OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Sa'dullo Quronov. Ibtido va modern
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSa'dullo Quronov
Asar nomiIbtido va modern
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Sa'dullo Quronov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ibtido va modern
Sa'dullo Quronov

XIX asr oxirlariga kelib falsafa va san’atda borliqni oʻzga bir yoʻsinda anglashga, ifodalashga urinishlar kuchaya boradi. F.Nitshe, Z. Freyd, A.Bergson, U.Jeyms kabi mutafakkirlarning qarashlaridan ta’sirlangan ijodkorlar san’atga yangi, modernizm yoʻnalishini olib kiradilar.

Modernizm yoʻnalishida ijod etuvchi san’atkorlarda mif, qadimgi afsona va rivoyatlarga qiziqish yuqori boʻlgan. Ayniqsa, F.Kafka, T.Mann, B. Brext, J.Joys kabi ijodkorlarning asarlarida bu jihat yaqqol koʻzga tashlanadi. Albatta, bu modernizm talab etayotgan ifodaga judayam mos kelardi. Boisi, ustuvor xususiyatlari reallikni rad etish asosiga qurilayotgan bu yoʻnalishning ifodaviy-gʻoyaviy maqsadlariga folklor va uning inson ruhiyatiga boʻlgan ta’siri ahamiyatli sanalar edi.

Oʻzbek modern adabiyoti namunalarini kuzatar ekanmiz folklorga boʻlgan kuchli murojaatni, mifik obrazlar, afsona va rivoyatlardagi syujet, motivlardan badiiy-gʻoyaviy maqsadlarda keng foydalanilganini koʻrishimiz mumkin. Bu borada shoir Faxriyor asarlari fikrimizning misoli boʻla oladi:

Onam bolaligimda,
bu yomgʻirda tulki bolalaydi, deguchi edi.
Oftobning chang, toʻgʻri chiziq tomirlaridan
toʻralgan (tulkichalar) kattargan sari

– shaklini yoʻqotib boradi tobora.

She’rda tabiat hodisasi hayvonlarning bolalashi bilan bogʻliq holda ifodalanmoqda, lekin asosiysi folklorda tulkining ayyorlik ramzi ekanligi va ifodaviylikda ayni shuning qoʻl kelganligidadir.

Mif inson ojizligining mahsulidir. Mif hali odamlar tushunmagan, ularni hayratga solgan, qoʻrqitgan va sevintirgan olam silsilalarining oʻziga xos yoʻsinda anglanishi, ayqash-uyqash tasavvurlar mevasidir. Biz insonlar xohlasak-da mifik tafakkurdan voz kecha olmaymiz. U goʻdakligimizdan buyon ongimizga, qonimizga singib ulgurgan. Modernizmning ustuvor ifodaviy xususiyatlari ham inson ongining tub-tubidagi puchmoqlarni tasvirlash edi. Bu oʻrinda mifik obraz ifodaviylikdagi bir vosita boʻlib, uning vazifasi ong ostida yashirinib yotgan hislarni qoʻzgʻatishdan iborat.

Yuqoridagi fikrlarimizga yanada aniqlik kiritadigan boʻlsak, modernizm uchun asos boʻlgan falsafiy tushunchalarga murojaat etishga ehtiyoj tugʻiladi. XIX asrning oxirlariga kelib faylasuflar inson faqatgina ongi vositasida fikr yuritmasligini, balki u ba’zan hissiyotga tayangan holda ham mushohada yuritishini e’tirof eta boshladilar. Zigmun Freyd inson oʻz hislari koʻmagida fikr yuritsagina olam hodisalarini mohiyatan anglashi mumkin ekanligini ta’kidlaydi. Uning izdoshi Karl Gustav Yung psixologiya ilmiga «Jamoaviy ongsizlik» tushunchasini kiritadi. «Yung fikricha, psixika nimaningdir hosilasi emas, u birlamchi va inson borligʻini aniqlab beruvchi asosiy printsipdir. Jamoaviy ongsizlik – inson ongining dastlabki holati». Yungning nazariyasiga koʻra psixikani anglash butun tirik mavjudotlarning uygʻun jihatlarini his etish bilan amalga oshiriladi. Bunday holat aynan ibtidoiy odamlarda yaqqol kuzatilsa-da, barcha ijtimoiy davrlardagi inson ruhiyatiga birday daxldordir.

Koʻrinib turibdiki, modernizm yoʻnalishi vakillari inson ibtidosidagi ruhiyatni qidirganlar. Uning ongsiz, tabiat bilan uygʻun holatidagi ichki ruhiyat manzaralarini ifodalashga uringanlar. Insonning ibtidoiy tafakkuri esa oʻz-oʻzidan mif, asotir va afsonalarga borib taqaladi…

Mifik obraz oʻquvchi xayolotida oʻziga xos taassurotni uygʻota olishi bilan ahamiyatlidir. Misol uchun, Faxriyorning «Kuzda» she’ridan bir misrani olib qaraylik: «Sariqlik – tosh rangi, yalmogʻiz toshning». Ushbu she’rda kuzgi manzaralar va qahramonning falsafiy mushohadalari uygʻunlashib ketgan. Keltirilgan misradagi tosh obraziga ikki xil sifat berilmoqda – sariqlik va yalmogʻizlik. Bolalikda (ba’zilar har doim) folklordagi yalmogʻizning borligiga ishonmagan, uni eslab zir-zir titroq bosmagan insonning oʻzi boʻlmasa kerak. She’rdagi toshning rangi sariq. Sariq tosh obrazi tasavvurda yalmogʻiz va u uygʻotgan hislar bilan uygʻunlashib ketarkan, koʻz oldimizda oʻzgacha xususiyatlarga ega «tosh» gavdalanadi. Ayni shu «tosh» ifodaviylikdagi keyingi manzaralar uchun ayni muddaodir…

Faxriyor ijodining folklor namunalari bilan uygʻunligini oʻrganarkanmiz, bu borada shoirning «Yoziq» va «Ayolgʻu» dostonlari juda ahamiyatlidir. Ushbu asarlar bir qancha xususiyatlariga koʻra postmodernizm yoʻnalishini ham yodga soladi. Chunki, bu asarlarda xalq ogʻzaki ijodi, tarix lavhalari, san’at asarlari, diniy tushuncha va rivoyatlar kabi koʻplab soha namunalariga bevosita va bilvosita murojaat, parodiya, kinoya yaqqol kuzatiladi. Postmodernizm metodida bu holat intertekstual oʻyin deb ataladi:

Nilufar koʻylagin bozorga solar,
Tangasini sanaydi suv parilari…
Nilufarning koʻylagini sotib olgani
Yosumanning nafaqasi yetmaydi…

Bu oʻrinda Yosuman va suv parilari kabi mifik obrazlar muayyan bir tasviriy vosita sifatidagina keltirilib, ular bilan aloqador syujet voqeligiga ishora sezilmaydi. Ammo quyidagi parchaga nisbatan bunday munosabat bildirib boʻlmaydi:

Kungaboqar quloqni tunda
Gʻor – quduqqa tashlab yuborar.
Qamish unib chiqar undan, yo rab…
Bozingar yutgan qilich singari
Quduqning boʻgʻziga qamish qadalar.
Choʻpon yoʻq bitta nay yasab olgani,
Qishloqqa qaytmadi hali podalar.

Ha, bu bolaligimizda koʻp eshitgan «Iskandarning shoxi bor» afsonasidagi syujet motivi. Ammo ijodkor maqsadiga koʻra bir muncha oʻzgarishlar kiritilgan. Ya’ni quduq ichiga sartarosh baqirmay, kungaboqar eshitilganlar (quloq)ni quduqqa tashlaydi va h.k. Dastlabki parchalardan farqli oʻlaroq, bu oʻrinda ifodaviy vosita qahramonlar emas, balki syujet motivi. Ikki holda ham folklor namunalari ijodkorning badiiy-gʻoyaviy maqsadi uchun xizmat qilmoqda.

Shoirning ongi va qalbida charx urayotgan gʻoya, hislarning obrazli ifodasi uchun folklor namunalari asos boʻlayotgan ekan. Demak, ushbu namunalar shaklan va yoxud mazmun jihatidan ifodaviylikdagi maqsadga yaqin turadi. «Yoziq» she’rida xalq ogʻzaki ijodi namunalarining asosan shakliy xususiyatlari e’tiborga olinib, ma’no qayta yaratiladi. Deylik, suv parilariga xos latofat, insonlarga yordam berishlik yoki aksincha jodulab suvga gʻarq etishlik kabi mazmun xususiyatlari tasvirda ahamiyatsiz. Ahamiyatli jihati ularning tashqi koʻrinishida. Ya’ni, ularning yarmi ayol, yarmi baliq – tangali baliq. Yoki Yosumanning qahraton sovuq keltirishi emas, balki qariyaligi muhim. Qariyalar esa nafaqa oladilar… Iskandar haqidagi afsonaning syujeti va mazmuni esa tubdan oʻzgartiriladi. Endi quduq, qamish, nay, choʻpon kabi obrazlar jar soluvchi emas, balki, ayta olinmayotgan, jar solinmayotgan, boʻgʻizda qolib ketayotgan va shunga mahkum boʻlgan dardlarning ramziga aylanib qoladi…

Faxriyorning «Ayolgʻu» dostonida ham juda koʻplab mif, afsona, ertak qahramonlari va syujet motivlari keltiriladi. Bu borada shoirning oʻzi shunday deydi: «Dostonning nomi ham ramziy: unutilgan tarix, millat xotirasini asotirlar yordamida tiklashga bir urinish boʻlgan edi bu». Besh juft taxayyuldan iborat ushbu she’rning yettinchi taxayyuli toʻlaligicha xalq ogʻzaki ijodidagi obrazlar asosida quriladi:

bir kecha tush
sherning tirnogʻini boʻyniga
tumor qilib taqqan
shohning xotini
tumso malikaga
inchi iqlimdan
zangori olma keltirib berdi
olmani yedi u rusumga koʻra…
malikaning koʻzi yoridi
oy koʻrsaki malika
shahzoda oʻrniga boʻri tugʻibdi
koʻm-koʻk boʻrivachcha...
Mifologik maktab vakillari adabiyot va san’atning vujudga kelishiga miflar asos boʻlgan deya ta’kidlaydilar. Bu maktabga koʻra mif poeziyaning javharidir. Umuman olganda, XIX asrga kelib san’atning yangi bosqichdagi rivoji ham bevosita folklor bilan mushtarak bogʻliqdir. Bu haqida «Adabiyotshunoslik lugʻatida» shunday yoziladi: «Zero, klassitsizm davri sigʻingan antik etalonlardan, ma’rifatchilik topingan aql kultidan bezgan romantizm vakillari xalq ogʻzaki ijodida chinakam ekzotika, bitmas-tuganmas xazinani koʻrdilar». Demak, xalq ogʻzaki ijodi doimo yozma adabiyot uchun ilhom manbai boʻlib kelgan. Uning zamiridagi chinakam badiiyat, falsafa va umuminsoniy qadriyatlar ifodasi modern san’atkorlar ijodida ham oʻziga xos talqinda namoyon boʻlmoqda.