OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSa’dulla Siyoyev
Asar nomiBir oy mister boʻlganim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Sa’dulla Siyoyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir oy mister boʻlganim (hikoya)
Sa’dulla Siyoyev

Bultur Charli Stefford degan chet ellik yigit bilan tanishdim. Oʻzi Amerikaning Illinoys degan shtatidan ekan. Oʻzbekistonning bir qishlogʻida yashab, oʻzbeklarning urf-odati, rasm-rusumlari bilan tanishish uchun biz tomonlarga kelibdi. Bir kuni uyda oʻtirsam, tuman rahbarlaridan biri boyagi yigitni boshlab kirdi. Yonida shotirlari ham bor.
— Hikmatilla aka, mana bu yigit mehmonimiz, — dedi Charlini koʻrsatib, — Oʻzi olim, oʻrta Osiyo xalqlarining tarixi, bugungi hayoti haqida kitob yozmoqchi ekan. Erkalik qilib, siznikiga boshlab kelaverdim. Bogʻ-chorbogʻingiz ham, koʻnglingiz ham keng, bir oygina shu yigitga uyingizdan joy berarsiz. Sizga ziyoni tegmaydi. Harajatlarini oʻzi koʻtaradi. Faqat yaxshi soʻzingizni ayamay, soʻraganlariga javob berib tursangiz boʻldi. Maylimi, aka?
— Mayli, — dedim. — Uy-joy kimlardan qolmaydi? Bir kosa ovqatni qoʻshniga ham chiqarasiz. Uyimning toʻri mehmonniki. Faqat shartim bor.
— Qanaqa shart? — deb sergaklandi rahbar.
— Shartim shuki, koʻp ichmasin. Amerikaliklar haligi zahri qotilni haddan ziyoda ichadi, deb eshitganman. Ichagʻon kishini jinim suymaydi.

U kulib yubordi.
— Boʻpti, aytib qoʻyaman, — dedi va tilmochga oʻgirildi. Tilmoch chet elchalab Charliga nimadir dedi. Charli «Yes! yes!» deb bosh silkidi.

Shunday qilib, Charli biznikida oʻrnashib qoldi. Men uni Charlivoy deb chaqiradigan boʻldim. Avvaliga, biror haftagacha tilmoch kelib, ikkovimizning soʻzimizni bir-birimizga oʻgirib turdi. Keyin, bora-bora tilmochga hojat qolmadi. Men oz-moz inglizcha, Charlivoy oz-moz oʻzbekcha tushunadigan boʻldi. Jilla qursa, barmoqlarni ishga solib, imo-ishora bilan gaplashamiz. Men qoʻlimni ogʻzimga qoʻyib, tomogʻimni takillataman. Bu — choy ichasanmi, deganim. Yoki qoshiq olib, kosaga solaman, oʻzimcha ovqat ichgan boʻlaman. Charli «Yes!», deydi yoki «Noʻ! Noʻ!» deb bosh chayqaydi. Bu ha, yoki yoʻq, degani ekan.

Charli biznikiga koʻchib kelganda ayni Navroʻz edi. «Omading bor ekan, bola, — dedim ichimda, — xalq sayllarini ham, sumalakni ham koʻradigan boʻlding».

Aytganimday uch kun oʻtib, chap tomonimizdagi qoʻshnimiz Musharraf xola sumalak qaynatishga kirishdi. Charli videosini sozlab, oqshom tushmasdanoq qozon boshiga borib olgan. Xotinlarning har bir harakatini suratga olayapti. Bir mahal u, imo-ishora bilan, bu qanday ovqat degandek soʻrab qoldi. Bu chulchitga nechuk tushuntiraman, e xudo! Oxiri bir siqim bugʻdoy oldim, uning ustiga bir chimdim maysa qoʻydim. Keyin maysani qaychi bilan kesdim, unga un sepdim. Charli anqayib qarab turibdi.
— Mana shunday sumalak chiqadi, bildingmi, ogʻayni? Sumala-ak!..
— Sum... Sum-malek, — deb Charli darrov daftariga yozib oldi. Tongotargacha ayollarning yonida oʻtirdi, hatto bir-ikki marta ularga taqlid qilib, qozonga qalaq ham urib koʻrdi. Umuman, Charlining odati oʻzi shunaqa. Hamma narsani ushlab, tishlab, hidlab koʻrishni yoqtiradi. Bir safar keliningiz kelib tuyib turgan edi, videosini koʻtarib kelib qoldi. Birpas qarab turdi. Soʻng kelisopni soʻradi. Xotin kulib choʻzdi. Charli uni koʻtarib bir urdi, keli agʻdarildi, yer bilan bir boʻlib, goʻja toʻkildi. Charli qizardi, bosh egib uzr soʻragan boʻldi, keyin choʻnqayib olib goʻjani terishga tushdi.

Bir kuni qiziq boʻldi. Qirq kuncha ilgari nabiralik boʻlgan edik. Quda taraf beshik olib keladigan boʻlibdi. Bilasiz, oʻzbekning beshik berdisi ham kichkina toʻy. Shuni oʻylab, maktabdan ingliz tili muallimi Manzuraxonni chaqirib qoʻydim. Charli «Bu nima? Bu nima?» deb soʻrayverib, qon qilmasin, dedim-da.

Aytganim boʻldi. Charli marosimni boshdan-oyoq suratga oldi. Yasatilgan toychoq-ku, nabiramga qoʻshilib, qahramonga aylanib ketdi. Ular oʻlganda oʻn martalab suratga tushgandir-ov. Axiyri navbat beshikka keldi. Manzura Charliga beshikning vazifasini obdon tushuntirdi. Bir vaqt desangiz, Charlining koʻzi sumakka tushib qoldi. U sumakni olib, puflay boshladi.
— Bu surnaymi? Fleyta, da? — deb soʻraydi.
— Yoʻq, bu surnay emas, bolalar uchun ishlangan minikanalizatsiya, — deb tushuntirmoqchi boʻladi Manzura muallim. Charli «Bu asbobni hoziroq ishlatib koʻrsating», deb turib oldi. Mehmonning sazasi sinmasin, deb bitta nevaramni uyning orqasiga qarab yetakladim.
— Alijon, qani, bolam, bu sumak qanday ishlar ekan, mehmonga bir koʻrsat-chi.

Alijon uyalibroq turdi-yu, baribir sumakdan suv oqizib koʻrsatdi. Charli «O, key! Karosh, karosh!» deb hursand boʻldi. Xullas, Charliga eski beshikdan bir sumak olib berib, qutuldim. U ikki marta «Senk-yu! Senk-yu!» deb ta’zim qildi. Bu «Sovgʻa uchun rahmat», degani emish.

Keyingi navbatda Charli bilan imo-ishora orqali gaplashaverib, jigarim xun boʻlib ketdi. Shuning uchun Manzurani kuniga chaqirtiradigan boʻldim. Ikkovlashib, Charliga koʻzmunchoqning nimaligini, omochning xosiyatini tushuntirdik. Kuvini — separator dedik, kelini qoʻl tegirmon, urchiqni ip yigiruvchi yogʻoch, dedik. Qoʻshnimiz Sodiq akaning oʻgʻli armiyaga ketayotgandi, kuzatgani biz ham chiqdik. Onasi oʻgʻliga non tishlatdi. Keyin nonni taxmonga olib qoʻydi. Buni koʻrib, Charli soʻradi:
— Nega nonni berib yubormadi? Yoʻlda yeb ketardi oʻgʻli...
— Hov anavi qopchigʻi toʻla yegulik, — dedim. — Bu — irim. Yana non yegan yeringga omon-eson qaytib kel, degani boʻladi.

Charli daftariga hamma aytganlarimni yozib oldi.

Gapning qisqasi, bir oygacha Charli oʻziga gʻayritabiiy koʻringan narsalarni suratga olib, ta’rifini daftariga yozib bordi.

Men ham bir oy mister boʻlib yurdim. Hikmatulla, degani tili kelmay, Charli meni mister Xek-matilda deb chaqiradi.

Oʻttiz kun deganda, tagʻin oʻsha tumanimiz rahbarining oʻzi keldi. Charlini mashinasiga oʻtkazib olib ketdi. Charli uy ichimizdagilarni qayta-qayta suratga tushirdi, hamma bilan, hatto sakson ikki yashar enam bilan ham quchoqlashib xayrlashdi.
— Rah-mat! Rah-mat! Rah-mat! — dedi uch marta.

Ikki oycha Charlidan darak boʻlmadi. Yozning chillasiga yaqin undan xat oldim. U xatini tuman hokimiyatidagi kompyuterga yuboribdi. Odatdagi duoi salomdan va oʻziga koʻrsatilgan mehmondoʻstlik uchun tashakkurdan soʻng, Charli shunday deb yozadi:

«Mister Xek-matilda! Bir oy uyingda turdim. Bir oy sizlar bilan birga nafas oldim, qanday yashashlaringni, kundalik yumushlaringni, odatlaringni, toʻylaring, azalaring, sevinchu tashvishlaringni kuzatdim. Oʻzimcha ularni tahlil qildim, birovlarga qiyosladim. Xulosa chiqarmoqchi boʻldim. Ammo oʻyimning oxiriga yetolmadim. Oʻzbeklarning kimligini, baribir toʻla-toʻkis tushunolmadim. Qanaqa xalq u, oʻzbeklar? Ularning ichki ruhiyati, qalb negizi qanaqa? oʻzbeklarni boshqa elatlardan ajratib turadigan xislatu xususiyatlar nima? Xullas, sizlar kimsizlar, mister Xek-matilda? Xatingni kutaman, oʻzbekka oʻzing ta’rif bermasang, men bu jumboqqa javob topolmadim. Doʻsting Charli».

Men ham boshimni qashlab oʻtirib qoldim. Rostdan ham, biz kimmiz oʻzi? Shoir Erkin Vohidovning «oʻzbegim» degan mashhur she’ri bor. Erkin aka oʻzbekning kimligini ta’riflamoqchi boʻladi, lekin oʻzbekning buyukligi bitta she’rga sigʻarmidi? Men-chi, men oʻzbekning nasl-nasabini qandoq qilib bir maktubga joylayman? Buning iloji yoʻqligini bilsam-da, bir urinib koʻray, deb, mana bundoq xat bitdim:

«Vaalaykum assalom, Charlivoy! oʻzbeklar qanaqa elat deb, gapning ochigʻi, meni ham qiynab qoʻyding, ogʻayni. Charli, sen bizning Nasriddin Afandini bilasan, uning qiziq-qiziq hangomalarini oʻqigansan, toʻgʻrimi? Xullas, Nasriddin Afandi oʻzbekning timsoli. Nasriddinga boq — Oʻzbekka boq! Bir qarasang, dono, bir qarasang sodda-goʻl, bir qarasang — ayyor, bir qarasang — dovdir, bir ishini koʻrsang — baxildan baxilga oʻxshaydi, bir qilmishi saxiydan saxiy kishini eslatadi.

Boʻyi baravar qozon koʻtarib, taniganni ham, tanimaganni ham chaqirib, toʻy qiladigan mehmonnavoz xalq — biz oʻzbeklar boʻlamiz. Toʻy oʻtgach, qora qozonni suvga tashlab, qotgan nonni kavshab, toʻyning gashtini oʻylab, yonboshlab yotadigan qavm ham oʻzimiz boʻlamiz.

Ishimizni bitirish uchun oʻgʻlimiz tengi odamni aka, uning echkisini taka deguvchi, sermulozamat, seriltifot elat ham biz, oʻzbeklarmiz.

Aytmoqchi, mulozamatni bizchalik oʻrniga qoʻyadigan bironta qavm topilmasa kerak, Charli. Mana, senga bir misol. Aytaylik, ikki oʻrtoq, ikki quda safarga ketayapti. Vokzal. Poezd keladi. Endi vagonga chiqish kerak. Bir quda ikkinchisiga yoʻl beradi,
— Qani, qudajon, chiqsinlar...

Ikkinchisi tisariladi:
— Yoʻgʻ-e, quda, men sizdan oldin chiqamanmi? oʻzlaridan boʻlsin, qani...
— Sizdan avval chiqsam, uyat boʻlar, qudajon. Hurmatingiz bor. Oʻzlari boshlasinlar.

Xullas, ular bir-birlariga yoʻl berib «siz chiqing, siz chiqing», deguncha poezd yurib ketibdi. Mana shular ham — Oʻzbek!

Dalada tongdan to shomgacha ketmon chopib kelib, oʻzingga shukr, deb koʻk choy shopirib yotguvchi qanoat egasi ham — Oʻzbek.

Kechagina qoʻshnimning qulogʻini choʻzsang, kun koʻrinardi. Ichgani obi yovgʻon edi. Endi choʻntagiga besh-oʻn tanga tushib, dimogʻi shishibdi, qorin qoʻyibdi. Ilgari meni koʻrsa, assalom, akajon, derdi, endi, «hm, ogʻayni, ozib-toʻzib yuribsizmi?» deb kibrlanadi. Bu ham oʻzbekning bir toifasi. Xullas, ba’zida oʻzimiznikilarni oʻzim ham tanimay qolaman, Charli. Gapni choʻzib oʻtirmayin-da, senga uch narsani aytib beray, shunga qarab oʻzing xulosa chiqarib olarsan.

Sen yashayotgan oʻsha mamlakatni Kolumbdan necha yuz yil oldin Beruniy degan bobom ochgan. Hatto xaritasini ham chizib bergan. Bu — bir.

Meditsina degan soʻz yana bir bobom Ibn Sinodan qolgan. «Madadi Sino» bora-bora meditsinaga aylangan. Bilasan, Ibn Sinoning tibbiyotga oid kitoblari Yevropada 600 yil qoʻllanma-darslik boʻlib kelgan. Bu — ikki.

Mana, endi biz kompyuterlar asriga oʻtdik. Xatingni ham menga Internet orqali yuboribsan. Ammo oʻsha algoritmlarni birinchi boʻlib kim ixtiro qilgan edi, hech oʻylab koʻrdingmi? Ha, barakalla! Algebrani, demak algoritmni ham mening ulugʻ bobom Muso al-Xorazmiy oʻylab topgan! Yevropaliklar al-Xorazmiy deyishga tili bormay, algoritm deb oʻzgartirib olishgan. Mana, senga ola doʻppi kiygan soddadil, topagʻon, goho erinchoq, goho tinim bilmas oʻzbekning kimligiyu nimalarga qodir ekanligi!

Dunyoda tilakning xili koʻp. Ammo «Koʻp yashang!» degan tilakni biz oʻzbeklar aytamiz. Toʻqson yo yuz yil emas, koʻp yashang! Senga ham xolis tilagim shu, Charli, Xudo qancha umr bergan boʻlsa, yashayver, biz mingdan-ming rozimiz».

Senga oʻzbekona salom bilan,
Xikmatullaning toʻnini kiygan.