OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Rozmari Border. Pianino (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRozmari Border
Asar nomiPianino (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti
Mualliflar
   - Rozmari Border
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNodirabegim Ibrohimova (Ingliz tilidan)
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 7-8-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Pianino (hikoya)
Rozmari Border

«Janob Antoni Evans konsert beradi».

Bu soʻzlar teatr eshigiga yozib qoʻyilgandi. Bino devorida esa janob Antonining pianino bilan tushgan katta surati… yuzlab tomosha muxlislari chiptaxona qarshisida turnaqator tizilib turishibdi. Lekin menda alohida taklifnoma bor, chunki men muxbirman – kontsert oldidan mashhur pianinochi bilan suhbatlashishim lozim. Taklifnomani nazoratchiga koʻrsatib, teatr ichkarisiga kirdim. Keyin zinalardan koʻtarilib, pardozxona tomon yoʻl oldim. U yerga yetib borgunimga qadar bu mashhur pianinochi haqida oʻylab ketdim. Men hatto bir oz choʻchirdim ham. Nihoyat pardozxona qarshisida toʻxtadim. Eshikning katta oltin yulduzchasi bor edi. Qoʻngʻiroqni chaldim, eshikni uzun boʻyli, ancha keksaygan, malla koʻzlari kulib turuvchi bir kishi ochdi. Ha, bu oʻsha mashhur va ma’lum pianinochi Antoni Evans edi. U qora shim va oq koʻylak kiygan, sochi silliq qilib taralgan edi.
– Mening ismim Salli Xill, – gap boshladim men.
– Aytishingizning hojati yoʻq, – u mening hujjatimni koʻrib jilmaydi. – Siz muxbirsiz. Qaysi gazetada ishlaysiz?
– «The Sunday Times»da, janob.
– Juda yaxshi gazeta. Kiring, marhamat! Bemalol savollaringizni beravering. Biz ham qachonlardir yosh boʻlganmiz, axir, toʻgʻrimi, Linda? – shunday deya u yonidagi ayolga oʻgirildi. Ayol menga doʻstona koʻzlarini tikib jilmaydi. «Bu Evans xonim boʻlsa kerak», oʻyladim men. Va koʻrsatilgan joyga oʻtirib daftarimni ochdim.
– Janob, Antoni, menga oʻzingiz haqingizda gapirib bersangiz. Siz musiqachilar oilasida tarbiya topganmisiz? Xuddi Motsartga oʻxshab pianino chalishni uch yoshdan boshlaganmisiz? – soʻradim.

Pianinochi jilmaydi, soʻng javob berdi:
– Yoʻq, yoʻq, azizim. Men oilamdan chiqqan ilk pianinochiman. Va birinchi marta pianino chalganimda 14 yoshda edim. – U mening hayronligimni koʻrib dedi – kontsertgacha oz qoldi, lekin men ungacha sizga oʻtmishimni gapirib beraman…

* * *

Toni tez-tez musiqa eshita olmasdi. Uning oilasi qambagʻal va bunday odamlarda musiqa tinglash imkoniyati boʻlmasdi. U paytlarda radio yoki televizor kabi narsalar yoʻq, ammo shaharchalarda kontsert boʻlib turardi. Biroq, kambagʻallar u yerga ham borolmasdilar. Ba’zan italyan musiqachi shaharga kelardi. Uning gʻildirak aravachasida kichik pianinosi boʻlar, pianino ustida esa ozgʻingina maymun oʻtirardi. Uning musiqasini eshitish uchun odamlar uylaridan chiqar, shunda maymun konserva bankasini ushlagancha odamlar atrofida aylanardi. Musiqachi esa «bizga ehson qilinglar», deb qoʻshiq aytardi. Lekin maymun qaytib kelganda konserva bankasi doim boʻsh boʻlardi. Musiqachi boshini sarak-sarak qilgancha yoʻlida davom etardi. Maktabda esa Toni musiqa darslarini intiqib kutardi. Chunki bu paytda Toni doʻstlari bilan xuddi qushlar kabi kuylardilar. Musiqa oʻqituvchisi Lark xonim soat 12 da pianino qopqogʻini keyingi haftagacha yopardi va «xayr» degancha chiqib ketardi.

Toni maktabni tugatgach, shaharchadan ish topa olmadi. Bir kuni onasi uni erta sahar uygʻotdi. Ular tekin avtobusga chiqishdi va olis yoʻl yurishdi. Avtobusdan tushishgach:
– Yuraqol, Toni, – dedi onasi. Ular quyosh tigʻida, piyoda ikki chaqirim yoʻl bosishdi. Yoʻl yoqasida oq va sariq gullar ochilib yotardi. Toni bu yerga qiziqib qoldi. Chunki ularning shaharchasida na daraxt bor edi, na gul. U adirlardagi sigirlarga qaradi. «Umrimda haqiqiy sigirni koʻrmagandim», dedi oʻziga-oʻzi. Joʻjalar don izlash bilan ovora. Semiz, oppoq mushuk esa devorda turgancha, uyqusiragan koʻzlari bilan ularni kuzatardi. Oyisi uni fermaga yetaklab kelganini endi tushundi. Shu payt roʻparadagi uydan bir erkak chiqib keldi. U oilaning eski doʻsti janob Vud edi. Toni ilgari bu kishini koʻrmagandi.
– Salom, Betti, seni koʻrganimdan xursandman. Xating uchun rahmat. Ishlaring qalay? – janob Vud xuddi ming yillik qadrdonlardek soʻzlashardi. Ular ancha suhbatlashishdi.

Toni eshik yonida turardi. U oʻzini negadir noqulay sezar, uyga ketgisi kelardi.
– Bu sening oʻgʻlingmi, Betti? – soʻradi janob Vud.
– Ha, uning ismi Antoni, lekin biz Toni deb chaqiramiz. U ikki hafta oldin maktabni bitirdi. Toni juda tirishqoq, iltimos unga ish bering. Bilasiz, oltita farzandimiz bor, biz pulga muhtojmiz.

Janob Vud Toniga oʻgirildi.
– Xoʻsh, yigitcha, fermada ishlashni xohlaysanmi?

Toni shaharchani esladi. Doʻkonda ishlash shovqin-suron, zavodlar bundan battar edi. Qachon qarasa, u yerdagi ishchilarning yuzlari kasalnikidek oppoq, zahil boʻladi. U yuzlari oftobdan qizargancha jilmayib turgan gʻayratli fermerga qaradi.
– Xohlayman!

Antoni chindan ham kuchli, baquvvat va ancha tirishqoq edi.

Janob Vudning Linda ismli yakkayu yagona qizi boʻlib, ota qizini juda sevardi. Ammo doimo oʻgʻli boʻlishini juda-juda istardi. Toni kechgacha tinim bilmasdi. Kechqurun uning yelkalari, oyoqlari ogʻrirdi. Shu sababdan yostiqqa bosh qoʻyishi bilan qotib uxlab qolardi. Toni ovqatdan qisilmasdi: janob Vud yetishtirgan mazali meva va sabzavotlardan yer, istagancha sut ichardi. Eski kiyimlarini esa, toʻplagan puliga qoʻshib uyiga-ukalariga yuborardi. Toni uyiga kam borardi. Shuning uchun uning borishi ham, qaytishi ham bayram boʻlardi.

Janob Vudning oyoq kiyimlari fabrikasiga ega bir ogʻaynisi bor edi. U ikki oʻspirin oʻgʻli Pit va Jonning katta biznesmen boʻlishini orzu qilar, shu boisdan oʻgʻillarining suyagi mehnatda qotsin deb, fermer xoʻjaligiga ishlash uchun yuborardi. Bu yilgi maktab ta’tilida ham Pit va Jon fermaga kelishdi.
– Men fermer boʻlmoqchiman, – dedi Pit Toni bilan tanishib olgach.
– Ha, – deb Jon uning gapini ma’qulladi. – Fermerlik dunyodagi eng zoʻr kasb!
– Lekin sizlar bu yerga faqat ta’tilda kelasizlar, xolos-ku? – Toni hayratini yashirolmadi. – Yoz esa doimiy emas, quyosh hamisha chiqavermaydi. Fermerlar qishda qiynalishadi.
– Lekin bu ish senga yoqadi-ku? – dedi Jon kulimsirab. U haq edi. Toni fermani sevardi.

* * *

Yozning jazirama kunlarida bolalar oʻt oʻrishardi. Quyosh ayamay qizdirar, issiqqa chidab boʻlmasdi. Oʻsha issiq kunlarning birida Janob Vud ularning oldiga keldi.
– Bolalar, sizlarga bir ish bor, – dedi u va oʻtloq yonidagi omborxona tomon yurdi.
– Uning hamisha bizlarga «bir ishi» boʻladi, – dedi Pit uning ortidan mugʻombirona koʻz qisib. Toni va Jon kulib qoʻyishdi.

Fermer ombor eshiklarini lang ochdi.
– Yanagi hafta mening yangi mashinam boʻladi, – tushuntirgan boʻldi janob. – Omborxonani esa garaj qilmoqchiman. Bu yerdagi hamma narsani olib chiqib uloqtirib yuboringlar. Keyin yaxshilab tozalanglar. Yangi mashinamning uyi bu.

Janob Vud joʻnab ketdi. Bolalar omborda toʻlib-toshgan narsalarga hayron boʻlib qarab qolishdi.
– Bu ish koʻp vaqtni oladi, – dedi Toni omborni aylanarkan.
– Ha-a. – Jon uni ma’qullagan boʻldi.

Toni buyumlarga bir-bir qararkan, burchakdagi katta, chang bosgan quti diqqatini tortdi.
– Nima bu? – soʻradi Toni.
– Pianino, – Jon buyumga yaqinlashib javob qildi.
– Pianino! – Toni hayajon bilan Jonning soʻzlarini qaytardi. Soʻng shoshib koʻylagini yechib, pianinoning changini artdi. Tonining koʻzi undagi turli xil qushlar, gullar, barglarning suratiga tushdi. Ular qorongʻu omborda xuddi charaqlab turgan yulduzlarga oʻxshardi. Toni pianino qopqogʻini ochib, klavishlarga havas bilan tikildi.
– Biz buni tashlab yuborolmaymiz! Bunday qilolmaymiz! – dedi soʻng hayajon bilan.

Aka-ukalar bir-biriga qarab yelka qisishdi. Toni eski stulni pianinoning yoniga qoʻyib oʻtirdi. Barmoqlarini klavishlarga tekkizishi bilan koʻzlarini yumdi. Uning xayolida yodida qolgan musiqalari bir-bir takrorlana boshladi. Barmoqlari klavishlar uzra oʻz-oʻzidan harakatlana boshladi.
– Men buni chala olaman, – deb oʻylardi Toni. – Menga hech kim oʻrgatmagan boʻlsa-da, miyam barmoqlarimga nima qilishni aytyapti. Men musiqa chalayapman!

Darhaqiqat, pianinodan ajib bir kuy taralardi. Jon va Pit kuy ohangidan mast boʻlganday joylarida qotib turishardi.
– Bu qaysi kuy? – soʻradi Pit Toni barmoqlarini klavishlardan olgach.
– Bilmayman. – dedi Toni boʻshashib.

Shu payt eshik tomondan ovoz kelganday boʻldi. Uchala bolaning koʻzi baravar eshikka qadaldi. Ostonada boʻychan, ozgʻin, uncha chiroyli boʻlmasa-da, istaralikkina Linda Vud uzun, jigarrang sochlarini oʻynab, shirin jilmayib turardi.

Toni ayb ustida qoʻlga tushgandek qizarib yerga qaradi.
– Nega toʻxtading? – soʻradi qiz ohista.
– Tugatdim, – javob qildi Toni yerdan bosh koʻtarmay.
– Qaranglar, – dedi Linda hech narsa boʻlmaganday shodon qiyofada ichkariga kirarkan. – Oyim sizlarga tushlik berib yubordilar.

Hammalari ovqatlanishga kirishishdi.
– Chalishni kimdan oʻrgangansan, Toni? – Linda pianinoga ishora qilib, Toniga boqdi.

Toni kir oyoq kiyimlaridan koʻz uzmay javob berdi:
– Hech kimdan. Men chalishni bilmayman.
– Aldama, – qiz kulimsiradi. – Bizning maktabda ham pianino bor. Muallimdan ancha-muncha narsa oʻrganishga harakat qilganman, ammo senchalik chalolmayman. Sen chalgan musiqani bilaman. U «Yashil oʻtloq» deb nomlanadi. Buni menga oʻrgatsang yaxshi boʻlardi…
– Qanday qilib? – Toni hayron boʻldi. – Men notalarni bilmayman. Bizning maktabda notalarni oʻrgatishmasdi… – Tonining yodiga musiqa oʻqituvchisi Lark xonim tushdi. Uning darslarini eslab jilmaydi. – Biz seshanba kunlari qoʻshiq kuylardik, xolos.

U oʻychan tarzda pianino qarshisiga bordi. «Men buni albatta oʻrganaman», – dedi oʻziga-oʻzi. «Bu haqida janob Vud bilan gaplashib koʻrishim kerak».

Kechki ovqatni Toni xayolchan tanovul qildi. U oʻzining idishlarini yuvib, eshik tomon yurdi.
– Yoʻl boʻlsin? – soʻradi Jon choy hoʻplar ekan.
– Janob Vud bilan pianino haqida gaplashishim kerak, – dedi Toni ortiga burilmay.

Xonadon sohiblarining hammalari oʻz yumushlari bilan band. Vud xonim Lindaning kiyimini tikib oʻtirar, qizi xirgoyi qilgancha, matoga gul rasmini solardi. Janob Vud esa odaticha «Fermerlar haftanomasi»ni oʻqish bilan mashgʻul. Eshikning ohista chertilgani ularning diqqatini boʻldi.
– Kiring, – dedi janob Vud gazetadan boshini koʻtarmay.

Toni eshikdan kirib, xonadagilarga bir-bir koʻz tashladi. Soʻng bir oz botinmayroq soʻz boshladi.
– Janob Vud, omborxonada eski pianino bor ekan…
– Hech narsani eshitishni xohlamayman, – dedi fermer keskin ohangda.
– Eshitishni istamaysiz? – Toni beixtiyor janobning soʻzlarini takrorladi. – Axir pianinoni axlatga tashlab yuborolmaymiz.
– Menga mashinam uchun joy kerak. Shuning uchun pianinoni tashlab yuborasizlar, vassalom, – dedi janob Vud va mayinroq ohangda qoʻshib qoʻydi. – Bugun juda ogʻir kun boʻldi, senam charchagandirsan, boraqol. Men bir oz gazeta oʻqimoqchiman.

Vudning ohangidan Toni bir oz dadillandi.
– Lekin pianino…
– Oʻsha almisoqdan qolgan pianino haqida eshitishni istamayman, – dedim senga! Bor, joʻna! – dedi Vudning jahli chiqib.

Toni bir soʻz demay xonadan chiqdi.

Aka-ukalar Tonining qovoq-tumshugʻi osilib qaytganini koʻrishib, masalaning ijobiy hal boʻlmaganini tushunishdi.
– Biz senga yordam beramiz, – dedi Pit oldin Toniga, keyin Jonga qarab.
– Qanday?
– Pianinoni janob Vudning yuk mashinasiga joylaymiz, bu albatta vaqtincha, keyin bir gap boʻlar.

Hammaga bu gap joʻyali tuyuldi va ular pianinoni bazoʻr koʻtarishgancha mashinaga joylashdi. Soʻng hammalari tinch uyquga ketishdi.

* * *

Ertasiga ular yana oʻt oʻrish bilan band edilar. Tush payti ular chanqashib suv idishlariga qoʻl choʻzishdi.
– Ie, tugab qolibdi-ku? – dedi Jon hafsalasi pir boʻlib.
– Uyga borgandan koʻra yaqin-atrofdan qidirib koʻrish kerak. Axir anavi yerda maktab bor-ku, u yerda albatta suv boʻladi, – dedi Pit aqlidan quvonib.
– Men borib kelaman, – Toni shunday deb idishlarni oldi va maktab tomon ketdi.

U maktab atrofini aylanib quvurni topolmadi. Maktab eshigi oldiga bordi. Itarib koʻrgandi, ochilib ketdi. Kichkina oshxona, burchakda artezian suvining joʻmragi koʻzga tashlandi. Toni joʻmrakni burab, qoʻlini tutdi. Avvaliga iliq, soʻng tanani yayratadigan muzdek suv sharillab tushdi. Toni yutoqib suv ichgach, maktabni aylangisi keldi. Bunga koʻp vaqt ketmadi. Chunki maktab birgina sinf xonasidan iborat edi. Xonadagi kichik stol-stullar, ta’tilga ketgan bolalarni kutgandek jimgina turishardi.
– Oʻqish sentyabrda boshlanadi, ungacha hali ikki oy bor, – oʻylay ketdi Toni. – Pianinoni shu yerga qoʻyib tursam boʻladi-ku! Maktab boshlanguncha yana bir iloji topilar…

Toni xayoliga kelgan fikrdan quvonib, idishlarni suvga toʻldirdi-da, bolalar oldiga shoshildi.
– Talqon yeb, seni suvga yuborish kerak ekan-ku! – Pit kuldi.
– Men pianinoni qoʻyib tursa boʻladigan joy topdim! – dedi Toni quvonchini yashirolmay maktab tomon ishora qilarkan.
– Ahmoq boʻlma, – dedi Jon qoʻl siltab. – Oʻqituvchi urishadi.
– Qanday urishadi, axir u ta’tilda-ku? – Toni Pitga oʻgirildi. – Sen ham hozir ta’tildasan-ku, toʻgʻrimi?
– Toʻgʻri.
– Maktabning eshigi ochiq, hatto qorovuli ham yoʻq. Sizlar menga yordam bersalaring, pianinoni maktabga olib kirib qoʻyardik.

Aka-ukalar bir-biriga ma’noli qarashdi. Soʻng ma’qul deganday bosh irgʻashib, yana ishlariga shoʻngʻib ketishdi.

Vud xonim yigʻinga ketganligi uchun kechki ovqatni Linda tayyorlagandi.
– Bolalar, – dedi qiz stol ustiga idishlarni qoʻyar ekan, – otamning yuk mashinasi sizlarda ekan...

Ular savol nazari bilan bir-biriga qarashdi. Hali ular pianinoni koʻchirishmagandi. «Nahotki, Linda sezgan boʻlsa? Otasiga aytsa, hamma urinishlarimiz zoe ketadimi endi?» degan savollar koʻnglidan oʻtdi ularning. Uchovlon Lindaning yuziga baqrayib qarashdi.
– Meni qishloqqa tashlab qoʻya olmaysizlarmi? Dugonam Ketrin kasal ekan, koʻrib kelmoqchi edim…
– Bajonidil tashlab qoʻyamiz, lekin…

Toni soʻzini oxiriga yetkazmay, oʻrnidan turdi. Xonani bemaqsad aylandi. Soʻng Lindaning koʻzlariga tikilgancha, bor gapni aytib berdi. Linda Tonini diqqat bilan eshitgach, jilmaydi.
– Seni tushundim, Toni. Menam sizlarga yordam beraman.

Bolalar qizni Ketrinning uyiga tashlab oʻtdilar.
– Soat toʻqqizdan kechikmay uyda boʻlinglar, – dedi Linda ular bilan xayrlashar ekan. – Dadam sezib qolishi mumkin.

Uch oʻspirin tasdiq ishorasini qilishib, bosh siltashdi. Pianinoni maktabga joylashtirish ogʻir boʻldi. Uni mashinadan tushirib, sinfga olib kirgunlaricha, qora terga botishdi. Pianinoni devor oldiga qoʻyishdi.
– U mana shu yerga yarashadi! – dedi Pit. Soʻng klavishlarni birin-ketin bosib koʻra boshladi. Xonani shovqin, gʻalati ovoz bosdi.
– Sen uch yil pianino darsiga qatnagansan, ammo chalgan musiqangni qara. Agar shuni musiqa deb atash mumkin boʻlsa… – der ekan Jon Toniga yuzlandi. – Bizga biror narsa chalib ber.

Toni stulga oʻtirdi. Qoʻllari klavishlar ustida oʻz-oʻzidan oʻynay boshladi. Musiqa uning miyasiga quyilib kelardi. U oʻzga olamda uchib yurardi… Doʻstlari esa diqqat bilan tinglashardi.

Yoz Toni uchun maroqli kechdi. Har kuni ovqatdan soʻng Lindaning velosipedini minib maktabga borar, miriqib pianino chalardi. Kech tushishi bilan yana fermaga qaytardi. Ishdan boʻshagan paytlarda esa Lindadan nota oʻqishni oʻrganardi.
– Bu oson ekan, – dedi u Lindaga. – Notalar barmoqlarga nima qilishni aytarkan.
– Toʻgʻri.
– Linda Tonining soʻzlarini yaxshi anglamagan boʻlsa-da, uni quvvatlab. – Qara, mana bu – italyancha musiqa.

Toni notalarni tez oʻrgandi. Bunda Lindaning yaxshi oʻqituvchi ekanligi ish berdi. Bu darslar Lindaga ham, Toniga ham yoqardi. Toni bora-bora bu darslardan soʻng yurgan yoʻlida xirgoyi qilib yurishga odatlanib qoldi. Undagi yangi odatni birinchi boʻlib, Vud xonim payqadi.
– Menimcha, Toni kimnidir sevib qolgan, – dedi u Linda bilan kechki ovqatni hozirlar ekan.

Linda jilmayib qoʻydi.

* * *

Janob Gorden qishloq maktabining yakka-yu yolgʻiz oʻqituvchisi edi. U oʻz ishini, ayniqsa bolalarni juda sevardi. Shuning uchun oʻzidagi bor bilimni bolalarga berishga harakat qilardi. Maktabda pianinoning yoʻqligi janob Gordenning koʻnglini bir oz oʻksitardi. Ammo u bunga koʻpam parvo qilavermasdi. Pianinosiz ham oʻz shogirdlari bilan berilib qoʻshiq aytaverishardi.

Yoz kechalarining birida janob izlagan kitobini uyidan topolmadi.
– Esladim, – dedi u qoʻl siltab. – Maktabda qolgan. Maktab uzoq emas, tezda borib kelsam boʻladi.

U bogʻ orqali maktabga kirib bordi. Choʻntagidan kalitni qidirdi, lekin topolmadi. Qarasa, maktab eshigi ochiq. (Toni maktab chirogʻini yoqmasdi, chunki kimdir uni koʻrib qolishidan qoʻrqardi).
– Eh, qarilik qursin, – dedi u bosh chayqab. – Eshikni qulflashni unutibman-ku! Ichkarida kimdir bor… Menimcha, u oʻgʻri! Endi nima qildim-a?

Janob Gorden turli xayollar bilan eshikdan ichkariga hatladi. Ichkaridan musiqa tovushi eshitilardi. Janob Gorden seskanib ketdi. Ammo xurofotdan nari odam boʻlgani uchun yana bir-ikki qadam tashladi. Derazadan taralayotgan oyning yogʻdusidan xona bir oz yorishib turardi. Janob Gordenning koʻzi pianino oldida oʻtirgan bolaga tushdi. U bexosdan oyogʻi ostidagi stulni turtib yubordi. Stuldan chiqqan tovush yetarli boʻldi: pianinoning ovozi shu on tindi.

Toni oʻrnidan sakrab turdi va keskin orqasiga burildi.
– Iltimos, politsiyaga aytmang, – dedi u titrab. – Men hech narsa oʻgʻirlaganim yoʻq.
– Xoʻp, xoʻp, – dedi muallim tutila-tutila. – Ammo sen kimsan? Bu yerda nima qilib yuribsan? – Gorden stolga suyandi.

Toni oldida turgan odamning hayrixohlik bilan gapirayotganini sezdi. Shu sababli uning savollariga batafsil javob berdi.

Janob Gorden fermaga kelib, Vudlar bilan bafurja suhbat qurdi.
– Tonida katta iste’dod bor, – dedi u suhbat poyonida. – Qirq yil oʻqituvchilik qilib unga oʻxshagan bolani uchratmaganman. U musiqa darslariga qatnashi kerak, keyin Londonga… Musiqa kollejida ta’lim olishi, kuchli musiqachilar bilan ishlashi lozim.
– Lekin uning oilasi juda nochor yashaydi, – janob Vud tushuntirgan boʻldi. – Ular Tonining hatto maktabda oʻqishi uchun ham pul toʻlolmaydilar. Bu yerga ham Toni ishlab, uydagilariga yordam berish uchun kelgan.
– Bular hal boʻladigan masala, – janob Gorden xush kayfiyat bilan oʻrnidan turdi. – Oʻtgan kecha men maktabga borib, ajoyib bir musiqachi bilan tanishdim. Uning uchun qancha koʻp mablagʻ ajratsam, shunchalik xursand boʻlardim.

Bu gaplar janob Vudning izzatiga tegdi.
– Yoʻq, – dedi u qizarib, – Toni yaxshi bola. Unday oʻgʻlim boʻlishini juda-juda xohlardim. Tonining oilasi kambagʻal boʻlsa-da, biz nochor emasmiz.
– Toʻgʻri, – Vud xonim keskinlikni yumshatish uchun tashabbusni qoʻliga oldi. – Biz Tonini oʻz hisobimizdan kollejga oʻqishga yuboramiz.
– Barakalla, xonim, – deb Gorden yengil ta’zim qildi va Vudga qarab quvnoq ohangda davom etdi. – Demak, musiqa darslari bizdan, kollejda oʻqitish sizlardan!

Hayotini butkul oʻzgartirib yuborgan bu suhbatdan faqatgina mashina yuvayotgan Tonigina bexabar edi.
– Janob Gorden ertadan boshlab senga musiqadan saboq beradi!

Fermerning bu soʻzlarini eshitib, Tonining koʻzlari porlab ketdi. Ammo sal oʻtmay boʻshashib bosh chayqadi:
– Menda oʻqish uchun pul yoʻq.
– Men u bilan gaplashdim, sendan oʻqitgani uchun pul olmaydi. Har kuni soat toʻrtda maktabga borasan. Ikki soat shugʻullanib, fermaga qaytasan.
– Ishim-chi?
– Men boshqa ishchi toparman, – dedi janob Vud Tonining yelkasiga qoqib. – Evaziga birinchi kontsertingdan uchta chipta berasan!

Toni barvaqt turar, uy yumushlarini bajarar, soat toʻrtda mashgʻulotga shoshardi. Janob Gorden unga musiqaga oid kitoblarni mutolaa uchun berardi. Ba’zan Toni ularni oʻqigan holda uxlab qolardi. Va tushiga ham musiqa kirardi. Daraxt barglarini toʻkdi, qish ham keldi. Toni darsdan qaytguncha qorongʻu tushardi, ba’zan qalin qor yogʻardi. Toni maktabga piyoda qatnasa-da, birorta darsni qoldirmasdi. Janob Vud muallimdan Tonining oʻzlashtirishi haqida soʻrab turardi. Gorden esa undan nihoyatda mamnun edi.

Daraxtlar yashil libosga burkandi. Bahor keldi.
– Yozda musiqachilar tanlovi boʻlarkan, – dedi Gorden bir kuni Toniga.
– Biz ham tomosha qilgani boramizmi? – quvondi Toni.
– Yoʻq, Toni, men tomosha qilaman, sen esa unda ishtirok etasan. Men sening nomingni ham yozdirib keldim.
– Qanday?! – Tonini hayajon bosdi.
– Shunday. Sen unda qatnashasan. Sen bilan birga dunyoning mashhur musiqachilari ham ishtiroq etadilar.

Toni oʻzi uchun berilgan taklifnomani koʻrdi.
– Hech kim meni Antoni demaydi-ku? Nega ular Toni deb yozishmagan? – Toni ustoziga savol berdi.
– Toni yosh bolaning ismi. Antoni kattalar nomi. Toni Evans-ferma bolasi. Antoni Evans esa musiqachi! Bir kun kelib sen juda mashhur musiqachi boʻlasan. Noming dunyoni tutadi. Men seni bugundan boshlab Antoni deb atayman.

* * *

Tanlov kuni ular bir oila boʻlib, janob Vudning mashinasida shaharga borishdi. Vud xonim Tonini doʻkonga boshladi. Ular jigarrang kostyum-shim va oq koʻylak sotib olishdi. Soʻng xonim uni poyabzal doʻkoniga olib kirdi. Bu doʻkon Jon va Pitning otasiga qarashli edi. U Toniga yangi oyoq kiyim sovgʻa qildi. Tufli juda bejirim va chiroyli, Toniga ham, xonimga ham juda yoqdi. Faqat u Toniga bir oz kichik keldi. Ammo u xonimga hech nima demadi. Jonning otasi Tonining yelkasiga qoqarkan, dalda berib qoʻydi:
– Ismingni tanlov dasturida oʻqigandim. Antoni Evans-jarangdor ism. Omadingni bersin!

Ular tanlov oʻtadigan binoga qarab yoʻl olishdi. Bino oldida janob Gorden ularni kutib turardi. Vudlar oʻz joylariga oʻtirishgach, u Tonini sahna ortiga boshladi. Juda koʻp musiqachilar oʻtirgan xonaga olib kirgach, ustozi Antoniga qoʻl uzatdi:
– Senga omad tilayman! – deya xonani tark etdi.

Antoni oʻtirib uzoq kutdi. Tuflisi ayovsiz oyogʻini qisardi. Qoʻllari esa muzdek edi. Bir ozdan soʻng pianinoning ovozi eshitildi. Antoni hamma narsani unutdi: pianinoning sehrli ovoziga berildi. Uning xayolini faqat har oʻn-oʻn besh daqiqada kirib, kimningdir ismini aytadigan yigitning ovozigina boʻlardi. Nihoyat:
– Janob Evans, sizning navbatingiz! – dedi yigit Antonining oldiga yaqinlashib.

Antoni oʻrnidan turdi. «Oh, oyogʻim! – deb oʻyladi u yigitning ortidan engashib borarkan. – Xuddi Charli Chaplinga oʻxshab yurayapman. Hamma ustimdan kulayotgan boʻlsa kerak.»

U tomoshabinlarga qaradi. Ustozini ham, Vudlarni ham koʻra olmadi. Lekin ularning mehrini, sevinchlarini his qildi. Oyogʻi ogʻriqdan, qoʻllari muzlashdan toʻxtadi. Barmoqlarini pianino klavishlariga ohista qoʻydi. Bu pianino maktabdagidan ancha katta edi. «Men chalishim kerak! Axir bu yerga shuning uchun kelganman.» – dedi oʻziga-oʻzi. Barmoqlari klavishlar ustida oʻynab ketdi. Antoni qarshisida oʻtirgan minglab odamlarni ham, oʻzini ham unutdi. U doʻstlari, oilasi uchun chaldi, Vudlar uchun, Linda uchun chaldi. Janob Gorden uchun va albatta Lark xonim uchun chaldi… «Hozir qaerdasiz, Lark xonim? Toni Evansni eslaysizmi? Menda musiqaga mehrni siz uygʻotdingiz! Siz meni unutsangiz ham, men sizni hech qachon unutmayman. Rahmat sizga!»

Gulduros qarsaklar yangradi. Antoni musiqani tugatganini shunda sezdi.
– Bu hayotimdagi eng baxtli kunim boʻladi! – dedi u oʻzicha.
– U albatta shohsupani egallaydi! – Gorden ham oʻz hayajonini yashirolmadi.

Antoni ustozi oʻylaganidek gʻolib boʻldi. Buni u ertasi kuni gazetadan bildi. Oyogʻining ogʻrigani tanlovdan esdalik boʻlib uzoq yillar uning yodida qoldi.

* * *

Janob Antoni hikoyasini tugatib, diqqat bilan menga qaradi.
– Shundan soʻng mening musiqiy hayotim boshlandi. Uch yil musiqa kollejida oʻqidim. Har yili yozgi ta’tilda fermaga qaytardim.

Yoshim yigirmaga toʻlgan kuni Linda Vudga oʻzimning eng muhim savolimni berdim: «Hozir senga hech narsa berolmayman. Lekin bir kuni men mashhur va badavlat boʻlaman. Oʻshanda menga turmushga chiqishga rozi boʻlasanmi?»

Linda menga mehr bilan uzoq tikildi. Soʻng kuldi.
– Oh, Antoni… – dedi u. – Buni kutib oʻtirma. Hozir soʻra!

Shunday qilib, men uning qoʻlini soʻradim: biz turmush qurdik.
– Bunga ham oltmish yil toʻldi. – Linda xonim suhbatga qoʻshildi. – Bir oy burun bizni qirolicha Bukingem saroyiga taklif qildi.
– Men u yerga borgunimcha Antoni Evans edim. U yerdan esa «Ser Antoni Evans» boʻlib chiqdim, – deya musiqachi kulimsirab rafiqasining qoʻlidan tutdi. – Mening Lindam esa, «Ledi Evans» boʻldi.

Shu payt eshik qoʻngʻirogʻi chalindi.
– Ikki daqiqadan keyin chiqishingiz lozim, Ser Antoni, – dedi xonaga kirgan yigit.

– Men tayyorman, – dedi ser Antoni va menga oʻgirildi. – Men hozirgacha ikki mingta, balki uch mingta kontsert bergandirman. Ammo hamisha ilk marotaba kontsert berayotgandekman… Siz endi boraqoling, hikoyangizni yozing. Oʻquvchilarga mening juda baxtli ekanligimni yetkazing.