OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSa’dulla Siyoyev
Asar nomiTolsavatdan qoʻymasin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Sa’dulla Siyoyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tolsavatdan qoʻymasin (hikoya)
Sa’dulla Siyoyev

Qadamboy Jayronov togʻli Chosh qishlogʻida yashaydi. Bu yerlarda olti oy yoz boʻlsa, olti oy qish. Quyosh togʻning ortiga yonboshlaganda choshliklar ham toʻshakka kiradi, ertalab togʻning ortidan moʻralaganda irgʻib turishadi. Choshda na telefon, na xolodilnik, na televizor, na radio bor. Shuning uchun qishloqdagilar ba’zan togʻning tepasiga chiqib, shahar tomonga qarab oʻtirishadi. Xoʻjalik markazi tuman yo viloyatdan biror gap yetib kelsa, ogʻizdan-ogʻizga oʻtib butun qishloqqa tarqaladi.

Yaqinda ana shunday bir gap tarqaldi. Uni birinchi boʻlib Qadamboyning togʻasi Eshqobil aka eshitdi. U kuyovi Avliyoqulni ergashtirib, jiyanining uyiga ravona boʻldi.

Qadamboy maktabda muallim. Biologiyadan dars beradi. Yoz kelsa, togʻma-togʻ yurib, dorivor giyohlar teradi. Keyin savob boʻladi deb qishloqdagilarga tarqatib chiqadi. Juda bekor qolsa, qiyshayib soy boʻyiga tushadi. Majnuntolning mayda, tekis novdalarini kesib olib, savat toʻqiydi. Besh-oʻnta boʻlganda mahalladagi xotin-xalaj kirib talab ketishadi. Tolsavatning daromadi ham bir kamiga yetib turibdi.

Yozning chillasi. Qadamboy shundoqqina soy labida baqaterakning tagida oʻtiribdi. Oldida bir dasta tolchiviq. «Bunisi qurtsavatga, bunisi qoʻlsavatga», deb novdalarni saralay boshladi. Shu payt uzun-qisqa boʻlib, Eshqobil aka bilan Avliyoqul yetib kelishdi.
— Omin,topganingga baraka jiyan! — dedi togʻa, eski bir toʻnkaga omonat choʻkib. Avliyoqul choʻnqayib fotihaga qoʻshildi. Eshqobil aka yarqirab turgan savatlarni bir-bir qoʻlga olib koʻrdi, barkashdan kattaroq bittasini tanladi.
— Mana shunisini yangangga bera qol,— dedi savatni salmoqlab, - non yopsa, doim dasturxonni kuydirib yuboradi.

Qadamboy hazillashdi:
— Haqi bitta tovuq boʻladi, togʻa.

Eshqobil aka, qanday gap boshlasam ekan, deb yoʻl axtarib oʻtirgan edi, darrov yoʻli topildi.
— Togʻa—xoʻr, jiyan — zoʻr ekan-da, a! Tovuqning yoniga xoʻrozini qoʻshib beraman, jiyan. Endi senga ham bir maslahatli gap bor. Xoʻp, de.

Qadamboy bir toʻp tolchiviqni gʻijimlab boshini koʻtardi.

— Nima gap ekan?
— Shirkat raisi ishdan boʻshabdi. Akalari uni koʻtar-koʻtar qilib,kattaroq ishga olib ketganmish. Biz, mana, pochchang bilan maslahat qildik. Agar xoʻp desang, koʻplashib seni raislikka koʻtarmoqchimiz. Bizning urugʻdan ham chiqsin-da! Qachongacha Qizilqishloqdan chiqaveradi? Nima deding, jiyan?

Qadamboy miriqib kuldi.
— Ajoyib togʻamsiz-da! Shuncha yoshga borsangiz ham xayolparastligingiz qolmabdi. Qani, mana bu kobinetga kiring, Qadamboy, deb, menga birovning koʻzi uchib turibdimi? Rais boʻlaman, deb oʻzini oʻqqa-choʻqqa urib yurganlar bor, bilasiz. Yarashmagan gapni qoʻying, togʻa!

— Puldi biz ham topamiz, - dedi Eshqobil aka,- ikki gektar yerga zigʻir ekib qoʻyibman. Boshoqlab turibdi. Xudo xohlasa, bir milyonga sotaman.

Qadamboyning shumligi tutdi. Iljayib togʻasiga qoʻl choʻzdi:
— Yana ozgina qoʻshing, togʻa. Yetmayroq turibdi...
— Yetmasa, yetkazamiz. Mana, pochchang yonimda! - Togʻa kuyoviga qaradi. — Hey sen ham soʻyla-da, Avliyoqul! Yoʻlda ne deb javrab kelib eding?

Kuyov tomoq qirib, tilga kirdi:
— Bizda ham ikki hoʻkizcha bor. Ikkovi oʻlganda yarim tonnaga yaqin yuk qilib qolar-ov. Sen uchun sotaman. Rais boʻlib ketsang, menga biror permer xoʻjaligi ochib berarsan, Qadamboy.

Qadamboy koʻrdiki, togʻalari astoydil bel bogʻlagan. U oldidagi xas-xashakni quchoqlab, daryoga olib borib tashladi. Qoʻllarini qoqib, iziga qaytdi.
— E, boshimni ogʻritmanglar! - dedi xafa boʻlib,- yovgʻon oshim — gʻalvasiz boshim. Raislik osonmi? Bugun borsan, ertaga yoʻqsan. Osmondagi oyga qoʻl choʻzib nima qilasiz, togʻa? Bekorga kuyganlaring qoladi.

Eshqobil aka oyogʻini tirab turib oldi:
— Kuysak, biz kuyamiz, jiyan. Zato, bizning urugʻdan ham rais chiqqan, deb kerilib yuramiz. Xudo, ol qulim, deb rais boʻlsang, qishloqqa svet obkelarding, bolalarga tuzukroq maktab solib berarding.Biz ham odamga oʻxshab, dilvuzur koʻrib, radio eshitardik. Qachongacha dunyo bexabar boʻlib yotamiz? Xoʻp, de, jiyan!

Qadamboy uh tortdi:
—Men koʻngilchanman. Odamlarga qattiq gapirolmayman.
— Oʻrganib ketasan. Yakkaxoʻjayin boʻlganingdan keyin ortingdan kelsa — tepasan, oldingdan kelsa — tishlaysan.
— Tishlaysiz-a, tishlaysiz. Hozir odamlarning koʻzi ochilgan.Tishingizni qoqib qoʻlingizga berar.
— Bekor aytibsan. Bir qoʻlingda non ushlab turib, qancha urishsang ham chidaydi odamlar. Aytganingni qiladi. Gap tamom. Seni rais qilamiz. Ma’lumoting yetarli, kallang ishlaydi. Qancha yil zavuch boʻlib maktabni boshqarding...Yoʻq, dema, jiyan!

Qadamboy irgʻib turdi.
— Yoʻq, yoʻq, yoʻq! - dedi boshini sarak-sarak qilib. — Togʻa, agar zoʻrlay bersangiz, hozir hov ana yerga chiqib, oʻzimni soyga tashlayman!
—Esingni yedingmi, jiyan? Oldin bir kun boʻlsa-da, rais boʻlib, ayshingni sur, keyin suvga tashlaysanmi, oʻtga tashlaysanmi, oʻzing bilasan.

Qadamboyga aslida mayda novda kerak edi. U lip etib tomga chiqdi. Undan terakka yopishdi. Oqterakdan bir sakrab majnuntolga oʻtaman, deganda oʻrta shoxga maymunday osilib qoldi. Eshqobil aka, rostdan ham bu tentak oʻzini suvga tashlamoqchimi, deb choʻchidi.
— Hov, ahmoq boʻlma, jiyan, — dedi tepaga qarab, — oʻlib ketsang, besh bolangni kim boqadi?

Shu payt Qadamboyning oshnasi Narzi qora kelib qoldi.
— Togʻa, bizning moʻkkichi joʻramiz koʻrinmaydimi? —dedi. Eshqobil aka tol shoxiga ishora qildi:
— Joʻrang, hoʻv ana, tepada osilib yotibdi. Oʻzimni suvga tashlab oʻlaman, deydi.
— Nima boʻldi? Nega bugun oʻlgisi kelib qoldi ekan?

Togʻa oʻzini oqlagan boʻldi:
— Biz koʻplashib uni rais qilmoqchi edik. Men zigʻirimni sotib, pulini bermoqchi boʻldim. Mana, pochchasi qoʻshaloq hoʻkizni sotmoqchi. Joʻrang boʻlsa, dod, rais boʻlmayman, deb tixirlik qilayapti.

Narzi qora hamon tol shoxida oyoqlarini likillatib turgan Qadamboyga qarab baqirdi:
— Hoʻv moʻkki polvon, qoʻrqmay pastga tushaver. Hozir tumandan xabar keldi. Oqmachitlik Boyboʻriev rais boʻlibdi. Qadamboyning togʻasi zigʻirini sotib, pochchasi hoʻkizlarini pullab kelsin, deb kutgani vaqtlari yoʻq ekan. Sening peshonangga yozilgani moʻkki bilan tolsavat! Bu yoqqa tush, senga maslahat bor...

Qadamboy asta-asta daraxtdan tusha boshladi. Eshqobil aka qulochini terib, ikki soniga urdi:

— Ha, enagʻar Boyboʻriev! Tagʻin ilib ketding-a koʻpkarini! Yangi raisning togʻasi, mana, biz boʻlamiz, deb «Volga»ning darchasidan tirsakni chiqarib yurmoqchiydik, nasib etmadi-ya!..