OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifRustambek Shamsutdinov
Asar nomiButovo mahbuslari nega qatl qilindi?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Rustambek Shamsutdinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm33KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 40-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Butovo mahbuslari nega qatl qilindi?
Rustambek Shamsutdinov

20-30-yillarda Oʻzbekistondan «quloqlar» sifatida koʻplab qishloq aholisi nohaq Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Qozogʻiston va Sibirga surgun qilinganlar. Ular ham qatagʻon qurbonlaridir. Prezidentimizning bu taklifi xalqimizning ayni dilidagi muddao boʻldi.

20-30-yillardagi siyosiy qatagʻon koʻlami bu qadar katta va dahshatli boʻlganligini sobiq ittifoq hududlaridagi koʻplab kontsentratsion va mehnat tuzatuv lagerida qamoq jazosini oʻtab, jabru-jafo tortgan oʻzbek mahbuslari miqdoridan ham bilsa boʻladi.

Kimlar surgun qilingan, kimlar lagerlarga yuborilgan, kimlar otilgan, kimlar qamoqxonalarda, mehnat lagerlarida, surgun joylarida, urush janggohlarida oʻlib ketgan - bu kabi savollarga aniq, toʻla-toʻkis javob topish vaqti allaqachon keldi. «Katta terror» avjiga mingan 1937 yil 1 oktyabrdagi ma'lumotda SSSR Ichki Ishlar Xalq komissarligi lagerlarida 1-qism boʻyicha 20954, 2-qism boʻyicha 3275, 3-qism boʻyicha 21579, ya'ni jami 45868 oʻzbek mahbuslari qamoq jazosini oʻtayotgan edi. Ularning 2643 nafari Baykal-Amur lagerida, 1923 nafari Volga-Moskva kanali qurilishi - Dmitrov lagerida, 1554 nafari Uglich-Ribinsk qurilishi boʻlayotgan Volga lagerida, 1673 nafari Oqdengiz-Boltiq lagerida, 687 nafari Komi ASSRdagi Uxtim lagerida, 543 nafari Moldova ASSRdagi Temnikovo lagerida, 2247 nafari Vladivostok lagerida, 643 nafari Novosibirsk lagerida, 3029 nafari Toshkentdagi Oʻrta Osiyo lagerida edi.

Hujjatlarga koʻra 2-qism boʻyicha oʻzbeklardan 854 kishi Qaragʻanda lagerida, 23 kishi Narilskda, 1199 nafari Vyazemskda, 69 kishi Kalugada, 250 nafari Stalin stantsiyasi lagerida, 96 nafari Janubiy-Sharqiy Gavana lagerida, 47 nafari Podolsk aerodromi lagerida, 70 nafari Samara lagerida, 655 nafari Shimoliy-Sharqiy lagerida, jami 3275 oʻzbek borligi ta'kidlangan.

1937-1938 yillarda ana shu lagerlardagi oʻzbek mahbuslaridan bir qismi qaytadan qatagʻon qilinib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan va maxsus qatlgohlarda otilib, koʻmib yuborilgan.

Siyosiy mahbuslar otilgan va koʻmilgan joylar Moskva oblastida Vagankov, Don qabristonlari, Butovo, Kommunarka qishloqlari boʻlgan. Moskva oblasti boʻyicha 1937 yil 8 avgustdan 1938 yil 19 oktyabrgacha 20675 kishi otilib, Butovo, Kommunarka qishloqlariga koʻmilgan.

Ushbu satrlar muallifi «Meros» xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi xayriya jamgʻarmasi yoʻllanmasi bilan Rossiya Federatsiyasi Federal Xavfsizlik Xizmati Markaziy arxivi, uning Moskva oblasti boshqarmasi arxivi, Markaziy Davlat arxivida, «GULAGdagi ijod va turmush» muzeyida va jamiyatda boʻlib, tegishli hujjat va materiallar bilan yaqindan tanishdi va Vagankov, Butovo qatlgohlarida otilib, oʻsha joylarga koʻmib yuborilgan oʻzbeklardan 60 nafarini aniqladi.

Agdarov Isoq Ibrohimovich, 1886 yili Buxoro shahrida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, ma'lumoti - oʻrta, Oʻzbekiston SSR sanoat kooperatsiyasi vakili, Moskva shahri, Svetnoy Bulvar, 16/31-uyda yashagan. 1932 yil 1 dekabrda hibsga olingan, otilgan, 1970 yil 14 mayda reabilitatsiya qilingan.

Abdurashitov Munavvar Qori, 1878 yili Toshkent shahrida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, ma'lumoti - oliy, adabiyotchi, Toshkent shahrining Shayxontohur dahasi, Darxon mahallasi, 17-uyda yashagan. 1929 yil 6 noyabrda qamoqqa olingan, 1931 yili otilgan.

Shiraxmedov Najmiddin, 1900 yili Toshkent shahrida tugʻilgan, oʻzbek, ma'lumoti - quyi, mashgʻuloti aniq emas, Toshkent shahri, Beshyogʻoch dahasi, Mashrab mahallasida yashagan. 1929 yil 11 noyabrda hibsga olingan.

Tillaxonov Salimxon, 1890 yili Toshkent shahrida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, ma'lumoti - tugallanmagan oliy, «plodovinsoyuz» instruktori, Toshkentning Devonboshi mahallasida yashagan, 1929 yil 6 noyabrda qamoqqa olingan.

Mahsudov Tangriqul Xoji, 1900 yili Toshkent shahrida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, ma'lumoti - oʻrta, rabfakda kurs mudiri. Toshkent shahrida yashagan. 1929 yil 6 noyabrda qamoqqa olingan.

Abdurashitov M.Q., Shiraxmedov N., Tillaxonov S., Mahsudov T.X. OGPU kollegiyasi tomonidan 1931 yil 25 aprelda otuvga hukm etilgan.

Burnashev Xanif Xasanovich, 1900 yili Namangan shahrida tugʻilgan, tatar, VKP(b) a'zosi, ma'lumoti - tugallanmagan oliy, SSSR dehqonchilik xalq komissarligining reja-moliyaviy boʻlimi boshligʻi, Moskva shahrining Serafimovich koʻchasi 2-uyda (hukumat uyida) 320-kvartirada yashagan. 1937 yil 25 iyunda qamoqqa olingan. SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi tomonidan 1937 yil 2 noyabrda aksilinqilobiy terrorchi tashkilotda ishtirok etganlikda ayblanib, otuvga hukm qilingan. 1938 yil 22 martda otilgan.

Qaxorov Abdurazoq Qaxorovich, 1895 yili Qoʻqon shahrida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, ma'lumoti tugallanmagan oliy, suv oqimi qurulishi trestida elektrik, Moskvada Strastnыy bulvar, 10-uy, 23-kvartirada yashagan. 1938 yil 13 fevralda qamoqqa olingan. SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi 1938 yil 8 aprelda josuslik aybi boʻyicha otuvga hukm etgan, 1938 yil 8 aprelda otilgan.

Ikromov Akmal Ikromovich, 1898 yili Toshkent shahrida tugʻilgan, oʻzbek, ruhoniy oilasidan, ma'lumoti oʻrta, Oʻzbekiston Komunistik partiyasi Markaziy komitetining birinchi kotibi, Toshkent shahar, Gogol koʻchasi 71-uyda yashagan. 1937 yil 20 sentyabrda qamoqqa olingan, SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi 1938 yil 13 martda aksilinqilobiy terrorchilik tashkilotida ishtirok etgan, degan ayb bilan otuvga hukm etgan, 1938 yil 15 martda otilgan.

Xoʻjaev Fayzulla Ubaydullaevich, 1896 yili Eski Buxoroda tugʻilgan, oʻzbek, savdogar oilasidan, VKP(b) a'zosi, ma'lumoti quyi, Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi, Toshkent shahri, Lermontov koʻchasi, 9-uyda yashagan. 1937 yil 9 iyulda qamoqqa olingan. SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi 1938 yil 13 martda aksilinqilobiy terrorchi tashkilotida ishtirok etgan, degan ayb boʻyicha otuvga hukm etgan. 1938 yil 15 martda otilgan.

Bu toʻrtala vatandoshimiz Moskvadagi qatlgoh - «Butovo poligoni»da kafansiz yotibdilar.

1931 yil 15 iyunda VKP(b) Markaziy Komiteti Volga va Moskva daryolarining qoʻshilishini ta'minlovchi kanal qurish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bu vaqt butun mamlakatda kolxozlashtirish, quloq qilish va surgun qilish siyosiy kampaniyasi avj olayotgan edi. Bu boʻlajak kanal poytaxt uchun zarur boʻlgan miqdordagi suvni keltirishi kerak edi. Kanal qurilishi poytaxtga yaqin Dmitrov shahridan boshqarilgan. OGPUning 1932 yil 14 sentyabrdagi buyrugʻi bilan Dmitrov lageri yaratildi. Tez orada bu lagerga Oqdengiz - Boltiq, Balaxnin lagerlaridan, Oʻrta Osiyo mehnat tuzatuv lageridan va boshqa lagerdan mahbuslar keltiriladi.

Mamlakatdagi lagerning eng kattasi Dmitlag edi. Bu yerda 1933 yili bir million ikki yuz ming mahbus jamlagan. Moskva - Volga kanalining uzunligi 128 kilometr boʻlgan. Kanaldan tashqari 11 shlyuz, 7 plotina va gidrostantsiyalar qurilgan. Verbilokdan Volgaga, katta Volgadan Dmitrov shahrigacha temir yoʻli qurilgan. Ogʻir jismoniy mehnatdan, ochlikdan koʻplab mahbuslar oʻlib ketgan. Qochib ketganlar koʻp boʻlgan, ushlab olinganlarga yangi muddat yoki otuv jazosi berilgan. Nihoyat, 1937 yili yuz minglab odamlar qurboni evaziga qurilgan Moskva - Volga kanali «Ikkinchi besh yillikning buyuk qurilishi» sifatida ishga tushadi. Oʻsha yilning 8 avgustidan Moskva yonidagi Butovo va Kommunarka «maxsus ob'ekt»larida ommaviy otuvlar boshlanadi.

1937 yil 1 oktyabrda, ya'ni kanal qurilishi tugallangandan soʻng Dmitlagda 1923 nafar oʻzbek boʻlgan. Demak, ungacha oʻzbeklar soni koʻp boʻlgan, bir qismi ochlikdan, ogʻir mehnatdan oʻlib ketgan. Mahbuslardan tashqari Moskva - Volga kanali qurilishiga oʻz ixtiyori bilan oʻzbeklarning katta guruhi kelgan. Ammo ularning qismati, taqdiri ne kechgan - ma'lum emas. Dmitlagdagilardan 20761 kishi 1937 - 1938 yillarda otilib Butovo poligoniga koʻmilgan. Ulardan 51 nafari oʻzbekistonlik boʻlgani, qisqacha tarjimai holi, ayblov ishlari, Dmitlagda qamoq jazosini oʻtagani, bu joyda qayta qamoqqa olinib otilgani kabi hujjatlar Rossiya Federatsiyasi Davlat arxivida, Federal Xavfsizlik xizmati Markaziy arxivi va uning Moskva boʻlimida saqlanmoqda. Dmitrov lageridagi oʻzbek mahbuslaridan otilgan 51 yurtdoshimiz haqida qisqacha ma'lumotlar keltiramiz. Ularning hayot yoʻli, qismati, avlod-ajdodlari, yaqinlari haqida ma'lumotlar, materiallar toʻplab ularni kitob holiga keltirish niyatidamiz. Shu bois quyidagi qatagʻon qurbonlarining urugʻ-aymogʻi, oila a'zolari, bu shahid ketganlar haqida saqlanib qolgan hujjat, esdalik, surat va boshqa materiallarga ega boʻlsalar, ularni Andijondagi «Meros» ilmiy-amaliy xalqaro ekspeditsiya jamgʻarmasiga (Andijon Shahri, Navoiy koʻchasi, 37-uy, tel: 24-24-57) xabar qilishlarini iltimos qilamiz.

Abduqodirov Sulton, 1896 yili Toshkent shahrida tugʻilgan, oʻzbek, oʻrta hol dehqon oilasidan, partiyasiz, savodsiz, yollanma etikdoʻz. Toshkent shahri, Oktyabr rayoni, Oktyabr koʻchasi 2-uyda yashagan. 5 yil muddatga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitrov mehnat tuzatuv lagerida (bundan soʻng Dmitlag deb yoziladi - R.Sh.) yogʻoch tayyorlov uchastkasida umumiy ishlarda oʻtkazgan, 1938 yil 20 martda Dmitlagda qamoqqa olingan, 1938 yil 20 mayda SSSR NKVD (Ichki ishlar Xalq Komissarligi) Moskva oblasti ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi «uchlik» aksilinqilobiy targʻiboti uchun oliy jazo - otuvga hukm qilgan. Hukm 1938 yil 27 martda ijro etilgan.

Abdullaev Bolbek, 1896 yili Yavash qishlogʻi, Djaviy (hujjatda shunday berilgan - R.Sh.) rayonida, Orol shahrida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, dehqon oilasidan, ma'lumoti - quyi, sobiq mulla. 1934 yili qamoqqa olingan, jazoni Dmitlagda qora ishchi boʻlib oʻtagan. Shu yerda 1938 yil 9 fevralda hibsga olingan. 1938 yil 19 fevralda mahbuslar orasida aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib oliy jazo - otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 21 fevralda ijro etilgan.

Abdullaev Fayzi, 1899 yili Shahrisabz rayon Chorimor qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon, quloq oilasidan, partiyasiz, chalasavod, Fayzulla Xoʻjaev nomidagi kolxoz raisi. 1935 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda, Volga uchastkasida umumiy ishlarda mehnat qilib oʻtagan, 1938 yil 22 martda shu yerda qamoqqa olingan. Mahbuslar orasida aksilinqilobiy faoliyat olib borganlikda, «xalq dushmanlari»ni maqtaganlikda ayblanib oliy jazo - otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 20 iyunda ijro etilgan.

Abdurrazoq Xoʻjaev Saydulla xoʻja, 1889 yili Pop rayoni (hujjatda polganskiy rayon deb yozilgan - R.Sh.) Oqtepa qishlogʻida tugʻilgan, tojik, quloq savdogar oilasidan, partiyasiz, yakka xoʻja, dehqonchilik qilgan. Pop rayoni, Oqtepa qishlogʻida yashagan. 1937 yil 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda, Ximkin rayoni Sxodnenskiy uchastkasida yer qazish, aravakashlik bilan mashgʻul boʻlib oʻtagan. 1937 yil 3 noyabrda Dmitlagda qamoqqa olingan. Sovetlarga qarshi targʻibot olib borganlikda ayblanib oliy jazo - otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 2 dekabrda ijro etilgan.

Amirov Bektemir, 1914 yil Poragan qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, oʻrtahol dehqon oilasidan, partiyasiz, chalasavodli, mashgʻuloti aniq emas, 1933 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda, Ximkin rayoni Nikolskiy uchastkasida umumiy ishda oʻtagan, 1938 yil 27 yanvarda Dmitlagda hibsga olingan. Aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 5 fevralda ijro etilgan.

Ashurov Raym, 1902 yil Qoradaryo rayoni Mundichi qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon, quloq oilasidan, 1927 yildan OʻzKP(b) a'zosi, chalasavod. «Oxunboboev» kolxozi raisi, Qoradaryo rayon, Qoradaryo qishlogʻida yashagan, 1932 yil 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda Volga rayoni 2-uchastkasida oʻtagan, invalid sifatida vaqtincha mehnatga layoqatsizlar komandasida turgan, 1937 yil 15 noyabrda Dmitlagda qamoqqa olingan, antisovet targʻibotida ayblanib otuvga hukm etilgan.

Bobojonov Jumanazar, 1903 yil Xonqa rayoni Sauchen qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon, quloq oilasidan, partiyasiz, oʻzi oʻqib savodini chiqargan, Sauchen qishlogʻida yashagan. 1932 yili 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, Dmitlagda «Texnika» shaharchasida dnevalnik boʻlib yashagan, 1938 yil 31 martda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy targʻibotda ayblanib otuvga hukm etilgan.

Botirov Ziyod, (hujjatda Botirov Ziyat yozilgan - R.Sh.) 1905 yil Oqdaryo rayoni Taryak qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, quloq, savdogar oiladan, partiyasiz, savodsiz, Teryak qishlogʻida yashagan. 1935 yil 6 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda «Texnika» uchastkasida umumiy ishlarda oʻtagan, 1938 yil 9 aprelda qamoqqa olingan. Aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 20 iyunda ijro etilgan.

Berdiev Mulla Xarun, 1893 yil Urgut rayoni Gʻijduvon qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon, quloq oiladan, partiyasiz, ma'lumoti quyi, Gʻijduvon qishloq Soveti Kalinin nomli kolxoz a'zosi, Gʻijduvon qishlogʻida yashagan, 1931 yil 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan, bu yerda «Omutiya» uchastkasida umumiy ishlarda ishlagan. 1938 yil 28 fevralda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy targʻibotda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 10 martda ijro etilgan.

Vohidov Vahobjon, 1897 yil Baliqchi rayon Chinobod qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon, quloq oilasidan, partiyasiz, chalasavod, dehqonchilik bilan shugʻullangan, Chinobod qishlogʻida yashagan. 1934 yil 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda, Mexanika zavodi uchastkasida umumiy ishlarda oʻtagan. 1938 yil 30 yanvarda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy tarotskiychi targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 5 fevralda ijro etilgan.

Mirjalilov Mamatqul, 1910 yil Qoʻqon shahrida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon, quloq oilasidan, chalasavod, oʻz xoʻjaligida ishlagan, Qoʻqon shahrida yashagan, 1935 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, Dmitlagdagi Sxodnenskiy uchastkasida yer qazuvchi, aravakash boʻlib ishlagan, 1937 yil 3 noyabrda qamoqqa olingan. Sovetlarga qarshi targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 2 dekabrda ijro etilgan.

Sulaymonov Shaydi, 1904 yil Voroshilov rayoni (hozirgi Qoʻrgʻontepa rayoni - R.Sh.) Abdullabiy qishlogʻida tugʻilgan va yashagan, 1934 yili 6 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, Dmitlagda «Texnika» uchastkasida umumiy ishlarda mehnat qilgan, 1938 yil 4 aprelda hibsga olingan, mahbuslar orasida antisovet targʻiboti olib borganlikda, sovet hukumatini diskreditatsiya qilganlikda, «xalq dushmanlari»ni maqtaganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.

Sultonov Vahob, 1905 yili Yuqori Chirchiq rayoni Toʻytepa qishlogʻida tugʻilgan, qozoq, sobiq VKP(b) a'zosi, ma'lumoti oʻrta, 1936 yil qamoqqa olingan, jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1937 yil 21 noyabrda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy tashviqotda ayblanib, otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 3 dekabrda ijro etilgan.

Xojiberdiev Egamberdi, 1896 yil Quvadagi Izvoshboshi qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, savdogar oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi, kolxozda qassob boʻlib ishlagan, Shoʻrin qishloq sovetida yashagan, 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda Volga rayoni 2-uchastkada qora ishchi boʻlib oʻtagan, 1938 yil 1 martda hibsga olingan, mahbuslar orasida aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib, otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yili 20 iyunda ijro etilgan.

Oymuhammedov Maxari, 1882 yili Toshkent rayoni, Doʻrmon qishlogʻida tugʻilgan, qozoq, partiyasiz, savdogar oilasidan, chalasavod, 1932 yili qamoqqa olingan, jazoni Dmitlagda oʻtkazgan, 1938 yili 17 yanvarda hibsga olingan, 1938 yil 26 yanvarda aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 31 yanvarda ijro etilgan.

Bozorov Tursun, 1899 yili Beshkent rayonidagi (Qashqadaryo viloyati) Gʻubdun qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon oilasidan, partiyasiz, savodsiz, mashgʻuloti aniq boʻlmagan. Gʻubdun qishlogʻida yashagan. 1935 yil qamoqqa olingan, qamoq jazosini Dmitlagda oʻtagan, shu joyda 1938 yil 17 fevralda qamoqqa olingan. Aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib, 1938 yil 25 fevralda otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 28 fevralda ijro etilgan.

Davlatov Qurbon, 1908 yil Gurunchmozor (hujjatda Kazыl-mazыr - R.Sh.) rayonida dehqon oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, savodsiz, qamoq jazosini Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 15 yanvarda hibsga olingan. Mahbuslar orasida aksilinqilobiy targʻibot olib borganligi uchun 1938 yil 26 yanvarda otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 31 yanvarda ijro etilgan.

Doʻstmatov Abdusamat, 1907 yili Qoratala qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, savdogar oilasidan, partiyasiz, savodsiz. 1934 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 18 yanvarda qamoqqa olingan. 1938 yil 26 yanvarda aksilinqilobiy targʻibotda ayblanib otuvga hukm etilgan. Hukm 1938 yil 31 yanvarda ijro etilgan.

Doniyorov Mahmud, 1904 yili Denov rayonidagi Hasankapa qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, oʻziga toʻq dehqon oilasidan, partiyasiz, savodsiz, «Dendar chura» (hujjatda shunday berilgan - R.Sh.) kolxozi a'zosi, tugʻilgan joyida yashagan, 1934 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 9 aprelda hibsga olingan, mahbuslar orasida aksilinqilobiy targʻibotda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.

Jumaev Hamdam, 1915 yili Qudash (hujjatda Kaban - R.Sh.) rayoni Maymaman qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, savodsiz. Qudash rayoni Maymaman qishlogʻida yashagan. 1933 yil 25 dekabrda 8 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 17 martda mahbuslar orasida aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan. Hukm 1938 yil 27 martda ijro qilingan.

Isaev Rajab, 1900 yil Xorazmning Saxkyon qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, ma'lumoti quyi, kolxozchi, shu qishloqda yashagan. 1936 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, qamoq jazosini Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 1 fevralda hibsga olingan, sovetlarga qarshi targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 17 fevralda ijro etilgan.

Ismatov Fayzi, 1912 yili Buxorodagi Xargoʻsh qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, ma'lumoti quyi, Karimov nomli kolxozda ishlagan. Xargoʻsh qishlogʻida yashagan, 1934 yili 8 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, qamoq jazosini Dmitlagda oʻtagan. Mahbuslar orasida aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan. Hukm 1938 yil 23 iyunda ijro qilingan.

Ishboev (Eshboev boʻlsa kerak - R.Sh.) Mamur, 1910 yili Bulungʻur rayoni Qoraqursan qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi, oʻz xoʻjaligida ishlagan. 1931 yil 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 17 yanvarda hibsga olingan. Aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan. Hukm 1938 yil 31 yanvarda ijro etilgan.

Karimov Kur'az, (hujjatda shunday - R.Sh.) 1908 yili Xonqa rayonida tugʻilgan, oʻzbek, quloqlar oilasidan, partiyasiz, chalasavod, kolxozdagi umumiy ishlarda mashgʻul boʻlgan, Xonqa rayoni Koʻniz qishloq sovetida yashagan, 1934 yil 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda Volga uchastkasidagi umumiy ishlarda oʻtagan, 1938 yil 11 fevralda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy tashviqotda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 26 fevralda ijro etilgan.

Matyoqubov Samandar, 1901 yili Xonqa rayon Kulon-qorabogʻ qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan, partiyasiz, savodsiz, kolxozda choʻponlik qilgan, Kulon-qorabogʻ qishlogʻida yashagan, 1934 yili 8 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 4 fevralda qamoqqa olingan. Mahbuslar orasida aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 17 fevralda ijro qilingan.

Irgashev (Ergashev - R.Sh.) Hojibek, 1912 yili Zomin rayoni Ural qishlogʻida boy oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, chalasavod, oʻz xoʻjaligida dehqonchilik qilgan, tugʻilgan joyida yashagan, 1934 yil 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 5 iyunda hibsga olingan, muttasil aksilinqilobiy targʻibot va tashviqot olib borganlikda ayblanib, 1938 yil 5 iyunda otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.

Isomiddinov (Isametdinov yozilgan hujjatlarda - R.Sh.) Burxon, 1910 yili Fargʻona rayoni Ilma qishlogʻida tugʻilgan, quloq, huquqdan maxrum qilinganning oʻgʻli, tojik, partiyasiz, savodsiz, mashgʻuloti aniq emas, tugʻilgan joyida yashagan. 1934 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 9 aprelda hibsga olingan. Mahbuslar orasida trotskiychi - fashistik targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.

Isomov Otash, 1908 yil Xoʻjaobod rayon Nayman qishlogʻida yirik quloq oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, savodsiz, oʻz xoʻjaligida mehnat qilgan, tugʻilgan joyida yashagan. 1934 yili mehnat tuzatuv lageriga 8 yilga hukm etilgan, mahbuslikni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 10 aprelda qamoqqa olingan, «trotskiychilar - Rikov, Buxarin, Yagoda, millatchi Xoʻjaev va boshqalarni» himoya qilganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 20 iyunda ijro etilgan.

Ismoilov Avazmat, 1894 yili Xonqa rayonida oʻrta hol dehqon oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, ma'lumoti quyi (1927 yili imomlik qilgan). Shuningdek «qoʻporuvchilik maqsadida» kolxozda ishlagan. 1935 yili 10 yil muddatga mehnat tuzatuv legariga hukm qilingan. Mahbuslikni Dmitlagda oʻtagan. 1937 yil 7 oktyabrda hibsga olingan, mahbuslar orasida aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1937 yil 16 noyabrda ijro etilgan.

Qobilov Turgʻunboy, 1885 yili Izboskan rayonidagi Qoʻqon qishloqda dehqon oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, ma'lumoti oʻrta, mulla, tugʻilgan joyida yashagan. 1934 yili 5 yil muddat bilan mehnat tuzatuv legariga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 22 yanvarda qamoqqa olingan. Podsho davridagi hayotni maqtab sovetlarga qarshi muttasil targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 31 yanvarda ijro etilgan.

Qoraev Saidali, 1912 yil Termiz rayonidagi Mazurobod qishlogʻida dehqon, quloq oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, savodsiz, dehqon, yakka xoʻjalik, tugʻilgan joyida yashagan. 1935 yili 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 10 aprelda hibsga olingan. Mavjud tuzumga qarshi targʻibot olib borganlikda, kapitalistik mamlakatlardagi, xususan Afgʻonistondagi hayotni maqtaganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.

Mavlonov Yunusxoʻja, 1910 yili Toshkent shahrida tugʻilgan, dehqon oilasidan, oʻzbek, partiyasiz, chalasavod, mashgʻuloti aniq emas, tugʻilgan joyida yashagan. 1934 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1937 yil 20 sentyabrda hibsga olingan, aksilinqilobiy kayfiyati hamda partiya va hukumat rahbarlariga nisbatan terrorchilik harakatlari haqida soʻzlaganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 16 noyabrda ijro qilingan.

Madaminov Mavlon, 1911 yili Fargʻonaning Lagan (Magan) qishlogʻida tugʻilgan, tojik, yirik boy, quloqning oʻgʻli, partiyasiz, ma'lumoti oʻrta, Lagan qishloq sovetida hisobchilik qilgan, tugʻilgan joyida yashagan. 1933 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 26 martda qamoqqa olingan, 1938 yil 5 iyunda mahbuslar orasida aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 27 iyunda ijro etilgan.

Mamanazarov Erban (Iruv), 1898 yili Forish rayoni Ustuxan qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon, quloq oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi, «Bednyak» kolxozida qora ishchi boʻlib ishlagan. 1935 yili 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1937 yil 23 sentyabrda qamoqqa olingan. 1937 yil 23 sentyabrda sovetlarga qarshi targʻibot (ayniqsa, millatlar orasida) olib borganlikda va barakda namoz oʻqishni tashkil qilganlikda ayblanib, otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 26 sentyabrda ijro ijro etilgan.

Mamatov Yoʻldosh, 1913 yil Behbudiy rayoni Kivon qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon-quloq oilasidan, partiyasiz, chalasavod, oʻz xoʻjaligida band boʻlgan. 1934 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 21 fevralda qamoqqa olingan, partiya siyosatini obroʻsizlantirishda, aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda, hukumat a'zolaridan oʻch olishdan iborat zararli gaplar aytganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 8 martda ijro etilgan.

Marasulev Abdurasul, 1902 yil Fargʻona oblasti Molotov rayoni Sarqoʻrgʻon qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon-quloq oilasidan, savodsiz, partiyasiz, oʻz xoʻjaligida dehqonchilik qilgan, tugʻilgan joyida yashagan. 1932 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1937 yil 30 noyabrda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 8 dekabrda ijro etilgan.

Otajonov Sobir, 1912 yil Ishimjiran qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi. Jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 16 martda qamoqqa olingan, 1938 yil 20 mayda aksilinqilobiy targʻibotda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 27 mayda ijro etilgan.

Xolmetov Temirqul, 1907 yili Afgʻonistonning Julga qishlogʻida tugʻilgan, kambagʻal dehqon oilasidan, savodsiz, partiyasiz, qishloq xoʻjaligida paxtachilikda ishlagan, 1933 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 16 yanvarda qamoqqa olingan. Partiya dohiysiga nisbatan dushmanlik fikrida boʻlganlikda, staxanovchilik harakatiga boʻhton qilganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 5 fevralda ijro etilgan.

Niyozov Ostan, 1891 yili Qorakoʻl tumani Kul-Chovdir ovulida dehqon oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, ma'lumotsiz. 1936 yili 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda mehnat qilib oʻtagan, 1938 yil 27 martda qamoqqa olingan. 1938 yil 5 iyunda aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.

Xoʻjaqulov Arabboy, 1899 yili Koson tumani Ayunjangil qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, quloqlar oilasidan, partiyasiz, savodsiz, mashgʻuloti va turar joyi ham aniq emas. 1934 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda vodoprovod stantsiyasi qurilishida qora ishchi boʻlib oʻtagan. 1938 yil 25 fevralda antisovet tashviqotida, shoʻro hukumatiga tuhmat qilganlikda ayblanib oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 28 fevralda ijro etilgan.

Xolbekov Santar (Abdusattar), 1897 yili Zelenskiy rayoni (hozirgi Asaka rayoni - R.Sh.) Qurama qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan, oʻzbek. 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 12 martda qamoqqa olingan. 1938 yil 19 martda maxbuslar orasida sovet hukumatini diskreditatsiya qilganlikda «bandit-trotskiychilar»ni maqtaganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 25 martda ijro etilgan.

Xoʻjanov Xushnazar, (hujjatda Xadjanov Xashnazar - R.Sh.) 1891 yili Oqdaryo tumani Kane - Karakiz qishlogʻida dehqon quloq oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz, chalasavod, kolxozda ketmonchi, Samarqand shahrida yashagan. 1935 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan. Jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 2 fevralda mahbuslar orasida muttasil aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 5 fevralda ijro etilgan.

Mingboev (Mingaboev) Toʻqli, 1901 yili Mitan tumani Qoraqalpoq qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon-quloq oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi. 1934 yili 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1937 yil 12 noyabrda hibsga olingan. 1937 yil 29 noyabrda muttasil antisovet targʻiboti olib borganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1937 yil 2 dekabrda ijro etilgan.

Sultonov Toʻraqul, 1899 yili Margʻilon tumani Boltakoʻl qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, ishchi oilasidan, partiyasiz, savodsiz, mashgʻuloti aniq emas. 1936 yili 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1937 yil 26 sentyabrda hibsga olingan. 1937 yil 15 noyabrda sovet jazo organlarini diskreditatsiya qilishga qaratilgan aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda, lager rahbariyatiga qarshi terrorchilik aktini targʻib qilganlikda ayblanib oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1937 yil 16 noyabrda ijro etilgan.

Haydarov Doʻsmat, 1890 yili Qarliq tumani Xoʻja qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, boy oʻgʻli, savodsiz, partiyasiz. 1933 yil 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 19 fevralda antisovet tashviqoti olib borganlikda, «xalq dushmanlari»ni maqtaganlikda, Stalin konstitutsiyasini aksilinqilobiy ruhda sharhlaganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 21 fevralda ijro etilgan.

Hakimov Abdulla, 1911 yil Chustda tugʻilgan, oʻzbek, dehqon, partiyasiz, savodsiz, mashgʻuloti aniq emas. 1934 yil 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1937 yil 17 sentyabrda qamoqqa olingan. 1937 yil 14 noyabrda Moskva - Volga kanali qurilishini barbod etishga qaratilgan sovetlarga qarshi aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda, hukumat a'zolari va partiya rahbarlarini diskreditatsiya qilganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1937 yil 16 noyabrda ijro etilgan.

Xalimov Toji, 1888 yili Pastdargʻom rayoni Jumabozor qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon, savdogar, partiyasiz, chalasavod, qishloq soveti raisi. 1932 yil 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan. Jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1937 yil 29 noyabrda qamoqqa olingan, 1937 yil 3 dekabrda aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda, Buxoro amirida pulemyotchi boʻlganlikda va yosh buxoroliklar otryadiga hujum qilganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1937 yil 8 dekabrda ijro etilgan.

Toʻraev Ergashtoʻra oʻgʻli, 1900 yil Sherobod rayoni Talli - Moran (Oʻzbekiston) qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, oʻrta hol dehqon, partiyasiz, savodsiz. 1936 yil 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan. Jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 22 fevralda hibsga olingan. 1938 yil 13 martda mahbuslar orasida aksilinqilobiy targʻibot olib borganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 16 martda ijro etilgan.

Xamroaliev Ismat, 1908 yili Oltiariq rayoni Vodil qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon - quloq oilasidan, partiyasiz, chalasavod. 1935 yil 6 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda oʻtagan, 1938 yil 27 martda hibsga olingan. 1938 yil 5 iyunda muttasil aksilinqilobiy tashviqot va sovetlarga qarshi boʻhton va targʻibot olib borganlikda, «xalq dushmanlari»ni maqtaganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.

Choriev Yangiboy, 1910 yili Qorakoʻl rayoni Chechan qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi. 1933 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 6 aprelda qamoqqa olingan, 1938 yil 5 iyunda sovet hokimiyatini diskreditatsiya qilishga qaratilgan aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda, mamlakat rahbariyati sha'niga boʻhton qilganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 27 iyunda ijro etilgan.

Shamsiev Mirkomil, 1901 yili Xoʻjaobod tumani Karnaychi qishlogʻida tugʻilgan, oʻzbek, dehqon, quloq oilasidan, partiyasiz, savodsiz, yakka xoʻjalik boʻlib mehnat qilgan. 1934 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan. Jazoni Dmitlagda oʻtagan. 1938 yil 5 iyunda shoʻro tuzumini diskreditatsiya qilishga qaratilgan aksilinqilobiy tashviqot qilganlikda, kolxozdagi ocharchilik haqida yolgʻon gaplar tarqatganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.

Biz birgina Dmitlagda takror qatagʻon qilinib, otilib ketgan 51 nafar yurtdoshimiz haqida qisqacha ma'lumotlar keltirdik. Vaholanki, yuqorida qayd qilinganidek, oʻzbek siyosiy mahbuslari sobiq ittifoqning barcha qamoqxonalarida azob-uqubatli hayot kechirgan. Oʻsha lagerlardagi vatandoshlarimizning ma'lum qismi 1937-1938 yillarda yana takror qatagʻon qilingan, otib yuborilgan, ular aybsiz begona yurtlarda tuproqqa belanib yotibdilar. Bu insonlarni ham nomma-nom aniqlash, ular haqida bor haqiqatni ochib berish galdagi vazifalardandir.