OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSa’dulla Siyoyev
Asar nomi«Otello» xonim (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Sa’dulla Siyoyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Otello» xonim (hajviya)
Sa’dulla Siyoyev

Shahardagi koʻp qavatli uylardan biri. Rohatilla hafsala bilan uyni supurib-sidirdi. Keyin sochiqlarni chayib qoʻygani vannaxonaga kirdi. Shu payt eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi.
— Eshik ochiq, — dedi Rohatilla, — kiraversinlar.

Rohatillaning sobiq kursdoshi Sodiqjon bilan uning xotini kirishdi. Sodiqjon dahlizdan ovoz berdi:
— Qaydasiz Rohatim? Fargʻonadan keluvdik bir juft boʻlib, zora yangi yil arafasida bir piyola choy topilsa, deb...

Rohatilla oʻrtogʻini tovushidan tanidi, hazilga javoban hazil qildi:
— Mening uyim choyxona ekan-da, senlarga! Tavba! Erinmay Toshkentga choyxona izlab kelishibdi. Mayli, kira qolinglar.

Sodiqjon bilan xotini Matluba vannaxonaga moʻralashdi. Rohatillaning vashillatib kir yuvayotganini koʻrib, Sodiqjon uchiriq qildi:
— Obbo-o! Men nima degandim, a, boshida sizga? Surayyoning sovuniga kir yuvmagansiz, toʻydan keyin sizni tsirkdagi maymunday oʻynatadi, demaganmidim?

Matluba eriga qarab im qoqdi:
— Koʻrib qoʻying, xoʻjayin, zamonaviy erkak mana shunaqa boʻladi!
— Eshitdingizmi, Rohatilla, — deb kuldi Sodiqjon, — siz zamonaviy ermak ekansiz, xi-xi-xi...
— Ermak emas, erkak, qishloqi! — dedi kuyunib Matluba.

Mehmonlar yechinib, ichkariga oʻtguncha uy egasi ham kirini yoyib kirdi. Doʻsti bilan quchoqlashib koʻrishdi, Matlubaga nimta’zim qildi. Sodiqjon oʻziga xos shoʻxchan ohangda xotinini tanishtirdi:
— Bu keliningiz Matlubaxon. Vodiyni uch yilu olti oy kezib, yetti ming qizning ichidan shuni tanlab oldim. Kasb-korlari muallimlik. Kunduzi bolalarni tarbiyalaydi...
— Kechqurun sizni, — deb bosh silkidi Rohatilla.
— Barakalla! — doʻstini ma’qulladi Sodiqjon, — lekin hozircha biron effekt boʻlmayapti.
— Ajab boʻpti! — deb labini burdi kelin. Sodiqjon atrofiga alanglab soʻradi:
— Surayyo koʻrinmaydimi? Rohatilla doʻstimning bir xotini bor, agar koʻrsang yaponskiy jvachkaday yopishib qolasan, deb obkeluvdim buni. Nima boʻldi? Tagʻin oralaringdan ola mushuk oʻtdimi?
— Bu safar qora mushuk oʻtdi shekilli, — dedi xoʻrsinib Rohatilla, — bir hafta boʻldi, arazlab onasinikiga ketib qolgan. Uyning yotishi bu. Xullas, boʻydoqlik gashtini surib yuribmizda, doʻstim.
— Yana oʻsha gʻish-gʻishami? — dedi Sodiqjon, — ogʻaynilaringiz Surayyoni yubka kiygan Otello deb kulishardi.
— Hozir ham shu, — gʻamgin iljaydi Rohatilla, — uyga sal kech kelsam, idoraga telefon qiladi. Eshikdan kirsam, yoqamni iskab koʻradi. Hatto televizordagi oʻyinchidan ham qizgʻanadi. Nega sizga qarab muqom qilayapti, deydi. Jon xotin, hozirgi zamonda jazman tutishning oʻzi boʻlmaydi. Buning uchun biqiningda sotovoy telefon, tagingda «mersedes» yo «neksiya», choʻntagingda bir dasta koʻkidan boʻlishi kerak, dedim. Sira past tushmaydi. Bilaman, yurasiz, deydi.
— Telefon qilib turibdimi?
— Oʻ-oʻ! Telefondan kamchilik yoʻq. Har kuni kechroq sim qoqib, tekshirib qoʻyadilar. Birontasi bilan maishat qilib oʻtiribdi, deb oʻylasa kerak-da.

Shu payt telefon jiringladi. Rohatilla goʻshakni koʻtarib, «labbay!» dedi, javob boʻlmadi.
— «Otello» xonim, — dedi uf tortib Rohatilla, — nafas olib turibdi. Xotin poshshoni nafas olishidan ham taniyman. Indamadi.

Halitdan beri jimgina oʻtirgan Matluba gapga aralashdi:
— Endi men olaman goʻshakni, Rohatilla aka. Siz indamang.
— Unda xotinsiz qolaman-da, Matlubaxon!

Kelin makkorona kuldi.
— Aksincha! Xotinchangiz Margʻilon ipagiday muloyim boʻlib uyga qaytadi. Mana, koʻrasiz.

Shu payt tagʻin telefon jiringladi. Goʻshakni Matluba koʻtardi. Sim qoqqan Surayyo edi. Ikki ayol oʻrtasida mana bunday «samimiy» savol-javob boʻlib oʻtdi.

Matluba: Allo, eshitaman.

Surayyo: Allo! Allo! Kim bu?

Matluba: Kechirasiz, oʻzlari kim boʻladi?

Surayyo: Menmi? Men Rohatilla akaning xotinlariman.

Matluba: Voy oʻlay! Rohatilla akam menga boʻydoqman, yaqinda xotindan ajrashdim, degan edilar-ku?

Surayyo: Allo! Hoʻv, nima deb aljirayapsiz?! Allo! Allo!

Matluba piqillab kuldiyu goʻshakni qoʻydi.
— Qovun tushirdingiz, Matlubaxon, — dedi Rohatilla. — Hozir yetib keladi. Yana boshimda yongʻoq chaqadi.

Matluba fargʻonacha payrov qildi:
— Bunisi handalak edi. Qovunni xotinchangiz kelganda tushiraman. Boʻlajak dugonamni bir tavbasiga tayantiramanki, ikkinchi rashk qilmaydigan boʻlsin. Faqat sizdan iltimos, Surayyoxonning tovushini eshitganda yugurib chiqmaysiz. Kelishdikmi?
— Mayli.

Yigitlar oshxonaga chiqib, sabzi toʻgʻrashga kirishdilar. Matluba shkafni ochib, Surayyoning uy kiyimlarini kiya boshladi.

Rohatilla rost aytgan ekan, yarim soat oʻtar-oʻtmasdan hovliqqancha Surayyo yetib keldi.

Jahl ichida qayta-qayta eshik qoʻngʻirogʻini bosdi. Matluba eshikka yaqinlashdi.
— Kim u?
— Oching! Men Surayyoman!

Matluba eshikni ochdi va uy bekasidek chimirilib soʻradi:
— Kechirasiz, sizga kim kerak?

Surayyo ostona hatladi. Gʻazabdan lablari titrab soʻradi:
— Avval siz javob bering. Bu yerda nima qilib yuribsiz?

Matluba qiyshanglab dedi:
— Tavba! Birovning uyiga kirib olib doʻq qilishlarini qaranglar-a?

Surayyo koʻkarib ketdi:
— Qanaqasiga birovning uyi boʻladi?! — deb baqirdi u. — Bu uyning bekasi, mana biz boʻlamiz. Men Rohatilla akaning xotiniman, bildingizmi?
— A-a, tushundim, — masxara qildi Matluba, — sobiq xotiniman, demaysizmi? Rohatilla akamlar aytuvdilar, mayda-chuyda narsalarini olgani kelsa, eshik ochma, devdilar-a...
— Hov, nima deb oʻylayapsiz? Rohatilla akamni chaqiring-chi, bir gaplashib qoʻyay!
— Uzr, chaqirolmayman. U kishi hozirgina vannadan chiqdilar. Dam olayaptilar.
— Vannadan? Kuppa-kunduz vannada nima qiladi?

Matluba kuldi:
— Odamlar vannada nima qilishini yaxshi bilasiz-ku...

Surayyo Matlubani chetlatib, zoʻrlik bilan ichkari kirmoqchi boʻldi.
— Unda oʻzim kiraman. Qoʻyvoring!
— Hech qayoqqa kirmaysiz. I-i qoʻlingizni oling, xalatimni kir qilasiz.

Surayyo begona ayolning egnida oʻz xalatini tanib qoladi.
— Noinsof! Birovning kiyimini kiyib olgani uyalmaysizmi? Yeching hozir.
— Voy, tavba-a, — yoqasini ushlaydi Matluba, — shu siznikimi? Shu-ya?

Buni bir oy burun Rohatilla akam ikkovimiz ippodromdan olganmiz. Siz uyaling! Hali mana shu shippakni ham meniki, dersiz?

Surayyo holdan toydi. U gup etib yerga oʻtirdiyu, hoʻngrab yigʻlab yubordi.
— Rohatilla-aka-a! Qaerdasiz? Odamni shunchalik ham xoʻrlaysizmi?

Rohatilla Matlubaning masxarabozligini zoʻrgʻa kuzatib turgan edi, xotinining yigʻisini eshitib chidamadi.
— Men bu yoqdaman, xotinjon, — deb ichkaridan chiqdi. Surayyo hiqillab erining boʻyniga osildi. Matluba bir-biriga mushukday yopishib qolgan er-xotinga alang-jalang qarab turdi-da, goʻyo hayron boʻlib dedi:
— Ana xolos... Rohatilla aka bu ayolning eri boʻlsa, mening erim qayoqda?

Iljayib oshxonadan Sodiqjon chiqdi.
— Sizning eringiz, mana biz boʻlamiz-da, xonim...

Matluba erining yelkasiga bosh qoʻydi. Anchadan keyin ikki kuyov, ikki kelin bir-biriga qarab turishdi-da, kulib yuborishdi.