OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Rudolf Sirge. Kuy sehri (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRudolf Sirge
Asar nomiKuy sehri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Eston adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Rudolf Sirge
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNazira Joʻrayeva (Rus tilidan)
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kuy sehri (hikoya)
Rudolf Sirge

Kech kirganida deraza oldiga kelib oʻtiraman-da, shu’ladan toʻq qizil tus olgan bulutlarning ufqqa choʻkishini tomosha qilaman. Maysalarga shabnam tushib soʻlgʻin tus olgandek sezaman oʻzimni, bugʻdoy boshoqchalari egilgandek boshimni quyi solaman.

Shunday paytlarda doimo devorda osigʻliq eski skripkani olaman-da, sozlay boshlayman. Bilmayman, qanday qilib boʻlsa-da, sozanda boʻlishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻyganman. Ovozlar, ohang, kuy – hammasi darhol oʻz-oʻzidan chiqa qoladi. Oxiriga borib nima chalganimni hecham eslolmayman.

Nihoyat, charchagach, skripkani bir chetga olib qoʻyaman. Shunda yolgʻiz va gʻaribligim juda bilinib ketadi. Axir yolgʻiz boʻlsam, kim uchun ham chalaman, biror narsa chalishimni iltimos qiluvchi kimsa ham yoʻq, chuqur tin olib oʻksigancha kechki salqinda iztirobli oʻylardan forigʻ boʻlish maqsadida deraza tokchasiga koʻkragimni berib atrofga boqaman.

Uzoqdagi daryochadan motorli qayiqchaning ovozi eshitiladi, qaylardandir mandolina torlarining kimningdir barmoqlari orasida titrab, ingragan nidosi quloqqa chalinadi. Yon-atrofdan esa echki bolasining «me-e»!» deb ma’rashi va uyqusiragan goʻdakning entikib yigʻlagani eshitiladi. Mana bularning hammasi shahar atrofidagi kechki manzara.

Vaqt ham yarim kechaga yaqinlashib qoldi: koʻchada hech zogʻ koʻrinmaydi, ochiq derazalardagi chiroqlar birin-ketin soʻnmoqda, asta-sekin esayotgan shabadadan chiroyli darpardalar ohista hilpiramoqda.

Uzoqdan ayol kishining yengil qadam tovushi eshitildi. U egilgancha yoʻlni kesib oʻtdi-da, qoʻlida bir dasta oq gul koʻtargancha toʻgʻri derazam tomon kela boshladi.

Bu roʻparamdagi uyda istiqomat qiluvchi qoʻshnim edi. Uni koʻrinishidan darrov taniyman. Koʻzlari moviy, doim kul rang palto kiyib yuradi, sochlari esa kalta qilib qirqilgan, oyoqlari chiroyli.

Kechki paytlari uni deraza tokchasiga tirsagini tirab turganini yo boʻlmasa ochiq derazam atrofida aylanib yurganini koʻraman. Goh-goh men tarafga diqqat-la nigohini tashlab qoʻyadi.

Bugun esa hech kutilmaganda qarshimga kelib toʻxtadi-da, moviy koʻzlari-la toʻgʻri yuragimga qaramoqchi boʻlgandek, tikilib, nihoyatda mayin ovoz bilan:
– Chalasizmi?–deya ohista soʻradi.
– Siz uchunmi? – soʻradim hayratdan dong qotgancha.
– Men uchun ham, oʻzingiz uchun ham...

U chalishimni kutib, uchta oq gul ushlagan jajjigina kaftchasini derazam tokchasiga qoʻydi.
– Kuy chalishni oʻrganyapsizmi?
– Yoʻq. Butun vujudim bilan eshitishni sevaman.

Nima qilayotganimni oʻzim bilmasdim. Skripkani qoʻlimga oldim-da, telbalarcha chala boshladim. Kamon ostidan chiqayotgan sadolar nola qilib, ingrar va faryod chekardi. Faryod chekarkan, mungli ingrar, shoʻx avjga chiqqanda esa kulayotgandek tuyulardi.

Qoʻshnim kuyni skripkadan koʻz uzmagan holda jon qulogʻi bilan tinglar, qoʻlidagi gullar esa titrardi.

Yarim tundagi bu gʻaroyib chalishni tugallarkanman, qoʻshnim chuqur tin oldi, bu koʻkragining koʻtarilib tushishidan aniq sezilib turardi.
– Rahmat!– deya ta’zim qildi-da, soʻng guldastasi ichidan oppoq gulni olib derazam tokchasiga qoʻydi-yu, rahmat deyishimni ham kutmayoq gʻoyib boʻldi. Ketayotganda menga nigohini shunday tikdiki, bundan qalbim larzaga keldi.

Gulni qoʻlimda ancha vaqtgacha aylantirib turdim. Boshqa gullarga qaraganda uning oppoqligi va nihoyatda tozaligi meni gʻoyat ajablantirardi. Bugungi roʻy bergan sirdan nima boʻlganiga tushunmay, hamon es-hushimni yigʻolmay turardim.

Shu kecha oʻzimni odatdan tashqari tetik sezdim. Bir oz orom olish uchun derazani yopmoqchi boʻlganimda, tun oqara boshlagan, daladan toʻrgʻayning sayrashi eshitilardi.

Stakandagi nargis gulni xuddi muqaddas narsadek avaylab stol ustiga qoʻydim. Har kuni ertalab ishga ketish oldidan beixtiyor unga qarab qoʻyaman. «Bu gulni nega menga hadya qildi ekan?» degan savol hatto xayolimgayam kelmaydi.

Ikkimizning oʻrtamizda gʻalati aloqa paydo boʻldi: miq etmay bir-birimiz tomon talpinamiz, gullar orqali bir-birimizga qarab qoʻyamiz yo boʻlmasa tabassum in’om etamiz.

Mana, biz roʻparama-roʻpara oʻtiribmiz, u yoʻlning narigi betida – mendan bir oz yuqori qavatdagi deraza oldida, men esa — pastda. Bir-birimizga qarab jilmayamiz...

Kulgili biror narsa boʻlmasa-da, ikkimizning nigohimiz bir-birimizga toʻqnash kelib qolgudek boʻlsa, beixtiyor oʻz-oʻzidan ogʻzimizning tanobi qochadi.

Shu ondayoq uning chehrasi tamoman kishini oʻziga jalb qiluvchi tusga kiradi: iyagini koʻkragiga tiragancha, bir koʻzining qiri bilan tushib turgan soch tutamlari orasidan menga qiyo boqadi.

Ba’zan kechqurun uning chelak koʻtarib yoʻlakdan quduqqa suvga ketayotganini koʻrib qolaman. Tufli kiygan oyoqlari nihoyatda kelishgan.

Shunda men darpardaning ortiga yashiringancha uzoq vaqt uning ketidan termilib qolaman. Qarayotganimni u na biladi, na koʻradi. Biroq shunga qaramay uning oʻnqir-choʻnqir yerlardan boldirini koʻrsatib, koʻzni oʻynatib nazokat bilan qadam tashlashidan ayol ortidan birov kuzatib turganligini sezishini anglayman.

Har kuni kechasiyu kunduzi uni koʻrishni istardim, siymosi esa sira koʻz oldimdan ketmasdi. Uni derazasi oldida paydo boʻlishini intizorlik-la kutib, derazamning oldiga chiqib oʻtiraman. Uzoq vaqt kutaman. Aftidan qoʻshnim uyida emasdek koʻrinadi. Derazalar yopiq. Vaqt yarim tundan oqqanda botinkam va kamzulimni yechib, endi yotmoqchi boʻlib turganimda, nogahon uning shahar tarafdan kelayotganligini koʻrib qoldim.

U koʻchaning narigi chekkasidagi yoʻlkada – toʻgʻri mening derazam qarshisida toʻxtadi. Yana qoʻlida bir dasta gul, ularni silkitgancha:
– Xohlaysizmi?..– dedi.
– Boʻlmasam-chi...
– Unday boʻlsa keling!
– Oʻzingiz olib kela qoling!
– Yoʻq, oʻzingiz kelishingiz kerak.

Nihoyat, bir poy botinkada, uni ham boʻlsa ipini taqmay, kamzulsiz, quruq nimchada uning oldiga bordim. Chang-tuproq yoʻldan kalovlangancha chopib borardim, chamasi, bu juda kulgili koʻringan boʻlsa kerak. U meni xaxolab kulgancha kutib olarkan:
– Xuddi ot mingan ritsarlardek keldingiz-a,– dedi.
– Yalangoyoq ritsar deng,– dedim uning soʻzini toʻgʻrilab.

U menga oʻrtasida qizil gʻunchali kichkinagina koʻm-koʻk novdacha uzatdi-yu, nigohini menga tikdi.

Shunday qaradiki...

Bu qarashda qanday ma’no bor ekan-a?!

Koʻzlari olam-olam ma’no-la oltin yalligʻidek chaqnardi!

Qaradi-yu, tezda qoʻlini uzatgancha qayoqqadir shoshayotgandek yoki hurkkandek zumda koʻzdan gʻoyib boʻldi-qoldi.

Qayerga ketdi? Nima uchun?

Nima boʻlayotganiga tushunolmay, gangigancha xonamga derazadan oshib tushdim. U hadya qilgan gulga qaradim. Bu doim ochilib, atrofga xushboʻy hid taratib turadigan na’matak gʻunchasining shoxchasi ekan. Toʻsatdan gʻunchaning yurak shaklida ekanini payqab qoldim. Xuddi qushchaning nihoyatda kichkina va titrayotgan yurakchasiga oʻxshardi.

Lekin buni hadya qilganda uning ham yuragi titraganmikin?

Bir kuni kechki payt oʻrtogʻim bilan boqqa konsertga bordik. U bilan koʻpchilikdan narida odamlarga qoʻshilishni istamaydigan ayrim xayolparastlar oʻtiradigan qorongʻi «ovloq» xiyobonda sayr qilib yurardik. Ochiq maydondagi toʻp-toʻp odamlarning gʻala-gʻovuri avjida, u yerda mushaklar otilib atrofga yogʻdu sochadi: favvoralar osmonni rang-barang bezak va aylana uchqunli yoylarga toʻldirib tashlagan.

Nogahon koʻkragimdan oʻq yegandek turgan joyimda qotib qoldim: qiz zarang daraxtining soyasida boshini qoʻllari orasiga olgancha, nigohini yerga tikib turardi. Koʻrinishdan gʻamgin va xafa. Bugun qoʻlida na gul, chehrasida na tabassum bor edi. Meni koʻrgan boʻlsa-da, loaqal qiyo boqqani yoʻq. Nima boʻldi ekan-a?

Hamrohimni qoldirib, asta uning yoniga bordim.
– Nega xafasiz?
– Nega endi xursand boʻlay...
– Boshingizga biror kulfat tushdimi?

U lablarini bilinar-bilinmas qimtib qoʻydi.
— Yoʻgʻ-e, shundoq, yolgʻizlikdan zerikdim.
– E-ha, shuning uchun deng?
– Ha, shuning uchun...

Hamrohlikka taklif qilish esimga kelmaganligi uchun undan uzr soʻradim. Biroq u qandaydir noaniq ajib harakat-la menga shunday qaradiki... Qanday deysizmi? Toshni ham teshib yuborardi uning qarashlari.

Seskanib ketdim. Taklifimga zor emasligi shundoqqina aftidan sezilib turardi. Bu yerda oʻzimni ortiqcha seza boshladim. Ortiq yalinishga gʻururim yoʻl bermay, endi ketishga chogʻlangan ham edimki, qoʻqqisdan:
– Men bergan gullar hali ham turibdimi?– deb soʻrab qoldi.

Shu ondayoq unga qaytadan mehrim tovlanib:
– Ha! Bilasizmi, ularni avaylab, shunday sevib, ardoqlayman-ki!– dedim.
– Gullarnimi?
– Ha, gullarni.
– Faqat gullarnimi, a? Sizni qarang-u!

Men uning oʻpkalaganini aniq bildim.

Biz yana xuddi begonalardek jim qoldik.

Tun yarmidan oqqandi. Skripkachilar soʻnggi avjni olmoqda edilar. Sochlari hurpaygan dirijyor qoʻlidagi choʻp bilan boshi uzra yarim yoy hosil qilar, avjga chiqishini koʻrsatar edi.

Atrofda hech zogʻ koʻrinmasdi.

Toʻsatdan qiz yana:
– Sizning mayin jingalak sochlaringiz bor edi. Nega oldirdingiz?– deb soʻrab qoldi.

Chindanam sochlarimni qirtishlab oldirib tashlagan edim.
– Sizga sochlarim yoqarmidi?
– Judayam. Oʻshanda menga yoqardingiz...
– Endi-chi, yoqmaymanmi?
– Yoqmaysiz...
– Nachora...

Xuddi bir-birimizdan qoʻrqqandek, qoʻl ham berishmay ikki tarafga ajralishib ketdik.

Bir oz uzoqlashgach, uning ortidan hurpaygan jingalak sochlarnigina sevuvchi ayolga qaragandek uzoq tikilib qoldim...

Osmonda shafaq uchqunladi. Balki qiz ham yelkalarini qisgancha faqat gullarnigina sevib, uni ardoqlaydigan yosh yigitni eslagandir.

Koʻp oʻtmay men boshqa yerga joʻnab ketdim. Bizning yoʻlimiz tezda tutashmadi. Oxiri bir kun tutashganda soʻzsiz tushundikki: oʻsha tongotar paytda ikkimiz bir-birimizni aldab, shafqatsizlarcha yolgʻon gapirgan ekanmiz.

Shu vajdan bir-birimizni koʻrmagandek indamay oʻtib ketaverdik. Bizni bir-birimizdan bema’ni gʻurur — qalbni bir umr jarohatlaydigan takabburlik judo qilgandi.