OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSa’dulla Siyoyev
Asar nomiYangi zamon latifalari
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Sa’dulla Siyoyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 1-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yangi zamon latifalari
Sa’dulla Siyoyev

Birovning Poʻstini

Bir odam teatrga tushdi. Tomoshaning yarmiga borganda zerikdi. Bir tarafdan zal sovuq, uning ustiga sahnada oʻynalayotgan voqea ham bachkana edi. Ketgisi keldi. Pastga tushdi. Kiyimxonaga borib, poʻstinini soʻradi. Kiyim beruvchi unga yaltoqlanib boqdi.
— Ie, ketopsizmi, akamullo? Shundaychin yaxshi oʻyinni tashlab-a?
— Yaxshi boʻlsa artistlar oʻzi koʻraversin, — dedi tomoshabinning ensasi qotib, — poʻstinni oling.
— Boz sabr qile-eng, akamullo! Haligi oshiq bacha qoʻshigʻini aytib qayligʻini chaqirib olsin-da, axir. Men sizga bir piyola choy beray, ichib turing.
— E, qiziq odam ekansiz-ku, amaki! Oshiq yigitingiz bilan nima ishim bor? Poʻstinni bering, ketaman.
— Beramiz, akamullo, beramiz, shu damgacha birovning jomasini kiyib qochgan mardum emasmiz. Yak nafas sabr kuned, akamullo...
— Poʻstin! — deb baqirdi tomoshabin.

Chol nomiga ilgakdagi kiyimlarni nari-beri surib koʻra boshladi.
— Hali zamon koʻruvdim sabil qolgurni. Qaysi goʻrga ketdi, man hayron...

Shu payt tepadan hovliqib bir yigit tushib keldi.
— Poʻstiningiz bu yoqda, — dedi u va yechib egasiga tutqazdi. Tomoshabin bir poʻstiniga, bir aktyor yigitga qarab ajablandi.
— Tushunmadim. Nega mening poʻstinimni kiyib yuribsiz?
— Aybga qoʻshmaysiz, aka, bozor iqtisodi. Goho tomoshabinlarning kiyim-boshidan foydalanib turmasak, teatrda tuzukroq kiyimning oʻzi qolmadi...

Uxlatadigan «Dori»

Kim nima desa desinu, ammo bizning doʻxtirlarimiz orasida ham oʻsha maqtanchoq chet elliklar oldiga poxol toʻshab ketadigan ustomonlar bor. Ishonmasangiz, mana bu voqeaga quloq soling.

Bir kishining ahvoli ogʻirlashib kasalxonaga tushdi. Uni operatsiyaga yotqizdilar. Jarrohlar yuvinib-chayinib taxt boʻlishdi. Endi bemorga narkoz berish kerak edi. Biroq aksiga olib, narkozchi doʻxtir kelavermadi.

Shu payt eshikda Shoymardon degan shumxayol, hazilkash doʻxtir koʻrindi. U jarrohlarning bir narsadan dilgir boʻlib turganini sezib ichkari oʻtdi. Ikki ogʻiz gapdan masalaga tushundi. Sekin bemorning tepasiga bordi, engashib uning qulogʻiga shivirladi:
— Yoriev, sizni bir yoʻla uchta katta doʻxtir operatsiya qilmoqchi. Oʻzingiz tushunasiz, ularning har biriga bitta-bitta koʻkidan berish kerak. Sigir-buzoq, deganday, bordir uyda? Sotasiz-da, togʻa. Joningiz omon boʻlsa, mol topiladi.

Bemor koʻzlarini pirpiratdi, bir nima demoqchi boʻlib tamshandi va... hushidan ketdi. Shoymardon kasbdoshlariga oʻgirildi:
— Ana, tekin narkoz! Bir soat oʻziga kelmaydi. Bemalol kesaveringlar.

Yorievning kasali koʻrichak ekan, yarim soatga qolmay bajo qilishdi. Bemor koʻzini ochganda tepasida Shoymardon iljayib turardi: — Hazillashdik, togʻa, xafa boʻlmaysiz. Bir soʻmingiz kerak emas. Sigir-buzogʻingiz oʻzingizga buyursin. Otday boʻlib keting.

Hushini Yigʻib Oldi

Yangi chiqqan oʻzbek boylaridan biri shohkoʻchada «Mersedes»ini uchirib ketayotgan edi. Shu payt yon koʻchadan koʻhnaroq bir «VOLGA» chiqdiyu «Mersedes»ning yoʻlini kesib oʻtdi. Bu boyvachchaga alam qildi. «Voy, xumpar-ey, hali siz bizning oldimizga tushadigan boʻldingizmi?» deb uni quvib ketdi. Hash-pash deguncha yetib oldi. Mashinasini «Volga»ning tumshugʻiga tirab qoʻydi. Qoʻliga katta tosh olib, «gʻoʻdaygan mashina»ning oynasini ura ketdi. «Volga» pachaq boʻldi. Boyvachcha nafas rostlab ichkariga moʻraladi. Qarasa, kimsan tuman prokurorining oʻzi oʻtiribdi! Boyvachchaning miyasiga qon urdi. Darrov hushini yigʻib olib, ta’zim qildi:
— Assalomu alaykum, xoʻjayin... Yangi yillari muborak boʻlsin! Derazangizni taqillataman, eshitmaydilar. Oʻzlariga atab qoʻygan arzimagan narsamiz bor edi, qaysi uylariga oborsak ekan, deb soʻramoqchiydik...

«Neksiya»ning Ildizi

«
Sogʻlom boʻlay desang,
soliqdan qochma.

(Yangi chiqqan shior)
»

Toʻychievni bir idoraga chaqirdilar. U sahar turib yoʻlga tushdi. Bu idoraga kirish ham qiyin ekan. Eshikda bir qorovul, charxpalakdek aylanma toʻsiqdan oʻtsang, yana bir qorovul. Toʻychiev qoʻlidagi chaqiriq qogʻozini pesh qilib arang ichkariga oʻtib oldi.

Vahimali xonada jikkakkina, olakoʻz yigit oʻtirgan ekan. Toʻychiev uni tanidi, lekin oʻzini tanimaganga oldi.
— Yaxshimisiz, uka. Chaqirtirgan ekansiz, keldik.

Olakoʻz stoldan boshini koʻtarmay toʻngʻilladi:
— Hm, chaqirmasak kelmaysizmi? Boylik orttirish deganda doʻppingizni tishlab yugurasiz, soliq toʻlashga kelganda dumingizni tutqazmaysiz! Shunaqami?
— Unchalik emas, — dedi Toʻychiev, — biz hamma soliqlarni oʻz vaqtida toʻlab turibmiz.
— Familiyangiz?
— Toʻychev. Sattor Toʻychiev.
— Hozir koʻramiz-da, — dedi jikkak yigit va yonboshidan qalin daftar olib titkilay boshladi, — Toymasov, Turdiev... Ha, mana, Toʻychiev Sattor. Ie, mashinangiz bor ekan-ku? «Neksiya»! Supersalon! Qulluq boʻlsin...

Toʻychiev aybdor kishidek xijolat boʻldi:
— Rahmat. Ha endi bir koʻngil ketgan edi-da...
— Men sizga mashina qulluq boʻlsin, deyayotganim yoʻq, soliqdan qochib yurganingiz qulluq boʻlsin, deyapman!
— Qochib yurganim yoʻq, — dedi Toʻychiev, — uni endigina oldim.

Yigit iyagini koʻtarib chimirildi:
— Aytmoqchi, oʻsha «Neksiya»ni qaysi pulga olgansiz, bilsak boʻladimi? Deklaratsiyangiz bormi?
— Eskiroq bir «Moskvich»im bor edi, uni sotdim, keyin qaynimdan, ukamdan qarz oldim.
— Xoʻsh, «Moskvich»ni-chi, uni ham qarzga oluvdingizmi?
— Yoʻq. Avval «Zaporoj»im bor edi. Sotdim. Oylikdan bir siqim-bir siqim orttirib...

Olakoʻz yigit tovushini koʻtardi:
— Hov, amaki! «Zaporoj» osmondan tushmaydi. Uni ham pulga beradilar. Oʻzingiz anchayin bir oʻqituvchi ekansiz. Oylikdan orttirib mashina oldim deganingizga qaysi ahmoq ishonadi? Toʻgʻrisini aytavering!
— Undan oldin velosipedim bor edi...

Olakoʻz endi oshkora kalaka qilishga oʻtdi:
— Velosipedni ham, hoynahoy, qarzga olganman, dersiz?
— Yoʻq, — dedi Toʻychiev, uni menga sizning otangiz sovgʻa qilgan edi. Olakoʻz yigit ogʻzini qiyshaytirib ajablandi:
— Nega endi mening otam sizga velosiped sovgʻa qilar ekan? Nima, siz yetti tugʻib bir qolganimisiz?
— Otangiz mendan qarz edi. Esingizda boʻlsa, siz institutga kirolmay oʻmbaloq oshdingiz. Keyin dadangiz oldimga yigʻlab keldi. «Jon Toʻychiev, institutda tanishlaring bor ekan, bizning oʻgʻilchaga yordam berivor, yaxshiligingni unutmayman», dedi. Bir amallab sizni institutga joyladik. Evaziga velosipedlik boʻlib qoldim.

Jikkak amaldor sevinib ketdi.
— Ana-a... Masala ravshan. Demak, siz bir halol, mehnatkash odamdan pora olgansiz! Mana «Neksiya»ning ildizi qayoqda ekan! Men bu ishni shundayligicha qoldirolmayman. Hali guvohlarni chaqirib gaplashamiz.

Toʻychiev eshikka qarab yurdi.
— Otangizni ham chaqirish esingizdan chiqmasin, — dedi asta. Olakoʻz jazavasi tutib baqirdi:
— Kerak boʻlsa chaqirtiramiz ham!

Toʻychiev indamay chiqib ketdi. U biladi, Olakoʻz ikki dunyoda ham otasini chaqirolmaydi. Chunki uning otasi oʻlgan edi.

Qanotli Tuya (Kungabogʻarlar hayotidan)

Boshligʻimiz gapini, odatiga koʻra, va’z aytishdan boshladi. Bahorda mushuk nega mov boʻlishini, ayollar nima uchun siynaband taqishini, erkaklar nimaga kamar bogʻlab yurishini obdon tushuntirgach, muddaoga oʻtdi:
— Ana endi yozamiz. Shefdan shunday topshiriq boʻldi. Demak, 1 sentyabrdan kuz oyi boshlanadi, deb hisoblansin. Birinchi mart bahorning boshlanishi, 21 martni shef Navroʻz kuni, deb belgiladilar. Buni hech kim oʻzgartirolmaydi, chunki bu — shefning buyruqlari. Yozildimi? Endi ikkinchi masala. Shefning aytishlariga qaraganda, koʻpincha biz viloyat markazlarini chalkashtirib yuboramiz ekan. Bunga endi chek qoʻyildi. Mana, shefning oʻz qoʻllari bilan bitilgan roʻyxat. Yozamiz. Andijon viloyatining markazi — Andijon, Toshkent viloyatining markazi — Toshkent, Surxondaryo viloyatining markazi... ie, bu yerda Termiz deyilibdi-ku? Nahotki, shef adashgan boʻlsalar... Telefon qilib soʻrasammikan? Yoʻq, shef adashmaydilar. U kishi adashishi mumkin emas. Yozdik! Demak, Surxondaryo viloyatining markazi, shefning roʻyxatiga koʻra, Termiz shahri, deb hisoblansin. Yil oxirigacha mana shu roʻyxatga qat’iy amal qilamiz. Yasno?

Somelar qanotli tuya koʻrgandek, kichkina shefchaning basharasiga baqrayib tikilib qoldilar.

Nihoyat, kimdir boʻynini choʻzib mingʻilladi:
— Menda bitta taklif bor edi. Bundan keyin qoʻyning erkagini qoʻchqor, echkining bolasini uloq deb atasak. Agar qarshilar boʻlmasa-da...

— Buni shefdan soʻrab koʻrish kerak, — dedi boshligʻimiz, — u kishi rozi boʻlsalar, mayli. Boʻlmasa, oʻzboshimchalik qilib qoʻchqor, uloq, deb yozib yurmanglar. Vsyo!