OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRoziya Tujjor
Asar nomiShisha ayol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Roziya Tujjor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShokirjon Olimov (Forschadan)
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shisha ayol (hikoya)
Roziya Tujjor

Ayol koʻzguning oldida toʻxtadi-da, oh totib qoʻydi. Kichkina bir bulut dogʻi oynaning xotirasini ostin-ustin qilib yubordi. Kichkina oltinrang tarogʻini oldi-da, toʻgʻnogʻichlar asirligidan ozod boʻlgan sochlarini taradi. Shaloladay tovlanayotgan qop-qora sochlar yelka uzra yoyildilar. Koʻzguning ichidan uzoq-uzoqlarni koʻrish mumkin edi. Ammo bir-biri bilan aralashib ketgan barcha tasvirlar orasida oynalari yurak shaklida boʻlgan osmonoʻpar bino uning diqqatini koʻproq oʻziga tortardi.

Sochlari orasida surat solingan ramkaga oʻxshab qolgan yuzini koʻrib, kuldi. Bulut dogʻi bugʻlanib, uchib ketdi. Telefonning jiringi sukunatni sindirdi. Qoʻlini yuragi ustiga qoʻyib, ogʻriqdan bino boʻlgan bir toʻlqinni haydadi. Qizil ust-boshini kiydi-da, shoshilganicha telefon stolchasi tomon chopdi. Stolcha yonidagi stulning chetiga oʻtirib, goʻshakni koʻtardi:
– Allo, eshitaman... eshitaman!

Erkakning tanish ovozi edi.
– Menman... Suhrob... Qalaysan?

Ogʻriq yelkalarigacha keldi, soʻngra chap qoʻl barmogʻining uchigacha. Ammo kuldi:
– Yaxshiman. Ovozingni eshitgandan keyin yaxshiman... Qayerdasan?
– Mana shu atroflarda.
– Ya’ni?
– Ofisimdaman. Doʻstlarim ham shu yerdalar. Yangi bir nashrni yoʻlga qoʻyish uchun barcha kuchlarimizni bir joyga yiqqandik.
– Xoʻsh?
– Bugun kechasi kechroq borsam boʻladimi?
– Yanami?

Erkak jim qoldi. Gugurtning chaqilgan ovozi eshitildi:
– Maylimi, xonim?

Ayol ikkilanib soʻradi:
– Ya’ni, bugun kechqurunga moʻljallagan rejamiz bekor qilindimi? Birga kechlik ovqatni yeyishga va soʻngra kinoga borishga kelishgandik...

Erkak homuza tortdi-da:
– Aytganday, gullarga suv quydingmi? – dedi.

Ayol nigohini mehmonxona tomonga burdi: suvga toʻygan gullar hamishagidek yam-yashil edilar. «Mendan koʻra gullarni oʻyladingmi?» demoqchi boʻldi. Ammo erkakning ovozi uning xayolini boʻldi:
– Salom! Xush kelibsan! Buni qara-ya!

Derazaning oynasiga qaradi. Mana bu yangi darz qachon tushgan ekan? Qoʻli bilan yuragini yanada mahkamroq siqdi. Yana erkakning ovozi eshitildi:
– Xoʻp, azizam! Menga boshqa ishing yoʻqmi?

Ayol oʻrnidan yarim turdi. Uzoqlardan bir qora bulut kelardi. Shoshib-pishib dedi:
– Kechasi kelayotganingda bosh kiyiming va soyaboningni esingdan chiqarib qoldirmagin. Havo bulutli.

Erkak dedi:
– Xayr.

Ayol goʻshakni qoʻydi. Sovqotayotgandi. Qoʻlini choʻzib mebelning yonidaga xalatini olib ustiga ildi. Endi orqasida bir ajdaho turganligiga amin edi. Ogʻzidan olov purkalib turgan bir ajdaho.

Isitmasidan oldin qaltiradi. Shunchalik qaltiradiki, uni ustidan yechib oldi-da yaxshilab unga qaradi. Soʻngra gʻijimladi-da, mebelning ostiga yashirib tashladi.

Derazaning oldiga bordi. Bulut dogʻi yaqinroqqa kelib qolgan, osmon qop-qora koʻrinardi. Bu balandlikdan odamlar qanchalik ham kichkina boʻlib koʻrinishadi-ya. Kichik va yolgʻiz! Yuragiga ogʻriq oʻrladi. Bamogʻini egib derazani yopdi. Qaysi deraza ochiq ekan? Bu sovuq qayerdan kiryaptiykin? Mehmonxona qanchalik katta edi! Shuncha yolgʻizlik uchun shuncha kattalik?!

Yerga oʻtirdi. Ichida nimadir gʻimirlab, u bukchayib qoldi. Ogʻriq... ogʻriq... qizil temir tayoqcha... momaqaldiroq va chaqmoq.

Doktor: «Bunday paytlarda mushaklaringni boʻsh qoʻyishga harakat qil», deb aytgan edi.

Ammo qiyinchilikka uchragan kishi uchun bu ish xuddi botqoqqa choʻkib ketish bilan barobar edi.

«Qaniydi erkak kelsa... Qaniydi...»

Quyoshning soʻnggi nurlari yopiq derazalardan mehmonxona yeriga gʻira-shira yorugʻlik tashlar, ushbu gʻira-shira yorugʻlik oralarida koʻz yoshlar daryosida suzib yurgan bir koʻz yerga tushib yotardi. Engashib uni oldi. Bir shisha qorachiq edi. Birov eshitib qolishidan ham uyalmasdan:
– Oh, oʻldim, oʻldim! – dedi.

Soʻngra ovozini balandlatdi. Ammo bu faqatgina bir lahza davom etdi. Ovoz chiqayotgan mahalda eshik qulfi ichra kalitning shirq etib aylangani eshitildi. U ekanligi aniq edi. Nolasini ichiga yutdi. «Yoʻq, ovozimni eshitmasligi kerak», – dedi oʻziga oʻzi. Xayolidan agar erkak buni bilib qolsa, ichidagi oʻsha musht oʻzining zarbalarini kuchaytirib, uni sindirib tashlaydi, degan oʻy kechdi. Soʻngra uni boshqa sevmay qoʻyadi. A’zoyi badanida yugurayotgan bu ogʻriq oz emasdi.

Bir necha lahza qorongʻi va ingichka yoʻlakka qarab qoldi. Agar boshida bosh kiyim va egnida palto kiygan va qoʻlida soyabon tutib olgan erkakning sharpasini koʻrganida ham, oʻrnidan turardi-da, ustidagi qizil kiyimlari bilan u tomon oshiqib:
– Choy? Bir piyola issiqqina choy qilib beraymi? – degan boʻlardi.

Ammo eshik hanuz yopiq edi.

* * *

Doktor suratlarga ishora qilib degandi:
– Ammo hali umid bor. Seni saqlab qolishga boʻlgan umid.

Oʻsha lahzada uning ortga qaytgisi va yashin chaqnayotgan oʻsha yorugʻ doiraga beomon tikilgisi, mingta qoʻli bor maxluq uning yuragini terayotganini koʻrgisi kelmasdi.

Doktorga aytgan edi:
– Qanday qilib saqlanib qolsam boʻladi, doktor? Men oʻlishni istamayman.

Ana shunday soddalik bilan aytgan edi. Keksa yoshdagi doktor esa koʻzoynagini koʻzidan olib, bosh barmogʻi va koʻrsatkich barmogʻi bilan koʻzining chekkalarini tozalagan, soʻngra boshini koʻtarib shift-ga qaragan edi:
– Dardingning yagona davosi shuki, hayotni sevishing kerak, qizim.

Ayol esa butun vujudi bilan, tashnalik va ochlik bilan zaminu zamonga qarab shunday degan edi:
– Doktor! Men hamisha oshiq boʻlganman. Hamisha hayotdan belgi beradigan barcha narsani sevganman. Shunday ekan, nega endi oʻlim shuncha odamning orasidan kelib-kelib meni tanlashi kerak? Nega meni?

Soʻng yigʻlab yuborgan edi:
– Men hech qachon bir mevani yaxshilab tomosha qilib olmaguncha yemayman. Men noz-ne’matlarga toʻla dasturxonlarni yaxshi koʻraman... Men...

Shundan soʻng eshikni ochib toʻfon kabi yoʻlga tushgandi.

Yoʻlida qay gulni koʻrmasin soʻligan, u koʻrgan har bir shox singan, har bir ayol faryod chekayotgan, har bir suv muzlagan boʻlardi. Erkak yetib kelganidan soʻng dahshat va iltijo bilan qoʻllarini choʻzib degandi:
– Yordam ber! Yordam...

Erkak dahshat bilan unga tikilgan, ammo hech narsa demagan edi. Qattiq shamol uning boshidagi bosh kiyimini uchirib yuborgan, boʻynidagi sharfining uchlarini hilpiratardi. Ayol yalingansimon qoʻllari bilan unga suyangan edi:
– Meni sevishing kerak... Xuddi men seni sevganim kabi... Saqlanib qolishim uchun alangalarga zorman. Menga ergashib kelayotgan narsa bu oʻlimdir. Uni daf qilishim uchun ishq jozibasi boʻlishi kerak. Chuqur jarlik. U yoqqa borishni istamayman, istamayman...

Erkak nimalar boʻlayotganini endigina tushungan odamday unga qarab qolgan va soʻragandi:
– Doktor nima dedi?

Ayol barmoqlarini erkak bilaklarining etiga sanchib shunday degandi:
– Aytdiki, oʻrmalagancha oldinga qarab boradi, shox va shoxlar chiqaradi. Soʻngra shunchalik oʻsib ketadiki, guldoning sinib ketadi. Mana shu.

Erkak degandi:
– Yoʻq, mumkin emas... Ya’ni...

Ayol oʻz atrofida gir aylangan edi. Xuddi yaproqlar toʻfoniday, xuddi har doimgi girdibod. Rangi xuddi nilufar gulning rangiday koʻm-koʻk boʻlib ketgan edi:
– Agar oldinroq tushunganimda edi, balkim... Ammo hamisha oʻylardimki, tanamdagi bu dard oʻlim dardi emas, balki tiriklik dardidir.

Erkak qoʻllarini choʻzib uning bilaklariga yopishgan edi:
– Kel, birga aylanamiz. Titrayapsan. Har lahzada sinib qolishing va toʻkilib ketishing mumkin.

Ayol uning ortidan ergashgan edi.

Kunbotar yoʻlidan ketib borishardi. Soyalari esa oʻlim va hayot ortidan. Erkak mehribonlik bilan degandi:
– Bu yolgʻon. Katta bir yolgʻon. Sen oʻlmaysan... Yoʻq...

Ayol achchiq kulib shunday degandi:
– Bolaligimda enagam menga har kuni saharlab choʻlga tikan tergani boradigan bir tikan teruvchi toʻgʻrisidagi ertakni aytib berardi...
– Xoʻsh?
– Endi men ham har kuni ertalab ana shu oʻy bilan uygʻonishim, soʻngra tikan terishga tushishim va kechasi bir bogʻ tikan bilan barmoqlarim tilingan holda uyquga ketishim kerak.

Erkak uning koʻzlariga tikilib qolgandi:
– Yoʻq, bunday ham emas.
– Oʻlim uzoq yoʻldan kelib senda in qurib olganini bilganingdan keyin, tikan terishdan boshqa narsani oʻylay olmaysan.

Erkak uni hayot tomonga sudragan edi:
– Qaragin! Suvga choʻkayotgan oʻrdaklar, sirpanchiq oʻynayotgan cholga qara. Bular kulguli emasmi?

Ayol erkakning nigohiga osilib olgan edi:
– Faqatgina meni sev! Eng yaxshi davo ana shu.

* * *

Endi bunga bir necha oy, balkim bir necha yil boʻlgan edi. Oldiniga shoxlarning oʻsishi sekin edi. Hatto doktor ham shunga amin boʻlgan ediki, unda oʻlimning oʻsishi toʻxtagan. Bu erkakning soʻzlari iliq, nafaslari ham issiq boʻlgan paytlarda edi. Ammo keyinchalik deraza ochilib sovuq shamol kirib keldi. Goʻyo qorlar malikasi bu yerdan oʻtib, barcha narsaning ustini bir qavat muz qatlami bilan qoplab ketganday edi. Hatto oʻgʻil bolaning nigohlari ustini ham... Bu ertakni qayerda oʻqiganikin?

Bolalik bogʻida parvozlari ketidan yugurgan chogʻlarida, bir kuni tushdan keyingi jazirama havoda hovlining bir chetidan sichqonlar oʻsha yerga olib borib qoʻygan yirtiq bir kitob topib olgan edi. Oʻsha kitobni oʻqigan edi. Qarasa ediki, qish kelib qolibdi.

Soʻngra shoxlar koʻpaygan edilar. Oʻsishlarining ovozlari eshitilib turardi. Ular bir-birlariga payvand boʻlishar, natijada yanada oʻsaverardilar. Xuddi kundan-kun erkakning nigohi qorongʻiroq, gʻamning soyasi esa kattaroq boʻlib ketayotganday.

Ayol yana bir bor aytdi:
– Oh, oʻldim... oʻldim!

Ammo hech kim ,,Nega?» - deb soʻramadi.

Tizzalari bilan yurib, suvratlar albomi turgan javon tomon bordi. Toʻrtburchak xotiralar. Suvratlarni olib, ularni tomosha qildi. Baxt rangi, koʻzgu, chiroq, oy va yulduz, gulbarglarning toʻkilishi, koptoklarning aylanishi, rangli tuxumlar, asal toʻla jom, yashil barglar, Qur’on, yorugʻ yulduzlar halqasi...

Halqa yoʻqolgandi. Nega? Halqa oxirgi paytlarda yoʻqolgandi. Bir kuni ertalab oʻrnidan turib qarasa, halqa yoʻq. Erkakka qarab degandi:
– Halqamni koʻrmadingmi?

Erkak istehzo bilan kulgandi:
– Bir qargʻa keldi-yu, olib ketdi.
– Qargʻa?

Ayol derazadan tashqariga qaradi. Daraxt shoxida bir qargʻa qoʻnib turardi.
– Nega indamay qarab turding? Nega uni olib ketishiga yoʻl qoʻyding?

U shunday deb soʻraganida erkak javob bergandi:
– Kech boʻlgandi.
– Kech boʻlgandi?

Uning shisha guldoni ham singan edi. Bu unda Yusufning chiroyidan bir shox olib qoʻygan va ushbu shox unda ildiz otgan guldon edi. Keyin shoxning ildizlari koʻpayib, shisha guldonni teshib chiqqan, guldonning suvi esa toʻkilib ketib, gul soʻlib qolgan edi.

Ayol gulni gultuvakka ekish uchun undan chiqarib olgan edi. Ammo singan shisha guldon uning qoʻlini kesib yuborgan, uning qoʻlidan oqayotgan qon yerni boʻyagan edi. Qip-qizil emas, koʻm-koʻk qon.

Bir ozdan keyin erkak aytgan edi:
– Bu binafsha gullarni kim olib keldi?

Hozir unga yana bir marta telefon qilishi mumkin edi. Ayniqsa hozir – dard uni boʻgʻayotgan paytda. Yettita raqamni tersa kifoya. Ushbu quyuq qorongʻilikdagi yetti yulduz kabi yettita raqamni. Va unga aytishi mumkin edi:
– Iloji boʻlsa, faqat bugun kechasi ertaroq kel. Doʻstlaringga ham mening kutayotganligimni ayt.

Shisha ustiga yogʻayotgan yomgʻir ming shoxli bir daraxtni vujudga keltirgan edi. Bu shoxlarning ortidan hech narsani koʻrib boʻlmasdi. Erkakka buni ham aytishi kerak edi:
– Bosh kiyimingni esingdan chiqarib qoldirma. Soyaboningni ham.

Enaga chilimning billur quvuri poyida oʻtirganicha ertak aytardi:
– Bugʻu dahshat bilan oʻrmon tomon qochdi. Ammo uning uzun shoxlari daraxtlarga oʻralashib qoldi. Shu payt ovchi miltigʻi bilan uni nishonga oldi va ...

Oxirgi – yettinchi raqamni qoʻyib yubordi. Aytishi kerak boʻlgan gapini boʻgʻzida saqladi: «Agar kelsang, soyaboningni ham...»

Bir ayolning mayin ovozi goʻshakda oʻrladi:
– Allo, marhamat... Allo.

«Siz kimsiz?» deb soʻramoqchi edi hamki, erkakning kulgan ovozi ayolning ovoziga ulanib ketdi:
– Agar javob bermayotgan boʻlsa, goʻshakni qoʻyib qoʻy. Albatta, biror bezori boʻlsa kerak. Goʻshakni qoʻy.

Soʻngra choʻziq gudok ovozi... Bir oz goʻshakning ogʻziga qarab turdi, soʻng uni joyiga qoʻydi. Qoʻllari bilan issiq qon favvora boʻlib otilayotgan boʻgʻzini siqqan holda she’r oʻqidi:

Ne motamkim, gʻamgin boʻlsang-u, yigʻlamasang!
Ne motamkim, xazon koʻrgan shox kabi
Oftobda va oʻzingning sovugʻingda qaltirasang!

Qancha oʻylamasin ushbu she’rning birinchi misrasini eslay olmadi. Garchi muhim boʻlmasa-da.

Oʻrnidan turdi-da, oyoq kiyimlarini yechib, oyoqyalang yoʻlga tushdi. Koʻzlari yoshga toʻlib, nurning ingichka yogʻdusi panohida unga tikilib qolgandi. Baland binoning tepasidagi katta beshikka oʻxshash mehmonxonada ohista u yoqdan-bu yoqqa yurardi. Axiyri karavotiga yetib bordi. Karavat ustiga yiqildi. Tim-qora toʻlqinli sochlari atrofga yoyildi. Qoʻlini, boʻm-boʻsh qoʻlini koʻtardi-da, yuragi ustiga qoʻydi:
– Endi vaqti yetib keldi.

Nigohini shiftga tikdi. Boshi aylanib qolgan bir tabassum kapalakka oʻxshab qanot qoqdi va labining chekkasidan uchib ketdi.

Bir ovoz dedi:
– Taraq!

Uchi oʻtkir bir shox terisini teshib chiqdi.

Bir necha daqiqadan soʻng ayolning boshi bir tomonga shilq etib tushdi. Nigohi esa toʻxtovsiz oʻsayotgan va butun mehmonxonani qoplab olgan shoxga tikilib qoldi.

Oʻsha balandlikda uning yuragi erkakni eslab jimgina yigʻlardi.