OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRoziya Tujjor
Asar nomiToʻkilgan gullar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Roziya Tujjor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShokirjon Olimov (Forschadan)
Hajm47KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻkilgan gullar (hikoya)
Roziya Tujjor

Tunning narigi boshidan kelardi. Oldiniga ohista-ohista harakatlanib, koʻrsatkich barmoqlarini yerga nuqir, ammo keyinroq bulutlar oh chekkanlaridan soʻng qadamlarini tezlashtirardilar. Endi tarnovning ixtiyori oʻzida emasdi. Ovozini baralla qoʻyganicha voy-voylab yigʻlar, nola qilar, uning ovozi ikki tabaqali eshiklarning tirqishidan ichkariga kirib kelardi.

Xona qorongʻulik bagʻriga gʻarq boʻlgan edi. Faqatgina qora tutun bosgan yigirma shamli chiroq ogʻzidek judayam kichkina bir sariq nur shiftning bir burchagini yoritib turardi. Ammo chiroqning kerosini tugaganidan soʻng birgina yorugʻlik guli ham bir-ikki qanot qoqdi-yu, toʻkilib tushdi.

Endi faqatgina qorongʻulik bagʻrida yomgʻirning, keksa, oʻrta yosh va yoshgina ayollar va qizning – kampirning, Azizaxonimning hamda Marjonaning pishillab nafas olganlari ovozi chiqardi.

Kampir sandal etagida, oʻzining har doimgi joyida gʻujanak boʻlib olganicha uxlab yotar, bosh tomonida namoz oʻqiganda kiyadigan chodiri hamda kosaning ichida yasama tishlari turardi. U gʻijimlangan kichik bir soyaday qimirlamasdan yotardi.

Undan sal nariroqda boʻylari uzun va yelkalari oriq Azizaxonim yotar, yuzlarining rangi oʻchgan, koʻzlarining ostida koʻm-koʻk halqalar koʻzga tashlanardi.

Sandalning boshqa tomonida qorongʻulik bagʻrini miltillab turgan fosfordek Marjona yotardi. Loysuvoq tomga tushayotgan yomgʻirning shitirlashi, yogʻoch eshik va derazalarning titrashi hamda tarnovning oʻkirib yigʻlashi ovozlari hammasi bir boʻlib uni tinch uyqu bagʻridan sugʻurib olishgan edi.

Oyogʻining kaftini manqalning devoriga yopishtirib olgan, kuydiruvchi issiq oyoq panjalarining uchidan tortib yuragigacha yoʻl topib borar va tomirlarida bir joʻshqinlik uygʻotardi. Xayollari xuddi uchar yulduz kabi oʻzi yotgan nuqtadan oʻqdek uchib muzchechak daraxtining narigi tomoniga borib tushardi.

Ammo... bu ovoz?... qayerdan kelayotgan ekan?! Oldiniga yaxshilab quloq soldi, soʻngra oʻrnidan sakrab turdi.

Ovoz xonaning ichidan, boshining tepasidan kelayotgan edi. Bu oldiniga mayin, soʻngra esa qattiqroq zarbalar bilan bir maromda tusha boshlagan yomgʻir tomchilarining ovozi edi.

Emaklaganicha odinga yurdi. Qoʻli bilan gilamni ushlab koʻrdi. Gilam hoʻl edi.
– Oyi, oyi, tom... qulab tushyapti!...

Uning qichqirgan ovozi bilan Azizaxonim va kampir joylaridan sapchib turishdi. Azizaxonim qorongʻulikda paypaslanganicha gugurt qidirar ekan, uyqusirab soʻrardi:
– Qani? Qayer?

Kampir esa zoʻrgʻa harakatlangan holda bir qoʻli bilan boshiga chodirini tutgan, ikkinchi qoʻli bilan esa oʻziyam bilmaydigan nimanidir qidirardi:
– Aziza, menga yordam ber! Meni tashqariga olib chiq. Hozir tiriklay goʻrga tiqilaman!..

Azizaxonim gugurt chaqdi. Olovini oldinroq olib keldi. Yanayam oldinroq. Tepaga qaratdi... Shift yorilgan, unda paydo boʻlgan bir necha teshikdan suv chakillab tomardi.
– Ey xudoyim!

Kampir qaltirardi:
– Azizajon, meni qutqar!

Rangida rang qolmagan Marjona esa shiftga tikilgan holda devorga suyanib qolgan edi.

Azizaxonim katta-katta qadam tashlab eshikning oldiga yetib bordi. Loʻkidonni surib, eshikni ochdi-da, baqirdi:
– Nega qotib qolding, qizim?! Tashqariga qochmaysanmi endi?!

Marjona koʻzlarini yorilgan shiftdan uzmagan holda orqasi bilan yurib, xonadan chiqdi-da, dod sola boshladi.

Azizaxonim yarim turgan holda qoʻllarini osmonga choʻzib iltijo qilayotgan kampir tomonga yugurdi.
– Aziza! Azizajon, meni qutqar!

Aziza tishlarini gʻijirlatib zahrini sochdi:
– Hammasiga sen aybdorsan! Mana shu vayrona uyingga yopishib qolgansan.

Marjonaning dod-faryodi bilan qiblaga teskari qilib solingan xonaning eshigi ochildi-da, undan hovliqqan va sarosimaga tushgan Yahyo yugurib chiqib keldi:
– Nima gap? Nima boʻldi?

Marjona esa ikki qoʻli bilan boshiga urgancha dod solardi:
– Tom... qulab tushyapti. Qulab tushyapti-i!...

Azizaxonim chodirini beliga bogʻlab olganicha kampirni katta mehmonxonaga olib borib qoʻydi, soʻng hovuz tomonga yugurib ketdi-da qoʻlida togʻora va mis lagan koʻtarganicha qaytib keldi. Yahyo oyoqyalang yugurib kelib, tomi qulayotgan xonaning ichiga bosh suqdi va baqirigʻi yomgʻir ovozini bosib ketdi:
– Men narsalarni olib chiqaman! Sen tashqariga chiqib tur!

Osmon tinimsiz yogʻar, kampirning yigʻlagan ovozi yomgʻirning shitirlagan ovoziga joʻr boʻlardi. Azizaxonim Yahyoning gapiga e’tibor ham bermasdan, u bilan birgalikda xonadagi buyumlarni olib chiqishga kirishdi. Marjona oldindagi xona bilan katta mehmonxona orasidagi tor yoʻlakda qoʻllarini qovushtirganicha dahshatga toʻla koʻzlari bilan bu toʻs-toʻpolonga qarab turardi. Pichirlab nimalardir aytar va nimalarnidir iltijo qilardi. Yahyo bilan Azizaxonim endigina xonadagi gilamni sudrab tashqariga olib chiqishgan edilar hamki, dahshatli gumburlagan ovoz chiqdi. Kapir faryod soldi. Azizaxonim boshiga mushtladi:
– Ey xudoyim!

Yahyo esa gilamni tashladi-da:
– Marjona? – dedi. – Marjona qani?

Marjona chaqmoqlar yorugʻida ikki boʻlingan qorongʻulik orasida qoʻllarini boʻm-boʻsh fazoga choʻzganicha dod soldi:
– Yoʻq... Yoʻq!

Yahyo yana oldindagi xonaga qaytdi. Shiftning bir qismi qulab tushgan, yomgʻir bilan toʻlib-toshgan qop-qora bulut shiftda hosil boʻlgan ushbu katta teshik ustida turganicha haliyam pishqirardi.

* * *

Tarqoq bulutlar orasidan poylab qarayotgan quyosh oʻzining zaif nurlarini sochgancha muzchechak daraxtining shoxlarida yaltirab aks etardi. Azizaxonim hovlining oʻrtasida qoʻlda supurgi tutganicha turar, Yahyo esa tom tepasida tarnovning ogʻzini tozalar, terisini izgʻirin shamol qizartirib yuborgandi. Bir hovuch loy aralash daraxt barglarini qoʻlida tutib turgan holda pastdan Azizaxonimning ovozini eshitdi:
– Marjona... Marjona?!...

Bir ozdan soʻng shamol Azizaxonimning qiziga aytayotgan gaplarini uning quloqlariga yetkazdi:
– Borib amakingga ayt... Uyning qolgan qismi ham qulab tushmasidan bu yoqqa bir kelsin-da, ukasining yetim qolgan bolalarining taqdirini bir yoqlik qilsin.

Eshik qarsillab yopilishi bilan Yahyo qaddini tikladi. Marjonaning oppoq koʻylagi bir tomchi suv kabi koʻchaning burilishiga tomdi va koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Yahyo hovliga tushib keldi. Tarnovning ogʻzidan sidirib olgan bir hovuch axlatni borib bogʻchaning bir burchagiga toʻkdi, soʻng hovuzcha ustidagi brezentni chekkaga surdi va hovuzchaning ustiga qator qilib terilgan xodalar orasidan qoʻlini suvga tiqdi. Muzlab qolgan bir baliq koʻzlari hayratdan qotib qolgan holda hovuzchaning shisha shiftiga yopishib qolgan edi.

Beixtiyor qoʻlini orqaga tortdi. Qaddini tikladi va hovuzcha atrofida toʻplanib qolgan xazonlarni supurayotgan Azizaxonimga qarab dedi:
– Muhsin ogʻo yoʻqmi?

Azizaxonim xokandozni devorga suyab qoʻyar ekan, ikki hovli oʻrtasidagi zinaga oʻtirib, gʻururi poymol boʻlgan ayol kabi oh chekdi:
– Eh, ogʻaginam... Agar dunyoni suv bossa, mening Muhsinimning toʻpigʻiga chiqmaydi. Hammadan yashirsam ham sizdan yashira olmayman, Yahyo ogʻo.

Yahyo hoʻl qoʻllarini qoʻltigʻiga artib quritdi-da, Muhsin yotgan xonaga qarab bordi. Yarim ochiq eshikning bir burchagidan xonaning ichkarisiga koʻz tashladi. Muhsin tartibsiz holda ayqash-uyqash boʻlib yotgan koʻrpa-toʻshagida oʻlikka oʻxshab yotardi.

Eshikning oynasini bir necha marta taqillatdi.
– Muhsin ogʻo... Muhsin ogʻo!

Muhsin bir qimirlab qoʻydi. Erinibgina boshini ovoz chiqqan tomonga burdi. Yarim ochiq va xoʻmraygan qovoqlari orasidan unga qaradi-da, soʻngra yana undan yuzini oʻgirib, koʻrpani boshiga tortdi.
– Muhsin ogʻo, bir daqiqa oʻrningizdan turing-da bu yoqqa keling. Anavi xonaning tomi qulab tushdi. Keling, koʻraylik-chi nima qilsa boʻladi.

Muhsin norozi va boʻgʻiq ovozda koʻrpaning ostidan gʻuldiradi:
– Qoʻysang-chi, ogʻo. Tong saharlab... Kim turib xonaning tomiga qarab yuradi hozir? Qolganiyam qulab tushmaydimi menga desa!

Yahyo orqasiga qaytdi-da, Azizaxonimga qaradi. Azizaxonim muzlagan qoʻllarini qoʻltiqlari ostiga qistirib olgan holda dedi:
– Sizga nima degandim, Yahyo ogʻo? Yerdan sel keladimi yoki osmondan tosh yogʻadimi – unga baribir. Choʻntagida pul boʻlsa boʻldi, qolgani bilan ishi yoʻq.

Yahyo nima qilishini bilmay muzchechak daraxti tomon bordi va uning nam tanasiga suyandi. Oʻziyam nega bu uydan shartta ketib qolgisi kelmayotganligini bilmasdi.

Azizaxonim kampirning ovozini eshitib xona tomon yurarkan:
– Yahyo ogʻo, – dedi. – Bir piyola issiqqina choyimizga chaqirmoqchiydim. Kampir odam qanchayam choy ichardi. Keling, ichingizga bir oz issiq kiradi.

Yahyo ogʻo past ovozda dedi:
– Rahmat, Azizaxonim. Keragi yoʻq.

Azizaxonim hali xonaga kirishga ulgurmasidan tashqari eshikning taqillagani eshitildi. Orqasiga burildi-da, katta hovlini kesib oʻtdi. Ikki zinapoyani bitta qilib hatlab, kichik hovliga qadam qoʻydi. Hovliga kirish yoʻlagidan oʻtdi-da, eshikni ochdi:
– Assalomu alaykum, amakisi! Marhamat, kiring!

Boʻylari baland, yelkalari keng va sochlariga oq oralagan Mustafo ogʻo yelkasiga toʻn tashlab olgan va qoʻllarida chiroyli donalari bor tasbeh tutgan holda hovliga qadam qoʻydi:
– Nima boʻldi, Azizaxonim?

Ichidagi barcha dard-alamni faryodi bilan birgalikda Mustafo ogʻoning oyoqlari ostiga toʻkkisi kelgan Azizaxonim uning tik qarab turgan oʻtkir nigohlariga koʻzi tushishi bilan boshidan chodirini oldi-da tugunini yechdi va u bilan badanini oʻradi.
– Oyimga biror narsa boʻldimi?

Azizaxonim kesatgandek javob berdi:
– Yoʻq, kampir sogʻ-omon. Toʻrt muchasi soppa-sogʻ. Manavi uydan ham chidamli baquvvat!

Marjona amakisining orqasidan kelib, bir soya kabi ichkariga sirpandi-da, hovliga kirib ketdi. Zinapoyaning etagiga yetganda haliyam daraxt ostida turgan Yahyoga bir qarab qoʻydi. Zinalardan koʻtarildi. Muzchechak daraxtining sinib tushgan shoxi kecha kechasi yoqqan yomgʻir natijasida toʻplanib qolgan xazonlar bilan birgalikda uning nigohini oʻziga tortdi.

Bir lahza engashdi. Soʻngra qoʻlini tortib oldi-da, kichik yoʻlak tomon yurdi va katta mehmonxona pardasining ortida gʻoyib boʻldi.

Kirish yoʻlagidan oʻtib, kichik hovliga yetgan Mustafo ogʻo tomi qulab tushgan xonaga bosh suqdi:
– Bu uyni endi tuzatib boʻlmaydi. Bundan ancha oldin eskirib boʻlgan edi. Necha marta aytdik, oyim quloq solmadi. Necha marta aytdik, dod-faryod qildi. Endi nima derkin? Bekordan-bekorga aytmaganimizni endi tushunib yetgan boʻlsa kerak?!

Azizaxonim ovozini balandlatdi:
– Nimasini aytasiz... Ertalabdan beri nola-figʻon qilib yotibdi.

Mustafo ogʻo xonaning derazasidan haliyam hovlida turgan Yahyoga koʻz tashladi. Yahyo uni koʻrishi bilan kallasini qimirlatib salom berdi. Mustafo ogʻo esa uning salomiga alik ham olmasdan Azizaxonimga yuzlanib dedi:
– Bu qachon ketadi? Haliyam shu yerdami?

Azizaxonim past ovozda dedi:
– Hali muhlati tugaganicha yoʻq. Oyning oxirigacha vaqti bor.

Mustafo ogʻo yuzini oʻgirib, loy va axlatga toʻla togʻora va laganga hamda teshilgan tomga qaradi. Soʻngra xonaning ichini bir aylanib chiqdi va joyida qolib ketgan bir necha uy buyumlarini barmogʻining uchi bilan surib qoʻydi:
– Xudo rahmat qilgur ukam oyimni koʻndiraman deb rosa uringandi. Ammo koʻnmadi. Agar oʻsha paytda uyni sotganimizda edi, ahvolingiz bundan ancha yaxshi boʻlgan boʻlardi. Ya’ni hammamizning ahvolimiz yaxshi boʻlgan boʻlardi.

Soʻngra bir yoʻtalib qoʻydi-da, xonadan tashqariga chiqdi va hovliga qadam qoʻydi.
– Oʻgʻlingiz qayerda? Bu bola qay goʻrda yotibdi?

Haliyam hovlida boʻlgan Yahyo qulogʻigacha qizarib ketdi. Hovuzchaning yuziga terilgan xodalar ustiga oʻtirdi-da, qoʻllarini qovushtirdi.

Shuncha paytdan beri ichidagi gapni Mustafo ogʻoga aytaman deb kelardi. Ammo hozir...

Azizaxonim shoshib-pishib dedi:
– Bolaginam, Muhsin, yarim kechasi rosa ovora boʻldi. Oftob chiqishi bilan bir oz mizgʻib olay deb uyga kirib ketdi.

Muhsin ogʻo tasbehini u qoʻlidan-bu qoʻliga olarkan, istehzo bilan jilmaydi:
– Rost aytayotgan boʻling-da, ishqilib. Rahmatli ukamning hamma umidi mana shu bittagina oʻgʻlidan edi. Buningiz erkak boʻlish oʻrniga, tagʻin bir... lo iloho illolloh....

Azizaxonim ranjigansimon dedi:
– Nega nafasingizni sovuq qilasiz, amakisi?!...

Mustafo ogʻo tor yoʻlakdan katta mehmonxona tomonga yurdi. Eshik pardasini chetga surarkan, past ovozda dedi:
– Bugunoq Avs Rajabga aytaman, kelib uyni bir koʻrib ketadi. Uning oʻzi bunaqa ishlarni yaxshi tushunadi. Uyni sotishga oyimni koʻndirib qolsak ajab emas.

Marjona ustiga choy toʻla stakanlar qoʻyilgan patnisni koʻtargancha pardaning bir chekkasidan chiqib keldi. Amakisi unga bir nazar tashladi-da, jilmaydi:
– Koʻz tegmasin! Kap-katta qiz boʻlib qolibsan-ku!

Patnis ustidagi stakanlardan birini oldi-da, xonaga qarab yurdi.

Marjona tor yoʻlakdan oʻtdi. Ammo hovliga qadam qoʻyishidan oldin Azizaxonim patnisni uning qoʻlidan oldi, uning ustidagi stakanlardan birini olib ayvonning labiga qoʻydi va patnisni qoʻlida tutgan holda Marjonani oʻzi bilan birga katta mehmonxona tomonga olib ketdi.

Yahyo sovqotganini his qildi. Koʻzi choy toʻla stakandan ohistalik bilan osmonga oʻrlayotgan muloyim bugʻda edi. Ushbu sovuq kundagi yagona issiq nuqta ham ushbu tor yoʻlakda yaraqlayotgan ana shu aqiqrang choy edi. Ammo nega uni olish uchun qoʻlini choʻzmaganini tushunmadi. Oʻrnidan turdi-da, xonasiga qarab yurdi. Kiyimini kiyib koʻchaga chiqdi. Gung bir gʻam uning yelkasiga yelkasini qoʻydi va u bilan birga koʻchaning burilishidan gʻoyib boʻldi.

Kampirning koʻzi oʻgʻliga tushishi bilan yigʻlay boshladi:
– Iloyo, boʻyginangdan onang aylansin. Boshimga nimalar tushganini koʻrdingmi? Uyim buzilganini koʻrdingmi? Otang rahmatlidan qolgan yodgor uy qanday qilib vayron boʻlganini koʻrdingmi?

Mustafo ogʻo eshikning ostonasida oʻtirarkan, telpagini boshidan oldi-da, tizzasiga kiygizdi. Soʻngra oʻychan holda tasbeh oʻgirishga tushdi.
– Bolaginam! Boshimizga nimalar tushganini koʻrgani keldingmi? Umrimning oxirida qanday xor-zor boʻlganimni koʻrgani keldingmi? Jigarim qanday kuyib, halqumimdan qanday otilib chiqishini koʻrgani keldingmi?

Mustafo ogʻo tasbehning oxirgi donasini barmoqlari ostidan oʻtkazar ekan, istamaygina qimirlab qoʻydi-da, tilga kirdi:
– Oyi, yana boshladingizmi? Oʻzing pishirgan oshni oʻzing ich, deydilar. Sizga necha marta aytdik, quloq solmadingiz. Mana oqibati!

Kampir birdan yigʻlashdan toʻxtab, boshini koʻtardi va baland ovozda dedi:
– Nima deding? Eshitmay qoldim? Agar otangdan yodgor qolgan mana shu uyni sotishni aytayotgan boʻlsang, toʻgʻri qildim. Endi sen ham kelinim va nevaralarim bilan til biriktirib, umrimning oxirida meni darbadar qilmoqchimisan?! Agar shunday qiladigan boʻlsalaring, bergan sutimga rozimasman, oʻgʻlim. Iloyo, seni ham menga qarshi qayraganlar baloga yoʻliqsinlar!

Mustafo ogʻo asabiylashib oʻrnidan turdi. Telpagini boshiga ilib, tasbehini choʻntagiga soldi-da, choydan bir hoʻplam ham ichmasdan dedi:
– Boʻldi-da, endi, oyi! Yana diydiyoyngizni boshladingizmi? Rahmatli ukam bir umr yalinib oʻtdi. Hozir xotini va bolalari ham. Bu eskirib ketgan uy chirib, toʻkilib, qulab boryapti. Kecha kechasi bitta xonaning tomi qulab tushibdi, bugun yana bittasi oʻzingizni bosib qoladi. Jiddiyroq qarash kerak bunga. Boshqa choramiz yoʻq.

Kampir koʻkragiga mushtlab, dod soldi:
– Bu yerdan xudo rahmat qilgur otangning isi keladi. Yosh oʻlib ketgan ukangning isi keladi. Murtazoni mana shu uyda uylantirdim. Mana shu yerda oʻzingni katta qildim. Mana shu uyda oʻzim kelin boʻlganman. Bu uyda ne-ne dasturxonlar yozmadim, ne-ne mehmonlar kutmadim. Hayhot, hayhot... ne-ne duoxonlik kechalari, ne-ne... Ey xudo... xudo... xudo!

Mustafo ogʻo oʻzini eshikdan tashqariga urdi. Shu paytgacha bu mojaroni kuzatib oʻtirgan Azizaxonim unga qoʻshilib tashqariga chiqdi:
– Sizga aytmaganmidim, amakisi? Eshitgisi ham kelmaydi. Uyni sotishdan gap ochilishi bilan ana shunday nola-figʻonini boshlaydi.

Mustafo ogʻo etigini oyogʻiga yaxshilab kiydi-da, asta-sekin hovlidan oʻtdi. Azizaxonimga bir koʻz tashladi:
– Buyogʻini menga qoʻyib ber. Hammasi yaxshi boʻladi. Faqat mana bu yigitning iloji boricha tezroq javobini berib yubor. Uni qaytib bu uyda koʻrmay.

Azizaxonim uning ortidan eshikni yopib qolar ekan, dedi:
– Xoʻp boʻladi. Nima desangiz shu.

* * *

Azizaxonim haliyam kichik hovlida ekanligida Muhsinning qadam tovushlarini eshitdi. Zinaning ustida bir oz toʻxtadi. Rangi za’farondek sargʻaygan Muhsin uyqusiragan holda otasining eski poʻstinini yelkasiga tashlab dovdiraganicha hovlining narigi tomonidan kelardi. Azizaxonim ovozini koʻtarib dedi:
– Yaxshi uxlab turdilarmi?! Ne ajabkim, shahzodamiz ham oʻrinlaridan turibdilar! Bu tomongayam bir qarab qoʻy, oʻgʻlim. Zarar qilmaydi!

Muhsin onasining gaplariga e’tibor ham bermay kichik yoʻlakdan oʻtdi-da, katta mehmonxona tomon yoʻl oldi. Kampir uni koʻrishi bilan boshqatdan yigʻlashga tushdi:
– Muhsinjon, bolam! Meni oʻzing qutqar! Meni boʻrilar oʻrab olishganini koʻr! Hech boʻlmasa sen biror narsa degin.

Muhsin bu gaplarga ahamiyat ham bermasdan poʻstinni yechib yerga uloqtirdi. Xonaning burchagidagi samovar oldida choʻk tushib oʻtirgan Marjonaga yarim nigoh tashladi-da, sandalga oʻtirayotib buyurdi:
– Choy...

Uning ortidan xonaga kirib kelgan Azizaxonim gʻazabga toʻla ovoz bilan dedi:
– Endi bu juvonmargning qulogʻiga nimalarni quyayapsan?! Menga qarshi qayrayapsanmi? Qancha dod-voy qilma, bu uy sotiladi. Bir-ikki kun hayallasak, yana bitta xona agʻanab tushadi.

Muhsin shoshmasdan sigaretasini yoqib, tutunini tepaga puflarkan:
– Kaptarlarim nima boʻladi? – dedi. – Endigina bu joylarga oʻrganishgan edi.

Azizaxonim titrayotgan qoʻllarini koʻkraklari ostiga urib, baqirdi:
– Kaptarlaring? Iloyo, hammasiga qirgʻin kelsin! Undan koʻra boʻyi yetib qolgan singlim nima boʻladi, desang boʻlmaydimi?

Muhsin unga yarim bir nigoh tashlab qoʻydi-da, qoʻlidagi gugurt qutisini otib oʻynashga tushdi. Gugurt qutisi goh tik tushar, goh yonboshi bilan, goh oldi bilan tushar, goh orqasi bilan, goh shoh boʻlardi, goh vazir...

Azizaxonim samovarning oldiga borib, bir stakan choy quydi-da, uning oldiga – sandalning ustiga doʻq etqizib qoʻydi.

Kampir boʻyniga osilgan kichkina baxmal xaltachadan bir hovuch qand-qurs va tutmayiz olib chiqdi-da, sandal ustiga toʻkdi.

Azizaxonim gʻuldiradi:
– Etagiga mayiz ham solib ber. Sening yoningni oladi.

Muhsin istar-istamas choyni icha boshladi.

Marjona xonadan chiqib ketdi-da, guruch solingan katta mis patnisni koʻtarib qaytib kirdi. Soʻngra bir burchakka oʻtirib guruchni tozalashga tushdi. Onasi diqqatini unga qaratdi:
– Iloyo, onaginang oʻlsin, qizim. Hech kim mana bu yetim qolgan qizning taqdiri nima boʻladi, demaydi. Oʻzim uning baxti toʻgʻrisida oʻylashim, unga kelayotgan sovchilarga javob berishim kerak. Chunki otasi oʻlib, begʻam odamlarning qoʻlida qolib ketgan.

Kampir har doim gap topolmay qolganida sekingina oʻzini olib qochganidek, bu safar ham boshi bilan koʻrpaning ichiga kirib ketdi va koʻzini yumib oldi.

Azizaxonim yarador yoʻlbarsday oʻkirdi:
– Ha-a, yoqmayaptimi?! Qachon zarurroq biror narsa toʻgʻrisida gap boshlasak, oʻzingni uxlaganga solasan. Ammo hozir aytib qoʻyay: agar hamma xonalarning tomi qulab tushadigan boʻlsa, biror usta yoki quruvchining bu yerga kelib uylarni tuzatishlariga yoʻl qoʻymayman. Mayli, bu uylar hammamizning ustimizga qulab tusha qolsin.

Muhsin birdaniga oʻrnidan sapchib turdi-da, titrayotgan qoʻlidagi boʻsh stakanni zarb bilan devorga otdi:
– Boʻldi qil endi! Toqatimni toq qilib yubording. Mingʻillayverib miyamning qatigʻini chiqarib tashlading-ku! Bechora kampirni tinch qoʻyasanmi yoki yoʻqmi?!

Azizaxonim oldiniga unga qarab qotib qoldi, soʻngra yigʻlashga tushdi:
– Xudo ursin seni! Yuragimni ming pora qilib tashlading. Xudoyo ertalabdan kechgacha qulogʻing ostida gʻoʻng-gʻoʻng qilib miyangni aynitayotganlar baloga yoʻliqsinlar. Bittagina oʻgʻlim menga suyanchiq boʻlish, mana bu xaroba uylardan qutqarish oʻrniga oʻshalarning gapiga quloq solganidan koʻra, xudo jonimni olgani yaxshi emasmi?!

Muhsin sandalning chekkasiga qoʻli bilan tiralib oʻrnidan turdi. Eski poʻstinni yelkasiga ildi va xonadan chiqib ketdi. Rangi somonday sargʻaygan edi. Bukchayib kelgandi, undan-da bukchayibroq ketdi.

Boshini quyi solib olgancha guruch terayotgan Marjona esa oʻrnidan turib xonadan chiqdi, bir ozdan soʻng qoʻlida supurgi va xokandoz koʻtarib qaytib kirdi.

Shisha siniqlari hamda onasining koʻz yoshlari siniqlarini birgalikda supurib oldi.

* * *

Azizaxonim ovqat pishirish bahonasida eng qiyin paytlarda oʻzining yagona boshpanasi boʻlgan, hovlining yuzasidan bir necha zinapoya pastroqdagi jim-jit bir burchakda joylashgan oshxonaga kelgan edi. Oshxona Azizaxonim uning qorongʻu va tor burchaklarga bosh qoʻygancha oʻzi bilan oʻzi gaplashishi, dilidagi dardlarini yorishi va toʻyib-toʻyib yigʻlashi mumkin boʻlgan bu hovlidagi yagona nuqta edi. Bu yerda oʻylash va gʻam chekish, gʻam chekish va koʻz yoshi toʻkish mumkin edi. Bu yerda xuddi oʻzining onasi va buvisi kabi, oʻchoqning oldida oʻtirib olovga oʻtin tashlash va oʻzining baxtiqaroligidan yum-yum yigʻlashi, soʻngra esa yuzlari gʻam-alamdan emas, balki oʻchoqdan chiqayotgan tutundan qizarib ketganligini aytish mumkin edi. Bu yerda oshxona xizmatkori boʻlish hamda oʻzining baxtiqora ekanligini xuddi oshxonadagi oʻchoq va qozonlarning qoraligi kabi tabiiy qabul qilish mumkin edi.

Bugun uning bir koʻzi qozonda boʻlsa, ikkinchi koʻzi osmonda edi. Koʻngli gʻash edi. Agar yana yomgʻir yogʻsa va uyning qolgan xonalari ham birin-ketin qulab tushsa nima boʻladi? Yer choʻkib, uyning poydevori tagidan zil ketsa-chi? Unda Muhsinni qayerga olib ketadi? Marjonani kimning eshigiga olib boradi? Uysizlik va darbadarligiga qanday qilib chidaydi? Xor-zor boʻlganligiga-chi?

Muhsin uchun, uning odam boʻlishi uchun ne mashaqqatlar chekmadi. Ammo ne qilsinki, hammasi uning istaganlariga teskari boʻlib chiqaverdi. Oʻgʻlini maktabga bergan vaqtlaridan boshlab u doim darslardan qochib chiqar, koʻchama-koʻcha sangʻir va birovlarning bolasini urib-soʻkar, tosh bilan boshlarini urib yorardi...

Keyingi paytlarda ham kaptarlarga ishqi tushib qolgan, doim tomda oʻtirib olganicha kaptarbozlik qilar, shu tufayli onasi qoʻshnilar oldida boshini koʻtara olmay qolgandi.

Bundan-da kattaroq musibat boshiga tushganligini keyinchalik his qildi. Birinchi marta yarim ochiq eshikdan moʻralab oʻz koʻzlari bilan koʻrgan, yana bir marta esa koʻylagini yuvayotgan chogʻida uning choʻntagidan pistaga oʻxshash kichkina bir narsa topib olgan edi. Ammo bu narsani xayoliga ham keltirib koʻrishga, hatto tiliga ham olishga jur’at qilmagan edi. Kimga ham aytishi mumkin edi bu musibatni? Kimning ham ichi achirdi unga va uning oʻgʻliga? Bu gapni birovga aytgani bilan unga sharmandalik va gʻam-alamdan boshqa nima ham olib kelardi?
– Oyi, menga pul kerak.
– Qaysi goʻrimdan olaman pulni?! Bir dunyo xazinasi bor deb oʻylaysanmi meni?!

Muhsin ustiga ovqat suzilgan idish olib kelingan patnisni olib, derazadan tashqariga uloqtirib yuborgandi:
– Bunaqa gaplaring bilan boshimni achitma. Menga pul kerak, pul! Tushundingmi?
– Tuqqan onasini shunchalik zor yigʻlatgan senday oʻgʻilni xudo ursin! – deya zor-zor yigʻlay boshlagandi Azizaxonim. – Oʻz onasining jigar-bagʻrini pora qilgan senday bolani xudoning oʻzi qaro yerning qa’riga tiqsin!

Shunda Muhsin oʻsha yerda turgan chilimning uzun nayini sugʻurib olib, onasiga tomon xezlangan edi.

Azizaxonim faryod solgan edi:
– Ur, yaramas, ur! Kel-da, tuqqan onangni ayamay ur, nomard! Urib-urib, oʻldir! Zora shu bilan bu dunyoning azoblaridan qutulib ketsam.

Muhsin qoʻlidagi chilim nayini zarb bilan bogʻchadagi gullarning orasiga otgan edi. Gullar payhon boʻlganicha qolgan, uning oʻzi esa uydan chiqib ketganicha bir necha kun qay goʻrlarda yoʻq boʻlib ketgan edi. Shundan soʻng Azizaxonim noiloj mehmonxonadagi oʻn ikki metrli gilamni yigʻib, garovxonaga topshirgan, Muhsin yana paydo boʻlgach esa gilamni garovga qoʻyib olingan pulni uning ochkoʻzlik bilan choʻzilib turgan qoʻliga «zahar boʻlsin», degandek tap etib tashlagan edi. Ammo bu bilan muammo hal boʻlmadi. Oldiniga kumushrang shamdon va toshoyna, keyinchalik qizil gulli likopchalar va ustiga qushlar tasviri solingan patnislar, mis lagan va togʻoralar... hamma-hammasi sotildi. Hayhot, hayhot! Marjonaning taqdiri nima boʻladi? Boʻyi yetib qolgan otasiz Marjonaning?!

Oʻchoqda tutayotgan oʻtin Azizaxonimning yuragidagi dard-alamlarga qoʻshilib, uning koʻzlaridan shovillab yosh oqizardi. Osmon qovogʻini solib olgan, oshxonaning hovliga qaragan kichkina derazasidan uning bir burchagini koʻrish mumkin edi. Bugun kechasi ham yomgʻir yogʻarmikin?

* * *

Endigina dasturxonni yigʻishtirib boʻlgan edi hamki, tashqari eshik taqillab qoldi. Mustafo ogʻo kelganini koʻngli sezdi. Yuragida gʻalati bir bezovtalik bor edi. Bulutlar lahza sayin koʻpayishi bilan uning ichi ham qorongʻulashib borardi. Yuvilmagan idishlarni patnisga solib, hovlidagi hovuzchaning yoniga olib borib qoʻydi. Soʻngra shoshilganicha tashqari eshik tomon yurarkan, yuzlariga tomayotgan ilk yomgʻir tomchilarini his qildi.

Eshikni ochishi bilan Mustafo ogʻoni hamda unga ergashib kelgan Avs Rajabni koʻrdi. Ularga salom berib, oʻzini chekkaga oldi. Mustafo ogʻo «Yo olloh», deya ichkariga qadam qoʻydi:
– Avs Rajab uyni koʻrgani keldi. Agar ma’qul topsa, inshoolloh, savdosi pishadi va hammasi yaxshi boʻladi.

Azizaxonimning yuragi zil ketdi:
– Xuddi oʻzlarining uylaridek deb bilsinlar, marhamat.

Erkaklar oldindan tushishdi, u ham ularning ortidan ergashdi.

Avs Rajabni tanirdi. Birgina u emas, balki mahallaning barcha odamlari uni yaxshi bilishardi. Katta boylikka ega boʻlgan Hoji Solih gilamfurush kutilmaganda kasodga uchrab, uning barcha mol-mulki kimoshdi savdosiga qoʻyilganida ana shu odam shart oʻrtaga tushib uning mol-mulkini uchdan bir narxiga sotib olgan, keyinchalik ham uni qamoqdan qutqarib olish uchun pul toʻkkan edi. Qaysi davrada oʻtirib qolsa ham: «Men savob uchun unga yordamlashdim, uning mol-dunyosi uchun emas», deb maqtanib qoʻyardi.

Hech kim unga: «Yolgʻon gapiryapsan», deya olmasdi. U keyinchalik Mirzo Taqiy qandolatfurushning merosxoʻrlari ixtiyorida boʻlgan bir bogʻ hovlini ham tekinga qoʻlga kiritdi-da, soʻngra buldozer bilan surib, kaftdek tep-tekis qildi. Agʻdarib tashlangan shuncha dov-daraxtga odamning ichi achiydi. Shundan soʻng bir necha paytgacha oq akatsiya daraxtining hidi mahalladagi odamlarning boshini aylantirib yurdi. Afsus... Soʻngra esa ana shu yerda kattaligi katakdek boʻlgan bir necha uy solib, unga-bunga sotdi. Endi bu yer ilgarigidek jim-jit ham emas, undan daraxtlar va gullarning muattar hidi ham kelmas, aksincha endilikda katakdek uylardan iborat boʻlgan kichkina bir mahallaga aylanib ulgurgan bu joyda bolalarning shovqini va onalarning baqir-chaqiri hukmron edi. Ushbu mahallachadan makon topgan ushbu odamlarning qay joylardan kelib qolganligini hech kim bilmasdi.

Ikki erkak hovlini aylanib koʻzdan kechirar, Azizaxonim ham ularning ketidan ergashib yurardi. Mehmonxonaning eshigi oldiga yetishganida Mustafo ogʻo qulfni ushlab koʻrib, soʻradi:
– Ochilmaydimi?

Azizaxonim ikkilanib turdi-da, soʻngra boʻyniga osib olgan kalitni olib qulfni ochdi. Mehmonxona ichidagi gilamsiz yalangʻoch yer oftob nurlarida tovlanardi. Mustafo ogʻo savol nigohi bilan unga qaradi:
– Gilamlari qani?

Azizaxonim shoshib-pishib javob berdi:
– Bayramga oz qoldi. Gilamni yuvishga bergan edik...

Muhsinning xonasi oldiga yetishganida yana bir bahona keltirdi:
– Eshikning orqasiga bir toʻda lash-lushlarni qoʻygan edik. Eshik yaxshi ochilmaydi. Bu yerni koʻrib oʻtirmasalaring kerak, axir?!

Katta mehmonxonaning eshigiga yetganlarida kampirning nolayu qargʻish ovozlari koʻtarildi:
– Mening hayotimni shunaqasiga barbod qiladigan boʻlsalaring, mana shu amakingdan yaxshilik koʻrmanglar, iloyim! Bir begona odamni nega bu yerga olib kelasizlar? Iloyo, xudo mendek bir bechora kampirni azoblagan sizdek nomusulmonlarni jazolasin!

Mustafo ogʻo ovozini balandlatdi:
– Azizaxonim. Biror joyga oʻtirib, ikki ogʻiz gaplashib olsak boʻladimi?

Azizaxonim hovlining hamma tomoniga bir qarab chiqdi-da, borib Yahyo turadigan xonaning eshigini ochdi.

Avs Rajab oyoq panjasining uchida turib, hovliga qaragan derazadan roʻparadagi tomi qulab tushgan xonaga qaradi:
– Bu xona eskirib-chirib ketibdi-yu?! Ilma-teshik boʻlib ketgan! Qachon qurilgandi?

Mustafo ogʻo Yahyoning xonasidagi eskirib rangi oʻchib ketgan gilam, yogʻoch karavot va tokchada qalin qilib terilgan kitoblarga nazar tashladi-da:
– Joyini topib olibdi! – dedi istehzo bilan oʻziga oʻzi.

Soʻngra hovliga qarab baland ovozda dedi:
– Marjona qani? Ayt, choy olib kelsin.

Avs Rajab esa hovlini qadami bilan oʻlchab chiqarkan, baland ovozda soʻradi:
– Qudugʻi qayerda?

Mustafo ogʻo xonaning ichidan boshini chiqarib dedi:
– Usta, koʻpam ochkoʻzlik qilma. Bu yoqqa kelgin-da, avval bir stakan issiq choy ichib, tomogʻingni hoʻllab ol. Soʻngra asosiy ish toʻgʻrisida gaplashamiz.

Azizaxonim katta mehmonxonaga kirdi. Bir burchakda tizzalarini yigʻib, gʻujanak boʻlib oʻtirgan Marjona iyagi bilan qoʻllariga suyanganicha roʻparasiga tikilib qolgan edi. Uning sal narirogʻida kampir pichirlab bir narsalar deganicha yigʻlardi.

Azizaxonim bir lahza toʻxtab qoldi. Pichirlab oʻziga oʻzi dedi:
– Qizginam!

Soʻngra xayollarini jamlab oldi:
– Oʻrningdan tur-da, amaking bilan mehmoniga choy olib bor.

Marjona boshini koʻtardi. Nigohida bir chaqmoq chaqnagandek boʻldi.
– Oyi, eshik taqillayapti.

U shunday dedi-da, oʻrnidan turib xonaning eshigi tomon yugurdi.

Azizaxonim bilagi bilan eshikni toʻsdi:
– Chodiring qani?
– Chodir?

Marjona orqaga tislandi. Uning koʻzlaridan chaqnayotgan chaqmoq Azizaxonimning yuragini teshib oʻtayotganday edi. Nigohiga dosh bera olmay koʻzlarini olib qochdi:
– Marjona, choy... Mehmonlarga choy olib bor.

Kampir haliyam yigʻlaganicha qargʻanardi.

Marjona beli ingichka va labiga oltin suvi yugurtirilgan uchta satkanni olib ularga choy quydi.

U hali chodirini boshiga yopmasidan oldin Azizaxonim uning oldiga bordi-da, boshiga sanchib qoʻyilgan sochtoʻgʻnogʻichini yechdi. Marjonaning muloyim va maftunkor qop-qora sochlari yoyilib ketdi. Azizaxonim chodirni uning boshiga yopdi.

Endi kampirning ham ovozi oʻchgan, jim oʻtirib ularning gaplarini poylardi.

Marjona xonadan chiqdi. Uning orqasida qolgan eshik pardasidagi Layli uyquga ketgan edi. Azizaxonim uning ortidan hovliga tushib keldi. Yahyoni koʻrdi. Hovlining oʻrtasida tik turganicha xonasidagi chaqirilmagan mehmonlarga tikilib qolgan edi.

Marjona ingichka bir nur yolqiniday ship etib Yahyoning yonidan oʻtdi-da, uning xonasi tomon ketdi. Azizaxonim uning ortidan borar ekan, Avs Rajabning xaridor nigohiga, soʻngra bir dam unga qayrilgan Yahyoning ogʻir nigohiga koʻzi tushdi.

Azizaxonim engashib hovuzchaning yuzidagi brezentni chetga surdi. Qoʻllarini yuvishi kerak edi. Shu payt Yahyoning xasta ovozini eshitdi:
– Baliqlar oʻlib qolishgan, shunday emasmi, Azizaxonim? Hammasi muzlab qolibdi!

Azizaxonim boshini koʻtardi. Marjona Yahyoning xonasidan chiqib keldi-da, ustiga choy toʻla stakan qoʻyilgan patnisni Yahyo tomon tutdi. Qarashlaridan oʻt chaqnab turar, odamni hayajonga solardi. Yahyo esa hayrat bilan unga tikilganicha qotib qolgan, choydan chiqayotgan muloyim bugʻning ortidan hamma joy qop-qorongʻu koʻrinar edi. Koʻzoynagini yechib, oynasini artdi va yana qaytarib koʻziga taqdi. Mustafo ogʻo uning xonasidan chiqib kelarkan, bir yoʻtalib qoʻydi:
– Ihm... Meni kechirasiz-u... bir narsani sizga aytib qoʻymoqchiydim. Bu uy bugun sotildi. Menimcha... oʻzingizga boshqa bir joy topishingiz kerak.

Yahyo yana bir marta koʻzoynagini yechdi, orqaga tislandi va uydan chiqib ketdi.

Tuman hamma yoqni qoplab olgan edi.

Marjona katta mehmonxonaga qarab yugurdi. Patnisni xonaning bir burchagiga otdi-da, sandalning ustiga solingan koʻrpaning ichiga kirib ketdi. Ruhining chil-chil sinayotgan ovozini eshitmaslik uchun koʻrpaning bir uchini ogʻziga bosdi. Hech qachon agar bu uy sotiladigan, bogʻchalari, hovuzi va devorlari buziladigan boʻlsa, muzchechak daraxtining jajji va xushboʻy gullarini, gullari toʻkila boshlagan daraxtga oʻxshab qolgan Yahyoni ham endi boshqa koʻrmasligi toʻgʻrisida oʻylamagan ham edi.

* * *

Tun edi. Bugun kechasi kampir yo sergaplik qilib koʻp gapirib chiqadigan, yo yigʻi-sigʻi va qargʻish bilan mashgʻul boʻladigan boshqa tunlardagidan farqli ravishda jim edi. Uning uchun bugun ertalabdan boshlab hozirgacha oʻn yil vaqt oʻtgandek edi goʻyo. Koʻzlari bezovta, tili bogʻliq edi. Shiftga termulganicha ogʻir nafas olardi.

Marjona ham jim edi. Shaloladay sochlarini yoyib olganicha oq surpdan tikilgan tugunchani tizzasiga qoʻyib olib, uning hoshiyasiga toʻr tikardi. Chiroqning soyasi uning uzun kipriklarini yanada uzunroq koʻrsatardi.

Azizaxonim namozga turganiga bir soatcha boʻlgan edi. Namozini tugatib, joynamozni xonaning bir burchagiga qoʻydi-da, derazaning oldiga borib, oynasini qoplagan bugʻ qatlamini artib tozaladi. Soʻngra yuzini unga yopishtirib, hovlining narigi tomoniga qaradi. Muhsin yotgan xonaning chirogʻi oʻchiq, Yahyoning xonasidan esa chiroq nur taratib turardi. Azizaxonimning yuragi ezildi: uning uchun nima ham qila olardi? Marjonaning moviy nigohlari, Muhsinning bukchaygan qaddi, kampirning vayron boʻlgan dili uchun nima ham qila olishi mumkin? Unut boʻlgan oʻzi uchun-chi?!

Deraza oynasining artilgan joyini yana qaytadan bugʻ gʻubori qoplab olayotgan chogʻda Marjonaning ovozini eshitdi:
– Oyi, eshik taqillayapti.

Yelkasiga tashlab olgan chodirini boshiga qoʻndirdi-da, hovliga qadam qoʻydi. Qor yogʻardi. Osmon xuddi bahordagi shaffof anor gullari kabi qizgʻish tus olgan edi. Tashqari eshik oldidagi kirish yoʻlagiga yetgach soʻradi:
– Kim?

Uning ovozidan tanidi.
– Men – Ehtiromman.

Eshikni ochdi:
– Senmisan? Yarim kechasi nima qilib yuribsan?

Ehtiromxonim semiz gavdasini bir silkitdi-da, hovliga qadam qoʻydi va oʻsha joyning oʻzida yerga oʻtirib oldi.
– Voy oʻlmasam! Bu nima qilganing?!
– Menga mana shu yer yaxshiroq. Koʻp vaqtingni olmayman.

Ehtiromxonim qoʻlini yuragining ustiga qoʻyib olganicha hansirab nafas olardi.

Azizaxonim uning qarshisida orqasi bilan devorga suyandi-da, ohista pastga sirgʻandi.
– Azizaxonim! Mayda-chuyda qilib oʻtirmasdan, gapning boʻladiganini aytaman. Yaxshi bilasanki, bir umr farzandsizlik dogʻida kuyib oʻtdim. Bu dogʻ mening yuragimda umrimning oxirigacha qolsa kerak. Kunbotar chogʻida Mustafo ogʻo kelib, mening butun umidlarimni chippakka chiqardi. «Bundan ortiq sabr qila olmayman», dedi... Oh, Aziza! Shunday bir kun kelishini xavotir bilan kutib yurardim, ammo bunday tez kelishini bilmagan ekanman. Kech tushgan mahaldan to hozirgacha ichimda bir narsa uzilib ketgandek va butun tanam ichra qanot qoqayotgandek boʻlyapti.

Azizaxonim beixtiyor qoʻlini choʻzib, uning qoʻlidan ushladi. Biroq Ehtiromxonim qoʻlini tortib oldi:
– Yoʻq-yoʻq! Menga iching achishini istamayman! Sen... narsalaringni yigʻishtir-da, bizning uyimizga koʻchib oʻt. Boshqa bir ayol kelib, meni bu uydan haydab yuborganidan koʻra, sening kelganing yaxshiroq.
– Men?!

Azizaxonimning ovozi hayrat va dahshat bilan toʻlib-toshgan edi.
– Mustafo ogʻo hammasini menga aytib berdi. Avs Rajab Marjonangga xaridor boʻlibdi. Bu toʻgʻrida ahdu paymon qilib ham olishibdi. Uyingning oldi-sotdisi toʻgʻrisida ham bir kelishuvga erishishibdi. Sen toʻgʻringda ham menga aytib berdi. Uyning bitta xonasini senga boʻshatib berishimni buyurdi. Mayli, kelgin... Balkim sening qadaming bilan bizning koʻkragimizga ham shamol tegib qolsa. Bir kundosh boshimga kelishi kerak ekan, oʻsha sen boʻlaqolgin. Faqat yoʻq demagin... Mayli, shu bilan mening mushkulim ham, sening mushkuling ham oson boʻlaqolsin. Eh, bittagina tirnoqqa zor qildi-ya... Mustafo ogʻoning ham sabri tugadi.

Azizaxonim orqasi bilan devorga yanada qattiqroq yopishdi. Goʻyo yuragidagi barcha dardini devorning ichiga toʻkib solmoqchidek edi.
– Demak uyni sotishdan maqsad shu ekan-da?!

Ehtiromxonim oʻrnidan turdi:
– Yaxshi qol, singlim.

Azizaxonimning boshi gangib, devordan oʻzini uzdi. Eshikning qarsillab yopilgan ovozi kelganidan soʻng parishon holda xonaga qayt-di. U ham bu kechasi Marjona kabi bir dunyo gap va ikki dunyo sukutdan iborat edi.

Marjona tugunchani bir chekkaga qoʻyib, uyquga ketgan edi. Kampir ham. Bir ozdan soʻng Azizaxonim ham yigirmanchi lampaning yonib turgan piltasini pasaytirdi-da, sandalning bir burchagiga kirib choʻzildi. Ammo tun boʻyi koʻzlariga uyqu kelmadi. Osmon gʻira-shira yorishayotgan paytidagina koʻzi ilinibdi. Tushida hovuzchaning boʻyida turgan emish. Tahorat olmoqchi boʻlganda, nogahon hovuzchaning ustiga tashlangan xodalar orasidan ikki qoʻl – muzlagan ikkita oppoq qoʻl chiqdi. Dod solmoqchi boʻldi, ammo ovozi chiqmadi. Boshini boshqa tomonga burdi. Yahyo oʻz xonasi ichkarisidan deraza oynasiga yuzini yopishtirib olganicha ogʻzini katta ochib olib ovozsiz kulardi.

Jiqqa terga botgan holda oʻrnidan sapchib turib ketdi. Yuragi taka-puka boʻlib, Marjona tomon egildi. Uning tinchgina uxlab yotganini koʻrib yuragini bosib oldi. Chodirini tanasiga oʻrab oldi-da, hovliga chiqdi. Hovli yuzasiga pishiq gʻishtdan terilgan toʻshama hamda shamshodlarni oppoq qor qoplab olgan edi. Suv quvuri joʻmragining uchiga bogʻlab qoʻyilgan lattani yechdi va koʻrgan tushini suvga aytdi. Soʻngra tahorat qilib, xonaga qaytdi. Ammo osmonni qoplab olgan bulutga monand yana bir bulut uning yuragini oʻrab-chirmab olganicha tarqagisi kelmasdi.

* * *

Qor tinimsiz yogʻardi. Xona goʻrdek qorongʻu va tor koʻrinardi. Faqatgina Yahyoning xonasida yonib turgan chiroqning nurlari koʻzga tashlanardi: Yahyoning oʻzi kabi yonib turgan chiroqning. U oʻzining barcha narsalarini – talabalik yillari tugʻilib oʻsgan qishlogʻidan bu shaharga olib kelgan, doimo u uydan bu uyga, bu uydan boshqa bir uyga tashib-koʻchirib yurgan, koʻrpa-toʻshak, kitoblar bilan toʻla eski chamadon va boshqa lash-lushlardan iborat boʻlgan narsalarini yigʻib-terib, koʻchishga tayyor qilib qoʻygan edi. Bularning barchasini qator qilib terib qoʻygan, oʻzi esa karavotning ustida oʻtirganicha eshikning yarim ochiq ikki tabaqasi orasidan tashqariga tikilib oʻtirar edi. Havo sovuq edi: boʻlishi kerak boʻlganidan ham ortiqroq, har yili qish faslining bahmon[1] oyida boʻladigan sovuqdan-da sovuqroq edi. Muzchechak daraxti nega bunchalik bukchayib qolgan? Gʻamdanmikin yoki nomusdan? Yoki shuncha voqealarni koʻrib turib, qoʻlidan hech narsa kelmaganligi uchun afsuslanganligidanmikin? Uyning qulab borayotgan devorlariga tayanch boʻla olmadimi yoki toʻkilib borayotgan yosh yurakka mador boʻla olmadimi? Sigareta yoqdi. Yonib tutayotgan sigareta emas, balki qalbi edi. Uning kulini qay shamollarning qoʻliga toʻksa ekan? Qoʻllari... uning qoʻllari bir kechada qarib, quruqshab qolganga oʻxshardi. Yuragi va ruhi ham, chehrasi va nigohlari ham...

Nogoh muzchechak daraxtining oppoq qorga oʻrangan yaltiroq shoxlari orasidan, ushbu daraxtning mavj urayotgan tanasi ortidan Marjonani koʻrib qoldi. U oyoqyalang boʻlib, oʻrilgan sochlarini yelkasiga tashlab olganicha kichkina ayvonda nafas olishdan toʻxtagan daraxtlar va gullarni tomosha qilar edi. Soʻngra ohista kelib, gullardan birining bitta shoxini uzib oldi-da, oyoqyalang oppoq qorlar ustidan oʻtib, uni Yahyoning xonasi derazasi labiga qoʻyib, orqasiga qaytib ketdi. U oyoqlari ostidagi sovuq qorga e’tibor ham bermas, koʻzlari oʻtday chaqnab turardi.

Bu tushmidi yoki haqiqat? Bir necha daqiqadan soʻng yelkasiga eski poʻstinini tashlab olgan Muhsin bukchayganicha xonasidan chiqib keldi. Qor ustidagi Marjonaning oyoqyalang bosib oʻtgan izlariga qarab istehzoli tirjaydi. Soʻngra oʻsha izlarni – ishq bilan toʻla yurakchalarni zaharxanda kulganicha toptayverdi, toptayverdi... Yahyo bunda oʻzining shirin orzulari qanday qilib koʻmilayotganini koʻrdi. Sigaretasining qoldigʻini ikki barmogʻi orasiga olib mahkam siqdi. Barmogʻining terisi kuyib achishdi. Joyidan sapchib turdi. Bir kuch uni bu uydan quvmoqchi boʻlayotganday edi, goʻyo. Terisining achishayotgan joyini topdi. Ruhidagi achishib ogʻriyotgan nuqtalarni esidan chiqarishi uchun, tanasidagi ana shu ogʻriq nuqtasiga e’tibor qaratishi kerak edi.

Narsalarini ikki marta qatnashda koʻchaga olib chiqdi. U bilan xayrlashadigan hech kim yoʻq edi. Nigohi bilan uyni aylanib chiqdi. Ikkilanib oldinga yurdi. Katta mehmonxona eshigiga tutilgan qalamkor parda ortida toʻxtadi.
– Azizaxonim!

Azizaxonim shoshilib uydan chiqdi. Goʻyo Yahyoga nimadir demoqchi boʻlayotganga oʻxshardi: «Hech narsa dema. Hech narsa demasdan jimgina ket... Faqat ket... Marjona chiqib qolmasidan ket». Ammo ovozi chiqmasdi.
– Men... men xayrlashgani kelgandim.

Shunday deya ijara haqini u tomon uzatdi.
– Lekin hali oy tugamagan edi-ku?

Yahyo gapirmoqchi boʻlib ogʻiz juftladi: «Men uchun hamma narsa tugadi, hatto oy ham, Azizaxonim».

Ammo uning ham tili aylanmasdi. Qoʻlidagi pulni yerga tashladi-da orqasiga burilib, hovli tomon yoʻl oldi.

Tashqari eshik oldidagi kirish yoʻlagiga yetganida koʻzoynagini yechib, oynasini artdi va yana koʻziga taqib oldi.

Eshikning ortidan Azizaxonimning ovozi qulogʻiga chalindi:
– Marjona! Nega motam tutib olding? Choyni damla.

* * *

Qor ustiga qor yogʻar, goʻyo shirin va achchiq xotiralar ana shu qorlar ostida koʻmilib ketayotgan edi.

Kampir, Azizaxonim va Marjona – har uchalasi sandal atrofida sukutga gʻarq boʻlganlaricha jim oʻtirishardi. Katta mehmonxona shiftining bir burchagidan tomchi tomar, uning ostiga qoʻyilgan mis togʻora tinkillab ovoz chiqarardi.

Har uchalasining koʻzi shiftda, qulogʻi chakillab tomayotgan tomchida edi. Ammo xonada hukmron sukunat ularning har birining tanasi, koʻzi va qalbiga yopishgan muz parchasi boʻlib, ularni muzlatardi.

Kampir endi yigʻlab-siqtamas, qargʻanib-ilgʻanmasdi ham. Sukut saqlaganicha oʻzini taqdir hukmiga topshirgan edi. Ammo bu uy devorlari yorilib, tomlari teshilgan taqdirda ham, hatto u poydevoridan zil ketgan chogʻida ham uning uyi edi. Zero uning ildizlari mana shu uyda, mana shu hovlining tuprogʻida edi.

Bu uy necha-necha qishlarni koʻrmadi. Shunday qishlar ham boʻlgandiki, uydan oshxonaga borish uchun qor orasidan ariqqa oʻxshash chuqur yoʻlak ochishar edi.

Shunday qishlar ham boʻlgandiki, xudo rahmatli erining bir oʻzi barcha tomlarning ustidagi qorlarni kurab chiqar, soʻngra issiqqina sandal chetida oʻtirib, bir piyola issiq choy ichgach: «Birinchi qor qargʻaniki, oxirgi qor odamniki», derdi.

Mustafo va Murtazoning mana shu uyda dunyoga kelgan kunlarini esladi. Mana shu hovlida oʻynab, oʻsib-ulgʻayishdi. Mana shu uyda ularning har ikkalasiga kelin olib keldi.

Mana shu uyda oldin eri bilan, soʻngra esa oʻgʻli Murtazo bilan vidolashdi.

Eri olamdan oʻtgach, uning barcha bordi-keldilariyu mehmondorchiliklari barham topdi. Shu bilan birga uning oldingi hurmat-izzati ham koʻtarilganday boʻldi. Endilikda oʻgʻli Mustafo bir oyda bir martagina onasidan xabar olgani kelar, ogʻzi tugilgan kichkina tugunchani sekingina uning toʻshagi ostiga tiqib qoʻyardi. Kampir ham oʻgʻli ketgach sekingina oʻsha tugunchani olib, ichidagi pullarni sanab koʻrar, soʻngra kundalik xarajatlarini bir chetga olib qoʻyib, qolganini kamzulining astari ichiga solib, ustidan tikib qoʻyardi. Bu pullarni oʻzining oʻlimligi uchun, qolaversa boʻyi yetib qolgan Marjonaning toʻyiga deb asrab qoʻyardi. Ammo endi bu pullar toʻgʻrisida ham oʻylashni istamasdi.

Deraza oynasidan yuqoriga qaradi. Qor tinimsiz yogʻishda davom etardi. Yogʻayotgan minglab qor uchqunlari toʻkilayotgan gullarmikin yoki erishilmagan orzular? Koʻzlarini yumdi. Oh tortdi: chuqur bir oh, butun a’zoyi badanidan otilib chiqqan uzun bir oh, umrining uzunligi qadar boʻlgan, uning gʻamlari kabi uzun va bepoyon bir oh... Shu bilan kampirning soʻnggi nafasi ham uning tanasini tark etdi.

* * *

Yuk mashinasi koʻchaning boshida turardi. Mustafo ogʻo uy buyumlarining oxirgisini haydovchi yordamida mashinaga joyladi-da, ularga qarab dedi:
– Endi mashinaga chiqaversalaring ham boʻladi.

Marjona bilan Azizaxonim horgʻin va lol holda koʻchaning narigi boshiga termulgancha qotib qolgan edilar. Katta jez qulf uyning yogʻoch eshigiga oʻlim muhrini urgan edi.
– Mashinaga chiqinglar.

Ular harakatga keldilar. Avval Azizaxonim, soʻngra Marjona yuklar orasiga joylashdilar.

Mashina yoʻlga tushdi. Koʻcha chetidagi uylarning yopiq derazalaridan bir-ikkitasi yarim ochildi. Ular yuzlarini mahkam oʻrab oldilar.

Koʻchaning burilishidan oʻtganlaridan soʻng, mashina kabinasida oʻtirgan Mustafo ogʻo uning orqa derazasini taqillatib, soʻradi:
– Yaxshi ketyapsizlarmi?

Ikkalasidan bitasi ham javob bermadi.

Koʻcha chetidagi piyodalar yoʻlagida yelkasiga poʻstin tashlab olgan Muhsin ust-boshi chang va tuproqqa belanib oʻtirar, yonida kaptarlari solingan qafas turardi. Mashina u yerdan oʻtib ketayotgan chogʻida bir bor boshini koʻtardi-da, odamning e’tiborini tortmaydigan bema’ni bir tarzda gʻuldiradi:
– Kaptarga kep qoling!.. Kaptarga kep qoling!..

Bir ozdan soʻng mashina muyulish ortida koʻzdan gʻoyib boʻldi..


  1. Bahmon – melodiy yil hisobidagi 21 mart kunidan boshlanuvchi eroncha hijriy-shamsiy yil hisobidagi yilning oʻn birinchi oyi, 20/21 yanvar – 20/21 fevral oraligʻiga toʻgʻri keladi (tarj.).