OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Roziya Tujjor. Parvoz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRoziya Tujjor
Asar nomiParvoz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Roziya Tujjor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShokirjon Olimov (Forschadan)
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Parvoz (hikoya)
Roziya Tujjor

Kunbotar toklarning yelkasiga qoʻngan. Kovushlarimni yechib, oyoqlarimni muzdek suvga topshirdim. Kunbotar yoydek yelkamda ikkita qanot oʻstirib chiqargan boʻlib, bir soatlardan keyin ohista bugʻlanganicha lojuvard suvda yoʻq boʻlib ketsa kerak.

Daraxtlar ortiga yashiringan daraxtlar tepasidan qishloqni koʻrsa boʻladigan bir oraliq topdim. Suv shivirlab qoʻshiq aytar, men esa goh koʻngil berib, goh undan bezib u bilan birlashaman-da, birga-birga ketaman. Toshlarning ustidan va ostidan, hay-haylagancha va harsillagancha birga ketamiz, birga yuguramiz va birga kelamiz. Qayerdan... qayergacha?

Bu yerdan yerosti daryosining u tomonigacha. Yuqori mahallagacha. Uzoqdagi xarobalargacha. Qishloq qabristonigacha. Charogʻon uzumzorlargacha. Soʻngra aylanamiz: qishloq, tegirmon, loyqa suvli daryolar va bugʻdoy ombori atroflarini. Qaytganimdan soʻng sening oyoqlaring izi tushgan va bugun kechasi yana bir bor seni koʻrgani kelmoqchi boʻlgan oʻsha tuproqni yetti marta tavof qilganimga, yetti marta qaytib kelganimga, yetti marta koʻrganimga va yetti marta oʻpganimga amin boʻlaman.

Uzoqdan tutun ustunlari koʻrinadi. Kunbotarning simobiy rangi unda shovqin uygʻotgan yetti baland ustun. Yetti ustun suvda chayilgan guruchlar va sening kelishing sharofatiga soʻyilgan qoʻylarning goʻshti solinadigan bir necha pudlik qozonlarning borligidan darak beradi. Sen bir soatdan keyin kelasan. Shamol ham palov suzilgan laganlarning hamda yomon koʻzlarni olovda kuydiradigan isiriqlarning hidini olib keladi. Xuddi hozir ham cholgʻuchilar chalgan kuyning, shuningdek, oyoqyalang va koʻzlari chaqnagan holda ularning ortidan yugurganlaricha ularga joʻr boʻlib qoʻshiq aytayotgan bolalarning ovozini olib kelayotganday.

Shodlik bir yoʻlovchidir. U uydan bu uyga, u mahalladan bu mahallaga oʻtib yuradi. Uning uchun hech qanday devor, hech qanday eshik zulfini va hech qanday zanjir yoʻq. Bunda hamma bir-birini topa oladi va otini aytib chaqira oladi. Xuddi sen yaxshi koʻrganingdek.

Bir bolakay qishloqdagi eng baland yongʻoq daraxtining tepasiga chiqib olganicha, har doimgi odatga koʻra, qishloqqa kirib kelayotgan birinchi yoʻlovchini koʻrishi bilan jar solib, qishloq ahlini bundan xabardor etadi. Undan salgina narida baland bir shoxda xuddi fazoda chizilgan qop-qora soʻroq belgisiga oʻxshagan bir qargʻa qoʻnib turibdi. Uni koʻrib, koʻnglim ayniydi. Ogʻir, ogʻir.

Aytganday, nega bu yerda turibman? Balki, uzoq muddatli vahima va qarama-qarshilik meni bu yerlarga yetaklab kelgandir? Balki...

Kunbotar toklarning yelkasidan uchib ketadi. Mening qanotlarim oʻz tusini yoʻqotadi. Qishloq alangalar, rang-barang fonuslar va toʻrsimon chiroqlar yorugʻida charaqlaydi. Suvga tushgan tosh toʻlqinlar ustiga toʻlqinlar, aylanalar ustiga aylanalar soladi. Men esa or-qamdagi oʻrmonning qorongʻi burchagida, qarshimdagi daraxtlarning shovqin-suronida va oqayotgan suvning shivirlab qoʻshiq aytishida oʻsha kunni esga olaman.

Men borman va otam bor. Mashina, eng katta tezlik. Harakat va qochish. Shahar va shovqin-surondan qochish. Ilonizi yoʻl va daraxtlarning bir-biriga yopishishi. Yashil rangdagi uzun bir chiziq va daryo uzra nurning aksi. Oʻrmon, hamma yoq yashil. Qoyalar yuzasiga oʻyib tushirilgan. Vaqt chizigʻi singan. Gʻam chegarasining u tomoniga otib yuborish. Barchasi shodlik va ruhning choʻzilishi.

Nogahon yorugʻlik chakmoniga oʻralgan baland boʻyli odamning qomatiga oʻxshab ketadigan uzun bir nur ustuni tushadi. Keskin berilgan tormoz. Aylanish va yana aylanish. Baland bir ovoz. Toshga urilish. Toʻsatdan toʻxtashi. Nafasning ham. Qoʻrquvdanmi yoki tinchlanganlikdan? Mening ogʻzim ochilib qolgan. Qichqiriqsiz. Otam qoʻlini yuziga bosdi.

Qarayman. Bir daraxtni koʻraman. Tik oʻsgan. Unda koʻzguning katta-kichik boʻlaklari, sehrli bodomlar, ming koʻzli gullar... Ishonmayman. Ammo bu haqiqat. Daraxtda koʻzgu bor, koʻzguda esa ariq, maysazor, oʻrmon, bulut va shu tomonga kelayotgan odam koʻrinadi.
– Hech narsa qilmadimi?

Otam boshlarini hayrat alomati bilan sarak-sarak qiladi:
– Ishonging kelmaydi!

Boyagi odam orqasiga buriladi va daraxtga qaraydi. Gʻurur va shukuh bilan:
– Koʻrganingizdek, bor.

Daraxt osmondir va daraxt daryo, daraxt qushdir va yana daraxt...

Oʻsha odam sensan.

* * *

Qishloq uygʻoq. Tun yelkalariga qoʻngan boʻlsa-da, uygʻoqligi yaraqlashlarini oʻsha chiroqlar, alangalar va yulduzlar yorugʻida koʻrdi. Qargʻaning soʻroq belgisiga oʻxshab ketadigan sharpasi ham yoʻqolgan. Bolakayning qomati ham. Ammo aniq kelasan. Bilamanki, kelasan.

* * *

Bahor boʻlganda kelamiz. Yana oʻshandagiday men borman va otam hamda gullar va maysalarning yerga va toqqa yogʻayotgan yomgʻiri bor. Qishloq behushdir, mayda-mayda yogʻayotgan kulrang yomgʻirlar ogʻushida. Hanuz daraxt sehrli bodomlari bilan magʻrur va tik turganicha qarab turibdi, uning nigohida esa bulut, yoʻl va yogʻayotgan yomgʻir. Endi oynalar uning tanasidan oʻtib, shoxlarga yetgan.

Daraxtning kaftlarida alanga. Sen esa haliyam uni tomosha qilish bilan bandsan. Otang senga qaraydi va salom ovozi eshitiladi:
– Salom, eski doʻstim. Yana bizni va qishlogʻimizni eslab qolibsiz-da? Xush kelibsiz!
– Nur sotadigan kishiga salom!
– Men qishloqning muallimiman.

Otam jilmayadi:
– Aytdim-ku, nur sotasiz deb.
– Bizning qishlogʻimizga xush kelibsiz!
– Qishloqlaring osoyishta ekan. Shaharga qaraganda anchagina tinch va jonning huzuri. Bir necha kun qishlogʻingizning mehmoni boʻlsak boʻladimi?

Bu qishloqda har bir yoʻlovchi uchun joy topiladi.

Senga qoʻshilib boramiz. Sening tabassuming esa yuzlaringga qoʻshilib ketgan. Oʻtib ketayotib barcha uylarning ruhiyatiga singib ketasan. Qishloqning barcha aholisining quvonchlari va qaygʻulari senga tanish:
– Karbaloyi, salom! Eshitdim: mushkuling oson boʻlibdi. Muborak boʻlsin!
– Avs Rajab, xudo senga quvvat bersin! Ishingning yarmi bitib qolibdi-ku!
– Buvijon, Rustamingdan qanday xabar bor? Yaqin orada xat yozdimi?
– Gʻulomali, sumkang bilan kitobing qani? Maktabing yoʻqmi sening?

Kelamiz va qolamiz. Ruhiyatingning chek-chegarasi yoʻq. Dengizdan sachragan bir tomchi suvni koʻraman.

Hech qancha vaqt oʻtmay otam bilan bir narsa toʻgʻrisida gaplashasan. Koʻnglingdan kechgan bir narsa toʻgʻrisida. Va otam...
– Sizning birlashtirishingizni ma’qullayman. Ma’qullayman.

Hammasi tezda yuz beradi. Hatto mening deyishim ham:
– Men ham.

* * *

Tun nigohi ostida nogʻora va qoʻshnogʻoralarning ovozi balandroq va yanada balandroq eshitiladi. Oʻzi bilan birga bolalarning shovqini va ayollarning shovur-shuvirini olib keladi. Ular qoʻllarida fonus tutganlaricha tepalikdan yuqoriga oʻrlaydilar.
– Hoy, qayerdasan, kelin? Qayerdasan?

Bir bosh uzum suvning oʻrtasiga tushadi va oh chekadi. Qoʻllarimni ogʻzimga koʻzacha qilib baqiraman:
– Men bu yerdaman... Bu yerda.

Fonuslar yaqinroq keladilar. Ulardan taralayotgan yogʻdu yuzimni silaydi. Enaganing shubha-gumonga toʻla ovozi eshitiladi:
– Qayerda turib olding? Yana hamma uni kutib olishga borayotgan bir paytda-ya?!

Qishloq etagiga bosh qoʻygan yoʻl chizigʻiga qarayman:
– Boraman, hoziroq. Fonuslaringni nari olinglar. Xudo haqqi.
– Har doim hammadan ajralib yurasan, qizgina!

Ular ketadilar. Men esa yuzimni yuvaman: uzumzorlardan oʻtib keladigan va hushidan ayrilgan oʻsha suv bilan; daryoga quyiladigan oʻsha suv bilan; oʻsha daraxtning yonidan oʻtadigan oʻsha daryoga... oʻsha daraxtning...

* * *

Ishq daraxtining yonida turibman: oq koʻylakda. Toʻlqinlarga boʻlib tashlayman va koʻngil bogʻlayman. Ming boʻlakka boʻlinib ketaman va yana birlashaman. Odamlar yelkama-elka boʻlib, qizil, sariq va moviy dastroʻmollarini havoda yelpiydilar. Nogʻora, qoʻshnogʻora va yaqinlarning tabrik ovozlari, tutayotgan isiriq va yonayotgan oʻtinlarning hidlari, qizil uchqunlar hamda ruhimizni bir-biriga payvand etadigan mehribon xutba ovozi.
– Koʻryapsanmi? Bu yerda nafas olsa boʻladi: yashash uchun va hatto oʻlish uchun ham. Hech qayer bu yer emas. Qishloq... Qishloq. Yerda ming ildizi, osmonda ming shoxi bor.

Kulaman.
– Bu yer sening tugʻilgan joying. Meniki-chi?
– Tugʻilgan joy shunday bir joyki, uni sevish mumkin. Sevgi esa koʻlmak suvning ustidan oʻtib ketadigan yorqin bir jimirlashdir.
– Yoki shamol koʻlidagi qoqi oʻt.
– Barakalla! Yoki qoqi oʻt...

Odamlar asta-sekin tarqalishadi: qizil tabassum va ter tomchilari bilan. Daraxt yonida esdalik uchun suratga tushamiz va u yerdan uzoqlashamiz. Odamlar yoʻldan qishloqqa qaytishadi. Biz esa oʻrtadan kesib oʻtgan toʻgʻri yoʻl bilan oʻrmonga boramiz. Daraxtlar yelimlarining hidi, havo namligi va nomsiz gullarning hayratli nigohlari. Bir daraxtning orqasidan kichkina bir shaytoncha poylaydi. Unga qarata tosh otasan.
– Hey! Duo va tortishuv uchun ham vaqt ajratish kerak ekanligini bizga eslatgani keldingmi?.. Chuchvarani xom sanabsan! Bu orzuyingning ogʻir yuki to abad yelkangda qolib ketadi! To abad.

Shaytoncha bir chiyillab qoʻyadi-da, daraxtlar ortida yoʻqoladi. Yer zamburugʻlar bilan toʻla; va loyu balchiq bilan ham. Bir necha qadam oldinga yurasan va men sening ortingdan. Hamshiralik xalatimning oq etagi hilpiraydi va men uning iflos boʻlishidan xavotirdaman. Kallamdan oʻtayotgan fikrni oʻqiysan:
– Qoʻyaver! Hamshiralik xalatingning oq etagini qoʻyaver. Qoʻrqma, unga bir parcha ham dogʻ qoʻnmaydi. Biror parcha ham. Senga yoqsa, xalossan.

Etagimdagi toʻrlar va yulduzlarning yaqinigacha kelayotgan tigʻlarning panjalariga qarayman. Ular gullaydilar va gullarini oyoqlarim ostiga toʻkadilar.

Yoʻlning qolganini yurmaymiz. Parvoz qilamiz. Shaytoncha oʻrmon tubida zor-zor yigʻlaydi va yoʻqoladi.

* * *

Qishloqning qalbi kutish azobidan shishib ketgan. Kelish vaqting yaqin qolgan. Ariq kuylaydi va daryoga quyiladi. Daryo bir qishda yuragi yalligʻlangan va butun boshli uch kun es-hushidan ayrilgan oʻsha daryodir. Butun boshli uch kun.

Daryo na’ra tortadi, yigʻlaydi, kuladi, qoʻlini beliga qoʻyganicha qay narsani koʻrsa yiqitadi va oʻzi bilan birga olib ketadi.

Qishloq sarosimada, odamlar ham. Sen esa har doimgidek oldinda. borasan. Oyoqlaringda etik, egningda qora charm palto. Koʻprik buzilgan, biror-bir yoʻl yoʻq. Maktab u tomonda. Bolalar bu tomonda.

Qishloq ayollaridan soʻradingki, oʻtlardan uzun toʻr, daryoning uzunligiga teng keladigan bir toʻr toʻqishsin. Endi esa erkaklar uni yelkalariga tashlab olishgancha tortib ketishmoqda.

Koʻprik ayollarning uzun kokili kabi tirikdir. Hansirab nafas olganicha kichik baliqqa minadi. Suvni yoradi. Boshqa odamlar ham senga qoʻshilib koʻprikni daryoning qirgʻogʻiga ulaydilar.

Suv oʻkiradi, Sen va boshqa odamlar ham. Gʻalaba sizlar tomonda: bolalar qoʻllarida kitob tutganlaricha sekin-asta koʻprik tomon kelayotganlarida, maktab tomonga oʻtishning imkoni boʻlganda. Koʻzlarda yoshning gullashi tomosha qilsa boʻladiganlik manzara.

* * *

Nogʻora va qoʻshnogʻoralarning ovozi tingan. Bir bolakay yongʻoq daraxti tepasida jar soladi. Yoʻl burilishida ikkita za’faronrang yonma-yon chiziq gʻimirlaydi. Kovushlarimni kiyaman va shoshilgancha tepalikdan pastga tushaman. Yaltiroq qurt oyoqlarim ostida yaltirab nur sochadi. Qishloqqa yaqinlashaman. Baland tutun ustunlari endi nurli olov halqalariga aylangan boʻlib, qozonlardan chiqayotgan bugʻlar palovni damlash uchun yopib qoʻyilgan lattalar ostida shishib ketgan.

Uyga boraman. Jim-jit. Xuddi chorchoʻp ichidagi rasmdek. Kechasi hech kim bu yerda qolmagan. Hamma yoʻl boʻyidagi qishloq maydoniga ketgan. Hatto seni bir necha daqiqa oldinroq koʻrish ular uchun muhim. Samovar atrofini moviyrang bir bugʻ oʻrab olgan: bir necha daqiqadan soʻng tomchilarga aylanib yana samovar jomiga qaytib tushadigan bugʻ. Xuddi qishloq aholisi uchun yomgʻir boʻlib, qishloq zaminida maktab, masjid va shifoxona gullarni, ekinzorlarda esa kichik va oltinrang bugʻdoy donlarini oʻstirganing kabi.

Uydan chiqib kelaman. Osmonga qarayman. Oyning misrang gardishi asta-sekin yuqorilab keladi. Kunbotardan esayotgan shamol oʻzi bilan birga uzumning hidini olib keladi, och chiyaboʻrilarning uvillashini ham. Oyning misrang gardishi koʻngilga gʻulgʻula solgancha qishloq oʻrtasida turadi.

Sen oldinda borasan, qishloq odamlari senga ergashgan. Bir chiyaboʻri uvillaydi, boshqa chiyaboʻrilar ham. Koʻzgudor daraxt ularni togʻning oʻnqir-choʻnqir joylarida qanday qilib nobud qilganlaringni koʻrgan.

Uydan yoʻl boshigacha borishga yoʻl yoʻq. Kelishingga ham. Chaqnagan chaqmoq esimga soladi: endi ketish kerak. Bu yerda bajarishim kerak boʻlgan ishlar tamom boʻldi. Bundan buyoniga bu yerda qolish tamom boʻlish ma’nosidadir.
– Iltimos, qolgin.

Ikki barmogʻingni bir-biridan ayirasan-da, ularning orasidan menga jannatni koʻrsatasan.
– Qara, mana bunday shakldagi joy. Ammo... bundan ancha katta. Yechilishi kerak boʻlgan bogʻichlari bilan birga.
– Koʻngillari keng odamlar borishlari kerak. Shunday emasmi? Ammo nega?

Agar shunga loyiq boʻlsalar, javob berishlari kerak.

Bilardim: seni chaqirayotgan oʻsha ovoz shunchalik baland boʻlib, bizning ovozimizni eshitishingga yoʻl qoʻymaydi:
– Iltimos, qolgin. Qol!

Menga bir dastroʻmol berasan: unutilgan gullarga toʻla.
– Birovga dastroʻmol sovgʻa qilishmaydi, deb aytishadi. Ayriliqqa sabab boʻlarkan.
– Ammo ba’zida kerak ham: qisqa muddatlarga, koʻngil bogʻlanishlarini unutish uchun.

Bir bosh uzum bilan ketar ekansan, uzumzorlarni aylanaman va sabrli boʻlganligimga yigʻlayman.

* * *

Yana bir marta bolakayning jar solgan ovozini eshitaman, ayollarning va bolalarning shovqinini ham. Ammo men uzoq muddatlardan keyin birinchi uchrashuvimiz qishloqning hayratli nigohlari ostida amalga oshishini istamayman.

Oʻrmondan ishq daraxti tomon boradigan toʻgʻridan kesib oʻtuvchi yoʻlni tanlayman.

Shaytoncha yoʻlning oʻrtasida, bir daraxtning ortidan poylaydi:
– Qaytgin! U yerda hech narsaning senga koʻzi uchib turgani yoʻq, ranj-alamdan boshqa. Qayt!

Eshitishni istamayman...

Oʻrmondan chiqib kelaman. Ishq daraxti qarshimda boʻy choʻzadi. Oy nuri uning koʻzgularida aks etadi.

Qarab qolaman. Bir soat oʻtadi. Qishloq osmonida rang-barang fonuslar gʻujgʻon oʻynashadi, oy va yulduzlar ham.

Taqillagan ovoz eshitiladi. Quloqlarimni ding qilaman. Borgan sari yaqinlashadi. Bir sharpa paydo boʻladi. Oldinroq va yana oldinroq keladi. Endi uni yaxshiroq koʻrishim mumkin boʻladi: qoʻltigʻida tayoq qistirib olgan, egnida tuproq rangidagi koʻylagi boʻlgan qalin soqolli odamni.

Ey xudoyim! Bu sensan! Ammo bor-yoʻgʻi bittagina oyogʻing bor, ikkinchi oyogʻing... U oyogʻing bir parcha tayoq boʻlib, koʻzguning singan boʻlaklari unga yopishgan.

Tizzamga qulayman: oy va yulduz sening arshingga yetkazaman deb ustun qoʻygan paytda.