadanmisizlar?-soʻradi Fergyuson.
-Yoʻq qilish xizmatidan,-dedi tashrif buyuruvchilardan biri.
-Lekin men...

Ular uni qoʻllarini qayirishdi va ustalik bilan qop ichiga solishdi.
-Haqqingiz yoʻq!-chinqirdi Fergyuson.

Fergyusonni bogʻ yoʻlagi boʻylab sudrab ketishdi. Avtomashina eshigi ochildi va qopni mashina ichiga solishdi.
-Hammasi joyidami?-u xotinining ovozini eshitdi.
-Ha, xonim. Ish jadvalimiz oʻzgardi. Oxirgi daqiqalarda sizning buyurtmangizni bajarishimiz aniq boʻldi.
-Xursandman,-ovozi eshitildi xotinining.-Bugun kunduzi firmangizda ishlaydigan janob French bilan suhbatlashgandim. Endi esa kechirasizlar. Ovqat tayyor, hozir mehmon kutyapman.

Avtomobil joyidan siljidi, Fergyuson qichqirishga urindi, ammo ogʻzi bogʻlangan qopdan ovozi chiqmadi.

U koʻzidan yosh oqqancha oʻziga savol berardi: «u qanaqa mehmonni kutyapti? Nimaga men hech narsani sezmadim?!».