OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSa’dulla Siyoyev
Asar nomiIskandarning ochiq qoʻllari
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Sa’dulla Siyoyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 13-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Iskandarning ochiq qoʻllari
Sa’dulla Siyoyev

Qohiraning kunbotarida, azim Nil boʻyida Luqsor degan doʻppidek shaharcha bor. Luqsor osori atiqalar, ming yillik obidalar oʻlkasi. Daryoning chap sohilidan Shohlar vodiysi boshlanadi. Albatta, endi bu vodiyning «shoh»ligi qolgan emas. Past-baland, giyohsiz taqir qirlar, arxeologlar chala qazib ketgan handaqlar, yakkam-dukkam zarang daraxtlari koʻngilga mahzunlik soladi.

Yil oʻn ikki oy Shohlar vodiysidan odam oyogʻi uzilmaydi. Bu yerda ming-ming yil burun moʻmiyolab qoʻmilgan misr fir’avnlarining daxmalari bor. Ularning eng mashhuri — Tutanhomon jasadi ham shu vodiydagi koʻrimsiz bir tepalik bagʻrida sokin. Torgina oʻzandan borib, qorongʻi oʻngirga kirasiz. Poygakda qabrxona. Uning oldidagi ikki xarsang toshga turli shakllar solingan. Bu qadimgi Misr yozuvi ekan. Yoʻlboshchi toshlardagi bitikni oʻqidi. Bitik mazmuni taxminan shunday edi: «Ey omonat inson! Sabru qanoatni odat qil. Qanoat — qanotdir, seni koʻklarga olib chiqajak. Hoyu havas quli boʻlma, harislik misli zanjirdirki, oyogʻingdan tortib, tuproq qa’riga eltgay».

Bu yozuvga roppa-rosa 3100 yil boʻlibdi.

Uch ming yillik bitik qarshisida xayolga toldim. Inson farzandini sifatlovchi atamalar bir talay: tabiat shohi, oliy mavjudot, tafakkurda tengsiz moʻ‘jiza... Ana shu «Tengsiz moʻ‘jiza»ning mohoralarni tark etib, oʻziga boshpana yasashni, olov yoqishni oʻrganganiga, jilgʻa xonishidan, qushlar sayrogʻidan zavqlanib ilk bor bosh tebratganiga necha million yil boʻldi. Million yildan beri inson oʻzgarishda, tinimsiz takomilda. U oʻnlab jamoalarni, formsiyalarni, tarixiy tuzumlarni bosib oʻtdi. Nihoyat, Biologlar tilida xomo sapiyes — idrokli inson degan moʻ‘tabar nom oldi. Ilgari uning xayoli osmonda edi, endi oyogʻi oyda, yulduzlar ostonasida. Ammo inson degan sharafga muqobil oʻlaroq harislik, ochkoʻzlik, xudnamolik, birovning moliga koʻz olaytirish, ayyorlik, riyo, xullas, xiyonat hisobiga boylik orttirish kabi unsurlar hamon qonida mavj urmoqda.

Nega shunaqa? Bu diltang soʻroqqa oʻzimcha javob izlagan boʻlaman.

Odam Ato farzandlari bugun xayrulbashar, ya’ni yaxshi inson degan mukarram nomga sazovor boʻldi. U ming yillik dardlarga davo topdi, tabiatda sodir boʻladigan turli balolarning oldini olishni oʻrgandi, ilmi gʻaybning moʻ‘jaz darchasini ochdi — ob-havoni bashorat qiladigan boʻldi, olami kabir, olami sagʻir kabi tushunchalarning magʻzini chaqdi, xullas, zamonasining gʻolib va oʻktam xoʻjasiga aylandi. U olamni oʻziga boʻysundirdi, vale oʻz vujudini qurtday kemirib, yemirib borayotgan nafs deb atalmish illatni yengolmadi. Hazrat Navoiy, «Senga yoʻq nafsdek dushman, qila olsang ani qil band» degan edi. Ne ajabki, dunyo mushkullarini yechishga qudrati yetgan inson zoti nafsi ammora qarshisida hamon ojiz, hamon bechora. Yoʻqsa, u bir shildiroq koʻk qogʻoz ilinjida diyonatini sotmasdi, qoʻli kalta qoʻshnisi bilan ikki metr yerni talashmasdi, ota-onasini jilla qurisa oyiga bir marta ziyorat qilardi. Va nihoyat, birovning haqidan hazar qilardi, ayniqsa, yetim-esirning rizqiga koʻz olaytirmasdi...

Shu haqda oʻylar ekanman olis bir tumandagi bosh tabib xonimning qilmishi yodimga tushdi. Bu ayolgina koʻp yillar el kaftida yurdi, majlislarning toʻrida oʻtirdi, tumandagilar «ota-ona»lab soyasiga salom berardi. Bosh tabib xonim esa, bir kuni xalq hurmatiga javoban... pora olib qoʻlga tushdi. Odamlar yoqa ushlab qolishdi. Yoshi bir yerga borgan, oʻgʻil-qizning tashvishidan qutulgan, nevara-chevaralarining ham gʻamini yeb qoʻygan paytda bunchalik tubanlikning ma’nosi ne edi? Oʻrgangan koʻngil gʻavgʻosimi? Tiyilmagan nafs qutqusimi? Odam tomirida qon bilan birga shayton ham oqib yurarmish. Bu rahbar opa vrach boʻlaturib qontomirdagi makkor dushmanni yaxshilab tanib olmagan ekan-da? Vodarigʻ?

Yozuv paydo boʻlibdiki, ahli donish qanoat va ta’ma, tavoze va kibr, diyonat va riyo toʻgʻrisida oʻlmas bitiklar bitib ketadi. Yuqorida Misr fir’avnlarining bundan uch ming yil burungi hikmatini keltirdik. Islomning muqaddas kitobi Qur’oni karimda muxtasar qilib, «nafs... barcha yomonliklarga buyurguvchidir», deyiladi. (Yusuf surasi, 153-oyat). Hadisi sharifda esa, rasuli Akram (s.a.v.) goʻyo sizu bizga xitob qilib deydi: «Ey, inson farzandi! Na ozga qanoat qilasan va na koʻpga toʻyasan! Tani-joning sogʻ-salomat holda tong ottirayotgan boʻlsang, oʻzing xotirjam ersang va bir kunga yetarli yemishing bor boʻlsa, bu oʻtkinchi dunyoga parvo qilib netasan?» Yusuf Xos Hojibdan Ahmad Yugnakiygacha, imom Gʻazzoliydan Alisher Navoiygacha, Hakim Termiziydan Abdulla Avloniy va Fitrat domlagacha barcha allomai davronlar nafs tufayli inson boshiga tushadigan kulfatlardan ogoh etib, xaloyiqni amri ma’rufga undab keldilar. Biz u aziz zotlarning oʻgitlarini takrorlab, vaqtingizni olmaylik-da, yana bir dahoning togʻdek salmoqli fikri bilan mulohazamizni davom ettiraylik. «Qanoat deb oʻziga kerakli narsaga erishmakka aytiladi. «Boshqalarda koʻrgan narsani qattiq istamaslik ham qanoat sanaladi». Buni Ibn Sino aytgan. E’tibor bering: boshqalarda koʻrgan narsani qattiq istamaslik... Biz nima qilayapmiz? Yashirishning hojati yoʻq, biz gohi-gohida birovlarning yashash tarzini juda-juda «istab» qolamiz. Ammo doʻppini olib qoʻyib, bir lahza sarhisob qilmaymizki, oʻsha odam mansab kursisida oʻz iste’dodi tufayli oʻtiribdimi yoxud qoʻli uzun togʻasining sharofatimi bu? Mahalladagi hammaning koʻzini oʻynatadigan osmonoʻpar qasr halol pul evaziga solinganmi yoki pora hisobigami? Toʻplagan mol-mulki unga vafo qilarmikan yoxud oʻtniki-oʻtga, suvniki-suvga, degandek bir kuni yelga sovrulib ketarmikan?

Tasavvuf peshvolari nafsni surat va siyratiga qarab nafsi ammora (qaysar), nafsi lavoza (jazoga loyiq), nafsi raddiya hamda safiyya, ya’ni poklangan, oliyjanob nafs deya toifalarga ajratganlar. Biz kundalik iste’molda bu tushunchalarni oddiygina qilib hayvoniy nafs, ruhoniy nafs deya qoʻllaymiz. Kulli jonli maxluqning, jumladan, odamzotning moddiy ehtiyojini anglatuvchi narsalar hayvoniy nafsga kirsa, yolgʻiz inson farzandiga xos boʻlgan javhar, insonning ruhiy dunyosini muvozanatda ushlab turadigan narsa — bu ruhoniy nafsdir. Ana shu mezondan kelib chiqib, yon-atrofimizga boqadigan boʻlsak, shoir Zavqiy aytmoqchi «qoʻl yaqogʻa borgudek turfa zamon» manzaralariga duch kelamiz. Azim shaharning yangi mahallasi. Bir serfarzand kishi uy solmoqda. Bir qavatli, ixcham, kamtaringina. Uning devor qoʻshnisi ham toʻrt kishilik oilasi uchun imorat tiklayapti. Ammo bu bino uch qavatli, hashamdor, oʻlganda 10-12 xonalik. Ikkinchi qavatda hammom, katta hovuz, uchinchi qavatda bilyardxona. Hali bu boyvachchaning qasri bitgani yoʻq. Bitganda bechora kambagʻal nima qiladi? Hovlisida emin-erkin oʻtirolmay, choʻzilib yotolmay yuragi qon boʻladimi? Axir tepasidagi uyning uchinchi qavatidan kichkina hovlidagi qimirlagan jonning bari koʻrinib turadi-ku? Toʻrt kishilik oilaga shuncha dabdabali koshona qurish shartmidi? Koʻrdinglarmi, men kimman, deb kerilish qaysi mazhabga toʻgʻri keladi? Mayli, oʻsha sohibi davlat uyini halol pulga qurgan boʻla qolsin. Ammo birovlarni ranjitib, muttasil oʻksitib yashagan kimsaning umrida farogʻat boʻlarmikan? Uch oshyonning bir oshyoniga ketgan mablagʻi mahalladagi qari-qartanglarga, yetim-esirga bagʻishlasa, u koʻproq savob topmasmidi?

Bu «yangi oʻzbek»ning oq tunuka tomli uyiga qarab oʻtirib, bir fermer yigitni esladim. U Parkent tumanining Nomdanak qishlogʻida yashaydi. Qirchillama yoshdagi bu yigit Mavlon Hojiyevdir. Mavlon tumanda birinchilardan boʻlib chorvachilik boʻyicha fermer xoʻjaligi ochdi, unga «Baxt» deb nom qoʻydi. Hozir Mavlonning 370 bosh qoramoli bor. Yilma-yil davlatga tonnalab goʻsh topshirayapti. Sogʻin sigirlardan olinadigan bir kunlik sutning oʻzi uch tonnadan oshadi. Bu, taxminan yarim million soʻm, degani. Oyiga 12-15 million soʻm daromad qilayotgan fermerning uy-joyi el qatori. Idora ham oddiygina, bir necha ta’mirtalab xonalardan iborat. Mavlonning tagida koʻhna «UAZ» mashinasi.
— Qaddingizni ancha rostlab olibsiz. Zamonaviy ofis qurib, «Jip» minib yursangiz boʻlmaydimi? — deb soʻradim undan.
— Boʻladi, — ensa qashidi Mavlon, — unda maktab bitmas edi, molxonaning tomi yamalmas, edi, yangi texnika ham ololmas edik-da, aka.

Mavlon oʻz mablagʻi hisobidan 120 oʻrinli bitta maktab solib beribdi. Qishloqdagi qoʻli kalta oilalarga, pensiyadagi otaxon, onaxonlarga koʻmagini darigʻ tutmas ekan. Uning yana bir xayrli ishini begonalardan eshitdik. Oliy maktablarda oʻqiydigan bir nechta parkentlik talabaning shartnoma pulini ham Mavlon toʻlabdi. Bu yiliga bir necha million soʻm boʻladi.

Men Mavlonni sinash uchun:
— Shuncha muruvvat qilibsiz, indamaysiz? — dedim.
— Oʻng qoʻling berganini chap qoʻling bilmasin, degan gap bor, — deb kuldi Mavlon, — xizmatingizni minnat qilsangiz, uning savobi yoʻqoladi. Ba’zi birovlarga hayronman. Televizorga chiqib olib, undoq qildik, bundoq qildik, deb keriladi. Uyat-ku bu. Muruvvat qildingmi, jim boʻl, jar solma. Kimning qanaqaligini xalqning oʻzi biladi.

Bu, kiyganingdan kiydirganing yaxshiroq, degan qadim hikmatning tagiga yetgan koʻzi toʻq insonning gapi edi.

Biz koʻpincha nafsni tor ma’noda tushunamiz. Uni yolgʻiz moddiy ne’mat oʻrnida koʻramiz. Aslida nafsning shakli-shamoyili turli-tuman. Masalan, amalini suiiste’mol qilib, bir gʻaribga zulm oʻtkazish ruhoniy nafs shiddatli emasmi? Yoki obroʻ talashmoq, mukofotu unvon uchun qingʻir yoʻllardan foydalanmoq, birovlarni kamsitib, birovlarga yetti bukilib ta’zim qilmoq singari turlanib-tovlanishlar shaytoniy nafsning jilvalari, oʻyinlari emasmi? Ana shuning uchun ham oʻtmishda haqqa yetishgan avliyo kabirlar «Dunyodagi butkul fojealarning ibtidosi nafsi shayton vasvasasi tufaylidir» deb qoʻyibdilar. Piri Turkiston deya Sharaf topgan Shayxul-mashoyix Xoja Ahmad Yassaviy deyarli har bir hikmatida bizlarni nafs xurujidan ogoh etadi: Qul Xoja Ahmad, qirqqa kirding, «nafsingni qirq, nafsing seni oxir damda gado qilgʻay, Qahhor Egam, nafsimni qil zeru zabar».

Otashnafas shoirimiz Soʻfi Olloyorning mana bu satri bugun ham goʻyo xitobdek jaranglaydi:

Koʻmilgan termulib turgʻondin ortuq!

Qarang, birovning mol-dunyosiga koʻz tikib, ta’ma qilib turgandan koʻra yer qa’riga kirgan afzal emish.

Va nihoyat, Iskandar Zulqarnaynning oʻsha mashhur vasiyatini yana bir bor eslab, mulohazalarimizga nuqta qoʻysak ham boʻlar.

Oʻlimi oldida Iskandar vasiyat qildi: qoʻllarimni tobutdan chiqarib qoʻyinglar, toki odamlar koʻrib ibrat olsin. Jahonni zabt etgan Iskandarning qoʻllari ham alal-oqibat ochiq ketmakda.

Bu soʻzlarga izohning hojati boʻlmasa kerak, deb oʻylayman.