OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Rustam Jabborov. Intihor (qissa)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRustam Jabborov
Asar nomiIntihor (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Rustam Jabborov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm107KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Intihor (qissa)
Rustam Jabborov

«Har gal noutbuk qarshisiga muayyan maqsad, aniq bir gʻoya bilan oʻtirardim. Chunki, yozishim kerak boʻlgan asarimining mavzu yoxud mazmuni, avvalroq miyamda pishib yetilgan boʻladi. Hozir she’r yozmoqchi emasman, bu aniq. Buni maqola, hikoya yoxud qissa deb atagim ham yoʻq. Muallifning oʻzi koʻrgan-bilgan boshidan kechirgan hodisotlardan iborat asar nima deyilardi. Memuarmi, esdaliklarmi? Yodnomalarmi?

Balkim, kamtargina qilib «Kundalik» deb qoʻya qolsam tuzuk boʻlar? Buyam unchalik toʻgʻri kelmaydi. Bolaligimdan kundalik yozishni yomon koʻraman. Taniqli bir adibimiz yozganidek, kundalik yozish koʻproq qizlarga yarashadi. Men esa, oʻtayotgan har bir kunni qogʻozga muhrlab borishni, umuman, xronologiyani yomon koʻraman. Demak, bu kundalik ham emas.

Nima boʻlganda ham men hozir boshlamoqchi boʻlgan bu qoralamaning asosiy qahramoni oʻzim boʻlaman. Bunga haqqim bor. Chunki, hech kim meni menchalik yaxshi, mukammal bilmaydi. Balkim, bunday narsalar yozishni unchalik kelishtirolmasman. Ehtimol, adabiy tanqid nuqtai nazaridan bu bitiklarning bir chaqalik qiymati boʻlmas? Mayli, buning men uchun ahamiyati yoʻq. Chunki, bu asarni men oʻzim, yolgʻiz oʻzim uchungina yozyapman. Uni birovlar oʻqishi ham shart emas. Yana kim bilsin?

...Dunyoda hamma narsani, har bir voqea hodisani sabablar yuzaga keltiradi, deb bejiz aytishmas. Istalgan voqelikning intihosidan ibtidosiga tomon tahlil qilib borsangiz, hammasi soddalasha, oddiylasha boradi.

Masalan, hozir men tun yarmidan oqqanda, ish stolimda kompyuter tugmalarini sharaqlatib, nimalarnidir yozib oʻtiribman. Toʻgʻri, yozish men uchun odatiy hol. Ammo aniqki, agar ertalabki bir manzara meni bu qadar ta’sirlantirmaganida, ehtimol hozir issiqqina oʻrnimda uxlab yotgan boʻlarmidim.

Bilaman, siz ham menga oʻxshab ortiqcha falfasa soʻqishni ham, eshitishni ham yoqtirmaysiz. Shuning uchun maqsadga oʻta qolay.

Xullas, kun odatdagidek boshlandi. Har kungi vaqtda uygʻondim, yuvindim, oʻzimga gʻaribona nonushta tayyorladim, qorinni bir amallab aldagach, kiyinib ishga otlandim.

Oʻn yildirki, shanba-yakshanba, ta’til paytlarini hisobga olmasa, kunlarim bir xil tartibda oʻtadi, xuddi daraxt yaproqlari kabi bir-biriga oʻxshab ketadi. Yoʻnalishim ham bir xil: uydan toʻgʻri bekatga chiqaman, kerakli avtobusga oʻtirib, ishxonamning yonida tushib qolaman. Torgina xona, qogʻozlar, telefon qoʻngʻiroqlari, birinchi qavatdagi koʻrimsizgina oshxonada tushlik, yana ish, yana odatiy yoʻnalish boʻyicha uyga qaytish...

Bugun ham ana shu tartib oʻzgarmasligiga ishonchim komil edi. Birinchi avtobusga ulgurolmadim. Keyinginisini kutaman, hechqisi yoʻq, oʻn besh daqiqa kechiksam, hech narsa boʻlmaydi. Loqaydlik bilan atrofimdagi odamlarni kuzata boshladim. Har kungi odamlar, ularning koʻpini yaxshi taniyman. Biror marta ular bilan gaplashmagan boʻlsam-da, har qalay ertalab bitta avtobusda ketamiz. Kimning qaerda tushib qolishini ham bilaman. Yoʻq, bu mening oʻta kuzatuvchanligimni koʻrsatmaydi. Inson xotirasi koʻp hollarda oʻziga mutlaqo keraksiz ma’lumotlarni ham saqlab qoladi.

Bekatda turganlarni birma-bir koʻzdan kechirarkan, beparvo nigohlarim mendan oʻn qadamcha narida turgan yoshgina qizda toʻxtadi. Negadir ancha vaqt undan koʻzimni ololmay turdim. Uning koʻrinishi hozir ham koʻz oldimda turibdi. Boʻyi baland, qop-qora, uzun sochlari nozik yelkalari osha sharsharadan quyiga intilgan, qop-qora qosh koʻzlari, jimitdekkina xoli sutga chayilgandek oq yuzlariga oʻzgacha malohat baxsh etgandi. Egnidagi oppoq koftasi ostidan koʻrinib turgan qora vodolazkasining yoqasi qizni iyaklarigacha «boʻgʻib» olgan, qora yubkasining uzun etagi oq, bejirim tuflisiga qariyb tegib turardi. Bir soʻz bilan aytganda, qizni tasvirlamoq uchun eng mohir rassomning inja iste’dodi, shuningdek, oq va qora ranglarning oʻzi kifoya edi. Ha, uning butun goʻzalligi, latofati va ulugʻvorligini shu ikki rang oʻzida toʻla-toʻkis mujassam eta olgandi. Kunduzdek yorqin vujud, tun zulmatidek qop-qora uzun sochlar. Beixtiyor hazrat Navoiyning oʻlmas misralarini ohista shivirladi lablarim:

Vasl aro koʻrdim teng emish boʻyiyu sochi.

Tunu kun ekan, zohir oʻlur boʻldi chu navroʻz...

Menimcha, qarshimdagi bu sanamni tasvir etmoqqa bundan-da munosib, loyiq misralarni topmoq mushkul edi. Tabiiyki, U menga e’tibor qaratmadi. Ana shu beparvo turishi bilan roʻparasidagi kimsaning qalbida qanchalik katta gʻalayon uygʻotganini u qaerdan ham bilsin?

Quloqlarim oʻsha tarafdan kelayotgan hazin musiqa ohanglarini ilgʻay oldi. Shu choq qiz oppoq sumkasini ochib, bejirim, qop-qora qoʻl telefonini chiqardi. Kim bilandir ochilib-sochilib gaplashdi. Shu choq qizning sadafdek oq tishlarini koʻrishga muyassar boʻldim. Ayni paytda men oʻzimni dunyodagi eng goʻzal tasviriy san’at asari qarshisida turgan nozik didli tomoshabindek his qilardim. Men bu holat uzoq, juda uzoq davom etishini istardim. Ammo nogahon kelib toʻxtagan avtobus hamma narsani oʻzgartirib yubordi.

U ham men bilan birga ketishini anglab, ich-ichimdan sevindim. Endi oramiz yanada yaqinlashgan, tiqilinch avtobusda bizni faqatgina semiz, gavdali bir rus xotin ajratib turardi, xolos. Men Uni yanayam yaqindan koʻrib turardim. Shu paytga qadar bir-biriga tamomila qarama-qarshi, zid deb bilganim – oq va qora ranglarning bu qadar uygʻunlik kasb etishi mumkiniligi nega shu paytgacha xayolimga kelmadi. Axir, bu ranglar har doim yonma-yon, bir-birini taqozo etib keladi-ku?

Birdan nigohlarimiz toʻqnashdi. Oh, bu koʻzlar! Oppoq bodom qovoqlaru bir tekis saf tortgan tim qora kipriklar orasidan chaqnab turgan bir juft shahlo koʻzlarda ham aynan shu uygʻunlik yaqqol namoyon edi. Koʻzning oqi shu qadar tiniq va oppoq, qaroqlari shunchalar qora va ma’noli boʻladimi? Qizning oppoq qogʻoz uzra qora qalamda nazokat ila qoʻyilgan nuqtani yodga solguvchi nafis xoli ham ranglar uygʻunligini yana bir karra tasdiqlab turardi. Oqlik va qoralik bilan bogʻliq bu mutanosiblik faqat birgina oʻrinda «buzilgandi». Qizning qizgʻaldoq gulbargidek qip-qizil dudoqlarida... Agar bu Azal naqqoshining « xato»si boʻlsa, men uni mulki borliqdagi eng goʻzal xato deb atamoqqa hozir edim.

Eng muhimi, bu qiyofa menga tanish, jud-dayam tanish edi. Ammo, hozir xotiram ham izmimga boʻysunmay qolgani uchun bu munis, sehrli chehrani qachon, qaerda uchratganimni eslolmadim. (Yana bir adibimizning gapi yodimga tushdi «hamma chiroyli qizlar koʻzga tanish koʻrinaveradi). Nigohlarim ham, aql-idrokim ham men bilan baqamti turgan bu ajib xilqatga qattiq bogʻlangan edi.

Birdan qaerda ekanim, nima qilayotganimni anglab, tok urgandek seskanib ketdim. Haligacha undan koʻz uzolmay oʻtirgan ekanman. Shu onda (ehtimol, menga shunday tuyulgandir?) Uning yuziga ajib bir tabassum yoyildi. Bu jilmayishning menga qanchalik aloqasi borligini bilmadim, ammo undan koʻz uzmay kelayotganimni payqamasligi mumkin emasdi. Mutlaqo noqulay ahvolga tushib qolgandim. Gunohkor koʻzlarimni mutlaqo boshqa tomonga, avtobus oynasiga qadadim. Anchagacha qiz tomon burilishga jur’atim yetmay turdi. Bu orada avtobus bir bekatda toʻxtab ham oʻtdi. Yurak yutib, ortimga oʻgirilib qaraganimda, qiz allaqachon tushib ketgandi...

Koʻpchilikda uchraydi bu holat: ertalab birorta qoʻshiqning ohangi yo soʻzlari qulogʻingizga oʻrnashib qolsa, kun boʻyi miyangizda aylanib yuraveradi. Yoxud biror ta’sirli manzaraga duch kelib qolsangiz. Anchagacha koʻz oʻngingizdan ketmaydi. Oq-qora kiyimli qiz ham kun boʻyi mening koʻz oʻngimdan, xayolimdan ketmadi. Shu kuni qoʻlim uncha ishga ham bormadi.

Ba’zan odam oʻziga oʻzi tushunolmay qoladi. Xoʻsh, oʻsha qiz meni nimasi bilan bunchalar oʻziga maftun etdiykin? Shu qadar chiroylimidi? Koʻzimni yumgancha, ertalab koʻrganim – oq-qora kiyimli qizni koʻz oldimga keltirishga harakat qilib koʻraman. Oʻzimga taskin berish, besar, betizgin xayollardan chalgʻitish uchun xayolimdan jonlangan qiyofadan qusur axtarmoqchi boʻlaman. Rost, qiz chiroyli edi, hatto, judayam chiroyli edi. U oddiyligi, sipo koʻrinishi bilan ham har qanday malaksiymolarni ortda qoldira olardi. Ammo, nima boʻlganda ham uni qayta uchratishimga koʻzim yetmasdi.

Axir, Toshkent katta shahar boʻlsa. Bir marta koʻrgan kishingni ehtimol umr boʻyi qayta uchratmasliging mumkin. Kim bilsin, men ham Uni endi hech qachon koʻrmasman. Hozir dilimni lovullatib turgan hislar ham oʻz iskanjasida meni uzoq tutib turolmas...

* * *

Vaqt hamma narsani davolaydi, deyishadi. Oradan uch-toʻrt kuncha oʻtdi. Oʻsha qizni avtobusda yana uchratib qolarman degan umid hamon yuragimning bir chetida lipillab turardi. Ammo, uni uchratib qolsam, nima qilishim mumkinligi oʻzimga ham qorongʻu edi. Biror narsa oʻzgaradimi? U bilan muloqotga kirishim uchun biror bahona, vaj-korson boʻlmasa?

Shunday boʻlsa-da, har kuni ertalab, bekatga chiqqanimda atrofga jovdirab qarayman. Oʻz tashvishi bilan chor tarafga oshiqayotgan turfa odamlar orasidan Uni izlayman. Rost, oq-qora libosli qizlarni har qadamda topsa boʻladi. Ammo, bu ikki rang mutanosibligini oʻzida toʻlaqonli namoyon eta olgan xilqat bu yorugʻ olamda boshqa uchramasa kerak, degan andishada edim.

Avtobusda ishga ketayotib, U tushib qolgan bekatga gʻayri ixtiyoriy tarzda koʻz tashlab oʻtaman. Ammo, Uni koʻrmayman.

Odam ertayu kech bitta narsa haqida oʻylayversa, biroz parishonxotir, hardamxayol boʻlib qolarkan. Buni koʻpchilik payqabdi.

Men bilan bitta tahririyatda ishlaydigan ijodkor oshnam bor. Ozroq maqtanchoqligi, mahmadonaligini aytmasa, yaxshi yigit. Mendan uch-toʻrt yosh kichik boʻlsa-da, u bilan ancha yaqinmiz. Qoʻlimizga maosh yoki kattaroq qalam haqi tekkan kunlar uchrashib, ulfatlashib turamiz. Navbatdagi uchrashuvimiz mening shoirona xayollar ichida yurgan oʻsha kunlarimga toʻgʻri kelib qoldi.
— Ha, ustoz, (u meni doim ana shunday atashga odatlangandi) tinchlikmi, tarvuzi qoʻltigʻidan tushgan odamdek ta’bingiz xira tortib yuribdi,

Avvaliga sir boy bermadim. «Shunchaki, ishlar koʻpayib ketdi, charchagan boʻlsam kerak» deb qutulmoqchi boʻldim. Ammo, bunaqa bahonalar bilan undan qochib qutulolmasligim aniq edi. Holi-jonimga qoʻyavermagach, «yorildim». Rosti, kimgadir koʻnglimni ochmasam, boʻlmasdi. Gapimni eshitgach, oshnam kulgidan oʻzini toʻxtatolmadi. Ochigʻi oʻzini bunchalar yengil tutishi menga umuman yoqmadi. Tavba, birov, oʻlaman, desa, boshqasi kulaman, deydi.
-Ustoz, shu gapni siz aytyapsizmi? - dedi kulgidan yoshlangan koʻzlarini roʻmolchasiga artib. - Oʻlay agar, rosa kulgili. Nima, bittasi oq-qora koʻylak kiyibdi, deb motam tutib yurish kerakmi? Yo oʻsha jonon yurakdan urib qoldimi? Hali shu yoshingizda muhabbat dardiga mubtalo boʻldim, deb ayyuhannos solmasangiz goʻrgaydi.

Bu gaplar tabiiyki, koʻnglimni ogʻritdi. Kimnidir sirdosh, hamdard bilib, dardingizni dasturxon qilsangizu, u ustingizdan kulib oʻtirsa. Qolaversa, «bu yoshda sizga sevgini kim qoʻyibdi» degani yomon botdi.

Birinchidan, hali unchalik qarib, qartayib qolganim yoʻq. Mavlono Lutfiy 99 yoshlarida ham ishq-muhabbat haqida goʻzal baytlar bitganlarida, menga nima qipti? Oʻttiz ikki yosh bu hali qarilik, muhabbatdan uzoqlashish degani emas. Qolaversa, erkak kishi 30-35 yosh oraligʻida har jihatdan kamolga yetadi, kuch-quvvatga toʻladi. Mutaxassislar insonning romantikaga, joʻshqin his-tuygʻularga toʻla davr sifatida aynan ana shu yosh oraligʻini koʻrsatishadi. Buni manavi dumbul oshnam qaerdan ham bilardi?

Rost, shu yoshga kirib, hali uylanganim yoʻq. Bunga turli sabablar bor. Oʻz hayotim toʻla izga tushib, jamiyatda, hayotda oʻz yoʻlimni topib olsamgina uylanaman, deb oʻzimga soʻz bergandim. Qolaversa, shu choqqacha koʻnglimga yaqin, tasavvurimga mos qizni hali uchrata olmagandirman? Har qalay, men ham insonman, hamma qatori yashashim, oila qurishim, bola-chaqa orttirishim kerak. Barcha qatori turmush qurishga haqli ekanman, demak, kimnidir astoydil sevishga ham huquqim bor. Buni qarshimda bamaylixotir pivo simirib oʻtirgan bu ovsar ukaginamga qanday tushuntiray?

Ajabki, u mening xayolimni oʻqib turgandek edi:
-Uzr, ustoz, hazillashdim. Sizniyam tushunaman. Bunaqa holatlar hammadayam yuz berishi mumkin. Lekin romantika, xayolparastlik bilan hech narsaga erishib boʻlmaydi. Men ham istisno emasman. Lekin hayotga real qarashni oʻrganishimiz kerak.

Birovga aql oʻrgatishni yoqtirmayman. Shuningdek, boshqalar, boʻlib ham, oʻzimdan kichkinalar bunaqa mahmadanalik qilib tursa, yomon jahlim chiqadi. Lekin na ilojki, hamsuhbatim haq gapni aytayotgandi. Mening indamay turishimni mute’lik, some’lik alomati deb tushungan oshnam nasihatgoʻylikda davom etdi:
-Ayol zotining turgan-bitgani jumboq. Uning tashqi qiyofasi, ma’nodor koʻzlari, yurish-turishi aslida kim ekanini koʻrsatmaydi. Yaltiragan narsalarning hammasi ham oltin boʻlavermaydi, deb bekorga aytishmagan. Siz oʻsha qizning zohiriy qiyofasidagi muvofiqlikni payqabsiz. Lekin, sanoqli daqiqalar ichida uning ichki dunyosini ham anglab yetdim, desangiz, aslo ishonmasdim. Zero, ayol kishining saj’iyasi, tabiati, rangin olamini aks ettirish uchun siz aytgandek, faqat oq va qora ranglarning oʻzi yetarli emas.
— Keyingi paytlarda aqlli odamlarga oʻxshab gapiradigan boʻp qolibsanmi? - dedim undan ranjiganimni sezdirib.
— Kinoyangiz oʻrinli, - odatiy «donoligi» bilan gapni ilib ketdi hamsuhbatim. - Sizga aql oʻrgatishga hali yoshlik qilaman. Toʻgʻri, uch-toʻrtta koʻylakni sizdan kamroq yirtgandirman. Lekin, ayollar masalasida sizdan koʻproq tajribaga egaman, desam, yana ranjimassiz...

* * *

Yarim tunda turib qogʻoz qoralash odatim yoʻq edi. Toʻgʻri koʻpgina ijodkorlar yarim kechasi, hamma uxlagan paytda, tinch-osuda ijod qilishni ma’qul koʻrishadi. Mening kulbamda odatda oʻzimdan boʻlak hech kim boʻlmaydi. Shu sabab bu yerda istagan paytimda oʻzim uchun tinch sharoit yaratib olishim mumkin.

Ammo, oʻsha «oq-qora» malakni nogahon uchratib qolgan kunimdan beri nainki ruhiyatimda, balki kun tartibimda ham bir muncha oʻzgarishlar yuz berganini yashirmayman. Nima qilay, harchand uni oʻylamaslikka tirishsam-da, baribir koʻz oldimdan ketmaydi. Gohida mutolaa, ba’zan esa, televizor tomoshasi bilan xayollarimni chalgʻitishga harakat qilaman. Koʻzlarim qogʻoz betidagi turli shakllar yoxud ekrandagi ma’nosiz tasvirlardan boshqa narsani uqmaganidan jahlim chiqadi. Jin ursin! Nega bunaqa parishonxotir boʻlib qoldim? Hali mahmadona oshnam aytganday, bittasi ola-bula kiyinib olgan boʻlsa, oʻshani deb motam tutib yurishim shartmikin?

To teledasturlar tugab, ekranni moviy boʻshliq egallaguncha televizorni oʻchirmadim. Keyin esa, radio tugmasini bosdim. Maqsad – tezroq bema’ni fikrlardan yiroqlashsamu, uyqu tezroq meni oʻz komiga torta qolsa. Men oʻz irodamga ishonaman. Yana bir-ikki kun oʻzimni qoʻlga olishga tirishsam, oʻsha «oq-qora» malakning ta’qibidan qutulaman. Axir inson bundan-da ta’sirchan, gʻamgin, hatto baxtsiz va mudhish xotiralardan ham qachondir qutulishi mumkin-ku?

Umidsizlik ila bosh tarafimda turgan radio qulogʻini buradim. Bir paytlar oʻzbek tilida eshittirishlar beradigan uch yoki toʻrtta kanal boʻlardi. Hozir esa, sanab sanogʻiga yetolmaysiz. Qachon qarama, birorta lanj boshlovchi oʻziga oʻxshagan ezma tinglovchi bilan laqillab oʻtiradi. Asabim chatoqroq boʻlgani uchun bunaqa «sermazmun» suhbatga uzoqroq dosh berolmas va bira-toʻla radioshinavandalik bahridan oʻtib qoʻya qolardim. Hozir esa, har qanday safsatabozlikka jon-jon deb quloq berishim mumkin. Faqat, biroz chalgʻisam bas. Uch-toʻrt kun shoirona tuygʻularga bandi boʻlganim yetar. Boshqa qiladigan ishlarim tiqilib yotibdi.

Turfa xil ovozlarni qorishtirib, kanallarni tez-tez almashtirar ekanman, tanish bir musiqa ohangi beixtiyor meni harakatdan toʻxtatdi. Bu hazin, dilrabo navoni avval ham juda koʻp eshitganman. Ammo, negadir bu gal menga u tamomila boshqacha ta’sir etayotir. U menga nimani eslatyapti ekan. Bu ohang bu safar nimasi bilan meni bunchalar sehrlab olayotir.

Ol-a, nimadan qochsang, yana oʻshanga roʻpara kelasan deb bekorga aytishmagan ekan. Bu musiqani men oʻsha qiz (yana oʻsha qiz!)ning telefonida eshitgandim. Bir qaraganda buning hecham ajablanarli joyi yoʻq. Bu musiqani yana oʻnlab, yuzlab odamlarning qoʻl telefonida uchratish mumkin. Qolaversa, xohlagan ustaxonaga kirib, telefonga maqbul ovozni yozdirib olsa boʻladi. Bekorchi oʻylarni miyamdan siqib chiqarishga tirishib, butun diqqatimni qoʻshiq soʻzlariga qaratdim.

    Dilimdagi eng oʻtli nolam,
    Isming aytsam, yashnaydi olam.
    Lobar oʻzing, dilbar ham oʻzing,
    Sen oʻzingsang nafis gul-lolam.
    Oʻzingdirsan husnda tanho,
    Zuhro ham sen, sen oʻzing Laylo,
    Izlaringni oʻpar yuz Tohir,
    Ming bir Majnun ishqingda shaydo.

Bu qoʻshiqni birinchi marta eshitayotganim yoʻq. Soʻnggi ikki yilda yoshlar orasida poʻrimroq lahjada aytilsa, «xit»ga aylanib ulgurgan bu taronani radiokanallar har kuni oʻn martalab aylantirishadi. Qoʻshiq muallifi ham aynan mana shu tarona tufayli shuhrat topgan, koʻpchilikning e’tibori va olqishini qozongan edi.

Ma’lumingizkim, katta shov-shuvga sabab boʻlgan koʻpgina qoʻshiqlarning badiiy saviyasi xususida hamisha iliq soʻz aytish mushkul. Yaxshiroq diqqat qilinsa, bunday qoʻshiqlarning musiqasi turklar yo arablardan mohirona oʻgʻirlangan, soʻzlari esa, loaqal oʻzbek tilida ikkita soʻzni bir-biriga bogʻlashga noqobil «qalamkashlar» ijodiga mansub boʻlib chiqadi.

Har qalay insof bilan aytilsa, bu qoʻshiqdan bunday qusur axtarish nooʻrin boʻlardi. Musiqasida ajnabiy ohang sezilmaydi, she’rni adabiy durdona deb atamasak-da, boshqa qoʻshiqlarnikidan oʻlsa oʻligi ortiq. Shuning uchun boʻlsa kerak, bu qoʻshiq katta-yu kichikka birdek ma’qul boʻla boshlagan edi. Xonandaning oʻzi ham endigina koʻzga tashalanib qolganida, avtohalokatga uchradi. Ajab, mana shunday oʻtli, dardli ovozda xonish qilayotgan hofizning oʻlganiga ishonish qiyin.

Musiqiy ohanglar ogʻushida koʻzim ilinganini sezmay qolibman. Ertalab radiodan yangragan madhiya sadosidan uygʻonib ketdim.

* * *

Oʻsha, xuddi oʻshaning oʻzginasi... Yoʻq, adashgan boʻlishim mumkin emas. Uni unutay deganimda yana roʻparamdan chiqib qolsa-ya! Endigina avtobusga chiqib, boʻsh joylarninig birini egallagan edim, yonimga U kelib oʻtirdi. Bir lahza karaxt alfozda qoldim. Qariyb bir haftadan beri ertayu kech Uni oʻylayverib, sal boʻlmasa hardamxayol boʻlib qolayozgandim. Mana, oʻsha «oq-qora malak»ning oʻzi yonimga kelib «qoʻndi». Xuddi oʻsha kiyimda – Oq va qora ranglardan eng buyuk musavvir tarafidan yaratilgan mukammal san’at asari. Nima deyishga, nima qilishga hayron edim. Kutilmaganda...

Uzr, sizdan bir narsa soʻrasam maylimi?

Savolni U bergan edi. Ammo, javobni kim qaytarishini bilolmagandek, u yoq-bu yoqqa alangladim. Chamasi, qizga hech kim menchalik yaqin oʻtirmagandi. Bir zum dovdirab qoldim. Har qalay nimadir deb mingʻirladim. «Mayli» degan boʻlsam kerak-da!
— Adashmasam, siz yozuvchisiz. Televizorda ham goh-gohida chiqib turasiz. - U mendan tasdiq javob olmayoq gapini davom ettirdi. - Asarlaringizni oʻqib boraman. Oʻzi umuman, har bir yangi va yaxshi asarni e’tibordan chetdan qoldirmayman. Ayniqsa, xiyonat haqida koʻp yozasiz. Nima bu sizning eng sevimli mavzuingizmi? Yo oʻzingiz hayotda koʻp bor xiyonatga duch kelganmisiz?

U gapirar men esa uning maftunkor jonsoʻz chehrasidan koʻz ololmasdim. Nima haqida savol berganini ham daf’atan anglab ololmagan ekanman. U mening e’tiborsizligim uchun biroz ranjigandek boʻldi.
— Men boyadan beri sizga gapirib yotibman. Siz esa meni diqqat bilan eshitmayotganga oʻxshaysiz.

«Agar siz bilan suhbatlashayotgan ayolning har bir soʻzini diqqat bilan eshitayotgan boʻlsangiz, demak, hamsuhbatingiz u qadar goʻzal emas ekan, deb yozgan edi gʻarb mutafakkirlaridan biri. Agar mening ham musohibim bunchalik sohibi jamol boʻlmaganida aql-hushimni yoʻqotmagan, uning biror kalomini e’tiborimdan chetda qoldirmagan boʻlardim».

Tabiiy, xayolimni tilib oʻtgan bu fikrni tilimga koʻchirmadim. Har qalay U bilan ilk bor yuzma-yuz kelib turardim. Ne baxtki U meni avvalroq koʻrgan, tanigan ekan. Bundan chiqdiki, oʻsha kuni ham mening har bir hatti- harakatimni kuzatib turgan. Kim bilsin, necha kundan beri xayolimdan ketmay yurgani Uning oʻziga ham maxfiy qolmagandir? Ha, darvoqe. Men uning savolini javobsiz qoldirmadim:
— Siz adashmadingiz. Kamina qalam ahlining koʻzga koʻringan vakillaridan boʻlmasam-da, ul-bul yozib-chizib turaman. Ammo yozuvchilikka oʻzimni da’vogar sanamayman. Yozganlarim sizni befarq qoldirmaganidan xursandman.

Qizning latif chehrasiga nafis tabassum yugurdi.
— Ortiqcha kamtarlik nimadan dalolat ekanini bilarsiz, - dedi quvlik bilan koʻzlarini suzib. - Oxirgi kitobingizni bir kecha uxlamay oʻqib chiqqanman.

Oʻzini adabiyotga daxldor deb bilgan biror kimsa bunday e’tirofdan erib ketmay iloji yoʻq. Qizning soʻzlari samimiy ekaniga ishonch hosil qilgach, oramizdagi koʻrinmas begonalik pardasi xiyol koʻtarilgandek boʻldi.
— Sizday nafosat va nozik did sohibasini bema’ni narsalar bilan shirin uyqudan mahrum qilganim uchun xijolatdaman. Demak, sizdan bir kechalik qarzim bor ekan.

Shu gapni aytishga aytdim-u, beixtiyor tilimni tishladim. Mabodo gapimdan biror uyatli ma’no uqmadimikin, degan hadik bilan qizga qaradim. Yoʻq, chamasida, bu «lutf» unga yoqib tushgan edi.
-Unday boʻlsa, mendan bir emas, bir necha kechalik qarzdor boʻlib chiqasiz. Chunki sizning asarlaringizni oʻqib juda koʻp tunlarni bedor oʻtkazganman.

Bilmadim, bunday shirin, yoqimli soʻzlardan soʻng oʻzimni avtobusda emas, naq yettinchi falakda, bulutlar ustida suzib yurgandek his qildimmi? U menga cheksiz shodlik baxsh etish barobarida meni biroz noqulay vaziyatga ham solib qoʻygandi. Agar uning gapini tasdiqlasam, biroz nokamtarlik qilgan boʻlardim. Biroq bu jamilaning fikrlarini inkor etish uchun ham oʻzimda majol topolmasdim. Kulimsiragancha yerga tikildim. Shu topda avtobusga yoshi oʻtibroq qolgan ayol chiqib, men oʻtirgan joyimni boʻshatib berishga majbur boʻldim. Qiz tavoze bilan sumkamni ushlab ketish uchun qoʻlini choʻzdi. U charm juzdonimni bagʻriga bosib ketarkan, ich-ichimdan oʻzimga yillar mobaynida xizmat qilib kelgan, eskiribgina qolgan juzdonga nisbatan hasadgami, rashkkami oʻxshash bir his uygʻonganini tuydim. Beixtiyor uning barmogʻidagi uzukka qaradim. Yoʻq tilla emasdi, zotan oltinning rangi bu qizdagi ajib mutanosiblikka xalal yetkazishi mumkin edi. Qop-qora aqiq koʻzli kumush uzuk uning nozik, oppoq barmogʻiga mislsiz joziba baxsh etib turardiki, uzukni shu latif barmoqdan xoli tasavvur etolmasdim.
— Sizning uyingiz oʻsha tarafda ekan-da! - qiz shahodat barmogʻi bilan biz avtobusga chiqqan tomonni koʻrsatdi.
— Siz-chi, - soʻradim uning soʻrogʻini bosh irgʻab tasdiqlash barobarida.
— Boshqa tomonda, - sirli kulimsiradi qiz, - Bir hafta ilgari siz tomondagi bir atelega koʻylak tiktirish uchun borgandim. Bugun buyurtmani olib qaytyapman. Oʻsha kuni men sizni koʻruvdim. Faqat yoningizga borib, soʻrashishga jur’at qilolmadim. Qarang, niyat xolis ekan, bugun yana uchrashib turibmiz. Ammo... - Qiz deraza osha tashqari qarab oldi-da, turish uchun qoʻzgʻaldi. - qarangki, yana xayrlashishga majburmiz. Men shu yerda tushib qolaman.

Men uni qayta koʻrganim uchun shu darajada quvonib ketibmanki, yana sanoqli daqiqalardan keyin undan yana ajralishim mumkinligini oʻylab koʻrmabman. Demak koʻylak bahona ikki marotaba uchrashish nasib etgan. Yana qachon yangi tiktirgan koʻylagi eskiradi-yu biz tomonlarga yoʻli tushadi. Oʻshanda ham uni koʻra olamanmi yo yoʻq, Xudo biladi.
— Mabodo... telefoningizni berolmaysizmi? - dedim nafasim boʻgʻzimga tiqilgudek boʻlib. - Siz bilan yana... gaplashib... uchrashib tursak... siz qarshi emasmisiz?..

Qiz kulimsirab, mumdek qop-qora sumkasidan bir parcha tashrif qogʻozini chiqardi-da, menga uzatdi. Xayrlashish oldidan menga shirin bir tabassum hadya etarkan, avtobusdan tushib ketdi. Qiz bekatdagi olagʻovur ichida bir zumda koʻzdan yoʻqoldi. Qoʻlimdagi tashrifnomaga koʻz tashladim. Oddiygina vizitka deb ataladigan bunday qogʻoz parchasida koʻpincha gerb yoxud, korxona ramzi, manzili, ish, uy va mobil telefonlaridan tortib, faks raqamiyu elektron pochta manziligacha tiqishtirishadi. Ammo qoʻlimdagi bu moʻ‘jazgina varaqda faqat uyali telefon raqami va birgina ism bitilgan edi – DILSOʻZ!

...Dilsoʻz! Bu ism miyamda kun boʻyi aylanib yurdi. Juda antiqa, kamyob va koʻpma’noli ism. Oʻzimizning tilda - dildagi soʻz, forsiydan tarjima qilinsa - yurakni oʻrtaguvchi... Darvoqe, kim oʻzi bu qiz. Qaerda oʻqiydi yoki ishlaydi? Oʻzi qaerlik, yoshi nechada? Bir necha daqiqalik suhbat asnosida undan bilib olganim shu ism boʻldi. Ketish avvalida mening telefon raqamimni soʻramadiyam. Oʻzim telefon qilishimga shunchalik ishongan boʻlsa kerak.

Men uni yana bir karra koʻrish baxtiga muyassar boʻlganimdan, eng muhimi, ismi va telefonini bilib olganimdan oʻzimda yoʻq darajada xursand edim. Har qalay endi oʻzim istagan paytda uni koʻrishim, loaqal ovozini eshitishim mumkin. Ammo qachon? Menga qolsa u bilan xayrlashganimizga hali bir soat boʻlmay, uning raqamini terishga ilhaq edim. Ammo hali yigitlik gʻururimni bu qadar tez va oson yerga uradigan darajaga bormagandim. Hech boʻlmaganda Dilsoʻzning (har qalay men edi Uni ismi bilan atashga haqliman) tasavvurida shilqim, surbet bir yigit kabi taassurot qoldirgim yoʻq. Ammo «gʻurur»im bir kungina oʻzimni tutib turishga imkon berdi, xolos.

Bir amallab tong ottirgach, ishga otlanayotgan mahalda uning raqamini terdim. Gudok chinqirarkan, «ishqilib, begona raqamni koʻrib, oʻchirib qoʻymasin» degan ilinj miyamga mahkam oʻrnashib olgandi. Xayriyat!
— Allo, kim bu? - bu ovoz xuddi tashna odam uchun buloqning shildirashidek yoqimli eshitildi. Oʻzimni tanishtirdim. - Xayriyat-ey, men vizitkamni allaqachon tashlab yuborgandirsiz, degan xayolda edim. Qalaysiz?

Salom-alikdan soʻng muddaoga oʻtdim.
— Dilsoʻz, agar siz... meni toʻgʻri tushunsangiz, yoʻq demasangiz, vaqtingiz bemalol boʻlsa...
-Uchrashuvga chaqirmoqchisiz, - men tugatishga qiynalayotgan gapga u bira-toʻla yakun yasab qoʻya qoldi va oxirida sharaqlab kulib yubordi. Uning gapini tasdiqlashdan boshqa choram qolmagandi. - Sizdek iste’dodli qalamkashki, men bilan uchrashmoqchi ekan, yoʻq deyishga qanday haddim sigʻsin.

* * *

Dam olish kuni boʻlgani uchun istirohat bogʻi odamlar bilan gavjum edi. Shu shaharga kelganimdan beri biror marta bu bogʻga kelib aylanganimni eslolmayman. Kim bilsin, Dilsoʻz bilan tanishmaganda, u aynan shu yerda uchrashishni taklif qilmaganida, bundan keyin ham bu yerga qadam bosmagan boʻlarmidim...

Dilsoʻz bu gal ham oq va qora ranglarni oʻzida mujassam etgan holda qarshimda turardi. Uni koʻrishim hamono yuragim yarador qushdek besaranjom boʻla boshladi. Nima uchun? Men qaerdan bilay, odam ba’zan oʻziga-oʻzi tushunolmay qoladi-ku!
— Nega bunaqa tikilib qoldingiz, - quvlik bilan soʻradi Dilsoʻz xiyol egilib, oʻziga bir qur koʻz tashlab olarkan. - Kiyimim sizga yoqmayaptimi?
-Aksincha, sizni ilk bor uchratganimda ham ana shu koʻrinishingizda butun e’tiborimni tortib olgan edingiz.

(Vey ovsar, oʻzimni oʻzim sotib oʻtiribman-a!)
— Buni bilaman, - jilmaydi Dilsoʻz men bilan yonma-yon ketib borarkan. - Oʻsha kuniyoq sezganman. Ha, yashirmayman, oq va qora – mening eng yoqtirgan ranglarim. Chunki bu ikki rang hamisha yonma-yon boʻlgandagina mukammallik kasb etadi. Ularni bir-biridan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi. Axir oʻylab koʻring, tun boʻlmaganda biz kunduz nima ekanini bilarmidik? Zulmat boʻlmasa, nurning ahamiyatini anglay olarmidik? Hayotda hamma narsa ana shu qarama-qarshilik asosida qurilgan. Busiz hayotning oʻzi boʻlmasdi. Lekin afsuski, ana shu haqiqatni har doim ham yodda saqlayvermaymiz. Koʻpchiligimiz bir tomonlama yondashuvga oʻrganib qolganmiz... - Dilsoʻz toʻsatdan gapidan toʻxtab, menga oʻgirildi. - Juda koʻp gapirib boshingizni qotirib yubormadimmi?
— Aksincha, - dedim undan ishtiyoqimni yashirmay. - Tiniq fikrlaringiz menga yoqyapti. Ammo... - yaqinda kimdandir eshitganim, bir jumlani tilimga chiqadim. - Hayot faqatgina oq va qora ranglardangina iborat emas-ku!
— Balki, siz shunaqa oʻylarsiz. Oq va qora – hayotning asl ranglari. Haqiqat faqat ana shu ikki rangning birida namoyon boʻladi. Qolgan ranglar esa, shunchaki, bezak. Haqiqatni bu ranglar bilan boʻyab boʻlmaydi. Chunki boshqa hamma ranglar – yolgʻondan iborat.
— Shunchalik haqiqatparastman, deng, - gapim istehzoga oʻxshab qolmasligi uchun beozor jilmayishga harakat qildim.
— Yoʻq, - dedi Dilsoʻz jiddiy qiyofada. - Men haqiqatni juda-juda yomon koʻraman. Hayot faqatgina haqiqatdan iborat boʻlganida yashashning zarracha qizigʻi qolmasdi.

«Juda gʻalati qiz ekan, boshqa birov boʻlganda bu gaplarni eshitib, qizning aqlan sogʻlom ekaniga shubha bilan qaragan boʻlardi» Xayolimdan oʻtgan bu iddao Unga ma’lum boʻlmadimikin, degan xavotir bilan qizga razm soldim. U yon-atrofni loqaydlikka ham, sinchkovlikka ham oʻxshamagan mavhum nigohlari bilan kuzatib borardi.
— Qarang, anavinga chiqmaymizmi? - Dilsoʻz birdan bogʻning har tarafidan bemalol koʻrinib turadigan baland charxpalakni koʻrsatdi.

Charxpalakka chiqishni bolalikdan yoqtirmayman Yoʻq, qoʻrqanim uchunmas har holda. Ammo Dilsoʻzning taklifini rad etish uchun biror bir vaj-korson asos boʻlolmasdi. Sekin aylanayotgan charxpalak «choʻmich»laridan biriga joylashdik. «Qarorgoh»imiz ohista yuqorilab borar, men esa Dilsoʻzdan koʻz uzmasdim. Dunyoda goʻzallar koʻp, goʻzallik shaydolari undan ham bisyor. Ammo ayni damda Mulki borliqda qarshimdagi sohibjamol qizdan-da goʻzalroq mavjudot va uning mendek asiridan boʻlak jon borligini tasavvurimga sigʻdirolmasdim. Bizni oʻz bagʻriga olgan poʻlat choʻmich borgan sari balandlab borardi. Negadir ikkimiz ham jim edik. Men-ku nima haqda oʻylayotganimni bilaman, U-chi? Hozir uning xayolidan nelar kechayotgan ekan-a? Bu savol tilimga qanday koʻchganini sezmay ham qoldim.

U javob qaytarishga oshiqmasdi. Bu paytda bizning qoʻnalgʻamiz moslamaning eng yuqori nuqtasiga yetgan edi.
— Hozirning oʻzida charxpalakni toʻxtatib qoʻya olasizmi? - daf’atan berilgan savoldan esankirab qoldim. Tabiiyki, bu ish mening imkon doiramdan tashqarida edi va buni tan olishga hojat ham yoʻq edi. U javobimni kutmayoq gapida davom etdi, - Hayotning va inson umrining gʻoyatda haqqoniy va ixcham timsoli. Hayot ana shu charxpalak misoli tinimsiz aylanaveradi. Unga chiqib-tushguvchilar tez-tez oʻrin almashaveradilar. Charxpalakka chiqishdan maqsad eng baland nuqtadan turib atrofga nazar solish emasmi? Ammo taassuf shundaki, siz bu nuqtada doimiy qolib ketolmaysiz. Charxpalak oʻqi sizning istagingiz bilan hisoblashmaydi. Sizni qay tariqa yuqoriga olib chiqqan boʻlsa, xuddi shu tariqa yerga olib tushadi. Eng afsuslanarlisi vaqtingiz tugagach, siz oʻrningizni boshqalarga boʻshatib berishga majbursiz.

Uning bu fikrlari meni befarq qoldirishi mumkin emasdi. Ayni paytda bu purma’no soʻzlarga munosib javob qaytarmaslikni ham joiz bilmasdim. Axir yaxshimi-yomonmi yozuvchi degan nomim bor.
— Albatta, tafovutlar ham yoʻq emas, dedim, - gapni hazilga burib. - Agar charxpalakning pulini toʻlasangiz, ikki, uch, oʻn martalab «oliy nuqta»ga chiqib tushaverasiz. Hayotda esa bu imkoniyat sizga bir marta beriladi, xolos.
— Unda loaqal charxpalakdagi huquqimizdan foydalanaylik, - dedi kulib Dilsoʻz.

...Biz oʻtirgan «choʻmich» yana yuqoriga oʻrladi.
— Mabodo faylasuf emasmisiz? - soʻradim unga sinchkov tikilib. Dilsoʻz muloyim kulimsiradi.
— Hammaning oʻz falsafasi boʻladi bu hayotda. Hatto falsafa nima ekanini bilmaydigan noqis kimsalarning ham. Chunki har bir jon hayot ne’matlarini, oʻlchovli umrini oʻzicha baholaydi, oʻz qarichi bilan oʻlchaydi. Bu charxpalakni hech kim na toʻxtatishga, na ortga qaytarishga qodir. Bizdan yuz, ming yillar avval ham hayot mavjud edi. Bundan keyin ham hayot davom etaveradi. Biz ham oʻtib ketishimiz muqarrar. Nari borsa, ellik-oltmish yil. Ammo bu hayotdan izsiz oʻtish, odamlar xotirasidan tamomila oʻchib ketish naqadar ogʻir fojia. Siz ham shu haqda oʻylab koʻrasizmi?

Bu achchiq haqiqat tabiiyki meni ham tez-tez oʻyga solardi. Ochigʻi nima deb javob berishni bilmay dovdiradim.
— Ayting nima qoladi sizdan? Mol-dunyomi? Farzandlarmi? Faqat nasl qoldirishning oʻzi mangulikka da’vo boʻla olmaydi. Bu ish har qanday jonzotning qoʻlidan keladi. Rost, farzandlaringiz oʻla-oʻlguncha sizni unutmas, nabiralaringiz ham go-goh eslab turishar. Ulardan keyingi nasl-chi? Yana ikki yuz yil keyin tugʻiladigan avlodingiz sizni eslashiga ishonasizmi? Siz oʻzingiz ikki asr avval yashagan bobokaloningizning otini bilasizmi? Yoʻq. Sizning iste’dodingiz bor. Qalamingiz bor. Ammo yozganlaringiz asrlar suroniga bardosh bera oladimi? Bugun yozgan hikoyangizni ellik yil keyin tugʻiladigan oʻquvchi uchun ma’nosi qoladimi? Ayting, ana shunday oʻlmas asar yarata oldingizmi?

Dilsoʻzning bu qadar shafqatsiz savollari yuragimni tuzdek achishtirar, ammo joʻyali javob topolmay qiynalardim.
— Xoʻsh, oʻzingiz-chi, shuncha narsaga aqlingiz yetarkan, siz ham izsiz ketmaslikning biror chorasini topib qoʻygandirsiz?

U menga javob qaytirsh uchun ogʻiz juftlagan chogʻda qulogʻimga yana oʻsha tanish tarona chalindi. Dilsoʻz sumkasidan telefonini chiqardi va javob qaytarishni istamay, qizil tugmani bosib, aloqani uzdi. Negadir xayolimni Dilsoʻzning javobi emas, hozirgina telefondan taralgan kuy tortdi.
-Ajoyib qoʻshigʻ-a, - dedi xuddi oʻylarimni oʻqib turgandek. - shu xonandani tanirmidingiz? - shu asnoda koʻzlarimiz toʻqnashib ketdi. Uning nigohlarida ayol zotiga xos boʻlmagan qat’iyat, shiddat, allanechuk yovvoyilik chaqnab turardi.
— Yaxshi qoʻshiqchi edi, - dedim uning bu savolni berishdan maqsadini tushunmay.
— Ha, - dedi quruq, hissiz ohangda. - Ammo, uning bittagina, mana shu qoʻshigʻi mening yodimda qolgan. Kim bilsin shu qoʻshiqni aytmaganida u har kuni bu yorugʻ dunyoni tark etadigan oʻn minglab odam qatori yoʻqlik qa’riga singib ketgan boʻlarmidi. Ammo bu qoʻshiq menimcha marhumning ikkinchi umri boʻldi.... - U bir muddat jim qoldi. - Sizning savolingizni atayin javobsiz qoldirdim. Chunki bu savolga avval oʻzingiz javob topishga urinib koʻrishingiz lozim. Men esa oʻzimdan qanday iz qoldirishni yaxshi bilaman.

...Kechgacha xiyobonni aylangach, yaqin atrofdagi yemakxonalarning birida tamaddi qilib chiqdik.

«Juda gʻalati qiz ekan, - u bilan ikki tarafida daraxtlar saf tortgan, xazondan olovrang poyondoz toʻshalgan torgina yoʻlakdan ketib borarkanmiz, sarsari xiyollar miyamda gʻujgʻon oʻynardi. - Juda gʻalati, sirli, hatto... xavfli. Nega oʻzi haqida bir ogʻiz ham gapirgisi kelmaydi? Nega men bilan bu qadar tez til topisha qoldi? Men-chi? Nega shuncha yildan beri biror qizni astoydil sevib qolmaganim holda, bu sirli goʻzalga shunchalik tez bogʻlana qoldim? Inson zoti ochiq-oshkor, yaqqol koʻrinib turgan narsalarga emas, mavhumlik, sir pardasi ortida yashiringan voqelikka moyilroq boʻladi. Ehtimol, meni maftun etgan ham ana shu mavhumotdir? Nahot bu qizning tafakkur va taxayyuli shu qadar keng, teran boʻlsa? Nahot men shu qizni... sevib qolgan boʻlsam?»

Soʻnggi oʻy ta’siridan xiyol sergak tortdim. Moviy koʻl sohilidagi baland sarv yoniga yetganda negadir toʻxtadim, u ham. Beixtiyor Uning endigina ochilgan guldek bokira yuzlariga termildim. U ham... Keyin... bu benazir chiroy va nafosat qarshisida bir zum oʻzimni idora etolmay qoldim. Qizning latif vujudini bagʻrimga bosdim. Dilsoʻz mening bunday keskin harakatimni kutmaganmidi, har qalay qarshilik koʻrsatishga ham ulgurmadi. Qaqroq lablarim qizning inja, zarif dudoqlaridan ayrilgan chogʻda, ehtiros-la shivirladim:

Dilsoʻz, Dilsoʻzim... Sizni sevaman!..

* * *

-Asarlaringiz syujetini oʻzingiz oʻylab topasizmi, yoki koʻrgan-bilganlaringiz, eshitganlaringiz asosida yozasizmi?
— Har xil. Ba’zilari chindan ham hayotda sodir boʻlgan voqelar asosida yozilgan. Albatta, badiiy asar boʻlganidan keyin koʻpgina oʻzgartirishlar, toʻqimalar kiritiladi, boyitiladi. Mutlaqo xayolot mahsuli boʻlgan asarlar ham bor. Lekin har bir asarim haqqoniy, ishonchli chiqishi uchun harakat qilaman. Yozuvchining eng katta mahorati kitobxonni ishontira olishda, menimcha.
— Yanayam toʻgʻrirogʻi mahorat bilan alday olishda, shunaqamasmi? E’tiroz bildirishga shoshilmang. Eng goʻzal she’rlar, chiroyli tashbehlar, mubolagʻalar hammasi yolgʻondan iborat-ku! Biz ana shu chiroyli yolgʻon uchungina shoir yoxud ijodkorning iste’dodiga tasanno oʻqiymiz. San’atda ham shunday. Spektakl yoki kinodagi voqealar yolgʻon ekanini bilsak ham ta’sirlanamiz. Bosh qahramonning oʻlimidan afsuslanib koʻz yosh toʻkamiz. Holbuki. Bu rolni ijro etgan aktyorga jin ham urmaganini bilamiz-ku! Nega musavvirning katta mahorat bilan chizilgan suvratidan hayratga tushamiz?. Holbuki, undagi manzaralar aldamchi ekani, bir parcha matolar ustidagi boʻyoqlar yigʻindisidan iborat ekanini bilamiz-ku! Yoxud, nega «Choʻli Iroq»ni tinglaganimizda oʻz-oʻzidan koʻzimizdan yosh quyilib kelaveradi. Axir kuy bir qarichgina qamishni yorib chiqayotgan havodan boshqa narsa emas-ku! Lekin bu - san’at. Bu goʻzallik. Usiz hayotimiz gʻoyatda koʻrimsizlik, ma’nosizlik kasb etgan boʻlardi. Biz hammamiz haqiqatni yolgʻondan ustun qoʻyamiz. Lekin, asl haqiqatgni hech birimiz suymaymiz. Hayotning, husn va yoshlikning oʻtkinchiligi, qarilik va oʻlimning muqarrarligi asl haqiqat boʻladigan boʻlsa, nega biz ulardan qoʻrqamiz, qochamiz. Dunyodagi hamma chiroyli narsalar asosan YoLGʻONdan iborat boʻlib chiqadi.
— Siz mening hamma tushunchalarimni ostin-ustun qilib tashlayapsiz. Lekin, hamma fikrlaringizga qoʻshilolmayman. Balki, adabiyot yolgʻondir, ammo, u haqiqatning oʻzidan ham koʻra haqqoniyroq, degan hikmatni eshitgandirsiz?
— Albatta, fikringizga qarshi chiqadigan joyim yoʻq. Lekin baribir hayot va kitob oraligʻidagi tafovutni yoʻqotib boʻlmaydi. Sizningcha, adabiyot faqat ezgulikka xizmat qilishi lozim. Siz adiblar hamisha ogʻiz koʻpirtirib, adolatni, muhabbat va sadoqatni, sofdillikni, xolislikni maqtaysizlar. Ana shu insoniy fazilatlarga chorlamoqchi boʻlasizlar. Ammo qani oʻsha siz madh etgan ezgulik? Muhabbat, sadoqat, adolatning haqqoniy, hayotiy timsolini koʻrsatib bera olasizmi? Siz koʻklarga koʻtarib maqtagan har qanday fazilat, ezgu xislatlar insonning xudbinligi, xudparastliligining turfa xil koʻrinishlari xolos.
— Siz aytganchalik boʻlishi mumkin emas!
— Siz chuqurroq fikr yuritib koʻring. Hayotda hamma narsa shaxsiy manfaat, ilmiy til bilan aytgancha Insonning EGOsi asosida qurilgan. Axir bu hayotda kim uchun yashaysiz, kim uchun kurashasiz. Hammasi oʻzingiz uchun, oʻz nomingiz, oʻz obroʻyingiz, avlodlaringiz uchun, shunday emasmi? Begonalarga yaxshilik qilayotgan paytingizda ham baribir oʻzingiz haqingizda yaxshi taassurot qoldirishni, loaqal oxirat tadorogini koʻzlaysiz. Men insonning bu hayotdan qandaydir iz qoldirishi haqida ham behuda gapirmadim. Oʻtmishda yashagan sarkarlardan tortib buyuk allomalargacha, fozil-u fuzalolardan shoirlargacha, hammasi oʻz ilmu amallari, ijodlari bilan nom qoldirishni oʻylaganlar bunga shubha yoʻq. Juda koʻp mumtoz asarlarda mualliflar «bu kitobni oʻqigach, faqirni ham duoda yod eting» deya oʻz ilinjlarini qistirib ketishgan.
— Nahotki, hozirga qadar insoniyatni lol qoldirib kelayotgan minglab shoh asarlarning barini maqtanchoqlik, kibr va manmanlik mahsuli deb bilasiz?
— Yoʻq, ba’zi asarlar borki ularni yaratishda mualliflar bunday balandparvoz hoyu havasni xayollariga ham keltirishmagan. Masalan O Genri, Jek London singari yozuvchilar faqat tirikchilik uchungina qadam tebratishgan. Motsart ham faqat roʻzgʻor vajhidan ana shunday buyuk musiqiy asarlar yaratgan. Leonardo da Vinchi oʻzining «Mona Liza»si payti kelib yuz millionlar bilan baholanishini xayoliga ham keltirmagan va uni arzimas pulga sotib yuborishgan. Koʻryapsizmi, bani basharni mislsiz hayratga solib kelayotgan koʻpgina buyuk voqeliklarning yaratilishi tarixi naqadar joʻn va sodda.

U bilan bahslashib baraka topa olmasligim oydinlashgach, gapni boshqa tarafga burdim.
— Shuncha narsani bilar ekansiz, nega butun boshli asar yozib qoʻya qolmaysiz. Axir fikrlaringizning koʻpchiligi nazariy jihatdan yangilik boʻlishi mumkin. Balki siz ham ana shu fikrlaringiz bilan tarixda qolarsiz?
— Kesatishga usta ekansiz, - dedi biroz jimlikdan soʻng Dilsoʻz. - Mening gaplarim hech qanaqa yangilik emas. Hammamiz bilgan, lekin e’tirof etishga qoʻrqqan narsalar, xolos. Yoʻq, menimcha hamma oʻz ishini qilgani ma’qul. Yozish bu sizning ishingiz. Mayli, siz yozavering, men sizdan mualliflik huquqini da’vo qilmayman. Ehtimol, sizning asaringiz meni tarix sahifalaridan joy olishimda asqotar?.. Toʻgʻrisi, biror badiiy asardagi qahramon yoxud prototip boʻlib ham odamlar xotirasida umrbod joy olishni qanchalik istashimni bilsangiz edi. Bilasiz, Petrarka oʻz sonetlarini sevgilisi Lauraga, Dante esa, jahonshumul «Ilohiy komediya»sini mahbubasi - allaqanday Beatrichega bagʻishlagan ekan. Tasavvur qilyapsizmi, agar oʻsha ayollar boʻlmaganida jahon adabiyoti naqadar buyuk durdonalardan bebahra qolardi. Va aksincha, Dante va Petrarka boʻlmaganida anavi ikki ojiza minglab zamondoshlari qatorida tarix qa’riga choʻkib ketardilar. Bilasizmi, men ularning har ikkalasiga havas, ham hasad qilaman. Chunki ular asrlar boʻyi yashab kelishmoqda.
— Agar menda ham oʻsha Dante yoxud Petrarka singari daholarning iste’dodi boʻlganida siz haqingizda dunyodagi eng goʻzal asarni yaratgan boʻlardim...

...Endi ortiqcha soʻz-suhbatga hojat qolmagandi. Dilsoʻz ohista oʻrnidan turdi-da, xonasining chirogʻini oʻchirib qaytdi. Men qorongʻida uning lahcha choʻgʻ misoli qaynoq lablarini qiynalmay topdim...

* * *

Muhabbat haqida koʻp oʻqiganman, koʻp yozganman. Ammo shu yoshga kirib uning oʻzi bilan endi roʻbaroʻ keldim desam, ishonasizmi?

Dilsoʻzni sevib qoldim, boshqacha boʻlishi mumkin emas. Nimagaligini oʻzim ham aniq bilmayman. Ehtimol, men shu paytga qadar tanigan bilgan qizlarga mutlaqo oʻxshamagani uchundir? Balki, uning hayratomuz, gʻayritabiiy, hatto shakkoklarcha fikr-mulohazalari meni asir etgandir? Yoki oʻta oddiy, ayni paytda oʻta sirli goʻzallik qarshisida oʻzimni shu qadar tez yoʻqotdimmi?

Sevmagan odam sevgini faqat tasavvur qila oladi. Ammo asl voqelik har doim ham tasavvurga mos tushavermaydi. Men sevgini ham, oʻzim sevishim mumkin boʻlgan qizni ham boshqacha tasavvur qilardim. Yuragimda ishq gulxanining yonishi uchun Dilsoʻzning birgina sirli tabassumi, ma’noli qarashi kifoya qildimi? Oshiq oʻz ma’shuqasining dogʻida oylab, yillab oʻrtanishi kerak emasmidi? Men esa qisqa, juda qisqa fursatda ishq sarhadini kesib oʻtdim.

Visol muhabbatning shirin oʻlimi, deydilar. Sevgi, yurakda tugʻilib, toʻshakda oʻladi, deydilar. Unday boʻlmadi. Vasl jomini sipqarishim bilan yuragimdagi ishq alangasi zoʻraysa zoʻraydiki, zarracha kamaymadi. Yurakdan boshlangan yoʻl mahbubamning xobgohida yakuniga yetmadi – bunga aminman.

Uch kundirki, oʻzimga kelolmayman. Hayot naqadar goʻzal, yashash qanchalar maroqli, muhabbat nechogʻliq ulugʻ ekanini hech kim menchalik his etolmagandir, yana kim bilsin?

Dilsoʻz! U haqda qancha oʻylamay, oʻyimga yetolmayman. U bilan bunchalar tez topishganimiz, birinchi uchrashgan kunimiz visol oqshomiga ulanib ketgani oʻzimga har qancha erish tuyulmasin, bundan afsusda emasdim. Garchi u mening ra’yimni qaytarmagan boʻlsa-da, u haqida darrov yomon xayolga borishga haqli emasman. Axir u mening boʻynimga osilib olgani yoʻq-ku! Qolaversa, Dilsoʻzning fe’l-atvori, yurish-turishi, fikrlash darajasi, eng asosiysi, teran tafakkuri uni yengiltaklikda ayblash uchun asos boʻlolmasdi.

Men undan har qancha minnatdor boʻlsam arziydi. U meni sevishga oʻrgatdi. Menga umrimning teng yarmiga tatigulik laziz lahzalarni ato qildi. Garchi, uning oʻtmishidan deyarli bexabar boʻlsam-da, ayni paytda uni oʻzimniki deya atashga haqli sanardim oʻzimni.

Soʻnggi uch kun ichida Dilsoʻzning ayrim gʻalati odatlarini bilib oldim. Masalan, gapirayotganda hecham odamning koʻziga qaramaydi. Oʻzi haqida berilgan savollardan ustalik bilan oʻzini chetga tortadi. Eng muhimi biror masalada uni yengish mushkul, oʻzining haq ekanini (hatto nohaqligini bilib tursa-da) isbotlay oladi.

Uning hech kimga oʻxshamagan saj’iyasi meni ham hayratga, ham dahshatga soladi. Hatto... bu ayol (uning shaxsiy hayoti haqida bilganim shu boʻldiki, uch yil avval turmush qurib, bir yilga bormay ajrashgan ekan) maxsus xizmat tizimida ishlamasmikin, degan andishaga ham bordim. Ammo, bu gumonimdan oʻzimning ham kulgim qistadi. Biror taqiqlangan guruh yoxud jinoiy uyushmalarga aloqam boʻlmasa, nojoʻya qadam bosmasam, har gapni ming bor oʻylab keyin tilimga chiqarsam orqamdan aygʻoqchi qoʻyishning nima hojati bor?

Odamzot shu-da! Na issiqqa koʻnadi, na sovuqqa. Kim bilsin, Dilsoʻz bilan munosabatlarimiz bu qadar tez qoʻr olmaganida, balkim, hozir qismatning noravoligidan nolib, dardimni dasturxon qilib oʻtirarmidim? Nima boʻlganda ham Dilsoʻz men uchun taqdirning kutilmagan tuhfasi boʻldi. Garchi, gunoh koʻchasiga qadam bosgan boʻlsam-da, pushaymonlik manziliga yetganimcha yoʻq. Shoir aytganidek, gunohi ishq avlodur manga toat savobidin.

...bugun ishdan keyin yana uchrashishimiz kerak. Vaqt buncha sekin oʻtmasa...

* * *

Nazarimda bugungi kunda «qalam ahli», «qalamkash», «qalami oʻtkir», «falonchining qalamiga mansub» singari soʻz iboralar biroz eskirgandek. Chunki, yozgʻuvchiyu shoirlarning koʻpi ijod quroli sifatida qalamdan allaqachon voz kechishgan. Masalan, ikki-uch yildirki, bandangizning qoʻli qalam tutishga qovushmay qolgan. Kompyuter jonivor odamni shu ahvolga solib qoʻyarkan. Avvallari faqat ishxonadagina uning xizmatidan beminnat foydalanardim. Tahririyatimizga kelgan ikkita «noutbuk»ning bittasini shef kaminaga ilingach (tabiiyki, vaqtincha foydalanib turish sharti bilan), uyda qalam qitirlatish tashvishidan xalos boʻldim.

Mana, hozir, tong saharda mahbubamni kuzatib yana ekran qarshisida oʻtirdim.

Oramizdagi intim munosabatlarni batafsil yozish oʻzimga u qadar maqbul koʻrinmaydi. Zotan boshqalar nazdida oʻz axloqim, fe’l atvorim haqida nooʻrin tasavvurlar paydo boʻlishini istamayman. Qolaversa, Dilsoʻzni ham yengiltabiat ayol sifatida tasvirlash niyatim yoʻq. Rost, uning oʻtmishi haqida haliyam tuzukroq ma’lumot ololmadim. Mendan avval ham yana kimlar bilandir hamnafas, bedorlikda tong ottirgan boʻlishi ehtimolini ham nazardan qochirganim yoʻq. Aynan shu haqda oʻylab, yuragimning bir cheti tez-tez uvishib turishini ham tan olaman. Ammo shunisi aniqki, u hozir men bilan birga. Men unga sevishimni aytdim va bundan afsusda emasman.

...Bu tun biz uchun keskin bahs-munozaralar, tortishuvlar, turfa fikr-mulohazalar, savol-javoblar va... tizginsiz ehtiroslar qurshovida kechdi.
— Men tanigan, bilgan barcha qizlarga qiyoslaganda siz oʻzingizni anchayin erkin tutganingiz meni ajablantiryapti. Adashmasam, kechagi mubohasamiz aynan shu savoldan boshlangandi.
— Aslida erkinlik hammaga barobar. Chunki, tugʻilganda hamma erkin, daxlsiz boʻlib tugʻiladi. Bola ulgʻayishi bilan uning «erki» ham tobora cheklanib boradi. Ota-onalar «unga tegma, buni olma, unday qilma, bunaqa dema» kabi taqiqlar bilan uning imkoniyatlari, xatti-harakatlarini cheklay boshlashadi. Bu cheklovlarni biz turli tuman jimjimador nomlar bilan ataymiz – tarbiya, axloq-odob, e’tiqod, qonun... Aslida bularning hammasi bizning his-tuygʻularimizni jilovlashga, erkimizni boʻgʻishga qaratilgan xatti-harakatlar, xolos.

Uning mulohazasi meni tamomila gangitib qoʻyayozdi.
— Bu fikringizga umuman qarshiman. Agar sizning fikringizga qoʻshiladigan boʻlsak, odobsizlik, gʻayriaxloqiy harakatlar, shakkoklik, qonunbuzarlik... bularning hammasi erkinlikning oliy namunasi ekan-da! Demak, bularning barini qoʻllab-quvvatlaysiz. Unaqada...
— Qizishmang, men hali toʻla-toʻkis fikrimni ifodalamadim. Albatta, insonning hoyu havaslariga erk berish hayotni izdan chiqaradi. Ammo, uning erkini turli-tuman tabiiy va sun’iy toʻsiqlar bilan mahdudlashtirishni xazm qilolmayman. Dunyodagi barcha goʻzallik his-tuygʻular hosilasidir. Chunki tuygʻularimiz bizni hech qachon aldamaydi. Ular tufayli biz qisqagina hayotning lazzatlaridan bahra olishimiz, zavqlanib yashashimiz mumkin.
— Inson faqat oʻz hislariga boʻysinib yashasa, aqliga quloq solmasa, oqibatda uni halokat kutmaydimi?
— Aslida har birimizni kutyapti bu halokat. Oʻtayotgan har bir kun, soat va daqiqlar bizni ana oʻsha halokat sari olib boraveradi. Biz esa oʻsha soʻnggi lahza qachon kelishini bilmaymiz. Ehtimol, yigirma yildan keyin, balki bir yil yoxud bir oydan soʻng... Kim bilsin, ertaga yoxud bir soatdan keyin nima boʻladi? Faqat oʻz aqlimizga boʻysunib, his-tuygʻularimizni zoʻrma-zoʻraki jilovlab, umrimizni rangsiz, jilosiz oʻtkazishimiz mumkin. Aynan ana shu «sarhad»lar tufayli necha-necha orzular armonga aylanadi. Qancha-qancha oshiqlar oʻz ma’shuqalariga sevgilarini izhor etolmay, armonda oʻtadilar. Tuygʻularni jilovlash orqali cheksiz lutfu marhamat, zavq-shavq va ehtiros baxsh etishi mumkin boʻlgan lahzalarni intiqlik, zerikish va uqubatda oʻtkazish mumkin.
— Lekin, koʻngil mayliga boʻysinib, koʻpgina xatolarga yoʻl qoʻyish, qancha-qancha gunohlarga qoʻl urish, kimlarningdir koʻnglini, hatto hayotini barbod etish mumkin. Iymon-e’tiqod, xolislik, sadoqat degan insoniy tushunchalar qaerda qoladi?
— Men e’tiqodga qarshi emasman. E’tiqodsiz yashab boʻlmaydi. Zotan, itoat, sigʻinuvchanlik har bir insonga xos. Oʻzini ashaddiy dahriy bilgan kimsalar ham qandaydir puch, betayin gʻoyalarga ishonadilar. Kimdir pulga, mansabga yoxud oʻzi ideal deb bilgan shaxsga sigʻinadi. Ammo e’tiqodni oʻylab, dunyo lazzatlaridan voz kechish, tarki dunyo qilishni men hayotga insbatan xiyonat, noshukurlik deb bilaman. Siz aytgan sadoqat esa, qoʻrquv va jur’atsizlikning chiroyli nomlanishi xolos. Oʻzini vafodor, sadoqatli sanagan koʻp odamlar ham xiyonatga moyil boʻladilar. Kimdan yoki nimadandir qoʻrqqani, tortingani, oʻziga nisbatan ishonchsizligi, qat’iyat va jur’at yetishmagani bois, bu ishning uddasidan chiqolmaydilar.

Uning bu soʻzlariga ich-ichimdan qarshi chiqsam-da, fikran uni yengishga oʻzimda kuch topolmasdim. Bunday qat’iy, ayni paytda qoʻrqinchli fikrlar meni muzlatib qoʻygandi. Uning aynan oʻzi aytgan fikrlarga, aqidalarga xos ish tutishi muqarrarligini oʻylab, dahshatga tushardim. Demak, men sevgan odam menga hech ikkilanmay xiyonat qilishi va oʻzini bemalol oqlay olishi ham mumkin. Lekin bu mulohazamni tilimga chiqarishga qoʻrqardim. Avvalo, u mendan hech narsani darigʻ tutmagan esa-da, meni sevish-sevmasligini bilmasdim. Buni bilgan taqdirimda ham, «siz menga xiyonat qila olasizmi?» deya soʻrashga yuragim betlamasdi.

Shu chogʻ Uning telefonidan taralgan tanish ohang xayollarimni toʻzgʻitib yubordi. Oʻsha qoʻshiq: «Dilimdagi eng oʻtli nolam...».

Negadir Dilsoʻz qoʻngʻiroqqa javob qaytarmay, telefon ekraniga uzoq qarab turdi. Chamamda unga sim qoqayotgan kishining maqsadidan koʻra, oʻzi oʻnlab-yuzlab marta eshitgan ohangni tinglash maroqliroq edi.
— Ajoyib qoʻshiq, - dedi oʻziga oʻzi gapirayotgandek. - Har qanday she’r yoki qoʻshiqni yolgʻon deyishim mumkin. Lekin buni emas. Siz nima deb oʻylaysiz, yana ellik yil, yuz yildan keyin ham shu qoʻshiqni odamlar tinglasharmikin?

Majhul qiyofada yelka qisdim.
— Bilmadim. Odamlar «Dilxiroj»ni, «Tanovar»ni, «Choʻli Iroq»ni yuz yillardan beri eshitib kelishadi. Bax, Betxoven, Motsart, Chaykovskiy yaratgan musiqiy asarlarni yana ming yildan keyin ham eshitishiga shubham yoʻq. Bu qoʻshiq.... bilmadim, buni faqat vaqt koʻrsatadi.

Dilsoʻz menga xuddi sehrlangandek bir muddat xayolchan tikilib qoldi. Ayni fursatda u kuy tinglayaptimi, xayol suryaptimi, yoki mening javobimni oʻzicha munozara elagidan oʻtkazayaptimi, bilib boʻlmasdi.

Uning chehrasidagi oʻychanlik, taraddud va goʻzallik uygʻunlashib, jonsoʻz malak qiyofasini yaratgan edilar. Nega shunday betimsol latofatga befarq qarab turishim kerak, nega endi qirmizi dudoqlar titrabgina uzatib turgan boʻsalardan voz kechishim kerak? Nega menga eng laziz, shirin lahzalarni tuhfa etishi mumkin boʻlgan joʻshqin hislarimga quloq solmasligim kerak?
— Shoshmang... hozir... bir narsa soʻramoqchiydim.... Iltimos, bir pasgina... tinglang meni! Esingizdami, anovi... muncha shoshilasiz? Men haqimda asar yozaman degandingiz-a? Zoʻr asar, hech kimni befarq qoldirmaydigan, hech qachon oʻlmaydigan asar... Yozasiz-a?

Aytgan boʻlsam aytgandirman, bunaqa paytda inson bafurja oʻylash, fikr yuritishga qodir boʻlolmaydi. Koʻzlar hech narsani koʻrmaydi, quloqlar eshitmaydi. Lablar refleksiv tarzda, oʻz-oʻzidan entikib shivirlaydi:

Albatta, albatta... hammasi siz aytgandek boʻladi!...

* * *

Unga va’da berishga berdim (boshqacha boʻlishi mumkin ham emasdi), ammo oʻylab qarasam, imkonsiz bir ishni oʻz uhdamga olganga oʻxshayman. Axir u haqda nimayam yozishim mumkin. Qolaversa, men Dilsoʻz oʻylaganday yuksak iqtidor sohibi emasman. Yozganlarim haminqadar boʻlsa! Imkon darajasida nimadir yozdim ham deylik. Ammo badiiy asarning oʻziga yarasha talablari, qoidalari boʻladi. Asar ma’lum bir voqelik ustiga quriladi, uning fabulasi, syujeti, kompozitsiyasi boʻladi. Har bir asarda tugun, kulminatsiya, yechim degan narsalar boʻlishi kerak.

Xoʻsh, men Dilsoʻz haqida nimani yozaman? Faqat uning goʻzalligini tasvirlash bilan ish bitmaydi-da! Darvoqe, mana shu hozir yozayotganlarim-chi? Aslida, bu chizma-qoralar oʻzimdan boshqani qiziqtirishiga koʻzim yetmaydi. Bu bitiklarni Dilsoʻzga koʻrsatganim bilan hafsalasi pir boʻlishi turgan gap.

Chindan ham badiiy toʻqima, qoʻpolroq aytganda yolgʻon qoʻshmasa, asar risoladagidek chiqmaydi-da! Lekin aytilgan soʻz – otilgan oʻq. Biror chorasi topilar. Ammo Dilsoʻzning injiq tabiati. Qat’iy talablariga javob bera oladigan biror arzigulik gap yoza olishimga koʻzim yetmaydi.

Dilsoʻz! U yoʻq paytida xayolimga ne oʻylar kelmaydi. Ba’zida unga shu qadar tez bogʻlanib qolgani uchun oʻzimni koyiyman. Gohida bir-birimizga bogʻlab turgan rishtalar gunoh zanjiridan iborat ekanini oʻylab, yuragimga vahima oralaydi. Toʻgʻri, ba’zi tanish-bilishlarimga oʻxshab taqvoga berilmagan esam-da, kerak payti oʻzimni ogʻir gunohlar soyasidan chetga olib kelardim. Endi esa... Dilsoʻzning yonida har qanday gunoh salobatini yoʻqotadi goʻyo. Uning oʻtli quchogʻida na vijdon, na jahannam azobini tasavvur eta olaman. Oʻtmishda buyuk mutafakkirlar, tariqat shoirlari muhabbatni har qanday taqvoyu toatdan ustun qoʻyishganini eslab oʻzimga taskin bergan boʻlaman. Agar ishq rostdan ogʻir gunoh sanalsa, nega musulmon Sharqida Farxodu Shirin, Layliyu Majnun, shayx San’on qissalari tildan tushmay kelayotir.

Axir men ham Dilsoʻzni sevaman-ku! Ilgari hayotni, undagi bor narsalarni oʻz koʻzim bilan koʻrar, oʻz qarichim bilan oʻlchardim. Endi mening qarashlarim ham, mezonlarim ham oʻzgardi.

Albatta, oʻtgan vaqt mobaynida munosabatlarimizni ham shar’iy, ham qonuniy asosda mustahkamlashni bir necha bor taklif qildim. Dilsoʻz esa turli vaj-korsonlar bilan bu ishni orqaga surib kelardi. (Qiziq, odatan, bu holning aksi hayotda tez-tez uchraguvchi edi).
— Siz nikoh deya ataydigan narsalarni ayollarni erlarga bandi qilib qoʻyadigan qullik zanjiriga oʻxshaydi, - degan edi u bir gal ana shunday mahram suhbatlarimiz chogʻida. - Bu haqiqatni siz erkaklar juda yaxshi tushunasiz va undan ustalik bilan foydalanasiz. Nikohdan soʻng erkak va ayol munosabatlaridagi tenghuquqlilik va erkinlik, muvozanat tamom yoʻqoladi. Bu Sharq erlari uchun ayniqsa xos. Erkak oʻz ayoli ustidan mutlaq ustunlik va hukmronlikni qoʻlga olishga tirishadi. Nikohdan avvalgi ehtiroslar, shirin lutfu marhamat, navozishu erkalashlar oʻrnini allaqanday majburiy me’yorlar egallaydi. Xotin zoti eriga xudodek itoat qilishi, amriga soʻzsiz boʻysunishi, uyini saranjom-sarishta tutishi, bola tugʻib berishi va shunga oʻxshash son-sanoqsiz vazifalarni mute’lik bilan bajarishi kerak. Er xotinni oʻzining shaxsiy mulki ekaniga shubhasi qolmagach, koʻchadan yangi, serishva, nozanin ma’shuqa qidirishga tushadi. Ma’shuqa va xotinning vazifalarida ayrim umumiyliklar boʻlsa-da, tafovut yeru osmon qadar. Xotinini tobe’ joriya oʻrnida koʻrguvchi erkakning oʻzi ma’shuqasining har bir xohish istagini bajo etishga hozir turadi. Erkak hech qachon oʻz ma’shuqasi ustidan na jismonan, na ma’nan hukmronlikni da’vo qilolmaydi. Chunki u oʻz oti bilan ma’shuqa. Bugun uniki boʻlsa, ertaga boshqasiniki. Inson zoti uyida ishonchli saqlanayotgan mulkidan emas, muvaqqat egalik qilib turgan narsalaridan ajralib qolishdan koʻproq qoʻrqadi. Binobarin, xotinlik mashaqqatidan ma’shuqalikning huzur-halovati men uchun afzalroq.

Dilsoʻzning bu «falsafasi» naqadar ochiq va achchiq boʻlmasin, bu fikrlarni chuqur mushohada qilishdan qoʻrqardim. Chunki Dilsoʻz ham oʻzi aytgandek mening hayotimdagi omonat ekani, qachondir meni tark etib ketishga toʻla huquqi borligini oʻylash, tasavvur etishga kuchim yetmasdi. Zotan, kutilayotgan noxushlik, xavf-xatar tahlikasi uning oʻzidan koʻra qoʻrqinchliroq.

Umrimning Dilsoʻz bilan uchrashgunimga qadar boʻlgan davri men uchun qanday kechganini endi oʻzim ham tasavvur qilolmayman. Lekin bundan keyingi hayotimni usiz kechira olishim mumkinligini aqlimga sigʻdirolmayman. Nahot oʻzim hali-hanuz yaxshi tanimagan, oʻtmishidan haligacha yetarlicha boxabar boʻlmagan bir ayol mening borligʻimni shu qadar tez va oson zabt eta olgan boʻlsa...

* * *

Bugungi ish kunim anchayin koʻngilsiz kechdi. Ertalab yigʻilishda bosh muharririmiz ham, uning ikki muovini ham yaxshigina poʻstagimni qoqishdi. Keyingi paytlarda ishga oʻta sovuqqonlik bilan qarayotganmishman. Xayolparastligim, parishonxotirligim me’yoridan oshib borayotganmish, ish paytida nimalarnidir (har qalay ishga taalluqli masalalarni emas) oʻylab, xomchoʻt qilib oʻtirarmishman.

Tan olishim kerak, tabiatimdagi bu oʻzgarishlardan oʻzim ham biroz xavotirdaman. Ilgari boʻlimga kelgan har bir maktub, xat-xabar yoki badiiy asar talab darajasida qayta ishlanib kotibiyatga topshirilar edi. Adabiy kotibimiz nafaqaga chiqqach hamma ish oʻzimga qolgan boʻlsa-da, boʻlimda bitta oʻzim qolganim deyarli sezilmagan, buning uchun rahbariyatdan bir muncha iliq gaplar ham eshitgan edim. Ammo, keyingi paytlarda koʻpgina topshiriqlarni koʻngildagidek yoki umuman bajarmaganim, ba’zida ruxsat soʻramay ishdan ketib qolganlarim bugungi yigʻilishda atroflicha muhokama qilindi. Jurnalimizning oxirgi sonidan mening aybim bilan yoʻl qoʻyilgan qoʻpol xato tufayli rahbarlarimiz yuqoridan ancha-muncha dakki eshitishgani bilinib turibdi. Xullas, buyogʻi Aziz Nesin yozganidek, «Musht ketdi»...

Ertalabki arzimas koʻngilsizlik kun davomida inson kayfiyatiga ta’sirini koʻrsatishi mumkin. Kuni bilan mening ham qoʻlim ishga bormadi. Tushlikda qorinni bir amallab aldagan boʻldim-da, biroz chalgʻish uchun mas’ul kotib xonasiga chiqdim. Yoshi qirqqa yetmagan boʻlsa-da, sochlari barvaqt oqara boshlagan hamkasbimiz bu paytda yangi son dizayni ustida dasturchi yigit bilan bosh qotirib oʻtirgan ekan. Kompyuter ekraniga koʻzim tushishi bilan xuddi tok urgandek seskanib ketdim.

Monitordan oʻychan nigohlarini noma’lum nuqtaga qadab turgan oʻychan, sohibjamol qiz... Dilsoʻz edi. Adashmayotganimga ishonch hosil qilish uchun xiyol egilib, suvratga diqqat bilan tikildim. Xuddi oʻzi. Oq va qora boʻyoqlarda hassos musavvirlarga xos hafsala va did bilan tasvirlangan ma’suma Dilsoʻzdan boshqasi boʻlishi mumkin emas. Fil suyagidek oq tiniq yuzlar ham, qaldirgʻoch qanotiday qalin va bejirim qoshlar ham, tungi sharsharadek serjilo sochlar ham, hatto chap yonogʻida gʻoyat ustalik bilan qoʻndirilgan xol ham oʻsha...
— Qalay, dahshatmi?, - hayratimni oʻzicha tushungan mas’ul kotib belimdan asta chimchilab qoʻydi. - Naq yeb qoʻyadiganday termilib qoldingiz, bir qarashda yurakdan urdimi deyman?

«Eh, sen nimaniyam bilarding, xumpar?».
— Bu... fotosuvratmi, yo qoʻl bilan chizilganmi? - soʻradim koʻzlarimni qisgancha, ekrandagi tasvirdan uzmay turarkanman.
— Chizilganu, lekin, xuddi fotosuvratning oʻzi deysiz. Bechora rassom butun kuch va iste’dodini shu asariga sarflagan ekan-da!

Turfa xayollar miyamda gʻujgʻon oʻynagancha, suvratga xuddi sehrlangandek qadalib turardim. Suvratdagi ayol aynan Dilsoʻzning oʻzi ekaniga zarracha shubham yoʻq. Lekin suvratning oʻzi ham menga juda-juda tanish koʻrinyapti. Tasodifan anchadan beri miyamda aylanib yurgan bir jumboqning javobini topgandek, koʻz oldim chaqnab ketdi. Bir necha oy ilgari markaziy koʻrgazmalar zalida koʻrganman bu suvratni. U paytlar hali Dilsoʻzni tanimadim. Hammasi ravshan! Demak, Uni ilk bor uchratganimda koʻzimga bejiz issiq koʻrinmagan ekan-da! Demak, suvrat muallifi ham Dilsoʻzni yaxshi taniydi. U bilan tanish, hatto juda yaqin boʻlishlari mumkin. Lekin, Dilsoʻz nega buni menga aytmadi?

«Nega endi menga aytishi kerak ekan?»

Bu miyamning yana bir puchmogʻida paydo boʻlgan, oʻz-oʻzimga qaratilgan ikkinchi savol edi.

Badiiy asarlar qanday yaratilishidan oz boʻlsa-da, xabarim bor. Asar prototipi musavvirlar tilida, adashmasam, «naturshitsa» deyilardi. Demak, Dilsoʻz asar muallifi bilan tez-tez uchrashib turgan, etyudnik yonida, musavvirning roʻparasida soatlab xuddi anavi ekrandagidek sokin, xayol surib oʻtirgan. Kim bilsin yana nimalar boʻlgan...

Vujudimga notanish bir titroq oʻrmalay boshlaganini his etdim. Chamasi, buni xonadagilar ham payqashdi.
-Tinchlikmi, siz bu suvratdagi qizni taniysizmi? - soʻradi mas’ul kotib xiyol kuyunchak va qiziqqon ohangda.
— Yoʻq - dedim, oʻzimni qoʻlga olishga, sir boy bermaslikka tirishib, - lekin juda chiroyli suvrat ekan, agar printerdan chiqarib bersanglar, xonamda, ish stolim ustiga qoʻyarmidim.

Dasturchi yigit «chatoq-ku» degandek mas’ul kotibimizga im qoqib kulimsiradi.
— Bu suvrat yaqinda Italiyada oʻtkazilgan tasviriy san’at festivalida yuqori oʻrinlardan birini egallabdi. Bu madaniy hayotimizdagi muhim voqea. «Shef» aytdi, jurnalning yangi sonida, muqovada shu suvratni berishimiz shart ekan.

Quloqlarimga ishonmasdim. Boyatdan menga tinchlik bermayotgan, yuragimni, turli-tuman shubhayu gumonlar olovida oʻrtayotgan savollarni tilimga koʻchirishdan oʻzimni tiyolmadim.
— Muallifi kim ekan bu suvratni, qachon, nima munosabat bilan chizgan, kim oʻzi bu ayol?
— Faqat birinchi savolingizgagina javob berishimiz mumkin... Qolgan savollarga faqatgina muallifning oʻzi javob berishi mumkin edi. Agar tirik boʻlganida....
— Nima, - shu paytda yuzimda qanday ifoda qalqqani faqat suhbatdoshlarimgina anglagan boʻlardilar. - Rassomning oʻzi oʻlganmi?
— Shoʻrlik yetti-sakkiz oycha ilgari oʻz ustaxonasida oʻzini osib qoʻygan ekan. Sababini soʻrab oʻtirmang, baribir men bilmayman.

...Dasturchi yigit oq qogʻozga koʻchirtirib bergan suvratni hardamxayollik bilan koʻksimga bosgancha, xonamga qaytdim. Joyimga oʻtirarkanman, suvratdan koʻz uzolmasdim. Agar bu suvrat rostdan inson qoʻli bilan chizilgan boʻlsa, demak, musavvir har qancha tahsinu tasannoga loyiq. Ammo baribir bitta narsadan yuragim gʻash edi: Nega endi muallif aynan Dilsoʻzning suvratini chizadi? Nahotki, bu roʻyi zaminda tasvirlash uchun undan-da munosibroq ayol zoti topilmasa! Ayni lahzada bu yuksak san’at asari muallifi nazarimda iste’dodli rassom sifatida emas, mening uyimga soʻroqsiz qadam bosgan, eng qimmatbaho mulkimga koʻz olaytirgan olchoq kimsa sifatida tasavvur uygʻotmoqda edi. Dilsoʻz ertayu-kech mening yonimda boʻlmasa-da, qachonlardir mendan boshqa odamga roʻbaroʻ kelishi, soatlab uning yonida qolishini tasavvur qilolmasdim.

* * *

Oʻsha kuni ham Uning uyida tong ottirdim...

Mening yuzimdagi taraddud va sinchkovlikning Dilsoʻzning e’tiboridan chetda qolishi mushkul edi. Sumkamdan haligi suvratni chiqarib, gap-soʻzsiz unga uzatdim. Dilsoʻz suvratni hissiz, loqaydlik bilan tomosha qilarkan, butun diqqatimni koʻzlarimda jamlab, uning chehrasiga razm soldim. Biror oʻzgarishni payqamadim. Uning qarashlari, yuz ifodasi xuddi oʻziga zarracha daxli boʻlmagan oddiy tasvir qarshisida turgandek befarq va osuda edi.
— Qalay? Menga oʻxshabdimi? - soʻradi xotirjam ovozda rasmni qaytarib berarkan.

Uning bu qadar loqayd va beparvoligi meni tamomila lol qoldirgandi.
— Bu suvrat Italiyada oʻtkazilgan katta festivalda mukofot olibdi, - deganimda Dilsoʻzning koʻzlarida bir elas quvonch uchqunlarini koʻrgandek boʻldim, ammo oʻsha zahoti uning yuzini doimiy tundlik egalladi.

Dilsoʻz bilan bugungi koʻrishuvimizga qadar gapni nimadan boshlashni, savol-javob qay taxlit davom etishiyu suhbatimiz taxminan qanday tus olishini chamalab kelgandim. Endi esa... nima deyishni, nima qilishni bilmay taraddudda qoldim.
— Siz... muallifni yaxshi tanisangiz kerak?.... - jur’atim shu savolni bermoqqa arang yetdi.

Orada noqulay jimlik choʻkdi.
— Suvrat xorijda yuqori baholanganini bilaman, - dedi Dilsoʻz nihoyat sukunatni buzib. - Vafot etganidan ham xabarim bor. Sizni nima qiziqtirayotganini ham yaxshi anglab turibman. Ha, biz yaqin edik. Shu javob sizni qanoatlantirsa kerak? Birgina suvrat mendan shubhalanishingiz, nooʻrin xayollarga borishingiz uchun yetarlicha asos boʻlolmaydi.

U bilan qachon, qaerda tanishib qolgandingiz?
— Savolingizdan rashk hidi kelib turibdi, - Dilsoʻz beixtiyor esnab, ogʻzini kaftini bilan berkitdi. - Lekin rashk har doim muhabbat timsoli boʻla olmaydi. Oʻta xudbin odamlar oʻta rashkchi ham boʻladilar. Ular faqat oʻzlarini sevishga va sevikli boʻlishga haqli deb biladilar. Boshqalarning qalbi, his-tuygʻulari ularni umuman qiziqtirmaydi. Rashk keltirib chiqaradigan badbin oʻylar, shubhayu gumonlar har ikki tomonning yuragini zaharlaydi, oradagi munosabatlarga darz yetkazadi. Sizni bunday toifaga kirishingizni istamasdim. Binobarin, rashk qilish uchun hech qanday asos ham, sabab ham yoʻq. Suvrat muallifi allaqachon bu olamni tark etib ketgan.

Undan boshqa biror tayinli gap olishimga koʻzim yetmasdi. Soʻraganim bilan gapni ming maqomga solib aylantiradi. Aqllilik qilib boshimni ogʻritadi, alaloqibat bu savolni berganim uchun oʻzim eng xudbin, nokas va nobakor kimsa boʻlib chiqaman.

Dilsoʻz esa stol ustida yotgan suvratidan koʻzlarini uzmay turardi.
— Muallif allaqachon tiriklar safini tark etgan. Unda tasvirlangan ayol ham qachondir yolgʻonchi dunyoni tark etishga mahkum. Ammo suvratdagi aks, mana shu mungli tabassum, navqiron chehra yillar oʻtsa-da, oʻz shaklini yoʻqotmaydi.

Ich-ichimdan rassomga nisbatan havasga ham, hasadga oʻxshamagan bir his uygʻonganini sezaman. Sezib turibman, U ayni paytda suvrat muallifi haqida oʻylayaptimi. Undan minnatdor ekanligi ham ma’yus nigohlarda ayon. Dilsoʻz badiiy asar qahramoni sifatida iz qoldirishni qanalik orzu qilishi haqida avval ham aytgandek boʻluvdi. Demak, marhum va mavhum musavvir uni orzusiga yetkazibdi-da! Nega endi men emas? Nahotki, shu ma’sumaning orzusini amalga oshirish menga nasib etmadi. Xoʻsh, bu ish mening qoʻlimdan kelarmidi? Axir men rassom emasman, oddiy, noʻnoq, oʻrtamiyona qalamkashman, xolos. U haqda tuzukroq narsa qoralaganim bilan Dilsoʻzdan olamshumul shoh asar qahramoni yarata olishimga kuchim yetmaydi.
— Men ham siz haqingizda nimalarnidir yozib yuribman, - xuddi boshligʻiga hisobot berayotgan xodimdek mute’ holatga tushganimni anglab, oʻzimdan xiyol ijirgʻandim, ammo bu paytda oʻzimni idora qila olmasdim. - Boshlashga boshladim, ammo, nima bilan yakunlashni bilmayapman. Axir... Har asarning mantiqiy yakuni boʻladi. Men aynan oʻsha mantiq va yechimni izlayapman.

Dilsoʻz menga xayolchan tikilib qoldi.

* * *

Bugun ayni paytga qadar kompyuter xotirasiga joylaganim – qaydlarni Dilsoʻzga oʻqitdim. U monitordan koʻz uzmasdan mening «ijod» mahsulimni boshidan oxiriga qadar oʻqib chiqdi, ammo, hech narsa demay, istehzoli kulimsirab qoʻydi. Men ham soʻramadim. Zero, uning nima demoqchi boʻlganini yuzidan uqib olgandim.

* * *

Noutbuk xotirasida «falsafa» faylida saqlanayotgan bu yodnomani soʻnggi marotaba bundan uch oy ilgari ochgan ekanman. Toʻgʻrirogʻi, uni Dilsoʻzning nigohidan bir sidra oʻtkazganimdan soʻng, yozishni toʻxtatganman.

Oʻzi soʻnggi uch oy ichida biror tayinli narsa yozganimni eslolmayman. Qoʻlim anchadan beri ishga bormay qolgan. Nazarimda butun dunyodan va undagi jonliyu jonsiz barcha nimarsalardan bezgandekman. Mulki borliqda meni oʻziga jalb etadigan hech nima yoʻqdek uoʻyo.

Darvoqe, Dilsoʻz... Mening rangsiz hayotimga nafosat va goʻzallik olib kirgan, soʻnib borayotgan hislarimga qayta joʻshqinlik ato etgan, muhabbat atalmish sirli va betimsol olamga olib kirgan, menga visol lazzati va firoq shiddatini teran anglamoq baxtini in’om etgan ham Uning oʻzi edi.

«Birovga qattiq koʻngil bogʻlamang, payti kelib u sizga dushman boʻlib qolishi ham hech gap emas», degan purhikmat hadisi sharif ma’nosini sal avvalroq bilganimdami edi... Sevgi chindan ham odamning koʻzini koʻr qilib qoʻyarkan. Sevganingiz koʻzingizga eng mukammal, benuqson, komil boʻlib koʻrinarkan.

Men Dilsoʻzda ham ana shu mukammallikni koʻrgandim. Uning qusurlari ham menga kamyob fazilat boʻlib koʻringandi. Uning oq va qora rang ittifoqini oʻzida mujassam etgan zohiriy qiyofasi, ma’noli boqishlari, jumboqlarga toʻla, hatto tushuniksiz mulohazalari, gʻayrioddiy fe’l-atvori meni tamomila sehrlab olganini sezmadim. Bir soʻz bilan aytganda Dilsoʻz allaqachon meni mendan judo qilgan ekan.

Nazarimda u mening yonimda mangu qoladigandek edi. Vaqti kelib, qachondir u bilan xayrlashmoq fursatiga hozirlanish u yoqda tursin, bu xususda oʻylab koʻrishga ham jur’at qilolmabman.

...Hammasi bir maromda ketayotgandi. Men baxt sururidan sarmast edim. Yeru koʻkka sigʻmasdim. U bilan birga oʻtkazgan damlarda men oʻzimni samo kengliklari uzra parvoz qilayotgan lochindek erkin va muzaffar his etardim. U ham quchogʻimda oʻzini suvdagi baliqdek osuda va xotirjam sezardi.

Muhabbatning huzurbaxsh gulxanida toblangan, mahbubaning latif navozishlari ila siylangan oshiq qalb uchun eng dahshatlisi bu – kutilmagan ayriliq.

Sharq nazmidagi gʻazalu qasidalarda ham, gʻarb shoirlarining sonet va balladalarida ham ayriliq, hijron eng ogʻir dard, eng dahshatli uqubat sifatida tilga olinadi. Ana shu ayriliq sabab Qays devona Majnunga aylanadi, Romeo oʻz Julettasi uchun zahar ichadi. Men buyuk mutafakkirlari tarannum etgan bu oshiqu ma’shuqlar qissasi shunchaki afsonalar asosida yaratilganiga ishonmayman. Dilsoʻzni yoʻqotib qoʻyganimdan soʻng, ishq va hijron qanchalik katta kuch ekanini tushunib yetyapman.

Oxirgi marta avtobus bekatigacha kuzatib chiqqanimdan beri koʻrganim yoʻq uni.

Oʻsha kuni tushgacha uning qoʻngʻirogʻini kutdim. Tushdan keyin oʻzim uning raqamini terib tusha olmadim. «Siz notoʻgʻri raqam terdingiz, bunaqa raqam bizda yoʻq». Raqamni qayta-qayta tersam-da, shundan boʻlak javob ololmadim.

Taajjub, Dilsoʻz bilan faqat shu raqam orqaligina bogʻlanar edim-ku! Nahotki, raqamini oʻzgartirgan boʻlsa? Nega unda raqamini oʻzgarganini menga aytmasligi kerak?

«Telefonini oʻgʻirlatibmi, yoʻqotibmi qoʻygan boʻlsa kerak», degan xayolda ikki kunni oʻtkazdim. Har qanday vaziyatda ham ikki kun u meni yoʻqlamasligini aqlimga sigʻdirolmasdim. Xayolimga bir-biridan vahimali oʻylar charx ura boshladi. Noxush xayollar ta’qibidan qochishga tirisharkanman, Yaratgandan Uni oʻz panohiga olishini, har qanday balo qazolardan asrashini yolvorib soʻrardim.

Undan darak boʻlavermagach, uchinchi kun ertalab shahar chekkasidagi kvartirasiga yoʻl oldim. (shu paytga qadar bu uyga Dilsoʻzning taklifi bilangina kelardim, oldindan xabar bermay, toʻgʻridan toʻgʻri uyiga kirib borganimni eslolmayman, (Har qalay uning ayol, mening erkak degan nomimiz bor. Koʻrgan koʻzga, eshitgan quloqqa gʻalati tuyuladi).

Eshik tugmasini uzoq bosib turdim. Ichkarida odam borga oʻxshamasdi. Ichimdagi xavotir, intiqlik tobora quyuqlashib borardi. Betoqatlik bilan temir eshikni mushtlashga tushdim. (Bunaqa paytda odam nima qilayotganini oʻzi bilmay qolarkan, uyda odam boʻlganida shuncha qoʻngʻiroqdan keyin eshikni ochmasmidi?)

Nihoyat... eshik ochildi. Faqal qoʻshni xonadonning eshigi.
-Ha, yigit, sizga kim kerak oʻzi, - asabiy ovozda soʻradi eshikdan kallasini chiqargan oʻris xotin. - Bu uyda bir yildan beri odam yashamaydi. Egasi ishlagani Rossiyagami, qay goʻrgadir ketgan. Nega ertalabdan odamning tinchini buzasiz?

Unga javob qaytarishga ulgurolmadim. Xotin «xuligan» degancha eshigini qarsillatib yopdi. Ikkimizdan kimdir qattiq yanglishayotgani aniq. Shuni aniq bilamanki, bu xonadonga avval ham bir necha bor kelganman. Uy ham, yoʻlak ham, qavat ham, eshik ham oʻsha va bu uyda Dilsoʻz yashardi. Adashayotgan boʻlishim mumkin emas. Bir haftacha ilgari shu uyda tunab ketganman. Demak, bir yildan beri hech kim bu yerga qadam bosmasligi, uning egasi «Rossiyagami, qaysi goʻrgadir ketgan» boʻlishi mumkin emas.

Kim bilsin, uyning avvalgi egasi uni Dilsoʻzga sotib yoki ijaraga berib ketgandir? Shunday deb oʻylasak... u bilan yonma-yon turadigan xotin bir marta boʻlsin, Dilsoʻzni koʻrmagan boʻlishi mumkinmi? Har qancha oʻylamay, bu jumboqni yecholmas, qaytaga chigil xayollarim battar chuvalashardi.

Telefoni javob bermasa, oʻzi uyida boʻlmasa.... qaerdan topaman Uni? Nahot U mendan bezib oʻzini olib qochib yurgan boʻlsa? Yoʻq, Men Dilsoʻzni yaxshi bilaman. Men oʻylaganimdek boʻlgan taqdirda buni mendan yashirib oʻtirmasdi. Ochiq-oydin yuzimga aytardi-qoʻyardi. Chunki, U his-tuygʻularini yashirishni, niqoblashni bilmasdi.

U bilan tanishibman, Uni sevibman, U bilan qancha baxtli damlarimni kechibdi-yu, qachondir Uni yoʻqotib qoʻysam, qaerdan izlashim kerakligini soʻramabman...

Shu tariqa yana bir necha kun, bir necha hafta oʻtdi. Har bir kunim «balki bugun Dilsoʻzning oʻzi sirli tabassum bilan qarshimdan chiqib qolar» degan umid bilan boshlanar, intizorlik va parishonlik bilan oʻtar va nihoyat umidsizlik, gʻam-alam bilan yakun topar edi. Dilsoʻz mening hayotimning yakkayu yolgʻiz mazmuniga aylanib ulgurgan ekan, meni yorugʻ dunyo bilan bogʻlanib turgan boshqa hamma narsalar oʻta gʻarib va arzimas boʻlib koʻrinyapti.

Kuni kecha majlisda yana ayamay tanqid qilishdi. Umuman, ishga sovuqqonlik bilan qarayotganmishman, ish sur’ati tamomila tushib ketganmish, boʻlimga yangi mudir tayinlanmasa boʻlmasmish. E, menga nima, oʻlib ketmaydimi? Men nima gʻamda yuribmanu, bular nima deb sayrashadi. Nima qilay, hamma narsadan koʻnglim sovigan, ishga qoʻlim bormay qolgan boʻlsa? Oʻtirsam ham, tursam, yursam koʻzim oldida Uning siymosi turgan boʻlsa nima qilay?

Vaqt oʻtgani sayin Uni topa olishimga boʻlgan umid tobora soʻnib borardi. Koʻnglim sezyapti, Unga nimadir boʻlgan. Aks holda suv tubiga choʻkib ketgan toshdek jimib ketmasdi.

* * *

— Sizga nima boʻldi oʻzi? Hammaning ogʻzida siz... Agar chindan tobingiz qochgan boʻlsa, ta’tilga chiqib, biroz dam oling. Balkim shifokorga uchraganingiz ma’quldir?

Shu boladan boshqa kim ham menga bu qadar gʻamxoʻrlik qila olardi? Boshqa hamkasblar oldimda oʻlganning kunidan iljayib, orqamdan tosh otishdan boshqani bilmasa... Ammo, bu yigitning ham hamdardlarcha aytgan soʻzlari yuragimni oʻrtayotgan qaygʻu otashini soʻndira olmasdi. Dilsoʻzni ilk bor avtobusda koʻrib qolganim haqida ham faqat unga gapirib berganman. Keyingi voqealardan esa, tabiiyki, xabari yoʻq.

Avval ham aytganimdek, Dilsoʻz bilan oʻrtamizdagi munosabatlar boshqalarga ham oshkor boʻlishini istamasdim.

Ayni paytda kimgadir butun dardlarimni, soʻnggi yarim yil ichida boshimdan kechirgan xush va noxush voqealarni bir boshdan aytib bergim kelardi. Ammo negadir, qandaydir bir kuch tilimga tushov solib qoʻygandi goʻyo.
— Ishq dardiga mubtalo boʻlganingiz koʻrinib turibdi, - dedi Oshnam siniq jilmayib. - Yana birorta ketvorganini uchratib qolgan chiqarsiz?
— Yoʻq, - dedim xayolchan bosh chayqab. - Koshkiydi uchratib qolgan boʻlsam. Bu gal... yoʻqotib qoʻydim...

Xuddi bexosdan muhim bir sirni ochib qoʻygan odamdek, birdan sergaklandim, tilimdan tutilganim aniq edi. Baloga qolganim shu. Bu bola to aniqlik kiritmagunimcha tinchimaydi.
— Yana oʻsha «Oq va qorami»mi? - soʻradi negadir oshnam favqulodda xotirjamlik bilan.

Yalang oyoq bilan bexos choʻgʻni bosib olgandek sapchib tushdim. Tavba, nahot hammasidan xabari boʻlsa?
— Kimni aytyapsan, - dedim sir boy bermaslikka tirishib.
— Haligi... bor edi-ku, oq va qora ranglar uygʻunligini bor boʻyicha oʻzida jamlagan, yuzlari sutga chayilgandek oppoq, sochlari oysiz tundek qop-qora, qoshu kipriklari ham atayin qora qalam bilan boʻyab qoʻyilgandek. Koʻzlari-chi, koʻzlari . Naq ohuniki! Manavi yerida sedanadekkina xoli bor. Oppoq sumkasi, qop-qora qoʻl telefoni...
— Menga qara, dedim nihoyat oʻzimni tutib turolmay. - Sen uni taniysanmi? Qaerda koʻrgansan?
— Hech qaerda koʻrmaganman, - dedi u oʻzini kulgudan arang tutib turarkan. - Hatto, koʻcha-kuyda oʻshanadaqa kiyimdagi, tashqi koʻrinishidan siz aytgandek qiz yo juvonni atay qidirib yurdim. Bir-ikkitasi oʻxshab ketsayam, baribir bitta «aybi» chiqib qolaveradi. Yo boʻynida yashil sharfi, yo oyogʻida qizil tuflisi boʻladi. Bittasini koʻruvdim, oʻziyam aniq oʻsha deb oʻylovdim. Lekin bechoraning dastroʻmoli pushtirang ekan.

Yana ermak qilyapti, yaramas. Bundan yarim yil avval aytgan gaplarimni toʻtiqushdek qaytaryapti. Hafsalam pir boʻlib, qoʻl siltadim.

* * *

Tavba! Shu paytga qadar Uni tanimasdim, Usiz ham hayotim oʻtib turuvdi. Oʻsha kuni, Dilsoʻzni bekatda uchratgan kunim hayotim butunlay agʻdar-toʻntar boʻlgan ekanu, men bilmay yuraveribman. Taqdir deb shuni aytisharkan-da! Boʻlmasa, men ishga oʻn besh daqiqa erta yo kechroq chiqqanimda, yo boʻlmasa, bekatda turgan «Oq va qora»ga umuman e’tibor qaratmaganimda, boringki, uni yana qaytib koʻrmaganimda hammasi avvalgidak tinch osuda davom etaverardi.

U hayotimdagi eng shirin tush, eng achchiq armon boʻlib qoladiganga oʻxshaydi. Axir u bilan birga kechgan xush onlarni qanday unutmoq mumkin?

Yarim tun, butun shahar mudrab yotgan bir paytda mening koʻzimga uyqu kelmaydi. Uxlaganim bilan tushimda ham Undan boshqa hech kimni koʻrmayman. Agar muhabbat faqat azob-uqubatdangina iborat ekanini avvaldan bilganimda, bu tuygʻuni bunchalar koʻkka koʻtarib maqtamagan. Inson qalbining gultoji, hayot nuri, umr mazmuni, mislsiz zavqu ilhom manbai va shunga oʻxshash balandparvoz ta’riflar bilan ulugʻlamagan boʻlardim. Fuzuliy hazratlari aytganidek, Aql yor oʻlsaydi, tarki ishqi yor etmasmidim.

U yonimda boʻlgan lahzalarda xonam men uchun koʻzimga muhtasham saodat qasri boʻlib koʻrinardi, endi esa, xuddi bir kishilik xibsxonadek tor va rutubatli. Shu toʻrt devor, ular orasidagi odmigina jihozlar hayotimdagi eng orombaxsh, totli onlarning guvohi boʻlgan. Yuzimni paryostiqqa bosarkanman, bexosdan dimogʻimga Dilsoʻzning sochlaridan ufurib turadigan ifor oqib kirgandek boʻladi. Yuzlarimni xuddi Dilsoʻzning haroratli, zarif yonoqlariga bosgandek entikib ketaman. Keyin esa... aldamchi lahzalar chekinib, yana tanholik qoʻynida qolaman.

Stol ustida Uning suvrati. Oʻsha, marhum rassom ishlagan, jahon aro katta muvaffaqiyat qozongan suvratning nusxasi. Soatlab unga tikilib oʻtiraman. Yuzlarida aks etgan kinoyali tabassum ma’nosini anglamoqqa urinaman.

Beixtiyor suvratning orqasida, kichkina harflar bilan nimadir yozilganini payqadim. Bu... Dilsoʻzning dastxati. Qachon yozibdi, nega shu paytgacha e’tibor bermadim, ekan. Stol chirogʻi yorugʻida hijjalab oʻqishga tutindim. Birinchi satrdanoq tushundim – bu oʻsha, Dilsoʻz yaxshi koʻradigan qoʻshiqning matni-ku:

    «Dilimdagi eng oʻtli nolam,
    Isming aytsam, yashnaydi olam.
    Lobar oʻzing, dilbar ham oʻzing,
    Sen oʻzingsan nafis gul-lolam.
    Oʻzingdirsan husnda tanho,
    Zuhro ham sen, sen oʻzing Laylo,
    Izlaringni oʻpar yuz Tohir,
    Ming bir Majnun ishqingda shaydo».

She’rni ikki qayta oʻqib chiqdim. Shunday qoʻshiqlar borki, uning soʻzlarini hech qanday musiqasiz, oddiy she’r tarzida oʻqishning iloji yoʻq. Bunday «she’r»ning juni ustarada qirilgan mushukdan farqi qolmaydi. Garchi rahmatli xonandaning bu qoʻshigʻi ancha dong taratgan boʻlsa-da, matnida biror yangilikka, «tesha tegmagan» tashbehu mubolagʻaga koʻzim tushmadi. Har qalay she’r ham qoʻshiqchining ijod mahsuli boʻlsa kerak. Oʻzi keyingi paytlarda qoʻshiqchilar shoirga beradigan arzimas choychaqani ham tejab qolish maqsadida shu yoʻlga oʻtib olgan.

Ammo, bu bitiklar men uchun baribir aziz. Chunki, bu dastxat – Uniki. Shu choq kutilmagan hodisa yuz berdi. Avaliga qogʻoz yuzidagi harflar hammasi bir-biriga chaplashib ketgandek boʻldi. Keyin esa, har bir satr boshidagi harflar alohida boʻrtib chiqdi. Yo alhazar! Varaqda tepadan pastga qarab bitilgan birgina soʻz – Uning ismi paydo boʻldi: - Dilsoʻzim!

She’r muvashshah shakilida yozilganini shu paytga qadar bilmagan ekanman. Ana gap qaerda! Demak, qoʻshiq Unga atab yozilgan. Har qalay, boshqa Dilsoʻz boʻlganida U qoʻshiqni bunchalar yoqtirib qolmagan boʻlardi. Demak, qoʻshiqchi bilan Uning orasida biror gap boʻlganmi? Manavi suvratni ishlagan rassom bilan-chi! Eng hayratli va qoʻrqinchlisi ularning har ikkisi sirli oʻlim topgan. Ayni paytda ular hayotidagi eng yaxshi asarini bir kishiga bagʻishlagan. Nega? Nima sababdan?

Badanimga yengil titroq yugurdi. Peshonamni sovuq ter bosayotganini sezdim...

* * *

Bugun men Dilsoʻzni koʻrdim....

Ammo... Bu holatni koʻrgandan koʻra, koʻzlarim oqib tushgani ming marta yaxshi edi.

Dilsoʻzsiz oʻtayotgan toʻrtinchi oyning birinchi kuni. (Ha, bu kunlarning har biri bir yilga teng edi va bu yillarning har biri qanchalar ogʻir, dilgir va azobli kechishini soʻz bilan ifodalab berolmayman). Oyoqlarim meni oʻzlari oʻrganib qolgan yoʻnalish boʻyicha ishxonam tarafga sudrab borardi. Avtobusdan tushgach, tahririyat joylashgan binoga yetgunimcha toʻrt yuz-toʻrt yuz ellik qadam bosishim kerak. (Axir, oʻn yildan beri shu yoʻnalishda qatnayman).

Kun sovuq, koʻchada odam sanjob edi. Oʻn qadam ham yurmagan edim, yoʻlning narigi betida turgan Dilsoʻzni koʻrib, joyimda taqqa toʻxtadim. Adashgan boʻlishim mumkin emas, koʻrish qobiliyatim shubhadan xoli. U kiyinishi, yurish-turishi, soch turmagi, hatto qarashlari bilan shahardagi, ehtimolki, butun dunyodagi ayollardan ajralib turadi, desam ishonavering.

Nafasim boʻgʻzimga tiqildi. Yuragim qinidan chiqqudek shiddat bilan tepsa-da, oyoqlarim yerdan uzilmasdi, xuddi tuflimning tagcharmi asfalt ustiga yopishib qolgandek. U ham meni koʻrdi, Unga qoʻl koʻratib ishora qilmoqchi edim. Tavba, qoʻllarimning har biriga ellik kilodan tosh bogʻlab qoʻyilgandek, ogʻirlashib ketgan edi. Koʻtarishga kuchim yetmadi. Chaqirmoqchi edim, ovozim chiqmadi. Menga nima boʻlyapti oʻzi.? Shunda kutilmagan hodisa yuz berdi. Oppoq Neksiya kelib Undan uch-toʻrt qadam berida toʻxtadi. Haydovchi (aniq koʻrdim: aslzodalarga xos bashang kiyingan, qirq-qirq besh yoshlar chamasidagi basavlat erkak) mashinadan tushdi-da, tavoze bilan oʻtib, Dilsoʻz bilan quyuqqina soʻrashdi va iltifot bilan orqa eshikni ochdi. Dilsoʻzning yuzidagi muloyim tabassum aniq koʻrinib turardi. Haydovchi nimadir dedi shekilli, Dilsoʻz boshini orqaga tashlab, qah-qah otib kuldi. (Biror marta uning bunday ochilib-sochilib kulganini koʻrmagan edim). Keyin esa, kibor xonimlarga xos istigʻno bilan mashinaga oʻtirdi. Eshik yopilayotganda, U men tarafga birrov koʻz tashladi (bunga ham shubham yoʻq). Ana shu qarash meni uygʻotib yuborgandek boʻldi. Qotib turaveramanmi? Nega jim turishim kerak? Orqasidan yugursam-chi!

Yoʻlni qanday kesib oʻtganimu, qay tariqa mashina toʻxtatganim esimda yoʻq. Birinchi kelib toʻxtagan Matiz haydovchisiga «Anavi oq Neksiyani orqasidan hayda» deb buyurganimni bilaman, xolos.

Oradagi masofa qisqarib borardi. Mana hozir Neksiyani quvib oʻtamiz. Keyin-chi, keyin nima qilaman? Haydovchining yoqasidan olarmidim? Dilsoʻzning yuziga tarsaki tushirarmidim? Yoki Neksiyaning oynasini urib sindirarmidim? Bular haqida hozir, oradan bir necha soat oʻtib, oqshom payti noutbuk qarshisida oʻtirib oʻylayapman. Oʻsha paytda esa, xayolimga hech narsa kelmasdi. Neksiyani quvib oʻtish ham nasib qilmagan ekan. U navbatdagi svetoforning yashil chirogʻida oʻtib keta oldi. Bizni esa, qizil chiroq tutib qoldi.
— Oʻv uka, oʻtirasanmi, yashil yonishini kutib, haydasang-chi, - nafasim boʻgʻilib qichqirdim, haydovchi yigit menga qarab koʻzini olaytirdi:
— Oka, hazillashvosmi? Togʻam yo amakim GAIda ishlaganida oʻzim bilardim. Oʻzi yaqindagina pravamni suddan qaytarib olgan boʻlsam...

Yoʻlimiz ochilganida boyagi Neksiya allaqachon koʻzdan gʻoyib boʻlgandi. Tavakkal qilishdan ma’no yoʻq edi. Mashinani orqaga qaytartirdim.

Koʻz oldimda boyagi manzara qayta-qayta jonlanaveradi. Dilsoʻzning istehzo ila kulib turgan xoin, ha-ha xoin chehrasi, haydovchining oliymaqom jazmanlarga xos iltifotini eslab, qonim qaynaydi. Axir U meni koʻrdi-ku! Koʻra turib, bepichsandlarcha qoʻl siltab ketdi-ku! Men boʻlsam, uch oydan beri betayin bir xotinni deb, devona boʻlib yuribman. Bu ne koʻrgilik, sen kim uchundir kuyib yonsang, dunyo va undagi bor narsalardan voz kechsang, oʻzingdan koʻra koʻproq uni oʻylasang, joningni berishga tayyor tursang-da, bu jonfidoliging, dilsoʻxtaliging oyoq osti boʻlsa, toptalsa... Dunyoda borligingdan, tirikligingdan pushaymon boʻlib ketarkansan.

Bunaqa ma’shuqaga ming la’nat, bunday ahmoq oshiqning oʻlib ketgani, chirib-bitgani ming karra afzal. Bunaqa muhabbatni yer yutib ketmaydimi?

Oka, kim bilan gaplashib ketvossiz?

Haydovchi yigitning tanbehidan keyin angladimki, boyadan beri oʻzimga oʻzim gapirib kelayotgan ekanman. Arang oʻzimni qoʻlga oldim. Mashina boyagi bekat oldiga kelib toʻxtadi. Yuzimga sovuq havo urilib, oʻzimni xiyla yengil his etdim. Soʻnggi oʻn daqiqa ichida yuz bergan voqealarni oʻzimcha tahlil qilishga urindim. Boyagi ayol rostdan ham Dilsoʻzmidi yo menga shunday boʻlib tuyuldimi? Ehtimol u boshqa ayoldir? Chindan Dilsoʻz boʻlgan taqdirda ham meni aniq koʻrdimikin? Balki, umuman koʻrmagan yo tanimagandir? Mashinasiga mindirib ketgan anavi erkak ehtimolki, yaqin qarindoshi yo tanishidir? Darrov yomon xayollarga borishim... Baribir hali-hanuz oʻzimni oʻnglay olishimga koʻzim yetmasdi.

Ichkilikka uncha xushim yoʻq. Ammo shunday paytlar boʻladiki, ich-etingni kemirayotgan iztiroblardan qutulish uchun kasofat aroqning aldamchi tasallisiga ehtiyoj sezasan.

Tahririyat joylashgan binoning birinchi qavatidagi qahvaxonaga kirib, ikki yuz gramm aroq oldim. Boʻgʻzimni kuydirib oʻtgan aroqning harorati yuragimni oʻrtayotgan qudratli alanga tafti oldida hech gap emasdi. Undan keyin yana qancha ichganim yodimda yoʻq. (Har qalay bir shisha aroqni bir oʻzim ichib, mast boʻlmagan paytlarim esimda). Keyin... liftda bosh muharririmiz bilan toʻqnash kelib qolganimiz, allaqanday baqir-chaqirlaru yuzimga kelib urilgan shapaloqni elas-elas eslayman.... Bir payt koʻzimni ochsam, meni sudragudek boʻlib, yoʻlakdan olib kirishyapti. Keyin bilsam, biz bilan ishlaydigan ikki yigit meni oʻz uyimga opkelib tashlagan ekan.

...Choshgoh payti boʻlsa kerak, boshimni ayovsiz siquvga olayotgan ogʻriqmi, telefonning asabiy jarangimi, ishqilib nimadir meni qoʻqqisdan uygʻotib yubordi. Goʻshakni koʻtarsam, ishxonamizdagi kadrlar boʻlimi boshligʻi, badqavoq, hoʻppa-semiz xotin:
— Bugunoq kelib, oʻz ixtiyoringiz bilan ishdan boʻshatishni soʻrab, ariza yozib ketarkansiz. Rahbar shunaqa dedilar.

* * *

Yana qandayin kuch meni ish stolimga, kompyuter qarshisiga sudrab olib kelganini bilolmadim. Har qalay ichkilik kayfi tarqab, bosh ogʻrigʻi ham chekingani, miyam har qachongidan koʻra aniq-tiniq ishlayotgani bor gap. Chin, ertalabdan beri qanday voqealar yuz berganiyu, endi nima boʻlishini ochiq-oydin his etib, hatto koʻrib turibman.

Men taqdir tashlagan chilvirga juda oson ilindim. Bu ehtiyotsizligim uchun oʻzimni kechirishga haqqim yoʻq. Dilsoʻzni shu choqqa qadar qismatning menga yoʻllagan eng buyuk in’omi deb oʻylab keldim. Aslida u men tomonga joʻnatilgan halokat elchisi ekanini kech, ayni lahzalardagina anglab yetdim.

Shu tobgacha metin irodamni muhtojlik yemirolmadi. Mansab, shon-shuhrat uchun or-nomusimni barbod qilmadim. Turfa kazzoblar, mutakabbir kimsalar oldida boshim egilmadi. Ammo bir makkoraning hiyla-nayranglari, qabih falsafasi, telbavor fikr-mulohazalari, erkaliklari, hoyu havaslari osongina mahv eta oldi.

Aslida Undan gina qilmasligim kerak. Sigaret qutisi chekishning kasofatini yaqqol oʻzida aks ettirib turgani bilan, kashandalar bu haqiqatdan koʻz yumgani misol, men ham uning gap-soʻzlari, ogohlantirishiga emas, koʻproq oʻz nafsim istagiga, koʻngil mayliga quloq tutdim. Zotan, u qanchalik xudbin, shafqatsiz va sovuqqon ekanini har bir soʻzi ayon etib turgandi-ku! U oʻz hayoti, hoyu havaslari, mantiqsiz istaklari uchun hech narsadan qaytmasligi ayon edi-ku!

Shu paytga qadar hayotim xiyla gʻarib, xiyla zerikarli boʻlsa-da, tinchgina yashab kelayotgan edim. Ortiqcha gʻam-tashvishim yoʻq edi. Hayotimning tamomila izdan chiqib ketishiga nima sabab boʻldi – Dilsoʻzning mash’um «oʻyin»larimi, oʻzimning irodasizligimmi yoxud taqdiri azalning taqozosi - oʻylab oʻyimga yetolmasdim.

Men uchun eng dahshatlisi shu ediki, qalbimni, jismu jonimni butun borligʻimni egallagan fotih ayol endi meni xuddi tarvuz poʻchogʻidek bir chetga uloqtirib, oyoqlari bilan bosib-yanchib ketayotir. Bu haqiqatga qanchalik yaqin boʻlmasin, ishongim kelmay turardi. Nazarimda hozir eshik qoʻngʻirogʻi jiringlab, U kirib keladigandek, odatiy sirli tabassum bilan, tortinmasdan boʻynimga osiladigandek edi. Kelsa-yu, oʻz koʻzim bilan koʻrgan barcha voqelikni rad etsa, «u men emas, siz boshqa birovni koʻrgansiz» yoxud «birovning mashinasiga chiqish bu katta gunoh emas-ku, shunchaki ish yuzasidan oʻsha kishi bilan bir yerga boruvdim» yo boʻlmasa «u kishi mening yaqin qarindoshim boʻladi, sizni koʻrmabman, koʻrsam ham tanimabman» deb uzr soʻrasa, men unga jon-jon deb ishongan boʻlardim. Garchi hammasi gʻirt yolgʻon boʻlsa-da. Axir, chindan ham achchiq haqiqat zahrini yutishdan koʻra shirin yolgʻon sharobini sipqarishga moyilroqmiz.

Ammo soʻnggi ojizgina umid shu’lasi ham uzoqqa bormadi. Daf’atan telefon asabiy jiringladi. Hoynahoy yana ishxonadan yoʻqlashayotgandir. Aytgancha, meni nega ishdan boʻshatishdiykin? Oʻzi keyingi paytlarda qaerda ishlashimni, nima ish bilan shugʻullanishimni ham paqqos esimdan chaqarib qoʻygandim. Ertalab qahvaxonaga kirib boʻkib ichganim esimda. Liftda muharrirga biror nojoʻya gap aytgandirman, ehtimol nimadir noloyiq ish qilganmanki, shunday keskin chora koʻrishibdi.

Oʻlib ketmaydimi? Endi menga ishning nima keragi bor? Nima uchun, kim uchun ishlashim kerak? Shu paytga qadar biror ishni qotirib qoʻyganmidim? Mendan nima istashadi? Bir enlik arizayu tirnoqdekkina imzo bilan qutulamanmi?
— Allo, - dedim zarda bilan.

«Salom...»

Birdan paxtadek boʻshashib ketdim. Ovoz boya qoʻngʻiroq qilgan «Miss kadr»ning emas. Aynan Dilsoʻzning ovozi edi. Nafasim ichimga tushib ketdi.

«Ovozimni eshitib goʻshakni otib yubormaganingiz yoki goʻshakni ilib qoʻymaganingizdan xursandman. Uzoqda boʻlsam-da, sizning mahzun qiyofangizni koʻryapman, hatto, miyangizda kechayotgan fikrlarni ham oʻqib turibman. Siz meni haqoratlash uchun bisotingizdagi bor tahqiromuz soʻzlarni tilingiz uchiga jamlab turibmiz. Eng hayotbaxsh dorining ham muddati oʻtsa, oʻtkir zaharga zaharga aylanishi turgan gap. Eng kuchli muhabbat ham payti kelib eng kuchli nafrat va gʻazabga aylanadi. Ammo sizga ishonaman. Gapimni boʻlmay, oxirigacha eshitishga imkon topa olasiz».

Ochigʻini aytsam, chindan ham pichoq borib xalqumimga qadalgan edi. Hozir Uning chigal falsafasiga quloq osishga hech qanday ragʻbatim yoʻq edi. Avval yaxshilab soʻkib, keyin goʻshakni taraqlatib joyiga mixlash niyatim ham yoʻq emasdi. Tavba. Menga nima boʻlyapti? Kunduzi ham oyogʻim yerga yopishgandek ana shunday «falaj» vaziyatga tushib qolgandim. Endi esa tilim tanglayimga, goʻshak esa qulogʻimga yopishib turar, bu holatni oʻzgartiri uchun oʻzimda kuch topolmasdim.

«Sizning hayotingizga kirib borganim, boshingizga turli koʻrgiliklarni solganimdan tonmoqchi emasman. Ochigʻi, men shunday boʻlishini ilk bor uchrashganimizdayoq sezganman. Voqealar aynan shu taxlit davom etmaganida men oʻz qobiliyatim va salohiyatimdan qoniqmagan boʻlardim.

Siz meni sevganingiz qanchalar rost boʻlsa, men sizni sevmaganim shu qadar haqiqat. Zotan, men sevishni bilmayman. Chunki sevish oʻzlikdan tamomila kechish, butun borini sevikli inson uchun baxsh etish demakdir. Men bunday qilolmasdim. Chunki men hech kimni oʻzimchalik yaxshi koʻrolmayman. Balki, siz buni xudbinlik yo takabburlik, ehtimol butunlay boshqacha nom bilan atarsiz. Lekin men shu tarzda hayot kechirib keldim va bundan keyin ham hayot tarzimni oʻzgartirmasligim aniq.

Siz bilan oʻtgan damlar men uchun qiziqarsiz, bema’ni kechdi, deyolmayman. Chunki seni butun borligʻidan ustun koʻradigan kishi bilan yonma-yon boʻlish, uning hislarini yaqqol koʻrib turish men uchun qanchalik zavqli ekanini sezmagansiz. Sevish mashaqqatidan koʻra, sevimli ekaningni his etish lazzati yaxshiroq ekanini menchalik bilmaysiz.

Rost, men sizdan hech narsani darigʻ tutmadim. Siz meni jisman tasarruf etganingiz bilan, yuragimni egallab ololmadingiz. Ta’bir joiz boʻlsa, siz ulkan xazina yashirilgan sandiqni qoʻlga kiritdingiz, xolos. Bu sandiq ichidagi javohirot tufayli qimmatbahodir. Uning qopqogʻini ochib, javohirga ega chiqmas ekansiz, bu temir qutining qiymati oʻzgarmay qolaveradi».

Uning har bir soʻzi qulogʻimga xuddi simobdek oqib kirar, keyin miyamni ogʻulab, butun vujudimni oʻz izmiga ola boshladi.

«Men muhabbatning qudratli kuch ekaniga ishonaman. Ayniqsa, u ijod ahli uchun qanchalik buyuk ilhom baxsh etishi ham menga ma’lum. Esingizda boʻlsa, sizga Gyoteni, Danteni, Petrarkani misol keltirgandim. Ularga daholik baxsh etgan mahbubalarga qanchalik havas qilishimni aytgandim. Mendan buyuk san’atkor, shoir yo rassom chiqishiga koʻzim yetmasdi. Ammo, bolaligimdan oʻzim yoqtirgan asarlarning qahramonlariga koʻp taqlid qilardim.

Negaki, har qanday inson, hatto buyuk insonlarning ham biologik hayoti boshqasidan deyarli farq qilmaydi. Hamma qatori tugʻiladi, ulgʻayadi, qariydi, xastalikka chalinadi va oʻlib ketadi. Lekin, Farhodu Shirin ham, Gamlet va Ofeliya ham, Anna Karenina ham, Knyaz Mishkin ham, Kumush va Otabek ham hech qachon qarimaydi, asrlar osha yashayveradi. Shu tufayli ham ular bizdan koʻra baxtliroq.

Men ham ular qatori mangulikka da’vogar edim. Siz ana shu orzuyimga yetkazasiz, degan umidda edim. Sizning iste’dodingizga u qadar ishonmasam-da, oʻzimga, oʻz iqtidorimga ishonchim komil edi. Sizning menga boʻlgan muhabbatingiz. Sizning qalbingiz, ruhingizda men yasagan oʻzgarishlar ana shu orzuyim roʻyobini ta’minlashini juda-juda orzu qilgandim. Ammo siz men oʻylaginimdan koʻra, iste’dodsiz va baxtsiz odam boʻlib chiqdingiz».

Bu soʻzlarni eshitib, qattiq uf tortib yubordim. Ijod ahli uchun bunday haqqoniy va shafqatsiz tanqidni eshitish naqadar ogʻir ekanini bilasizmi? Ammo biror e’tiroz bildirmoqqa ojiz edim. U esa hujumni davom ettirardi.

«Siz oʻzingizni yetarli darajada iste’dodli deb hisoblaysiz va qattiq adashasiz. Siz yozgan narsalarni shunchaki ermak uchun ham oʻqib boʻlmaydi. Faqat vaqt va koʻz nuri bekor sarf boʻlgani qoladi, xolos. Butun hayotingiz, kuch-qudratingizni baxsh etgan soha uchun siz bir chaqalik foyda keltira olmasligingizni tushunasizmi? Siz buyuk yozuvchi boʻlish ishtiyoqida dunyoning barcha huzur halovatidan, ne’matlaridan voz kechdingiz. Oʻzingiz oʻylab koʻring. Oʻttiz yildan ziyod umr kechirib nimaga erishdingiz? Na mansab, na mol-dunyo, na obroʻ-e’tibor, na oila.. bularning hech biri uchun yelib yugurmadingiz. Shu turishingizda kimga keraksiz? Siz uchun joni bera oladigan, sizni kutadigan, sizni sevadigan bir inson bormi bu yorugʻ olamda? Nima uchun yashayotganingizni bilasizmi?»

Hozir yuragim tars yorilib ketadi. Nega bu majnunaning telba-teskari falsafasini eshitib oʻtiribman? U mendan nima istaydi oʻzi? Axir men unga nima yomonlik qildim? Nega bu gaplarni ovoz chiqarib ayta olmayapman? Nahot tildan qolgan boʻlsam?

«Bu hayotga nima maqsadga kelgan edingizu maqsadingiz qay darajada amalga oshdi? Oʻzingiz-ku, odamlardek mukammal, bekamu koʻst hayot tarzini yarata olmadingiz. Sizga berilgan umrni zerikarli, ma’nosiz oʻtkazdingiz. Na oʻzingiz, na boshqalar uchun biror esda qolarli ish qildingiz. Jimjiloqdek kelmaydigan qurt ham jonidan kechib, Ipak yaratadi. Zahmatkash ari ham bir necha oylik umri davomida shifobaxsh bol yaratib qoldiradi. Sizdan nima qoladi? Aqalli ortingizdan yigʻlab qoladigan, naslingizni davom ettiradigan zuryod qoldirishga ham qodir boʻlmadingiz. Siz allaqachon oʻlgan odamsiz. Chunki sizning qalbingiz allaqachon oʻlib boʻlgan. Faqat sharpangiz qolgan xolos. Sargʻayib uzilgan yaproq, qurib qaqshagan choʻp singari sharpangiz. Bu taxlit yashash sizga ogʻirlik qilmayaptimi?

Shundan keyin yo qulogʻim tom bitib qoldi yo boʻlmasa mal’una gapini toʻxtatdi. Nima boʻlyapti oʻzi? Sukunatning ham ovozi shu qadar baland, dahshatli boʻladimi? Yoʻq, hammasi boshdan boshlanyapti. Dilsoʻzning zaharli nutqi xuddi magnitofon tasmasiday qayta-qayta aylanyapti. Uning ovozi qaerdan kelyapti oʻzi? Yana telefondanmi? Nima balo, avvaliga oʻzi aytajak gaplarini yozdirib keyin qaytadan menga eshittiryaptimi?

Har bir gapning ma’nosini chuqur idrok etganim sari tafakkurim charogʻonlashib borayotir. Hammasi tushunarli. Men sevgan Dilsoʻz, mening yuragimga kirib, keyin simobdek yemirgan Dilsoʻz, avvaliga hayotimnnig mazmuniga aylanib, keyin uni mutlaq bema’nilikka aylantirgan Dilsoʻz... yo aqldan ozgan tentak, yo menga taqdir hukmini ijro etish uchun joʻnatilgan ajal farishtasi. Axir uning yurish-turishi, fikrlashi, zohiri va botini odamga oʻxshamasdi. Nazarimda uni mendan boshqa odam koʻrmagandek, koʻra olmagandek. Balki, hech qanday Dilsoʻzning oʻzi boʻlmagandir? Unda men hozirgina kim bilan gaplashdim?

Unda... anavi musavvir chizgan gʻayri oddiy suvrat-chi? Marhum qoʻshiqchining mashhur ashulasi-chi? Nega ularning har ikkisi dunyoni bu qadar erta tark etishgan. Dilsoʻz ularni ham shu taxlit mahv etib, oʻlimga mahkum etganmidi? Ularning qalbini zabt etib, ijodini yuksak choʻqqiga koʻtarib keyin oʻzlarini narigi dunyoga joʻnatdimi? Men hozir qay ahvolga tushgan boʻlsam, bir paytlar bu koʻrgilik anavi ikkalasining ham boshiga tushmaganmikin? U oʻzining tasavvur etib boʻlmas darajadagi xudbinligi, takabburligi, mudhish, qattol va xasta orzularini amalga oshirish yoʻlida kim-kimlarni ayovsiz oʻldiradigan man’yak boʻlsa-chi?

Men endi nima qilishni bilaman. Taqdir hukmi shu ekan, demak unga boʻyin egmay ilojim yoʻq. Lekin anavi makkoraning qurbonlar roʻyxati mendan keyin ham davom etarmikin? Boya kimning mashinasida yurgandi? Ehtimol kinorejissyordir? Balki, shoir yoxud haykaltaroshdir? Kim boʻlsa ham Dilsoʻzning qoʻlida ojiz qoʻgʻirchoqqa aylangani aniq.

Men-chi, nega jim qarab turibman? Xonanda ham, rassom ham yosh umrini uvol qilgan boʻlsa-da, oʻzidan nimadir qoldiribdi-ku! Yaxshimi, yomonmi, ular yaratgan asarlar har ikkisining umrini davom ettiryapti-ku! Mendan nima qoladi? Anavi noutbuk ichidagi rangsiz, boʻsh-bayov qaydlarmi? Avvaliga bu «qaydlar» hech qachon tugatib boʻlmaydigandek koʻringandi. Buning uchun oʻzimcha biror tugal nihoya, «mantiqiy yakun» boʻlishini kutmagan edimmi? Bas, bunday ortiq va haqqoniy yakun boʻladimi? Ha, bu «memuar»ni oʻzim, oʻz hayotim bilan yakunlashim mumkin!...

...Jon badanimni tark etib boʻlgandir degan xayolda edim. Yoʻq ravon fikrlayapman, qulogʻim tom bitib qolmagan ekan. Mana, goʻshakdan qisqa-qisqa gudok eshitilib turibdi. Daf’atan goʻshakni joyiga ildim, demak, qoʻllarim ishlayapti. Koʻzlarim koʻrayotganiga ham shubha yoʻq. Demak hali qiladigan ishimni oxiriga yetkazishga imkon bor.

Kompyuterni yoqib, haligi qaydlarni ochdim, yozganlarimni bir qur koʻzdan kechirdim. Koʻzimga qanchalar joʻn, haqir boʻlib koʻrindi bu misralar. Kundalik qaydlar, eskirgan fikrlar, oʻzgaruvchan qalbning rangsiz manzaralari. Bu «asar»ni faqatgina Dilsoʻzga bagʻishlagan eim. Aslida bu ta’rifu tavsiflarga u munosib emasligini hozir, soʻnggi lahzalardagina his etib turibman. Avvaliga butun matnni yoʻq qilib tashlash fikri ham tugʻildi. Buning qiyin joyi yoʻq. Matnni qoraytirib, klaviaturadagi bittagina tugmani bossam – boʻldi. Lekin, bunga qurbim yetmadi. Axir bu matn hayotimning soʻnggi onlarini, men yoʻl qoʻygan eng katta va mudhish xatoni koʻrsatib turuvchi yagona dalil.

Balki, mendan keyin kimdir bu qaydlarni topib. Biror joyda e’lon qilar? «Ajal farishtasi»ga duch kelgan musavvir oʻlimi oldidan oʻzining eng soʻnggi va muvaffaqiyatli asarini chizib qoldirdi, Xonanda yigit butun hislarini, muhabbatini qoʻshiqqa sola oldi. Mening esa, qoʻlimdan kelgani shu yozuvlar boʻldi.

Intihor – oʻz joniga qasd etish naqadar ulkan qabohat, kechirilmas jinoyat ekanini bilaman. Zero, biror jinoyatchi oʻz kirdikoriga qonunga zid ekani, jazo muqarrar ekanini bilmagan holda qoʻl urishini tasavvur qilolmayman. Endi hayotdan, yashashdan biror ma’no topolmasligim aniq. Hammasi tugaganini anglagan holda, muk tushib, ijodga shoʻngʻiganim oʻzimga ham gʻalati tuyulyapti. Tepamda ajal qilichini qayrab turibdi. Menimcha, samolyot samoda halokatga uchragan payti fojia sabablarini havo kemasining «qora quti»sida yozib qoldirayotgan uchuvchidek his qilyapman oʻzimni.

Qoʻllarim toliqyapti. Hech qachon bu qadar tez va koʻp yozmagan boʻlsam kerak. Tong otyapti. Ulgura olmayman deb qoʻrqaman. Boʻldi, hoziroq kompyuterni oʻchiraman-da, derazalarni, teshik-tuynuklarni berkitaman. Keyin esa, gaz plitasining har toʻrtala yongʻichini ochib oʻringa qaytaman va jimgina jonimni egasiga topshiraman.

Tamom

Oqqa koʻchirguvchidan:

Muhtaram oʻquvchi! Shundan keyin nima yuz berganini yaxshi sezib turibsiz. Uning soʻnggi qoʻlyozmasi qoʻlimga qanday tushib qolganini ham batafsil yozib oʻtirishni joiz topmadim. Faqat, shunisi aniqki, siz yuqorida oʻqigan sarguzasht egasi va muallifi endi ormizda yoʻq.

Uning ismi-sharifini, uning shaxsini fosh etishi mumkin boʻlgan ayrim jumlalar olib tashlanganini aytmaganda, matnga biror oʻzgartirish kiritganim yoʻq. Men bilan juda yaqin edi, rahmatli. Bunday deyishimga sabab bor. Siz oʻqigan bu asarda kamina ham bir-ikki bor tilga olinganman.

Men qoʻlyozmani oʻqib qay ahvolga tushganimni tasavvur qila olmasangiz kerak. Bu qoʻlyozmaning bir nusxasini tegishli idoralar vakillariga ham berdik. Ancha-muncha surishtiruv, qidiruv ishlari ham olib borildi.

Bir necha oy davom etgan bunday ishlar kutilgan samarani bermadi. Ajablanarlisi, marhum yozuvchining asaridagi Dilsoʻzdan biror nomu nishon topilmadi. Fojea yuz bergan kuni marhum oxirgi marta oʻsha ayol bilan telefonda gaplashgani yozgan edi. Tavajjubki, telefon stantsiyasidagilarning shahodat berishicha, xuddi shu kuni kechki payt uning uyiga hech kim qoʻngʻiroq qilmagan.

Beixtiyor marhumning satrlari haqiqatga yaqindek tuyulaveradi: «Balki, hech qanday Dilsoʻzning oʻzi boʻlmagandir?». Bu muammoni yechishga mening aqlim ham, kuchim ham yetmadi. Zotan, sizu biz yashab turgan bu koʻhna olam yechimsiz jumboqlarga, siru sinoatlarga toʻlib-toshib yotibdi. Yuqorida oʻqiganingiz fojeiy hikoyadan qanday xulosa chiqarish oʻzimizga havola.

Marhumning istagiga koʻra uni siz aziz oʻquvchilarga qanday boʻlsa shundayligicha yetkazdik, xolos.