OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRoziya Tujjor
Asar nomiHam olma, ham yulduz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Roziya Tujjor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShokirjon Olimov (Fors tilidan)
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
Hikoya matni Roziya Tujjorning Toshkentda nashr etilgan «Ham olma,ham yulduz» (2010 y.) kitobidan olindi.
Roziya Tujjor hozirgi zamon Eron adabiyotining yirik namoyandalaridan biridir. Asosan hikoya janrida qalam tebratib kelayotgan adibaning bir necha hikoyalar toʻplami dunyo yuzini koʻrgan, ayrim hikoyalari esa turli tillarga tarjima qilingan. Roziya Tujjor oʻziga xos uslubda yozadi. Uning yozganlari falsafiy mushohadalar bilan boyligi, til va uslub goʻzalligi va ijtimoiy muammolarning oʻrtaga qoʻyilishi jihatidan boshqa yozuvchilarning asarlaridan ajralib turadi. Roziya Tujjor sharqona tafakkur bilan dunyoga qaraydigan syurrealist yozuvchidir. U koʻproq qahramonlarining ruhiy kechinmalari va botiniy holatlarini mohirona tasvirlashga intiladi.



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ham olma, ham yulduz (hikoya)
Roziya Tujjor

Ikki tomonida baland archa daraxtlari qad koʻtargan toshloq yoʻldan horgʻin ketib borardi. Oʻng tomonda koʻpqavatli beton uylar terilib ketgan boʻlib, ular tugagan joyda bir togʻ koʻrinardi. Togʻ xuddi chalqancha tushganicha ogʻzini ochib osmonga yuzlanib yotgan oyoqlari uzun ayolga oʻxshardi. Qoʻshni ayollar qoʻllaridagi boʻsh savatlar bilan goʻsht, non va sut izlab chopishgan yoki uzundan uzun navbatlarga turgan chogʻlarida oʻzaro gap sotishib, uni «uxlayotgan goʻzal» deb atashardi.

Bozorchaga yetganida bolalar toʻp oʻynashayotgan joyda toʻxtadi. Kun botar chogʻidagi gʻira-shiralikda bolalarning chehralari koʻrinmasdi. Ammo ularning qichqiriqlari ovozi aravasi oldida turgan aravachining ovozini oʻziga singdirib yuborardi. Arava sersuv qizil olmalarga toʻla edi. Aravachi qichqirdi. Ammo «olma» degan soʻz eshitilardi.

Ayol toʻp ketidan yugurayotgan bolalarga qaradi. Toʻp qizil olmaga oʻxshar, ularning oyoqlari ostida gʻildirardi. Qadamlarini tezlashtirdi va aravaga yetib bordi. Bitta... uchta... beshta... Uxlayotgan goʻzalga qararkan olmalarni birma bir olar va tsellofan xaltachaga solardi. Unga qaradi: osmonga qarab uxlab yotar va ogʻzida quyosh olmasi turardi. Uyga yetib olguniga qadar shamol uning xalati etaklarini uyoq bu yoqqa tortardi. Mod uyda, har doimgiday qorongʻuxonasida ( qorongʻuxona – fotoplyonkalardagi suratlarni yuzaga chiqarish xonasi(tarj.). ekanligi aniq edi.

Zinalardan yuqoriga koʻtarildi. Shisha eshikdan oʻtdi.

Liftning tugmasini bosdi. Kvartiraning eshigi qarshisiga yetganidan soʻng kalidlar shodasini chiqardi. Ichkariga kirib eshikni yopganidan soʻng Modning ovozi chiqdi:
– Chiroqni yoqma!
– Salom!

Qoʻlidagi bir tsellofan xaltacha olma bilan oshxona tomonga oʻtdi. Oshxonaning yarim qorongʻu gʻira-shiraligida qamishdan toʻqilgan savatni oldi. Ichidagi narsalarni boʻshatdi. Olmalar birma bir savatga toʻkildilar. Suv kranining joʻmragini ochdi. Idishlar turadigan mebeldan chirogʻ yorugʻida nur zarralarini oʻzida parcha-parcha qiladigan xrustal idishni qidirdi. Derazadan uzoq-uzoqlarga qaradi. Quyosh qizil olma edi, uxlayotgan goʻzalning yuzi esa qorongʻulik toʻri ostida koʻrinmay ketgan edi.

Yuvilgan olmalarni ustidagi suv tomchilari tushib ketmasidan oldin idishga terdi. Ohista-ohista qadam tashlab mehmonxonaning oʻrtasiga keldi. Idishni stolning oʻrtasiga qoʻydi-da qorongʻuxona tomon yurdi. Yelkasi bilan uning yogʻoch devoriga suyandi-da eshikni ikki marta taqillatdi. Mod ikki tomonga suriladigan eshikni ochdi. U qizil nur ostida oʻtirganicha qisqichlar bilan osib qoʻyilgan suratlarga qarardi. Shoxlari tarvaqaylab ketgan daraxt, turli joylar va manzaralarning suratlari.

Stol tomonga qaytdi. Shafof suv tomchilari yuzasida yaltirab turgan eng katta olmani oldi va u tomon uzatdi. Mod unga bir qarab ham qoʻymadi. U oʻrnidan turganicha suv tomib turgan suratlarni u yoqda bu yoqqa olardi. Mehmonxonaning derazasi tomon qaytdi. Pardaning bir chekkasini chetga surdi. U oʻsha yerda – qorongʻulik toʻrining narigi tomonida osmonga qarab choʻzilib yotardi. Agar parda chetga surilganida edi...

Nafasining issigʻidan deraza oynasini tuman qopladi.

Telefonning jiringlagan ovozini eshitishi bilan goʻshakni

koʻtardi. Dugonasi edi: «Nega haliyam u yerdasan?» Barmoqlarini tishladi: «Oh... tugʻilgan kun bayramiga chaqirilgan ediku!»

Goʻshakni qoʻyib qorongʻu tomon yugurdi.
– Bizni tugʻilgan kun bayramiga chaqirishgan edi!

Borishi kerak edi. Rangbarang pufaklar, shokoladli tortlar, zarrin qogʻozlar, yongan shamlar bor joyga, yorugʻlik bilan toʻlib-toshgan joyga borishi kerak edi.

Stolga suyandi. Olmalardan biri gʻildirab ketib yerga tushdi.
– Oʻzim ketaveraymi?! Sen bormaysanmi?! Ya’ni oʻzim?!

Kiyimlar osilgan shkaf tomon bordi. Kiyimlari orasidan koʻkragida kumushrang yulduzlari bor qora koʻylagini oldi. Pardoz-andoz stoli oldida oʻtirib faqatgina koʻzlariga surma surtdi. Sochlarini yuqoriga toʻpladi-da bir shoda marvaridni unga oʻradi. Boʻyniga taqiladigan marjonining iplarini bogʻlayotgan qoʻllari qaltiradi.
– Mod... Mod!

Keldi.
– Marjonimni bogʻlashvor!

Mod qoʻllarining uning sochlari bilan tutashuvi va...

mehmonxonaning poliga yogʻilgan sharros yomgʻir.
– Oh... Yoʻq!

Qattiq shamol derazaning ikki tabaqasini ham ochib yubordi-da yana qaytarib bir-biriga urdi. Mod derazani yopishga yugurdi.
– Qanday qilib terib olaman endi?

Yerda sochilib yotgan marjon donalari yarqirab nur sochardilar.
– Menam afsusdaman, azizam!

Buni Mod aytdimi?!

Bir ozdan soʻng boshida sholroʻmoli va egnida qora mantosi bilan hovlida turardi. Hovlida toʻp oʻynayotgan bolalar ham,

qoʻlida olma tutgan odam ham yoʻq edi. Faqatgina oʻsha uzoqlarda choʻzilib yotgan tosh ayol bor edi.

«Men bir bayramga boryapman».

Qoʻllari bilan oʻzini quchoqlab oldi-da tun bagʻrida yugurib ketdi. Bir sal naridagi koʻpqavatli uyning zinalaridan koʻtarildi. Shisha eshikdan oʻtib, liftning tugmasini bosdi. Bir necha daqiqadan soʻng shodiyona ovozi kelayotgan kvartiraning qarshisida toʻxtadi. Eshikning qoʻngʻirogʻini bosishi bilan gul olmaganligi esiga keldi. Eshik ochildi. Dugonasi edi. Yuz- koʻzlarini pardoz-andoz qilib olgan, sochlariga bigudi oʻragan, etaklari esa dogʻ edi. Uning orqa tomonida bir toʻda bola zarrin qogʻozlar, qizil, sariq va binafsharang pufaklar hamda qogʻozdan yasalgan yulduzlar orasida sakrab-sakrab oʻynashardi. Oshxonaning yarim ochiq eshigidan oldiga etak tutilgan yuzida niqobi bor bir erkak qoʻlida bir idishni tutganicha oʻngga va chapga borib-kelardi:
– Tortni kesaymi? Likopchalarni keltiraymi?

Mevalarning poʻchoqlarini bosib oʻtdi. Pufaklarni yorayotgan bolalarning qiy-chuvidan koʻzlarini yumib oldi. Bolalarni oʻz atrofida yigʻishi va ularga tortni boʻlib berishi kerak edi. Tortni shunday boʻlish kerakki, barchaga yetsin. Dugonasi bilan eri mehmonxonaga kirib kelishgan, yuzlarida niqob tutganlaricha raqsga tushishardi. Qizarib ketgan ogʻizlari ochilib qolgan, bolalar esa ularning atrofini oʻrab olganlaricha shodon kulishar, qiy-chuv solganlaricha sakrashardi. Shamlar agʻdarildi. Pufaklar yorilar, bolalar bir-birlarining oyoqlarini bosib olishardi. Ulardan biri boshiga qogʻozdan yasalgan toj kiyib oldi.

Tortni kesishi kerak edi. Ammo qoʻllari qattiq qaltirardi. Bolalar tortga hujum qilishdi. Oh... qanday bayram... haqiqiy bir shodiyona! Qoʻlini peshonasiga qoʻydi va asta-sekin orqasiga tislandi. Eshikni ochdi-da tashqariga yugurdi.

Yuziga nam havo urilganidan keyin yomgʻir yogʻayotganini sezdi. Oldiniga asta-sekin, soʻngra esa tez-tez shagʻal yoʻldan keta boshladi. Sovuq va ogʻir koʻpqavatli uy sariq koʻzlari bilan unga qarardi. U esa haliyam oʻsha yerda edi. Sovuq va ogʻir choʻzilganicha bulutlar tomonga qarardi. Yomgʻir tezlashgan edi.

Shoshmasdan oldinga qarab ketardi. Qogʻozdan yasalgan toji gʻijim boʻlgan, xalatining etagi esa ogʻirlashib qolgandi. Tepaga qarab koʻtarilish yoʻli yona va nafasni siquvchi edi. Toʻxtadi. Orqasiga qaradi. Yorugʻ derazalarning barchasi sariq, faqatgina bir deraza qizil rangda edi. Yuzini burdi. U yerga borishi, U kabi chalqancha tushib yotganicha unda ham olma, ham yulduz boʻlgan osmonga qarashi kerak edi.

PARVOZ

Kunbotar toklarning yelkasiga qoʻngan. Kovushlarimni yechib, oyoqlarimni suv salqinligiga topshirdim. Kunbotar yelkam yoyida ikkita qanot oʻstirgan boʻlib, balkim bir soatlardan keyin ohista bugʻlanganicha lojuvard suvda yoʻq boʻlib ketsa kerak.

Daraxtlar ortiga yashiringan daraxtlar tepasidan qishloqni koʻrsa boʻladigan bir oraliq topdim. Suv shivirlab qoʻshiq aytar, men esa goh koʻngil berib, goh koʻngil sovub u bilan birlashaman-da birga-birga ketaman. Toshlarning ustidan va ostidan, hayhaylagancha va harsillagancha birga ketamiz, birga yuguramiz va birga kelamiz. Qaerdan... qaergacha?

Bu yerdan yer osti daryosining u tomonigacha. Yuqori mahallagacha. Uzoqdagi xarobalargacha. Qishloq qabristonigacha. Charogʻon uzumzorlargacha. Soʻngra aylanamiz: qishloqning atrofini, tegirmonnig atrofini, boshi egik loyqa suvli daryolar atorfini va sut bugʻdoyi boshoqlari ombori atrofini. Qaytganimdan soʻng sening oyoqlaring izi tushgan va bugun kechasi yana bir bor seni koʻrgani kelmoqchi boʻlgan oʻsha tuproqni yetti marta tavof qilganimga, yetti marta qaytib kelganimga, yetti marta koʻrganimga va yetti mata oʻpganimga amin boʻlaman.

Uzoqdan tutun ustunlari koʻrinadi. Kunbotarning simobiy rangi unda shovqin uygʻotgan yetti baland ustun. Yetti ustun suvda chayilgan guruchlar va sening kelishing sharofatiga soʻyilgan qoʻylarning goʻshti solinadigan bir necha pudlik qozonlarning borligidan darak beradi. Sen bir soatdan keyin kelasan. Shamol ham palov suzilgan laganlarning hamda yomon koʻzlarni olovda kuydiradigan isiriqlarning hidini olib keladi. Xuddi hozir ham cholgʻuchilar chalgan kuyning, shuningdek, oyoqyalang va koʻzlari chaqnagan holda ularning ortidan yugurganlaricha ularga joʻr boʻlib qoʻshiq aytayotgan bolalarning ovozini olib kelayotganday.

Shodlik bir yoʻlovchidir. U uydan bu uyga, u mahalladan bu mahallaga oʻtib yuradi. Uning uchun hech qanday devor, hech qanday eshik zulfini va hech qanday zanjir yoʻq. Bunda hamma bir- birini topa oladi va otini aytib chaqira oladi. Xuddi sen yaxshi koʻrganingdek.

Bir bolakay qishloqdagi eng baland yongʻoq daraxtining tepasiga chiqib olganicha, har doimgi odatga koʻra, qishloqqa kirib kelayotgan birinchi yoʻlovchini koʻrishi bilan jar solib, qishloq ahlini bundan xabardor etadi. Undan salgina narida baland bir shoxda xuddi fazoda chizilgan qop-qora soʻroq belogisiga oʻxshagan bir qargʻa qoʻnib turibdi. Uni koʻrib koʻnglim ayniydi. Ogʻir, ogʻir.

Aytganday, nega bu yerda turibman? Balkim uzoq muddatli vahima va qarama-qarshilik meni bu yerlarga yetaklab kelgandir. Balkim...

Kunbotar toklarning yelkasidan uchib ketadi. Mening qanotlarim oʻz tusini yoʻqotadi. Qishloq alangalar, ranbarang fonuslar va toʻrsimon chiroqlar yorugʻida charaqlaydi. Suvga tushgan tosh toʻlqinlar ustiga toʻlqinlar, aylanalar ustiga aylanalar soladi. Men esa orqamdagi oʻrmonning qorongʻu burchagida, qarshimdagi daraxtlarning shovqin-suronida va oqayotgan suvning shivirlab qoʻshiq aytishida oʻsha kunni esga olaman.

Men borman va otam. Mashina, eng katta tezlik. Harakat va qochish. Shahar va shovqin-surondan qochish. Ilonizi yoʻl va daraxtlarning bir-biriga yopishishi. Yashil rangdagi uzun bir chiziq va daryo toqida nurning aksi. Oʻrmon, hamma yoq yashil. Qoyalar yuzasiga oʻyib tushirilgan. Vaqt chizigʻi singan. Gʻam chegarasining u tomoniga otib yuborish. Barchasi shodlik va ruhning choʻzilishi.

Nogahon yorugʻlik chakmoniga oʻralgan baland boʻyli odamning qomatiga oʻxshab ketadigan uzun bir nur ustuni tushadi. Keskin berilgan tormoz. Aylanish va yana aylanish. Baland bir ovoz. Toshga urilish. Toʻsatdan toʻxtashi. Nafasning ham. Qoʻrquvdanmi yoki tinchlanganlikdan? Mening ogʻzim ochilib qolgan. Qichqiriqsiz. Otam qoʻlini yuziga bosdi.

Qarayman. Bir daraxtni koʻraman. Tik oʻsgan. Unda koʻzguning katta-kichik boʻlaklari, sehrli bodomlar, ming koʻzli gullar... Ishonmayman. Ammo bu haqiqat. Daraxtda koʻzgu bor, koʻzguda esa ariq, maysazor, oʻrmon, bulut va shu tomonga kelayotgan odam koʻrinadi.
– Hech narsa qilmadimi?

Otam boshlarini hayrat alomati bilan sarak-sarak qiladi:
– Ishonging kelmaydi!

Boyagi odam orqasiga buriladi va daraxtga qaraydi. Gʻurur va shukuh bilan:
– Koʻrganingizdek, bor.

Daraxt osmondir va daraxt daryo, daraxt qushdir va yana daraxt...

Oʻsha odam sensan.

* * *

Qishloq uygʻoq. Tun yelkalariga qoʻngan boʻlsada, uygʻoqligi yaraqlashlarini oʻsha chiroqlar, alangalar va yulduzlar yorugʻida koʻrdi. Qargʻaning soʻroq belgisiga oʻxshab ketadigan sharpasi ham yoʻqolgan. Bolakayning qomati ham. Ammo aniq kelasan. Bilamanki kelasan.

* * *

Bahor boʻlganda kelamiz. Yana oʻshandagiday men borman va otam hamda gullar va maysalarning yerga va toqqa yogʻayotgan yomgʻiri. Qishloq behushdir, mayda-mayda yogʻayotgan kulrang yomgʻirlar ogʻushida. Hanuz daraxt sehrli bodomlari bilan magʻrur va tik turganicha qarab turibdi, uning nigohida esa bulut, yoʻl va yogʻayotgan yomgʻir. Endi oynalar uning tanasidan oʻtib, shoxlarga yetgan.

Daraxtning kaftlarida alanga. Sen esa haliyam unga tomosha qilish bilan bandsan. Otang senga qaraydi va salom ovozi eshitiladi:
– Salom, eski doʻstim. Yana bizni va qishlogʻimizni eslab qolibsizda? Xush kelibsiz!
– Nur sotadigan kishiga salom!
– Men qishloqning muallimiman.

Otam jilmayadi:
– Aytdimku nur sotasiz deb.
– Bizning qishlogʻimizga xush kelibsiz!
– Qishloqlaring osoyishta ekan. Shaharga qaraganda anchagina tinch va jonning huzuri. Bir necha kun qishlogʻingizning mehmoni boʻlsak boʻladimi?

Bu qishloqda har bir yoʻlovchi uchun joy topiladi.

Senga qoʻshilib boramiz. Sening tabassuming esa yuzlaringga qoʻshilib ketgan. Oʻtib ketayotib barcha uylarning ruhiyatiga singib ketasan. Qishloqning barcha aholisining quvonchlari va qaygʻulari senga tanish:
– Karbaloyi, salom! Eshitdim: mushkuling oson boʻlibdi.

Muborak boʻlsin!
– Avs Rajab, xudo senga quvvat bersin! Ishingning yarmi bitib qolibdiku!
– Buvijon, Rustamingdan qanday xabar bor? Yaqin orada xat yozdimi?
– Gʻulomali, sumkang bilan kitobing qani? Maktabing yoʻqmi sening?

Kelamiz va qolamiz. Ruhiyatingning chek-chegarasi yoʻq.

Dengizdan sachragan bir tomchi suvni koʻraman.

Hech qancha vaqt oʻtmay otam bilan bir narsa toʻgʻrisida gaplashasan. Koʻnglingdan kechgan bir narsa toʻgʻrisida. Va otam...
– Sizning birlashtirishingizni ma’qullayman.

Ma’qullayman.

Hammasi tezda yuz beradi. Hatto mening deyishim ham...:
– Men ham.

* * *

Tun nigohi ostida nogʻora va qoʻshnogʻoralarning ovozi balandroq va yanada balandroq eshitiladi. Oʻzi bilan birga bolalarning shovqini va ayollarning shovur-shuvirini olib keladi. Ular qoʻllarida fonus tutganlaricha tepalikdan yuqoriga oʻrlaydilar.
– Hoy, qaerdasan kelin? Qaerdasan?

Bir bosh uzum suvning oʻrtasiga tushadi va oh chekadi.

Qoʻllarimni ogʻzimga koʻzacha qilib baqiraman:
– Men bu yerdaman... Bu yerda.

Fonuslar yaqinroq keladilar. Ulardan taralayotgan yogʻdu yuzimni kavlaydi. Enaganing shubha-gumonga toʻla ovozi eshitiladi:
– Qaerda turib olding? Yana hamma uni kutib olishga borayotgan bir paytda-ya?!

Qishloq etagiga bosh qoʻygan yoʻl chizigʻiga qarayman:
– Boraman, hoziroq. Fonuslaringni nari olinglar. Xudo haqqi.
– Har doim hammadan ajralib yurasan, qizgina!

Ular ketadilar. Men esa yuzimni yuvaman: uzumzorlardan oʻtib keladigan va hushidan ayrilgan oʻsha suv bilan; daryoga quyiladigan oʻsha suv bilan; oʻsha daraxtning yonidan oʻtadigan oʻsha daryoga; .... Oʻsha daraxtning...

* * *

Ishq daraxtining yonida turibman: oq koʻylakda. Toʻlqinlarga boʻlib tashlayman va koʻngil bogʻlayman. Ming boʻlakka boʻlinib ketaman va yana birlashaman. Odamlar yelkama-elka boʻlib, qizil, sariq va moviy dastroʻmollarini havoda yelpiydilar. Nogʻora, qoʻshnogʻora va yaqinlarning tabrik ovozlari, tutayotgan isiriq va yonayotgan oʻtinlarning hidlari, qizil uchqunlar hamda ruhimizni bir-biriga payvand etadigan mehribon xutba ovozi.
– Koʻryapsanmi? Bu yerda nafas olsa boʻladi: yashash uchun va hatto oʻlish uchun ham. Hech qaer bu yer emas. Qishloq... Qishloq. Yerda ming ildizi, osmonda ming shoxi bor.

Kulaman.
– Bu yer sening tugʻilgan joying. Menikichi?
– Tugʻilgan joy shunday bir joyki, uni sevish mumkin. Sevgi esa koʻlmak suvning ustidan oʻtib ketadigan yorqin bir jimirlashdir.
– Yoki shamol koʻlidagi qoqi oʻt.
– Barkalla! Yoki qoqi oʻt...

Odamlar asta-sekin tarqalishadi: qizil tabassum va ter tomchilari bilan. Daraxt yonida esdalik uchun suratga tushamiz va u yerdan uzoqlashamiz. Odamlar yoʻldan qishloqqa qaytishadi. Biz esa oʻrtadan kesib oʻtgan toʻgʻri yoʻl bilan oʻrmonga boramiz. Daraxtlar yelimlarining hidi, havo namligi va nomsiz gullarning hayratli nigohlari. Bir daraxtning orqasidan kichkina bir shaytoncha poylaydi. Unga qarata tosh otasan.
– Hey! Duo va tortishuv uchun ham vaqt ajratish kerak ekanligini bizga eslatgani keldingmi...? Chuchvarani xom sanabsan! Bu orzuyingning ogʻir yuki to abad yelkangda qolib ketadi! To abad.

Shaytoncha bir chiyillab qoʻyadi-da daraxtlar ortida yoʻqoladi. Yer zamburugʻlar bilan toʻla; va loyu balchiq bilan ham. Bir necha qadam oldinga yurasan va men sening ortingdan. Hamshiralik xalatimning oq etagi hilpiraydi va men uning iflos boʻlishidan xavotirdaman. Kallamdan oʻtayotgan fikrni oʻqiysan:
– Qoʻyaver! Hamshiralik xalatingning oq etagini qoʻyaver. Qoʻrqma, unga bir parcha ham dogʻ qoʻnmaydi. Biror parcha ham. Senga yoqsa, xalossan.

Etagimdagi toʻrlar va yulduzlarning yaqinigacha kelayotgan tigʻlarning panjalariga qarayman. Ular gullaydilar va gullarini oyoqlarim ostiga toʻkadilar.

Yoʻlning qolganini yurmaymiz. Parvoz qilamiz. Shaytoncha oʻrmon tubida zor-zor yigʻlaydi va yoʻqoladi.

* * *

Qishloqning qalbi kutish azobidan shishib ketgan. Kelish vaqting yaqin qolgan. Ariq kuylaydi va daryoga quyiladi. Daryo bir qishda yuragi yalligʻlangan va butun boshli uch kun es-hushidan ayrilgan oʻsha daryodir. Butun boshli uch kun.

Daryo na’ra tortadi, yigʻlaydi, kuladi, qoʻlini beliga qoʻyganicha qay narsani koʻrsa yiqitadi va oʻzi bilan birga olib ketadi.

Qishloq sarosimada, odamlar ham. Sen esa har doimgidek oldinda borasan. Oyoqlaringda etik, egningda qora charm palto. Koʻprik buzilgan, biror bir yoʻl yoʻq. Maktab u tomonda. Bolalar bu tomonda.

Qishloq ayollaridan soʻradingki, oʻtlardan uzun toʻr, daryoning uzunligiga teng keladigan bir toʻr toʻqishsin. Endi esa erkaklar uni yelkalariga tashlab olishgancha tortib ketishmoqda.

Koʻprik ayollarning uzun kokili kabi tirikdir. Hansirab nafas olganicha kichik baliqqa minadi. Suvni yoradi. Boshqa odamlar ham senga qoʻshilib koʻprikni daryoning qirgʻogʻiga ulaydilar.

Suv oʻkiradi, Sen va boshqa odamlar ham. Gʻalaba sizlar tomonda: bolalar qoʻllarida kitob tutganlaricha sekin-asta koʻprik tomon kelayotganlarida, maktab tomonga oʻtishning imkoni boʻlganda. Koʻzlarda yoshning gullashi tomosha qilsa boʻladiganlik manzara.

Nogʻora va qoʻshnogʻoralarning ovozi tingan. Bir bolakay yongʻoq daraxti tepasida jar soladi. Yoʻl burilishida ikkita za’faronrang parallel chiziq gʻimirlaydi. Kovushlarimni kiyaman va shoshilgancha tepalikdan pastga tushaman. Yaltiroq qurt oyoqlarim ostida yaltirab nur sochadi. Qishloqqa yaqinlashaman. Baland tutun ustunlari endi nurli olov halqalariga aylangan boʻlib, qozonlardan chiqayotgan bugʻlar palovni damlash uchun yopib qoʻyilgan lattalar ostida shishib ketgan.

Uyga boraman. Jim-jit. Xuddi kartina ichidagi rasmdek. Kechasi hech kim bu yerda qolmagan. Hamma yoʻl boʻyidagi qishloq maydoniga ketgan. Hatto seni bir necha daqiqa oldinroq koʻrish ular uchun muhim. Samovar atrofini moviyrang bir bugʻ oʻrab olgan: bir necha daqiqadan soʻng tomchilarga aylanib yana samovar jomiga qaytib tushadigan bugʻ. Xuddi qishloq aholisi uchun yomgʻir boʻlib, qishloq zaminida maktab, masjid va shifoxona gullarni, ekinzorlarda esa kichik va oltinrang bugʻdoy donlarini oʻstirganing kabi.

Uydan chiqib kelaman. Osmonga qarayman. Oyning misrang gardishi asta-sekin yuqorilab keladi. Kunbotardan esayotgan shamol oʻzi bilan birga uzumning hidini olib keladi, och chiyaboʻrilarning uvillashini ham. Oyning misrang gardishi koʻngilga gʻulgʻula solgancha qishloq oʻrtasida turadi.

Sen oldinda borasan, qishloq odamlari senga ergashgan. Bir chiyaboʻri uvillaydi, boshqa chiyaboʻrilar ham. Koʻzgudor daraxt ularni togʻning oʻnqir-choʻnqir joylarida qanday qilib nobud qilganlaringni koʻrgan.

Uydan yoʻl boshigacha borishga yoʻl yoʻq. Kelishingga ham. Chaqnagan chaqmoq esimga soladi: endi ketish kerak. Bu yerda bajarishim kerak boʻlgan ishlar tamom boʻldi. Bundan buyoniga bu yerda qolish tamom boʻlish ma’nosidadir.
– Iltimos, qolgin.

Ikki barmogʻingni bir-biridan ayro qilasan va ularning orasidan jannatni menga koʻrsatasan.
– Qara, mana bunday shakldagi joy. Ammo... bundan ancha katta. Yechilishi kerak boʻlgan bogʻichlari bilan birga.
– Koʻngillari keng odamlar borishlari kerak. Shunday emasmi? Ammo nega?

Agar shunga loyiq boʻlsalar, javob berishlari kerak.

Bilardim: seni chaqirayotgan oʻsha ovoz shunchalik baland boʻlib, bizning ovozimizni eshitishinggga yoʻl qoʻymaydi:
– Iltimos, qolgin. Qol!

Menga bir dastroʻmol berasan: unutilgan gullarga toʻla.
– Birovga dastroʻmol sovgʻa qilishmaydi, deb aytishadi.

Ayriliqqa sabab boʻlarkan.
– Ammo ba’zida kerak ham: qisqa muddatlarga, koʻngil bogʻlanishlarini unutish uchun.

Bir bosh uzum bilan ketar ekansan, uzumzorlarni aylanaman va sabrli boʻlganligimga yigʻlayman.

* * *

Yana bir marta bolakayning jar solgan ovozini eshitaman, ayollarning va bolalarning shovqinini ham. Ammo men uzoq muddatlardan keyin birinchi uchrashuvimiz qishloqning hayratli nigohlari ostida amalga oshishini istamayman.

Oʻrmondan ishq daraxti tomon boradigan toʻgʻridan kesib oʻtuvchi yoʻlni tanlayman.

Shaytoncha yoʻlning oʻrtasida, bir daraxtning ortidan poylaydi:
– Qaytgin! U yerda hech narsaning senga koʻzi uchib oʻtirgani yoʻq, ranj-alamdan boshqa. Qayt!

Eshitishni istamayman...

Oʻrmondan chiqib kelaman. Ishq daraxti qarshimda boʻy choʻzadi. Oy nuri uning koʻzgularida aks etadi.

Qarab qolaman. Bir soat oʻtadi. Qishloq osmonida rangbarang fonuslar gʻujgʻon oʻynashadi, oy va yulduzlar ham.

Taqillagan ovoz eshitiladi. Quloqlarimni ding qilaman. Borgan sari yaqinlashadi. Bir sharpa paydo boʻladi. Oldinroq va yana oldinroq keladi. Endi uni yaxshiroq koʻrishim mumkin boʻladi: qoʻltigʻida tayoq qistirib olgan, egnida tuproq rangidagi koʻylagi boʻlgan qalin soqolli odamni.

Ey xudoyim! Bu sensan! Ammo bor-yoʻgʻi bittagina oyogʻing bor. ikkinchi oyogʻing... U oyogʻing bir parcha tayoq boʻlib, koʻzguning singan boʻlaklari unga yopishgan.

Tizzamga qulayman: oy va yulduz sening arshingga yetkazaman deb ustun qoʻygan paytda.