OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Roziya Tujjor. Nargislar (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRoziya Tujjor
Asar nomiNargislar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Roziya Tujjor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShokirjon Olimov (Forschadan)
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nargislar (hikoya)
Roziya Tujjor

Ingichka bir ariq va bir qator binafsha gul: baxmal yuzlari va xumor koʻzlari bilan koptokchalardek gʻildirayotgan suv pufakchalariga termulgan binafshalar.

Ariqning boʻyida oʻtirib olganimcha unda oqayotgan suv salqinligiga barmoqlarimning uchi bilan amin boʻlaman. Shamshodlar ortidan ularni koʻraman: shuur va idrokning za’faronrang chegarasidan narigi tomonda turgan, tashqariga qarashdan oldin ichkariga tikilib qolgan odamlarni. Men ham shulardekmanmi?

Ulardan qoʻrqaman. Ham qoʻrqaman, ham yaxshi koʻraman. Ilk kunlarda yaxshi koʻrishdan koʻra koʻproq qoʻrqardim. Ammo endi qoʻrqishdan koʻra koʻproq yaxshi koʻraman. Shunga qaramay qochishga boʻlgan istagim kuchliroq. Biroq haliyam shu yerda oʻtiribman va binafshalarning xumor koʻzlariga mahliyoman. Qochishning yoʻli bormikan?

Men tomon kelayotgan hamshiraning qoʻlida bir stakan, mendan yashirib kelayotgan hovuchida esa, albatta, hapdori! Sariqmi yoki moviymi, farqi yoʻq! Ularning vazifasi - meni larzaga solish, ostin-ustin qilish. Chuqur kavlaydilar va uni yana tuproq bilan toʻldiradilar. Toki mendan yangi bir odam paydo boʻlguniga qadar: ranj-alam tortmaydigan, yigʻlamaydigan, barmoqlarining har bir boʻgʻini bekordan-bekorga titramaydigan, sigareta tutatmaydigan va oʻylamaydigan... oʻy... oʻy...

Hapdorilarni olaman. Ikki oydan buyon ularni olaman va tomogʻimga tashlayman. Majburlashini istamayman. Birinchi kunlari qarshilik qilganimda uning majburlashi qoʻpollik va zoʻravonlik tusini olardi. Birinchi kunlari men toʻgʻri gapiryapman, deb oʻylardim. Ammo bora-bora tomogʻimga tiqqan moviy va sariq hapdorilar bilan birgalikda shuni tushuntirib qoʻyishdiki, men xato qilyapman. Meni qoʻyib yuborishlari uchun «xato qilyapman», deb aytishim kerak edi. Hech bir narsa ozodlikdan yaxshiroq emas! Shamol kabi ozod boʻlish: bir joyda qolishni bilmaydigan shamol kabi. Harakatlana olish uchun ozod boʻlish. Koʻzlaringni yumasan va yerdan qaynab chiqayotgan kunbotarning muloyim bugʻlari ostida bolaligingga qaytasan. Koʻchalardan oʻtasan. Uylarning eshiklarini taqillatasan. Dolchin sepilgan sariq shulla[1] va nazr qilib pishirilgan sumalak tarqatasan. Soʻngra eshikning ochilgan ikki tabaqasi orasidan, chetga surilgan boʻz parda ortidan bir parcha asalga oʻxshash nigohni, shuningdek, yuqorigacha oʻrmalab chiqib ketgan nilufar gulining shoxini koʻrasan. Hovuzning labidagi soʻrida qul-qul qilib qaynayotgan samovarning bugʻini koʻrasan. Shundan soʻng havoga oʻzining xushboʻy hidini taratayotgan qizil atirgulning gulbarglari bilan ortingga qaytasan. Soʻngra qadamlarni tezlashtirasan. Butun yoʻlni yugurib bosib oʻtasan. Koʻchalardan oʻtasan. Dolchin va gulob hidini oʻzing bilan birga olib kelasan. Sumalakning idishidan tushib qolgan bodomni hovuchingda mahkam siqasan. Shunchalik darajada siqasanki, uning yopishqoqligi yuragingni siqadi. Keyin esa yoʻl-yoʻlakay bir skameykaga oʻtirasan: qorishma ichra gʻildirab aylanayotgan bodomdek koʻzlaringni yumib. Boshdan-oyoq charchoq, boshdan-oyoq yopishqoqlik, boshdan-oyoq shirinlik! Na bir zanjir, na biror siqilish, na biron tepki, na biron majburlash... Yigʻlagim keladi. Shirin uyqumdan sakrab turaman.

Hamshira ketgan. U hapdorini ichganimga ishonch hosil qildi. U menga yashirin bir zanjir solgan, shuning uchun ham endi men bilan ishi yoʻq. U oʻz vazifasini bajardi:
– Endi duppa-durust bir odamga aylanding!

Bu shu kunlarda u menga takror-takror aytayotgan gap.

Suv haliyam xirgoyi qiladi. Binafshalar ohista nafas oladilar. Botayotgan quyosh nurlari ularning nozik yelkalariga ogʻirlik qiladi. Azon ovozi keladi. Qalbim yoriladi. Qalbim ogʻriqdan tars yorilishni istaydi: ruhiyatimning ming bir burchagidan siqib kelayotgan ogʻriqdan.

Oʻrnimdan turib tahorat olishim kerak. Unda nega yigʻlayapman? Gʻurbatdaligim uchunmi? Oʻz diyorimni qoʻmsayotganim uchunmi? Oʻtmishim suv qa’ridan qaynab chiqib, pufakka aylanayotgani va yana qaytadan yorilib ketayotgani uchunmi?
– Erkak ham yigʻlaydimi?

Otamning baqirgan ovozi eshitiladi:
– Senam erkakmisan?

Koʻz yoshlarimni artaman:
– Ota, bu shimning hamma joyi yamoq. Uni kiymayman!

Ota, sumkam va kitoblarimni qoʻltigʻimga olib, ularni eski lattaga oʻrab yurishdan obroʻyim toʻkildi...

Ota, mehmonlaringga ziyofatlik olib kelib berishdan uyalaman. Boshqa biror kishi shu ishni qilaqolsin...

Otamning faryodi koʻkka yetadi:
– Qachon odam boʻlasan? Qachon erkak boʻlasan? Qachon mana bu min-gʻir-mingʻirlaringni yigʻishtirasan? Bozordagi doʻkon seniki, bir-birining ustiga taxlab qoʻyilgan gilamlar seniki, bogʻ seniki, katta yoʻlning yoqasidagi yer seniki. Bularning bari seniki. Bularning hammasi pul-ku!... Sen bularni saqlab qolishing uchun bor pulni sarflashing emas, pul topishni bilmogʻing lozim. Sen Hoji Noyibning oʻgʻli ekanligingni tushunishing kerak. Qanday qilib birni ikkiga aylantirishni bilishing kerak.
– Tushunaman, ota, ammo...
– Men erkak boʻlishingni istayman, lavlagining bargiga oʻxshab lapashang boʻlishingni emas, qiztaloq!
– Ota, menga yordam ber! Meni masxara qilma!
– Odam firibgar boʻlishi kerak! Birni mingga uradigan boʻlishi kerak! Odam tegirmonga tushsa butun chiqadigan boʻlishi kerak!...

Ammo onamning joynamozi solingan. Umidsizlikning isi keladi.
– Ona, shimimda yamoq bor.

Yuzlarining chekkasi qizaradi.
– Oʻzim senga sotib olib kelaman. Mato sotib olaman-da, oʻzim senga shim tikib beraman. Mana shu qoʻllarim bilan!

Qoʻllari toliqqanlikdan qaltiraydi.
– Unda otam pullarini kimga sarflamoqchi? Nimaga sarflamoqchi?
– Hammasi seniki. Sen uning yolgʻiz merosxoʻrisan... Hammasini senga qoldirib ketadi.
– Meniki? Axir shimimning hamma joyi qirqyamoq-ku?! Axir kitob-daftarlarim tugunchada-ku?! Men... agar qoʻlimdan kelganida edi, boʻgʻardim!

Onam dodlaydi:
– Sen gilamfurush Hoji Noyibning oʻgʻli, uning yolgʻiz merosxoʻrisan! Nima, bularning barchasini ermakka yigʻibdimi?! Ne umid bilan chiqqan?! Seni zoʻrgʻa oʻqishingdan chiqarib oldim. Endi boʻlsa sen...
– Ona, sen ham yolgʻon gapiryapsan. U seni ham oʻzining yolgʻonlariga ishontiribdi. Sening chiroyli yuzingni ham vaqtidan ancha oldin qaritibdi. Sening tiniq nigohlaringni ham xira qilib qoʻyibdi. Oppoq qoʻllaringni ham qavartiribdi. Sening ruhingni ham xona va ombor, ichkari hovli va tashqari hovli oʻrtasida ovora qilib qoʻyibdi. Ona, uning bu gaplari yolgʻon ekanligiga ishonmaydigan oʻsha yoshlik chogʻlaringni sogʻinaman.

Ona, oʻsha baxmal qoplangan sandiqchang, undagi kitoblaring, choʻntak oynachang, isiriq solingan xaltachang qani? Ona, meni oʻzing bilan olib ket. Meni isirigʻingdan chiqayotgan moviy tutun bilan birga olib ket. Bu yomon koʻzlardan judayam charchadim. Bu qarashlardan, bu yolgʻonlardan, bu qorongʻuliklardan ham!...

Ona, meni qiyinchilik bilan katta qilding. Men katta boʻlmas edim. Fonuslar yonida, kabutarlar ini oldida, zilol suvning boʻyida turgan boʻlardim, ammo katta boʻlmasdim. Men yolgʻon, qorongʻulik va ifloslik bilan katta boʻlmasdim. Meni mashaqqat bilan katta qilding. Oynaga oʻxshab qarshimda turib olding va hadeb: «Katta boʻl! Tezroq, tezroq! Otang yolgʻiz. Sen Hoji Noyib gilamfurushning yolgʻiz oʻgʻlisan. Otang erkak boʻlishingni istaydi, ha, erkak boʻlishingni!» deding.

Gilam savdosi bilan shugʻullanadigan katta savdogar. Boylik ustiga boylik. Ammo unda nega qoʻllaring qaltirayapti, ota? Ushbu boylikning har bir tiyini uchunmi?

* * *

Bogʻning etagida oqsoch Ruqiya xolaning xonasi. Ruqiya xola sholcha ustida uxlaydi, sholcha ustida oʻtiradi, sholcha ustida kechlik qiladi, sholcha ustida yigʻlaydi, sholcha ustida xudo bilan gaplashadi. Nevarasi ham oʻsha joyda katta boʻlyapti. Kelini ham oʻsha joyda chaqaloq dunyoga keltiradi. Koʻrdim: nevarasining oyoqlari xuddi pishgan lavlagidek qizarib ketgan. Qarasam, uni sovuq suvda yuvintiradi. Qarasam, uni oʻsha yerda – sholcha ustiga qoʻyib yubordi va yigʻladi. Bolaning ikki tishi xuddi marvariddek yaraqlaydi. Ruqiya xolaning marvaridlari ham ana shu.

Chuqur-chuqur nafas ola boshladim. U yerdan to katta mehmonxonagacha boʻlgan yoʻlni yugurib bosib oʻtdim. Gilamchani bagʻrimga bosib olaman: yuzasida ohuning – ov maydonida qochib borayotgan ohuning tasviri boʻlgan oʻsha gilamchani.

Gilamchani unga olib boraman. Dahshatga toʻla koʻzlari bilan menga qaraydi-da: «Xojamning oʻgʻli, xojamning oʻgʻli», deydi.

Butun tun boʻyi uyqum nurafshon boʻladi. Ruqiya xolaning nevarasi qip-yalangʻoch gilamning yumshoq patlari ustida gʻildirab oʻynaydi va suvning shildirashiga oʻxshab kuladi. Butun tun boʻyi tishlari yulduzlardek porlab chiqadi.

Ammo ertalab boshimning ustida turasan: meni osishga shay boʻlgan dor kabi. Yuzimga tushgan tarsakining zarbidan uygʻonib ketaman.
– Hali mening pullarimni shunday qilib avaylab-asramoqchimisan, hammol?!

Gaplaringga javob bermoqchi boʻlaman, ammo ovozim chiqmaydi. Soʻkinish va ta’na-malomat yomgʻiri ostida boshimni egaman, ammo ovozim chiqmaydi. Ruhim tilka-pora boʻlib ketadi, ammo hanuz gungu lolman. Nega?... Chunki pul topishni bilmayman. Onamning qoʻlida oʻsgan lapashangman. Axir onam yaxshi ayol. U mehr va vafoning, kechirimlilik va fidokorlikning, sabr va chidamlilikning timsoli...

Hamshira kelib boshimda toʻxtaydi. Tuflilarini oyoqlarim oldida juft qiladi. Ya’ni: «Marhamat!» Ya’ni, parvoz tugadi va qafas menga muntazir. Binafshalarni, ariqchadagi suvni, kichik va ozod pufakchalarni allaqachon qorongʻulik ichib qoʻygan.

Hamshiraga ergashaman. Zarracha qarshilik ogʻir jazoga sabab boʻladi.

Karavotning ustiga choʻzilishim bilan boshimni choyshabning tagiga olaman. Hamshira eshikni yopib chiqib ketadi. Ular ham kelishadi: baxmal kiyimning uxlagan va uygʻoq parchalari; zang uradigan soatning ovozi; supachada menga qarab oʻtirgan it; zanjirning uchiga osilgan va havoda muallaq qolgan hushtak; oldinlari uchramagan moviy rangli kanakunjutlar; oyoqlari va qanotlari uzilgan va faqatgina nigoh tashlab turgan pashsha.

Ular ertalabgacha men bilan birga boʻlishadi. Ketishadi va yana kelishadi. Oftob yuzini deraza oynasiga qoʻyishi bilan men ham uyquga ketaman. Belanchak u tomondan-bu tomonga borib kelaveradi.

* * *

Katta mehmonxonada ziyofat dasturxoni yozilgan. Otam doʻstlari bilan qator boʻlib oʻtirib olishgan. Labiga oltin suvi yugurtirilgan beli ingichka qadahlar, billur likopchalar, qimmatbaho sigaretalarning qoldiqlari bilan toʻlayotgan va boʻshayotgan kuldonlar...

Ota, sen yigʻlayapsan! Ota, hali umid soʻnganicha yoʻq! Ota, sening qalbing hali toʻlaligicha sovuq va qora boʻlib ulgurganicha yoʻq! Ota, sen haliyam Ruqiya xolaning qanchalik bechora ekanligiga ishonasan! Mahalladagi koʻmirfurushdan koʻmirining kukunini oʻzingning hisobingdan Ruqiya xolaga berib turishini soʻraganingni oʻzing aytding. Ammo... nega gilamni ularning tagidan tortib olding?

Ohuning oʻq yeganini oʻzim koʻrdim. Uning qonga gʻarq boʻlganini oʻzim koʻrdim. Ruqiya xolaning nevarasi yerga yiqilib tushganini va boshqa kulmaganini oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim. Uning joynamozini sholcha ustiga yozib, xudoga qaraganini ham oʻzim koʻrdim.
– Pul topmas noshud! Hali mening mol-dunyomni shunday qilib asrab-avaylaysanmi?!

Boshimga urasan va urasan: dang-g, dang-g, dang-g!...

Oʻzing emas, gaping uradi.

Kunning qoq oʻrtasi. Doʻkonda tushki uyquga ketgansan. Shiftga oʻrnatilgan parrak ishlab turibdi. Uning ovozi boshimni aylantiradi. Gilamlar bir-birining ustiga taxlab tashlangan. Devorga ham osib qoʻyilgan, yerning ustiga ham tashlangan, omborda ham... Sen bir burchakda uxlab yotibsan. SUrpdan tikilgan oq koʻylaging tanangga yopishgan. Siyrak sochlaring terdan jiqqa hoʻl. Qamishdan toʻqilgan yelpigʻiching qorning ustida koʻtarilib-tushadi.

Gilam taxlamlari orasidagi ingichka yoʻlakdan oʻtaman. Ularni sanasammi, deb oʻylayman... Ular kitoblarga oʻxshab qalin taxlab tashlangan. Ularni ochishim kerak. Ularni oʻqishim kerak. Meni zoʻrlab olib kelding, ha, zoʻrlab olib kelding. Menga deding: «Oʻqish senga nima beradi?! Odam boʻlish, xoja boʻlish oʻqiganlar emas, balki puldorlar erishadigan narsa!»

Onam sochlarini yuladi va yuziga chang soladi:
– Hoji Noyib! Xudo haqqi, bolani tinch qoʻying! Qoʻying, bolam oʻqisin! Oʻzi uchun odam boʻlsin!

Yuragim siqiladi. Hamisha u bilan sening oʻrtalaringdagi bu jang-dan yuragim siqiladi.

Meni oʻzing bilan birga olib kelasan. Gardanimga urib olib kelasan. Gardanimga mushtlab-mushtlab doʻkonga olib kelasan. Oʻn toʻrt yoshimda yordamching qilib olasan. Doʻkon men uchun zindon boʻladi.

Onam yigʻlaydi. Oʻzimni koʻrmayotganga olaman. U yigʻlayotganini koʻrmasligimni istaydi. Men ham uning yigʻlayotganini koʻrmayman. Kashta tikadi. Mato yuzasiga gul oʻrniga pullarni qator qilib tikadi. Yigʻlayotganini koʻraman. Ammo koʻrmaganlikka olaman.

Ne-ne voqealar yuz bermadi. Ne-ne voqealar yuz bermoqda. Mening yordamchilik ishimdan koʻngling toʻq emas. Doʻkondorlikning uddasidan chiqa olishimga ishonmaysan.

Ota, uning qalbini qanday qilib vayron qila olding? Qanday qilib undan bu umidni, bu gʻururni, ayol boʻlish hissini oʻgʻirlashga erishding? Ota, qanday qilib bunday qila olding?... Sen yangi bir merosxoʻrga ega boʻlishni istayapsan.

Uxlayman. Shunchalik uxlaymanki, qaytib oʻrnimdan turmayman. Otam reja tuzgan. Otamning menga boʻlgan umidi soʻngan. Unga tegirmonga tashlasa butun chiqadigan, qallob, zolim va firibgar bir merosxoʻr kerak.
– Bir oʻgʻil – bir erkak. Uni oʻzim tarbiya qilaman. Oʻzim!

* * *

Uyimizga yosh ayol keladi. Uning koʻzlari sening yoshlik chogʻlaring-dagi koʻzlaringga oʻxshab ketadi. Ona, sen menga tushuntirishga urinasan:
– Hech farqi yoʻq, bolam! U ham xuddi mendek, faqatgina bir oz yoshroq, xolos. Uyam sening onang. Senga uka olib kelib beradi: sening yoningga yondosh boʻladigan uka.

Holim boʻlmaydi. Titray boshlayman. Mening onam? Bir begona ayol-a? U nega bizning uyimizda? Nega sening karavotingda uxlaydi? Nega sening kiyimlaringni kiyadi? Nega bizning dasturxonimiz atrofida oʻtiradi? Nega uni «kichik beka» deb chaqiradilar? Men... nega uning koʻzlarga tik boqolmayman? Nega?
– Ona, qoʻygin, bogʻning narigi tomoniga boray. Qoʻygin, paxtaxonaga boray.
– Paxtaxonaga?!... Oʻgʻlim, jinni boʻlib qoldingmi? Paxtalar ustiga?!
– Ona, hamma yoq paxtaga toʻla: xuddi bulutday, xuddi gulday, xuddi shamolday...

* * *

Necha yil oʻtdi? Necha yil orqamni bosib oʻtib ketdi?

Onam bukchayganicha mato yuzasiga kashta tikadi. Qatim tortadi-da ruhining parcha-parcha boʻlib ketgan boʻlaklarini bir-biriga tikib birlashtiradi: sening qoʻllaringda parcha-parcha boʻlib ketgan ruhining boʻlaklarini. Ota, bugun kechasi yosh xotining bilan qayerdasan? Biz qayerdamiz?

Yigirma shamli chiroq shu’lasi uning yuziga qirmizi tus bergan. Ota, qanday qilib koʻngling bordi? Uni bunchalik xor qilishga qanday koʻngling bordi? Bahona men edimmi? Mening lapashangligim va noshudligimmi? Mening «kitobxoʻrligimmi»?

Boqqa oʻzimni uraman: bogʻning narigi chekkasidagi paxtaxonaga. Paxtalar yumshoq va mehribon: xuddi enaga kabi, xuddi ona kabi. Boshimni yelkalariga qoʻyaman-da yigʻlayman. Ular xuddi bulut kabi, xuddi bir belanchak kabi – parchalanib ketganligim va yolgʻizligim kattaligidagi bir belanchak kabi mehribon.

Belanchak u yoqdan-bu yoqqa borib keladi va meni bulutlarning narigi tomoniga eltadi.

Hashira yana qoʻllarida hapdori bilan boshimda turibdi. Boshini engashtirib soʻraydi:
– Alahsirayapsanmi?
– Oh, yoʻq! Agar «ha» desam, meni yana oʻsha qavatga eltasizmi? Qoʻl-oyoqlarimni bogʻlab oʻsha temir belanchakka solib qoʻyasizmi?
– Yigʻlayapsanmi?
– Men...? Men...? Yigʻlayapman...?

Boʻlimdan chiqib kelaman. U yerning havosi meni boʻgʻadi.

Devordan oshib qochib ketayotgan chogʻida qoʻlga tushib qolgan va nazoratchi Habib ogʻodan rosa kaltak yegan odamni koʻraman. Yoʻl-yoʻl ishton kiyib olgan, hamisha sonlarni teskari sanaydigan va hamisha raketaning uchishini kutib yuradigan bu odam hozir bir burchakda gʻujanak boʻlib olganicha oʻyga choʻmgan. Uning yonidan oʻtib ketaman.

Binafsharang dunyo, za’faronrang dunyo, nafas olib boʻlmaydigan qafas, zanjir, devor va toʻsiq... Qaniydi bir umr ana shu shamshodlarning ortida yashirinib qolsa va barcha hamshiralar uni topisholmasa. Oʻshanda maysalar ustida choʻzilib yotish va yulduzga qadar chiqib borish mumkin boʻlardi. Oʻshanda oyning yelkasiga yuzlarini qoʻygancha toʻyib yigʻlardi.

* * *

– Kitobxoʻr, yoʻqot koʻzimdan kitobingni! Kel, yonimda oʻtir va hisoblab koʻr. Yonimda oʻtir-da oʻrgan. Bir senga qarayman, bir odamlarning bolalariga va alamim keladi.

Ota, senga aytmadim: boshimni kitob varaqlarining orasiga qoʻysamgina nafas ololaman. Oʻn toʻrt yoshimdan oʻn toʻqqiz yoshimgacha boʻlgan umrimni kimga sotib yubording?

Ota, agar kitobni yerga qoʻysam, oʻzimni yoʻqotib qoʻyaman: sening doʻkoningda, sening bogʻingda, sening yeringda...

Senga aytmadim, aytishga jur’at qilmadim. Men faqat senga qarardim, termulib-moʻltirab qarardim. Sen esa dod solarding:
– Onasi, oʻgʻil oʻstirdingmi? Buning ahvoliga qara! Xuddi echkiga oʻxshaydi! Xuddi echkiga oʻxshab qaraydi!

Onam xafa boʻlardi va chiroyli koʻzlari yoshga toʻlardi:
– Nega menga bunday gaplarni gapirasiz? Oʻgʻlim biror gunoh ish qilibdimi?

Sen gʻoʻldirarding, soʻkinarding. Soʻngra shimingni kiyib, hassangni qoʻlingga olib ketvorarding.

Ota, sen bir bor boʻlsa-da, qayrilib qarmasdan ketarding.

* * *

Gilamlar devor, devorlar esa tosh. Ravoqlar past... Nafasim siqiladi. Oyoqning terlagan hidi, kuyadorining hidi, ogʻir va dim havoning hidi.

Men qayerdaman? Hamshira yana oldimga kelibdi. Yana hapdori olib kelgan. Mendan bir narsani soʻraydi. Unga javob bermoqchi boʻlaman. Ammo tilim ogʻir. Boshimga hujum qilganidan soʻng tilim tutiladi.

Hamshira suv toʻla stakan va bir necha hapdorini qoʻlimga beradi. Sariqmi yoki moviy, farqi yoʻq. Stakan choʻziladi, soʻngra kengayadi. Panjalarim bilan tomogʻini siqaman. Biror narsa deyishim kerak. Aks holda boʻgʻilaman. Gʻazabimni hovuchimga olib siqaman. Hamshira qichqiradi. Qoʻllarimdan qon oqadi. Yuzimni qoʻllarim bilan yashiraman. Hozir... hozir otam keladi va dod soladi: «Lapashang! Mening mol-dunyoimni shunday qilib asramoqchimisan?! Shunday qilib-a?!»

Meni olib ketishadi: sudrab-koʻtarib, pastki qavatga. Hamshiraning aytishicha, stakanning siniqlari bilan unga hujum qilibman. Men-a? Menda shunchalik jur’at bor ekanmi?

Hamshiraning koʻzlari xuddi uning koʻzlariga oʻxshaydi: onamning oʻrniga kelgan oʻsha ayolning, onamni ranjitgan va yigʻlatgan oʻsha ayolning.

Ota, qalbimni vayron qilding: hali soppa-sogʻ boʻlishi mumkin boʻlgan qalbimni.

* * *

Otam meni koʻrgani keldi. Doktor qoʻllarimni yechishlarini buyurdi. Otam menga olma va mandarin olib kelibdi. Yosh xotinini ham oʻzi bilan birga olib kelgan. Qoʻlida bir dasta nargis guli bilan. Nargis gullari xuddi onamning koʻzlari kabi yoshga toʻla.
– Ota, gilamlaringni nima qilding?

Zaharxanda kulaman.
– Nega ularni olovga tashlading? Men senga nima yomonlik qilgan edim?!

Ota, doʻkoning yonib ketdimi? Xuddi kartoshkagullarday, xuddi onamning qalbiday? Onamni qayoqqa joʻnatding? Achchiqlab ketib qoldimi? Xuddi yarador qanotini sudrab ketgan kabutar kabi, yarador qalbini olib ketdimi? Chodirini boshiga tashladi-da, yosh toʻla koʻzlari bilan ketib qoldimi? Ketarkan oʻzining hamma narsasini: obroʻ-izzatini, yoshligini, oʻgʻlini, mehr-muhabbatini tashlab ketdimi?

* * *

Gilamlar bir-birining ustiga taxlab tashlangan. Xaridorlar kelishadi va ketishadi. Pul ustiga pul! Telefonlar jiringlaydilar. Sening noming chet ellargacha yoyilib ketgan. Kichik beka senga bir oʻgʻil olib kelib bergan. Onam achchiqlab ketib qolgan. Sen meni oʻzing-ning doʻkoningga olib kelding. Oʻn toʻrt yoshimdan oʻn toʻqiz yoshimgacha boʻlgan umrimni kimga sotib yubording? Kuyadorining hidi, oyoqlarning terlagan hidi, gilam patlarining hidi, yolgʻon va qalloblik hidi, Ruqiya xola va nevarasining sovuq urgan yalang oyoqlarining hidi... Onam esa yoʻq. Uning koʻz qorachigʻidek boʻlgan oʻrni bilinadi.

Ota, bir martagina boʻlsa-da, menga yaxshilab qara! Menga qaraganingda ham koʻzingga men emas, pul koʻrinadimi? Mening koʻz yoshlarimni ham pul bilan oʻlchaysanmi? Onamning vayron boʻlgan qalbini hammi?

«– Unga bir chek berdim: imzo qoʻyilgan boʻsh chek. «Istagan narsangni yoz», dedim. Ammo koʻzlarim oldida yirtib tashladi. Goʻrga! Ketsa ketaversin. Axiyri bir kuni boshi devorga taq etib uriladiku! Unga yana nima kerak edi?! Hamma narsaga ega edi-ku?! Umuman nimaga ketib qoldi oʻzi?»

«– Hamma narsaga... Ammo senga ega emasdi-ku! Menga ham ega emasdi. Gʻururga ham!»

«– Ahmadim doktor boʻlishini istayman. Uning oʻqishini va odam boʻlishini istayman.»

Nargis gullari yigʻlaydilar: xuddi onamning koʻzlari kabi. Ularning za’faron rangi menga ozor beradi. Kichik beka menga qaraydi. U senga oʻgʻil olib kelib berdi, ammo uning oʻgʻli Ruqiya xolaning nevarasi kabi sholcha ustida uxlamaydi. U qonga botgan ohu tasviri tushirilgan oʻsha gilamning ustida uxlaydi.

* * *

– Nega gilamlarni yoqib yubording, oʻgʻlim?! Mening suyangan suyanchigʻim, katta oʻgʻlim! Men senga nima yomonlik qilgan edim?!

Dastroʻmoling bilan koʻzlaringni siqasan.

Demak sen ham yigʻlashni bilasan! Demak qora toshning bagʻrida haliyam bir buloq yashirinib yotibdi!

Menga olma artib berasan. Yuzimga tikilasan. Sen ham bechorasan. Qalin qoshlaring ostida koʻzlaring choʻkib ketadi.

Qoʻlingni urib tashlayman:
– Ket... Yigʻlashimni koʻrmasingdan oldin ket!

Meni tinchitishga, oldimda qolishingga ruxsat berishga koʻndirishga urinasan. Bilaklaringni mahkam siqaman: xuddi boʻgʻzimni siqib kelayotgan gʻazab kabi. Kichik beka menga qaraydi. Koʻzlari qoʻrquvga toʻla. Uning tomogʻidan boʻqqim keladi, uning koʻzlari ham yoshga toʻlsin deb: xuddi onamning koʻzlari kabi, xuddi nargis gullari kabi. Sen dod solasan:
– Hamshira! Hamshira!

Tutqanogʻi tutdi deb oʻylaysan. Dahshatdan titraysan. Kulaman. Sening titrayotganingdan quvonaman. Hamshira kelib bilagingni changalimdan ozod qiladi. Oʻzingni orqaga olasan.

Shundan soʻng boshqa kelmaysan. Bilamanki, endi hecham kelmaysan. Menga artib bergan olmangni axlat chelakka tashlayman.

Menga ukol uradilar. Toʻngʻizlar! Meni jinni deb oʻylashadi. Bilishmaydiki, hammadan ham es-hushliman.

* * *

Tasmalar qoʻlimning terisini qitiqlaydilar. Bir oʻrgimchak devor yuzasiga toʻr toʻqiydi. Koʻpaytirish jadvali miyamda yuqoriga borib-keladi. Paxtaxonaning eshigi ochiq. Shamol paxtalarni tashqariga uchiradi. Ruqiya xolaning nevarasi paxtalarning ostidan qochib chiqadi: xuddi qor ostidan qochib chiqqan joʻja kabi.

Bogʻcha sariq va moviy gullar bilan toʻlgan. Devorga osilgan niqob kuladi. Kitoblarimni qayerga koʻmding, ota? Bolaligimni-chi? Onamni-chi?

Koʻkragining ostida kamalakning tasviri boʻlgan bir qaldirgʻochning jasadi qoʻlimda. Uni qayerga koʻmay? Bogʻning devorlari bunchalik baland! Biror-bir tuynuk yoʻq. Kapalaklarning qanotlarini kim yulib oldi? Sen onamga: «Uni borib koʻrishga haqqing yoʻq!» debsan. Mening senga boʻlgan umidimni chilparchin qilding, ota. Pullaringning sanogʻi boʻlgan oʻsha kunlar, sendan muhabbatning hidi kelib turgan, sen hali pulning asiri boʻlmagan oʻsha kunlar qayoqqa ketdi? Undan soʻng nima boʻldi? Sen qanday qilib asta-sekin bularning barchasidan uzoqlashding?

* * *

Doktor meni xonasiga chaqirdi. Ustiga shisha qoplangan katta stolning ortida oʻtirgancha mening parvozimni tekshirib koʻrardi. Men u bilan muloqotga kirisholmayman. Uning oʻtkir nigohlari ostida titrayman. Qoʻllarimni kamzulim choʻntagiga yashiraman va titrayman. Ovozi keladi:
– Xoʻsh, gapir, ahvollaring qalay?
– Ahvolim?

Oddiy savol. Ammo javobi-chi?... Unda nega tilim kalimaga kelmaydi? Nega tilim aylanmaydi? Nega miyamda qon yuguradi? Nega «men», «men», deyman-da, bir narsa tomogʻimga kelib tiqilaveradi?

Doktor soʻraydi:
– Xoʻsh, «sen» nima?

Yigʻlagim keladi... Savoliga javob bera olmayman. Yarador ohu toʻgʻrisida gapirib bera olmayman. Ruqiya xolaning marvaridlari toʻgʻrisida, koʻzlari yoshga toʻla nargis gullari, onamning qanotlari va uning oʻsha qanotlarini qoʻltiqlari ostiga yiqqanicha koʻchaning burilishidan gʻoyib boʻlgani toʻgʻrisida soʻzlab berolmayman.

Doktor menga palatamga ketaverishim mumkinligini aytadi. U mening hech narsa demaganligimdan noumid boʻladi.

* * *

Deraza ortidan yomgʻir yogʻishini tomosha qilish mumkin: kecha kechasidan boshlab ertalabgacha tinmay yogʻib chiqqan va haliyam yogʻayotgan yomgʻirni...

Pastki qavatdaman. Yuqorida boshsiz odamlar yurishibdi. Boshsiz oyoqlar. Ammo bir juft katta-katta koʻz: nargis gullarining kattaligidek, yoshga toʻla, hikoya va gʻamga toʻla bir juft koʻz havoda muallaq holda engashganicha menga tikilib qolgan. Ey xudoyim, umi...? Onammi?

Choyshabni boshimga tortaman. Meni shu holatda koʻrishini istamayman. Ammo bir necha daqiqa keyin eshikning ogʻzida paydo boʻladi. Qoʻlidagi shirinliklar qutisini karavotning ustiga otadi. Oʻzini ham. Soʻng butun vujudi bilan zor-zor yigʻlaydi.
– Ona, bu senmisan?! Qaytib keldingmi?!
– Ha, bolam, qaytib keldim. Sening oqsochligingni qilish uchun qaytib keldim! Otangning, hatto kichik bekaning oqsochligini qilish uchun!
– Ona, sen bekasan! Hali ham bekasan!
– Birgalikda uyga borish uchun oldingga keldim. Ruqiya xolaning xonasiga, paxtaxonaga – sen istagan joyga borish uchun... Menga soʻzlab berishing uchun: suv va yulduzlar toʻgʻrisida, ohu va togʻdagi sarv daraxti toʻgʻrisida, sen borishni istagan har qanday joy, sening xayolingni band etgan har qanday narsa toʻgʻrisida gapirib berishing uchun...

Oh chekaman-da, boshimni karavot panjarasiga qoʻyaman.
– Ona, gʻururing qayoqqa ketdi? Men tufayli, Hoji Noyib gilamfurushning magʻlubiyatga uchragan merosxoʻri tufayli sen ham magʻlubiyatga uchradingmi?

Doktor keladi.
– Men... men siz bilan gaplashishim kerak, doktor.

Doktor jilmayadi:
– Qadamingizga hasanot.

Onam bilan birga uning kabinetiga boramiz. Stolining ustida bir dasta nargis gullari mehribonlik bilan menga qaraydilar. Engashib ulardan birini olaman va onamning qoʻliga tutaman. Doktor menga qaraydi. Uning qarshisidagi stulga oʻtiraman-da gapirishga urinaman. Nargis gullarining koʻzlarida yosh halqalanadi...


  1. Shulla – eronliklarning milliy taomlaridan biri, yorma va sabzavotlardan tayyorlanadi, bizdagi shovlaga oʻxshash (Tarj.).