OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Roziya Tujjor. Xayrli tun (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRoziya Tujjor
Asar nomiXayrli tun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Roziya Tujjor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShokirjon Olimov (Forschadan)
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xayrli tun (hikoya)
Roziya Tujjor

– Sovqotyapman!

Ayol shunday dedi-da, piyoladan yuqoriga oʻrlayotgan bugʻni tomosha qildi. Piyola chinnidan boʻlib, kichkina va ingichka bir yoriq qizil gulning shoxlaridan oʻtib ketar, piyolaning yarim oy shaklidagi ogʻziga yetmasdan chap tomonga xiyol burilgancha bosh egib toʻxtardi.
– Sovqotyapman!

Yana bir marta aytdi. Bu safar ham erkak eshitmadi. Tashqarida shamol quturar, ufqning eng uzoq chegarasidan kulrang va ogʻir bulutlarning yetib kelgani aniq edi. Ammo yomgʻir yogʻdirmasdan uzoq ekinzorlargacha borardilar. Faqatgina ovoz edi: deraza ortidagi chuqurga tushib ketganicha undan chiqa olmay gir aylanayotgan shamolning, shamolning ovozidan boshqa ovozni eshitmayotgan va uning ham ovozini hech kim eshitmayotgan hamda:
– Sovqotyapman! – deb aytayotgan ayolning ovozi edi.

Enkayganicha yozuv stolining ortida oʻtirardi. Qogʻozga bir muzchechakning rasmini chizdi-da, unga sakkizta gulbarg soldi va yana... toki u kartoshkagulga aylanguniga qadar chizaverdi. Soʻngra ayol qizil rang-ning namligidan bir ozginasini unga sochdi-da uning uchun moʻrt va tez sinadigan bir poya chizdi. Erkak kelib uni terishini, soʻngra qargʻaning qanotlariday qop-qora boʻlgan sochlariga sanchib qoʻyishini kutdi. Ammo orqasini oʻgirib olgan erkak televizorga termulib oʻtirardi. U goʻyo hech qanday kartoshkagulni bilmasdi.

Hafsalasi pir boʻlgan ayol oʻrnidan turdi. Ust-boshlarini kiydi. Yalang oyoqlariga taqqan pozeblari ovoz berdilar:
– Jiring-jiring!

Ammo devor yuzidagi enkaygan soya boshini koʻtarmadi.

Ayol xonani aylanardi. Bir marta, ikki marta... bir necha marta... Bulardan oldin, ana shu pozeblari bilan erkakning karavoti atrofida aylanganida yarim ochiq koʻzlari bilan unga qanday qaraganini eslashga harakat qildi. Endi pozebning jiringlagan ovozlari chiqardi. Ammo erkakning soyasi haliyam enkayganicha turar, deraza ortida hushtak chalayotgan shamol uni yanada enkaytirardi.

Ayol toʻxtadi va erkakning karavoti atrofida sochilib yotgan qogʻozlarga qaradi. Chizib tugatilmagan chizmalardan qoraygan shaxmatsimon qogʻozlar: soyaboni ochilmagan ayol, soyabonini yarim ochib olgan ayol, soyabonini toʻla ochib olgan ayol, oʻnlab soyabonlar orasida sarosimaga tushib qolgan ayol, soyaboni bilan uchayotgan ayol, osmondan yerga qulab tushib parcha-parcha boʻlib ketgan ayol, singan soyabonga suyanib turgan ayol – bularning barchasini erkak chizgan, u esa shunchalik mahoratdan hayratga tushgan edi. Qalam erkak barmoqlarining davomidek edi goʻyo. Erkak sigareta chekayotganga, sigaretasi kulini xuddi oʻshanday aniq va vasvasaga toʻlgan holda qogʻozning ustiga chertib tashlar, soʻngra qogʻoz ustidan barmoqlarini yurgizayotganga oʻxshardi.

Yana bir marta xonani aylandi va pozeblari ovoz berdilar:
– Jiring-jiring!

Oshxonaga oʻtdi. Birgina kichik devor uni xonadan ajratib turardi. Qaniydi erkak uning piyoz poʻstini archayotganini koʻrsa. Oʻtkir pichoq bilan uni yupqa pallachalar shaklida toʻgʻrar, soʻngra yupqa piyoz pallachalaridan hosil boʻlgan yarim oychalarni tovaga solib qovurardi. Oh, yarim oy kuyishi bilan suv soldi va u qaynay boshladi. Kichik koʻpikchalar mil-mil qaynab, suv qa’ridan yuqoriga chiqib keldilar va idishning devoriga yopishdilar. Xuddi u erkakning qoʻliga yopishgisi kelgani kabi. Ammo chizma chizayotgan va sigareta chekayotgan erkak xonaga sutsimon oq nur taratayotgan televizorga tikilib qolgan, qoshlarining orasida qora xoli bor bir ayol ushbu xira nur ichra choʻmilar va unga qarab kulib qoʻyar edi. Pozeblarining ovozi shamolning ovozi ichra yoʻqolib ketayotgan edi. U guruchni qozonga solganidan keyin bir qatra qonning suv yuziga tarqalganini his qildi. Goʻyo sholikor bir ayolning qoʻlidagi suv uning koʻylagiga toʻkilib ketgandek.

Boshqa kiyimini kiyib olish uchun oshxonadan xonaga oʻtdi. Gullari katta-katta boʻlgan yashil rangdagi koʻylak boʻlishi kerak edi. Oyoqlariga taqilgan pozeblari ovoz berdilar:
– Men shu yerdaman, men shu yerdaman!

Shamolning ovozi baland boʻlganligidan erkak boshini burib qaramadi. Hatto diktor ayol: «Xayrli tun, aziz tomoshabinlar», deganidan soʻng ham erkak oq ekran kichik qor uchqunlariga toʻlgunga qadar televizorga tikilganicha qoldi. Ammo diktor ayolning qora xoli haliyam ana shu oqlik orasidan koʻrinib turardi.

Erkak boshini quyi soldi va chizishga tushdi: soyaboni ochilmagan ayol, soyabonini yarim ochib olgan ayol, soyabonini toʻla ochib olgan ayol...

Ayol shkaf tomonga borib, undan shol roʻmolini oldi. Sovqotib ketganidan yelkalarini shol roʻmolning qoʻllariga topshirdi. Kiyimilgʻich tomonga borib, u yerda osigʻliq turgan bir dasta soyabonni qoʻliga oldi-da, deraza tomonga yurdi. Uning har ikkala tabaqasini ochdi. Orqasiga bir qarab qoʻydi. Shamol uv tortib, qogʻozlarni atrofga sochib yubordi. Erkakning soyasi qimirladi. Ammo oldingiday devor yuzida enkayganicha qoldi. Ayol tun jarligiga qaradi: chuqurdan chuqur edi. Deraza labiga oyoq qoʻydi. Pozeblar ovoz berdi:
– Jiring-jiring!

Ammo soya boshini koʻtarmadi. Ayol yana bir marta yelkasi osha ustidan qaradi. Shamol qogʻozlarni uchirib televizorning oʻchgan ekraniga olib borib urdi. Tasviri endi ekran yuzida boʻlmagan diktor ayol esa albatta bir kulib qoʻyib: «Xayrli tun», degan edi hamki, erkak chalqancha yotib oldi-da, esnadi. Deraza oldida turgan u esa yuzini oʻgirdi. Soyabonini ochib sovuq va qorongʻi jarlikka sakradi. Shamol shiddat bilan uni oʻzi bilan birga olib ketdi. Uzoqlashayotib, derazaning ochiq qolgan ikki tabaqasini qandaydir bir qoʻl yopganini sezdi. Balki, bu peshonasining oʻrtasida xoli boʻlgan va televizorning sutsimon oq nuri ichra choʻmilayotgan va mayingina qilib: «Xayrli tun», degan oʻsha ayoldir.